XV asr boshlarida Movarounnahrda shuhrat qozongan ulkan matematik va astronomlardan biri Qozizodadir. Olimning to‘liq nomi Salohiddin Muso ibn Muhammad ibn Mahmud.
Qozizoda aslida hozirgi Turkiyaning shimoli-g‘arbidagi Marmara dengizidan janubroqdagi Bursada tavallud topgan. Uning otasi Muhammad “Xoja Afandi” laqabi bilan ma’lum bo‘lib, Salohiddinning bolalik yillarida vafot etgan. Xoja Afandi ancha olim va komil odam bo‘lib, ko‘p yillar Bursaning qozisi lavozimida xizmat qilgan. Salohiddinning tug‘ilgan yili aniq ma’lum emas. Turkcha manbalarda u hijriy 755-765 (melodiy 1354-1364) yillar orasida tug‘ilgan, deb taxmin qilinadi.
Qozizoda boshlang‘ich ma’lumotlarini Bursadagi madrasada olib, astronomiya va matematika bilimlarini mavlono Shamsiddin Fanoriydan o‘rganadi. Lekin u yoshligidan Movarounnahr va Xurosonda ilm-fanning yuksak darajada ekanligini eshitib, u yerga ketishga taraddud ko‘ra boshlaydi. Bu haqda XX asr boshlaridagi turk tarixchisi Solih Zakiy bunday yozadi: “Mavlono Fanoriydan Xuroson va Movarounnahr ulamosining ulumi riyoziyadaki ovozai shuhratini eshita-eshita, nihoyat ikmoli tahsil uchun u joniba getmakka qaror vermish”. Oila a’zolari bu sayohatga monelik qilishlaridan qo‘rqib, buni sir tutadi. Qozizoda XIV asr oxirlarida bir kun to‘satdan Bursadan g‘oyib bo‘ladi. Avvaliga u Xurosonga borib, u yerda poytaxt Samarqandning shuhrati haqida eshitadi va o‘sha shahar tarafga intiladi. Bu orada Amir Temurning yetti yillik yurishi boshlanib qoladi. Qozizoda yo‘lda Temurning ulamolari qatoriga qo‘shilib qolib, ular bilan orqaga qaytib, yurishda ishtirok etadi va shu ketishda o‘zining Bursadagi ustozi mullo Fanoriyning “Anmuzaji ulum” asariga sharh bitadi. U Xuroson va Movarounnahrga kelib olimlardan tahsil olib, bilimini kamolotga yetkazadi. Xususan u Temurning saroy astronomi Mavlono Ahmaddan astronomiya va matematika fanlaridan chuqur ma’lumotlar oladi. Amir Temurning yetti yillik yurishi tugagach, 1404 yil yozida Salohiddin birinchi marta Movarounnahr poytaxti Samarqandga keladi. Tez orada Salohiddin Movarounnahr va Xuroson olimlari orasida “Qozizoda Rumiy” (Usmonli turklar mulki bo‘lib qolgan Kichik Osiyo, ya’ni qadimgi Rim imperiyasi yerlarini Sharqda Rum deyilar edi) nomi bilan shuhrat qozonadi.
1405 yil boshida yuz bergan Sohibqironning vafotidan keyingi Movarounnahrda hukm surgan notinchlik Qozizodani Ulug‘bek bilan birgalikda Hirotga ketishga majbur qiladi. Bu yerda u bir necha yil davomida bo‘lajak buyuk olimga astronomiya va matematika fanlaridan saboq beradi va unda shu fanlarga nisbatan chuqur va so‘nmas mehr uyg‘otadi. Ulug‘bek keyinchalik o‘z “Zij”ida Qozizodani minnatdorchilik bilan “ustozim” deb tilga oladi.
Ulug‘bekning o‘zi aytganidek, uning ustozi Qozizoda Rumiydir.
Ulug‘bek Samarqandda 1417—1420 yillarda madrasa ta’sis etib, Qozizodani u yerda rais ul-muallimin nasabiga tayinlaydi va aksariyat hollarda uning darslarida o‘zi ham ishtirok etadi. Ulug‘bek madrasasi kvadrat shaklida bo‘lib, uning to‘rt tarafida darsxonasi va har bir darsxonaning o‘z mudarrisi bo‘lgan. Qozizoda madrasada darsga chiqquncha darsxonalarning talabalari o‘z mudarrislari bilan chiqib, uni kutib turganlar.
Bir kuni qandaydir sababga ko‘ra Ulug‘bek o‘sha to‘rt mudarrisdan birini ta’zil etadi, ya’ni koyib ishdan chetlatadi. Buni eshitgan Qozizoda raddiya sifatida darsga chiqmaydi va bu hol bir necha kun davom etadi. Ulug‘bek bundan ogoh bo‘lib, Qozizodaning huzuriga boradi va uning sihat-salomatligini ko‘rib, uning darsga chiqmayotganining sababini so‘raydi. Shunda Qozizoda bunday javob beradi: “Biz mudarrislikning hech bir kimsaga aloqasi va munosabati yo‘q bir mansab deb bilamiz. Hamda mudarrislik mansabi ta’zil joriy etilmaydigan mansabdir, deb hisoblardik. Holbuki endi bu mansab ham sultonlik tasarrufida ekanligini ko‘rdik. Binobarin biz ham endi o‘zimizni mudarrislik amalidan forig‘ etdik”.
Ulug‘bek buni eshitib, o‘sha mudarrisni darhol o‘z vazifasida tiklaydi va bundan buyon hech bir mudarrisni ta’zil etmasligi haqida va’da beradi. Qozizodadan esa darslarga yana chiqishini iltimos qiladi.
Qozizoda Ulug‘bek madrasasida mudarrislik yillarida “sayyid as-sanad” deb tilga olinadigan Sayyid Sharif Jurjoniy nomli bir mudarris bilan muloqotda bo‘ladi. Qozizoda u kishi bilan ko‘p mubohasa va munozara qilardi. Ba’zan shunday bo‘lardiki, bu mubohasalarda ikkala shaxs ham bir-biriga nisbatan ovozini ko‘tarar va tafovut, muxolifotga borardilar. Shunday hollarda Qozizoda Sayyid Sharifga nisbatan “matematik fanlarda qudratsiz” desa, Sayyid Sharif Qozizodaga “ta’bi matematik fanlarga mag‘lub va falsafiyotga mansub” der edi. Lekin ikkisi ham bir-birining asarlarini tahrir qilar va tortishuvga sabab bo‘lgan masalalarni talabalar oldiga qo‘yar edilar.
Ulug‘bek Jamshid Koshiydan “Ziji Elxoniy” haqida va Marog‘adagi kuzatishlar daqida ko‘p eshitib, o‘zi rasadxona barpo etish va yangidan astronomik kuzatishlarni boshlashga tashabbus ko‘rsatadi. Rasadxona qurilishini Qozizoda bilan birga Jamshid Koshiy boshqaradi. Qurilish tugatilib, kuzatishlar boshlanishi bilanoq Koshiy vafot etadi. Bundan so‘ng ishlarga ilmiy rahbarlik Qozizodaning zimmasiga yuklanadi. U ham kuzatishlar oxiriga yetkazilmasdan vafot etadi. Endi kuzatishlarni davom ettirish navbati Ali Qushchiga keladi va u bu ishda katta jonbozlik ko‘rsatib, ustozi Ulug‘bek bilan ishni nihoyasiga yetkazadi.
Qozizoda bilan Jamshid Koshiylar, shubhasiz XV asr birinchi yarmida Sharq va G‘arbning eng buyuk olimlaridan edilar. Ular ikkisining o‘zaro munosabatlari do‘stona edi va ular bir-biriga katta hurmat bilan qarar edilar. Xususan Qozizoda Koshiyga “birodari a’zam” deb murojaat etardi. Qozizoda Samarqanddaligida juda ko‘p shogirdlar yetishtirdi. Bularning avvali va eng buyugi Ulug‘beqdir. Ikkinchi shogirdi Fathulloh Shervoniy bo‘lib, u 1449 yili Ulug‘bek o‘ldirilishi bilan darhol Kichik Osiyoga ketadi va Kastamonu shahrida mudarrislik bilan shug‘ullanadi. Qozizoda Samarqandda uylanib, bu nikohdan bo‘lajak yirik olim Miram Chalabiyning otasi Qutbiddin dunyoga keladi.
Qozizodaning vafot etgan yili ma’lum emas. Lekin bu voqea 1426-1436 yillar orasiga to‘g‘ri keladi, deb taxmin qilinadi.
Olimning qalamiga mansub asarlar quyidagilardir:
1. “Risola fi-l-hisob” (“Hisob haqida risola”). Arifmetikaga doir arab tilida yozilgan risola bo‘lib, unda kasr va butun sonlarning o‘nlik uslublaridagi hisobi bayon etilgan. Risola 1382 yili Bursada yozilgan. Ikkita qo‘lyozmasi Mashhadda imom Rizo kutubxonasida saqlanadi.
2. “Sharhi mulaxxis fi-l-hay’a” (“Astronomiya haqida qisqacha risolaning sharhi”). Asar Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-Xorazmiy al-Chag‘miniyning (XIII asr) “Mulaxxis fi-l-hay’a” nomli asariga arab tilida yozilgan sharhidan iborat. Sharh hijriy 1412 yili Ulug‘bek uchun Samarqandda yozilgan. Risolaning 150 dan ortiq qo‘lyozma nusxalari dunyodagi turli kutubxonalarda saqlanadi.
3. “Sharhi ashkol at-ta’sis”. Bu risola XV asrda yashagan matematik Shamsiddin Samarqandiyning “Ashkol at-ta’sis” (“Asoslangan jumlalar”) nomli geometriyaga doir risolasiga arabchada yozilgan sharhidir. Bu ham 1412 yili Samarqandda Ulug‘bek uchun yozilgan. Bu risolaning ham 70 dan ortiq qo‘lyozmalari bo‘lib, turli kutubxonalarda mavjuddir.
4. “Risola al-jayb” (“Sinus haqida risola”). Bu risolada bir darajaning sinusini aniqlashning yangi bir usuli bayon etilgan, arab tilida Samarqandda yozilgan. Uning ikki qo‘lyozmasi Istambulda Sulton Muhammad kutubxonasida saqlanadi.
5. “Dar bayoni istirohati jaybi yak daraja” (“Bir daraja sinusini aniqlash usulining bayoni haqida”). Bu risola ham oldingi risola mavzusiga bag‘ishlangan va fors tilida Samarqandda yozilgan.
6. “Dastur al-amal va tashiq al-jadval” (“Amal dasturi va jadvallarini tuzatish”). Arabchada yozilgan va Ulug‘bek “Zij”idagi bir matematik masalaning sharhiga bag‘ishlangan. Birgina qo‘lyozmasi Tbilisida saqlanadi.
7. “Misoxa” (“O‘lchash”). Arab tilida yozilgan, yuzalarni o‘lchashga bag‘ishlangan risola. Bir nusxasi Mashhadda Mavlaviy kutubxonasida saqlanadi.
8. “Risola fi-l-hay’a va-l-handasa” (“Astronomiya va geometriya haqidagi risola”). Birgina nusxasi Turkiyada, Bursa shahrida saqlanadi.
9. “Sharh at-Tazkira”. Nasiriddin Tusiyning “At-Tazkira” nomli arab tilidagi risolasiga sharh.
10. “Sharh Tahrir al-Majistiy” arab tilida yozilgan. Astronomiyaga doir risola, ikki qo‘lyozmasi Berlin va Londonda saqlanadi.
11. “Risola fi ilm al-hay’a” (“Astronomiya ilmi haqida risola”). Birgina qo‘lyozmasi Sankt-Peterburgda saqlanadi.
12. “Risola fi rub’ al-mujayab” (“Sinus kvadrat haqida risola”). Arab tilida. Qo‘lyozmalari Sankt-Peterburg, Mashhad va Tehron kutubxonalarida saqlanadi.
13. “Lima kana halla kavni nisba irtifa’ a’zam al-jibol ila qutri al-arz kanisba sub’ ard sha’ira ila zira’” (“Nima uchun tog‘larning eng balandining Yer diametriga nisbati arpa donining bir gazga nisbati kabi ekanligi qabul qilingani”). Yer o‘lchamiga bag‘ishlangan arab tilidagi risola. Birgina qo‘lyozmasi Berlinda saqlanadi.
14. “Risola fi samiy al-qibla” (“Qibla azimuti haqida risola”). Qo‘lyozmasi Bursada (Turkiya) saqlanadi.
15. “Sharh hikmat al-ayn”. Al-Qazviniyning “Hikmat al-ayn” nomli risolasiga sharh, arab tilida. Qo‘lyozmalari Bog‘chasaroy (Qrim), Berlin, Dushanbe, Qozon, Qohira va boshqa ko‘plab shaharlardagi kugubxonalarda saqlanadi.
Ulug‘bek rasadxonasining yetuk namoyandalaridan sanalgan va Ulug‘bekdek buyuk olimni tarbiyalagan Qozizoda Rumiy qoddirib ketgan adabiy-ilmiy meros bugungi avlodning oltin mulki hisoblanadi. Lekin shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, bu olimning qator asarlari o‘z tadqiqotchilarini hanuzgacha kutib yotibdi.
t.f.d. A. Ahmedov