Muhammad Ali. Amir Temur va Yildirim Boyazid (esse)

Kirish

Jahon tarixining, turk olamining ikki mashhur namoyandasi o‘rtasidagi munosabatlar faqat ikki shaxsgagina yoki ikki mamlakatgagina tegishli emas. Ular umumjahon tarixiga taalluqli bo‘lib, har bir shaxsga to‘g‘ri va odilona baho berish juda-juda muhimdir. Turon sultoni bilan Rum imperatori o‘rtasida yigirma to‘rt yosh farq bor. Amir Temur milodiy 1336 yilda tavallud topgan, Yildirim Boyazid esa milodiy 1360 yilda tug‘ilgan.   

1

Qudratli ikki turkiy davlatning bir-birlari bilan to‘qnashmasliklari mumkinmidi? – deya ko‘pincha o‘zimizga o‘zimiz afsuslanib savol beramiz. Albatta, mumkin edi! – deb javob qaytaradilar idroki tiniq insonlar. Chunki bunga juda ishonarli sabablar ham bor edi. Zamon va vaziyat haqida yaxshiroq tasavvur hosil qilish, ikki hukmdor, ikki davlat orasidagi munosabatlarni tiniqlashtirish uchun, o‘sha paytda yozilgan va bizgacha yetib kelgan manbalar asosida so‘z yuritish maqsadga muvofiqdir. Bunday manbalarga Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” va Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Rui Gonsales de Klavixoning “Samarqandga Amir Temur saroyiga sayohat (1403-1406)”, Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixi” singari asarlar kiradi.

Ikki tarixchi – biri bevosita Amir Temurning topshirig‘i va tavsiyalari asosida kitob yozgan, shu voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Nizomiddin Shomiy (1404), ikkinchisi – Amir Temur nabirasi Sheroz hokimi Ibrohim Sulton nazorati ostida, qattiq tekshirilgan dalillarga suyanib tarix bitgan Sharafiddin Ali Yazdiy (1425) – o‘z kitoblarida bir xil haqiqatlarni keltirib o‘tadilar. Shuni ta’kidlash lozimki, har ikki kitob, ayniqsa, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si jahon temurshunoslari tomonidan Sohibqiron Amir Temur haqida bitilgan eng haqqoniy va eng mukammal asar sifatida tan olingan. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si Amir Temurning 1360-1404 yil iyuligacha bo‘lgan hayoti in’ikosidir. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining qamrovi esa keng, u turk xonlarining shajarasi va Chingizxon tarixini yoritgan “Muqaddima” bilan boshlanadi. “Bu asarga asos bo‘lgan ilk nusxani (Amir) Temurning saroy kundaliklari va boshqa manbalar (ularga G‘iyosiddin Alining “Hindiston g‘azovoti kundaligi”, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, balki Mu’iniddin Natanziyning “Muntaxabi tavorixi Mu’iniy” asari, va albatta, Amir Temur qalamiga mansub “Tuzuklar” kirgan degan fikrdamiz. – M.A.) asosida va saroy kotiblarining yordamida Ibrohim Sulton yozgan. Bu nusxani qayta ishlab va yana boshqa manbalardan foydalanib Sharafiddin o‘z “Zafarnoma”sini yaratgan.”[1]

Amir Temur bilan Yildirim Boyazid o‘rtasida bevosita aloqalar, boshlanar ekan, Nizomiddin Shomiy o‘z asarida zamonaning ko‘pchib turgan voqealarini qalamga oladi, juda ishonchli faktlarni keltiradi.

“Rum aholisi… – deb yozadi muarrix. – Sohibqiron hazratning qudratu haybatini ko‘rgan va ularning lashkarlari, g‘alaba yor askarlarning shavkatu shijoatini mushohada qilgan edilar. Ular amir Boyazidni sulh qilishga undadilar. Samimiy nasihatgo‘ylar turli iboralar bilan: “Shunday bir sohibi davlatga qarshi muxolifat izhor qilishning xosiyati bo‘lmaydi, maslahat sulhu ittifoqliqdadir”, deb tushuntirdilar. Amir Boyazid ushbu dildan aytilgan nasihatlarga quloq solib, islom dini qozilaridan birini ulug‘ amirlardan biriga qo‘shib, elchilik tariqasida Amir Sohibqiron hazratga yubordi…”[2]

Xuddi shu hodisani Sharafiddin Ali Yazdiy bunday tasvirlaydi: “…Rum viloyatining akobiru aozim va ulamou sulaho barcha Yildirim Boyazidqa kelib nasihatlar qildilarkim va dedilarkim: “Bu podshohkim, beri mutavajjih bo‘lib turur, davlati asru qaviy turur va bu choqqacha har kim aning bila muxolifat qilib turur, maqhur bo‘lib turur (ya’ni tahqirlandi, xor bo‘ldi)… Va bu ishlar bir abas ermas va mundin hazrat Subhonning inoyati ma’lum turur. Mundoq kishi bila muxolifat qilmagil va muvofiq bo‘lmoq kerak, to viloyat amonda bo‘lg‘ay…” Yildirim Boyazidqa bu so‘zlar ma’qul tushub, o‘zi taqi qo‘rqub erdi, Islom qozilaridin va bir begi bila bir xatkim bitti, mazmuni itoat va inqiyod (bo‘ysunish) turur, Sohibqironga yibardi..”[3]

Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”da Rum qaysari maktubi mazmunini ham keltirib o‘tishi juda e’tiborlidir: “Chun inobati Hazrat Haqq xizonasidinki, “tuvta al-mulka man tasha’a”[4] , podshohlik xil’ati bila ul Hazratning iqbol qomatini orasta qilib turur – deb yozadi Yildirim Boyazid. – Biz ham tobi’ va muti’durbiz. Agar mundin burun xilofi qo’ida bizdin ba’zi nimalar voqi’ bo‘ldi, emdi mundin nari itoat va inqiyoddin o‘zga ishimiz bo‘lmag‘usidur.” [5]

1401 yilda Qorabog‘da qishloq solib turgan Amir Temur maktub bilan tanishib, sulh tilab, yaxshilikni ko‘zlab kelgan Yildirim Boyazid elchilarini ochiqchehralik bilan qarshi oladi va deydi: “Men tabiatan u tomonga yuzlanish va u mamlakatga lashkar surishni xohlamaymen(ya’ni, buni ko‘nglim istab turgani yo‘q). Amir Boyazid doimo faranglarga qarshi g‘azot qilayotganligi sababli, men farangliklar quvvatlanib, ahli islomning kuchsizlanishini istamaymen.”[6]

Bu yerda chuqur mantiq bor. Amir Temur Yildirim Boyazidning faranglarga g‘azot qilmoqchi ekanidan xabardor, bunday qadamlarni u hamisha qo‘llab keladi, shu sababdan Rumga yurish niyati yo‘q.

Demak, Rum qaysari Yildirim Boyazidda dastavval Turon saltanati bilan urushga yuz burish maqsadi bo‘lgan emas. Birinchidan, u olis Turondan chiqqan Amir Temurga oddiy amirning o‘g‘li sifatida qaragan (fikrimizcha, u Amir Temurning qudratli, buyuk sarkarda ekani haqida to‘liq ma’lumotga ega emasdi, balki unga bu haqda ataylab aytishmagan yoki o‘zi ham tuzukroq so‘rab-surishtirmagan), unchalar pisand qilmagan va shunday amirning jahonni tit­ratib turgan imperatorga qarshi jur’at etib maydonga chiqishini xayoliga ham keltirmagan. Bu yerda bunday deyishga asos ham yetarlidek: bu paytda hech qayerda oti qoqilmas, hamisha g‘alaba yor Usmonli imperator 1396 yilda Nikopol yonida Yevropadan yopirilgan salibchilar qo‘shinini mag‘lubiyatga uchratib dovruq taratgan, Bolqon yarimorolida yangi harbiy yurishlarni boshlab yuborgan, Yunoniston hududiga Attika bilan Peloponnesga bostirib kirgan, ayni paytda Yevropaga katta harbiy safar uyushtirish tadoriki bilan qattiq band edi, ikkinchi tomondan ko‘p yillardan beri Istanbul muhosarasi ham uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab turardi. Rum qaysari Yildirim Boyazid “…etti yil davomida Konstantinopolni qamal qildi va shahar ahlining tinkasini quritib, tiz cho‘ktirishni o‘ylardi. Shaharda qahatchilik boshlanib, hech qanday “egulik va o‘rgulik” qolmadi. Qishda isitish uchun, uylarni buzib, yog‘ochlarini o‘tin qildilar…”[7]

Yildirim Boyazidning ikki davlat o‘rtasida yaxshilik aloqalarini o‘rnatish borasida Sohibqironga uch marta elchi yuborgani ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi. Chunonchi, u Arzinjon hokimi Tahurtanga kishi jo‘natib, deydi: “Meni Sohibqiron bila yarashturgil… Agar meni Sohibqiron bila yarashtursang, men sening o‘g‘lon-ushog‘ingnikim, navohai Bursaga yibaribmen, senga yibarayim. Albatta andoq qilg‘ilkim, arolarimizda do‘stluq bo‘lib, borish-kelish (Ta’kid bizniki – M.A.) bo‘lg‘ay, to musulmonlarga tashvish bo‘lmag‘ay.”[8]

Arzinjon hokimi Tahurtan bu xushxabarni Naxichevonda turgan Amir Temurga yetkazishga shoshiladi. Muarrix yozadi: “Tahurtan kelib Hazratni ko‘rdi va Yildirim Boyazidning so‘zlarini arzadosht qildi. Sohibqiron bu so‘zlarni eshitib, qahr va g‘azabidin taskin topib (Ta’kid bizniki – M.A.), necha kun anda o‘lturdi…”[9]

Amir Temur ham yuqoridagi maktubida Yildirim Boyazid so‘zlariga hamohang tarzda fikr yuritadi. Amir Temur qaroqchi va yo‘l kesar Qora Yusufning hajga borayotgan musulmonlarga ko‘p tashvishlar orttirayotgani, uni himoyaga olib joy bermasligini, jazolashni, hech bo‘lmasa mamlakatdan chiqarib yuborishini so‘raydi va davom etadi: “Ana shunda o‘rtamizda ota-bolalik, do‘stlik va ittifoqlik barpo bo‘ladi, qiz berib, qiz olamiz.(Ta’kid bizniki – M.A.) Har nimagaki qodir bo‘lsak, yordam qilamiz va ko‘maklashamiz.”[10]

Ko‘rinib turibdiki, Sohibqiron harakatlarida ham mash’um niyatlar sezilmaydi. Chunki “qiz berib, qiz olish, ota-bola bo‘lish” – juda ham yaqinlikni, qarindosh bo‘lish istagining kuchliligini namoyon etadi. Do‘stlik va ittifoqlikka esa har qanday oqil insonning intilishi tabiiy holdir.

Xo‘sh, ikki hukmdor bir-birlariga yaxshi munosabatlarda ekan, u holda qattol jang, o‘sha zamonning eng katta urushi qaydan kelib chiqdi? Urushning asosan kelib chiqish sababini o‘rtadagi odamlardan izlashimiz kerak, deb hisoblaymiz. Bu yo‘lda “xizmat” qilganlar qatoriga bemalol Arzinjon hokimi Tahurtan, amir Qora Yusuf, Iroq podshosi Sulton Ahmad jaloyir, Qaysariya, To‘qat va Sivas hokimi Qozi Burhoniddin kabilarni kirita olamiz.

Tahurtan doim Rum saltanati tomonidan sezilar-sezilmas tazyiqni his qilib kelardi. Amir Temur 1386 yilda Arzirumda turganida Arzinjon hokimi Tahurtanga elchi yuboradi va muxolif bo‘lishning yomon oqibatidan saqlanishni maslahat berib ogohlantiradi va uni itoatga chaqiradi. Bir ozdan keyin Arzinjon hokimining elchisi “tuhfalar va podshohona hadyalar keltirdi, qullik izhor aylab, bo‘ysundi.”

Ayni shu voqea haqida Sharafiddin Ali Yazdiy bunday yozadi. Amir Temur “…Arzinjonga elchi yibardi. Tahurtankim, ul yerning hokimi erdi, Hazratning elchisini yaxshi ko‘rib, siylab ko‘p nima berdi va itoat yo‘lidin kirib, boju xiroj qabul etib, elchi bilan ko‘p peshkashlar Hazratqa yibardi…”[11]

Sohibqiron shu yilning o‘zida Van va Vaston sari mutavajjih bo‘lganda Ozarbayjonda turgan Tahurtan ko‘p sovg‘a-salomlar va peshkashlar jo‘natarkan, maktubida Amir Temurga ehtiromini bildirib, shunday so‘zlarni bitadi: “Banda va xizmatkor va davlatxohi Hazrat Sohibqirondurmen.”[12]

O‘sha-o‘sha Tahurtan bilan Amir Temur o‘rtasida sadoqat asosiga qurilgan mustahkam hamjihatlik paydo bo‘ldi. 1394 yilda Amir Temur o‘g‘li Umarshayx Mirzoning bevaqt o‘limidan musibat chekib turganda Tahurtan Rum sarhadi bo‘lgan Arzinjondan yetib keladi va maqbul xizmatlar ko‘rsatadi. 1400 yil fevralida Tahurtan Barda’aga kelib Sohibqironni ziyorat qiladi. Tahurtan 1400 yil yoz oylarida Arzirumda Sivasga otlanayotgan Sohibqironni peshvoz chiqib kutib oladi…

Bunday mulozamatlar albatta yaxshi samaralar bermay qolmasdi. Tahurtan shu taxlit Amir Temurning ishonchini qozondi va ixlos bilan unga xizmat qildi. Sohibqiron o‘ziga sadoqat ko‘rgizgan insonlarni bag‘oyat qadrlardi. Shu sababdan, o‘zining fuqarolariga, jumladan, Tahurtanga biron yoqdan ko‘rsatilgan tazyiq Amir Temurga hamisha og‘ir botardi.

Amir Temurga g‘arbiy yurishlar chog‘ida qora qo‘yunli turkman qabilasi amiri Qora Yusufning Hijozga borguvchi hojilar va boshqa savdo karvonlarini talab, qaroqchilikni kasb etib olganidan xabar beradilar. Sohibqiron o‘zini islom dinining muravviji, ya’ni dinga rivoj berguvchisi, homiysi, qo‘llovchisi deb hisoblardi. Bu haqda zamon ulamosining ulug‘i bo‘lmish mashhur faylasuf olim Muhammad Sayyid Sharif Jurjoniy (1330-1414) Amir Temurga maktub yo‘llab, shunday yozadi: “Ilgarigi va keyingi avlod islom olimlarining barchasi bir og‘izdan ittifoq bo‘lib, Ollohi taolo, hazrati risolatpanoh Muhammad payg‘ambarimiz, unga tangrining marhamatlari va salomlari bo‘lsun, diniga rivoj berguvchi sifatida har yuz yilda bir kishini ixtiyor etadi… Sakkizinchi yuz yillikning boshida Amir Sohibqiron dini mubinni rivojlantirdi va har tomonga yoydi. Dini islom olamning turli o‘lkalari va shaharlarida ravnaq topdi. Haqli ravishda bu asrda dinning tarqatuvchisi Amir Sohibqiron ekanligi tasdiqlandi…”[13]

Tabiiyki, bunday holatda Sohibqiron Qora Yusufning buzg‘unchiliklariga, musulmonlarga zahmatlar yetkazilishiga jim qarab turolmasdi. To‘qnashishlardan qochib, hech bir tutqich bermaydigan Qora Yusuf Iroq hokimi Sulton Ahmad jaloyir bilan Amir Temurga qarshi ittifoq tuzadi… Qozi Burhoniddin esa Rum qaysari, Misr sultoni, Iroq hukmdori va boshqalarga Amir Temur bostirib kelayotgani haqida vahimaga to‘la maktublar yuboradi…

Ammo ular Amir Temur hujumiga dosh berolmay qochib jon saqlaydilar, qudratli Rum va Misr sultonlaridan panoh izlaydilar, tez-tez Yildirim Boyazid bilan Sulton Barquq saroylarida mehmonda bo‘ladilar. U yerdagi mashvaratlarda o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, Amir Temur haqida, Tahurtan esa Yildirim Boyazid to‘g‘risida haqiqatdan yiroq noxolis so‘zlar, ma’lumotlarni aytib, fisqu fasodlar to‘qib (ojiz odamning boshqa chorasi yo‘q!), har ikki hukmdorni ham chalg‘itganlariga sira shubha qilmaymiz. “Bir qancha muddatdan buyon mamlakat o‘rtasida buzuqchilik qo‘lini cho‘zib, musulmonlarga yo‘llarni tang qilib, hojilar karvonlariga zarar-zahmat yetkazib kelgan Qaro Yusuf bu paytda Rum mamlakatiga panoh tortib borgan edi.”[14] – deb xabar beradi Nizomiddin Shomiy ham.

 

II

Nomlari yuqorida zikr etilgan odamlar tufayli zamonning ikki qudratli hukmdori orasida sovuq shamollar esa boshlaydi. 1403-1406 yillarda Amir Temur saroyiga sayohat qilgan Kastiliya (Ispaniya) elchisi Rui Gonsales de Klavixo o‘z kundaliklarida Rum qaysari va Turon sultoni o‘rtasidagi munosabatlar haqida shunday xabar beradi: “Temurbek va turk sultoni Boyazidning bir-birlarini yaxshi bilishlari va Temurbekning unga qarshi urush boshlashining sabablari quyidagicha: – deb yozadi u. – Arsinga (Arzinjon) shaharining hokimi Zaratan (ya’ni Tahurtan, ispan elchisi eshitganiga qarab shunday yozgan) yerlari Turkiya yerlari bilan tutash edi. Tahurtan yerlarini, ayniqsa, Kamox qal’asini egallashga oshiqqan Boyazid Tahurtandan boj to‘lash va Kamox qal’asini topshirishni talab qildi. Tahurtan qaysarning hokimiyatini tan olishi va boj to‘lashga tayyorligini aytadi, ammo qal’ani topshirolmasligini bildiradi. Qaysar unga odam yuborib, qal’ani albatta topshirishi zarurligi, agar bundan bosh tortsa, butun mulkidan ayrilishini ma’lum qiladi. Shunda Temurbekning bemisl qudrati haqida eshitgan Tahurtan, o‘sha kunlarda Forsda turgan va jangda Fors hukmdorini mag‘lub etgan Turon sultoniga maktubu sovg‘alar bilan elchi yuborib, Boyaziddan himoya aylashini, o‘zini esa Temurbekka tobe deb bilishini, xuddi unga bir asirday muomala qilishini o‘tinib so‘raydi.”[15]

Tahurtandan Rum qaysarining talabi haqida eshitgan Sohibqiron g‘azabga keladi. U darhol maktub yozdirib, Yildirim Boyazidga jo‘natadi. Amir Temur maktubida pisandsizlik ohanglari ko‘rinib turardi: “…Bugun, xudoga shukrki, rub’i maskun mamlakatlari bizning tasarrufimiz va farmonimiz ostidadur, atrofu javonib maliklari bizga muti’ va farmonbardordurlar… – deyiladi maktubda. – Agar o‘z haddingni saqlab, o‘z qadring palosi o‘lchamidan tashqariga qadam bosmasang, – bu sening uchun yaxshidir. Yana bilginki, sen farang lashkari bilan g‘azot va jang qilayotganingni eshitib, to hozirgacha sening diyoringga daxl qilmaduk va u mamlakatga bizning nusratli askarlarimizdan biror zarar yetishini xohlamaduk, chunki bu musulmonlarning tinchlik-farovonligi va bedinlarning shikastu baxtsizligiga sabab bo‘lg‘ay… Hozir sen mag‘rurlik maqomiga qadam qo‘yib, o‘z haddingdan tashqari so‘zlarni aytayapsan, senga borib yetmaydigan narsani istayapsan, baloni zo‘rlab o‘zingga tortayapsan, tinchlik va salomatlikning qadrini bilmayapsan… Aqlni ishlat, fitnayu balo eshigini o‘z yuzingga ochma!..”[16]

Amir Temur haqida avval hech eshitmagan Yildirim Boyazid, dunyoda o‘zidan kuchliroq kimdir bo‘lishini xayoliga ham sig‘dirolmasdi, maktubni o‘qib qattiq jahl otiga mindi va dedi: “Ko‘p muddatda unga qarshi chiqib jang qilishni ko‘nglimga tugib qo‘yganman, hozir esa bunga jazm qildim va u tomonga yuzlan­yapman, agar u kelmasa, men Tabriz va Sultoniya tomoniga boraman.”[17]

Shunisi e’tiborliki, bu voqea 1404 yilda yozilgan Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”sida ham, 1406-1412 yillarda qog‘ozga tushgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo kundaliklarida ham, 1425 yilda bitirilgan Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida ham aynan yuqoridagidek darajada yoritilgan. Voqeaning intihosi Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixi”[18] asarida tasvirlangan.

Sharafiddin Ali Yazdiy “Hazrat Sohibqiron (ning) Rum sori tavajjuh qilg‘onin sababi”ni Qora Yusuf qilmishlari bilan bog‘laydi. 1401 yilda yaxshi niyatlar etagini tutib kelgan Rum elchilariga: “Biz ham sizlar bilan do‘st tururbiz va ko‘nglimizda ul andisha yo‘q tururkim, ul sori cherik elitgaybiz…” degan Sohibqiron, Yildirim Boyazid oldiga shunday shart qo‘yadi: “Ammo Qora Yusuf Turkmonkim, musulmonlar ichida kirib turur, yo uldurkim ani o‘ldurub musulmonlarning xotirini andin jam etsun, yo ulkim ani band qilib, bizga yiborsun. Bu ishdin birini qilsa aromizda do‘stliq bo‘lg‘usi turur…”[19]

Keyin Humoyun o‘rdu, a’yonu akobirlar, ahli lashkar Ara(k)s daryosidan o‘tib Oqtom mavzeiga yo‘l oladi, bu yerda sahro va tog‘larda katta ov uyushtiriladi. Hurmat ko‘rgizib, Rumdan kelgan elchilarni ovga taklif etadilar. Ov bir necha kun davom qiladi. Ovdan keyin bo‘lgan suhbat yana qizg‘in kechadi. Rum elchilariga to‘nlar kiydirib, oltin kamarlar taqadilar. Sohibqiron yana ta’kidlaydi: “Biz bu qish (1401-1402) munda (ya’ni Qorabog‘da – M.A.) tururbiz. Avval bahorda Rumg‘a yaqin borurbiz, ko‘rarbizkim, qaysardan bizga ne javob kelur. Agar yaxshi javob kelsa, fa huva al-murod[20], yo‘q esa ko‘rali, to ne bo‘lg‘usi turur”[21]. Amir Temurning elchisi Chimboy Elchikday ham Rum elchilariga qo‘shilib jo‘nab ketadi.

Avnik mavzeiga kelgan Sohibqiron ikki oy Rumdan elchilar yo‘liga ko‘z tikib kun o‘tkazdi, ammo ulardan, afsuski, darak bo‘lmadi…

Bu orada Amir Temur vaqtni behuda o‘tkazmay, Kamox qal’asini fath etishga farmon berdi, bu ishni valiahd shahzoda Muhammad Sulton amalga oshirdi. Xuddi shu pallada Rum elchilari Chimboy Elchikday bilan birga kelib qoldilar. “Ammo qazodin muqarrar bo‘lg‘on ermishkim, Rumni Hazrat Sohibqiron musaxxar qilg‘ay. Yildirim Boyazidni shayton vasvasa qilib, savob yo‘lidin chiqordikim, inqiyod va itoatdin so‘ng yana muxolifat izhorini qildi…”[22]

Sharafiddin Ali Yazdiy Yildirim Boyazidning javob maktubida ”noma’qul so‘zlar” borligidan xabar beradi, ammo odob yuzasidan keltirib o‘tirmaydi. Nizomiddin Shomiy ham bu haqda yozganda, tafsilotlarga berilmay, Boyazidning “bemaza maktublar”, “noto‘g‘ri xabarlar” yuborganinigina aytish bilan cheklanadi.

Rui Gonsales de Klavixo Yildirim Boyazidning Amir Temurga tahdidli maktubi haqida yozarkan: “…agar Sohibqiron chekinib ketmasa, uni albatta asir olishi va katta xotiniga so‘zsiz uylanishga qasam ichgani” ini[23] e’tirof etadi. Ibn Arabshoh esa o‘z kitobida bu haqda ochiqroq yozishdan tortinmay, Rum qaysarining iztirobli so‘zlarini keltirib o‘tadi, jumladan, maktub oxirida shunday so‘zlarni o‘qiymiz: “Men bilamanki, – deydi Yildirim Boyazid. – bu so‘zlar seni hech to‘xtatmasdan bizning mamlakatimizga tomon otlantiradi. Agar sen kelmasang, sening xotinlaring uch taloq bo‘lsin. Agar sen kelsangu men senga qarshi qat’iy urush qilmay qochsam, u vaqtda mening xotinlarim uzil-kesil uch taloq bo‘lsin!”[24]

Bu juda ham chidash mushkul bo‘lgan aziyatli haqorat edi. Sohibqironga xos kengfe’llik, kechirimlilik kabi tug‘ma xislatlar shu yerda yaqqol namoyon bo‘ldi, Turon sultoni darhol qaror chiqarmadi, yana sabr etagini tutdi. Avval ko‘rikda lashkar haybatini Rum elchilarga namoyish etdilar, keyin – odat-da! – yana elchilarga to‘nlar kiydirdilar. Kuzatarkan, Sohibqiron shu so‘zlarni Yildirim Boyazidga yetkazinglar, deb tayinladi: “…Hanuz tahammul[25] qilurmen, to Tahurtanning kishilarini yibargaysen va o‘g‘lonlaringdin birini bizga yibargaysenkim, bizdin ancha marhamat va shafqat ko‘rgaykim, senkim atosisen, ko‘rmag‘on bo‘lg‘ay. To mamlakati Rum senga musallam bo‘lg‘ay va sen farog‘at bila taxt ustida qaror tobqaysen va andag‘i el-ulus farog‘atda bo‘lg‘ay, vassalom!”[26]

Ammo bu talablar ham ado etilmadi…

Shu yerda G‘arb olimlarining ikki hukmdor munosabatlari haqidagi dunyoda keng tarqalgan noxolis yondoshishlari haqida ikki og‘iz so‘z. Go‘yo ularning fik­richa, Yildirim Boyazid Amir Temur tomonidan xo‘rlangan, qafasga solingan(!), zahar ichib o‘lgan va hokazo. Holbuki, biz murojaat etgan manbalarda bunday gaplar yo‘q. Ibn Arabshoh bundan mustasno, chunki u o‘z kitobi haqida shunday deydi: “Men bu qissadan o‘zim ko‘rganlarimni eslab, bu to‘g‘rida boshqalardan rivoyat topganlarimni (Ta’kid bizniki – M.A.) bayon qilishga irodat etdim”.[27]

Shuni aytish kerakki, mazkur kitob tasvirlanayotgan voqealardan o‘ttiz yildan ortiq vaqt o‘tib, milodiy 1436 yilda qog‘ozga tushirilgan. Shu sababdan, unga tanqidiy ko‘z bilan yondoshmoq talab etiladi. Umuman olganda, yuqoridagidek assossiz gaplarga ishonib, uni yozib, tarqatib yurganlarga ajablanasan kishi.

Ko‘p o‘tmay, xushxabar eltadigan elchilar o‘rniga, Rum qaysari Yildirim Boyazidning beadad qo‘shini Sivasda turgan Turon lashkari bilan savash qurgani To‘qatga yetib kelgani, qo‘shinning suv boshini egallab olgani, shahar atroflaridagi changalzor va tor yo‘llarni tutib ketgani haqida noxush xabar keladi. “Kishigakim saodat yori qilmag‘ay, nasihat va nekxohluq foyda qilmas… – alam bilan deydi Sohibqiron xunuk xabarga munosabat bildirib. – Har necha dedimkim, ul mamlakatda bizning cherikdin tashvish tegmagay. Ammo bo‘lmas va Yildirim Boyazid har kun bir so‘zni aytib yibarur va bir so‘z ustida ermas. Agar ul Qaro Yusufni yibarsa erdi va Kamox qal’asini bizga bersa erdi, o‘zi va ham mamlakati salomat qolur erdi. Bihamdillohkim, Kamox qal’asi minnatsiz muyassar bo‘ldi. Emdi anga ayting: chun so‘zimizni eshitmading, urushmaq uchun mardona bo‘lg‘il!..”

Bu so‘zlarda Amir Temurning sabru toqati ham, himmati ham, qavmdosh va dindosh Yildirim Boyazidga bo‘lgan do‘stona, xayrixohlarcha munosabati ham ravshan ko‘rinib turibdi. Buni Amir Temurning asirga tushgan Yildirim Boyazidga ko‘rgizgan ja’mi mehribonchiliklari ham isbot etadi. Asir tushgan Rum qaysariga izzat-ikrom bilan oyoqlariga bog‘langan zanjirdan xalos qilib, shohona (dushmaniga!) libos kiydirib, unga atab oq chodir tikdirib, o‘g‘li Muso Chalabiyni topdirib, otasiga hamroh qilib qo‘yishi zamon kishilarini hayratlarga solgan, olqishlarga sazovor qadamlardir. Keyinroq Yangishahrda asir tushgan, birovning uyida yashiringan qaysarning xotini Despina xonim va ikki qizini Sohibqiron huzuriga olib keladilar. “Hazrat Sohibqiron Yildirim Boyazidning xotunini va qizlarini kishi-qarolari bila Yildirim Boyazidqa yibardi. Va Sohibqiron davlatidin ul xotunkim, bu choqqacha kofir erdi, musulmon bo‘ldi.” Amir Temurning bu tutumi insoniylikka yorqin misoldir.

O‘rtada garchi katta, keyinchalik turk olamining fojiasi deb baholangan muhoraba kechgan bo‘lsa ham, Amir Temur o‘z so‘zida qat’iy turadigan siymo ekanini namoyon qildi. U qaysarga yuborgan bir maktubida: “O‘rtamizda ota-bolalik, do‘stlik va ittifoqlik barpo bo‘ladi, qiz berib, qiz olamiz”, (Ta’kid bizniki – M.A.) deb yozgandi. Bu so‘zlar uzoqni ko‘zlab aytilgani kunday ravshan. Rostdan ham, nomdor nabira amirzoda Abubakr ibn Mironshoh Sohibqiron ijozatiga binoan Rum qaysarining katta qiziga uylanadi, Amir Temur bilan Yildirim Boyazid bir-birlariga quda bo‘lishib, qarindoshchilikni boshlab yuboradilar…

Sohibqiron bilan Rum qaysari o‘rtasidagi, balki tariximizdagi kengfe’l­lik va kechirimlilikka ulug‘ misol bo‘la oladigan eng ta’sirli voqea haqida aytmay o‘tish mumkin emas. Gap milodiy 1402 yil yoz oxirlarida xushmanzara Oltuntosh jilg‘asida yuz bergan suhbat haqida boradi. Bu yerda dilkash va orombaxsh suhbat kechdi. “Ul suhbatda Hazrat Sohibqiron Yildirim Boyazidni chorladikim, ko‘nglini olib, ani xushhol qildurgay. Yildirim Boyazid majlisda kirib o‘lturdi. Sohibqiron ani izzat tutub, ko‘p va’dalar qildi va ul jumladin biri bu erdikim, Rum viloyatini burung‘idek yana anga bag‘ishladi. (Ta’kid bizniki – M.A.) Va ul suhbatda Yildirim Boyazidni asru xushhol qildi…”[28]

Sharafiddin Ali Yazdiy o‘z kitobida Amir Temurning Yildirim Boyazidga Rumni yana topshirib qaytmoqchi bo‘lgani haqida takror to‘xtalgan. 1403 yil 9 martda Amir Temurga Rum qaysari vafoti haqida xabar yetdi. “Yildirim Boyazid zayyiqi nafas (nafas qisishi) va xunok marazi (qon bosimi) bila ketib turur. Sohibqironning muborak ko‘ngli bu jihatdin ko‘b mutaalam bo‘ldi va muborak ko‘zidin yosh chiqib yig‘lab: “Inna li-llahi va inna ilayhi roji’una”[29] , o‘qudi. Hazratning himmatida bu erdikim, Rum mamolikini tamom zabt qilg‘ondin so‘ng Yildirim Boyazidqa berib, yana ani taxti davlatqa o‘lturg‘uzub, qaytqay. Ammo taqdir xilof etib, Yildirim Boyazidni o‘zga olamga eltti. …Va Yildirim Boyazidning kishilariga azza etkurub, yaxshi so‘rub, to‘nlar kiyurdi. Va o‘g‘li Muso Chalabiyni xossa to‘n va oltin kamar berdi va yuz ot barchasi egar-yuganlik berdi. Va Bursakim, Rum viloyatining poytaxti turur, anga berdi va ijozat berib, Bursag‘a yibardi. Va Yildirim Boyazidning so‘ngakini podshohlar tartibi bilan Bursaga eltib, o‘zi yasag‘an imoratiga qo‘ydilar…”[30]

Bularning bari Amir Temurning Yildirim Boyazidga insoniy hurmati balandligini ko‘rsatadi. Rum qaysari vafoti xabarini eshitib, “muborak ko‘zidin yosh chiqib yig‘lagan” Sohibqironning qanday inson ekanligini tasavvur etish qiyin emas.

Amir Temur o‘zining jo‘shqin hayoti, qizg‘in faoliyati, ko‘p ibratli fazilatlari bilan komil inson darajasidagi siymo ekanini namoyish etdi va jahon tarixida mangulikka muhrlanib qoldi.

Muhammad ALI

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti sovrindori, filologiya fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son

______________________

[1] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 4-bet.

[2] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. T., 1996. 322-323-betlar.

[3] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 253-bet.

[4] Qur’oni karim. Oli Imron surasi, 26-oyat. Mazmuni: “Sen istagan kishingga mulk ato qilursan”.

[5] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 253-bet.

[6] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. T., 1996.. 323-bet.

[7] F.I.Uspenskiy. Istoriya Vizantiyskoy imperii XI-XV vv. M., 1997. Str.607.

[8] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 249-bet.

[9] O‘sha manba. 250-bet.

[10] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. T., 1996. 323-bet.

[11] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 111-bet.

[12] O‘sha manba. 112-bet.

[13] “Temur tuzuklari”. T., 2011. 81-bet.

[14] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. T., 1996. 322-bet.

[15] Rui Gonsales de Klavixo. Dnevnik puteshestviya v Samarkand ko dvoru Temura(1403-1406). M., 1990. str.66.

[16] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. T., 1996. 284-bet.

[17] O‘sha manba. 285-bet.

[18] Ibn Arabshoh. Amir Temur tarixi. T., 1992. 1-kitob. 193-bet.

[19] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 253-bet.

[20] Arabcha: ayni muddao, ma’nosida.

[21] O‘sha manba. 253-bet.

[22] O‘sha manba. 256-bet.

[23] Rui Gonsales de Klavixo. Dnevnik puteshestviya v Samarkand ko dvoru Temura(1403-1406). M., 1990. str.67.

[24] Ibn Arabshoh. Amir Temur tarixi. T., 1992. 1 kitob. 258-259-betlar.

[25] Tahammul – sabr, toqat, chidam.

[26] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 257-bet.

[27] Ibn Arabshoh. Amir Temur tarixi. T., 1992. 1-kitob. 67-bet.

[28] O‘sha manba. 264-265-betlar.

[29] Qur’on. Baqara surasi. 156-oyat. Mazmuni: “Biz Olloh bandalarimiz va Ollohga qaytguvchilarmiz”.

[30] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 270-bet