Markaziy Osiyoning XIV—XV asr, ya’ni Temur va Temuriylar davrvda yashab ijod etgan mohir tarixnavis, yozma yodgorliklarning eng dastlabkilaridan biri — Amir Temur topshirig‘i bilan yozilgan. “Zafarnoma” asarining muallifi Nizomiddin Shomiydir.
Nizomiddin Shomiy hayoti va ijodi haqida o‘z asarlaridan ba’zi bir kichik-kichik lavhalardan tashqari o‘rta asrlar yoki hozirgi zamon manbalarida ma’lumotlar juda kam. Tug‘ilgan yili noma’lum. Uning Shomiy yoki Shanbi G‘ozoniy nisbasi asosida, u aslida Tabriz chekkasidagi Shanbi G‘ozon deb atalgan mavzedan bo‘lgan, deb taxmin qilinadi.
Mavlono Nizomiddin 1398 yilning avgust oyida Amir Temur askarlari Bag‘dod shahrini zabt etganliklari haqidagi voqealarni qalamga olar ekan, o‘zi birinchi bo‘lib shahardan chiqqanligi, hazrat Sohibqiron bilan uchrashib, suhbatida bo‘lganligini eslatib o‘tadi (“Zafarnoma”, Tauer nashri, 1-jild, Bayrut, 1937 y., 139-bet.). Demak, u 1398 yili Bog‘dodda yashagan va uning Amir Temur bilan birinchi uchrashuvi ana shu yili sodir bo‘lgan. Amir Temur bilan ikkinchi uchrashuvi esa “Zafarnoma”ning 1400 yil voqealari bayonida uchraydi. O‘sha yili oktyabr oyida Amir Temur Shom (Suriya) chegarasida joylashgan Halab shahrini qamal qilgan. Muallifning yozishicha u o‘sha vaqtda Hijoz safariga ketayotgan ekan, shahar muhofazachilari undan shubhalanib, to‘xtatganlar va qal’a ro‘baro‘sidagi bir binoga qamab qo‘yganlar. Bu yerdan u qal’aning zabt etilishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan (O‘sha joy, 227-bet).
Shu davr muarrixlaridan bo‘lgan Hofizi Abro‘ning yozishicha, jangdan so‘ng Jalol ul-Islom nomli bir amir Nizomiddin Shomiyni Amir Temur huzuriga olib kelgan, hazrat Sohibqiron unga iltifotlar ko‘rgazib, yaxshi qabul qilgan (“Zafarnoma”, Tuaer nashri, 2-jild, Praga, 1956 y. 160-bet).
Jumladan, Hofizi Abro‘ yana 1412 yil voqealarini bayon etar ekan, Nizomiddin Shomiyni marhum sifatida tilga oladi (O‘sha joy, 14-bet).
(“Zafarnoma”ning yozilish tarixi haqida shuni ta’kidlash lozimki, Mavlono Shomiyning o‘zi bergan ma’lumotga ko‘ra, hijriy 804 yili (1401 yil 11 avgustdan 1402 yil 1 avgust oralig‘i) Amir Temur uni huzuriga chorlab, o‘z yurishlari bitilgan yirik bir asar yaratishga undagan. Sohibqiron o‘sha davrga qadar munshiy va kotiblari tarafidan tuzilgan bitiklar uni qoniqtirmaganligini aytgan. Yozilajak asar bir tomondan, avom xalqqa tushunarli, sodda, ravon tilda va ayni paytda ma’rifatli kishilar e’tiboriga ham loyiq tarzda yozilishini uqtirgan. Mavlono Nizomiddin bu mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgan (“Zafarnoma”, 1-jild, 10—11-betlar).
Tabiiyki, bu uchrashuvdan so‘ng Nizomiddin Shomiy saroy tarixchisi sifatida Amir Temurning keyingi barcha yurishlarida unga hamrohlik qilgan. 806 yil muharram oyida (1403, iyul-avgust) Gruziyadagi Birtis qal’asi zabt etilishini yozar ekan, Nizomiddin Shomiy bu voqeani o‘zi kuzatganligini aytadi. Shomiy yurishlardan birida iydi ramazon munosabati bilan yig‘ilgan jamoaga va’z aytib, so‘ng iyd namozida peshnamozlik qilgan. Bu voqeani mashhur tarixnavis Sharafiddin Ali Yazdiy shunday tavsiflagan: “Shu yil ramazon iydini (806/1404) hazrat Sohibqiron Obi-Og‘liq yoqasida kutdi. Zamonaning balog‘atli fuzalolaridan bo‘lgan va hazrat Sohibqironning ezguliklari va faxrli ishlaridan bir qanchasini bayon qalami bilan ifodalagan Mavolono Nizomiddin Shanbiy iyd xutbasining qiroatiga va namoziga kirishdi” (Yazdiy, “Zafarnoma”, Toshkent, 1972, 449-6).
Taxminan, shu vaqtda, yoxud bir necha hafta keyin Mavlono Nizomiddin Sohibqiron yurishlarini 1404 yil bahorigacha yetkazib, asarni tamomlagan va uni Ozarbayjondan Samarqandga qaytish taraduddida bo‘lgan Amir Temurga taqdim etgan (Bundan keyingi Temur vafotigacha (fevral, 1405) kechgan voqealar, keyinroq Hofizi Abro‘ tomonidan “Zayl” — (Ilova) tarzida yozilgan.
Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma” asarini yozish uchun qanday manbalardan foydalanganligi xususida, afsuski, na o‘zining va na zamondoshlari asarida uchraydi. Lekin “Zafarnoma” asarini tadqiq etish natijasida Shomiy quyidagi manbalardan foydalanganligini taxmin qilish mumkin:
a) Amir Temurning kotiblari nazm, nasrda forsiy, turkiy tillarida yozgan kundaliklar va bitiklar. Bular Nizomiddin Shomiy va undan keyingi mualliflar davrida mavjud bo‘lgan bo‘lsa ham, bizning davrlarga yetib kelmagan yoki hali topilganicha yo‘q;
b) muallifning o‘zi keyingi 2—3 yil davomida Amir Temur yurishlari shohidi bo‘lgan va yozib olgan voqealar;
v) Amir Temurning Hindistonga yurishi bilan bog‘liq voqealar bayon etilgan G‘iyosiddin Alining “Amir Temurning Hindistonga yurish kundaligi” asari.
“Zafarnoma” tarixiy asar sifatida XIV—XV asrlarda Temur va Temuriylar hukmronligi davridagi Markaziy Osiyo, Oltin O‘rda xonligi, Ozarbayjon, Eron, Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Misr, Turkiya va boshqa mamlakatlar tarixiga oid voqealarni o‘z ichiga olgan. Asar muqaddimasida Amir Temur tarix sahnasiga chiqqan 1360 yilga qadar Markaziy Osiyoda hukmronlik qilgan chingiziy hukmdorlar haqida qisqacha ma’lumot berilgan. So‘ngra Amir Temurning XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrning boshida qilgan yurishlarining batafsil bayoni keltirilgan. Asar 1404 yil mart oyida Amir Temurning Ozarbayjonda Arron Qarobog‘ida turganligining bayoni bilan yakunlanib, uning vafotigacha, ya’ni, bir yilcha vaqt ichida sodir bo‘lgan voqealar yoritilmay qolgan.
Nizomiddin Shomiy asarida qeltirilgan voqealar silsilasi keyingi tarixnavislar tomonidan davom ettirilgan. Jumladan, Temuriylar Shohrux Mirzoning tarixnavisi Hofizi Abro‘ “Majmua” (“To‘plam”) asarini yozar ekan, Shomiyning “Zafarnoma”sidan ham foydalangan va voqealar tizmasini Shohrux Mirzo hukmronlik qilib turgan 1420 yilgacha davom ettirgan. Keyinroq 1423 yili Shohrux Mirzoning o‘g‘li Boysung‘ur Mirzo (vafoti — 1433) farmoni bilan Hofizi Abro‘ to‘rt jilddan iborat “Majmua ut-tavorixi sultoniya” (“Sultonga atalgan tarixlar yig‘indisi”) deb atalgan asarni yozishga kirishgan va uni 1427 yil voqealarining bayoni bilan tugatgan.
Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asari o‘zida jamlangan tarixiy ma’lumotlarning ishonchliligi bilan XV—XVI asrlardanoq boshqa asarlar uchun bosh manbalardan biri bo‘lib xizmat qilgan. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’i sa’dayn va majma’i bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qo‘shilish joyi”), Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy”, Muhammad Fazlulloh Musaviyning “Tarixi hayrot”, Xotifiyning nazmda bitilgan “Temurnoma”, Mirxondning “Ravzat us-safo” (“Poklik bog‘i”), Xondamirning “Habib us-siyar” (“Yaxshi xislatlar”) va boshqa bir qator asarlar shular jumlasidandir. Ularning har birida ilgarigi asarlardagi voqealar har xil tahrirlarda qaytarilishi bilan birga boshqalarida uchramaydigan voqealar tafsiloti ham mavjud.
Shomiy “Zafarnoma”sining faqat ikki qo‘lyozma nusxasigina saqlanib qolgan. Birinchisi, Amir Temurga taqdim etilgan qo‘lyozmadan 1425 yilda qo‘chirilgan nusxasi bo‘lib, u Istambuldagi “Nuri Usmoniya” masjidi kutubxonasida, 3367-inventar raqami ostida mavjud. Ikkinchisi, muallif Amir Temurning nabirasi Mirzo Umar bahodir ibn Mironshoh (vafoti — 1409)ga taqdim etgan ko‘lyozmadan 1434 yili ko‘chirilgan nusxa bo‘lib, u Londondagi Britaniya muzeyi kutubxonasida, 23980-inventar raqami bilan saqlanadi.
Taniqli matnshunos olim Feliks Tauer mazkur qo‘lyozmalar noqis bo‘lganligi sababli, ularni Hofizi Abruning “Zubdat ut-tavorix” asari bilan solishtirib tadqiq etish asosida “Zafarnoma”ning ikki jilddan iborat ilmiy-tanqidiy matnini nashr ettirgan. Birinchi jiddiga faqat “Zafarnoma” ilmiy-tanqidiy matni kiritilgan. Ikkinchi jildida esa nashrning so‘zboshisi, qo‘shimchalar, nusxalardagi farqlar berilgan.
Asar keyingi vaqtlarda Sharq va G‘arb olimlari tomonidan o‘rganilib, undan qisqartirilgan tarjimalar amalga oshirilgan. Jumladan, 1949 yili Anqarada Nejoti Lug‘ol degan olim F. Tauerning nashri asosida qisqartirib, turk tilida tarjima qilgan. Undan tashqari, sharqshunoslikka oid bir necha kitoblarda bu asardan terma tarjimalar e’lon qilindi. Bu tarjimalar to‘liq bo‘lmasada noyob bo‘lib qolgan. Shuni nazarga olgan holda keyingi yillarda O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida “Zafarnoma”ning o‘zbek tiliga to‘liq ilmiy-izohli tarjimasi Hofizi Abro‘ “Ilova”si bilan birga nashrga tayyorlandi. Unga institutning sobiq ilmiy xodimi, marhum Yunusxon Hakimjonovning F. Tauer nashri bo‘yicha qilingan dastlabki qoralama tarjimasi asos qilib olingan.
t.f.d. A. O‘rinboyev