Nikos Kazandzakis 1883 yil 18 fevralda Krit orolida joylashgan Geraklion shahrida tug‘ilgan. 1897-1898 yillarda u o‘z oilasi bilan Naksos oroliga ko‘chib o‘tadi va Sent-Krauadagi frantsuz savdo maktabiga qabul qilinadi. Nikos u yerda frantsuz, italyan tillarini mukammal o‘rganadi, G‘arb tamadduni bilan oshno bo‘ladi. 1899-1902 yillar davomida Gerakliondagi litseyda o‘qishni davom ettiradi. Ilm va izlanishga ishtiyoqmand Nikos 1902-1906 yillarda Afina universitetining huquq fakultetida tahsil oladi va 1906 yilda yuqori saviyali doktorlik diplomini olishga muyassar bo‘ladi. Yunon adabiyotiga o‘zining “Asr xastaligi” ilk essesini yozish bilan qadam qo‘yadi. Sal o‘tmay “Ksemeroni” dramasini yozadi. Uning “Ilon va Gul” nomli ilk kitobi ham shu yillarda nashr etilgan.
Nikos Parijga kelib o‘qishni davom ettiradi. Yosh ijodkor “Jarohatlangan qalblar”, “Imperiyadagi hayot” nomli navbatdagi tarixiy asarlarini yozib, shuhrat shohsupasiga ko‘tariladi. Shundan so‘ng bilingvist (yunon va frantsuz tilida ijod qilishni boshlagan) yozuvchi 1910 yilda yana Afina shahriga qaytadi. Nikos Kazantzakisga ijodiy yutuqlar birin-ketin kulib boqadi. U bu yerda “Ustoz-temirchi” tregediyasini sahnaga qo‘yib, oliy sovrinni oladi.
Nikos 1912-1913 yillarda esa Bolqon urushlarida ko‘ngilli bo‘lib ishtirok etadi. Shu yillardan boshlab, u sayohat qilishga qiziqadi. U dastavval butun Shimoliy Yunonistonni aylanib chiqadi. Yozuvchi Antelos Sikemanos bilan birga Atos cho‘qqisiga chiqadi.
Sayohatdan so‘ng ijod uni yana o‘z girdobiga tortadi. U “Nasroniy” va “Yuliss” tragediyalarini yozib tugatib, yana sayohatga chiqadi. 1922 yilda “Budda” tragediyasini boshlaydi. 1923 yilda Olmoniyaga jo‘naydi. U bu yerda “Assez” tragediyasini yozib tugatadi. 1924 yilda Italiya bo‘ylab qisqa sayohat uyushtiradi. Chala qolgan “Budda” dramasini ham yozib tugatadi. Shu vaqtdan e’tiboran yirik asarlaridan biri “Odisseya”ni yozishga kirishadi. Shuningdek, bu asari bilan bir qatorda “Ziyofat” degan asarni ham yozadi. 1925 yilda Siklad shahrida ta’til o‘tkazgach, Falastin, Kipr, Ispaniya bo‘ylab sayohat boshlaydi va 1926 yilning oxirida mashhur yunon rassomi Tomas Kalmuxos bilan birgalikda Misr va Sinay orollarini kezadi. 1927 yilda Ejin oroliga borib, yana “Odisseya” asari ustida ishlaydi. “Assez” tragediyasini esa ro‘znomalardan birida chop ettiradi. Bu davrda uning ijodi “Nisefor Fokas” tragediyasi bilan boyidi.
Rossiyaga kelib, rumin yozuvchisi Panayt Istrati bilan tanishadi. Rus kinosi uchun stsenariylar yozadi. Maksim Gorkiy bilan do‘stlashadi. Bu vaqtda esa Afina uning “Yuliss”, “Nasroniy” va “Rossiyada ko‘rganlarim” asarlari chop etiladi.
1929 yilda Nikos Kazantzakis yurtimiz O‘zbekistonga tashrif buyuradi (keyinchalik uning bu sarguzashtlari yozuvchi vafotidan so‘ng uning rafiqasi tomonidan “Maktublar” nomi bilan tarixiy esselar shaklida nashr etiladi). Markaziy Osiyodan o‘z yurtiga qaytishda turmush o‘rtog‘i Yelena bilan Chexoslavakiyadagi Gottesdab shahrida biroz vaqt yashaydi. Nikos Kazantzakis adabiyotshunoslik va ma’rifat sohalariga ham qiziqadi. 1930 yilda “Rus adabiyoti tarixi” asarini yozadi. Bolalar uchun ko‘plab kitoblar tarjima qila boshlaydi. 1931 yilda frantsuzcha-yunoncha lug‘atni tuzishga bor kuchini sarflaydi. Uning “Toda-Raba” asari Parijdagi ro‘znomalardan birida chop etiladi va golland tiliga ham tarjima qilinadi. 1932 yilda yana stsenariy yozishni davom ettiradi. Shu sababdan Parijga kelib istiqomat qila boshlaydi. “Ilohiy komediya” asarini yunon tiliga tarjima qiladi.
1935 yilda Ejin shahridan yer sotib oladi va uy qurish uchun tayyorlanadi. Shu yil uning “Uzoq Sharqdan olgan taassurotlar”i Afinadagi ro‘znomalardan birida chop etiladi. “Odisseya” asarining beshinchi qismini yozadi va Otmanning “Quyosh botishdan oldin” dramasini yunon tiliga tarjima qiladi. 1936 yilda “Qoyalar bog‘i” nomli romanini frantsuz tilida yozadi. Pridelloning esselarini tarjima qila boshlaydi va “Otello qaytmoqda” komediyasini yozib tugatadi. Shu bilan bir qatorda Gyotening “Faust”ining birinchi qismini, Shekspirning “Otello”sini ham tarjima qiladi.
Nikos Ispaniyaga qayta sayohat qilib, “Ispaniyaga sayohat” asarini Afinada bosmadan chiqaradi. Shu davrda “Melissa” tragediyasini yozadi. 1938 yilda “Xitoy va Yaponiyaga sayohat” asari dunyoga keladi. 1940 yili “Angliyaga sayohat” nomli yangi hikoyasini yozadi. Yashirin taxallus ostida mahalliy ro‘znomalarda bolalar uchun hikoyalar yoza boshlaydi. Jumladan, “Katta Aleksandr” va “Minos qasrida” hikoyalari bunga misol bo‘la oladi. 1941 yilda “Angliyaga sayohat” nashrdan chiqadi. “Budda” tragediyasini va “Aleksis Zorba” asarini yozib tugatadi.
Yozuvchi 1954 yilda “Xoglanton Iso” asari ustida bastakor Bouslov Martinu bilan birga ishlaydi va bu 1954 yilgi “Eng yaxshi xorij kitobi” deb tan olindi. “Xoglanton Iso” Oslo va Xelsinki sahnalarida qo‘yildi. U 1956 yilda Venaga boradi va unga “Tinchlik” sovrini topshiriladi. Millatlararo uchrashuvlar, majlislarga qatnashadi. Afinada yozuvchini yana bir sovrin kutardi. Bu teatr pesalari uchun yana bir davlat “Tinchlik” mukofoti edi.
1957 yilda Xitoy hukumati taklifiga binoan shu davlatga safar qiladi. U yerda jiddiy kasallanib qaytgach, shu yilning 26 oktyabrida vafot etadi va Bastion Martinenga qabristoniga dafn etiladi.
Adibning sermahsul ijodi kishini hayratga soladi. U adabiyotning behad ko‘p janrlarida ijod qilgan. Nikos Kazantzakis drama, she’riyat, romannavislik, publitsistika, nasrning o‘ziga xos turlari: tarixiy esselar, sarguzasht qissalar, hikoyalar, shuningdek, teatr va kino uchun stsenariylar, bolalar uchun o‘quv kitoblari yozish sohalarida ham o‘z davrida katta shuhrat qozondi.
Adib ijodida she’riyat ham muhim ahamiyat kasb etadi. U butun umri davomida 3 ta katta poema yozgan: shulardan birinchisi butun dunyoga mashhur “Odisseya”, bu 33333 baytdan iborat bo‘lgan monumental asardir; umuman Kazantzakis 20 dan ortiq tarixiy, diniy, falsafiy va siyosiy dramatik asarlar yozgan.
Yozuvchi ijodining mashhur sohasi romandir. U 11 ta roman yozgan: “Qatl etilgan Iso Masih”, “Aleksis Zorba” va “Isoning so‘nggi so‘zlari” asarlari shular jumlasidandir.
Nikos bir qator sayohatnomalar yozdi: sayohatlar va orzular Kazantzakis umrining yo‘lboshchisi edi. U Afrika, Osiyo va Yevropaning bir qator mamlakatlarini kezib chiqdi. U amalga oshirgan (Rossiya, Ispaniya, Xitoy, Yaponiya, Angliya, Italiya, Misr, Sinay, Quddus, Kipr, Peloponnes) sayohatlarini 10 ga yaqin noma-maqola va reportajlar shaklida 5 jildlik to‘plamiga kiritdi. Bolalar uchun 2 ta kitob – “Iskandar Zulqarnayn” va “Minos saroyida”ni yozdi. Stsenariylarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning 9 tasidan eng mashhurlari, shubhasiz, “Muhammad Alayhissalom” va “Budda”dir.
…1929 yil 11 mart kuni Kazantzakis Uzoq Sharq va Sibirga safaridan keyin Moskvaga qaytdi. U yerda Turkistonga kirish uchun ruxsat so‘rab, bir hafta kutdi. Sobiq sovet hukumati ruxsat bermaganidan so‘ng, u ijozatsiz borishga qaror qildi. Shu sayohat paytida yozilgan nomalar tarjimasi e’tiboringizga havola qilinayotir.
Turkiston. 1929 yil, 26 mart.
Biz Toshkentga yetib keldik. Endi Samarqand tomon oshiqmoqdamiz. Hech kim mendan hujjat talab qilmadi, demak, boshqa hech qanday xavf yo‘qligiga umid qilsam bo‘ladi. Ertaga peshinga qarab men Iskandar va Amir Temurning mashhur shahriga qadam qo‘yaman. Men bundan behad baxtiyorman, ammo bir vaqtning o‘zida afsusdaman, chunki siz men bilan birga emassiz. Men o‘z olmalari bilan mashhur Toshkentdan keyingi birinchi bekatda bir necha daqiqa tushib qoldim. Hammayoq qorong‘i edi. Ammo men u yerda mo‘jizaviy olmalarni ko‘rdim. Qo‘llarimga siqqanicha olganimda poyezd qo‘zg‘algan edi. Men yugurdim. Unga osilib chiqib oldim. Ajoyib olmalar, men yangitdan his qildim, bir kun kelib o‘lsam, qabrim uzra turganingizda hayotimning eng katta quvonchlaridan biri mevalar bo‘lganligini unutmang. Va ulardan menga ko‘proq olib keling. Qachonki men ulardan to‘yib, so‘ng “ta’til”ga chiqay.
* * *
Aziz do‘stim.
Men Turkistonga ijozatsiz kirib keldim, chunki Samarqandu Buxoroni ko‘rish mening orzuim edi. Bolaligimdan buyon bu shaharlar meni o‘ziga tortadi. Men buni o‘zimga farz deb bildim va bo‘ynimdan soqit qilish uchun men u yerlarni ziyorat qilishga majbur edim.
Qanchalik ko‘p sayohat qilsam, men shunchalik sayohat uchun faqatgina hurlik ehtiyoji zarurligini ko‘p his qilardim. Ruhim va yuragimni qayg‘uga g‘arq qilgan barcha hislarni yengish va ulardan o‘zimni xalos etishga qodir emasman. Ularga yo‘liqqan paytim esa faqatgina yorug‘ kunlar sari intilardim.
O‘rusiya endi ortda qoldi. Menga u tomondan endi biror tahdid xavf solmaydi. Men ham uni orzu qilmayman. Hammasi tugadi. Bu xuddi mo‘jizaga o‘xshardi. Behad mamnunman. Volga daryosi ikki kiprigim orasidagi katta Vena kabi oqadi. U hali-hanuz ko‘z-o‘ngimda. Men buni inkor etmayman, u mening qonimga aylandi. Agar biror narsani orzu qilsam, men O‘rusiya bilan, yana Falastin, Ispaniya, Sinay cho‘qqisi, yunon orollari, xullas, ko‘rganlarimning barchasi bilan birga bir narsani orzu qilmoqdaman, chunki biz bir tanu bir jonmiz. Sirena bo‘lsa, non va moyga o‘xshaydi. Va u meni boqadi. Men undan mamnunman, chunki men tez-tez yuragimni otashin tizim kabi his qilaman.
Tun edi. Biz Toshkentga keldik, ammo men u yerda to‘xtamadim, chunki men Samarqand sari oshiqardim.
Ertaga peshinda men u yerda bo‘laman. Buyuk Iskandar, Temur, u sevgan ayol Bibixonim… Men mashhur masjidlarni ziyorat qilishni intizorlik bilan kutardim. Ana endi yo‘lda ketayotib, men nihoyat sharqqa qadam qo‘yganimni his qildim. Qorlar erib borar, Amudaryo va Orol asta-sekin muzlardan xalos bo‘lar edi. So‘ngra Qozog‘istonning bepoyon cho‘llari yastanib yotar, keyin ikki teva, tomlari kosaga o‘xshagan uylar, xilma-xil rangdagi kiyim kiygan erkak va ayollar, so‘ng qishloqlarda bo‘y cho‘zgan minoralar bo‘m-bo‘sh olmazorlar va hozir xazon bilan qoplangan, bir necha kundan so‘ng sabza uradigan o‘simliklar bilan qoplanadigan Zamin va Quyosh.
Ozodlik, yorug‘lik, sokinlik. Osiyo yuragida yana bir yoqimli bahor hukmron. Oldinda Samarqand kutmoqda, uzoqroqda Buxoro va yana ilgariroqda hozir biz Marv deb ataydigan, bir asr oldin samum shamoli ko‘mib tashlagan juda eski shahar xarobalari…
Men sizga yozayotgan paytda, vagon ichida oldimdagi mo‘jazgina stolchada bir uyum Toshkentning mashhur olmalari turibdi.
Siz, men hozir yonimda bo‘lishini juda istagan yagona insonsiz.
Samarqand. 1929 yil, 27 mart.
… Men o‘zimni sehrli ertaklar shahrida, “Ming bir kecha”dagi shaharda his qilayapman. Tongda xonamning deraza pardasini ko‘tardim. Tashqarida yalangliklar, qiyg‘os gullagan bodomlar! Quyosh, harorat, taft, ko‘kara boshlagan daraxtlar, bog‘lar… Rangli yo‘l-yo‘l chopon kiygan musulmonlar, guldor kiyim kiygan musulmonlar… Men tush ko‘rgan haqiqiy Sharq! O‘sha o‘rkachli tuyalar, ajoyib eshaklar…
Kun yarim bo‘ldi, men bu ajabtovur bozorda tentirashdan to‘ymayman. Musulmonlar, gulga burkangan olomon, mo‘g‘ulmonand qiyofalar, ayollar esa zulmat paranjilarida peshtoqi ko‘m-ko‘k va sirlangan gulli naqshlar bilan mohirona bezalgan, Yerevandagi obidaga o‘xshab ketadigan bebaho xarobalar atrofida jamuljam.
Temur maqbarasi va Bibixonim qabri shaharning qoq o‘rtasida, bozor yaqinida joylashgan onda-sonda madrasa va masjid minoralari va sirlangan gumbazlar ko‘zga tashlanadi. Uning atrofida yo‘l-yo‘l va guldor uvada kiygan odamlarning gaplari ohangidan hayotdan noroziliklari sezilib turar edi. Atrof loyqa, gullagan bodomning xushbo‘y hidi va shu bilan birga ko‘lmak suvlarning badbo‘y hidi hammayoqda anqib turadi.
Havo juda issiq… Men kamzulsiz yurardim. Xo‘ja Murodov degan savdogar meni uyiga boshlab, boshpana berdi. Uyi paxsadan qilingan bo‘lib, salqingina edi. Oyoq ostiga behad go‘zal gilamlar tashlangan, to‘rt tomondagi simqafaslarda bedanalar saqlanar edi. Ichkarida eski sandiqlar, arabiy xurmachalar bor edi. Ayollar meni ko‘rib, ichkariga kirib ketishdi. Xo‘ja bir sandiqni ochib, Iskandar rasmi tushirilib zarb qilingan tangalarni ko‘rsatdi. Men undan bir qadimiy so‘zana va Bibixonim qabrining sirlangan parchasini sotib oldim, shu bilan birga zardo‘zi do‘ppilar ham harid qildim.
* * *
Baxt va shodlik hamrohligida men Mirzo Ulug‘bek, Tillakori va Sherdor kabi ko‘m-ko‘k naqshindor sopol parchalari bilan bezalgan madrasalar bilan o‘ralgan Registon maydoni va mashhur Samarqand bozorida sayr qildim. Ularning orqasida buyuk Temur maqbarasi va u jonidan ortiq ko‘rgan Bibixonim qurdirgan Sharqning eng go‘zal masjidi. Men zar bilan tikilgan o‘zbek kallapo‘shini boshimga kiyib, uzum va qovun bilan tamaddi qildim. Masjidlar hovlisining qiyg‘os gullagan bodomlari ostida sayr qildim.
Bahor, havo issiq. Minglab musulmonlar ko‘chalarni to‘ldirib, boshlarida har xil rang va har xil shaklda eski-tuski sallalardan o‘rab olishgan edi. Odamlarning g‘ala-g‘ovuri va gullagan bog‘larning rohatbaxsh hidi, men aminmanki, bu kun mening hayotimdagi eng unutilmas kunlardan biri bo‘lib qoladi. Men yana bir necha kun hali Samarqand jamolidan to‘yish va farzni ado etish uchun qolaman. So‘ng Buxoro! Oh! Naqadar mo‘jiza u yerdagi Dunyo! O‘z oyog‘ingda yo‘l yurishing, ikki ko‘zing bilan ko‘rishing qanday baxt shu paytda!
Poyezdda men “Sarguzashtlar”imning ikki to‘plamini yo‘qotib, so‘ng yo‘l-yo‘lakay imkoni boricha to‘ldirishga harakat qildim. Ammo men ularni unutibman, esimga to‘laligicha kelmayapti. Men Osiyoning yuragida g‘arq bo‘lib, baxtdan o‘zimni yo‘qotayozgan edim va balki o‘shanda uni yo‘qotgandirman. Menga hozirgina telefon qilib yo‘qotilgan qismlarning topilgani va ertaga Samarqandga yuborilajagini aytishdi. Oh! Til va lug‘at ojiz. Bu shaharni ko‘rishim bilan she’rlarim menga ma’nosiz, ta’msiz va rangsiz tuyuldi. Men qanday qilib katta gumbazli Bibixonim masjidi minorasini bayon eta olay?! Qanday qilib faqat so‘zlar bilangina bugun bozorda ko‘rgan, bo‘yniga son-sanoqsiz va har birining uchida oltin zirak bo‘lgan taqinchoqlar osilgan, kiprik va tirnoqlari bo‘yalgan, qo‘g‘irchoqqa o‘xshagan, nigohi tahlikali tus olgan qizaloqni, hatto shu Sharqning sodda ruhiyatini, shu yetti yoshli qiz qiyofasini qanday bayon aylay?!
Samarqand. 1929 yil, 28 mart.
…Men kun bo‘yi masjidlar va Chorsuda kezib yurdim. Ko‘chalarda qovun va uzum yeb, boshimga paddo‘z kallapo‘sh kiyib, barcha ko‘rgan manzaralardan xursand bo‘ldim.
Quddusdagi Umar masjidi juda go‘zal, chunki u bus-butun saqlangan. Bu yerda bo‘lsa, ko‘pgina masjidlar bor. Ammo xarob ahvolda. Hali unda, hali bunda, chala ko‘k gumbazlar, sarg‘aygan ustunlar ko‘zga tashlanadi. Ba’zida minoralar ham Yerevandagiga o‘xshab qiyshayib qolgan… Ammo shahar, o‘zining sharqona jozibasi bilan Quddusni dog‘da qoldiradi. Bu yer Sharqning yuragi. Bu yerdagi aholi qiyofasi, rang-barang kiyimlari, kallapo‘shu oq, sariq va ko‘k sallalari, gondolalardek (nasroniy dindorlar poyabzali) tikilgan poyabzallar bir fors miniatyuralarida ko‘radigan tasvirlarning xuddi o‘zginasi. Siz, men bilan bo‘lishingizni naqadar orzu qilmoqdaman hozir!.
Buxoro.
Men Buxoroga yetib kelganimda kech tushgan edi. Vokzalni ayollar ko‘rib, esdan og‘ib qolmasliklari uchun uni shahardan 13 kilometr narida quribdilar. Kunning jazirama harorati pasayib, yoqimligina shabada esib turardi. Bir zumdan so‘ng men Buxoro shahrining qoq markaziga borib qoldim. Aholi gavjum, musulmonlar xufton namozini o‘qib qaytishardi. Tasavvur qiling, ko‘cha to‘la arximandrit va metropolitlar boshlarida uzun metralar, qo‘llarida esa yelpig‘ich. Va bulardan ko‘cha liq to‘lgan, buni ko‘z oldingizga keltira olasizmi? Yana choyxona xizmatkorlari, sho‘rdanakfurushlar, tilanchilar ham ko‘chada. Xullas, hammasi ko‘chada. Sahna o‘rtasida tancha, xushro‘y bir bola va qariya hofizlar g‘azal aytishmoqda. Ziravor, jasmin va zax hidi qo‘shilib anqimoqda… Butun eski shahar usti yog‘och bilan qoplangan. Xuddi uyda sayr qiladiganga o‘xshaydi kishi. Bittagina qo‘rqinchli mehmonxonasi bor ekan. Men tunning yarmigacha tentirab, qorong‘uda bahaybat, charog‘on va bo‘m-bo‘sh masjidlarni kezib chiqdim. Shu kecha juda yomon uxladim.
Tong saharlab men yana shahar kezishni boshladim.
Xulosa qilib shuni aytishim mumkinki, Buxoro Samarqandga nisbatan sharqonaroq. Soya va ko‘kalamzor ham kam. Uylar past ayvonli va barchasi loysuvoqdan. Devorlarda faqat bittagina deraza bor. Xuddi qal’alardagi mudofaa tuynugiga o‘xshaydi. Bugungidek quturgan shamol esganda esa ularni ham xarob qilib yanada avj oladi. Bu yerning odamlari ham samarqandliklardek rangdor emas.
Hammayoq chang, kulrang tusga kirib olgan tuproqqa o‘xshaydi. Va birdan mana shu chang uzra go‘zal qubbalar, masjidlarning ajoyib gumbazlari ko‘zga tashlanadi. Bu gumbaz o‘zining turtib chiqqan uchi bilan birga ayolning go‘zal siynasiga o‘xshab ketadi. Bu yerning tamadduni davrida odamlarning bari birlashib bir fikrni, bir g‘oyani qanday qo‘llab-quvvatlaganlarini, unga qay darajada o‘zlarini baxshida etganliklarini tushunib yetasiz. Loy va somonda barpo qilingan bu turar-joylarning barchasi ular ichra xudolariga atab tiklangan binolarning savlat to‘kib turishi uchun ataylab pastlab qurilgan. Buxoro masjidlari naqadar viqorli! Yevropadagi va hatto o‘sha Quddusdagi Umar masjidi ham pastroq, bu yerda esa ular osmonga bo‘y cho‘zgan. Gumbaz esa unga viqor va salobat baxsh etuvchi go‘zal doiraga suyanib turadi. Bozor ko‘zga zo‘rg‘a tashlanadi. U ham bo‘lsa sovetlashtirilgan. Men kun bo‘yi siz uchun Buxoroning asl uzugidan qidirib behuda urindim. Hozirgi tillafurushlar ruslar va kavkazliklar. Siz ularning qanaqa arzimagan taqinchoqlar bilan savdo qilishlarini tasavvur qilolmaysiz.
Xulosa shuki: Samarqand men uchun iliq va rangdor Sharqqa o‘xshaydi. Buxoro bo‘lsa, Sharqona bir mumtoz unsur bor: tartib, rang va oddiylik. Oddiylikni xush ko‘radigan qalb uchun uch marotaba jozibaliroq bu shahar. Baxtga qarshi bularning ikkisi ham o‘z nihoyasiga yetib bormoqda. Ya’ni o‘z qalblarini yo‘qotib, Moskvadan rang olmoqda, Moskva bo‘lsa, Yevropadan, Yevropa esa Amerikadan.
Men bir asr oldin cho‘l bag‘riga singib ketgan katta shahar – Marv tomon yo‘l olaman. Men Buxoroda ko‘p qololmayman, aks holda men olgan taassurotlar so‘nib qolishi mumkin.
Frantsuz tilidan Ramazon Bobokalonov, Suhrobjon Bobokalonov tarjimalari.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 9-son