(1892 yil, Buxoro – 1934 yil 1-iyun, Toshkent)
Buxorodagi jadidchilik harakati namoyandasi, siyosat arbobi. Boshlang‘ich ta’limni Buxoroda olgach, Istanbul madrasasida o‘qidi. Otasi yirik savdogar Mirza Muhitdin Mansurov ilk jadid gazetasi “Buxoroyi sharif”ni moddiy jihatdan ta’minlab turgan, yangi usul maktablariga homiylik qilgan. A. Muhitdinovning ilk maqolalari Orenburgdagi “Vaqt” gazetasida e’lon qilingan (1910).
Buxoroda 1917 yil aprel namoyishidan keyin yosh buxoroliklar partiyasi MKga a’zo bo‘ldi. Kolesov voqeasidan keyin Samarqand, Toshkent, Moskvada muhojirlikda yashashga majbur bo‘ldi (1918-19). U Turkiston musulmonlari byurosi a’zosi (1919-20) hamda “Qutulish” gazetasi muharriri (1920) edi. Buxoroda amirlik qizil askarlar kuchi bilan ag‘darilgach, A. Muhitdinov Umumbuxoro Inqilobiy qo‘mitasi raisi (1920 yil sentabr – 1921 yil sentabr), BXSR dehqonchilik noziri (1920-21) kabi mas’ul lavozimlarda ishladi. BXSR ning dastlabki Konstitutsiyasini ishlab chiqishda qatnashgan, Buxoroda yer-suv islohoti o‘tkazilishi tashkilotchilaridan biri. A. Muhitdinov BXSR ning xorijiy mamlakatlar bilan Rossiya vositachiligisiz mustaqil aloqa o‘rnatish, bosqinchi qizil armiyani olib chiqib ketish, xalq militsiyasi singari milliy armiya tuzishni qat’iy talab qilgan.
Shuning uchun ham Markazning Turkistondagi tayanchi bo‘lgan Turkkomissiya tomonidan A. Muhitdinov va uning tarafdorlari “o‘ng og‘machilik”da ayblandi va lavozimidan bo‘shatildi. Lekin, shunga qaramasdan u 1921-24 yillarda BXSR savdo va sanoat vaziri, Buxoro Xalq xo‘jaligi Oliy kengashi raisi, Buxoro Iqtisodiy kengashi raisi, BXSR nozirlar sho‘rosi raisining 2-muovini lavozimlarida ishladi va Buxoro Respublikasining mustaqilligi, e’tiqod erkinligi, demokratik islohatlarni yoqlab chiqdi.
O‘rta Osiyoda milliy hududiy chegaralanish o‘tkazilib, O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR tashkil qilingach, A. Muhitdinov Tojikiston ASSR Xalq Komissarlari Soveti raisi qilib tayinlandi (1925-29). Tojikiston SSR tuzilgach, u O‘zbekiston SSR ta’minot Xalq Komissarligida ishladi.
1933 yil 21-avgustda sovet rejimi tomonidan A. Muhitdinov qamoqqa olinib, unga “burjua millatchisi” tamg‘asi yopishtirildi va 1934 yil 1-iyunda otib tashlandi.