Yahyo ibn Abu Mansur O‘rga acp Sharq astronomiyasi tarixidan, acosan, Bag‘dodning ash-Shammosiya mintaqasida 828 yili bunyod etilgan ko‘chma rasadxonaning asoschisi, ilmiy tadqiqotlar va amaliy tajribalarning tashkilotchisi hamda «al-Ma’munning tekshirilgan ziji» kitobining mualliflaridan biri sifatida munosib o‘rin olgan. U Marv shahrida tug‘ilib o‘sgan va Ma’mun xizmatida bo‘lgan, keyinchalik xalifa uni Bag‘dodga o‘zi bilan olib ketgan.
Xalifa al-Ma’munning topshirig‘iga binoan olib borilgan astronomik tajribalarning natijasi bo‘lmish «al-Ma’munning tekshirilgan ziji» asari o‘sha davrning muhim ilmiy voqeasi bo‘ldi. Acap keyingi davr astronomlari Ibn Yunus as-Sadafiy, Abu Rayhon Beruniy va boshqa olimlar ijodida o‘ziga xoc o‘rin egalladi. Asarda qadimgi yunon olimlarining astronomik tajribalari qaytadan tek- shiruvdan o‘tgan holda o‘z mujassamini topgan. Ma’lumki, o‘sha davr donishmandlaridan Muhammad al-Xorazmiy, Yahyo ibn Abu Mansur, Ahmad al-Marvaziy, Abbos al-Javhariy, Xolid al-Marvarrudiy, Ahmad al-Farg‘oniy kabi olimlar Bag‘dod yaqinidagi rasadxonada amalga oshirilgan tajribalar va ularning natijalarini qayd etib borish, bu qaydlarni kitob shaklida jamlash zahmatini o‘z zimmalariga olganlar. Mana shunday qiyin va mas’uliyatli tajribalarni boshqarish va tashkil etish vazifasini xalifa Yahyo ibn Abu Mansurga topshirganki, bu o‘z navbatida olimning Sharq xalqlari astronomiyasidagi yorqin siymolardan bo‘lganidan dalolat beradi. Haqiqatan ham Yahyo ibn Abu Mansur al-Ma’mun huzurida faoliyat ko‘rsatgan actronomlarning fozili bo‘lib, katta obro‘ va mavqega ega bo‘lgan. Olim xalifa tasarrufiga o‘tgan va uning huzuridagi astronomiya ilmida (sina’at an-nujum va tasyir al-kavkab) yetuk mutaxassisga aylangan.
Al-Ma’mun yulduzlarni kuzatishga qaror qilganda, u Yahyo ibn Abu Mansur va ismlari kerakli harflar tartibida keltiriladigan (boshqa) oir guruh olimlarga murojaat etgan. Al-Ma’mun ularga kuzatuv ishlarini olib borish va (zaruriy) jihozlarni o‘rnatishni topshiradi. Mazkur olimlar bu ishlarni 215—216 hijriy (830—832- milodiy) yillari Bag‘dodning ash-Shammosiya mintaqasi va Damashq yaqinidagi Kasiyun tog‘ida amalga oshirganlar. Astronomik tajribalar 218 hijriy yilida al-Ma’mun vafoti sababli tugatiladi. Yahyo ibn Abu Mansur Rumda vafot etgan. U ikki tahrir (nusxa)dan iborat «Tekshirilgan zij», «Madinat as-salom (Bag‘dod) shahrining kengligi uchun (Quyosh) balandligini soatning oltidan biri orqali (o‘lchash) amali» («Kitab al-’amal li suds sa’at fi-l-irtifa’ bi madinat ac-salam») asarlarining muallifidir[1].
Ibn an-Nadim ham Yahyo ibn Abu Mansurning tarjimai holi va avlodlariga oid ba’zi bir muhim ma’lumotlarni keltiradiki, olim al-Ma’mun a’yonlari orasida bo‘lib, avvaliga u xalifaning vaziri al-Fadl ibn Sahl bilan aloqada bo‘ladi va uning rahnamoligida astrologiya bilan shug‘ullanadi. Al-Fadl ibn Sahl o‘ldirilgandan so‘ng, xalifa al-Ma’mun Yahyoni tanlab oladi va uni otashparastlik dinidan islom diniga o‘tishga majbur etadi[2]. Olim ba’zi adabiyotlarda 830[3], ba’zilarida esa 845[4] yili Tapcyc shahrida vafot etgan deb ko‘rsatiladi. Uning jasadi Halab shahrining Qurayshlar qabristonida dafn etilgan. Ibn an-Nadimning ko‘rsatishicha, Yahyoning Muhammad, Ali, Sa’id va Hasan ismli o‘g‘illari bo‘lib, Muhammad adabiyot, she’riyat va musiqadan tashqari astronomiya bilan ham qiziqqan. U «Shoirlar haqida» kitobi muallifi. Yahyoning keyingi o‘g‘li Ali esa avvaliga al-Ma’mun mirshablarining boshlig‘i Ishoq al-Mus’abiy huzurida faoliyat ko‘rsatadi. So‘ng yozuvchi va muarrix al-Fath ibn Hoqonning nusxa ko‘chiruvchi kotibi bo‘lib ishlaydi. Jumladan, uning Xorun ibn Ali ismli o‘g‘li o‘zining astronomik jadvallarini tuzgan va bu fanga oid jihozlar yaratish bilan shug‘ullangan. Yahyo ibn Abu Mansurning boshqa ba’zi o‘g‘illari, nabiralari ham o‘z davridagi adib va mutakallimlaridan bo‘lib yetishadi[5]. O‘rta acp manbalari va zamonaviy adabiyotlarda Yahyo ibn Abu Mansurning qalamiga quyidagi asarlar mansub bo‘lgan deb zikr etiladi:
- «Al-Ma’munning tekshirilgan ziji» («Az-Zij al-Ma’muniy al-mumtahan»).
- «Osmon falaklari haqida mulohazalar» («Al-Ibana an al-falak»). Bu acap Beruniyning «Geodeziya» kitobida zikr etilgan.
- «Madinat as-salom (Bag‘dod) shahrining kengligi uchun (Quyosh) balandligini soatning oltvdan biri orqali (o‘lchash) amali» («Kitab al-’amal li suds sa’at fi-l-irtifa’ bi madinat as-salam»).
- «Uning (Yahyo ibn Mansurning) kuzatishlari jamlangan kitob va boshqalarga kuzatishlar haqidagi risolalari» («Kitab yahtaviy ala arsad lahu va rasail ila jama’a fi-l-arsad»).
Muallifning yuqoridagi asarlaridan faqat «al-Ma’munning tekshirilgan ziji» bizgacha yetib kelgan bo‘lib, u Ispaniyaning Eskurial kutubxonasida saqdanadi. Bu kitobning yozilishida Yahyo ibn Abu Mansurdan tashqari o‘sha davrdagi Abbos al-Javhariy, Xolid al-Marvarrudiy kabi astronomlar ham ishtirok etishgan.
Yahyo ibn Abu Mansur nafaqat taniqli olim, balki Banu Myco (Musoning o‘g‘illari) singari yorqin siymolarni tarbiyalagan murabbiy hamdir. Ibn al-Qiftiyning ma’lumot berishicha, xalifa al-Ma’mun marvlik Myco ibn Shokir ismli shaxsning yetim qolgan o‘g‘illari Myhammad, Ahmad va al-Hasanlarni «Bayt ul-hikma»ga chaqirib, ularga ilm berishni Yahyo ibn Abu Mansurga topshiradi[6]. Ma’lumki, bu uch aka-uka keyinchalik mashhur olim va ilm homiylari bo‘lib yetishadi. Aka-ukalar mexanika, matematika, astronomiya, geometriya va boshqa ilmlarga oid yigirmaga yaqin asarlarning muallifidir. Ularning eng mashhur asari «Mexanika kitobi» («Kitab al-xiyal») deb ataladi. Bu acap musulmon dunyosidagi mexanikaga oid birinchi kitob bo‘lishi ehtimoli bor. Banu Musolarning faoliyati ular yaratgan ilmiy asarlar bilan chegaralanmaydi. Aka-ukalar yunon olimlari asarlarini «Bayt ul-hikma»da ishlash va ularni arab tiliga tarjima qilishda ham ko‘p jonbozliklar ko‘rsatishgan. Shunday qilib, Yahyo ibn Abu Mansur o‘z davrining yetuk siymolariga aylangan uch aka-ukaning ilmiy kamolotida ustozlik ham qilgan.
Mashhur alloma Abu Rayhon Beruniy Yahyo ibn Abu Mansurning ismini osmon ekvatorini ekliptika bilan kesishish burchagini aniqlash[7] va kuzgi tengkunlik vaqtini kuzatish[8] munosabati bilan birinchilar qatorida eslaydi.
t.f.n. B. Abduhalimov
[1] Ibn al-Qiftiy. Ixbar al-ulaman bi axbar al-hukama. Qohira, 1908, 234-bet.
[2] Ibn an-Nadim, Kitab al-Fixrist. Tadqiqotchi Rada al-Xayriy al-Mozandaraniy. Bayrut, 1988, 160-bet.
[3] Matviyevskaya G.P., Rozenfeld B.A. Matematiki i astronomы musulmanskogo srednevekovya i ix trudы. M., 1983. Kn. 2. S. 38.
[4] Az-Zirikli Xayr ad-Din. Al-A’lam, Bayrut, 1986, 8-jild, 173-bet.
[5] Ibn al-Qiftiy. Ixbar al-ulama bi axbar al-hukama. Qohira, 1908
[6] Ibn al-Qiftiy. O‘sha asar
[7] Abu Rayxan Beruniy. Izbrannыe proizvedeniya. T. 3, T., 1966. S. 125
[8] Abu Rayxan Beruniy. Izbrannыe proizvedeniya. T. 3, T., 1966. S. 267