Sharafiddin Ali Yazdiy (? – 1454)

Sharafiddin Ali Yazdiy Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarining XIV va XV asr boshlaridagi tarixidan bahs yurituvchi mashhur “Zafarnoma” asarining muallifi sifatida tarix zarvaraqlarida mangu muhrlangan muarrixlardan bo‘lib, uning hayoti va faoliyati asosan XV asrning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi.

Sharafiddin Ali Yazdiy Eronning Yazd shahriga qarashli Taft mavzeida (Taft-i-Yazd deb ham atalgan), taxminan XV asrning oxirgi choragida tug‘ilgan. Uning tarjimai holi haqidagi ma’lumotlar o‘z asarlari va zamondoshlarining asarlarida keltirilgan dalillardan iborat. Uning otasi — Shayx Hoji o‘z davrining yirik olimlaridan sanalib, tariqat ahli — so‘fiylar bilan hamfikr bo‘lgan. Manbalarda aytilishicha, Sharafiddin Ali ham yoshligida Yazd so‘fiylari bilan yaqin aloqada bo‘lgan.

Sharafiddin Ali Yazdiyning bundan keyingi faoliyati haqidagi ma’lumotlar, uning Sherozda Temuriylar saroyida xizmatda bo‘lganligi bilan bog‘liq. Shohruxning o‘g‘li Mirzo Ibrohim Sulton 1414 yili otasi tomonidan Eronning Fors viloyatiga (markazi Sheroz) hokim qilib tayinlanadi. 1435 yilgacha Sharafiddin Ali ana shu shahzodaning saroyida xizmat qiladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Sharafiddin Alidan qolgan ilmiy-adabiy meros adabiyot va til uslubi, she’riyat nazariyasi, ilmi nujum, falsafa, tasavvufning nazariy masalalari bo‘yi-cha yozilgan asarlardir. “Sharaf” taxallusi bilan she’rlar yozganligi ham ma’lum.

Yazdiyning 1446 yili Hirotga kelgani, bu yerdan Samarqandga, Ulug‘bek huzuriga borganligini ham taxmin qilish mumkin bo‘lsa-da, biroq bu uzoq vaqt davom etgan emas. Aftidan, Shohrux vafotidan (1447) keyin tez orada Sharafiddin Ali o‘z vatani Taftga qaytib keladi va bu yerda xonaqohga joylashib, umrining oxirigacha shunday yashaydi. U hijriy 858 (1454) yili vafot etadi, shu xonaqohga dafn etiladi.

Sharafiddin Ali Yazdiy qalamiga mansub ilmi nujum, she’riyat va tariqat nazariyasiga oid bir qancha asarlar borki, ularni birma-bir sanab o‘tishni lozim topdik:

  1. “Hulal-i mutarraz dar muammo va lug‘az” (“Muammo va topishmoqlar borasida bezakli joma”).
  2. “Muntaxab-i Hulal” (Mazkur asarning qisqartirilgan bayo-ni).
  3. “Mavotin yo manozir dar muammo” (“Muammo fanida turar joy va manzaralar”).
  4. “Qunh uz-zod dar ilm-i vaqf-i a’dod” (“Adadlar muvofiqligi ilmida haqiqat cho‘qqisi”).
  5. “Al-Kitob fi ilm-i usturlob” (“Usturlob ilmi bo‘yicha kitob”).
  6. “Devon-i Sharaf-i Yazdiy” (“Sharafi Yazdiyning she’rlar to‘plami”).
  7. “Haqoyiq at-tahlil” (“Tahlil, ya’ni “Lo iloha illa-l-loh” ning haqiqatlari”).
  8. “Sharh-i “Qasida-i burda” (“Qasida-i burda”ning sharhi”).
  9. “Sharh-i “Asamo-i Alloh” (“Alloh ismlari”ning sharhi”).
  10. “Tuhfat ul-faqir va hadyat ul-hakir” (“Faqirning tuhfasiyu haqirning hadyasi”).
  11. “Munshaot” (“Xatlar to‘plami”).
  12. Maxsus nomga ega bo‘lmagan, ammo Amir Temurning tarixini she’riy bayon etilgan asar.

Ushbu asar nomlaridan ko‘rinib turibdiki, Sharafiddin Ali Yazdiy o‘z davrining anchagina bilimlari bo‘yicha ozmi-ko‘pmi ma’lumotga ega bo‘lgan. Shuning uchun ham u Temuriy shahzodalar saroyida xizmatga taklif etilib, zamondoshlari orasida ma’lum darajada shuhrat qozongan. Uning tarixnavislik fani namoyandalari qatoridan o‘rin egallashiga sabab bo‘lgan “Zafarnoma” asarining bitilish tarixi ham muallifning o‘z davrining yetakchi muarrixlaridan biri bo‘lganligini ko‘rsatib turibdi.

“Zafarnoma” asari — “Fathnomayi sohibqiron”, “Tarixi jahonkushoyi Temuriy” degan nomlar bilan ham ataladi, lekin tarix fanida u ko‘proq “Zafarnoma” nomi bilan mashhur. Asar tuzilishi jihatidan ikki qismga: Temurdan oldingi davr tarixidan umumiy tarzda so‘zlovchi “Muqaddima” va bevosita Temur davri tarixini yorituvchi asosiy qismga bo‘linadi. Har bir qism uchun alohida-alohida yozilgan, ko‘p jihatdan mushtaraklikka ega bo‘lgan so‘z boshilarda muallif mazkur qismlarning yozilish tarixini yoritib beradi. U har ikki kism ham Shohruxning o‘g‘yai Ibrohim Sultonning tashabbusi bilan yozildi, deb ko‘rsatadi.

Muallifning ta’kidlashicha, Ibrohim Sulton o‘z bobosi Amir Temur haqida maxsus kitob yozilishini niyat qilgan va hijriy 822 (1419—20) yilda o‘z vaqtida baxshiy va munshiylar tomonidan Temur haqida turkiy, forsiy tillarda yozib qoddirilgan mavjud ma’lumotlarni yig‘ib keltirish haqida farmon chiqargan. Bu ish amalga oshgandan so‘ng mazkur ma’lumot-hujjatlarni o‘rganishga kirishilgan.

“Muqaddima”da bu hol quyidagicha bayon etilgan: To‘planilgan ma’lumotlar voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishilar hikoyasi bilan taqqoslab bo‘lingach, bu ma’lumotlar bilan Sharafiddin Ali tanishib chiqib, Ibrohim Sultonga axborot berishi lozim bo‘lgan. Ibrohim Sulton ma’qullagandan keyin esa Yazdiy “Muqaddima”ni tuzishga kirishgan.

Temur davridan bahs etuvchi qism — “Zafarnoma”ning bosh so‘zboshidan quyidagilarni bilib olamiz: Podshohlikning barcha tomonlaridan Temur haqidagi turkiy va forsiy tillarda bayon qilingan hikoyalarning hamma she’riy va nasriy nusxalari to‘planib bo‘lingach, ma’lumotlar bilan tanishish uchun uchta guruh tuzilgan. Turkiy va forsiy tillarning bilimdonlari ikki guruhni, voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlar esa bir guruhni tashkil etganlar. Dastlab Temur haqidagi har bir hikoya o‘qilgan, agar uning mazmuni voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishining talqiniga to‘g‘ri kelmay qolsa, Ibrohim Sulton haqiqatni tiklash uchun turli shaharlarga choparlar yuborib, mazkur voqeani Temurning yana boshqa zamondoshlaridan surishtirgan yoki qo‘shimcha ma’lumotlar to‘plagan. Ana shu qo‘shimcha guvohlar hikoyatlarini ham tinglagach, Ibrohim Sulton aytib turgan va kotiblar yozib borgan. Shu tarzda asarning dastlabki xomaki nusxasi tuzib chiqilgan. So‘ng ana shu xomaki nusxa asosida Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarini yozgan. Ibrohim Sultonning qat’iy buyrug‘iga asosan kitobni yozish vaqtida sanalar, joy nomlari, ular orasidagi masofa o‘lchovlari haqidagi barcha ma’lumotlar juda sinchiklab tekshirilishi lozim bo‘lgan. Sharafiddin Ali Yazdiydan esa asarni jonli til bilan tushunarli qilib yozish talab etilgan va shuningdek, hujjatlarga qat’iy rioya qilishi, Ibrohim Sultonning bevosita shaxsiy nazorati ostida tuzilgan dastlabki xomaki yozuvdan aslo chetga chiqmasligi hamda hech narsani bo‘yab ko‘rsatmasligi shart qilib qo‘yilgan.

“Zafarnoma” asarini o‘qir ekanmiz, Sharafiddin Ali Yazdiy daliliy ma’lumotlarni keltirish borasida haqiqatan ham Ibrohim Sulton qo‘ygan shartlarga rioya qilganligini ko‘ramiz. Biroq bu shartni asarning til uslubi, ayrim shaxslarning sifatlarini haddan ziyod tavsiflash hollariga nisbatan rioya qilingan deb bo‘lmaydi. Asar til uslubi jihatidan fors tilining o‘sha XV asr adabiy uslubini mukammal bilgan savodxon uchun mo‘ljallangan, hatto uni o‘z davri uchun tarixiy voqealar asosida yozilgan badiiy asar sifatida ham qabul qilish mumkin.

Asarning “Muqaddima” qismini Sharafiddin Ali Yazdiyning o‘zi “Tarixi jahongir” deb nomlagan, lekin fanda “Muqaddima” nomi bilan mashhur va “Zafarnoma”ning ajralmas qismi hisoblanadi. Shu bilan birga, hajmi katta bo‘lganligi tufayli bo‘lsa kerak, qo‘lyozma nusxalari alohida mustaqil asar sifatida ham tarqalgan. U so‘zboshi, ikki fasl va xotimadan iborat.

“Muqaddima”dan ko‘zda tutilgan maqsad Temur shajarasini bayon etish va uning o‘zidan oldin o‘tgan hukmdorlardan davlat arbobi va lashkarboshi sifatidagi ustunligini isbotlab berishdan iboratdir. Shu munosabat bilan muallif turkiy qabilalarning kelib chiqish tarixi va Chingizxonning to‘rt ulus tarixini, XIV asr birinchi yarmida Markaziy Osiyo va unga qo‘shni mamlakatlardagi siyosiy vaziyatni bayon etadi, tarqoqlik va o‘zaro urushlarning kuchayishini va bu hol Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzgan Temurning tarix maydonida paydo bo‘lishiga bir qadar shart-sharoit yaratilganligini ko‘rsatib beradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”ga Temur davri tarixidan tashqari, undan oddingi asrlardagi tarixni ham (garchi umumiy tarzda bo‘lsa ham) kiritishi tasodifiy emas.

“Zafarnoma” asarining asosiy qismi esa muallifning dastlabki rejasiga ko‘ra, uchta maqoladan iborat bo‘lmog‘i lozim bo‘lgan. Birinchi maqola Temurga, ikkinchisi, uning o‘g‘li Shohruxga va uchinchisi, Shohruxning o‘g‘li va Sharafiddin Ali Yazdiyning homiysi Ibrohim Sultonga bag‘ishlanishi ko‘zda tutilgan. Binobarin, “Zafarnoma” asari faqat Temurnigina emas, balki Temuriy shahozadalar Shohrux (1405—1447) va Ibrohim Sulton (1414—1435) lar hukmronlik davri tarixini ham yoritishi kerak bo‘lgan. Biroq “Zafarnoma”ning hozirda, fanda ma’lum bo‘lgan qo‘lyozma nusxalarida keyingi ikki maqola yo‘q, ular yozilmagan yoki bizgacha yetib kelmagan.

Sharq tarixnavisligining eng nodir yodgorliklaridan biri va Amir Temur davri tarixining birlamchi manbalaridan bo‘lgan “Zafarnoma” uzoq vaqtdan buyon sharqshunos tadqiqotchilar diqqatini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Daliliy ma’lumotlarning to‘liqligi hamda ishonchliligi tufayli u o‘sha davr manbalari orasida hanuzgacha muhim o‘rin egallaydi.

XV va XVI asrlarda “Zafarnoma” qahramonlik qissasi janrida ikki marta she’riy yo‘l bilan o‘zbek tilida Lutfiy, fors tilida Abdurahmon Jomiyning jiyani Hotifiy (vafoti—1521) tomonidan kuylangan edi. XVI asr boshlarida Shayboniylarning dastlabki vakillaridan Ko‘chkunchixon (1510—1530) topshirig‘iga muvofiq Muhammad Ali ibn Darvesh Ali Buxoriy tomonidan “Zafarnoma” o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Adabiyotlarda Hofiz Muhammad ibn Ahmad al-Ajamiy tomonidan asarning turk tiliga tarjima qilinganligi haqida ham ma’lumot bor. Bulardan tashqari “Zafarnoma” 1822—1823 yillarda Xivada Xudoyberdi ibn Qo‘shmuhammad So‘fi al-Xivoqiy tomonidan o‘zbek tiliga qisqartirib tarjima qilinganligi ham ma’lum.

XVIII asrdan boshlab “Zafarnoma”ning ayrim qismlari frantsuz (Peti de la Kroa, 1713), ingliz (J.Darbi, 1723) va rus tiliga ham tarjima qilingan. Asarning forscha matni esa 1887—88 yillarda Kalkuttada (Hindiston), 1958 yili Tehronda (Eron) chop etilgan. Biroq bu nashrlarda asarning “Muqaddima” qismi hamda zaruriy ko‘rsatkichlar berilmagan. 1972 yili Toshkentda asarning har ikki qismini qamragan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 4472-raqamli qo‘lyozmaning faksimil nashri amalga oshirildi. Bunda tarixiy manbalar ilmiy nashri uchun zaruriy bo‘lgan so‘zboshi va turli ko‘rsatkichlar bilan birga asar matnining har xil nusxalari va nashrlari orasidagi farqlar ham qayd etildi.

Keyingi yillarda Sharqshunoslik institutida “Zafarnoma”ni hozirgi o‘zbek tilida ilmiy izohli tarjimasini nashrga tayyorlash ustida ishlar olib borilmoqda. Asarning kichik bir qismi sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi oldidan, 1994 yilda chop etildi.

t.f.d. A. O‘rinboyev