Yozning boshlari edi. Bulutli kunlarning birida erta bilan Xorikava Yasukichi o‘ychan holatda tosh zinalar bo‘ylab platformaga ko‘tarilardi. Yoayritabiiy hech narsa ro‘y bergani yo‘q. U kissasida bor-yo‘g‘i oltmish sen pul qolganidan xafa edi, xolos. O‘sha vaqtlarda Xorikava Yasukichi pulsizlikdan doim qiynalib yurardi. Uning ingliz tili muallimi sifatidagi maoshi arzimagan oltmish iyenni tashkil etar edi. Hatto “Chyuokoron” jurnalida ishdan bo‘sh vaqtlarida yozgan hikoyasi bosilib chiqqanida ham unga har bir betiga to‘qson sendan ortiq to‘lashmasdi. Nafsilamrini aytganda, bu pullar xonadonning ijara haqi uchun oyiga besh iyen va nonushta, tushlik hamda kechki ovqat uchun ellik sendan to‘lash uchun bemalol yetardi. Zotan u dabdabali turmush kechirishni yaxshi ko‘ribgina qolmay, balki shon-shuhrati haqida ham qayg‘urardi va shuning uchungina daromadiga katta ahamiyat berardi. To‘g‘ri, bulardan tashqari u kitoblar o‘qishi kerak. Misr sigaretalarini chekishi kerak. Kontsertlarga borishi kerak. Og‘aynilari bilan uchrashishi kerak. Ayollar bilan ham uchrashib turishi kerak — xullas kalom, u haftasiga bir marta Tokioga borishi kerak. Hayotga chanqoqligi bois, o‘z qo‘lyozmalari uchun to‘xtovsiz bo‘nak olar, ota-onasi va aka-ukalaridan pul so‘rardi. Bu pullar ham yetarli bo‘lmaganida esa o‘zining kattagina rasmlar kollektsiyasini kiraverishida qizil chirog‘i bor, omborga o‘xshash, lekin hech kim kirmaydigan uyga garov sifatida olib borardi. Biroq bu gal bo‘nak pullariga umid yo‘q edi, ustiga-ustak, Xorikava Yasukichi ota-onasi va aka-ukalari bilan g‘ijillashib qolgandi va shu bois uning ahvoli juda og‘ir edi. U hatto Imperiya tashkil etilgan kun* munosabati bilan o‘n sakkiz iyenu ellik senga sotib olgan atlas tsilindridan ham voz kechishga majbur bo‘ldi.
Yasukichi odamlar bilan tirband platforma bo‘ylab odimlar ekan, fikru xayoli ajoyib yaltiroq tsilindrda edi. Bu xayollar uning xotirasida omborxona-uyning yoritilgan derazalarini gavdalantirardi. Silindrda o‘sha uy derazalari ostiga ekilgan tog‘ cho‘qqisi gullari aks etardi… Biroq Xorikavaning barmoqlari kissasidagi oltmish senni tuydi-yu, uning xayollari bir zumda chilparchin bo‘ldi. Bugun endi o‘n uchinchi. Ustiga “Muallim Xorikava janoblariga” deb yozilgan konvertdagi maoshni oladigan yigirma sakkizinchigacha naq ikki hafta bor. Ertaga esa uzoq kutilgan, va nihoyat Tokioga borib kelish mumkin bo‘lgan yakshanba.
Yasukichi kechki ovqatni Xase* va Otomo* bilan birga qilmoqchi edi. Bundan tashqari u Tokioda bu yerlarda bo‘lmaydigan mo‘yqalamlar, moybo‘yoqlar va mato sotib olishni mo‘ljallab qo‘ygandi. Shuningdek, u freyleyn Myollendorf¬ning kontsertiga tushishni ham ko‘ngliga tukkan edi. Lekin kissangdagi oltmish sen bilan Tokio safari haqida o‘ylamasang ham bo‘ladi.
— Shunday qilib, alvido, mening ertam.
Yoam-anduhga barham berish uchun Yasukichi chekishga ahd qildi. Lekin hafsala bilan titkilab chiqilgan kissalarida bir dona ham sigareta qolmabdi – ana xolos. Shum taqdir uni qanchalik shafqatsiz tahqirlayotganini tobora kuchliroq sezar ekan, u kutish zalida turgan sotuvchi yoniga keldi. Ovchilarning yashil shlyapasini kiyib olgan, yuzining har yer-har yerida chechak izi qolgan sotuvchi bo‘yniga ilib olgan qutiga yozib qo‘yilgan gazeta va karamel konfetlariga zerikarli nigoh bilan tikilib turardi. U oddiy sotuvchi emas. U turmushimizga xalaqit beruvchi timsol. Bugun, bu sayyor sotuvchi Yasukichining g‘ashiga tegardi.
— Menga “Asaxi” ber.
— “Asaxi”? – ko‘zini uzmay qat’iy so‘radi sotuvchi. – Gazetami yoki sigaretami?
Yasukichi asabiylashganidan qanshari titrayotganini sezdi.
— Pivo!
Sotuvchi ajablangancha Yasukichiga tikildi:
— “Asaxi” pivosi yo‘q menda.
Yasukichi yengil torganday sotuvchidan nari ketdi. “Asaxi”chi? Axir u aynan shu maqsadda keldi-ku, sotuvchining yoniga… Hechqisi yo‘q, “Asaxi” chekmasa ham bo‘laveradi. Lekin sayyor sotuvchining boplab ta’zirini berdi-da o‘ziyam, bu esa, ehtimol, sigareta chekkandan ham yoqimliroqdir balki. Kissasida arzimagan oltmish sen borligini ham unutgan Yasukichi platforma bo‘ylab mag‘rur odimlay ketdi. Xuddi Vagram yaqinida beqiyos g‘alabaga erishgan Napoleonday…
Qora bulutlar bilan qoplangan ufq aro do‘nglik ko‘zga tashlanadi — u qoyami yoki katta axlat uyumimi, tushunib bo‘lmaydi. Do‘nglikning tepasi jigarrang ko‘katlar bilan qoplangan – ular o‘tlar yoki daraxtlar ekanligini anglash qiyin. Yasukichi do‘nglik etagi bo‘ylab bir-bir qadam tashlab bormoqda. Poyezdda yarim soat lo‘killab yurgandan so‘ng yana yarim soat chang ko‘cha bo‘ylab yurish og‘irlik qiladi. Og‘irlik qiladi? Hech-da. U o‘zidan-o‘zi yurib borardi va bir payt yurish qanchalik og‘irligini his qilmay qo‘ydi. Har kuni u kishini zeriktiradigan shu do‘nglik etagi bo‘ylab itoatkorlik bilan yurib borardi. Fojiamiz shundan iboratki, biz do‘zaxiy azoblarga giriftormiz. Fojiamiz shundan iboratki, do‘zaxiy azoblarni biz azob deb bilmaymiz. U haftasiga bir marta shu fojiadan xalos bo‘lardi. Biroq cho‘ntagida bor-yo‘g‘i oltmish sen qolgan bugun esa…
— Xayrli tong, — kutilmaganda katta muallim Avano-sanning ovozi eshitildi.
Avano-san ellik yoshni urib qo‘ydi. Qorachadan kelgan, biroz egilib yuradigan ko‘zoynakli janob. Yasukichi ishlaydigan harbiy-dengiz maktabi muallimlari allaqachon rasmdan qolgan ko‘k sarja kostyumlarnigina kiyib yurishardi – boshqachasini ular hech qachon kiyishmasdi. Avano-san ham sarja kostyumda va yangi poxol shlyapada edi. Yasukichi tavoze bilan ta’zim qildi:
— Xayrli tong.
— Havoning dimligini qarang.
— Qizingiz tuzukmi? Betob, deb eshitdim…
— Tashakkur. Kecha axiyri unga kasalxonadan javob berishdi.
Avana-sanga hurmat bajo aylarkan, Yasukichi uni oldinga o‘tkazib yubordi. Lekin uning izzati xo‘jako‘rsinga emas edi. U Avano-sanning lingvistik iqtidoridan g‘oyat zavqlanardi. Avano-san – u oltmish yoshida vafot etdi – lotin tilini Sezarning asarlari bo‘yicha o‘rganardi. Bundan tashqari u, albatta, ingliz tilini va boshqa zamonaviy tillarni ham bilardi. Avano, o‘zi jinni bo‘lmasa-da, italyan tilidagi “Asino”* nomli kitobni o‘qishi Yasukichini lol qoldirardi.
Ammo Yasukichi uning lingvistik iqtidoridangina zavqlanmasdi. Avano-san yoshi kattalarga xos keng fe’llilik fazilatiga ega edi. Ingliz tili dars¬ligidagi qiyin joyga duch kelarkan, har gal Yasukichi albatta Avano-san bilan maslahatlashardi. Qiyin joylar… ular shuning uchun tug‘ilardiki, vaqtini qizg‘anib, Yasukichi ko‘pincha darslarga lug‘at titkilamay to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelaverardi. Shunday holatlarda, rosti, u nafaqat izzat-ikrom, balki tortinchoqlikni ham ifoda etishga mumkin qadar urinardi. Yasukichi o‘zi ham javob berishi mumkin bo‘lgan yengil savollarni bergandagina va faqat shu hollardagina Avano-sanning yuzida chuqur o‘ychanlik alomati zohir bo‘lardi. Yasukichi bu qanday ro‘y berishini haliga qadar aniq eslaydi. Qo‘liga Yasukichining darsligini olarkan, Avano-san o‘chib qolgan trubkani tishiga qistirgancha bir muddat fikrga cho‘mardi. Keyin birdan, xuddi miyasiga urganday qichqirardi: “Uning ma’nosi mana bunday” — va Yasukichiga tushunarsiz bo‘lgan joyni bir nafasda izohlab berardi. Nafaqat iqtidorli tilshunos, balki iqtidorli mug‘ombir sifatidagi mana shunday tomoshalari… shunday darslari uchun Yasukichining Avano-sanga nisbatan hurmati shu qadar baland ediki…
— Ertaga yakshanba. Siz yana Tokioga jo‘naysizmi?
— Ha… Yo‘q. Ertaga bormaydigan bo‘ldim.
— Nima uchun?
— Rostini aytsam… yo‘qchilik tufayli.
— Hazillashyapsiz, — kula-kula dedi Avano-san. U kulganda o‘ng‘aysizlanardi, chunki qoramtir-qo‘ng‘ir mo‘ylovlari tagidan oldinga turtib chiqqan tishlari ko‘rinib qolardi. — Maoshdan tashqari qalam haqi ham olasiz-ku, axir, shunday ekan, hammasini qo‘shib hisoblaganda siz yaxshigina daromad qilasiz.
— Hazillashyapsiz… — Endi bu so‘zni Yasukichi aytdi. Lekin Avano-san aytganidan ko‘ra jiddiyroq talaffuz qildi. – Sizga ma’lumki, maoshim – ellik iyen, qalam haqi esa har betiga to‘qson sendan. Boringki, har oyda ellik betdan yozganimda ham besh karra to‘qqiz – qirq besh iyen bo‘ladi. Mayda jurnallarda esa umuman oltmish sen atrofida to‘lashadi, demak…
Yasukichi adabiyot sohasida qalam tebratib kun kechiruvchining hayoti qanchalar qiyin ekanligi haqida safsatabozlik qila ketdi. U safsatabozlik bilangina cheklanib qolmadi. Tug‘ma shoirlik qobiliyatidan ustalik bilan foydalanarkan, u yo‘l-yo‘lakay so‘zlariga eng rangin bo‘yoqlar bilan sayqal berardi. Yapon dramaturglari va yozuvchilari – ayniqsa, uning do‘stlari – dahshatli yetishmovchilikka chidashga majburlar. Xase Masao chorasizlikdan sake o‘rniga duch kelgan ardobni ichib yurish bilan cheklanadi, Otomo Yukichi ayoli va bolasi bilan ikkinchi qavatda mo‘jazgina xonani ijaraga olib yashashdan bo‘lak chorasi yo‘q. Matsumoto Xojyo* ham shu… rost, u yaqinda uylandi va ancha o‘ziga kelib qoldi. Bunga qadar esa faqat eng arzon-garov yemakxonalarda ovqatlanardi.
— Appearances are deceitful*, nimasini aytasiz, — yarmi hazil, yarmi chin dedi Avano-san.
Kimsasiz yo‘l bora-bora ikki tomonida g‘arib kulbalar saf tortgan ko‘chaga aylandi. Chang bosgan peshtaxtalar, simyog‘ochlardagi uzuq-yuluq e’lonlar va afishalar – nomi shahar, xolos.
O‘zidan burqsitib qora tutun va oq bug‘ chiqarayotgan, cherepitsali tomlar uzra osmonni kesib o‘tgan katta yuk ko‘tarish krani hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydigan hissiyot uyg‘otardi. Bu manzarani poxol shlyapasi ostidan kuzatayotgan Yasukichi o‘zi jonli iboralar bilan tasvirlab bergan, qalam haqi olib kun ko‘ruvchi ijod ahlining fojiasi haqida fikr yuritarkan, kuchli hayajon girdobida qoldi. O‘zining chidamli bo‘lish, ammo sir boy bermaslik haqidagi qoidasini yoddan chiqarganday, qo‘lini solib turgan cho‘ntagida nima borligini og‘zidan gullab qo‘ydi:
— Rostini aytsam, oltmish sen pulim bor, xolos, bu aysh-ishratga yetmaydi, shuning uchun Tokioga bormayman.
O‘qituvchilar xonasida Yasukichi stolga o‘tirdi va kitobni ochib, darslarga tayyorlana boshladi. Lekin Yutlandiyada bo‘lgan dengiz jangi haqidagi maqolani o‘qish uni zarracha qiziqtirmas edi. Ayniqsa bugun, Tokioga jo‘nash istagi bilan yonib turganida bu unga juda malol kelardi. Dengiz atamalarining inglizcha lug‘atini qo‘liga olarkan, Yasukichi kitobning atigi bir betiga ko‘z yugurtirib chiqdi va shu zahotiyoq kissasida bor-yo‘g‘i oltmish sen borligi haqidagi noxush xayollarga cho‘mdi…
Soat o‘n bir yarimda o‘qituvchilar xonasida ovozlar tinadi. O‘n nafar muallim darslarga kirib ketishadi, xonada Avano-san yolg‘iz qoladi. U qarshidagi stol ortida… aniqrog‘i, uning stolini Yasukichining stolidan ajratib turadigan o‘xshovsiz kitob javoni panasida ko‘rinmaydi. Oq devor fonida trubkadan chiqayotgan tutungina vaqti-vaqti bilan yuqoriga shoshilmay ko‘tariladi va Avano-san shu yerda ekanligini bildirib turadi. Deraza ortida ham sokinlik hukm suradi. Bulutli osmonga qadar bo‘y cho‘zgan, yangi chiqqan barglar bilan qoplangan daraxtlarning uchlari, ular ortida maktabning kulrang binosi, undan-da nariroqda ko‘rfaz suvi yastanib yotibdi — bularning bari zerikarli sukunat og‘ushida…
Yasukichi sigareta haqida esladi. Shundagina iltifotsiz sotuvchining adabini berishga berib, sigareta xarid qilishni butunlay unutgani ma’lum bo‘ldi. Chekadigan narsa yo‘qligi — bu ham fojia. Fojia?.. Balki fojia emasdir? Yasukichining azoblarini ochlikdan o‘layozgan, oltmish sen pulga butun bir boylik deb qaraydigan qashshoqning azoblari bilan hech bir solishtirib bo‘lmasdi, albatta. Lekin Yasukichi xuddi qashshoq kabi, balki undan-da kuchliroq azob chekardi. Zero u yanada nafisroq asab tuzilmasiga ega edi. Qashshoqni qashshoq deb atash shart emas. Iqtidorli tilshunos Avano-san Van Gogning “Kungaboqar”iga ham, Volfning “Qo‘shiq” asari-yu, hatto Verxarnning urbanistik nazmiga ham mutlaq befarq qaraydi. Avano-sanni san’atdan mosuvo qilish kuchukni ko‘katdan mahrum qilishdek gap. Yasukichini san’atdan ayirish esa tuyani ko‘katdan mahrum qilish bilan teng. Oltmish sen miqdoridagi arzimas pul Xorikava Yasukichini ma’naviy ochlik azobiga giriftor qildi. Avano Rentaro bunga befarq qaragan bo‘lur edi.
— Xorikava-kun…
Yasukichi yoniga Avano-san kelganini ilg‘amay qoldi. Keksa muallim yaqin kelishining hayron qolarlik yeri yo‘q edi. Ajablanarlisi shundaki, uning sochsiz ikki chakkasidan ham, qalin shishali ko‘zoynagi ortidagi ko‘zlaridan va kalta mo‘ylovlaridan ham… taxminiy giperbola qo‘llaniladigan bo‘lsa, u holda nikotindan yaltirab ketgan trubkasidan ham g‘ayritabiiy, chinakamiga go‘zal, ayol kishiniki kabi uyalish hissini uqish mumkin edi. Lol qolgan Yasukichi hatto “Menda ishingiz bormidi?” deb ham so‘ramadi va yaqin turgan, soddadil keksa muallimga tikildi-qoldi.
— Xorikava-kun, bu juda kam, lekin… — Tortinayotganligini tabassum-la berkitarkan, Avano-san Yasukichiga to‘rt buklog‘liq o‘n iyenlik pulni uzatdi: — Bu, albatta, kam, lekin Tokiogacha bilet olish uchun yetadi.
Yasukichi o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Rokfellerdan qarz olish haqida ko‘pincha orzu qilardi. Lekin Avano-sandan qarz olish – bunaqasi tushiga ham kirmagan edi. Ustiga-ustak, boyagina ertalab qalam ahlining ayanchli ahvoli to‘g‘risida safsatabozlik qilgani yodiga tushdi. Yasukichi qizarib ketdi va tutila-tutila Avano-sanning taklifini rad eta boshladi:
— Yo‘q, nimalar deyapsiz, to‘g‘risi, non-choy puli… non-choy puliga kamxarjligim rost, ammo… Tokioga borib kelsam bas, hamma muammoni hal qilaman… qolaversa, poytaxtga bormaslikka ahd qildim, shunday ekan…
— Qo‘yavering, oling, kam bo‘lsa ko‘p o‘rnida ko‘rarsiz.
— Rostdan ham kerak emas. Minnatdorman…
Avano-san trubkani og‘zidan oldi va ikkilangancha to‘rtga buklangan o‘n iyenlik pulga qaradi. Tilla gardishli ko‘zoynak ortida yashiringan nigohini ko‘targanida esa ko‘zlari hali ham tortinish ila tabassum qilib turganligi ma’lum bo‘ldi.
— O‘zingiz bilasiz. Nima ham derdim… ishdan chalg‘itganim uchun ma’zur tutasiz.
Shunday deya Avano-san, xuddi birovdan qarz so‘ragan-u, rad javobini olgan kishiday o‘n iyenlik pulni shosha-pisha cho‘ntagiga soldi va javon ortida yashiringan, lug‘atlar va ma’lumotnomalar bilan to‘la ish stoli tomon oshiqdi.
Oraga cho‘kkan jimlik sabab, Yasukichi oromini butunlay yo‘qotdi. Terlab-pishib ketganidan cho‘ntagidagi nikel soatini oldi va uning qopqog‘iga qarab undagi aksiga termulgancha qaray boshladi. Ruhiy xotirjamlikni yo‘qotganda har gal ko‘zguga qarash odati Yasukichida o‘n yillar burun paydo bo‘lgan edi. To‘g‘ri, soatning qopqog‘idek kichkina doirachada akslangan yuzi qalqib turar, burni esa haddan tashqari katta bo‘lib ko‘rinardi. Xayriyatki, uning qalbi asta-sekin tinchlanishi uchun shu ham yetarli bo‘ldi. Ayni vaqtda u Avano-sanning do‘stona taklifini rad etganidan tobora ko‘proq afsuslana boshladi. Avano-sanni uning o‘n iyenini qaytarib berish-bermasliklari umuman qiziqtirmas edi, lekin pullar qanchalik xursandchilik bilan qabul qilib olinishini o‘ylaganda qalbi zavq-shavqqa to‘lardi, xolos. Uning taklifi rad etilganligi hurmatsizlikdan boshqa narsa emas edi. Bu ham yetmagandek…
Kuchli dovulga dosh berish amri mahol bo‘lgani kabi, Yasukichi ham mana shu “bu ham yetmagandek”ka chidashi qiyinligini his qildi. Bu ham yetmagandek, yordam so‘ralganidan so‘ng muruvvatni rad etish borib turgan irodasizlik emasmi? Qarzdorlik his-tuyg‘usi — unga tupursa ham bo‘laveradi. Eng asosiysi, qo‘rqoq degan nom olmaslik uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qiladi. Yaxshi, u qarz oladi… oldi ham deylik, — lekin maosh tarqatiladigan yigirma sakkizinchigacha qarzini qaytara olmaydi. U o‘zining kelgusida yozilajak asarlari uchun bemalol bo‘nak olaverardi. Lekin Avano-sandan olingan qarzni ikki haftadan ortiq muddat qaytarmaslik – bu qashshoqqa aylanishdan ham yomonroq…
Yasukichi chamasi o‘n daqiqa ikkilanib turdi, keyin esa soatini cho‘ntagiga soldi va harbiycha g‘oz yurish qilib Avano-sanning stoliga yaqinlashdi. Keksa muallim tamaki tutuniga ko‘milgancha tamaki qutisi, kuldon, davomatni hisobga olish daftari, yelim solingan idish tartib bilan terib qo‘yilgan stol yonida odatdagiday alfozda Moris Leblanning detektivini o‘qib o‘tirar edi. Yasukichini ko‘rib, Avano-san kitobni surib qo‘ydi va hoynahoy darslik bo‘yicha qandaydir savoli bo‘lsa kerak, degan taxmin bilan indamay uning yuziga boqdi.
— Avano-san! Hozirgina taklif qilgan pulingizni qarzga berib tursangiz, iltimos. Men yaxshilab o‘ylab ko‘rdim va uni olishga ahd qildim.
Yasukichi buni bir nafasda aytdi. Avano-san o‘rnidan turganini, lekin hech nima demaganini u g‘ira-shira eslaydi. Ammo uning yuz ifodasi qanaqa edi — buni Yasukichi sezmay qolgan, hoynahoy. Endi, oradan yetti yoki sakkiz yil o‘tgach, u Avano-sanning o‘zining yuziga tegay-tegay deb turgan bahaybat o‘ng qo‘lini eslaydi, xolos. Keksa muallim tortinib, qaltiroq barmoqlari bilan (ikkinchi barmog‘idagi tirnog‘i nikotindan sap-sariq bo‘lib ketgan) unga to‘rt buklog‘liq o‘n iyenlik pulni uzatayotgani hali-hamon yodida…
Yasukichi Avano-sanning pulini indin, dushanba kuni qaytarishga qat’iy ahd qildi. Aniqlik kiritaylik: aynan o‘sha o‘n iyenlik pulni. Lekin uning xayolida zarracha egri fikr yo‘q edi. Yangi bo‘nak olish umidi puchga chiqqan hamda ota-onasi va aka-ukalari bilan urishib qolganidan so‘ng endi u Tokioga borgan taqdirda ham pul topa olmasligi ayon edi. Demak, qarzni qaytarish uchun u mana shu o‘n iyenlik pulni saqlab qo‘yishi kerak. Bu pulni saqlab qo‘yish uchun esa… Ikkinchi klass vagonining nim qorong‘i burchagida poyezd jo‘nashini bildiruvchi gudokni kutarkan, Yasukichi cho‘ntagidagi mayda pul – arzimas oltmish sen bilan yonma-yon turgan o‘n iyenlik pul haqida ertalabkidan ham ko‘proq o‘ylar edi.
Ertalabkidan ham ko‘proq, lekin undan ham ma’yusroq emas. Ertalab u puli yo‘qligi bois azob chekkandi, xolos. Hozir esa shu bilan birga o‘n iyenni qaytarib berish majburiyati bilan bog‘liq axloqiy azobni ham his qilardi. Axloqiy?.. Yasukichi istar-istamas yuzi tirishdi. Yo‘q, hech qanaqa axloqiy emas. U Avano-sanning nazarida o‘z or-nomusini yo‘qotmoqchi emas, xolos. Obro‘-e’tiborini saqlab qolishning yakkayu yagona yo‘li qarzga olingan pulni qaytarib berishdir. Agar Avano-san ham san’atni yoki hech bo‘lmaganda adabiyotni yoqtirganida edi, yozuvchi Xorikava Yasukichi ajoyib asar yaratgan va o‘z obro‘-e’tiborini saqlab qolishga harakat qilgan bo‘lur edi. Yoxud agar Avano-san hammamiz kabi oddiy tilshunos bo‘lganida edi, muallim Xorikava Yasukichi o‘zining hammaga ma’lum lingvistik tayyorgarligini namoyish qilgan va obro‘-e’tiborini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan bo‘lur edi. Lekin san’atga mutlaqo befarq qaraydigan daho tilshunos Avano-san haqida gap ketganda bu usullarning hech biri qo‘l kelmasdi. Xullasi kalom, xohlaysanmi-yo‘qmi, Yasukichi tarbiya ko‘rgan oddiy insonlardek o‘zining or-nomusini saqlab qolishi, ya’ni qarzga olingan pulni qaytarishi lozim edi. Or-nomusni saqlab qolish uchungina o‘zining boshiga shuncha tashvish orttirish, shuncha qiyinchilikka chidash bir oz erish tuyular balki. Biroq Yasukichi qandaydir tushuntirib bo‘lmas sabab bois umuman or-nomusini saqlab qolishni emas, balki aynan Avano-san – mana shu keksa, olijanob, tilla gardishli ko‘zoynak taqib yuruvchi, bir oz bukchaygan odam oldida or-nomusini saqlab qolishni istar edi…
Poyezd qo‘zg‘aldi. Qora bulut qoplagan osmonni kesib tushayotgan yomg‘ir moviy-zangori dengizda harakatsiz qotgan harbiy kemalarni oqish parda bilan qopladi. Tushunib bo‘lmas yengillik tuyarkan, Yasukichi yo‘lovchilar uncha ko‘p emasligidan ko‘ngli ko‘tarildi va huzur qilgancha divanga oyog‘ini uzatdi. Xongodagi* bir jurnal uning yodiga tushdi. Bor-yo‘g‘i bir oy avval o‘sha yerdan hamkorlik qilish haqida uzundan-uzoq xat olgandi. Biroq bu jurnalni o‘lguday yomon ko‘rgani uchun ularning taklifini javobsiz qoldirdi. Bunday jurnalga asarlaringni sotish o‘z qizingni fohishaxonaga topshirish bilan baravar. Lekin endi u bo‘nak olish mumkin bo‘lgan hamma joydan pul olib bo‘lgan, faqat o‘sha jurnal qolgandi. Hech bo‘lmaganda bir ozgina pul topa olganda edi…
Poyezd tunneldan tunnelga sho‘ng‘ir, yorug‘lik bilan qorong‘ulik almashinuvini kuzatayotgan Yasukichi eng kichkina bo‘nak ham unga qanchalik xush kayfiyat ato etishi mumkinligini tasavvur etardi. San’at kishisining quvonchi tasodifga bog‘liq. Shunday tasodifdan foydalanishning aybli yeri yo‘q. Bugun shunday tasodif – ikki-yu o‘ttizda Tokioga yetkazadigan ekspress. Bo‘nak olish uchun avvalambor Tokiogacha yetib borish kerak. Agarda ellik yoki jillaqursa o‘ttiz iyen topa olganidami, unda kechqurun Xase va Otomo bilan birga ovqatlanishi mumkin bo‘lardi. Freyleyn Myollendorfning kontsertiga tushsa ham bo‘lardi. Mato, mo‘yqalam va moybo‘yoq sotib olish ham mumkin edi. Eh, qani edi… O‘n iyenlik pulni saqlab qolish uchun shunchalik kuch-g‘ayrat sarflashi shartmikin-a? Bo‘nak olishning iloji bo‘lmay qolsa-chi? Zori bor, zo‘ri yo‘q, unda nima qilish lozimligi haqida o‘ylab ko‘radi. Chindan ham, nima sababdan u Avano Rentaroning nazarida or-nomusini saqlab qolishga zo‘r berib harakat qilyapti o‘zi? Avano-san olihimmat inson, shekilli. Lekin shaxsan Yasukichining taqdiri, uning yuragida yonayotgan san’at otashiga Avano-sanning umuman taalluqli joyi yo‘q. O‘sha begona odamni deb shunday imkoniyatdan foydalanmaslik… Eh, bunday mantiq xavf-xatardan xoli emas!
Yasukichi sapchib tushdi va birdan divanga o‘tirib oldi. Tunneldan chiqqan poyezd o‘zidan pag‘a-pag‘a tutun chiqararkan, yomg‘irdan ho‘l bo‘lgan, shamolda shitirlayotgan yashil miskant bilan qoplangan dara bo‘ylab g‘amgin yelib borardi…
Bu ertasiga, yakshanba kuni kechga tomon sodir bo‘ldi. Yasukichi o‘z xonasidagi eski, to‘qilgan stulda o‘tirar va sigaretasiga shoshilmay olov tutardi. Uning qalbi anchadan buyon his qilmagan qoniqish bilan limmo-lim to‘la edi. Bu bejiz emasdi. Birinchidan, u o‘n iyenlik pulni saqlab qola oldi. Ikkinchidan, nashriyotlardan biridan hozirgina kelgan xat ichiga besh yuz nusxadagi kitobi uchun har bir nusxasiga ellik sen hisobidan qalam haqi solingan ekan. Uchinchidan, eng kutilmagani ham aynan shu voqea edi, — shunday qilib, uchinchidan, xonadon sohibasi unga kechlik ovqatga pishirilgan xonbaliq keltirdi!
Yozning kechki oftobi o‘z nurlarini araqi* ustidan osilib turgan olcha shoxlariga sochardi. Har yer-har yeriga mevalar to‘kilgan bog‘dagi tuproqqa ham sochardi. Sarja shim kiyib olgan Yasukichining tizzalari ustida yotgan o‘n iyenlik pulga-da, sochardi. Kechki oftob nurlari bilan yo‘g‘rilgan buklog‘liq pulga u diqqat bilan tikilib qoldi. Kulrang o‘n iyenlik pul va unga tushirilgan vinetkalar hamda o‘n olti gulbargli xrizantema* betakror edi. Tuxumsimon doira ichidagi kishining portreti ham yoqimli edi: yuzi befahmnamo bo‘lsa-da, lekin avval u o‘ylaganidek beadab emasdi aslo. Pulning ko‘kish-jigarrang va g‘oyat nafis orqa tarafi yanada go‘zalroq ko‘rindi uning ko‘ziga. Qo‘lma-qo‘l yuraverib urinib qolmaganida edi, ramkaga o‘rnatib zavqlansa ham bo‘lardi. Lekin u nafaqat qo‘lma-qo‘l yurgan. Yirik 10 raqami ustida bo‘yoq bilan mayda qilib bitilgan allaqanday yozuv bor. Yasukichi pulni ikki barmog‘i bilan oldi va o‘qidi: “”Yasuke”ga* o‘tib kelsammikin-a?”
Yasukichi pulni yana tizzasiga qo‘ydi. Keyin esa sigareta tutunini yuqoriga, bog‘ uzra taralayotgan kechki oftob nurlari tarafga chiqardi. O‘n iyenlik bu pulga qarab yozuv muallifi sushi yeyish uchun borish fikri bilangina cheklanib qo‘yaqolgan bo‘lsa ajab emas. Lekin had-hududsiz olamda mana shunday o‘n iyenlik pulni deb qanchalik fojiali voqelar yuz bermoqda! Qolaversa, o‘zi ham kuni kecha shu qog‘oz pul uchun jonini fido qilishga tayyor edi. Lekin hammasi ko‘ngildagiday bo‘ldi. Nima bo‘lganda ham u Avano-san oldida o‘z or-nomusini saqlab qola bildi. Besh yuz nusxa kitobi uchun olgan qalam haqi esa mayda-chuyda xarajatlariga yarab turadi!
— “Yasuke”ga o‘tib kelsammikin-a? — shivirlaydi Yasukichi va o‘n iyenlik pulga go‘yoki kuni kecha o‘zi oshib o‘tgan Alp tog‘lariga Napoleon boqqanidek tikilib qaraydi.
Ruschadan Abduvohid Umr tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2006 yil, 12-son
IZOHLAR:
* Imperiya tashkil etilgan kun (Kigensetsu – ma’nosi: era boshlanishi kuni) 11 fevralda nishonlanadi.
* Xase Masao — Akutagavaning do‘sti, yozuvchi Kume Masao (1891-1952) nazarda tutiladi.
* Otomo Yukichi — Akutagavaning do‘sti, yozuvchi Kikuchi Kan (1888-1948) nazarda tutiladi.
* “Asino” – “Jinni” (ital).
* Matsumoto Xojyo – Yozuvchi Matsuoka Yuzuru (1891-?) nazarda tutiladi.
* Appearances are deceitful – Tashqi ko‘rinish kishini aldaydi (ing.)
* Xongo – Tokiodagi mavze.
* Araqi – karniz.
* Xrizantema guli yapon imperator oilasining timsoli hisoblanadi (tarj.).
* “Yasuke” – sushisi bilan mashhur restoranning nomi.