Zavqiy — XIX asr ikkinchi yarimi va XX asrning birinchi choragida yashab ijod etgan yirik ijodkorlardan biridir. Zavqiy taxallusi bilan shuhrat qozongan Ubaydullo Qo‘qon shahrida Usta Solih maxsido‘z oilasida tug‘ildi. Yoshligidanoq Usta Solih uning tarbiyasiga jiddiy ahamiyat beradi, moddiy qiyinchiliklarga qaramay avval mahalliy maktabda, so‘ng Madrasai Oliy va Madrasai Chalpakda o‘qitadi.
Madrasa ta’limi va shaxsiy tinimsiz mutolaa Ubaydullo iste’dodini kamol topishiga, fors va arab tillarini egallashiga, Sharq adabiyotining buyuk namoyandalari ijodiy meroslarini chuqur o‘rganishiga mustahkam zamin bo‘ladi. Madrasada o‘qib yurgan davrida birinchi she’riy mashqlarini yozgan Zavqiy tez orada Qo‘qon adabiy muhitining Muqimiy, Muhyi, Furqat kabi ilg‘or shoirlari davrasiga kelib qo‘shildi, ular bilan mustahkam ijodiy hamkorlik o‘rnatdi.
Zavqiy to umrining oxiriga qadar maxsido‘zlik hunarini tashlamadi. Avvaliga madrasa hujralaridan birida, keyinchalik bozor rastasida ochgan kichik do‘konida kosibchilik bilan ota-onasiga qarashdi, o‘z oilasini tebratdi. Bu hunar ayni zamonda Zavqiyning mehnatkash xalq bilan doimo hamnafas yashab, oddiy kishilarning turmush sharoiti va orzu-intilishlaridan bevosita xabardor bo‘lishida juda qo‘l kelgan.
Zavqiy XIX asrning 70—80-yillaridayoq xalqchil shoir sifatida uzil-kesil shakllanib, davr adabiy hayotida qo‘rinarli o‘rin egalladi, she’riyat muxlislari orasida shuhrat topdi. O‘z ijodiy faoliyatini ishqiy g‘azal, muxammaslar yozishdan boshlagan Zavqiy tez orada ijtimoiy mavzularda, davrning dolzarb muammolariga diqqatini qaratdi, mehnatkash xalq hayotidan, shahar va qishloqning ezilgan tabaqasi turmushidan lavhalarni badiiy tahlil etishga kirishdi. Mustamlaka voqeligiga va ijtimoiy hayotdagi salbiy hodisalarga tanqidiy baho-yondoshuv, shaxslar faoliyati va tabiatidagi yaramaslik, pastkashlik, nopoklik, firibgarlik kabi belgilariga hajviy munosabat shoir asarlarining yetakchi g‘oyaviy mazmuni darajasiga ko‘tarildi. Davr milliy adabiyotimizda Muqimiy bosh bo‘lgan hajviy yo‘nalishning keng taraqqiy topishida ko‘plab hajviy asarlar yozgan Zavqiyning xizmatlari juda katta bo‘ldi.
Shoirning ijtimoiy mavzudagi va hajviy ruhdagi qator asarlarida chor mustamlakasiga aylantirilgan o‘lka hayotining eng dolzarb muammolari, jumladan, mavjud jamiyatdagi insoniy haq-huquq va moddiy boyliklarga egalik jihatidan keskin tabaqalanish mavjudligi hamda uning naqd oqibatlari haqida jiddiy mulohazalar, qat’iy xulosalar bayon etiladiki, bunday asarlar davr adabiyotimizda yangilik bo‘ldi.
“Zamona kimniki?” deb yuritiluvchi muxammasida Zavqiy ilg‘or ijtimoiy-siyosiy qarashlarini badiiy yuksak misralarda nihoyatda ta’sirchan va keskin bayon etadi. Chor mustamlakasi ma’muriyati va mahalliy zo‘rovonlar hukmron bo‘lgan mavjud tuzumda shoirning qat’iy fikricha:
…Davlatu izzu sharaflar mardi bodunyoniki!
…Bu zamona g‘arch kavush kiygan silliq salloniki!
…Davru davron hama joyda hokimu mirzoniki!
Xuddi shu muxammasda shoir “Xoh kosib, xoh dehqon qayg‘a borsa bag‘ri qon!”, “Bekasu bechora so‘ziga kishi bermas javob. Shu sababdan bevayu bechoralar bag‘ri kabob!” deya jamiyatdagi ezilgan tabaqaning ayanchli hayotini haqqoniy tasvirlaydi.
Mustamlaka etilgan jamiyatdagi hukmron adolatsizlikni haqqoniy tasvirlash mavzusi Zavqiyning yana bir qator she’rlarida ham (“Kajdor zamona”, “Ajab zamona”, “Abdurahmon shayton” va boshqa) xuddi shunday xalqchil ruhda tahlil etilgan.
Zavqiyning “Muncha ko‘p” radifli hamda “Ajab zamonadur, ahbob, bosh qotib qoddi” misrasi bilan boshlanuvchi muxammaslari XIX asr boshlari she’riyatimizdagi eng o‘tkir ijtimoiy asarlar jumlasiga kiradi.
Zamonasidagi adolatsizlik, huquqsizlik, mashaqqatli hayot xalqchil shoir qalbini larzaga soladi, xususan mehnat ahlining cheksiz azob-uqubatga, kulfat-xorlikka mahkum etilganligidan qat’iy norozilik tig‘day o‘tkir misralardan o‘quvchi ongiga ko‘chadi, unda ham o‘sha tuzumga nisbatan nafrat, o‘sha nochor ommaga nisbatan achinish va xayrixohlik tuyg‘ularini shakllantiradi.
Ta’kidlash lozimki, “Muncha ko‘p!” radifli muxammasida savol ohangidan ko‘ra qat’iy tasdiq, xitob ohangi ustivor:
Zolim falak bisotida ozor muncha ko‘p!
Inson sharafli nomida xor muncha ko‘p!
Har ko‘chalarda qashshoq ila zor muncha ko‘p!
Tarxi jahon binosida badkor muncha ko‘p!
Ho‘qand aro baloga giriftor muncha ko‘p!
Zavqiy ijodiy merosida qishloqlar holati, dehqon ahli hayoti mavzui ham katta o‘rin tutadi. Bu aslo bejiz emas. Gap shundaki, Zavqiy Farg‘ona vodiysi bo‘ylab yakka o‘zi, ba’zan esa Muqimiy bilan hamrohliqtsa bir necha bor sayohatlar uyushtiradi. Bunday safarlar qishloqning ahvoli, dehqon ahli-turmushi bilan, ularning og‘ir mehnatlari va nochor kun kechirishlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini bergan. Bu taassurotlar esa Zavqiyning qator asarlarida o‘zining badiiy ifodasini topgan.
Bu turkumda “qishu yoz, kechayu kunduz mehnatda kuyib ishlayotgan”, “g‘amli kuyuk kulchasini ham umrida to‘yib yemagan”, “oriq, rangi sariq, qorni ochliqdan shishgan” dehqonlarning ayanchli turmushlari ularga to‘la xayrixohlik, hamdardlik ruhida kuchli achinish bilan tasvirlangan. “Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i”, “Suv janjali”, “Shohimardon sayohati” she’rlari shu turkumga kiradi.
1898 yilda uyushtirilgan ana shunday sayohati chog‘ida Zavqiy Andijon qo‘zg‘olonini bostirish bahonasida chor ma’muriyatining butun xalq boshiga balolar keltirib, ayovsiz jazo choralarini ko‘rganiga, qanchadan-qancha kishilarni dorga osib, ta’qib-tazyiqni kuchaytirganiga, ko‘plab qishloqlarni to‘pga tutib yer bilan yakson qilganiga jonli guvoh bo‘ldi. Xuddi shu taassurotning badiiy mevasi sifatida “Eshon” radifli she’r maydonga keldi.
Shoir bu xalq qo‘zg‘olonining asl mohiyatini, uning asosiy maqsadini to‘g‘ri tushuna olmadi. Samimiy kuyunch bilan “Qancha odam o‘ldilar, ko‘p xalq bo‘ldilar asir!” deb yozgan Zavqiyni birinchi galda mustamlaka ma’muriyati ko‘rgan jazo tadbirlari oqibatida oddiy xalq ahvolining yanada og‘ir bo‘lganligi, qishloq-shaharlarning esa xonavayron etilgani (“Xonavayron bo‘ldi bir ming manzilu ma’vo!”) larzaga soladi. Taassufki, Zavqiy bularning hammasiga xalq qo‘zg‘olonining rahbarini aybdor deb biladi.
Shu munosabat bilan Zavqiy tarjimai holi va ijodining hali to‘la o‘rganilmagan sahifalari ham oz emasligini aytib o‘tish o‘rinli. Katta ijod yo‘lini bosib o‘tgan shoirning adabiy merosi afsuski, to hanuz to‘la aniqlanib to‘planmagan. Uning o‘z asarlarini devon holiga keltirgani to‘g‘risida og‘zaki ma’lumotlar uchraydi, ammo bu devon ilmga ma’lum emas. Jiddiy ijtimoiy-siyosiy voqealar silsilasi yuz bergan murakkab davrda yashab ijod etgan shoirning dunyoqarashida va unga to‘la muvofiq holda ijodiy merosida esa ziddiyatli o‘rinlar oz emas.
1900 yil avvalida Zavqiy haj safariga otlangan tog‘asi Muhammad Siddiqqa hamroh bo‘lib qator mamlakatlarni bosib, Makka va Madinani ziyorat qiladi. Uning taassuroti “Hujjoji Makka ahliga chunu charo demang” misrasi bilan boshlanuvchi she’rida o‘z badiiy ifodasini topgan. Zavqiyning asrimiz boshlarida yaratgan ijtimoiy yo‘nalishdagi asarlari jumlasidan “Voqeai qozi saylov” deb nomlangan hajman kattagina masnaviysi alohida diqqatga sazovor. Xalqchil shoir mustamlaka ma’muriyatining qattiq nazorati ostida o‘tkaziladigan qalbaki “saylov”larning puch mohiyatini, undagi poraxo‘rlik va hiyla-nayranglarni, shuningdek, (saylanuvchi) shaxslarning jirkanch basharalarini, iflos qilmishlarini o‘quvchi qo‘zi oldida ishonarli fosh etadi.
Qahatlik bo‘ldi bu Farg‘onamizda,
Topilmas parcha non vayronamizda —
bayti bilan boshlanuvchi masnaviyda esa birinchi jahon urushining mustamlakalardagi og‘ir hayotning yanada ayanchli bir holga kelgani, ochlik va vabo kasalining mehnatkash omma boshiga yangi-yangi kulfatlar solgani haqqoniy bo‘yoqlarda tasvirlangan. Bu asar xalq harakatlari kabi ijtimoiy-siyosiy mavzuning to‘la xalqchil ruhda yoritish bobida Zavqiy katta yutuqlarga erishganini isbotlovchi hujjatdir. Shoir dunyoqarashidagi bunday g‘oyalarning qat’iy shakllanishida asrimiz boshlarida milliy ozodlik g‘oyalarini, ilm-ma’rifat targ‘ibotini bayroq qilib ko‘targan jadidchilik harakatining ta’siri beqiyosdir. Jadidchilik g‘oyalarini to‘la qabul qilgan shoir o‘z amaliy-ijtimoiy faoliyati bilan ham ilm-ma’rifatni, yangi usuddagi maktab-maorifni targ‘ib qildi, fan-texnikani egallashga, zamona bilan hamqadam bo‘lishiga da’vat etdi. Bu jihatdan shoirning “Fursat g‘animat, ahbob, millatga ko‘z ochaylik” misrasi bilan boshlanuvchi muxammasi alohida diqqatga sazovor.
1916 yilda yozilgan deb taxmin etilgan “Ajab ermas” radifli muxammas, faqat Zavqiy ijodida emas, balki XX asr boshlaridagi butun o‘zbek ijtimoiy-siyosiy she’riyatida katta hodisa bo‘ldi. Bunda shoir mustamlaka asorati ostida ezilayottan ona yurtning kulfatli kunlari unut bo‘lishi haqida so‘z ochadi, og‘ir iqtisodiy hayot kechirayotgan xalqning baxtli taqdiri haqida, bo‘lajak katta ijtimoiy o‘zgarishlar xususida bashorat qiladi.
O‘tib bir qarn aqronim jahon obod ko‘rgaysiz!
Jahon ahlini zolim zulmidan ozod ko‘rgaysiz!
Giriftori alam ermas — hammani shod ko‘rgaysiz!
Ubaydullo Zavqiy adabiyotimiz tarixidan faqat ijtimoiy-siyosiy va hajviy she’rlar muallifi sifatidagina emas, balki, ayni zamonda, iste’dodli yumorist va noziqdid lirik ijodkor sifatida ham o‘rin olgan. Uning turmush ikir-chikirlari, kundalik hayotda uchrovchi nosozliklar va kishilar tabiatidagi salbiy odatlar ustidan beg‘araz kulgi, yengil masxara qo‘zg‘ovchi, iliq tabassum va shirin hazil bilan qorishiq “Ta’rifi kalish”, “Otim”, “Fonus”, “Sigirim”, “Pashshalar” kabi yumorlari o‘quvchilarda yaxshi kayfiyat, quvnoqlik uyg‘otadi, ayni zamonda ziyraklikka undaydi.
Zavqiy yaratgan ishqiy g‘azal va muxammaslarning ko‘pchiligi esa o‘sha davrdayoq hofizlar ijrosida xalq qo‘shiqlari qatorida katta shuhrat tutgan. Xususan, “Yuzungni ko‘rsatib avval o‘zingga bandalar qilding”, “Er kelur zamona yo‘q, kelmasa-kelmasin, netay?, “Kulbam aro, ey maxliqo, bir yo‘l xirom aylab keling” misralari bilan boshlanuvchi asarlari hayot shavqi va go‘zalliklaridan bahramandlikka undaydi, sevgi-sadoqatni ulug‘laydi, insoniy his-tuyg‘ularni, nozik kechinmalarni nihoyatda ta’sirchan tarzda ravshan ifodalaydi.
Abdurashid Abdug‘afurov
Maqolalar:
O‘zbek ziyolilari: Zavqiy (1853-1921)
Zavqiy she’rlaridan namunalar
Zavqiy. Tanlangan she’rlar
Biografiya: Ubaydulla Salix oglы Zavki (1853-1921) (na russkom yazыke)
Biography: Zavqiy (1853-1921) (in English)