(1861 yil – Xiva – 1936 yil 14-may)
Xorazmda jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, yosh xivaliklar partiyasining asoschisi va davlat arbobi bo‘lgan P. Hoji Yusupov Xiva shahrida savdogar oilasida tug‘ilgan. Eski maktabda tahsil olgach, savdo ishlari bilan shug‘ullangan. U arab, fors, rus tillarini yaxshi bilgan. 1904 yili Turkiya, Misr, Suriya mamlakatlarida va Makka shahrida bo‘lgan. 1914 yili u jadidlarning “so‘l oqimi”dan ajralib chiqqan yosh xivaliklar patiyasini boshqardi. P. Yusupov 1917 yil 5-aprelda Xiva xoni Asfandiyorxonga taqdim etilgan davlat boshqaruvida islohatlar o‘tkazish to‘g‘risidagi manifest mualliflaridan biri edi. Manifestga binoan 1917 yil 8-aprelda Xiva xoni huzurida mamlakatni yangicha boshqarish uchun Majlis tuziladi. P. Yusupovga Rossiya hukumati va rus qo‘shinlari bilan munosabatlarni barqarorlashtirish vazifasi yuklatildi. Biroq Asfandiyorxonning jadidlarga qarshi siyosati natijasida Yusupov 1917 yil oxiridan boshlab 2 yil davomida Toshkentda muhojirlikda yashadi. Turkkomissiya muhojirlikdagi yosh xivaliklar partiyasidan Xiva xonligini ag‘darib Xorazmda sovetlar andozasidagi yangi hukumat tashkil qilishni rejalashtiradi. 1918 yil boshida Toshkentda muhojir yosh xivaliklardan tashkil qilingan Komitet bolsheviklar ta’sirida edi.
Shu tariqa P. Yusupov quyidagi lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan: bolsheviklar ta’siridagi Yosh xivaliklar inqilobiy qo‘mitasi raisi (1918 yil boshidan). Turkiston ASSR Milliy ishlar xalq komissarligida Turkman sho‘basi boshlig‘i (1919). Xiva xonligi ag‘darilgach (1920 yil 1-fevral), yangi tashkil qilingan Xorazm Xalq Sovet Respublikasi Nozirlar Sho‘rosining birinchi raisi (1920 yil 27 aprel – 1921 yil 6 mart).
Yusupov XXSR hukumati raisi sifatida mustaqil siyosat yuritish va Xorazm Respublikasida demokratik islohotlarni qaror toptirish uchun intilgan. Biroq Turkiston komissiyasi (Turkkomissiya) va Turkiston fronti qo‘mondonligi Polvonniyoz Hoji Yusupovning bu siyosatiga qarshi chiqib, Xivada yangi hukumat to‘ntarishini amalga oshirishgan. Yusupov faol siyosiy kurashdan voz kechganligi uchun keyinchalik bolsheviklar tomonidan afv qilingan va XXSRda turli lavozimlarda xizmat qilgan.