Muqimiy (1850-1903)

Muhammad Aminxo‘ja — Muqimiy lirik shoir va zabardast hajvchi sifatida XIX asrning so‘nggi choragi va XX asr boshlaridagi o‘zbek milliy adabiyotining eng yirik namoyandasi sifatida dong taratdi. Markaziy Osiyo, shu jumladan, O‘zbekiston chor Rossiyasining mustamlakasiga aylantirilgan sharoitda qalam tebratgan Muhammad Aminxo‘ja ijodi chin ma’noda xalqchildir. U ezilgan mehnatkash omma, bechora kosibu hunarmandlar va xonavayron qishloq dehqonlarining otashin kuychisi bo‘lib maydonga chiqdi. Mustamlaka tuzumidagi adolatsizlik va zo‘ravonlikni, joriy tartib-qoidalarni xalqona uslubda ayovsiz qoralagan shoir o‘lkamiz istiqboliga ishonch bilan qaradi. Uning asarlarida insoniy ishq-muhabbat ulug‘landi, iymon-e’tiqod, halollik, saxiylik, pokdomonlik, elparvarlik, do‘stlik, ona tabiat go‘zalliklaridan zavqlanish, visol onlarining lazzatlari va hijron azob-uqubatlari ishonarli lavhalarda juda ta’sirchan ifodalandi.

Muhammad Aminxo‘ja Qo‘qonning Begvachcha muhallasida 1850 yilda Mirzaxo‘ja Mirfozil o‘g‘li oilasida tug‘ilgan. Novvoylik bilan oila tebratuvchi Mirzaxo‘ja farzandining xat-savod chiqarishiga jiddiy e’tibor bergan bo‘lsa, she’riyatga ishtiyoq va qobiliyatining shakllanishida onasi Oyshabibining o‘rni benihoyat kattadir. Tug‘ma iste’dod sohibasi bo‘lgan bu ayol juda ko‘plab ertak-qo‘shiqlarni yod bilgan, ta’sirchan va ifodali so‘zlab berish qobiliyati bilan tinglovchilarni maftun ettan. Onadagi bu fazilat, shubhasiz, go‘dak Muhammad Aminxo‘jaga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

Mahalla maktabi va “Hokim oyim” madrasasida ta’lim olgach, Muqimiy 1872-73 yillarda Buxoroga borib, “Mehtar oyim” madrasasida tahsilni davom etgiradi. 1876 yilda uni bitirib Qo‘qonga qaytadi, oila quradi.

Xatmi madrasa qilgan Muqimiy avvaliga Qo‘qon yer o‘lchash mahkamasida mirzalik qilarkan, o‘z vazifasiga ko‘ra, Qo‘qon va uning atrofidagi qishloqlarga tez-tez chiqib, dehqonlarning turmush sharoitlari, qishloqlarning ayanchli ahvoli bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Lekin u yer mahkamasida uzoq ishlay olmadi. Ammo bu muddatning o‘zi ham shoir hayoti va dunyoqarashida sezilarli iz qoldirdi. Mavjud mustamlaka tuzumga, joriy tartib-qoidalarga keskin salbiy munosabat va tanqidiy bahoning shakllanishiga jiddiy turtki bo‘ldi.

“Dar mardumi Oqjar batariqi muxammas” asaridan ma’lum bo‘lishicha, Muqumiy 1870 yilning oxirlarida Qo‘qonning g‘arbi-shimolidagi Sirdaryo yoqasida joylashgan Oqjar paromida pattachi bo‘lib ishlagan. Bu yangi vazifa ham shoirga mehnatkash omma vakillari, qishloq dehqonlarining turmush sharoitlari bilan bevosita tanishish imkonini berdi.

Qattiqqo‘l, muttaham parom xo‘jayinlari bilan kelisha olmagan Muqimiy 80-yillar boshlarida Qo‘qonga qaytadi. Oilaviy hayotda ham farog‘at topmagan shoir, hovlini tashlab, o‘sha Begvachcha mahallasidagi Hazrat madrasasi hujrasiga ko‘chib chiqadi va umrining oxiriga qadar muhtojliqda, o‘z ta’biri bilan aytganda, o‘sha “hujrai tang va torlikda bekaslik va g‘ariblik chirog‘ini yoqib” umr o‘tkazdi.

Shu vaqtdan boshlab Muqimiy butun vaqtini ijodiy ish, shaxsiy mutolaaga bag‘ishladi, husnixat va kotiblik bilan shug‘ullandi. Zokirjon Furqat guvohligiga ko‘ra, bu yillarda Qo‘qonda muttasil ravishda harakat qilgan adabiy yig‘in-anjuman ishlariga Muqimiy yirik ijodkorlar Muhyi, Zavqiy, Nisbatiylar qatorida faol qatnashadi, davr adabiy harakatiga yetakchilik qiladi. Doimiy moddiy yetishmovchilik, yashash sharoitining nihoyatda og‘irligi shoir sog‘lig‘iga putur yetkazadi, u og‘ir dardlarga chalinadi. Shoir merosida davrdan, mashaqqatli turmushdan, og‘ir taqdiru zabun toledan shikoyat, munisu hamdard yo‘qligidan nolish ohanglari keng o‘rin tuta boshlaydi.

Shoirning ilg‘or dunyoqarashi, farovon hayot va ozod jamiyat, insof va adolat, barkamol inson va insoniylik, iymon-e’tiqod va zrk haqidagi orzu-intilishlari bilan mustamlaka sharoiti, mavjud adolatsiz tuzum, zo‘ravonlik hukmron bo‘lgan zamona o‘rtasidagi jiddiy ziddiyat, bir so‘z bilan aytganda yuksak ideal bilan razil borliq o‘rtasidagi nomutanosiblik Muqimiy ijodida voqelikka nisbatan keskin tanqidiy munosabatning uzil-kesil shakllanishiga olib keldi.

O‘tgan asrning 90-yillariga kelib shoir davr adabiyotidagi kuchli tanqidiy-satirik yo‘nalishning yetakchisiga aylandi. Hayotni, borliqni haqqoniy tasvirlashni ijodda asosiy mezon deb qabul qilgan shoir, ayni zamonda, qalam ahlini xalqchil mavzularni topishga, omma dili va intilishiga mos — “xalq tolib” asarlar yaratishga da’vat etadi. Bu mezon va da’vat quyidagi misralarda o‘z ifodasini topgan:

…Gar qilich boshimga ham kelsa detayman rostin!
…She’ringizga xalq tolib o‘lsalar so‘ngra o‘qung!

Muqimiy 1887—88 yillarda birinchi, 1892 yil boshlarida esa ikkinchi marotaba ota shahri Toshkentga safar uyushtiradi, bu yerdagi ijod ahli bilan ijodiy uchrashuv — suhbatlar qurdi, shahar ijtimoiy va madaniy hayotida yuz bergan o‘zgarishlar bilan tanishdi. Ikkinchi safari vaqtida “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri N. P. Ostroumov bilan uchrashgan. Shu gazeta sahifalarida 1891 yil oktyabr oyida shoirning bir necha she’rlari mashhur hofiz Makaylik tilidan yozib olinib e’lon qilingan edi. (Keyinchalik, 1903 va 1907 yillarda ham gazeta Muqimiyning bir qator ishqiy va hajviy ruhdagi asarlarini e’lon qilgan). Shoirning Farg‘ona vodiysi shaharlariga, Qo‘qon atrofidagi qishloqlarga ham bir necha bor sayohatlar uyushtirgani uning qator asarlarida o‘z izini qoldirgan.

XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib shoirning salomatligi yomonlasha bordi. Jiyaniga yo‘llagan maktublarida, besh-olti oylab betob yotganligini bildirib, “necha muddatlar bo‘ladurkim, nazm ayturg‘a tabiat lohasi erdim” deb yozadi. Shunday bo‘lsa-da, Muqimiy umrining oxiriga qadar qalamini qo‘ymagan.

“Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida 1903 yilning yanvar va aprelida bosilgan “Ho‘qandlik bir boyning sha’niga Muqimiy shoirning aytqon she’ridur” (15 yanvar) va dahshatli Andijon zilzilasi munosabati bilan yozilgan she’r-tarixi (22 aprel) shoirning ijtimoiy mavzudagi so‘nggi yirik asarlari jumlasiga kiradi.

Ey tabib, aylanma, dardim bedavolardin biri,
Ranga zardim, qo‘ru ko‘rma, qahrabolardin biri —

misralari bilan boshlanuvchi muxammasda esa shoir hayotining so‘nggi damlaridagi ruhiy kayfiyati ta’sirchan ifodasini topgan. Keltirilgan misralarda shoirning sariq kasaliga giriftor bo‘lganligiga ishora bor. Xuddi shu dardi 1903 yil 25 mayda uni bu olamdan olib ketadi.

Muqimiy qoldirgan adabiy merosning katta bir qismini jozibador g‘azallar, jo‘shqin va sho‘x murabba’lar, dilkash muxammaslar tashkil etadi. Shoir lirikasini ham g‘oyaviy, ham badiiy kamolotga erishuvida xalq og‘zaki ijodi bilan bir qatorda ko‘p asrlik she’riyatimizning, xususan, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Amiriy kabi shoirlarning ijodi samarali ta’sir qildi. Muqimiy o‘z lirikasida chin sevgini, sadoqat va vafodorlikni, insonni ko‘rkamlashtiruvchi, uni ma’naviy go‘zal etuvchi fazilatlarni ulug‘ladi, bevafolik, subutsizlik, inson sha’niga dog‘ tushiruvchi xislatlarni qoraladi.

Muqimiy g‘azal, murabba’ va muxammaslarining yetakchi obrazi —lirik kahramon, avvalo, burch, vafo va sadoqat haqidagi ilg‘or tushunchalarga ega bo‘lgan sofdil, ma’naviy barkamol va ruhan boy shaxs sifatida gavdalanadi. U shoirga zamondosh aniq tarixiy shaxs, mustamlaka zulmi va zo‘ravonlik hukmron bo‘lgan davr farzandi, mehnatkash xalq vakili, uning na molu dunyosi, na amalu mansabi bor. U raqibu ag‘yorlar tazyiqini, falak jabrini, charx zo‘ravonligini o‘zida doimo his etib, ruhan azoblanadi.

Muqimiy lirikasidagi shikoyat, norozilik, hayotdan bezish va tarkidunyochilik da’vati emas, balki, mohiyat-e’tibori bilan hayotsevarlikdan, farovon turmush va baxtli zamona haqidagi orzu-umidlaridan kelib chiqqan. Xuddi shuning uchun ham shoir hayot lazzatlaridan, do‘stu ulfat suhbatlaridan, sevgi va visol onlaridan bahra-mandlikka chaqiradi, ona tabiat go‘zalliklaridan, bahor nashidasidan zavqlanishga undaydi. Bu fazilat shoirning:

Ey yaxshilar, kelaylik, bir joyga yig‘ilaylik!
O‘ynaylik, kuylaylik, omon bo‘laylik!

va

Navbahor ochildi gullar, sabza bo‘ldi bog‘lar,
Suhbat aylaylik kelinglar, jo‘ralar, o‘rtog‘lar!

baytlari bilan boshlanadigan mashhur g‘azallarida to‘la namoyon bo‘lgan.

Muqimiy adabiyotimiz tarixidagi eng ko‘p murabba’ yozgan shoirlardan biri bo‘lib, bu qadimiy turning rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Shoirning murabbalarining barchasi, ishq-muhabbat mavzuida. Xalq qo‘shiqlari ruhi va o‘ynoq vaznlarda yaratilgan murabbalar nihoyatda samimiy, sho‘x va jo‘shqin yangrab, o‘quvchilarni o‘ziga rom etadi. “Ey chehrasi tabonim”, “Bir so‘rmading, ey dilrabo, na bo‘ldi?”, “Emdi sendek, jono, jonon qaydadur!”, “Tokim, jono, jilva bunyod aylading” misralari bilan boshlanuvchi murabba’lar o‘sha yaratilgan yillaridayoq hofizlar ijrosida Muqimiyga katta shuhrat keltirgan.

Shoir bir necha o‘nlab muxammaslar ham yaratgan, ular orasida o‘z mazmuni va ruhiga ko‘ra sof ijtimoiy va satirik yo‘nalishdagilari uchrasa ham, ko‘pchiligi ishq-muhabbat mavzuidadir. Shoir mero-sida Navoiy, Jomiy, Fuzuliy, Amiriy g‘azallariga, shuningdek, Furqat, Zavqiy, Nodim kabi zamondoshlari hamda o‘z g‘azallariga taxmislari ham ancha-muncha.

Muqimiy lirik shoir sifatida qanchalik mashhur bo‘lgan bo‘lsa, kuchli satirik sifatida ham xalq orasida shunchalik katta shuhrat qozongan. Shoir bu tur asarlari uchun mavzu va timsollarni o‘sha hayotdan olib, o‘ziga yaxshi tanish voqea-hodisalarni tanqidiy tahlil etdi, o‘sha davr ruhidan oziqlandi. Mashhur “Tanobchilar” satirasining yaratilishida Navoiy merosidan bahramand bo‘lgan. Nihoyatda o‘tkir “Hapalak qishlog‘i haqida” hajviy muxammasi esa Maxmurning g‘azaliga taxmisdir. Lekin, Muqimiy hajviyoti uchun “xom ashyoni”, avvalo chorizm o‘rnatgan mustamlakachilik tartibi, hukmron adolatsizlik va zo‘rovonlik, inson haq-huquqining toptalishi, chor va mahalliy amaldorlarning o‘zboshimchaligi va shafqatsizligi, aldamchilik va axloqiy tubanliklar berdi. Mehnatkash omma, hunarmandlarning og‘ir iqtisodiy ahvoli, mustamlaka zulmi ostidagi shahar-qishloqlarning vayronaga aylanishi, nochor shaxs taqdiri Muqimiy hajviyotida yetakchi o‘rinni egallaydi.

Shoir o‘zbek adabiyoti tarixida ijtimoiy-siyosiy hajviyotning asoschilaridan biri bo‘lib maydonga chiqdi. Uning qator hajviyalarini shu yo‘nalishning yetuk namunalari sirasiga qo‘yish mumkin. “Tanobchilar”, “Voqeai ko‘r Ashurboy hoji”, “Moskovchi boy” kabi hajviyalarida mustamlaka tuzumi uchun xos bo‘lgan hayotiy mavzular — jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlik, tabaqalanish, hukmron adolatsizlik kabi juda jidtsiy masalalar tahlil etildiki, bu Muqimiy hajviyotining siyosiy yo‘nalishi va g‘oyaviy kamolotidan guvohlik beradi. Bu jihatdan Ashurboy Hojining og‘ir jinoyati haqidagi hajviyadan shoirning jiddiy siyosiy umumlashtiruvchi xulosasi diqqatga sazovor:

Haqorat qilingan kishilar qolib,
Topib boy so‘zi munda zo‘r e’tibor.
Qachon kambag‘alning so‘zi o‘tar?
Agar bo‘lsa aqchang — so‘zing zulfiqor.

Bu keskin misralar hukmron adolatsiz tuzumga berilgan qat’iy aybnoma kabi jaranglaydi.

Jabrlanuvchi oddiy dehqon tilidan yozilgan “Tanobchilar” hajviyasida esa mavjud tuzumdagi ijtimoiy adolatsizlik, chor ma’murlar va mahalliy amaldorlarning o‘zboshimchaliklari va zo‘ravonliklari, mustamlaka sharoitida soliq solish va undirib olish kabi hayotiy lavhalarda tarixan haqqoniy tasvirlangan.

Burjua saylov sistemasining fosh etilishi kabi sof ijtimoiy-siyosiy mavzuni ham Muqimiy birinchi bo‘lib adabiyotimiz tarixiga olib kirdi. Bugina emas, masalaning mohiyatini chuqur anglagan shoir uning birinchi hajviy tahlilini berdi, mustamlakachi chor ma’murlari nazorati ostida o‘tadigan “saylov”larning batamom qalbaki ekanligini ochib tashladi. Muqimiyning “Saylov” hajviyasi adabiyotimizda bu mavzuning keyinchalik yanada chuqur va keskin tanqidiy ruhda ishlanishiga mustahkam zamin bo‘ldi.

Shoir merosidagi “Veksel”, “Dar mazammati zamona”, “Urug‘”, “Lyaxtin”, “Dodxohim”, “Asrorqul”, “To‘y” kabi hajviyalar muallifning zamonadagi jiddiy ijtimoiy mavzularni tanqidiy ruhda tahlil etish masalasiga katta e’tibor berganligini tasdiqlaydi.

XIX asr oxirlari va XX asr boshlari milliy adabiyotimizda yumoristik yo‘nalishning rivojlanishida ham Muqimiyning ijodiy faoliyati juda katta bo‘ldi. Shoir qo‘lida kulgi qo‘pol qahqaha yoki shunchaki xushchaqchaqlik, bachkana mutoyiba emas, balki, hayotdagi qoloq, taraqqiyotga to‘siq g‘ovlarni, shaxslar ongi va tabiatidagi ojizlik va salbiy belgilarni, xunuk fe’l-atvor va o‘rinsiz xatti-harakatlarni qoralash, tanbeh berish, ogohlantirish vazifasini o‘tagan.

Muqimiyning to‘rt qismdan iborat “Sayohatnoma” asari muallifning safar hisoboti yoki tor shaxsiy kechinmalari majmuasi bo‘lib qolmagan, aksincha, u o‘sha mustamlaka tuzumi va ijtimoiy hayotning qator muhim muammolarini tanqidiy nazar bilan tahlil etuvchi badiiy asardir.

Xalqchil shoir o‘sha mustamlaka tuzum ustidan: “Dunyo qurulg‘on dor ekan!”—deya keskin hukm chiqardi. Bu bilan birga muallifning vatanparvarlik tuyg‘ulari, ona yurtiga sadoqat va iftixor hislari aniq sezilib turadi.

Abdurashid Abdug‘afurov

Maqolalar

Muqimiy she’rlaridan namunalar
Qo‘ldosh Pardayev. Muqimiy «sayohatnoma»si matni tarixidan
Begali Qosimov, Sunnat Ahmedov. Muqimiy (1850-1903)
O‘zbek ziyolilari: Muqimiy (1850-1903)
G‘afur G‘ulom. Muqimiy maktublari (1941)
Mukimi (na russkom yazыke)
Muqimi (in English)

Muqimiy haqida asarlar

Sobir Abdulla. Muqimiy (drama)
Sobir Abdulla. Asarlar. 4 jildlik. 3-jild. Mavlono Muqimiy (roman)
Turob To‘la. Obidcha mahsum yoki Muqimiy portreti (hikoya)

Muqimiy kitoblari

Muqimiy. Bog‘ aro
Muqimiy. Tanlangan asarlar. 1-jild. Lirika
Muqimiy. Tanlangan asarlar. 2-jild. Hajviyot