Sakkokiy (XV asr)

O‘zbek mumtoz adabiyotida yorqin iz qoldirgan, betakror g‘azallar va qasidalar yaratgan yetuk iste’dod egasi, lirik shoirlardan biri Sakkokiydir.

Sakkokiyning hayoti va faoliyati haqida bizgacha juda kam ma’lumot yetib kelgan. Uning tarjimai holi to‘g‘risida o‘zining devoni va Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” va “Xutbai davovin” asarlaridan bazi bir ma’lumotlarni bilib olishimiz mumkin. Bundan tashqari, shoir Yaqiniynining “O‘q va yoy” asarida Sakkokiy turk (o‘zbek) shoirlarining mujtahili (g‘ayratlisi) deb ta’riflanishi, uning o‘z zamonasining zabardast shoirlaridan biri ekanligini bildiradi. Sakkokiy movarounnahrlik bo‘lib, u Temuriylar saltanatining poytaxti Samarqandda umrguzaronlik qilib ijod etgan.

Sakkokiy — shoirning taxallusi bo‘lib, uning asl nomi ma’lum emas. “Sakkok” (pichoqchi) so‘zidan, shoir hunarmand oilada tug‘ilgan degan fikrni taxmin qilish mumkin. Sakkokiy XIV asrning ikkinchi yarmida yoki XIV asrning oxirgi choragida tug‘ilganini esa hijriy 810 (1407—08) yilda Amir Temurning nabirasi Xalil Sultonga bag‘ishlagan qasidasidagi:

Tarixqa sakkiz yuz dog‘i o‘n erdiyu qadr axshomi,
Bir oy tug‘uldi dunyoda kim mamalakatda xon erur.—

misrasidan taxminan bilib olish mumkin. Chunki shoir bu qasidasini ancha ijodiy tajribaga ega bo‘lgandan keyin, taxminan 30 yoshlarida yozgan bo‘lishi kerak.

Sakkokiy ijodining gullagan davri Ulug‘bek hukmronlik qilgan davrlarga (1409—1449) to‘g‘ri keladi. Tarixdan ma’lumki, buyuk munajjim va yetuk davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek ma’rifatparvar podshoh bo‘lish bilan birga ilm-fan, san’at va adabiyot ahlining homiysi ham edi. Ana shu fikrdan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Sakkokiy Ulug‘bekdan panoh topgan allomalar sirasiga kirib, uning ijodiy faoliyati odil podshoh bilan bog‘liqdir. Sakkokiy o‘z homiysiga atab qasida bitadi va unda Ulug‘bekni ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi va uning dushmanlariga qarshi o‘z so‘zlari bilan zarba beradi. Shoir Ulug‘bekka baho berar ekan, shunday ma’rifatparvar podshoh bilan zamondosh bo‘lganidan faxr hissini tuyadi va:

Falak yillar kerak sayr etsayu keltirsa ilkiga,
Meningdek shoiri turku seningdek shohi dononi,—

degan misralarni darj etadi.

Sakkokiy o‘z devonida Mirzo Ulug‘bek, Xalil Sultondan tashqari, Xoja Muhammad Porsoga, Arslonxoja tarxonga ham kasidalar bitgan. Bu qasidalardan tashqari devonga bir qator lirik g‘azallar ham kiritilganki, bu g‘azallarning ko‘pchiligi bizgacha yetib kelmagan. Sakkokiyning o‘zi tuzgan devonining bir necha qo‘lyozma nusxalari ma’lum bo‘lsada, bu nusxalarning birortasi ham to‘la va mukammal nusxa emas. Jumladan, Londonda, Britaniya muzeyida devonning taxminan XVI asr o‘rtalarida ko‘chirilgan bir nusxasi va Toshkentda, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik intstitutida 1937 yilda Shoislom ismli kotib tomonidan kaysidir manbadan ko‘chirilgan nusxasi saqlanadi.

Sakkokiy XV asr o‘rtalarida vafot etganligini Navoiyning Samarqandda bo‘lgan yillarida (1465—1469) Sakkokiy muxlislari bilan uchrashgani va suhbatlashgani bilan izohlash mumkin. Nimagaki, Sakkokiy bu davrda hayot bo‘lmagan, agar hayot bo‘lganida Navoiy uning o‘zi bilan uchrashgan bo‘lardi.

Sakkokiyning qasidachilik borasidagi mahoratini nazarga tutadigan bo‘lsak, shak-shubhasiz, uni o‘zbek qasidachiligining asoschisi desak yanglishmagan bo‘lamiz. U ulug‘ shoir Lutfiy bilan bellasha oladigan shoir darajasida bo‘lgan. Bu haqda Alisher Navoiy “Xutbai davovin” asarida shunday jumlalarni keltiradi: “Uyg‘ur iborati fusaxosindin va turkiy alfozining bulag‘osindin Mavlono Sakkokiy ham Lutfiylarkim, birining shirin abyotining ishtihori Turkistonda bag‘oyat va birining latif g‘azaliyotining intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdurur va devonlari mavjud bo‘lgay”. Bundan ko‘rinadiki, Sakkokiy Turkiston, ya’ni Movarounnahrda o‘z ijodi bilan juda katta obro‘ga ega bo‘lganki, uning go‘zal qasidalari, sevgini vasf etuvchi betakror g‘azallari Samarqand ilm ahlining ko‘nglidan mustahkam joy olgan.

Sakkokiy lirikasining asosiy tematikasi ko‘pgina shoirlarnikidek asosan sevgi-muhabbatni sharaflashdan iborat. U insonni insonga bo‘lgan muhabbatini kuylarkan, sevgini hayotga, uning zavq-shavqi, tabiat manzarasi va insoniy ezgu xislatlarga bo‘lgan mehr-muhabbat bilan uzviy holatda tarannum etadi. U o‘z she’rlarining ma’no va shakliga katta e’tibor bergan. Sakkokiy o‘z g‘azallarida zamondoshlari kabi ajoyib so‘z o‘yinlaridan ustalik bilan foydalanadi. Tasvirlanayotgan ma’shuqaning g‘amzasini ta’riflar ekan:

Qachonkim g‘amzasi ko‘zlab o‘qin kirpiki kezlosa,
Qora qoshlaridan paydo bo‘lur ushshoqning yosi,—

deydi.

Sakkokiy g‘azallarida keltirilgan ko‘pgina badiiy tasvirlar va o‘xshatmalarni Alisher Navoiy, Bobur va boshqa shoirlarning g‘azallarida ham uchratish mumkin.

Sakkokiy faqat lirik she’rlar yozish bilan cheklanib qolmay, yuqorida aytganimizdek, go‘zal qasidalar yozdi va bu qasidalar u yashagan va ijod etgan davrdagi ijtimoiy hayot bilan chambarchas bog‘lanib ketgan.

Sakkokiy Ulug‘bekka atab yozgan qasidasidagi yana bir misraga e’tiborni qaratsak, foydadan xoli bo‘lmas:

“Raiyat qo‘y erur, Sulton anga cho‘pon yo bo‘ri,
Bo‘ri o‘lgayu qo‘y ting‘ay, chu Musotek shubon keldi”,

— deb yozadi.

Bu bilan Sakkokiy o‘sha davrdagi hukmdorlar haqida fikr yuritadi va adolatli hukmdorlarni cho‘ponga, adolatsiz hukmdorlarni bo‘riga o‘xshatadi.

Ulug‘bek davlat tepasiga kelishi voqeasini shoir quyidagicha ifodalaydi:

Jahondin ketti tashvishu mabodoyi amon keldi,
Xaloyiq aysh eting bu kun, sururi jovidon keldi.
Tan erdi bu ulus barcha, aningtek joni bor yo yo‘q,
Bihamdilloh, o‘g‘on fazli bila ul tanga jon keldi.

Ulug‘bekka bag‘ishlab yozilgan qasidada xalq, ulus, raiyat, omonlik, surur, adolat so‘zlari ko‘p uchraydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, zamonasining ilg‘or fikrli kishisi sifatida buyuk shoir Sakkokiy xalq ahvolini o‘ylagan holda, Ulug‘bekdek ma’rifatli hukmdorni davlat tepasiga kelishi xalq uchun yaxshi ish bo‘lganligidan mamnun ekanligini izhor etgan.

Shunday qilib, hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek, Mavlono Sakkokiy ajoyib lirik she’rlar va betakror qasidalar ijod etgan hamda o‘zbek mumtoz adabiyotining ravnaq topib, gullab-yashnashiga ma’lum hissa qo‘shgan buyuk shoirlardan biri sifatida tarixda muhrlandi.

Sakkokiy — t.f.n. Q. Munirov