Temuriylar davridagi adabiyot va tasavvufning yirik vakillaridan biri Qosimi Anvardir.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, shoirning dunyoqarashi o‘z davri va o‘zidan keyingi ilm-fan va tasavvufning yirik namoyandalari Bahovuddin Naqshband, Sadriddin Yaminiy, Ulug‘bek, Ne’matulla Vali, Nuritdin Kirmaniy, Abdurahmon Jomiy va Navoiylarning ta’limotlari bilan g‘oyaviy jihatdan yaqin turadi. Ayniqsa, Alisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” tazkirasida shoir ijodi haqida keng to‘xtalib, she’rlaridan namunalar keltiradi. Uni zamonasining iqtidorli shoirlari qatoriga qo‘shadi: “Ravishlari pok erdi va nafaslari otashnok, — deb xabar beradi Alisher Navoiy Qosimi Anvar haqida. — El bag‘oyat alar nazmlariga moyil va she’rlarin o‘qumoq va bitmakka rog‘ib bo‘ldilar”.
Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” va boshqa manbalarda keltirilishicha, Qosimi Anvar yoshligidan Sadriddin Ardabiliyga murid bo‘lib, so‘fiylik tariqatini mukammal egallaydi. 1426 yili Hirotning masjidida Shohruxga qarshi fitna uyushtiriladi. Hurufiylar oqimiga mansub bo‘lgan Ahmad Lur degan shaxs Shohruxga pichoq urib, uni yarador qiladi. Shu yerning o‘zidayoq Ahmad Lur o‘ldiriladi. Yuqoridagi voqea tufayli Qosimi Anvar hurufiylar bilan yaqin aloqada bo‘lganlikda va fitnada qo‘li borligida ayblanib Hirotdan Samarqandga surgun qilinadi. Samarqandni boshqarib turgan Ulug‘bek uni yaxshi kutib oladi.
O‘sha davrda Ozarbayjon, Turkiya, Iroq, Suriya va Sharqning boshqa mamlakatlarida hurufiylik oqimi keng tarqalgan bo‘lib, bu oqim Markaziy Osiyo va Xurosanda, ayniqsa, Samarqand va Hirotda oz bo‘lsada mavjud edi. Hurufiylik oqimi harflarni ilohiylashtirib, kishilarni ob’ektiv dunyo, harflar va xudoni idrok qilishga chaqiradilar. Bu esa boshqalarning fikricha, dinni obro‘sini tushirar edi. Hurufiylar shahar kambag‘allari va hunarmandlarining manfaatini himoya qilib, zo‘ravonlik, jabr-zulm, zodagonlarning o‘zboshimchaligiga qarshi kurash olib bordilar.
Markaziy Osiyo va Xurosonda bu oqim tarafdorlari, garchi ular ko‘pchilikni tashkil etsada, hokimiyat uchun zimdan kurash olib bordilar, har xil fitna va g‘alayonlar uyushtirib turganliklari bois Temuriylar, ayniqsa, Shohrux va boshqa hokimlar hurufiylik oqimi tarafdorlarini ta’qib ostiga olganlar. Qosimi Anvar ijodi va dunyoqarashini tadqiq etgan olimlarning aksariyati, shu jumladan, Ye. Braun, Z. A. Qulizoda va boshqalar hurufiylik oqimi shoir ijodiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, uni tasavvuf oqimining yirik vakili, deb hisoblaydilar. Darhaqiqat, Qosimi Anvarning qoldirgan adabiy va ilmiy merosi ana shundan dalolat beradi.
Qosimi Anvar asarlarining anchagina qismi bizgacha yetib kelgan. Uning “Devon”i qo‘lyozmalari Sankt-Peterburgda, Gurjiston-da, shuningdek, Samarqandda va boshqa yirik ilm markazlarida saqlanmoqda. 1958 yili Tehronda uning “Kulliyoti” Said Nafi-siy tomonidan chop etilgan.
Mutafakkirning “Anis ul-oshiqin” (“Oshiqlar do‘sti”) masnaviysi (“Anis ul-orifin” ham deb yuritiladi), “Sad maqom dar istilohi so‘fiya” (“Tasavvuf atamalarida yuz maqom”), “Risolayi adadi maqomot” (“Maqomlarning soni haqida risola”), “Risola dar bayoni ilm” (“Bilim haqida risola”), “Savol va javob” risolasi va boshqa asarlari mavjud.
Uning ta’limotida Alloh hamma narsaning ibtidosi va birinchi sababi, deb talqin etiladi. Alloh dunyodagi hamma narsalarda namoyon bo‘ladi, ular bir-biriga qo‘shilib ketadi. Qosimi Anvar insonni mavjudotlarning a’losi, unga bu dunyo va oxiratning sultoni bo‘lishni Allohning o‘zi ato etgan, deb aytadi. “Tuyi sultoni jovidon, tuyi maqsad, tuyi aqso” (“Sen mangu sultonsan, sen maqsadsan, sen uzoqdagi ufqsan”), — deydi u inson haqida.
Ma’lumki, tasavvuf oqimida axloqiy masalalariga keng o‘rin beriladi. Qosimi Anvar ham o‘zining tasavvufiy qarashlarida, inson, borliq va Allohning birligini asoslashda ijtimoiy muammolar, axloq va xulq-odobga katta e’tibor beradi. Insonning Allohga yaqinlashuvi poklanishsiz, axloqiy kamolotga erishmasdan oshishi mumkin emas. Inson o‘zini qanchalik o‘rgansa, idrok qilsa, shunchalik axloqan poklanib boradi. Allohga yaqinlashish yo‘lida olg‘a qadam bosadi. Shu munosabat bilan u johillikni qattiq qoralaydi, zeroki u axloqiy poklanish va o‘z-o‘zini bilishga xalaqit beradi. Inson yaxshi va xayrli ishlar qiladimi, yovuzlik va adolatsizlik bilan shug‘ullanadimi, birinchi o‘rinda, o‘zi sababchi bo‘ladi. “Nik va bad gar miko‘ni, boxud ko‘ni” (Yaxshilik va yomonlik qilsang, o‘zingga qilasan), — deb hisoblaydi shoir.
Qosimi Anvarning ijodida ijtimoiy masalalar ham u yoki bu darajada in’ikosini topgan. Zamonasidan zorlanish, mavjud jamiyatdan norozilik, hukmron sinf vakillarining adolatsizligi, jabr-zulm va nohaqsizliklarini qoralash mutafakkir ijtimoiy qarashlarida ma’lum o‘rin egallaydi. U yolg‘onchilik, firibgarlik, ikkiyuzlamachilikni qoralaydi, zohidlarning yaramas odatlarini tanqid qiladi. Jamiyatdagi salbiy illatlarning yo‘qotish yo‘llarini topa olmagan shoir, bir kun vaqti kelib bu dunyoda adolat va haqiqat o‘rnatilishiga umid bog‘laydi.
Xullas, Qosimi Anvarning ijodiy merosini o‘rganish shundan dalolat beradiki, u Temuriylar davrining yirik mutafakkiri, shoiri bo‘lgan va o‘sha davr ma’naviy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan.
fals. f.d. H. Aliqulov