Sohibqiron Amir Temur shaxsi jahonning ko‘pgina ijodkorlarini doimo qiziqtirib kelgan va bu jarayon davom etayotir. Frantsiyalik adib Marsel Brion ham Amir Temurni frantsuzlarga tanitishga o‘z hissasini qo‘shgan ijodkorlardan. Bu mavzuda u imkoni qadar yozgan, Sohibqiron hayotidan hikoya qiluvchi tarixiy asarlardan parchalarni frantsuz tiliga tarjima qilgan.
Yaqinda M.Brionning “Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur” nomli kitobi rus tilidan o‘zbekchaga tarjima qilinib nashr etildi. Ammo bu kitob ruschasida va o‘zbekchasida M.Brionning yozganlariga qanchalik mos keladi? Quyida shu xususda mulohazalarimizni bildirmoqchimiz.
Marsel Brion 1895 yil 21 noyabrda Frantsiya janubidagi Marsel shahrida advokat oilasida tug‘ilgan. Dastlab Shveytsariyaning Lozanna shahridagi kollejda, so‘ng Marseldagi Tiyer litseyida falsafa yo‘nalishida va Eks-an-Provans universitetining huquqshunoslik fakultetida tahsil olgan. 1920-1924 yillarda Marsel shahar sudida advokat bo‘lib ishlagan adib keyin bu xizmatdan voz kechib, o‘zini adabiyot va san’atga bag‘ishlagan. M.Brion 1964 yili Frantsiya Fanlar akademiyasiga haqiqiy a’zolikka saylangan. 1984 yil 23 oktyabrda Parijda olamdan o‘tgan.
Vatani oldidagi xizmatlari, moziyshunoslik, san’atshunoslik va badiiy adabiyotni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Frantsiyaning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan: “Faxriy Legion”, “1914-1918 yillar urushidagi jasorati uchun”, “Adabiyot va san’atni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” singari ordenlar bilan taqdirlangan.
M.Brion buyuk vatandoshimiz Amir Temur hayoti va faoliyatiga katta qiziqish bilan qaragan. Uning “Amir Temur” (“Tamerlan”) nomli kitobi 1942 yilda e’lon qilingan. Bu asar 1963 yili to‘ldirilgan holda “Le Memorial des Siecles” (“Asrlar solnomasi”) turkumida “XIV siecle. les hommes qui ont fait le siecle” (“XIV asr. Tarixni yaratgan insonlar”) nomi bilan nashr etilgan. Kitobning kattagina “Kirish” qismini akademik Jerar Valter yozgan (9–48-betlar). Kitobdan, asosan, M.Brionning “Amir Temur portreti” nomli ocherki (84x1081/32 formatdagi 85 sahifa) joy olgan bo‘lib, asar “Buyuk Insonlar. Amir Temur tuzuklari asosida” (151–188-betlar), “Amir Temurning Ibn Xaldun bilan uchrashuvi. Damashq, 1401 yil” (189–203-betlar), “Amir Temur g‘anim ko‘zi bilan: Ibn Arabshohning “Temur tarixida taqdir ajoyibotlari” asari“ (211–236-betlar), “Amir Temur tuzuklari” (237–274-betlar), “Amir Temur Marshal Busiko nigohi bilan” (275–278-betlar), “Amir Temur va uning saroyi Sultoniya arxiyepiskopi nazarida” (279–302-betlar), “Amir Temur va uning saroyi ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo tasvirida” (303–356-betlar) kabi bo‘limlardan tarkib topgan. Bu bo‘limlar turli asarlarning asliyatlaridan frantsuz tiliga qilingan tarjimalardan iborat. Kitobning umumiy hajmi 381 sahifa.
M.Brion Amir Temurga odilona baho beradi: “Temurdan oldin o‘tgan birorta ham mo‘g‘ul yoki turk fotihi u kabi dono va madaniyatli bo‘lgan emas. Atilla va Aleksandr Makedonskiyda alohida-alohida mavjud bo‘lgan xislatlar Temur shaxsida g‘alati bir uyg‘unlik hosil qilganini ko‘rib hayratga tushadi kishi”. Adib Sohibqironning tashqi va ichki siyosatini yuksak baholaydi, Amir Temurni “mohir strateg, omadli sarkarda”, deb ta’riflaydi va uning e’tiqodi, saltanatida dinlarning o‘rni, holati xususida quyidagilarni yozadi: “Saltanatda diniy huquq hukmron bo‘lsa-da, Amir Temur shu qadar dono ish yuritar ediki, o‘zini islomning sodiq bandasi ekanligini ko‘rsatar va shu bilan birga, Ollohdan o‘zga tangrilarga e’tiqod qo‘ygan fuqarolariga ham qarshilik bildirmasdi”.
Frantsuz adibining ta’kidlashicha, “Temur olimlar, ulamolar, shoirlar va san’atkorlarni o‘z himoyasiga olar, ularga g‘amxo‘rlik qilardi. Uning ushbu harakati ma’lum maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lib, unga ilm va san’at ahli posboni, yuksak darajada madaniyatli hukmdor degan shuhrat keltirdi”.
Amir Temurning ismi tarixda abadiy qolajakligiga chuqur ishonch bilan qaragan M.Brion shunday yozadi: “Jasur jangchilarni taqdirlashdagi saxovati, bahodirlarga iltifoti, jangohlarda ko‘rsatgan shaxsiy jasoratlari xalqlar orasida uning obro‘-e’tiborini oshirib, ismini afsonalarga jo qildi. Uning ilohiy beqiyosligi haqidagi behisob qo‘shiqlar, balki Markaziy Osiyoda bugun ham jaranglayotgandir. U qudratli sarkarda, mohir siyosatchi, buyuk bunyodkor, barlos urug‘i vakillari oddiy xislatlarini yuksak madaniyat belgilariga mushtaraklashtirgan inson sifatida tarixda qoldi”.
2011 yili “Yangi asr avlodi” nashriyotida M.Brionning “Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur” nomli kitobi o‘zbek tilida chop etildi. Bu “yangi asar”ni Farhod Ro‘ziyev va Fozil Tilovatov o‘zbekchalashtirgan. Biroq kitob qaysi tildan tarjima qilingani ko‘rsatilmagan. Biz uning rus tilidan o‘girilganini aniqladik. M.Brion asarining ruscha varianti Tehrondagi “Mastoufi” nashriyotida bosilgan, kitob nashri bilan bog‘liq barcha huquqni ushbu nashriyot go‘yo “M.Brion merosxo‘rlaridan sotib olgan”.
Asarning o‘zbekcha nashriga yozilgan so‘zboshi va tarjimada talaygina anglashilmovchiliklar bor. Jumladan, “Ulug‘lashga loyiq inson, sarkarda va davlat arbobi haqida asar” sarlavhali so‘zboshida (mualliflar: tarix fanlari doktori, professor Shodmon Vohidov, iqtisod fanlari nomzodi Farhod Ro‘ziyev) “Tamerlan” asarining birinchi tahririni M.Brion 1942 yili, to‘ldirilgan va qayta ishlangan ushbu romanini 1963 yili Parijdagi Albin Mishelga qarashli “Wraitten in French” bosmaxonasida chop ettirgan”, deyiladi.
Birinchidan, M.Brionning “Tamerlan”i roman emas, balki “Amir Temurning portreti” ocherki, “Temur tuzuklari” va turli manbalardan olingan parchalardan iborat to‘plamdir. Ikkinchidan, “Menkim, Sohibqiron — jahongir Temur”ning o‘zbekcha tarjima so‘zboshisi mualliflari ta’kidlaganidek, asarning 1963 yildagi nashri Albin Mishelga qarashli “Wraitten in French”da emas, “Alben Mishel” (“Albin Michel”) nomli nashriyotda chop etilgan. “Wraitten in French” esa bosmaxonaning nomi emas, balki Frantsiyada nashr etiladigan aksariyat kitoblarning oxirida yozib qo‘yiladigan eslatma bo‘lib, ingliz tilidan o‘zbekchaga “Frantsuz tilida yozilgan” deb tarjima qilinadi.
“Menkim, Sohibqiron — jahongir Temur”ning “Bolalik yillarim va shayx Shamsiddindan saboq olgan davrlarim” deb nomlangan birinchi bobining so‘nggi xatboshisi quyidagicha yakunlanadi: “Otamdan iltimos qilib, shu masalani bir-ikki yil to‘xtatib turishlarini so‘radim. Chunki uylanish yigitning kuchini kesib, uni zaif qilib qo‘yadi, deb hisoblar edim. Biroq keyinchalik Sultoniya shahrining nasroniy yepiskopi bilan qilgan suhbatim asnosida bildimki, o‘z vaqtida uylanish yigitning jismoniy quvvatini kamaytirmas ekan” (18-bet).
Bu gaplarga tarjimonlar quyidagicha izoh berishgan: “Sultoniya shahrining nasroniy yepiskopi Amir Temur Ko‘ragon bilan qilgan qizg‘in suhbatlari ta’sirida juda qimmatli esdalik yozdirib qoldirgan. Biz ayni shu joyda mazkur memuarni e’tiboringizga havola etamiz va u Marsel Brion tomonidan Frantsiya Milliy kutubxonasidan topilganini va o‘zbek tilida ilk bor o‘quvchilar etiboriga havola etilayotganini eslatib o‘tmoqchimiz”.
Aslida esa Sultoniya shahrining arxiyepiskopi Ioann Amir Temur tomonidan Frantsiya qiroli Karl VI huzuriga elchi sifatida yuborilgan va qirolga Sohibqironning maktubini yetkazgan. Ruhoniy Ioann 1403 yil may oyining boshida Parijda paydo bo‘ladi. U Amir Temurning mo‘jazgina tamg‘asi bosilib, zarhal harflar bilan bitilgan ishonch yorlig‘ini — maktubini Frantsiya qiroli Karl VIga topshiradi. Arxiyepiskop qirol saroyida Karl VI va Frantsiyaning beshta — Berri, Burgundiya, Orlean, Burbon va Britaniya gertsoglari hamda ko‘plab boshqa yuqori mansabli shaxslar huzurida nutq so‘zlab, tashrifining ikki sababini bayon qiladi: birinchisi, Amir Temurning Boyazid ustidan qozongan g‘alabasini ma’lum qilish, ikkinchisi, Frantsiya qirolini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish va u haqida Amir Temurga so‘zlab berish. Arxiyepiskop Karl VIning topshirig‘iga binoan “Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar”ini bitgan.
“Xotiralar”ning Frantsiya Milliy kutubxonasining frantsuz fondida 5624 (fol.63 Ve) va 12201 (fol.84 Ie) raqamlari ostida saqlanayotgan ikki frantsuzcha qo‘lyozmasini 1894 yil frantsuz sharqshunosi Xenri de Moranvile topgan va bu haqida Frantsiya Akademiyasida ma’ruza qilgan (N.Moranville. Memoire sur Tamerlan et sa cour par un Dominicain en 1403, Bibliotheque de l’Ecole des Chartes. – Paris, 1894). X.Moranvilening guvohlik berishicha, arxiyepiskop o‘zining “Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar”ini frantsuz tilida bitib, frantsuz tilida ma’ruza qilgan.
Ko‘rinib turibdiki, o‘zbek tarjimonlari “Sultoniya shahrining nasroniy yepiskopi Amir Temur Ko‘ragon bilan qilgan qizg‘in suhbatlari ta’sirida yozilgan juda qimmatli esdalik… Marsel Brion tomonidan Frantsiya Milliy kutubxonasidan topilganini va o‘zbek tilida ilk bor o‘quvchilar etiboriga havola etilayotganini” ma’lum qilib, kitobxonlarni chalg‘itadi. Mutarjimlar Sultoniya arxiyepiskopi Ioannning “Xotiralar”i ancha ilgari o‘zbek tiliga eski frantsuz tilidan bevosita tarjima qilinib, respublikamizda uch bora e’lon qilinganidan xabarlari yo‘qqa o‘xshaydi (tarjimon B.Ermatov). Zero, bu “Xotiralar” ilk bor “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligida (“Amir Temur va uning saroyi”, 2005 yil, 13 may soni), so‘ng “Jahon adabiyoti” jurnalida (“Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar”, “Jahon adabiyoti”, 2007 yil, 4-son) va to‘ldirilgan varianti G‘afur G‘ulom nomidagi NMIUda chop etilgan “Amir Temur Yevropa elchilari nigohida” kitobida (2007 yil, 169–195-betlar) bosilgan.
Bundan tashqari, asarning birinchi bobi so‘ngida “Sultoniya yepiskopining esdaligi” keltiriladi. Unda, jumladan: “Samarqandda Ispaniya elchisi Klavixoni hurmat-ehtirom bilan qabul qilib, undan: “Bizning sevimli o‘g‘limiz Kastiliya qirolining ahvoli qanday?” — deb so‘raganini o‘zim eshitdim” (22-bet) deyiladi.
Bunga quyidagicha e’tirozimiz bor. Birinchidan, “Sultoniya arxiyepiskopi Ioannning Amir Temur haqidagi esdaliklari” asarning ruscha nashrida ilova tarzida berilgan. Unda Amir Temur so‘zi so‘ngidagi “…deb so‘raganini o‘zim eshitdim” jumlasi yo‘q. Ikkinchidan, Sultoniya arxiyepiskopi Ioann hech qachon Samarqandda bo‘lmagan (garchi ruscha variantda “Ya bыl v Samarkande” deb yozilgan bo‘lsa ham) va shu sababli Sohibqiron bilan Klavixo o‘rtasidagi suhbatni “o‘zi eshitishi” mumkin emas. Uchinchidan, “Sultoniya yepiskopining esdaligi”ning ruscha varianti — “Vospominaniya yepiskopa Sultanii o Timurlange” g‘irt bo‘htondan iborat. Bunga ishonch hosil qilish uchun X.Moranvilening yuqorida keltirilgan asariga hamda arxiyepiskop Ioann xotiralarining o‘zbek tilida e’lon qilingan nashrlariga murojaat etish kifoya. Sultoniya yepiskopi Amir Temurning Yevropadagi elchisi bo‘lgan. Qaysi bir elchi o‘z davlatining rahbari haqida bo‘hton gaplarni aytishi yoki ularga chidab turishi mumkin?!
Kitobda tarixiy haqiqatga zid bir qancha voqealar, jumlalar keltirilgan. Jumladan, Samarqandga Amir Temur huzuriga Shomdan “mashhur sayyohlar, taniqli olimlar” tashrif buyurishadi. Kitobda yozilishicha, “Keyinroq ma’lum bo‘ldiki, mehmonlarning biri — Halab fuqarosi, ikkinchisi esa damashqlik ekan… o‘sha kuni Samarqandda ko‘rishganim ikki sayyohning avlodidan ikkita olim chiqib, ikkisi ham men haqimda kitob yozishi xayolimga ham kelgan emas… Sayyohlardan biri shomlik Kamoliddin xonadonida ulg‘aygan Nizomiddin Shomiy men haqimda “Zafarnoma” kitobini yozdi. Damashqlik Arabshoh xonadonida dunyoga kelgan farzand, hozirda Ibn Arabshoh nomi bilan mashhur olim esa men haqimda kitob boshlab, hali yozib tugatgani yo‘q. Men bu kitobni ko‘rganim yo‘q, ammo uning o‘zi bu kitobni “Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur” (“Temur tarixida taqdir ajoyibotlari”) deb nomlamoqchi ekanini aytdi” (64-bet).
Bu yerda ham yolg‘on bor. Ibn Arabshoh “Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur” asarini 1436-1437 yillarda bitgan (Ibn Arabshoh, “Amir Temur tarixi”, 1-jild, 1992, 6-bet) va unda Ibn Arabshohning Sohibqiron bilan uchrashgani haqida biror so‘z yo‘q.
“Menkim, Sohibqiron — jahongir Temur” kitobining haqqoniyligi bizdan ilgari ham yurtimizning taniqli adib va olimlari tomonidan shubha ostiga olingan edi. Asar “Menkim, fotih Temur” nomi bilan qisqartirilgan holda 1995 yilda “Sharq yulduzi” jurnalining 1–2-sonlarida bosilgan. Unga tezlik bilan o‘z fikrini bildirgan adib Muhammad Ali (1995 yil, 26 may), jumladan, shunday yozadi: “Ibn Arabshohning kitob yozgani haqida gapirish noo‘rin, chunki 1436 yilda yozilgan kitob haqida Amir Temurning ma’lumot berishi anaxronizmdan boshqa narsa emas. Xulosa shulki, ushbu asar Amir Temur tomonidan emas, balki anonim avtor tomonidan yozilgan, degan fikrga boradi kishi. Bunga asarning kelish yo‘li – turkiysi topilmagach, inglizchadan frantsuzchaga, undan forschaga, undan o‘zbekchaga tarjima qilinishi — dalolatday tuyuladi” (Muhammad Ali, “Amir Temur chamani”, 2006, 128-bet). Hakim Sattoriyning fikricha ham bu kitob “…Sohibqironning haqiqiy hayotidan chala xabardor kishi tomonidan yozilganga o‘xshaydi” (H.Sattoriy, “Oltin silsila”, 2006, 37-bet).
Pirimqul Qodirov “Menkim, Sohibqiron — jahongir Temur”ning 1971 yili Tehronda nashr etilgan forscha “Manam Temuri Jahonkusho” matnini o‘qigan. Adibning ta’kidlashicha: “…M.Brionning mazkur kitobida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xayoliy uydirmalar ko‘p uchraydi” (P.Qodirov, “Amir Temur siymosi”, 2007, 11-bet).
Eng asosiysi, Marsel Brion “Men kim, Sohibqiron — jahongir Temur” nomli kitobni yozgan ham, “tuzgan” (ruscha nashrda “sostavitel” deyilgan) ham emas. Kitobning noshiri Zabiulla Mansuri mashhur adib Marsel Brion nomidan ustalik bilan foydalangan. Asarning ruscha matniga so‘zboshi bitgan Abdul Jalil Abdul Rashid va noma’lum tarjimon esa unga “… Marsel Brion bilmagan ayrim faktlarni kiritib, to‘ldirganlar”. Natijada M.Brionning 84x1081/32 formatdagi 85 sahifali “Amir Temur portreti” ocherki ruscha Tehron nashrida 511, uning o‘zbekcha tarjimasida esa 571 sahifaga aylangan. Demak, o‘zbekcha tarjimadagi 426 sahifa Marsel Brion qalamiga tegishli emas! Forscha, ruscha tarjimalardagi mutarjimlar qo‘shgan boblar M.Brion nomidan ketgan. Bu esa o‘quvchilarni chalg‘itadi, adib haqida noto‘g‘ri fikrlarga olib boradi.
Endilikda bu kitob bilan bog‘liq yana bir talay ajablanarli holatlar ham kuzatilmoqda. Yaqinda “Yoshlar” telekanali tomonidan efirga uzatiladigan “Yoshlik navolari” dasturida yosh xonanda Bahriddin Zuhriddinovning bir qo‘shig‘i berildi. Saviyasi haminqadar bu qo‘shiqqa ishlangan klipda qizning izidan qolmay yurgan yigit, yetib olgach qizning qo‘lidagi kitobni so‘raydi. Qizning qo‘lidagi kitob esa, biz so‘z yuritayotgan “Menkim, Sohibqiron — jahongir Temur” kitobi. Bu qanday reklama bo‘ldi?
Yoki “Yoshlik” jurnalining 2015 yil, 4-sonida yosh tadqiqotchi T.Mo‘minov “Adolat saltanati” maqolasida shunday yozadi: “Frantsiyalik temurshunoslar yozgan asarlar ichida professor Marsel Brion kitoblari alohida o‘rin tutadi. Uning asarlarida Sohibqiron Amir Temur bobomiz shaxsi, hayotiy faoliyati, siyosiy va harbiy sohalarda tutgan yo‘liga oid ma’lumotlar o‘rin olgan. Bunday mufassal ma’lumotlar boshqa nasriy manbalarda kam uchraydi. Voqealar Amir Temur nomidan hikoya qilinib, ommabop uslubda yozilgan” (34-bet). M.Brionning qaysi kitoblari, asarlari nazarda tutilayotir? “Mufassal ma’lumotlar…” deya urg‘ulashning o‘zi munozarali. Umuman, maqolada M.Brion kitobiga ilmiy manbadek qaralgan, vaholanki, bunday yondashish xatoligi kitobning kirish qismida aytilgan.
Yuqorida aytganimizdek M.Brionning bunday kitobni tuzmaganligini Shveytsariyaning Vod kantonida (Lozanna shahrida) joylashgan “Marsel Brion kutubxonasi” jamg‘armasi ham tasdiqlaydi. Jamg‘arma e’lon qilgan “Marsel Brion asarlari ro‘yxati”da ham “Menkim, Sohibqiron — jahongir Temur” nomli kitob yo‘q. Buni Jamg‘arma mutasaddilari bilan bog‘lanib, aniqlash qiyin emas. Jamg‘arma manzili: Fondation Bibliotheque Marcel Brion, c/o College Champittet, chemin de Champittet, 1009 Pully, Suisse. Jamg‘arma telefon raqami: 021 721 05 53.
Yuqoridagilardan shunday xulosaga kelish mumkin:
- Marsel Brion asarining nomi o‘zgartirilgan.
- M.Brion yozganlari tarjimada besh barobardan ko‘proq bo‘lib ketgan (o‘zbekchada 570 sahifa), ya’ni uning nomidan 411 sahifa qo‘shib yuborilgan. Bu esa ma’lum maqsadni ko‘zlab qilingan bo‘lishi mumkin.
- M.Brion asosiy asarlari ro‘yxatida “Tamerlan” asarining ko‘rsatilmagani ham uning M.Brion ilmiy, adabiy merosidagi o‘rnidan dalolat.
- Ruscha nashrda Sultoniya arxiyepiskopining xotiralariga asliyatda yo‘q voqealar qo‘shilgan. Demak, frantsuzcha nashrdagi xotiralar bilan ruscha nashrdagisi mos emas.
So‘zimiz so‘ngida shuni alohida ta’kidlamoqchimizki, atoqli temurshunos olim va adiblar, shuningdek, G‘arb adabiyoti mutaxassislari tomonidan tan olinmagan, eng asosiysi, milliy tariximiz va ulug‘ ajdodimiz faoliyati buzib tasvirlangan bu kabi soxta asarlarning yangidan tarjima qilinib, qayta-qayta nashr etilishini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.
Bahodir Ermatov, O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti,
Adhambek Alimbekov, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti dotsenti
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 43-son