Biz necha kishi edik? Olti. Ikki ayol – Amilkarening xotini Adele, uning Rimga mehmonga kelgan ternilik jiyani Jemma va to‘rt erkak – Amilkare, Remo, Sirio va men. Bizning birinchi xatomiz oshqozonida yarasi borligi bois alamzada, arzimagan narsalardan ham jahli chiqib ketadigan tajang do‘stimiz Sirioni taklif qilganimiz bo‘ldi. Ikkinchi xatomiz esa Amilkarega restoran tanlashni ishonganimiz edi. Chunki u uch kishi uchun pul to‘lashi lozim bo‘lgani bois kattaroq chiqimdor bo‘lishni istamasligi tabiiy edi. Biz Indipendentsa maydonida uchrashganimizda u o‘ziga tanish bo‘lgan bir restoranni aytib o‘shanga boramiz deb turib oldi. Uning aytishicha, restoran xo‘jayini uning do‘sti emish, bizga yaxshi qarashib, narxini ham bir oz kelishtirib berar emish…
Uchinchi xatomiz, biz vokzal biqinidagi bir ko‘rimsiz mavzeda yaxshi restoran bo‘lmasligiga aqlimiz yetishi kerak edi. Bu mavzeda Makaodagi kazarmadan chiqqan askarlar va Rimdan o‘tib ketayotgan poyezd to‘xtaganda tushgan yo‘lovchilar bo‘lar edi. Ana biz tund binolar yonidan ko‘cha bo‘ylab to‘g‘ri borayapmiz. O‘sha kecha haqiqiy yanvar tuni – achishtirib chimdim oladigan qattiq sovuq edi. Sarxil taomlar yeyishni xush ko‘radigan Amilkare tinmasdan:
– Do‘stlarim, bugun men o‘zimni astoydil mehmon qilmoqchiman… buyrak, jigar, oshqozon va boshqa ichki a’zolarim haqida qayg‘urmasdan yeyman, ichaman. Seni hozirdanoq ogohlantirib qo‘yayin, Adele, odating bo‘yicha javrashni xayolingga ham keltirma, – deb sayrab borar edi.
– Menga nima, – dedi quvnoq va xo‘pasemiz erining teskarisi bo‘lgan ozg‘in va ma’yus Adele, – hozir bilganingni qil… Ahvolingni ertaga ko‘ramiz…
Bu vaqtda Remo qorachadan kelgan go‘zal qiz – Jemma bilan hazil-huzulni boshlab yuborgan, Sirio ikkalamiz esa so‘nggi futbol o‘yinini muhokama qilib ketayotgan edik. Shu tariqa, turli zamonlarda Italiya uchun bo‘lib o‘tgan janglar, kurashlar nomi bilan atalgan – Kastelfidardo, Palestro, Kalatafimi, Marsala kabi kimsasiz ko‘chalardan o‘tib, tepasiga ikkita elektr chiroq orasiga ko‘z-ko‘z qilib “Trattoriya “Afrika” deb yozib qo‘yilgan eshikka yaqinlashdik. Ichkariga kirdik.
Restoranga kirganimiz zahoti qanaqa joyga kelib qolganimizni tushundik. Birinchi xonada faqat vino ichuvchilarga mo‘ljallangan bir nechta marmar stollar bor edi; ikkinchi bo‘lim dag‘al parda bilan ikkiga ajratilgan. Birinchi qismidan oshxona joy olgan, ikkinchi qismida esa ustiga dasturxon yozilgan besh-oltita stol bo‘lib, shu joy restoran deb atalar ekan. Qolgan joylariga vokzal atrofidagi odatga muvofiq butkul betartiblik hukmronlik qilar edi: polga yog‘och qipig‘i to‘shalgan, devor suvoqlari ko‘chib tushgan, liqildoq stol-stullar, yamalgan, teshilgan, kir-chir dasturxonlar. Bizni eng qiynagani bu – restoranning muzxonaligi, namchilligi va xuddi g‘ordagi kabi badanni teshib yuboradigan darajada sovuqligi edi. Hatto ostonadan o‘tayotganda Sirio:
– Ohho, nima ham derdik, Afrika!.. Bu yerda o‘pka kasalini orttirib olish hech gap emas… – deya xitob qilib yubordi.
Sovuq qotganidan o‘tirganlar bosh kiyimini ham yechmagan, yoqalarini tik ko‘tarib olgan edi, nafas olganida og‘zidan xuddi ko‘chadagi kabi hil chiqar edi.
Biz stollardan biriga o‘tirdik, shu zahoti oldimizga bosh tuzilishi deyarli to‘rt bo‘rchak, tuman qoplaganga o‘xshagan ko‘zida norozilik alomati qotib qolgan restoran xo‘jayini yugurib keldi. Uni ko‘rib Amilkare favqulodda sevinib ketdi va undan:
– Meni tanidingizmi, sinor Jovanni? – deb so‘radi.
Bu savolga u mulozamat yuzasidan bo‘lsa-da, bir oz jilmayib ham qo‘ymasdan:
– Mening otim Jovanni emas, Serafino… to‘g‘risi, men sizni taniy olmayroq turibman, – dedi.
Uni tanimagani Amilkarega salbiy ta’sir qildi, u o‘zini tanitish uchun xo‘jayinni har xil savollarga ko‘mib tashladi. Xo‘jayin birmuncha vaqt peshonasini tirishtirib turdi va nihoyat:
– Haa, endi esladim! Siz yangi yilni shu yerda kutib oldingiz to‘g‘rimi, sizni kolbasa va chechevitsa bilan mehmon qilgan edik, – dedi.
Amilkare unga yangi yilni uyda kutib olganini aytdi. Shunday qilib, ular bir-birini taniy olmadi. So‘ng xo‘jayin yag‘iri chiqib ketgan oq kamzuli cho‘ntagidan taomnoma chiqardi-da, menga yuzlanib:
– Sinor nima buyuradilar, – deb so‘radi.
Shu bilan ularning behuda eslatishlari nihoyasiga yetdi.
Biz taomnomani olganimiz zahoti ko‘rdikki, bu yerda tuzukroq narsa kamyob. Faqat pishloqli makaron, qovurilgan qo‘zi go‘shti, tovuq go‘shti, pishloq va mevalar. Obro‘sini saqlab qolish maqsadida Amilkare:
– Menimcha, bu yerda firma taomlari ham bor… spagetti, shunday emasmi? – deb turib oldi.
Xo‘jayin bu yerda rostdan ham spagetti bor ekanini tasdiqladi. Hammamiz spagetti va gazak buyurdik, ba’zilar yana qovurma va qovurilgan tovuq go‘shti aytishdi. Shirinlikni keyinroq aytadigan bo‘ldik. Shu vaqt to‘satdan Sirio sho‘rva ichmoqchi ekanini aytib qoldi. Xo‘jayin unga tovuq go‘shti qaynatilgan sho‘rva olib kelishini va’da qildi. Keyin u bizdan qanday vino ichishimizni so‘radi: qizil, oq? Biz fraskatini tanladik. Xo‘jayin bir shisha vino, qadah, non va salfetkaga o‘ralgan anjomlarni keltirib oshxonaga chiqib ketdi.
Amilkare ruhi ko‘tarilib:
– Qalay, bu joy sizga yoqdimi?.. rostdanam yaxshi joy-a? – deb so‘radi.
Biz hech narsa demay bir-birimizga qaradik. Shundan so‘ng Sirio barchamizning fikrimizni jamlab:
– Qanchalik yaxshiligini hali ko‘ramiz… Hozircha men jamoat xalajoyida o‘tirganga o‘xshayapman, – deb javob berdi.
Bu javob Amilkarega mutlaqo yoqmadi va darhol Sirio ikkalasi o‘rtasida tortishuv boshlanib ketdi: doim dilozorlik qilib, odamlarning kayfiyatini buzib yurasan; senga esa pulni tejash bo‘lsa bas; oshqozondagi yara bilan senga restoranda nima bor o‘zi; ko‘zing chiqqudek bo‘lib yutasan-u, pul sarflaging kelmaydi… Bizga xiyla vaqt hech narsa olib kelishmadi. Xizmat ko‘rsatish sifati past restorandagilarga o‘xshab biz non yeb, vino ichib har turli mavzuda gaplashib o‘tirdik.
Oyoqlarimiz muzlab ketdi, belimiz qotib qoldi. Shu vino – balki unga suv qo‘shilgandir ta’kidladi Sirio – chunki uni ichganimiz sayin sovuq yeb borayotgan edik. Axiyri, sabri tugagan Amilkare oshxonaga yo‘l oldi. Bir zumda u mamnun bo‘lib qaytib keldi va hoziroq bizning buyurtmamizni olib kelishini e’lon qildi. Amalda esa uning ortidan paydo bo‘lgan xo‘jayin faqat gazakning o‘zini olib kelgan edi. Biz tarlekaga qaradik: naqadar dahshat! Bir juft artishok (o‘tsimon poliz o‘simligi), vetchinaning (dudlangan cho‘chqa go‘shti) yupqa tilimchasi va bir dona sardina (seldlarga mansub mayda baliq). Sirio Amilkarega yuzlanib:
– Sening mehmondorchiliging xudo biladi, qanday barham topar ekan, – dedi.
Gazakni salgina totib ko‘rganlar vetchinaning nihoyatda sho‘r ekanini bilishdi, u og‘izga olib bo‘lmas darajada tuzlangan edi.
– Afrika vetchinasi, – dedi Sirio. U chamasi butun kecha davomida Amilkareni masxara qilib, uning jig‘iga tegmoqchi edi.
Xullas, gazakning hammasi tarelkada qanday kelgan bo‘lsa shundayligicha qoldi. Baxtimizga uning ortidan spagetti kelib qoldi. Undan ko‘tarilayotgan quyuq bug‘ restoranning muz qoplagan havosi bo‘ylab tepaga o‘rlar edi. Lekin uni ham og‘zingizga solsangiz salgina iliqligi sezilar edi, xolos. Sirio esa, go‘yoki bir javohir izlayotgandek hafsala qilib, qoshiq bilan sho‘rvasini kavlar edi. Keyin u xo‘jayinni chaqirdi-da, mutlaqo jiddiy ohangda:
– Siz ovchimisiz? – deb so‘radi.
Xo‘jayin savolni tushunmaganini aytdi. Shunda Sirio:
– Mana bu sho‘rvani miltiqdan o‘q otib qilmaganmisiz mabodo ? – deb so‘radi.
– Nima demoqchisiz o‘zi, tushuntirib gapiring, – dedi xo‘jayin.
– Demoqchimanki, sizning sho‘rvangiz faqat tutundan iborat ekan.
Xo‘jayin o‘ta qo‘pol tarzda qarshilik bildirib:
– Qanaqa tutun?.. Mening sho‘rvamda tutun bormi?.. Tutun sizning kallangizda, tushundingizmi! – deb javob qildi.
Sirioning rangi o‘chdi va ovozini ko‘tarib:
– Men sizga sho‘rvadan tutun hidi kelayapti deb aytdimmi, siz bunga ishonishingiz kerak, – dedi.
Xo‘jayin to‘ng‘illab oshxonaga chiqib ketdi va sho‘rva qaynagan qozonni ko‘tarib keldi. U qozonni har birimizning burnimizning tagiga olib kelib ko‘rsatayotgan choqda:
– Voy! Suvarak! – degan chinqiriq eshitildi.
Hammamiz ovoz kelgan tomonga o‘girildik. Chinqirgan Amilkarening jiyani Jemma edi; u ko‘rsatkich barmog‘i bilan o‘zining tarelkasidagi spagetti orasidan bir qora narsani ko‘rsatar edi. Xo‘jayin darhol:
– Qanaqa suvarak!.. bu kuygan piyoz-ku, – deya uzmirlik qildi.
Biroq Jemma:
– Suvarak deyapman-ku… Qarang… uning panjalarini ko‘rayapsizmi, – deya o‘zining aytganida turib oldi.
Xo‘jayin unga yaqin borib qaradi: u rosmana suvarak edi. Uni vilkaga qistirib oldi-da pinagina ham buzmasdan:
– Tushunarli… bu quvurdan tushgan bo‘lsa kerak… Shunaqasi ham bo‘lib turadi… – dedi.
Boshqa hech narsa demasdan u qozoni va suvaragini ko‘tarib oshxonaga chiqib ketdi.
Biz nima deyishni bilmasdan baqrayib qoldik.
– Mening qornim och, yemasam bo‘lmaydi! – deya vilkani qo‘liga olib o‘zining qarorini e’lon qildi Amilkare.
Jirkanishimizni yengishga urinib biz ham unga ergashdik. Yolg‘iz Jemma ko‘ngli tormayotganini aytib ovqatga qo‘lini ham tekkizmadi.
Spagettini yeb bo‘lgandan so‘ng to‘ymagan bo‘lsak-da, sovuq o‘tib ketganidan hammamiz paltomizni kiyib olishga shoshildik. Endi biz stol atrofida ustki kiyimda o‘tirar edik. Shu payt xo‘jayin paydo bo‘ldi, hovliqib oldimizga tovuq go‘shti va qovurma solingan likopcha qo‘yib chiqdi. Tovuq go‘shti oriq va quruq edi – bunaqa narsalarni to‘rtinchi darajadagi gazakxonalarda berishadi. Qovurma esa qovurg‘a, teri va moydan iborat edi, boz ustiga, u ertalab pishirilgan bo‘lsa kerak, bizga isitib olib kelishibdi. Bir parcha go‘shtga vilka botirgan Amilkare uni boshi uzra ko‘tarib quturgandek baqirdi:
– Axir shuni yeb bo‘ladimi!.. Xo‘jayin! Xo‘jayin!
Darhol yuzidan zahar tomib turgan xo‘jayin paydo bo‘ldi. Amilkare undan:
– Marhamat qilib ayting-chi, siz nima uchun restoran ochgansiz? – deb so‘radi.
– Sizningcha, nima ish bilan shug‘ullanishim kerak?
– Nima qilsangiz qiling – ko‘cha supuring, go‘rkovlik qiling, tramvay haydang, faqat restoranga xo‘jayin bo‘lmang.
Shunday qilib, yana mojaro boshlandi, to‘g‘risi, janjal juda avj olib ketmadi, negaki, xo‘jayin o‘zining noxush o‘ylari bilan andarmonligi bois unchalik xafa ham bo‘lgani yo‘q. Boshiga qalpoq kiyib olgan oshpaz chiqib xo‘jayinni chaqirgunga qadar munozara shu tarzda davom etdi. U ketdi. Amilkare oshpazga qarab:
– Ey oshna… Siz bizni zaharladingiz! – deb baqirdi.
Oshpaz unga javob ham qaytarib o‘tirmasdan g‘oyib bo‘ldi, biz esa yana qo‘zi qovurg‘asi va tovuq suyaklari bilan kurashni davom ettirdik.
Hammaning kayfiyati yomon edi; biz ko‘chadagidan battar sovuq yedik; oshqozonlarimiz xom-xatala qovurilgan va yaxshi qaynamagan bemaza narsalarga to‘lgan edi. Nihoyat o‘zining xatoga yo‘l qo‘yganini tushungan Amilkare xatosini bir oz bo‘lsa-da, to‘g‘rilamoqchi bo‘lib, ikki shisha qizil vino va biskvit buyurdi. Bu vino va biskvit kecha davomida yegan-ichganlarimizning eng tuzugi edi. Biroq bu xizmat xo‘jayinga qarashli emas edi. Shishalar og‘zi ochilmagan edi, biskvit esa Milandan olib kelingandi. Biz vinoni ichdik. Bu – barbera edi. Biksvitni gazak qilib bir oz ichimiz iligandek bo‘ldi.
Bu vaqtga kelib restoran deyarli bo‘shab qoldi. Bizdan boshqa yonimizdagi stolda o‘tirib karta o‘ynayotgan bir guruh yoshlar qolgan edi, xolos. Ularga restoran xo‘jayini va oshpazi kelib qo‘shildi. Butun kecha davomida Jemma bilan hazillashib o‘tirgan Remo vino ichib shirakayf bo‘lgach, qo‘shiq aytgisi kelib qoldi. U har doim shirinlikdan so‘ng qo‘shiq aytar edi. Men u qo‘shiqni juda ham yomon ijro etadi demoqchi emasman, lekin uning repertuarida atigi bir nechtagina qo‘shiq bo‘lib ular allaqachon barchamizga yod bo‘lib ketgan. Ammo bugun u davramizga yangi qo‘shilgan Jemmi uchun kuylamoqchi edi, uning niyatini fahmlab biz kuylashiga rozi bo‘ldik. Lekin, Remoning qo‘shiqni qanday aytishi haqida tasavvur qilishingiz uchun men oldin uning o‘zini tasvirlashim kerak. U qoramag‘iz, jingalak sochlari tor peshonasini to‘sgan, ko‘zlariga qon sachragandek qisilgan, past bo‘yli yigitcha edi. Buning ustiga shuncha qo‘pol ko‘rinishiga qaramay, u qo‘shiq aytayotganda dag‘al bo‘lmasdan, aksincha, bachkana bo‘lib ketardi. U qo‘shiqni qaysi qizga bag‘ishlasa, uning qo‘lidan tutib qoshida tiz cho‘kar, ko‘zlarini qisib, lablarini cho‘chchaytirib, ehtiros bilan mayin ovozda kuylay boshlar edi. Bu ham yetmagandek, uning barcha qo‘shiqlari qofiyalari bir xil: yo “ish” bezovtalanish, cho‘kish, og‘ish yoki “lar” – orzular, gullar, go‘zallardan iborat edi. Shunday qilib, kechada Remo Jemmining qo‘lidan ushlab, yuzini yuziga yaqinlashtirib kuylay boshladi, biz esa uning jur’atidan sarosimaga tushib jimgina tomosha qilaverdik. Jemma kular edi, Remoni uning kulgisi zavqlantirib, birinchi qo‘shig‘i tugagandan so‘ng ikkinchisini boshlab yubordi. Shunda qo‘shni stoldagilar ham jimib biz tomonga qaray boshladi. Keyin u tomondan kulgi ovozi eshitildi va nihoyat ulardan biri Remoni kalaka qilib kuylay boshladi, boshqa biri esa stolning tagiga boshini tiqib mushukka o‘xshab miyovlay boshladi. Remo ularning bu qilig‘ini yo payqamadi yoki o‘zini sezmaganga oldi. U uchinchi qo‘shig‘ini boshladi, qo‘shni stolda ham masxara qilish va miyovlash avjiga chiqdi. U kuylashdan to‘xtadi va o‘z qadrini himoya qilib:
– Bo‘ldi, yetar, yaxshisi men tugata qolay… – dedi.
Ammo bu narsalarga sira ham aloqasi bo‘lmagan Sirio aralashib:
– Kuyla… Johil va tarbiyasiz kimsalarga e’tibor qilma… Kuyla, – dedi.
Bu gaplar bo‘sag‘a tarafdagi qizil svetir kiygan past bo‘yli sariq jingalak sochli bolaning qulog‘iga jaranglab eshitildi. U o‘rnidan turib Sirioning boshiga kelib:
– Kim ekan u tarbiyasiz va johil kimsalar? – deb so‘radi.
Sirio – hech kimdan qo‘rqmaydigan juda badjahl bola.
– Hammang! – deya javob berdi u.
– Uh, mana gap qayoqda! Xo‘sh, nima uchun? Axir biz restoranda o‘tiribmiz… Bu yer jamoat joyi: kim nimani xohlasa o‘shani qiladi.
– Biz ham nimani istasak o‘shani qilayapmiz… aynan shuning uchun aytayapmanki, anavi stolda o‘tirganlarning barchasi tarbiya ko‘rmagan beadab kimsalar.
Bu gapdan so‘ng xo‘jayin, oshpaz va sariq mashakning ikki jo‘rasi o‘rnidan turib, ustimizga bostirib keldi.
Shu payt mashak:
– Asli, sen kimsan o‘zi? Nima kerak senga? Bilsak bo‘ladimi, nima kerak senga? – deb baqirdi.
Shu gapni aytarkan u Sirioning galstugidan tutmoqchi bo‘lib qo‘lini cho‘zdi.
– Tort, qo‘lingni, tort! – deya baqirgancha o‘rnidan sakrab turgan Sirio raqib bilan burunma burun bo‘ldi. Kuchli zarb bilan u mashakning qo‘lini siltab tashladi. Shunda mashak Sirioning kostyumining yoqasiga yopishib uni orqaga surib ketdi. Davramizdagi ikki ayol chinqirib yubordi. Remo:
– Bas qiling! Aralashmang! – deb baqirdi.
Bir lahza ham o‘tmadi chog‘i, kutilmaganda Amilkare o‘rnidan sakrab turib mashakning ko‘kragini sviterining ustidan changallab, quturgancha uni xona turiga qarab itarib ketdi. Muzlatgichga borib urilgan mashak unga qisilib qolmaslik uchun engashib qoldi, Amilkare esa, uni ezib tashlamoqchi bo‘lgandek bor gavdasi bilan uning ustiga tashladi. Ammo qo‘qqisdan uning yo‘g‘on gavdasi orqaga qaytib, chalqanchasiga yiqildi va shu ko‘yi xuddi kundaga o‘xshab qimirlamay qoldi. Mashak bokschi ekan, Amilkarening iyagining ostiga qisqa zarb beribdi. Nokaut bo‘lgan Amilkare polga to‘shalgan yog‘och qipig‘i ustiga yoyilib qoldi.
Hammasi kutilganidek nihoyasiga yetdi: politsiya bizning ismi-shariflarimizni yozib oldi, ayollar yig‘lashdi, iyagini uqalab o‘tirgan Amilkare bir chaqa ham to‘lamayman deb turib oldi; Sirio, Remo va men pulni to‘ladik, xo‘jayin bo‘lsa, oshxonada turib olib bizga:
– Sizga nima bor edi o‘zi restoranda! Uyginada o‘tirsangiz bo‘lmasdimi! – deya baqirdi.
Biz trattoridan sudralib chiqqan edik hamki, kimdir tepadagi derazadan sarqitlar o‘ralgan tugunni otib yubordi. Tugun Amilkarening boshiga tushib sochilib ketdi.
– Voy, kechirasiz! – degan ingichka ovoz eshitildi. – mushuklarga yegulik edi.
Bu yerda mushuklar haqiqatan ko‘p edi, ular tugundan sochilgan narsalarga yaqinlashish uchun undan bizning uzoqlashishimizni poylab o‘tirishardi. Ammo jahli chiqib, aqli chekingan Amilkare bu ishni trattori xo‘jayini qasddan qilgan deb o‘ylab yana trattoriga mushtlashish uchun qaytib kirmoqchi bo‘ldi. Biz uni kuch ishlatib sudrab ketishga majbur bo‘ldik, u shlyapasini baliq tangalaridan tozalar ekan, og‘ziga nima kelsa qaytarmay so‘kinar edi. Shunday qilib, biz kechani xayrli o‘tkazdik.
Ruschadan Damin Jumaqul tarjimasi