Mansurxon Toirov. Urush ayollar ishi emas

Quyidagi satrlarni ko‘zda yosh, qalbda iztirob bilan yozdim.

Muallif

Rivoyat qilishlaricha, qadim zamonda Hindistonda brahmanlar bir qizaloqni mukammal tarbiyalaydilar. Ulg‘ayganida bag‘oyat go‘zal malakka hamma yigit oshiq bo‘lib qoladi. Lekin uning visoliga yetmoq uchun misli ko‘rilmagan qahramonliklar ko‘rsatish shart edi. Rojaning yakkayu yolg‘iz o‘g‘li, minglab go‘zal qizlarning ishqi tushgan Al Isa shartlarni bajarishga muvaffaq bo‘ladi. Nihoyat shohona liboslarga burkangan Al Isa mushku anbar sepilgan go‘shangaga kiradi. Al Isa qalbini necha yillardan beri rom etib kelayotgan malakning yuzidagi pardani ko‘tarib… angrayib qoladi. Ro‘parasida ko‘zlari shilpiq, kiprik-qoshlari to‘kilib ketgan, yuzini ajin bosgan 90 yashar kampir iljayib turar edi…

“Kimdir bizni sotdi… Nemislar partizanlar otryadi qayerda joylashganini bilib oldi. O‘rmonni, unga olib boradigan barcha yo‘llarni o‘rab olishdi. Biz quyuq changalzorlarga yashirinib oldik; botqoqliklar jonimizga oro kirayotgan edi. Yuho botqoqlik! Texnikaniyam, odamlarniyam butkul yutadigan ajal komi. Haftalab hiqildog‘imizgacha suvga botib turardik. Safimizda yaqinda farzandli bo‘lgan radist ayol ham bor edi. Go‘dak och, tinmay yig‘laydi. Lekin onaning ham qursog‘i bo‘sh, ko‘kragida sut yo‘q. Agar yonginamizdagi jazo otryadining itlari eshitib qolsa, bormi… O‘ttiz kishining hammasini muqarrar ajal kutadi!.. Sizga tushunarlidir? Qaror qabul qilamiz… Komandirning buyrug‘ini yetkazishga hech kim botinolmay turadi, lekin onaning o‘zi hammasini fahmlaydi. Yo‘rgakni suvga botiradi… Go‘dakkina boshqa qichqirmaydi… Bizning boshimiz xam. Na onaga, na bir-birimizga qaray olamiz… (Asardan keltirilayotgan parchalar tarjimasi muallifga tegishli — M.T)”.

“Tong saharda jazo otryadi qishlog‘imizga o‘t qo‘ydi… O‘rmonga qochgan odamlargina omon qoldi. Quruq qo‘l bilan, hatto bir burda nonsiz qochibdilar. Kechqurun qo‘shnimiz Nastya xola hadeb hiqillayvergani uchun qizini do‘pposladi. Yuliyajon, mening dugonam, nozik-niholgina edi. Doim kasalga chalinib yurardi. Nastya xolaning yana to‘rt o‘g‘ilchasi ham bor, barchasi non so‘rashardi. Oqibatda Nastya xola jinni bo‘lib qoldi: “U-u-u… U-u-u…” Kechqurun Yuliyaning yalinib-yolvorayotganini eshitdim: “Oyijon, sen meni suvga cho‘ktirmagin, xo‘pmi?! Men boshqa bunaqa qilmayman… Sendan endi non so‘ramayman. Boshqa bunday qilmayman…”. Erta tongdan men Yuliyajonni boshqa ko‘rmadim…”.

“Biz asirlarni darrov otib tashlamas edik, bu ular uchun juda ham yengil o‘lim bo‘lardi. Dushman asirlarini xuddi cho‘chqani burdalagandek bolta bilan bo‘lak-bo‘lak qilardik. Men buni tomosha qilishga borar edim… Kutardim! Og‘riq azobidan ularning ko‘zlari naq qinidan chiqib, yorila boshlashini uzoq kutardim… Kosasidan otilib chiqqan qorachiq… Siz bu haqda nimayam bilardingiz?! Ular mening onamni, singillarimni qishloq o‘rtasida tiriklay yoqishgan edi…”.

“Hujumga o‘tdik. Birinchi nemis posyolkalari… Biz — yoshmiz, kuchlimiz. To‘rt yildan beri ayol yuzini ko‘rganimiz yo‘q. Yerto‘la to‘la vino, gazak. Ne­mis qizlarini tutib kelamiz va… o‘n odam bir qizni ketma-ket zo‘rlaymiz… O‘n ikki-o‘n uch yoshdagi qiz… Mabodo yig‘lasa urardik, og‘ziga biror narsa tiqib qo‘yardik. U azoblanardi, bizga esa bu zavqli edi. Men bunga qanday botinganimimizni hozir tushuna olmayman… Ziyoli oilaning o‘g‘li… Lekin bu men edim… Biz faqat o‘zimizning qizlar, hamshiralar qilmishimizdan voqif bo‘lib qolishidan qo‘rqar edik…”

“Qurshovga tushib qoldik… O‘rmonlar, botqoqlar bo‘ylab daydib yurdik. Barglarni yedik, daraxt ildizlarini yedik. Biz besh kishi edik, oramizda endigina armiyaga chaqirilgan o‘smir ham bor. Yarim kechasi qo‘shnim pichirladi:

— Bola yarimjon bo‘lib qoldi, baribir o‘ladi…. Sen meni… tushunyapsanmi…

— Nima demoqchisan o‘zi?

— Odamning go‘shtini yesa bo‘ladi. Bu haqda menga bir “zek” aytgan… Ular Sibirdagi qamoqdan qochgan ekan. O‘shanda atay bir bolani ham o‘zlari bilan olib ketishgan. Shu yo‘l bilan omon qolishgan ekan…

Bir musht tushiray desam, majolim qolmagan. Ertasiga biz partizanlarga duch keldik…”.

“Kunduzlari nemislardan qo‘rqar edik, kechqurun esa partizanlardan. Mening bittagina sigirimni partizanlar tortib olib ketishdi, mushugim bilan qoldik. Partizanlar och, darg‘azab. Men partizanlarning ortidan o‘n chaqirimcha ergashib bordim. Yalindim, qaytarib berishar deb. Kulbada uch bolam qolgan edi…”.

Muhtaram o‘quvchi! Bu yurakni ezuvchi voqealar joriy yilda adabiyot bo‘yicha xalqaro Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan adiba Svetlana Aleksandrovna Aleksiyevichning “Urush ayol chehrali emas” kitobiga kirmay qolgan lavhalar. Kitob bosmadan chiqqan 1984-85 yillarda tsenzor: “Bu — g‘irt yolg‘on! Bu — Yevropaning yarmini ozod qilgan sovet soldatiga ham, partizanlarimizga ham, qahramon xalqimizga ham tuhmat. Bizga muallifning kichik bir tarixi kerak emas, bizga katta tarix kerak. G‘alaba tarixi! Muallif hech kimni sevmaydi! Bizning buyuk g‘oyalarimizni hurmat qilmaydi”, degan “ayb” qo‘ygan.

Svetlana Aleksiyevich Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan ayollar jasoratini ko‘rsatishni maqsad qilgani aniq. Shu o‘rinda bir mulohaza paydo bo‘ladi. Nima uchundir yozuvchi slavyan ayollaridan bo‘lak ayollarni qalamga olmaydi. Holbuki, boshqa millatlar vakillari, xususan, bir milliondan ortiq o‘zbek yigit-qizi janggohdarda jon olib-jon berdi.

Men o‘tgan asrning 60-yillari boshida qaysidir jurnal yoki gazeta sahifasida o‘qigan maqolada urushda ishtirok etib, necha yuzlab yaradorni o‘limdan qutqargan, jang maydonidan yelkalab olib chiqqan o‘zbek hamshira qizi haqida yozilgan edi. O‘sha qiz o‘limdan qutqargan yarador yigitlardan biri — o‘zbek yigiti urushdan keyin hamshirani izlab topadi. U paytda qiz ikki oyog‘ini janggohlarga tashlab kelgan, uyida bir ahvolda o‘tirardi. Yigit shu qizga uylanib, hayotining qolgan qismini unga bag‘ishlaydi…

Qrimlik Tamara Ivanova Kurayeva shunday eslaydi: “Men urush haqida hikoya boshlasam, shu zahotiyoq gapirishga ishtiyoqim yo‘qoladi, hammasini unutgim keladi. Endilikda gazeta o‘qisam yoki “Vremya”ni ko‘rsam, shu qadar yuragim siqiladiki… Qayerdadir urush bo‘layotgani, qayerdadir odam o‘ldirilayotgani haqida o‘qib qolsam, “Yo‘q! Yo‘q! Bunday bo‘lishi mumkin emas!” deya olamga jar solib baqirgim keladi. Nega biz shunchalar jafo chekdik? Nega yosh-yosh yigit-qizlar umrining bahor fasli o‘lib ketdi? Men ikki yarim yil frontda hamshira bo‘ldim. Mening qo‘llarim minglab jarohatlarni bog‘ladi, qon berdim, o‘layotganlar ustida ko‘z yosh to‘kdim. Hozirgi paytda sog‘lig‘im yomonlashgani, asabim zaiflashgani tasodif emas. “Qanaqa mukofotlar olgansiz?” deya so‘rashganida, “Meni mukofotlashmagan, taqdirlashga ulgurishmagan”, deb javob berishga xijolat bo‘laman. Balki urushda biz juda ham ko‘pchilik bo‘lganimiz uchun ulgurishmagandir va hammamiz vijdonan o‘zimizga yuklatilgan ishni bajarardik. Hammani mukofotlash mumkinmi axir?” (Mumkingina emas, ham qarz, ham farz edi! Insoniyat tarixidagi xasislikning eng ulkani sizlarga qilingan, deya aytgim keladi. — M.T.)

Bu xotiralar kishini turli xotiralarga, mulohazalarga chulg‘aydi. Qaysidir bir mamlakat mahbusxonasida ikki ona — inson va maymun ustida eksperiment (tajriba deyishga tilim bormadi. — M.T.) o‘tkaziladi. Ikkisini ham bolalari bilan alohida-alohida xonalarga qamab qo‘yib, xonalarni suv bilan to‘ldira boshlashadi. Bu haqdagi hisobotda yozilishicha, suv to‘piqqa yetganda ayol ham, maymun ham kursi ustiga chiqib, bolasini yuqoriroq ko‘tarib turgan. Suv balandlab borgan sari ular ham bolalarini yanada yuqori ko‘taravergan. Nihoyat, suv onalarning bo‘g‘zidan ham oshib, nafas yo‘lini to‘sa boshlagan. Shunda ona maymun, muallif xulosasining tasdig‘i o‘laroq, bolasini oyog‘i ostiga qo‘yib, havodan nafas olishga kirishadi. Inson esa (sadag‘asi ketay!) toki hushini yo‘qotguncha bolasini ikki qo‘li bilan dast ko‘tarib turaveradi…

Yoki boshqa bir misolga diqqatni qarataylik. Bundan qirq yillar avval Chilidagi ko‘p qavatli bir imoratning uchinchi qavatida yong‘in chiqadi. Ko‘rsatma bo‘yicha, 1-3-qavatdagilar darhol ko‘cha tomon qochadi, 4-7-qavatdagilar esa qirq qavatli bino tomiga eltuvchi yo‘lak sari shoshadi. Bino tomi asta-sekin odam bilan to‘lib, tom chetidagilarning ba’zilari pastga qulay boshlaydi. Shunday mudhish ahvolga qo‘lida go‘dagi bo‘lgan yoshgina ayol ham duchor bo‘ladi va u bolasini mahkam bag‘riga bosgancha yerga sho‘ng‘iydi. Lekin farzandga bo‘lgan mehr kuchini ko‘ringki, ayol hatto yerga yiqilganda ham bolasini osmonga ko‘tarib, o‘zi o‘lsa-da, uning hayotini saqlab qoladi.

Xo‘sh, o‘tmishda ham, hozirda ham kuzatish mumkin bo‘lgan bunday son-sanoqsiz fidoyiliklarni biror-bir millatgagina daxldor deb bo‘ladimi?! To‘maris ona, Janna d’Ark, Indra Gandi, Benazir Bxuto, Margarita Tetcher, Angela Merkel… Bunday sharafli nomlar har bir xalqda bor. Binobarin, Vatan, farzand, oila uchun jonfidolik qilgan ayollarni bitta millatning faxri deyish xatodir, ular butun insoniyatning faxri!

Aslida, o‘quvchida fikr uyg‘otgan, mulohazaga chorlagan kitob — qadrlashga loyiq. Keling, biz ham, yaxshisi, Svetlana Aleksiyevichning “Urush ayol chehrali emas” kitobidan parchalar keltira borib, fidoyi, mard va qahramon ayollarga nisbatan dahshatli urush jarayoni davomida ham, urush tugagach, qirq yil mobaynida yuritilgan ko‘rnamaklik siyosati paytida ham qilingan jabru zulm haqidagi ta’sirchan lavhalar haqida fikrlashib boraylik.

“Mana, ro‘paramda ulardan biri o‘tiribdi, oyisi urush arafasida agar yonida hamrohi bo‘lmasa, “Kichkintoyim”, deya buvisinikiga yubormasligini, ushbu “kichkintoy” oradan ikki oy o‘tar-o‘tmas frontga jo‘naganini hikoya qilib berayotir. Saninstruktor bo‘lib Smolenskdan Pragagacha jang qilib borgan. Uyiga yigirma ikki yoshida qaytib kelgan, uning tengqurlari hali qizaloq bo‘lib yurishibdi, u esa ko‘p yashagan, ko‘pni ko‘rgan va ko‘p taassurotlarni boshidan o‘tkazgan odam: uch marotaba yarador bo‘lgan, ulardan biri og‘ir — ko‘krak qafasidan bo‘lgan, ikki marotaba kontuziyaga uchragan, uni tuproq bilan ko‘milgan okopdan qazib olishganida sochlari oqarib ketgan edi. Lekin ayollik hayotini boshlashi — yana yengilgina ko‘ylak, tuflini kiyib yurishi, turmushga chiqishi, farzandli bo‘lishi kerak edi. Erkaklar urushdan nogiron bo‘lib qaytsa-da oilali bo‘lar edi. Ayollarning urushdan so‘nggi qismati esa fojiali edi. Urush ulardan yoshligini, erlarini tortib oldi; ularning tengqurlaridan ozginasigina qaytib keldi. (Urush emas, dohiylik da’vosida bo‘lgan kibrli, manman, urushqoq imperatorlar tortib oldi sizdeklar baxtini! — M.T.) Ular buni statistikasiz ham yaxshi bilishar edi, chunki erkaklar bosib-yanchib tashlangan maydonlarda muk tushib yotishar, ushbu bushlatdagi otalar, erlar, aka-ukalar, kuyov yigitlarni endilikda sira ham oyoqqa turg‘aza olmasligingga, ular abadulabad birodarlar qabristonida qolishiga sira ham ishonging kelmasdi. Yaradorlar shu darajada serob ediki, go‘yo butun olam yaradorlardan iboratday…” Bu — katta serjant, hamshira Anastasiya Sergeevna Demchenko xotiralari.

Endi katta serjant, snayper Klavdiya Grigorevna Kroxina esdaliklariga e’tibor bering:

“Men frontdan sochlarim oqarib keldim. Yoshim yigirma birda, men esa judayam rangparman. Yaralangandim, kontuziya bo‘lgandim, bir qulog‘im og‘ir edi. Oyim avvaliga: “Men ishonar edim sening qaytib kelishingga! Men seni deb ertayu kech iltijolar qilardim!” degan so‘zlar bilan kutib oldi. Bilsam, akam boyaqish frontda halok bo‘libdi. Onam yig‘lab: “Mabodo yarador bo‘lsa, qiz bola nogiron bo‘lib qolganidan ko‘ra o‘lib qo‘yaqolgani durust, deb iltijo etardim”, dedi.

Biz yaqinginada, sakkiz yilcha burun, o‘zimizning Mashenka Alximovani topdik. U yarador artdivizion komandirini qutqarish uchun emaklab borayotganida ro‘parasida snaryad portlagan. Komandir halok bo‘lgan, qizning esa ikki oyog‘i mayda-mayda bo‘lib ketgan. Biz uni medsanbatga olib borayotganimizda “Qizlar, meni otib tashlanglar!.. Bu holimda kimgayam kerakman?!” deb zor-zor yig‘lab o‘tinar ediki, asti qo‘yaberasiz… Uni gospitalga jo‘natishdi, biz esa yana ilgarilab, hujumga o‘tib ketdik. Shu bilan dugonamizning izini yo‘qotib qo‘ydik. Yozmagan joyimiz qolmadi, lekin darak yo‘q… Bizga Moskva shahri 73-maktabining o‘quvchilari yordam berishdi. Ular Mashani nogironlar uyidan topishibdi. Masha gospitalma-gospital ko‘chib yurgan, o‘nlab operatsiyani boshdan o‘tkazgan. Onasiga esa o‘zining hayot ekani haqida xabar bermagan… Buni siz tasavvur eta olasizmi? Mana, urush degani nima!.. Biz uni o‘z uchrashuvimizga olib keldik. Prezidiumda o‘tirarkan Masha ho‘ng-xo‘ng yig‘lar edi. So‘ng u onasi bilan uchrashdi, oradan o‘ttiz yil o‘tib…”

Antonina Maksimovna Knyazeva, kichik serjant, aloqachi:

“Onamning o‘g‘li bo‘lmagan, besh qizni voyaga yetkazgan. U biz bilan Stalingradga evaku­atsiya qilindi. Stalingrad qamal etilganida o‘z xohishimiz bilan frontga ketdik… Hamma ketdi… Butun oilamiz: onam va besh qiz, otamiz bu paytda jang qilar edi…”

Albina Aleksandrovna Gantimurova, katta serjant, razvedkachi:

“Xolam “Urush” deya yig‘lardi, men esa frontga borib, o‘zimni ko‘rsatishdan xursand edim. Qon nima ekanini qayoqdan ham bilibman? Men sutkalab uxlamas edim, yaradorlar shunaqa ko‘p ediki… Menga medal berishdi va shu kuniyoq vazifa bilan jo‘nab ketdik. O‘shanda men birinchi marta ayollar kasaliga chalingandim… Qonni ko‘rib baqirib yubordim:

— Meni yaralashdi!..

Razvedkada biz bilan keksa yoshdagi feldsher erkak ham bor edi. U mendan:

— Qayering yaralandi? — deb so‘radi.

— Bilmadim qayerim… Lekin qon…

Shunda u menga xuddi otam kabi bor gapni tushuntirib berdi.

Urush tugadi, mening uch orzuim bor edi: birinchisi — nihoyat qornim bilan sudralmayman, balki trolleybusda yuraman, ikkinchisi — butun, oppoq non sotib olib yeyman, uchinchisi — oppoq to‘shakda uxlayman”.

Harbiy feldsher Mariya Afanasevna Garachuk esdaliklari:

“…Yaradorni opichlab borayapman. Shunda birdan aniq-tiniq bola yig‘isini eshitib qoldim. Bola zo‘r berib yordamga chaqirardi. Men aqldan ozay deya maydonda dovdirab u yoqdan-bu yoqqa yugurardim — qayerda, kim o‘zi? Besh yashar qizaloqni pachaqlangan tank ostidan topgunimcha chopdim. Men u qizaloqni topib, chakkasida qonni ko‘rganimda, dahshatga tushdim. Dahshat, bolalarning olovda yonishi dahshat!” (Yuragida zarracha insoniylik bor inson uchun dahshatli bo‘lgan bu manzarani o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, bundan ham yomoni ularning bir necha mingini vujudga keltirish istagida ba’zi imperatorlar hozirda ham qo‘lini qo‘liga ishqalab, yadro qurollari tugmalarini bosaymi-bosmaymi deb turganiga, o‘zlarini go‘yoki pok ko‘rsatib, aslida xalqlarni bir-biriga gij-gijlab turganiga nima deysiz?! — M.T.)

“…Bizning qizlarimiz qanaqa bo‘lishgani haqida so‘rayapsizmi?! Cherno­va og‘iroyoq bo‘lishiga qaramay biqinida mina olib yurardi. Shunga qarab, ular qanday odam bo‘lganini muhokama qilavering. Biz buni muhokama qilmaganmiz, biz shunaqa edik. Boshqa bir dugonam shahar bo‘ylab o‘z qizalog‘ini yetaklab yurar, uning ko‘ylagi ostidan butun badaniga varaqalar yopishtirilgan, bechora qizaloq zorlanib: “Oyi, men siqilib ketayotibman…” deb yig‘lardi. Ko‘cha to‘la nemislar, politsiyachilar…”

Sofya Konstantinovna Dubnyakova, katta serjant, saninstruktor:

“…arosat yerda yarador leytenant, artileriyachi Kostya Xudakov qolgan, uni olib chiqmoqchi bo‘lgan hamshiralarni o‘ldirishayotgan edi. Ikkita sanitar-ovcharkalar emaklab ketdi (men ularni birinchi bora o‘shanda ko‘rdim), lekin ularni ham o‘ldirishdi. Shunda men telpagimni yechdim-da, bor bo‘yim bilan rost turib oldim, avvaliga past ovoz bilan, so‘ng balandroq ovozda o‘zimizning urushgacha juda urf bo‘lgan “Ya na podvig tebya provojala” ashulasini ayta boshladim. Ikki tomon — biz tomon ham, nemislar tomon ham jim bo‘lib qoldi. Kostyaning yoniga bordim, egildim, sudragich-chanaga yotqizdim-da, o‘zimiznikilar tarafga sudrab ketdim. Borayapman-u: “Ishqilib, kuragimdan otmasin-da, yaxshisi, kallamni mo‘ljallasin”, deb ketyapman. Lekin bexatar joyga yetgunimgacha bittayam o‘q uzilmadi…”

Vera Safronovna Davidova:

“Ayol kishini urushga borishga nima majbur etgan? Mening fikrimcha, bu bizning milliy xususiyatimiz, fazilatimiz, xosiyatimiz, sifatimiz. Bizning ayollar mamlakat halok bo‘layotganini, xalq halok bo‘layotganini ko‘rib turib, bola cho‘miltira olmaydi, tushlik tayyorlay olmaydi…”

Hamshira Natalya Ivanovna Sergeeva:

“Yaradorlarni bizga jang maydonidan to‘ppa-to‘g‘ri olib kelishar edi. Bir saroyda ikki yuz yarador kishi, men bir o‘zimman. To‘rt kun uxlamaganim, o‘tirmaganim esimda, hammasi tinmay qichqiradi: “Hamshira… Hamshira… Yordam ber!..” Men biridan ikkinchisiga yugurardim. To‘satdan qoqilib tushdim-da, shu zahoti uxlab qolibman. Baqir-chaqirdan uyg‘onib ketdim, komandir, yoshgina yarador leytenant sog‘ yonboshi bilan turib olib: “Jim bo‘ling! Jim bo‘ling, sizga buyuraman!” deb qichqirardi. U darmonsiz bo‘lib qolganimni tushungan, qolganlar esa “Hamshira… Hamshira…” deya chaqirgani-chaqirgan edi. Men sakrab o‘rnimdan turdim-da, yugurib ketdim — qayoqqa, nimaga — bilmayman. O‘shanda men frontga borib, birinchi marta yig‘lab yubordim…”.

Nikolay Borisovich:

“Qizlar urushga qiziqish uchun borishmagan. Mamlakat uchun, xalq uchun hayot-mamot davri edi. Professorlar xalq lashkariga olishlarini so‘rayotgan edi… Yaradorni jang maydonidan olib chiqib ketish nima edi o‘zi? Men hozir sizga aytib beraman… Biz hujumga o‘tdik, dushman pulemyot bilan o‘qqa tuta boshladi. Oqibatda batalonimiz sob bo‘ldi… Hamma tuproqqa belanib yotibdi… To‘g‘ri, hammasi ham o‘lmagan, bir qismi yarador edi. Nemislar o‘qni yomg‘ir qilib yog‘dirishyapti. Kutilmaganda transheyadan avvaliga bir qizaloq, ketidan ikkinchisi, uchinchisi sakrab chiqa boshla­di… Ular yaradorlarni tashishga tushishdi, hatto nemislar ham bir muddat hayronlikdan soqov bo‘lib qoldi. Kechki soat o‘nlargacha deyarli hammasi og‘ir yarador bo‘lgan qizlarning har biri besh-oltitadan odamni qutqargan edi. Ularni xasislarcha mukofotlashdi, chunki urushning boshida mukofotlarni sochishmas edi. Qoidaga ko‘ra, yaradorni quroli bilan olib chiqish kerak. Medsanbatdagi birinchi savol: “Quroli qani?” U vaqtlarda qurol kamchil edi. Miltiq, avtomat, pulemyot — bularni ham tashish kerak edi. Urush tugagach, ular — harbiy hamshiralar kishini vahimaga solar darajada himoyasiz bo‘lib qoldi… Mana, mening xotinim. U — ajoyib ayol, biz u bilan o‘ttiz besh yildan beri totuv yashab kelamiz. Uyam harbiy ayollarga yomon munosabatda. Ular urushga qalliq uchun borishgan, ularning bari u yerda kimgadir mahbuba bo‘lgan. Aslini olganda, bizlar ochiqchasiga gaplashib o‘tiribmiz, bu qizlar pok, sofdil qizlar edi. Lekin urushdan so‘ng har birimiz o‘z hayotimiz bilan ovora bo‘lib ketdik… — Nikolay Borisovich o‘ylanib qoldi. — Siz buni tushuna olmaysiz. Ifloslikdan, bitlardan, o‘limlardan so‘ng biror-bir go‘zallik qo‘msaladi. Chiroyli ayollarni… Mening bir do‘stim bo‘lardi, uni frontda bir go‘zal qiz sevar edi. Hamshira. Lekin u qizga uylanmadi. U frontdan qaytgach o‘ziga boshqasini, bo‘yanganini topdi. Oqibat bu xotin bilan bebaxt bo‘ldi. Endi u o‘sha qizni eslaydi, unisi unga do‘st edi. Lekin frontdan so‘ng unga uylangisi kelmadi. U qizni to‘rt yil mobaynida faqat dag‘al etikda ko‘rgan edi-da…”

Nina Yakovlevna Vishnevskaya, starshina, tank batal’oni saninsruktori:

“O‘n yetti yoshlarda edim, jussam esa kichkina. Biz qo‘rqinchdan ko‘ra vahimali holatga tushgan edik. Yorib o‘tishga urinib ko‘rishni chamalab kech bo‘lishini kutib o‘tiribmiz. Leytenant Misha X, kombat yarador bo‘lgani uchun uning vazifasini bajarayotgan edi. Yoshi o‘n to‘qqizlarda edi, bundan ko‘p emas.

— Sen hech bo‘lmasa bir bor totib ko‘rganmisan? — deb so‘radi.

— Nimani totib ko‘raman? — hayron bo‘lib so‘radim, chunki hammamiz o‘lgudek och edik.

— Narsani emas, kimni… Babu!

Urushgacha shunaqa ataladigan pirojenoye bo‘lardi.

— Yo‘-o‘-o‘q… — dedim.

— Men ham totib ko‘rganim yo‘q. Mana, o‘lib ketasan-da endi muhabbat nima ekanini bilmay… Bizni kechasi o‘ldirishadi…

— Nimalar deyapsan, ahmoq! — Uning gapi menga endi ayon bo‘lgan edi.

Seni o‘ldirishlari qo‘rqinchli emas edi. Hayotni bilmay turib, hech narsani ko‘rmay o‘lish qo‘rqinchli edi. Shunisi eng qo‘rqinchli edi. Biz hayot uchun o‘limga borar edik (Holbuki, ular ko‘rnamak Stalin uchun o‘limga borar edi, lekin u paytda “dohiy”ning makkorligini qayoqdan ham bilishsin! U hammaga o‘zini farishtadek pok deb ko‘rsatgandi. Keyinchalik sho‘rlik jangchi ayollar uning aldoviga uchganini eslab, qon yig‘lab o‘tdi, ming-ming afsus! -M.T.), lekin hali hayot o‘zi nima ekanini bilmas edik” .

Kimningdir kibru havosi uchun, saltanatlarni boshqarib turgan Stalin, Gitler, Mussolini kabilarning yolg‘on-yashig‘i yo‘lida millionlab hali o‘n gulidan bir guli ochilmay mayib-majruh bo‘lib qolish yoki bu olam bilan butun olamni yig‘latib juda ham erta ketish dahshatlarning ham dahshati ekanini ta’kidlash ortiqcha. Biroq hamon saboq chiqarmaganlar borligi-chi? Hozirgi ma’murchilik zamonida ham necha o‘n minglab yosh-yosh yigitlarni, necha yuz ming, millionlab go‘daklarni, ayol-erkak, chol-kampirlarning joniga qasd qilib, qurol-yarog‘ini sinovdan o‘tkazish, shu yo‘l bilan raqiblariga kuchli ekanini namoyish qilish, mustaqil davlatlarning yer-suvlarini makkorlik bilan bosib olish butun insoniyat uchun o‘taketgan sharmandagarchilik ekani kunday ravshandir.

Olga Vasilevna xotiralari:

“Biz ne uchundir farzandlarimizga urush haqida so‘zlab bermas edik. Men ordenlarimniyam bir voqeadan so‘ng uzib tashladim-da, boshqa taqmadim. Non zavodi direktori edim. Bir yig‘ilishda boshliq — uyam ayol kishi — ordenlarimni ko‘rib, hammaning oldida: “Sen nega temir-tersaklaringni taqib olib, o‘zingni ko‘z-ko‘z qilib yuribsan!” dedi. Uning o‘zida mehnat ordeni bor edi va doim taqib yurardi. Lekin mening harbiy mukofotlarim unga negadir yoqmadi.

…Ayollar qirq-ellik yoshga kirishganida ham obщejitlarda yashashardi…

Mening dugonam… Uning ismini keltirmayman, kim bilsin, xafa bo‘lib qoladimi… Uch marta og‘ir yarador bo‘ldi. Urush tugadi, tibbiyot institutiga bordi. Uning birorta ham qarindosh-urug‘i qolmagan edi, u judayam kambag‘al, nochor yashar edi, qornini to‘yg‘azish uchun farroshlik qilardi. Hech kimga o‘zining nogiron ekanini aytmas, hatto bu haqdagi hujjatlarini ham yirtib tashlagandi. Men “Nega bunday qilding?” deb so‘rasam u: “Unda menga kim uylanardi?” deya javob berdi. Nimayam derdim, “to‘g‘ri qilibsan”, dedim. U esa yig‘lab: “O‘sha qog‘ozlar menga endi kerak bo‘lyapti. Og‘ir kasalman…” dedi”.

Men ham o‘tgan asrning 50-yillarida qo‘ltiqtayoqda yurgan, qo‘lsiz yoki ikki oyog‘i yo‘q, jonini fido qilgan Vatani — sobiq Sovet ittifoqi tuprog‘ida emaklab yurib, gadoylik qilgan, xor-zor bo‘lgan urush qatnashchilarini ko‘cha- ko‘ylarda ko‘p ko‘rardim…

Saul Genrixovichning fikrlari ham shunga hamohang:

“Men g‘alaba uchun hech narsa qilganim yo‘q, men erkak odamman, bu mening burchim edi. Ularni, shunday urushga chidagan qizlarni esa qo‘lda ko‘tarib yurish kerak. Bu so‘zni har bir jangchi aytadi. Qizlarni urushga qo‘yib yuborish kerakmidi? Bilmadim… Lekin ular urushda bo‘lishdi va ulug‘ ish qilishdi. Ular biz kabi kirza etik, og‘ir shinel kiyib yurishdi, qorda uxlashdi. O‘qdan va oskolkalardan o‘lishdi. Yodimda, 9 may kuni Lenin prospekti bo‘ylab bir ayol borar edi — uning bayram ko‘ylagiga birgina medal — “Za otvagu!” tang‘ilgan edi. U yurib borardi va… xijolat tortardi. Menda shunday tuyg‘u bor ediki, borsam-da, uni bag‘rimga bosib: ’’Azizam, sening medaling uchun senga yergacha bukilib ta’zim qilmoqlik kerak…” desam. Biz barchamiz ularning oldida qarzdormiz…”

Serjant, zenit qurollari komandira Valentiina Pavlovna Chudayeva: “Kimgayam men yarador bo‘lganman, kontuziyada bo‘lganman deb ayta olardim. Aytib ko‘r-chi, shundan so‘ng kim seni ishga olarkan? Nimayam deyardim, mening oyoqlarim og‘riydi, juda tajang edim… Biz baliq kabi jim edik. Biz hech kimga jangchimiz deb ayta olmas edik. Keyinchalik bizlarni hurmat qila boshlashdi (Urush tugaganidan qirq yil o‘tgach! Ko‘pchiligi ungacha xor-zor bo‘lib, yo‘qchilikda, gadoylik qilib o‘lib ketishgan edi… — M.T.), uchrashuvlarga taklif qila boshlashdi, u vaqtlarda esa biz jim edik. Hatto mukofotlarimizni ham taqib yurmas edik. Erkaklar taqib yurishardi, ular g‘oliblar, qahramonlar edi; bizga esa butkul boshqa ko‘z bilan qarashardi. Erkaklar frontda bizni avaylashardi, osoyishta hayotda esa men ularning ayollarga shunday munosabatda bo‘lganini uchratmadim… Urushdan keyin askarlik kitobimizni yopishimiz shartligi biz uchun juda alamli bo‘ldi…

Menikida ikki yil avval shtab boshlig‘imiz Ivan Mixaylovich Grinko mehmon bo‘ldi. U alaqachonlar nafaqaga chiqqan. Men unga atab pirog pishirdim. Erim bilan suhbatlashib o‘tirib, qizlarimizni eslashdi. Men shunda uvvos solib yig‘lab berdim: “Izzat deysizlar, hurmat deysizlar! Qizlarning ko‘pi toq o‘tyapti, hatto uy-joyi ham yo‘q. Kim ularga rahm qildi? Himoya qildi?..” Qisqasi, ularning dilini xufton qildim…

Frontga ketganimda judayam yosh qizaloq edim. Nogiron bo‘lib qaytib keldim. Kasallikka taslim bo‘lmaslik uchun imkonim boricha intildim, sirtdan texnikumni tugatdim. Madaniyat institutidagi o‘qishimni esa yakunlay olmadim, bunga putur yetgan salomatligim sabab bo‘ldi.

Yolg‘iz yashayapman. Yaradorligim, kontuziyani boshdan o‘tkazganim uchun onalik baxtidan ham mosuvo bo‘lgan ekanman…”

Afsus, bora olmayman-da! Endi sizlar yo‘qsizlar. Bo‘lmasa, qolgan butun umrimni siz azizalarning ziyoratiga bag‘ishlagan bo‘lar edim. Pok ruhinglar oldida bir umr ta’zim qilib turguvchilardan biri — menman…

Olga Yakovlevna Omelchenko, o‘qchi rota saninstruktori:

“Hujumdan so‘ng kishi yuziga boqmagan ma’qul, chunki u yuz endi butunlay o‘zgacha, odamniki emas. Men u nima ekanini tasvirlab berishga ojizman. Nazarimda, hamma narsa qandaydir g‘ayrioddiy ko‘rinish oladi. Ularga qarash dahshatlidir…

Barchamiz bunday urushdan so‘ng, bunday azob-uqubatlardan so‘ng, daryo bo‘lib oqqan ko‘zyoshlaridan so‘ng olam go‘zal bo‘ladi, deya o‘ylardik. Hamma odamlar endi rahmdil, bir-biriga yaqin bo‘ladi, bir-birini yaxshi ko‘radi deya o‘ylardik… Axir hammaning boshidan shunday og‘ir qayg‘ular o‘tdi! U bizni bir-birimizga aka-uka, opa-singil qilib qo‘ydi! Biz bu kunni qanchalar orziqib kutgan edik… Lekin odamlar! Shu kunlarda yovuz odamlarni ko‘rganimda, o‘zi uchungina yashayotgan xudbinlarni ko‘rganimda, sira tushunolmayman: bu qanday qilib ro‘y berishi mumkin, bu qanday ro‘y berdi?”

Ko‘chadagi bezori bir-ikki odamni bezovta qilishi mumkin; bir qotil bitta, ikkita, boringki, yuzta odamning boshini yeyishi mumkin. Bir ablah soxta “dohiy” esa millionlab odamning boshini yeydi, baxtini yeydi, bolalarini yetim qiladi, xoru zor etadi… Rossiya neyrobiologlari odamda sovuqqonlik bilan o‘ldirish genini topishdi. Ular genetika muammolari mavzuida ma’ruza taqdim etib, unda odamning og‘ir jinoyatga intiltiruvchi genini kashf qilishganini izohlab berishdi. “Ilgari qotilliklar va boshqa og‘ir jinoyatlar jinoyatchida bo‘lib o‘tadigan impulsiv tajovuzkorlikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri natijasi deb kelinar va u bolalikdayoq e’tiborning hamda giperaktivlikning (ADHD) kamligi natijasida rivojlanadi, deb hisoblanardi”, deyiladi ma’ruzada. Lekin yangi natijalar avvaldan puxta o‘ylab va sovuqqonlik bilan qilinadigan aksariyat og‘ir jinoyatlar, qotilliklar mutlaqo u sindromlar bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatgan. Bunday sovuqqon jinoyatchilarda impulsiv yovuzlik kuzatilmagan, ular yaxshi tarbiya ko‘rgan, ko‘ngildagidek oilalarning farzandlaridir. Shunga qaramay ularda oldindan mo‘ljallangan, “sovuq” tajovuzkorlik yaxshi rivojlangan bo‘lib, uning mavjudligi ba’zi kamfaol dofamin retseptorining D4 shakli bilan bevosita bog‘liq ekan.

D4 — umurtqalilar domofin retseptorlarining besh xilidan biridir. Odamdagi D4 geni birinchi bora 1991 yili klonlashtirilgan. Bu gen uzunligi 387 aminokislota qoldig‘i bo‘lgan oqsilni kodlaydi. D4 genining variatsiyalarini turli fenotip hamda asabiylashishlar, jumladan, vegetativ nerv tizimining disfunktsiyasi, shizofreniya hamda yangiliklarni izlashga bo‘lgan qobiliyatini belgilovchi xulq bilan bog‘lashadi. D4 miyada oz miqdorda sintezlanadi. Shunday ekan, Gitler, Mussolini, Stalin kabi “dohiylar” tanasida bu gen yayrab-yashnagan bo‘lsa ne ajab. Umuman olganda, hozirgi davrdagi ba’zi urushqoq “dohiylar”ning ham shu genga qay darajada mute ekani tekshiruvdan o‘tkazilsa, balki necha millionlab odamlar jonini asrab qolish mumkin bo‘lar?!

N. A. Muhametdinova, oddiy askar, novvoy:

“Starshina so‘rayapti: “Qizaloq, sen necha yoshdasan?” — “O‘n sakkizdaman, nima edi?” — “Gap shundaki, bizga norasidalar kerak emas!” — “Nimani xohlasangiz, shuni bajaraman. Non yopsam ham mayliga”. Nihoyat olishdi…”

Sofya Adamovna Kuntsevich, starshina, o‘qchi rota saninstruktori:

“Uch marotaba yarador bo‘ldim, uch marotaba kontuziyaga uchradim. Urushda kim nimalarni orzu qilardi: kim uyga qaytishni, kim Berlingacha borishni, men esa birgina narsani — tug‘ilgan kunimgacha yashashni, o‘n sakkiz yoshgacha o‘lmaslikni orzu qilardim. Nima uchundir menga oldinroq, o‘n sakkiz yoshga kirmay o‘lmoq qo‘rqinchli edi. Shimda, pilotkada, doimo yaradorlarni ortmoqlab, tizza bi­lan emaklab yurganim uchun kiyimlarim yirtiq-yamoq bo‘lib ketgandi. (Hozir ham shunday kunlarni odamlarning boshiga solayotgan, shunday kunlarni soddadil odamlarga ravo ko‘rib, o‘zi jannatdan-da a’lo sharoitlarda yashayotgan “dohiylar” xuddi men kabi sizning ham ko‘z oldingizdan o‘tib turganiga mutlaqo shubha qilmayman, aziz o‘quvchim. — M.T.) Yodimda, bintlar yetishmas edi… O‘zimning ichki kiyimlarimni yirtib olardim, yigitlarga ham “Qani ichki ko‘ylaginglarni yechinglar, mening yaradorlarim o‘layotir”, derdim”.

Mariya Nesterovna Kuzmenko, katta serjant:

“Erkaklar jo‘natish punktiga borishib, kiyimlarini almashtirib olishdi. Bizga esa hech vaqo yo‘q. Bizga paytavagina berishdi; undan o‘zimizga ichki kiyimlar tikib oldik. Komandir bundan xabar topgach, bizni obdon so‘kdi.

Bizga kerak-da… Qarasak, askarlar daraxtga ko‘ylaklarini ilib qo‘ygan bo‘ladi. Ulardan bir juftini o‘marib ketamiz. Ular keyinchalik buni fahmlashib, kulishardi va “Starshina, bizga boshqa ko‘ylak ber… Qizlar biznikini olib qo‘yishdi…” deyishardi”.

Mariya Semenovna Kaliberda, serjant, aloqachi:

“Ketib borayapmiz. Ikki yuzta qiz. Jazirama issiq, yoz, ortimizdan qumda qizil dog‘lar qolyapti… Bu holatda nimaniyam yashira olarding? Izimizdan askarlar kelishyapti, o‘zlarini hech narsani ko‘rmaganga, sezmaganga solishmoqda… Bilasizmi, urush bizning yoshligimizni, ko‘pchiligimizdan onaligimizni ham tortib oldi. Qizlarni ayollikning eng oliy baxtidan mahrum qildi…”

Sobiq Sovet ittifoqi xalq artisti L.P.Aleksandrovskaya:

“Keyinchalik asta-sekin xirgoyi qila boshladim… Va yaradorning yuzi biroz titradi… U nimadir deb pichirladi. Men engashdim va “Yana ayting…” degan so‘zlarni eshitdim. Men yana va yana, repertuarim ado bo‘lgunicha va bosh shifokor “Uxlab qoldi, chamamda…” degunicha ashula ayta berdim. (Halima Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva, Tamaraxonim kabi qancha-qancha san’atkorlarimiz ham urush yillari umrining yarmini frontda o‘tkazgan deya eshitgan edim. — M.T.).

Nina Vasilevna Ilinskaya, katta serjant, hamshira:

“Men frontdan hech vaqosiz keldim. Ustimdagi gimnastyorkam, shinelim — shugina, xolos. (Barcha askarlarni shunday ship-shiydam qilib shilib uyiga jo‘natishgan. O‘ljalar — trofeylar generallarga qolgan, chamamda… — M.T.). Shu holimda hayotimni qayta boshlashim kerak edi. Yana turli ig‘volar… Yaqinda qirq yil bo‘ladi, mening esa hozir ham yonoqlarim lovullab turadi…

Erkak urushdan keldimi, u qahramon. Kuyov! Qiz bola qaytsa, unga darrov yovqarash: “Bilamiz, sizlar u yerlarda nima ishlar qilganinglarni!..” Butun urug‘-aymoq bosh qotiradi: kelin qilish mumkinmi yoki yo‘qmi? Ochig‘ini aytaman, biz yashirardik, biz frontda bo‘lganimizni gapirishni xohlamas edik. Biz yana oddiy qiz bo‘lishni xohlar edik. Kelin bo‘lishni istar edik…”

Aleksandra Ivanovna Xramova:

“Otryadimizda aka-uka Chimuklar bor edi… Ular omborxona ichida turib, obdon otishma qilishdi, so‘ngra hammayoqlari kuyib ketgan holda chiqib kelishdi. Ularni bo‘yinboq bilan olib yurib, hammaga taniysanmi, deya ko‘rsatib yurishdi. Butun boshli qishloq yig‘ilgan edi. Ularni ota-onasi turardi, hech kim aytmadi. Ona qichqirib yubormasligi uchun qanaqa yurakka ega bo‘lishi kerak edi… U o‘zini bildirib qo‘ymadi. Naq butun qishloqqa o‘t qo‘yishardi. Hamma narsaga mukofot bor, lekin har qanday mukofot, eng oliy Qahramon Yulduzi ham ushbu onaga kamlik qilar edi…”

Vera Mitrofanovna Tolkacheva:

“Urushdan keyin mening kulbamda faqat bolalarim hamda ikonamdagi rushnik qoldi. Qip-yalang‘och edik. Qizalog‘im maktabga bordi, faqat shunda men unga birinchi bora botinkachalar sotib oldim. U botinkachalari bilan uxlashga yotardi, yechgisi kelmasdi. Mana, hayotimiz qanaqa edi!

Bir yildan so‘ng eringiz — Vladimir Grigorovich Germaniyada, Berlin ostonasida halok bo‘ldi degan xat oldim. Men uning qabriniyam ko‘ra olmadim. Bir qo‘shnimiz soppa-sog‘, boshqasi oyoqsiz qaytib keldi. Men erim ham mayli oyoqsiz bo‘lsa-da, tirik qaytib kelganida edi, deya nadomatlar chekdim. Men uni qo‘llarimda ko‘tarib yurgan bo‘lardim…

Faqat qalbimda emas, qo‘llarimda ham jon qolmaydi eslaganimda. Uch o‘g‘ilcham qoldi, biri birini ko‘tarolmaydi. Xashak, o‘rmondan o‘tin bog‘lariniyam, kartoshka va urug‘likniyam o‘zim orqaladim… Hammasini faqat o‘zim… Omochni ham, boronani ham o‘zim tortdim. Nimayam qilar edim?! Bizning qishlog‘imiz urushda juda ko‘p talofot ko‘rdi. Biz ersiz qoldik. Otsiz qoldik. Otlarni ham urushga olib ketishdi. Urushdan so‘ng, sizga ochig‘ini aytsam, ayollar ham er o‘rniga, ham ot o‘rniga ishladi. Hamma narsani o‘zimga yuklardim. Men tag‘in ishlab chiqarish ilg‘orlaridan edim. Menga ikkita faxriy yorliq, bir marotaba esa o‘n metr chit berishdi. Xursandchilik bo‘ldiki, asti qo‘yaberasiz! O‘zimning uchala o‘spirin o‘g‘illarimga ko‘ylak tikib berdim.

Faqat bundan bu yog‘iga urush bo‘lmasin. Endi salomatligim yo‘q, le­kin sigirimni ushlab turibman. Mabodo aytishsaki, sigiringni ber, shunda urush bo‘lmaydi deyishsa, bergan bo‘lardim! Farzandlarim mening ko‘rgiliklarimni ko‘rmasa bo‘lgani”.

Antonina Grigorevna Bondareva, katta uchuvchi, gvardiya leytenanti:

“Erimdan qora xat olishim bilanoq frontga ketish harakatiga tushdim. Qizalog‘imni qaynonamga qoldirdim, lekin tez orada qaynonam o‘lib qoldi Erimning opasi bor edi, qizimga o‘sha qaray boshladi. Urushdan so‘ng men demobilizatsiya bo‘lganimda, u menga qizimni bermayman, dedi… Ular nochorlikda yashagan edi”.

Lyudmila Mixaylovna:

“Men bor-yo‘g‘i yigirma uch yoshda edim. …Mana bizlarni ishga olib ketishayotir. Endigina tusha boshlagan edik, birdaniga “Oyi, oyijon!” degan tovushni eshitib qoldim. Qarasam, Dasha xola turibdi, yo‘lak bo‘ylab qizim chopqillab kelayotir. Ular tasodifan ko‘chadan o‘tib borayotib, meni ko‘rib qolishibdi. Qizim yugurib kelganicha o‘zini bag‘rimga otdi. Tasavvur etasizmi, u yerda itlar, odamlarga tashlanish uchun maxsus o‘rgatilgan itlar turardi, lekin birorta ham it joyidan jilmadi. Qizim menga tashlandi, men bo‘lsam faqat: “Qizalog‘im! Natashajon, yig‘lama. Men tez orada uyda bo‘laman…” derdim xolos. Posbonlar turardi, itlar ham. Hech kim unga tegmadi…”

Nadejda Vikentevna Xatchenko:

“O‘g‘lim uzoq vaqtgacha otasini tan olmadi. Ularning ikkisini bir-biriga ko‘niktirishimga to‘g‘ri keldi. Erim ishdan kech keladi, men unga: “Namuncha kech? Dima: “Qani otam?” deb tashvishlandi”, deyman. U ham olti yillik urush mobaynida (yapon urushi ham nazarda tutilyapti. — M.T.) o‘g‘lidan begonasirabroq qolgan edi-da. O‘g‘limga biror narsa sotib olsam: “Otang buni sotib oldi, u sen haqingda qayg‘uradi”, derdim. Keyinchalik ular do‘stlashib ketishdi. Otasining aytib beradigan hikoyalari serob edi…”.

Anastasiya Vasilevna Voropayeva, yefreytor, projektorchi:

“Siz g‘alaba yo‘lini tasavvur eta olmaysiz! Polyaklar, frantsuzlar, chexlar, bolgarlar borishardi… “Bizning tengqurlarimiz urushni o‘lgandagina yodidan chiqaradi”.

Antonina Antonovna Lыchanaya, serjant texnik xizmat serjanti, meteorolog:

“Mening yodimda, g‘alaba kuni hammamiz yig‘lab: “Yo‘q! Yo‘q! Urush endi hech qachon bo‘lmaydi, hech qachon!” deb baqirganmiz”.

Vera Maksimovna Berestova, tibbiy xizmat leytenanti:

“Urushning birinchi kunidan oxirgi kunigacha frontda bo‘ldim. Yaralandim, bir marta Volgaga ham cho‘kib ketay deganman. Suzib o‘toldim, o‘zim bilan bir yaradorni ham sudrab chiqdim. Lekin muz ostida qolganim sababli bolali bo‘lolmadim”.

Tamara Stepanovna Umnyagina, gvardiyachi kichik serjant, saninstruk­tor:

“Stalingradda odam qonini shimmagan bir gramm ham yer qolmagan. Yangi askarlar keladi. Yosh, kelishgan, chiroyli yigitlar. Oradan bir-ikki kun o‘tib, hammasi halok bo‘ladi, hech kim qolmaydi. Men yangi odamlar kelishidan qo‘rqib qoldim. Ularning chehrasini, so‘zlarini yodda olib qolishdan ko‘rqar edim. Bir marta uch yuz kishidan kun oxirigacha o‘nta odam qolibmiz. Bizlar shuncha odam qolganimizdan so‘ng, hammayoqqa sukunat cho‘kkanidan so‘ng, tirik qolganimizga quvonib o‘pisha boshladik, yig‘lay boshladik.

Ular hamon ko‘z oldimda — bari-barisi. Mana yillar o‘tdi, qani endi kimnidir yoddan chiqarsam, jilla qursa bitta yuzni. Yo‘q, hech kimni unutolmadim, hammasini eslayman, barini ko‘rib turaman… (Yig‘laydi).

Ettinchi iyun men uchun baxtli kun bo‘ldi, shu kuni to‘yim bo‘ldi. Qismimiz bizga katta to‘y qilib berdi. Erimni men ko‘pdan beri bilar edim: u kapitan edi, rota komandiri edi. Mabodo tirik qolsak, urushdan so‘ng u bi­lan turmush qurishga qasam ichdik. Bizga bir oylik ta’til berishdi. Ivanov oblastining Kineshmasiga, uning ota-onasinikiga yo‘l oldik. Men qahramon kabi borar edim, frontdan kelgan qizni shunaqa kutib olish mumkin deb sira o‘ylamagan edim. Biz ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rgan edik, qancha onalarning bolalarini qutqarib qoldik, xotinlarga erlarini. Birdaniga… Men haqorat nimaligini bildim, men xafa bo‘ladigan so‘zni eshitdim. Bungacha faqat “tug‘ishganim singiljonim”, “aziz singiljonim” so‘zlaridan bo‘lak biror so‘zni eshitmagan edim. Men badbashara emas edim, men binoyidek, chiroylikkina edim… Kechki choyga o‘tirdik, onasi o‘g‘lini oshxonaga boshlab bordi-da yig‘lab: “Sen kimga uylanding? Frontchi qizgami… Sening axir, ikki singling bor. Kim endi ularga uylanadi?” dedi. Hozir ham shu gapni eslasam, yig‘lagim keladi (Qirq yil o‘tgach. — M.T.). Tasavvur etasizmi: men plastinkacha olib kelgan edim, uni judayam yaxshi ko‘rardim. Qo‘shiqda “Eng po‘rim tuflilarda yurishga munosibsan” degan so‘zlar bor edi. Bu front qizi xaqidagi qo‘shiq edi. Men shu qo‘shiqni qo‘ygan edim, katta singlisi bordi-da, ko‘z oldimda plastinkani sindirib tashladi, ya’ni shu bilan, sizlarda hech qanday huquq yo‘q dedi. Ular mening frontda tushgan barcha suratlarimni yo‘q qilib yuborishdi… Frontchi qizlar ko‘p jafo chekkan edi. Urushdan so‘ng ham jafolar yetarli bo‘ldi. Bizlarni qarovsiz qilib tashlab qo‘yishdi. Himoya qilishmadi”.

Al Isa kabi sarob g‘oyaga ishonib, necha million g‘ofil odamlar Germaniyada, necha million soddadil odamlar sobiq Sovet ittifoqida yoshligidayoq halok bo‘lib ketdi, mayib-majruh bo‘ldi, yolg‘on baxtga intilib, bebaxt bo‘lib qoldi. Baxtga yetib bordim deganlarning aksariyati qo‘liga gadoy to‘rvasi tutqazildi, peshonasiga xoin, sotqin, fohisha degan tamg‘alar manguga urildi. Mana, Vladimir Poznerning so‘zlariga quloq tuting: “German Gering degan feldmarshal bo‘lardi, u o‘zini-o‘zi Nyurnberg qamog‘ida o‘ldirish arafasida Amerika jurnalistiga intervyu berdi. Uning aytishicha, hech kim — na amerikaliklar, na ruslar, na nemislar urishishni xohlamaydi. Ularni qo‘rqitish kerak, xolos. Ularni kim daf qilayotganiga ishontirish kerak, xolos. Ularga yana kimki urushga qarshi chiqayotgan bo‘lsa, vatanparvar emas, deya tushuntirish kerak. Bo‘ldi, vassalom! Bu qayerda bo‘layotganining ahamiyati yo‘q — demokratik Amerikadami, Uchinchi reyxdami va yoki sovetlar diktaturasidami…

…Men ateistman, — deb ta’kidlaydi Pozner — …lekin Xudo bilan mabodo uchrashsam… men unga “Uyalmaysanmi! Axir, Bibliyada “bir dona soch tolasi ham sening boshingdan Uning irodasisiz tushmaydi…” deyilgan-ku, degan bo‘lardim”.

Ya’ni “Hammasiga Xudo aybdor”, demoqchi Pozner janoblari. Janob Po­zner, mard bo‘lsangiz, adolatli bo‘lsangiz, urishqoq, sadist “dohiy”larning aybini Xudoga ag‘darmang, ularning yuziga kech bo‘lmasdan shartta-shartta aytadiganingizni ayting qo‘ying, chunki qiyomatda savol berish huquqi hech bir bandada bo‘lmaydi. Shoir aytganidek, tarozibon:

“Aybingni biroz anglab olgandirsan, zukkosan, gapir,
Ular qancha bandalarning boshiga yetdi.
Sen ularni ko‘rib, bir so‘z dedingmi axir?!
Ilohiy dil bergan edi senga Xudoyim
Quloq sol deb sho‘rliklarning ohi-vohiga! Sen-chi… ”

deya qiyomatda savolga tutganida, harchand so‘zamol bo‘lsangiz-da, tilingiz guvala bo‘lib qoladi…

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2015 yil, 11-son