Aleksey Dudarev. Chiqindixona (pesa)

IShTIROK ETUVChILAR:

Pifagor
Ayyor
Qo‘ychivon
Dotsent
Afg‘on
Vasya
Muxbir
Suv parisi
Vita
Hushyor
Sodiq

BIRINChI KO‘RINISh

Kechki payt, ehtimol, tundir. Nochorgina kulba. Chetroqda qachonlardir oqqa bo‘yalgan, hozir esa kirlanib, rangi o‘chib ketgan pechka turibdi. Devorning u yer-bu yeriga qog‘oz, ba’zi joylariga gazeta yopishtirib tashlangan, qolgan qismi yalang‘och – yog‘och to‘sinlar ko‘zga tashlanadi. Xonaning chor atrofiga jurnal muqovalari, to‘y tantanasi tasvirlangan allaqanday suratlar, buyuk va ezgu ishlarga chorlovchi g‘ijimlangan shior, yirtiq kalendar, hatto kimningdir ko‘zlari o‘yib olingan portreti oyog‘i osmondan qilib osib qo‘yilgan. Shipda to‘kilib ketay deb turgan plastmassa qandil. Xona o‘rtasidagi oyoqlari siniq stol ustiga u yer-bu yeri kuyib, o‘yilib qolgan choyshab yopilgan. Unda kerosin chiroq va birorta simi yo‘q, buzuq qora telefon turibdi. Stol yonida undan-da xarob kreslo. Zanglab ketgan temir karavot, eski divan, buzuq yig‘ma karavot xona bo‘ylab tartibsiz sochilib yotibdi. Eshik tepasidagi yog‘och but nima bilandir bog‘lab qo‘yilgan. Qing‘ir-qiyshiq bir nechta kitob bu ko‘rinishga mutlaqo yarashmay turibdi. Burni va quloqlari ko‘chib tushgan haykalchaning boshiga teshik kostryul kiygizib qo‘yilgan. Ostonaga yaqin joyda darz ketgan unitaz qiyshayib yotibdi. Xonaning o‘rtasida bir uchi shipga mahkamlangan arqonning pastki qismidan sirtmoq yasalgan. Deraza yoniga eshikchasi singan ko‘hna osma soat qoqilgan. Umuman, bu yerda soatlar ko‘p: toshli, toshsiz, mili bor, milsiz, jiringlaydigan, zang uradigan. Lekin birortasi ham ishlamaydi, shunchaki hazil tariqasida ilib qo‘yilganga o‘xshaydi.
Xonadagi har bir buyum shaklan va usluban o‘ttiz-qirq yil oldingi davrlarni eslatadi. Pechka mo‘risidan shamolning cho‘ziq va mungli uvillagani eshitiladi. Unga hamohang g‘ijirlab eshik ochiladi-da, ostonada qo‘lida sham bilan allaqanday ko‘lanka paydo bo‘ladi. Ichkariga kirganida ko‘ramizki, u – siyrak soqolli, deyarli yalang‘och, faqat belidan pastini allaqanday mato bilan bekitib olgan, ozg‘in, sochlari o‘sib ketgan kishi ekan. Boshiga tikanak simdan gulchambar kiyib olgan. “Gulchambar” ostidan bo‘yoqmi, qonmi – to‘q qizil bir nima oqyapti. U nimasi bilandir Iso payg‘ambarni eslatadi. Xona o‘rtasiga kelib, qo‘lidagi shamni baland ko‘taradi. Bu – “Iso” shu yerda istiqomat qiluvchilardan biri bo‘lib, ismi Ayyor edi.
A y yo r (shamolning uvillashiga hamohang). Odamla-a-ar!.. Odamla-a-ar, hu!.. Men ke-e-eldi-i-im!.. (Hech kim indamagach, xona bo‘ylab tantana-vor yuradi.) Ey, Xudoning qarg‘ish urgan bandalari-i!.. Turingla-a-ar!.. Qavminglar rahnamosi keldi, yuvuqsizla-a-ar!.. Qiyomat-qoyim yaqinlashyapti, senlar yotibsanlar sasib! U dunyoyu bu dunyo gunohlaringdan kechmayman, do‘zax o‘tida kuyib kul bo‘lasanlar!..
P i f a g o r (pechka ustida ko‘rpaga burkanib yotganicha). Eshikni yop, o‘laksa!
A y yo r. Hayhot! Bu og‘zi shaloq, fikri qoloq Pifagor degan yaramasning ovozi-ku! Sen qulog‘inggacha gunohga botgansan! Tavba qil, Pifagor, tavba qil!..
P i f a g o r. Hozir tushib senga o‘xshagan “Iso payg‘ambar”ni anavi but-ga mixlab tashlayman. Mixmas, qoziq bilan qoqaman. Ana undan keyin tavba-tazarrung ham yordam bermaydi. Yop eshikni, sovuq yeyapman!
V a s ya (divanda yotganicha, boshini ko‘tarib). Iltimos, maynavozchilikni bas qilinglar!
A y yo r (eshikni yopib kelib, Vasyaga). O-o-o, ma’rifat mash’ali-ku! Sening ham gunohing cheksiz! Ammo, menkim, hazrati Isoni ilmiy ateizm va tarixiy materializm ila quvg‘in etgan sendek shakkokning ham gunohidan o‘tdim! Sen, yaramas, bir kun bo‘lmasa-bir kun haq yo‘lga tushib ketasan. Ey, ma’rifatparvar…
V a s ya. Qo‘ysangiz-chi! Hech qanaqa ma’rifatparvar emasman!
A y yo r. O‘chir, tasqara! Sen bilan Xudoning noibi gaplashyapti! O, ma’rifatparvar, oxiratda seni o‘zim yorlaqayman!..
P i f a g o r. Ayyor, deyapman!
V a s ya. Menga qarang, o‘z holimga qo‘yasizmi-yo‘qmi?!
A y yo r. Gunohingdan o‘tdim… Bu dunyoda musofirsan, shahar axlatxonasida yashaysan – senga qiyin. Ammo chida, oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘… Omin. (Yig‘ma karavotda yotgan Afg‘onga yaqinlashib) Tur o‘rningdan, bo‘tam.

Afg‘on itoatkorlik bilan o‘rnidan turadi.

Eh, esim qursin… Qay bir gunohing uchun tilingdan mahrum etgan edim? Xayoldan faromush bo‘pti… E, dunyoning tashvishlari, dunyoning tashvishlari… Bandalari shu qadar qabihlashib, shu qadar ilonning yog‘ini yalaganki, ularning hiyla-nayranglarini eslab qolishga ilohning ham aqli qisqalik qiladi! Ko‘zlaringda ne ma’no bor, o‘g‘lon? Ko‘rayapman, bema’ni g‘urur ko‘rayapman ko‘zlaringda! Nazarga ilmayapsan, bo‘tam, nazarga ilmayapsan… Biz bilan bitta dasturxondan osh-non yeysan-u, lekin bizdan jirkanasan! Men – ona-tabiatman! Men – rizqman! Men – nonman! Sen xudoning bergan kuni non emas, meni yeyapsan!
P i f a g o r. Ayyor, haddingdan oshma!
A y yo r (unga parvo qilmay, Afg‘onga). Beozorliging chin dildanmas, indamasliging tilsizlikdanmas, bo‘ysunishing taqdirga tan berishdanmas! Kimni aldamoqchisan, riyokor? Injildagi shartlarni bilasanmi? “Bu yuzingga ursalar…” u yog‘i nima?.. (Kutilmaganda Afg‘onga musht tushiradi.)

Afg‘on qalqib ketadi, bir zum hujumga chog‘lanadi-yu, lekin birdan
shashtidan qaytib,kulimsiragancha unga qarab turaveradi.

Afv etdim… (Mahkam quchib o‘padi, shivirlab) Xafa bo‘lma, mehrim borga – qahrim bor. Urganim – un oshi, so‘kkanim – so‘k oshi.
Q o‘ y ch i v o n (pechka ustidan, yig‘lamsirab). Pifagor, ayt, ovozini o‘chirsin!.. Qo‘rqib ketyapman…
A y yo r (Afg‘onga). Endi borib o‘tin olib kel. Ko‘ryapsan-ku, yupunman. Shu sovuqda yalovochlaringdan ajrab qolishlaring mumkin.

Afg‘on chiqib ketadi.

Sen yaramaslarni deb ikki ming yil muqaddam butga mixlandim, butun gunohlaringni o‘z bo‘ynimga oldim! Senlar bo‘lsalaring meni, Xudo farzandini durustroq kutib olishgayam yaramadilaring! Nega shu paytgacha pechkaga o‘t yoqilmagan?! Kim u, boyadan beri pechkaning ustida akillayotgan? (Qo‘ychivonga.) Ha-a, senmiding? Qani, beri kel-chi, qarog‘im…
Q o‘ y ch i v o n. Bormayman!..
A y yo r. Pastga tush, hezalak!
Q o‘ y ch i v o n. Pifagor, ayt, menga tegmasin!..
P i f a g o r (Ayyorga). Bugun ja g‘ayrat otiga minib olibsan, tinchlikmi? Yo qurug‘idan tortdingmi?
A y yo r (Qo‘ychivonga). Kelaqol, bo‘talog‘im, kelaqol… O‘zim o‘rgilay, mo‘ltirab turishingdan…
Q o‘ y ch i v o n. Yaqinlashma!..
V a s ya. Menga qarang, bo‘ldi-da endi! Uxlab bo‘ladimi o‘zi, yo‘qmi?! Ertaga ishga chiqishim kerak!
A y yo r (Vasyaga). Yot-u, tavba qil.
V a s ya. Nima uchun tavba qilishim kerak ekan?
A y yo r. Yetim-esirlarning va butun progressiv insoniyatning rizqiga haromxo‘rlarcha sherik bo‘layotganing uchun!
V a s ya. Nimalar deb aljirayapsiz?
A y yo r. Tavba qil!.. (Qo‘ychivonga.) Sen, ey, erkak qiyofasidagi ojiza, javob ber: kimdir kimningdir nomusiga tegsa, dod solib yordamga chaqirishi kerakmi? Kerak. Unda u gunohkor emas, zo‘ravonlik qurboni hisoblanadi. Seni zo‘rlashayotganda yordam so‘rab Alloh taologa iltijo qildingmi? Yo… Unda toshbo‘ronga loyiqsan, bo‘tam.
Q o‘ y ch i v o n. Ablah!.. Yaramas!.. (Yig‘lab) O‘ldiraman! Bir kuni mastligingdami, uxlab yotganingdami bo‘g‘izlab tashlayman!..
A y yo r. Ko‘z yoshi gunohlarni yuvadi.
Q o‘ y ch i v o n. Ey, Xudo! Itga it o‘limini ber! O‘zing guvohsan, Tang­rim, hammasini ko‘rib turibsan!..
P i f a g o r. G‘ingshima-e!

Qo‘ychivon hiqillaganicha pechka ortida g‘oyib bo‘ladi.

A y yo r (qo‘lida sham bilan xonani aylanib). Bandalarim! Bu sukutning boisi ne? Nahot hech kim mening ovozimni eshitmasa? Xudodan qaytganlar! Dinini yo‘qotganlar! (Sirtmoqqa ko‘zi tushib) Nima bu? Sirtmoq… Dor! Bu xudobexabarlar meni, ana, nima bilan kutib olish­yapti! Otam aytuvdi-ya: “Bolaginam, o‘sha yorug‘ olamga ikkinchi marta qaytib borma. Birinchi gal yog‘ochga mixlashdi, tag‘in borsang yo osishadi, yo jinnixonaga tiqishadi”, deb! Men aytdim, bormasam bo‘lmaydi, dedim. U yaramaslarga kelaman deb so‘z berganman, borib o‘zim tartib o‘rnatmasam, kim o‘rnatadi, dedim. Bo‘lmasa eshakqurtday bir-birini yeb qo‘yadi, dedim! (Kursiga chiqib, sirtmoqni bo‘yniga kiyadi) Otam “xo‘p, bolaginam, boraqol”, dedi va men keldim!

Pifagor indamay pechkadan tushadi. Afg‘on pechkaga o‘t qalaydi.

Bir paytlar olam yo‘q edi. Hozirgi bemazagarchiliklar ham yo‘q edi. Koinotda osudalik va o‘zaro muvofiqlik hukmron. Shunda tabiat kechirib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘ydi: ikkita yulduz “shar-raq” etib to‘qnashib ketdi, onasini hurmat qilay! Elektr, gamma, beta! Keyin nima bo‘ldi? Kosmik Chernobl bo‘ldi! Koinotda daydib yurgan qandaydir zarra bilan Ilohiy Ruh birlashdi! Ana undan keyin o‘sha zarrada aynish boshlandi! Chiridi! Yiring bosdi! Po‘panak qopladi! Yillar o‘taverdi. Milliard yillar o‘tib mikrob paydo bo‘ldi. Maysalar o‘sa boshladi, baliq va turli gazandalar, hayvon va odam… shohlar va qullar, odillar va zolimlar, donolaru nodonlar yaraldi! Dunyo keng, zarralar ko‘p – bir-birini g‘ajib kun ko‘raverishdi! Mana, o‘sha chirigan zarraning bir bo‘lagi mening yonimda turibdi. O‘sha padaringga la’natning ismi – Pifagor!
P i f a g o r (xotirjam). Kech bo‘p qoldi, uxlash kerak…

U tasodifanmi, ataylabmi Ayyorning oyog‘i tagidagi kursini turtib yiqitib yuboradi. Ayyor jonholatda arqonga tomog‘idan osilib qoladi.

A y yo r (tipirchilab). Nima… nima qilyapsan?! Nima qilyapsan, onang-ni hurmat qilay!..
P i f a g o r (pechkaga chiqa turib). Xudoning o‘g‘liman deyapsan-ku, bir mo‘jiza ko‘rsatib qutul-da endi. Keyin biz ham ishonaylik.
A y yo r. Stulni olib kel, ablah!..
P i f a g o r (pechkaning ustida yotganicha). Otangga salom deb qo‘y.
A y yo r. Hazillashma, ey!.. O‘lib qolaman, Pifagor, qo‘lim charchadi!.. (Qichqirib) Odamla-a-ar!..
V a s ya. Bas qilasizlarmi-yo‘qmi? Jonga tegdilaring lekin!
A y yo r. Vasya, ukajon, stulni qo‘y!.. Opke!..
V a s ya. Azonda qurilishda bo‘lishim kerak, deyapman! Ozgina uxlab olay axir!
A y yo r. Afg‘on!.. Afg‘on!

Afg‘on parvo qilmay pechkaga o‘tin qalayveradi.

Padaringga la’nat, garang! Qo‘ychivon, dardingni olay, ukajon!.. M-m-m!.. (Baqirib.) Ho‘, kim bor, yordam beringlar!.. Yorda-a-am!..
P i f a g o r. Baribir hech kim eshitmaydi – shahar uzoq. Shuning uchun o‘zimiz eshitadigan qilib sekinroq qichqirsang ham bo‘laveradi.
A y yo r. Bo‘ldi, hazilni yig‘ishtir, Pifagor! O‘lib qolaman-ku, yaramas!
P i f a g o r. Otam kim edi, deding?
A y yo r. It biladi deysanmi, onamni zo‘rg‘a taniyman-u!.. Bo‘ldi, hozir qo‘yvoraman, Pifagor!!!
P i f a g o r. Qasam ich.
A y yo r. Ichaman, ichaman!.. Ich desang ichaman, ye desang yeyman!..
P i f a g o r. Hech qachon, hech qayerda xudoning nomini tilga olmayman…
A y yo r. Olmayman, olmayman!..
P i f a g o r. Agar qasamimni buzsam, ikki oyog‘im ketimga yopishib qolsin…
A y yo r. Yopishsin-yopishsin!.. Stulni qo‘y!

Pifagor uning oyog‘i tagiga stul qo‘yadi. Ayyor shosha-pisha sirtmoqni olib tashlab, boshidagi “gulchambar”ni uloqtiradi. Titrabqaqsha-ganicha Pifagorning ustiga bostirib kela boshlaydi.

Menga qara, onangni hurmat qilay!.. Ichak-chavag‘ingni chuvalatib tashlayman hozir!..
P i f a g o r. Faqat tishimga urma – protez…
A y yo r. Go‘shtingni chuchvarabop qip maydalab tashlayman! (Pifagorning qorniga uradi, Pifagor g‘ujanak bo‘lib qoladi. Yana uradi, lekin bu safar avaylabroq tushiradi.) Ko‘zingni o‘yib olaman, so‘qir Pifagor bo‘lib yurasan!
V a s ya. E, xudo, tezroq yoz kela qolsa edi…
A y yo r. Nima deb chiyillayapsan, ko‘zoynagingni hurmat qilay?
V a s ya. Sizga gapirayotganim yo‘q.
A y yo r. Menga qara, ho‘, ziyolivachcha! Senlarni bitta qo‘ymay yig‘ishtirib, hojatxonaga cho‘ktirish kerak! Sotqinlar hamma zamonlarda ziyolilardan chiqqan! Sen ham sotqinsan! Hozir ustlaringdan bekitaman-u, kerosin sepib uyni yoqvoraman – kelajak avlod mendan minnatdor bo‘ladi!
P i f a g o r. Uxla endi.

Sukut. Tashqarida shamol uvillaydi.

A y yo r. La’nati, shuyam havo bo‘ldi-yu!.. Chindanam o‘zingni osib qo‘y-ging keladi… (Xona burchagidan suv qog‘ozli xaltacha va uch litrli banka olib kelib stolga qo‘yadi.) Ey, yalangoyoqlar, turinglar! Pod’yom deyapman, jamiyat olqindilari!

Hech kim qimirlamaydi. Xaltachadan non, kolbasa, konserva chiqaradi.

Nima keragi bor oliftagarchilik qilib, qorinlaringni mushuk tirnab yotibdi-ku! (Stol tuzab) Hurmatli va aziz ijtimoiy chiqindilar! Senlarni chin dildan dasturxonga taklif qilaman! Bugun men uchun yubiley, azizlarim! Xotin bilan ajrashganimga roppa-rosa yigirma besh yil to‘ldi! Pifagor, mo‘jiza ko‘rsat, deding-a? Mana, qara. Suvni vinoga aylantiraman. Diqqat!.. (Qo‘llarini banka ustida harakatlantirib) Tayyor! (Tatib ko‘rib) Xuddi o‘zi! (Vasyaga) Ho‘, akademik! O‘qimaganlarga ham bir qaravoring, iltimos-da. Mabodo jirkanmasangiz, manavining tuzini ko‘rib bersangiz. (Vino quyib uzatadi.)
V a s ya. Ertaga erta turishim kerak…
A y yo r. Nega?
V a s ya. Aytyapman-ku, ishga chiqaman, deb!
A y yo r. E, qo‘ysang-chi, ishga balo bormi! Tish bergan… haligi… (“xudo” so‘zini aytmaslikka so‘z bergani yodiga tushib, tepaga ishora qilib qo‘ya qoladi) o‘sha rizq ham beradi. Lekin u ertaga beradi, men bugun, hozir beryapman! (Havasini keltirish uchun.) Buni qara: kolbasa-a, pishlo-oq… Bay-bay-bay… Manavi qo‘y yog‘iga qovurilgan qo‘y go‘shti! Ya’ni, o‘z yog‘iga qovurilgan. Odamga o‘xshab o‘z yog‘iga o‘zi qovurili-ib turibdi… (Birdan Vasya yotgan divanni ag‘darib tashlaydi.) Tur-e, onangni hurmat qilay!..
V a s ya (ag‘darilib tushib). Esingiz joyidami!..
A y yo r. Huymatli o‘ytoq! Pyogyessiv insoniyat sizni dastuyxonga tash­yif buyuyushingizni o‘tinib so‘yaydi! Agay dayyov kelib o‘tiymasangiz onangizni huymat qip qo‘yadi! Mayhamat! Pifagor, tush endi, kelgin. (Qo‘ychivonga.) Qo‘zichog‘i-im…
Q o‘ y ch i v o n (arazli). Ishingni qil!
A y yo r. Mayli, qilaman, pastga tush… (Pechkaga chiqa boshlaydi) Kelaqol endi, noz qilma…
Q o‘ y ch i v o n (yig‘lamsirab). Yaqinlashma!..
P i f a g o r. Tinch qo‘y uni. (Tushib, stolga keladi.)
A y yo r. Afg‘on! Rovnyas! Smirno! Pechkaga o‘tin tashla. (Xaltasini kavlashtirib) Agar majaqlanib ketmagan bo‘lsa, tuxum ham bo‘lishi kerak… Hozir shest sekundda qovurib tashlaymiz! Hoy, insonlar, bo‘lsalaring-chi!

Hamma xohlamaygina stol atrofiga keladi.

(Qo‘llarini bir-biriga ishqab.) Qani, azamatlar!.. Ie, telefon qilish esdan chiqibdi-yu… (Telefonda raqam teradi.)

Boshqalar unga hayron bo‘lib qarab turishibdi.

(Telefon ovoziga o‘xshatib.) Tu-u-ut, tu-u-ut, tu-u-ut… Shilq! Allo, allo! Salomatmisiz? Iltimos, agar mumkin bo‘lsa, to‘rtinchidan Yuliya Pavlovnani chaqirib yuborsangiz… Ie, kech bo‘ldi deganingiz nimasi? Ana, televizorda endi “Vremya” boshlandi… Nima?.. Yaxshi qiz, men boshqa yurtdan telefon qilayapman, biz tomonda hali erta. Iltimos, uyg‘otvoring, o‘ziyam juda xursand bo‘ladi… Rahmat! (Go‘shakni kafti bilan bekitib, angrayib turgan sheriklariga.) Harqalay – yubiley, tabriklab qo‘yay, ko‘ngli ko‘tariladi. (Go‘shakka, sevinib.) Allo, Yuliya! Yuliya!.. Qalaysan, jonim?.. Ana shunaqa-da, birpasda tanimay qolasan… (Ma’yus jilmayib.) Arzimagan yigirma besh yilgina bo‘pti-yu, darrov ovozimni unutvoribsanda… Albatta, men… Uzoqdan, jonim, uzoqdan. Nima, sizlarda tong otyaptimi?.. Haligi go‘shakni olgan kim edi, o‘sha aytdi. Bizda endi kech bo‘ldi. Ana, derazadan oy mo‘ralayapti… Xo‘sh, ishlaring qalay?.. Joyida, de… Ishingni o‘zgartirdingmi?.. Kim-kim?.. Yo qudratingdan!.. (Hazillashgan bo‘lib.) Bunaqaligini bilganimda ajrashmasdim… (Sheriklariga.) Direktor bo‘pti! (Go‘shakka.) Yashavor, Yuliya, sen bilan faxrlanaman! Zaxarka qalay?.. Qo‘y-e! Qachon?.. Voy, onangni hurmat qilay!.. Onasiga rahmat, deyman! Ya’ni, senga! (Sheriklariga.) O‘g‘lim uylanibdi!.. (Go‘shakka.) Yulka, azizim, mening nomimdan tabriklab qo‘y! Sovg‘asiga qarzdorman. O‘zing qalaysan, yuraging bezovta qilmayaptimi?.. Har zamonda, degin… Davolat, Yulka. Senu Zaxarkadan boshqa hech kimim yo‘q bu dunyoda… A?.. (O‘pkasi to‘lib.) Ha, kelinim ham bor… Ishqilib, o‘zingni ehtiyot qil… E, padariga ming la’nat o‘sha ishingning, bildingmi!.. Nima – oylik, nima – oylik! Ming katta bo‘lgandayam oylikka sog‘liqni sotib olib bo‘lmaydi!.. Menmi? Yuribman… Joyida… Ha, bir xonali. Axlatxonada… Nima, axlatxonani bilmaysanmi, shaharning chiqindisi to‘kiladigan joy-da. Bir paytlar bu yer qishloq bo‘lgan ekan, nimadir qurmoqchi bo‘lib buzib tashlashibdi. Keyin nima qurmoqchiligi eslaridan chiqib qopti. Shunday qilib, bu yer quling o‘rgilsin axlatxona bo‘p qolgan. Har kuni shahardan mashina-mashina axlat olib kelib, ustimizdan to‘kishadi. Ana, deraza bo‘yi bo‘p qoldi… Iya, hamma qulaylik axlatxonada bo‘ladi-da! Bu yerda odamning jonidan boshqa nima desang topiladi… Yo‘q, yolg‘izmasman, qo‘shnilarim bor. Ajoyib, dilkash odamlar. Juda inoq yashaymiz, o‘n minut oldin meni osib qo‘yishlariga ozgina qoldi… Nega bo‘lardi, yaxshi ko‘rganlaridan-da… (Go‘shakni bekitib) Senlarga salom deyapti.
P i f a g o r (jiddiy). Bizdan ham salom deb qo‘y.
Q o‘ y ch i v o n (sidqidildan). Ayt, kelsin. Mehmon bo‘lib-da…
A y yo r (go‘shakka). Seni mehmonga taklif qilishyapti… Ha, avtomatdan qo‘ng‘iroq qilyapman. Avtomatdan!.. Nima?.. Voy, tentag-ey, nega unaqa qilding? Nima, sochi uzun ayolni direktor qilishmas ekanmi! Shunga ahmoq bo‘lib qirqib o‘tiribsanmi? Qoloqlik! Jaholat! Turg‘unlik yillarining falsafasi bu!.. Nega to‘satdan bo‘lar ekan? Esingdan chiqdimi, bugun roppa-rosa yigirma besh yil bo‘ldi-ku… Ha, kumush to‘y… yo‘g‘-e, kumush taloq… Shuni o‘rtoqlar bilan nishonlamoqchiydik… Qo‘ysang-chi, ozgina-ozgina-da, to‘yib ichadigan kommunizm davrlari o‘tib ketgan. (Iztirobli.) Sen uchun, Zaxar uchun, shinamgina o‘sha uyimiz uchun!.. (Ko‘z yoshini arang tiyib.) Allo, allo, yaxshi qiz! Iltimos, uzmay turing! Yuliya, jonim, quyoshginam!.. Seni yigirma besh yillik yubiley bilan yana bir marta qutlayman… (Entikib.) Jamiyat farovonligi yo‘lida mehnat qilib, ulkan zafarlar quchishingga tilakdoshman! Shoshma, telefonimni yozib ol… (Telefonning raqam yoziladigan joyiga qaragan bo‘lib.) Allo, allo, yaxshi qiz! To‘xtang, raqamimni aytib olay! Bir daqiqa, bir daqiqa! Pip-pip-pip… (Go‘shakni qo‘yib.) Uzib qo‘ydi, onangni hurmat qilay…

Sukut.

Q o‘ y ch i v o n (ajablanib telefonni oladi, ikkiga ajratib qaray-di). Ie, ichi bo‘m-bo‘sh-ku?..
A y yo r. Joyiga qo‘y, ahmoq! Bo‘sh bo‘lsa nima bo‘pti? (Uning kallasiga ishora qilib) Bu yer bo‘m-bo‘sh, (yuragini ko‘rsatib) bu yeri ham bo‘m-bo‘sh, lekin ishlayveradi! Ishlagandayam qanaqa joylarda, qanaqa lavozimlarda ishlaydi! Telefon ham odamga o‘xshagan gap – ishlayveradi.
P i f a g o r (stoldagi narsalarga iyak qoqib). Bularni qay go‘rdan olding?
A y yo r. Ochiq mozordan! Surishtirib nima qilasan, uzumini yesang-chi! Bitta general xotinning hovlisida kun bo‘yi eshakday ishladim. Shuncha narsa olib keldim. Iso payg‘ambarday kutib olasizlarmi desam, osib o‘ldirib qo‘yay dedinglar! Sirtmoqning tayyor turganini!..
P i f a g o r. Kim bo‘yningga solibdi?
A y yo r. Nima, o‘zim solibmanmi? (Esiga tushib, arazli.) Bo‘pti, o‘zim solibman… Quy.
P i f a g o r (shishani qo‘liga olib). Olti yilcha oldin biz ham besh kishi bo‘lib, bitta kompozitorga dala hovli qurib beradigan bo‘ldik. Yaxshigina pul beradigan bo‘ldi. Yashash joyimiz ham o‘sha yer. Bir kuni sheriklardan bittasi grafinda nima balodir ko‘tarib kelib qoldi. Ishdan keyin to‘rtalasi maishatni boshlab yuborishdi. O‘sha kuni, nimayam bo‘lib, mening qornim og‘rib qoldi. Yoqmaydigan narsa yeb qo‘yganmanmi, bilmayman. Ulfatchilikka qo‘shilmay yotib uxladim. Ertalab turib qarasam, to‘rtalasi to‘rt burchakda jilmayib o‘tirishibdi. Ko‘zlari g‘alati… To‘rtoviyam tar-rakday qotib o‘lib qopti! Narsalarimni yig‘ishtirdim-u, vokzalga qarab quyonning rasmini chizdim. Imorat bitay deb qoluvdi-ya, essizgina… Qancha puldan qolib ketdik. E, tavba, to‘rtalasi to‘rt burchakda kulimsirab o‘tirishibdi…
V a s ya (sukutdan so‘ng). Kechirasiz-u, unday bo‘lsa, sizni olti yildan beri rosa qidirishayotgandir, a?
P i f a g o r. Kim?
V a s ya. Kim bo‘lardi…
A y yo r. Bo‘lmasam-chi! Kompozitor hammalaringni ko‘rganmidi? Ko‘rgan edi. Besh kishimidilaring? Besh kishi. Nechtalaring tarrakday qotgan-sizlar? To‘rttalaring. Beshinchisi hamma narsani yig‘ishtirib – quyon! Yuzinchi moddaning “g” bandi. Ya’ni, o‘n besh yil yoki (chakkasiga ko‘rsat-kich barmog‘ini tirab) “pux”!
P i f a g o r. Ularning hech narsasiga tekkanim yo‘q.
A y yo r. Ie, buni avval isbotlash kerak-da! Isbotla: qornim og‘rib, ichim chatoq bo‘p qoldi, de. Hojatxona qidirib vokzalga ketvordim, de. Mana, olti yildan beri hojatxona qidirib yuribman, de. Isbot qil. O‘sha qaysi shahar edi, Pifagor?
P i f a g o r. Nima keragi bor?
A y yo r. Kerak. Mabodo ikkovimiz g‘ijillashib qolsak, melisaga sotaman. Yuzinchi moddaning “g” bandi. (Qo‘lida shishani o‘ynab.) Lekin, biznikidan xavotir olmasalaring ham bo‘ladi. Bu allaqanday magazinpagazin emas, kooperatsiya! Qo‘lbola! Ha, har ehtimolga qarshi aytib qo‘yay, buni ichgandan keyin kim tirik qolsa, ko‘kraklari mana bunday-mana bunday general xotinni qidiraversin. Glafira Avgustovna desalaring ko‘chadagi simyog‘och ham biladi. Ha-ar biriki, yostiqday-yostiqday keladi. O‘zi ko‘kra-gidan yarim qadam orqada yuradi… Ochqichni beringlar.
Q o‘ y ch i v o n. Qanaqa ochqich? Nima, bu yer restoranmi senga?
A y yo r. Onangni hurmat qilay, shuyam ro‘zg‘or bo‘ldi-yu!.. Afg‘on, pichog‘ingni ber. (Pichoqni olib) Afg‘on, rostdan soqovmisan yo bizni laqillatyapsanmi, a?
P i f a g o r. Senga og‘irligi tushyaptimi?
A y yo r. Soqov bo‘lsa soqovga o‘xshasin-da! Imo-ishora qilsin, g‘o‘ldi-rasin! Imoyam qilmaydi, g‘o‘ldiramaydiyam, u yoqqa o‘tadi-bu yoqqa o‘tadi, Hamletning soyasiga o‘xshab! Asabimga tegyapti, bildingmi! (Shishani ochib.) Qani… Necha kishimiz? Bir, ikki,uch… Tfu, onangni hurmat qilay, idish yetmayapti! Mayli, menga mezbon sifatida konserva bankasiyam bo‘laveradi. Qo‘ychivon, karavotning tagini qara-chi, banka bo‘lishi kerak.
Q o‘ y ch i v o n. Ie, bunga chekib tashlashibdi-ku…
A y yo r. Tfu, onangni hurmat qilay! Men buni dori ichadigan idish qilib qo‘yuvdim, bular bo‘lsa kuldon qivorishibdi! Kim bu yerning ekologiyasini buzyapti? Senmi, Vasya?
V a s ya. Umrimda chekmaganman, bundan keyin ham chekmayman!
A y yo r. Tupurmadilaringmi, ishqilib? Bo‘pti… (Bankaga puflaydi.)

Tashqaridan mashina ovozi eshitiladi.

Kombinatdan yana dori olib kelishdi… (Idishlarga qoramtir tusli suyuqlik quyadi. Engashib qaraydi, bir idishdan ozginasini boshqasiga quyadi, chamalab ko‘rib, yana tenglashtiradi.)
Q o‘ y ch i v o n. Namuncha?
A y yo r. Jim! Bizning jamiyatimizda barcha teng huquqli. Hammaga baravar bo‘lishi kerak.
P i f a g o r (tatib ko‘rib). Ie, kompot-ku…
A y yo r. Nima? O‘zing – kompot! Burningni tozala – hid bilmay qopti! (Ko‘kraklarni “tasvirlab”.) Manavi… o‘z qo‘li bilan quyib berdi! Zo‘ridan bu, bir stakan ichuvdim, ko‘zim g‘ilay bo‘p qoldi!
P i f a g o r (yana ichib ko‘rib). Yo‘q, kompot…
A y yo r. Buning gapiga parvo qilmanglar, atsetonga o‘tganiga yigirma yil bo‘lgan!
Q o‘ y ch i v o n. Vuy, shirinligini-i…
A y yo r. Nima?.. (Shosha-pisha ichib ko‘radi.) Tfu, la’nati! Menga boshqa bochkadan quyib berib, ketishimda boshqasidan bervoribdi-da! Eh, hozir qo‘limga tushganda bormi, ko‘kraklarini tekislab tashlardim, onangni hurmat qilay!
P i f a g o r. Xo‘p, adashtirib vinoning o‘rniga kompot bervoribdi – nima bo‘pti shunga? Ertaga borib almashtirib kelasan.
A y yo r. Tan oladi, deb o‘ylaysanmi! Vinoni ichvolib, deydi, o‘rniga kompot quyib qo‘ygansanlar, deydi! Deydi, deydi, bilaman uni! Sen bir basharasini ko‘rsang edi! Ko‘kragini hisobga olmaganda, Beriyaning o‘zi!
P i f a g o r (pechkaga chiqib, bitta shisha olib keladi). Ma. Yubileyni qoldirib bo‘lmaydi.
A y yo r (chaqqonlik bilan idishlarga quyib). Nima bu? O‘sha to‘rtta sherigingni tarasha qip qo‘ygandan emasmi? Mayli, shunisigayam shukr. Bizam qotsak qotarmiz, bunaqa yubiley har kuni bo‘lavermaydi-ku. Nimasi yomon: Qo‘ychivon tirjayganicha manavi burchakda qotadi, men anavi yerda, Vasya bu yoqda, Afg‘on bu burchakda… Ie, Pifagor, senga burchak yetmayapti-ku! E, darvoqe, sening qorning og‘rib qoladi-yu… Qani, oldik!
P i f a g o r. Bo‘pti, Ayyor, agar oilang bo‘lsa, o‘shalarning sog‘lig‘i uchun. Agar yo‘q bo‘lsa, borlar uchun ichamiz!
Q o‘ y ch i v o n. Muborak bo‘lsin!
V a s ya. Tabriklayman.
A y yo r. Qulluq, qulluq…
V a s ya (qadahni bo‘shatib, o‘rnidan turadi). Rahmat…
A y yo r. Qayoqqa? Gaplashib o‘tirmaymizmi?
V a s ya. Ertaga ishga chiqishim kerak, so‘z berganman…
A y yo r. So‘zni berish uchun chiqargan, aroqni ichish uchun. Sen tupur! Tupurishni bilasanmi? Yangisan-da, eski odatlaring qiynayapti. Inson erkin bo‘lmog‘i kerak! Gapirmoqchimisan – gapir, baqirmoqchimisan – baqir, jim o‘tirmoqchimisan – jim o‘tir! Pifagorning basharasiga tushirmoqchimisan – tushir! Tishiga urmasang bo‘ldi, chidayveradi. “So‘z bergan”mish!.. Agar bormasang, nima, bitta amaldor dala hovlisiz qoladimi? Qolmaydi! Yo sen och qolasanmi? Xo‘sh, nima bo‘ladi, nima?! Urush bo‘ladimi? Yer o‘z o‘qidan chiqib ketadimi? Nima bo‘ladi? Dunyo ko‘rgan odamman, og‘ayni, gapimga ishon: bizning jamiyatimizda hech kim, hech qachon och qolmaydi! Yo‘l qo‘ymaymiz! Yo‘q, agar boshqa bir sababdan o‘lmoqchi bo‘lsa, xalaqit ham bermaymiz.
P i f a g o r. Qo‘ysang-chi, Ayyor, mayli, uxlasin.
A y yo r (qadahlarni to‘ldirib). Negaligini bilmadim-u, ikkinchi qadahdan keyin, shu desalaring, to‘lib ketaman!.. Esimni taniganimdan beri shunaqa… (Ichadi, tirishib g‘ujanak bo‘lib oladi, so‘ng asta-sekin qaddini rostlaydi va bor ovozi bilan xitob qiladi.) Ona-a Vata-a-an!.. Ona-a Va-ta-a-an!.. Xullas, uch marta aytaman… Keyin shunaqa rohat qilamanki, shunaqa yengil tortamanki!.. Ko‘zlarimga qaynoq yosh keladi… Mana-mana, qaranglar, qaranglar… (Chindan ham ko‘ziga yosh keladi.) Keldi, keldi, yara-mas!.. Bo‘pti, oldik.

Afg‘ondan boshqa hamma ichadi.

Qani, boshladik: i-i!
H a m m a. Ona-a Vata-a-an!..
A y yo r. Muncha yaxshi bo‘lmasa-ya, onangni hurmat qilay!.. Issiqqina… (Ko‘z yoshini yalab.) Sho‘rtakkina…

G‘ijirlab eshik ochiladi. Tashqarida shamol uvillaydi. Kimdir kirib, gugurt chaqadi.

Kimsan?
O v o z. Odamman.
P i f a g o r. Kiraver…

Chiroq o‘chadi

IKKINChI KO‘RINISh

Ertalab. Qo‘ychivon eski soatlarni kavlashtirib o‘tiribdi. Afg‘on uxlayapti. Boshqa hech kim yo‘q. Hamon g‘ashga tegib bir maromda shamol uvillaydi. Qo‘ychivon derazaga yopishtirilgan gazetaning bir chetini ko‘tarib tashqariga qaraydi.

Q o‘ y ch i v o n. Yomg‘ir ham boshlandi… Afg‘on, uxlayapsanmi? Uxlayapti… (Bitta soatning toshini itarib qo‘yadi va u chayqala-chayqala to‘xtaguncha tomosha qilib turadi.)

Shu payt soatlardan biri qattiq g‘ijirlab, cho‘ziq va baland ovozda bong uradi. A f g‘ o n chinqirgancha o‘rnidan sapchib turib ketadi.

Nima… nima bo‘ldi?..

Afg‘on bir nuqtaga tikilganicha peshonasidagi terni artadi.

(O‘zini oqlab.) Tuzatib qo‘yay devdim… Umuman soz-u, biroz zanglab qolgan-da… Moylash kerak… Uyda soat bo‘lganiga nima yetsin… Chiq-chiq, chiq-chiq. Biznikilar stantsiyada ko‘mir tushirishyapti. Yangi kelganniyam olib ketishdi. Hali axlat keluvdi, ancha-muncha shisha terib keldim. Shaharga oborib topshirib kelmaymizmi, a? Lekin yomg‘ir yog‘yapti-da…

Afg‘on chelakda suv olib kelib yuvina boshlaydi.

Kel, quyib turaman. (Suv quyadi.) Jang qilganmisan? Tiling ham… urushda shunaqa bo‘p qolganmi? Qo‘yaver, o‘tib ketar balki… Gapga qanaqa tushunasan, labga qarabmi, yo sal-pal eshitasanmi? A? Mayli… U-bu yeb olgin… Lekin ichgani hech vaqo yo‘q, kecha hammasini tinchitishgan.

Afg‘on indamay ovqatlana boshlaydi.

Keyingi paytlarda o‘zim haqimda ko‘p o‘ylaydigan bo‘p qoldim. Xudo meni nega yaratdi? Bilasanmi, hamma narsadan qo‘rqaman… Otam qamoqdaligida onam bittasi bilan yurib ketgan. Otam kelguncha bolali ham bo‘lib olgan. Vanka… Bularni buvim yig‘lay-yig‘lay gapirib berdilar… Otam juda qiynalgan, ezilgan. Bo‘lar-bo‘lmas bahona topib oyimniyam, Vankaniyam savalar ekan. Ishdan mast bo‘lib kelib shunaqa to‘polon qilarkanki, bir yoshli Vankaning qo‘rqqanidan dami ichiga tushib, bezgak tutganday titrarkan. Yig‘laganiyam qo‘rqarmish. Bir kuni hali yoshigayam yetmagan norasidani molxonaga opchiqib tashlabdi. Kech kuz ekan. Vanka sho‘rlik qandaydir qopning ichiga kirib olib, g‘ujanak bo‘lib yotaveribdi. Onam ham chiqib qaramabdi. Bir yoshli go‘dakni-ya!.. Ikki yoshida is urib o‘lib qopti… Pechkaga ko‘mir tashlab, hali tuzukroq yonmasdan mo‘risini bekitib ishga jo‘navorishibdi. Bo‘g‘ilib o‘libdi-qopti… O‘shanda Vankani otam qamab ketganini onam ko‘rmagan, lekin bilgan. Pechkaning mo‘risini bekitib ketishini ham bilgan!.. Ular baribir Vankaning ruhidan qochib qutulisha olmadi – bir yil o‘tib men tug‘ildim. Lekin Vankaning qo‘rqoq yuragi bilan tug‘ildim!.. Go‘yo men Vankaman… Hammasi o‘z-o‘zidan yodimga tushaveradi: qanday qilib molxonada qopning ichida yotganim, ko‘mir hididan qanday bo‘g‘ilganlarim, hamma-hammasi… Ota-onamni sevmasdim, shunchaki ularga rahmim kelardi. Yo‘q, men emas, Vankaning hurkak qalbi ularni sevmasdi… Keyin otam oyimni o‘ldirib qo‘ydi… Ataylab emas, mastligida… Ertasi kuni sochini yulib dod-faryod qildi, lekin endi foydasi yo‘q edi… Hozir oyim Vankaning yonida yotibdi… Uni Vanka chaqirgan!.. Qo‘shmozor tepasida yolg‘izgina oq qayin bosh egib turibdi… Hammaga rahmim keladi… Senga ham… Yig‘lasam yengil tortaman… Yig‘i yaxshi narsa, qurg‘ur… (Choy uzatib.) Ma, ich. Rahmdilligim boshimga yetdi, odamgarchilikdan butunlay chiqib ketdim. Armiyada yangi kelganlarga qanaqa munosabatda bo‘lishlarini yaxshi bilasan. “Qariya”lar bitta yangi kelganga “sigaret topib kelmasang so‘yib tashlaymiz” deyishibdi. Oldimga yig‘lab keldi, sigaret olib kelib ber, deb yalindi. Shaharga chiqib, olib kelib berdim. Kimdir shaharga tushganimni chaqibdi, serjantimizni qamab qo‘yishdi. Bir kuni ofitserlar ketgandan keyin yarim kechasi “qariyalar” meni uyg‘otishib, bir pana joyga opchiqishdi, qip-yalang‘och qilib yechintirishdi. Keyin… Dodlashgayam holim yo‘q, zo‘rg‘a ingrab yotibman-u, men sigaret olib kelib bergan yaramas tepamda hiring-hiring kuladi! Postda turganimda o‘zimni otmoqchiyam bo‘ldim… Kasalxonaga tushdim. Do‘xtirlar voqeadan xabardor bo‘lib, meni xizmatga yaroqsiz deb topishdi. Unaqalarni armiyaga olishmas ekan-ku. Uyga kelsam buvim ham o‘libdi. O‘zimcha Vankaning qo‘rqoq qalbi hammadan o‘ch olyapti, deb o‘yladim. (Alam va iztirob bilan.) Lekin nega mendan o‘ch oladi?! U o‘lganda hali men tug‘ilmagan edim-ku!.. Gunohim nima, Afg‘on!? Yo odamzod dunyoga kelishidan bir yil, o‘n yil, bir asr oldin bo‘lib o‘tgan yovuzliklar uchun ham javobgarmi?..

Pifagor bilan Dotsent kirib kelishadi.

P i f a g o r. Ovqatlandilaringmi? Yo hech vaqo yo‘qmi?
Q o‘ y ch i v o n. Hozir shisha topshirib olib kelamiz. Yur, Afg‘on.
P i f a g o r. Mening plashimni olib ketinglar, yomg‘ir quyyapti.

Qo‘ychivon bilan Afg‘on chiqib ketishadi.

D o ts ye n t. Anovi soqovmi?
P i f a g o r. Ishing bo‘lmasin.
D o ts ye n t. So‘radim-da…
P i f a g o r (xayol surib). Xo‘sh, bu yerga ko‘pga keldingmi?
D o ts ye n t. O‘zing-chi, shunaqa daydib yurganingga ancha bo‘ldimi?
P i f a g o r. Menga qara, Lyonamisan, nimasan… Agar mening shaxsim bilan qiziqayotgan bo‘lsang, aytib qo‘yay, ovora bo‘lasan. Sensiz ham tekshirishgan, aniqlashgan, pasport ham berishgan.
D o ts ye n t. Sotvordingmi?
P i f a g o r. Nimani?
D o ts ye n t. Pasportingni-da.
P i f a g o r. Yoqvordim.
D o ts ye n t. Qip-qizil ahmoq ekansan. Bitta rostakam pasport ikki yuz turadi.
P i f a g o r. Lyonyamisan, nimasan… Men-chi, og‘aynichalish, o‘limtik bilan ovqatlanmayman.
D o ts ye n t. Yashash joying axlatxona bo‘lsa, nima bilan ovqatlanasan?
P i f a g o r. Men nonimni halollab yeyman. Odamga-chi, Lyonikmisan, nimasan…
D o ts ye n t. Katta xolangman! “Nimasan, nimasan”! Ismim – Lyonya!..
P i f a g o r. Odamga-chi, Lyonya, ko‘p narsa kerak emas…

Suv parisi kiradi. U o‘zini tutishi, kiyinishi bilan bu yerdagilardan keskin ajralib turadi.

S u v p a r i s i. Olqishlar bo‘lsin!
P i f a g o r. Salom…
S u v p a r i s i. Haligi… indamaslaring qani?
P i f a g o r. Afg‘onmi? Shaharga ketuvdi. Yo‘lda ko‘rmadingmi? Yo daryo yoqalab ketishdimikan?
S u v p a r i s i. Bu kim bo‘ldi?
P i f a g o r. Odamman deydi, kim bilsin…
S u v p a r i s i. Chekaman-da…
P i f a g o r. Bemalol. (Chala qolgan suhbatni davom ettirib) Erk – bebaho boylik, men senga aytsam. Odam esa faqat yolg‘izlikdagina erkin bo‘la oladi. Ikkita, uchta, yuzta, mingta, millionta bo‘ldimi – tamom, erking bilan xayrlashaver. Biz bu dunyoga yakka-yakka kelganmiz, yakka-yakka ketamiz. Qara, odamlar bir joyga to‘planib olib, bir-birining go‘shtini g‘ajib yotibdi. Aka uka bilan, qabila qabila bilan, bir xalq boshqasi bilan, hammasi birlashib esa Xudo bilan jang qilishyapti! Faqat tarqoqlikkina odamlarni birlashtiradi!
D o ts ye n t. Soddaroq qilib aytsak-chi?
P i f a g o r. Soddaroq qilib aytsakmi?.. Hali tug‘ilib ulgurmasingdan butun dunyodan qarzdorsan! Ota-onangdan, qarindosh-urug‘ingdan, yeringdan, uyingdan. U yog‘i bundan ham battar: xotiningdan, farzandlaringdan, do‘stlaringdan! Dunyoga kelib ko‘zingni ochasan-u, tepangda qarzini so‘rab turganlarni ko‘rasan! Chunki ular seni dunyoga keltirgan, yedirgan-ichirgan, tarbiyalagan, kiyintirgan! Va bu bilan seni qulga aylantirishgan!
S u v p a r i s i. Qani edi qul bo‘lsam… Bir umr xojamga, faqat va faqat unga sajda qilib yashardim…
P i f a g o r. Bolaligimni eslayman. Dunyoning tashvishu g‘amlaridan bexabar, ona suti og‘zidan ketmagan go‘dakman-u, lekin “doim tayyor”man! Qanaqa tayyorsan, nimaga tayyorsan, deb so‘raydigan odam yo‘q! “Doim tayyor!” Bir kunmas-bir kun mudrab yotgan vijdoning allanarsadan seskanib uyg‘onib ketadi va “yo‘q, istamayman” deb qichqiradi. Sen uning bo‘g‘zidan olasan-u, o‘zingni oqlashga tushasan: zamon shunaqa edi deysan, burch deysan, qismat deysan, zamona talabi deysan, “doim tayyor” bo‘lishimiz kerak edi deysan. Nima ko‘p – bahona ko‘p. Vijdoning tipirchilaydi-tipirchilaydi-da, jimib qoladi… Keyin hech qachon, tushunyapsanmi, hech qachon ovozi chiqmaydi… Vijdon, Lyonya, faqat bir marta hayqiradi…
S u v p a r i s i. E, xudo! Bu erkaklar namuncha maydalashib ketmasa-ya! Nimaga yaraysizlar o‘zi, nimaga? Safsata sotish, ichish, mushtlashish – bo‘ldi, qo‘llaringdan boshqa hech nima kelmaydi! Biz, ayollar bilan munosabatlaringga kelsak, axtalangan qulning o‘zisanlar! Ne-ne qizlar, ne-ne ayollar biron-bir aqli-hushi joyida erkak topilib qolarmikan, deb joni halak, bular bo‘lsa olamshumul masalalarni hal qilish bilan ovora! Hezalaklar!..
D o ts ye n t. Nega baqirasan?
S u v p a r i s i. Tug‘moqchiman! O‘n bitta tug‘moqchiman!
D o ts ye n t. Tug‘aver. Nima, men to‘sib turibmanmi?
P i f a g o r. Nega endi o‘n bitta?
S u v p a r i s i. Chunki ularning yarmini baribir o‘ldirvorasizlar! Urush, qamoq, avariya, ichkilik!.. Farzandlarimsiz men u yoqqa yetib borolmayman…
D o ts ye n t. Qayoqqa?
S u v p a r i s i. Bilmayman! To‘nkalar…
P i f a g o r. Ha-a… Hamma oilasi bo‘lishini, ko‘proq bola ko‘rishni istaydi. Tug‘ib, yedirib-ichirib qulga aylantirishadi. Quldorlar!..
S u v p a r i s i. Bu yerdan tuyoqlaringni shiqillatmasalaring bo‘lmaydi, har kuni kombinatdan qanaqadir sariq dori olib kelib to‘kishyapti. Qaranglar, axlatxonada hatto qarg‘alar ham yo‘q – doridan qochib ketgan. Ablahlar!.. Sog‘i yo‘q, hammasi ablah!.. (Chiqib ketadi.)
D o ts ye n t. Haligi gapingga kelsak, vijdoning oldida o‘zingni oqlayapsan. Bo‘pti, kel, sen aytganday yashab ko‘ramiz. Butun insoniyat tarqalib, alohida-alohida yashaydi! Bolalarimizni hali ko‘zi ochilmagan mushukvachchaday o‘z holiga tashlaymiz-u, yallo qilib yuraveramiz! Men seni tanimayman, sen – meni! Bo‘lmasa bir-birimizga qul bo‘lib qolamiz! Har kim faqat o‘zi uchun don ekadi, o‘zi uchun kiyim tikadi! Unda sen bilan men nima kiyamiz-u, nima yeymiz? A? Yo‘q, birodar, bu gaplarni dangasaliging, loqaydligingni xaspo‘shlash uchun o‘ylab topgansan.
P i f a g o r. Ehtimol…

Uzun, qizil ballonni sudraganicha Ayyor kirib keladi.

A y yo r. Mana… Ana shunday… Sekin-sekin… Bo‘ldi…
P i f a g o r. Kalamushga o‘xshab ko‘ringan narsani uyga tashiyverasanmi?
A y yo r. Qara, shunday narsani axlatga tashlavorishibdi-ya, ko‘ppaklar! (Murvatini buraydi, vishillab gaz chiqadi.) To‘la! Quruvchilar tashlab ketgan, onasini hurmat qilay!
D o ts ye n t. Nima qilasan endi buni?
A y yo r. Bir ming to‘qqiz yuz falon yilgacha butun mamlakatni gazlashtiramiz! Yoki general xotinga oborib, bir chelak vinoga almashtirib kelamiz! (Ballonni pechka yoniga qo‘yadi.)
D o ts ye n t. Pechkaning ichiga qo‘ymading-da!
A y yo r. Bu gaping ham to‘g‘ri. (Ballonni sudrab, pechkadan uzoqroqqa qo‘yadi.) Shunaqa gaplar, o‘rtoq dotsent.
D o ts ye n t. Menga gapiryapsanmi?
A y yo r. Senga, senga.
D o ts ye n t. Nega “dotsent” deyapsan?
A y yo r. Basharang aytib turibdi.
D o ts ye n t. Basharam qanaqa ekan?
A y yo r. “Kattalar”nikiga o‘xshaydi, onasini hurmat qilay! Shamolning uvlashini qaranglar… Onam shunaqa shamol kuni menga ikkiqat bo‘p qolganmi-i, deyman-da. Shu, kuz keldi deguncha yurak-bag‘rim qon bo‘p ketadi-ey! Shunaqa siqilamanki, shunaqa siqilamanki, “dod” devorgim keladi, onasini hurmat qilay! To‘yib-to‘yib yig‘lasang… Dotsent, xazina qidirmaymizmi, a?
D o ts ye n t. Nima?
A y yo r. Xazina. Bu yerdayam kimdir yashagan-ku: cholmi, kampirmi. Unaqalar umrining oxirida topgan-tutganini qayerga qo‘yishni bilmaydi – merosxo‘ri yo‘q. Keyin vaqtincha uyning u yer-bu yeriga bekitib qo‘yadi-da, o‘zlari narigi dunyoga jo‘navorishadi! Shu, yuragim sezib turibdi: bu uyda bir nima bor! (Devorni taqillatib ko‘rib.) Eh, topganimdami! Hammalaringga mukofot berardim! Yillikmi, kvartallikmi. Yo‘q, oldin o‘zimga bitta shim olardim. Qaranglar, ishtonsiz qopman. (Tuflisiga ko‘zi tushib) Ie, patinkayam ketibdi-yu, onasinikiga qarab! Demak, oyoqqayam bir nima kerak. Qolganiga maishat qilamiz! Konyak, viski, rom… bormatuxa!..
P i f a g o r. Past ketding.
A y yo r. Yarashmaydi-a? Bo‘pti. Dotsentni Parijga jo‘natamiz, frantsuz konyagidan opkeladi! O‘sha, onasini hurmat qilay, frantsuzlarga tushuntir, o‘zlaring bo‘kib ichaverasizlarmi, degin, bizda aroqqa navbat qanaqaligini bilasizlarmi, shuning uchun Frantsiya mehnatkashlari bizga yordam qo‘lini cho‘zishlari kerak, de! So‘zingning oxirida “Butun dunyo proletarlari, birlashingiz” deb qo‘shib qo‘y – ta’sirliroq chiqadi.
P i f a g o r (o‘rnidan turib). Bo‘pti, men ketdim…
A y yo r. Qayoqqa?
P i f a g o r. Parijga! Axlatxonaning naryog‘ida tashlandiq bog‘ bor, olma terib kelaman. (Chiqib ketadi.)
A y yo r. Pechkani buzsakmikan-a? Xazinani hech kimning xayoliga kel-maydigan joyga bekitishadi-da, nima deding? Yo‘q, bu uyda kimdir yashagan bo‘lsin-u, hech nima bekitmasin – bunday bo‘lishi mumkin emas! Chordoqni ko‘rish kerak… (Chiqib keta boshlaydi.)

Vita kiradi. Uning xatti-harakati, kiyinishi, hatto qo‘lidagi soyaboni ham o‘ziga nihoyatda yarashgan.

(Hayratda.) Yo alhazar!.. Bu farishta qayoqdan paydo bo‘p qoldi?.. Senga kelgan bo‘lsa kerak, Dotsent. Farishtaning axlatxonada yurganini birinchi ko‘rishim…
V i t a (Dotsentga). Hali dotsent ham bo‘p qoldingmi?.. (Kutilmaganda shallaqilik qilib baqira boshlaydi, soyaboni bilan Dotsentning duch kelgan joyiga tushira ketadi.) Yaramas!.. Latta!.. Qo‘rqoq!..

Dotsent joyidan qimirlamas, faqat qo‘llari bilan yuzini to‘sardi. Ayyor chidolmay ayolga yaqinlashadi.

A y yo r (chiroqni uzatib). Iltimos, manovini ushlab turing…

Vita hayron bo‘lib chiroqni oladi.

Bu, xonim, sizga mehnatkashlar va kasaba uyushmasi nomidan!.. (Qulochkashlab ayolning basharasiga tushiradi.) Kimga akillayapsan, qanjiq?! Ho‘, senga o‘xshagan urg‘ochi mushuklarni men bitta barmog‘imda o‘ynataman, bildingmi? Nega eshikni taqillatmay kirding? Odob degan narsa bormi o‘zi senda?! Bu yerdagilarni kim deb o‘ylayapsan?! Biz madaniyatli, tarbiya ko‘rgan daydilarmiz, bildingmi? Taqillatish yo‘q, salom-alik yo‘q! E, onangni hurmat qilay!..
V i t a (qo‘rqa-pisa). Maraz ekansiz!..
A y yo r. Ovozingni o‘chir, mochaxar!.. (Dotsentga, ishchanlik bilan.) Dotsent, buni Xudoning o‘zi yetkazdi. Berganning betiga qarama, deyishadi. Ke, zo‘rlaymiz, o‘ziyam zanglab ketdik. Sening shaxsingni haqorat qilgani uchun ommaviy zo‘rlash uyushtiramiz! (Yig‘ma karavotni to‘g‘rilab.) Mana, joy tayyor. Bo‘lsang-chi, nega ko‘zingni pirpiratasan?
D o ts ye n t. Bu… mening xotinim. Chiqib tur…
A y yo r (hafsalasi pir bo‘lib). Shunaqa de… Chatoq bo‘ldi-yu… (Vitaga.) Baxting bor ekan. Boshqaning xotini bo‘lganingda bormi! Chiroqni ber-e!.. (Chiqib ketadi, lekin shu zahotiyoq eshikda paydo bo‘lib, musht o‘qtaladi.)
V i t a (sumkasidan dastro‘mol chiqarib). Ma, qoningni artib ol…

Dotsent ro‘molchani olmaydi, burnini yengi bilan artib qo‘ya qoladi.

Xavotir oladiyam deb o‘ylamaysan. Tanish-bilish bormi, hushyorxona bormi, kasalxona bormi, hammayoqqa qo‘ng‘iroq qilib chiqdim.
D o ts ye n t. O‘likxonaga xabar qilmabsan-da!
V i t a. O‘likxonayam qolgani yo‘q. Kuniga ikki martalab telefon qildim.
D o ts ye n t (burnini ushlab). Burunni yeding…
V i t a. Bu yerga qochib kelib kimga, nimani isbotlamoqchisan? Nimani?
D o ts ye n t. Hech kimga hech nimani isbot qilmoqchi emasman. Shu yer menga yoqadi, maza qilib yashayapman.
V i t a. Hozir hamma joyda shtat qisqaryapti, bo‘shatishyapti. Nima, bitta sen shunaqa bo‘psanmi?
D o ts ye n t. Ha, bitta men shunaqa bo‘ldim!
V i t a. Kecha seni Gleb so‘radi.
D o ts ye n t. Ketganimga shuncha kun bo‘pti-yu, endi so‘radimi?
V i t a. Nega “endi” bo‘larkan? Ilgariyam so‘rardi…
D o ts ye n t. Nima deb so‘radi?
V i t a. Dadam qani, dedi…
D o ts ye n t. Yolg‘on. Gleb meni unaqa demaydi. “Anavi qayoqqa ketdi” deb so‘raydi. Men uning uchun ota emasman, “anavi”man! To‘g‘ri, shunday ham bo‘lishi kerak…
V i t a. Ey, xudoyim, kimga o‘xshaysan-a?..
D o ts ye n t. Hozir o‘zimga o‘xshayman. Odamning o‘ziga o‘zi o‘xshab yashashi qanchalik huzurbaxsh ekanini bilsang edi! O‘zim hamma qatori oddiygina odamman-u, lekin boshqacha bo‘lgim kelib qoldi! Mana, oqibati: hayot suprindi misol axlatxonaga irg‘itib tashladi!
V i t a. Qo‘ysang-chi…
D o ts ye n t. Buvamni, otamni, onamni qul, malay ruhida tarbiyalashdi! Mengayam ulardan malaylik meros bo‘lib qolgan. Malay! Mening qarg‘ish urgan ajdodim umrbod kimlargadir egilib, qo‘rqib, titrab-qaqshab yashadi! Buvam avvaliga oqlar osib ketmasin deb qo‘rqdi, keyin qizillar otib tashlamasin deb qo‘rqdi! Otam komsomol faollaridan edi. Quloqlarning kalta miltig‘idan ajal kutdi, keyin ertayu kech NKVD ana olib ketadi-mana olib ketadi, deb yashadi. Men urushdan keyin tug‘ilganman. (Alam bilan qichqirib.) Urushdan keyin tug‘ilish nimaligini bilasanmi o‘zing?! Ular peshanasida sho‘ri bilan tug‘iladi!.. Qo‘rqmay yashashning faqat bitta yo‘li bor, deb o‘yladim. Uyam bo‘lsa – mansab, amal! Amal pillapoyasining mumkin qadar teparog‘iga chiqmoqchi bo‘ldim. Shunda boshqa qo‘rqoqlar ustidan hukmimni o‘tkazaman, deb o‘yladim! Lekin, olmoqning bermog‘i bor, hamma narsa uchun haqini to‘lashing kerak ekan. Shon-shuhrat uchun talant bilan, to‘kin-sochin hayot uchun mashaqqatli mehnat bilan… to‘lash kerak ekan.
V i t a. Nima, sen mehnat qilmadingmi? Haqini to‘lamadingmi?
D o ts ye n t. To‘ladim! Lekin nima bilan? Malaylik bilan!!! Xushomad bilan!!! Bu zamonda xushomad ham tovar ekan! (O‘rnidan turib.) Menga bir qaragin! Qara, yaxshilab qara! Axir mening hamma joyim xushomad qilib, tirjayib turibdi-ku! Yuzim, qo‘lim, gavdam, bo‘ynimdagi bo‘yinbog‘imgacha yaltoqlanib, iliq-miliq, yopishqoq, jirkanch tabassum bilan tirjayib turibdi!!!
V i t a. O‘zingni bos, Lyonchik, bo‘ldi, bo‘ldi… Asablaring charchabdi. Hechqisi yo‘q, o‘tib ketadi… Zamon shunaqa bo‘p ketdi, Lyonya… Mayli, chidaymiz. Bu kunlar ham o‘tar, dunyo yana asl holiga qaytar… (Asabiy.) Hechqisi yo‘q… Bu qayta qurish degan la’nati bir kun bo‘lmasa bir kun tugaydi-ku! Hammasi o‘z o‘rniga tushib ketadi, Lyonya…
D o ts ye n t. Kimnidir g‘ajib, yeb, o‘rniga hech narsa bermasdan yashadim! Birovlarning rizqini o‘g‘irlab rizq topdim, obro‘sini o‘g‘irlab obro‘ topdim, umrini o‘g‘irlab umr ko‘rdim!.. Ana endi har kuni ertalab turaman-u, qanday qilib bir burda nonimni halollab yesam, deb o‘ylayman. Eshakday ishlashga, ertalabdan kechgacha itday tilimni osiltirib zir yugurishga roziman, faqat nonim halol bo‘lsin!.. O‘zligimga, asliyatimga qaytmoqchiman, Vita…
V i t a. Mayli, Lyonik, mayli, xohlaganingday yasha… Nima desang – shu. O‘lib ketmaydimi hammasi! Qisqartirsa qisqartirishibdi, nima bo‘pti shunga? Ish degani topiladigan narsa, Lyonya. Faqat o‘zingni qo‘lga ol…
D o ts ye n t. Nima ish qilaman? Qo‘limdan nima keladi? Egilib-bukilish va tirjayish keladi, xolos! Rahbarlarning ko‘nglini olish keladi! Tariqcha ma’no bo‘lmasayam chiroyli gapirish keladi! Bular mening qon-qonimga singib ketgan, Vita! Rost gapirishga tanamdagi har bir hujayra qarshilik ko‘rsatadi! Gazetalarni o‘qisam yuragim yorilib o‘lib qolay deyman. Buning hammasi o‘tkinchi narsa, deb o‘zimni ovutaman, lekin bu o‘tib ketmaydi! Biz o‘tib ketamiz, biz! (Biroz sukutdan so‘ng.) Oz bo‘lsa ham bir to‘da olomonga rahbarlik qildim. Alam qiladigan joyi shundaki, o‘sha olomondan hech kim, biron tirik jon men qilgan pastkashlikni qilmaydi! Hatto bo‘ri ham xiyonat uchun o‘z juftini g‘ajib tashlaydi, men shunga ham qodir emasman – ko‘z yumib ketaveraman!
V i t a. U nima deganing?
D o ts ye n t. Shunaqa deganim! Necha martaligini bilmayman-u, lekin bir martasiga o‘zim guvohman… To‘g‘rimi?
V i t a. Nima – to‘g‘rimi?
D o ts ye n t (alamli jilmayib). Bo‘zchi bilganini to‘qiydi-da: men amaldorlarga basharam bilan kulaman, sen – tanang bilan…
V i t a. Xudo ursin agar, hech nima bo‘lgani yo‘q!
D o ts ye n t. Xudo urishni bilmaydi-da, bo‘lmasa qanchadan-qancha odamning qovog‘i ko‘karib yurardi. Qiziq, nega endi odamzod boshiga kulfat tushgandagina xudoni eslab qoladi? Sog‘-salomat, o‘ynab-kulib yurganida emas? Esingdami, dala hovlida o‘sha xomsemiz og‘zidan so‘lagi oqib senga suykalganida, negadir xudoni eslamadim. Sen o‘zingni majburlab, unga ko‘z suzganingda ham xudo yodimga kelmadi!..
V i t a (yig‘lamsirab). Bo‘lmagan gap!..
D o ts ye n t. Keyin u meni vinoga jo‘natdi… Men indamay chopqillab chiqib ketdim! Nega? Nima uchun? Oldimizga bitta suyak tashlashi uchun. Tekingina, mo‘maygina – suyak! Butun oilamiz bilan o‘sha suyakni minnatdor bo‘lib kemirib, uning oldida dumimizni likillatish uchun! Men apparatga ishga o‘tganimdan beri o‘g‘irlik bilan kun ko‘ryapmiz, Vita! Topganim – harom! O‘g‘limizniyam harom bilan boqdik!.. O‘shanda la’nati vinoni topdim. Kelsam ikkoving qo‘ziqorin qovurayotgan ekansizlar. Ko‘ylagingning bitta tugmasi uzilib tushibdi…
V i t a. Yolg‘on!..
D o ts ye n t. Gleb ko‘zlarimga tikilgancha erkakcha ovoz bilan: “Qayerda yuribsiz?” dedi. Uning nigohiga dosh berolmay, boshini silamoqchi bo‘ldim. U boshini shunaqangi keskin tortdiki, umurtqalari qarsillab ketdi. Biz bu yoqda vino ichib, qo‘ziqorin yeyapmiz, Gleb nariga xonada ko‘ksini zaxga berib, o‘ksib-o‘ksib yig‘lab yotibdi… Endi bilsam, u meni ko‘mib bo‘lib, qabrim tepasida yig‘layotgan ekan… O‘shanda ko‘zlaringga uzoq tikildim, ularda mashaqqatli va iflos ishdan so‘nggi horg‘inlik bor edi…
V i t a. Bas qil!!! O‘zingning xotining haqida shunaqa deyishga uyalmaysanmi?!
D o ts ye n t. Yo‘q, gap ikkoving o‘rtalaringda biron nima bo‘lgan-bo‘lmaganida emas, Vita. Gap shundaki, u ko‘kragingga qo‘l cho‘zganida hech qanaqangi rashk, g‘azab hissini tuymadim! Qaytanga xursand bo‘ldim, tushunyapsanmi, yengil tortdim! Boshliq meni o‘ziga yaqin olib sensirashga o‘tdi. Bundan ham xursand bo‘ldim! Men bilan urishtirib vino ichyapti – o‘zimda yo‘q shodman! Ana shuni kechirolmayman…
V i t a. Bo‘ldi, Lyonchik, bo‘ldi… Istasang, dala hovliga chiqib damingni ol, a? Keyin bafurja gaplashamiz, xo‘pmi?
D o ts ye n t. Yo‘q, tomosha tamom, Vita… Agar shunchaki rashk qilib yoki jahl ustida uydan chiqib ketganimda boshqa gap edi. Odatimni bilasan-ku, lov etib yonaman-u, darrov o‘chaman. Bu yerga meni kimdir chaqirdi, Vita. Tushunyapsanmi, chaqirdi… Shu yer yoqadi, qulay, shinam… Asabim ham joyida, uyqum ham tinch… Tushundingmi?
V i t a (alam bilan). Tushundim! Omading chopib turganda baloday yuruvding! O‘zing aytganday, egilib-bukilib, tirjayib, malay bo‘lib! Kerak bo‘lib qolganda meniyam birovlarning to‘shagiga to‘g‘rilading, kimgadir yugurdak bo‘lib vino tashiding, allakimlarga nutq yozding! Sal omad ketuvdiki, bu kishimning vijdonlari uyg‘onib qopti! Mana shu la’nati alg‘ov-dalg‘ov, to‘polonlar bo‘lmaganida ilgari qanday yashagan bo‘lsang, shunday yashayverarding-ku!
D o ts ye n t. Yashayverardim.
V i t a. Bo‘lmasa nega endi o‘zingni bechora, jabrlangan qilib ko‘rsatyapsan?!

Qo‘ychivon kiradi.

Q o‘ y ch i v o n. Yaxshimisiz?
V i t a. Salom.
Q o‘ y ch i v o n. Nega baqiryapsiz? (Javob kutmay.) Dotsent, shishalarni topshirib, non opkeldim. (Nonni stolga qo‘yadi.) Sovuq yedim, birpas isinib olay… (Pechkaga chiqadi.)
V i t a. Shunaqa lattaligingni ilgaridan bilardim. Dugonalarim sevgi-muhabbat degan narsalarga tupurib, boy-badavlat, amali bor odamlarga erga tegib olishdi. Men bo‘lsam seni tanladim. Chunki sevardim. Mujmal, lattachaynar bo‘lsang ham sevardim. Hechqisi yo‘q, o‘zim odam qilib olaman, deb o‘yladim. Keyin tanish-bilishlarni ishga soldim, yeldim-yugurdim, ishqilib, seni o‘shalar darajasiga olib chiqdim! Xo‘p, endi shunaqa bo‘p qopti, nima bo‘pti? Men nima qilay? O‘zimni osaymi? Osolmayman – Gleb bor.
D o ts ye n t. Gleb bunaqa otani boshiga uradimi? (Iztirobli.) Axir men uni tug‘ilishi bilan yolg‘onga yo‘rgakladim, haromdan dasturxon yozdim! U sho‘rlik ko‘zini ochib men yaratgan, puf desa qulab tushadigan omonat dunyoni ko‘rdi!.. Yo‘q, yaxshisi, meni tinch qo‘y. Agar qo‘lingdan kelsa, uni o‘zing tarbiya qil…
V i t a. Yaxshi. Unda ertaga militsiya bilan kelaman.
D o ts ye n t. Juda yaxshi. Meni jinnixonaga oborib tiqishadi. Nima farqi bor – jinnixonami, axlatxonami! Tinch bo‘lsa – bo‘ldi. Lekin uyga qaytish yo‘q!..
V i t a. Pasporting, boshqa hujjatlar qani? Uyni ostin-ustin qilib topolmadim?
D o ts ye n t. Axlatxonaga tashlavordim. Bu yerdaligimni qayerdan bilding?
V i t a. Shofyor qo‘shnimiz ko‘ribdi. Kombinatning chiqindilarini tashiydi. Bu yerga qanaqa dori sepishini bilasanmi? Qayerda yashayotganingga aqling yetadimi o‘zi?!
D o ts ye n t. Yetadi!
Q o‘ y ch i v o n. Baqirmasalaring-chi, a!..
D o ts ye n t. Yetadi!!! Nima uchun bu yerda yashayotganimni ham yaxshi bila-man! Nima bo‘lishiniyam bilib kelganman! Endi jo‘na.
V i t a. Bo‘pti, shu yer senga yoqibdimi, birga yashayveramiz. Glebniyam olib kelaman.
D o ts ye n t. Unda men ketaman! Har kim o‘z kunini o‘zi ko‘radigan zamonda yashayapmiz, Vita! Omon bo‘l.
V i t a. Lyonya!..
D o ts ye n t. Nari tur! Ko‘rgani ko‘zim yo‘q seni! Agar yana bir marta shu yerda ko‘rsam, qo‘limga tushgan narsa bilan boshingni yorib, to‘g‘ri militsiyaga boraman!
Q o‘ y ch i v o n. Qo‘ysang-chi, Dotsent, nima keragi bor!..
D o ts ye n t. Sen hozir eringni emas, uning qolgan-qutgan qoldig‘ini ko‘rib turibsan! Shu yarimta jonimniyam tinch qo‘ymaysanmi?! Qora yerga kirib ketgunimcha tepkilayverasanmi?! (Paltosini olib, yugurib chiqib ketadi.)

Vita holsizgina kursiga o‘tiradi. Tepasida sirtmoq chayqalib turibdi.

Q o‘ y ch i v o n. Qo‘ying, yig‘lamang…
V i t a. Yig‘layotganim yo‘q.
Q o‘ y ch i v o n. Qo‘yavering, qayoqqayam borardi. Aylanib-aylanib qaytib keladi…

Nimanidir arang ko‘tarib olgan Ayyor kiradi.

A y yo r. Dotsent!.. Men nima degandim? Topdim xazinani, onasini hurmat qilay!.. Ie, Dotsent qani?
V i t a. Ketdi…
A y yo r. Qayoqqa?
V i t a. Bilmadim…
A y yo r. Uch so‘m berib turmaysanmi?

Vita indamay pul chiqarib, stolga qo‘yadi.

Progressiv insoniyatga shon-sharaflar! Haligi odobsizligi uchun proletariatning quyi tabaqasi sizdan uzr so‘raydi. Haqiqiy inson ekansan!
V i t a. Bu yerda telefonning nima keragi bor?
A y yo r. Har zamonda uy bilan gaplashib turaman. Telefon qilmoqchimisan? Marhamat – daqiqasiga qirq tiyin.
V i t a. Qayergayam telefon qilardim…
A y yo r. Istagan joyingga. Masalan, mening onda-sonda prezidentlar bilan valaqlashadigan odatim bor. Ba’zan, de, turib-turib jahlim chiqib ketadi. Prezidentga qarab baqirib beraman. Nima qilyapsizlar o‘zi, deyman, senlarga shunday mamlakatning, qolaversa, butun insoniyatning taqdirini ishonib topshirib qo‘yishibdi-yu, nima qilib o‘tiribsizlar o‘zi, deyman! Yo‘q, jim turib eshitishadi… Meni o‘zingga jazman qilib olmaysanmi, a? Soqol-poqolni to‘g‘rilab, kiyimlarimni almashtirib, joriy ta’mirdan chiqsam, gijinglagan toyday bo‘p ketaman. A? Oting nimaydi?

Vita indamay, qo‘li bilan havoda allaqanday harakatlar qiladi-da, chiqib ketadi.

Q o‘ y ch i v o n. Chiroyli ekan…
A y yo r. Chiroyli-yu, ko‘kragi kichkina ekan. Beri kel. Xazina topdim, sen guvoh bo‘lasan.

Qo‘ychivon pechkadan tushadi. Ayyor qopga solingan qandaydir yashikni ocha boshlaydi.

E, Xudo! Agar rostdan ham bor bo‘lsang shunday qilginki, manavining ichidan yo pul, yo oltin chiqsin!
Q o‘ y ch i v o n. Oltinni boshingga urasanmi?
A y yo r. Bu gaping ham to‘g‘ri. Pul yaxshi-a?
Q o‘ y ch i v o n. Ocha qolsang-chi!
A y yo r. Bunaqa paytda duo o‘qish kerak, ahmoq! (Ko‘zini yumib, tepaga.) Tangrim, bizday yalangoyoq bandalaringdan marhamatingni ayama. Rizqimizni ber, xohla pul qilib ber, xohla oltin qilib!.. (Ko‘zini ochib, Qo‘ychivonga.) Oltinlarni rahbarlar o‘g‘irlab bo‘lishgandir, a? (Tepaga.) Mayli, sovet puliyam bo‘laveradi. Borligingga shak keltirmaymiz, o‘sha puldan bitta kattakon sham olib yoqamiz. Yo‘g‘on, o‘n so‘mligi bor-ku, o‘shandan. Ey, Xudo, sendan boshqa hech kimimiz yo‘q, otamiz ham, onamiz ham o‘zingsan. Raykom ham, obkom ham sensan. Bitta nafaqachalik marhamat qilsang ham mayli, boriga shukur qilib o‘rganganmiz. (Qopni ocha boshlaydi.) Ey, Xudoyim, qudrating cheksiz… Marhamatingni darig‘ tutma…
Qopdan rangi o‘chib ketgan eski patefon chiqadi.

Q o‘ y ch i v o n. Patefon-ku!..
A y yo r. Tfu, onangni hurmat qilay! (Tepaga qarab.) E, odam-podam emas ekansan! Mana senga sham! Pul so‘rasam, musiqa berib o‘tiribdi! (Patefonni ko‘tarib, yerga urmoqchi bo‘ladi.)
Q o‘ y ch i v o n. Hay-hay-hay, nima qilyapsan?! Buyum-ku, axir!.. Tursa – mol, sotsa – pul!
A y yo r (o‘ylanib, patefonni stolga qo‘yadi). Bu gaping ham to‘g‘ri…
Q o‘ y ch i v o n (qopni kavlashtirib). Qara, plastinkalariyam bor ekan.
A y yo r (patefonni tayyorlab, plastinkani qo‘yadi). Navbat rus xalq qo‘shiqlariga… (Plastinkadagi yozuvni o‘qishga urinib.) Marsh… uzi… en… uz… as… E, onangni hurmat qilay! (E’lon qilib.) Qisqasi, rus xalq ashulalaridan – marsh! (Musiqa yangraydi. Qo‘llarini musiqaga monand qimirlatadi, gohida to‘xtab quloq soladi, hayajonlanadi, so‘ng ko‘ziga yosh olib, bor ovozi bilan qichqiradi.) Ona-a Vata-a-an! Ona-a-a Va-ata-an!.. Ona-a-a Va-a-ata-a-an!

Eshikdan kimdir kirib, gugurt chaqadi.

Q o‘ y ch i v o n. Kimsiz?
O v o z. Odamman.

Chiroq o‘chadi

UChINChI KO‘RINISh

O‘sha kulba. Shamol hamon uvillaydi. Stolda kerosin lampa yonib turibdi. Dotsent g‘irt mast. Pifagor kitob o‘qiyapti, o‘qtin-o‘qtin yo‘talib qo‘yadi. Afg‘on divanda cho‘zilib yotibdi. Suv parisi u yoqdan-bu yoqqa asabiy borib kelyapti: yo nimadandir qattiq jahli chiqqan, yo mast. Yangi personaj – Muxbir ham shu yerda.

S u v p a r i s i. Pifagor, nega u meni sevmaydi?
P i f a g o r. Sevishi kerakmidi?
S u v p a r i s i. Kerak edi! Men sevaman-ku, nega u yaxshi ko‘rmaydi?
D o ts ye n t. Men oyimni yaxshi ko‘rardim… Odamzod uchun onadan boshqa muqaddas zot yo‘q… Faqat ona – tamom! Hamma onasini izlaydi… Lekin u yo‘q… Oyimni ko‘mishayotganda zo‘rg‘a yetib borganman… Tobutda oq ro‘molga o‘ralib yotibdi… Ikki savat gul olib borganman… O‘ziyam gulmisan gul edi-da! Keyin… qo‘llarim bilan yuzimni bekitib olib, ko‘zimga tupuk surganman… Yig‘layotganga o‘xshash uchun-da…
M u x b i r. Qanaqa qilgansiz, ko‘rsating-chi?
D o ts ye n t (ko‘rsatib). Mana bunday…
S u v p a r i s i (Muxbirga). Seni qayerdadir ko‘rgandayman…
M u x b i r. Ko‘pchilik shunaqa deydi. Men Gagaringa o‘xshab ketaman.
S u v p a r i s i (Afg‘onning qarshisiga borib, o‘tirib oladi). Tentakvoy, mendaqasini boshqa qayerdan topasan? Durustroq qaragin, yomon qizmanmi? Yig‘lashni yaxshi ko‘raman… Hamma yaxshi odamlar yig‘lashni xush ko‘rishadi… Yig‘lolmaydiganlar yaxshi odam bo‘lmaydi… Agar hamma yaxshi odamlar bir joyga yig‘ilib, oyda bir marta yig‘lab turishsa, dunyo hozirgidan pokroq bo‘lardi… Nega endi kulgi kuni bor-u, yig‘i kuni yo‘q? Hamma bir vaqtda, baravariga yig‘laydigan kun bo‘lishi kerak…
D o ts ye n t (ko‘ziga yana tupuk surib). Tupuk darrov qurib qolarkan…
M u x b i r (Pifagorga). Qanaqa kitob ekan?
P i f a g o r. Lug‘at. Ayyor axlatxonadan topib kelgan ekan.
S u v p a r i s i. Ko‘z yoshi haqida nima deyilgan ekan o‘sha lug‘atingda?
P i f a g o r (qidirib topib, o‘qiydi). Xo‘sh… “Ko‘z yoshi – ko‘z kosasini yuvib turadigan va qurib qolishdan saqlaydigan rangsiz, sho‘rtob suyuqlik”.
S u v p a r i s i. Ko‘rdingmi, “saqlaydigan”! Asraydi! Ko‘z yoshida gap ko‘p… (Afg‘onga, to‘satdan baqirib.) Nega indamaysan?!
D o ts ye n t. Soqov – shuning uchun indamaydi.
S u v p a r i s i (Dotsentga). Sen o‘z onangni o‘ldirgan odamsan…
D o ts ye n t. Esing joyidami?
S u v p a r i s i. O‘ldirgansan!
D o ts ye n t. Kayfing oshib qopti.
S u v p a r i s i. O‘ldirgansan, dedimmi, o‘ldirgansan! Yuragini sug‘urib olib, yeb qo‘ygansan! Odamxo‘rsan!
D o ts ye n t (kutilmaganda past tushib). Bo‘pti, odamxo‘rman. Ko‘p baqiraversang, hozir seniyam yeb qo‘yaman.
S u v p a r i s i (bir oz jimlikdan so‘ng). E xudo, qachon Yangi yil kelarkan-a… Hozir sentyabr… Hamma bayramlarning ichida Yangi yilni yaxshi ko‘raman… Archa… Barcha xursand, bir-birini tabriklagan… Tashqarida bo‘lsa laylakqor yog‘yapti… (Afg‘onga.) Laylakqor qanaqa yog‘ishini bilasanmi? Erkalani-ib yog‘adi!..
D o ts ye n t. Bir kuni qaynonam, muchalim nima ekan, deb qiziqib qoldi. Hisoblab ko‘rsam, ilon chiqdi. “Ilon ekansiz” devdim, o‘z-o‘zidan mendan xafa bo‘p o‘tiribdi. Men aytdim, xafa bo‘lmang, dedim, yoshsiz – ilonsiz, xudo xohlasa o‘n yillardan keyin ajdar bo‘p ketasiz, desam men bilan umuman gaplashmay qo‘ydi. Shu insofdanmi?.. (Suv parisiga.) Afrodita, kel, ichamiz.
S u v p a r i s i. Tort aravangni!
D o ts ye n t. Nega muncha zaharsan-a? Senga nima yomonlik qildim o‘zi?
S u v p a r i s i. Yomonlikni boshqalar qilgan, o‘chini sendan olgim kelyapti, bilding?
D o ts ye n t. To‘g‘ri qilasan… O‘ch ol…
M u x b i r (Pifagorga). Bolalaring bormi?
P i f a g o r. Bor…
M u x b i r. Nahotki, ular nima bo‘ldi, holi nima kechyapti ekan, deb o‘ylamasang? Balki otasiz qiynalishayotgandir?
P i f a g o r. Otasi bilan yashasa battar qiynalishadi. Bu qari ko‘ppak qachon o‘lar ekan, deb kutib yashash osonmi… O‘likni ko‘mishayotganda sira e’tibor qilganmisan: odamlar tobutni ko‘tarib shoshilishadi. Tobutni lapanglatib o‘zlaridan-o‘zlari chopib ketishadi. Go‘rga qo‘yganidan ke­yin belkuraklarni talashib-tortishib, shosha-pisha tuproq tashlashadi. Bo‘lmasam ularni hech kim shoshiltirayotgani yo‘q. Ko‘mib bo‘lib, yengil tortishadi. Bo‘lmasam-chi! Axir bitta odam kamaydi, dunyo kengayib qoldi!
S u v p a r i s i (Afg‘onga). Biznikiga yur… Uyim uzoq emas, shundoq aylanma yo‘lning yoqasida. Seni gapga solmayman, o‘zim ham indamay o‘tiraman, xo‘pmi? Karam sho‘rva qilib beraman… Oyim doim karam sho‘rva qilardi… Bir yo‘la uch kunga yetadigan qilib, ko‘p qilardi… O‘zi bizni tashlab qayoqqadir ketib qolardi… Gapirsang-chi, ey, Xudoyim!..
D o ts ye n t. Men boraman, Afrotida. Mayli, karam sho‘rvagayam roziman.
S u v p a r i s i. O‘chir!..
D o ts ye n t. Shoshma, gapimni gapirib olay! Menam odam bo‘lib, ichimdagi dardimni to‘kib sola olamanmi-yo‘qmi?! Odamlar shunchakiyam gaplashib o‘tirishadi-ku! Masalan, har kim o‘zining kasalini gapiradi. Shuyam gap-da, yengil tortadi. Odam taftini odam oladi, Afrotida!.. Boshqalarning kasali kasalga o‘xshaydi. Meniki-chi? Men dabba bo‘lganman, aytishgayam uyaladi kishi… Odamlar ko‘richak bo‘ladi, bod bo‘ladi, qand, sariq, saraton! Men – dabba… (Yig‘lamsirab g‘ingshiy-g‘ingshiy uxlab qoladi.)
P i f a g o r. Ayyor bilan Qo‘ychivon qayoqda qoldi-a? Vaqtni qara… Afg‘on, pechkaga o‘tin tashlab qo‘y.
S u v p a r i s i (Muxbirga). Seni qayerda ko‘rganimni esladim. Sen Gagaringamas, itga o‘xshaysan!
M a x b i r. Xo‘p, keyin-chi?
S u v p a r i s i. Meni “Beryozka” restoranida ilintirganing esingdami? O‘shanda kech kuz edi…
M u x b i r. “Beryozka”ga umrimda bormaganman.
S u v p a r i s i. Kelib “narxing qancha” deb so‘rading. “Hech nima qilmaymiz, faqat gaplashib o‘tiramiz” deb, bir kechaning narxini to‘lading.
M u x b i r. Giyohvandmisan, nima balo?
S u v p a r i s i. Keyin meni so‘roqqa tutding: birinchi marta kim bilan, qachon bo‘lganman, o‘shanda o‘zimni qanday his qilganman! Esingdami? Qahva olib kelding. O‘zingni biram sipo tutasanki! Kiyimlaring olifta, gaplaring muloyim! Odob bilan savol ustiga savol yog‘dirasan! Savollaring bir-biridan iflos! Sen o‘sha oqshom o‘zimni emas, yaralangan, qoni tomib turgan yuragimni… zo‘rlading! Undan ko‘ra o‘zimni zo‘rlaganing ming marta afzal edi!..
M u x b i r. Tinchlan, Lena…
S u v p a r i s i. Men Lena emasman! Ismim boshqa!.. E, Xudo, o‘shanda nega ikkilandim? Bir soniyada hammasi tugar edi-ku?!
M u x b i r. Nima qilmoqchi eding?
S u v p a r i s i. Stolga engashib qahva damlayotgan eding. Pichoqni olib naq bo‘yningga sanchgim keldi… O‘zimni arang tutib qoldim…
M u x b i r. Shunisigayam rahmat.
S u v p a r i s i. Nimaga duch kelgan joyga burunlaringni tiqasanlar? A? Qayerda qon, g‘am, kulfat bo‘lsa o‘sha yerni titkilaysanlar! Nega? Odam qanday xohlasa, shunday yashaydi. Qo‘lidan kelgunicha, kuchi yetkunicha, bildingmi? Senlar uni bir qolipga solmoqchi bo‘lasanlar! O‘z holiga qo‘y, tinchgina yashasin, axir!!! Ablahsanlar. O‘shanda bolamni oldirib tashlagandim. O‘zimning bolaginamni!.. Ichaman – yig‘layman, ichaman – yig‘layman… Sen kelib, pul taklif qilding. Sotib olding… O‘sha ellik so‘mingni oqlash uchun tong otguncha nimalar deb aljiramadim, qanday yolg‘onlarni taxlab tashlamadim! E, Shahrizoda bo‘p ket-e! Ertalab xushmuomalalik bilan kuzatib qo‘yding. Uyga ketyapman-u, o‘zimga-o‘zim so‘z berdim: keyingi safar oladigan pulimni oqlab olaman, bunaqa safsata sotib emas, “ishlab”, ter to‘kib, halollab olaman, dedim! Men fohisha emas edim, baxtsiz edim, xolos…
M u x b i r. Kechir…
S u v p a r i s i. Buning uchun hali javob berasan…
M u x b i r. Qayerda?
S u v p a r i s i (qo‘li bilan tepaga ishora qilib). O‘sha yerda…
M u x b i r (Pifagorga). Chekishdan ol… (Sigaret olib.) Bir oz ochiq havoda aylanib kelay…
S u v p a r i s i. Qayoqqa?
M u x b i r. Aytdim-ku – ochiq havoga…
S u v p a r i s i. Ochiq mozorga bo‘lsa yaxshi bo‘lardi! (Telefonga.) Allo, bu tahririyatmi? (Ko‘zida yosh bilan.) Manavi laychalaringni yig‘ishtirib olinglar, shunday toza dunyoni bulg‘ab yuribdi… Ha, chaqirib olinglar… Bunaqalarni tez-tez chaqirib tursalaring, odamlar shunchalik baxtli yashaydi…
M u x b i r. Kechir… (Chiqib ketadi.)

Chiqayotib bir quchoq shox-shabba olib kelayotgan Afg‘onga urilib ketadi.

D o ts ye n t (g‘o‘ldirab). Xudo durustroq kasalniyam ravo ko‘rmadi… Bergani – dabba…
S u v p a r i s i. Borib yot, odamxo‘r. (Qo‘ltig‘idan olib.) Qani, yur…
D o ts ye n t. Ha-a, endi bildim…
S u v p a r i s i. Nimani?
D o ts ye n t. Bizning ayollarimizning nega oyog‘i kalta-yu, Afrika ayollarining nega oyog‘i uzunligini…
S u v p a r i s i (suyab olib bora turib). Nimaga ekan?
D o ts ye n t. Bizning ayollarimiz mana shunaqa… mast erlarini ko‘taraverib-ko‘taraverib, oyog‘i kalta bo‘p qolgan… Afrika ayollari esa daraxtdagi bananga cho‘zilaverib-cho‘zilaverib, oyog‘i uzun bo‘p ketgan…
S u v p a r i s i. Shu mavzuda dissertatsiya yoqlab qo‘ya qolsang ham bo‘lar ekan.
D o ts ye n t. Yoqlaymiz!.. Mavzuyam tayyor: “Uzun va qisqa oyoqlarning sotsialistik jamiyatdagi roli”!.. Yashasin sovet oyoqlari!..
S u v p a r i s i (yotqizib, ustini yopib qo‘yadi). Ana, yotgin-u, yoqlayver…

Dotsent shu zahoti uyquga ketadi.

E, xudo, shamolning uvlashini qaranglar… Bolaligingni eslasang, doim quyosh charaqlab turganday bo‘ladi… Qishdayam, bahordayam, kuzdayam… Endi-chi? Havo bulut – quyosh ko‘rinmaydi, zax, yomg‘ir, loy, shamol… (Eshik tomon sekin yura boshlaydi.)
A f g‘ o n. Ketma…
S u v p a r i s i (tok urganday seskanib). Nima?..
A f g‘ o n. Ketma…
S u v p a r i s i (oldiga kelib). Yana bir marta ayt…
A f g‘ o n. Ketma…
S u v p a r i s i (uning yelkasiga holsizgina bosh qo‘yib). Ey, Xudoyim… Ovozing laylak qorday erkalanib jaranglar ekan…
A f g‘ o n. Nega hadeb kelaverasan?
S u v p a r i s i. Sevaman… Mayli, mast deb o‘ylaysanmi, tomi ketgan deysanmi… Lekin, qandaydir bir boshqa zamonda, boshqa olamda, zulmat va tuman qo‘ynida men seni… tuqqanman!.. Hech tug‘ila qolmaysan, de. Meni judayam qiynavording, hatto o‘lib qolishimga ozgina qoldi… Tug‘ilishga tug‘ilding-u, yig‘lamaysan!.. Ko‘zlaringni katta-katta ochib, menga tikilib turibsan!.. Orqangga uraman, siltayman – qani endi yig‘lasang! Atrof – inson qadami yetmagan o‘rmon… Tumanlararo suv parilari suzib yuribdi… Ular qo‘limdan olib, buloq boshiga yetakladi… Seni hali odamzod ham, hayvon ham lab urmagan buloq suviga botirib oldim… Ana undan keyingina chinqirib yig‘lab yubording… Yig‘ingdan borliq larzaga keldi! Keyin sovuqdan titrab-qaqshab, g‘ujanak bo‘lvolib qaynoq ko‘kraklarimga intilding… Senga ko‘krak berar ekanman, samodan allaqanday nur sen orqali vujudimga singib borayotganini his qildim… Nimaligini bilmadim-u, lekin o‘sha nur, o‘sha yog‘du hamon ko‘ksimda turibdi…

Afg‘on kutilmaganda bezgak tutganday qaltiray boshlaydi, so‘ng tiz cho‘kib qizning tizzalarini quchoqlagancha baralla yig‘lab yuboradi. O‘kirib-o‘kirib yig‘laydi.

P i f a g o r. Suv ber.
S u v p a r i s i (baqirib). Aralashma! (Afg‘onga.) Yig‘la, jonim, yig‘la. Xuddi o‘shandagiday, muzday buloq suviga botirib olganimdagiday chinqirib yig‘la… Biz o‘tib ketamiz, bolalarimiz-nevaralarimiz qarib-qartayganida yig‘i kuni keladi… Ayolu erkak, kattayu kichik, yoshu qari yilda bir marta bo‘lsayam ko‘zlari yig‘idan qizarib yuradi! Odamlar ko‘z yoshlaridan uyalmaydigan bo‘ladi! Uchrashganda yig‘lashadi, xayrlashganda yig‘lashadi, sevgidan, yorug‘likdan, o‘tmishdan, kelajakdan yig‘lashadi… Shunday kun keladi… (Afg‘onni yosh boladay quchib.) Gapirging kelsa gapir, gapirging kelmasa yig‘la… Men yig‘i tilini yaxshi tushunaman…
A f g‘ o n (yig‘lab). Hech qachon hech kimga bir og‘iz ham gapirmayman, deb o‘zimga o‘zim so‘z berganman… Qiynashsayam, tanamni burda-burda qilib tashlashsayam miq etmayman!..
S u v p a r i s i. Voy, xudoyim, sochingning oqi ko‘pligini! Ilgari e’tibor qilmagan ekanman…
A f g‘ o n. Bu hayot menga jonajon do‘stimning qoni evaziga, joni evaziga nasib etgan… U ko‘rgan azoblarni hech kim ko‘rmasin…

Qiz yigitni bag‘riga mahkam bosganicha uzoq-uzoqlarga tikilib, ohista chayqaladi.

Bizni Jalolobod yaqinida vertolyotdan tashlashdi… Ular bizdan besh barobar ko‘p edi… Yordamga kelayotgan vertolyot tepada portlab ketdi, raketa bilan urishdi… Uzoq jang qildik… Kechga yaqin faqat Kolka ikkovimiz qoldik… Soppa-sog‘miz, biron joyimiz tirnalgani yo‘q. Hamma o‘qimizni otib bo‘ldik. O‘zimiznikiniyam, halok bo‘lgan do‘stlarimiznikiniyam! Shunda Kolka oxirgi granatani qo‘limga tutqazib, “ilgagini tort” dedi! Tortdim! Mahkam siqib turibman! “Avtomatimning ovozi o‘chishi bilan qo‘yvorasan” dedi! Ko‘pam vaqt o‘tmadi, avtomat “shiq-shiq” etdi-yu, jimib qoldi. Tamom, deb o‘yladim! Kolka meni mahkam quchoqlab, xirildoq ovoz bilan qulog‘imga “Alvido, Vityok! Qo‘yvor!” dedi!.. Men… Qo‘lim qotib qopti, kaftimni ocholmayman!!!
S u v p a r i s i. Yig‘la, Vityok, yig‘la… Odam bolasi faqat yig‘idangina yupanch topadi…
A f g‘ o n. Kolka jazavaga tushib “Qo‘yvor deyapman, ko‘ppak!” deb qichqirdi!.. Qo‘limni ko‘kragimdan ajratmoqchi bo‘lib mushti bilan bitta soldi – qani ochila qolsa! Qo‘rqqanimdan tomiri tortishib qopti… Bizni osongina qo‘lga olishdi. Ko‘plashib barmoqlarimni bitta-bitta yozishdi, granatani jarga uloqtirishdi. Shunaqa portladiki! O‘zlaricha bir balolar deb maslahatlashishdi-da, meni bog‘lashdi. Nariroqqa oborib, bir xarsangning soyasiga yotqizib qo‘yishdi. Keyin Kolka bilan shug‘ullana boshlashdi! Oldin bitta-bitta barmoqlarini chopishdi! Keyin quloqlarini kesishdi! Keyin… pastini! Menga tegishmadi – nimagadir ularga kerak bo‘p qopman… Kolka baqirmadi, tipirchilamadi, hushiniyam yo‘qotmadi!.. Juda chidamli bola edi… Ko‘p qiynaldi. U joni uzilmay, qiynala-qiynala meni qutqarib qoldi. Quzg‘unlar Kolkaning o‘limini kutib vaqtdan yutqazib qo‘yishdi – osmonda bizning uchta “vertushka”miz paydo bo‘ldi! Shunaqa o‘qqa tutdiki, shudgor qivorishdi! Yeru osmon bitta bo‘p ketdi, hech narsaga tushunib bo‘lmaydi – dushman qayoqda, bizniki qayoqda! Shundayam menga hech balo qilmadi, qo‘l-oyog‘im bog‘liq xarsangning orqasida yotuvdim…
D o ts ye n t (birdan uyg‘onib). Boshlig‘imizning o‘g‘li yoshligida juda sho‘x bo‘lgan ekan… Biror nojo‘ya ish qilib qo‘ysa, otasi Rublyovning bir suratining oldiga oborib, “Qara, ahmoq, go‘zallik insonni odamiy qiladi”, deb tikka qilib qo‘yar ekan… Bola bechora hayoti davomida yigirma yilcha tik turib rasm tomosha qilgandir!.. Buyam tarbiya-da… O‘sha bola katta bo‘lganidan keyin muzeylardan rasm o‘g‘irlaydigan mutaxassis bo‘lib yetishdi…
P i f a g o r. Uxla…
A f g‘ o n. Keyin Kolkani uyiga obordim… To‘g‘rirog‘i, uning qolgan-qutganini… Onasi yoshgina ekan. Qishloqda muallimlik qilar ekan. Uning yig‘laganini ko‘rsang edi! O‘g‘ligamas, menga qarab chinqirib yig‘laydi! Tushunyapsanmi, menga! Yupatay desam, tilim aylanmaydi!.. Afg‘onda qo‘limning tomiri tortishib qolgan bo‘lsa, bu yerda tilimning tomiri tortishib qoldi!.. Qayoqlargadir bosh olib ketgim keldi, tuyaqushga o‘xshab boshimni qumga tiqsam-u, hech nimani ko‘rmasam!.. Har kuni bir xil tush ko‘raman: barmoqlarim bitta-bitta ochilib, granata portlaydi!.. Lekin portlashi Kolkaning onasining ovozi bo‘lib eshitiladi! Bu portlashdan dunyo ostin-ustin bo‘lib ketadi, osmon yorilib, yulduzlar qulab tushadi, shaharlar alangalanadi, qon ko‘pirib qaynaydi!..
S u v p a r i s i. U seni atay men uchun jo‘natibdi-da…
A f g‘ o n. Kim?
S u v p a r i s i. Do‘sting Kolka… (Birdan.) Pifagor!
P i f a g o r. Ha?
S u v p a r i s i. Nikoh o‘qib qo‘y!.. (Sochini yoyib, Afg‘onning qo‘lidan ushlaganicha tiz cho‘kadi.)
P i f a g o r (stakan ichiga sham o‘rnatib yoqadi, qizga uzatib). Ma…
S u v p a r i s i (shamli stakanni ko‘ksiga bosib). Bir nima de…
P i f a g o r. Gapning nima keragi bor, shundoq ham tushunarli.
S u v p a r i s i. Unda o‘zim gapiraman. Oyu yulduzlar, tuman va muzday buloq suvi, osmonu quyosh guvohligida o‘zimni senga xotinlikka bag‘ishlayman. Ayriliqda yoningda bo‘lib, yonimdaligingda sendan yiroqroq yurishga, hech qachon sukutingni buzmaslikka qasamyod qilaman!..
P i f a g o r. Omin… (Stakanni olib.) Endi boringlar…
A f g‘ o n (ketaturib). Xayr, Pifagor, yaxshi-yomon gap o‘tgan bo‘lsa mendan xafa bo‘lma….
P i f a g o r. Sen ham meni kechir, bo‘tam…

Qiz bilan yigit chiqib ketishadi. Pifagor uzoq vaqt qimirlamay o‘tiradi. Divanda yotgan Dotsent nimadir deb alahsiraydi, to‘lg‘anadi.

Dotsent, Dotsent!..
D o ts ye n t (boshini ko‘tarib). A?.. Nima?.. Uxladimmi?.. Oyna qani?
P i f a g o r. Qanaqa oyna?
D o ts ye n t. Oyna-da… Hozir oynaga qarab soqol olyatuvdim-ku, o‘sha qani?
P i f a g o r. Yuraging ishdan chiqqanga o‘xshaydi. (O‘zining chap ko‘kragini ushlab.) Ba’zan men ham alag‘-jalag‘ tush ko‘raman.
D o ts ye n t. Ha, uxlabman-da… Tushimda soqol olayotgan emishman. Oynaga qarasam, menga bitta cho‘chqa qarab turibdi! Men oynaga qarayman – cho‘chqa menga qaraydi! Tushunyapsanmi? Boshimni mundoq-mundoq qilsam, cho‘chqayam mundoq-mundoq qiladi!
P i f a g o r. Tushga nimalar kirmaydi.
D o ts ye n t. “Kimsan?” desam, “senman” deydi! “Unda men kimman?” deb so‘radim. “Ko‘zing ko‘rmi, cho‘chqasan” deydi! Mushtim bilan ikki ko‘zining o‘rtasiga shu-unaqa tushirdimki!.. (Zorlanib.) Negadir qo‘lim emas, peshonam og‘ridi, Pifagor!..

Shu payt eshik sharaqlab ochilib, ikkita cho‘ntak fonari yonadi. Hushyor, ruhi so‘ngan Ayyor va Qo‘ychivon, ularning ketidan Sodiq kirishadi.

(Qo‘li bilan fonar yorug‘ini to‘sib.) Ko‘zni qamashtirmasang-chi! Boshqa qiladigan ishlaring yo‘qmi?
H u sh yo r (yaqinlashib). Menga aytyapsanmi?
D o ts ye n t. Yo‘q, Pushkinga!
Hushyor u o‘tirgan kursini zarb bilan tepib yuboradi, Dotsent ag‘darilib tushadi.

H u sh yo r (xotirjam). Tur.

Dotsent itoatkorlik bilan turadi.

Qo‘lingni boshingning orqasiga qo‘y.
D o ts ye n t. Nima?
H u sh yo r (ko‘rsatib). Mana bunaqa qil! Endi anavi yerga borib, devorga o‘girilib tur. Tiq etgan ovozing chiqsa, shiq etib joning chiqib ketadi, tushundingmi?

Dotsent devorga o‘girilib turadi.

Q o‘ y ch i v o n. Hay, yigitlar, qo‘yinglar…
S o d i q (Qo‘ychivonga). Sekin, sekin!
H u sh yo r (xonani aylanib). Qara, Sodiq, pansionatning o‘zi-ku! Hamma sharoit bor. (Ko‘zi patefonga tushib.) Ie, musiqa eshitarkanmiz-da! Ishlaydimi? (Bir oz kutib.) Ishlaydimi, deyapman!
Q o‘ y ch i v o n. Ishlaydi, ishlaydi…
H u sh yo r. Qo‘y-chi.
Q o‘ y ch i v o n. Hozir-da… (Patefonni qo‘yadi, qo‘shiq yangraydi.)
H u sh yo r (Pifagorga). Sen bu yerda nima qilib yuribsan, boboy?
P i f a g o r. Xudo bergan umrimni yashab yuribman-da, bolam.
H u sh yo r. O‘rningdan tur, senda gapim bor.
P i f a g o r. Gaplashgim kelmasi-chi?
S o d i q. Senga o‘rningdan tur, deyildi. Quloq bormi?
H u sh yo r. Qizishma, Sodiq. (Yumshoqlik bilan.) Bunaqa qo‘pollikning nima keragi bor, boboy? Sen bilan ikki og‘iz hangomalashmoqchiman, xolos. Biz yaxshi niyat bilan kelsag-u…
P i f a g o r. Yaxshi niyat bilan kelgan odam avval salom-alik qiladi, hol-ahvol so‘raydi.
H u sh yo r. Ie, salom bermadikmi hali? Sodiq! Qachongacha senga odob o‘rgataman, ahmoq! Sharmanda qilding-ku odamni! Tur, chiq! Boshqatdan salom berib kir! E, betarbiya!..

Sodiq chiqib, eshikning naryog‘idan gursillatib taqillatadi.

(Pifagorga) Ha, taklif qilmaysanmi? Ho‘, karmisan, taqillatyapti!
A y yo r. Kiravering…
S o d i q (kirib). Mumkinmi? (Birpas kutib.) Mumkinmo‘-o‘?
A y yo r. Mumkin, mumkin. Xush kelibsiz.
S o d i q. Assalomu alaykum.
P i f a g o r. Dotsent, qo‘lingni tushir.

Dotsent ikkilanibroq qo‘lini tushiradi. Pafagordan boshqa hamma tik turibdi.

H u sh yo r. Sodiq, salomingning mazasi yo‘q-ku. Yo qo‘rqqanidan tili aylanmay qoldimikan?
P i f a g o r. Nimangdan qo‘rqamiz? O‘g‘irlikka keldilaringmi? Unda qidiraveringlar, biror nima topsalaring mengayam berarsizlar. Yo qorinlaring ochmi? Qo‘ychivon, pechkaning ustini qara, yarim buxanka non bo‘lishi kerak.
H u sh yo r. Boboy, birpas akillamay tur! (Davom etib.) Ona Vatan uchun hech kim ortiqcha emas! Shuning uchun hamma normal hayotga qaytishi kerak! Kim shu yerlik bo‘lsa – ishga joylashsin, boshqa yoqlardan kelgan bo‘lsa – uy-uyiga jo‘nasin. Bugun yaxshilikcha iltimos qilyapmiz. Ertaga iltimos qilib o‘tirmaymiz – gap boshqacha bo‘ladi. Aytib qo‘yay, biz ko‘pchilikmiz, butun shaharni nazoratimizga olganmiz.
D o ts ye n t. Kechirasiz, nima, biz sizlarga halaqit beryapmizmi?
H u sh yo r (balandparvoz). Senlar mamlakat obro‘sini to‘kayotgan unsur sifatida jamiyat uchun zararli hisoblanasizlar!
P i f a g o r. Ha-a, gap bu yoqda, degin?.. (Dotsentga.) Ko‘rdingmi, mamlakat obro‘sini to‘kib yotibsan! Boshqa durustroq ish qilsang bo‘lmaydimi?
S o d i q. Burgaday ezib tashlayman hozir!..
H u sh yo r. Sodiq!
P i f a g o r. Senga o‘xshagan tartibparastlarning ko‘pini ko‘rganmiz. Hamma u o‘ylaganidek fikrlashi kerak, u xohlaganiday yurishi kerak, u istaganidek yashashi kerak! Xotinniyam u istaganidek tug‘dirish kerak! Dotsent, qo‘lingni ko‘rsat! (Hushyorga.) Ko‘rdingmi? Bu ziyoli odam, qora mehnatdan chiqib ketgan. Lekin bir burda non uchun kun bo‘yi vagondan ko‘mir tushirdi! Biz haqimizda nima bilasan o‘zi? Daydilar, ishyoqmaslar, dardisarlar – bo‘ldi, bor biliming shu! Bularning qalbida nimalar kechayotganini bilasanmi?! Shundoq ham bu yorug‘ olamda ilinib turibdi-ku bular! O‘zingni jamiyatning sanitari faraz qilib, tartib o‘rnatmoqchisan! Adolat uchun adolat yo‘li bilan kurashish kerak, yigitcha! Yo‘qsa oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Bo‘g‘ma ilonni bilasanmi? Atrofidagi hamma narsani yeb bo‘lganidan keyin, o‘zining dumini ham yutvorar ekan.
H u sh yo r. Bo‘pti-bo‘pti, ko‘p vaqillama! Sendaqa Aflotundan o‘rgildim! Kimning hujjati bor? Hujjatlaring bormi, deyapman!
A y yo r (shosha-pisha guvohnoma chiqarib). Menda bor…
H u sh yo r (o‘qib). “Mehnat faxriysi” medalining guvohnomasi… Yopiray, sen faxriymisan? Ie, bu ayol kishing nomiga yozilgan-ku! Qayerdan olding?
A y yo r. Shu yerdan, axlatxonadan…
H u sh yo r. Nega ko‘tarib yuribsan?
A y yo r. Tashlavorishga ko‘z qiymadi, chiroyli ekan…
H u sh yo r (Pifagorga). Familiyang nima?
P i f a g o r. Pifagor.
H u sh yo r. Yaxshiyam Yuliy Sezar emas ekan! Qachon tug‘ilgansan?
P i f a g o r. Men tug‘ilganimda sen hali onangning qornida tugul, otangning belidayam yo‘q eding.
H u sh yo r (Pifagordan ko‘z uzmay, Qo‘ychivonga). Ho‘, bachcha, beri kel! (Qo‘ychivon kelganidan keyin.) Bugun faqat iltimos qilamiz, deb so‘z berganmiz – urishga haqqimiz yo‘q. Lekin oqsoqollaring o‘zini yomon tutyapti. Shuning uchun jazolashga majburmiz. Tushundingmi?
Q o‘ y ch i v o n. Yo‘q…
H u sh yo r (Pifagorning yoqasidan olib). O‘rningdan tur! (Qo‘ychivonga.) Ur!
Q o‘ y ch i v o n (orqasiga chekinib). Ni-ma?..
S o d i q (uning yoqasidan olib). Ho‘, bachcha, aytgan gapni qil-chi! Bo‘lmasa hozir bir pana joyga olib borib, tug‘ilganingga pushaymon qilaman!
Q o‘ y ch i v o n. Yigitlar, nima qilyapsizlar!.. Umrimda birovni urgan emasman, faqat meni urishgan!.. Chumoligayam ozor bermaganman, Xudo haqqi!..
H u sh yo r (baqirib). Bo‘l!

Qo‘ychivon uning ovozidan cho‘chib tushib, Pifagorga tarsaki tushiradi va o‘zi yiqilib tushadi.

(Ayyorga.) Endi sening navbating. Ayyormisan, tayyormisan – nima eding?
A y yo r. Tayyorman. (Pifagorga.) Endi-i, xafa bo‘lmaysan, Pifagor, hali meni osganing uchun durustroq hisob-kitob ham qilolmagandik. Hisobli do‘st ayrilmas-da, a? (Yolg‘ondakamiga uradi.)
H u sh yo r. Yo‘q-yo‘q-yo‘q, bunaqasi ketmaydi! Jiddiyroq, jiddiyroq!

Ayyor ikkilanadi.

P i f a g o r (Ayyorga). Faqat tishimga urma.

Ayyor uradi.

H u sh yo r (Dotsentga). Endi sen.
D o ts ye n t (Hushyorga diqqat bilan tikiladi va kutilmaganda qulochkashlab uning o‘zini urmoqchi bo‘ladi). Mana senga navbat…

Lekin ulgurolmaydi – Sodiq yovvoyi mushukday bir sakrab, uning qo‘lini qayirib oladi va divan tomonga itqitib yuboradi. Dotsent og‘riqdan ingraganicha divanning tagiga kirib ketadi.

H u sh yo r. Endi tanishib olaylik. Biz bezori yoki o‘g‘rilar emasmiz. Haligidaqa roker-poker, metallist-petallist ham emasmiz. Bizning tashkilotimiz Sovet hokimiyatigayam, uning jazo organlarigayam bo‘ysunmaydi. Qayta qurish munosabati bilan hukumat jilovni sal bo‘shatuvdi, hammayoqni ishyoqmas, dangasalar bosib ketdi. Biz mamlakatni senlarga o‘xshagan qalang‘i-qasang‘ilardan tozalashda hukumatga yordam bermoqchimiz. Brigadachilar deb eshitganmisizlar?
P i f a g o r. Eshitganmiz. Unaqalar Italiyada bo‘ladi.
H u sh yo r. O‘-o‘, savod zo‘r-ku! O‘rgan, Sodiq, yuribsan-da senam axlatxonama-axlatxona. Chelentano bilan Chippolinoning farqiga bormaysan! (Davom etib.) Senlarni hukumat baribir eplolmaydi. Ushlasayam “bir oy ichida ishga joylashaman” deb tilxat berasanlar-u, keyin mamlakatning boshqa burchagida tarallabedod qilib yuraverasanlar. Ish joyining tayini yo‘q, sayoq-daydilarni mamlakat va jamiyat uchun ijtimoiy foydali fuqarolarga aylantirish – bizning asosiy vazifamiz!
P i f a g o r. Bor-yo‘g‘i shumi?
S o d i q (Pifagorni ko‘rsatib, Hushyorga). So‘ysam, shu qancha go‘sht qilarkan-a?
H u sh yo r. Yig‘ishtir! (Hammaga.) Demak, kelishdik. Ertaga bu yerda arvohlaring ham bo‘lmasin. Bizning mamlakatimizda tilanchi va sadaqaxo‘rlar bo‘lmagan, yo‘q va bundan keyin ham bo‘lmaydi! Yaxshi yotib turinglar.

Hushyor va Sodiq chiqib ketishadi. Sukut. Shamol.

P i f a g o r (Qo‘ychivonga, mehr bilan). Ahmoq ekansan. Bir marta urib qo‘ysang o‘larmiding?
Q o‘ y ch i v o n (yig‘lab). Kechir meni, Pifagor!.. O‘lay agar qo‘rqqanimdan urdim, o‘zim ham bilmay qoldim…
A y yo r. Qo‘ychivon ikkovimizni do‘konning oldida ushlab olishdi. Shisha sotgan pulimizniyam olib qo‘yishdi, onasini hurmat qilay!..
Q o‘ y ch i v o n (yig‘laganicha, telefonga). Allo, allo… Iltimos, buvimni ulab bering… Alyoshnikov qishlog‘i… Ha, sakkiz yil oldin o‘lib ketganlar… Buvi! Meni eshityapsizmi, buvijon! Bu men – Alyoshaman!.. Sizni judayam sog‘indim, buvijon… Yaqinda boraman… Bu dunyo judayam qabih va iflos bo‘p ketdi… Sizlar yashagan davrdagiday emas… Endi sizdan bir qadam ham ajralmayman… Birga yashaymiz, buvi!..

Chiroq o‘chadi

TO‘RTINChI KO‘RINISh

O‘sha joy. Tun. Shamol. Oradan bir necha kun o‘tgan. Pifagor pechka yonida betob yotibdi. Uning yonida Muxbir o‘tiribdi. Dotsent uxlayapti.

P i f a g o r (og‘ir). Dunyo qaridi, Yer qaridi… Insoniyat bolalikni ham ko‘rdi – unda xudolar odamlar bilan yonma-yon yashardi… Shiddatli, jo‘shqin yoshlik ham o‘tdi – unda odamzod ruh bilan emas, tana bilan oziqlana boshladi… Mana endi keksalik keldi eshik qoqib… Keksalik bilan birga turli kasallik, horg‘inlik keldi… Ajal eshik ortida turibdi…

Tashqaridan mashina ovozi eshitiladi.

M u x b i r. Yana dori olib kelishdi.
P i f a g o r (qiynalib). Sendan sal oldin akam kelib ketuvdi… Chiroyli petlitsali gimnastyorka kiyib olibdi… Oldiga chaqiryapti…
M u x b i r (uning peshonasini ushlab ko‘rib). Issig‘ing baland-ku… Kasalxonaga olib boraymi? Qayerda bunaqa shamollay qolding?
P i f a g o r. Shamollaganim yo‘q, anavi dorining ishi bu…
M u x b i r. Qanaqa dori?
P i f a g o r. Axlatga sepadigan… O‘ttiz oltinchi yilda meni xizmatga chaqirishdi. Yaxshi mergan edim – besh tiyinlik tangani yigirma qadamdan bexato urardim. Komandirimiz komissiya-pomissiya kelib qolsa, maqtanib meni ko‘rsatardi. Qo‘mondonlik soat sovg‘a qilgan… Bir kuni komandirimiz meni chaqirib: “O‘rtoq Glebov, partiya va xalqning muhim topshirig‘ini bajarasan”, deb qoldi. Shunday deb menga g‘alati tikildi, ko‘zlari namlanganday bo‘ldi nazarimda. Men hech nimaga tushunmadim. Xullas, ertasi kuni meni maxsus qismga o‘tkazishdi. Qanday otishimni tekshirib ko‘rishdi. Yaxshi otdim, hamma o‘q mo‘ljalga tegdi. Qandaydir qog‘ozga qo‘l qo‘ydirishdi. Keyin yana so‘rashdi: “Qizil askar Glebov! Mehnatkash xalq irodasini bajarishga tayyormisiz?” “Tayyorman! Kerak bo‘lsa jonimni ham ayamayman!” dedim. “Sovet xalqi sizga josuslar, fitnachilar, inqilob va xalq dushmanlari ustidan chiqarilgan hukmni ijro etishni ishonib topshiryapti!” dedi… (Ancha vaqt jim qoladi.) Yer ostida uzun, boshi berk yo‘lak… Elektr chiroqlari xiragina yoritib turibdi… Men devor orasidagi maxsus joyda bekinib turaman… Soqchilar muhbusni olib kirishadi-da, mening ro‘paramga kelganda depsinib, turgan joyida yura boshlashadi… Shunda men chiqaman! O‘girilib qarashgayam ulgurmaydi! Birontasiyam qaragani yo‘q!.. Zo‘r otardim!.. Mergan edim!.. Yaxshi xizmatlarim evaziga yana bitta soat bilan mukofotlashdi…
M u x b i r. Nechtasini… otgansiz?
P i f a g o r. Kim sanabdi deysan… Ish shunaqangi ko‘p ediki, kecha bilan kunduzning farqiga bormay qolardim: ish, ish, ish! (Alam bilan.) Mehnatkash xalqning irodasini ado etardim!.. Bir gal – hech esimdan chiqmaydi – birinchi may, bayram kuni uyg‘otishdi… Mahbus yo‘lak bo‘ylab oqsoqlana-oqsoqlana sudralib arang kelyapti… Soqchi joyida depsina boshlashi bilan darrov chiqdim-u, naganni to‘g‘riladim… Bunga qadar hech qaysi mahbus qaramasdi, bunisi qaradi!.. Umrimda birinchi marta o‘qim xato ketdi – qulog‘ini salgina yalab o‘tdi…
M u x b i r (og‘ir sukutdan so‘ng). Otangiz ekanmi?..
P i f a g o r. Akam!.. Volodka!.. (Birdan baqirib.) Qulog‘idan o‘q yeganlar, stroysya!!! Smirno! Ravneniye nalevo! (Past ovozda.) Bo‘ldi, charchadim. Uxlayman…
M u x b i r. Mayli, uxlang… Men malina terib kelaman. Choy bilan ichsangiz tuzalib ketasiz… (Chelak olib, chiqib ketadi.)

Bitta laylakni beliga qistirib olgan Ayyor kirib keladi.

A y yo r. Laylak keldi – yoz bo‘ldi! Olqindilarga salom! (Pifagorga yaqinlashib.) Ie, yaqinlashib qopsan-ku. Qo‘rqayapsanmi?
P i f a g o r. Ha…
A y yo r. Nimasidan qo‘rqasan? Nima, u yoqda bu yerdagidan ham dahshat deb o‘ylaysanmi? Yo‘q, bu yerdagidan battar bo‘lmasa kerak. Yaxshiyam o‘lim degan narsa bor, “shap” etadi – oladi-qo‘yadi. Odamzod hecham o‘lmasa, bilasanmi, nima bo‘ladi? E, onasini hurmat qilay, azobning o‘zi-ku! Ocharchilik, qimmatchilik, urush, inqiloblar, qamoq, quvg‘in, SPID, daryolar qurigan, yer ishdan chiqqan – sen bo‘lsang yashayverasan, yashayverasan, yashayverasan! Onasini hurmat qilay, o‘ylasam o‘zimam qo‘rqib ketaman! (Laylakni ko‘rsatib.) Axlatxonada yursam, tepamda qanotini “shap-shap” qildi-yu, oyog‘imning tagiga qulab tushdi. Qarasam, tuppa-tuzuk laylak! Uchib ketayotib o‘lib qopti. Dorining oqibati… Qish kelyapti, laylak nima qiladi bu yerda? Yo hayvonot bog‘idan qochdimikan? (Pifagorga.) Mayli, sen bemalol o‘laver, xalaqit bermayman. (Laylakni tepadagi sirtmoqqa osib qo‘yadi. Chayqalib turgan laylakka qarab.) Anavi kuni, deyman, menam shunaqa osili-ib turardim-da, a? (Ancha payt laylakka tikilib turadi. Keyin nedir xayolga borib telefon go‘shagini ko‘taradi.) Allo, allo… Allo, Nyu-York? Nyu-York! Birlashgan Millatlar Tashkilotimi? Kechirasiz, axlatxonadan bezovta qilyapmiz! Iltimos, Bosh sekretarni ulab yuboring… Assalomu alaykum! Yaxshimisiz? Rahmat, rahmat… Tuproqdan tashqarida, deganday, yuribmiz… Masala jiddiy. Shu, deng, bizning jonajon axlatxonamizga qanaqadir dori sepishyapti… Ha, kasallik tarqalmasin, deb-da… Biron tirik jon yo‘q, hammasi qirilib ketdi… E, uni aytasiz, hatto go‘ngqarg‘ayam qolgani yo‘q! Faqat biz qoldik… A? Yana biroz yashasak, devdik-da… Iloji yo‘q?.. (Go‘shakni qo‘yib, Dotsentga.) Eshitdingmi?
D o ts ye n t (beparvo). Eshitdim.
A y yo r. Bo‘ldi, yig‘ishtiringlar ashqol-dashqolni! Ketamiz!
D o ts ye n t. Qayoqqa?
A y yo r. Vatanimiz bepoyon – issiq o‘lkalarga-da! Bilib keldim: stantsiyada o‘sha yoqlarga boradigan yuk poyezdi turibdi. “Taq-tuq, taqa-tuq” qilib, uxla-ab ketaveramiz. Yangi joylar, yangi odamlar! Havosi issiq, meva-cheva deganing tiqilib yotibdi: qovun deysanmi, tarvuz deysanmi, anjir, o‘rik, shaftoli! Odamlari juda mehmondo‘st – kim kelsayam quchoq ochib kutib olaveradi! Xullas, jannatning o‘zginasi! Bu yerda nima bor? Sovuq, zax, loy!.. Keyin, anavilar endi baribir bizni tinch qo‘ymaydi. Ularni yaxshi bilaman, melisadan ham battar! Melisa-ku, hozir yaxshi bo‘p qolgan, bular yomon – jon joyingga uradi. Ketdik, ketdik…
D o ts ye n t (Pifagorni ko‘rsatib). Bu-chi?
A y yo r. Bu o‘ladi. Obbo, ja ezma ekansan-da lekin! O‘lmasa, yashaydi! O‘z holiga qo‘ysang-chi odamni, tinchgina o‘lsin.
D o ts ye n t. Xayr, Pifagor… Uxlayapti.
A y yo r. Bo‘l, bo‘l! (Keta turib, qaytadi.) Pifagor!.. Pifagor, biron nima ko‘ryapsanmi? A? Yetib bordingmi o‘zi? Nima ko‘ryapsan, Pifagor?
P i f a g o r (arang). Yo‘lak…
A y yo r. Yo‘lakning oxirida chiroq bormi? Yorug‘lik bormi? Yo‘lakning oxirida nima bor, Pifagor?
P i f a g o r. Qon…
A y yo r. Alahsirayapti… Hechqisi yo‘q, borsang hammasini o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan. O‘lim – inson uchun normal holat. Tiriklik – hayotning buzilgan shakli… (Cholning peshonasidan o‘pib qo‘yadi.) Yoningdan mengayam joy olib qo‘y. Hech bo‘lmasa, u yoqda axlatxonada yashamaylik… Omon bo‘l, Pifagor. Yo‘g‘-e, joying jannatda bo‘lsin, Pifagor!..

Ayyor bilan Dotsent chiqib ketishadi.

P i f a g o r (zo‘rg‘a o‘rnidan turib, toza oq ko‘ylak olib kiyadi). Eh, Volodka, Volodka, nima qilib qo‘ydim… Umrim bo‘yi sening oldingdagi qarzimni uzaman deb yashadim… Baribir uzolmadim, shekilli… Umr yetmadi…
S u v p a r i s i (yugurib kirib). Qani u?
P i f a g o r. Kim?
S u v p a r i s i. Vitya!
P i f a g o r. Qanaqa Vitya?
S u v p a r i s i. Afg‘onni aytyapman! Kechqurun “yigitlarni sog‘indim, bir ko‘rib kelay” deb chiqib ketuvdi. Kutdim, kutdim, hech kelavermadi. Ishqilib, tinchlik bo‘lsin-da, unga bir nima bo‘lsa men o‘lib qolaman!..
P i f a g o r. Bu yerga kelgani yo‘q. Agar uxlab yotganimda kelgan bo‘lmasa…
S u v p a r i s i. Ey, xudoyim, nega bitta o‘zini yubordim-a, nega?! Uni yolg‘iz qo‘yvormasligim kerak edi! O‘zim ahmoqman, ahmo-oq!..

Hushyor bilan Sodiq kiradi.

H u sh yo r. Kim u – ahmoq?
S u v p a r i s i. Ishing bo‘lmasin!
H u sh yo r. O‘-o‘, tegmanozik-ku! (Pifagorga.) Boshqalar qani?
P i f a g o r. Ketishdi… Butunlay ketishdi…
S o d i q. Sen-chi? Nima, senga alohida aytish kerakmi?
P i f a g o r. Men ham ketaman… Hozir ketmoqchi bo‘lib turuvdim o‘zi. (Sekin go‘shakni olib.) Volodka… Ovozimdan tanidingmi, jigarim?.. O‘shanda, yo‘lakda ovoz berolmadim… Haqqim yo‘q edi… Qulog‘ing tuzalib ketdimi?.. Og‘ridimi o‘shanda?.. Oh, og‘ritmay otishning iloji bo‘lganda edi! Menam oldingga ketyapman, Volodka… Bugun, hozir… Ko‘rishguncha… (Go‘shakni qo‘yadi, stakanga sham qo‘yib yoqadi. Shamol eshikni ochib yuboradi va u qorong‘ilikka singib ketadi.)

Hushyor bilan Sodiq hayron.

S u v p a r i s i (birdan o‘ziga kelib). Nega qarab turibsizlar, axir oyoq yalang chiqib ketdi-ku!
H u sh yo r. Sen bu yerda nima qilib yuribsan?
S u v p a r i s i. Sovuqda o‘lib qoladi-ku, hayvonlar!
S o d i q (bostirib borib). Kim hayvon? A?
S u v p a r i s i. Hayvondan ham battar ekansizlar!

Qiz qochib chiqib ketmoqchi bo‘ladi, Sodiq ikki sakrab ushlab oladi va ichkariga uloqtirib yuboradi.

S o d i q. Gapingni yana bir marta qaytar, SPIDning uyasi, nima deding? Qani, beri kel-chi, bir gaplashib olaylik. Beri kel!
S u v p a r i s i (qo‘lga tushganini anglab). Yigitlar, qo‘ysalaring-chi, nima keragi bor?.. Bu yerga tasodifan kelib qoldim, o‘zim shaharda yashayman… Erim bor, bolalarim bor… Men, men kasalman!.. Nima qilasizlar, kasal yuqtirib?.. Iltimos… Baqiraman!.. Yordam beringlar!!!
H u sh yo r. Qattiqroq.
S u v p a r i s i. Kim bor, yordam beringlar!!!
H u sh yo r. Sodiq, eshitmayapsanmi, yordam so‘rayapti, yordam bervor.
S u v p a r i s i. Ablah! Yaramas! Iflos! (Telefonni olib.) Yaqinlashma, boshingni yorib tashlayman! (Yig‘lab.) Jon yigitlar, menga tegmanglar, xayrlaringni bersin!.. Menga tegib bo‘lmaydi!.. Mumkin emas, axir!.. Nima desalaring qilaman, faqat tegmanglar!.. Yalinaman, tiz cho‘kaman… (Holsiz.) Yordam… Yordam beringlar…

Kutilmaganda telefonni Sodiqning basharasiga otadi, lekin u ilib oladi.

S o d i q. Bu yoqqa kel.
S u v p a r i s i (chorasiz). Yo‘q… Yo‘q… Erim bor, deyapman-ku!.. Ikkiqatman, yaqinda tug‘aman!..

Sodiq bir siltab qizning ko‘ylagini yirtib yuboradi.

S u v p a r i s i (jon holatda telefonga yopishadi, go‘shakka). Ey, Xudo! Bor bo‘lsang o‘zing yordam ber!..

Bir chelak suv va malina shoxchalarini qo‘ltiqlab Muxbir kirib keladi.

M u x b i r. Nima bo‘lyapti bu yerda?
H u sh yo r. Katta xolangning to‘yi bo‘lyapti.
M u x b i r. Men jiddiy so‘rayapman.
H u sh yo r. Kecha yigirma to‘rt soat ichida bu yerda izlaring ham qolmasin, deb ogohlantirdikmi? A? “Ha”mi, “yo‘q”mi? (Sodiqqa.) Quloqsiz bola ekan. (Mislsiz chaqqonlik bilan uning qorniga tushiradi. Bukchayib qolgan Muxbirning sochidan ushlab, o‘ziga qaratadi.) Besh daqiqa muhlat beraman. Besh daqiqada yugurish bo‘yicha jahon rekordini yangilashing kerak. Qani, start!
M u x b i r (kutilmaganda eshikka qarab yuguradi va go‘yo bir ko‘rinmas devorga urilganday, taqqa to‘xtab qoladi). Ketmayman.
H u sh yo r (yaqinlashib). Ketasan.
M u x b i r. Shoshmanglar, yigitlar, shoshmanglar…
H u sh yo r. Eshitaman. Lekin og‘zingdan chiqqan har bir gap uchun jarima to‘laysan. Birinchi gapni aytding… (Qorniga tushiradi.)
M u x b i r (bukchayib). Men daydi emasman…
H u sh yo r. Ikkinchi gapni aytding… (Uradi.)
M u x b i r. Men “Bayroq” gazetasining muxbiriman…
H u sh yo r. Men “Slobodskiy” cherkovining mitropolitiman… (Uradi.)
M u x b i r (yiqilib tushib). To‘xtanglar axir!.. Bu yerga tahririyatning topshirig‘i bilan kelganman, hujjatimni ko‘rsatishim mumkin…
S o d i q. Bilamiz – “Mehnat faxriysi”!
H u sh yo r. Xo‘sh, muxbir bo‘lsang, nima haqida yozmoqchisan?
M u x b i r. Hammasini yozaman…
H u sh yo r. Yozsang xato qilmay yoz, xo‘pmi?..

So‘nggi bor uradi, Muxbir burchakka uchib ketadi, qaytib o‘rnidan turmaydi.

S u v p a r i s i (yulqingancha Sodiqning qo‘lidan chiqib, chinqirib Hushyorga tashlanadi). Hayvon! Fashist!!!
H u sh yo r. Sodiq, manavini ol!

Sodiq ularni ajratadi, qiz tipirchilagancha uning yuz-ko‘ziga chang soladi.

S o d i q. Tinchlan, jonim, tinchlan… Yur, o‘zim tinchitib qo‘yaman.
S u v p a r i s i. It!.. Cho‘chqa!.. Tirik ekanman taslim bo‘lmayman, bildingmi?! Faqat o‘ligimga egalik qilasan, maraz!!!
S o d i q. O‘liging ham bo‘laveradi, jonim!..

Qiz uning qo‘lini tishlab oladi.

Uh!.. Ana endi ko‘rasan, o‘sha tishlagan tishlaringni qoqib olmasammi!..

Ular olisha-olisha divan ortiga yiqilib tushadilar. Qizning chinqirgani eshitiladi. Sukut.

H u sh yo r (Muxbirning tomirini ushlab ko‘rib). Tamom bo‘pti-yu… Sodiq, bo‘ldi, yig‘ishtir! Tezroq juftakni rostlash kerak! Uyni yoqvoramiz.

Ohista eshik ochilib, ostonada Pifagorning shamli stakanini tutganicha Afg‘on paydo bo‘ladi. Sodiq u yoq-bu yog‘ini tuzatib, divan ortidan chiqadi.

Jin ursin!.. (Baqirib.) Nechtasanlar o‘zi?!
A f g‘ o n. Pifagor olamdan o‘tdi… Sap-sariq dorining ustida cho‘zilib yotibdi…

Divan ortidan rangi-ro‘yi bir ahvolda qiz chiqadi, gandiraklaganicha Afg‘onning oldiga keladi.

S u v p a r i s i (yigitning yelkasiga bosh qo‘yib). Qayerlarda yuribsan?.. Shunaqayam bo‘ladimi odam… Yolg‘iz yurma, Vityok, yana tildan qolishing mumkin… Sen tildan qolsang kim gapiradi? Qushlarmi, maysalarmi, Yermi yo osmon, kim?.. Olam – soqov, zamon – gung… Kim gapiradi?..
A f g‘ o n (paltosini yechib, qizning yelkasiga tashlaydi). Lena, sen boraver, men yetib olaman…
S u v p a r i s i. Qo‘y, tegma ularga… Ular shundoq ham o‘lib bo‘lgan… O‘zi yuradigan, ovqat yeb, kiyim kiyadigan murdalar… Ulardan bo‘lgan bolayam o‘lik tug‘iladi… (Xirgoyi qilib chiqib ketadi.) Ja-lo-lo-bod… Ja-lo-lo-bod…
A f g‘ o n. Senlarni qarg‘adi…
H u sh yo r. Shu xolosmi?
A f g‘ o n (o‘sha ohangda). Senlarni qarg‘adi…
H u sh yo r. Menga qara, og‘ayni, shamingni stolga qo‘y-da, oyog‘ingni qo‘lingga olib jononingning ketidan yugur.

Afg‘on joyidan qimirlamaydi.

S o d i q (Afg‘onning sochidan tutib). Yana bir marta qaytaraylikmi?
H u sh yo r (yaqin kelib). Qo‘ysang-chi, yaxshi bolaga o‘xshaydi, o‘zi tushunib turibdi. To‘g‘rimi, yigitcha? Mishig‘ingni artgin-da, borib Sodiqning ishini qolgan joyidan olaver.
A f g‘ o n (quturganday o‘kirib). A-a-a-a!!!

Uning ko‘z ilg‘amas keskin harakatidan Hushyor va Sodiq ikki tomonga uchib ketadi.

S o d i q (sakrab turib). Ie, hali baqirishniyam bilaman, degin?! Afg‘onistonda senga o‘xshagan baqiroqlarning ko‘pini ko‘rganmiz! Shunaqa baqirishganki, hozirgacha qulog‘imdan ketmaydi! Hammasini ko‘rganman! Senlar aysh qilib yurganlaringda, men u yoqda jon berib-jon olganman!

Hushyor turmoqchi bo‘ladi.

A f g‘ o n. Yot!

Hushyor yotadi.

(Sodiqqa.) Qayerda xizmat qilgansan?
S o d i q (quturib ketadi). Sodiq degan nomni Afg‘onda orttirganman, bildingmi?! Mamlakatni sen ifloslardan tozalamagunimcha sodiq bo‘lib qolaman! Sodiqma-an!.. (Afg‘onga tashlanadi.)

Afg‘on unga chap berib, qo‘lini qayirib oladi.

H u sh yo r. Qo‘y endi, og‘ayni, ja o‘zingdan ketma… (Turmoqchi bo‘ladi.)
A f g‘ o n. Qimirlama! (Sodiqqa.) U yoqda dushman tomonga nimada oborib tashlashadi?
S o d i q. Qo‘yvor, og‘riyapti!.. Vertolyotda!..
A f g‘ o n. Yaxshilab esla!
S o d i q (og‘riqdan yuzi burishib). Sindirasan!.. Vertolyotda, deyapman-ku!.. Bo‘ldi qil!..
A f g‘ o n. U yoqda “vertolyot” deyilmaydi, maraz, “vertushka” deyiladi! (Sodiqni qo‘yib yuborib, qo‘llari bilan yuzini bekitib oladi.) Afg‘onga bormagansan!.. Bormagansan! (Yig‘lab yuboradi.) Kolya! Bular sening qonga bo‘yalgan gimnastyorkangni o‘zlariga bo‘ylayapti!.. Nega bularni qon urmaydi, nega?! Ey, osmon! Zaminingga qara: imonu vijdonning uyiga o‘t ketyapti!!!

Sodiq qo‘lini cho‘ntagiga tiqadi.

Stolga qo‘y! Baribir ishlatolmaysan, qo‘lingni sindirib tashlayman. Qo‘y, deyapman!

Sodiq pichoqni stolga qo‘yadi.

H u sh yo r. Kel, og‘ayni, xotirjam gaplashib olaylik…
A f g‘ o n. Gaplashamiz… Bugun Kolkaning xotira kuni… (Chilvir olib Hushyorga otadi.) Ma, anavini kursiga bog‘la.
H u sh yo r. Menga qara, yaxshilikcha yo‘l-yo‘limizga ketaylik. Biz ko‘pchilikmiz. Keyin biron joyda uchrashib qolsak yaxshi bo‘lmaydi.
A f g‘ o n. Bog‘la!
H u sh yo r. Og‘ayni…
A f g‘ o n. Bo‘l!

Afg‘on pichoq otadi va u Hushyor ning naq oyog‘ining tagiga sanchiladi. Hushyor shosha-pisha sherigini bog‘lashga kirishadi.

(Hushyorga.) Devorga o‘giril.
H u sh yo r. Bekor qilyapsan lekin…
A f g‘ o n (Hushyorni bog‘laydi, cho‘ntagidan sigaret qutisini avaylabgina oladi). Bu Kolkaning qoniga bo‘yalgan… (Qutining ichiga qarab.) Beshtagina… Bittasini uning qabrida chekkanman… Qolganini shu yerda chekamiz… (Gaz ballonini yaqinroqqa sudrab keladi, jo‘mragini buraydi, vishillab gaz chiqa boshlaydi.)
H u sh yo r (o‘takasi yorilib). Nima qilyapsan?! Esing joyidami?!
S o d i q. O‘chir! Kontuziyamisan, nima balo?!
A f g‘ o n (Pifagor qoldirib ketgan shamdan sigaret tutatib chekadi, bittasini Hushyorning, ikkinchisini Sodiqning labiga qistirib qo‘yadi). Chekinglar – mozorbosdi… Qo‘rqmanglar, men ham shu yerda bo‘laman. Kolka ham shu yerda…

Afg‘on go‘yo bir qo‘shiq tinglayotganday gazning vishillagan ovoziga chayqalib, shoshilmay chekib o‘tiradi.

S o d i q (jazavaga tushib). Yo‘q, yo‘q, yo‘q, istamayman!..
H u sh yo r. Qo‘lni yech!.. Bolam bor axir!.. Talabaman, institutda sirtdan o‘qiyman!..

Afg‘on parvo qilmay chekaveradi. Muxbir o‘ziga kelib, bir amallab o‘tirib oladi, aft-basharasi qon, emaklab stol tomonga kela boshlaydi. U Afg‘onning yoniga kelib o‘tiradi. Afg‘on unga ham sigaret beradi. Muxbir qiynala-qiynala chekadi. Suv parisi kiradi – qo‘lida shamli stakan…

S u v p a r i s i. Shunday kun keladi… Shunday kun keladi… Shunday kun keladi…

Har tomondan Pifagor, Ayyor, Qo‘ychivon, Dotsent, Vita, Vasya kirib kelishadi. Hammasining qo‘lida shamli stakan, ko‘zlari yumiq. Ular go‘yo nimanidir qidirayotganday yumiq ko‘zlari bilan osmonga qaraydilar. Qachonlardir Qo‘ychivon tuzatib ketgan ko‘hna va tashlandiq soatlardan qaysi biridir o‘n ikki marta zang uradi…

Tamom

Rus tilidan Sharof Boshbekov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 8-son