XX asr boshlarida Eron va Turkistonning ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalari
O‘tgan asrning boshlarida Turkiya, Eron, Hindiston va arab mamlakatlarida ham milliy inqilobiy harakatlar paydo bo‘ldi. Ularning ta’sirida Turkistonda ham mazkur mamlakatlar, jumladan, Eron bilan ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalar kuchaydi. Xuddi shu davrda, 1908 yilgi Eron inqilobidan keyin, Buxoro va Turkistonda Kalkutta shahrida nashr etilayotgan “Hablul matin”, Misrda chiqa boshlagan “Chehranoma” kabi fors tilidagi ilg‘or fikrli gazetalar hamda Zeynal Obiddin Marag‘oniyning “Ibrohimbekning sayohati” romani keng tarqaldi. Ayniqsa, “Ibrohimbekning sayohati” romanida Eron shohlarining mamlakatdagi zulm va zo‘rliklari, davlatni idora qilish usulidagi boshboshdoqliklar oqibatida mamlakat boshiga tushgan og‘ir kulfatlar ayovsiz fosh qilingan edi.
Bu roman Erondagina mashhur bo‘lib qolmay, balki Buxoroda ham keng tarqalgan va amir istibdodiga qarshi bo‘lgan ilg‘or fikrli yoshlarning dunyoqarashiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan edi. Bu haqda keksa adib Sadriddin Ayniy shunday yozadi: “Rus-yapon urushi boshlandi. Bu urush sababli ora-sira chiqib turg‘on “Tarjimon” gazetasi Buxoroga kelib tarqala boshladi. Hindistondan “Hablul matin”, Misrdan “Chehranoma”, “Parvarish” degan forsiy gazetalar kelib, urush xabarlari uchun gazeta o‘qimoqchi bo‘lganlarga boshqa fikrlar ham berardi.
Lekin ahvol bunday turmadi. 1905 yildan 1908 yilga kelib ahvol o‘zgardi. Ushbu ikki yil muddatda Qozon, Istanbul, Misr, Hindiston matbuoti Buxoroda yaxshigina rivojlandi. Xususan, bu borada fors tilidagi “Sayohati Ibrohimbek” Buxoroga tarqaldi. Ushbu kitob Eron ahvoliga doir yozilgan bo‘lsa ham tanqid qilingan jihatlari aynan Buxoroda ham bor edi. Shuning uchun kitobning mutolaasi ham Buxoroda ba’zi fikrlarning o‘zgarishiga sabab bo‘ldi”.
Eron hayotiga doir voqealar faqat Eron matbuoti va adabiyotlaridan tashqari Tiflisda chiqa boshlagan ozarbayjon hajviy jurnali “Mulla Nasriddin” orqali ham Buxoro va Turkiston aholisiga yetib kela boshlaydi. Jurnal sahifalarida bosilgan Eronda hukm surgan shohlik zulmi va Rusiya hamda Angliyaning bu yerdagi makkorona kolonial siyosatini ayovsiz fosh etuvchi asarlar bosildi. Jumladan, Jalil Muhammadqulizodaning “Eronda inqilob”, A.Haqberdiyevning “Og‘a Muhammad Gajar” asarlari, Mirza Aliakbar Sobir, Muhammad Hodi she’rlari ham Buxoro va Turkistondagi taraqqiyparvar adiblarning mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy ahvolga tanqidiy nazar tashlashga undadi. Jumladan, 1911 yilda Sidqi Ruhullo boshchiligidagi ozarbayjon artistlarining Buxoro va Samarqandda ko‘rsatgan teatr o‘yinlari paytida ozarbayjon dramaturgi va jamoat arbobi Narimon Narimonovning Nodirshoh haqidagi tarixiy dramasi qo‘yilishi katta madaniy hodisaga aylandi. Unda o‘rta asr Eron saltanatidagi fojiali ahvolni ko‘rsatish orqali yangi Eron podshosi Muhammad Ali va Buxoro amiri Amir Olimxonning yaramas usul-idorasi, xalqqa nisbatan jabr-zulmi mazkur mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy ahvolini tobora og‘irlashtirganiga ishora qilingan edi. Bu asarlar o‘z navbatida Buxoro va Turkistonda faoliyat ko‘rsatayotgan Behbudiy, Ayniy, Fitrat, Saidrizo Alizoda kabi ma’rifatparvar adiblarning ijtimoiy-siyosiy qarashlariga ta’sir etmay qolmaydi. Jumladan, Fitrat 1911 yilda Turkiyada o‘qib yurgan vaqtlarida Istanbulda fors tilida yozgan “Munozara” (1911) publitsistik asarida Buxoro amiri Olimxonning mamlakatdagi idora usuli yaroqsizligini va u amirlikning iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy jihatdan orqaga ketishiga sabab bo‘layotgani, nodon, johil amir amaldorlari, mutaassib din arboblarining qiyofalarini ayovsiz fosh qilib tashlaydi. Ular haqiqiy islomdan mutlaqo bexabarliklari tufayli muqaddas islomni oyoqosti qilayotganliklarini afsus va nadomat bilan ko‘rsatib beradi. Fitrat mazkur asarida Eron inqilobchilari Sattorxon va Boqirxonlarni, Turkiya inqilobchilari Anvarbek va Niyozbeklarni chuqur hurmat bilan tilga olib, ularni mamlakatning islohoti va mustaqilligi uchun haqiqiy kurashchilar sifatida olqishlash orqali ulardan ibrat olishga da’vat etgandek bo‘ladi. Masalan: “Farangi (mudarrisga): –Zero, bu zamon madaniyat zamonidir. Madaniyat degani muvozanat (o‘zaro bir-biriga yordamlashish) demakdir.
Tasavvur qiling: Niyozbek, Anvarbeklarning Istanbul Mashrutasi (Konstitutsiyasi) uchun qilgan mehnatlari taraqqiyparvarlik bo‘lmay, nimadir. Eron mashrutasini so‘rab chiqqan Sattorxon va Boqirxonning o‘z jonini qo‘llariga olib, har tarafga yugurishlari elning osoyishtaligi uchun bo‘lmay, nima edi”.
“Ay, g‘aflatdagilar! Tokayga tajohul? Insonni g‘arib kunga solding.
Ay, bexabarlik vodiysining gumrohlari, magar qisqa muddatda Arabistondan tortib, to Hind, Totoriston, Turkiston, Rum, Eron, Andaluzni madaniyat nuri bilan ravshan etgan bu islom emasmidi? Islom madaniyati qani? Ilmga nima bo‘ldi?”
Bu asar keyinchalik Hoji Muin tomonidan turkiyga ham tarjima qilinib, alohida kitob shaklida Eron, Afg‘oniston, Turkiya va ichki Rossiyadagi Qrim, Tatariston va boshqa yerlarga tarqaladi. Bulardan tashqari Afg‘oniston, Turkiya, Hindiston kabi Eronga ham Buxoroda nashr etilayotgan yangi turkiy va forsiy adabiyot hamda gazetalar yetib boradi. Bu haqda keyinchalik Hoji Muin Shukrullayev o‘zining “Samarqand matbuoti tarixi” (1925) maqolasida shunday xotirlaydi: “Eron gazetalarining Tehronda chiqqan “Tarbiyat” bilan, Kalkuttada chiqqan “Hablul matin”ni biz faqat rus-yapon urushi vaqtlaridagina ko‘rduk. Bu ro‘znomalar bunda ba’zi Eron savdogarlari orqali olinar va tarqatilar edi. “Oina” majmuasi Turkistondan boshqa Tatariston, Qofqoz, Afg‘oniston, Eron, Turkiya va Misrga tarqalar va har yerda suyub o‘qishar edi.
1919 yilda viloyat firqa qo‘mitasi tomonidan haftalik forscha “Shu’layi inqilob” majmuasi chiqarilib, uning muharrirligiga Saidrizo Alizoda tayin etildi. Bu majmua Buxoro, Eron, Afg‘onistongacha tarqalar edi. Majmuaning doimiy yozishg‘uvchilari Saidrizo bilan Ayniy afandi edilar”.
Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan turkiy va forsiyda nashr etila boshlagan “Oina” (1913–1915) jurnali ancha mashhur bo‘lib, jurnal sahifalarida Turkiston va Buxoroning iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy-adabiy hayoti bilan birga Xitoy, Hindiston, Afg‘oniston, Turkiya, Rossiya, Eron hayotiga doir ham turli qiziqarli materiallar bosilib turardi.
Jurnal o‘zining “Eronda” nomli maqolasida mamlakatda tinchlikni ta’minlash uchun o‘zining rasmiy jandarm soldatlari sonini ko‘paytirib, ularni mamlakatning turli viloyatlariga tarqatajagi, ularga qo‘mondonlik qilish uchun Sibiriya va Angliyadan bir qancha ofitserlar taklif qilinajagi xususida yozadi:
“Eron davlati mamlakat osoyishig‘a ma’mur jandarmalarni 25 ming nafarg‘a yetkazmoqqa qaror berubdur. Alar endi muntazam askarlar o‘rnini olib, Eron ichidagi barcha viloyatlarga taqsim bo‘linib borurlar. Mazkur jandarmalarga qo‘mondonliq va mashshiqlik qilmoq uchun Sibiriyadan bir necha zobit muallim keltirmoqlikka qaror berubdur” deb yozadi (Qarang: “Eronda”, “Oina” jurnali, 1914 yil, 31-son). U o‘zining “Eron jaridalari” maqolasida Eronda avval ta’qib etilgan ayrim matbuot nashrlari qayta chiqa boshlaganligiga to‘xtab o‘tadi.
Ma’rifatparvar Saidrizo Alizoda 1917 yilgi fevral inqilobidan so‘ng muvaqqat hukumat davrida Turkistondagi mavjud iqtisodiy tanglik, xalqning og‘ir ahvoli, hukumat mahalliy idoralarining beparvoligi, savdogarlarning esa bu g‘am va tashvishlardan begonaliklari haqida achinib yozadi. (Masalan, “Bog‘ishamolda ochlik”, “Hurriyat” gazetasi, Samarqand, 1917 yil, 3 iyul va hokazo) U 1916 yilda o‘zbekcha “Agent telegraflari”, 1917 yil fevraldan so‘ng forsiy “Varaqayi telegraf” varaqalarini chiqaradi, ular Turkiston va Buxoro hamda Eron va boshqa joylarga ham tarqaladi. O‘zi Samarqanddagi yangi usul maktablarda muallimlik qilib, ular uchun “Alifbo” kitobi ham yozadi.
Turkistonda o‘qigan eronlik ma’rifat shaydolari ayrim xabar va maqolalarni Buxorodan Qohirada fors tilida chiqadigan “Chehranoma” gazetasiga yuborib turganlar. Jumladan, ulardan birida “Tabrizda shu kunlarda boylar chayqovchilik bilan shug‘ullanish bilan band, bu yerda esa na bir maktab, na bir gazeta, na bir taraqqiyot bor”, deb yozgan edi. Eron inqilobi arafasida e’lon qilingan shunga o‘xshash maqolalarning o‘ziyoq o‘sha vaqtlarda Turkistonda yashab turgan Eron fuqarolari o‘z mamlakatlarining shohlik tizimi va imperialistik mamlakatlar qaramligidan qutqarish borasida qanchalik qayg‘urganligini ko‘rsatadi.
Eron inqilobi yengilgandan keyin ko‘plab mujohid va fidoyilar O‘rta Osiyo va Kavkaz ortida panoh topdilar. Masalan, 1912 yilda Toshkentga Erondan kelgan eronlik fuqarolarning soni bu yerdagi boshqa xorijliklarga qaraganda ko‘p edi. Shu bilan birga Turkiston va Buxoroning Eron bilan 1905–1917 yillar orasida bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalari chorizmning Turkistondagi mustamlaka boshqaruv idorasini tobora tashvishga sola boshlaydi. Jumladan, bu haqda Turkiston general-gubernatorining idora boshqarmasi, hatto 1905 yil birinchi rus inqilobiga qadar ham Turkistonga Kalkuttadan kelib turgan fors tilidagi ilg‘or fikrli “Hablul matin” haqida fikr so‘rab missioner N.P.Ostroumovga 1902 yil 7 martda shunday maktub yo‘llaydi: “Nikolay Petrovich janobi oliylari, Buxorodagi siyosiy agentlikning boshlig‘i general-gubernatorimizga maktub yo‘llab, Kalkuttada fors tilida chiqadigan “Hablul matin” gazetasi Turkistonda taqiqlanganmi yoki yo‘qligini aniqlab berishni so‘rayapti.
Eron inqilobi bostirilgandan keyin ancha yil o‘tgandan keyin, 1916 yil fevral oylarida yozilgan Rossiya siyosiy agentligining Buxorodagi ayrim maxfiy xatlarida ham Eron bilan Turkiston o‘rtasida bo‘layotgan o‘sha vaqtdagi ayrim aloqalardan cho‘chish, ularni Rossiyaning Eron va Turkistondagi siyosiy manfaatlariga zid deb baholash, bu borada zudlik bilan choralar ko‘rish lozimligi taklif qilinadi. Bu haqda 1916 yil 23 fevralda Ashxobod shahridan janob Rotmeystr Firks mutlaqo maxfiy tamg‘asi ostida, o‘z xo‘jayini, ichki ishlar ministri o‘rtoq Belenkovga shunday yozadi: “Agentura ma’lumotlariga qaraganda, 1915 yilda Buxorodagi fors agenti Miralixonning yashirin xabariga ko‘ra, Boku orqali Qoraboqqa ko‘p forslar kelishgan. Hozir bizning qo‘shinlarimiz Eron hududiga kirgan ekanlar va ruslarning Eronga ta’siri shunchalik kuchaya boshlagan ekan, Erondagi Rossiyaga nisbatan ochiq norozi bo‘lganlarni bandi qilib, ularni kazaklar qo‘li bilan u yerdan chiqarib yuborish payti keldi. Bundan tashqari, men yana shu narsani ham taklif qilishga botinamanki, hozirgi paytda ahvol Kaspiyorti viloyatidan Ashxoboddagi fors savdo agentligini tugatib yuborishga to‘la imkoniyat beradi”.
Turkistonning Eron bilan bo‘lgan bunday ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalari, 1917 yil fevral inqilobi va Oktyabr to‘ntarishidan keyin, ayniqsa, sovet hokimiyatining dastlabki yillaridan boshlaboq yangi bir ijtimoiy-siyosiy va g‘oyaviy yo‘nalishga duchor bo‘ldi.
1917 yil fevral inqilobidan so‘ng Turkistonda ham mustaqillik va erkinlik uchun kurash harakatlari jonlanib ketdi. Shu munosabat bilan Samarqanddagi “Hurriyat” gazetasi, Toshkentdagi “Ulug‘ Turkiston” (1917–1918) va boshqa matbuot sahifalarida mazkur g‘oyalar targ‘ib va tashviq qilindi. Hatto shu davrlarda Eronda Rossiya elchisi vazifasida ishlab turgan vatandoshimiz samarqandlik Abdurahim Farhodiyni ham Turkistondagi milliy mustaqillik uchun kurash ishlariga rahnamo bo‘lishga da’vat etuvchilar bor edi:
Rossiyadagi 1917 yil Oktyabr to‘ntarishidan keyin o‘rnatilgan bolsheviklar hokimiyati umuman butun mazlum mustamlaka Sharqi kabi Eronga nisbatan ham o‘zining yangi g‘oyaviy-siyosiy maslagini o‘tkazish yo‘llarini izlay boshladi. Shu maqsadda 1919 yilda “Sharqda baynalmilal targ‘ibot kengashi” tuzildi. Bu kengashning g‘oyaviy-siyosiy ta’sirida Turkistonda ham Eron bilan ham yangicha ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Samarqandda chiqa boshlagan fors tilidagi “Shu’layi inqilob” (1919–1920 yillar), Toshkentdagi “Sharq” (1919), “Inqilob” (1922) kabi jurnal sahifalarida bosilgan S.Ayniy, N.To‘raqulov, S.Alizoda, Fitrat, Ibrohim Tohiriy, Cho‘lpon va boshqalarning maqolalarida Afg‘oniston, Hindiston, arab mamlakatlari, Turkiya kabi Erondagi ijtimoiy-siyosiy ahvol va bu yerlardagi milliy mustaqillik uchun bo‘lgan harakatlar keng yoritilib, ularga xayrixohlik izhor etildi. Ayniqsa Fitrat va Cho‘lponning maqolalarida sobiq Rossiya va Angliyaning Eronga nisbatan tutgan mustamlakachilik siyosatlari, Eron milliy istiqlolchilari va vatanparvarlarini qatli omga uchratib, mamlakat mustaqilligiga qilgan tahdidlari va bu yo‘lda Muhammad Ali kabi qo‘g‘irchoq shohlardan foydalanganliklarini keskin tanqid qilish ruhi alohida bo‘rtib turadi. Jumladan, Cho‘lponning “Eronda guruh janjallari” (1923) maqolasida Eron shohi Muhammad Alining o‘z xalqiga nisbatan sotqinligi, Rossiya, Angliya hukumatlariga malaylik qilib, mamlakat va xalq moddiy boyliklarini ularga talatib qo‘yganligi qattiq tanqid qilinadi. Shoir Eron milliy istiqlolchilari Odessa shahriga qochganligini hajviy bo‘yoqlarda beradi.
Sovet davlatining dastlabki yillarida Turkiston bilan Eron orasida bo‘lib turgan ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalar kommunistik rejimning g‘oyaviy nazorati kuchayishi bilan asta-sekin so‘na boshladi. Bora-bora Turkistonda faol ish olib borgan o‘zbek va tojik taraqqiyparvar ziyolilar chet el agenti, Turkiya, Afg‘oniston yoki Eronning josuslari bo‘lgan, Turkistonda sovet tuzumiga qarshi tashviqot olib borgan degan soxta ayb bilan qatag‘on qilib yuborildi.
Jumladan, Saidrizo Alizodaning og‘ir qismati bunga yaqqol misol bo‘la oladi. U 1913–1915 yillarda “Oina” jurnalida, 1917 yilda “Hurriyat” gazetasida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hoji Muinlar bilan, 1918 yilda “Shu’layi inqilob” jurnalida S.Ayniy, Hoji Muin va boshqalar bilan birga samarali ish olib bordi. Ma’rifatparvar Turkistonda o‘zbek va fors tilida chiqadigan matbuot nashrlarida faoliyat ko‘rsatish bilan birga, bu mahalliy nashrlarning xorijiy Sharq mamlakatlarida, jumladan, Eronga tarqalishida, shuningdek, chet ellardagi ilg‘or matbuotning Turkistonda keng yoyilishida muayyan rol o‘ynagan edi. Adib 1938 yil 5 fevralda qamoqqa olinadi. Unga Samarqanddagi eroniylar mahallasida sovetlarga qarshi targ‘ibot-tashviqot olib borgan chet el josusi, jadid degan soxta ayblar qo‘yiladi. S.Alizoda bu ayblar asossizligini isbotlashga urinadi. Jumladan, 1939 yil 3 martda bo‘lgan tergovlardan birida undan Samarqandning Bog‘ishamol mavzeidagi eronliklarni Eron fuqaroligiga o‘tishga yordamlashganman deb ko‘rsatma berishni talab qilishadi. Shunda u tergovchiga: “Men sovet hukumatiga qarshi xat yozganim yo‘q va mahalliy eroniylarni ham Eron fuqaroligiga o‘tishga iltimos qilgan emasman” degan qat’iy rad javobini beradi.
Saidrizo Alizoda Ichki ishlar xalq komissarligining 1941 yil 16 sentyabrdagi majlis qarori bilan sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borgan chet el razvedkasi agenti sifatida 5 yilga qamoq-surgunga yuboriladi. U 1945 yil 24 dekabrda Rossiyaning Vladimirsk shahridagi qamoqxonalardan birida vafot etadi.
XX asr boshlarida Turkiston bilan qo‘shni mamlakatlar orasidagi madaniy, ijtimoiy-siyosiy aloqalar mavzui hali chuqur tadqiq etilgan emas. Bu borada ko‘pdan-ko‘p hujjatlar, o‘qilmagan sahifalar o‘z tadqiqotchilarini kutib turibdi. Tariximizning noma’lum sahifalarini o‘qish va xolis yoritishdek qutlug‘ an’ana davom etmoqda.
Sherali Turdiyev, filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 10-son