Ushbu ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan qonli hodisa katta shahar hayotida qo‘qqisdan sodir bo‘ldi va bor-yo‘g‘i bir kecha-kunduz – yigirma to‘rt soat yoki bir ming to‘rt yuz qirq soniya davom etdi va nafaqat butun megapolisning yuragiga dahshat soldi, balki markazdan minglab kilometr uzoqlikdagi aholini ham hang-mang qilib qo‘ydi. Shunda odamlar yorug‘ dunyo g‘oyat mo‘rt ekanini va ko‘z ochib-yumguncha ham fojiali tabiiy ofatga duchor bo‘lishi mumkinligini angladi, tushunib yetdi.
1
Chor atrof qorong‘ilik qo‘ynida, osmonni quyuq, deyarli tim-qora quturgan bulut qoplagan.
To‘satdan bir lahzada shunday g‘alati hodisa ro‘y berdiki, bu ayrim odamlarning yuragini vahimaga soldi.
Ulkan shaharning janubi-g‘arbiy qismida osmonni to‘ldirib sonsiz qora qarg‘alar galasi paydo bo‘ldi va saf-saf bo‘lib, shahar ustidan uchib o‘ta boshladi. Ayni vaqtda yuzlab shaharliklar hech nimani ko‘rmayotgan va eshitmayotganday ko‘zlarini yerdan uzmagancha ko‘chalardan ketib borar edilar.
Faqat bir odamgina sezgirlik ila bu hodisani qiziqib kuzata boshladi. Qarasa, bir qarg‘a o‘z qavmdoshlaridan sal narida uchib borayapti, u goh shiddat bilan bir tomonga burilib ketar, goh sarosima ichida qanotlarini qattiq-qattiq qoqar, go‘yo bu kuchli to‘lqindan yorib chiqib ketmoqchi bo‘layotganday edi, shu narsa qiziq ediki, galaga qarshi tomonga uchib borar ekan, bironta ham qarg‘aga tegib ketmaslikka harakat qilar va qiyinchilik ila oldinga siljir edi. Ammo qavmdoshlari haddan tashqari ko‘p edi.
“Bechora qarg‘a! Nega bu kuchli to‘lqinga qarshi uchishga behuda urinasan? Axir ko‘pchilikka qarshi harakat qilib bo‘larkanmi,” – ko‘nglidan o‘tkazdi yigit. Shu bilan birga u ushbu yolg‘iz va o‘jar qarg‘aning jasoratiyu tirishqoqligidan qoyil qolmoqda edi.
Yigitcha qarg‘aning kurashini oxirigacha tomosha qilmoqchi edi, biroq galalar to‘lqini siyraklashish o‘rniga tobora quyuqlashib borar, tanho qarg‘a esa ming urinib-chiranmasin, yo‘l topib bo‘shliqqa yorib chiqolmayotgan edi.
Yigitning ko‘zi tinib ketdi.
“Xudo o‘zi senga yor bo‘lsin, yolg‘iz qarg‘a!” Va yigit yana o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi…
Yoshi yigirma yettida bo‘lgan bu yigit bo‘ydoq edi. U uncha katta bo‘lmagan – besh million aholilik shaharda tavallud topgandi, bir necha tilni yaxshi bilardi, jahon mamlakatlari bo‘ylab bir necha bor sayohat qilgandi, hatto bahri muhit ortida xizmat safarida ham bo‘lgandi. Har zamon-har zamonda unga bolaligida bobosi aytib bergan ertaklar yodiga tushardi…
2
Bir bor ekanmikan yo bir yo‘q ekanmikan, juda qadim zamonlarda dorilamon bir mamlakatda bir podsho yashagan ekan. Bir kuni podshoning xotini og‘rib qolibdi va ko‘p o‘tmay taqdir taqozosi bilan bu dunyoni tark etibdi. Podsho va o‘g‘li yolg‘iz qolibdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, podsho ikkinchi marta uylanibdi. To‘qqiz oy, to‘qqiz kun, to‘qqiz soat va to‘qqiz daqiqa o‘tib, xotini qiz tug‘ibdi.
Sinchkov va aqlli shahzoda singlisining bir siridan voqif bo‘libdi. Saroy munajjimlari va donishmand olimlar biri hayron va afsus nadomat ila, yana biri dahshat va qo‘rquv ichida bunday der ekanlar:
– Dunyoga kelgan bu chaqaloq yurtimiz boshiga ko‘plab musibatlar va baxtsizliklar keltirgusidir, uning paydo bo‘lishi ko‘plab ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan balo-qazolar sodir etguvsidir, zulmu istibdod va dahshatlar avj olishiga sabab bo‘lg‘usidir, zero, bu qiz qonxo‘r devlar naslidan dunyoga kelmish…
G‘azabdan quturgan o‘gay ona bolani saroydan haydab yuborishni amr etibdi, podsho qo‘rqqanidan xotinining ra’yiga qarshi bir so‘z deya olmabdi.
Podshoning qizi voyaga yetibdi, munajjimlar, sehrgarlar va donishmandlarning karomatlari rost bo‘lib chiqibdi. Dev qiz avval barcha uy hayvonlarini yeb bitiribdi. Keyin ota-onalaru qarindosh urug‘larning qironini keltiribdi. Ko‘p o‘tmay farovon mamlakatda bitta ham tirik jon qolmabdi.
Saroydan quvilgan bola esa ko‘p sinovlarga duchor bo‘libdi. U o‘rmonzorda bir juft yetim qolgan sher bolasi bilan do‘stlashib qolibdi. Voyaga yetgan shervachchalar dev qizni burda-burda qilib tashlabdi, chunki qiz shahzodani ham yemoqchi bo‘lib shaylangan ekan-da. Shervachchalarni shu yigitcha parvarish qilgandi buning ustiga. Biroq hech kim qizning go‘shtiga qo‘lining uchini ham tekizmabdi…
* * *
Sher – hayvonlarning toshga o‘yib chekilgan shohi – Inson mushakdor kuchli qo‘llari bilan sherning jag‘ini ayirib yubordi-da, ichiga qarab turib, bunday dedi: “Agar sherlar haykal yasashga qodir bo‘lganda edi, siz insonning kuchli sher panjasidagi ahvolini ko‘rib, yig‘lab yuborgan bo‘lardingiz…”
3
Ushbu hayvonot bog‘i, shubhasiz, megapolisning eng noyob va go‘zal maskanlaridan biri edi. U qariyb shahar o‘rtasida, yigirma gektarli orolchada joylashgan bo‘lib, uning hamma tomonidan og‘ir nafas olib chiqarganda daryo beg‘am oqar edi.
Qirg‘oq yoqalab osmono‘par binolar qad rostlagan, maysalarga ko‘milgan xiyobonlaru gullarga burkangan chamanzorlar yastangan. Olti yo‘lak va ikki ketasadidant har kuni hayvonlari uchun tonnalab oziq -ovqat keltirilar edi, ana shu yo‘lak megapolisni hayvonot bog‘i bilan bog‘lab turardi.
Orol balandligi 5-6 metr keladigan baquvvat va mustahkam poydevorli temir panjaralar bilan o‘ralgandi, u hayvonot bog‘i hududini suv toshqinlaridan himoya qilardi. Butun maydonni dov-daraxtlar, maysazorlar, ahyon- ahyonda sayxonliklar bezab turardi. Daraxt shoxlarida erta tongdan yarim tungacha, xuddi musobaqa o‘ynayotgandek, qushlar tinimsiz chirqillar, sayrar edi. Yam-yashil adirlarda kech oqshom va erta tongda yuzlab toshbaqa va tipratikanlar ko‘zga tashlanardi. Bahorda , yozda va dastlabki kuz yomg‘irlarigacha haftasiga o‘n marta hayvonot bog‘i darvozalari yopilganda tun chog‘i minglab qorni to‘q hayvonlari qafasdan chiqarib boqilar edi, ha-da, ochiq havoga chiqib ular ham bir yayrab olsinlar-da. Tungi o‘rmonni kuchli projektorlar charog‘on qlib, chor-atrof ertaknamo manzara kasb etardi.
Bir gal jug‘rofiya teledastur rejissyori – g‘oyatda aqlli va sinchkov kishi yilning turli fasllarida hayvonot bog‘i hududida hayvonotlarning tungi sayrlari borasida ko‘rsatuv tayyorlash to‘g‘risida hayvonot bog‘i bilan shartnoma tuzdi. Uning suratga olish guruhi goho sahar-mardongacha ter to‘kib ishlardi, qulay payt va lahzalarni ilg‘ash va tasmaga tushirishning o‘zi bo‘lmaydi-da. Keyin ular shu narsadan ham voqif bo‘lishdiki, topqir rejissyor arslonlar, yo‘lbarslar, kiyiklar, bo‘rilar va boshqa hayvonlarning ishqiy o‘yinlarini suvratga tushirmoqchi ekan. Chunki betakror sezgir nigohlardan yorqin kadrlarga to‘lib-toshgan ilmiy-ommabop filmda aynan hayvonlarning ishqiy o‘yinlari uni raqobatbardosh qiladi, buning evaziga rejissyor tomoshabinlarning katta miqdorda e’tiborini qozonishga, qiziqtirishga va uni minglab diskda sotib, ozmuncha pul ishlab olishga muvaffaq bo‘lmagan!
Ayniqsa, arslon o‘zining kuchli old panjalari bilan yosh moda arslonni mahkam siqib ushlagancha o‘n besh – o‘n sakkiz daqiqagacha jinsiy aloqa qilgan sahna vujudlarida hayvoniy hirs to‘lib toshgan ishratparast odamlarni ozmuncha junbushga keltirmagan. Erkinlikka chiqqanda hayvonlar o‘zlarini qanday tutishi, ular qanday his-tuyg‘ularga to‘lib-toshishini tomoshabinlar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib amin bo‘lganlar. Minglab odamlar internet orqali hayvonot bog‘i xohlovchilar uchun tunda ham darvozalarini ochib qo‘ysin deb talab qila boshlashdi. Ammo bog‘ rahbariyati bu narsani joiz deb topmadi…
4
Haligi xalq ertagi tabiiyki, olis zamonlardan qolgan xotiralar, ammo o‘n yettinchi qavatdagi besh xonali xonadonda yashagan, buning ustiga ota-onalaridan uzoqda bo‘lgan yigitni hozir mutlaqo boshqa, zamonaviy ertak o‘ziga mahliyo qilgan. Turli millatga mansub, turli yoshdagi, yana turli dindagi odamlar, bu mamlakat hatto turli qit’a aholisi endilikda bir narsani o‘ylashiga va har xildagi kechinmalarni boshdan kechirayotganini ko‘rib na ko‘ziga, eshitib na qulog‘iga ishonardi. U bir narsani sira tushunib yetmasdi, ularni hatto uning tanishlarini ming-minglab kilometr uzoqlikda turib ham bir-birlarini bir notanish tuyg‘u bog‘lab turadi. Balki, bu yurt ta’siridir? Yo‘q. Ularni allaqanday rishta mahkam bog‘lab turadi. Bunga shak-shubha bo‘lishi mumkin emas. Yigit ishxonasi derazasi oldida turgancha bir narsani tushuntirishga harakat qilardi: o‘tmishda dunyoning turli burchaklarida u o‘shalarning bir qanchasi bilan uchrashgan va do‘stlashgan bo‘lardi, nima, bir-birlariga mutlaqo notanishmi?!
U kompyuter monitoridagi fotorasmlarni ochdi va ularga diqqat bilan razm sola boshladi. Ko‘zlar, ko‘zlar, ko‘zlar, nigohlar, kiyikning, tuyaning, bo‘rining, yo‘lbarsning, maymunning, arslonning, lochinning, quzg‘unning, ayiqning, olqorning, tulkining, shoqolning, tovusning, ilonlarning nigohlari… Bir qarashda ular oddiy bo‘lib ko‘rindi. Ayni vaqtda, taxminan bir oy muqaddam ularni nega suvratga olganini o‘zi tushunmagandi. Tashqaridan bu unga ilohiy kashfiyotday bo‘lib ko‘ringan edi va shu bois u suvratni do‘stlarining elektron manziliga jo‘natdi, u bu o‘rtoqlari bilan dunyodagi u yoki bu voqea ustida fikr olishar, ularning xayrixohliklaridan umidvor bo‘lardi.
Biroq do‘stlarining fikrlari uni hayratga soldi. Barchalari bir ovozdan undan pochta ochishni va ularning fikrlarini o‘zi o‘qishini so‘rar edilar. Ularning ovozi xuddi musibatdan darak bergudek, tashvishli chiqardi. Yigit qattiq hayratga tushdi, hayajonlandi. Nahotki bu yirtqichlardan birining nigohiyu nima uchun hammani bu qadar cho‘chitib yubordi?
“Anushiravant, do‘stim, diqqat bilan razm solib qara, hayvonot, bog‘ingizning barcha yirtqichlar ko‘zida dahshat va qo‘rquv bor,”– deb yozgandi yangi zelandiyalik do‘sti.
“Yaxshilab qara, yirtqichlarni qandaydir maxluq yoki qandaydir mavjudot hurkitib yuborgan,” – bu uning Turkiyaning Izmir shahrida yashovchi do‘stining gapi. Uning Manhettenda yetmish to‘rtinchi qavatda turgan nyu-yorklik tanishi undan ham g‘alatiroq so‘zlarni aytgan: “Shervon! Bir narsaga e’tibor qarat: Hayvonot bog‘ining barcha ishchilari qandaydir ofatni ko‘ngli sezib vahimaga tushgan! SOS!
– Nima, kimdir ularni vasvasaga solganmi?! – so‘ragandi undan xitoylik kursdoshi.
– Dahshat va qo‘rquvga to‘la bunday ko‘zlarni men umrimda birinchi marta ko‘rib turibman. Balki, barcha hayvonlar qandaydir yuqumli kasallikka chalinganmikin? – so‘radi uning berlinlik do‘sti. Shervon ular bilan Menejerlik va nanotexnologiya universitetida bir yildan ko‘proq o‘qigan edi. “Ularni qandaydir ilonmi yoki devmi qattiq qo‘rqitgan! Hayvonlarning barchasi suv bilan olov o‘rtasida u yoqdan-bu yoqqa sakragani-sakragan,” – deb yozgandi uning tokiolik do‘sti. – Ular o‘lim talvasasida!..”
Shervon avvaliga do‘stlarining javoblariga ko‘pda e’tibor bermadi. Biroq bir muncha vaqt o‘tgandan keyin uni g‘alati bir hayajon qamradi, oyog‘i ostidagi yer bir tomonga og‘ib ketayotgandek bo‘ldi. U tavakkaliga foto rasmlardan birini ochdi: ayiq ko‘zlari. “Ehtimol, aynan mana shu nigohni barcha “qonli” deb atayotgandir?”– dilidan o‘tkazdi yigit. Tasodifmi?! Bu bobosi bilan uni o‘limdan saqlab qolgan ayiq edi…
5
O‘zining uzun tumshug‘i bilan bo‘rining tomog‘iga tiqilib qolgan suyakni chiqarib tashlagan turna ochko‘z va qonxo‘r bo‘rining do‘qini ko‘rib, hech qachon noshukur hayvonlarga yordam bermaslik kerak deb o‘yladi.
Tog‘dagi o‘rmonzordan sal naridagi jarlikdagi uncha katta bo‘lmagan o‘tloqzor o‘rtasida bir qo‘ng‘ir ona ayiq o‘tkir tishli qopqonga tushib qoldi. Erkinligidan judo bo‘lgan sho‘rlik ona ayiq azbaroyi joni og‘riganidan shunaqangi qattiq o‘kiribdiki, o‘kirigi butun vodiy bo‘ylab aks-sado beribdi. U jon achchig‘ida o‘zini har yonga urar, yulqinar edi, ammo qani bu urinishlardan bir ish chiqsa. Ikkita yosh-yosh ayiqcha esa onalariga birma-bir yordam ko‘rsatishda ojiz holda o‘zini har yoqqa urayotgan onasi atrofida gir aylanardi. Birdan allaqayoqdandir o‘n-o‘n ikki yoshlardagi bir gala o‘smir bolalar paydo bo‘ldi. Avvaliga ular sel yuvgan jarliklarning bir chekkasida turib, ona ayiqning qanchalik qiynalayotganini bir pas tomosha qildi.
Keyin ulardan biri dedi:
– Ayiqning jigari va o‘t qopi ko‘plab kasalliklar uchun shifobaxshdir.
Ikkinchisi uni qo‘lladi:
– Ayiq yog‘i-chi? Uni yaxshigina pullasa bo‘ladi.
Uchinchi o‘smir esa hayratini yashira olmadi:
– Axir, u tirik-ku. Uning jigarini, o‘t qopini, yog‘ini qanday olamiz?
– Pichog‘imiz bor, terisini shilamiz…
Oraga bir lahza sukunat tushdi.
– Men bilaman! – dedi ko‘zlari chaqnab, bir daroz bo‘yli o‘smir. – Biz uni toshbo‘ron qilamiz! U qopqonga tushib qolgan, qocholmaydi. O‘lasi qilib do‘pposlaymiz-da, keyin terisini shilamiz.
U yerdan katta bir toshni oldi-da, ona ayiq tomonga qarab otdi. Darozning bu ishidan dadillangan bolalar unga ta’sib qila ketdilar. Keyin nima bo‘lganini ko‘rsangiz! Sho‘rlik ona ayiqning boshiga toshlar do‘lday yog‘ila ketdi-ku! Har tomondan: “voh”, “tegishiga sal qoldi-ya”, “mana buni tosh otish desa bo‘ladi”, “mo‘ljallab otish kerak”, – degan qutquli, darg‘azab qichqiriqlar havoni larzaga soldi. “Ur, ur, ur” deb hayqirardi haddidan oshgan bolalar bir ovozdan.
Har tosh kelib tekkanida bechora ona ayiq buralib-buralib ketar, ammo bundan najot yo‘q edi, bir toshga chap beraman deb, buralardi-yu, o‘sha zahoti boshqa tosh uchib kelardi. Oxirgi kuchlarini to‘plab, boyoqish ona ayiq qochishga urinardi, ammo qopqon zanjiri uni mahkam ushlab turar, azbaroyi zanjirning tarang tortilganidan joni sug‘urilib chiqay derdi.
Yuzlab toshlar uchib kelib ona ayiqning yoniga kelib tushardi. Ko‘p o‘tmay butun o‘tloqzor tosh bilan qoplandi. Allaqanday bir o‘tkir tosh ona ayiqning basharasini yorib yubordi-da, qon sharillab oqa ketdi.
– Chaqirtosh bilan uringlar! – Toshbag‘ir, beshafqat bolalar qichqira-qichqira chaqirtosh qidirishga tushdi va uni ona ayiq tomonga qarab ota boshlashdi.
– Qattiqroq uringlar, u hozir yiqiladi, shunda mo‘ljalga olish osonlashadi.
Agar shu daqiqalarda bu marazlarning ko‘ziga birrov nazar solganingizda bormi, ular qonxo‘rlarcha qip-qizil qonga to‘lganiga guvoh bo‘lardingiz.
Ona ayiq oxiri yuz tuban yiqildi, ammo hali ham o‘zini urib, boshini chayqar edi. Og‘zidan ko‘pikli qon oqardi. Ayiq holsizlana boshladi. bazo‘r bir tomonga ag‘darilib oldi-yu, ammo uchib kelayotgan toshlardan o‘zini olib qocholmayotgan edi.
Shu top maysazorda nevarasini yetaklagan chol paydo bo‘ldi. Ona ayiq hamon xirillab nafas olayotgandi.
Ular chalajon yotgan ayiq tepasiga kelishdi. Chol g‘azabini arang bosib turardi.
– Attang, kechikibmiz, – dedi u nevarasiga va qonga bulangan katta – kichik tosh uyumlariga razm solib qarab, bu yerda qanaqangi mudhish qotillik ro‘y berganini angladi. – Betovfiqlar, jirkanch itvachchalar!
Ayiq bolalari onalari pinjiga suqilib mungli ingrar edi. Bamisoli bobo bilan nevara ularning joniga ora kirishiga ishonishgandek. Ona ayiq bobosiga qarab turganini nevara sezib qoldi. Aftidan bolalaridan ko‘ngli to‘q bo‘ldi, nega deganda endi ularni himoya qiladigan jonlarini omon saqlab qoladigan panohkor bor. Yengil nafas chiqarib, ona ayiq jon berdi.
Bu odamnusxa juftoyoqli maxluqlar esa adir yonbag‘ridagi ensiz so‘qmoqdan tushib kelardi. Bobo bilan nevara ularga e’tibor qilmadi.
– Ayiqvachchalarni shaharga olib boramiz, u yerda katta hayvonot bog‘i bor, o‘shanga beramiz, yaxshigina pul berishadi, – dedi novchasi.
– Menga sotib qo‘ya qolmaysizlarmi? – dabdurustdan dedi bobo, ayiqvachchalarga achinish ila qarab.
U yoshi bir joyga borib qolgan, sochlariga oq oralagan, yelkalari keng-keng, mushtumlari baquvvat, ko‘zlari o‘tkir kishi edi. U novcha o‘smirga g‘azab bilan qarab qo‘ydi.
– Qancha berasiz? – shoshib so‘radi bir bola.
– Cho‘ntagimda qancha pul bo‘lsa hammasini. Faqat taksi pulimni olib qolaman.
U cho‘ntagidan pulni sug‘urdi-da, qonga bo‘yalgan tosh uyumi ustiga qo‘ydi.
– Aravangiz yo‘qmi mabodo?
– Arava nimaga kerak? – so‘radi bobo.
– Ayiqvachchalarni qanday olib ketasiz? – qiziquvchanlik bilan so‘radi bola.
– Men hozir ularni sehrlayman, qarab turinglar, – dedi bobo.
– Qanday qilib?
– Shunday qilib! Men ularni qulog‘iga sehrli duolar o‘qiyman.
– Nima? Ular gapingizni tushunadimi?
– Bo‘lmasa-chi.
– Qiziq…
Kishi ayiqvachchalarning oldiga chordona qurib o‘tirib oldi. Ayiqvachchalarning yarasini silay boshladi. Keyin lablarini uning qulog‘iga yaqin olib bordi-da, nimadir deb pichirladi. So‘ng ikkinchi ayiqvachchaga ham shunday qildi.
– Bo‘pti, yur ketdik, – dedi bobo va olg‘a odimlab ketdi. Ortidan nevara yo‘lga tushdi. U bir bobosining ortidan, bir ayiqvachchalarga hayrat bilan nazar soldi. Bu mo‘jizani ko‘ring! E’tiborlisi – onalarini ham unutib ayiqvachchalar bobo bilan nevara ortidan yo‘rg‘alay ketdi.
Hayratdan tillari kalimaga ham kelmay qotillar joylaridan qimir etmasdilar.
Bobo bilan nevarayu ayiqvachchalar ko‘zdan ancha yiroqlab ketishgandi. Sal o‘ziga kelgan novcha bir seskandi-da, asta egildi va qon yuqi pullarni yerdan oldi.
6
Qirq ikki qavatli binoning o‘n ikkinchi qavatidagi ochiq qahvaxonada bobo bilan nevara ovqatlanardi. Haftada bir ko‘rishib turish ularga odat bo‘lib qolgan.
– Bizning uzoqdan turib gurung qilishimizda, albatta, mobil telefonning bahosi yo‘q. Ammo yuzma-yuz o‘tirib chaqchaqlashishning gashti bo‘lakcha-da. Biting to‘kiladi, – dedi bobo. – Men bilan gaplashib o‘tirishga vaqt topishingga qoyil qolaman, minnatdorman, bolam.
– Men o‘zim sizni sog‘inaman, yuragim bir tutam bo‘lib ketadi. – Sizni ko‘rgim kelaveradi, – javob berdi nevara.
Orolni aylanib oqayotgan daryoga qara. Kechayu kunduz, qishin-yozin oqqani-oqqan. Uning hayoti ham shunaqa – suvday oqadi…
– Ota-onam qo‘ng‘iroq qilishdi. Sizga salom aytishdi.
– Xudo tan-jonlariga to‘zim bersin. Qalay ekan ular? Bu yoqqa kelisharmikan?
– Hamma ishlari joyida ekan. Hozir ta’tilda, payt topib singlimni olib Praga, Parij, Rim va Venaga sayohatga chiqishmoqchi ekan.
– Sayohatda gap ko‘p. Singling qalay ekan? Anchadan beri ovozini eshitmayman.
– O‘zingizdan qolar gap yo‘q. Yevropa olimpiadalaridan o‘tishning o‘zi bo‘lmaydi. Ularning har bir soniyasi hisobli. Ammo men unga aytib ko‘raman, vaqt topib, albatta, telefon qil deyman.
– Seni Xudo o‘zi qo‘llasin, jigarim! Ortiqcha tashvishning keragi yo‘q. Faqat bir narsani qulog‘iga quyib qo‘y – ona tilini unutmasin…
– Yo‘q, unutmaydi.
– Ishonching komilmi?
– Ha. Singlimga haligi qadimgi bir rivoyatni so‘zlab bergandim.
– Qanaqa rivoyat ekan? – ajablanib so‘radi bobo.
– Esingizdami, Siz menga ingliz, rus, frantsuz tillarini o‘rganganda o‘z ona tilimizni unutma der edingiz doim.
– Ha. Sen bo‘lsang har doim qaysarlik qilar eding. “Jahon tillarida bemalol gapira olganimdan keyin menga ona tili nega kerak?”– der eding.
– To‘g‘ri aytasiz. O‘n yilcha muqaddam men ikkinchi bosqichda o‘qib yurganimda biznikiga chet elliklar kelgan edi. Tarjimon qidirishga tushdik, tanlov e’lon qildik. Yo‘lboshlovchi va tarjimon ishi uchun katta haq to‘lashga vada qilishdi. Men ham yozildim.
– Ha, esimda. Alam bilan aytgandimki, ingliz tilini raqobatchilaring sendan ko‘ra yaxshiroq biladi, deganding va o‘tishingga ko‘zing yetmagandi.
– Keyin ma’lum bo‘ldiki, ular o‘z ona tillarini mutlaqo bilmas ekan, shuning uchun tilimizni uncha-muncha bilganim sabab meni tanlashgandi. Hayot – buyuk ustoz va eng yaxshi maktab ekaniga to‘la amin bo‘ldim, u inson dunyoqarashini tubdan o‘zgartirib yuboradi.
– Bu yog‘idan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, singlim ajdodlarimiz tilini hech qachon unutmaydi – meni aytdi deysiz.
– Iloyo, shunday bo‘lsin. Men bunga ishonaman…..
– Xudo o‘z rahmatiga olgur buvijonim har gal bizlarni duo qilib, bir gapni ko‘p takrorlar edi: “Bolajonlarim, qayerda bo‘lsangiz ham Hudo sizlarni qo‘llagay, tanlaringni omon saqlagay, o‘z pushti-panohida asragay”. Balki bu Parvardigorning irodasidir, hammamiz bir-birimizdan olisda yashaymiz va shunga o‘rganib qolganmiz. O‘zing qo‘lla, Xudovandi karim, – dilimizdayu tilimizda – shu.
– Buvijon! Siz bu so‘zlarni aytayotibsiz-ku, eshitib qanchalik huzurlanishimizni bilsangiz edi. Siz dunyoga kelgan o‘sha tongda tun bo‘yi u iloyo oson ko‘z yordir, deb Xudoga nolalar qilib chiqqandi. Sen dunyoga kelganingda azbaroyi suyunganidan o‘zini qo‘ygani joy topolmadi va nuqul: “Ey, Xudo, uning umrini uzun qil, hayotiga to‘zim ber”, degani-degan edi. Tovuq sho‘rva pishirdik va onangni borib ko‘rgani uchdik.
– Ha, oyim buni tez-tez eslab turadi.
– Attang, buving bu olamni erta tark etdi. Avliyo ayol edi…
– Buvimni sog‘inasizmi? Eslaysizmi?
– Buvingnimi?
– Ha.
– Yo‘q.
– Nima?
– Chunki buving, uning tip-tiniq chehrasi, muloyim tabassumi, mehmonnavozligi har doim qalbimda yashaydi. Meni bir daqiqa ham, bir lahza ham tark etmaydi…
– Qiziq….
– Aytgancha, telefonda sen nima haqida maslahatlashmoqchi ekaningni aytgandingmi?
Shervon noutbukni ishga tushirdi-da, ular suvratga olgan hayvonlarning ko‘zlarini bobosiga ko‘rsata boshladi:
– Diqqat bilan qarang, hayvonlar nigohini o‘rganing. Zora-mora Sizning ham miyangizga nimadir kelib qolsa.
Bobo barcha suvratlarni diqqat bilan bitta-bitta ko‘rib chiqdi. Tashqaridan ular hech narsasi bilan kishini jalb etmayotgandi.
– Birdaniga bir so‘z aytish qiyin, ko‘zlaridagi ifoda ham bir xilday.
– Sen nimaga mahliyo bo‘lib qolding? – so‘radi qariya Shervondan.
– Hozircha hech nimaga, – javob berdi nevara. – Men ermak uchun olgan bu suvratlarni blogimga tashlab qo‘ygandim. Jahonning turli mamlakatlarida istiqomat qiladigan do‘stlarimning barchasi bir ovozdan bitta gapni aytishayapti, emishki barcha hayvonlar, nimadir yoki kimdir ularni zimdan cho‘chitib qo‘yganday. Barchalari oldinda allaqanday ofat kutib turibdi deb uqdirganlari-uqdirgan… Shu bois men ham ajablandim. To‘satdan bu yerda ham rosmanasiga qaydaydir sir yashiringan bo‘lsa-chi?
– Nima deyishimni ham bilmayman. Yirtqichlar yopiq qafaslarda yashaydi. Ularning qo‘lidan nima ham kelardi? Do‘stlaring shunchaki hazillashishgandir?
– Unday emas. Ular bir yo‘la bir necha mavzuda baravar hazillashmaydi-ku.
Bobo barcha suvratlarni yana bir karra diqqat bilan qarab chiqdi.
Ammo savolga javobni topa olmadi.
– Bo‘pti, men borib hayvonlar bilan ko‘rishaman. Ehtimol, ularning yurish-turish va o‘zlarini tutishlaridan biron narsani aniqlash mumkin bo‘lib qolar.
Har biri o‘z o‘y-fikri bilan band bobo va nevara quchoqlashishdi, quyuq xayr-ma’zur qilishdi.
Pastga tushishdan oldin haligi kishi yana bir qur orol tomonga qaradi. Shuncha olisdan turib nimani ham ilg‘ab bo‘lardi? Tashqaridan hammayoq suv quygandek tinch, osoyishta ko‘rinardi…
* * *
Bo‘rilar burda-burda qilib, jig‘ildoniga urgan qo‘chqorga ko‘zi tushgan insonning sehr-jodusi tufayli endi ular dunyoni boshlariga ko‘tarib uvillar edi.
7
Bor ekan-u yo‘q ekan, och ekan-u to‘q ekan, juda qadim zamonlarda, ammo o‘zimizning eramizda Afrikada bir qabila yashar ekan. Qabila aholisi devorlari guvaladan ko‘tarilgan, tomiga poxol yopilgan kulbalarda g‘aribona umrguzaronlik qilar ekan. Ular deyarli ibtidoiy jamoa tuzumida bo‘lib, asosiy tirikchiliklari chorvadan o‘tib turarkan. Bu qabila o‘g‘il bolalarining yoshi yettiga to‘lganda sigirlarga va mol-holga qarash shu bolalarning zimmasiga yuklatilar ekan. Elektr, kitob, maktab, naqliyot, televizor, kompyuter va internet nima degani – bu narsalar ularning yetti uxlab tushiga kirmagan edi.
Ammo ularning ijtimoiy sohasida bir o‘zgarmoq an’analar bo‘lgan ekan: balog‘atga yetgan har bir o‘smir o‘zidagi matonatni ko‘rsata bilishi kerak ekan. Bu qoidani o‘zgartirishga hech kimning haddi sig‘mas ekan. Shu bois bu qabila bolalari ilk bolalik davridanoq ajdodlarining an’analarini bajarish taraddudini ko‘ra boshlar ekan. Ya’ni, biron qizga nikohlanishdan oldin yigitcha arslon bilan olishishiga to‘g‘ri kelarkan, ha, ha, arslon bilan – o‘rmonlar shohi bilan olishishi, uni o‘ldirishi lozim bo‘larkan.
Bu narsa har bir yosh yigitchaning kuch-quvvati va nomus-ori ramzi hisoblanarkan. Yigitcha yelkasiga o‘lik arslonni ortmoqlab, “jang maydoni”dan zafar quchib qaytar ekan, qabilaning yetti yoshdan yetmish yoshgacha aholisi uni shod-xurramlik va g‘urur bilan kutib olarkan, axir mard yigit oilaviy hayotga qadam qo‘yishdagi ilk shartni muvaffaqiyat ila ado etgan edi-da.
Asta-sekin bu o‘lkalarda arslonlarning soni keskin kamayib ketibdi. Qabilaning xohish-irodasiga qaramay, Hokimiyat arslonlarni “Qizil kitob”ga kiritib qo‘ydilar va bu noyob jonivotning qirilib ketishi oldini olgan bo‘libdi.
Ammo qayoqda deysiz! Arslonlarni qirib bitirish hamon davom etmoqda. Arslonlarni o‘ldirgan bolalarga o‘zlarini oilasi uchun bahona tayyor: “Mening hech qanday gunohim yo‘q. Meva terib, chakalakzorda aylanib yurgan edim, birdan bir arslon menga tashlandi. O‘zimni himoya qilmasam bo‘lmasdi…”
Sho‘rlik arslonlar! Kimdir qaylig‘ini bag‘riga olib, baxt lazzatidan bahramand bo‘ladi, kimdir esa buning uchun o‘z jonini qurbon qiladi.
8
Kechqurun, kun botishdan sal ilgariroq qariya (hayvonot bog‘i xodimlari uni shunday chaqirishardi, chunki u armiyada xizmat qilgan, keyin xorijda tezkor brigada tarkibida har kungi odat bo‘yicha 10 kilometr masofani bosib o‘tardi, u charchash nimaligini bilmasdi, oz ovqat yerdi, kamgap, kamuyqu edi) o‘zining ish kabinetiga kirib ulgurmagan ediki, bosh direktor qo‘ng‘iroq qilib qoldi:
– Qariya, salom! Qayerdasan?
– Kabinetim bo‘sag‘asidaman.
– Iltimos, yordaming kerak bo‘lib qoldi, – boshliqning ovozida hayajon borligini payqadi qariya.
– Osmon uzilib tushmadimi, ishqilib?
– Yeru osmon joyida turibdi. Faqat mana bu arslonlar bilan yo‘lbarslar uzluksiz bo‘kirgani-bo‘kirgan. Ayiqlar bezovta, o‘zlarini har yoqqa urgani-urgan, maymunlar esa kelishib olganday chiyillab, dunyoni boshlariga ko‘tarayapti. Xudoning o‘zi asrasin-u, bu yaxshilik alomati emas. Iltimos …
– Bir zum sabr qilasiz, – qariya sarosima ichida katta va kichik qafaslarning uzun safi tomon yo‘naldi.
Jonivorlarning o‘zlarini tutishi va qiliqlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganda qon miyasiga urgandek bo‘ldi: hayvonot bog‘idagi barcha jonivorlar g‘irt telbaga aylanishgan edi. Ularni kimdir yo nimadan qattiq cho‘chitganini angladi, qariya. Ovchilik qilib yurganida hayvonlarning fe’l-atvori va o‘zini tutishini yaxshilab o‘rgangach, bir jangovar topshiriqni ado etayotganida qattiq yarador bo‘lib iste’foga chiqarib yuborilgandan keyin bu narsalar unga kundek ravshan bo‘lib qolgandi. Odamlar qariyani hayvonlar tilini biladi va ular bilan gaplashadi, der edi. Ayrim tomoshabinlar bu odamning darg‘azab yirtqichlar qafasiga bemalol kirganiyu ularga bir nimalar deb shipshiganidan taajjubda qolar edilar, qariyaning bir og‘izgina so‘zidan hayvonlar yuvoshlanib, tinchlanib qolishi ularni yana-da ko‘proq taajjubga solar edi…
Darhaqiqat, ularning taxminu tusmollari har qancha taajjubli va aql bovar qilmas darajada bo‘lmasin, bejiz emasdi. Bu gal ham qariya qo‘rquv va hayajonni unutib har bir qafasga kirib chiqar, har bir arslon, maymun, bo‘ri va ayiqning ko‘ziga to‘g‘ri qarar, ular bilan suhbatlashardi. Hayvonlar tinchlandi, bosildi. Ammo cholni boshqa tashvish bezovta qilardi – bu bo‘rilarning o‘zini tutishi edi. Shunda birdan bir narsa esiga tushdi…
“Yo‘q”, – dedi har kuni sigir suti o‘rniga qariyaga ikki kosa oltin hadya qilib turgan ajdaho. – Har gal sen o‘g‘lingni eslaysan, uni yutib yuborgansan deb ta’nalar qilasan, men esam o‘sha zahoti meni o‘ldirmoqchi bo‘lib qilichi bilan dumimni cho‘rt uzib tashlagan o‘g‘lingni eslayman. Ko‘rinib turibdiki, bizlar do‘st bo‘la olmaymiz”. Shunday deya ajdaho ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi…
9
Bir vaqtlar moliya vaziri bo‘lgan bosh vazirning bir do‘sti bor edi – ashaddiy ovchi. Mana shu havas ularni bir-biri bilan do‘stona bog‘lab turardi. O‘qtin-o‘qtin, goho bir kunda uch marta birga ov qilishardi.
Bir kuni ular bo‘ri uyasiga kirib qoldi. Sal naridagi o‘tloqzorda va qalin butazorlar orasida qari moda bo‘rilar va ularning bolalari bemalol o‘ynab yurar edi.
Tajribali va hayotda ko‘p narsani ko‘rgan qari bo‘ri hali manzilgacha yetib kelmagan ovchilar, otlar, miltiq va o‘n-dorilar hidini oldi.
– Qara, – dedi moliya vaziri bo‘rilarni ko‘rsatib. – Bu yirtqichlar hech narsa ko‘rmagandek o‘zlarida yo‘q xushchaqchaq, quvnab-yayrashayapti.
– Bo‘ri bo‘riligicha qoladi, – kuldi do‘sti va qo‘shib qo‘ydi: – Bo‘ri bolasi ham bo‘ri bo‘ladi…
U mo‘ljalga oldi-da, moda bo‘ri tomonga qarata o‘q uzdi. Ona bo‘rining yerga qulaganini ko‘rib, ovchi tan berdi:
– Qoq manglayidan uribsan!
Bo‘ri himoyaga tashlandi, dahshatli irilladi – ko‘zlari nafrat va g‘azabdan yonardi. Ishtahasi hakalak otgan ovchi nar bo‘riga qarab o‘q uzdi. Ammo mo‘ljaldan adashdi va bo‘ri qochib qoldi.
– Bu darg‘azab bo‘ri endi bizni tinch qo‘maydi, – dedi moliya vaziri.
– Qo‘ymasa undan nariga. Moda bo‘rini qismatiga o‘lish yozilgandan keyin mening ilojim qanchalik?!
Shunday deya yana mo‘ljalga ola boshladi.
G‘o‘r bo‘rivachchalar inlariga kirib yashirinishga muvaffaq bo‘la olishmadi, panjalari bilan jonsiz onalarini turtar, mungli uvullar, uyg‘otishga harakat qilardi, ammo hayhot! – bari behuda edi.
– Menga qara, kel, ularni o‘z holiga qo‘yaylik!
Biroq moliya vazirining gaplari havoga singib ketdi, ikki aniq mo‘ljal esa qonga belangan ayiqvachchalarni yerga cho‘ziltirdi. Bolalarini o‘lganini ko‘rgan ota bo‘ri yana-da qattiqroq bo‘kirdi, shunday alam bilan qichqirdiki, eshitganlarning qalbi larzaga keldi.
– Vo ajabo! – Xuddi uyqudan uyg‘ongandek dedi ovchi. – Bo‘rining bunaqa qichqirig‘ini birinchi marta eshitishim. Nazarimda, dilidagi dard-u alamni hech bir jonivor bo‘richalik bu qadar ta’sirli izhor etolmasa kerak.
– Bu narsalarni yaxshi tushunmayman, ammo bir narsa angladimki, u osmonga murojaat qildi, buning ustiga bo‘rining qichqirig‘ida do‘q-po‘pisa bor edi. Bu yerdan tezroq ketsak yaxshi bo‘lardi.
Vazirning so‘zlariga e’tibor qilmay ovchi bahaybat ona bo‘ri va jonsiz ikki bo‘rivachchani ikkita qopga joyladi va o‘zining otidagi egarga tashladi.
Ular churq etib og‘iz ochmagancha, har kim o‘z o‘yi o‘zi bilan band holda qishloqqa qaytdi. Charchoqdan bo‘lsa kerak, ularning otlari ham boshlarini osiltirib borar edi.
– Bu bo‘rilar, – aftidan o‘ziga tasalli berish uchun sukunatni buzdi ovchi, – ular cho‘l yoki tog‘larda yolg‘iz odamga duch kelib qolsa bormi, och bo‘rilarning butun bir galasi unga tashlanadi, tong otguncha butun bir otarni bo‘g‘izlab, harom o‘ldiradi…
Birdan moliya vaziri bechora ota bo‘ri uzoqda, dumini likillatgancha buta va butazorlar oralab, ular ortidan izma-iz kelayotganini payqadi. Yuragi shuv etib ketdi va o‘zini g‘alati his qildi.
“O‘zing panohingda saqla, Xudoyim,” ichidan o‘tkazdi u. – Nima jin urib bu odam bilan ovga chiqa qoldim o‘zi? Tong saharda qovog‘im uchgani bekorga emasdi”.
Ikki soatdan keyin iliq daryo qo‘rg‘oniga yetib kelishdi. Bazo‘r orqaga o‘girilib atrofga nazar soldi. Bo‘ridan nom-nishon ko‘rinmasdi.
– Mana, qishloqqa ham yetib keldik.
Endi bir cho‘milib olib, ovqatlanamiz, – tilga kirib dedi ovchi.
– Bunga rahmat, albatta. Ammo men ketmasam bo‘lmaydi.
Tip-tiniq zilol suvning har tomonga sachrata-sachrata choqqina soy vodiy tomon shoshib oqardi, suv ostidan xilma-xil toshlar jilvalanib ko‘rinardi. Uning yoqimli shildirashi atrofdan aks-sado qaytaradi.
– Uyga yetib olaylik, men sizni o‘zim kuzatib qo‘yaman, pichoqni qayrayman, bo‘rining terisini shilaman. Go‘shtini itlarga beraman, bir go‘shtga to‘yib olishadi jonivorlar. Terisining tuzini qalin qilib tuzlayman va soya joyga chormix qilib tortaman. Ularning terisi juda qimmat turadi…
Soy suvining shildirashi orasidan uning qulog‘iga yaqin atrofdan kelayotgan bo‘ri uvlashi eshitildi. Ovoz kelgan tomonga diqqat bilan tikildi. Bir lahzada tirik yetimga aylangan bo‘ridan esa nom-nishon ko‘rinmas edi…
10
Taxminan o‘n kunlar o‘tib, ro‘znomada dahshatli fojia haqida maqola e’lon qilindi. Uni o‘qib, moliya vaziri ko‘zlariga ishonmadi. U sovg‘a-salomlarni, ul-bullarni xarid qildi-da, o‘zining eski oshnasi – ovchini ajzi niyoz qilgani bordi.
– Assalomu alaykum! – murojaat qildi bosh vazir.
Ovchi loaqal qilt etmadi. U karavotda yonboshlab yotardi. Faqat xuddi ko‘r odamdek katta ko‘zlari mehmonga tikilib turardi. Salomga javoban u bosh irg‘ab alik oldi.
Shu tobda ichkaridan uning xotini kelgandi. Ayolning avzoyi nihoyatda buzuq edi. Mehmon bilan sovuq salom-alik bo‘lgandan keyin u kursi keltirdi-da, mehmonga o‘tirishni taklif qildi.
– Endi u faqat sukut saqlayapti va kulyapti. Qachon o‘ziga kelishini bilib bo‘lmayapti.
– Unga nima bo‘lgandi? – so‘radi vazir.
Xotin eriga qarab qo‘ydi-yu, ammo indamadi.
– O‘sha kuni tunda, – so‘zlab ketdi ayol, – qattiq shamol esardi, daraxtlar chayqalar, shoxlar qars-qurs sinar edi. Bolalar o‘z xonalarida uyquni urardi. Biz esa onasi va qizi bila boshqa xonada yotardik. Men erta uyg‘ondim, yomon tush ko‘rdim. Belanchakka qo‘l cho‘zdim. Sal bo‘lmasa hushdan og‘a yozdim: belanchak bo‘m-bo‘sh edi. Chiroqni yoqdim, adyolni ko‘tardim – bizning to‘shagimizda qizalog‘imiz yo‘q edi. Qo‘rquvdan naq jinni bo‘layozdim, men erimni uyg‘ota boshladim.
Shu topda uzoqdan qulog‘imizga bo‘rining uvlagan ovozi chalindi. Biz turgan joyimizda qotib qoldik. Tong yorishib qolgandi. Biz derazaga tashlandik. Bo‘ri hovli o‘rtasida turardi. Aftidan u bizning chiqishimizni kutmoqda edi. Ov miltig‘ini olib, erim hovliga sakrab tushdi. Men uning ortidan sakradim… Yo alhazar! Yo Xudoyim! Bunday dahshatli manzarani umrimda ko‘rmaganman: bo‘ri oldingi panjasini yo‘rgakdagi chaqaloq ustiga qo‘yib olgan, tishlarini tirjaytirib, qani, kel, deganday dahshatli irillardi. Er-xotin ikkalamiz bir zum tosh qotdik. So‘ngra erim bo‘rini cho‘chitish uchun osmonga o‘q uzdi. Ammo bo‘ri pinagini ham buzmadi. Qizalog‘imiz yig‘lamayotgan, churq etib ovoz chiqarmayotganidan tirikmi, yo‘qmi ekanini bilolmayotgandik. Birdan bo‘ri panjasini chaqaloqdan oldi-da, orqa oyoqlariga o‘tirdi, uv tortdi, uning bu uvlashi qandaydir g‘alati chiqdi. Keyin hovlini tark etdi. U bitta-bitta yurib, tantanavor viqor bilan odim tashlardi… Men yugurib borib chaqaloqni yerdan oldim, uning nafas olayotganini, uxlayotganini bildim. Yuziga hovlini kesib o‘tgan ariqdan hovuchimga muzday suvdan olib nuridiydamning lo‘ppi yuzchalariga sepdim… Erim miltiqni qulochkashlab o‘tloq tomon uloqtirdi-da, qichqirib dedi:
– Men razilman! Olchoqman! Odam qiyofasidagi bo‘riman…
So‘ng yerga cho‘kkalab o‘tirdi-da, qah-qah urib kuldi.
O‘shandan buyon churq etib ovoz chiqarmaydi. Bo‘ri bergan saboqdan u go‘yo tildan ham, quloqdan ham baravar ayrilgandek…
Vazir kursidan ko‘tarildi..
– Qo‘riqchi itlar-chi, ular bo‘rining hidini olmadimi? – so‘radim men.
– So‘ngra ko‘rgan-bilganlarimizdan keyin sal o‘zimizga keldik, bildikki, bo‘ri har ikkala itni ham bo‘g‘izlab tashlagan ekan.
Ayol eri tomonga umidsizlarcha ko‘z tashlab qo‘ydi.
– Xudo xohlasa, sog‘ayib ketadi, – dedi bosh vazir, keyin boshini xam qilgancha tashqariga chiqdi. U o‘zini ana shu fojiali voqea – bo‘ri va ashaddiy ovchi o‘rtasida sodir bo‘lgan fojiali voqea ishtirokchisi deb bilardi.
Qariya ikki o‘t orasida qolgandi. U qanday yo‘l tutishni, nima qilishni, kimdan yordam so‘rashni – kim bilan maslahatlashishni bilmas edi. U o‘z kabinetida tinimsiz u yoqdan-bu yoqqa yurar edi. Qanaqasiga dahshatli, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ofat boshiga tushishi va bu nimalarga olib kelishi mumkin ekanini sira-sira ko‘z oldiga keltira olmasdi. Qandaydir fojia yaqinlashib kelayotganini yuragi sezib turardi, uni bartaraf etish qo‘lidan kelmaydi. Bunday bo‘lishiga kim yoki nima sababchi bo‘larkin?
Shu top telefon jiringladi.
Uning nevarasi qo‘ng‘iroq qilardi. “Xudoga shukur!” – o‘yladi qariya va go‘shak tomon cho‘zildi.
– Allo! Assalomu alaykum, bobo! – nevaraning ovozida hayajon bor edi.
– Vaalaykum assalom, qarog‘im, – javob berdi qariya, o‘zini qo‘lga olib. Bu jumboqnamo holatning tagiga yetish uchun dilida umid uchqunlay boshladi.
– Ishlar qalay? Sog‘lig‘ing-chi?
– Rahmat. Uyda o‘tiribman, dam olyapman.
– Bugun ish kuni-ku…
– Xalqaro tashkilotlar o‘z davlatlari tashvishi bo‘yicha ishlayapti.
– Unday bo‘lsa sen oldimga kelolmaysanmi?
– Zarur bo‘lsa, albatta, boraman. Qirq daqiqadan keyin uyingizda bo‘laman.
– Juda soz. Rahmat, bolajonim.
– Arzimaydi. Biron gap bo‘ldimi?
– Yo‘q… Hozircha yo‘q… telefonda aytib bo‘lmaydi.
– Yaxshi. Ko‘rishguncha.
“Soddalikka borib nevaramni bu serg‘alva voqealarga aralashtirib qo‘ymasam edi, deya ichidan o‘zini qattiq koyidi. Ishqilib, bu falokatdan yaratganning o‘zi saqlasin-da. Bolajonimning boshini toshdan qilsin-da”.
U hovliga chiqdi. Megapolisni hayvonot bog‘i bilan tutashtirib turgan olti yo‘lka yoqalab odamlar oqimi tinimsiz oqar edi, ular, asosan, o‘smirlar va yoshlardan iborat edi. Albatta, ular dam olish kunlarida hayvonot bog‘iga borib tomosha qiluvchi odamlarning yirik-yirik to‘dalari. U qafaslar ichidan chiqayotgan tovushlarga quloq tutdi. Qafas egalari tinch edi.
Qariya nevarasini hayvonot bog‘i eshigi oldida kutib olib, u bilan sohil bo‘yidagi qahvaxonaga kirishga ahd qildi.
Balo-qazodan nari bo‘lgani durust boyaqishning, – pichirlab dedi qariya.
U qanaqa ofatligini hatto tasavvuriga ham sig‘dirolmasdi, ammo ko‘ngli alayna oshkor sezib turardi. Kim bilsin, bu ofat yerdan chiqarmikin yo osmondan tusharmikin?..
* * *
“– Sen malikaga uylanib, shoh bo‘lishni istamading, sen tufayli bitib ketgan bog‘bonga kuyov bo‘lishni rad etding. Baliq tomog‘iga tiqilib qolgan kattagina olmos bo‘lagini chiqarib tashlashga aqling yetmadi, shu boisdan ham yorug‘ dunyoda sendan nodonroq odamni ko‘rmadim va unga azob berayotgan bosh og‘rig‘idan xalos etish vositasi hisoblangan arslonning miyasi nodon odamning miyasi edi, u sho‘rlik odamni parcha-parcha qildi, uning miyasini yedi va sog‘ayib ketdi…”
11
Megapolisdan sal naridagi bu joyda mehnatsevarlikda dong‘i chiqqan bir ayiq o‘ynatuvchi yashagan ekan. Bu to‘rt oyoqli maxluq unga otasidan meros qolgan, otasi ayiqni juda sevar va qo‘ldan kelgancha yaxshi parvarishlardi. Bu orada ayiq unga qattiq o‘rganib qolibdi va uning har bir amriga so‘zsiz quloq solib aytganini to‘la-to‘kis ado etar ekan: tur desa turar, o‘tir desa o‘tirarkan, orqa oyoqlarida tik turib gir aylanar, chapak chalar, hatto raqs tushib o‘ynar ekan. Ular bir-birlarini bir og‘iz so‘z, birgina imo bilan tushunar ekan.
Goho ko‘chalarda, katta kichik maydonlarda turli xildagi odamlar oldida tomoshalar ko‘rsatib yurarkan. Aqlli ayiqning iste’dodiga qoyil qolgan saxovatli, tanti tomoshabinlar ularning boshlaridan pulni ayamay sochar ekan.
Vaqti kelib ikkovi ham mashhur bo‘libdi, fotosuratlari gazeta va jurnallarda dapqur-dapqur chop etilibdi. Mahoratlari bilan hammaning og‘zini ochib qo‘yishlari uchun to‘ylarga taklif qilinibdi. Shu tariqa ayiq o‘rgatuvchi oilasini moddiy jihatdan tiklab olibdi, ayiqni esa o‘z oilasining teng huquqli a’zosi deb hisoblay boshlabdi.
Bir kuni tomoshabinlar xayrixohligiga o‘rganib qolgan ayiq bilan kimsa bir kambag‘al odamning yetti yasharli o‘g‘lining tug‘ilgan kunida tomosha ko‘rsata boshlabdi.
Etti yashardan yetmish yashargacha tomoshabinlar iste’dodli ayiqning o‘yinlarini tomosha qilib zavqlanibdi, qichqirib, chapaklar chalibdi. xo‘jayinining o‘zi esa shu qadar suyunibdiki, uyiga ziyofatga tashrif buyurgan qo‘ni-qo‘shnilar, mehmon-izlomlar chinakamiga maza qilibdi, rosa bitlari to‘kilibdi…
Yana bir galgi ziyofatga ichib olgan mehmon tashrif buyuribdi. Buni ko‘rib, ayiq o‘z egasini ogohlantiribdi:
– Ehtiyot bo‘l, bu yaxshi odam emas, ichkilikboz, qimorboz, ablah odam, buning ustiga urushqoq va o‘lguday maqtanchoq.
Kishi jilmayib bosh irg‘abdi. Qolishga ilojini topolmagan mehmon qovog‘ini uygancha taklif kiritibdi:
– Yaqinda men ham to‘y qilaman, mehmonlarimga bir san’atingizni ko‘rsatasiz, so‘ngra to‘y bo‘ladigan sanani aytibdi.
Hayvon o‘rgatuvchi odob bilan rad javobini beribdi.
Javob mast erkakka yoqmabdi.
– Senga taklif qilinganidan ikki barobar ko‘p beraman. Yo‘q dema…
– Ilojim yo‘q. Xoh kambag‘al bo‘lsin, birovning to‘yini buzish, dilini vayron qilish ham gunoh, ham uyat. Axir, ne umidlar bilan chaqirgan meni.
– Rozi bo‘l! Uch baravar haq beraman, senga va ayig‘ingga atab, dasturxonni to‘kin qilib tuzataman, og‘zingga siqqanicha ayt, bermagan – nomard! – oyog‘ini mahkam tirab olibdi ichkilikboz.
– Yo‘q, unday qilolmayman.
– Nega endi? Yo senga pul kerakmasmi?
– Menga yoqmayapsan, bor-yo‘q gap shu.
– Yoqamanmi-yoqmaymanmi… O‘zing kimsan, xo‘sh? Bor-yo‘g‘i bir masxarabozsan. Eshakni ko‘rsang yaltoqlanadigan sullohsan! Tag‘in nima bo‘larding, bir chaqaga arzimaysan. Bir mo‘ylov qilsam bormi, seni ayiq-payig‘ing bilan qo‘shib oldimga bog‘lab keltiradilar, sen esa polvonchang bilan bir bo‘lib menga dumlaringni o‘ynatib raqs tushib berasanlar. Uqdingmi?!
– Meni qo‘rqitaman deb ovora bo‘lma, chakaging og‘rigani qoladi. Undan ko‘ra, kel, ayiqning o‘zidan so‘rab ko‘raylik, u bunga rozi bo‘larmikan yoki yo‘q. Bordi-yu, rozi bo‘lsa, shunga qarab ish tutamiz. Bo‘lmasa, nachora, peshonaga yozilgani bo‘ladi-da…
– Manovi ayig‘ingdanmi? Shu alvastidan-a?
– Bu alvasti – mening vafodor do‘stim.
– Jinni-pinni emasmisan, hech jahonda yovvoyi hayvondan ham maslahat chiqarkanmi?
– Men bo‘lasi gapni aytdim. Bu yog‘ini o‘zing bilasan.
– Bo‘pti, bilganingni qil. So‘rasang, so‘ray qol. Ko‘raylik-chi, u nima deb javob aytarkin.
Tomoshabinlar va ziyofat ishtirokchilari hayvon o‘rgatuvchi va mast odam o‘rtasidagi bahsni diqqat bilan kuzata boshlabdi. Bunday favqulodda holatlarga o‘rganib qolgan hayvon o‘rgatuvchi pinagini ham buzmabdi, xotiri jam emish. U o‘z ayig‘ining fe’l-atvoriyu kayfiyatini juda yaxshi bilar ekan-da.
– Qadrdon do‘stim, ayt-chi, mana bu odamning to‘yida o‘yin ko‘rsatishni xohlaysanmi?
Ayiqpolvon indamay mast odamga tikilib qarabdi.
– Javob ber, iltimos! Tortinma! Qani, bir nima de!
– Jinnimisan! G‘irt jinnisan!
Ayiq bir necha marta yer tepinibdi, keyin qo‘rqinchli o‘kirib, yo‘q deganday boshini u yoq-bu yoqqa qattiq-qattiq chayqabdi.
Tomoshabinlar gulduros qarsak chalibdi. Barakalla! Qoyil!, degan qichqiriqlar yangrabdi. Aroqxo‘r bir zum o‘ziga kelib, g‘azabdan ko‘zlari yonibdi.
– Hoy, harom qotgur maxluq! Egang ikkaloving hali sovunimga kir yuvmabsanlar. Men buni shundoq qoldirmayman!
Ayiqpolvon yana bir dunyoni larzaga solib qichqirgan ekan, qo‘rqqanidan mast odamning nafasi ichiga tushibdi, o‘zicha bir nimalarni ming‘irlagancha to‘yni tashlab chiqib ketibdi.
O‘sha voqeadan keyin ko‘p ham o‘tmabdi. Har gal mast odam bilan to‘qnashgan o‘sha kunni eslasa, hayvon o‘rgatuvchi o‘zini noqulay his etar ekan.
Bir yildan so‘ng, bu ko‘ngilsiz voqea hammaning esidan chiqib ham ketdi. Ammo hayvon o‘rgatuvchining o‘zi bilmagan holda aroq va qimorni hamma narsadan ustun ko‘ruvchi va shundan o‘zini tengsiz, baxtiyor his qiluvchi haligi badbashara kishining turq-tarovati, farosati miyasida qattiq o‘rnashib qolgan ekan.
Ittifoqo, haligi ichkilikboz va uning ikki qimorboz oshnasi hayvon o‘rgatuvchining uyiga kelib qolishibdi.
– Ayig‘ing qani? – Salom yo‘q, alik yo‘q, so‘radi shirakayf qimorboz.
Chaqirilmagan mehmonning qontalash ko‘zlarini ko‘rib, beka uning bu yerga bekorga kelmaganini anglabdi, ammo o‘zini yo‘latmabdi:
– Ana, yong‘oqqa bog‘lab qo‘yilgan…
Ovozlarni eshitib, hayvon o‘rgatuvchining o‘zi ham chiqib kelibdi.
– Xo‘-o‘-sh, – debdi u va ko‘zini darg‘azab qimorbozning ko‘zlariga tik qadab unga yaqinlashibdi. – Nima istaysan?
– Hozir ko‘rasan, – dag‘dag‘ali ohangda xirillab debdi u va cho‘ntagidan shartta to‘pponchani sug‘urib, qah-qah urib kulibdi. – Seni og‘zingdan otaman, sen esa sigirni ikkoving endi masxara qilishga ham ulgurmaysan! Ammo o‘limingdan oldin ibodat qilib hamda uzr so‘rashingga muhlat beraman.
U to‘pponcha og‘zini to‘g‘ri uning manglayiga tirabdi.
Shunda ayiq o‘kirib yuboribdi.
– Xudoning g‘azabini qo‘zg‘ama! – xotirjam ohangda ogohlantiribdi uy egasi.
Ayiq undan-da qattiqroq o‘kiribdi.
– O‘zi hayvon-u, egasining ajalini oldindan sezayapti, a? – murojaat qildi qimorboz o‘z sheriklariga. – Qanaqa g‘azab bilan o‘kirishini ko‘rdilaringmi? Sizlar esa gapimga ishonmagan edinglar, ayiq ham odam bolasining tilini bilarmidi hech mahalda degandinglar. Men bilan garov o‘ynagandinglar…
– Biz senga ishondik. Qo‘y, do‘stim, boshimizga bir baloni sotib olmaylik tag‘in, – do‘stlaridan biri uni to‘xtatib qolishga harakat qildi.
– Yo‘q! Men sizlar bilan garov bog‘lagandim, bu alvastini bir o‘q bilan yiqitaman dedim! Endi ortga qaytish yo‘q. Qani, ayiq o‘ynatuvchi, ko‘rsat mahoratingni! Ayiqni zanjirdan bo‘shat-chi! Bir umr u seni boqib keldi. Loaqal o‘limidan oldin bir nafas o‘zini erkin his etsin.
– Xudoning g‘azabini keltirma deyapman!
– Xudoni tinch qo‘y! Qani, bo‘la qol endi!
Kishi istamaygina shoxlari tarvaqaylagan ulkan yong‘oq daraxti tomon yo‘l oldi. Qurolli aroqxo‘rdan farqli o‘laroq u nima qilishni bilmasdi. U ayiqning bo‘ynidan temir halqani oldi, ayiq hayrat bilan boshini ko‘tardi va egasiga qaradi.
Keyin ot o‘ng panjasi bilan yerni bir necha bor tirnadi.
– Qaranglar! O‘ziga-o‘ziga qabr qaziyapti! – kuldi aroqxo‘r. – Nari tur-chi! – buyurdi u uy egasiga. Endi qarab tur, bitta o‘q bilan to‘rt oyoqli do‘stingni asfalasofilingga jo‘nataman. Xayriyatki, birinchi bo‘lib seni otmadim.
U bir tizzasida cho‘kkalab o‘tirib oldi-da, to‘ppa-to‘g‘ri ayiqning kallasini mo‘ljalga ola boshladi, ayiq esa to‘pponchaga tikilib turardi. To‘satdan u orqa oyoqlarida tik turdi.
Aroqxo‘r tepkini bosdi. Yo qo‘rqqanidanmi, yo ayiqni bir o‘q bilan tamom qilish niyatidami, nima bo‘lganda ham uning qo‘li silkinib ketdi va o‘q nishonga tegmay ayiqning yonginasidan o‘tib ketdi. Azbaroyi g‘azabidan ayiq aroqxo‘rga tashlandi, tirnoqlari bilan uning tomog‘ini shartta yulib oldi. Qon sharillab otildi. Kutilmagan bu holdan ayiq o‘ynatuvchi va xotini tosh qotib qoldi, tillari kalimaga kelmadi.
Aroqxo‘r qimorboz esa qoniga belanib, o‘lim talvasasida o‘zini har yoqqa urardi. Uning ikkala sherigi esa osmonga chiqdimi, yo yerga kirdimi g‘oyib bo‘lgandi.
Ko‘p o‘tmay politsiya zobiti va uning ikki xodimi yetib keldi. Avval ular fojia ro‘y bergan joyni suvratga oldilar. Qizig‘i shundaki, ular sal narida xotirjam yotgan ayiqqa qo‘llarining uchini ham tekkizishmadi. Murdaning cho‘ntagidan ikki dasta pul olishdi.
– Bu sizga, – dedi tergovchi, ayikni pulning egasiga bir dastasini uzata turib.
– Nima uchun? – hayron bo‘lib so‘radi u.
– Do‘q-po‘pisalar va tajovuzlar uchun bo‘ladi.
– Keragi yo‘q. Iflos pullarni nima qilaman. Ularning oilalariga beraylik…
“Tez yordam” mashinasi yetib keldi.
– Murdani o‘likxonaga olib boring, – buyurdi tergovchi …
* * *
Inson hayvonlar shohi arslonni aldab-suldab qafasga qamab qo‘ydi. Arslon ovozi boricha dunyoni boshiga ko‘tarib o‘kirdi, ammo o‘rmondagi jonzotlardan birontasi ham unga yordamga kelmadi…
12
Qisqagina hol-ahvol so‘rashgach, tashvish ichida bobo va nevara indamay daryo qirg‘og‘i yoqalab odimlab ketishdi. Ikkovidan birortasi ham birinchi bo‘lib oradagi sukunatni buzishni istamayotgandi. Go‘yo ular og‘iz ochishlari hamonoq megapolis aholisi qo‘zg‘olon ko‘taradigandek, tinchgina oqayotgan daryo quturib toshadigandek. Yo bo‘lmasa, eng yomoni osmon uzilib yorga tushadi-da, qiyomat qoyim boshlanadigandek…
Ular sohili bor qahvaxonaga yaqinlashdi. Churq etib og‘iz ochmay, qariya eng tinch joyni tanladi, nevara ham indamay unga ergashdi.
Ular bir stolga borib o‘tirishdi-da, qahva buyurishdi. Suhbatimizga xalaqit berishmasin deb qariya avval-boshidan hisob-kitob qilib oldi.
Sohildan orol va o‘sha yerda joylashgan hayvonot bog‘i yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Qariyaning ham ikki ko‘zi o‘sha tomonda edi. Aftidan, uning tili tanglayiga yopishib qolganga o‘xshardi.
– Bobo, nima qarorga keldingiz? – birinchi bo‘linb sukunatni nevara buzdi.
– Hech qanaqa, – turib javob berdi qariya va hayvonot bog‘idagi hayvonlarning barchasi bilan qilgan suhbatlarni bir boshidan hikoya qilib berdi.
Keyin yana tikilib qoldi.
– Hayvonlar tinchib qolishdi, demak, tashvishlanmasa bo‘larkan-da, – sekin so‘radi nevara, biroq bir lahzadan keyin xuddi uyg‘onib ketganday dedi: – Bobojon, nihoyat anglab yetdim! Siz hayvonlar tilini bilasiz, shunakami, ular ham sizni tushunadi, a?
Qariya go‘yo eng asosiy so‘zlarni avval aytishni mo‘ljallayotgandek sukut saqlashda davom etdi.
– Yoki siz menga ertak aytmayapsizmi-a, bobojon? – bobosining nima deyishini bilmayotganligini ko‘rib so‘z qotdi nevara.
– Unday emas, qarog‘im. Qaniydi bu ertakka aylanib qolsa, biz ikkalamiz bu yerda mazza qilib o‘tirarmidik. Daryo shovqinini tinglab huzur qilarmidik, turli balo-qazolar to‘g‘risida o‘ylashmasdik, ertaga yo indinga nima bo‘larkin deb tashvishga botib qolmasdik.
– Ertakka o‘xshatib aytayapsiz-da, bobo, – dedi Shervon.
– Bilasanmi, nafsilarimni aytganda, men og‘iz ochishga qo‘rqib qolganman.
– Nega endi? Bu yerda gaplaringizni hech kim eshitayotgani yo‘q. Xotiringiz jam bo‘lsin.
– Qafasdagi hayvonlar bilan gaplashganimda ular bilan kelishib olgandek ularning barchasi tinchib qolishgandi. Yuragimni bosish va o‘zimni qo‘lga olish niyatida xiyobonga yo‘l oldim. Ayni vaqtda negadir ta’bim o‘sha boqqa tortaverdi, qandaydir ko‘rinmas kuch o‘zi tomon chorlar edi. Kuchimni yig‘ish maqsadida daraxt tanasidan mahkam quchoqlab turdim…
Aytgan so‘zlarini tasdiqlagan kabi qariya ko‘zlarini bog‘ tomon qaratdi. Nevara churq etmay bobosidan ko‘z uzmasdi.
– Bu yerda qulog‘imga daraxt uchlaridan kelayotgan ovozlar chalindi. Boshimni ko‘tarib shoxlardan birida o‘zaro gaplashib o‘tirgan ikkita boyo‘g‘liga ko‘zim tushdi, to‘g‘rirog‘i, ular men to‘g‘rimda so‘zlashar va ustimdan kular edi.
– Tush ko‘rmayapmanmi, bobo?
– Oh, qaniydi tush bo‘lsa, bo‘talog‘im! Sen quloq sol, mana, ular nima haqda so‘zlashishardi. Ulardan biri bunday dedi: “Anavi kishini ko‘rgin, odam degan ham shunaqa ovsar bo‘larkanmi”. Ikkinchisi uni quvvatladi: “Ovsar bo‘lmasa hayvonlarning gaplariga laqqa tushib o‘tirarmidi?” Birinchi boyo‘g‘li qo‘shimcha qildi: “Bu hayvonlar tashqi ko‘rinishdan yirtqichga o‘xshaydi, aslida, qo‘rqqanidan unga dilidagini ochib solmadi, sukut saqlashdi. Kishi esa ularga ishonib o‘tiribdi”. Ikkinchi boyo‘g‘li dedi: “Bordi-yu, senikiga har kuni sakkiz, o‘n nafar baquvvat, badanini yog‘ bosgan, ko‘zlari yongan deb kelib do‘q ursa, tahdid qilsa, nafasing ichingga tushmaydimi?”. Birinchi boyo‘g‘li e’tiroz bildirdi: “Bu odam bo‘lsa, devni hujum qilmaydi deb o‘zini ishontirdi-da, tinchlanib qo‘ya qoldi. Biroq hamma balo shundaki, bugun devlar keladi-da, barcha qafaslarni lang ochib tashlaydi”. Qushlar jimib qoldi…
Hayratdan Shervon ko‘zlarini katta-katta ochib o‘tiribdi, bir og‘iz bir nima deyishga majoli qolmagandi. Qanaqa boyo‘g‘lilar? Nima uchun allaqanday darrandalar hayvonlarga tahdid soladi? Umuman, ular qayerdan paydo bo‘lishgan? Arvoh-parvoh emasmikan, tag‘in?
– Ular kimlar, nimalar va qayerdan kelib qolgan – hech nima bilmayman.
– Ey xudoyim! Bobojon, Siz rostdanam hayvonlar fikrini o‘qiy va eshita olasizmi? Agar shunday bo‘lsa…
– He-yo‘q, qayoqda, bo‘talog‘im. Bu bir cho‘pchak desang-chi…
– Bu yog‘iga nima qilamiz?
– Bilmadim, shunga boshim qotgan…
– Balki, hayvonot bog‘i direktoriga xabar berish kerakdir?
– Hm. U ustimizdan boplab kuladi-da, bizning gaplarimizni alahsirashga, behuda narsalarga chiqaradi, bo‘ldi.
– Shahar hokimi yoki bosh vazirga yozsa-chi?.. To‘satdan bu rosmanasiga alvastilar bo‘lib, bir ofitserni boshlab kelgan bo‘lsa-chi? Unda nima bo‘ladi?
– Unda shahar hokimi ham, bosh vaziri ham bizni tentakka, jinniga chiqaradilar.
– Axir biz olma pish, og‘zimga tush deb, jim qarab turolmaymiz-ku?
– Yo‘q.
– Nega, bobojon?
– Bobo bilan nevara baravariga daryo tomonga qaradi. Ammo tinch oqar suv sathining ular gapini ma’qullashiga, ko‘ngillarini poklashiga umid bog‘lash mumkin emasdi.
* * *
Xo‘roz bong urdi va sakrashga chog‘langan arslon qochib ketdi. Tovuqxona shohi bilan birga bo‘lganlarning barchasi dadillashdi va arslonni ta’qib qilishga tushishdi. Birmuncha vaqt o‘tgach, arslon qaytib keldi va eshakka hamla qildi…
13
Katta tsirk hududida bir katta kuchuk ko‘p yillar yashagan ekan, oddiy o‘rta osiyocha iskovich it. U o‘zini o‘sha tsirkning to‘la huquqli egasi deb bilarkan. Bog‘ning burchak-burchaklarida bemalol sayr qilib yurarkan. Yaxshi odamlar ko‘pda, uylaridan unga suyaklaru sarqit ovqatlarni keltirib berar ekan, shuning uchun u har doim to‘q yashab, yemak-ichmakdan zoriqmas ekan. Shuning uchun ertalablari odatda tsirk xodimlaridan ayrimlariga duch kelganda ularga quvnoq holda dumini likillatib qo‘yarkan. Sirk xodimalari ham uni ko‘rganidan xursand bo‘larkan.
Ko‘ppakning bu yerga qanday, qachon va qayerdan kelib qolganini hech kim bilmas ekan, ammo tevarak atrofdagi yetti yoshdan yetmish yoshgacha hamma unga mehr qo‘yib qolgan ekan. Ko‘ppak har zamonda hayvonot bog‘iga ham qarab qolarkan. Panjara ortidan turib u yasama jasorat bilan ayiqlar, bo‘rilar, arslonlar va yo‘lbarslarga qarab “vov-vov” deb hurib qo‘yarkan. Ammo hech kim uning huriganiga e’tibor bermasdi.
Asta-sekin ko‘ppak faqat yo‘lbarsga ro‘yxush beradigan bo‘lib qolibdi. Fursat topdi deguncha darhol borarkan. Ular o‘zaro suhbatlashar, zero, bir-birini tilini yaxshi tushunar ekan.
– Buncha dangasa bo‘lmasang, – debdi bir kuni yo‘lbarsga ko‘ppak, xafa bo‘lib. – Qachon kelmay, yo uxlayotgan bo‘lasan, yoki allanimalar haqida xayol surayotgan bo‘lasan…
– Xo‘sh, seningcha men nima qilishim kerak? – so‘rabdi yo‘lbars.
– Men qayerdan bilay? Sen yo‘lbarssan! Qaddingni rost tut, silkinib changingni qoq.
– Xo‘sh, unday keyin-chi?
Ko‘ppak indamay do‘stga hayron tikilib qolibdi.
– Bir vaqtlar men rosmanasiga yo‘lbars edim. Dahshatli ko‘rinishim va gumburlagan o‘kirigim hammaning yuragini chiqarar edi. Tomoshabinlar menga qattiq qarsaklar chalishini, mahoratimga qanaqangi qoyil qolishini sen tasavvur ham qilolmaysan. To‘siqlar osha, olov halqa ichidan sakrab o‘tganimda, yo bo‘lmasa ulkan sharni aylantirganimda…
– Nega endi sahnaga chiqmay qo‘yding?
– Ey nodon, meni u yerda qaysi ahmoq kutardi? Mening egam birrov oldimga kelib, qalaysan deyishga yaramaydi-ku. Go‘yo, men bu dunyoda yo‘qdayman ular uchun….
– Qo‘y kuyunaverma, xafa bo‘lishga arzimaydi.
– Nimaga ham xafa bo‘lardim? Qaridim. Qari, qo‘sqi bir yo‘lbarsman. Farzandlarim ham birrov kelib xabar olmaydi. Ularga men emas, anavi dumaloq maydoncha kerak. Shon-shuhratdan ko‘zlarini yog‘ bosgan… Xudoga shukur, vaqti-vaqti bilan bitta-yarimta hayvon nimtasini tashlab turishibdi, rizqim butun.
– Bir hisobdan bu ham baharnav, har qalay, och qolmaysan, – dedi ko‘ppak.
– Qo‘limdan boshqa nima kelardi? Sabr qilaman-da …
– Buni tsirk deb qo‘yibdilar, birodar. Garchi yo‘lbars bo‘lsang ham sabr qilasan-da.
– Nimaga sabr qilaman?
– Ajalga-da.
– Ajalga?
– Ha, birodar. Sen o‘lsang teringdan “qo‘riqchi “ qilishadi va muzeydagi qamishlar orasiga tikib qo‘yishadi. Go‘shtingni esa boshqa hayvonlarga yem qilishadi. Sirk olami shunaqa. Ko‘p kuyib-yonaverma…
* * *
Bir vaqtlar megapolisda yuzlab kutubxonalar va kitob do‘konlari ishlab turgan, vaqti-soati kelib bu noyob ijtimoiy mulkdan birdan ayrilib qoldik, uni “O‘tmish sarqiti” deb atashdi. Hammasiga sabab – yangi muhit. Kimdir “elektron kitoblar”ni o‘qiydi. Kimdir o‘n minglab nodir jahon adabiyoti asarlar to‘plamini ma’qullattirgancha topshiradi, qolganlarini suvtekinga sotadi. Ortiqcha ashqol-dashqollardan qutuldim deb suyunadi.
Baxtga qarshi deymizmi, baxtsizlikka qarshi deymizmi, bu toifadagi odamlar to‘satdan anglab qoladiki, kitob o‘qimasdan turib ham bashang mashinalar, dasta-dasta bebiliska pullar, ko‘p qavatli dang‘illama hovli joylar va yuqori lavozim sohibi bo‘lishi mumkin ekan. “Mana, haqiqiy hayot qayerda ekan, biz bo‘lsak, og‘zimizni ochib turavergan ekanmiz”, – deb biladilar. Yana o‘zlarini to‘qqiz falak egasidek tutadilar.
Kutubxonalar o‘rnida zamonaviy tsirk va supermarketlar paydo bo‘ldi. Kitob hammaning esidan chiqib keta boshladi.
Bir yuz yigirma besh yashar muallim zamona yo‘rig‘i ketidan tushmadi. U qadimgi qo‘lyozmalarni sotib olib, saqlab qo‘yardi. Vaqti-zamoni kelib uning megapolis chekkasida joylashgan ulkan kutubxonasi Kitoblar muzeyiga, shaharning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylandi. Ba’zan u bu yerga ko‘proq ko‘ngil yozgani kelib turadigan o‘smir-yoshlarga qiziq-qiziq voqealarni hikoya qilib berardi. U yoki bu kitobni qo‘lga olganda esa hayajondan qo‘llari qaltiray boshlardi. Tasodifiy mijozlar esa keksa muallim ustidan kular va uning kutubxonasini tark etar edi. Kitoblarning egasi esa jilla qursa nechta odam keldi va kitoblar borligidan voqif bo‘ldi-ku, deya o‘ziga tasalli berardi bunday onlarda. Bu ham bahor nav ekan. Keyin u kutubxonaning yonginasida joylashgan oshiyoniga yo‘l olar edi.
Keksa muallimning keksa kulrang eshagi bor edi. Peshonasiga qo‘lidan kelmaydigan ishlarni bajarish bitilgan sho‘rlik jonivor yil – o‘n ikki oy hovlida ivirsib yurardi. Na jazirama oftob va na suyakdan o‘tuvchi ayozli qish uning parvoyiga kelardi.
Ittifoqo, keksa muallimning kutubxonasi va oshiyonidan sal naridagi sayxonlikda bo‘ri galalari paydo bo‘ldi va eshak bormi, sigir bormi, qo‘y bormi – barchasiga qiron sola boshladi. Odamlar qo‘rqib qoldi. Politsiyaga murojaat qilishdi. Politsiyadan, biz hayvonlar bilan emas, odamlar bilan ishlaymiz, degan javob olishdi.
Binobarin, og‘il yo molxonasi bo‘lmagan muallim eshakni Kitob muzeyi tanobiysida saqlashga majbur bo‘ldi.
Bir kuni kutubxonaga chet el sayyohlaridan bir guruhini olib kelishdi, bundan keksa muallimni xabardor qilishni yo eslaridan chiqarishdi, yo bo‘lmasa buni joiz deb bilishmadi. Kiraverishdagi katta eshik qulflog‘ edi. Xotirasi sustlashganidan aziyat chekib yuradigan muallim kutubxonadagi eshakni esidan chiqarib, mehmonlarni ichkariga qo‘yib yubordi. Jonli eshakni birinchi marta ko‘rib turgan olim sayyohlar buni ko‘rdi, ammo e’tibor berishmadi. Biroq delegatsiya boshlig‘i jonivorni shunaqangi bo‘ralab so‘kdiki, buni eshitgan ham eshitdi, eshitmagan ham eshitdi.
Eshak qah-qah urib kuldi.
– Mana bu shalpangquloq maxluqni tezda ko‘zdan yo‘qotinglar!
Kutilmaganda eshak tilga kirdi:
– Men o‘qishni bilmayman, qog‘oz ham yemayman. Shunday bo‘lgach, siz meni nega haqorat qilasiz?
Hamma dong qotib qolibdi.
Keksa muallim hushdan ketayozibdi. Axir necha yillardan beri u shu eshakning egasiyu, odamlarday gapirishini bilgan emas.
Eshakning so‘zlarini eshitib, sayyohlar hayrat ichida esdalik uchun bittama-bitta eshak bilan suratga tushibdi.
– Ko‘rdingizmi meni qanaqa ardoqlashadi! – g‘urur bilan dedi eshak. – Sizlar bo‘lsangiz meni shalpangquloq maxluq deb kamsitasizlar…
14
Megapolisda bir yigit yashar ekan, uning yuzlari dum-dumaloq, doim ochiq, jiddiy boquvchi ko‘zlari qop-qora ekan, xandon otib kulganida ham o‘sha-o‘sha jiddiyligi qolmas ekan, gavdasi va antiqa ko‘ksi naq tog‘day kelarkan. Tunlari megapolislarda hayot maromlashadi, tungi soat o‘n birdan keyin barcha ichki savdo markazlari, ko‘plab besh yulduzli osmono‘par mehmonxonalari yopilardi, shaffof eshiklarga ichkaridan qulf urilardi, metrdotellar esa tonggacha xorijlik mehmonlar kelishini kutardi, odamlar harakati to‘xtardi, ahyon-ahyonda huvillagan estakada va shohrohlarda yengil mashinalar o‘qday uchib o‘tardi, tepadan turib osmono‘par binolarning chiroqlari miltirashini ko‘rish mumkin bo‘lardi, bu go‘yo shahar hayoti davom etayotganini faqat mast uyqudaligini bildirib turgandek.
Bahor adog‘idagi o‘sha tun chog‘ida o‘rmon va chakalakzorlarda mevali daraxtlarning gullari tugunaklaganda musaffo yulduzli osmonni birdan qop-qora bulut qoplar, maydonlar, ko‘chalar va yarqiragan binolarning derazalari tuman ostida qoldi.
Megapolis chekkasidan boshlanuvchi, shahar o‘rtasidan yorib o‘tuvchi va ikki kilometrli ko‘prikdan oqib o‘tuvchi asosiy estakadada qo‘qqisdan aql bovar qilmas va dahshatli va g‘alati bir voqea sodir bo‘ldi, yuz minglab katta va kichik ilon va ingichka olachipor zaharli va zaharsiz uzun va katta ilonlar xuddi ulkan bir yaxlit gilamday boshqasi yagona va yuvosh qabiladay shiddat ila tep-tekis saf tortgancha shaharning sharqiy va shimoliy qismi tomon intildi. O‘zini mag‘rur va mardona tutgan ko‘yi shoh ilon asta boshini ko‘tardi. Malika ilon tashvishlangancha erining oldiga o‘rmalab keldi.
– Hayvonot dunyosidagi barcha hayvonlarning yuragi g‘alati urayotganini va barchalari tashvishga tushib qolganini bilib turibman. Sen-chi? – so‘radi shoh ilon.
– Men ham, – erining so‘zini tasdiqladi malika ilon.
– Ularning qoni qaynayapti, qandaydir mavjudot yoki maxluqot ularning yuragiga kirib olgan, g‘alayon va qo‘zg‘olon ko‘taryapti, chamamda, – tusmollabdi shoh ilon.
– Hayvonlarning barchasi qafas ichidami? – shubha bilan so‘radi Malika ilon.
– Baribir ham daryo sathi o‘zgarayotgandek, mavjlar shiddatliroq tus olayotganini sezayotgandirsan? Balki daryo ham yaqinlashib kelayotgan fojiani sezayotgandir? – so‘radi shoh ilon.
– Har ehtimolga qarshi odamlarni ogohlantirib qo‘ysak nima bo‘ladi? – so‘radi malika ilon.
– Keragi yo‘q. Hozir barcha odamlar uyquda, qolaversa, bundan hech qanday ma’no chiqmaydi.
– Nima uchun? – hayron bo‘ldi malika-ilon.
– Judda soddasan-da, xotin! Chunki ular ilon tilini bilishmaydi. Shahar uyg‘onganda odamlar o‘ziga keladi va ehtimol, o‘zlari his qilib qolar. Ular kar va ko‘r emas-ku…tezroq tuyoqni shiqillatib qolaylik! – qichqirdi shoh-ilon o‘z qabiladoshlariga.
Bahaybat, uzun karvon ikki kilometrlik ko‘prikka yetganda yana bir sirli hodisa ro‘y berdi – ilonlar birin-ketin o‘zini daryoga ota boshladi. Bular barchasi sarobga va ro‘yoga uchishardi.
Ertasi kuni butun megapolis bo‘ylab vahima yoyildi. Garchi bir yoki ikki million aholi bu barcha hodisalarni shunchaki mish-mishga yo‘yib astoydil ishonishmagan bo‘lsa-da, odamlarni qo‘rquv va dahshat chulg‘ab olgandi. Ammo estakada va shohrohni bir necha joyida g‘ildiraklari ostida o‘lik ilonlar bilan avtomobillarni ko‘rishdi. Eng qizig‘i shunda ediki, barcha haydovchi va yo‘lovchilar ham o‘lik holda edi va barchalarining dahshat to‘la ko‘zlari katta-katta ochiq bo‘lib, chaqchayib ketgandi. Kechqurun xabar berishdiki barchalari yurak yorilishidan o‘lgan ekan…
* * *
Maymunni hayvonlar malikasi deb tan olishibdi. Azbaroyi hasadining zo‘ridan tulki uni avrab olib borib qopqonga tushiribdi. Qopqonga tushgan maymun tulkini qarg‘ay ketibdi.
– Eh maymun, xazinadan qopqonning farqini ajrata olmas ekansan, qanday qilib hayvonlar malikasi bo‘la olarding?
15
O‘sha kuni qariya kechgacha hayvonot bog‘ining butun hududini aylanib chiqibdi. Hech qanaqa musibat alomatini, nishonasini yo belgisini topolmabdi. Shu boisdan bosh vazirni bekorga bezovta qilishga jur’at etmabdi va umuman, bularning hammasi yo‘q degan qarorga kelibdi. To‘g‘rida, fojia borasidagi uning tusmoliga kim ishonay deb turibdi. Qariyaning haqiqatiga mos keladigan taxminlarini puchak gapga chiqarishadi, tamom-vassalom. Shunday bo‘lsa-da, u o‘sha kuni va tun bo‘yi hayvonlarni qafasdan chiqarmaslikni maslahat beribdi.
– Nima uchun? – so‘rashdi undan.
– Bilmadim, ammo baribir ham chiqarmanglar.
Bir cheti “ko‘nglim bir narsani sezib turibdi”, – deb yuboray ham dedi, ammo o‘zini tutdi. Xayriyatki, podadan oldin chang chiqarib, vahima ko‘tarmadi, bo‘lmasa hamkasblari orasida mish-mishlar tarqalib, hamma qariyani aqli suyulganga chiqarib qo‘yishi hech gap emasdi…
– Nima bo‘lsa bo‘lar, – dedi qariya o‘zicha va uyi tomon yo‘l oldi.
Agar u sal ertaroq chiqqanda o‘ng sohil ortidagi markaziy eshik oldida nevarasi bilan ko‘rishgan bo‘lar edi. Ammo Shervon bobosi bilan ko‘rishishni mo‘ljallamagandi va umuman uning ichkariga kirganini hech kim, xususan, hayvonot bog‘i hodimlari ko‘rib qolishini xohlamasdi. Ish kuni oxirlab borardi, so‘nggi mijozlar shosha-pisha temir qafaslar ortidan o‘ta boshladi. Mijozlar orasiga yo‘qolib, Shervon sezdirmaygina bog‘ hududiga o‘tib qoldi.
Bu safar tunda jonivorlarni boqqa qo‘ymasliklaridan u hali bexabar edi, bir necha kun muqaddam ko‘z tagiga olib qo‘ygan sershox yam-yashil daraxtga chiqmoqchi, yo‘g‘on bir shoxga yaxshilab joylashib olmoqchi bo‘lgan edi. Kimlarni va nimalarni ko‘rishi va tong otguncha nimalarni suratga olish mumkinligini u tasavvuriga ham keltirmayotgandi. Bunday qadam qo‘yishga unga qanday kuch, qanaqa tuyg‘u turtki bo‘lganini hech tushunolmayotgandi. Safar xaltasiga u suv, non, pishloq, kolbasa, olma, bodring va pomidorlar solib oldi. Axir oldinda butun bir tun turibdi!
Atrofni zulmat pardasiga chirmab tun ham kirib qoldi. Faqat piyodalar yo‘lkalari va kiraverishdagi qorovulxonalardagi fonuslargina yonib turardi… Tun batamom cho‘kdi. Hammayoq suv quygandek jim-jit, bu jim-jitlikni yirtqichlarning o‘qtin-o‘qtin qichqirishlari va o‘kirishlari buzib turardi. Anushervonni uyqu bozib kela boshladi. U osmonga qaradi. Osmon bulutsiz, musaffo edi. Yulduzlar ham, aftidan, so‘ngandi.
“Ular ham menga o‘xshab, hoynahoy, qattiq iztirob chekmoqdalar, miltirashga ham madorlari yetmayotgandir, yo bo‘lmasa ular hech narsadan bexabardir”, – o‘yladi Anushervon.
Shu asnoda Ey Xudoyim! Nimqorong‘ilik qo‘ynida suvdan allaqanday mavjudotlar chiqib kelayotgani elas-elas ko‘zga tashlana boshladi. Bir-ikki marta qattiq-qattiq kiprik qoqdi, tirsagidan chimchiladi. Yo‘q, bu tush emasdi. Endi ko‘zga yaqqol tashlana boshlagan jondorlar shisha-shisha suvdan chiqib va hayvonot bog‘i eshigi tomon o‘qday uchib kela boshlagan edi. Oldindan hozirlab qo‘ygan plansheti bilan Shervon suratga ola boshladi. Barvasta qarigan odamga o‘xshab ketadigan ulkan odamlar bir zarb bilan uchala qorovulxona eshigini uchirib yubordi, ulardan biri bir qo‘li bilan mudroq qorovulni changallab ushladi-da, xuddi mushuk bolasidek shafqatsizlik bilan tashqariga uloqtirdi. Ikkinchi ulkan odam ikkala qo‘li bilan uni ushladi-da, yerdan uzib, xuddi bir quruq cho‘pdek belini qarsillatib sindiribdi. Loqal qichqirishga ulgurolmay qolgan ikkala qorovulning ham holi shunday kechibdi. Qo‘rquv va dahshatdan tosh qotib qolgan Shervon bir amallab o‘zini qo‘lga oldi, shoxdan yuqoriroqqa chiqib o‘tirdi va chap sohilga nazar soldi. U yerda ham shunaqa qora odamlar ko‘zga tashlanardi. Shervon ularni to‘xtovsiz suratga oldi.
Shunday qilib, boyo‘g‘lilarni boboga bashorat qilgan, mavjudligiga endi Shervon ham shak keltirmaydigan ins-jinslar qafasma-qafas yugurardi. Tong ota boshladi, yulduzlar birin-ketin ko‘zdan g‘oyib bo‘la boshladi. Yigitning ko‘z o‘ngida har tomondan baloyi azim – ulkan maxluqlar uchib kelib, qulflarni osonlik bilan sug‘urib tashlar, hayvoni bor qafas ichiga kirib olar edi.
Tong soat beshda megapolis ko‘cha va maydonlarida hayot qaynay boshladi, odamlar va naqliyo oqimlari shiddat bilan ortib bordi. Hoynahoy, darrandalar bundan bexabar bo‘lsa kerak. Ammo bu yoqdan tong ota boshladi-da, boshqa yoqdan hayvonot bog‘i uzra yastangan osmon uzra yuzlab hayvonlarning dahshatli o‘kirigi va qichqirig‘i borliqni larzaga soldi, ular hali butunlay uyg‘onib ulgurmagan megapolisning ko‘cha, maydon va xiyobonlari tomon otilib chiqa boshladi.
Qo‘lida planshet tutib, shox ustida tosh qotib qolgan Shervon bu g‘aroyib manzaradan lolu hayron edi. Ammo uning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan voqeaga qaramay, u o‘zini yo‘qotmadi, vahima qilmadi va bobosiga qo‘ng‘iroq qildi:
– Bobojon, bilaman, Siz erta uyg‘onasiz. Taxminlaringiz to‘g‘ri chiqdi: darrandalar barcha hayvonlarni qafasdan chiqarib, megapolis tomonga haydab ketdi.
– Qayerdan bilding buni? O‘zing hozir qayerdasan? – sovuqqonlik bilan so‘radi bobo.
– Menmi? Hayvonot bog‘idagi daraxt ustidaman. Suratga olgan tasvirlarni internetga yubormoqchiman.
– Biroz sabr qil. Meni kut. Tushundingmi? Tezda yetib boraman. O‘shanda hal qilamiz.
16
Yong‘inlar, toshqinlar, zilzilalar, ro‘zg‘or gaz uskunasi portlashlari, avtohalokatlar, samolyot va poyezdlar halokatlari oqibatlarini tugatish bo‘yicha boshqa megapolislar tajribasini uzoq yillar o‘rgangan bosh vazir jonivorlarning shaharga hujum boshlagani haqida darak topib, dahshatdan tosh qotdi. Bunaqasini na ilgari va na hozir hech kim ko‘rmagan ham, eshitmagan ham. Yordamchi unga bir stakan suv uzatdi. Buloq suvidan bosh vazirning xayoli sal joyiga keldi.
– Zudlik bilan favqulodda holatlar qarorgohi tashkil etilsin, – buyruq berdi u. – Hamma mening kabinetimga yig‘ilsin!
Yordamchi oyog‘ini qo‘liga olib, g‘oyib bo‘ldi.
Kotiba ichki aloqa bo‘yicha shahar meri bosh vazir bilan gaplashmoqchi ekanini habar qildi.
– Janob bosh vazir! Vaziyat qaltis, hatto halokatli.
– Sizning taklifingiz, mer?
– Agar yo‘q demasangiz, megapolisning butun hududida favqulodda holat e’lon qilinsin…
– Politsiyaga topshiriq berishga, barcha bolalar bog‘chalari, gimnaziyalar, kasalxonalarni qurolli mudofaa bilan ta’minlasin. Agar shaharliklar bolalarni uyda qoldirsalar yana yaxshi. Barcha tegishli tuzilmalar oyoqqa turg‘azilsin. Har yarim soatda menga va sizga ahvol haqida xabar berib turilsin. O‘zingiz hoziroq butun shaharni, asosiy markazlarni aylanib chiqing, haqiqiy ahvolni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib, tanishib chiqing. Biz voqealarning ipidan-ignasigacha xabardor bo‘lishimiz kerak. Keyin to‘g‘ri huzurimga keling! Favqulodda qarorgoh tashkil etildi! Omad yor bo‘lsin! O‘zingizni ham ehtiyot qiling!
– Tashakkur, janob bosh vazir!
Shu tobda izn so‘ramay qo‘lida katta harbiy binokl turgan yordamchi kabinetga kirdi.
Bosh vazir unga savolomuz qaradi.
– Ko‘rsatmalaringizni barcha vazirlarga yetkazdim. Ogohlantirdimki, vaziyatga munosib tarzda chora ko‘rilsin va favqulodda qarorgohiga yig‘ilishsin. Bu esa – Sizga. Binomizning tomidan ko‘pchilik ko‘chalar va xiyobonlar kaftdagidek ko‘rinadi. Har ehtimolga qarshi deb o‘yladim, shahar hududini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring. Umumiy fikrga kelishingizda, balki, asqotib qolar.
* * *
“Axborotlarga ko‘ra, o‘rmon va chamanzorlar shohi – arslonlar odamlar tufayli haddan tashqari jazirama va ovloq dashtu cho‘llarga qochib ketgan”.
* * *
Chamasi biror soatdan keyin bosh vazir favqulodda qarorgoh xonasiga kirib keldi. Barcha hozir bo‘lganlar oyoqqa qalqdi.
– O‘tiringlar! Telefonlaringizni ishlatib qo‘yinglar! Har bir yangilik haqida menga tezroq ma’lumotlar bering, – amrona dedi u va mas’ul kotibga yuzlandi: – Nima deysan?
– Janob bosh vazir! Bizni barcha radio va teletranslyatsiyalarimiz va bir qancha xalqaro OAV xabarlar va hodisa tafsilotlarini tarqatdi. Bu degani voqeadan butun dunyo xabardor. Ammo halokat sabablariga kelganda, aniq ma’lumotlar yo‘q.
– Ichki ishlar vaziri! – qisqa dedi bosh vazir.
– Favqulodda holat sodir bo‘lgan. Hech kim buni kutmagandi. Favqulodda holatlar bo‘yicha talablarga ko‘ra yuzlab qurollangan politsiyachi barcha ma’muriy binolarni yigirmata telekompaniyani, barcha ko‘priklarni, vazirliklarni, oliy o‘quv yurtlarini, maktablar va bolalar bog‘chalarini muhofazaga olgan.
– Sizningcha, hayvonlar to‘ntarish qilmoqchi bo‘libdi-da, – miyig‘ida kuldi bosh vazir.
– Yo‘-o‘-o‘-q … talablarga muvofiq… vertolyotlar vaziyatni o‘rganyapti, ayni vaqtda suratga olyapti.
– Shahar meri!
– Janob bosh vazir! Umuman olganda, vaziyat notinch, hayvonlar maydon va xiyobonlarga chiqib kelganida odamlar ishga ketayotgan edi. Tabiiyki, yirtqichlarga ko‘zi tushib, vahimaga tushgan, dod-voy qilgan, pana joy qidirib, odamlar bir-birini urho ur, surho sur qilgan.
– Ayting-chi, bironta yirtqich odamlarga tashlandimi yoki yo‘qmi, –to‘satdan so‘radi bosh vazir.
– Ha, – javob berdi ichki ishlar vaziri. – Hozirgina xabar berishdi. Ikkita arslon estakadada paydo bo‘lganda, haydovchilar sarosimaga tushgan… o‘nlab mashina bir-biri bilan to‘qnashib ketgan. Bir necha odam, afsuski, halok bo‘lgan, bir qanchalari jarohat olgan. Politsiyachi to‘pponchasini chiqargan-da, arslonga qarab o‘q uzgan. Urg‘ochi arslon politsiyachiga tashlangan va uning bo‘g‘zidan g‘ajib tashlagan. Keyin qochib ketgan…
– O‘q uzishga kim ruxsat berdi?
– Hech kim! Aftidan qo‘rquv tufayli yoki tartib o‘rnatish maqsadida bo‘lsa kerak…
– Har bir politsiyachini ogohlantirib qo‘ying, buyruqsiz yirtqichlarga o‘q uzilmasin.
– Hayvonot bog‘i direktori taklif qilinganmi?
– Yo‘q, – javob berdi yordamchi. – U qarorgoh a’zosi emas, bu bizning aybimiz, uzr, xatoni to‘g‘irlaymiz.
– Keragi yo‘q, – dedi ichki ishlar vaziri. – Biz uni ertalab hibsga oldik, uyidan olib keldik.
– Nima uchun? – so‘radi bosh vazir.
– Jinoiy beparvolik va mas’uliyatsizlik uchun. U hatto yirtqichlar g‘alayon ko‘targani va hayvonot bog‘idan qochib ketganini bilmaydi. Har ehtimolga qarshi qo‘lga oldik. Qochib ketadi deb o‘yladik. Men farmoyish berdim, hozir uni keltirishadi.
– Bir qoshiq qonimdan keching, bosh vazir janoblari! – o‘rtadan ko‘tarildi sog‘liqni saqlash vaziri. – “Tez yordam” mashinalari kasalxonalarga tiqilinchda jarohat olgan yuzdan ortiq odamni olib kelgan.
Bosh vazir yuragi to‘la dard ila shu paytgacha eshitgan axborotni tahlil qila boshladi. Bir soatning ichidayoq ulkan va tinch shahar qanday qilib tartibsizlik, qo‘rquv va dahshat komiga g‘arq bo‘lishi mumkinligini, to‘g‘risi, tasavvur qilish amri mahol edi. Mas’ul shaxslarning aytishicha, megapolisning barcha hududi o‘rama dovul bilan qoplangan, boshqa manbalardan ma’lum bo‘lishicha, zaif va bemor odamlar tok urgandek til tortmay o‘lmoqda.
– Janob bosh vazir! – o‘rnidan turdi shahar meri. – Mayda va kichik maymunlar galasi shimoliy bozorga bostirib kirdi. Barcha sotuvchilaru xaridorlar har yoqqa tumtaraqay qochib qoldi. Banan do‘koni egasi maymunlardan birining qorniga pichoq tortib yuborgan va u qoniga bo‘yalib yotibdi. Qolgan maymunlar sotuvchiga tashlangan va…
– Nega jimib qolding? – Toqati toq bo‘lib dedi bosh vazir:
– Uning o‘lik yo tirik ekanini bilib bo‘lmaydi. Do‘konda bekinib olganlardan hech kim unga yaqin borolmaydi. Aytishlaricha, maymunlar xurramlik bilan sho‘rlikning jasadi atrofida o‘yin tushmoqda. Keyin esa butunlay o‘zlaridan ketgan. Qadimgi ajdodlarimiz barcha peshtoqlarni urib, sindirib ustidan meva, sabzavot va mahsulotlarni yerga irg‘ita ketganlar…
– Bu yer hayvonot bog‘i emas, balki, do‘zaxi alim! Hayvonlar quturib qo‘zg‘olon quturganini kim ko‘rgan? Barcha ishchilarni qo‘lga olmoq zarur, yirqichlarning ko‘chaga chiqib ketishlariga o‘shalar aybdor, – dedi kimdir.
– Avval ularni topish kerak, – luqma tashladi kimdir.
Hech kim ularga e’tibor qilmadi.
* * *
Oppoq maxsus telefon jiringladi. Bosh vazir telefon shishasiga qaradi. U hayron bo‘ldi: mutlaqo yot odam u bilan gaplashishni istayapti. Telefonni bu raqamiga narisi bilan o‘n-o‘n besh odam, shunda ham favqulodda hollarda qo‘ng‘iroq qilish huquqiga ega – shu bois javob qaytarmadi. Buning ustiga yordamchi hayvonot bog‘ining bosh direktorini olib kelishdi, deb xabar berishdi.
– Olib kiring, – buyurdi bosh vazir g‘ijinibroq.
Bu baland bo‘yli, jiddiy odam bo‘lib, qo‘rqqanidan rangi quv o‘chgan edi. Past ovozda salom-alik qilgach, u o‘rnidan turdi, boshini gunohkorlarcha egib olgandi. Shunda matbuot kotibi o‘rnidan turdi va televizorni qo‘ygani ruxsat so‘radi. O‘z holicha u hech qachon va hech nima qilolmasdi. Shu bois bosh vazir rozilik alomati sifatida bosh irg‘adi.
– Xalqaro telekompaniya direktori xabar qildiki, uning jurnalistlari qiziq lavha tayyorlagan va hozir shu lavha efirga uzatiladi.
Hamma katta monitorga yuzlandi.
– Jinni odam haqida! – dedi diktor.
– Bizga bitta jinni odam yetishmayotgandi! – besaramjonlandi bosh vazir.
– Bu shunchaki jinni emas, balkim notiqdir. Eski odati bo‘yicha yil fasllariga qaramay, yomg‘irmi, qormi Yig‘i maydonidagi favvora oldiga keladi-da, va’z o‘qiydi. Uning va’znini minglab odamlar diqqat bilan tinglayotgandek tuyuladi. Ko‘nglidagi gaplarni to‘kib bo‘lgach, u tinchlanadi va qushday yengil tortib, uyiga yo‘l oladi. Buni endilikda hamma biladi.
Lavha, sirasini aytganda, g‘oyat qiziq edi.
Eskib, rangi unniqib ketgan kostyumdagi novcha kishi ehtiros bilan nimalarnidir shivirlardi va… arslonlar, bo‘rilar, ayiqlar, qoplonlar, bir necha tuyaqush va maymun uning tevaragida o‘tirib olib, diqqat bilan uning “nutqi”ni tinglardi. Shunisi g‘alati ediki, kishini ko‘zlarida qo‘rquvdan nom-nishon yo‘q edi. Aftidan, bu telba va yana bu jonivorlar bir-birlarini azaldan bilar edilar. Jonivorlar bu lavhani sodir bo‘lgan fojia jumbog‘i deb atashgan….
Go‘yo bu jumboqni topgandek, bosh vazir hayvonot bog‘ining bosh direktoriga murojaat qildi:
– Nega suvga tushgan mushukday shumshayib o‘tiribsan? Qani, ayt bizga, nima balo urdi seni?
– Bilmadim… Hech narsa deyolmayman. Kecha kechqurun o‘nlab yirtqich o‘z qafaslari ichida katta to‘s-to‘polon ko‘tardi. Nima bo‘lganidan aslo xabarim yo‘q. Keyin qariyaga sababini aniqlashni topshirdim. Saldan keyin barcha hayvon tinchlandi.
– Qanaqa qariya?
– Hayvonot bog‘i xodimi.
– Xo‘sh, u hayvon o‘rgatuvchimi? Modomiki, hayvonlarni tinchitibdimi, shunaqa bo‘ladi-da, – qiziqsindi bosh vazir.
– Anig‘ini bilmadim-u…lekin…
– Janob bosh vazir, – o‘rnidan turdi ichki ishlar vaziri. – Ikki talaba bo‘rilardan qochib o‘zlarini ko‘prikdan daryoga tashladi, biroq beton plitalar ustiga tushib, har ikkalasi ham nobud bo‘lgan…
– Qachongacha dahshatli xabarlardan dilimiz vayron bo‘ladi? Buning bosh-keti bormi o‘zi yo yo‘q? Oxirzamon boshlandimi yo? Elga kulgi bo‘lganimiz qolyapti, butun dunyo ustimizdan kulayapti, bir hovuch jonivorni saqlashning uddasidan chiqolmayapti, deyishayapti.
– Bir hovuch emas, janob bosh vazir – undan ancha-muncha ko‘proq, – chaynalib dedi hayvonot bog‘ining bosh direktori, o‘zining dadillanganidan yutinib.
– Darvoqe, hayvonot bog‘idan nechta jonivor qochib chiqqan?
– Undan barcha hayvonlar, yirtqichlar va juft tuyoqlilardan tashqari, ular qafaslaridan chiqmagan, – deya oyoqqa turdi ichki ishlar vaziri.
– Xo‘-o‘sh, demak, uch yuz oltmish yetti bosh jonivor. Yigirmatacha qo‘ng‘ir ayiq, o‘ttiz ikkita maymun, o‘n ikki juft arslon… ikkita fil, yetti juft tuyaqush, besh juft olqor, to‘qqizta yo‘lbars….
– Bas! – qichqirib dedi bosh vazir. – Shunaqa aqlli ekansan, hayvonlarni saqlab qolishni uddasidan chiqmaysanmi?! Senga o‘xshagan rahbarlarning aybi bilan bugungi kunda megapolis yirtqich hayvonlar uchun sayr va bezoriliklar qiladigan ochiq, erkin o‘yingohga aylangan. Nahotki shugina narsaga aqling yetmasa?!
Qo‘rquv va uyatdan bosh direktor boshini eggancha qimir etmay turardi…
* * *
“– Inson qo‘yniga yashirgan toshini sezib qolgan jonivorlar halokatli zarbadan jon saqlab qolishi mumkin! – deb qichqirdi mayna va temirqanot bo‘lgan polaponlarini tashlab uchib ketdi…”
17
Yana bosh vazirning oq telefoni jiringladi. O‘sha notanish raqam u bilan ulanishni zo‘r berib so‘rayotgandi. “Shunday bemahalda qo‘ng‘iroq qilish kimning tushiga kiribdi, tavba?” Bu raqamning egasi kim ekanligi sira yodiga kelmayotgandi. Maxsus telefoniga kimlar qo‘ng‘iroq qilishga haqli ekanini bosh vazir bilar edi. Ammo mana bu notanish raqam…
– Uzr, janob bosh vazir! – Hayajon bilan yana o‘rnidan turdi ichki ishlar vaziri. – Bir nechta bo‘rimi yo shoqolmi, go‘sht korxonasi hududiga bostirib kirdi. Aftidan, so‘yilgan mol qonining hidini olgan bo‘lsa kerak.
– Qon hidi havoni yorib o‘tadimi? Nima uchun shu paytgacha hech kim buni sezmagan? – so‘radi bosh vazir. – Kim javob beradi menga?
– Bilmadim. Ehtimol, ehtimol yirtqichlar qon hidini uzoqdan sezsa kerak-da…
– Ular odamga zarar yetkazmabdimi? – tashvish bilan so‘radi bosh vazir.
– Yo‘q, – javob berdi vazir. Hamma qochib yashiringan. Yirtqichlar dabdalasi chiqqan nimtalarga tashlangan va hozir ular shu nimtalarni yeyish bilan ovora. Sex ishchilari fursat g‘animatda qochib qolgan. Hammadan qizig‘i shundaki, go‘shtni ko‘rib, yirtqichlar qo‘rqib qochib ketayotgan odamlarga zinhor e’tibor qilmagan …
Xalqaro telekanallar kechqurun birvarakayiga ikkita lavhani namoyish qildi. Turli zotdagi yettitami yo sakkiztami deydi it megapolisning ko‘cha va maydonlari bo‘ylab bemalol izg‘ib yuribdi. Ularni qattiq akillashib, ulishi manaman degan sheryurak o‘tkinchilarning ham diliga titroq solar edi…
… Boshqa bir telekompaniya shunday videoni namoyish etishganki, unda zotdor otlar kombinatining izlab asov oti shahar xiyobonlariga qo‘yib yuborilgan. Erkinlikdan mast-alast otlar megapolis atrofidagi haydalgan o‘nlab gektar yerni toptab, uning xiyobonlari, ko‘chalari va chamanzorlarigacha chopib borgan…
– Xuddi megapolis egasiz huvillab qolgan tashlandiq shaharga o‘xshab qolgan, – tushuntiradi suhandon.
Shahar ko‘chalarida nimalar bo‘layotgani haqidagi har bir axborot va yangilik hozir bo‘lganlarni dahshatga solardi. Ammo bosh vazir qoyaday mustahkam va sovuqqon edi. U boshqalarning so‘zini diqqat bilan tinglar, goho savollar berib, javoblar qaytarardi, miya, ya’ni qandaydir eng mayda to‘qimachalar jazavaga tushib, boshga tushgan falokatdan qutulish, najot yo‘lini topishga urinardi. Uzil-kesil fikrga kelish g‘oyat qiyin edi. “Harbiy merganlarga hammasini qirib tashlash buyurilsinmi? Ammo qanday qilib? Kunduzi, hammaning ko‘z o‘ngida-ya? Ravshanki, shaharni barcha taniqli xalqaro kanallarning jurnalistlari tutib ketgan va fojia nima bilan tugashini kuzatib turishibdi. Qolaversa, shuncha harbiy merganni qayoqdan topamiz. Yoki, qo‘shin tushiraylikmi? Yo‘q, bu aslo mumkin emas. Aks holda butun dunyo hamjamiyatiga bizni bag‘ritoshlikda va chorasizlikda ayblaydi. Turmadan mahbuslar qochganda edi, bu boshqa gap. Ammo bu yerda gap tasodifan qarovsiz qolgan to‘rt oyoqli jonivorlar haqida ketayapti. He-yo‘q, be yo‘q ularni qirib tashlash – zulm va vahshiylik. Boshqa yulini o‘ylab topmasa bo‘lmaydi…”
– Janob bosh vazir! – telefondagi suhbatini to‘xtatib, ichki ishlar vaziri o‘rnidan turdi. – Ikkita yarador fil xartumi bilan qarshidan kelayotgan barcha mashinalarni ag‘darib, abjag‘ini chiqarib tashlayapti…Ey, Xudoyim, aql bovar qilmaydi-ya. Qaysidir esi past politsiyachi fillarga qaratib o‘q uzgan va fillar quturib ketgan. Politsiya boshlig‘ining gaplariga ko‘ra, o‘nlab yangi va eski mashinalarning abjag‘i chiqqan. Hayvonlarni qirib tashlashga izn so‘rashmoqda.
– Yo‘q! – O‘rindiqdan turib dedi bosh vazir. – Shu paytgacha bitta ham jonivor odamlarga o‘zi hamla qilgan emas!
– Balki, hayvonlarni maxsus uxlatuvchi o‘q bilan otib tashlashsa-chi? – dedi shahar meri, xuddi bir kashfiyot qilgandek. – Keyin esa ularni hayvonot bog‘idagi qafaslarga olib borib tashlashsa?
– Tengi yo‘q fikr!? – Kesatiq bilan dedi bosh vazir. – Bo‘lmasa-chi. Sehrli tayoqchani qimirlatsak, shaharning barcha burchaklaridagi hayvonlar to‘planib keladi-da, maydonda saf tortadi. Keyin ular qachon bizga uxlatuvchi o‘q otisharkin deb betoqat kuta boshlaydi!…
Mer indamay joyiga tushdi.
Mobil telefonda tinimsiz gapirayotgan xavfsizlik vaziri ko‘rsatma berar ekan,o‘rnidan turdi.
– Yana bir noxush xabarmi? – so‘radi bosh vazir.
– Bir vaqtning o‘zida uch zargarlik do‘konini yakson qilibdi.
– Yirtqichlarmi?!
– Yo‘q, albatta, janob bosh vazir, uchta noma’lum o‘g‘ri.
Kabinetga jimlik cho‘kdi.
– Janob bosh vazir! – O‘rnidan turdi ichki ishlar vaziri.
– Yana bir ko‘ngilsiz voqeami?
– Ha. Aytishga hatto til aylanmaydi.
– Gapirsang-chi?
Bu safar uch qurollangan maymun mashinada keldi-da, xalqaro bankning qorovullarini otib tashladi va barcha pullarni olib chiqib ketdi. Bir necha million…
– Qurollangan maymunlar?
– Ha. Videokameradagi yozuvdan ko‘rinib turardiki, ular g‘oyat tajribali va yashin tezligida harakatlanishadi.
– Va jinoyat sodir etilgan joydan qochib yashiringan…
– Har holda, shunday.
– Xuddi shunday. Topdingiz. Ochiq jinoiy ish. Surishtirish ishlari boshlansin. Aytishlaricha, ular maymun tilida o‘zaro tanishib olgan, ammo barcha guvohlar ularni yuzi tiniq, qondan asar yo‘qligini aytishyapti.
– Bundan chiqdi, qandaydir o‘g‘rilar to‘dasi paytdan foydalanib qolgan…
– Shunaqaga o‘xshaydi.
– Qachon tugaydi bu yaramas ishlar? Kimdir jo‘yali bir narsa ayta oladimi ichlaringdan? Ushbu voqea ishchanligimiz va salohiyatimizni butun dunyo ko‘zi oldida yo‘qqa chiqarishini bilasizmi o‘zi?
– Internetda ham shuni yozishyapti! – nido soldi matbuot kotibi. Shunday tuyulib ketdiki, go‘yo u bosh vazirning arzini ma’qullab, unga yaxshi ko‘rinib olmoqchiday.
– Nima deb yozishayapti?
– Bizdan qattiq domangir bo‘lishayapti, yarim kun o‘tdi, o‘nlab ko‘ngilsiz voqealar sodir bo‘ldi, ammo falon-falon bosh vazirning hukumati biror chora ko‘rishdan ojiz qolmoqda, kuchsizlik qilmoqda va h.k.
To‘satdan yana maxsus telefon ovozi yangradi. Yana o‘sha noma’lum raqam. Bu gal bosh vazir tugmachani bosdi.
– Xo‘sh! Eshitaman? – dedi u.
– Xudoga shukur-ey! Assalomu alaykum, janob bosh vazir!
– Vaalaykum! Kim gapirayapti?
– Men bir necha yil muqaddam ovda sizga xayrixohlik qilgan ovchiman. Esladingizmi?
– Ha. Ammo hozir men juda bandman, shoshilinch majlisda o‘tiribman, – deb suhbatga chek qo‘ymoqchi bo‘ldi bosh vazir.
– Yirtqichlarni shaharga kim qo‘yib yuborganini men bilaman.
– Jiddiy aytayapsizmi? Hozir qayerda turibsiz?
– Sizning koshonangiz eshigi oldida bir yarim soatdan beri turibman. Qorovullar kirgani qo‘yishmayapti. Sizga necha marotaba qo‘ng‘iroq qildim, ammo natijasiz…afsus.
– Bir daqiqa shoshmay turing. – Bosh vazir ichki telefonlarga qo‘ng‘iroq qildi, qorovullar boshlig‘iga ko‘rsatma berdi va yig‘ilish ahliga murojat qildi: – Yana bir necha daqiqadan keyin jonivorlarni qo‘yib yuborgan kimligini bilamiz. Barcha temir qafaslar ham qanday qilib o‘zidan o‘zi ochilib ketganidan voqif bo‘lamiz!
Bosh vazirning so‘zlaridan hamma dong qotib qoldi.
Eshik ochilib, ichkariga qariya kirib keldi.
Bosh vazir uni darhol tanidi.
– Ana! Ana! – deb yubordi to‘satdan hayvonot bog‘i bosh direktori. – Men aytmoqchi bo‘lgan odam mana shu bo‘ladi. Sizlarga aytgandi-ma? U jonivorlar “tilini” biladi degan mish-mishlar yuradi. Kim bilsin, bu ishlarning barchasini u qilgandir…
Bosh vazir jilmaydi, kirib kelgan eski va yangi do‘stlaring quchoqladi, bir boshidan surishtira ketdi…
Bosh vazir qariyaning ustamonligi, layoqati, chaqqonligi, aqlli va zehnli, topqirligi va uzoqni ko‘ra bilishligini esladi, bunday topqir ovchi bilan birga o‘rmonzor va chakalakzorlarda yurish, tog‘larga chiqish, hatto yo‘lbarslar, arslonlar va ayiqlar bilan yuzma-yuz bo‘lish pisand emas.
– Eng avvalo, mening matonatli do‘stim aytmoqchi menga, hayvonot bog‘i va mana bu fermaga sening qanday aloqang bor?
– Sirasini aytganda, hech qanaqa aloqam yo‘q. Men oddiy hayvonot bog‘i xodimiman.
– Anchadan berimi?
– Uch yilga yaqin.
– Xo‘sh. Bu voqealar zamirida nima gaplar bor? Siri nimada?
– Aytgan bilan ishonish qiyin. Ammo mana buni – qariya cho‘ntagidan flesh karta chiqardi. – Mutlaqo, tasodifan suratga olishgan.
Bosh vazir flesh kartaga qaradi. Bir narsa to‘g‘risida so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, biroq fikri o‘zgardi. U matbuot kotibiga qaradi, kotib darhol turib keldi-da, flesh kartani oldi va monitorga qo‘ydi.
– Ko‘ramizmi? – so‘radi yordamchi.
– Albatta, – dedi bosh vazir, – darhol, hoziroq!
* * *
Ayiqlar bir zamonlarda odamlar bo‘lgan ekan. Ammo noinsof ishlari va ertak daraxtlar – qarag‘aylarning qarg‘ishi tufayli ular ayiqlarga aylangan va o‘rmonda joylashib qolgan…
18
Videoyozuvni tik turgancha tomosha qilgan bosh vazir o‘rindiqqa cho‘kdi – videoyozuvda ko‘rganlariga sira ishongisi kelmasdi. U har qanday narsani qilishga tayyor edi-yu, ammo mana bu kecha dahshatini ko‘rishga toqati yo‘q edi.
– Manavi devlar rostdanam baloyi qazomi yoki dev libosidagi yomon odamlarmi? Birortangiz hozir ko‘rganlaringizni sharhlab bera olasizmi?
– Ular qayerdan kelib qolgan o‘zi?
– Suvdan, – dedi kimdir.
– Bilaman, o‘zim ko‘rganman. Ammo qayerdan – daryo tubidanmi yoki qirg‘oqdanmi? Balki osmondan tushgandir?
– Bunisi yozuvda ko‘rinmayapti, – luqma tashladi o‘sha kishi.
– Toki bundan kattaroq halokat sodir bo‘lmay va gazandalar qayoqqa g‘oyib bo‘lgani noma’lumligicha qolib turganda, ularning qanaqa mudhish rejalari bizga ma’lum bo‘lguncha, kelinglar, bironta yo‘lini o‘ylab topaylik. Bizning megapolisimiz shahar diqqat markazida turibdi. Bu dahshatning oxiri nima bilan tugar ekan deb hammaning ko‘ngli alag‘da-palag‘da! Biron jiddiy taklif bormi? Taklifmi…
– Menga xabar berishdi, – dedi ichki ishlar vaziri. – Janob bosh vazir Oliy sud shahriga yopirilgan yirtqichlarni qirib tashlashni man etish xaqida qaror qabul qilgan, biz bu haqda ertalabdayoq xabar bergan edik.
– Rasmanmi? – bosh vazir aniqlashga qaror qildi.
– Ha, yozma ravishda.
– Balki, harbiylar ularni bitta-bittalab to‘rda tutganlari ma’quldir? – dedi mudofaa vaziri.
– Yirtqichlar butun megapolis bo‘ylab izg‘ib yuribdi. Buni uddalash qiyin-ov. Ammo, har holda, o‘ylanglar, o‘ylaylik. Kim biladi, oxir-oqibatda…
Bosh vazir chora qidirardi.
Qariya ham.
* * *
“ – Nodon bo‘ri, qopqonga tushibsan-da, – achchiq kuldi ayyor tulki. –O‘limdan oldin ibodat qil va Xudodan barcha gunohlaringdan kechishini tila. – U qopqondagi bir bo‘lak quyruqni jig‘ildoniga urdi-da, dumini likillatib qochib qoldi”.
19
Nihoyat hayvonot bog‘ining bosh direktori singari bu yerda norasmiy tarzda ishtirok etayotgan qariya qo‘lini ko‘tardi.
– Marhamat, jasoratli vallomat do‘stim! Hoynahoy, birorta foydali narsani sizdan eshitarmiz?
Qariya o‘rnidan turdi-da oldinga chiqdi.
– Aslida, shahar ko‘chalari, xiyobonlari va maydonlarida paydo bo‘lib qolgan jonivorlar noma’lum kuch ta’siri ostida qo‘ydan ham yuvosh tortib boradi. Ularning ko‘pchiligi qafasda, tutqunlikda tutilgan va unib-o‘sgan. Va buni tabiiy deb bilganlar. Ulardan faqat ayrimlarigina tog‘lar, chakalakzorlar, sahrolar va dalalardagi erkin hayotni qo‘msaydilar…
– Buncha lag‘monday cho‘zmasangiz, qisqaroq qiling-da gapni, hademay qorong‘u tushadi, – to‘satdan uning gapini bo‘ldi o‘tirganlardan biri.
– Sizning kimligingizni bilmadim-u, aqlli yigit, ammo men hech kimning so‘zini bo‘lganim yo‘q. Qolaversa, men siz bilan emas, bosh va’zir bilan gaplashayapman.
– Bopladingiz, sheryurak do‘stim. Davom eting gapingizni. Qulog‘im sizda. Uzr…
– Menimcha, orasida yirtqichlari ham bo‘lgan mana bu jonivorlarning hech qanday aybi yo‘q. O‘zimiz ko‘rib turganimizdek, kimdir yoki nimadir ularni shunday qilishga undagan. Keyin, barcha hayvonlar odamlarga bog‘lab qo‘yilgan – yosh bolalarga va katta yoshlilarga. Modomiki, biz jonivorlarni qayta o‘z qafaslariga haydab kirmoqchi ekanmiz, bunda buning birgina yo‘li bor. Nima bo‘lganda ham shunga urinib ko‘rish kerak, birdan ishimiz o‘ngidan kelib qolib, yaxshi natijaga erisharmiz. Bilasizlarmi, goho kechqurunlari jonivorlarni shamollatish uchun hayvonot bog‘i hududlarida sayr qildirganlar. Ba’zan ular qaysarlik ham qilganlar, qafaslariga qaytishni istamagan. To‘g‘risini aytsam, bundan juda kayfimiz uchgan. Bir do‘stimning maslahati bilan (nima uchundir qariya bu uning nevarasi Shervondan chiqqan maslahat ekanini aytmaydi) arslonlar, bo‘rilar, yo‘lbarslar, shoqollar, tulkilar va qobonlar fillar, ayiqlar, qoplonlarning bolalari qichqiriq va baqiriqlarini ohanrabo tasmasiga yozib oldik-da, radiokarnayni ishga soldik. Nima bo‘ldi dersiz? Jonivorlar xuddi bolalarini bir necha kundan beri ko‘rmagandek va qattiq sog‘inib qolgandek oyoqlarini qo‘liga olib qafaslari tomon uchdi.
Qariya jimib qoldi.
– Bor-yo‘g‘i shumi? – hayron bo‘lib so‘radi bosh vazir.
– Ha, – qisqagina javob berdi qariya…
– Bu tasmalar qayerda yotibdi hozir? – qiziqsindi bosh vazir.
– Mana bu flesh-kartada! Xohlasangiz qo‘yib eshitishingiz mumkin. G‘oyat mohirona va tiniq yozilgan.
Chindan ham shunday edi. Kabinet murg‘ak jonivorlarning jonli chiyillash, ingragan, qichqirgan ovoziga to‘lib-toshganida hammaning nafasi ichiga tushdi.
– Bundan darhol nusxa olinsin! Mashinalar shaharning barcha maydonlari, xiyobonlari, bog‘-rog‘lari va ko‘chalari bo‘ylab ushbu tasmani bor ovozi bilan yangratib, yurib o‘tsin. Zora, hayvonlar o‘z bolalari ovozini eshitib… Menimcha, yomon bo‘lmaydi. Mudofaa va ichki ishlar vazirlari, bu ishni sizlarga topshiraman. Tezda chora ko‘ring! Bajaring!
Bosh vazir ba’zi paytda qattiqqo‘l, cho‘rtkesar bir odamga aylanishini angladi.
– Hayvonot bog‘iga olib boradigan barcha yo‘llar xoliylashtirilsin. Qafaslardan birontasi ham yopiq qolmasin, ochiq bo‘lsin! Kerak vaqtida sizni chaqirishadi. Bizga Allohning o‘zi yor bo‘lsin! – barchaga shunday oq fotiha berib, bosh vazir to‘xtadi va do‘stiga qaradi.
– Iltimos, ayting, o‘sha ashaddiy ovchini vertolyotda bu yerga olib kelishsin. Vaqtimiz g‘oyat tig‘iz, – dedi qariya.
– Nega? Shu muhimmikan?
– Ha, janob bosh vazir. U ham qaysidir darajada hayvonlar “tilini” tushunadi, ular bilan murosa qila biladi. Harakatda – barakat. Zora, yordami tegib qolsa.
– Erkinlik lazzatiga mazaxo‘rak bo‘lib qolgan yirtqichlar bilan yakkama-yakka qolish xatarli emasmi?
– Biz eng kichik imkoniyatdan ham foydalanib qolishimiz kerak, – so‘zida turib oldi qariya. – Mana uning manzili.
Ichki ishlar vaziriga bering. Vertolyot jo‘natsin.
– Xo‘p bo‘ladi! – dedi vazir.
– Minnatdorman sizdan, jasur do‘stim, – dedi bosh vazir va qariyaning qo‘lidan siqib qo‘ydi…
Hamma shosha-pisha kabinetni tark etib, bosh vazir tanho qolgach, u yordamchisini chaqirdi:
– Hayvonlar bilan andarmon bo‘lib, nonushta ham esimdan chiqibdi. Bu kabinetda choy yoki qahvami, non, pishloq yoki kolbasami degan narsalar topiladimi o‘zi?
– Albatta, janob bosh vazir! Tezkor majlis cho‘zilib ketdi. Bizning ham esimizga kelmabdi nonushta keltirish.
– Xudo xohlasa, do‘stimning taklifi qo‘l keladi, hamma ish joy-joyiga tushmaguncha tomoqdan luqma o‘tmaydi. Mana bu mudhish masala bir yoqlik bo‘lsin, dam olish kunlari do‘stim bilan ovga chiqamiz!
* * *
– Alifni ko‘rsam kaltak deymanu, tag‘in ayg‘ir tuyog‘idagi oltin taqa sirini bilishga chiranishimga o‘laymi? – o‘zidan yozg‘irib degan ekan nodon bo‘ri…
20
Kech tushmoqda.
Shaharni zabt etgan o‘nlab arslon, yo‘lbars, ayiq, bo‘ri, maymun, tuyaqush, tulki, shoqol va hayvonot olamidagi boshqa jonivorlar butun megapolis bo‘ylab osib qo‘yilgan bahaybat monitorlarda ularning murg‘ak bolalari vahima ichida olov qoplagan qafasda o‘zlarini u yon-bu yonga urayotganini ko‘rib, go‘yo go‘daklari hayoti xavf ostida qolganini sezgandek tosh qotib qolishdi. Keyin esa xuddi buyruq berilgandek barchalari baravariga orol tomon otilishdi. Ko‘zlariga ham qaramay, ular alanga ichida qolgan hayvonot bog‘igacha iloji boricha tezroq yetib borishga va murg‘ak bolalarini qutqarishga harakat qilganday o‘qdek uchib borar edi.
Ularning yo‘lida uchragan tasodifiy yo‘lovchilar nima bo‘layotganini bilolmay vahimadan dag‘-dag‘ titrar, ko‘pqavatli uylarda yashovchilar balkonlaridan turib bu manzarani yuraklari yorilgandek kuzatar edi. Bu jonivorlar ne sababdan va nima uchun faqat bir tomonga qarab yugurayotganini hech kim bilmas edi. Bu orada ancha joyga borib qolgan hayvonlar ortlaridan quyuq chang va notanish achimsiq hid qoldirgancha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Bu manzarani ko‘rib butun megapolis hang-mang bo‘lib qoldi.
Qosh qoraya boshladi.
Chiroyli fonuslar charaqlab yondi, ko‘chalar, xiyobonlar va maydonlar kunduzgidek yorishib ketdi.
Shahar ahliga bunday “tomosha” endi har kuni takrorlanadigandek tuyulmoqda edi. Yirtqichlar xohlagan joylarida yuguraveradi, kimo‘zarga chopadi, yo‘llarida uchragan hamma narsani nest-nobud qiladi, odamlarni qo‘rqitib yuraklarini yoraveradi.
Odamlar o‘zi tabiatan shunaqa yaralgan – bir qarasang ajabtovurgina sodda-beayov keladi, u yoki bu xodisaga tez ko‘nikib ketadi, yana bir qarasang o‘ziga yetgancha qaysar – aytganidan qilcha qaytish yo‘q. Hammasini Taqdir ixtiyoriga talab qo‘yadi – bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab ketar…
Hayvonot bog‘i yashovchilari esa shu daqiqalarda faqatgina alanga ichida o‘zini u yoqqa – bu yoqqa urayotgan murg‘ak jonivorlarni o‘z bolalari jonini saqlab qolish haqida o‘ylar, fikru yodlarini yurakni tilka-pora qiluvchi savol band etgan edi: ular o‘zlarining nochor, hayotdan erta ko‘z yumayotgan bolalariga yordam berishga ulgurarmikan?
Hayvonlar oqimi shiddat bilan, o‘q tezligida jonlari boricha olg‘a intilardi. Bironta ham jonivor yonidagiga e’tibor bermas edi, zero, barchalarini birgina musibat, birgina ofat qamrab olgan edi.
Hayvonlar barcha to‘rttala darvozadan hayvonot bog‘i hududiga yugurib kirganida, qarab ko‘zlariga ishonishmadi: hamma narsani yamlab-yutayotgan olov quyunidan nom-nishon yo‘q edi. Shunga qaramay, ular o‘z qafaslariga tashlanishdi va o‘z farzandlarini omon-eson to‘rt muchchali soppa-sog‘ ko‘rib, yengil nafas olishdi, ko‘ngillari tinchidi.
Faqat shungacha lang ochiq turgan qafaslarning eshiklari qars-qurs qilib yopilganini ko‘rishdi. Holbuki, bunga hech qanday zarurat qolmagandi, chunki ular o‘z go‘shalarini tark etishni xayollarga ham keltirmayotgandi.
…Yigitcha hayvonot bog‘i va qafaslarda ro‘y berayotgan barcha sodirliklarni suratga olishdan bir zum tinmayotgandi, ammo qandaydir tashvish va qo‘rquvga o‘xshash bir g‘alati his ungga tinchlik bermas, yuragini vahm bosgandi.
Shu top telefon jiringlab qoldi, u yashil tugmachani bosdi. Ekranda bobosining chehrasi ko‘rindi.
– Qayerdasan? Sog‘-omonmisan?
Ha, men maydondaman… – yolg‘on gapirayotganidan yerga kirgudek xijolat tortdi. – Jonivorlarga nima bo‘ldi? Qalay ular?
Barchasi hayvonot bog‘iga, o‘z katak va qafaslariga qaytdi…
Xudoga shukur. Ammo o‘zingizga qarang. Ehtiyot bo‘ling.
Bilasanmi, juda g‘alati-da, ammo mana bu balo-qazolar barcha qafas-u kataklarni berkitib olib, ishimizni yengillashtirishdi.
– Bu la’natilarning o‘zi qayerda? Sizga ziyon-zahmat yetkazmasin tag‘in…
– Unaqa bo‘lmaydi, bu yog‘idan ko‘ngling to‘q bo‘lsin. Ular qanday bo‘lsa, o‘shanday shitob bilan ko‘zdan yo‘qoldi, bamisoli yer tagiga kirib ketdi.
Qiziq…
Men ham taajjubdaman. Hayvonot bog‘ida zog‘ uchmaydi. Ko‘rgan-bilganlarini kimga aytib, qanday dilingni bo‘shatishni bilmaysan, kishi…
Siz ham uyga boring. O‘tgan ishga salavot… Ertaga bir maslahatlashib olamiz.
Hozir hayvonot bog‘ini aylanib chiqaman, keyin o‘ylab ko‘raman nima qilishni.
Tavakkal qilmang, bobojon. Iltimos, uyga qayting. Balodan uzoqroq bo‘ling…
Butun shaharni alg‘ov-dalg‘ov qilgan, hayvonlar qo‘zg‘oloni tufayli yuzlab odamlarning yostig‘i qurigan mana bu to‘s-to‘polon oldida boshqa har qanday ofat hech narsa emas, shunday emasmi?
Kim bilsin? Ahvol haligacha tahlikali, xatarli. Shahar hali notinch, o‘ziga kelganicha yo‘q.
Nachora, ilojimiz yo‘q.
Xudo o‘zi panohida asrasin…
Sersoya daraxt shoxidagi o‘z o‘rnidan turib, yigit durbinni ko‘ziga olib bordi, sinchiklab kuzatishda davom etdi. Yirtqichlarning deyarli barchasi o‘z joyida haykalday qotib qoldi.
U durbinni ko‘zidan oldi, biroq qo‘qqisdan nimadir yoniga kelib tushdi va yana durbinni qo‘liga oldi. Hayvonot bog‘i hududini yashil nur qamrab olgandi. Bir vaqt qarasa, qandaydir mavjudot darvoza tomon yotgan ko‘yi emaklab kelayotibdi. U durbinni boshqa darvozaga tomon burdi – u tomonda ham bitta qandaydir mahluq sudralib kelardi.
Yigit suratga ola boshladi. Nega bunday bo‘layotganini u tasavvuriga ham sig‘dirolmayotgandi. Ularning bolasi tasavvur qilgan va u (bolakay) o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan gazandalarga o‘xshab ketardi. Balki ular qafas eshiklarini tag‘in ochib yuborishga chog‘langandir? Ammo, vo ajabo! Ular hech qanaqasiga gazanda-pazanda emas, balki bosh-oyoq qora libosga chulg‘anib olgan, qo‘llarida qurol tutgan odamlar edi. Hammadan taajjublisi shundaki, ular qafas eshiklarini ochishmadi, balki yaqinroq borib, o‘z maskanlariga, bolalari oldiga qaytayotgan jonivorlarni ayovsiz o‘qqa tuta ketishdi…
Ey Xudoyim-a! Bu qanday bag‘ritoshlik bo‘ldi? Yigit ovozsiz otiluvchi to‘pponchalarni qafasda yotgan chaqaloq jonivorlarning boshi tomon yo‘naltirishlarini sovuqqonlik bilan suvratga olardi. Hali biror marta qafasni tark etishgan, erkinlik nashidasini surmagan begunoh bolalar o‘qdan dumalab tushar, tipirchilay-tipirchilay jon berar edi. Yigit qichqirmoqchi bo‘ldi, ammo qichqirolmadi, tomog‘i bo‘g‘ildi, loaqal “g‘ing” deyishga ham madori qolmagandi. Biroq suvratga olishdan to‘xtamadi.
Yurakning tub-tubidan bir nido keldi. Kimdir unga “fojia hali tugamadi, nihoyasiga yetganicha yo‘q….”deyayotganday bo‘laverdi.
Qora libosli va niqobli odamlar hodisa ro‘y bergan joydan g‘oyib bo‘ldi. Ammo bir lahza o‘tar-o‘tmas o‘shalarga o‘xshagan, qo‘llarida avtomat tutgan ikki yoki uch nafar odam allaqayerdan paydo bo‘ldi. Qiziq, nahotki ular o‘ldirishgan jonivorlar nomini olib ketmoqchi bo‘lsa? Kutilmaganda shaharda elektrni uzib qo‘yishibdi, endi avtomatlar orasidan lip-lip chiqib turgan zaif alanga zim-ziyo tun-kunni bazo‘r yoritib turardi.
Endi o‘lgan jonivorlar gurillab yona ketdi. Achchiq qora dud osmonga o‘rladi.
Yigit suvratga olishdan to‘xtadi.
U bobosiga qo‘ng‘iroq qildi. Tun qorong‘usida telefon ovozi baralla yangrardi. Ammo hayvonot bog‘idagi barcha jonivorlar kabi bobo nafasi olmay yuz-tuban yotardi.
Shaharning qulog‘i kar, ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgandi.
U hech narsani ko‘rmayotgan ham, eshitmayotgan ham edi.
Yong‘in butun hayvonot bog‘idagi boylikni yamlab-yutgandi, ammo bu mudhish manzarani yigitdan boshqa hech kim ko‘rmadi.
Tun yarmida yigit daraxtdan tushdi va emaklab har bir qarich yerni paypaslagancha hayvonot bog‘iga yaqin bordi, g‘ujanak bo‘lib yotgan bobosining kuyib kulga aylangan jasadini topdi. Dunyoda uning uchun eng aziz bo‘lgan insonning qoldig‘ini quchoqlagancha achchiq-achchiq yig‘ladi. Keyin uni sohildan sal naridagi joydan qabr qazib dafn etdi.
Tong yorishib kelardi.
Yigit bobosi mozori ustida Qur’on tilovat qildi.
Ota-onasiyu singlisi ham boboni boshqa shaharga ketib, bedarak yo‘qolgan deya qolishsin. Shunda ular ortiq qayg‘uga botib, motam tutmaydilar.
* * *
Tuyani birinchi marta ko‘rgan odam qo‘rqib ketib, undan nariga qochib ketgan. Biroq keyinchalik jonivor o‘zining yuvosh fe’l-atvori bilan unga yoqib qolgan-da, buning mutlaqo beozor mavjudot ekanini bilgach, unga kajava bog‘lagan, bolasini kajavaga o‘tqazgan va minishga odatlangan…
21
Ertasiga barcha ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari rasmiy xabar tarqatdi. Undan odamlar hozircha noma’lum sabablarga ko‘ra tunda hayvonot bog‘iga o‘t ketganda undagi barcha hayvonlar qirilib bitgan. Tegishli idoralar sodir bo‘lgan hodisa sabablarini qidirmoqdalar… Yana xabar beriladiki, hayvonot bog‘ining butun rahbariyati qo‘lga olingan va qonun oldida javob bermoqda.
Tamom-vassalom!
Azonda Shervon boboning xonadoniga keldi. Hammayoq chinniday qilib supurib-sidirilgan, artib tozalangan. Stol ustida oilaviy bo‘lib tushilgan, zarhal romchaga solingan fotosuvrat turardi: bobo, buvi, ota, Shervon va uning singlisi. Boboning chehrasi o‘sha-o‘sha jiddiy, biroq lablarining burchaklarida yengil tabassum o‘ynaydi…
Fotosuvrat yonida esa katta qog‘oz paket yotibdi… Uni Shervon ochdi. Boboning vasiyatini o‘qidi. Umrida birinchi marta u o‘zini mutlaqo yolg‘iz his etdi. Boboning suvratiga qarab turib, alamdan ho‘ngrab yubordi. So‘ng yuvinib oldi-da, ishga jo‘nadi.
Agar insonning qurbi yetganda edi, u ot, sigir, tuya, it, qo‘y bilan bir qatorda barcha jonivorlarni, yer yuzidagi jamiyki tirik jonni qo‘lga o‘rgatgan va tabiatdagi muvozanatni buzgan bo‘lardi…
* * *
Bir soatdan keyin barcha axborot kanallari hayvonot bog‘idagi qonli fojia – jonivorlarni beayov qirib va ularning boshlarini kuydirib tashlash to‘g‘risidagi videotasmalarni namoyish etdi. Bu vahshiylik yorug‘ olamning barcha burchaklaridagi odamlar qalbini dahshat va larzaga soldi.
Vaziyatga baho berar ekan, mamlakat bosh vaziri hamma aybni allaqayoqdan paydo bo‘lgan, avval jonivorlarni hayvonot bog‘idan shahar ko‘chalariga haydab chiqqan, keyin esa ularni yoqib yuborgan gazandalarga to‘nkadi…
Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 8-son