Elzaslik bolakay hikoyasi
O‘sha kuni ertalab maktabga juda ham kech qolayotgan edim; muallimdan tanbeh eshitishimni o‘ylasam, yuragim orqaga tortib ketardi. Ustiga ustak, mos’e Amel bizdan avvalgi dars mavzusini – sifatdoshlarni so‘ramoqchi edi. Men esa yarimta so‘z ham yodlamaganman. Bir zum xayolimga darsga kirmasdan sayr qilib yurish fikri keldi.
Havo juda ochiq va iliq edi…
O‘rmon chetida sayroqi qorayaloqlarning kuylayotgani, taxta yo‘nish zavodi ortidagi River o‘tlog‘ida nemislarning safda yurish mashg‘ulotlarini bajarayotgani eshitilib turardi. Bularning bari meni darsdagi sifatdosh qoidalaridan ko‘ra ko‘proq o‘ziga jalb qilardi, lekin o‘zimni qo‘lga olib, maktabga yugurdim.
Meriya1 yonidan o‘tayotib e’lonlar taxtasi oldida to‘planib turgan odamlarga ko‘zim tushdi. So‘nggi ikki yil ichida biz u yerda faqat ko‘ngilsizlikdan xabardor bo‘lar edik: boy berilgan janglar, rekvizitsiyalar, kommendant buyruqlari; o‘ylanib qoldim: yana qanday noxushlik bo‘lishi mumkin?
Shu payt shogirdi bilan e’lonlarni o‘qib turgan temirchi Vaxter meni chaqirib qoldi:
– Shoshma, bolakay, ulgurasan o‘sha maktabingga.
U ustimdan kulyapti deb o‘yladim va halloslagancha mos’e Amelning uyi oldidagi gulzor tomonga yugurdim.
Odatda dars boshida ko‘chaga eshitilarli darajada shovqin ko‘tarilardi – bolalar quloqlarini qo‘llari bilan yopgancha o‘tilgan mavzularni g‘o‘ng‘illab takrorlashar, partani childirma qilib chalishar, muallimimiz esa chizg‘ichi bilan tinchlantirishga urinardi:
– Sekinroq, sekinroq, bolalar!
Men mana shu shovqin-suron ostida joyimga sezdirmasdan o‘tirishni mo‘ljallagandim, ammo shu bugun yakshanba tongidek jimjit edi.
Ochiq oynadan o‘rtoqlarim allaqachon joy-joylarida o‘tirganini, mos’e Amel esa vahimali chizg‘ichini qo‘ltiqlagancha u yoqdan bu yoqqa borib kelayotganini ko‘rdim. Qanday qilib bu jimjitlikda eshikni ochib kirsam ekan? Qo‘rquvdan qanchalik qizarib, qaltirayotganimni tasavvur qilib ko‘ring.
Xavotirim o‘rinsiz ekan: mos’e Amel menga muloyim qaradi va erkalab dedi:
– Qani, Frants o‘g‘lim, kiraqol. Biz sensiz darsni boshlamoqchi bo‘lib turgandik.
Men stulni hatlab o‘tib, o‘z joyimni egalladim. Shundagina, qo‘rquvim bosilganidan keyin muallimning egnidagi dabdabali yashil syurtuk, burama galstuk va boshidagi qora ipak taqyani ko‘rdim; u faqat inspektor tashrif buyurganda yoki mukofotlar taqdim etilayotganda shunday kiyinardi. Butun sinf ko‘zimga ajib va dabdabali bo‘lib ko‘rindi. Ammo meni boshqa holat hayron qoldirdi: ko‘pincha bo‘sh turadigan orqa o‘rindiqlarda qo‘lida uchburchak musiqa asbobi bilan qariya Xauzer, uning yonida sobiq mer, pochtachi va boshqa qishloq kishilari o‘tirardi. Ularning yuzi g‘amgin; Xauzerning tizzasida chetlari titilgan eski alifbe, uning ustida esa katta ko‘zoynak turardi.
Mos’e Amel avvalgiday muloyim, lekin jiddiy ohangda hammamizga murojaat qildi:
– Bolalar, bugun sizlar bilan so‘nggi bor dars o‘tishimiz. Berlindan Elzas va Lotaringiya maktablarida faqat nemis tili o‘qitilishi haqida buyruq berildi… Yangi o‘qituvchi ertaga keladi. Bugun frantsuz tilidan oxirgi mashg‘ulotimiz. Iltimos, e’tiborliroq bo‘linglar!
Mana shu ikki og‘izgina so‘z meni larzaga soldi. Ah, razillar! Meriya devoriga ilingan e’lon nima haqida ekanligiga endi tushundim.
So‘nggi frantsuz tili darsi!..
Men bo‘lsam zo‘rg‘a yoza olardim! Demak, endi yozishni yaxshi o‘rganolmayman! Butun umr savodsiz bo‘lib qolaman! Darsga kirish o‘rniga qush uyasini axtarib yurganim, muzlagan Saara ko‘li ustida sirpanchiq uchib yo‘qotgan vaqtimga shunchalar achinib ketdimki! Biroz oldin zerikarli bo‘lgan kitoblar endi men uchun qadrdon do‘stlardek bo‘lib tuyuldi. Ulardan ajralish men uchun og‘ir edi. Mos’e Amel-chi?! Xayolimda uni boshqa ko‘rolmaydigandek edim; uning tanbehlari, chizg‘ich bilan jazolashlarini ham bir lahzada unutdim.
Bechora! U oxirgi dars sharafiga o‘zining bayramona liboslarini kiygandi; orqa o‘rindiqlardagi qishloq odamlarining nima uchun bu yerga to‘planishganini endi tushundim. Ular maktabga tez-tez kelib turmaganliklaridan afsusda edilar. Yuz-ko‘zlaridan muallimning qirq yillik halol xizmati uchun minnatdorlik bildirayotganga o‘xshab ko‘rinishardi…
Ism-familiyam yangraganini eshitib, xayolim bo‘lindi. Javob berish navbati meniki edi. Qaniydi, sifatdosh qoidalarini baland ovozda, tutilmasdan, dona-dona qilib gapirib bera olsam. Biroq men hammasini chalkashtirib yubordim, og‘irligimni u oyog‘imdan bu oyog‘imga tashlab, ko‘zimni yerdan uzolmay turaverdim. Mos’e Amel menga tikilgancha so‘zlay boshladi:
– Men seni koyimayman, Frants o‘g‘lim, shundoq ham jazolanganingni bilsang kerak… Har safar, qayoqqa ham shoshildim, ertaga yodlayman, deb o‘ylaysan. Oqibati nima bo‘ldi? Biz elzasliklar o‘qishni doimo ortga suramiz – fojeamiz ham ana shunda. Sizlar o‘zingizni frantsuz deb bilasiz, vaholanki, o‘z ona tilingizda to‘g‘ri gapirishni ham, yozishni ham eplay olmaysiz. Bunda sening aybing boshqalarnikidan kam emas, Frants o‘g‘lim. Biz o‘zimizdan o‘pkalashimiz kerak. Ota-onalarimiz o‘qishlarimiz haqida ko‘p ham qayg‘uravermaydi. Maktabga jo‘natish o‘rniga qo‘shimcha aqcha maqsadida sizlarni dalaga yoki fabrikaga ishlash uchun yuborishadi. Men o‘zim-chi? Men emasmi sizlarga bilim berish o‘rniga bog‘dagi gullarni parvarishlashni zimmangizga yuklagan?! Men emasmi baliq ovlagim kelib qolganda sizlarni darsdan ozod qilgan?!
Shundan so‘ng mos’e Amel frantsuz tili dunyodagi eng ajoyib til ekanligini, bu tilni asrashimiz lozimligini, chunki mustamlaka xalq o‘z ona tili yordamidagina yorug‘likka chiqa olishini uqtirdi… So‘ngra muallim grammatikadan ma’ruza o‘qidi. Darsni yaxshi tushunayotganimdan o‘zim ham hayratda edim. Mos’e Amel mavzuni juda ravon tushuntirardi. Avvallari, darsni bunchalik diqqat bilan tinglamagandim. Muallimimiz ketish oldidan bor bilimini bizga qoldirmoqchidek edi, go‘yo.
Grammatikadan so‘ng yozuvga o‘tdik. Mos’e Amel namuna sifatida doskaga chiroyli husnixat bilan quyidagi so‘zlarni yozib qo‘ydi: “Frantsiya, Elzas. Frantsiya, Elzas”.
Sinf suv quygandek jimjit, faqat qog‘oz ustida yugurayotgan qalamlarning qitirlashigina eshitilardi…
Maktab tomida kaptarlarning g‘uv-g‘uvlagani qulog‘imga chalindi. O‘ylanib qoldim: “Hali ularni ham nemischa kuylashga majburlash kerakdir?”
Ko‘zimni daftardan uzganimda mos’e Amelning maktab bilan qayta ko‘risholmaydigandek har bir narsaga sinchiklab qarayotganini payqadim. O‘ylab ko‘ring-a, u qirq yillik umrini shu maktabga baxshida etdi. Eski stul va partalar kirlanib yaltirar, hovlidagi kashtan daraxtlari osmon qadar bo‘y cho‘zgan, ularning tagiga ekilgan xmel butun derazani to‘sib turardi. Uning uchun bularning hammasi bilan xayrlashish og‘ir edi. Axir, u ertaga bu yerlarni butunlay tark etadi.
Mos’e Amel darsni oxirigacha yetkazishga o‘zida kuch topa oldi.
Yozuv-chizuvdan so‘ng tarix darsiga o‘tdik; keyin barchamiz jo‘rovoz bo‘lib harflarni qaytardik: ba, be, bi, bo, bu. Orqa o‘rindiqdagi qariya Xauzar ham ko‘zoynagini taqib, alifbeni qo‘lida tutgancha bizga qo‘shildi: ovozi hayajondan titrab chiqardi; uni eshitib yig‘lashni ham, kulishni ham bilmasdik. O, yo‘q! Bu dars sira ham yodimdan ko‘tarilmaydi…
To‘satdan cherkov soati kun yarim bo‘lganini, ibodatga shoshilish kerakligini eslatgandek bong ura boshladi. Shu onda deraza tagidan mashg‘ulotdan qaytayotgan pruss askarlarining trubalari jarangladi. Mos’e Amelning rangi bo‘zdek oqardi va o‘rnidan turdi.
– Do‘stlarim, – dedi u, – do‘stlarim, men, men…
Uning bo‘g‘ziga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Qo‘liga bo‘rni olib, katta harflar bilan kuchining boricha quyidagi so‘zlarni yozdi:
“Yashasin Frantsiya!”
Keyin boshini eggancha stulga o‘tirib qotib qoldi va qo‘li bilan bizga ishora qildi:
“Endi tamom… Ketinglar”.
Saidjalol Saidmurodov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 9-son