Biz televidenie yoki matbuotda klassik she’riyat, asar haqida bahs yuritganimizda ham patqalamning dovotga solingan suratini berishga odatlandik. Yoki yangi chop etilayotgan kitoblarimizning muqovasiga ham patqalam rasmini tushirib qo‘yadigan bo‘ldik. Men 30 yilga yaqin davr davomida ta’lim tizimida mehnat qilib kelaman. Shu bois, aksariyat hollarda Alisher Navoiy yoki Bobur tavalludlari munosabati bilan chiqarilgan devoriy gazetalarda ham patqalam tasvirini ko‘p uchrataman.
Talabalarga bu haqda tushuntirishga harakat qilaman. Qisqacha aytganda, patqalam bizning o‘tmishimizda, ayniqsa, Islom dini kirib kelgandan keyingi davrlarda deyarli yozuv ishida qo‘llanilmagan. Asosiy yozuv quroli qamish qalam bo‘lgan. Buni klassiklarimiz asarlaridan to‘liq anglashimiz mumkin. Endi savol tug‘iladi: patqalam tasviri o‘zbek adabiyotiga timsol sifatida rus klassiklari orqali kirib qolmaganmikan? Axir, Pushkin, Gogol singari rus klassiklari patqalamda yozishgan. Shu bois, rus adabiyoti tarixida patqalam tasvirining ramz sifatida berilishi to‘g‘ri. Yaqin o‘tmishda o‘zbek adabiyotining rus adabiyotidan ta’sirlanganligi hammamizga ma’lum. Buning natijasida, rus adabiyotidagi patqalam tasviri o‘zbek adabiyotiga ham kirib qolgan bo‘lishi mumkin.
Patqalamning Sharq dunyosida, nafaqat Sharqda, balki Yevropa yozuv madaniyatida qo‘llanilganligi haqida turli fikrlar mavjud. Ma’lumki, dunyo taraqqiyotining turli bosqichlarida turli o‘lkalarda turli xildagi yozuv qurollaridan foydalanilgan. Ular xususida ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan. Xususan, rus tadqiqotchisi A.Kajdan o‘zining «Kniga i pisatel v Vizantii» nomli kitobida bu borada juda qimmatli ma’lumotlarni keltiradi. Uning yozishicha, Misr kotiblari eramizdan oldingi uchinchi asrda ham qamish qalamdan foydalanishgan, uning uch qismi qiyshiq holda kesilgan bo‘lib, yozuvni yanada nafis yozish imkonini bergan. Qadimda kotiblar qamish qalam bilan birga suyak yoki metalldan ishlangan qalam turlaridan ham foydalanishgan. G‘arb dunyosida bu qalam turlari o‘rnini asta-sekinlik bilan parrandalar patidan tayyorlangan patqalamlar egallay boshlagan. A.Kajdanning fikricha, antik davr kotiblari, ehtimol, patqalamdan foydalanishmagandir; har holda, u davrlarga oid yunon yoki rim yodgorliklarining birontasida ham patqalamdan foydalanilganligi qayd etilmagan, aksincha, barcha matnlarda qamish qalam yodga olingan, rassom suratlarida ham, asosan qamish qalam tasvirlangan. G‘arbda XI asrga qadar yaratilgan diniy miniatyuralarda yevangelist (injilchi)lar surati qo‘llarida qamish qalam bilan tasvirlangan. XII asrdan e’tiboran yaratilgan diniy miniatyuralarda qamish qalam tasviri aks etmagan. Bundan xulosa qilib aytish mumkinki, G‘arbda qamish qalam o‘rnini patqalam egallashi XI asrda o‘z nihoyasiga yetgan. Bunday xulosaga kelishimizga XII asrda yaratilgan G‘arb qo‘lyozma asarlarida faqat g‘oz, oqqush yoki tovus patlaridan tayyorlangan qalamlar haqida bahs etilganligi asos bo‘la oladi. Lekin Vizantiyada patqalam turlarining ishlatilganligi hanuz noma’lum, ammo qamish qalamning uzoq vaqtlargacha asosiy yozuv quroli sifatida ishlatilib kelinganligi ma’lum. Masalan, XIII asrda yaratilgan va bugungi kunda Parij kutubxonalaridan birida saqlanayotgan «Injil»da stol ustida yotgan bir nechta qamish qalam tasviri berilgan. Yoki undan ancha keyin, aniqrog‘i, XIV asr o‘rtalarida yaratilgan va hozir Moskva tarixiy muzeyida saqlanayotgan qo‘lyozmalarda tasvirlangan 407 yevangelist (injilchi)ning surati qo‘llarida qamish qalam bilan tasvirlangan. Polyak olimi L.Vinnichuk o‘zining «Lyudi, nravы i obыchai Drevney Gertsii i Rima» nomli kitobida A.P.Kajdanning yuqoridagi fikrlarini tasdiqlovchi dalillarni keltiradi. Uning fikricha, yunonlar qadimda papirus va pergamentga, asosan, qamish qalam bilan yozganlar.
Misrliklar qamishning faqat sho‘r botqoqlikda o‘sganlarinigina tanlashgan. Qamish poyasidan kerakli uzunlikdagi qismi kesib olingan va uning bir uchi qiyasiga kesilgan. So‘ngra qamishning bu qismiga ishlov berilgan. Qadimgi misrliklar qalamning har ikki tomonidan ham foydalanishgan. Tarashlanib ishlov berilgan qismi bilan ingichka yozuvlarni, tekis kesilgan tomoni bilan esa qalin yozuvlarni qoralashgan. Miloddan avvalgi ikki minginchi yilning birinchi yarmiga qadar, ya’ni O‘rta podshohlik davrida Misr kotiblari cho‘pining uzunligi 40 sm.gacha, uchining eni 2.5mm.gacha bo‘lgan qamish qalamlarda yozishardi. Qadimgi Suriyada asosiy yozuv quroli qamish qalam bo‘lganligi haqida ma’lumotlar bor. Qamish qalamdan foydalanish O‘rta Yer dengizi atrofidagi xalqlarda eramizdan oldingi davrlarda ham ma’lum edi. Taxminan uchinchi asrdan e’tiboran qamish qalamning uchi tarashlangan holda ishlatila boshlandi. Qadimda yozuv quroli sifatida suyak hamda metalldan ishlangan qalamlardan ham foydalanilgan, ammo qamish qalam ishlatilish jihatidan ularga nisbatan qulay bo‘lgan. Chunki qamishning g‘ovak qismi siyohni tutib turish hamda uning hadeb tomib ketmaslik imkoniyatlarini saqlagan. Suriya qalamlarining yana bir afzalligi shunda ediki, ularning uchi tarashlanish bilan birga ikki qismga yorib qo‘yilganligi natijasida har doim ham bir xil hajmdagi ingichka harflarni ravon yoza olish imkonini berar edi. Qalamning ushbu turi dunyo bo‘ylab keng tarqalgan edi. Undan yahudiy, yunon, kopt, arab xalqlari yozuv ishida foydalanishar edi.
Rus kitobatchiligida, qamish qalam deyarli qo‘llanmagan. Ushbu fikrni rus kitobshunos olimi I.Barenbaum ham tasdiqlaydi. I.Barenbaum qadimgi rus kotiblari yozuv ishlarida, asosan patqalam ishlatganligini, uning g‘oz, oqqush, hatto, tovus patlaridan tayyorlanganligini yozadi. To‘g‘ri, qadimgi Rusda yaratilgan injillarga ishlangan miniatyuralarda yevangelist (injilchi)lar qo‘llarida qamish qalam tutgan holda tasvirlangan. A. Kajdanning fikricha, bu qadimgi an’analarga uyg‘un shaklda ishlangan, xolos. Bu an’ana Rusga Vizantiyadan o‘tgan bo‘lishi mumkin. Rus tadqiqotchisi V. Yanin qadimgi Rusda papirusning ishlatilmagani, uning o‘rnida esa, qayin po‘stlog‘i (beresta) qo‘llanilganini hamda yozuv quroli sifatida suyak, metall, taxta kabi ashyolardan tayyorlangan qalamlar ishlatilganini dalillar asosida yoritib beradi. Uning yozishicha, qadimgi Rusda bunday yozuv qurollari «pisala» termini bilan ifodalangan. Pisalalar teridan ishlangan maxsus g‘ilofda saqlangan. Rus arxeologlari pisalalarni Novgorod, Pskov, Smolensk, Ryazan, Saratov kabi shaharlarda olib borilgan qazilma ishlarida topishgan. Dastlabki vaqtlarda ularni «to‘g‘nog‘ich», «teriga ishlov berishda qo‘llaniladigan asbob», «bilaguzuk qoldig‘i» deb ham taxmin qilishgan.
Arab qo‘lyozma kitobatchiligida yozuv qurollari sifatida qamish qalam birinchi o‘rinda turgan. Arablar ushbu yozuv qurolini qalam, mizbar, yara kabi terminlar bilan atashgan. Bu nomga hamda predmetga tarixda juda katta hurmat-e’tibor bilan qarashgan va unga har doim hamdu sanolar aytilgan. Islom dunyosida qalamning ilk ta’rifi muqaddas Qur’oni karimda aytilgan. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan suralaridan birining nomi ham «Qalam» surasi bo‘lgan.
Arabshunos olim A. Xalidovning fikricha, qalam, asosan, qamishdan tayyorlangan, uning uch qismi qiyalatib kesilgan va tarashlanib, o‘rtasidan yorib qo‘yilgan. Arab adabiyotida qalamga ijod va go‘zallik ilhomchisi sifatida nisbat berilib, madh etilgan. Sifatli qalam bebaho boylik hisoblangan, uning sifati qamishning qaerda o‘sganligi, saqlanishi, qalinligi, rangi, xullas, tanlab olinishiga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lgan. Qamish qalam yoziladigan yozuv turiga hamda xattot didiga uyg‘un bo‘lishi kerak edi. Albatta, arab kitobatchiligi bilan o‘zbek kitobatchiligi o‘rtasida tarixiy mushtaraklik mavjud. O‘rta Osiyoga muqaddas Islom dini bilan birga arab tili va u orqali ko‘plab arabcha so‘zlar kirib keldi. Arabcha o‘zlashma qatlamning miqdori sohalarga ko‘ra turlicha bo‘lgan. Xususan, o‘zbek kitobatchiligida uning miqdori ancha salmoqlidir. Tariximizda asosiy yozuv quroli qamish qalam bo‘lganligi va uni ifodalashda arab tilidan o‘zlashgan qalam termini qo‘llanilgani ma’lum. Qalam so‘zi asli yunoncha (qalamos) bo‘lib, «qamish» so‘zini ifodalagan. Bu leksema o‘zbek tiliga arab tili orqali o‘zlashgan. Arab tilida qalam so‘zining ma’no anglatish ko‘lami ancha keng bo‘lgan. Uning asosiy ma’nolaridan biri yozuv quroli ekanligi hammamizga yaxshi ma’lum. Arab tilida qalam so‘zining lug‘aviy ma’nosi «kesilgan, tarashlangan, kesik»dir. Shu ma’noda qalam yozma adabiyotda ko‘plab uchraydi. Qalam so‘zining ushbu ma’no ifodasidan Alisher Navoiy o‘z asarlaridagi badiiylikda ustalik bilan foydalanadi: «Raiyatqa qilsa qalamzan sitam, Qalamzanning ilgini qilsun qalam. Ya’ni: «Xalqqa sitam qilgan kotibning qo‘lini kessin (yoki kesilsin). Yoki: «Muftikim, ishiga muzd olib qilsa raqam, Muzd ortuq esa, mayl kerak qilg‘ay kam, Fatvoda chu bo‘ldi muzd uchun «lo» vu «naam», Qilmoq kerak ul qalamzan ilgini qalam.» Ya’ni: Mufti agar ishi uchun haq olib qalam sursa, Haq ortiq bo‘lsa, kamaytirmog‘i kerak. Yo‘l ko‘rsatishda pul uchun «ha» yo «yo‘q» degan hukmni bersa, U qalam tebratuvchi qo‘lini qalamdek kesmoq kerak.
Qalam haqida yozish va uni ta’riflash O‘rta asr ijodkorlari orasida an’anaga aylangan edi. Shu boisdan, har bir muallif asarida bu haqdagi fikrlarni topish mumkin bo‘ladi. Albatta, buyuk so‘z ustasi Alisher Navoiy bobomiz asarlari bundan mustasno emas. U qalamning faqat ezgu ishlarga xizmat qilishini, har kimning qalamidan doimo shakar tomib turishini orzu qiladi. Bu haqda «Farhod va Shirin»da shunday deydi:
«Qalam bahri kafida turfa ishdur,
Magar daryo aro butgan qamishdur.
Ajab ermas qamish bo‘lmog‘ shakarrez,
Va lekin bu qamish bo‘lmish guharrez.
Uchidin ham guhar olamg‘a sochib,
Ichindin ham shakar do‘koni ochib.
Sarosar go‘yiyo ul nay guhardur,
G‘alat qildim, labolab nayshakardur».
Qalamning o‘z davri uchun nihoyatda muhim yozuv qurollaridan biri ekanligi yuqorida keltirilgan fikrlardan ham ko‘rinib turibdi. Shu sababli, yozuv ishidagi asosiy qurol sanalgan qalamga hamda uni tayyorlash jarayoniga katta e’tibor berilgan. O‘rta asrlarda qalam tayyorlash ishi muhimligi jihatidan qog‘ozgarlik kabi hunarmandchilikning bir sohasiga aylangan edi. Ayrim hollarda xattotlarning o‘zlari ham bevosita bu ish bilan shug‘ullanganlar. Ta’kidlash lozimki, o‘ta sifatli qalam tayyorlash ishi ko‘p hollarda maxfiy saqlangan. Chunki bu sohada ham raqobat mavjud bo‘lib, kimning moli sifatli bo‘lsa, uning xaridori ham ko‘p bo‘lgan. Qalam ustalari o‘zlarining doimiy mijozlariga ega bo‘lganlar.
Qalam yasash uchun ajratib olingan qamish bo‘lagi suvda to‘q jigarrang olgunga qadar bostirilgan holda saqlangan. So‘ngra unga biroz ishlov berilgach, bo‘g‘in pastidan maxsus pichoq yordamida qamishning uchi tarashlangan. Qalamni qalamtarosh bilan tarashlash jarayoni o‘ta muhim hisoblanib, ko‘p hollarda bu jarayonni xattotning shaxsan o‘zi bajargan. Chunki xattotning dastxati va yozuvining sifati bevosita ana shu jarayonga bog‘liq bo‘lgan. Shu sababli, ba’zi xattotlar qalamtarosh bilan ishlash jarayonini o‘ta sir tutganlar.
Dastlabki vaqtlarda dovot termini faqat «siyohdon» ma’nosinigina ifodalab qolmasdan, uning ma’no anglatish ko‘lami kengayib, siyoh bilan qalam saqlanadigan qopqoqli, bejirimgina ishlangan qutichani ham anglatgan. Xattotlik ishining yanada takomillashib borishi bilan yozuv qurollarining turlari ham ko‘payib bordi. Shu tufayli, keyinchalik dovot termini faqatgina «siyohdon» ma’nosini ifodalashga xizmat qilgan bo‘lsa, «yozuv qurollari saqlanadigan quticha» uchun arabcha qalam so‘ziga «yasash asosidan anglashilgan narsalarni saqlashga xoslangan, shu kabi narsalar solinadigan narsani anglatuvchi otlarni yasovchi» forscha-tojikcha – don qo‘shimchasini qo‘shish orqali yasalgan qalamdon termini muomalaga kirdi. Alisher Navoiy o‘z asarlarida ushbu termindan ham o‘z o‘rnida foydalanadi: «Yamon kotib manzili qalamdonidek choh aro bo‘lsun, Qalamidek boshi yaro va yuzi qaro bo‘lsun».
Qalamdon ko‘pincha qog‘oz bo‘tqasining gipsli aralashmasidan yoki misdan yasalgan bo‘lib, uning ust qismi turli badiiy ziynatlar, xususan, kumushdan ishlangan qadama naqshlar bilan bezatilgan. Qalamdonda dovot va qalamdan tashqari yana bir qancha yozuv ashyolari saqlangan va ularning har biri o‘z nomiga ega bo‘lgan.
Qalamdonda siyohni quritishda ishlatiladigan qum (rix) va uni saqlashga mo‘ljallangan «rixdon», yelim uchun idish, bigiz, qisqich, qalam uchini artish uchun latta, dovotga suv quyish moslamasi, chizg‘ich, qayroqtosh, taglik kabilar saqlangan. Bunday yozuv ashyolarini tayyorlashga alohida e’tibor bilan qaralgan. Ular tropik yurtlarda o‘sadigan obnus yoki sandal daraxtidan, bronza, jez, po‘lat, oltin, kumush kabilardan tayyorlangan. Bu ashyolar shunday noyob narsalardan tayyorlansa-da, ular oddiy va ko‘zga tashlanmaydigan qilib ishlangan.
Tarixda xattotlik va matbaachilikda ishlatiladigan siyoh yoki bo‘yoqning sifatiga e’tibor kuchli bo‘lgan. Chunki xattotlikda husnixatni ta’minlashda qog‘oz bilan birga siyohning ham o‘ziga xos o‘rni bor edi. U davrlarda siyohning ikki turi keng tarqalgan. Ulardan biri suyuqroq bo‘lsa, ikkinchisi hozirda biz «tush» deb ataydigan siyoh turiga o‘xshash quyuqroq va yaltiroq bo‘lgan. Siyoh tayyorlashda xom ashyo sifatida achchiqtosh, qora kuya, yong‘oq, olcha yelimi kabilar ishlatilgan. Siyoh rangining qay ko‘rinishda bo‘lishiga qarab unga xina, o‘sma suvi, daryo ko‘pigi, tuxum, asal, qand, tuz, nil bo‘yog‘i, sirka kabilar ilova qilingan. Shuningdek, siyohning yoki u orqali yozilgan kitobning doimo xushbo‘y hid taratib turishi uchun atirgul suvidan tortib anbargacha qo‘shilgan. O‘rta Osiyoda eng sifatli siyoh turi Buxoroda tayyorlangan. Buxoro siyohi qoramtirligi, yaltiroqligi, o‘chmasligi, ayniqsa, xushbo‘yligi bilan boshqa siyoh turlaridan ajralib turgan. Bu siyoh taratayotgan xushbo‘y hid qog‘oz rangi bilan uyg‘unlashgan tarzda kishiga yanada yaxshi kayfiyat, tetik ruh baxsh etgan.
Ibrohimjon Yo‘ldoshev,
Nizomiy nomidagi TDPU professori
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.