Xudoyorxonning Angliyada, qirolicha Viktoriya huzurida bo‘lgani, xonlik taqdiri borasida u bilan muzokaralar olib borgani haqidagi hujjatlardan xabardormisiz? Bu xon uchun Vatanni mustamlakachilardan asrab qolishning so‘nggi chorasi edi. Xudoyorxonning bu yo‘lda chekkan zahmatlari ozmuncha edimi?
Uning taxtga uch marta — 1845, 1862 va 1865 yillarda chiqib, yigirma besh yil chamasi mamlakatni boshqarganligi ko‘pchilikka ayon. Xudoyorxon ilk bor 1858 yili akasi Mallaxon tomonidan, so‘ngra 1863 yili mashhur Alimquli tarafidan taxtdan judo qilingan. Uch yildan ortiqroq muddat taxt sohibi bo‘lgan Mallaxon 1862 yil boshida bir guruh saroy a’yonlari tomonidan o‘ldiriladi. Alimquli 1865 yili Toshkent shahriga bostirib kelgan rus askarlari tomonidan, u taxtga o‘tqazgan yosh Sulton Saidxon esa Buxoro amiri Muzaffar farmoyishiga ko‘ra qatl etiladi. Toshkentda hayot-mamot janglari borayotgan bir pallada Xudoyorxon amir homiyligidan foydalanib, Qo‘qon xonligi taxtini uchinchi bor egallaydi. Shundan so‘ng 10 yildan ortiqroq muttasil hukmfarmolik qiladi.
Akasi Mallabekning Musulmonqulini yengishdagi jasoratiga tan bergan Xudoyorxon 1852 yildayoq xonlik taxtini unga taklif etgan, o‘zi uning xizmatida kamarbasta bo‘lishini aytgan. Lekin Mallabek xon taklifini qabul qilmagan, ukasini o‘z ra’yiga yurgizadigan ba’zi maslahatlar berish bilan kifoyalangan edi. Oradan besh yil o‘tgach, mamlakat hududlaridan birida yuz bergan tartibsizliklarni bostirish uchun qo‘shin bilan jo‘nab, o‘rniga vaqtincha Mallaxonni qoldirganida akasi darhol kuch to‘plab, hokimiyatni qo‘lga olishga qat’iy kirishadi. Bundan xabar topgan Xudoyorxon darhol Qo‘qonga qaytib, o‘z taxtini egallaydi. Mallabek Qo‘qondan qochib ketadiyu bir yil chamasi vaqt ichida ko‘p askar yig‘ib, xonlik taxtini egallaydi. Xudoyorxon esa Buxoroga qochib, 4 yil davomida taxtga qaytish ishtiyoqida zahmatli hayot kechiradi. Ikkinchi marta taxt qo‘ldan ketganidan keyingi muddat ikki yilni tashkil etib, bu davrda ham Xudoyorxon Buxoroda oldingi ayanchli hayotini davom ettirib, amir Muzaffarning barcha xo‘rliklariga chidab kun ko‘radi.
Lekin uchinchi, so‘nggi bor taxtdan ajralishning Xudoyorxon uchun qanchalar zo‘r fojia bo‘lganini so‘z bilan ifodalash qiyin. Xon taxtdan judo bo‘lishidan ikki-uch yil oldin qirg‘iz jamoalari orasidan Ishoq Hasan o‘g‘li degan bir nosfurush Samarqandda mullavachchalik qilayotgan, asli xon avlodlaridan bo‘lgan Po‘latxon nomidan taxt da’vosi bilan chiqadi va atrofiga ko‘p askar to‘plab, katta xavf tug‘dira boshlaydi. Xudoyorxonning katta fojiasi shundaki, uning eng ishongan lashkarboshilari Abdurahmon oftobachiyu Iso avliyogacha, Marg‘ilon begi lavozimidagi inisi Sulton Murodu farzandlari Nasriddin bilan Muhammad Aminbekkacha o‘z qo‘l ostilaridagi o‘n minglab askarlari bilan birin-ketin soxta Po‘latxon tomoniga o‘tib ketadilar. Xon uchun bundan ko‘ra dahshatliroq holni tasavvur etish qiyin. Xonni taxtni tashlab rus bosqinchilaridan panoh so‘rab borishga majbur etgan soxta Po‘latxon, aslida nosfurush Ishoq Hasan o‘g‘li esa, taxtga aslo munosib bo‘lmagan, o‘ta to‘pori, jallodtabiat odam edi. U taxtda o‘tirgan uch oycha muddat ichida shuncha odamning qonini to‘kdiki, unga zamondosh muarrixlar asarlarini, arxivlarda saqlanib qolgan hujjatlarni ko‘rganda kishining tepa sochi tikka bo‘lib ketadi. Masalan, Umidiy-Havoiy «Maktubchai xon» dostonida soxta Po‘latxon yosh go‘daklarni kundaga qo‘yib chopishga zo‘r bergani uchun uni «Zahhoki soniy» deb ataydi. Xudoyorxonning soxta Po‘latxon kundasiga qo‘yilib chopilishdan arang qutulgan o‘g‘li Ibn Yaminbek «Turkiston viloyatining gazeti»da chop etilgan tarjimai hol asarida bu qonxo‘r yaqindagina u bilan yonma-yon turib, akasi Xudoyorxonni taxtdan ag‘darish uchun kurashgan hamtovog‘i Sulton Murodbekning o‘zinigina emas, balki uning hali balog‘atga yetmagan olti o‘g‘lini, shuningdek, xonning biri uch yashar, ikkinchisi to‘rt yashar go‘daklarini ham qilichdan o‘tkazganligini cheksiz alam bilan yozadi.
Xonlikni bosib olishda alohida «fidoyilik» ko‘rsatgan general-mayor Skobelov 1875 yil 4 noyabrda fon Kaufmanga bergan ma’lumotlarni o‘qisak, soxta Po‘latxonning yuqoridagi ishlari ham holva bo‘lib qoladi:
«Po‘latxonni haddan tashqari shafqatsiz va o‘jar odam demoqdalar. Aytishlaricha, Po‘latxon bir mo‘tabar odamni o‘ldirmaslikni iltimos qilgani uchun hatto o‘z otasini qatl etishga buyuribdi (Respublika Markaziy arxivi, 715-jamg‘arma, 1-qayd, 65-ish, 38-sahifa)».
Ana shularning hammasidan keyin bu jallodlar jallodini «xalq ozodlik harakati rahnamosi» shohsupasiga ko‘tarib, u haqda risola chop ettirayotgan, hatto unga qahramon sifatida maqtovlar aytayotgan ba’zi tarixchilarimizning haqiqatga zid ishlari kishini ajablantiradi. Shunisi ham borki, «O‘zbekistonning yangi tarixi»da: «vatan ozodligi uchun jon olib, jon bergan xalq qahramoni, istiqlol jangchisi» deya ko‘klarga ko‘tarilgan soxta Po‘latxon ezgu maqsadlar uchun so‘nggi nafasigacha kurashgan fidoyi shaxs emasdi, aslo. Buni shundan ham bilsa bo‘ladiki, u rus bosqinchilariga taslim bo‘lish maqsadida 1876 yil 18 yanvarda Rossiya hukumatining Xo‘janddagi hokimi baron Nolde huzuriga Mir Badal oxund boshchiligida 14 kishidan iborat elchilarni yuboradi. Nolde ularni Toshkentga jo‘natadi. O‘sha kunlarda Peterburgda bo‘lgan fon Kaufman buyrug‘iga ko‘ra soxta Po‘latxon elchilari Qo‘yliqda to‘xtatilib, ular bilan hech qanday rasmiy uchrashuv o‘tkazilmay, orqasiga qaytarib yuboriladi (Respublika Markaziy arxivi. 1-jamg‘arma, 34-qayd, 327-ish, 7-11- sahifalar)».
Xullas, Xudoyorxon taxti uni tortib olganlarning hech biriga vafo qilmadi. Ularning hammasi oradan biroz vaqt o‘tgach, taxtga ko‘z tikkan boshqa da’vogarlar tomonidan qatl etildi.
Ma’lumki, Toshkent uchun hayot-mamot janglari borayotgan bir pallada Xudoyorxon amir Muzaffar homiyligidan foydalanib, xonlik taxtini uchinchi marta egallaydi. Shundan keyin o‘n yildan ortiq muttasil hukmronlik qiladi. Xuddi ana shu davrda chor askarlari xonlikning Xo‘jand, Buxoro amirligining Jizzax, O‘ratepa singari g‘oyat muhim ijtimoiy-iqtisodiy viloyatlarini bir yilning o‘zida, ya’ni 1866 yili bosib oladilar.
Ana shu bosib olingan viloyatlar hisobiga kengayib ketgan Turkiston gubernatorligi 1867 yilga kelib, general-gubernatorlikka aylantirildi, general-ad’yutant Konstantin Petrovich fon Kaufman o‘lkaning bosh hukmdori sifatida ish boshladi.
Xudoyorxon xonligining uchinchi muddatida qariyb 8 yil mobaynida ana shu o‘ta shafqatsiz va ilonning yog‘ini yalagan general-gubernator bilan murosayu madora yo‘llarini izlab, g‘oyat qaltis sharoitda saltanatni boshqarishiga to‘g‘ri keldi. Fon Kaufman Xudoyorxonga qanday munosabatda bo‘lganini ko‘rsatuvchi ba’zi arxiv hujjatlarini keltiraylik. 1867 yil yozi oxirida general-gubernatorlik faoliyatini boshlagan fon Kaufman dastlabki oylardayoq Qo‘qon xonligi bilan munosabatlarini «xo‘ja ko‘rsin»ga yaxshilash payiga tushadi. Shu maqsadda oktyabr va noyabr oylarida Xudoyorxonga bir necha maktublar yo‘llab, ularda o‘zining Turkiston o‘lkasiga bosh hokim bo‘lib kelganini, Rossiya imperatori Aleksandr II unga qanday huquq va imtiyozlar berganligini ma’lum qilgach, eng yaqin qo‘shni mamlakat bo‘lmish Qo‘qon xonligi bilan general-gubernatorlik o‘rtasidagi asosiy masalalarni hal etish uchun nufuzli elchilar yuborishni taklif etadi. Shu munosabat bilan 3 dekabr kuni xonlikdan kelgan elchilarni tantanali qabul etish chog‘ida Kaufman ularga: «yuqori martabali Qo‘qon xoni kabi keyingi yillarda Rossiya bilan do‘stona munosabatlarga sodiq bo‘lganlar biz bilan qo‘rqmasdan ish olib borishlari va xotirjam bo‘lishlari mumkin» desa (Respublika Markaziy arxivi, 715-jamg‘arma, 1-qayd, 35-ish, 292-sahifa), 1868 yil 29 yanvarda Xudoyorxonga nihoyatda xotirjam qiluvchi va’dalar berib, shunday yozadi: «Bizga qo‘shni davlatlarda xonlar bilan xaloyiq o‘rtasida nizolar chiqishiga buyuk rus podshohi hech qachon yo‘l qo‘ymaydi».
Shundan so‘ng 1868 yil qish faslida Mirza hakim parvonachi boshliq elchilar Peterburgga boradilar, imperator ularni shaxsan qabul qiladi hamda o‘z nomidan Xudoyorxonning faoliyati maqtalgan maktub yo‘llaydi.
1870 yilga kelib Rossiya bosh vaziri knyaz Gorchakov bilan Xudoyorxon o‘rtasida yozishmalar bo‘lib turadi. Shu davrlarda Qo‘qon xoniga imperator oilasidagi eng nufuzli kishilarga beriladigan «Svetloy» unvoni beriladi, javohir yulduzli birinchi darajali Stanislav ordeni bilan siylanadi.
1871 yil 24 martda fon Kaufman Xudoyorxonga yozgan maktubida: «Siz «oq podshoh»ning buyuk homiyligida ekansiz, Sizning har bir do‘stingiz bizning do‘stimiz, har qanday dushmaningiz esa bizning yovimiz bo‘lib qoladi», deya juda katta va’da berib yuborgan edi (715-jamg‘arma, 1-qayd, 45-ish, 344-sahifa).
1872 yil boshida Qo‘qon xonligi taxtining valiahdi shahzoda Nasriddinbek Toshkentga kelganida uning sharafiga berilgan ziyofatda fon Kaufman Xudoyorxonni G‘arbga borib, ko‘p narsalarni o‘rganib qaytib kelgach, o‘z mamlakatini bir necha pog‘ona yuksaklikka ko‘tara olgan Petr I ga o‘xshatgan, «Yashasin Xudoyorxon!» deya qadah ko‘targan va eng to‘g‘ri yo‘ldan borayotgan rahnamo sifatida rosa ulug‘lagan edi (1-jamg‘arma, 34-qayd, 45-ish, 119-120-sahifalar).
Lekin oradan bir necha yil o‘tib, Qo‘qon xonligida toj-taxt talashuvlari xalq boshiga og‘ir kunlar keltirib, Xudoyorxon hal etish mumkin bo‘lmagan muammolar girdobida qolganida fon Kaufmandan yordam so‘rar ekan, generalgubernator unga «nasihat» qilishdan nari o‘tmaydi. Soxta Po‘latxon qo‘shinlariga bas kelolmagan Xudoyorxonga Toshkentga kelishni buyurib, uni qo‘riqlab kelish uchun 60 kishidan iborat kazak askarlarini yuborgan fon Kaufman xonning barcha qarshiliklariga qaramay, poytaxt Peterburgga borib imperatorning o‘zi bilan masalangni hal qilasan, deya aldab, majburan jo‘natib, Orenburg general-gubernatori Krijanovskiy tomonidan ushlab qolinib, huquqsiz mahbus sifatida ikki yildan ortiq afsus-nadomatda kun kechirishiga erishadi.
Fon Kaufman shu voqeadan so‘ng imzo chekkan ikki hujjat uning naqadar munofiqlik bilan ish tutganidan dalolat beradi va haqiqiy qiyofasini ko‘z oldimizda gavdalantiradi.
Xudoyorxon taxtni tashlab, Xo‘jandda yashayotgan kunlardayoq fon Kaufman o‘z niqobini yirtib tashlaydi va xonlik taxtiga o‘tirganiga besh kungina bo‘lgan Nasriddinxonga bunday deb yozadi: «Sizga ma’lumdirki, uzoq yillar davomida do‘st bo‘lishimga qaramay, men hech qachon uning (otangizning demoqchi — qavs ichidagi barcha izohlar muallifniki) xatti-harakatini ma’qullagan emasman» (O‘zbekistonning yangi tarixi, 1-jild, 156-bet).
Xudoyorxon Peterburgga borish umidida safarga chiqqach, oradan o‘n kun o‘tiboq fon Kaufman Qo‘qon xalqiga yozgan murojaatnomasida: «Sizlarning sobiq xoningiz Xudoyorni men Peterburgga jo‘natdim. Endi u sizlarga xon bo‘lmaydi» degan so‘zlarni bitadi (715-jamg‘arma, 1-qayd, 63-ish, 46a-sahifa).
Mana shu gaplardan keyin o‘quvchida Kaufman Xudoyorxonning xatti-harakatlarini hech qachon ma’qullamagan bo‘lsa, nega endi unga oliy darajadagi unvon va orden berilishini so‘rab, poytaxtdagi eng yirik amaldorlarga qayta-qayta yozma ravishda murojaat qildi va bunga erishdi? Qolaversa, Orenburgda tutib qolishni oldindan rejalashtirgan general-gubernator Xudoyorxonni ham, xonlik fuqarolarini ham u Peterburgga jo‘nadi deb ishontirishi, hatto xon Peterburgga ketdi, deb gazetada bostirishi nega kerak bo‘ldi, degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Bu nihoyatda chigal savollarning javobi Turkistonning o‘sha vaqtdagi bosh hukmdori vijdoniga havola.
Qo‘qon xonligidagi taxt uchun kurashlar kuchaygandan-kuchayib, Xudoyorxon soxta Po‘latxonning va uning yoniga qo‘shilgan eng yaqin kishilarining hujumlariga bardosh berolmay qolgan 1875 yil iyul oyi ikkinchi o‘n kunligida xonlikni himoya qilish uchun fon Kaufmandan harbiy yordam so‘rashga majbur bo‘ladi. Biroq xonlikning butun hududini bosib olishni ilgaridan rejalashtirib yurgan Turkiston general-gubernatori bu qulay vaziyatdan foydalanib qolish uchun, avvalo, xonning o‘zini Toshkentga chaqirish, uni hiyla-nayrang yo‘li bilan Rossiya ichkarisiga jo‘natish va shundan so‘ng bu qo‘shni mamlakatga qarshi harbiy yurish boshlashni maqsad qilib oladi. Fon Kaufman go‘yo Xudoyorxonni uning dushmanlari hujumidan omon saqlash uchun 60 kishidan iborat kazak askarlarini yuborib, unga Toshkentga kelishni taklif etgan. Zotan, «Turkestanskiye vedomosti»ning 1875 yil 5 avgustdagi 31-sonida: «Sobiq Qo‘qon xoniga Xo‘janddan Toshkentga ko‘chib kelish taklif etildi», degan so‘zlar bitilgan edi. Haqiqatan ham, gazetada yuqoridagi so‘zlar e’lon qilinishidan avvalroq, ya’ni 24 iyulda Xudoyorxon fon Kaufman maslahatiga ko‘ra o‘z oilasi, yaqin a’yonlari va bir guruh soqchi askarlari bilan Xo‘jandga kelib, shu yerda o‘n kun chamasi yashab turgan. Fon Kaufmanning qora niyatlaridan bexabar Xudoyorxon general-gubernator taklifiga ko‘ra Toshkentga kelayotganida ko‘p yillar davomida xonga oltin tog‘lar va’da qilgan o‘z valiyne’matidan haqiqiy najot topishni, bu yerdan rus qo‘shinlari va dahshatli to‘p-to‘pxonalari bilan Qo‘qonga qaytib, taxtni yana egallashni niyat qilgan, chamasi. Avvallari ikki bor taxtdan tushib, ikki bor taxtga o‘tirib, hayotning past-balandini ko‘p ko‘rgan xon Toshkentdagi eski qadrdonlariga uchrab, fon Kaufman bilan qanday muomala qilish haqida maslahat olish uchun o‘z xufiyasi Orif rikobni barvaqt Sayid Azimboy oldiga jo‘natadi. Toshkentliklar maslahatini Orif rikob Xo‘janddan chiqib Toshkentga kelayotgan xonga yo‘lda yetkazadi.
«Turkiston viloyatining gazeti»: «Xo‘qandning xoni Xudoyorxon Turkiston general-gubernaturi general-adyutant fon Kaufmanning ruxsatlari bilan Xo‘jand shahridin chiqib, sakkizinchi ovg‘ustda Toshkand shahrig‘a keldilar», degan xabarni bosgan edi (19 avgust 1875 yil, 20-son).
Ne-ne umidlar bilan fon Kaufman huzuriga yetib kelgan Xudoyorxon boshi xarsangga urilgandek lolu hayron bo‘lib qoladi. Chunki Turkiston general-gubernatori uning katta harbiy kuch bilan yurtiga qaytib borib, taxtni qayta egallash orzusini sarob deb atab, «rusiya davlatidan katta nafaqa olib, shu mamlakat hududida yashash»ni taklif etgan edi.
Fon Kaufmanning hamma masala Peterburgga borib Rossiya imperatori bilan uchrashganidan keyin hal bo‘lajagi haqidagi nayrangiga uchgan xon sarxush holda bu taklifni qabul qiladi. Fon Kaufman Xudoyorxonni Peterburgga jo‘natganligi haqida rasmiy doiralarda qayta-qayta gapirib, aslida uni Orenburgda erksiz mahbus holatida tutib qolajagi haqidagi fikrni u kunlarda o‘z atrofidagi eng ishonchli kishilardan ham sir tutgandi. Xullas, hali ko‘nglida umid uchqunlari bo‘lgan Xudoyorxon Peterburgga, imperator huzuriga boraman, degan niyatda yo‘lga tushadi. Ammo ko‘nglining bir chekkasida Peterburgga ketyapmanu o‘z yurtimga qaytib kela olmasligim ham mumkin, degan mudhish xayol kezardi. Shuning uchun yo‘lni Turkiston shahriga burib, u yerda sevikli xotini Og‘acha oyimni, aziz farzandlari O‘rmonbek bilan Fansurullobekni ba’zi xizmatkorlar bilan birga qoldirib ketadi. Shundan so‘ng Peterburg yo‘lidagi eng katta shaharlardan bo‘lmish Orenburgga tushib, u yerning general-gubernatori Krijanovskiy bilan uchrashib, unga o‘z hol-ahvolidan xabar berish maqsadida shaharga kirib keladi. Biroq o‘sha kunlari Krijanovskiy shaharda yo‘q ekan. Uning mahkama xodimlari xonga general-gubernator shaharga qaytishini, kutish kerakligini qat’iy ravishda ta’kidlaydilar. Oradan bir necha kun o‘tgach, shaharga qaytgan Krijanovskiy xonni yuzda soxta tavoze bilan kutib oladi, ular bir-birlari bilan sovg‘a almashgan ham bo‘ladilar. O‘sha kunning ertasi yoki indiniga borib, Krijanovskiy Xudoyorxonni o‘z huzuriga chaqirib, unga poytaxtdan alohida ko‘rsatma kelguniga qadar Orenburgda yashab turishi zarur ekanini aytadi.
Avvalda Rossiyaga erkin mehmon sifatida borib, sayohat qilib, dam olib kelaman, deb o‘ylagan Xudoyorxon o‘zining erki yulib olinganini, yarim mahbus sifatida yashashga majbur ekanini endi tushunadi. Xonning erksiz kunlari boshlanadi, poytaxtdan o‘zi haqida qachon ko‘rsatma kelishini general-gubernator mahkamasidan so‘ray-so‘ray holdan toygan Xudoyorxon endi Orenburgdan hali-beri ketishi mushkul ekaniga ko‘nikib, shaharning Vodyanoy va Ataman ko‘chalari chorrahasida bir yog‘och uy sotib olib, o‘zi birga olib ketgan xotinlari, qarindosh-urug‘ va xizmatkorlari bilan birgalikda shu uyda yashay boshlaydi. Bu davrda Krijanovskiy xonni bir necha marta o‘z huzuriga chaqirib gaplashadi. Peterburg va Toshkentda Xudoyorxonning kelgusi taqdirini belgilab berishi mumkin bo‘lgan idoralar va amaldorlar bilan yozishmalar olib boradi. Xudoyorxon Krijanovskiydan o‘zini Peterburgga imperator huzuriga yuborishni iltimos qilgan edi. Uning bu iltimosi imperatorga yetkazilganida, general-ad’yutant graf Geyden Krijanovskiyga 1875 yil 27 sentyabrda: «Oliy hazrat o‘z irodalarini ma’lum qilib, Xudoyor Sankt-Peterburgga kelmasin, deya buyurdilar», mazmunida telegramma beradi (715-jamg‘arma, 1-qayd, 63-ish, 622-sahifa). Xudoyorxon o‘zining hajga borishiga ruxsat berishlarini iltimos qilgan edi. Shu munosabat bilan 1875 yil 6 noyabrda Rossiya harbiy vaziri Milyutin Krijanovskiyga: «hozir sharqda notinchlik bo‘lib turgan sharoitda Xudoyorxonni Makkaga chiqarib yuborish noqulay bo‘ladi, kechiktirish kerak», deb telegramma beradi (715-jamg‘arma, 1-qayd, 65-ish, 64-sahifa).
Peterburgga, imperator huzuriga borish niyati barbod bo‘lgach, Xudoyorxon Moskvada bir boy qarindoshi borligini, o‘shanikiga borib yashash orzusida ekanini ma’lum qiladi. Xonning bu maqsadiga imperator tomonidan mone’lik yo‘qday edi. Chunonchi, Bosh shtab boshlig‘i graf Geydenning Krijanovskiyga 1875 yil 21 noyabrda yozgan xatida imperator Xudoyorxonga mamlakatning Peterburg va Turkistondan tashqari hududlaridan yashash uchun o‘ziga joy tanlashiga ruxsat bergani aytilgan (715-jamg‘arma,1-qayd, 65-ish, 221-sahifa). Biroq ikki yildan ortiq davr mobaynida bu masala ham hal etilmaydi. Tashqi dunyodan butunlay ajratib qo‘yilgan xon Orenburgda diqqinafas bo‘lib yashayveradi. Ana shunday eng og‘ir bir vaziyatda Krijanovskiy odamlari unga xon to‘g‘risida chaquvlarni tez-tez yetkazib turar edilar. Keyinchalik Bo‘mbaydan Kaufmanga yozgan xatida Xudoyorxon: «Bir pora odamlarimizni tarafidin gubirnaturg‘a shikoyat qilibdurlarki: ot oldi va yana odam jam qilur, debdurlar. Bir necha odamlar ul tarafdin bizga xabar berdilarki, gubirnatur bahodir sizdin ko‘p ranjibdurlar, deb so‘zlandi… Nohaq so‘zlar bizning haqimizda so‘zlandi».
Ana shunday tang bir sharoitda 1877 yil 3 oktyabrga o‘tar kechasi Xudoyorxonning Orenburgdagi uyiga o‘g‘rilar tushadi. Yuqorida eslatilgan Bo‘mbaydan fon Kaufmanga xatida Xudoyorxon «Shu asnoda uyimizg‘a o‘g‘ri keldi va yana bir xafalik tushdi», deb yozadi. Xon uyiga o‘g‘rilar tushganligi o‘sha davr matbuotida ham o‘z ifodasini topgan. Masalan, «Turkestanskiye vedomosti» o‘zining o‘sha yil 8 noyabrdagi sonida «Orenburgskiy listok»dan shu haqdagi xabarni ko‘chirib bosadi. Unda, jumladan, bunday deyilgan edi: «3 oktyabrda, kechasi soat birda, sobiq Qo‘qon xoni Xudoyornikiga ikki foytunda yovuz niyatli noma’lum kishilar kelib, hovlidagi eshikka tiralgancha, derazaning bitta oynasini ko‘chirganlar va kelganlarning biri derazadan ichkariga suqilib kira boshlagan, lekin Xudoyor hali uxlamay yotgan ekan, suqilib kirayotgan o‘g‘rini ko‘rgach, u yonidagi temir so‘yil bilan o‘g‘rini shunday qattiq urganki, derazada qon dog‘lari paydo bo‘lgan. Shundan so‘ng barcha o‘g‘rilar tiraqaylab qochib ketganlar. Ro‘y bergan bu hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda».
Shularning hammasidan so‘ng Xudoyorxon anchadan beri ko‘nglida saqlab yurgan Makkaga jo‘nash niyatini amalga oshirishga shitob bilan kirishadi. Ba’zi tadqiqotlarda aytilganidek, xon o‘zi bilan birga Orenburgga olib borgan ikki xotinini yurtiga, jiyani Akromxon to‘rani esa eng sevimli farzandi O‘rmonbekka qarab turish uchun Turkiston shahriga jo‘natadi, xizmatkorlarining ba’zilariga ham javob berib yuboradi, Orenburg bankida saqlanayotgan mablag‘idan 32 ming rublni olib, 3 mingdan ko‘prog‘ini «xo‘ja ko‘rsin»ga qoldiradi. O‘sha yilning 11 noyabrida uyidagi ikki xizmatkorga ovga ketayotganini aytib, qarindoshlari bo‘lmish Sultonxon va Nurmuhammad degan kishilar hamrohligida yo‘lga tushadi. Avvaldan kelishib qo‘yilgan Turdi yofis va Nurjon to‘rani yo‘ldan o‘zlariga hamroh qilishadi.
Tadqiqotchi A.Akram o‘sha safar vaqtida Xudoyorxon va sheriklari tomonidan zo‘rlab birga olib ketilmoqchi bo‘lgan, ma’lum vaqtgacha ular bilan birga yurib, imkon tug‘ilishi bilan xonning to‘riq oti va miltig‘ini o‘g‘irlab qochgan O‘tuja Jonovning keyinchalik tergov chog‘ida bergan ma’lumotlarida Xudoyorxonning yonida to‘rt kishi, ulardan Sulton va Nurmuhammad o‘zbek, Nurjon to‘ra qozoq va Turdi turkman ekani aytilganiga e’tiborni qaratadi. Muhimi shundaki, O‘tujaning aytishicha, Xudoyorxon va hamrohlari unga avval Angliyaga, so‘ngra Turkiyaga bormoqchi ekanliklarini aytganlar, xon o‘z taxtiga qaytgach, O‘tujaga ko‘p boylik va mansab berishga va’da qilgan. Demak, Xudoyorxon haj ziyoratiga borishdan oldin Angliyaga bormoq niyatida bo‘lgan. Lekin yurtidan tezroq chiqib ketish yo‘li Kobul orqali tushganidan, ikkinchi tomondan, chamasi, haj mavsumi yaqinlashib qolganidan (1877 yili haj mavsumi 17 dekabrdan boshlangan) Makkai mukarramaga yetib olishni mo‘ljallagan va boshqa safarlarini orqaga surgan ko‘rinadi.
Xudoyorxon Orenburgdan qochishi bilanoq Rossiya hududlarida va xonliklarda uni darhol tutib, hukumat ma’murlariga topshirish uchun keng faoliyat boshlab yuboriladi, poytaxtdagi mutasaddilar Orenburg general-gubernatori Krijanovskiy, fon Kaufman, Amir Nasrulloga ketma-ket ko‘rsatmalar berishadi. Lekin bularning birortasi ham foyda bermaydi.
Xonning haj safari uchun yo‘lga chiqqandan keyin kirib borgan dastlabki mamlakati ba’zi manbalarda Eron, ba’zilarida esa Afg‘oniston deb ko‘rsatiladi. «Turkiston viloyatining gazeti»da 1878 yil 21 iyunda bosilgan xabarda u dastlab Afg‘onistonga, u yerdan Eronga, so‘ngra Iroq orqali Makkai mukarramaga borgani aytilsa, Ishoqxon Ibratning «Tarixi Farg‘ona»sida «Anda (Eronda demoqchi) Amir Nasriddin shoh ekan. Anga xat yuborib so‘zlashganda, xonni kirmakig‘a qabul qilmay, afg‘on amiri Sheralixon ham olmay, to‘g‘ri Afg‘onistonning ichi ila Peshovar shahrig‘a yurib, Peshovarg‘a kirganda hamshaharlar istiqbol qilib, to‘g‘ri Peshovarg‘a kirib, Go‘rkand degan eski o‘rdag‘a tushgan ekan». Ibratning yozishicha, shu yerdan xon Ahmadobodga, so‘ngra Bo‘mbayga, nihoyat Jidda orqali Makkai mukarramaga borgan.
Harqalay, Xudoyorxon izidan hajga borgan va xonni ko‘rgan ko‘plab kishilar bilan suhbatlashgan, xonning xorijdagi hayotiga oid tafsilotlarni aniqlagan andijonlik Mulla Muhammad Umarbek bergan ma’lumotlarga asoslanganini hisobga olsak, xonning Makkai mukarramagacha bo‘lgan safar yo‘nalishi haqidagi Ishoqxonning fikrlari ko‘proq ishonarli, deyishga asos bor.
Xudoyorxon haj ziyoratiga borish jarayonida ham, haj arkonlarini ado etgandan keyin ham uning boshiga ko‘p musibatlar tushadi. Havoiy-Umidiy «Maktubchai xon» dostonida Xudoyorxon o‘z jamg‘armasidan 50000 so‘m olib, yo‘lga tushganini, Makkaga borish yo‘lida mablag‘ining barini o‘g‘riga oldirgani, faqat bitta oltin soatigina qolganini raqam qilsa, «Turkiston viloyatining gazeti» 1878 yil 21 iyundagi sonida: «Sheralixonning (Afg‘onistonning o‘sha vaqtdagi amiri) Kobuldan yuborgan farmoyishi bo‘yicha, Xudoyorxonning qo‘lidagi barcha pullarini olib, o‘zini Eron mamlakatiga o‘tkazib yuboribdur», deyilgan. Bu ma’lumotlarning qaysi biri to‘g‘ri bo‘lganida ham, harqalay Xudoyorxon hajga borish vaqtida o‘zi va hamrohlarining tirikchiligi uchun zarur bo‘lgan asosiy mablag‘idan mahrum etilgan. Lekin xonga sadoqatidanmi yoki unga rahmi kelganidanmi, Bo‘mbayda istiqomat qilayotgan farg‘onaliklar unga 1000 rupiy pul jamlab berib, haj yo‘liga solib yuborganliklarini Ishoqxon Ibrat ilgariroq aytganimiz Mulla Muhammad Umarbek hoji tilidan bayon etadi. Yo‘l-yo‘lakay o‘zining hamyurtlaridan hoji Muhiddin Buxoriy, hoji Yusufali Marg‘inoniy, Qori Abdulhakim Marg‘inoniy, hoji Sodiq Konibodomiy va boshqalar bilan uchrashib, ulardan iltifot ko‘rgan xon Jidda orqali Makkai mukarramaga yetib oladi. Haj ruknlarini ado etib, haj muddati tugagandan keyin yana boshiga ketma-ket kulfatlar tushadi. Makkada, haram yaqinidagi eski bir o‘rdada hoji Shahid Kalon eshon Namangoniy va uning solih farzandlari Yusufxon to‘ra hamda Omon xalifa bilan birgalikda istiqomat qilib, har kuni besh vaqt namozni haramning o‘zida ado etib yurgan kezida ilgari xonning Namangan tarafdagi soliq yig‘uvchilaridan bo‘lgan va egri qo‘llikda ayblanib, mol-mulki musodara etilib, xonlik hududidan badarg‘a qilingan Sodiq sarkor Ortiq sarkor o‘g‘li o‘ch olish niyatida ataylab Xudoyorxon orqasidan kelib, katta bir tosh bilan urib, ikki tishini sindiradi.
Bu ish yuzasidan tergov bo‘lib, aybdorni 4 yil qamoqqa hukm qilayotganlarida xon «mening da’vom yo‘q», deb unga beriladigan jazoni ko‘p jihatdan yengillashtirishga erishadi.
Xudoyorxon Makkada yana bir muncha muddat istiqomat qilgach, uning bilagiga yomon yara chiqadi. Bu haqda xonning o‘zi keyinchalik fon Kaufmanga yozgan maktubida aniq ma’lumot beradi: «Bir necha vaqtlardan so‘ng Makkada qo‘limizga bir jarohat chiqdi va bu jarohatdin do‘xtiri Makka bir necha go‘shtlarni kesib oldi va yana olti oy Makkada turduk. Jarohat yaxshi bo‘lmadi. Va yana bir necha odamlar so‘zlariki, Hindustonda ko‘p yaxshi do‘xturlar bor, dedilar. Ul sababdin Bo‘mbayga kelduk. Do‘xtiri inglis jarohatni ko‘rdi, doriyu darmon qildi. Muddati besh oy Bo‘mbayda turduk. Jarohat yaxshi bo‘ldi». Demak, qo‘liga chiqqan yara azobini xon bir yil chamasi tortgan, so‘ngra undan forig‘ bo‘lgan.
«Ana shu yara chiqishidan oldingi va jarohat tuzalganidan keyingi qaysi muddatlarda Xudoyorxon qayerda bo‘lgan va qanday ishlar bilan shug‘ullangan?», degan savol kelib chiqadi. Bu haqda ma’lumotlar kam uchraydi va ularning zidligi ko‘zga tashlanadi. Shunga qaramay, ularni tahlil etishga va ba’zi xulosalar chiqarishga urinib ko‘ramiz. Chunki bu ma’lumotlarning muayyan qismi Xudoyorxon, avvalo, Bo‘mbayga, undan Angliyaga, qirolicha Viktoriya huzuriga qanday borganligi va bu ishning oqibatlari bilan bevosita bog‘liqdir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 48-sonidan olingan.