Aleksandr Kuprin. Olesya (qissa)

I

Mening xizmatkorim, oshpazim va ovda hamrohim – o‘rmon qorovuli Yarmola orqasida bir bog‘lam o‘tin bilan egilib xonaga kirib keldi va uni gursillatib yerga tashladi-da, muzlab qolgan barmoqlarini kuhlab isitdi.
– Tashqarida shunday shamolki, panich , – dedi u pechning pastki eshikchasi yonida cho‘qqayib o‘tirib. – Uyni yaxshilab isitish kerak. O‘t yoqib yuboraymi, panich?
– Demak, ertaga quyon ovlashga bormaymiz, shundaymi? Borsa bo‘lmaydimi, nima deysan, Yarmola?
– Yo‘q… mumkinmas… bo‘ronni qarang, eshitmayapsizmi? Quyon pisib yotibdi pix-pix qilib… Ertaga iz-pizni ko‘rmaysiz.
Qismat meni naq olti oyga Volin guberniyasidagi ovloq bir qishloqqa, Polesya chekkasiga tashladi va ov – mening ovunishim mumkin bo‘lgan yagona mashg‘ulotim hamda huzur-halovatimga aylandi. Qishloqqa borish taklifini olgan paytlarim men bu yerlarda toqat qilib bo‘lmas darajada zerikaman, deb mutlaqo xayolimga keltirmaganimni tan olaman. Men hattoki xursand bo‘lib yo‘lga tushganman. “Polese… inson oyog‘i yetmagan chekka joylar… tabiat quchog‘i… oddiy turmush tarzi… ibtidoiy manzaralar, – xayol qilardim vagonga o‘tirarkanman, – g‘alati taomillari, tili ham o‘ziga xos, menga butunlay notanish xalq… ehhe, ehtimol qanchalar ko‘p shoirona afsona-yu rivoyatlari, qo‘shiqlari bor ekan!” Men bo‘lsam, o‘sha vaqtlar (hikoyami, mana, sizga hikoya) bir kichkina gazetada ikki qotillik va o‘z joniga qasd qilish haqidagi bir hikoyani bosib chiqarishga ulgurgan edim va yozuvchi uchun hayotni ko‘rish, kuzatish foydadan xoli bo‘lmasligini nazariy jihatdan bilar edim.
Biroq… yoki nazarimda, Perebrod dehqonlari qandaydir ayricha, qaysarona odamoviliklari bilan farq qilardilar, yoki o‘zim muloqotga kirisholmadimmi – ular bilan munosabatim quyidagilar bilan kifoyalandi, ya’ni ular meni uzoqdan ko‘rishlari bilan bosh kiyimlarni olardilar, menga tenglashib, yaqinlashishlari bilan xo‘mrayganlaricha: “Gay bug”, derdilar, bu “Xudoyim, O‘zing qo‘lla” ma’nosini anglatardi nazarimda. Men ular bilan gaplashishga xo‘p urinib ko‘rdim, ular esa ajablanib qaradilar, eng jo‘n, sodda savollarimni ham tushungilari kelmadi va hadeb qo‘llarimni o‘pishga urindilar – bu polyak krepostnoyligidan qolgan ko‘hna odat edi.
Men bor kitoblarimni yana bir boshdan qayta o‘qib chiqdim. Garchand avvaliga menga bu narsa yoqimsiz tuyulgan bo‘lsa-da, azbaroyi zerikkanimdan – o‘n besh chaqirim narida turadigan, ixtiyorida “organchi pan”, uryadnik va qo‘shni iste’fodagi unter-zobitlar yer-mulki idora xizmatchisi bo‘lgan ksyondz yordamida tub yerlik ziyolilar bilan tanishishga urinib ko‘rdim, lekin bu harakatim besamar ketdi.
Undan keyin perebrodliklarni davolashga kirishdim. Bisotimda bor dori-darmon ushbular edi: kanakunjut moyi, karbol kislotasi, borat kislotasi, yod. Biroq shunda men busiz ham tanqis ma’lumotlardan tashqari bemorlarimga tashxis qo‘yishim mutlaqo imkonsiz ekanini bilib qoldim, chunki ularning kasallik alomatlari hamisha ayni va bir xil edi: “ichim og‘riydi” va “na yeyish, na ichishga holim yo‘q”.
Deylik, huzurimga keksa ayol keladi. Kampir tortinib, o‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘i bilan burnini artganicha qo‘ynidan ikkita tuxum chiqazadi, shunda, bir soniyaga ayol badanining jigarrang terisi ko‘rinib ketadi, keyin tuxumlarni stolga qo‘yadi. So‘ngra ayol o‘pichini tamg‘a qilib bosish uchun qo‘llarimni ushlab olishga intiladi. Men qo‘llarimni tortganimcha kampirga uqtirmoqchi bo‘laman: “Bo‘ldi-bo‘ldi, xola… qo‘ying-da endi… men, axir, ruhoniymasman-ku… bu menga joiz emas… Qayeringiz og‘riyapti?”
– Ichim og‘riyapti, panich, ichim burab og‘riydi, na bir tomchi suv ichaman, na bir narsa yeyman.
– Anchadan buyon shunday og‘riyaptimi?
– Itim biladimi? – deydi javoban savolimga savol bilan. – Shunday burab og‘riydi, burab og‘riydi. Bir nima icholmayman ham, yeyolmayman ham.
Qo‘rqmay aytishim mumkinki, muayyan alomatlardan boshqa biror kasallik topilmaydi.
– Siz ko‘pam tashvishlanavermang, – deb ko‘nglimni ko‘tardi unterlarning idora xizmatchisi, – o‘z-o‘zidan tuzalib ketadilar. Xuddi itlarga o‘xshab kasali ichida yopishib qotib qoladi. Sizga bir narsani aytib qo‘yay, men faqat bittagina dorini ishlataman, u ham bo‘lsa – novshadil spirti. Oldimga bir dehqon keladi. “Senga nima kerak?” – “Men, deydi, kasalman…” Men darrov unga novshadil spirti shishasini tutaman. “Hidla!” Hidlaydi… “Yana qattiqroq… hidla!..” Hidlaydi… “Ha, bosildimi?” – “Bosilib qolganga o‘xshaydi…” – “Bo‘pti, boraver, Xudo yor bo‘lsin”.
Ustiga ustak, ana shu qo‘l o‘pishlardan ko‘nglim ketadigan bo‘ldi (ayrimlari bo‘lsa, shundoq oyog‘imga yiqilib, jon-jahdlari bilan etigimni o‘pishga intilardilar). Bu, aslida, chin ko‘ngildan chiqqan harakat emas, balki asrlar bo‘yi qullik va tajovuzkorlik bilan odamlarning qon-qoniga singdirilgan ayanchli, xunuk odat edi. Mening eng hayron qolganim shu ediki, ana shu unterlar idora xizmatchisi va uryadniklarning o‘zlari dehqonlar lablariga shunday viqor va kibr bilan qip-qizil, kattakon panjalarini tutardilar…
Endi birgina ovunchim ov qolgandi, xolos. Yanvarning oxiriga kelib, shunday ob-havo bo‘lib turganidan ov qilishning hech bir imkoni bo‘lmadi. Xudoning bergan kuni dahshatli shamol esdi, bo‘ron turdi, bir kechada qor uzra qattiq, muzsimon qatlam paydo bo‘ldiki, quyon muz ustidan iz qoldirmay yugurib ketadigan bo‘ldi. Uy ichini qattiq bekitib, shamol uvillashiga quloq tutib o‘tirgan ko‘yim shunday qattiq zerikar, shunday siqilar edim… Mening o‘ta jonkuyarlik bilan o‘rmon qorovuli Yarmolaning savodini chiqarishga urinishday beozor mashg‘ulotga uringanim sababi endi anglashilgandir. Orqamga o‘girildim va qarshimda odatdagiday yumshoq chiptakavushda sassiz menga yaqin kelgan Yarmolani ko‘rdim.
– Nima bo‘ldi, Yarmola? – deb so‘radim.
– Mana, qarab turib, sizning yozishingizga hayron qolaman-da. Qaniydi men ham… Yo‘q, yo‘q… bundaymas, siznikiga o‘xshabmas, – xijolat tortib, shoshilib dedi Yarmola, mening kulimsiganimni ko‘rib. – Men faqat ismi sharifimni…
– Bu senga nima uchun kerak? – ajablandim men… (Shuni aytish kerakki, Yarmola butun Perebrodda eng kambag‘al va eng dangasa dehqonlardan hisoblanardi; olgan moyanasi va dehqonchiligidan tushgan daromadini ichib qo‘yadi; unikiday yomon ho‘kizlar shu yaqin-atrofda, hech bir joyda topilmaydi. Mening fikri ojizimcha, unga hech bir zamonda savodning zaruriyati tug‘ilmaydi.) Men yana o‘smoqchilab undan so‘radim: – Nima uchun ismi sharifingni yozishni bilishing kerak bo‘lib qoldi?
– Qarang, ahvol bunaqa, – javob berdi Yarmola kutilmaganda mayinlik bilan, – qishlog‘imizda birorta savodli kimsaning o‘zi yo‘q. Qanaqadir qog‘ozga qo‘l qo‘yish kerakmi yoki bo‘lisda bir ish chiqadimi, yo biror… hech kimning qo‘lidan kelmaydi… Oqsoqolning bilgani muhr bosish, nimaga muhr bosayotganini, unda nima yozilganini o‘zi bilmaydi… Agarda biror kimsa qo‘l qo‘yishni bilganida edi, hammamiz uchun yaxshi bo‘lardi, deyman-da.
Yarmolaning, g‘irt brakoner, boqibeg‘am daydining, fikri bilan qishloq yig‘ini hatto hisoblashmaydigan odamning bunday kuyunchakligi, uning jamiyat manfaati haqida shu tariqa qayg‘urishi meni negadir to‘lqinlantirib yubordi. Men uni yozishga o‘rgatishni o‘zim taklif etdim. Men o‘zimni azobga qo‘ydim – uni ongli ravishda o‘qish va yozishga o‘rgatish ishi juda mashaqqat edi! O‘z o‘rmonining har bir so‘qmog‘ini, har bir daraxtini mukammal biladigan, kunduzmi-tunmi, duch kelgan joyni mo‘ljalga oladigan, butun boshli tevarak-atrof bo‘rilari, quyonlari, tulkilari izlarini farq qila oladigan Yarmola, ana shu o‘rmon bilimdoni Yarmola, “m” harfi bilan “a” harfi birga qo‘shilib yozilganda nima uchun “ma” hosil bo‘lishini sira aqliga sig‘dirolmasdi. Odatda u bunday vazifa ustida o‘n daqiqa, balki undan ham ko‘proqdir azob bilan taraddudlanar, ich-ichiga botib ketgan qora ko‘zlari, qoracha ozg‘in yuzi, qattiq qop-qora soqol va quyuq mo‘ylovlari qo‘shilib, qiyofasi aqliy taranglik, o‘ychanlikning eng so‘nggi nuqtasini ifoda etib turar edi.
– Qani, Yarmola, “ma”, degin-chi. Shunchaki “ma”, desang bo‘ldi, – deb turib olardim men uni o‘z holiga qo‘ymasdan. – Sen qog‘ozga qarama, menga qara, mana shunday. Qani, “ma”, deb ayt…
Shunda Yarmola chuqur xo‘rsindi, ko‘rsatkich tayoqchani stolga qo‘yib, bunday dedi:
– Yo‘q… aytolmayman…
– Nega aytolmaysan? Bu oson-ku, axir. Mana, men aytganimday, “ma” de-qo‘y-da, bo‘ldi.
– Yo‘q… aytolmayman, panich… esimdan chiqdi…
Bari o‘qitish usullari, yo‘l-yo‘sinlari ana shu g‘aroyib zehni pastlikka urilib, chilparchin bo‘ldi. Biroq bu narsa baribir Yarmolaning ma’rifatga bo‘lgan intilishini so‘ndirolmadi.
– Ismi sharifimni bilsam bo‘ldi! – tortinchoqlik bilan yolvorardi u mendan. – Boshqa hech nima kerakmas. Faqat ismi sharifim: Yarmola Poprujuk – bo‘ldi, shu yetadi.
Men aqliy salohiyat talab qilinadigan o‘qish va yozishga o‘rgatish fikridan tamomila voz kechdim va uni shunchaki imzo chekishga o‘rgata boshladim. Mening olamshumul hayratimga ko‘ra bu usul Yarmolaga, oz bo‘lsa-da, foydadan xoli bo‘lmadi, alalxusus, ikkinchi oyning oxiriga kelib, biz uning sharifini yozishni deyarli uddaladik. Ismga kelsak, vazifa yengillashgani bois, biz uni yozishdan voz kechmoqchi bo‘ldik.
Kechalari, Yarmola pechga o‘t yoqib bo‘lgach, men uni chaqirishimni sabrsizlik bilan kutadigan bo‘ldi.
– Qani, Yarmola, darsga, – chaqirardim men.
U yonboshi bilan stolga yaqinlashardi, unga tirsaklarini tirab, qora, dag‘al, bukilmas barmoqlari bilan qalamni ushlardi-da, qoshlarini ko‘tarib, mendan so‘rardi:
– Yozaymi?
– Yoz.
Yarmola birmuncha dadillik bilan birinchi harf – “P”ni chizadi (biz bu harfni shunday nomladik: “ikkita ustun va uning tepasiga qo‘yilgan xari”); so‘ngra u menga savol nazari bilan qaraydi.
– Nega yozmayapsan? Unutdingmi?
– Esimdan chiqibdi… – boshini o‘kinch bilan chayqaydi Yarmola.
– Ey, sen qanaqasan o‘zi-a? G‘ildirakni qo‘y.
– Ha-a! G‘ildirak, g‘ildirak!.. Bilaman… – jonlanadi Yarmola va hafsala bilan qog‘ozga yuqoriga cho‘zilib ketgan bir shaklni chizadiki, chizgani sirtdan xuddi Kaspiy dengizi ko‘rinishiga o‘xshab ketadi. U ishini tamomlagach, birmuncha payt boshini dam so‘l, dam o‘ng yonga qarab, ko‘zlarini qisganicha indamay mehnati samarasini zavqlanib tomosha qiladi.
– Nega turibsan? Davomini yozmaysanmi.
– Picha to‘xtab turing, panich… hozir.
U ikki daqiqalarcha o‘ylanib turadi-da, so‘ng jur’atsizlik bilan so‘raydi:
– Xuddi birinchisiga o‘xshabmi?
– To‘ppa-to‘g‘ri. Yoz.
Biz oz-ozdan so‘nggi harfgacha yetib keldik – “k” (ayirish belgisidan voz kechdik) harfini biz “o‘rtada dumi yon tomonlarga qiyshaygan tayoqchalari bor kaltak” deb bildik.
– Siz nima deb o‘ylaysiz, panich, – deb qolardi ba’zan Yarmola mehnat qilib bo‘lgach, qog‘ozga mehr aralash iftixor bilan termilib, – agarda besh yo olti oylarcha o‘rgansam, tamom yaxshi bilib olardim-a. Nima deysiz?

II

Yarmola pech tagida, ostki eshikchasi yonida cho‘qqayib, undagi cho‘g‘larni titardi, men bo‘lsam xona bo‘ylab diagonaliga u burchakdan bu burchakka borib-kelardim. Men hashamatli zamindor uyining o‘n ikkita xonalaridan faqat bittasini, eski divanxonani band qilib turardim. Boshqa xonalar qulflangan, ularda shtof qoplangan ko‘hna mebel, ajabtovur birinj qimir etmasdan turar, XVIII asrda ishlangan va portretlar ulug‘vorligini saqlagancha po‘panak bosib yotardi.
Tashqarida, shamol go‘yo qarib-chirib ketgan, sovqotgan, yalang‘och iblis kabi uy devorlariga urilib quturgandan-quturardi. Bo‘ron na’rasi, o‘kirig‘ida ingrash, chiyillash va yovvoyilarcha qah-qah otgan ovozlar eshitilardi. Izg‘irin kechga borib yanada kuchaydi. Tashqarida kimdir g‘azab bilan oynaga mayda quruq pichan sepib ketdi. Yaqin-atrofdagi o‘rmon betinim, pinhoniy, bo‘g‘iq ovozda xavfdan noliganday guvillardi…
Shamol bo‘sh xonalar va pechning mo‘rilariga kirib olib, shaqir-shuqur qilar edi, obdan shalog‘i chiqqan, ilma-teshik bo‘lib ketgan, yarim xaroba ko‘hna uy bexosdan g‘alati ovozlardan jonlanib qoldi, shunda men beixtiyor ko‘nglimda tahlika bilan sasga quloq tutdim. Mana, tayin nimadir oq zalda xo‘rsindi, chuqur, uzib-uzib, qayg‘uli uf tortdi. Mana, kirdilar, qayerdadir olislarda quruq, chirik pol taxtalari kimlarningdir og‘ir va ohista qadamlari ostida g‘ichirladi. So‘ngra xonamga yondosh dahlizda allakim astagina, tirishib-tirmashib eshik tutqichini siqib tortayotganday va keyin birdan jahllanib, g‘azabnok butun derazalar panjaralari va eshiklarini taqira-tuqur qilib uy bo‘ylab yeldek uchayotganday yoki mo‘rilarga kirib olib, shunday nola bilan, siqiq va uzuq-uzuq g‘ingshib, dam ovozini tobora ko‘tarib, dam pasaytirib yirtqichlarcha irillayotganday tuyuldi. Xudo biladi, xonamga bu vahimali mehmon qayerdan bostirib kelgan, birdan vujudimni muz qopladi, abajurining tepasi kuygan, yashil qog‘oz ostida xira yoritgan chiroq alangasi lipillay boshladi.
Men g‘alati, tushunib bo‘lmaydigan xavotirga tushdim. Mana, o‘yga cho‘mdim men, jimjit va seryog‘in qish kechasida eskirib to‘zgan uyda, o‘rmon va qor uyumlari orasida qolgan qishloqda, shahar turmushidan, jamiyatdan, ayol kulgisidan, insoniy muloqotlardan yuzlab chaqirim yiroqda o‘tiribman. Shunda ana shu seryog‘in oqshom nazarimda yillab va hatto o‘n yillab davom etadiganday, to kunim bitmaguncha cho‘zilib ketadiganday tuyuldi va xuddi shunday deraza ortida shamol uvillaydi, xuddi shunday faqirona yashil qog‘oz abajur ostida chiroq xira nur sochadi, xuddi shunday xonam bo‘ylab dam ortga, dam oldinga yurib turaman, xuddi shunday pech yonida indamas, ko‘zini bir nuqtaga tikkanicha Yarmola o‘tiradi – g‘alati, menga yot jonzot, yorug‘ olamdagi bari narsalarga befarq odam o‘tiradi: shuning uchun o‘tiradiki, uning uyida, ro‘zg‘orida yeyishga hech nimasi yo‘q, mening ma’nisiz, tushunarsiz, ich-ichimni kemirgan zerikish, hasratimga shohid bo‘lib o‘tiradi.
Kutilmaganda ana shu kishini toliqtiruvchi sukutni insonnikiga o‘xshash biror ovoz bilan buzishga o‘zimda chidab bo‘lmas istak sezdim va Yarmoladan so‘radim:
– Bugun bunaqa shamol qayoqdan esdi, Yarmola?
– Shamolmi? – erinchoqlik bilan boshini ko‘tarib ovoz berdi Yarmola. – Buni nahotki panich bilmasa?
– Albatta, bilmayman-da. Men qayerdan bilaman?
– Rostdan ham bilmaysizmi? – birdan jonlandi Yarmola. – Bunisini men sizga aytaman, – so‘zida davom etdi ovozida sirli ohang bilan, – buni men sizga aytay: o‘sha alvasti xotin bolaladi, o‘sha jin o‘yin-kulgi qilyapti.
– Alvasti xotin deganing, sizningcha, jodugar ayolmi?
– Ha-a, shunday, jodugar.
Men qiziqqandan-qiziqib Yarmolaga tikildim. “Kim biladi, – o‘yladim men, – ehtimol undan sehrgarlikka, ko‘milgan xazina, vovkulaklarga aloqador biror-bir qiziqarli rivoyatni bilib olishning evini qilarman…”
– Xo‘sh, bu yerda, Poleseda jodugarlar bormi? – so‘radim men.
– Qaydam… Bo‘lsa bordir, – Yarmola javob berarkan, boyagiday loqaydlik bilan yana pechkaga egildi. – Qariyalar, qachonlardir bo‘lgan, deydi… Balki bu gap noto‘g‘ridir…
Bir onda hafsalam pir bo‘ldi. Yarmolaning tabiatiga xos bo‘lgan jihat uning kamgapligi edi, men undan ortiq biror qiziqarli gap olaman, deb umid ham qilmay qo‘ydim. Lekin u banogoh odamni hayron qoldirib, go‘yo menga emas, gurillab turgan pechkaga qarata erinib, loqayd gap boshlab qoldi:
– Besh yil ilgari bu yerda shunday alvasti bo‘lardi… Faqat yigitlar uni qishloqdan quvib chiqardilar!
– Qayerga haydadilar?
– Qayoqqa?.. O‘rmonga-da… Yana qayoqqa bo‘lardi? O‘sha la’nati uyasidan bitta payrahayam qolmasin deb kulbasiniyam buzib tashladilar… Alvastini o‘zini bo‘lsa qishloqdan chiqarib yubordilar bo‘yniga tamg‘a osib.
– Nega uni bunday qilishdi?
– Alvastini zarari ko‘p bo‘ldi. Uylar ostiga zaharli o‘t damlamasini sepib chiqdi, chilvir o‘radi… Alvasti bir marta qishloqdagi bir juvondan zlota (o‘n besh tiyin) so‘rabdi. U alvastiga: “Mening zlotam yo‘q, bor, jo‘na”, debdi. “Endi yaxshilikcha, debdi alvasti, menga nima uchun va qanday qilib zlota bermaganingni eslab qol…” Panich, nima deb o‘ylaysiz, o‘shandan beri juvonning bolasi og‘ridi. Og‘ridi, og‘ridi, keyin tamom o‘lib qoldi. O‘shanda-da, yigitlar alvastini quvib yubordilar, uning ko‘zlari o‘yilib tushsin…
– Hozir o‘sha alvasti xotin qayerda bo‘lishi mumkin? – so‘radim men qiziqib qolib.
– Alvastimi? – odaticha imillab qayta so‘radi Yarmola. – Bilamanmi?
– Nahotki, uning qishloqda hech kimi qolmagan bo‘lsa?
– Yo‘q, qolmagan. U bizlarga yot, bir yulg‘ich urug‘danmi yo lo‘lilardanmi edi… Alvasti qishlog‘imizga kelganida men yosh yigitcha edim. Yonida bir qizcha bor edi: qizimi yo nevarasimi… Ikkoviniyam haydab chiqardilar…
– Endi nahotki uning oldiga hech kim bormasa: fol ochdirgani yoki bo‘lmasa, biror damlama so‘rab?
– Xotinlar borib yuradi, – deb qoldi parvosizlik bilan Yarmola.
– Oho! Demak, baribir uning qayerda turishi ma’lum ekan-da, xo‘sh, u qayerda yashaydi?
– Bilmayman men… Odamlar, Bisov Kutga yaqin qaydadir yashaydi, deb aytadi… Botqoqni bilasizmi, Irinov shlyaxining (katta yo‘l) narigi tomonida. Shunaqa, u o‘sha yoqdagi botqoqda, o‘tiradi-da, onasini emsin.
“Jodugar xotin men turgan uydan, uzog‘i bilan, o‘n chaqirimlarcha narida yashaydi… haqiqiy, tirik, Polese alvastisi!” Bu fikr meni bir zumda qiziqtirib qo‘ydi va to‘lqinlantirib yubordi.
– Menga qara, Yarmola, – deya o‘rmon qorovuliga yuzlandim, – men u bilan, o‘sha jodugar ayol bilan qanday uchrashsam bo‘larkin?
– Tuf-e! – tupurdi Yarmola achchiqlanib. – Topgan gapingizni qarang-a, yaxshimi shu?
– Yaxshimi-yomonmi, baribir men uning oldiga boraman. Faqat kun bir oz isisin, shu zahotiyoq yo‘lga chiqaman. Menga hamroh bo‘larsan, albatta?
Mening oxirgi aytgan gaplarim Yarmolani shunday esankiratib qo‘ydiki, hattoki o‘tirgan joyidan sapchib turib ketdi.
– Men-a?! – xitob qildi u qahr bilan. – Hech qachon! Xudo biladi, sizni qanday kulfatlarga yo‘liqtiradi, men bormayman.
– Ahmoqlikni bas qil, borasan.
– Yo‘q, panich, bormayman… o‘lib qolsam ham bormayman… Men-a?! – u hayqirdi yanada qahr-g‘azabga to‘lib. – Men endi o‘sha alvasti uyasiga boraymi? Xudo saqlasin! Sizgayam maslahat bermayman, panich.
– O‘zing bilasan… men baribir boraman. Men uni ko‘rishga juda qiziqyapman.
– Qiziqadigan hech bir joyi yo‘q, – to‘ng‘illadi Yarmola pech eshikchasini taraqlatib yopib.
Oradan bir soatlarcha o‘tdi, u samovarni olib ketdi, qorong‘i dahlizda choyini ichib, uyiga otlanarkan, men undan so‘radim:
– O‘sha jodugarning oti nima?
– Manuylixa, – deb javob berdi Yarmola qo‘pollik bilan xushlamasdan.
U, garchand hech qachon ko‘nglidagi tuyg‘ularini oshkor qilmagan bo‘lsa-da, aftidan, menga qattiq bog‘lanib qolgandi; bizning ovga bo‘lgan umum havas-u ishtiyoqimizga, kamtarona muomala qilishimga, doimo ochin-to‘qin yashaydigan oilasiga ahyon-ahyonda ko‘rsatadigan yordamimga, asosiysi, Yarmola sira chidolmaydigani, butun dunyoda birgina men uning piyanistaligini yuziga solib, ta’na qilmasligimga o‘rganib qolgandi. Shu tufayli ham mening jodugar xotin bilan tanishish haqidagi qarorim uning kayfiyatini buzib, juda yomon ahvolga solib qo‘ygandi, u buni faqat qattiq pishillab ifoda etdi, eshik oldiga chiqqach, jon-jahdi bilan iti – Ryabchikning biqiniga bir tepdi. Ryabchik dabdurustdan dovdirab qoldi, angillab yubordi va irg‘ib, o‘zini bir chekkaga otdi, lekin shu zahoti akillagancha Yarmolaning izidan ergashdi.

III

Oradan uch kun o‘tdi, havo ham isib qoldi. Bir kuni saharmardonda Yarmola xonamga kirib keldi-da, sovuqqonlik bilan shunday dedi:
– Miltiqni tozalash kerak, panich.
– Nima? – so‘radim men adyol ostida kerishib.
– Quyon tunda rosa kezib yuripti: izlar ko‘p. Balki ovga chiqarmiz?
Men Yarmolaning o‘rmonga borishga sabri chidayolmayotganini ko‘rdim, lekin u ko‘nglidagi ana shu ovchilarga xos sabrsiz ishtiyoqini soxta loqaydlik ostiga yashirardi. Haqiqatan, dahlizda uning bir og‘izli miltig‘i turardi, garchand zang va porox gazi ilma-teshik qilib kemirgan quvur og‘zi tevaragiga qalaydan yamoq solinib, bezalganiga qaramay, bu miltiqdan hali birorta ham loyxo‘rak qochib qutulmagandi.
Biz endigina o‘rmonga yetib kelganimizni bilamiz, shu zahoti quyon iziga yo‘liqdik: ikkita panja yonma-yon va ikkitasi orqada, birining ketidan ikkinchisi turardi. Quyon yo‘lga chiqqan, ikki yuz sarjin yurgan-da, so‘ng yo‘ldan yosh qarag‘ayzorga katta-katta sakrab o‘tib ketgan.
– Endi uni aylanib o‘tamiz, – dedi Yarmola. – Anuv qoziq belgi berdi, hozir shu yerda yotadi. Siz, panich, boravering… – U meni qaysi tomonga yo‘llash uchun faqat o‘zigagina ma’lum alomatlarni mushohada qildi. – Siz eski qovoqxonagacha boravering. Men Zamlindan uning yo‘lini kesib o‘taman. It quyonni quvib yetganida, sizga kalta-kalta ovoz beraman.
U shu zahoti g‘oyib bo‘ldi, chamasi, quyuq chakalakzorga sho‘ng‘ib kirib ketdi. Men diqqat bilan quloq soldim. Yarmola brakonerlarga xos yurishida qilt etgan ovoz chiqarmadi, chipta kavush kiygan oyoqlari biror butoqchani “qirs” etib sindirmadi.
Men shoshmasdan eski qovoqxonagacha – kimsasiz, xarobaga aylangan kulbagacha keldim, ignabargli o‘rmon yoqasiga borib, tikka yalang‘och tanali baland qarag‘ay ostida turdim. Atrofda toshday sukunat hukm surardi, shamolsiz kun qish payti faqat o‘rmongina shunday jimjit bo‘ladi. Daraxtlar shoxlarida osilib qolgan qalin qor parchalari butoqlarni pastga tortib egardi, bu bilan ularga mo‘jizavor, hashamdor va sovuq manzara bag‘ishlardi. Vaqt-vaqti bilan tepadan ingichka novdacha uzilib tushar va favqulodda yerga tusharkan, uning boshqa novdalarga urilib chirsillagan ovozi aniq-tiniq eshitilardi. Qor quyosh nurlari ostida pushtirang bo‘lib tovlanar, soyada esa ko‘kish tusga kirardi. Atrofni ana shu tantanavor, sovuq tabiat sukutining osoyishta jozibasi chulg‘ab olgandi va nazarimda vaqt asta va sassizgina mening shundoq yonimdan o‘tib ketayotganini his qildim…
Birdan olisdan, naq chakalakzordan Ryabchikning vovullashi – jonivor ortidan quvib borayotgan itga xos hurish: ingichka, jarangdor va angillagan asabiy ovoz taraldi. Men shu on it izidan darg‘azab Yarmolaning qichqirganini ham eshitdim: “O‘l – dir! O‘l – dir!”, birinchi bo‘g‘in o‘tkir, cho‘ziq faltset – juda baland ovozda, ikkinchisi esa – uzuq-uzuq bas tovush notasida aytildi (men buni oradan ko‘p vaqtlar o‘tgach, Polese ovchilarining hayqirig‘i “o‘ldirmoq” fe’lidan kelib chiqqanini surishtirib bilib oldim).
Nazarimda, vovullash ovozi yo‘nalishiga ko‘ra it chap tomonimda quvib borayotganga o‘xshadi, men shunda hayvonni tutib qolmoqchi bo‘lib, shosha-pisha o‘rmon orasidagi yalanglikdan chopdim. Ammo uni tutishga ulgurolmay qoldim va yigirma qadamlar qolganda kattakon kulrang quyon kunda yonidan lip etib sakradi-da, chiqib ketdi, xuddi shoshmayotganday, uzun quloqlarini orqaga tashlagancha, baland-baland, ahyon-ahyonda sakrab-sakrab yo‘ldan yugurib, kesib o‘tdi va o‘rmonga kirib g‘oyib bo‘ldi. Quyon izidan Ryabchik shitob bilan uchib keldi. It meni ko‘rib, dumini ojizlarcha silkidi, shoshilib tishlari bilan qor tishladi-da, yana quyonni quva ketdi.
To‘satdan Yarmola xuddi shunday ovoz chiqarmay chakalakzordan chiqib keldi.
– Nima bo‘ldi, panich, yo‘lda quyonni tutib qololmadingizmi? – deya qichqirdi u ta’na bilan tilini taqillatib.
– Ora uzoq bo‘ldi-da… ikki yuz qadamdan ko‘p.
Yarmola mening xijolat bo‘lganimni ko‘rib, yumshadi.
– Hechqisi yo‘q… quyon bizdan qochib qutulolmaydi. Irinov shlyaxiga qarab boravering, hozir u o‘sha yoqdan chiqib keladi.
Men Irinov yo‘li tomonga jo‘nadim va oradan ikki daqiqalar o‘tgach, it quyonni qayerdadir menga yaqin quvib kelayotganini eshitdim. Ovchilik hayajoni vujudimni qamrab oldi, miltiqni qiya tutganimcha quyuq changalzorlar orasidan betlarimga butalar qattiq urilib ozor berishiga parvo ham qilmay, shox-butoqlarni sindirib yugurdim. Men uzoq yugurdim va nafasim tiqilib qoldi, shunda birdan it vovullashi tinib qoldi. Yo‘limda indamay ketaverdim. Agarda to‘g‘riga yuradigan bo‘lsam, Irinov yo‘lida Yarmola bilan tez orada uchrashishimga amin edim, yugurgan vaqtim butalarni egib, to‘nkalardan o‘tdim, endi yo‘lni umuman o‘ylamay qo‘ydim, shu tufayli adashib qoldim. Shunda men “Yarmola!”– deb chaqira boshladim. U ovoz bermadi.
Shu asnoda men o‘ylamasdan ketaverdim, o‘rmon asta-sekin siyraklashib bordi, tuproq to‘kilib tushib, yo‘l o‘ydim-chuqur bo‘lib bordi. Qorda oyog‘im qoldirgan iz birpasda qorayib, suvga to‘lib qoldi. Necha marta tizzam bilan qoqilib yiqildim. Men u do‘nglikdan bu do‘nglikka hatlab o‘tdim; oyoqlarimni tanakor mox, yo‘sin qoplangan joylarda xuddi mayin gilamni bosganday bosgandim, botib qoldi.
Butazor tezda tugab qolddi. Qarshimda qor qoplangan katta yumaloq botqoqlik paydo bo‘ldi, oppoq qor pardasi uzra u yer-bu yerda do‘ngliklar dikkayib ko‘rinib turardi. Botqoqlik poyoni, qarama-qarshi tarafda daraxtlar orasida qandaydir kulbaning oq devorlari ko‘zga tashlandi. “Balki bu yerda Irinov o‘rmoni qorovuli yashar, – xayol qildim men. – Borib, undan yo‘lni surishtirsammikin”.
Biroq kulbagacha yetish unchalik oson emasdi. Yuraman desam, har qadamda botqoqqa botib qolaverdim. Etigimning ichi suvga to‘ldi va shunday shalop-shalop qilib yurishning o‘zi bo‘lmadi.
Nihoyat, men botqoqlikdan bir amallab o‘tib oldim, kichkina bir do‘nglikka chiqdim, endi o‘sha kulbani yaxshilab ko‘rib olishim mumkin edi. Bu hattoki kulba ham emas, aynan ertaklarda tasvirlanmish yalmog‘iz kampirning uychasi edi. Kulba yerga tegmay turardi, chunki qoziqoyoqlarga o‘rnatib qurilgandi, ehtimol bahor paytlari butun Irinov o‘rmonini bosib ketadigan suv toshqinlari sababli uy shunday solingandir. Biroq uychaning bir tomoni cho‘kib qolgan bo‘lib, bu unga allaqanday oqsoqlik va qayg‘uli tus berib turardi. Derazalarning bir nechta ko‘zi oynasiz, ularga allaqanday uvada lattalar ilingan bo‘lib, tashqaridan do‘ppayib chiqib turardi.
Men surma zulfinni ko‘tarib, eshikni ochdim. Uy ichi zim-ziyo edi, qorda uzoq yurganimdanmi, ko‘z oldimda siyohrang halqachalar paydo bo‘ldi, shu bois, ichkarida birov bor-yo‘qligini payqamadim.
– Ey, yaxshi odamlar, uyda birov bormi? – so‘radim men baland ovozda.
Pechka atrofida nimalardir g‘imir-g‘imir qila boshladi. Men yaqinroq kelib, yerda o‘tirgan bir kampirni ko‘rdim. Oldida bir dunyo tovuq pati. Kampir har bitta patning tukini yulib, oldidagi savatga qo‘yar, cho‘pini esa yerga tashlardi.
“Ha, axir, bu – Manuylixa, Irinov alvastisi-ku”, – miyamga shu fikr kelib urildi, men kampirga e’tibor bilan tikildim. Xalq ertak-dostonlarida tasvirlangani kabi uning butun turqi tarovati yalmog‘iz kampirning ayni o‘ziman deb turardi: qoq chakaklari, ichiga kirib ketgan uchli, uzun, qurushqoq iyagi, egik burni; tishsiz og‘zi tayin nimanidir kavshanayotganday betinim qimirlab turardi, rangi o‘chgan, qachonlardir moviyrang bo‘lgan ko‘zlari, sovuq, shishgan, kalta qip-qizil qovoqlari ostida xuddi g‘aroyib vahimali, shum qushga o‘xshab boqardi.
– Yaxshimisiz, momo! – dedim men imkon qadar xushmuomalalik bilan. – Siz Manuylixasiz-ku, shunday deyishadi, to‘g‘rimi?
Javoban kampirning ko‘kragida nimadir quldiradi, xirilladi; so‘ngra tishsiz, kavshangan og‘zidan dam nafasi qaytgan qari qarg‘aning qag‘illashiga, dam vishillagan, uzuq-yuluq chinqiriqqa o‘xshash g‘alati ovozlar otilib chiqdi:
– Balki ilgari yaxshi odamlar Manuylixa deb atagan bo‘lishlari mumkin… Hozir bo‘lsa, oti yomon oypora, tevaragi qop-qora. Senga nima kerak o‘zi? – so‘radi u ro‘yxushlik bermasdan va qilayotgan ishidan to‘xtamasdan.
– Ko‘rmaysizmi, momo, adashib qoldim. Balki uyingizda sut topilar?
– Sut yo‘q, – jahl bilan gapni kesdi kampir. – O‘rmonda yuruvchilar ko‘p bo‘lsa… Hammasini ichirib bo‘ladimi, yedirib bo‘ladimi?
– Momojon, juda odamovi chiqib qoldingiz-ku.
– To‘g‘ri, otaginam: shunaqaman. Sizlarga anvoyi noz-ne’matlar hozirlab qo‘ymaganmiz. Toliqdingmi – o‘tir, seni hech kim uyimdan haydab chiqarmaydi. Bir maqol bor, ma’nosini bilasanmi: “Supamizga keling o‘tirgani, bazmimiz sadosini eshitgani, biz siznikida qanday ziyofat yeyishni o‘zimiz bilamiz”. Ana shunaqa…
Men so‘zlash yo‘sinidan kampirning chindan ham bu o‘lkaga kelgindi ekaniga ishonch hosil qildim; bu yerda so‘zamol shimollik kishi so‘zlaganiday, terib-terib atayin nutqini maqtanib, o‘tkir, noyob iboralar, aqlli so‘zlar bilan bezab gapirishni yoqtirmaydilar. Shu asnoda kampir qo‘li ishda, hamon dimog‘ida bir-biriga sira aloqasi yo‘q nimalarnidir ming‘irlardi: “Mana senga Manuylixa momo… Kimsan o‘zing – allakim, tayinsiz… Yashar yoshim yosh emas… Oyoqlarim pitir-pitir, chig‘ir-chig‘ir, toza zag‘izg‘on…”
Men bir necha muddat indamay tinglab o‘tirdim, birdan ko‘nglimga qarshimda jinni xotin turibdi, degan gap keldi-yu, bu menda ayanchli qo‘rquv hisssini uyg‘otdi.
Bu orada tevaragimni ko‘zdan kechirib chiqishga ulgurdim. Uychaning aksar qismini chekkalari nurab tushgan pech egallagandi. Old tomondagi burchakka ikona ilib qo‘yilmagandi. Devorlarda yashil mo‘ylovli va siyohrang it yetaklagan oddiy ovchilar va biror kishi tanimaydigan generallar portretlari o‘rniga bir bog‘ quritilgan o‘t-giyoh, quruq ildiz-tomirlar shodasi va oshxona idish-tovoqlari osig‘liq edi. Bu yerda na boyqush, na qora mushuk borligini payqadim, biroq pechdan bir juft yirik, olashaqshaq menga taajjub va ishonchsiz kepatada qarab turardi.
– Momojon, aqalli suvingizdan ichsam bo‘ladimi? – deya so‘radim ovozimni ko‘tarib.
– Ana, ichaver, – bosh irg‘adi kampir kadkani, yoni tik yog‘och bo‘chkani ko‘rsatib.
Suvdan botqoq hidi kelib turardi. Men kampirga minnatdorlik bildirdim (u bunga zarracha ham ahamiyat bergani yo‘q), keyin undan, katta yo‘lga qanday chiqaman, deb so‘radim.
Kampir birdan boshini ko‘tardi, qushnikiga o‘xshash ko‘zlari bilan menga boshdan-oyoq sovuq nazar solib chiqdi va shosha-pisha to‘ng‘illadi:
– Bor, boraver… Bor, balli, yo‘lingdan qolma. Bu yerda qiladigan ishing yo‘q sening. Mehmon degan quruq qo‘l bilan keladimi… Bor, otaginam, ketaver…
Chindan ham mening ketishdan boshqa ishim qolmagandi. Biroq birdan ko‘nglimga bu badjahl kampirni biroz bo‘lsa-da, yumshatish uchun so‘nggi usulni qo‘llash fikri kelib qoldi. Men kissamdan yap-yangi yigirma besh tiyinlik kumush tanga chiqarib, unga uzatdim. Yanglishmabman: kampirsho pulni ko‘rib, g‘imirlab qoldi, ko‘zlari yanada kattaroq ochildi va u changak bo‘lib ketgan, g‘adir-budur, titroq barmoqlari bilan tanga tomon uzaldi.
– E, yo‘q, Manuylixa momo, bekorga berib bo‘pman, – dedim uning jig‘iga tegib, tangani opqocharkanman. – Qani, fol ko‘rib qo‘ying-chi.
Alvastining qizg‘ish, ajin bosgan yuzi norozi bo‘lib burishdi. U, aftidan, tanga qisilgan mushtimga ikkilanib va qat’iyatsizlik bilan qaradi. Biroq uning ochko‘zligi ustun keldi.
– Qani, qani, ke bu yoqqa, – u arang yerdan turarkan, tamshandi. – Hech kimga fol ochmay qo‘yganman, o‘g‘lim. Esimdan chiqib ketgan… Qaridim, ko‘zlarim ko‘rmaydi… Mayli, faqat sen uchun ko‘rib beraman.
U devorni ushlagancha, har bir qadamda qaltirab, butun gavdasi bilan bukchaygancha stolga yaqin keldi, vaqtlar o‘tishi bilan shishib, eskirgan kulrang bir dasta qarta oldi, ularni chiyladi-da, men tomon surdi.
– Qani sur-chi … Chap qo‘ling bilan sur… Chin dildan…
Barmoqlarini tuflab-tuflab, u avval qartalarni yoyib chiqdi. Qartalar xuddi xamir zuvalalar tushayotganda “po‘p-po‘p” deya ovoz chiqargani kabi stolga to‘kila boshladi va to‘g‘ri sakkiz yulduzga joylanib chiqdi. So‘nggi qarta rasmidagi ko‘ylak qirol ustiga tushgan mahal Manuylixa menga qo‘lini uzatdi.
– Haqini berib qo‘y, saxiy to‘ram… Baxtli bo‘lasan, boy bo‘lasan, badavlat bo‘lasan… – ashula qilib aytdi u gadoylarga o‘xshab sof lo‘licha ohangda.
Men unga tayyorlab qo‘ygan tangamni berdim. Kampir xuddi maymunlarday epchillik bilan tangani darrov yuzini burib, yashirdi.
– Senga olis yo‘ldan katta talab chiqyapti, – u odatiy tez aytish tarzida gap boshlab. – G‘ishtin motka bilan uchrashuv va katta uyda qandaydir ko‘ngilli suhbat bo‘ladi. Tez orada chillik qiroldan kutilmaganda xabar olasan. Boshingga har xil tashvishlar tushadi, so‘ng yana qaydandir uncha ko‘p bo‘lmagan pullar keladi. Zo‘r ulfatchilikka borasan, mast bo‘lasan… Qattiq mast bo‘lmaysan, baribir ichkilik senga borib taqaladi. Agar oltmish yettiga kirib o‘lmasang, unda…
U birdan to‘xtab qoldi, aniq bir nimani tinglaganday boshini ko‘tardi. Men ham sergak tortdim. Qandaydir ayol ovozi, toza, jarangdor va ta’sirli ovoz kulbaga yaqinlashib kuylab kelmoqda edi. Men ham go‘zal malorus qo‘shig‘ining so‘zlarini tanidim:

Oy chi tsvit, chi ne tsvit,
Kalinonku lomit.
Oy chi son, chi ne son
Golovonku klonit.

– Qani, tur, endi boraver, lochinim, – dedi kampir xavotirli ovozda bezovta bo‘lib, meni qo‘li bilan stoldan chetlashtirarkan. – Begonalarnikida sandiroqlashni bas qil, xo‘pmi? Bor, yo‘lingdan qolma…
Kampir hattoki kurtkam yenglaridan ushlab olib, eshik tomon sudradi. Basharasida qandaydir yirtqichlarcha bezovtalik aks etdi.
Qo‘shiq kuylagan ovoz birdan kulbaga juda yaqin kelib uzildi, temir surma zulfin jaranglab ochildi va tez ochilgan eshik yorig‘ida bo‘ychan, kulib turgan qiz ko‘rindi. Qiz ikkala qo‘llari bilan yo‘l-yo‘l peshbandini avaylab ushlab olgan edi, undan qip-qizil bo‘yinli va qop-qora chiroyli ko‘zchali uchta mitti boshchalar mo‘ralab turardi.
– Bunga qarang, buvijon, qizilto‘shlar orqamdan ergashdilar, – deya xitob qildi qiz baland ovozda kulib. – Qarang, qanday kulgili… Juda ochiqqan. Aksiga olib, yonimda non ham yo‘q ekan.
Biroq qizning ko‘zi menga tushdi, to‘satdan jim bo‘lib qoldi va yonoqlari lovullab yondi. Qizning ingichka qora qoshlari norizo chimirildi, ko‘zlari kampirga savol nazari bilan qaradi.
– Mana, to‘ram kelgan ekan… Yo‘lni surishtirib turuvdi, – tushuntirdi kampir. – Qani, otaginam, – kampir qat’iyat bilan menga o‘girildi, – salqinlaganing yetar. Suvniyam ichding, gaplashding, endi haqqing qolmadi, uyat-da endi. Biz sening ulfatingmasmiz…
– Menga qara, yaxshi qiz, – dedim qizga yuzlanib. – Menga Irinovga chiqadigan yo‘lni ko‘rsatib yuborolmaysanmi, bo‘lmasa, yuz yil o‘tsayam, ana shu botqog‘ingizdan chiqib ketolmayman.
Mening mayinlik bilan, iltimos qilib aytgan so‘zlarim qizga ta’sir qilgan bo‘lsa bordir. Qiz olib kelgan qizilto‘sh qushlarini olashaqshaqlar yoniga, pechga avaylab qo‘ydi, yechgan kalta svitkasi – keng ko‘ylagini xarrakka tashladi-da, indamay uydan chiqdi.
Men uning ketidan ergashdim.
– Sening hamma qushlaring qo‘lga o‘rgatilganmi? – so‘radim men qizni quvib yetarkanman.
– Qo‘lga o‘rgatilgan, – javob berdi qiz qisqa qilib va hatto menga qaramasdan. – Mana, qarang, – dedi u chetan devor oldida to‘xtab. – Anavi so‘qmoqni ko‘ryapsizmi, ana, ana, qarag‘aylar o‘rtasidan o‘tgan? Ko‘ryapsizmi?
– Ko‘ryapman…
– O‘sha so‘moqdan to‘g‘riga ketavering. Eman kundasigacha borasiz-da, keyin chapga qayrilasiz. Shunday to‘g‘riga qarab ketaverasiz, o‘rmon, ha, o‘rmon ichidan yuring. Ana, keyin yo‘lingizdan Irinov shlyaxi chiqadi.
Qiz o‘ng qo‘lini cho‘zib, yo‘lga qanday chiqishni ko‘rsatayotgan mahal, men beixtiyor unga mahliyo bo‘lib qarab qoldim. U tub yerlik, yuzini xunukdan-xunuk qilib peshonasi, keyin og‘zi va iyaklarini yashirib o‘rab olgan “divchina”, ya’ni “qizgina”larga sira o‘xshamasdi, o‘sha qizginalarning qiyofasi hamisha bir xilda qo‘rquvni ifodalab turardi. Menga notanish yigirma-yigirma besh yoshlar atrofidagi baland bo‘yli qoramag‘iz bu qiz qaddini yengil va tik tutardi. Keng, oppoq ko‘ylagi qomatida to‘kilib, yosh qizning bo‘liq ko‘ksini chiroyli chirmab turardi. Qizning o‘ziga xos go‘zal chehrasini bir marta ko‘rsang unutolmaysan, biroq yanada qiyini, bunga hatto qarab turib ham uni tasviflab berish bo‘lsa kerak. Bu chehra jozibasi ana shu katta, porlab turgan qop-qora ko‘zlarida edi, ingichka qoshlari uzuqligi bilinar-bilinmas quvlik, shaddodlik va soddalik ifodasini aks ettirib turardi; yuzining qoracha-pushti rangi, lablarining qaysarona nafis egikligi, ayniqsa, pastki labi qat’iyat va noz-istig‘noli ko‘rinishi bilan ajralib turardi.
– Nahotki, shunday chekka, ovloq joyda o‘zlaringiz yolg‘iz yashashga qo‘rqmasanglar? – so‘radim men devorga yetgach, to‘xtab.
Qiz bepisandlik bilan kiftlarini qisdi.
– Nega qo‘rqishimiz kerak ekan? Bu yerga bo‘rilar kelmaydi.
– Faqat bo‘rilarmi… Qor bosishi, to‘satdan yong‘in chiqib qolishi mumkin… Nimalar bo‘lmaydi. Bu yerda o‘zlaringiz yolg‘iz yashasanglar, hech kim yordam berolmaydi.
– Xudoga shukur! – qiz qo‘lini e’tiborsiz silkidi. – Bizni buvim bilan umuman tinch qo‘ysalar bo‘ldi, shunday qilishsa, yaxshi bo‘lardi, ammo…
– Nima ammo?
– Ko‘p bilsangiz, tez qariysiz, – dedi u kesib. – Siz o‘zingiz kim bo‘lasiz? – so‘radi qiz xavotir bilan.
Men, ehtimol, kampir ham, ana shu sohibjamol qiz ham ularni “tutuvchilar” tomonidan biror-bir siquv bo‘lishidan qo‘rqayotgandirlar, deb taxmin qildim va uni tinchlantirishga urindim:
– O! Iltimos, xavotir olma. Men uryadnik ham, kotib ham, aktsiz soliqchisi ham, qisqasi, kattalardan hech biri emasman.
– Siz chin gapiryapsizmi?
– Senga so‘z berib aytishim mumkin, to‘g‘ri. Xudo haqqi, men hech narsalarga aloqasi yo‘q, eng chetdagi, begona odamman. Men shunchaki bu yerlarga bir necha haftaga mehmon bo‘lib kelganman, xolos, so‘ng ketaman. Agar istasang, men hattoki bu yerga kelganimni, sizlarni ko‘rganimni hech kimga aytmayman. Sen menga ishonasanmi?
Qizning chehrasi sal yorishdi.
– Xo‘p, demak, siz aldamayotgan, to‘g‘ri gapirayotgan ekansiz. Bo‘lmasa, ayting-chi, siz ilgari biz haqimizda eshitganmidingiz yoki o‘zingiz kelib qoldingizmi?
– Hozir senga nima deyishniyam bilmayman… Eshitishga-ku eshitgandim, aytaylik, hatto sizlarnikiga yo‘l-yo‘lakay shunchaki kirib o‘tmoqchiyam bo‘lganman, bugun esa tasodifan kelib turibman – adashib qoldim… Qani, endi ayt-chi, sizlar nega odamlardan shunchalik qo‘rqasizlar? Ular sizlarga biror yomonlik qilganmi?
Qiz menga sinovchan ishonchsizlik bilan tikildi. Biroq vijdonim toza edi, men kiprik qoqmay uning ana shu sinovchan nigohiga chidab turdim. Shunda u tobora hayajoni ortib so‘z boshladi:
– Ulardan yomonlik ko‘ryapmiz… Oddiy odamlar hech nima qilmaydi, kattalar bo‘lsa… Uryadnik keladi – tashib ketadi, mirshabboshi keladi – tashib ketadi. Ilgarigiday emasmiz, nimamizniyam olardi, buvimni haqorat qiladi; sen, deydi, alvastisan, mug‘ambir, do‘zaxisan, deydi… Eh! Nimasini aytay!
– Senga tegmaydilarmi ishqilib? – og‘zimdan ehtiyotsiz savol otilib chiqdi.
Qiz o‘ziga ishonch va kibr bilan boshimdan oyog‘imgacha nazar solib chiqdi, uning qisilgan ko‘zlarida yovuz bir tantana paydo bo‘ldi…
– Tegmaydilar… Bir yer o‘lchovchi menga tegishuvdi… Qarang-a, erkalagisi kepqopti… Shunday bo‘lishiyam kerak edi, men uni shunday erkalab qo‘ydimki, to hanuzgacha esidan chiqarmasa kerak.
Ana shu istehzoli, lekin o‘zgacha, mag‘rurona aytilgan so‘zlarda shunchalar dag‘al erk, hurlik yangradiki, ko‘nglimga beixtiyor shunday o‘y keldi: “Behuda mana shu Polese qarag‘ayzor o‘rmonida katta bo‘lmagansan, – haqiqatan sen bilan hazillashish xatarli.”
– Axir, bizning biror odamga zararimiz tegmasa, – so‘zida davom etdi u menga yanada ishonch bilan qarab. – Bizga, aslida, odamlarning keragiyam yo‘q. Yiliga bir marta qishloqqa sovun bilan tuzga tushsam… Ha, yana buvimga choy olgani, buvim choyxo‘r. Hech kimni ko‘rmasam.
– Mana, ko‘ryapman, buving bilan sen odamlarga unchalik ro‘yxushlik bermas ekansizlar… Biror kun sizlarnikiga birpasga kelsam bo‘ladimi?
Qiz kulib yubordi, qiziq, kutilmaganda uning go‘zal yuzi o‘zgarib ketdi! Bu yuzda boyagi jiddiylikdan iz ham qolmadi: chehrasi birdan yorishdi, uyalib, bolalarnikiday beg‘ubor tus oldi.
– Biznikida nimayam qilardingiz? Buvim bilan men zerikarli odamlarmiz… Mayli, kelsangiz kelavering, yaxshi odamga o‘xshaysiz. Faqat bir narsa, agar biznikiga keladigan bo‘lsangiz, yaxshisi, yoningizda miltig‘ingiz bo‘lmagani ma’qul…
– Qo‘rqasanmi?
– Nimadan qo‘rqaman? Men hech nimadan qo‘rqmayman. – Yana qizning ovozida o‘z kuchiga ishonch ohangi yangradi. – Faqat men buni yoqtirmayman. Qushchalarni yoki manavi quyonlarni otib o‘ldirishning nima keragi bor? Jonivorlarning hech kimga yomonligi bo‘lmasa, ularning ham xuddi bizlarga o‘xshab yashagilari keladi. Men ularni yaxshi ko‘raman: axir, ular jimitday, shunday tentakkina… Mayli, xayr bo‘lmasa, – shoshildi qiz, – otingiz nima, bilmayman… Buvim koyiydimi, deb qo‘rqyapman.
U boshini egib, shamolda silkingan sochlarini qo‘llari bilan tutganicha kulba tomon qushday uchdi.
– To‘xta, to‘xta! – deb qichqirdim men. – Isming nima? Durustroq tanishmadik ham.
Qiz bir onga to‘xtab, menga o‘girildi.
– Ismim Alyona… Bu yerdagicha aytsak – Olesya.
Elkamga miltig‘imni tashlab, ko‘rsatilgan yo‘nalish bo‘yicha yo‘l soldim. Men torgina, arang ko‘zga ko‘rinarli o‘rmon so‘qmog‘i boshlanadigan mo‘jazgina do‘nglikka chiqib, ortimga o‘girilib qaradim. Olesyaning shamolda asta tebrangan qizil yubkasi hamon kulbaning soyabonli pillapoyasida ko‘zga tashlanib turar, qorning ko‘zni qamashtiruvchi bir tekis oppoqligida yorug‘ dog‘ga o‘xshab ketardi.
Oradan bir soatlar o‘tgach, mendan keyin uyga Yarmola keldi. Bekorchi gaplarni xushlamaslik odaticha, Yarmola bir og‘iz ham mendan qanday va qayerda adashib qolganim haqida so‘ramadi. U faqat shunchaki yo‘lakay gap qistirganday dedi:
– U yoqqa… men quyonni oshxonaga qo‘yib keldim… qovuramizmi yoki birortasiga berib yuborasizmi?
– Yarmola, bugun mening qayerga borganimni bilasanmi? – dedim men o‘zimcha o‘rmon qorovulining qanday taajjublanishini ko‘z oldimga keltirib.
– Nega bilmas ekanman? – to‘ng‘illadi Yarmola terslik bilan. – O‘sha alvastilarnikiga borganingiz ma’lum-ku…
– Sen qayerdan bilding?
– Nima uchun bilmayin? Bir mahal ovoz bermay qo‘ydingiz, bildim, keyin izingizdan tushdim… Eh, pani-ich! – qo‘shimcha qildi u ta’na va o‘kinch bilan. – Siz bunday ishlar qilmasangiz yaxshiydi… Gunoh axir!..

IV

Bahor bu yil erta, birdan kirdi va – hamishagiday Polesega – kutilmaganda keldi. Qishloq ko‘chalari bo‘ylab jo‘shqin, yerrang, yo‘lida duch kelgan toshlarni jahl bilan qo‘zg‘ab, mayda tarasha, payrahalar va g‘oz patlarini shitob bilan aylantirganicha yarqiroq jilg‘alar yugurib oqa boshladi; katta ko‘lmaklarda yumaloq, xuddi oppoq bulutlar aylanib, suzib borayotganga o‘xshash lojuvard osmon aks etdi; tomlardan ketma-ket jarangdor tomchilar tomdi. Chumchuqlar gala-gala bo‘lib yo‘l bo‘yi oq tollarga o‘tirib olganlaricha shunday baland va to‘lqinli chiriqladilarki, ularning chirq-chirqidan hech nimani eshitib bo‘lmay qoldi. Hamma yoqda hayotning quvonchli, shoshqin hayajoni kezdi.
Jarliklar va sersoya kichik o‘rmonlarda, pana-pasqam joylarda qor yumshab, irkitlanib va parcha-parcha bo‘lganicha eriy boshladi. Qor ostidan butun qish bo‘yi obdan dam olgan va endi shira-sharbatlarga limmo-lim, yangitdan ona bo‘lishga hozir, bo‘liq, yalang‘och, ho‘l va iliq yer bo‘y ko‘rsatdi, borligicha namoyon bo‘ldi. Qop-qora dalalar uzra eriyotgan yer hidi – hatto shaharda ham yuzlab islar orasidan seza olarli bahor nashidasi, mayin va qudratli kishini mast qiluvchi isiga qorishiq yengil hovur ko‘tarildi. Nazarimda, bu xush bo‘y bilan birga qalbimga bahoriy hasrat, shirin va behalovat kutish onlari hamda ko‘ngilning nomsiz tuyg‘ulari bilan birgalikda – kishi ko‘ziga bari ayollarni yaxshi ko‘rsatadigan va hamisha o‘tgan bahorlar haqida mavhum afsus-nadomat xotiralariga to‘liq shoirona qayg‘u kirib keldi. Oqshomlar iliq bo‘ldi; kechalarning quyuq namli zim-ziyosida tabiatning ko‘z ilg‘amas, pinhoniy va shoshilinch ijodkorligi sezildi…
Ana shunday bahor kunlari Olesya timsoli sira xayolimdan ketmadi. Men yolg‘iz qolib, to‘shakda cho‘zilgancha diqqatimni bir joyga yaxshiroq jam qilish va xayolimda betinim qizning dam jiddiy, dam quv, dam chehrasini yorishtirib yuboruvchi mayin tabassumini ko‘z oldimda jonlantirish, poyonsiz ko‘hna qarag‘ayzorda tik va qudratli bo‘lib ulg‘ayayotgan navqiron archalar singari uning navnihol badanini tasavvur qilish, kutilmaganda asta, mayin ohangli xush sadosi qulog‘imda yangrasin, deya ko‘zlarimni yumib, xayol surish ko‘ngil istagim bo‘ldi. “Uning bari harakatlari, so‘zlarida, – o‘yga cho‘mdim men, – bir go‘zallik (albatta, ana shu g‘aliz iboraning eng yaxshi ma’nosida), tabiiylik, ajib bir nazokat, nafosat mujassam edi…” Shuningdek, meni Olesya tomon undagani – bir tomondan qizni yorug‘lik misol o‘rab olgan sirliligi bo‘lsa, boshqa tomondan afsungar buvisining alvasti deya dovruq chiqargani, ularning botqoqlik aro o‘rmondagi turmushi va menga aytgan so‘zlarida sezilgan o‘z kuchiga mag‘rurona ishonch tuyg‘usi edi.
Ajab emas, deya umid bilan, o‘rmondagi so‘qmoqlar birmuncha qurishi bilanoq men qoziqoyoqli kulba tomon ravona bo‘ldim. Har ehtimolga qarshi, balki vaysaqi kampirshoni tinchlantirishga to‘g‘ri kelsa, asqotib qolar, deya yonimda yarim qadoqcha choy va bir necha hovuch oqqand olvoldim.
Men ikkalovini ham uylarida ko‘rdim. Kampir olov gurillab yonayotgan pech yonida kuymalanar, Olesya baland kursida o‘tirib olganicha zig‘irpoya tolasini yigirar edi; men eshikni taqillatib, ichkariga kirarkanman, qiz o‘girilib qaradi, ip oyoqlari ostida uzildi va qo‘lidagi urchuq ham yerga dumalab ketdi.
Kampir bir muddat pech issig‘idan yuzini burishtirdi va kaftini pana qilib, menga qahr bilan tikildi.
– Salom berdik, momojon! – dedim men baland, tetik ovozda. – Meni tanimading chog‘i? Esingdami, men bir oylarcha ilgari yo‘l so‘rab kelganim? Menga fol ochganding-ku?
– Hech nima esimda yo‘q, otaginam, – kampir boshini norizo silkigancha tamshandi, – ha, hech nima esimda yo‘q. Biznikida nimani unutding – sira tushunolmayapman. Nima, biz senga ulfatmizmi? Biz oddiy, omi odamlar bo‘lsak… Biznikida nima qilasan? O‘rmon katta, keng bo‘lsa, borgan joyingga boravermaysanmi…
Men bunday iltifotsiz, qo‘rs muomaladan dovdirab qolayozdim, bir onda nima qilishni bilmay qolgan kishining ahmoqona holatiga tushdim: kampirning shu qadar qo‘polligini hazilga yo‘ysammikin yoki o‘zimdan achchiqlanishim kerakmi yoki nima bo‘lsa bo‘ldi, deya biror og‘iz so‘z aytmay, shartta ortimga burilib ketvorsammikin? Men beixtiyor ilojsizlikdan Olesyaga o‘girildim. Olesya yengil istehzo bilan asta kuldi, yigirib o‘tirgan charxidan turib, kampirning oldiga keldi.
– Qo‘rqmang, buvijon, – dedi qiz murosasozlik ohangida, – u yomon odammas, bizga yomonlik qilmaydi. Marhamat, o‘tiring, – deb taklif qildi qiz menga old burchakdagi kursini ko‘rsatib, kampirning javrashiga ortiq ahamiyat bermasdan.
Men qizning e’tiboridan jonlandim, so‘ng eng qat’iy yo‘lni qo‘llashga jazm qildim.
– Jahl ham evi bilan-da, momojon… Mehmon hali ostona hatlamasdan, koyishga tushasan. Axir, men senga hadya olib kelgan bo‘lsam, sen qara-yu, – dedim men to‘rvamdan tugunchani chiqararkanman.
– Menga hech qanday hadya-padyang kerakmas, – kampir g‘azablanib, kosov bilan cho‘g‘ni tita ketdi. – Sizdaqa mehmonlarni bilamiz. Avvaliga bir nima qilib ichingga kirib oladi-da, keyin… Xaltangdagi nima? – birdan menga o‘girilib so‘radi kampir.
Men jon deb unga choy bilan qandni tutdim. Bu kampirga ta’sir qildi, garchand haliyam javrab turgan bo‘lsa-da, yumshadi, endi vaysash ohangi boyagiday murosasiz emasdi.
Olesya yana ishiga o‘tirdi, men, qiz yaqinida pastakkina, ensiz, liqillab turgan kursichadan joy topdim. Olesya chap qo‘li bilan xuddi ipak kabi zig‘irpoyaning titilgan oppoq, mayin tolasini tez-tez chiyratib yigirar, o‘ng qo‘li esa charxni asta vizillatib aylantirar, goh yerga tushirib yuborar, goh chaqqonlik bilan ilib olardi-da, barmoqlar epchil harakat bilan yana uni aylanishga majbur qilardi. Bu ish bir qarashda oson bo‘lib ko‘rinsa-da, ammo mohiyatan ulkan, ko‘p asrlik ko‘nikma va chaqqonlikni talab qilardi, qiz qo‘llari xuddi shunday qizg‘in faoliyatda edi. Men ixtiyorsiz ana shu qo‘llarga qaradim: bu qo‘llar mehnatdan dag‘allashgan va qorayib ketgandi, lekin ular uncha katta emasdi va chiroyli ko‘rinardi, bu qo‘llarga yaxshi tarbiya ko‘rgan xushaxloq qizlarning havasi kelishi mumkin edi.
– Qarang, o‘shanda siz menga buvim fol ochganini aytmagandingiz, – dedi Olesya. Shunda u mening qo‘rqa-pisa orqamga o‘girilganimni ko‘rib, qo‘shib qo‘ydi: – Hech nima qilmaydi, qulog‘i picha og‘irroq, eshitmaydi. Buvim faqat mening ovozimni yaxshi ajratadi.
– Ha, fol ko‘rib qo‘ydi. Nima edi?
– Hech nima… Shunchaki so‘radim-da… Siz ishonasizmi? – u menga ko‘z qiri zimdan qaradi.
– Nima uchun bunday deyapsan? Yoki menga buving fol ko‘rgani uchun so‘rayapsanmi yoki umuman folga ishonish-ishonmasligimni aytyapsanmi?
– Yo‘q, men umuman…
– Nima desamikin, folga ishonmayman, desam to‘g‘riroq bo‘ladi, lekin baribir kim biladi? Aytadilar-ku, axir, shunday voqealar ham uchraydi… Hatto ilmiy kitoblardayam bu haqda yozilgan. Lekin menga buving aytganlariga kelsak, mutlaqo ishonmayman. Istagan qishloqi xotin shunaqa avrashi mumkin.
Olesya kulimsiradi.
– Ha, bu to‘g‘ri, buvim endi yomon fol ko‘radigan bo‘lib qolgan. Qarib ham qoldi, keyin u juda qo‘rqadi. Ochgan qartasida nima dedi?
– Qiziqarli joyi yo‘q edi. Hozir esimdayam yo‘q. Odatdagiday: olis yo‘l, chillik qirol… deydimi-ey. Unutibman.
– Shunday, shunday, u yaxshi folbin bo‘lmay qoldi. Keksalikmi, ko‘p so‘zlarni esidan chiqarib qo‘yadi… Nimayam qilsin? Qo‘rqadi-da. Pulni ko‘rdi deguncha rozi bo‘ladi-qoladi.
– Nimadan qo‘rqadi?
– Nimalardan qo‘rqishi ma’lum-ku, axir – kattalardan qo‘rqadi… Uryadnik keladi, do‘q-po‘pisadan boshqasini bilmaydi: “Men, deydi, seni istagan vaqtim qamoqqa tiqishim mumkin. Bilasanmi, deydi, sendaqa jodugarlarga nimalar qilinishini? Umrbod katorgaga surgun qilinasan, to‘g‘ri Sokol oroliga jo‘naysan”. Sizningcha, aldamaydimi ishqilib?
– Yo‘q, u aldashga-ku aldamaydi; haqiqatan bunga qandaydir jazo belgilangan, lekin bu unchalik qo‘rqinchlimas. Sen-chi, Olesya, fol ochishni bilasanmi?
Nazarimda, qiz o‘zini bir oz yo‘qotib qo‘yganga o‘xshadi, biroq bu hol bir lahzada o‘tib ketdi.
– Fol ko‘raman… Faqat pulgamas, – qo‘shib qo‘ydi u shoshilib.
– Balki mengayam ochib qo‘yarsan?
– Yo‘q, – asta, ammo qat’iy javob berdi u boshini chayqab.
– Nega? Albatta, hozirmas, balki keyinchalik, biror payt… Negadir menga haqiqatni aytadiganga o‘xshayapsan.
– Yo‘q, dedim-ku. Sizga fol ko‘rmayman. Hech qachon.
– Bu ishing yaxshimas, Olesya. Birinchi tanishuvimiz haqqi, iltimosimni qaytarma… Nima uchun ko‘nmayapsan?
– Chunki men sizga qartani tashlab bo‘lganman, ikkinchi safar bunday qilib bo‘lmaydi…
– Nega bo‘lmaydi? Nima uchun? Tushunmayapman.
– Yo‘q, yo‘q, mumkinmas, mumkinmas… – shivirladi qiz irimchi odam xavotiri bilan. – Qismatni ikki marta sinab bo‘lmaydi… Bo‘lmaydi… U buni biladi, eshitib turadi… Qismat bu haqda so‘raganlarini yoqtirmaydi. Shuning uchun ham bari folbinlarning baxtlari qaro.
Men Olesyaga biror hazil bilan javob qaytarmoqchi bo‘ldim-u, qaytarolmadim: qizning so‘zlari samimiy ishonch tuyg‘ulariga shunday to‘liq ediki, hatto qismatni tilga olgan vaqti g‘alati qo‘rqinch bilan eshikka o‘girilib qaradi, men ham beixtiyor eshikka qayrilib qaradim.
– Mayli, agar menga fol ko‘rishni istamasang, unda nima chiqqanini ayt bo‘lmasa? – so‘radim men.
Olesya birdan charxni tashladi-da, qo‘lini qo‘limga qo‘ydi.
– Yo‘q… Bunday qilmaganim yaxshi, – dedi u, qizning ko‘zlarida bolalarcha yolvoruvchan ifoda aks etdi. – Iltimos, so‘ramang… Yaxshi chiqmagan… So‘ramaganingiz ma’qul.
Biroq men gapimda turib oldim. Men farq qilolmay qolgandim: uning iltimosimni rad qilishi va qismatga shubhali ishoralari bir folbin hiylasimikin yoki u haqiqatan so‘zlaganlariga o‘zi ishonib qolganmikin, negadir shu tob o‘zimni noqulay his etdim.
– Yaxshi, aytsam ayta qolay, – axiri rozi bo‘ldi Olesya. – Faqat kelishib olaylik, lafzingizda turasiz: agar sizga yoqmasa, jahlingiz chiqmaydi. Mana sizga nimalar chiqqandi: garchi siz olijanob odam bo‘lsangiz ham, irodangiz bo‘sh… Sizning yaxshiligingiz samimiymas, yurakdan chiqmaydi. Siz o‘z so‘zingiz sohibi emassiz. Garchand odamlarga, jamiyat qonun-qoidalariga tobe bo‘lsangiz-da, o‘zingizni ulardan ustun qo‘yasiz. May-sharobni yaxshi ko‘rasiz, shu bilan birga… Hamon gapirishga to‘g‘ri kelgan ekan, mayli, barini bir boshdan ayta qolay… Ayollarga suyagingiz yo‘q, lekin ulardan sizga kulfat keladi. Pulning qadriga yetmaysiz va uni to‘plashniyam bilmaysiz – hech qachon boyib ketmaysiz… Aytaveraymi?
– Ayt, ayt! Nimalarni bilsang, hammasini gapir!
– Keyin mana nimalar chiqdi, hayotingiz qayg‘uli o‘tadi. Siz chin dildan hech kimni sevmaysiz, chunki yuragingiz muzday sovuq, sust, sizni sevganlarga esa ko‘p azob-uqubat keltirasiz. Siz hech qachon uylanmaysiz, shundoq bo‘ydoqligingizcha o‘lib ketasiz. Hayotingizda katta shodiyona, xursandchiliklar bo‘lmaydi, lekin dilgirliklar, og‘ir kunlar ko‘p bo‘ladi… Shunday vaqt keladiki, o‘z qo‘llaringiz bilan o‘z joningizga qasd qilishgacha borasiz… Oyog‘ingiz ostidan shunday ish chiqib qoladi… Faqat jur’at qilolmaysiz, chidaysiz… Qattiq muhtojlikka bardosh berasiz, lekin umringiz oxirida taqdiringiz qandaydir yaqin inson o‘limi orqali va siz uchun mutlaqo kutilmaganda o‘zgarib qoladi. Faqat bularning bari ko‘p yillardan keyin yuz beradi, mana shu yil esa… Men aynan qachonligini bilmayman, – qartalar, tez orada bo‘ladi, deydi… Balki hatto shu oydadir…
– Bu yil nimalar bo‘ladi, axir? – so‘radim men qiz yana to‘xtab qolganida.
– Davomini aytishgayam yuragim dov bermayapti. Sizga qandaydir chillik motka tomonidan katta muhabbat tushyapti. Faqat uning oilalimi yo qizmi, bilolmayapman, bilganim, u qora sochli…
Men o‘zim bilmagan holda Olesyaning boshiga bir qur nazar tashladim.
– Siz nimaga qarayapsiz? – birdan qiz mening qarashimni ba’zi ayollargagina xos fahm bilan his etib, qizarib ketdi. – Ha, menikiga o‘xshab ketadi, – so‘zida davom etdi beixtiyor sochlarini tuzatib, yanada yuzlari qizarib.
– Sen aytganday – katta chillik muhabbatimi? – hazillashdim men.
– Qo‘ying, kulmang, keragi yo‘q, – dedi qiz jiddiy, deyarli qat’iyat bilan. – Men sizga faqat to‘g‘ri gaplarni aytyapman.
– Bo‘pti, bo‘pti, kulmayman. Keyin-chi?
– Keyinmi… Oh! Ana shu chillik motkaga yaxshi bo‘lmaydi, o‘limdan battar holga tushadi. U siz tufayli butun umrga esdan chiqmaydigan isnodga yo‘liqadi, sharmandayi sharmisor bo‘ladi, qayg‘u-alami uzoqqa ketadi… Sizga bo‘lsa u tomonidan hech qanday yomonlik kelmaydi.
– Menga qara, Olesya, qartalaring seni aldagan bo‘lishi mumkin emasmi? Nima uchun chillik motkaga shuncha ko‘ngilsizliklar keltirishim kerak ekan? Axir, og‘ir-bosiq, kamsuqum odam bo‘lsam, men haqimda shuncha qo‘rqinchli gaplarni gapirib tashlading.
– U yog‘ini bilmayman. Qartada shunday chiqdi-da, axir, atayinmas, qarang, butun kulfatlar sizning orqangizdan kelyapti… So‘zlarim to‘g‘ri chiqqan o‘sha payt meni eslarsiz.
– Shu hamma gaplarni senga qartalaring aytdimi, Olesya?
Qiz darhol javob bermadi, gapni mujmal qildi va istar-istamas javob berdi:
– Qartalar ham… Qartalarsiz ham ko‘p narsalarni bilib olaman, juda bo‘lmasa, odamning yuziga qarab. Agarda, masalan, inson bedavo kasaldan yaqin-o‘rtada o‘lishi kerak bo‘lsa, uning yuziga qarab, buni uqib olaman, hatto u bilan gaplashib o‘tirishgayam hojat qolmaydi.
– Uning yuzida nimani ko‘rasan?
– Buni o‘zim ham bilmayman. Birdan menga qo‘rqinchli tuyulib ketadi, xuddi o‘sha odam qarshimda jonsiz turganday bo‘laveradi. Ana, buvimdan so‘rang bo‘lmasa, mening to‘g‘ri gapirayotganimni aytadi. Burnog‘i yili tegirmonchi Trofim tegirmonida bo‘g‘ilib o‘lib qoldi, men o‘shanda uni ikki kun ilgari ko‘rgandim, o‘shanda buvimga: “Qarang, meni aytdi dersiz, buvijon, Trofim yaqinda yomon o‘lim topadi”, dedim. Shunday bo‘lib ham chiqdi. O‘tgan Rojdestvo kunlari biznikiga ot o‘g‘risi Yashka kelib, buvimdan fol ko‘rib qo‘yishini so‘radi. Buvim qartalarni yoyib, fol ocha boshladi. U shunda buvimdan hazil qilib so‘radi: “Qani ayt-chi, momo, men qanday o‘lim topaman?” O‘zi bo‘lsa kuladi deng. Men unga qaradim deguncha, qimirlolmayman: qarasam, Yakov o‘tiribdi, basharasi naq murda, ko‘m-ko‘k… Ko‘zlari yumuq, lablari qorayib ketgan… Keyin, oradan bir hafta o‘tgach, eshitsak, dehqonlar otlarni endi o‘g‘rilab olib ketmoqchi bo‘lib turganida Yakovni tutib olishibdi… Tun bo‘yi uni rosa kaltaklashibdi… Bizni xalqimizning qahri shunaqa qattiq, shafqatsiz… Tovonlariga mix qoqibdi, bari qovurg‘alarini sindirib tashlashibdi, tongga borib undan arvoh ham qolmabdi.
– Nega endi uni kulfat kutib turganini, yaqinda baloga uchrashini o‘ziga aytmading?
– Nega aytishim kerak ekan? – e’tiroz bildirdi Olesya. – Peshonasiga shunday kun bitilgan bo‘lsa, bundan qochib bo‘ladimi? Faqat inson bekordan-bekorga so‘nggi kunlari yuragi siqilib, tahlikaga tushib qolishi mumkin… Mening o‘zimgayam bu narsa xunuk ko‘rinadi, o‘zimni o‘zim yomon ko‘rib ketaman… Lekin nima qilay? Bu mening taqdirimda bo‘lsa. Buvim ham yoshligida o‘limni oldindan bilgan, onam ham, buvimning onasi ham – bu o‘zimizga bog‘liqmas… bizning naslimiz shunday.
U ip yigirishdan to‘xtadi va qo‘llarini asta tizzalariga qo‘yganicha boshini quyi solib o‘tirdi. Qizning ana shu harakatsiz, qorachiqlari kengaygan, jim turgan ko‘zlarida qandaydir mash’um dahshat, sirli kuchlar va ko‘ngliga soya solgan g‘ayritabiiy ilohiy bilimlarga ixtiyorsiz itoat aks etdi.

V

Bu vaqt kampir stolga etak tomonlariga kashta tikilgan sochiqni yoydi va unga bug‘ chiqib turgan xurmacha qo‘ydi.
– Ke ovqatga, – chaqirdi u nevarasini va bir daqiqacha taraddudlanib turdi-da, so‘ng menga yuzlandi, – balki siz ham, janob, biz bilan birga ovqatlanarsiz? Marhamat… Faqat taomimizning mazasi yo‘qroq, sho‘rva pishirmaymiz, shunchaki yovvoyi don yormasi…
Kampirning taomga meni alohida hurmat bilan qattiq turib taklif etdi, deb bo‘lmasdi, taklifni rad etmoqchi ham bo‘ldim, lekin Olesya o‘z navbatida shunday oddiy, shunday xush muomala, shunday mayin tabassum bilan dasturxonga chorladiki, noiloj ko‘ndim. Qizning o‘zi menga tovoqni to‘ldirib taom – g‘arg‘o‘sha yormasidan moy, piyoz, kartoshka va tovuq go‘shti solib pishirilgan obi yovg‘on – kutilmaganda lazzatli va to‘yimli sho‘rvadan quyib berdi. Dasturxonga o‘tirarkanlar, buvi ham, nevarasi ham cho‘qinmadilar. Men yemak ustida ikkala ayolni kuzatib o‘tirdim, chunki komil ishonch bilan shuni aytishim mumkin va bunga hozirga qadar aminman, inson o‘zini hech qaysi joyda, ovqatlanish paytidagiday aniq-ravshan namoyon etmaydi. Kampir sho‘rvani shoshqin ochko‘zlik bilan, lablarini qattiq chapillatib, og‘ziga nonni katta-katta bo‘laklab tiqishtirganicha apil-tapil tanavvul qilmoqda edi, qurishqoq yonoqlari shishib, qaldir-quldur ovoz chiqarardi. Olesyaning esa hatto ovqatlanish harakatida ham qandaydir tug‘ma odob, tarbiyalilik sezildi.
Men yemakdan bir soatlarcha o‘tgach, qoziqoyoqli kulba sohibalari bilan xo‘shlashdim.
– Istasangiz, sizni picha yergacha kuzatib qo‘yay? – taklif etdi Olesya.
– Yana qanaqa kuzatish? – tamshanib dedi jahl bilan kampir. – Bir yerda o‘tirolmaysan, ninachi.
Biroq Olesya boshiga qirmizi kashmiri ro‘molini tashladi va birdan buvisi yaqiniga chopib keldi-da, uni quchoqlab, cho‘pillatib o‘pdi.
– Buvijon! Jonim, qimmatligim, tillaginam… men bir daqiqagagina… darrov kuzataman-u, izimga qaytaman.
– Mayli, mayli, havoyi qiz, – zaif qarshilik bilan uni quchog‘idan ayirdi kampir. – Siz, janob, aybga buyurmang: mening qizim shunaqa aqlini yo‘qotgan, tentak.
Biz torgina so‘qmoqdan o‘tib, loy-balchiqdan qorayib ketgan o‘rmon yo‘liga chiqib oldik; butun yo‘lni ot tuyog‘i bosib qoldirgan izlar bosib ketgan, g‘ildiraklar izidan qolgan o‘ydim-chuqurlarga suv to‘lib qolgan, shu ko‘lmakchalarda kechki shafaqning qontalash nurlari akslanmoqda edi. Biz qordan keyin hali qurimagan, o‘tgan yilgi qoramtir yaproqlar xazoni butunlay qoplab olgan yo‘l yoqalab ketdik. Qaydadir ana shu jonsiz sariqlik orasidan katta-katta “tush” qo‘ng‘iroqchalari – Polesening ilk chechaklari binafsharang boshchalarini ko‘tarib qolgandi.
– Menga qara, Olesya, – deb gap boshladim men, – men sendan bir narsa haqida judayam so‘ragim kelyapti-yu, lekin jahling chiqadimi tag‘in, deb qo‘rqyapman… Ayt-chi, buving chindan ham… nima desamikin?
– Afsungarmi? – osoyishtalik bilan menga yordam berdi Olesya.
– Yo‘q… Afsungarmas… – chaynaldim men. – Ha, mayli, afsungar bo‘lsa bo‘la qolsin… Albatta, odamlar nimalar demaydi. Nega endi har xil o‘t-giyohlar, dori-darmonlar, afsun-qaytariqlarni bilmasligi kerak ekan? O‘zing bilasan, agar savolim yoqmasa, javob bermay qo‘ya qol.
– Yo‘q, nega endi, – dedi qiz javoban oddiygina qilib, – buning qanday yomon tomoni bor ekan? Ha, to‘g‘ri, u afsungar. Faqat hozir u qarib qoldi, ilgari qilib yurgan ishlarni qilolmaydi.
– Ilgari nima ish qilardi? – dedim qiziqqonlik bilan.
– Har xil ishlarni. Davolashni bilardi, o‘qib, odamlarning tish og‘rig‘ini qoldirardi, tumor, damlama, qaytariqlar qilardi, agarda kimnidir quturgan it qopsa yoki ilon chaqsa, o‘qib qo‘ysa, tuzalib qolardi, biror joyda xazina bo‘lsa, topib, ko‘rsatardi… karomatlarini sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydi.
– Bilasanmi, Olesya?.. Kechirasan-u, men bularning hech biriga ishonmayman. Ke, ochig‘ini ayt, men seni sotmayman: axir, bularning hammasi – ko‘zbo‘yamachilik, odamlarning boshini aylantirish, to‘g‘rimi?
U beparvo kiftini uchirdi.
– Nima deb o‘ylasangiz o‘ylayvering. Albatta, qishloqi bir xotinni laqillatib o‘tirish hech gapmas va bu hech nimaga arzimaydi, lekin men sizni aldamagan bo‘lardim.
– Demak, sen jodu-afsunga qat’iy ishonasan, to‘g‘rimi?
– Nega endi ishonmayin? Axir, bizning avlodimiz sehr-jodu bilan… Mening o‘zim ham ko‘p narsalarni bilaman.
– Olesya, azizam… Menga bu ishlar qanchalar qiziqarli ekanini bilsang edi… Nahotki, sen menga hech nimani ko‘rsatolmasang?
– Nega endi ko‘rsatmayin, agar shunchalik xohlarkansiz, ko‘rsataman, – dedi hozirlik bilan Olesya. – Hozir ko‘rsataymi?
– Ha, mumkin bo‘lsa, hozir.
– Qo‘rqmaysizmi?
– Bema’nilik. Tunda, ehtimol qo‘rqishim mumkindir, hozir hali yop-yorug‘-ku.
– Yaxshi. Unda qo‘lingizni bering.
Men unga itoat etdim. Olesya tezgina paltom yenglarini shimarib qo‘ydi va ko‘ylagim uchiga qadalgan ilmatugmani yechdi, so‘ngra yonidan mo‘jazgina, uzunligi uch vershok keladigan fin pakkisini oldi-da, uni charm qinidan chiqardi.
– Nima qilmoqchisan? – deya so‘radim vujudimda shaytoniy bir qo‘rquv paydo bo‘lganini sezib.
– Mana, hozir… Axir, o‘zingiz qo‘rqmayman, dedingiz-ku!
Birdan qiz qo‘llari arang sezilarli harakatlandi, shunda men bilagimning tomir urishini tekshiradigan yerdan picha yuqoriroq yumshoq joyida seskantiruvchi keskir tig‘ tekkanini his etdim. Qon birdan kesilgan joydan qo‘limga yoyildi, tomchi bo‘lib yerga toma boshladi. Men qichqirib yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib turdim, lekin baribir rangim oqarib ketgan bo‘lsa kerak.
– Qo‘rqmang, tirik qolasiz, – kalaka qilganday kuldi Olesya.
U qo‘limning tig‘ tegib, yara bo‘lgan joyidan mahkam ushlab oldi-da, unga egilib yuzini yaqinlashtirdi va terimga qaynoq uzuq-uzuq nafasini berib, nimalarnidir shivirlay boshladi. Olesya qaddini tik tutgan va barmoqlarini yozib yuborgan payt qo‘limning yaralangan yeri faqat tirnalganday qizil bo‘lib turar edi.
– Xo‘sh? Yetarlimi? – dedi qiz quv tabassum bilan pakkisini qiniga solarkan. – Yana bo‘lsinmi?
– Albatta. Faqat imkon qadar, unchalik qo‘rqinchli bo‘lmasin va qon to‘kilmasin.
– Sizga yana nimani qo‘rsatsamikin? – o‘ylanib qoldi qiz. – Juda bo‘lmasa, shunisini qilaylik: siz mendan oldin ketaverasiz. Faqat, orqangizga qayrilmaysiz.
– Bunisi qo‘rqinchli bo‘lmaydimi, ishqilib? – dedim men qo‘rqa-pisa yoqimsiz syurprizni kutayotganimni go‘yo parvosiz tabassumim ortiga yashirishga urinib.
– Yo‘q, yo‘q… Gapirishgayam arzimaydi… Boravering.
Men azbaroyi nima bo‘lishiga qiziqqanimdan, ortimdan Olesyaning jiddiy nigohini his qilganimcha oldinda ketaverdim. Biroq yigirma qadamlarcha yurgach, birdan tep-tekis joyda o‘zimdan o‘zim qoqilib, mukkamdan tushdim.
– Boravering, boravering! – qichqirdi Olesya. – Qayrilmay ketavering! Hech nima qilmaydi, hechqisi yo‘q, iziyam qolmaydi… Yiqilganingizda yerga mahkam yopishing, suyaydi.
Men ilgarilab ketaverdim. Yana o‘n qadamcha yurdim, yana ikkinchi martasida ham bor bo‘yim bilan uzala tushdim.
Olesya bor ovozi bilan qah-qah otib kulib yubordi va chapak chaldi.
– Ha? Ko‘nglingiz to‘ldimi? – oppoq tishlarini yaltiratib qichqirdi u. – Endi ishondingizmi? Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q!.. Yuqoriga uchib ketmadingiz-ku axir, yerga yiqildingiz.
– Buni qanday qilding? – taajjub bilan so‘radim men kiyim-boshimga ilashgan quruq shox-shabbalarni qoqarkanman. – Sirmi bu?
– Buning umuman sir joyi yo‘q. Men sizga jon deb aytib beraman. Faqat, siz tushunmaysizmi, deb qo‘rqaman… Buni tushuntirolmayman…
Men haqiqatan qizning gaplariga unchalik tushunmadim. Biroq agar yanglishmasam, ana shu o‘ziga xos hiyla-nayrang shundan iborat ediki, u mening izimdan qadamma-qadam, oyog‘imdan sira ko‘zini uzmay, fikridan qaytmay ta’qib qilib boraveradi, ayni paytda mening har bir, eng mayda harakatimga ham taqlid qilishga, shunday, o‘zini xuddi menday tutishga, tenglashtirishga intiladi. Shu tariqa bir necha qadam yurarkan, u xayolan mening oldimda bir qancha masofa narida yerdan bir gaz narida ko‘ndalangiga chilvir turibdi, deb tasavvur qiladi. Ana shu daqiqada men xayol qilingan chilvirni oyog‘im bilan bosib olishim kerak. Olesya birdan yiqilganday harakat qiladi va o‘shanda, uning aytishicha, eng baquvvat odam ham yiqilib tushishi aniq bo‘ladi… Men oradan ko‘p vaqtlar o‘tgandan keyingina doktor Sharkoning Salpetriyer kasalxonasida vasvasaga chalingan, jazavaga tushib, azob chekayotgan asli afsungar bo‘lgan ikki bemori ustidan olib borgan tajribalari xulosalarini o‘qiy turib, Olesyaning chalkash-chulkash qilib tushuntirganlarini xotirladim. Men shunda avom xalqdan chiqqan frantsuz afsungarlari ham poleselik yaxshi bir folbin qo‘llagan usuldan mahorat bilan foydalanganlarini bilib, juda hayratga tushdim.
– O‘! Men yana ko‘p narsalarni bilaman, – o‘ziga haddan ishonch bilan dedi Olesya. – Masalan, men sizni shunday qo‘rqitib qo‘yishim mumkinki.
– Bu nima deganing?
– Shunday qilamanki, siz vahimaga tushasiz. Deylik, kechqurun xonangizda o‘tiribsiz, to‘satdan he yo‘q, be yo‘q butun vujudingizni qo‘rquv qoplaydi, qalt-qalt titray boshlaysiz, tevarak-atrofingizga alanglolmay ham qolasiz. Faqat men buning uchun sizning qayerda yashashingizni bilishim, avval xonangizni ko‘rishim kerak bo‘ladi.
– E, bu judayam oson, – hadiqsirab dedim men. – Derazaga kelasan-da, taqillatasan, biror nima deb qichqirasan.
– O, yo‘q, yo‘q… Men bu vaqt o‘rmonda bo‘laman, uydan hech qayoqqa chiqmayman… Lekin men o‘z joyimda o‘tiraveraman, shu o‘tirganimcha o‘ylayman, faqat mana-mana, ko‘chada ketyapman, uyingizga kiraman, eshikni ochaman-da, xonangizga kiraman… Siz qayerdadir shu atrofda o‘tirasiz… stol yonidami… men orqangizdan pisib borib astagina… siz sasimni eshitmaysiz… keyin yelkangizdan ushlab, bosa boshlayman… yanada qattikroq, qattiqroq, qattiqroq… o‘zim esa sizga qarayman… mana shunday – qarang…
Qizning ingichka qoshlari birdan chimirildi, ko‘zlari menga dahshat va o‘ziga tortuvchi ifoda bilan tikildi, qorachiqlari kengaydi, ko‘kardi. Men shu on Moskvada, Tretyakov galereyasida ko‘rganim Meduzaning boshi yodimga keldi – kimning asari ekanini eslolmayman. Ana shu diqqat bilan tikilgan qahrli, g‘alati nigohdan badanim jimirlab ketdi, butun vujudimni g‘ayritabiiy sovuq vahima qoplab oldi.
– Bo‘ldi endi, Olesya… yetar, – dedim men yasama kulgi bilan. – Menga ko‘proq sening tabassuming yoqadi – shunda yuzing yoqimtoy, bolalarnikiday beg‘ubor bo‘lib qoladi.
Biz ilgarilab ketaverdik. Birdan oddiygina qiz so‘zlarining ma’noliligi, nutqi hattoki nazokatli iboralarga boyligi xayolimga keldi.
– Olesya, sening nimang meni hayratga soladi, bilasanmi? Mana, o‘rmonda, birovni ko‘rmay o‘sding… Albatta, o‘qishga-ku, ko‘p o‘qimagansan…
– Men umuman o‘qishni bilmayman ham.
– Qara… Shunga qaramay yaxshi so‘zlaysan, haqiqiy oyimqizlardan qolishmaysan. Menga ayt-chi, nega shunday? Men nimani aytayotganimni tushunyapsanmi o‘zi?
– Ha, tushunyapman. Bularning bari menga buvimdan o‘tgan… Siz uni sirtdan boshqacha-ku, demang. O! Buvim shunday donoki! Balki u sizning oldingizda gapirmas, agar ko‘proq o‘rganib qolsa… Buvim hamma narsani, dunyoda borki, nimani so‘rasang, barini biladi. To‘g‘ri, endi qarib qoldi-da.
– Demak, umrida ko‘p narsalarni ko‘rgan, shundaymi? Nasli kimlardan? Ilgari qayerda yashagan?
Aftidan, mening bu savollarim Olesyaga yoqmadi. U menga darrov javob bermadi, mujmal va istamaygina shunday dedi:
– Bilmayman… Buvim bu haqda gapirishni istamaydi. Bordi-yu, bu haqda biror narsani gapirguday bo‘lib qolsa, hamisha buni unut va boshqa eslab o‘tirma, deydi… Voy, ketadigan vaqtim bo‘ldi, – shoshildi Olesya, – buvimning jahli chiqadi. Xayr bo‘lmasa… Uzr, ismingizni bilmayman.
Ismi sharifimni aytdim.
– Ivan Timofeevich? Juda soz. Bo‘lmasa ko‘rishguncha, Ivan Timofeevich! Kulbamizdan irganmang, kelib turing.
Men xayrlashish uchun qo‘limni uzatdim va qizning kichikkina, baquvvat qo‘li menga kuchli, do‘stona siqish bilan javob qaytardi.

VI

Shu-shu, men qoziqoyoqli kulbaning kunda-shunda mehmoniga aylandim. Har safar ularnikiga kelganimda Olesya meni odatdagiday vazminlik va odob bilan kutib olardi. Biroq hamisha dastlab kirganimda, o‘zi bilmagan holda qilgan harakatiga ko‘ra, u meni ko‘rganidan mamnun bo‘lishini payqadim. Kampir meni o‘sha-o‘sha dimog‘ida nimalarnidir ming‘irlash bilan qarshi olardi, biroq menga ko‘rinmas jihatlar tufayli, yana shak-shubhasiz, nevarasining yonimga tushishidandir, ochiq-oydin noroziligini bildirmas edi; shuningdek, qaysidir ma’noda qachonlardir olib borgan sovg‘a-salomlarim ham o‘z ishini qilgandi: issiqqina ro‘mol deysizmi, bankada qiyom deysizmi, shishada olcha sharobi deysizmi, kampirga yaxshi ta’sir ko‘rsatgandir. Biz Olesya bilan go‘yo ikkalamiz kelishib olganimizday, qaytayotganimda u meni Irinov shlyaxi – katta yo‘ligacha kuzatib qo‘yishi odatga aylangan edi. Keyin hamisha ana shu damlar shunday qizg‘in, qiziqarli suhbatlashardikki, biz ikkimiz ham o‘zimiz ham sezmay sokin o‘rmon yoqalab yurib yo‘lni cho‘zishga intilardik. Men Irinov yo‘liga yetgach, qizni qaytishida yarim chaqirimcha kuzatib qo‘yardim, xayrlashishdan ilgari yana o‘tkir isli qarag‘ay shox-butoqlari ostida uzoq gaplashardik.
Meni nafaqat Olesyaning zeboligi, balki shuningdek, uning yaxlit, o‘ziga xos, erkin tabiati, aql-zakovati, ayni vaqtda aniq-ravshan va avlodidan o‘tgan o‘ta irimchiligi bilan birga bolalarcha ma’sumligi, keyin sohibjamol qizning quv noz-karashmasiga qorishiq beg‘uborligi o‘ziga maftun etib qo‘ygandi. Qiz mendan hamma narsalar haqida ipidan-ignasigacha batafsil so‘rab-surishtirishdan charchamas edi, ibtidoiy, yorqin tasavvurlari: mamlakatlar va xalqlar, tabiat hodisalari, yer va olamning yaralishi, olim-fozil kishilar, ulkan shaharlar haqidagi ma’lumotlar uni hayajonga solar, butun xayolotini egallab olgan edi… Ko‘p narsalar qizga ajib, xayoliy, qiziq bo‘lib tuyulardi. Men tanishuvimizning avval-boshidan u bilan jiddiy, samimiy va sodda ohangda suhbatlashish yo‘sinini tanlagan edimki, shundanmi, qiz bajonidil men aytib beradigan hikoyalarimni behad ishonch bilan qabul qilar edi. Ba’zan unga nimanidir tushuntirishga qiynalgan kezlarim, haddan ortiq, fikrimcha, qizning yarim asov, jilovlanmagan aql-zakovati uchun tushunarsiz (ba’zida o‘zim ham unchalik anglamagan) bo‘lgan vaqtlar, men uning ilmga chanqoqlik bilan bergan savollariga shu tarzda e’tiroz bildirardim: “O‘zing bir o‘ylagin… Men buni senga aytib berolmayman… Sen meni tushunmaysan”.
Shunda qiz yolvora boshlardi:
– Qo‘ying, unday qilmang, iltimos, iltimos, tushunishga harakat qilaman… Bir amallab aytib bering… tushunarsiz bo‘lsayam mayli…
Olesya, hikoya qilarkanman, meni g‘alati qiyoslashlar, beo‘xshov misollar keltirishga majbur qilar, agarda ibora topishga qiynalsam, uning o‘zi menga sabrsizlanib savollarni yog‘dirib tashlashi bilan yordam berardi, bu xuddi bitta so‘zda tutilib, azobda qolgan duduqni so‘roqqa tutishga o‘xshab ketardi. Pirovardida, uning haqiqatan bilimlarga chanqoq, har bir narsani tezda ilg‘ab oluvchi zehn-idroki va toza xayoloti mening pedagogik ojizligim ustidan tantana qilardi. Men qiz o‘z muhiti, ko‘rgan tarbiyasi (yoki to‘g‘rirog‘i, ana shu tarbiya bo‘lmagani) uchun misli ko‘rilmagan, ajoyib qobiliyatlarga ega ekaniga amin bo‘lishga majbur edim.
Men bir kuni gap orasida shunchaki Peterburgni tilga olganimni bilaman, shunda Olesyaning qulog‘i ding bo‘ldi:
– Peterburg nima? Qishloqmi?
– Yo‘q, u qishloqmas; bu ruslarning eng katta shahri.
– Eng kattami? Hamma, hammasidan, eng, engimi? Undan kattasi yo‘qmi? – u soddadillik bilan menga yopishib oldi.
– Ha… Bari katta boshliqlar o‘sha yerda yashaydi… Katta-katta boylar ham… U yerda hamma imoratlar toshdan qurilgan, yog‘och uylar yo‘q.
– Hattoki bizning Stepanimizdan ham kattami? – dadil so‘radi Olesya.
– Ha, albatta… ancha-muncha katta… aytaylik, besh yuz baravar katta. U yerda shunday binolar borki, ularning har birida butun Stepan aholisining ikki baravari yashaydi.
– Oh, xudoyim! U qanaqa uylar bo‘ldi ekan-a? – deyarli vahimaga tushib so‘rardi Olesya.
Odatimcha, men yana solishtirishga o‘tardim.
– Bahaybat uylar. Besh, olti, yetti qavatlilariyam uchraydi. Anavi qarag‘ayni ko‘ryapsanmi?
– Anuv eng balandinimi? Ko‘ryapman.
– Ana o‘shandan ham baland-baland imoratlar. Yuqoridan pastigacha odamlar bilan liq to‘la bo‘ladi. Ana shu kishilar xuddi qushlar inlarida qo‘nim topganlariday, kichkina-kichkina katalaklarda yashaydilar, har bir katalakda o‘nlab kishi turadi, shunday, ularning har bittasiga nafas olay desa havoyam yetmaydi. Boshqa odamlar bo‘lsa, yerning ostida zax va sovuqda yashaydi; ba’zida butun yil bo‘yi xonada quyosh nurini ko‘rmaydilar.
– E, qo‘ying-e, hech qachon men o‘z o‘rmonimni sizning o‘sha shaharingizga almashmagan bo‘lardim, – dedi Olesya boshini chayqab. – Men Stepan bozoriga tushganimda ko‘nglim ozib ketadi, zo‘rg‘a borib kelaman. Bor narsalarimni tashlasam-u, orqa-o‘ngimga qaramay qochsam, deyman… Xudo ko‘tarsin o‘sha shaharingizni, men u yerda sirayam yashamagan bo‘lardim.
– Bo‘pti, agar ering shaharlik bo‘lsa-chi? – so‘radim men miyig‘imda kulib.
Uning qoshlari chimirildi, nozik burun kataklari titradi.
– Shunisi yetmay turgandi! – dedi qiz dimog‘dorlik bilan. – Menga hech qanday erning keragi yo‘q.
– Sen hozir shunday deyapsan, Olesya. Deyarli hamma qizlar ham xuddi shunday deydilar, keyin baribir turmushga chiqadilar. Bir oz sabr qil: birorta yigitni uchratasan, uni sevib qolasan, o‘shanda shahar ekan-ku, u bilan dunyoning narigi chekkasigayam ketishga tayyor bo‘lasan.
– Oh, yo‘q, yo‘q… iltimos, shu haqda gaplashmaylik, – ranjib qo‘l siltadi u. – Bu gap qayoqdan chiqdi?.. Iltimos sizdan, bas qiling.
– Qiziqsan-da, Olesya. Nahotki, hayotingda hech qachon biror yigitni sevmay o‘tsang? Sen – hali yosh, go‘zal, sog‘lom bo‘lsang. Qoning qaynab turganida, qasam-pasamga balo bormi?
– Boshga tushsa – sevarman ham! – ko‘zlari porlab, mag‘rurona javob berdi Olesya. – Hech kimdan so‘rab ham o‘tirmayman.
– Bundan chiqdi, ergayam tegarsan? – jig‘iga tegdim men.
– Siz balki cherkovda nikohdan o‘tishni aytayotgandirsiz? – mening nimaga ishora qilayotganimni fahmladi u.
– Albatta, cherkovdagi nikohni aytyapman… Ruhoniy qiya stol bo‘ylab aylantiradi, dyakon “Isaiya likuy”ni aytadi, boshingga toj taqadi…
Olesyaning qovoqlari solindi va zaifgina jilmayib, boshini yo‘q, deganday chayqadi.
– Yo‘q, azizim…Ehtimol hozir sizga aytadigan so‘zlarim yoqmasligi mumkin, shuni sizga aytib qo‘yay, bizning zoti avlodimizda hech kim nikohdan o‘tmagan: onam ham, buvim ham shusiz yashaganlar… Bizning hatto cherkovga kirishimiz ham mumkin emas…
– Sizlarning mana shu afsunlaringiz tufaylimi?
– Ha, bizning afsungarligimiz uchun, – osoyishtalik bilan jiddiy ohangda javob berdi Olesya. – Men qanday qilib cherkovga kirishga jur’at qilaman, axir, tug‘ilganimdanoq qalbim unga sotilgan bo‘lsa.
– Olesya… Azizam… Menga ishon, sen o‘zingni o‘zing aldayapsan… Aytayotgan gaplaring sira aqlga to‘g‘ri kelmaydi, kulgili-ku, axir.
Bir kuni yana Olesyaning yuzida o‘zining sir-sinoatli qismatiga komil ishonch, achchiq qayg‘u bilan itoat etishning g‘alati ifodasi paydo bo‘ldi:
– Yo‘q, yo‘q… Siz buni tushunolmaysiz, men buni his qilaman, – u qo‘lini ko‘ksiga olib borib, qattiq qisdi, – ich-ichimdan his qilaman. Bizning zotimiz to abad tavqi la’natga uchragan. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: agar u yordam bermasa, axir, kim bizga qayishadi? Bizning bor qudratimiz undan.
Har safar suhbatimiz ana shu g‘ayrioddiy mavzuga kelib taqalganida, shu tarzda yakun topardi. Men Olesya tushunadigan qilib barcha dalil-isbotlarni keltirib kuch sarflashim behudaga ketardi, gipnotizm haqida sodda qilib tushuntirishim, o‘z-o‘zini ishontirish, psixiatr doktorlar va hind fakirlari, ya’ni qalandarlari haqida gapirishim, unga fiziologik yo‘llar bilan, juda bo‘lmaganda, masalan, tajribalardan vena tomirini ustalik bilan qattiq siqish yo‘li bilan qonni qaytarish haqida jon kuydirib gapirishim behuda ketardi – boshqa masalalarda menga so‘zsiz ishonadigan Olesya, qaysarona qat’iyat bilan keltirgan bari isbotu dalillar va izohlarimni rad etardi… “Xo‘p, bo‘pti, bo‘pti, men sizga qonni qanday qaytarish usulini sovg‘a qilarman, – dedi u bahs kuchayganida ovozini ko‘tarib, – qolganlari-chi, qayoqdan kelgan? Nahotki, birgina men qonni qanday qaytarishni bilsam? Istasangiz, men sizga bir kunda bari sichqonlaru suvaraklarni uydan chiqarib, qirib bitiraman. Istasangiz, o‘sha sizning hamma do‘xtirlaringiz bemorni davolashdan bo‘yin tovlaganlarida men ikki kunda oddiy suv bilan eng o‘tkir bezgakka chalinganlarni davolay olaman. Istasangiz, men shunday qilamanki, qandaydir bir so‘zni umuman esdan chiqarib qo‘yasiz. Tushlarni-chi, ta’birini nega aytmayin? Kelajakda nimalar bo‘lishini-chi, nega bilmayin?”
Bizning bahsimiz hamisha men ham, Olesya ham bir-birimizdan ranjishga ulgurmasimizdan, birdan jim qolish bilan tugardi. Haqiqatan, o‘zimning mo‘jazgina ilmim bilan uning ana shu mubham, qorong‘i san’atidan ko‘p narsalarga izoh topolmadim. Men, Olesya shunday soddalarcha go‘l ishonch bilan aytgan o‘sha sirlarning loaqal yarmini egallaganmidi-yo‘qmi, buni bilmayman va aytolmayman, lekin bir narsani bilamanki, o‘zim ko‘p safar guvoh bo‘lganimday, Olesyaning g‘ayrishuuriy, instinktiv, mavhum, tasodifiy tajriba bilan egallangan aniq fandan butun bir asrga hatlab o‘tib, o‘zib ketgan g‘alati bilimlarga egaligi menda qat’iyan ishonch uyg‘otgan edi, ular qiziq va aql bovar qilmas xurofiy afsonalarni qorishtirib yuboradilar, bu avloddan-avlodga buyuk sir kabi o‘tib boraveradi va ular shu tarzda zulmatda, mahdud xalq ommasi ichida yashaydilar.
Biz mana shu yagona banddagi keskin ziddiyatlarga qaramasdan bir-birimizga qattiqroq va mustahkamroq bog‘lanib qolgandik. Oramizda muhabbat haqida hali bir og‘iz so‘z ham aytilmagandi, ammo birga ko‘rishib turish biz uchun ehtiyojga aylangan va aksariyat nigohlarimiz beixtiyor va ayni vaqtda to‘qnashib qolib, sukut saqlagan daqiqalarimizda, men Olesyaning ko‘zlari qanday namlangani va chakkasidagi ingichka ko‘kish tomiri qanday urib turganini ko‘rardim…
Ammo Yarmola bilan oramiz butunlay buzilib qoldi. Albatta, mening qoziqoyoqli kulbaga tashriflarim hamda Olesya bilan kechki sayrlarim Yarmolaga sir emasligi ayon edi; u hayratlanarli tarzda o‘zining o‘rmonida nimalar bo‘layotganidan boxabar edi. Men birmuncha vaqtgacha uning mendan qochayotganini sezib qoldim. Garchand biror og‘iz so‘z bilan menga tanbeh bermagan bo‘lsa-da, uning qora ko‘zlari har safar o‘rmonga otlanayotganimda ta’na va norizolik bilan kuzatib turardi. Bizning savod chiqarish bilan bog‘liq kulgili mashg‘ulotlarimiz ham yakun topgandi. Mabodo ba’zida kechqurun Yarmolani o‘qishga chorlasam, u qo‘llarini silkirdi.
– Menga yo‘l bo‘lsin! Bekorchi gaplar, panich, – derdi xushlamaygina bepisandlik bilan.
Biz u bilan ovga ham chiqmay qo‘ydik. Men har safar bu haqda gap ochadigan bo‘lsam, albatta Yarmolaning rad etish uchun bahonasi tayyor turardi: dam miltig‘i buzilib qolar, dam iti kasal bo‘lardi, dam o‘zining ovga mutlaqo vaqti bo‘lmas edi. “Sira vaqtim yo‘q-da, panich… bugun shudgor haydashim kerak”, – Yarmola ko‘pincha taklifimga shunday javob qaytarardi, men esam uning dardi tamomila “shudgor haydash” emasligini, kun-uzzukun monopoliya tagida biror-bir yegulik tegarmikin, degan umidda vaqt o‘tkazishini juda yaxshi bilar edim. Ana shu sassiz, pinhoniy adovat meni siqib yubordi va Yarmolaning xizmatlaridan voz kechish uchun biror jo‘yali vaj qo‘llashni ham o‘ylab qo‘ydim. Ammo uning kattagina, qashshoq oilasiga rahm-shafqat tuyg‘usi meni to‘xtatib turardi, chunki faqat Yarmolani to‘rt rubllik maoshigina ularni ochlikdan o‘lib ketishdan saqlab turardi.

VII

Bir kuni odatdagiday kechga tomon qoziqoyoqli kulbaga keldim, uydagilarning ruhsiz, xafa holda ekanliklarini darrov sezdim. Kampir to‘shagida boshlarini qo‘llari bilan ushlaganicha egilib o‘tirar, bir orqaga, bir oldinga tebranib, dimog‘ida tushunarsiz narsalarni ming‘irlardi. U mening salomimga ahamiyat ham bergani yo‘q. Olesya men bilan odatdagiday mayin so‘rashdi-yu, lekin gapimiz gapimizga qovushmadi. Qiz gaplarimni parishonlik bilan tinglar, savollarimga ham poyintar-soyintar javob qaytarardi. Uning chiroyli chehrasiga qandaydir keti ko‘rinmas ichki xavotir sharpasi soya solib turardi.
– Bu yerda bir ko‘ngilsizlik yuz berganini ko‘rib turibman, – dedim men kursiga qo‘ygan qizning qo‘liga ehtiyotkorona qo‘limni qo‘yib.
Olesya xuddi tashqarida nimanidir ko‘radiganday tez derazaga o‘girilib qaradi. U o‘zini xotirjam ko‘rsatishga harakat qilardi, biroq qoshlari chimirilgan va o‘zi titrab turardi, tishlari esa pastki labini mahkam tishlagandi.
– Yo‘q… qanday noxushlik bo‘lishi mumkin, – dedi u bo‘g‘iq ovozda. – Hammasi qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldi.
– Olesya, nega menga to‘g‘risini aytmayapsan? Bunday qilishing yaxshimas… Men bo‘lsam biz, axir, do‘stlarmiz-ku, deb o‘ylabman.
– Aytyapman-ku, hech nima bo‘lgani yo‘q, deb… Kunda bo‘lib turadigan tashvishlar, arzimagan gaplar…
– Yo‘q, Olesya, arzimagan gap bo‘lmasligi kerak. Bir qara – o‘zing o‘zingga o‘xshamay qolgansan.
– Sizga shunday tuyulayotgandir.
– Menga ochig‘ini aytaver, Olesya. Men senga yordam bera olamanmi-yo‘qmi, bilmayman, balki biror maslahat berarman… Keyin ko‘nglingni ochsang, dardingni aytsang, ancha yengil tortasan.
– To‘g‘risi, bu gapirib o‘tirishgayam arzimaydi… – betoqat bo‘lib e’tiroz bildirdi Olesya. – Siz bizga hech qanaqasiga yordam berolmaysiz.
Kampir dabdurustdan qizishgandan-qizishib suhbatimizga aralashib qoldi:
– Tentak qiz, nima uchun hadeb o‘zingni taroziga solib, qaysarlik qilib o‘tiribsan? Senga ishni gapirsa, burningni ko‘tarasan. Go‘yoki dunyoda sendan bo‘lak dono yo‘q. Janob, ijozat bersangiz, bari bo‘lgan voqeani bir boshdan sizga gapirib beray… – u men tomonimga o‘girildi.
Sodir bo‘lgan ko‘ngilsizliklar darajasi men mag‘rur Olesya so‘zlaridan taxmin qilishim mumkin bo‘lganidan ancha jiddiyroq bo‘lib chiqdi. Kecha kechqurun qoziqoyoqli kulbaga shu yerlik uryadnik kelgan.
– Avval viqor bilan kerilib o‘tirdi-da, sharob opke, deb turib oldi, – dedi Manuylixa, – keyin yuraverdi, yuraverdi. “Lash-lushlaringni olasan-da, dedi, naq yigirma to‘rt soat ichida bu yerdan tuyog‘ingni shiqillatasan. Agar yana kelganimda, dedi, seni bu yerda ko‘radigan bo‘lsam, o‘zingdan ko‘r, ha, qamoqqa tiqishim tayin. Ikkita askarni qo‘shib, dedi, sen mal’unni mamlakatingga jo‘natmasammi”. Otaginam, mening vatanim, olisda, Amchensk shahri… U yoqda endi menga na tanish bir jon qolgan, keyin bizning pasportimizning muddatiyam o‘tib ketgan, keyin cho‘zilmagan. Xudoyim-ey, meni bu balo qayerda kutib turgan ekan!
– U nega ilgari yashashlaringga indamasdi, endi bu xayoliga kelib qolibdi? – so‘radim men.
– Ana shuni aytaman-da… Itday akilladi-akilladi, to‘g‘risini aytsam, tushunmadim. Qarang, ish bundoq, biz turgan ana shu kulba biznikimas, zamindorniki. Biz ilgari Olesya bilan qishloqda yashardik, keyin esa…
– Bilaman, bilaman, momojon, buni eshitgandim… Dehqonlar sizdan jahllari chiqqan ekan…
– O‘zi gap munday bo‘lgandi. Men o‘shanda eski zamindordan, janob Abrosimovdan mana shu uychani so‘rab olgandim. Endi bo‘lsa, go‘yoki o‘rmonni yangi zamindor sotib olganmish-da, go‘yoki u qanaqadir botqoqliklarni quritmoqchimish. Ularga qanaqasiga xalaqit qilishim mumkin?
– Momojon, balki bularning bari uydirmadir? – dedim men. – Shunchaki uryadnik “qip-qizil so‘lkavoy”ni ishlab qolgisi kelgandir?
– Berdim o‘sha ordonani, o‘g‘lim, berdim. Olma-di! Bo‘lgani shu… Chorak rubllik biletni uzatdim, olmadi… “Nima qilyapsan”mish! Shunday qahr qildi, shunday quturdi, qayerda turganimniyam bilmay qoldim. Hadeb bir gapni qaytargani qaytargan: “Daf bo‘l!” Endi nima qilamiz, biz bir bechora yesirlar bo‘lsak! Jon otaginam, bizni picha qo‘llab yubor, yebto‘ymas, ochofatni bir aqlini kiritib qo‘ysang edi, butun umr sendan minnatdor o‘tardim.
– Buvijon! – dona-dona qilib dedi ta’na bilan Olesya.
– Nima “buvijon”! – achchiqlandi kampir. – Men yigirma besh yildirki, senga buviman. Seningcha, to‘rva-xaltangni ortmoqlab jo‘nash osonmi? Yo‘q, janob, siz unga quloq solmang. Iloji bo‘lsa, bizdan marhamatingizni ayamang, agar qo‘lingizdan kelsa, bilib ishingizni qilavering.
Men dudmal gaplar bilan harakat qilib ko‘rishimni va’da qilgan bo‘lsam-da, to‘g‘risini aytsam, bundan biror ish chiqishiga umid qilish qiyin edi. Hamon, bizning uryadnigimiz “olish”dan bosh tortgan ekan, demak, ish o‘ta jiddiy. Bu oqshom Olesya sovuqqina xayrlashdi, odatga qarshi, meni kuzatgani bormadi ham. Men, izzattalab qiz bu ishga aralashuvimga jahli chiqqani va buvisining nolishlaridan bir oz xijolat tortganini ko‘rdim.

VIII

Havo tund, issiq tong edi. Necha martadirki, yirik, qisqa, barakotli yomg‘ir mana-mana yog‘ishga taraddudlandi, shunday yomg‘irdan so‘ng ko‘z o‘ngingda barra maysalar barq urib yashnaydi va yangi novdalar cho‘zilib, butoq chiqaradi. Yomg‘irdan so‘ng, bir daqiqaga bo‘lsa-da, quyosh ko‘rinib qoldi, quvonch bilan yomg‘ir yuvgan, endigina kurtak yozgan yam-yashil nastarinlarni, uy oldi gulzorimni sidirg‘asiga yorishtirib yubordi; yumshoq poliz jo‘yaklarida chumchuqlarning quvnoq chirq-chirqi jarangdorroq eshitila boshladi; teraklarning jigarrang bo‘rtiq kurtaklari muattar is taratdi. Men xonaga Yarmola kirib kelgan mahal stol yonida o‘tirib, chorbog‘ rejasini chizib o‘tirardim.
– Vryadnik bor, – dedi u qovog‘ini solib.
Shu on ikki kun ilgari uryadnik kelganida xabar qilishini buyurganim mutlaqo xayolimdan ko‘tarilib ketibdi, hozir hukumat vakilining menga nima keragi bor, deb tushunolmay o‘tiribman.
– Nima? – deb so‘radim tushunmasdan taajjublanib.
– Vryadnik keldi, deyapman-ku, – deb takrorladi Yarmola so‘nggi kunlar men bilan gaplashib yurgan yov ohangida. – Hozir men uni to‘g‘onda ko‘rdim. Shu yoqqa kelyapti.
Ko‘chada g‘ildiraklarning taraqa-turug‘i eshitildi.
Bo‘ychan, oriq, pastki jag‘i solqi, turqidan xafahol ko‘ringan to‘q jigarrang tusli axta ot asta-sekin yo‘rg‘alab, shotisi faqat bir tomonidan ulangan baland shaloq aravani tortib borar edi, ikkinchi arava shotisi o‘rniga yo‘g‘on arqon boylangandi (uyezddagi tiliga erk beruvchilar uryadnik bunaqa achinarli “sahna”ni har xil mishmishlardan yiroq bo‘lish uchun ataylab uyushtiradi, deya ishontirishga urinardi).
Uryadnik zobitlarning bashang kulrang movutidan shinel kiyib olgan, beso‘naqay gavdasi bilan ikkala o‘rindiqni ham egallab olganicha o‘zi aravani haydab kelmoqda edi.
– Salomlar bo‘lsin, Yevpsixiy Afrikanovich! – baqirdim men derazadan boshimni chiqarib.
– A-a, salomlar! Sog‘liqlar joyidami? – javob qaytardi u rahbarlarga xos iltifotli, gulduragan baritonli ovoz bilan.
U kaftini to‘g‘ri rostlab, bosh kiyimi soyaboniga tekkizdi, og‘ir vaznli gavdasini oldinga egganicha, axta otini to‘xtatdi.
– Bir daqiqaga uyga kirmaysizmi? Sizda bir ishim bor edi.
Uryadnik qulochini keng yoydi va boshini chayqadi.
– Ilojim yo‘q. Xizmat vazifalarini ado etib yuribman. Voloshaga murda jasadi uchun ketyapman – suvga cho‘kib ketibdi.
Lekin men Yevpsixiy Afrikanovichning zaif tomonlarini bilib olgandim, shuning uchun ham yasama loqaydlik bilan bunday dedim:
– Afsus, afsus… Men graf Vortsel tejab-tergab, avaylab saqlagan anavinaqa shishalardan bir-ikkitasini qo‘lga kiritgandim.
– Ilojim yo‘q. Xizmat vazifamdaman, axir…
– U menga tanish-bilishchilik qilib bufetini sotuvdi… Graf bularni yerto‘lada mayxonada xuddi o‘z bolasiday avaylab-asragan, parvarishlagan… Kirsangiz bo‘lardi… Otingizga suli berishadi, buyuraman.
– Xudo xayringizni bersin, mana, siz qanday odam ekansiz, – dedi o‘pkalanib uryadnik. – Axir, xizmat burchi hammasidan ustun turishini bilmaysizmi?.. Aytayotgan shishalaringiz nimadan? Slivyankami ?
– Qanaqa slivyanka?! – qo‘l silkidim men. – Starka , otaginam, ana sizga!
– Rosti, picha tamaddi qilib olgandik, – taassuf bilan yonog‘ini qashidi uryadnik negadir yuzlarini burishtirib.
Men boyagi-boyagiday xotirjamlik bilan gapimda davom etdim:
– Bilmayman-u, lekin bufetchi, shu sharobga ikki yuz yil bo‘lgan, deb qasam ichdi. Isini qarang, isini, xuddi konyak deysiz, o‘zi bo‘lsa, naq kahrabo, sap-sariq, tiniq.
– Oh! Siz meni nima qilmoqchisiz?! – na’ra tortdi kulgili tarzda alam bilan uryadnik. – Otimni nima qilaman?
Haqiqatan, mening bir necha shisha starkalarim bor edi, garchand maqtanganimday, unchalik yoshi ulug‘ bo‘lmasa-da, biroq hisobimga ko‘ra ishontirish kuchi bilan ularning umriga yana bir necha o‘n yillarni qo‘shsa bo‘lardi… Har ehtimolga qarshi, bu asl qo‘lbola, ichgan kishini dovdiratib qo‘yadigan, sinib, kafangado bo‘lgan magnat yerto‘lasining faxr-iftixori bo‘lgan starkalar edi. (Evpsixiy Afrikanovichning nasl-nasabi ruhoniylardan chiqqandi; o‘zi aytganiday, mabodo shamollab qolganlarida asqotishi uchun, albatta, bir shishasini ehtiyoti shart so‘rab oldi…) Menda antiqa gazak ham topila qoldi, yaqindagina moyga qo‘shib, yaxshilab kertilgan yangi rediskani keltirdim.
– Xo‘sh, o‘zlari-chi, ishlar qanday ketyapti? – so‘radi uryadnik beshinchi qadahdan so‘ng ostidagi shaqir-shaqur qilayotgan eski kreslo suyanchig‘iga o‘zini tashlab.
Men shunda sho‘rlik kampirshoning ahvolini bayon etishga kirishdim, uning nochorligi va qanchalar umidsizlikka tushib qolganligini eslatdim, gap orasida keraksiz rasmiyatchilik haqida qistirib o‘tdim. Uryadnik gaplarimni boshini pastga solintirib, bir chekkadan qip-qizil, tarang, dirkillab turgan rediska po‘chog‘ini archib, ishtaha bilan kars-qurs qilib chaynab yeya boshladi. Ora-sira u menga loqayd, xira, hatto odamning kulgisini qistatadigan kichkina va moviy ko‘zlari bilan nazar tashlab qo‘yardi, biroq uning qip-qizil, barkashday basharasiga qarab turib, hech nimani: na xayrixohlik, na e’tiroz ifodasini uqoldim. Nihoyat, men jim bo‘lib qoldim, u faqat shunday savol berdi:
– Xo‘sh, siz mening nima qilishimni istaysiz?
– Nimani deysizmi? – hayajonga tushib dedim men. – Iltimos, o‘zingiz ularning ahvoliniyam tushuning. Ikki bechora, himoyasiz ayollar bo‘lsa…
– Ulardan biri bog‘dagi g‘uncha, – istehzo bilan qo‘shib qo‘ydi uryadnik.
– Endi g‘unchami, g‘unchamasmi – buni qo‘ya turaylik. Ayting-chi menga, nega siz ularga yordam berolmaysiz? Xuddi sizga ularni hovliqib ko‘chirib yuborish zarurday. Juda bo‘lmasa, bir oz sabr qiling, o‘zim zamindorga aytib, yordam qilgunimcha shoshmay turing. Bir oycha sabr kutib tursangiz, biror nimani yo‘qotasizmi?
– Nimani yo‘qotamanmi? – tutaqib, kreslodan turib ketdi uryadnik. – Kechirasiz-u, hamma narsamni xatarga qo‘yaman, avvalo, xizmat joyimni. Xudo biladi janob Ilyashchenko deganlari, yangi zamindor qanday odam ekan? Ehtimol g‘alamis bir odamdir… anavinaqalardan, salga bir qog‘ozmi-boshqami… Peterburgga chaqar? Axir, bizda shunaqalariyam bo‘p turadi!
Men asabiylashgan uryadnikni tinchlantirishga urindim:
– Bo‘ldi, Yevpsixiy Afrikanovich. Siz bu gaplarning barini ortiqcha bo‘rttiryapsiz. Nima qildik endi? Tavakkalchilik o‘z yo‘li bilan, baribir minnatdorlik ham kerak.
– Fu-u-u! – cho‘zib chinqirdi uryadnik va qo‘llarini shalvorining ich-ichiga suqdi. – Minnatdorlikmish! Nima deb o‘ylaysiz, men arzimagan qurib ketgur yigirma besh rubl uchun bor xizmat mavqemni garovga qo‘yaymi? Yo‘q, siz men haqimda boshqacha fikrda ekansiz.
– Nega jahlingiz chiqadi, Yevpsixiy Afrikanovich? Bu yerda gap mablag‘ning qancha ekani haqida ketmayapti, shunchaki gap… Juda bo‘lmasa, insoniylik haqqi hurmati…
– In-so-niy-lik deng? – piching qildi u har bir bo‘g‘inni chertib-chertib aytib. – Kechirasiz-u, ana shu odamlaringiz mening mana shu yerimda o‘tiribdilar!
U yog‘dan burishib yotgan yoqasiga osilgan tushgan birinj kabi baquvvat gardaniga qattiq urdi.
– Qo‘ying endi, bunisi ortiqcha, Yevpsixiy Afrikanovich.
– Zig‘irchayam ortiqchamas-da. Mashhur masalchi janob Krilovning ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, “Bular – shu joylarning yarasi”. Ana shu ikki xonimlar kimlar o‘zi? Siz knyaz Urusov janobi oliylarining “Politsiya uryadnigi” sarlavhasi ostidagi ajoyib asarini o‘qishga musharraf bo‘lganmisiz?
– Yo‘q, to‘g‘ri kelmagan.
– Chakki bo‘pti-da. Ajoyib va xushaxloqqa chaqiradigan asar. Bo‘sh vaqtlaringiz tanishib chiqishingizni maslahat bergan bo‘lardim…
– Yaxshi, yaxshi, bajonidil tanishib chiqaman. Lekin baribir bu kitobning sho‘rlik ikki ayolga qanday aloqasi borligiga tushunolmayapman.
– Qanday deysizmi? Juda aloqasi bor-da. Birinchi modda (Evpsixiy Afrikanovich chap qo‘lining yo‘g‘on, sertuk ko‘rsatkich barmog‘ini bukdi): “Uryadnik hammaning qunt bilan Xudoning dargohiga borishi ustidan nazoratni susaytirmasligi, har bir harakatini kuzatib turishi kerak…” Ma’lum qilishga ijozat eting, ana shu… oti nimaydi… Manuylixamidi?.. U biror marta bo‘lsayam cherkovga borganmi?
Men gapning kutilmaganda boshqa tomonga aylanib ketganidan lol qolib indamay qoldim. U menga tantana bilan qaradi va ikkinchi barmog‘ini bukdi.
– Ikkinchi modda: “Hamma joyda soxta bashorat qilishlar va yolg‘ondan fol ko‘rishlar man etiladi…” Payqayapsizmi? So‘ngra uchinchi modda: “O‘zini avroqchi yoki sehrgar qilib ko‘rsatish va shu tariqa aldovlarni qo‘llash man etiladi”. Siz bularga nima deysiz? Birdan bu ishlar oshkor bo‘lib qolsa yoki xufyona rahbarlar qulog‘iga yetib borsa-chi? Bunga kim javob beradi? – Men. Xizmat mavqeiga ko‘ra kimni chaqiradi? – Meni. Ko‘rdingizmi, vaziyatning qanchalik xavfliligini.
Uryadnik yana kresloga o‘tirib oldi. Uning tepaga qadalgan ko‘zlari xona devorlari bo‘ylab e’tiborsiz kezar, barmoqlari esa stolni taqillatib urardi.
– Agarda men sizdan iltimos qilsam-chi, Yevpsixiy Afrikanovich? – men yana xushomad ohangida so‘z boshladim. – Albatta, zimmangizdagi majburiyatlaringiz qiyin va sertashvish, lekin men sizning ko‘nglingizni bilaman, shafqatli, oltin qalbingiz bor. Menga shu ayollarga tegmayman, deb menga va’da bersangiz, haqqingiz ketadimi?
Birdan uryadnikning ko‘zi boshim uzra to‘xtab qoldi.
– Yaxshi miltig‘ingiz bor ekan, – uryadnik stolni taqillatishini qo‘ymasdan bepisand uni tushirib yubordi. – Zo‘r miltiq-da! O‘tgan safar uyingizga kelsam, siz yo‘q ekansiz, shu miltiqni rosa tomosha qilgandim… Ajoyib miltiq!
Men ham orqaga o‘girilib, miltiqqa qaradim.
– Ha, miltiq yomonmas, – men ham maqtab qo‘ydim, – Axir, bu miltiq qadimiy, Gastin-Rennet fabrikasidan chiqqan, men uni faqat o‘tgan yili o‘rtasini qayta yasatdim. Stvoliga ahamiyat bering-a.
– Bo‘lmasa-chi, bo‘lmasa-chi… men asosan stvoliga qaradim-da, shu joyini tomosha qilgandim. Noyob narsa-da… Shunday, xazina deyish ham mumkin.
Bizning ko‘zlarimiz to‘qnashdi, men shunda uryadnikning lablari uchida yengil, ammo ma’noli tabassum paydo bo‘lganini ko‘rdim. Men o‘rnimdan turib, devordan miltiqni oldim va Yevpsixiy Afrikanovichning oldiga keldim.
– Cherkaslarning juda chiroyli bir odati bor, mehmoni maqtagan buyumni unga sovg‘a qiladi, – dedim men iltifot bilan. – Biz siz bilan cherkaslar emasmiz, Yevpsixiy Afrikanovich, ammo men sizdan ana shu narsani esdalik uchun olishingizni iltimos qilaman.
Uryadnik uyalgan kishi bo‘ldi.
– Qarang-a, qanday ajoyib! Yo‘q, yo‘q, bu haddan ortiq saxovatli odat ekan!
Men uning roziligini olish uchun ko‘p zahmat chekishimga to‘g‘ri kelmadi. Uryadnik miltiqni oldi, uni tizzalari orasiga avaylab qo‘ydi va mehr bilan tepki tutqichiga qo‘ngan changni toza dastro‘moli bilan artdi. Men, juda bo‘lmaganda, miltig‘im shinavanda va qurolning qadriga yetadigan odam qo‘liga tegdi-ku, deya ichimda o‘zimga o‘zim tasalli berdim. Deyarli shu zahoti Yevpsixiy Afrikanovich o‘rnidan turdi va ketishga oshiqdi.
– Ish kutib turmaydi, men bu yerda siz bilan maishat qilib o‘tiribman, – dedi u oyog‘i sig‘mayotgan poyabzalini polga qattiq urib. – Biz tomonlarga aylanib borsangiz, menikiga kirib o‘ting, iltimos.
– Endi Manuylixaning ishi nima bo‘ladi, janob boshliq? – muloyimgina eslatib qo‘ydim men.
– Ko‘ramiz, qo‘ramiz… – dedi dudmal qilib Yevpsixiy Afrikanovich. – Men sizdan yana bir narsani so‘ramoqchiydim… Rediskangiz ajoyib ekan…
– O‘zim ekkanman.
– Aj-joyib rediska! Mening rafiqam sabzavot desangiz, o‘zini tomdan tashlaydi. Agar imkoni bo‘lsa, bilasizmi, o‘shandan bir bog‘ini…
– Jon-dilim bilan, Yevpsixiy Afrikanovich. Burchim, axir… Bugunning o‘zidayoq chopardan bir savatcha jo‘nataman. Mumkin bo‘lsa, moy bilan birga… Moyim ozroq ekan.
– Ha, moymi… – marhamat qildi uryadnik. – O‘sha xotinlarga bir ishora qilib qo‘ysangiz bo‘ldi, men ularga hozircha tegmayman. Faqat bilib qo‘ysinlar, – u birdan ovozini ko‘tardi, – birgina rahmat bilan mendan qutulolmaydilar. Shundan keyin salomat yashayversinlar. Yana bir marta sizga sovg‘a va ziyofat uchun mersi .
U harbiychasiga poshnalarini taqillatdi va to‘q, viqorli odamning salmoqli yurishi bilan bosh kiyimsiz yuzboshi, qishloq oqsoqoli bilan Yarmola odob va hurmat saqlab turgan faytoni oldiga keldi.

IX

Evpsixiy Afrikanovich so‘zida turdi, noma’lum muddatgacha o‘rmondagi kulba sohibalarini o‘z hollariga qo‘ydi. Biroq Olesya bilan oramiz keskinlashdi va g‘alati tarzda o‘zgarib qoldi. Endi qizning menga muomalasida ishonuvchan va soddadillarcha mehribonlikdan, ilgarigi sohibjamol qizning bolalarcha sho‘xlik, o‘yinqaroqligi aralash noz-karashmali quvnoqligidan asar ham qolmagandi. Suhbatlarimizda qandaydir o‘tib bo‘lmas noxush zo‘rma-zo‘rakilik paydo bo‘lgandi… Olesya oshig‘ich hurkaklik bilan ilgari bizning suhbatlarimizga qanot baxsh etuvchi jonli mavzulardan qochardi.
Olesya mening huzurimda jon-jahdi bilan jiddiy ishga berilib ketardi, lekin men ko‘pincha birdan uning qo‘llari yumushidan holsizlanib tizzalariga tushib ketganini, ko‘zlari harakatsiz va yerga qarashga tirishayotganini kuzatardim. Agarda men ana shunday daqiqalarda Olesyani chaqirsam yoki unga biror-bir savol bersam, cho‘chib tushardi hamda qo‘rquv va so‘zlarim ma’nosini tushunib yetish istagi aks etgan yuzini asta burardi. Ba’zan mening borligim, muloqotim qizga malol kelayotganga va uni qiynayotganga o‘xshab tuyulardi, biroq bu taxminim atigi bir necha kun avval har bir aytgan so‘zim, fikrim Olesyada katta qiziqish uyg‘otgani, to‘lqinlantirgani haqiqatiga sira to‘g‘ri kelmasdi… Agarda uning erkin, hur tabiatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, Olesyani g‘azabga keltirgan narsa, uryadnikka aloqador voqeada ularni himoya qilganim va buning uchun meni kechirgisi kelmayotganidir, degan o‘y edi. Lekin bu gumon ham meni qoniqtirmadi: aslida, o‘rmon ichida o‘sgan sodda qizda bunday haddan tashqari izzattalablik, g‘urur qayerdan bo‘lsin?
Bularning barchasi tushuntirish, izohni talab etardi, Olesya esa oshkora gaplashib olish mumkin bo‘lgan har qanday qulay vaziyatda lip etib qochib qolardi. Bizning kechki sayrlarimiz ham barham topgandi. Men har kuni ketishga chog‘lanarkanman, unga ma’noli, yolvoruvchan nigoh tashlardim – qiz o‘zini bu qarashlarni tushunmayotganday tutardi. Bu orada qulog‘i og‘irligiga qaramasdan kampirning borligi ham meni bezovta qilmoqda edi.
Ba’zi paytlar men har kuni Olesyalarnikiga yetaklab keladigan odatimga qarshilik qilolmayotganim, o‘z ojizligimdan nafratlanardim. O‘zim ham yuragim nozik, mustahkam ko‘rinmas iplar bilan ana shu maftunkor, men uchun tushunarsiz qizga bog‘lanib qolganiga shubha qilmas edim. Men hali muhabbat haqida o‘ylamayotgandim, ammo oldindan tahlikali, sevgining g‘alayonga to‘la, mashaqqatli va iztirobli tuyg‘ularini boshdan kechirayotgandim. Men qayda bo‘lmayin, o‘zimni chalg‘itishga urinmayin, butun xayolim Olesyaning timsoli bilan band edi, vujud-vujudim bilan unga intilardim, qizni o‘ylaganim sari uning shunchaki aytgan so‘zlari, har bir harakati va tabassumi yuragimni osuda va totli og‘riq bo‘lib siqib kelardi. Kech kirdi va men qiz oldida pastak, liqillab turgan kursida o‘zimni yanada jur’atsiz, noshud va notavon his qilib o‘kinch bilan uzoq o‘tirdim.
Bir kuni shu taxlit Olesyaning huzurida kun bo‘yi o‘tirdim. O‘zimni ertalabdan yomon his qildim, nima uchun mazam bo‘lmayotgani sababini aniq bilolmadim ham. Kechga borib ahvolim yanada yomonlashdi. Boshim og‘irlashdi, quloqlarim shang‘illadi, qorong‘ida tinmay simillab og‘riyotganini his qildim, nazarimda, kimdir yumshoq, lekin kuchli qo‘llari bilan bosayotganday tuyuldi. Tomog‘im quruqshab qoldi, butun badanim tamoman kuchdan qoldi, har daqiqada esnagim, cho‘zilib yotgim keldi. Ko‘zlarimda xuddi yaltiroq nuqtaga diqqat bilan yaqindan tikilgandagi og‘riqni sezdim.
Yarim tunda uyga qaytayotgan mahalim yo‘l o‘rtasida ketayotib, to‘satdan butun badanimda titroq turib, varaja tutdi. Men deyarli yo‘lni ko‘rmasdan, qayerga ketayotganimni ham fahmlamasdan, mast odamga o‘xshab ketaverdim, keyin jag‘larim tez-tez va shaqir-shuqur qilib bir-biriga urila boshladi.
Hanuzgacha o‘shanda meni uyga kim olib kelganini bilmayman… Naq olti kun meni chekinmas qo‘rqinchli Polese bezgagi qiynadi. Kunduzlari dard go‘yoki bosilib qolganday bo‘lardi va esim joyiga tushganga o‘xshardi. O‘shanda men xastalikdan butunlay holdan toyib, og‘riqdan tizzalarim kuchsizlanganidan bukilib, xonada arang yurardim; qattiqroq harakat qilgan paytlarim qon issiq to‘lqin kabi miyamga quyilardi va bari jism-narsalarni ko‘z o‘ngimda zulmatga burkardi. Kech kirganda, odatdagiday soat yettilarga yaqin yana kasallik xuruj qila boshladi, to‘shakda, adyol ostida dam sovuqdan zir qaqshab, dam alangayi otash bo‘lib yonib dahshatli, naq yuz yilga tatigulik uzundan-uzun tunni boshdan kechirdim. Arang mudroq bosganini bilaman, g‘alati, almoyi-aljoyi, azobli aloq-chaloq tushlar qizib yotgan miyam bilan o‘ynashib, toliqtirib tashladi. Dam qandaydir rango-rang, antiqa shakldagi qutilarni, kattalarining ichidan kichkinalarini chiqarib olib ajrata boshlayman, kichkinalarining ichidan yanada maydalarini olaman va ana shu bitmas-tuganmas ishni sira ado qilolmaymanki, nazarimda, ushbu yumush anchadan buyon jonimga tekkan, jirkanch tuyulib keladi. Dam ko‘zlarim oldida gulqog‘ozlarning uzun-uzun yorqin tasmalari kishini gangitadigan darajada tezlik bilan lip-lip o‘tib turadi va men ushbu gulqog‘oz naqshin rasmlari o‘rnida inson aft-basharalarini – goh chiroyli, mehribon va jilmayib turgan, goh tilini chiqarib, tishining oqini ko‘rsatib irshaygan va og‘zini to‘ldirib ko‘pik chiqarib, yuzini g‘alati bujmaytirgan qiyofalarni go‘yo marjonlar tizmasi kabi yaqqol, aniq-tiniq ko‘rib turaman. So‘ngra Yarmola bilan bahslashib ketamiz, avvalo, bahsimiz odatdagilariga o‘xshamaydi; chalkash-chulkash, murakkab kechadi va mavhumligicha qoladi. Biz bir-birimiz bilan bahslasharkanmiz, gapimizga isbot-dalillar keltiramiz, ushbu daqiqalar tobora noziklashib, chuqurlashib boradi; kutilmaganda ayrim so‘zlarni va ushbu so‘zlarni binoga keltirgan harflarni sirli tarzda, behad ahamiyat berib qabul qilamiz; shu bilan birga, borgan sari vujudimni yanada kuchli, noma’lum, g‘ayritabiiy kuch-qudrat qarshisida bo‘ladigan jirkanch dahshat qoplab oladi, miyamni ma’nisiz safsatalar birining izidan biri kelib, iskanjaga oladi va ancha vaqtlardan buyon bezorijon qilib yuborgan ushbu bahsni to‘xtatib qo‘yishga izn bermaydi…
Inson va hayvonlar tasvirlari, manzaralar, ajabtovur shakldagi jismlar va gullar, bularni hammasining mazmuni his-tuyg‘u bilan qabul qilinardi; bu – ana shularni ifoda etgan so‘zlar va iboralar misoli quyun kabi qaynab otilib turadi… Ammo – shunisi qiziq ediki – ayni vaqtda men shiftda gir atrofi kuygan yashil abajuri ostida chiroq soya tashlagan yorug‘ tekis doirani ko‘rishni bas qilib qo‘ya qolmasdim. Yana men nima uchundir ana shu chekkalari notekis, noaniq tinchgina doirada g‘azabnok, pala-partish tushlarimga qaraganda sokin, bir xildagi va qo‘rqinchli, undan ham mudhish va qiynoqqa soluvchi hayot yashiringanini bilib turardim.
So‘ngra uyqudan turdim yoki to‘g‘rirog‘i, uyg‘onib ketmadim, birdan o‘zimni sergak ko‘rdim. Hushim deyarli o‘zimga kelgandi. Men to‘shakda yotganimni, xastaligimni, hozirgina alahsiraganimni bilib turardim, biroq qop-qora shiftdagi yorug‘ doira negadir meni yashirin mash’um tahdidi bilan qo‘rqitmoqda edi. Kuchsiz qo‘llarimni soatga uzatdim, qaradim va tayin-tuturiqsiz aloq-chaloq tushlarim bor-yo‘g‘i ikki-uch daqiqadan oshmaganiga parishon bir taajjub bilan ishonch hosil qildim. “Xudoyim-ey! Qachon tong otarkin?!”– tushkun holda o‘yladim boshimni issiq yostiqqa qo‘yarkanman, shunda og‘ir va qisqa-qisqa nafasim lablarimni kuydirib yuborayotganini his qildim… Biroq mana, meni asta mudroq bosdi va yana miyam ola-chalpoq, aloq-chaloq tushlarning o‘yinchog‘iga aylandi va oradan ikki daqiqadan o‘tgach, qo‘rqinch to‘la azobga g‘arq bo‘lib uyquga ketdim.
Oradan olti kun o‘tdi, mening baquvvat tanam xinin va bargizub damlamasi yordamida kasallikni yengdi. Men butun a’zoyi badanim go‘yo mayda-mayda bo‘lib yanchilib ketganday, arang oyoqqa qalqib, to‘shakdan turdim. Endi zo‘r ishtiyoq bilan sog‘aya boshladim. Olti kunlik bezgak bosinqirashidan charchagan miyamda o‘y-fikrlar yo‘qligi menga xush yoqdi. Ishtaham ikki baravar ortdi, badanim sog‘liq va hayot quvonchlarini zarralab shimib ola boshladi va shu bois, soat sayin salomatligim tiklanib bordi. Qolaversa, ichimdagi bir tuyg‘u yangi kuch bilan o‘rmonga, undagi qiyshayib qolgan yagona kulba tomon chorlamoqda edi. Asablarim hali tuzalganicha yo‘q edi va har safar Olesyaning yuzi bilan ovozini xotirlasam, shunday mayin, nozik mehrni tuyardimki, o‘pkam to‘lib yig‘lagim kelardi.

X

Oradan yana besh kun o‘tdi, men endi shunchalik tez oyoqqa turdimki, hech hormay-tolmay qoziqoyoqli kulbagacha piyoda keldim. Uycha ostonasidan hatlarkanman, yuragim hadik aralash qo‘rquvdan duk-duk urdi. Men Olesyani salkam ikki haftacha ko‘rmadim va ayniqsa, hozir qiz menga naqadar yaqin va aziz bo‘lib qolganini aniq-ravshan angladim. Eshik bandini tutganimcha bir necha soniya turdim va arang nafasimni rostladim. Devorni itarishdan avval qat’iyatsizlik qilib hatto birpasga ko‘zlarimni yumib turdim…
Xotiramdagi kelishim bilan bog‘liq shunday taassurotlardan biri ko‘nglingdagi bir hisni hech qachon anglab yetib bo‘lmasligidir… Nahotki, ona bilan o‘g‘il, er bilan xotin yoki ikki sevishganlar uchrashuvining ilk onlarida aytilgan so‘zlarni yodda saqlash mumkin bo‘lsa? Agar shu so‘zlar aniq qilib yozib qo‘yilsa, eng jo‘n, kunda qo‘llab yurgan iboralarimiz, hatto kulgililari gapirilarkan. Biroq ushbu o‘rinda har bir so‘z joy-joyida bo‘ladi va behad qadrli tuyuladi, chunki bu gaplar dunyoda eng aziz, suyukli ovozda aytiladi.
Faqatgina bir narsa yodimda, Olesyaning oqarib ketgan yuzi menga qanday tez o‘girilgani hamda ana shu go‘zal, men uchun yangi qiyofada bir lahzaga ushbu tuyg‘ular ifodasi: hayrat, qo‘rquv, xavotir va sevgining inja, porloq tabassumi birining o‘rniga biri almashib, aks etdi… Kampir mening oldimda kuymalanib yurib nimanidir kavshanmoqda edi, lekin men uning so‘rashganini eshitmadim. Olesyaning ovozi menga xuddi yoqimli musiqa singari yetib keldi:
– Sizga nima bo‘ldi? Og‘rib qoldingizmi? Oh, ozib ketganingizni, bechoraginam!
Men ancha vaqtgacha qizga biror nima deb javob berolmadim va biz bir-birimizga yuzma-yuz turib, qo‘llarimizdan tutganimizcha, bir-birimizning ko‘zlarimizga ich-ichimizdan sevinib, shodlanib tikilib qoldik. Men ana shu sukut saqlagan bir necha soniyalarimizni hayotimdagi eng baxtli lahzalar deb bilaman; aslo, aslo, ilgari ham, keyin ham men shu qadar toza, vujud-vujudni qamrab olgan bunday ko‘ngil shodiyonaligini his qilmadim. Men Olesyaning shahlo ko‘zlarida shunday ko‘p narsalarni uqdimki: uchrashuv hayajonini ham, uzoq vaqtgacha yo‘q bo‘lib ketganim uchun o‘pka-ginani ham, ehtiros to‘la muhabbat izhorini ham… Olesyaning ana shu nigohidan biror shartlarsiz va hech ikkilanishsiz menga butun borlig‘ini tutqazishini ham angladim.
Olesya birinchi bo‘lib ana shu fusunkor damlarni menga qovoqlarini asta qimirlatib, Manuylixaga ishora etishi bilan buzdi. Biz yonma-yon o‘tirdik, Olesya g‘amxo‘rlik bilan mendan kasalligim, xastalikning kechishi, qabul qilgan dori-darmonlarim, doktor aytgan so‘zlar va uning fikri (shaharchadan men uchun ikki marta kelgan doktor) haqida mayda tafsilotlarigacha so‘rab-surishtirishga tushdi. U meni ketma-ket doktor haqida bir necha marta gapirib berishga majbur qildi va ba’zan qizning lablarida bir onlik istehzoli tabassumni payqadim.
– Oh, nega endi sizning betob bo‘lib qolganini bilmadim-a? – xitob qildi u sabrsizlik va taassuf bilan. – Men sizni bir kunning o‘zidayoq oyoqqa turg‘izib yuborgan bo‘lardim… Qarang, endi qanday qilib ularga ishonish mumkin, axir, hech nimani, hech ni-ma-ni tushunmasalar? Siz nega mening oldimga birortasini jo‘natmadingiz?
Men tutilib qoldim.
– Ko‘rmaysanmi, Olesya… birdan shunday bo‘lib qoldi… keyin seni bezovta qilishga qo‘rqdim. Axir, o‘zing so‘nggi paytlar g‘alati muomala qiladigan bo‘lib qoluvding, mendan jahling chiqqani aniq edi yoki sening joningga tekkandim… Quloq sol, Olesya, – qo‘shib qo‘ydim men, ovozimni pasaytirib, – biz sen bilan ko‘p, ko‘p narsalar haqida gaplashishimiz kerak… faqat o‘zimiz… tushunyapsanmi?
U qovoqlarini “Ha”, degan ma’noda qoqdi, so‘ngra qo‘rqa-pisa qayrilib qaradi-da, tezgina shivirladi:
– Ha… o‘zim ham istagandim… so‘ngra… to‘xtab turing…
Hali kun botar-botmas Olesya meni uyga ketishga unday boshladi.
– Turing, tez bora qoling, – deya u o‘tirgan joyimdan qo‘limdan tortib turg‘iza boshladi. – Agar zax tegib qolsa, kasallik qaytalab qolishi mumkin.
– Sen qayoqqa ketyapsan, Olesya? – birdan so‘rab qoldi Manuylixa, nevarasining shoshilib boshiga katta kulrang jun ro‘mol tashlaganini ko‘rib.
– Borib… ozgina kuzatib qo‘yay, – javob berdi Olesya.
Qiz bu gaplarni befarqlik bilan buvisiga emas, derazaga qarab aytdi, biroq men uning ovozida arang sezilarli achchiqlanish ohangini sezdim.
– Baribir borasanmi? – qayta so‘radi kampir so‘zlariga urg‘u berib.
Olesyaning ko‘zlari chaqnadi va Manuylixaning yuziga tik boqdi.
– Ha, boraman!– e’tiroz bildirdi u mag‘rurona. – Allaqachonlar bu gap aytilgan va aytib bo‘lingan… Bu mening ishim, javobim ham shu.
– Eh, seni qara-yu!.. – ranjib, o‘pkalanib xitob qildi kampir.
U yana bir narsalar demoqchi bo‘ldi-yu, lekin faqat qo‘lini silkib qo‘ya qoldi, qaltirab yurib, imillab burchakka bordi-da, inqillagancha qanaqadir savat ustida g‘imirladi.
Men hozirgina guvohi bo‘lganim – norozi ohangdagi bu gap-so‘zlar o‘zaro urish-janjallarning davom etishiga sabab bo‘lishini angladim. Olesya bilan birga qarag‘ayzorga tusharkanmiz, men undan so‘radim:
– Buving men bilan aylanib kelishingni istamaydi, to‘g‘rimi?
Olesya alam bilan kiftlarini qisdi.
– Iltimos, bunga e’tibor bermang. Ha, istamaydi… Nima qipti?.. Nahotki, o‘zimga yoqadigan ishni qilishga haqqim bo‘lmasa?
Birdan negadir hozir Olesyani ilgari menga qilgan sovuqqon muomalalarini yuziga solgim keldi.
– Demak, ilgari ham, kasal bo‘lishimdan oldin ham shunday qilishing mumkin ekan-u, faqat o‘zing men bilan yolg‘iz qolishni xohlamagansan… Eh, Olesya, menga qanchalar azob berganingni bilganingda edi… Har oqshom men bilan birga chiqishingni shunday kutdim, shunday kutdim… Sen bo‘lsang doim menga e’tibor bermasding, doim qovog‘ing soliq, doim jahling chiqqan bo‘larding… O, meni qanchalar qiynading-a, Olesya!..
– Bo‘ldi, qo‘ying endi, azizim… Unuting, – ovozida mayin kechirim so‘rash ohangi bilan dedi Olesya.
– Yo‘q, men bu gapni senga ta’na qilish uchun aytmayapman, – shunchaki tilimga kelib qoldi-da… Endi nega shunday bo‘lganini fahm etyapman… Axir, avvaliga – to‘g‘ri, hatto eslasam kulgim keladi – men uryadnik bilan gaplashganim uchun xafa bo‘lding, deb o‘yladim. Bu fikr meni qattiq xafa qildi. Nazarimda, sen meni o‘zingdan shunchalik olis, yot odam hisoblaysanki, hatto oddiy, do‘stona yordamimniyam qabul qilolmaysan… Bu menga juda yomon ta’sir qildi… Axir, men, Olesya, bularning bariga buving sababchi ekaniga shubhalanmadim ham.
Olesyaning yuzi birdan qip-qizil bo‘lib lovullab yondi.
– Bunga buvimning umuman aloqasi yo‘q!.. Men o‘zim shunday bo‘lishini xohladim! – jon-jahdi bilan qizishib xitob qildi u g‘urur bilan.
Men unga yonlamasi qaradim, shunday, qizning egilgan boshi, begard, nafis yon tomoni ko‘rinib turardi. Faqat hozirgina Olesya shu vaqtning ichida ozib ketganini va ko‘zlari atrofiga ko‘kimtir soya tushganini payqadim. Olesya nigohimni sezib, menga ko‘z qirini tashladi, biroq shu zahoti ko‘zlarini olib qochdi va uyatchan jilmaydi-da, o‘girilib oldi.
– Nega sen buni xohlamading, Olesya? Nega? – savol berdim hayajondan ovozim titrab va Olesyaning qo‘llaridan ushlab olib, uni to‘xtashga majbur qildim.
Biz bu vaqt ayni achchiq ichakday cho‘zilgan, tor va o‘q kabi tikkasiga ketgan o‘rmon so‘qmog‘ining o‘rtasiga kelib qolgandik. Baland, xushqad qarag‘aylar ikkala tomondan saf tortgan, bir-biriga chirmashib ketgan xushbo‘y shox-butoqlari to‘p-to‘p bo‘lib, olislarga qadar gumbazsimon ulkan dahliz hosil qilib, bizni qurshab olgandi. Yalang‘och, po‘sti tilingan daraxt tanalari yonib bitgan shafaqning qip-qizil shu’lasiga bo‘yalgandi.
– Nima uchun? Nima uchun, Olesya? – shivirlab qayta-qayta so‘radim uning qo‘lini yanada qattiqroq siqib.
– Qo‘limdan kelmadi… Qo‘rqdim, – Olesyaning gaplari arang eshitildi. – Men taqdirdan qochib bo‘ladi, deb o‘ylabman… Endi esa… endi…
U xuddi nafasi yetishmayotganday entikdi, birdan qo‘llari bo‘ynimdan tez va mahkam quchib oldi, lablarim esa Olesyaning shoshqich, titroq shivirini kuydirib yubordi:
– Endi menga baribir, baribir!.. Chunki men seni sevaman, mening jonim, mening baxtim, mening suyukligim!..
U pinjimga tobora qattiqroq kirdi va men qo‘llarim orasida qizning durkun, baquvvat, qaynoq badani to‘lg‘anganini, ko‘ksim ostida yuragi tez-tez urayotganini his qildim. Qizning ehtiros to‘la bo‘salari xuddi mast qiluvchi o‘tkir may singari xastalikdan hali kuchga kirmagan miyamga quyildi, shunda men o‘zimni yo‘qota boshladim.
– Olesya, Xudo xayringni bersin, keragi yo‘q… qo‘yaqol, – dedim men uning qo‘llarini bo‘shatishga harakat qilib. – Endi esa men o‘zimdan qo‘rqyapman… o‘zim o‘zimdan qo‘rqyapman… Qo‘yvor meni, Olesya.
U yuzini tepaga ko‘tardi, shunda chehrasi intizorlikdan, sokin tabassumdan yorishib ketdi.
– Qo‘rqma, jonim, – qiz bu so‘zlarni shunday mehr-la erkalab ta’sirchan jur’at bilan aytdiki, buni ta’riflashga til ojiz edi. – Men hech qachon senga ta’na qilmayman, seni hech kimdan rashk ham qilmayman… Faqat bir narsani aytsang bo‘ldi: sevasanmi?
– Sevaman, Olesya! Anchadan beri sevaman, qattiq sevaman. Ammo… meni ortiq o‘pma… Bo‘shashib ketyapman, boshim aylanyapti, o‘zimga o‘zim javob berolmay qolaman.
Uning lablari yana mening lablarimga uzoq va azobli, totli bo‘lib jipslashdi va men eshitmadim, muhimi, qizning so‘zlarini ilg‘ab oldim.
– Shunday, qo‘rqma va hech nima haqida o‘ylama. Bugun bizning kunimiz, uni hech kim bizdan tortib ololmaydi…
Butun oqshom kutilmaganda sehrli, fusunkor ertak bilan qorishib ketdi. Oy chiqdi, uning yog‘dusi ajib, rango-rang va sirli tarzda o‘rmonni bezab yubordi, zulmatda nurlar ko‘kimtir-rangsiz notekis dog‘larga o‘xshab egri-bugri daraxt tanalariga, kesik daraxtlarning egilgan shox-shabbalari ustiga, mayin baxmal gilam singari mox, yo‘singa qo‘ndi. Oqqayinlarning nozik tanalari keskin va yaqqol oqarib ko‘rindi, ularning yakkam-dukkam barglariga go‘yo kumushsimon, shaffof, nafis harir choyshab yopib qo‘yilganga o‘xshadi. Qarag‘ay shox-butoqlari go‘yo soyabon kabi to‘sib turganidan ayrim joylarga umuman yorug‘lik tushmagandi. O‘sha yerlarda butunlay timqorong‘ilik hukm surardi, faqat ana shu zim-ziyoning qoq o‘rtasida qayerdan sizib tushgani noma’lum, nur birdan saf tortgan daraxtlarni yoritib yubordi va yerga yerga tor, tik yo‘laksimon bo‘lib tushdi – shunday yorug‘, serhasham va ko‘rkam bo‘lib ketdiki, go‘yo Oberon va Titaniya tantanali yurishi uchun elflar sarishta qilib, did bilan bezagan xiyobonni eslatdi. Biz ana shu kulib boqqan jonli afsona o‘rtasidan bir og‘iz so‘z demasdan, o‘z baxtimiz bilan mast bo‘lib, o‘rmonning vahimali sukunatida bir-birimizni quchganimizcha ketmoqda edik.
– Azizim, axir, men uyingga ketishing kerakligini butunlay unutibman, – birdan esiga tushib qolib dedi Olesya. – Juda yaramas qizman-da! Endigina tuzalding o‘zi, men bo‘lsam, seni haligacha o‘rmonda ushlab o‘tiribman.
Men uni quchdim va quyuq qora sochlariga ro‘molini tashladim, keyin egilib qulog‘iga arang eshitarli ovozda so‘yladim:
– Afsuslanmaysanmi, Olesya? Achinmaysanmi?
U boshini asta chayqadi.
– Yo‘q, yo‘q… Keyin nima bo‘lmasin, pushaymon bo‘lmayman. Hammasi joyida, yaxshiman…
– Nahotki, albatta, biror hodisa yuz berishi kerak bo‘lsa?
Qizning ko‘zlarida menga tanish yana ilohiy dahshat ifodasi ko‘rindi.
– O, ha… albatta… Esingdami, men senga chillik motka haqida aytganim? Axir, o‘sha chillik motka – o‘zimman, falokat mening boshimga tushadi, qartalar shu to‘g‘rida aytgandi… Bilasanmi, men sendan, biznikiga boshqa kelma, deb iltimos qilmoqchiydim. Ayni shu vaqt sen kasal bo‘lib qolding, men seni salkam yarim oycha ko‘rmadim… Shunda men seni shunday sog‘indimki, shunday qattiq qayg‘uga tushdimki, o‘sha kunlar seni atigi bir daqiqa ko‘rish uchun dunyoda borimni bergan bo‘lardim. O‘shanda men shunga qaror qildim-da. Nima bo‘lsa bo‘lsin, men o‘z quvonchimni hech kimga bermayman…
– Bu haqiqat, Olesya. Men ham shunday holatga tushdim,– deya men lablarimni uning chakkasiga tekkizdim. – Men toki sendan ayrilmagunimcha seni sevishimni bilmadim. Kimdir behuda aytmagan ekan, ayriliq muhabbat uchun xuddi shamolday gap, u olovga qanday ta’sir qilsa, ayriliq ham shunday, sevgi kichkina bo‘lsa, o‘chirib qo‘yadi, katta muhabbat bo‘lsa, battar olovlantiradi.
– Nima deding? Bir qaytar, qaytar, iltimos, – qiziqib qoldi Olesya.
Men, bu hikmat kimga tegishli ekanini bilmayman-u, yana takrorladim. Olesya o‘ylanib qoldi, men uning lablarini qimirlashiga qarab, qiz mening so‘zlarimni takrorlayotganini ko‘rdim.
Men yaqindan uning oqarib ketgan, orqaga tashlangan yuzlariga, oyning youg‘ shu’lasida yaltiragan katta qora ko‘zlariga tikilib qaradim – shunda yaqin-orada yuz berajak kulfatni oldindan his qilish tuyg‘usi birdan vujudimni muzlatib yubordi.

XI

Bizning soddagina, ajoyib muhabbatimiz ertagi salkam bir oy davom etdi va to hanuzgacha xotiramdan Olesyaning go‘zal qiyofasi aslo ketmaydi, lovullab yongan kechki shafaq nurlari, shudring ingan, marvaridgullar xush bo‘y taratgan, sarin havoli, jarangdor qushlar ovozi yangragan subhidamlar, issiq, intizorlikda kechgan, lanj iyun kunlari hamon qalbimda yashab keladi… Bu vaqt ichida odatda yuragimni siqadigan biror dilgirlik, biror zerikish, daydi hayotning otashin ehtirosi ham meni bezovta qilmadi. Men xuddi majusiylar ma’budi yoki bo‘lmasa yosh, kuchli jonzot kabi yorug‘likdan, samimiy mehr-muhabbatdan, hayot shodlik-quvonchlaridan va osoyishta, pok, his-tuyg‘ularga limmo-lim sevgidan lazzat olib yashamoqda edim.
Keksa Manuylixa sog‘ayganimdan so‘ng toqat qilib bo‘lmas darajada vaysaqi bo‘lib qolgandi, meni oshkora g‘azab bilan qarshi olardi, kulbada o‘tirgan vaqtim taraqa-turuq qilib shovqin solar, zarda bilan pechkadagi xurmachalarni u yoqdan-bu yoqqa surardi, shu bois, biz Olesya bilan har oqshom o‘rmonga chiqib ketishni afzal ko‘rardik… Keyin qarag‘ayzorning ulug‘vor yam-yashil go‘zalligi xuddi qimmatbaho gardish singari bizning osuda muhabbatimizni bezab turardi.
Men har kuni hayratim ortib, Olesyada – o‘rmon ichida o‘sgan, hatto o‘qishni bilmaydigan savodsiz qizda – ko‘pgina hayotiy vaziyatlarda ziyraklikni, nazokat va alohida, o‘ziga xos tug‘ma odobni ko‘rardim. Bunday olib qaralganda, agar to‘g‘ri, qo‘pol ma’noda tushunadigan bo‘lsak, sevgi-muhabbat bobida asabiy, noziktabiat kishilar azobli, uyalish tuyg‘usini boshdan kechiradigan qo‘rqinchli tomonlar bor. Biroq Olesya ana shu chegaralardan shunday pokizalik, iffat bilan qocha bilardiki, hech qanday beandishalik bizning aloqamizni buzolmasdi.
Shu orada mening ketish muddatim ham yaqinlashib qolgandi. Aslini olganda, Perebroddagi xizmat majburiyatlarim nihoyasiga yetib bo‘lgan va men ataylab shaharga qaytish vaqtini orqaga surib kelmoqda edim. Men ketishim zarurligi haqidagi xabarni qanday qabul qilishini tasavvur etishdan qo‘rqib, bu haqda Olesyaga hali churq etib og‘iz ochmagandim. Umuman, men mushkul ahvolda qolgandim. Olesyaga o‘rganib qolgandim, u bilan uchrashuvimiz kundalik odatga aylangan va mana shu odatiy tuyg‘ularim haddan ortiq chuqur ildiz otib ketgan edi. Har kuni Olesyani ko‘rish, uning yoqimli ovozini va qo‘ng‘iroqday kulgisini eshitish, mayin, mehr to‘la erkalashlarini his qilish men uchun zaruriyatgina emas, undan ham balandroq ehtiyoj edi. Kamdan-kam kunlar, mabodo yog‘ingarchilik uchrashuvimizga xalal beradigan bo‘lsa, o‘zimni yo‘qotib qo‘yar, hayotimda go‘yo eng asosiy, eng muhim narsadan ayrilganday bo‘lardim. Har qanday mashg‘ulot menga zerikarli, ortiqcha tuyulardi va butun borlig‘im bilan o‘rmonga, mehr-samimiyatga, yorug‘likka, o‘rganim qolganim – Olesyaning aziz chehrasini ko‘rmoqqa oshiqardim.
Men tez-tez Olesyaga uylanishni o‘ylay boshladim. Avvaliga, menga ayrim paytlardagina buning iloji borday ko‘rinardi, juda bo‘lmasa, nazarimda, kelajak munosabatlarimizni hal qilishda halol yo‘l shu edi. Faqat xayolimdagi birgina holat meni cho‘chitar va to‘xtatib turar edi: urf bo‘lgan zamonaviy ko‘ylak kiyib olgan, afsonalar va sirli kuchlarga to‘liq ko‘hna o‘rmonning sehrli muhitidan xalos bo‘lgan, mehmonxonada xizmatdoshlarim rafiqalari bilan suhbatlashayotgan Olesyani tasavvur qilishga ham jur’at etolmasdim.
Biroq jo‘nashim muddati yaqinlashgani sayin, yolg‘izlikning benihoya dahshati va qayg‘u-hasrati butun vujudimni egallab oldi. Kun sayin uylanish qarori qalbimga mustahkamroq o‘rnasha bordi va oxir-oqibat, ana shu fikrimda jamiyatga qarshi biror nojo‘ya harakatni ko‘rishni bas qildim. “Axir, yaxshigina oqil va olim odamlar tikuvchilarga, oqsochlarga uylanadilar-ku, – o‘zimga o‘zim tasalli berardim, – yana juda yaxshi yashab ketadilar va to umrlarining oxirigacha ularni qovushtirgan taqdirlaridan minnatdor bo‘lib o‘tadilar. Aslini olganda, shunday qilsam, boshqalardan ko‘ra baxtsizroq bo‘lmayman-ku?”
Bir kuni iyun oyining o‘rtalarida, kechga yaqin, men odatdagiday gullab yotgan do‘lanalar ichida, torgina o‘rmon so‘qmog‘i muyulishida Olesyani kutib turardim. Men uzoqdan uning yengil, ildam qadam tovushlarini tanidim.
– Salom, jonim, – dedi Olesya meni quchib va og‘ir nafas olib. – Rosa kutib qolgan bo‘lsang kerak? Uydan arang chiqib keldim-a. Buvim bilan urishib charchadim.
– Haliyam tinchimadimi?
– Qayoqda! “Sen, deydi, uni deb yo‘q bo‘lib ketasan… Sen bilan to‘ygunicha ko‘nglini yozadi-da, keyin tashlaydi-ketadi. Mutlaqo seni sevmaydi…”
– Buving men to‘g‘rimda shunday deyaptimi?
– Sening to‘g‘ringda-da, azizim… Baribir men uning bir og‘iz so‘zigayam ishonmayman.
– Buving hammasidan xabardormi?
– Aytmasam kerak, albatta… menimcha, biladi. Qisqasi, men buvimga bu haqda hech nimani aytmayman – o‘zi fahmlaydi. Ke, shuni gaplashib o‘tiramizmi… Ketdik.
U hurpayma, g‘uj-g‘uj, oppoq bo‘lib gullagan do‘lana shoxini sindirib olib, sochiga qadadi. Biz asta kechki quyoshda qizara boshlagan so‘qmoqdan yurdik.
Men kecha oqshomdayoq, nima qilib bo‘lsayam, ko‘nglimdagi gaplarni bu kecha aytaman, deb ahd qilib qo‘ygandim. Biroq g‘alati jur’atsizlik tilimni tushovlab tashladi. Agar Olesyaga ketishim va unga uylanishim haqida aytsam, menga ishonarmikin? U mening bu taklifimni dastlabki yarasi og‘rig‘ini faqat kamaytirish, yumshatish deb tushunmaydimi? “Mana, tanasi tilingan zarang daraxtiga yetaylik, shunda gapni boshlayman”, – ichimda xayolan shunday deb o‘yladim. Mana, zarang daraxtiga ham yetib keldik va men hayajondan bo‘zarib, gapiraman, deb nafas rostlab oldim, lekin jur’atim susaydi, asabiylashganimdan yuragim og‘riq bilan urdi va og‘zimni sovuq qopladi. “Yigirma yetti – mening feral sonim, – oradan bir necha daqiqa o‘tgach, shunday deb o‘yladim, – yigirma yettigacha sanayman-da, o‘shanda!..” Men xayolan sanay boshladim, endi yigirma yettiga yetdim-u, biroq hamon qat’iyatsiz, hamon bu gapni aytishga tayyor emasdim. “Yo‘q, – dedim o‘zimga o‘zim, yaxshisi, oltmishgacha sanay qolaman, – bunga aniq bir daqiqa ketadi, keyin albatta, albatta…”
– Bugun senga nima bo‘ldi? – so‘radi birdan Olesya. – Qandaydir ko‘ngilsiz narsa haqida o‘ylayapsanmi deyman. Nima bo‘ldi?
Shundagina men gap boshladim, biroq o‘zimga ham yoqmaydigan, soxta, g‘ayritabiiy bepisand ohangda, go‘yo gap hech arzimagan bir masala ustida ketayotganday so‘z boshladim:
– Haqiqatan bir kichik ko‘ngilsizlik bor… topding, Olesya… Qara, bu yerdagi xizmat muhlatim tugab qopti, endi meni rahbarlar shaharga chaqirishyapti.
Yon tomondan Olesyaga ko‘z tashladim va uning rangi qanday oqarib ketgani va lablari qanday titrayotganini ko‘rdim. Lekin u menga javoban bir og‘iz ham so‘z demadi. Men bir necha daqiqa u bilan yonma-yon yurdim. Maysalar uzra chigirtkalar baland ovozda chirillardi va olislardan tartar qushning bir maromda zo‘r berib tomog‘ida qirr-qirr qilib sayragan ovozi elas-elas kelardi.
– Sen, o‘zing tushunasan, albatta, Olesya, – yana gap boshladim men, – mening bu yerda qolishim noqulay va qayerda qolaman, keyin xizmatniyam o‘ylash kerak…
– Yo‘g‘-e… nimalar deyapsan… gapirib o‘tirishning hojati yo‘q, – Olesya xuddi osoyishta so‘zlayotganday, biroq favqulodda bo‘g‘iq, jonsiz tovushda gapirdiki, o‘zim qo‘rqib ketdim.– Agar xizmat vajidan bo‘lsa, albatta, ketish kerak.
Qiz daraxt oldida to‘xtab qoldi va orqasi bilan unga suyandi, rangi dokaday oqarib ketgan, shalvirab tushgan qo‘llari bilan, lablarida ayanchli, iztirobli tabassum bilan daraxtga suyandi. Uning bo‘zday oqargan rangi meni qo‘rqitib yubordi. Men unga otildim va qo‘llarini mahkam ushladim.
– Olesya… senga nima bo‘ldi? Olesya… jonim!..
– Hech nima… meni kechiring… o‘tib ketadi. O‘zi… boshim aylanib ketdi…
U o‘zini qo‘lga oldi va qo‘llarimdan qo‘llarini tortib olmay oldinga yurdi.
– Olesya, sen hozir men haqimda yomon o‘yga bording, – dedim men o‘pkalanib.– Uyat! Nahotki, meni seni tashlab ketishim mumkin, deb o‘ylasang? Yo‘q, azizam. Shuning uchun ham bu gapni boshladim, bugunning o‘zidayoq buvingning oldiga borib, sen endi mening rafiqam bo‘lishingni aytaman.
Men mutlaqo kutmaganim, Olesyani hozir aytgan so‘zlarim hayratga solmadi.
– Sening rafiqang? – U asta va g‘amgin bosh chayqadi. – Yo‘q, Vanechka azizim, bu mumkin emas!
– Nega endi, Olesya? Nima uchun?
– Yo‘q, yo‘q… Sen o‘zing tushunasan, bu haqda o‘ylashning o‘zi kulgili. Haqiqatan men senga qanaqasiga xotin bo‘lay? Sen asilzoda, aqlli, o‘qimishli bo‘lsang, men-chi? Mening savodim ham yo‘q, o‘qishni ham bilmayman, keyin qayerga oyoq bosishni ham bilmayman. Menga uylansang, boshing g‘avg‘odan chiqmaydi. Seni uyaltirishdan boshqasiga yaramayman.
– Bularning bari bo‘lmag‘ur gaplar, Olesya! – e’tiroz bildirdim qizishib. – Yarim yil o‘tsin, sen o‘zingni o‘zing tanimay qolasan. Sen hatto o‘zingda qanchalik tug‘ma aql va kuzatuvchanlik borligiga shubhalanmay qolasan. Biz sen bilan birga ko‘p yaxshi kitoblarni o‘qiymiz, olijanob, aqlli odamlar bilan tanishamiz, sen bilan butun olamni ko‘ramiz, Olesya… Biz to qarigunimizcha, to o‘lgunimizcha qo‘lni qo‘lga berib yashaymiz, men sendan uyalmayman, balki sen bilan faxrlanaman va sendan minnatdor bo‘laman!..
Olesya mening otashin nutqimga minnatdorona qo‘l qisish bilan javob berdi, biroq o‘z fikridan qaytmay turaverdi.
– Nahotki, sabab birgina shu bo‘lsa?.. Ehtimol sen hali bilmassan?.. Men buni senga hech qachon aytmaganman… Axir, mening otam ham yo‘q… Men nikohsiz tug‘ilganman…
– Bo‘ldi qil, Olesya… Hammasidan ham shu narsa meni to‘xtatolmaydi. Axir, sen o‘zing menga ota va onadan, butun dunyodan qadrliroq bo‘lsang, sening urug‘-aymog‘ing bilan nima ishim bor? Yo‘q, bularning bari arzimagan mayda gaplar, bularning bari bo‘lmag‘ur vaj-korsonlar!..
Olesya jimgina, itoat etib muloyimgina kiftini kiftimga yaqin qo‘ydi.
– Jonim… Sen umuman bu haqda gap ochmaganing yaxshi edi… Sen yosh, boshing ochiq bo‘lsa… Nahotki, sening qo‘l-oyoqlaringni butun umrga bog‘lab qo‘yishga jazm etolsam?.. Deylik, agar senga boshqa bir ayol yoqib qolsa-chi? Axir, sen o‘shanda mendan nafratlanmaysanmi, men senga turmushga chiqishga rozi bo‘lgan kun va soatlarga la’natlar o‘qimaysanmi? Azizim, jahling chiqmasin! – u menga bu so‘zlar qanchalik yoqmayotganini ko‘rib, iltijo bilan xitob qildi. – Men seni xafa qilishni istamayman. Men, axir, faqat sening baxtingni o‘ylayapman. Nihoyat, buvimni esingdan chiqarding. O‘zing bir o‘ylab ko‘r, uni tashlab ketsam, yaxshi ish qilgan bo‘lamanmi?
– Nima qipti… bizning uyimizda buvinggayam joy topiladi. (Tan olish kerakki, buvisi haqidagi gap meni esankiratib qo‘ydi.) Agar buving biznikida yashashni istamasa, har bir shaharda shunday uylar bor… bunday uylar miskinlar uyi, deyiladi… Bunday joylarda qariyalar uchun tinchlik-xotirjamlik ta’minlanadi, undan keyin ularga yaxshi qarashadi…
– Yo‘g‘-e, nimalar deyapsan! Buvim o‘rmondan hech qayoqqa ketmaydi. U odamlardan qo‘rqadi.
– Bo‘lmasa, o‘zing nima qilsak, yaxshi bo‘lishini o‘yla, Olesya. Sen endi men bilan buving o‘rtasida birimizni tanlashingga to‘g‘ri keladi. Faqat bir narsani bilib qo‘y – sensiz menga hayot zahar-zaqqum bo‘ladi.
– Jonginam! – teran nazokat, benihoya muloyimlik bilan gapirdi Olesya. – Faqatgina shu so‘zlaring uchun ham senga rahmat. Ko‘nglimni ko‘tarding… Lekin baribir men senga turmushga chiqmayman… Yaxshisi, agarda quvmasang, men sen bilan birga yuray… Faqat oshiqma, iltimos, meni shoshirma. Menga bir-ikki kun muhlat ber, hammasini yaxshilab o‘ylab ko‘ray. Keyin buvim bilan ham gaplashib olishim kerak.
– Menga qara, Olesya, – dedim men miyamga “yalt” etib bir fikr kelib urilgach. – Balki sen yana… cherkovdan qo‘rqayotgandirsan?
Ehtimol gapni ana shundan boshlash kerakmidi. Xudoning bergan kuni men Olesya bilan sehr-jodu kuchlarini egallashga aloqador avlodi ustidan ularni qiynab, hukm o‘tkazib kelayotgan soxta tavqi la’nat haqidagi fikridan qaytarishga urinib bahslashardim. Aslini olganda, har bir rus ziyolisida bir oz taraqqiyparvar yashaydi. Bu narsa qonimizda bor, buni bizga so‘nggi o‘n yilliklarda rus belletristikasi singdirgan. Yana kim biladi? Agarda Olesya dinga astoydil e’tiqod qilganida, hamma amallarini sidqidildan bajarganida va cherkovga kanda qilmay borib turganida – u holda men qizning dindorligi ustidan kinoya qilsam (faqat yengilgina, chunki men o‘zim doimo dinga e’tiqod qilib kelaman) va qizda tanqidiy jihatdan bilimga intilishini rivojlantirsam bo‘lardi. Ammo qiz qat’iyan va soddadillarcha ishonch bilan qora kuchlar bilan muloqoti hamda hatto Xudodan yotlashgani haqida ko‘nglidagi gaplarni to‘kardi, shuni aytish kerakki, Xudo haqida hatto gapirishga ham qo‘rqardi.
Olesyani irim-chirim, bid’atdan susaytirishga qasd qilishim besamar ketardi. Barcha keltirgan mantiqiy dalil-isbotlarim, ba’zan barcha qo‘pol va achchiq pichinglarim uning sirli qismatidagi afsungarligiga bo‘lgan itoatkorona ishonchiga urilib parchalanib ketardi.
– Sen cherkovdan qo‘rqasanmi, Olesya? – qaytarib so‘radim men.
U indamay boshini egdi.
– Sen, Xudo meni qabul qilmaydi, deb o‘ylaysanmi? – men tobora qizishib gapimda davom etdim. – Xudo sendan marhamatini ayaydimi? Millionlab farishtalar amriga shay turgan bo‘lishiga qaramay, yerga tushib, barcha insonlarni qutqarish uchun dahshatli, sharmandali o‘limni qabul qilgan zotda marhamat-muruvvat yo‘qmi?! Fohisha ayolning afsus-nadomati, pushaymonligini qabul qilib, uni kechirgan va qaroqchi qotilga bugun jannatda birga bo‘lishga va’da bergan zotda yo‘qmi rahmdillik?
Mening talqinimda bu fikrlarning bari Olesyaga yangilik bo‘lmay qolgandi, ammo bu safar u hatto gaplarimni eshitmadi ham. U ro‘molini tezgina oldi-da, uni g‘ijimlab yuzimga otdi. Ana, yugur-yugur boshlandi. Men undan do‘lana gulini olaman deb intildim. Qiz bunga qarshilik ko‘rsatarkan, yerga yiqilib tushdi va xurram kuldi va tez-tez nafas olib turgan totli lablarini cho‘zganicha o‘zi bilan birga meni ham tortib ketdi…
Kech oqshom xayrlashib, ancha joygacha borib qolganimizda birdan ortimdan Olesyaning ovozini eshitdim:
– Vanechka! Bir daqiqaga to‘xtab tur… Men senga bir gap aytaman!
Men orqamga o‘girildim va unga peshvoz yurdim. Olesya shoshilganicha men tomon yugurib keldi. Ko‘kda ingichka, kumushsimon o‘tmas o‘roq bo‘lib yangi oy chiqqandi, men yangi oyning bo‘zargan yorug‘ida Olesyaning ko‘zlari to‘kilib ulgurmagan yirik dona yoshlarga to‘laligini ko‘rdim.
– Olesya, nima gap? – so‘radim xavotirlanib.
U qo‘llarimni ushlab oldi-da, ustma-ust o‘pa ketdi.
– Azizim… shunday yaxshisanki! Shunday olijanobsan! – derdi titroq ovozda. – Hozir yo‘lda keta turib, meni shunday sevasanki, deb o‘yladim!.. Bilasanmi, men senga biror-bir juda, juda yoqadigan bir ish qilgim kelyapti.
– Olesya… Yoqimtoy qizgina, tinchlan…
– Menga qara, qani, ayt-chi, – so‘zida davom etdi u, – agarda men biror kun cherkovga borsam, sen juda xursand bo‘larding-a? Faqat to‘g‘risini, rostingni ayt.
Men o‘ylanib qoldim. Kutilmaganda miyamga irimga o‘xshash bir o‘y kelib qoldi: bundan biror ko‘ngilsizlik chiqmasmikin?
– Nega indamaysan? Gapirsang-chi tezroq, bundan xursand bo‘larmiding yoki senga baribirmi?
– Senga nima desamikin, Olesya? – deya boshladim men gap topolmay tutilib. – Ha, balki bu menga yoqardi. Men senga ko‘p martalab aytganman-ku, axir, erkak kishi dinga ishonmasligi, shubhalanishi, hatto kulishiyam mumkin. Biroq ayol kishi… ayol, so‘zsiz, taqvodor bo‘lishi kerak. Men o‘zini Xudo himoyasi ostiga topshirgan ayolning oddiy va inja, hamisha ko‘ngilga borib tegadigan ayollik nafosati va go‘zalligini his qilaman.
Men jim bo‘lib qoldim. Olesya ham boshini ko‘ksimga yashirgancha javob bermadi.
– Nima uchun sen mendan buni so‘rading? – qiziqdim men.
Olesya birdan cho‘chib tushdi.
– O‘zim… Shunchaki so‘radim… Sen bunga e’tibor berma. Bo‘pti, xayr bo‘lmasa, azizim. Ertaga kelgin-a.
U ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Men yana tez, olislagan qadam tovushlariga quloq tutganimcha qorong‘ilikka uzoq tikilib turdim. Kutilmaganda ko‘nglimga kelgan xayolning nogahoniy dahshati vujudimni qoplab oldi. Olesyaning izidan yugurgim, hatto cherkovga bormasligini so‘rab, o‘tinib-yolvorib, hatto kerak bo‘lsa, talab qilgim kelib ketdi. Lekin men ichimdagi kutilmagan xavotirli shiddatni tutib qoldim – esimda – yo‘lga tusharkanman, ovozimni chiqarib dedim:
– Aftidan, siz o‘zingiz, aziz Vanechkam, irimchi bo‘lib qolibsiz.
O Xudoyim-ey! Nega endi men o‘shanda yuragimning g‘alayonli mayliga quloq tutmadim – endi o‘zim, shubhasiz, bunga ishonib o‘tiribman! – ko‘ngil o‘zining oldindan sezajak sirli tuyg‘ularida aslo adashmaydi!

XII

Bu uchrashuvning ertasi kuni muqaddas Troitsa bayrami ayni shahid Timofey kuniga to‘g‘ri keldi, xalq rivoyatlarida naql qilinishicha, ekin bitmagan vaqtlar, hosilsizlik oldidan u xotirlanadi. Cherkovga oidligi bo‘yicha Perebrod qishlog‘i ro‘yxatga ilova qilingan holda belgilangandi, ya’ni bu o‘rinda garchand alohida o‘z poplari nazarda tutilmagan, Volche qishlog‘ining popi ahyon-ahyonda, ro‘za va katta bayramlarda kelib turardi.
Men shu kuni xizmat ishlari vajidan qo‘shni qishloqqa borishim zarur bo‘lib qoldi, u yoqqa ertalab sakkizlarda, hali havo salqinligida ot minib jo‘nadim. Men biror joylarga borib-kelish ehtiyojlari uchun allaqachonlar shu yerdan, ko‘rimsiz naslli besh-olti yoshli toy sotib olgandim, ammo otim xunuk bo‘lsa-da, ilgarigi egasi, uyezd yer o‘lchovchisi uni mehr bilan ardoqlab parvarish qilib boqqandi. Otimning laqabi Taranchik edi. Men oyoqlari baquvvat, ingichka, silliq, chigal yollari ostidan jahl va ishonqiramay qarab turgan chaqnoq ko‘zli, lablari mahkam jipslashgan ana shu qadrdon jonivorga juda o‘rganib qolgandim. Ot tusi yakkam-dukkam va kulgili ko‘rinardi: hamma yog‘i kulrang, bo‘z, faqat uning sag‘risiga chipor, oq va qora dog‘lar toshgandi.
Men butun qishloqdan o‘tib, yo‘l bosishimga to‘g‘ri keldi. Cherkovdan to qovoqxonagacha ketgan yam-yashil maydon saf tortgan aravalarga to‘lib ketgandi, ushbu ulovlarda tevarak-atrofdagi qishloqlar: Volosha, Zulna va Pechalovkadan dehqonlar xotinlar va bolalari bilan bayramga kelgandilar. Odamlar aravalar o‘rtasida u yoqdan- bu yoqqa zir yugurardilar. Hali erta sahar ekani va qat’iy qarorlar qabul qilinganiga qaramay, ular orasida mast-alastlar uchrardi (sobiq mayxonachi Srul bayramlar va tun paytlari yashirincha aroq sotardi). Tongda shamol esmayotgan va havo dim edi. Havo yonmoqda va kun chidab bo‘lmas issiq bo‘lishi kutilmoqda edi. Qizigan va xuddi qo‘rg‘oshin yutganday kumushsimon chang qoplagan osmonda bir parcha ham bulut ko‘rinmas edi.
Qishloqda o‘zimga kerakli barcha ishlarni to‘g‘rilab bo‘lgach, qo‘narjoyda qiyma solib pishirilgan yahudiycha cho‘rtanbaliqni apil-tapil maza-matrasiz, xira pivo bilan tanavvul qildim-da, uyga jo‘nadim. Lekin temirchilik ustaxonasi yonidan o‘tib ketayotib, Taranchikning oldingi chap oyog‘ini taqasi anchadan buyon liqillab qolgani esimga tushdi va otimga taqa qoqtirish uchun to‘xtadim. Otga taqa qoqtirish bir yarim soat vaqtimni oldi, Perebrodga kirib kelganimda soat tushdan keyingi to‘rt va besh oralig‘i bo‘lib qolgandi.
Butun maydonda g‘uj-g‘uj mast-alastlar, chug‘urlashgan odamlar qaynab yotardi. Qovoqxona panjaralari va eshik oldlari tom ma’noda bir-birini turtgan, ezgan xaridorlarga liq to‘la edi; perebrodlik dehqonlar o‘tlar ustida, aravalar soyasida o‘tirib olganlaricha chetdan kelganlar bilan aralash-quralash bo‘lib ketgandi. Hamma yoqda orqaga tashlangan boshlar va tepaga ko‘tarilgan shishalar ko‘rinib turardi. Birorta hushyor kimsaning o‘zi yo‘q edi. Yalpisiga ichib, mast bo‘lish shu darajaga yetgandiki, bir dehqon o‘zidan ketib, kerilib, kayfi oshgandan-osha boshlaydi, o‘zini idora qilolmay qoladi, masalan, boshini tasdiqlayman, deb irg‘ash o‘rniga butun gavdasi bilan “shilq” etib yerga o‘tirib qoladi, tizzalarini bukarkan, birdan o‘zini tutolmay, gandiraklab orqasiga tislanib ketadi. Churvaqalar chuvillashar, beparvo xashak kavshayotgan otlar oyoqlari ostida chiyillashib o‘ynardi. Bir qarasang, bir xotin o‘zi arang oyog‘ida turibdi, yig‘lamsirab, koyigancha oyoq tirab olgan, ichganida betiga qarab bo‘lmagan beo‘xshov, g‘irt mast erining yenglaridan tortib uyga opketishga urinadi. Devor soyasida yigirmatachalarcha erkagu ayol ko‘r lirnik atrofini g‘uj bo‘lib o‘rab olgandi, lira cholg‘usining bir maromda g‘iz-g‘iz etib jaranglagan sadosiga lirnikning titroq, dimog‘ida kuylagan tenor ovozi jo‘r bo‘lmoqda edi. Men uzoqdanoq dumkaning tanish so‘zlarini eshitdim.

Oy, ziyshla zorya, tay vechirnyaya
Nad Pochayevыm stala.
Oy vыshlo viysko turetskoye,
Yak ta chernaya xmara…

So‘ngida bu dumkada turklar qanday qilib hujum qilmasdan turib, hiyla bilan Pochayev lavrasini olmoqchi bo‘lgani haqida hikoya qilinardi. Ular shu maqsadda go‘yo monastirga sovg‘a tariqasida porox tiqib, to‘ldirilgan bahaybat sham jo‘natadilar. Ushbu shamni o‘n ikki juft ho‘kizlarda olib keladilar, rohiblar terilariga sig‘may xursand bo‘lganlaridan shamni Pochayev Bibi Maryam ikonasi oldida yoqmoqchi bo‘libdilar, lekin Xudo ushbu qabih niyatning amalga oshishiga yo‘l qo‘ymabdi:

A prisnilsya starshemu chtetsu,
Toy svechi ne brati.
Vыvezti yei v chistoye pole,
Sokirami zrubati.

Shunda inoklar kuylaydi:

Vыvezli yei v chistoye pole,
Stali yei rubati.
Kuli i patroni na vsi storonы
Stalы – get! – roskidati…

Toqat qilib bo‘lmas kunning issiq harorati aroqning kuyindi isi, piyoz, qo‘y po‘stini, o‘tkir bakun maxorkasi va inson badanidan chiqqan terlarning badbo‘y hidlari bari qorishib, butun havoni tutib ketgandi. Tinmay kallasini qimirlatayotgan Taranchikni bazo‘r tutib, odamlar orasini ehtiyot bo‘lib yorib o‘tdim, har tomondan meni surbetlik, qiziquvchanlik va yovqarash qilib ta’qib qilgan nigohlarni sezmasligim mumkin emasdi. Odatga qarshi, birorta odam bosh kiyimini olmadi, lekin men paydo bo‘lishim bilan shovqin-suron birdan tinib qolganday bo‘ldi. To‘satdan qaydadir olomon orasidan mast, xirildoq baqiriq eshitildi, biroq aniq-tiniq eshitmadim, baqiriqqa javoban tiyiqsiz xaxolash taraldi. Qandaydir ayol ovozi qo‘rqa-pisa baqiroqni tinchitishga tirishdi:
– Jim, ahmoqmisan… Nega baqirasan! Eshitib qoladi…
– Menga nima, eshitsa eshitar! – gapida davom etdi jo‘shib. – Nima, menga u boshliqmi, kim? U faqat o‘rmonda anavinisi bilan…
Jirkanch, uzundan-uzun, dahshatli jumla tiyiqsiz xaxolash jazavasi bilan birga havoda muallaq osilib qoldi. Men otimni tez orqaga qaytardim va hech nimani ko‘rmay, hech nimani o‘ylamay, deya telbalarcha qahr bilan o‘rma qamchin sopini titrab-qaqshab qisdim. Shunda birdan miyamga g‘alati, azobli, qayg‘uli fikr kelib urildi. “Bularning hammasi qachonlardir, hayotimda ko‘p, ko‘p yillar ilgari yuz bergandi… Xuddi shunday quyosh ayovsiz qizdirayotgandi… Xuddi shunday ulkan maydonni shovqin solgan, jazavaga tushgan olomon bosgandi… Men qahr-g‘azabdan quturib ortimga o‘girildim… Lekin bu voqea qayerda bo‘lgandi? Qachon? Qachon?..” Men qamchinni qo‘yib yubordim va uy tomon shamolday yeldim.
Oshxonadan sekin chiqib kelgan Yarmola otni mendan olib, dag‘allik bilan dedi:
– U yoqda, panich, Marinov yer-mulkidan gumashta kelgan, xonangizda o‘tiribdi.
Nazarimda, Yarmola yana nimadir, men uchun juda muhim va ko‘ngilsiz bir nima demoqchiday tuyuldi, hatto uning yuzida zaharli kalaka ifodasi lip etib o‘tganday tuyuldi. Men eshik oldida atayin ushlanib qoldim va jig‘iga tegish uchun Yarmolaga qayrilib qaradim. Lekin u menga qaramasdan bo‘ynidan cho‘zilib tushgan va oyoqlari bilan asta bosib borgan ot yuganidan sudradi.
Xonamda qo‘shni yer-mulk idora xizmatchisi – Nikita Nazarich Mishchenkoni ko‘rdim. U katta-katta mallarang katakli kulrang pidjak, to‘q zangorirang tor-tanqis shim kiyib olgan va bo‘ynida olovrang-qirmizi bo‘yinbog‘, sochining o‘rtasidan surkab farq ochib qo‘yilgan, undan fors nastarinining o‘tkir isi gupillab urib turardi. U meni ko‘rib kursidan sapchib turdi va ikkala jag‘ini ochganida rangsiz milklarini ko‘rsatib, tabassum bilan egilmasdan, belini bukmoqchi bo‘lib, ta’zim qilishga urindi.
– Sizga ta’zim qilish sharafiga muyassar bo‘lganimdan mamnunman, – iltifot bilan bidir-bidir qildi Nikita Nazarich. – Ko‘rishganimizdan xursandman… Men sizni bu yerda ibodatdan beri kutib o‘tiribman. Sizni ko‘rmaganimga ancha bo‘ldi, hatto sizni sog‘indim ham. Siz o‘zingiz nega biz tomonlarga hech o‘tmaysiz? Hatto bizning stepanlik oyimqizlarimiz sizdan kuladilar ham.
Shunda birdan nogahon bir narsa esiga tushib qolib, o‘zini tutolmay xaxolab kulib yubordi.
– Mana, men sizga aytsam, bugun shunaqa bir hangoma bo‘ldiki, qo‘yaverasiz! – xitob qildi u kulgidan nafasi bo‘g‘ziga tiqilib. –Xa-xa-xa-xa… Men hatto kulaverib ichaklarim uzilayozdi!..
– Nima bo‘ldi? Qanday hangoma? – so‘radim men qo‘pollik bilan noroziligimni yashirolmay.
– Ibodatdan keyin u yerda janjal chiqdi, – davom etdi Nikita Nazarich ora-orada haholash tutqanog‘i bilan nutqini uzib-uzib. – Perebrodlik qizginalar… Yo‘q, Xudo haqqi, chidayolmayman… Perebrodlik qizlar bu yerda, maydonda alvastini tutib olishibdi… Ya’ni, albatta, ular uni alvasti deb hisoblaydilar omiliklaridan… Qizlar uning ta’zirini berib qo‘yibdilar!.. Qatron surkab bezab qo‘ymoqchi bo‘lgan ekanlar, u bir amallab oralaridan qutulib chiqib ketibdi…
Miyamda “yalt” etib, dahshatli bir gumon paydo bo‘ldi. Men idora xizmatchisiga tashlandim, azbaroyi xavotirdan uning kiftlariga qo‘lim bilan xippa yopishdim.
– Nimalar deyapsiz?! – baqirdim men g‘azabnok ovozda. – Hi-hilashni bas qilsangiz-chi, padari qusur! Qanday alvasti haqida gapiryapsiz o‘zi?
U birdan kulishdan to‘xtadi va menga yumaloq, qo‘rquv to‘la ko‘zlarini do‘laytirdi.
– Men… men, to‘g‘risi, bilmayman, – o‘zini yo‘qotib g‘o‘ldiradi u. – Menimcha, qandaydir Samuylixamidi… Manuylixamidi… yoki… Afv etasiz… Qanaqadir Manuylixaning qizimikin?.. Bu yerda nimalardir deb laqillashayotganidi erkaklar, ammo men, tan olib aytaman, esimdan chiqibdi.
Men uni nimani ko‘rgan va eshitgan bo‘lsa, barchasini bir boshdan tartib bilan gapirib berishga majbur qildim. U tuturiqsiz, poyintar-soyintar qilib chalkash gapirdi, men bo‘lsam har bir daqiqada uni sabrsizlik bilan so‘rab-surishtirishlar, hayqiriqlar va deyarli so‘kish bilan gaplarini bo‘lib turdim. Men uning hikoya qilib berishidan juda oz ma’lumotlarni bildim va faqat oradan ikki oy o‘tgach, ushbu la’nati voqeaga shohid bo‘lganlarning, o‘sha kuni ibodat chog‘i davlat o‘rmon uchastkasi mudirini xotinining aytib berishiga qarab o‘sha hodisani birma-bir tiklab oldim.
Mening o‘shanda ko‘nglim sezgan ekan. O‘sha kuni Olesya qo‘rquvini yengib, cherkovga keladi; garchand u faqat cherkovda xizmat ko‘rsatilayotgani marosimi o‘rtasiga yetib borgan va cherkov dahlizida turgan bo‘lsa-da, uning kelganini shu zahoti o‘sha yerda hozir bo‘lgan hamma dehqonlar bilib qoladi. Cherkovda xizmat chog‘i ayollar shivir-shivir qilgan va orqalariga o‘girilib qaraganlar.
Biroq Olesya ibodat tamom bo‘lgunicha tura olish uchun o‘zida yetarli kuch topadi. Ehtimol u ana shu yovqarashlarning asl ma’nosini tushunmagan, ehtimol oriyatli bo‘lgani uchun parvo qilmagandir. Ammo u cherkovdan chiqarkan, ihotaning oldidayoq har tomondan bir to‘da xotin-xalaj, har daqiqa sayin ko‘payishib va bari yanada jipslashib Olesyaning atrofini qurshab olganlar. Avvaliga, ular har tarafga qo‘rquv bilan alanglagan yakka o‘zi, bunday vaziyatda ojiza bo‘lib qolgan qizga faqat jimgina va gustohona tikilib qarab turganlar. So‘ngra masxarali kulgilar jo‘rligida qo‘pol pichinglar, qabihona so‘zlar, qarg‘ashlar yog‘ilgan, davomida ayrim na’ralar yalpisiga quloqni teshvorguday qiy-chuvga aylanadiki, ushbu mojaroda hech nimani anglab olishning iloji bo‘lmaydi va bunda ko‘proq u yoq-bu yoqqa yugurgan to‘daning asablari tarang tortilib, jig‘ibiyron bo‘ladi. Olesya bir necha marta ana shu jonli, dahshatli qurshov halqasi orasidan chiqib ketishga intiladi, ammo har safar uni yana o‘rtaga itaradilar. To‘satdan qayerdandir to‘da orqasidan chiyillagan keksa ovoz: “Manjalaqiga qatron surkanglar, qatron!”– deya baqiradi. (Ma’lumki, Malorossiyada qiz bola yashaydigan hatto uy darvozasiga qatron surish uning uchun sira yuvib bo‘lmaydigan haddan ortiq sharmandalik hisoblanadi.) Deyarli shu daqiqaning o‘zidayoq quturgan xotinlar galasining boshlari uzra qo‘ldan qo‘lga o‘tib, qatron va qatronli cho‘tka paydo bo‘ladi.
Shunda Olesya g‘azab, dahshat va alamidan, duch kelgan birinchi azoblagan ayolga jon-jahdi bilan tashlanib, uni urib yiqitadi. Shu zahoti yerda bir to‘da qaynaydi va o‘nlab tanalar aralash-quralashib, yagona yalpi qichqirgan olomonga aylanadi. Biroq Olesya qay bir mo‘jiza bilan ana shu tugunning ichidan sirg‘alib chiqib ketishga muvaffaq bo‘ladi, u o‘ylab o‘tirmasdan yo‘ldan – ro‘molsiz, dabdalasi chiqqan, ba’zi joylaridan yalang‘och badani ko‘rinib turgan yirtiq kiyimda chopib boradi. Uning izidan haqoratlar, kalaka qilib kulishlar, ochiqdan-ochiq tahqirli so‘zlar bilan birga toshlar otiladi. Ammo uning orqasidan bir nechta xotin yuguradi, o‘shalar ham orqada qolib ketadilar. Olesya ellik qadamlarcha chopib borgach, to‘xtaydi, yirtqichga aylangan to‘daga bo‘zday oqarib ketgan, timdalangan, qonab yotgan yuzini o‘giradi va shunday baland ovozda baqiradiki, uning so‘zlarini maydonda hozir bo‘lgan har bir odam eshitadi:
– Juda yaxshi-da!.. Sizlar hali buni eslab qolasizlar! Sizlar hali bularning bari uchun burningizdan buloq kelguncha to‘lab qo‘yasizlar!
Bu tahdid, keyinchalik o‘sha voqeaning guvohi aytib berganiga ko‘ra shunday g‘azab, shunday nafrat, shunday qat’iyat bilan valilarcha ohangda aytiladiki, bir onga ushbu olomon xuddi dong qotib qolganday bo‘ladi, lekin faqat bir onga sukunat cho‘kadi, chunki shu damda yana haqorat-tahqirlarning yangi to‘lqini otiladi.
Takror aytaman, sodir bo‘lgan ushbu mojaroning ko‘pgina tafsilotlarini ancha kech bildim. Mishchenkoning hikoyasini oxirigacha eshitib o‘tirishga kuchim ham, sabrim ham yetmadi. To‘satdan xayolimga Yarmola hali otning egar-jabduqlarini olib qo‘ymagandir, degan gap keldi va hayratda lol qolgan idora xizmatchisiga bir og‘iz so‘z ham demay shoshilib hovliga chiqdim. Yarmola haqiqatan hali Taranchikni devor yoqalab olib yurardi. Men otni tez yuganladim, ayilni tarang tortib bog‘ladim va yana mast olomonga yo‘liqib, ular orasidan yorib o‘tmaslik uchun aylanma yo‘l bilan o‘rmon tomon yeldim.

XIII

Mening g‘azabnok ot choptirishimning davomida qanday ahvolga tushganimni tasvirlab berib bo‘lmaydi. Qay bir daqiqalarda qayerga va nima uchun ketayotganimni mutlaqo unutdim; faqatgina qandaydir tuzatib bo‘lmas va qo‘rqinchli hodisa yuz berganini iztirob bilan anglab yetish – ana shu anglash ba’zan bezgak payti insonni qamrab olgan alahsirashidagi sababsiz og‘ir tahlikani yodga soladi. Ayni paytda – shunisi g‘alati! – miyamda ot dukur-dukuriga monand, ko‘r mashshoqning manqa, siniq ovozi titrashini qo‘ymasdi:

Oy viysko turetskoye,
Yak ta chernaya xmara.

Men Manuylixaning kulbasiga eltuvchi tor so‘qmoqqa yetgach, terlik chekkalari va ot terisi abzaliga tekkan joylarida oppoq, yumaloq toshday-toshday bo‘lib quyuq ko‘pik chiqqan Taranchikdan tushib, uni jilovini bo‘shatdim. Kunning kuchli jaziramasi va otda tez yurganimdan go‘yo qandaydir ulkan, betinim nasos bilan haydagan kabi miyamda qon gupurardi.
Otni chetandevorga boylab, uyga kirdim. Dastlab menga Olesya uyda yo‘qday tuyuldi, hatto qo‘rquvdan ko‘ksimda og‘riq turdi, og‘zim muzlab qoldi, biroq bir daqiqalardan keyin to‘shakda qizning devorga qarab, yostiqqa boshini yashirib yotganini ko‘rdim.
Shu yerda, yonimda yerda o‘tirgan Manuylixa mashaqqat bilan o‘rnidan turdi va menga qo‘llarini silkidi.
– Jim! Shovqin solma, battol, – shivirlab po‘pisa qildi kampir menga tobora yaqinlashib. Yana ko‘zlarimga tussiz sovuq ko‘zlarini tik qadadi, jahl bilan vishilladi: – Nima? O‘ynab bo‘ldingmi, azizim?
– Menga qara, momo, – qarshilik bildirdim keskin, – hozir hisob-kitob qilish va gap talashib o‘tirishning mavridimas. Olesyaga nima bo‘ldi?
– Tsh-sh…jim! Ana, Olesya behush yotibdi, nima bo‘lganini ko‘r o‘zing… To‘g‘ri kelmagan joyga burningni suqasan, qizaloqqa bo‘lar-bo‘lmas narsalarni valdiramaganingda edi, hech bir yomonlik bo‘lmas edi. Men-ku tentak, avayladim-asradim, erkalatib yubordim… Axir, ko‘nglim bir falokat bo‘lishini sezgandi-ya… Sen o‘zing, sal bo‘lmasa, uyimizga bostirib kirib kelgan kuningdayoq ko‘nglim ko‘ngilsizlikni sezgan edi. Nima? Axir, sen cherkovga kirib borishga avramadingmi uni? – birdan g‘azab-nafratdan qiyshayib ketgan yuzini qaratib menga tashlanib qoldi kampir. – Senmasmiding, la’nati oqbilak yigitcha? Yolg‘on gapirma – tulki dumingni ko‘pam likillataverma, benomus! Cherkovga borgin, deb uning boshini qotirish senga nega kerak bo‘p qoldi?
– Men uni qiziqtirmadim, momo… Sizga buni so‘z berib aytaman. O‘zi shuni xohladi.
– Oh, bosh balosi, balo bo‘lding-a menga! – Manuylixa qo‘llarini shalp-shalp urdi. – Uyga yugurib kelibdi de – rangida rang yo‘q, butun ko‘ylaklari tarra-burra yirtilgan… Boshyalang… Nimalar bo‘lganini gapirib beryapti, o‘zi bo‘lsa dam kuladi, dam yig‘laydi… Xuddi jazavasi tutgan tutqanoq deysan… To‘shakka yotdi… yig‘lagani yig‘lagan, so‘ng, qarasam, xuddi pinakka ketganga o‘xshadi. Men qari miyasi suyulgan kampir, xursand bo‘lib o‘tiribman: mana endi, uxlab olsa, o‘tib ketadi, barini orqaga tashlaydi. Qarasam, qo‘llari pastga osilib tushgan, to‘g‘rilab qo‘yay, deb o‘ylayman, qo‘llari uvushib qotib qolibdi… Uni qimirlataman, jonimni qo‘lidan tortaman, qizim bo‘lsa otash bo‘lib yonyapti, harorati baland… Demak, bezgakka chalinibdi-da… Bir soatcha tinmay gapirdi, birpasda shunday bo‘lsa kuymaysanmi… Mana, hozir bir daqiqaga tingani. Nima qilib qo‘yding? Unga nima qilib qo‘yding? – yangitdan alam bilan dag‘dag‘a qildi kampir.
Birdan kampirning basharasi yig‘idan qo‘rqinchli tarzda burishib ketdi, lablari cho‘zilib, burchlari pastga osildi, peshonasida taram-taram chuqur ajinlar qoldirib, qoshlari tepaga ko‘tarildi, ko‘zlaridan esa noodatiy yirik, no‘xatday-no‘xatday yosh tomchiladi. U boshini qo‘llari bilan ushlab, tirsaklarini stolga qo‘ydi, butun gavdasi bilan bir orqaga, bir oldinga tebranarkan, pichirlab kuylagandek uv-uv yig‘ladi.
– Jonim qizim-ay! Maydagina nevaram-ay!.. Oh, ichim yonib ketyapti, siqilib ketyapti!..
– Hadeb yig‘layverasanmi, kampir, – men qo‘pollik bilan Manuylixani kesdim. – Uyg‘otib yuborasan!
Kampir jim bo‘lib qoldi, biroq yuzini boyagiday burishtirganicha bir orqaga, bir oldinga chayqalaverdi, shu orada yirik-yirik ko‘z yoshlari stolga toma boshladi… Shu tariqa oradan o‘n daqiqalarcha o‘tdi. Men Manuylixaning yonida o‘tirardim va deraza oynasiga urilib, viz-viz qilayotgan pashshaning ovozi kabi bir xilda va uzib-uzib vizillashini iztirob bilan eshitib o‘tirardim…
– Buvijon! – kutilmaganda zaif, zo‘rg‘a eshitarli Olesyaning ovozi eshitildi.
Manuylixa shoshilib oqsay-oqsay karavot tomon bordi va yana uv-uv qilib yig‘ladi:
– Oh, nevaram-ay, joni jahonim-a! Oh, qari yoshimda kulfat tushdi boshimga, voy azobim-ay…
– Ey, buvi, bo‘ldi-da endi! – ovozida shikoyatomuz iltijo va azob-iztirob ohangi bilan dedi Olesya. – Uyimizda o‘tirgan kim?
Men ehtiyotkorlik bilan oyoq uchida karavotga yaqinlashdim va hamisha bemor qarshisida his etajak o‘zingning sog‘ ekaning va qo‘polliging uchun aybdorligingni anglab, xijolat bo‘lish tuyg‘usi bilan uning oldiga bordim.
– Bu menman, Olesya, – dedim men ovozimni pasaytirib. – Hozirgina otda qishloqdan keldim… Ertalabdan shaharda edim… Tobing yo‘qmi, Olesya?
U, yuzlarini yostiqdan ko‘tarmay, xuddi havoda nimanidir izlayotganga o‘xshab yalang‘och qo‘lini orqaga cho‘zdi. Men bu harakatni tushundim va uning qaynoq qo‘llarini qo‘llarimga oldim. Ikkita kattakon ko‘kimtir dog‘ – biri panjasining ustida, ikkinchisi tirsagidan yuqorida edi – oppoq nozik terisida yaqqol ajralib turardi.
– Azizim, – so‘z boshladi asta Olesya, bir so‘zni ikkinchisidan qiynalib ajratib. – Senga qaragim kelyapti… bunday qilolmayman… Meni butunlay… dabdalamni chiqardilar… Esingdami… senga… mening yuzim juda yoqardi?.. Rostdan ham yoqardi-a, azizim?.. Men doimo bundan xursand bo‘lib yurardim… Endi sen… menga qaraging kelmaydi… Mana endi… men… endi istamayman…
– Olesya, meni kechir, – shivirladim men uning qulog‘iga egilib.
Uning alangayi otash bo‘lib yonayotgan qo‘li mening qo‘limni mahkam va uzoq qisib turdi.
– Qo‘ysang-chi!.. Nima bo‘ldi, jonim?.. Shunday deb o‘ylashga uyalmaysanmi? Bu ishda sening nima aybing bor? Hammasiga o‘zim aybdorman, tentak qiz… Aslida, nima uchun… bunday qildim o‘zi? Yo‘q, jonginam, sen o‘zingni aybdor sanama…
– Iltimos, doktorga odam jo‘natishimga izn ber… Iltimos qilaman! Agar istasang, u buyurgan dorilardan birortasiniyam qabul qilmasliging mumkin. Juda bo‘lmasa, men uchun rozi bo‘l, Olesya.
– Oh, azizim… Meni qanday tuzoqqa tushirding-a! Yo‘q, yaxshisi, o‘z va’dangni bajarmaslikka ijozat ber. Agarda men chindan ham kasal bo‘lganimda, o‘lim yoqasida yotgan, yonimga hech qanday doktorni yo‘latmagan bo‘lardim. Nahotki, men bemor bo‘lsam? Shunchaki qo‘rqqanimdan shunday bo‘ldi, kechgacha o‘tib ketadi. E, yo‘q – shunday ham buvim marvaridgul damlamasini tayyorlab beradi yoki choynakka xo‘jag‘atni damlaydi. Doktorning nima keragi bor? Sen – mening eng yaxshi doktorimsan. Mana, sen keldingu, darhol yaxshi bo‘lib qoldim. Eh, faqat menga birgina narsa yaxshi bo‘lmayapti: loaqal senga bir ko‘z bilan bo‘lsayam qaragim kelyapti-yu, qo‘rqyapman…
Men asta avaylabgina uning boshini yostiqdan oldim. Olesyaning yuzi isitmadan lovullab yonmoqda, qora ko‘zlari g‘ayritabiiy yorqin bo‘lib porlardi, quruq lablari asabiy, seskanib titrab turardi. Uzunasiga qip-qizil shilingan joylar peshonasi, yonoqlar va bo‘ynida chandiqqqa o‘xshab qolgandi. Peshonasi va ko‘zlari ostlari ham qorayib-ko‘karib turardi.
– Menga qarama… Iltimos qilaman… Men endi badbashara bo‘lib qoldim, – yolvorib shivirladi Olesya kafti bilan ko‘zlarimni bekitmoqchi bo‘lib.
Ko‘nglim achinish hislariga to‘lib-toshdi. Men egilib Olesyaning adyolda harakatsiz yotgan qo‘liga lablarimni qo‘ydim va uni uzoq, so‘zsiz bo‘salarim bilan bekitmoqchi bo‘ldim. Men ilgari ham ba’zan qizning qo‘llarini o‘pardim, lekin u hamisha ularni oshiqich, uyatchanlik bilan cho‘chib tortib olardi. Endi esa ushbu erkalashga qarshilik ko‘rsatmadi va ikkinchi, bo‘sh qo‘li bilan sochlarimni jimgina siladi.
– Hammasidan xabaring bormi? – shivirlab so‘radi u.
Indamay boshimni egdim. To‘g‘ri, men hali Nikita Nazarich hikoyasidan hamma gapni tushunib yetganimcha yo‘q edi. Men Olesya ertalabki hodisani eslab yana siqilishini istamadim. Biroq to‘satdan qiz tahqir, haqoratlarga mubtalo bo‘lgani haqidagi fikrdan shu on shunday g‘azabim qaynadi.
– O! Nima uchun shu payt men o‘sha yoqda bo‘lmadim-a! – baqirib yubordim men mushtimni tugib. – Men bo‘lganimda… bo‘lganimda edi…
– Bo‘ldi… bo‘ldi… Jahling chiqmasin, azizim, – beozorgina Olesya gapimni bo‘ldi.
Men anchadan beri tomog‘imga kelib tiqilgan, ko‘zlarimga kelgan yoshlarni ortiq tutolmay qoldim. Yuzimni Olesyaning kiftlariga qo‘yib, butun badanim chayqalib sassiz va achchiq yig‘ladim.
– Sen yig‘layapsanmi? Yig‘layapsanmi? – uning ovozida taajjub, mehr va hamdardlik ohanglari yangradi. – Azizim… Qo‘y endi, qo‘y… O‘zingni qiynama, jonim. Axir, sening yoningda o‘zimni juda yaxshi his etyapman. Toki biz birga ekanmiz, yig‘lamaymiz. Ke, ayrilishimiz unchalik og‘ir bo‘lmasligi uchun, jillaqursa, so‘nggi kunlarni quvnoq o‘tkazaylik.
Men hayrat bilan boshimni ko‘tardim. Birdan mavhum, oldindan sezish tuyg‘usi asta yuragimni siqib kela boshladi.
– So‘nggi kunlar, deysanmi, Olesya? Nima uchun – so‘nggi? Nima uchun ayrilishimiz kerak ekan?
Olesya ko‘zlarini yumdi va bir necha soniya jim turdi.
– Biz sen bilan xayrlashishimiz kerak, Vanechka, – deya gap boshladi u qat’iyat bilan. – Mana, picha o‘zimga kelay, biz buvim bilan hozirning o‘zidayoq bu yerlardan jo‘nab ketamiz. Bu yerda ortiq qololmaymiz.
– Sen biror narsadan qo‘rqyapsanmi?
– Yo‘q, azizim, kerak bo‘lsa, hech nimadan qo‘rqmayman. Faqat nima uchun odamlarni gunoh qilishlariga yo‘l berish kerak? Sen balki bilmassan… Axir, men u yerda… Perebrodda… jahldan ham, uyatdan ham qo‘rqdim… Endi mabodo biror gap bo‘lib qolsa, bizga to‘nkaydilar: birovning mol-holi yiqiladimi yoki birortasining uyi yonib ketadimi – hammasiga biz gunohkor bo‘lamiz. Buvijon, – u Manuylixaga murojaat qildi ovozini ko‘tarib: – to‘g‘ri aytyapman-a?
– Nima deding, nevarajonim? Eshitmadim-da! – tamshandi kampir yaqinroq kelib, kaftini qulog‘iga qo‘yib.
– Men, endi Perebrodda biror falokat bo‘lsa, bizni ro‘kach qilishadi, deyman.
– Oh, to‘g‘ri, to‘g‘ri, Olesya, hammasini biz bechoralarga ag‘daradilar… Bizga bu yorug‘ dunyoda kun yo‘q, ro‘shnolik yo‘q, jonimizdan to‘ydiradilar, bezorijon qiladilar, la’natilar… O‘shanda, meni qishloqdan qanday haydab chiqargandilar… Nima? Axir, shunday bo‘lmaganmidi? Men alamim kelib… o‘shanda bir esidan oqqan olabayroqni qo‘rqituvdim, o‘sha xotinni – paq etib, qarasa – bolasi o‘lib o‘tiribdi. Ya’ni e yo‘q, be yo‘q, zing‘ircha gunohim yo‘q, meni naq o‘ldirayozdilar mal’unlar… Toshbo‘ron qila ketdilar… Men-ku ulardan qochishga-ku qochaman, lekin manavi go‘dagimni o‘ylayman, ehtiyot qilaman… Xo‘p, mayli, tosh menga tegsa, tega qolsin, lekin qo‘limdagi begunoh norasidada nima gunoh? Nega yosh bolani xafa qiladilar? Qisqasi – vahshiylar, dordan qochgan razillar!
– Qayoqqayam borasiz? Axir, hech bir yerda qarindosh-urug‘laringiz, tanishlaringiz bo‘lmasa… Borib yangi joyga o‘rnashish uchun ham pul kerak bo‘ladi-ku.
– Bir yo‘lini qilarmiz amallab, – bepisand dedi Olesya. – Buvimda pul topiladi, yig‘ib qo‘ygani bor.
– Pulmish-a! – norozilik bilan e’tiroz bildirdi kampir karavotdan nari ketib. – Ko‘z yoshlari to‘kilgan yetim-esirlarning chaqalari…
– Olesya… Men-chi, men nima qilaman? Men haqimda o‘ylashniyam istamaysan-a! – xitob qildim men, ichimda Olesyaga qarshi achchiq, xastalarcha, ko‘ngilsiz o‘pka-gina qo‘zg‘alayotganini his qilib.
Qiz sal o‘rnidan qo‘zg‘aldi va buvisining shu yerda ekanidan tortinmay qo‘llari bilan boshimni ushladi, peshonam va yonoqlarimdan ketma-ket o‘pdi.
– Hammasidan ham sen haqingda ko‘proq o‘ylayman, jonim. Faqat… ko‘rmaysanmi… birga bo‘lmaslik qismatimiz ekan… ana shunday!.. Esingdami, men senga qarta tashlaganim? Axir, hammasi qartada ochilganiday chiqdi. Demak, taqdir sen bilan birga baxtli bo‘lishimizni istamaydi… Agar ana shu narsa bo‘lmaganida edi, nahotki, meni biror nimadan qo‘rqadi, deb o‘ylasang?
– Olesya, yana taqdiringni gapiryapsanmi? – ovozimni ko‘tardim men sabrsizlik bilan. – Men taqdirga ishonishni xohlamayman…. hech qachon ishonmayman!..
– Oh, yo‘q, yo‘q… bunday dema, – qo‘rquv bilan pichirladi Olesya. – Men o‘zimdan emas, sendan qo‘rqaman, azizim. Yo‘q, yaxshisi, bu haqda umuman gap ochmay qo‘ya qol.
Men Olesyani fikridan qaytarishga behuda urindim, g‘arazgo‘y taqdir ham, yovuz odamlar ham xalal berolmaydigan xavf-xatardan xoli baxtli hayotimiz manzarasini behuda chizdim. Olesya faqat qo‘llarimni o‘par va yo‘q, deya bosh chayqardi.
– Yo‘q… yo‘q… yo‘q… men bilaman, ko‘rib turibman, – deya ta’kidlardi u qat’iyat bilan. – Qayg‘u-hasrat, azobdan boshqa bizga nima yo‘q, bo‘lmaydiyam… hech nima… hech nima…
Men sarosimaga tushib, ana shu xurofiy qaysarlikdan miyam gangib qolib, nihoyat so‘radim:
– Lekin, har holda, qaysi kuni jo‘nashingni xabar qilarsan?
Olesya o‘ylanib qoldi. Birdan lablariga zaif tabassum indi.
– Men senga kichkina bir ertak aytib beraman… Bir kuni bo‘ri o‘rmonda yugurib yurib, quyonginani ko‘rib qolibdi va unga shunday debdi: “Quyon, quyon, axiyri, men seni yeyman-qo‘yaman”. Quyon yalinib-yolvorishga tushibdi: “Rahm qil, bo‘ri, mening yana yashagim kelyapti, uyimda yosh bolalarim bor”. Bo‘ri ko‘nmasmish. Shunda quyon noiloj shunday debdi: “Xo‘p, hech bo‘lmaganda, bu olamda uch kungina yashashimga qo‘yib ber, so‘ngra yeysan. Shunda o‘lishim osonroq bo‘ladi”. Bo‘ri quyonga uch kun muhlat beribdi, uni yemabdi-yu, ko‘z-quloq bo‘lib turibdi. Oradan bir kun o‘tibdi, ikki kun o‘tibdi, nihoyat, uchinchi kun poyoniga yetib qolibdi. “Xo‘sh, endi hozirligingni ko‘rib tur, – debdi bo‘ri, – hozir seni yemoqchiman”. Shunda quyonginam achchiq-achchiq ko‘zyosh to‘kibdi: “Eh, nima uchun, bo‘ri, menga mana shu uch kunni xayr qilding! Ko‘rgan zahoting meni yeb qo‘yaqolsang bo‘lmasmidi. Men shu uch kun ichida yashamadim, ich-etimni yeb tamom bo‘ldim!” Azizim, axir, quyongina bor haqiqatni aytgandi. Sen o‘zing nima deb o‘ylaysan?
Men yaqinda yolg‘iz qolishimni oldindan azob bilan his qilganimcha jim qoldim. Olesya birdan gavdasini ko‘tarib, to‘shakka tiz bukib o‘tirdi. Qizning yuzi birdan jiddiy tortdi.
– Vanya, menga qara… – to‘xtab-to‘xtab gapirdi u. – Bir narsani ayt: men bilan birga o‘tkazgan vaqtlaring baxtli bo‘lganmisan? Yaxshimiding?
– Olesya! Buni so‘rashga hojat bormi?
\– To‘xta… Meni taniganingga pushaymon bo‘lganmisan? Men bilan ko‘rishgan paytlaring boshqa bir ayol haqida o‘ylaganmisan?
– Bir on ham! Nafaqat sening oldingda, hatto bir o‘zim qolganimdayam sendan boshqasini xayolimgayam keltirmaganman.
– Meni rashk qilganmisan? Mendan norozi paytlaring bo‘lganmi? Men bilan zerikmaganmisan?
– Hech qachon, Olesya, hech qachon!
Olesya ikkala qo‘lini yelkalarimga qo‘ydi va tavsiflab bo‘lmas muhabbat bilan ko‘zlarimga tikildi.
– Bilib qo‘y, jonim, shunday, hech qachon men haqimda yomon ko‘rib yoki alam bilan eslamaysan, – xuddi mening ko‘zlarimda kelajakni aniq-ravshan ko‘rib turganday ishonch bilan dedi u. – Biz sen bilan ayrilganimizda dastlab senga juda qiyin bo‘ladi, oh, shunday og‘ir… Yig‘laysan, o‘zingni qo‘yarga joy topolmay qolasan. So‘ngra esa hammasi o‘tib ketadi, bari unutiladi. Keyin meni g‘am-alam bilan eslamaydigan bo‘lasan, yengillik va ko‘nglingda sevinch bilan xotirlaysan.
Olesya yana boshini yostiqqa tashladi va zaif ovoz bilan shivirladi:
– Endi boraqol, jonim… Uyingga bor, azizim… Bir oz charchadim. To‘xta… meni o‘pgin… Sen buvimdan qo‘rqma… ruxsat beradi. Ruxsat-a, buvijon?
– Bo‘pti, xayrlashaver, rasmanasiga xayrlash-da endi, – norozi bo‘lib vaysadi kampir. – Mendan yashirishning nima keragi bor? Allaqachonlardan buyon bilaman.
– Meni bu yog‘imdan, yana bu yog‘imdan o‘p… va bu yoqdan, – Olesya barmoqlarini ko‘zlariga, yonoqlariga va labiga tegizdi.
– Olesya! Men bilan xuddi biz boshqa ko‘rishmaydiganday xayrlashyapsan-a! – baqirib yubordim men qo‘rquv bilan.
– Bilmayman, bilmayman, azizim. Hech nimani bilmayman. Mayli, endi boraqol, Xudoning panohiga. Yo‘q, to‘xta… yana bir daqiqa… Qulog‘imga engashgin… Men nimaga achinaman, bilasanmi? – shivirladi u lablarini yonog‘imga tegizib. – Sendan farzand ko‘rmaganimga… Oh, bundan shunday xursand bo‘lardim!
Men Manuylixa kuzatuvida eshik oldiga chiqdim. Ko‘k yarmini qirralari yaqqol ko‘zga tashlanib turgan patila-patila qora bulutlar qoplab olgandi, biroq quyosh kunbotish tomon egilgancha nur sochib turardi va ana shu yorug‘lik bilan birga to‘sib borayotgan qorong‘ilikning qorishib ketishi nimadandir mudhish xabar keltirayotganday edi. Kampir osmonga qaradi, ko‘zlariga kaftlarini go‘yo soyabon qildi va ma’noli qilib, boshini chayqadi:
– Bugun Perebrodda momaqaldiroq bo‘ladi, – dedi u ishonch bilan. – Xayrli emas, do‘l ham yog‘adi.
XIV
Men Perebrodga yaqinlashib qolganimda to‘satdan buralib bo‘ron turdi va quyun yo‘l yoqalaridagi simyog‘ochlarga chang-to‘zonlarni haydab, olib kelib urdi. Ilk – siyrak va og‘ir – yomg‘ir tomchilari yog‘a boshladi.
Manuylixa adashmagandi. Butun kuni bo‘yi asta-sekin to‘plana borib, ana shu issiq, chidab bo‘lmas dim kunda g‘ayritabiiy kuch bilan Perebrod uzra momaqaldiroq shiddat bilan gumburlay ketdi. Osmonda betinim chaqmoq chaqib, yaltirab turdi va momaqaldiroq gumbur-gumburidan xonamning derazalari titradi, jarangladi. Kechki soat sakkizga yaqin momaqaldiroq bir necha daqiqaga tinib, battar yangitdan qahr-g‘azab bilan quturib go‘yo guldurash uchun tanaffus qilib turdi. To‘satdan quloqni batang qilarli qasir-qusurdan tom va ko‘hna uy devorlariga nimadir to‘kildi. Men deraza tomon otildim. Zo‘r do‘l yog‘di, kattaligi yong‘oqday-yong‘oqday keladigan donalar tepaga baland-baland irg‘igancha yerga tusha ketdi. Men uy oldiginasida o‘sgan tut daraxtiga qaradim – daraxt mutlaqo yap-yalang‘och turardi, do‘lning dahshatli zalplari uning hamma yaproqlarini urib, to‘kib tashlagandi… Deraza ortida boshiga ko‘ylagini pana qilganicha deraza eshiklarini yopib qo‘yish uchun yugurgan Yarmolaning qorong‘ida jussasi arang ko‘zga tashlandi. Biroq u kechikdi. Derazalardan birining oynasiga kattakon muz parchasi shunday kuch bilan urildiki, oyna chil-chil sindi, qarsillab xona bo‘ylab sochilib ketdi.
Men o‘zimni toliqqan, horg‘in his qilib, yechinmasdan karavotga cho‘zildim. Bu tun umuman uxlolmasam kerak, to sahargacha nochorligimdan azoblanib, u yonboshdan bu yonboshimga ag‘darilib uxlolmasam kerak, deb o‘yladim, shuning uchun ham keyin aqalli xona bo‘ylab yurib, o‘zimni picha toliqtirishim uchun ko‘ylagimni yechmaslikni ma’qul ko‘rdim. Lekin kutilmaganda juda g‘alati hol ro‘y berdi: ko‘zlarimni bir daqiqaga yumganday edim, so‘ng ularni ochganimda deraza eshiklari tirqishidan quyoshning uzun-uzun yorqin nurlari cho‘zilib tushib turardi, unda son-sanoqsiz zarsimon chang zarralari aylanardi.
Karavotim tepasida Yarmola turardi. Uning qiyofasi jiddiy xavotir va sabrsizlik bilan kutganini ifodalab turardi: u bu yerda mening uyqudan uyg‘onishimni ancha vaqtdan beri kutib turgan bo‘lsa kerak.
– Panich, – dedi bezovtalik sezilib turgan bo‘g‘iq ovozda. – Panich, jo‘nash kerak…
Men oyoqlarimni karavotdan osiltirib tushirdim va Yarmolaga hayron bo‘lib qaradim.
– Ketish deysanmi? Qayoqqa ketaman? Nima uchun? Sen haqiqatan aqldan ozibsan.
– Mendan hech es-pes ketgani yo‘q, – to‘ng‘illadi Yarmola. – Siz kechagi do‘l qilig‘ini eshitmadingizmi? Qishloqdagilarning yarmini javdar bug‘doyi oyoq bilan tepganday poymol bo‘lgan. Qing‘ir Maksimda, Kozelda, Mutda, Prokopchuklarda, Gordiy Olefirda… alvasti shayton ziyon bergan-da… u yo‘qolib bitsin!
To‘satdan, bir on xayolimga butun kechagi kun, cherkov oldida Olesyaga qilingan tahdid va uning qo‘rqib, xavfsirashlari keldi.
– Endi butun jamoa bosh ko‘tardi, – gapida davom etdi Yarmola. – Ertamatandan hamma yana baqir-chaqir qilyapti. Siz haqingizda-chi, panich, yomon gaplarni baqiryapti… Bilasizmi bizning jamoa qanday? Agar ular alvastining adabini bersa, bu haqqoniy ish bo‘ladi, sizga-chi, panich, bir gapim – qochib qutuling, tezroq.
Shunday qilib, Olesyaning xavfsirashlari o‘z tasdig‘ini topdi. Zudlik bilan ularga tahdid solayotgan tahlika haqida ogohlantirish kerak. Men shosha-pisha kiyindim, yo‘l-yo‘lakay suvda yuzimni chaydim va yarim soatdan so‘ng Bisov Kut yo‘nalishida otimni katta-katta yo‘rttirib choptirib ketdim.
Qoziqoyoqli kulbaga qanchalik yaqinlashganim sayin ichimda mavhum, azobli xavotir ham shunchalik ortib bordi. Men o‘zimga-o‘zim ishonch bilan hozir qandaydir yangi, kutilmagan musibatga yo‘liqaman, derdim.
Men qum do‘nglikka olib boruvchi tor so‘qmoqdan deyarli yugurib o‘tdim. Kulba derazalari, eshik lang ochiq edi.
– Xudoyim! Nima bo‘ldi ekan? – pichirladim men ichkariga kirarkanman yuragimni hovuchlab.
Uy bo‘m-bo‘sh edi. Odatda shoshilinch jo‘nab ketilgach, bo‘shab qolgan uylardagi singari bu yerda ham mungli manzara, chang-chung, tartibsizlik hukm surardi. Yerda bir uyum supurindi va latta-puttalar yotardi, oxiri, burchakda karavotning yog‘och qobirg‘asi turardi…
Men yuragim siqilib, o‘pkam to‘lib keldi, go‘yo ko‘ksim to‘la yosh, uydan chiqay deb turganimda, birdan yarqiroq bir narsa e’tiborimni tortdi, buning deraza romi burchiga atayin ilib qo‘yilganiga shubha yo‘q edi. Bu Poleseda “marjon” nomi bilan mashhur arzon-garov qirmizirang munchoqlar shodasi edi – bu Olesya va uning inja, olihimmat muhabbatidan menga qolgan yagona esdalik edi.

1898.

Rus tilidan Ma’suma Ahmedova tarjimasi