Ulusning ta’nu ta’rifi menga, Bobur, barobardur,
Bu dunyoda o‘zumni chun yamon-yaxshidin o‘tkardim.
Ulug‘ o‘zbek shoiri, tarixnavis-yozuvchisi, allomasi, yetuk sarkarda va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, ijodi va serqirra faoliyatini marksistik asosda o‘rganish shu buyuk ta’limot asoschnlarining o‘zlari — Karl Marks va Fridrix Engels tomonidan boshlab berilgan. Bobur haqidagi ma’lumot va kuzatishlarni Marksning «Hindiston tarixiga oid xronologik ko‘chirmalar»ida, rus olimi M. Kovalevskiyning «Jamoacha zamindorlik» («Obshinnoye zemlevladeniye», M., 1879) asaridan olgan konspektlarida, Engelsning «Afg‘oniston» maqolasida uchratamiz.
«Xronologik ko‘chirmalar»dagi va «Afg‘oniston» maqolasidagi Bobur faoliyati bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlarga dastlab K. Antonova, K. Ashrafyan, S. Azimjonova kabi tarixchi olimlar va adabiyotshunos S. Jamolov e’tiborni qaratdilar. Davlat va jamoat arbobi N. Muhiddinov «Bobur» maqolasida Marksning Boburning nevarasi Akbarshoh faoliyatiga bergan benihoya yuqori bahosini ham tilga olib o‘tdi.
Biroq Marks va Engelsning Bobur to‘g‘risida yozganlari mazkur ishlarda keltirilgan parchalardangina iborat emas. M. Kovalevskiy asaridan olingan konspektlarda ham Bobur haqida ma’lumotlar borligi mutaxassislar e’tiboridan chetda qolgan. Shuning uchun Marks va Engels Bobur to‘g‘risida nimaiki yozgan bo‘lsalar, hammasini bir joyga jamlab maxsus yoritish va shu bahonada boburshunosligimizga taalluqli ayrim so‘nggi chiqishlarga ham bir nazar tashlab o‘tish foydadan xoli emas.
«Hindiston tarixiga oid xronologik ko‘chirmalar»da Marks Bobur to‘g‘risida shunday umumiy ma’lumot beradi: «1526. Bobur: Temur(Temurlang)ning asosiy shajara bo‘yicha oltinchi avlodi, Umarshayx mirzoning o‘g‘li, Farg‘onaning podshohi (Farg‘ona — hozirgi Qo‘qonning provintsiyasi). O‘z biografiyasini yozgan yagona mo‘g‘ul hukmdori; uning memuarlari Leyden va Erskin tomonidan tarjima qilingan (1826). 1483 yili tug‘ilib, 1530 yili vafot etgan» (Marks K., Xronologicheskiye vыpiski po istorii Indii M., Ogiz. 1946, str. 20 — 21).
Bu yerda Bobur shaxsiyati va faoliyatining ikki muhim jihati ajratib ko‘rsatilgan: u, birinchidan, temuriylar avlodiga mansub podshoh, ikkinchidan, o‘z biografiyasini yozgan yagona mo‘g‘ul hukmdori (boburiylar davlati Yevropada g‘alati mashhur «Buyuk Mo‘g‘ul imperiyasi» nomi bilan atalgani uchun Marks Boburni shu an’anaga ko‘ra «mo‘g‘ul» deb ataydi). Ta’rifning ikkinchi qismidagi «yagona» so‘zi orqali Boburning so‘nggi temuriylar orasidan yetishib chiqqan yuksak madaniyatli, ijodkor shaxs ekanligi alohida ta’kidlangan.
Asarning e’tiborga molik jihatlaridan biri shundaki, Marks unda Boburning sarkarda sifatidagi iste’dodi va davlat arbobi sifatidagi tadbirkorligini ham maxsus qayd etib o‘tadi. «O‘zining so‘nggi janglarida Bobur faqat nayza emas, balki porox ham ishlatdi; u to‘pchilari, miltiqli navkarlari va kamonchilarini tilga olib o‘tadi; uning o‘zi kamondan o‘q uzishda ajoyib mergan edi»
«Ko‘chirmalar»da shuni yaqqol ko‘ramizki, Hindistonga yurish boshlagan Bobur Movaraunnahrda yurgan yosh, tajribasiz sarkarda emas. U endi lashkarkashlikning va davlatni idora qilishning butun sir-sinoatini egallagan qudratli, tadbirkor, shafqatsiz hukmdor. U ko‘pchilik janglarga avval ishongan beklari, lashkarboshilari yoki o‘g‘illarini yuboradi. Ular dushmanni mahv etolmagan paytlarda esa butun dov-dastgohi 6ilan shaxsan o‘zi jangga otlanadi va deyarli har safar g‘alaba bilan qaytadi. Marks buni ta’kidlab yozadi: «Lahorda Ibrohim Dehlaviyning ukasi Alovuddin Boburga qo‘shildi va mo‘g‘ul lashkarining sarkori qilib Dehlini zabt etishga yuborildi. Ibrohim uni yerparchin qilib tashladi. Shunda u yerga Boburning o‘zi otlandi. Ikki qo‘shin Panipatda (Jamna yaqinida, Dehlidan shimolroqda) uchrashdi. 1526 — Panipatdagi birinchi jang. Ibrohim mag‘lubiyatga uchradi, jangda o‘ldirildi, u bilan birga 40000 hindi halok bo‘ldi. Bobur Dehli va Ograni egalladi».
1528 yil ma’lumotlarida yozilishicha, Audaga qo‘shin tortgan Humoyunni afg‘onlar mag‘lub etdilar: «Bobur Chandaradan unga yordamga yo‘l oldi, dushmanni tor-mor etdi, Dehliga qaytdi». Marks Sekridagi jang haqida ham to‘xtalib, uni «Hindistonda o‘z hokimiyatini o‘rnatgan Boburning ulkan g‘alabasi», deb baholaydi.
Bobur asos solgan ulkan saltanatda son-sanoqsiz xalqlar va elatlar yashar edi. Marksning ta’kidlashicha, boburiylar bu masalada nihoyatda oqilona siyosat yurgizganlar. Ular barcha diniy va madaniy kamsitishlarga chek qo‘yishga, bir qancha xurofiy urf-odatlarni bartaraf etishga, mahalliy va xorijiy xalqlar madaniyatini o‘rganishga harakat qilganlar. «Ko‘chirmalar»da ko‘rsatib o‘tilishicha, Boburning nevarasi Akbarshohning farmoni bilan qadimiy sanskrit eposlari, jumladan, «Ramayana» va «Mahabharata», xristianlarning diniy kitobi «Injil» fors tiliga tarjima qilingan, hindlarning «satti», ya’ni vafot etgan erning gulxanida uning xotinini ham yoqish odati va «juz’ya», ya’ni musulmon hukmdorlariga hindlar to‘lashi kerak bo‘lgan soliq bekor qilingan.
Marks Bobur va «Boburnoma» haqidagi ma’lumotlar bilan rus olimi M. Kovalevskiyning «Jamoacha zamindorlik» asarini konspekt qilish jarayonida qaytadan tanishgan. «Konspektlar»da boburiylar sulolasi vakillarining ilg‘or intilishlaridan guvohlik beruvchi faktlar ko‘p. «Hindistonning avvalgi musulmon hukmdorlari davrida bo‘lganidek, mo‘g‘ullar zamonida ham yerga egalik masalasida oz o‘zgarishlar ro‘y berdi, biroq ular amaliy o‘zgarishlar edi. Imperator Jahonhir (yoki Jahongir) memuarlarida aytilishicha, uning eng muhim tashvishlaridan biri «mahalliy aholi yerlarining jogirdorlar (podshohlik tomonidan in’om etilgan mulkka ega bo‘lgan amirlar — M. O.) va moliyaviy amaldorlar tomonidan bundan keyin o‘z xususiy foydasiga ishlov berish uchun o‘zlashtirib olinishiga» qarshilik ko‘rsatish edi» (Marks K., Engels F., Soch., t. 45, str. 197 — 198).
Mazkur konspektlarda Jahongir memuarlarining tilga olinganligidan ko‘rinib turibdiki, bu vaqtga kelib Bobur «o‘z biografiyasini yozgan yagona mo‘g‘ul hukmdori» emasligi, faqat uning memuarlari beqiyos tarixiy obida ekanligi Marksga ayon bo‘lgan.
Fridrix Engels 1857 yili ingliz entsiklopediyasi uchun yozilgan «Afg‘oniston» maqolasida Kobul haqida fikr yuritib, shaharning bosh yodgorligi imperator Boburning maqbarasidir, (Marks K., Engels F., Soch., t. 14, str. 77), — deb ta’kidlaydi. «Hindiston tarixiga oid xronologik ko‘chirmalarida Marks ham: «bu yer hozirgacha Kobul aholisi uchun istirohat joyi bo‘lib xizmat qiladi», — deya qayd etgan. Bu fakt Boburning Afg‘oniston tarixida tutgan o‘rni, Afg‘oniston xalqlarining unga munosabati haqida muayyan tasavvur bera oladi.
Marksistik boburshunoslikning tamal toshini buyuk dohiylarimizning o‘zlari qo‘ygan bo‘lishlariga qaramay, Boburga muiosabatda chinakam marksistik nuqtai nazar bilan birga, nodialektik va nomaterialistik qarashlar ham o‘zbek fanida haligacha o‘qtin-o‘qtin ko‘zga tashlanib turibdi.
«Biz uchun shoh — Bobur faoliyati emas, ko‘proq shoir — Bobur, olim — Bobur faoliyati ahamiyatli», — deb yoziladi filologiya fanlari doktori, professor A. Hayitmetovning «Adabiy merosni o‘rganishning muhim masalalari» («O‘zbek tili va adabiyoti» jurnali, 1987 yil, 3-son) maqolasida. Boburshunosligimizda oldin ham aytilgan bu gapga qo‘shilib bo‘lmaydi. Xo‘sh, biz shoir va olim Bobur faoliyatiga asosiy e’tiborni qaratib, shoh — Bobur faoliyatini kamroq o‘rganishimiz, undagi ijobiy intilishlarni ham kamroq qadrlashimiz kerakmi? Axir, O‘rta Osiyoning deyarli yarim asrlik, Hindiston va Afg‘onistonning qariyb 300 yillik tarixini shoh — Boburning faoliyatisiz tasavvur qilib bo‘ladimi?! Yuqoridagi hukmdan jahon tarixining shunday o‘ziga xos sahifasini kamroq o‘rganaylik, uni mumkin qadar ko‘zdan panada saqlab turaylik, degandek ham ma’no kelib chiqishi mumkin.
Nega endi bir shaxsning adabiyotdagi, ilm-fandagi xizmatlari qimmatli-yu, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, harbiy va boshqa sohalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi qimmatli emas?! Agar shunday bo‘lsa, nega Marks shoh — Boburning faoliyatini bunchalik batafsil o‘rgangan, nega uning so‘nggi janglarida porox ishlatganligini, o‘zi esa beqiyos mergan va zakovatli lashkarboshi bo‘lganligini alohida-alohida qayd etib o‘tgan?!
«Bobur haqidagi ilmiy monografiya va maqolalarda ham shoh — Bobur izchil va har tomonlama chuqur fosh etib tashlanmagan», — deyiladi maqolada. Haqiqiy ilm murakkab tarixiy shaxsning muayyan sohadagi faoliyatiga butunisicha qora chaplash bilan shug‘ullanmaydi, balki Marks kabi barcha voqea-hodisalarni ob’ektiv ko‘z bilan kuzatib, ularning ijobiy tomonlarini ijobiy, salbiy tomonlarini salbiy baholash yo‘lidan boradi.
«Biz, boburshunos olimlar, — deb yana yozadi muallif, — uning she’rlari sehriga berilib, masalaning sinfiy tomoniga yetarli darajada diqqat bilan qaramaganmiz». Modomiki, u she’rlar shuncha zukko olimlarimizni ham sehrlagan ekan, demak, ularni yaratgan ijodkorning ma’naviy olami o‘zi mansub bo‘lgan sinf chegaralarini yorib chiqib, umuminsoniy kengliklarga ko‘tarilgan ekan-da. Bunday san’atkorning sinfiy pozitsiyasini belgilashda mazkur jihat zinhor-bazinhor nazardan soqit qilinmasligi kerak.
«Aslida Boburning o‘ziyoq «Boburnoma»da, she’rlarida o‘zining kimligini aytib qo‘ygan, — deydi olim. — Masalan, «Boburnoma»da yozilishicha, Bobur Navoiyni shoir sifatida yaxshi ko‘rgan, yuksak baholagan, ammo davlat arbobi sifatida talonchi, muttaham, avantyurist vazir Majdiddin Muhammadni undan yuqori qo‘ygan. Bobur Majdiddinni maqtab, Navoiyni esa yomonlab, ig‘vogarlikda ayblab, shunday yozadi: Majdiddin «imkoni boricha sa’y va ehtimom qilib, oz fursatta sipohiy va raiyatni rozi va shokir qildi. Xizonag‘a ham vofir yormoqlar tushirdi, viloyatni ma’mur va obodon qildi. Vale Alisherbek boshliq jame’ beklar va ahli mansab bila ziddona maosh qildi, bu jihattin barcha aning bila yomon bo‘ldilar. Sa’y va ig‘vo qilib, Majdiddin Muhammadni tushurub, ma’zul qildilar».
Ko‘rinib turibdiki, «Bobur Majdiddinni Navoiydan yuqori qo‘ygan», degan gap noto‘g‘ri. Chunki ular hech qayerda qiyoslanmagan. «Bobur Majdiddinni maqtagan», deb uzil-kesil xulosa chiqarish keltirilgan ko‘chirmaga ham, umuman, Boburning insonni tasvirlash printsiplariga ham zid. Zero, Bobur shu parchaning o‘zidayoq Majdiddinni ham maqtagan, ham yomonlagan. Bobur nazarida, uning sipohi va oddiy xalqni rozi, viloyatni «ma’mur va obodon» etgani — yaxshi, biroq «Alisherbek boshliq jame’ beklar va ahli mansab bila ziddona maosh qil»gani — yomon.
Qolaversa, bu parchada shaxsan Navoiy «yomonlangani» ham, «ig‘vogarlikda ayblangani» ham yo‘q. Majdiddinning badfe’lligi tufayli «barcha aning bila yomon bo‘ldilar» va shu barchaning irodasi bilan u «tushurub ma’zul qil»indi.
Tarix fanlari doktori, professor M. Vahobovning «Tarix haqiqatiga zid o‘laroq» («Pravda Vostoka» gazetasi, 1986 yil, 4 dekabr) maqolasi haqida matbuotda fikrlar aytildi. Bobur to‘g‘risida bu tarixchimiz aytgan gaplarni Marks va Engelsning Bobur xususidagi qaydlari fonida ko‘rib o‘taylik. Uning fikricha, «Zahiriddin Muhammad Bobur» nomli ocherkida «A. Qayumov Boburning markazlashgan davlat tuzish uchun kurashi ijobiy mazmunga ega edi, deb da’vo qiladi. Bobur Afg‘oniston va Xindistonni zabt etib, go‘yo ular territoriyasida markazlashgan va qudratli davlat tuzgan, o‘zaro urushlarga barham bergan va «tinch hayot» o‘rnatgan emish. Aslida Bobur «Boburnoma»da asir tushgan ayollar, qariyalar va bolalar qanday qirib tashlanganligi («dalil»ning shu yeri — g‘alat, «Boburnoma»da bunday fakt yo‘q — M.O.), bo‘yin egmaganlarning kesilgan boshlaridan qanday minoralar tiklanganligiii katta mamnuniyat bilan hikoya qiladi».
Avvalambor, bu parchada qarama-qarshi qo‘yilgan ikki jihat bir-birini istisno etmaydi. Boburning butun ijtimoiy-siyosmy faoliyati markazlashgan davlat tuzishga qaratilganligi va bu intilishning ijobiy mazmunga ega ekanligi ham, biroq uning markazlashgan davlati shirin so‘zu zarif iltifotlar emas, balki shafqatsiz jangu jadallar evaziga barpo qilinganligi ham ayon haqiqat. (Hindiston mustaqilligi uchun kurashning yo‘lboshchilaridan biri, uning birinchi bosh ministri Javohirla’l Neru ta’kidlagan ediki, «Hindistonning parchalanib ketishi va tanazzulga yuz tutishiga mamlakat shimoliy qismlarining mo‘g‘ul Bobur tomonidan zabt etilishi natijasida chek qo‘yildi». Bu gaplarni hisobga olmagan Vahobov uni A. Qayumov o‘ylab chiqargan xayol deb tushunadi…
«U shoir bo‘lgan, o‘z zamondoshlaridan farqli o‘laroq sodda, xalq so‘zlashuv tilida yozgan. «Boburnoma» o‘zbek tili tarixini, o‘sha davr hayvonot va nabotot dunyosini o‘rganishda qimmatli manba hisoblanadi. Lekin bu uning siyosiy qarashlarini va feodal-mustabid sifatidagi faoliyatini ijobiy baholash uchun asos bo‘lib xizmat qilolmaydi», — deb yozadi maqola muallifi. O‘z davrining qomusi bo‘lmish «Boburnoma» birinchi navbatda tarixiy asar ekanligi, uning hatto Marks uchun ham xuddi shunday manba bo‘lib xizmat qilganligini tarixchi nazardan soqit qiladi.
Javohirla’l Neru o‘zining «Xindistonning kashf etilishi» asarida «Uyg‘onish davrining tipik hukmdori», S. P. Tolstov «Sharqdagi Uyg‘onish davrining eng atoqli siyosat va madaniyat arboblaridan biri» deb atagan siymoni «feodal-mustabid» deyish uchun boburshunoslikning hozirgi darajasidan qariyb ellik yil orqada bo‘lish kerak.
N. Muhiddinovning yuqorida tilga olingan «Bobur» maqolasi besh asrlik tarixga ega bo‘lgan, Marks, Engels, Dobrolyubov, Neru kabi smymolar nomi bilan bog‘langan boburshunoslikning ezgu an’analariga tayanib yozilgan. Muallif shoh — Bobur faoliyatini «izchil va har tomonlama chuqur fosh etib tashlash»ni emas, balki uning «butun dunyo tarixidagi munosib o‘rnini belgilab olish»ni, «bu ulug‘ hamyurtlarining ijodini kengroq ommalashtirishini respublikamiz jamoat arboblari, ilm-fan hamda adabiyot va san’at namoyandalarining burchi deb biladi.
Muhiddinov tarixiy shaxs faoliyatini yerga urishning har qanday ko‘rinishlariga ham, shuningdek, uni ideallashtirishga, o‘z davri va muhitidan uzib olib o‘rganish va baholashga, alohida shaxslar tarixini xalq tarixidan ustun qo‘yishga ham birdek qarshi: «Alqissa, masalaga har tomonlama yondashish nuqtai nazaridan barcha diqqat-e’tiborni birgina Bobur shaxsiyatiga qaratish juda ham to‘g‘ri emas, deb o‘ylaymiz. Uning haqiqatan ham iste’dodli, har tomonlama yetuk, zukko, mehnatsevar inson bo‘lganligi shubhasiz. Biroq u, ta’riflaganimizdek, tayyor holda tug‘ilgani, kimsasiz bir joyda va sirli bir orolda o‘sgani yo‘q. Atrofidagi odamlar va muhit ta’sirida u shu darajaga yetdi, tarixga kirdi».
Xullas, yuqoridagi chiqishlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, boburshunosligimiz hali o‘z tadqiq ob’ektini marksistik asosda o‘rganish va shu printsiplarda sobit tura olish darajasiga to‘la ko‘tarila olgani yo‘q. Bu — ilmiy jamoatchiligimizning umumiy siyosiy, ma’naviy va professional seviyasi bilan bog‘liq. G‘ayriilmiy pozitsiyalardan tezroq qutulish uchun biz merksistik ta’limot asoschilaridan avvalo uch narsani o‘rganishimiz kerak. Ularning birinchisi — dohiylarimizga xos ob’ektivlik, ya’ni tarixni qanday bo‘lsa, shunday — butun murakkabliklari, dahshatlari bilan haqqoniy aks ettirishga va baholashga intilish; ikkinchisi — tarixiy shaxsga kompleks yondashib, undagi barcha qobiliyat va fazilatlarni, uning barcha eegu ishlarini qadrlay olish; uchinchisi esa shaxsning barcha xatti-harakatlarida, ishlarida tarixiy zaruriyatning temir izmini ko‘ra olish, davrning kamchilik va illatlarini shaxslarning bo‘yniga yuklamaslikka o‘rganish. Bu uch fazilatni marksizm-leninizm ta’limotining butun sistemasida ham, Marks va Engelsning Bobur haqidagi kuzatish va qaydlarida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 17 fevral