Sayyid Poshshoxoja ibn Abdulvahobxoja mutafakkirning to‘liq ismi bo‘lib, Xoja uning taxallusidir.
Xoja 1480 yili Niso shahrida dunyoga kelgan. U dastlab otasi qo‘lida, so‘ngra Niso va Marv madrasalarida mufassal ta’lim olgan. Ijtimoiy faoliyatini temuriyzodalardan Niso viloyati hukmdori Kepak Mirzo hukumatida 1496 yili yozida sadrlik (er o‘lchovchi) bilan boshlagan. 1508 yili Niso va Obivard viloyatlari Shayboniylar tomonidan zabt etilganda Xoja yetuk shoir va adib sifatida tanilgan edi. Shu yili Shayboniyxon urushdan qaytayotganida Nisoda to‘xtab, Xojani Durun viloyatiga hokim qilib tayinlaydi. Shu orada Nisoga shoir amir Muhammad Solih hokim etib yuborildi. 1510 yili kech kuzida Xoja va Muhammad Solih Marv mudofaasiga keladilar, Shayboniyxon halokatidan keyin esa Xoja mamlakat ichkarisiga — dastlab Samarqand va sal keyin Buxoroga kelib vatan tutadi. 1514 yilgacha Temur Sulton, keyin Kuchkunchixon xizmatida bo‘lib, 1515— 1516 yillardan e’tiboran Karmana hokimi Jonibek Sulton hukumatida Jumlatulmulk, sadrlik lavozimlarni boshqaradi.
U 1529 yili Buxoro hokimi Ubaydulloxon zamonida kisqa vaqt shayxulislomlik qilgan. 1534 yili Ubaydulloxon Nishopurga kelganda Balx hokimi Kistan Qaro undan Xojani Balxga yuborishini so‘raydi. Shundan so‘ng Xoja Balxda avval sadrlik, ko‘p o‘tmay esa shayxulislomlik vazifasini bajaradi. 1543 yili hokim Kistan Qaro ruhiy kasallikka chalingandan keyin Xoja o‘z vazifasidan ketib ijod bilan mashg‘ul bo‘ldi. Xoja 1547 yili Buxoroda vafot etadi va Bahovuddin Naqshband maqbarasi yoniga dafn qiladi.
Xojaning bizgacha Temur Sultonga atalgan “Miftoh ul-adl” (“Adolat kaliti” 1508—1510 yillar), Kistan Karo Odilga bag‘ishlangan “Gulzor” (1538 yil) falsafiy-axloqiy asarlari va Jonibek Sultonga atalgan “Maqsad ul-atvor” (1514—1520 yillar) axloqiy-didaktik masnaviy-dostoni hamda bir necha g‘azallari yetib kelgan. Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkir al-ahbob” tazkirasida keltirilishicha, Xoja “Layli va Majnun” nomli asar ham yozgan, ammo bu asar haligacha topilgani yo‘q.
Xoja buyuk mutafakkir-ustoz Alisher Navoiyga ergashib, “Xamsa” yaratish orzusida bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Xojaning “Miftoh ul-adl” va “Gulzor” nomli asarlari aksar qo‘lyozmalarda bitta kitob qilib muqovalangan. Bu ikki asar mazmun jihatidan bir-biriga yaqin turadi. “Miftoh ul-adl” asari o‘n besh bobdan tashkil topgan bo‘lib, har bir bobda ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ta’limiy masalalarga bag‘ishlangan biror nazariya, ko‘p hollarda hadis yoki Qur’on oyatlaridan keltiriladi vaularni izohlash maqsadida shoir “Nazir hikoyatlar” bayon qilib, o‘zining xulosasi bilan yakunlaydi. Masalan: asarda keltirilgan boblar: “Olimlarning bayoni”, “Odil sultonlarning bayoni”, “Zolim sultonlarning va zolimbeklarning bayoni”, “Sultonlarga mute’ bo‘lmoqning bayoni”, “O‘g‘urlikning bayoni”, “Zino haddining bayoni” kabi masalalar tahliliga bag‘ishlangan.
Xoja har bir bobda insoniyat ma’naviy taraqqiyotida barcha davrlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan muammolarni izohlab berishga harakat qilgan. Shoirning “Gulzor” asari ham mazmun va ko‘tarilgan muammolarning dolzarbligi bilan “Miftohul-adl”ga o‘xshab ketadi. Xoja “Gulzor” asarini Balx davlatining shayxulislomi lavozimida turib, xonning din borasidagi maslahatchisi bo‘lgan paytida yozgan. Din homiylari esa u paytlarda katta nufuzga ega bo‘lganlar. Binobarin, Poshshoxoja asari ham beklar uchun davlatni boshqarish, xalq bilan qanday munosabatda bo‘lish haqida bitilgan o‘gitlar to‘la asar hisoblanadi.
Xojaning “Maqsad ul-atvor” dostoni uning dunyoqarashini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Xoja insonni faqat yaxshilik qilish uchun yaratilgan, deb biladi va undagi salbiy illatlarni aql-zakovat va donolik yordamida yo‘qotish mumkinligiga ishonadi. Xoja zeb-ziynat, boylik va martaba insonga ma’naviy fazilat bermaydi, degan xulosaga keladi. Shuning uchun ham u o‘z qarashlarida xon, bek va katta mol-dunyo egalari bo‘lgan kishilarni insofli, diyonatli, saxovatli bo‘lishga chaqirib, beva-bechoralar, kambag‘al-qashshoqlar haqidan qo‘rqmaydigan sitamgar, zolim, qonxo‘r, xasis kishilarni fosh qiladi.
Xoja o‘z davrining yetuk mutafakkiri, shoiri, din va tasavvuf ilmlarini ham chuqur egallagan, o‘sha davrda Movarounnahrda kuchli oqimga aylangan yassaviya, qalandariya, naqshbandiya tariqatlari mohiyatini to‘la anglab yetgan shayxulislom darajasiga ko‘tarilgan siymolardan biri edi.
Xoja o‘z qarashlarida yer yuzidagi barcha insonlar dini, jinsi, irqi, millati, tili qanday bo‘lishidan qatiy nazar xudo yaratgan bandalar, deb biladi, odamlarni tutgan o‘rni, mavqei, martabasi qanaqa — shohmi, gadomi — Haq taolo oldida teng va javobgar ekanligini aytadi. Shu bois inson nafsoniy havaslarga berilib, o‘tkinchi dunyo tashvishlariga mukka ketmasligi, botiniy dunyo g‘amini ham yoddan chiqarmasligi kerak degan fikrni olg‘a suradi. Unga ruhiy komillik tufayli erishish mumkin. Buning uchun inson rostgo‘y, halol, diyonatli, insofli, mehr-shafqatli, kamtar bo‘lmog‘i, boshqalarga yaxshilik qilib, mehr-oqibat ko‘rsatish fikri bilan yashamog‘i, dilozorlik, o‘g‘rilik, munofiqlik kabi yaramas illatlarni akl-farosat va qanoat bilan yengib o‘tmog‘i kerak.
Inson bu dunyoda nimaiki ish qilmasin, qanday sharoitda yashamasin undan faqat yaxshilik qoladi:
Odam uldirkim jahonda yaxshi so‘zdin pand olur,
Qolmas ushbu odam, ammo olam ichra so‘z qolur.
So‘zki keldi arshdin yer yuzini islom uchun,
Oyati Qur’ondur ulkim, nuridin partav solur.
Qolgan barcha narsalar o‘tkinchi va bu zohiriy dunyo mohiyatinigina aks ettiruvi hodisalardir.
Xoja jamiyatda ijtimoiy adolat barpo etilishi uchun shu jamiyatni boshqarib boradigan sulton, bek va yirik amaldor shaxslar, dini islom homiylarini insof va diyonatga, to‘g‘rilik va halollikka da’vat etadi, jamiyatning har bir a’zosi o‘z huquq va burchidan to‘g‘ri foydalansin, degan fikrga keladi. Ayniqsa, uning mukammal jamiyatda odam tenghuquqli bo‘lishi lozim, degan fikri diqqatga sazovordir.
Shoir inson muayyan ijtimoiy muhitda, ta’lim-tarbiya natijasida yaxshi xulqli bo‘lishi mumkin, deb o‘ylaydi. Adib o‘zining “Maqsad ul-atvor” degan asarida din va ilm kishini rostgo‘ylikka, halollikka, poklikka, yomonni yaxshidan ajratishga olib keladi, degan fikrni ilgari suradi.
XVI asrning yetuk shoirlaridan Bobur Xojaning bir necha g‘azallari bilan tanishib, unga ijodkor sifatida hurmat bilan qaraydi va o‘zining mulohazalari, maslahatlarini berib turadi. Xojagon tariqatining XVI asrdagi buyuk targ‘ibotchilaridan bo‘lgan mutasavvuf olim Mahdumi A’zam Kosoniy asarlarida Xojani “yuksak parvozli lochin” deb ta’riflaydi.
fal. f.d. Aliqulov, f.f.n. S. G‘oziyev