Turkiston mustaqilligi uchun sovet rejimi va qizil armiyaga qarshi kurashda istiqlolchilik harakatining harbiy yo‘lboshchilari – qo‘rboshilar muhim rol o‘ynashgan. Ana shunday qo‘rboshilardan biri Shermuhammadbek (1893 – 1970) hisoblanadi. Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakatining rahbarlari o‘rtasida Shermuhammadbek alohida ajralib turadi. Shermuhammadbek qo‘rboshi faoliyatini tarixiy manbalar asosida xolis o‘rganish bugungi yosh avlod va Vatan himoyachilari uchun ibrat namunasini o‘taydi, degan umiddamiz.
Kurash maydoniga kirishi
Shermuhammadbek (arxiv hujjatlari va sovet adabiyotlarida Shermat qo‘rboshi yoki Ko‘rshermat, chap ko‘ziga o‘q tekkanligi uchun shunday nom berishgan) hozirgi Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi Garbuva (Garbobo, Karbobo – azizlar) qishlog‘ida, beklar avlodidan bo‘lgan Qo‘shoqbek hoji xonadonida, 1893 yilda tug‘ildi. Qo‘shoqbek hojining ota avlodlari Qo‘qon xonlari huzurida vazirlik, beklik qilishgan bo‘lsa, onalari Oydin og‘ocha Koshg‘ardan kelin bo‘lib tushgan edi.
Shermuhammadbekning Toshmuhammadbek, Tojmuhammadbek, Ro‘zimuhammadbek degan akalari, Nurmuhammadbek ismli ukasi hamda Sarviniso va To‘fixon ismli singillari bo‘lgan. Uning onasi To‘paxon aya Qo‘shoqbek hojining kenja xotini edi. Shermuhammadbek oilada to‘rtinchi farzand bo‘lib, dastlabki ta’limni qishlog‘ida, keyin Marg‘ilonda olgan. Shermuhammadbek yoshligidan ilmga chanqoq, ayni paytda jangari va jasur yigit bo‘lgan. U ko‘p o‘qigan, shuning uchun ham ajdodlarga hurmat va mustamlakachilarga nafrat ruhida tarbiyalangan.
Ali Bodomchining yozishicha, Qo‘shoqbek 1913 yili Hijoz o‘lkasidan – Haj ziyoratidan qaytib kelayotgan paytda Qrimda vafot etgan. Ota besh o‘g‘liga o‘lkadagi Rossiya mustamlakachiligi zulmiga qarshi kurash olib borishni vasiyat qilgan. Otadan o‘g‘illarga meros bo‘lib vatanparvarlik tuyg‘usi qolgan.
Shermuhammadbek kamgap va adolatpesha shaxs edi, deb xotirlaydilar Farg‘ona qariyalari. Ahmad Zakiy Validiy keyinchalik o‘zining «Xotiralar» nomli kitobida yozishicha, Shermuhammadbek 1916 yilda Rossiya imperiyasi tomonidan mardikorlikka olingan va urush marralarida ishlash uchun safarbar qilingan kishilar qatorida Polsha frontiga tashlangan.
Shermuhammadbek Farg‘ona vodiysida sovet rejimiga qarshi milliy ozodlik uchun kurashning ilk bosqichidan boshlab jang maydoniga kirgan. U Katta Ergash va Madaminbekning o‘rinbosarlari sifatida istiqlolchilarning tan olingan yirik lashkarboshisi edi. U kurash maydoniga qadam qo‘ygan ilk kunlardan boshlab «Turkiston – turkistonliklarning yurtidir, unga boshqa hech kimning egalik qilishga haqqi yo‘q!» degan shiorni o‘rtaga tashlagan. Uning asosiy maqsadi Turkistonda islom jumhuriyatini tashkil qilish bo‘lgan. Madaminbek liberal yo‘lboshchi bo‘lgan bo‘lsa, Shermuhammadbek keskin harakat qiladigan (radikal) qo‘mondon edi.
(Shermuhammadbek faoliyati bugungi kunda respublikamizda nashr qilingan ayrim kitoblarda buzib ko‘rsatilmoqda. Faylasuf I. Karimov o‘zining «Madaminbek» nomli asarida Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan bu fidoyi insonni Ko‘rshermat deb tahqirlash bilan cheklanib qolmasdan, balki ko‘rsatgan jasoratlarini soxtalashtiradi. Madaminbekdan tashqari Farg‘onadagi boshqa qo‘rboshilar haqida tuhmatomuz fikrlar tiqilib yotgan, kommunistik g‘oya va sinfiylik ruhi bilan sug‘orilgan bu kitob mustaqilligimizning 9-yilida nashr qilinganligi ajib holdir. Bu haqda qarang: Ibrohim Karim. Madaminbek. – T.: Sharq, 2000. – 160 bet.)
Shermuhammadbekning siyosiy qiyofasi muxoliflar tomonidan u qurolini hali tashlamagan paytdayoq quyidagicha chizilgan edi: «Ko‘rshermat (Shermuhammadbek – Q. R.) – millati sart (o‘zbek – Q. R.) bo‘lib, barcha qo‘rboshilarning eng g‘ayratli va qat’iyatlisi hisoblanadi. Jangda juda jasur, qo‘l ostidagilarga nisbatan talabchan va ruslarga (chor rossiyasi bosqinchilariga – Q. R.) shafqatsiz. U aholi o‘rtasida g‘oyat katta obro‘-e’tibor va shuhratga sazovordir».
Tarixchi olima D. Ziyoyeva «Turkiston milliy ozodlik harakati» nomli kitobida XX asr 20-yillarida matbuot sahifalarida qo‘zg‘olonchilar, xususan, Shermuhammadbekning shiorlari va maqsadlari haqida chop etilgan qiziqarli ma’lumotlarni keltiradi. Uning ko‘rsatishicha, Antonov «Krasnaya Fergana» gazetasi (1921 yil 17 may)da shunday yozadi: «Bosmachilar qo‘mondoni Ko‘rshermat (Shermuhammadbek – Q. R.) sovet hokimiyatidan to‘liq mustaqillik… va umuman, Rossiyadan ajralishni talab qilyapti… Uning bu talabi RKPning milliy dasturiga mos keladigan yaxshi niyat, deb o‘ylash mumkin. Uning chaqiriqlarida milliy harakat asoslari yaqqol ko‘rinib turibdi». I. Solts xuddi shu gazetada e’lon qilingan «Ko‘rshermat va avtonomiya» sarlavhali maqolasi (1921 yil 10 iyul)da quyidagicha yozadi: «Ko‘rshermat (Shermuhammadbek – Q. R.) ishchi-dehqon hukumatiga ta’na qilib, 15 kun ichida Turkiston uchun muxtoriyat berishni talab etmoqda». Verin ham shu gazeta (1921 yil)da quyidagilarni ta’kidlaydi: «Ko‘rshermat (Shermuhammadbek – Q. R.), Olloyor, burjuaziya, ruhoniylar vakillari bizdan milliy-madaniy muxtoriyat, shariat, islom, urf-odat va an’analar daxlsizligini, hayotni buzishni to‘xtatishni talab qildilar».
Shermuhammadbek faoliyatiga uning ashaddiy g‘animlari tomonidan berilgan bu baholar va e’tiroflar to‘g‘ri ekanligini alohida ta’kidlab o‘tmoq lozim.
Oliy bosh qo‘mondon
Madaminbek qizil armiyaga qarshi kurashdan chetlashgach, 1920 yilning erta bahoridan boshlab Shermuhammadbek Farg‘ona vodiysidagi qurolli harakatning Oliy bosh qo‘mondoni etib saylandi. Shermuhammadbek boshchiligida Turkiston – turk mustaqil islom jumhuriyati yoxud Turkiston muvaqqat hukumati (1920 yil 3 may)ning tuzilishi vodiydagi qo‘zg‘olonchilarni qayta birlashtirish va sovet rejimiga qarshi hal qiluvchi janglar sari boshlash uchun muhim o‘rin tutadi.
Shermuhammadbek bu paytda Buxoro va Xorazm Respublikalari hamda Samarqand viloyatida harakat qilayotgan istiqlolchilar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Anvar Posho va Junaidxon bilan uch tomonlama hamkorlik o‘rnatildi.
Shuningdek, Shermuhammadbekning Sharqiy Buxoro qo‘rboshilari Ibrohimbek va Fuzayl Maxdum bilan munosabatlari yaxshi bo‘lgan. Afg‘oniston va Turkiya bilan ham aloqalar jonlangan.
Bolsheviklarning maddohlaridan biri e’tirof qilishicha, ular uchun «Madaminbek qo‘rboshilar o‘rtasida eng kuchlisi bo‘lgan bo‘lsa, Shermuhammadbek, shubhasiz, eng xavflisi edi».
Shermuhammadbek Turkiston mintaqasining barcha aholisiga qilgan murojaatida qurolli kurash mohiyatini shunday ifodalagan edi: «Bolsheviklar aldaydilar va o‘ldiradilar. Barcha davlatlar bolsheviklarni tugatish uchun ularga qarshi kurashmoqdalar. Turkiston xalqiga o‘zini o‘zi boshqarish huquqi berilganida edi, biz kurashmagan bo‘lardik. Turkistonga o‘z huquqi berilmas ekan, biz huquq va vijdonimiz, or-nomusimiz uchun so‘nggi tomchi qonimiz qolgunicha bolsheviklar bilan kurash olib boraveramiz».
Xullas, Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakatiga Shermuhammadbek rahbarlik qilishi bilan qizil armiyaga qarshi kurash 1920 yil o‘rtalarida o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Kurashning bu bosqichida u yana ham shafqatsiz va murosasiz tus oldi. Bu holat quyidagi omillar bilan izohlanadi.
Birinchidan, 1920 yil bahori va kuzidan boshlab Farg‘ona vodiysi va Samarqand viloyatidagi istiqlolchilik harakati bilan bir qatorda endilikda avval Xorazm Respublikasida, so‘ngra Buxoro Respublikasida ham bosqinchi qizil armiyaga qarshi qurolli harakat boshlandi va qisqa muddatda avj olib ketdi. Ikkinchidan, istiqlolchilik harakatining yangi bosqichi o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan murakkab va ziddiyatli davrni o‘z ichiga olgan edi. Harakatning birinchi va ikkinchi bosqichlarida bolsheviklar hukumatiga qarshi chiqqan qo‘zg‘olonchilar tub yerli aholi vakillaridan iborat bo‘lib, ular asosan rossiyaliklardan tashkil topgan qizil armiya qismlariga qarshi kurash olib bordilar, ya’ni bu mahalliy xalq bilan bosqinchilar o‘rtasida hayot-mamot kurashi bo‘lgan edi.
Bolsheviklar hukumatida xizmat qilayotgan milliy rahbar xodimlarning mahalliy aholi vakillarini qizil armiya safiga chaqirish haqidagi talablari dastlab Turkkomissiya va Toshkentdagi sovet hukumati tomonidan inobatga olinmadi, sirasini aytganda, ular tub yerli aholi vakillari qo‘liga qurol berishdan cho‘chidilar. Natijada harakatning dastlabki bosqichlari mohiyat nuqtai nazaridan olganda ham tom ma’noda bosqinchilarga qarshi milliy istiqlol uchun kurash bo‘lgan edi.
Markaziy hukumat rahbarlari va uning Turkistondagi tayanchlari faqat 1920 yilning o‘rtalaridagina bu haqiqatni tushunib yetdilar. Mahalliy aholi vakillarini qizil armiya saflariga qabul qilib, ularni qo‘zg‘olonchilarga qarshi qo‘yish bilan bu kurash mohiyatini o‘zgartirishga, Turkiston xalqini Rossiyadagi kabi fuqarolar urushi girdobiga tortishga harakat qildilar. Shu maqsadda Turkiston fronti qo‘mondoni M. V. Frunze 1920 yil 7 mayda qizil armiya saflariga mahalliy millat fuqarolaridan 30 000 kishini olish to‘g‘risida buyruq chiqardi.
Lekin bu bilan masala ular o‘ylaganidek hal bo‘lmadi. Qizil armiya safida qurolli muxolifatga qarshi jang qilishni istamagan chaqiriq yoshidagi minglab erkaklar istiqlolchilik harakati (qo‘zg‘olonchilar) qatorini to‘ldirdilar.
Bundan tashqari, Xorazm va Buxoro Respublikalarida vujudga kelgan yangi hukumatlar milliy kuchlar qo‘lida edi. Biroq bu milliy kuchlar sovet Rossiyasi manfaatlariga bo‘ysunishga, o‘z mamlakatlari hududida qizil armiya qo‘shinlarini saqlab turishga majbur bo‘ldilar. Xorazm va Buxoroda istiqlol uchun kurashni izchil davom ettirayotgan muxolifat harbiy kuchlari esa ham sovet Rossiyasi harbiy qismlariga qarshi, ham yangi milliy hukumatga qarshi kurash olib borishlariga to‘g‘ri kelardi.
Oqibatda, shu davrdan e’tiboran qurolli harakatning mazmuni sal o‘zgacharoq ruh kasb eta boshladi, kurash yana ham shafqatsiz va murosasiz tus oldi.
Turkiston fronti qo‘mondoni M. V. Frunze 1920 yil 15 mayda Farg‘ona viloyatidagi 2-Turkiston o‘qchi diviziyasi komandiri N. A. Verevkin-Raxalskiy nomiga buyruq yuborib, qurolli harakatga qarshi kurash taktikasini o‘zgartirish va ularni yoppasiga qirib tashlash vazifasini qo‘ydi. Frunze «Qo‘rboshilar bilan muzokaralar olib borishni to‘xtatishni, bosmachi shaykalar tarkibiga kirgan har qanday shaxslar xalq dushmani sifatida otib tashlanishi»ni buyurdi. 1920 yil 28 mayda M. Frunzening buyrug‘i bilan qo‘zg‘olonchilarni qirishga mo‘ljallangan maxsus «jangovar uchar otryadlar» tuzildi. Shu bilan bir qatorda, yana maxsus jazo otryadlari tashkil qilinib, ular ham Farg‘ona vodiysiga tashlangan edi.
Shunday qilib, Turkkomissiya va Turkfront rahbarlari qurolli muxolifatga qarshi kurash strategiyasi va taktikasini tubdan o‘zgartirib, kechagina o‘zlari e’lon qilgan siyosiy tadbirlar, kurash qatnashchilarini tinchlik yo‘li bilan o‘z tomonlariga og‘dirish kabi nozik diplomatik o‘yinlarni bir chekkaga yig‘ishtirib, bu harakatni «qurol kuchi hamda zo‘ravonlik bilan» butunlay tor-mor qilish to‘g‘risida qat’iy qarorga keldilar.
Turkfront qo‘mondonligining 1920 yil may oyi o‘rtalarida belgilagan bu tadbirlari qurolli harakat qatnashchilarining shashtini sindira olmadi. Sovet rejimiga qarshi kurash yana ham qat’iy tus oldi.
Mustaqil islom jumhuriyati hukumatining raisi1920 yil 3 mayda Oltiariq tumanidagi G‘oyibota (G‘aribota) qishlog‘ida Farg‘ona vodiysi qo‘rboshilarining navbatdagi qurultoyi bo‘ldi. Qurultoyda Turkiston – turk mustaqil islom jumhuriyati yoxud Turkiston muvaqqat hukumati tuzildi. Ushbu qurultoyda Shermuhammadbek hukumat raisi va Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilarning Oliy bosh qo‘mondoni qilib saylandi. Shermuhammadbekning ukasi Nurmuhammadbek (taxminan 1899 – 1983) va Oloy vohasidagi qirg‘izlarning yetakchisi Muhiddinbek (taxminan 1877 – 1922) uning o‘rinbosarlari qilib tayinlandi.
Turkiston muvaqqat hukumati Farg‘ona vodiysidagi ozodlik kurashida muayyan darajada xizmat qila oldi. Shermuhammadbek va Nurmuhammadbekning xotiralari hamda Zakiy Validiy asarlariga tayanib Boymirza Hayitning yozishicha, hukumat tarkibiga quyidagi 6 kishi kiritilgan edi: «Shermuhammadbek – hukumat raisi va Oliy bosh qo‘mondon; Mullajon Qori – xavfsizlik (ichki ishlar) vaziri; Akbarjon Eshon – shayxulislom; Abdusalom Qori – hukumatning bosh kotibi; Nazirjon – moliya vaziri; Mulla Hoji Niyoz – maxsus ishlar vaziri».
Shermuhammadbek tayinlagan o‘n ikkilar kengashi faoliyat ko‘rsatib, u hukumat ishini muvofiqlashtirib turgan. Kengash a’zolari hukumatni boshqarish va urushni olib borish masalalari yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini ishlab chiqishgan. Bundan tashqari, 14 kishidan iborat harbiy idora mahkamasi tuzildi. U Oliy bosh qo‘mondon Shermuhammadbek (rais), turk zobitlari Ismoil Haqqibey (raisning harbiy siyosat bo‘yicha o‘rinbosari) va Yoqubbek (raisning jang harakatlarini rejalashtirish va o‘tkazish bo‘yicha o‘rinbosari), shuningdek, Aliyorbek, Yusuf Polvon, Bozorboy, Mulla Po‘lat, Asqar va Nurmuhammadbek kabi qo‘rboshilardan iborat bo‘lgan.
Mulla Umar, Jamol, Abdulaziz va Abdusalom qozilardan iborat qozixona – mustaqil sud idorasi mahkamasi ham faoliyat ko‘rsatgan. Idora majlisi, ya’ni ma’muriy kengash tarkibi Abdulboqi boyvachcha (rais), muftiy Muso Qozi, Mulla G‘oyib Nazar, Mulla Yo‘ldosh Oxun va Abdulqayumdan iborat bo‘lgan.
Shuningdek, mustaqil sud idorasiga qo‘shimcha ravishda 88 kishilik parlament – Sho‘ro ham tashkil qilingan. Sho‘ro a’zolari o‘qimishli va nufuzli kishilar hisoblangan. Boymirza Hayit Sho‘ro tarkibini quyidagicha ko‘rsatib o‘tadi:
Yodgor, Nuriddin, Muhammad Amin Polvon, Muzaffar Mingboshi, Rustam Eshon, Ashurbek, Mamatiso Polvon, Qurbonboy, Husomiddin Mingboshi, Tojiboy Amin, Muhammad Sharif Polvon, Omonboy, Karimjonboy, Mulla Haydar, Abdulqodir Mingboshi, Dehqon Polvon, Hoji Mirbobo, Qamchi Polvon, Muhammad Siddiq, Teshaboy Mingboshi, Qambariddin Bobo, Mulla Meliboy, Said Rahmonxon, Mulla Avliyoxon, Miyon Qudratilla, Asiriddin Maxsum, Abdurahmon Maxsum, Hoji Niyoz, Isroil Xo‘ja, Layli Qori, To‘xtasinboy, Norbo‘taxon To‘ra, Komiljon Qori, Abdullajon Qori, Muhammad Amin, Yunusjon Qori, Yo‘lbarsxon To‘ra, Said Mahmudxon To‘ra, Abdulla Amin, Mulla G‘oziy, Mulla Akbar Eshon, Mahmud Ziyo, Nazirjon Qori, Mulla Tursunboy, Muhammadjon, Abdurahim Amin, Fidoyi Xo‘ja, Aminboy, Mahmud Rasulboy, Qanuch Polvon, Mulla Rahmatilla, Xo‘ja Berdi, Avliyoxon, Abdulla Qori, Mirqosim ota, Yusuf Qori, Nizomiddin Amin, Mulla Hamidjon, Toshpo‘lat, Nurmuhammad G‘oziy, To‘xtasinxon, Mulla Ortiq, Taqsimboy Mingboshi, Jabborqul, Sultoniddin, Qo‘shoq boyvachcha, Azim Xo‘ja, Nishonboy Amin, Alimqul Shermuhammad, Shurdun boyvachcha, Fidoyi Muhammad, Maxdi Maxdum Dukchi Eshon o‘g‘li, Said Muxtor, Mulla Abdulfattoh, Toshmuhammad, Boybo‘ta, Abdulla Xo‘ja, Mulla Yorhaq, Mir Iskandar, Abdulhafiz Hoji, Mulla Toshmuhammad, Madat Murodboshi, Mulla Qoraboy, Mulla Ergash, Mulla Muhammadjon, Egamberdi.
Shermuhammadbek tomonidan bolsheviklar changalidan ozod qilingan joylarda ellikboshilik, yuzboshilik, mingboshilik lavozimlari qaytadan tiklandi. Qo‘qon xonligida oliy lavozim hisoblangan beklik vazifasini qo‘rboshilar bajarishar edi. Aholining qo‘lidan soliqlarni ellikboshilar yig‘ib, mingboshilar orqali qo‘rboshilarga yetkazishgan. Qo‘rboshilar esa bu mablag‘larni moliya vaziri orqali hukumat xazinasiga topshirganlar. O‘n ikkilar kengashi soliq tushumlaridan iborat bu daromadni xarajatlar bo‘yicha taqsimlagan. Ko‘pincha badavlat kishilar hisoblangan yirik mulkdorlar: boylar, savdogarlar va ulamolarga qo‘shimcha soliqlar ham solingan. Ushbu to‘lovlar sovet rejimi xalqdan olayotgan soliqlar va tushumlardan bir necha marta kam bo‘lgan. Shermuhammadbek hukumati tomonidan zaruriy ehtiyojlar hamda qurol-yarog‘ sotib olish uchun kerakli bo‘lgan miqdordagi mablag‘gina aholidan to‘plangan, xolos. Qo‘rboshilar va yigitlarning oziq-ovqat ta’minoti esa ular joylashgan qishloqlar ahli zimmasida edi.
Shermuhammadbek qo‘shinidagi yigitlarning salomatligiga marg‘ilonlik Mirzaxon va oltiariqlik Ergash tabib boshchiligidagi xalq tabiblari javobgar bo‘lganlar. Shuningdek, ikki yuzdan ortiq yigit otlarni parvarish qilish bilan maxsus shug‘ullanib turgan.
Shunday qilib, Shermuhammadbek rahbarligi ostida Farg‘ona vodiysidagi butun qo‘rboshilar to‘plandi. Madaminbek bilan birga yoki undan oldinma-ketin sovet hokimiyatiga taslim bo‘lgan qo‘rboshilarning aksariyati va ularning yigitlari ham Shermuhammadbek qo‘shinlari safiga kelib qo‘shildilar.
1920 yil avgustining oxiri va sentyabrning boshida Turkfront qo‘mondoni M. Frunzening buyrug‘iga ko‘ra, Farg‘onadagi qo‘shinlarning katta qismi Buxoro amirligini tugatish uchun yuborildi. Ushbu imkoniyatdan foydalangan qo‘zg‘olonchilar harbiy tashabbusni o‘z qo‘llariga olib, harakatni yanada kuchaytirdilar. Faqat 1920 yil 10 – 27 sentyabrda ular Vodil, Gurunchmozor, Chuvol, Urganji qishloqlarini qo‘lga kiritib, O‘sh va Qo‘rg‘ontepa temir yo‘l bekatlarida turgan qizil askar garnizonlariga qaqshatqich zarba berdilar. O‘sh shahri vaqtinchalik bo‘lsa-da, yana milliy kuchlar qo‘liga o‘tdi. Buxoro amirligi qurol kuchi bilan tugatilgan kun – 1920 yil 2 sentyabrda Turkiston Respublikasi hukumatining Turkfront qo‘mondoni nomiga yo‘llagan maktubida «Bosmachilik Farg‘ona viloyati hududidan chiqib, hatto Toshkent uyezdining 8 ta volostini o‘ziga qamrab oldi», deb xavotir olib yozilgan edi.
Qahramon Rajabov, tarix fanlari doktori, professor
“Vatanparvar” gazetasidan olindi