Akademik G.A.Pugachenkovaning “Xolchayon” nomli kitobi o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida chop etilgan. Kitob miloddan avvalgi III-I asrlarda taraqqiy etgan, hattoki gullab-yashnagan manzil, bugungi ibora bilan aytganda, bir shahar haqida ma’lumotlar beradi va bu shaharning nomini Xolchayon deb atagan muallif tafsilotlarini bayon qilar ekan o‘sha zamonda yoki miloddan biroz avval yozilgan bironta yozma manbaga suyanmaydi. Muallifning asosiy manbasi — arxeologik qazishlar chog‘i topilgan tangalar, taqinchoqlar, uy-buyum jihozlari, xumdon, qabristonlar, ustunlarning tag kursilari, poydevorlar, xullas yigirma uch asrdan beri tuproq tagida yotgan buyum — ashyolar.
Olimlar Xolchayonning quyirog‘ida, Surxon daryosining Qizilsuv daryosi bilan qo‘shilgan joyidan “Budrach” degan qadimiy istiqomat manzili — shahar qoldiqlarini topishdi. Mutaxassislar “Budrach”ni buddaga nisbat beradi. Demak, miloddan ilgari bu o‘lkalarda buddaviylik alohida mavqega ega bo‘lgan. Bu manzildan Qizilsuv daryosi bo‘ylab yuqoriga yursangiz Denov Tuproqqo‘rg‘onining poyidan chiqasiz. Daryo toshqinlari yuvib ketishi natijasida o‘pirilishlar chog‘i chiqqan ashyolarga qarab olimlar bu Tuproqqo‘rg‘on milodning III-IV asrlarida barpo etilganini taxmin qiladilar. Ikki daryo oralig‘idagi ana shu uch nuqtani birlashtirsangiz katta uchburchak hosil bo‘ladi. V.V.Bartold qadimgi, ya’ni miloddan ilgari dunyoga kelgan Chag‘oniyon davlatining poytaxti ana shu uchburchakning ichida joylashgan deydi. Bu fikrni muarrix Mahmud ibn Valining “Hududi Chag‘oniyonki imruz va Dexinav mashhur ast” degan so‘zlari bilan dalillaydi: Chag‘oniyon davlatining markazi hozirgi Denov shahrining o‘rnida, Tuproqqo‘rg‘on joylashgan yerda bo‘lgan degan fikrga kelish uchun bizga shu gaplarning o‘zi kifoya qiladi. Bundan tashqari V.V.Bartold tadqiq qilgan boshqa manbalarda ham Chag‘oniyon davlatining markazi Termizdan 24 farsax, bundan Chag‘onrud (Surxon daryosi) oqib o‘tishi alohida ta’kidlanganiga e’tibor qaratish ham Mahmud ibn Valining yuqorida ta’kidlagan so‘zlarini tasdiqlaydi.
XX asrning 60-yillarida Xolchayon qisman tadqiq qilindi — miloddan ilgarigi tarixiy obidalarning ustiga hozir turar-joylar qurilgan. Budrach xarobalari ham ekinzorlarga aylantirilgan. XX asrning oxirlarida tashqi tomoni yer bilan yakson bo‘lgan Tuproqqo‘rg‘on esa deyarli tadqiq qilinmagan. Bir yarim ming yil ilgari qurilgani taxmin qilingan bu tarixiy obida o‘tmishiga nafrat tuyg‘usini yaqqol ifodalash uchun uzoq yillar mol bozori qilib qo‘yildi. Tuprog‘idan esa hozir ham shaharda loysuvoq sifatida foydalanilmoqda…
Naqshbandiya tariqatining targ‘ibotchisi va namoyandasi Xoja Alouddin Attor hazratlarining Buxoroi sharifdan kelib, Denovni ixtiyor etishi va umrining so‘nggi kunlarigacha bu qutlug‘ maskanda istiqomat qilib qolishi ham Allohning yordami bo‘ldi. Bu tabarruk zotning atrofidagi 18 farsaxni asrashga kafilman degan nidolari doim qulog‘imizning tagida jaranglab turganday bo‘ladi.
Adib Mingziyo Safarov shunday yozadi: “Qadimgi Chag‘oniyon davlati arablar hujumini bir necha bor qaytardi. Qutayba boshliq arab lashkarlari 712 yilda Chag‘oniyonga bostirib kirgan edi. Biroq ular qattiq qarshilikka uchradilar. Lekin baribir arablar Chag‘oniyon davlatini bosib olishdi. Oradan yuz yillar o‘tgach, Chag‘oniyon yana rivojlana boshlaydi. Chag‘oniyon mo‘g‘ullar hujumiga qadar eng taraqqiy etgan boy mamlakatlardan biri bo‘lgan edi”.
XII asrning ulug‘ namoyandasi Nizomiy Aruziy “Majma’nun navodir” nomli kitobida shularni yozadi: “Farruxiy seyistonlik bo‘lib, Xalif ibn Bonuga qarashli o‘ulom Julugning o‘g‘li edi. Iste’dodi yuksak darajada bo‘lib, she’rni yaxshi yozardi. Chang ham chalardi. U seyistonlik dehqonlardan birining mulkida ishlar, dehqon esa unga har yili besh manlikdan ikki yuz kayl g‘alla, yuz dirham Nuxiy kumush pul berar edi. Bu narsalar uning sarf-xarajatlarini qoplab turar edi.
Farruxiy Xalaf yaqinlaridan biriga uylangach, xarji oshadi va bo‘yniga olaxurjin tushib, faqirlashib qoladi. Seyistonda esa uning amiridan o‘zga amir yo‘q edi. Shunda Farruxiy dehqonga: “Mening sarfu-xarajatlarim ko‘paydi, dehqon lutfu-karam qilib, g‘allani uch yuz kaylga, kumush pulni bir yuz dirhamga oshirsa, shunda mening xarajatimni qoplaydi”, deb iltimosnoma yozadi. Dehqon esa iltimosnomaning orqasiga “Xohlasang avvalgicha haq beraveraman, undan oshirishga imkoniyatim yo‘q!” deb javob yozib yuboradi.
Farruxiy buni eshitib g‘amga botadi. U kelib-ketuvchilardan olamning boshqa yerlarida birorta mo‘tabar kishining bor yoki yo‘qligi haqida surishtira boshlaydi. Agar bo‘lsa, o‘sha kishining huzuriga bormoqchi bo‘ladi. Oxiri Chag‘oniyonda amir Abdulmuzaffar Chag‘oniy borligi, u bunday toifadagi odamlarni tarbiyat qilishi va bu xildagi kishilarga hadya hamda qimmatbaho sovg‘alar in’om etishi, hozirgi paytda asr podsholari va zamon amirlari ichida bu sohada unga teng keladigani yo‘qligi haqida xabar topadi. Farruxiy bir qasida yozadi-da, o‘sha tomonga qarab ravona bo‘ladi:
Libos karvoni bilan jo‘nadim Seyistondan, Libosim ipi dilim, matosi esa jondan…Chag‘oniylar saroyiga yetib kelgan vaqtda bahor fasli bo‘lib, amir (otlarga tamg‘a bosiladigan) doggohda edi. Eshitishimcha, uning o‘n sakkiz ming biyasi bo‘lib, har bir biyaning orqasida toychog‘i bor edi. Amir har yili doggohga chiqar va toychoqlarni tamg‘alatar edi.
Amirning kadxudosi amid Asad saroyda qolgan bo‘lib, amirga olib borish uchun ziyofat ne’matlarini hozirlar edi. Farruxiy uning huzuriga kelib qasidasini ko‘rsatdi. Xoja amid Asad fozil kishi edi va shoirlarni yoqtirardi. Farruxiyning she’rlari yoqimli, chiroyli yozilgani, ammo uning o‘zi beo‘xshov, libosining orqa-oldi yirtilgan, boshida katta seyistoniy salla, kavushi eski, oyog‘i kir, she’ri esa yuksaklikda yettinchi osmonda ekanini ko‘rib, mazkur she’rlarni seyistoniy yozganiga ishonmadi. Uni sinab ko‘rish maqsadida: “Amir hozir doggohda, men uning huzuriga bormoqchiman, seni ham o‘zim bilan birga doggohga olib ketaman. Doggoh shunday chiroyli joyki, sen unda sabzalar olamidagi boshqa dunyoni ko‘rasan, hamma yoqda chaylalar, yulduz kabi chiroqlar. Chodirlarning har biridan rud ovozlari keladi, do‘stlar jam bo‘lib, sharob ichishadi va bazmu ishrat qurishadi. Amirning doggohi oldida har biri osmonga o‘rlagudek gulxan yoqilgan bo‘ladi. Bu yerda toychoqlarga tamg‘a bosishadi. Podshoning esa bir qo‘lida sharob, bir qo‘lida kamand. Sharob ichib, odamlarga ot in’om qiladi. Shu holga moslab qasida yoz, doggohni vasf qil, so‘ng seni ham o‘zim bilan birga amirning xuzuriga olib ketaman!” deydi.
Farruxiy chiqib ketadi va tunda ajoyib qasida yozib, tong saharda Xoja amid Asad huzuriga keladi. O‘sha qasida mana budir:
Ko‘k harirdan yuziga yopgach ro‘molni sabzazor, Etti xil rang parnayoni boshga soldi kuxzor…Xoja amid Asad bu qasidani eshitib hayron qoldi. Negaki, bunga o‘xshagan qasidani aslo eshitmagan edi. U barcha ishini yig‘ishtirib, Farruxiyni otga mindiradi-da, amir sari ravona bo‘ladi. Kun botish oldida amirning huzuriga yetib kelib, unga “Ey, olampanoh, senga bir shoirni olib keldim. Daqiyqiy yuzini tuproq niqobi bilan yashirgandan buyon hech kim bunday kishini ko‘rmagan!” deydi-da, bo‘lgan voqeani aytib beradi.
Amir Farruxiyni o‘z huzuriga kirishga ruxsat etadi. Farruxiy uning huzuriga kirib ta’zim qiladi, amir qo‘lini cho‘zib o‘tirish uchun joy ko‘rsatadi, hol-ahvol so‘rab, e’zozlaydi, iltifotlar ko‘rsatadi. Farruxiyning ko‘nglida umid uchqunlarini yondiradi. Qadah o‘rtada bir necha bor aylangach, Farruxiy o‘rnidan turib, xazin ammo yoqimli ovoz bilan bu qasidani o‘qiydi:
Libos karvoni bilan jo‘nadim Seyistondan…U qasidani o‘qib bo‘lgach, she’rni yaxshi tushunadigan va o‘zi ham she’r yozib yuradigan amir bu qasidaga lol qolganini aytadi. Amid Asad: “Ey olampanoh, sabr qil, hali bundan ham yaxshirog‘ini eshitasan!”, — deydi.
Shundan so‘ng Farruxiy to amir mast bo‘lmaguncha hech narsa demay, jim o‘tiradi. Keyin o‘rnidan turib, doggoh haqidagi qasidasini o‘qib beradi. Amir qattiq hayratga tushadi va hayrat ichida Farruxiyga qarab deydi: “Ming toychoq olib kelishgan. Hammasining yuzi oq, oyoqlari ham oq, Xatlon zotidan. Senga ixtiyor berdim, sen Seyistoniysan, chapdast kishisan, qancha tutolsang tut, bari o‘zingniki bo‘ladi!”
Sharob Farruxiyga qattiq ta’sir qilgan va uni tamoman elitgan edi. U tashqariga chiqadi, boshidan sallasini olib, o‘zini ot uyuri ichiga o‘radi, bir gala toychoqlarni oldiga solib, dasht tomon quvib ketadi. U o‘ngu so‘lga yugurar, toychoqlarni tinimsiz quvar, ammo birortasini ham tuta olmas edi. Oxiri o‘rda yonidagi vayrona rabotga duch keladi. Toychoqlar o‘zlarini rabot ichiga urishadi. Farruxiy qattiq charchagani uchun boshi ostiga sallasini qo‘yib rabotning yo‘lagida qattiq uyquga ketadi.
Toychoqlarni sanashsa, ular qirq ikkita ekan. Buni amirga xabar qiladilar. Amir rohat qilib kuladi, so‘ng taajjublanib deydi: “Toleyi kulgan kishi ekan! Uni hamda toychoqlarni ehtiyot qilinglar! Uyg‘onishi bilan menga xabar beringlar!” Podshohning amrini bajaradilar. Ertasi quyosh chiqishi bilan Farruxiy uyqudan turadi. Amir undan oldinroq uyg‘onib, bomdod namozini o‘qib bo‘lgan edi. U Farruxiyni qabul qilib, mehribonliklar ko‘rsatadi. Toychoqlarni esa uning odamlariga topshiradi. Amir Farruxiyga yasatilgan ot, ikkita chodir, uchta xachir, beshta qul, kiyish uchun libos va to‘shash uchun gilam in’om qiladi. Uning xizmatida Farruxiyning ishlari yurishib ketadi va a’lo darajaga yetadi.
So‘ngra u Yaminud Davla Mahmudning xizmatiga boradi. Sulton Mahmud uning shon-shavkatini ko‘rgach, hurmat nazari bilan boqadi. Shon-shavkatni shu darajaga yetkazadiki, uni yigirmata kumush kamarli g‘ulom otda kuzatib boradigan bo‘ladi.”
Bu tafsilotlar talqinga muhtoj emas deb o‘ylayman. Muhimi Chingizxon bosqinidan oldin chag‘oniyonliklarning qanday odamlar bo‘lishgani va ular qanday istiqomat qilishganidan misol.
Muallifi aniqlanmagan, ammo 982 yili yozilgan “Hudud-ul-olam” kitobidan: “Chag‘oniyon — (bir) xarob nohiya, (biroq) katta nohiya, ekinzorlari ko‘p. Dehqonlari erinchoq, darveshlar joyi, lekin noz-ne’matlari ko‘p. Odamlari jangovar va botir. Bu nohiyatning havosi toza, yeri hosildor va suvlari yaxshi, u yerda yilqi boqiladi, chakmon, gilam-to‘shak va ko‘plab za’faron tayyorlanadi. Bu nohiyatning podshosi muxtoriyat (huquqiga ega) hokimlardan hisoblanadi va uni Chag‘oniyon amiri deydilar!”
Yana shu kitobdan: “Chag‘oniyon — katta shahar, tog‘ etagida joylashgan. Ushbu nohiyatning bosh va markaziy shahri, oqarsuvli va xush havoli bir joy, odamlari darvesh.”
Manbalarda mavlono Ya’qub Charxiy hazratlarining bir muddat Denovda istiqomat qilganlari haqida ma’lumotlar bor: har qalay “Gul tanlamay sayragan u qanday bulbul ekan!” singari qanotli iboralarning qatida gap ko‘p-da!
Dehqonlarning aytishicha, har qanday azamat daraxtning ham bo‘yi uning tomiriga barobar bo‘lar ekan. Denovning bugungi salobatini uning qadim tarixi bilan izohlagan ma’qul deb o‘ylaymiz. O‘zingiz bilasiz, ildizlari chuqur bo‘lmagan daraxtni salgina hamla bilan yiqitish mumkin.
Tog‘ning ustida turgan odam uning yuksakligini his qilmagani singari Denovda istiqomat qilib turgan kishi bu shaharning qadimiyligini doim ham anglab yetavermaydi. Unga boshqalarning ko‘zi bilan yoki chetdan qarash kerak. Shunda u butun salobati bilan namoyon bo‘ladi. Denovda allaqanday joziba bor va u ijtimoiy ma’no mohiyatiga ega. Butun umrini Dalvarzintepa bilan Xolchayonni o‘rganishga bag‘ishlagan akademik Eduard Rtviladze bilan arxeolog Bahodir Turg‘unov yaqinda Denovga kelishdi. Va qizg‘in suhbatlarning birida Denovning o‘tmishi miloddan avvalgi 3 asrga borib taqalishi, balki undan ham qadimiyroq ekanini dalillar bilan isbotlab berishdi.
Toshtemir Turdiyev,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).