Bir paytlar men ko‘rgan g‘alati fe’l-atvorli Sarala it* hozirga qadar yodimdan chiqmay, turli mulohazalarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Jonivorlar ichida bunday bo‘sh-bayov va boqibeg‘am itni ko‘rmaganman. Bu dunyoda yashashni «kurash» deb ataymiz. Balki uning tirik yurishi ham kurashdan iboratdir, lekin it hayot kechirishning qurt-qumursqalarga xos yo‘lini tanlab olganga o‘xshaydi.
Sarala itning tirik chog‘ida bir marta bo‘lsa ham «au» deb hurganini yoki uy bekasi qo‘radan quvib chiqqanda, biqiniga tekkan mushtumday toshning zarbidan «qank» deb qo‘yganini eshitmaganimiz, meni ham, boshqalarni ham o‘yga toldiradi. Itning bu qadar sabr-toqatli bo‘lishining sababini bilish qiyin. Odamlarga ko‘pdan beri ma’lum bo‘lgan xulosaga tayansak, Sarala it yashash uchun kurashdan qattiq charchaganga o‘xshaydi. Har qadamda uchraydigan qarama-qarshiliklar uning hafsalasini pir qilib, boshini ko‘tarolmaydigan ahvolga solib qo‘ygandi. Bechora it hammaning oldida o‘zini gunohkor sezganday, odam va hayvonlar tugul, tabiiy holda o‘sib yotgan o‘t-o‘lanlarga ham ishonchsizlik bilan qaraydi. Eng o‘kinchlisi, bog‘lovdagi tishi qichishgan itlar ham uni ko‘rib, ko‘rmaganga solishadi. Har qanday it adashgan ko‘ppakni ko‘rganda, jon-jahdi bilan akillab ortidan yetib borib, keyin unga zo‘rlik qilib, quyrug‘ini ko‘rsatib, u yer-bu yerini hidlab ko‘rishini el yaxshi biladi. Lekin daydi it ro‘para kelib qolsa ham, Sarala it unga tik qarab qo‘ymaydi. Doimo terlab turuvchi kichik malla-qizil burnini ishga solib, chiqindi tashlangan joylarda, o‘nqil-cho‘nqillarda shunchaki izg‘ib yuraveradi. Itning yurishi ham o‘zgacha, biror nimaga alahsimay, nimanidir ko‘zlab to‘g‘ri ketib borayotganini hech kim ko‘rmagan. Bir joyda yotib ham olmaydi, uni goh yaylov, goh ko‘cha, goh ko‘rada ko‘rib qolamiz. Havo haddan tashqari qizib ketgan kunlarda ham biror daraxt ostida soyalab yotganini ko‘rmadik.
Ko‘chamizning erkaklari bu yorug‘ dunyoda Sarala itning nari-beri bosib, topganini yeb jon saqlab yurganini xayollariga ham keltirishmaydi, lekin ayollar unday emas, uni «o‘g‘ri it» deb yomon ko‘rishadi. Urib, qo‘radan haydab chiqadiganlar ham o‘shalar. Bechora Sarala it kaltak yeb, qo‘radan quvilib chiqqanidan keyin ham, orsizligi tufaylimi, bir zumda tahqirlanganini unutib, tag‘in hech nima bo‘lmaganday, boshini quyi solib yer bosib ketayotganini ko‘p kuzatganman. U gunohsiz bo‘lsa ham quvilaveradi. Shunda ham ortiga bir qayrilib qaramaydi. «Qaraganim bilan biror nima o‘zgarib qolarmidi?» deb o‘ylaydiganga o‘xshaydi. Yoki kimdir quvsa ham, uning urmasligiga qat’iy ishonsa kerak. Chindan ham, hech kim uni olisroqqa quvib borgani yo‘q. «Chiq!» degan o‘ziga tegishli hukm shalpaygan qulog‘iga yetishi
bilan hech kimdan norozi bo‘lmay nariroq ketadi. Ba’zan qo‘raga kirib, kir yuvib o‘tirgan xotinni ko‘rsa, «xamir qoryaptimi?» deganday tikilib qoladi. Agar xotin o‘tin yorib turgan bo‘lsa, «Bu xotin qachon «chiq» deydi ekan!» degan xayolga boradi. Bir nimani o‘g‘irlab yemasa ham, zerikkan itning shunchaki tikilib turishi ayollarga yoqmaydi.
U sonda bor, sanoqda yo‘qligi tufayli itlar to‘dasiga ham, odamlar qavmiga ham tirnoqcha naf keltirmadi. Agar boshqa itlarning yonida shunchaki turganida ham, Sarala itning to‘daga manfaati tegar ekan, desak bo‘lardi. Uning odamga foydasizligi haqida umuman gapirmasa ham bo‘ladi.
Bir paytlar uni qanchalik to‘ydirib boqsa ham, it biror marta hurib, egasini quvontira olmabdi. O‘ldirib yuborishga ko‘zi qiymagan xo‘jayini «bor, kuningni ko‘r!» deb bo‘shatib yuborgan ekan. Sohibining uyini qo‘riqlash u yoqda tursin, azbaroyi zerikkanidan ovoz chiqarib qo‘yganida ham, u odamlarning e’tiboriga loyiq bo‘lardi.
Sarala itning bor qiliq-yo‘rig‘laridan xabardor kishi uning sandiroqlab tirik yurganidan ko‘ra, tezroq tuproqqa aylanib ketishini istab qolishi tabiiy edi. Xullas, u foydasiz jon edi. Hatto o‘simliklar ham urug‘ qoldirish uchun quyosh nurini talashib, bir-biridan balandroq o‘sishga intilganini o‘ylaganimda, Sarala itning itligini hech kechira olmasdim.
Bir kuni chol va kampir yashagan chekkaroqdagi qo‘rada «oq ro‘molli alvasti» ko‘ringani haqidagi gapni eshitib, ovuldagilar miriqib kulishdi. O‘tinlik uchun qurigan novdalarni olmoqchi bo‘lib qo‘raga kirgan kampir oy yorug‘ida devorning tuynugidan «oq alvasti» unga bir qarab, shoshilmay boshini tortib olganini ko‘rib qoladi. O‘tin tugul, o‘zini «oldirib» yuborishiga ozgina qolgan kampir quti o‘chib, qaltirab uyga qaytadi. Chol «bismillohir rahmonir rahim» deb, o‘zi bilgan surani o‘qib, unutgan joylarini o‘zidan qo‘shib, qo‘raning ortiga o‘tadi. Qarasa, u yerda Sarala it turibdi.
O‘shanda bolaga zor bo‘lib yurgan chol tushmagur: «Xudoga shukur, kampirimning bo‘yida bo‘lmagani yaxshi bo‘ldi, aks holda, qo‘rqkanidan bolasi tushib qolishi turgan gap edi!» – deb kulib uyiga kiradi. Uni cho‘chitgan alvasti emas, Sarala it ekanligini bilgan kampir bor yig‘ib-tergan qahr-g‘azabini itning boshiga ag‘daradi.
Mana shu kezlarda kataklardan tuxum yo‘qolib, yorilgan suzma xaltalarning o‘t-o‘lan orasida yotganini ko‘rishadi. Kimdir bu Sarala itning ishi deb, ovulda gap tarqatadi.
«Alvasti»ni ko‘rgan kampir atayin kelib, suzmasini yo‘qotgan ayolga Sarala itning ko‘chada suzma xalta ko‘tarib ketayotganini aytadi. Aslida yo‘qolgan suzmani otquloqning ostida boshqa it yeb turganida, Sarala it ariq bo‘yidagi chiqindilarni iskab, tentirab yurgan edi. Ayol otquloqning ostidan yirtiq xaltani topganida, Sarala it qandaydir hidni sezib shu yerga kelib qoladi. Ayol uni uzoq qarg‘ab, yerdan tosh olib otadi. Sarala it o‘zining it ekanligini yaxshi bilgani uchun ayolga qarab ham qo‘ymay, odatdagiday, kechirimli bo‘lib o‘z yo‘liga ketaveradi.
Bu voqeadan keyin Sarala it «o‘g‘ri» degan nomga ko‘nikib, ko‘chadagi jonivorlar ichida avvalgidan battar so‘xtasi sovuq maxluqqa aylanadi. It ishning bunchalik yomonlashib borayotgani va uning oxiri nima bilan tugashini o‘ylamay, loqaydlik bilan yer bosib yuraverdi. O‘ziga tik boqib turgan ko‘zlardagi nafratni it qaydan ham anglay olsin!
Bizning ko‘chada tuxum yeydigan, bu ham ozlik qilsa, tovuqning o‘zini ham tutib yeb qo‘yadigan itlar bor. Ular egasining bergani bilan qoniqmay, topganini yerga ko‘mib, keyin yemoqni yaxshi ko‘rishadi. O‘zining boshqa itlardan epli ekanligiga quvonib, dimog‘dorlik bilan qadam tashlaydi. Bunday iskovuch itlar duch kelgan joyni hidlab, tang qolarli tezlik bilan yegulik topganini ko‘rganingizda, ko‘ngilsiz o‘ylarga borasiz. «Shuning uchun it deyishadi-da!» deb, ularning shunday nom olganiga achinmaysiz.
Aybsiz Sarala itning manglayiga bosilgan tamg‘a o‘sha daydi itlarning kasofati tufayli ekanligi oyday ravshan bo‘lsa ham, xotinlar ularni yomon demaydi, aksincha, siylab suyak tashlashadi.
Bir kuni qaysidir it o‘sha suzma yo‘qotgan ayolning tovuqxonasi katagidagi ikkita tuxumni yeb ketibdi. Bu paytda ayolning eri katakdan tumshug‘ini yalab chiqib kelayotgan o‘zlarining To‘rtko‘zini ko‘rib qoladi. Xotin gumoni Sarala itda ekanligini aytadi, eri esa ko‘rganini gapiradi. Suhbatga aralashgan qo‘ni-qo‘shnilar ayolning fikrini ma’qullashadi. Chunki To‘rtko‘z qo‘lda boqilgan, daydi emas. O‘g‘rilik qilganini hech kim ko‘rmagan… Shuning uchun aybni To‘rtko‘z emas, Sarala itga to‘nkamoq ancha o‘ng‘ay va ishonarli-da!
Shunday qilib, erkak miltig‘ini o‘qlab, «ko‘pning tinchini buzgan» itni otib tashlamoqchi bo‘lib ko‘chaga chiqadi. Bu chog‘da Sarala it hech narsadan xabarsiz, ovqatdan o‘zga narsaning isini sezmaydigan burnini ishga solib, erinchoqlik bilan chiqindilarni tintib yurgandi. Miltiq egasi it o‘ralashib yuradigan joyga borib, Sarala itni nishonga oladi. It unga ajablanib qarab, «Bu kishi nega menga miltiq o‘qtalyapti?» deb o‘ylanib turganida, miltiq «tirs!» etadi. Sarala it «qang!» etib qulab tushadi. U shu birgina «qang!» etgan tovushni o‘lar chog‘igacha sariq moyday asraganini bilaman. Bir paytlar biqiniga tosh tekkanida «qangkillay» olganida, balki keyingi gal joniga o‘q botganida «au» deganini o‘zi ham sezmay qolarmidi? Shunday qilib, birda «kank» etib, birda «au» deb hura bilganida edi, ehtimol, uning umri bunchalik qayg‘uli tugamasdi!
To‘g‘risini aytganda, «au» degan tovushning asosi «qank» etib g‘ingshimoq ekanini bechora Sarala it tushunmay ketdi! Miltiq otilganda, tuxum o‘g‘irlab yegan To‘rtko‘z darhol yetib keldi. Keyin jon talashib, ko‘zlari olayib tipirchilayotgan Sarala itni ko‘rib, ohista ulib qo‘ydi.
Bu hodisadan qoniqish hosil qilgan xotinlar itning o‘limiga obdon quvonishdi. Lekin ertasigayoq bir xalta suzma va bir necha dona tuxum yo‘qoldi. Balki buni Sarala itning g‘azablangan «arvohi» qilgandir…
________
*Sarala it – sariq ola it, olapar
Qirg‘iz tilidan Avliyoxon Eshon tarjimasi