Muhammad Yusuf — adabiy taxallusi Bayoniy XIX asr II yarmi va XX asr boshlarida Xorazmda yashab ijod etgan zamonasining zabardast tarixnavis olimi, ajoyib shoiri va mohir tarjimoni bo‘lgan. Bayoniy tarixnavis olim sifatida “Shajarayi Xorazmshohiy” va “Xorazm tarixi” nomli tarixiy asarlaryni yozdi, qator tarixiy asarlarni arabcha va forschadan o‘zbek tiliga tarjima qildi, shoir sifatida esa mukammal devon tuzdi.
U Xivada xonlik qilgan Eltuzarxon (1804—1806) avlodidandir. Uning otasi Bobojonbek Olloberdi To‘raning o‘g‘li bo‘lib, Eltuzarxonning nabirasi edi. Bayoniy 1859 yilda Xivada dunyoga keladi va yoshlikdan boshlab ilm, adabiyotga, she’riyatga qiziqadi. Bayoniy o‘z zamonasining atoqli xattotlaridan va musiqashunoslaridan biri ham bo‘lgan. U suls, kufiy, rayhoniy, shikasta va boshqa xil xatlarni yaxshi bilgan va o‘z zamonasining talantli shoir va tarixnavis olimi bo‘lib yetishgan. Bayoniyning yuksak mahorati haqida Tabibiy bunday deb yozadi:
“Bayoniyki bor shoiri xush bayon,
So‘z ichra qilur durri gavhar ayon.
Bu ham asli bu xonadondin erur,
So‘zi ruhu el jismiga jon erur.
Muhammad Yusufbek nomi aning,
Husul aylamak ilm komi aning”[1].
Bayoniy o‘zidan boy yozma meros qoldirdi. Bayoniyning mazmundor va ajoyib g‘azallarini o‘zi ichiga olgan devonining bir necha nusxasi qo‘lyozma holida saqlanmoqda[2]. Bu devonlardan uning g‘azallari, muxammaslari, ruboiylari, qasidalari o‘rin olgan.
Bayoniyning she’riy asarlari XIX asr II yarmi va XX asr boshlari o‘zbek adabiyotini va shuningdek shoirning hayoti va ijodini o‘rganishda katta ahamiyatga egadir. Shoir she’riyatida asosiy o‘rinni lirika egallaydi. U zamonasining ilg‘or fikrli kishisi sifatida qaynoq hayot ichida yashadi va uning ijodida o‘sha davrdagi ijtimoiy hayot o‘z ifodasini topdi.
Muarrixning “Shajarayi Xorazmshohiy” risolasida Abdulg‘oziyxon Munis va Ogahiy qalamiga olgan davr va Xiva xonligida 1873 yildan 1914 yilgacha sodir bo‘lgan tarixiy voqealar tasvirlangan. Mazkur risola yuqorida nomlari zikr etilgan mualliflar asarlarining xulosasi va davomi hisoblanadi. Munis va Ogahiyning asarlari hashamdor, qiyin til bilan yozilgan. Ularda arabcha va forscha so‘zlar va og‘ir iboralar ko‘p uchraydi. Bayoniy ana shu qiyinchiliklarni bartaraf qilish maqsadida Munis va Ogahiy asarlarini bir jildga to‘plab, qisqartirib, sodda til bilan qayta yozib chiqqan. Bu to‘g‘rida muallif asar so‘zboshisida bunday deb yozadi: “Men Muhammad Yusuf al-mutaxallis bil-Bayoniy ibni Bobojonbek, bu tariqa arz qilaman. 1329/1911 yil jumod ul-avval oyining yigirma ikkisida bu asarni yozishga boshladim. Bu ishni Asfandiyorxon menga Tolibxo‘ja ibni Avazberdi orqali buyurdi”.
Munis Eltuzarxonning farmoniga muvofiq “Firdavs ul-iqbol” nomli asarini yozgan. Munis bu asarni tamomlay olmay 1244/1829 yili vafot etadi. Ollohqulixon Ogahiyga bu chala qolgan asarni yozib tamom etishni buyuradi. Ogahiy bu asarni yozib tamomlaydi. So‘ngra Ogahiy XIX asrda Xorazmda xonlik qilgan xonlarning har biriga atab, alohida-alohida bir necha asar yozgan.
Muallif o‘z asarining oxirida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: “Men, Muhammad Yusuf Bayoniy bu kitobni (“Shajarayi Xorazmshohiy”. — Q. M.) yozib tamom etdim. Keyinchalik Asfandiyorxon vaqtida sodir bo‘lgan tarixiy voqealarni yozib, bu kitobimga qo‘shaman”.
Xorazmda tasnif etilgan Bayoniyning mazkur tarixiy asari, Xorazm, ayniqsa Xiva xonligi tarixini o‘rganishda aniq ma’lumot beruvchi asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Bayoniyning bu tarixiy asarida Xiva xonligining siyosiy tarixi juda mufassal bayon etilgan. Xiva xonligining siyosiy hayotida ro‘y bergan katta voqealardan biri Xiva xonligini Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi edi. Bu voqea Xorazmda Muhammad Rahimxon II hukmronligi davrida sodir bo‘lgan. Muhammad Yusuf Bayoniy o‘zining “Shajarayi Xorazmshohiy” asarida bu masalaga juda mufassal to‘xtab o‘tgan va bu borada qimmatli ma’lumotlarni keltirgan.
Ayniqsa shaharlarni mudofaa qilishda olib borilgan ishlar, ko‘rsatilgan qarshiliklarga qaramay, Xiva xonligiga qarashli shaharlarning Chor Rossiyasi qo‘shini tomonidan birin-ketin bosib olinishi va Chor generallarining bu yerda olib borgan shafqatsiz siyosati, chorizm askarlari tomonidan aholining, ayollar va bolalarning begunoh qirg‘in qilinishi, obod joylarning xarobaga aylantirilishi haqqoniy tasvirlab berilgan.
Xonlikning iqtisodiy hayotida yer egaligi va soliq masalasi asosiy masalalardan edi. Bu masalalar bo‘yicha ham mazkur asarda ancha ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, xonliqda olib borilgan qurilish ishlari va turli mansablar, ularga kimlarning tayin etilganligi va boshqa qator masalalar bo‘yicha ham yaxshi ma’lumotlar berilgan.
Xiva xonligida Muhammad Rahimxon II davrida me’morlik bo‘yicha ham ancha ishlar amalga oshirilgan. Madrasalar, masjidlar, minoralar, bog‘lar, ko‘priklar qurilgan. Asarda bu binolarning qachon qurilganligi ham ko‘rsatib o‘tilgan. “Shajarayi Xorazmshohiy”da Bayoniy tomonidan keltirilgan bir-ikki misolni olib ko‘raylik.
Bayoniyning yozishicha: “Ma’lum bo‘lsinkim, xon xazratlari (Muhammad Rahimxon II. — Q. M. ) bag‘oyat mushfiqi fuqaro va bag‘oyat xayr do‘st kishi erdilar. Ko‘p madrasalar va masjidlar bino qildilar. Ko‘p madrasalarning binolariga sabab bo‘ladilar. Andog‘kim, Muhammad Murod devonbegi bir madrasa bino qildi. Yusuf mahramg‘a buyurib bir madrasa bino qildilar. Qadam yasavulboshi bir madrasa bino qildi. Ibrohimxoja bir madrasa bino qildi. Yusuf Yasavulboshi bir madrasa bino qildi. Husayn Muhammadboy bir madrasa bino qildi. Do‘st A’lam bir madrasa bino qildi. Qoziy ul-quzzot qozi Muhammad Salim bir madrasa bino qildi. Islomxoja bir minorali madrasa bino qildi. Bu binolarning hammasi ul hazratning (Muhammad Rahimxon II. — Q. M.) targ‘ibotlari bila bo‘ldi. Yana Nurillabek otlig‘ hovlilarining atrofida ko‘p bevatanlarni vatanlik etdilar. Yana Tozabog‘ atrofida ham ko‘p bevatanlarni vatanli etdilar. To‘rt oliy masjid bino qildirib, Tozabog‘da vatan tutgan bevatanlar, to‘rt masjid qavmi bo‘ldilar. Yana Yanga qal’ada, Nurillabek hovli va bog‘larining sharqi shimoli tarafida ko‘p bevatanlarni vatanli etdilar. Bir oliy masjid bino qildirib, ul yerni Sultonobod ismi birla mavsum etdilar. Ko‘p yerlarni obod etdilar. Ko‘p masjidlar, madrasalar va qorixonalar bino bo‘lib, ko‘p yerlar obod bo‘ldi”[3].
Bayoniyning mazkur tarixiy asarida shu davrda Xiva xonligidagi adabiy muhit, shoirlar va olimlar, Muhammad Rahimxon II — Feruzning ajoyib shoir va ma’rifatli hukmdor bo‘lganligi haqida ham anchagina ma’lumotlar keltirilgan. 1326/1908 yili Ahmadjon Tabibiy tomonidan shu davrda yashagan shoirlarning tazkirasi tuzildi. Bu haqda Bayoniy quyidagi ma’lumotni keltiradi: “Xon hazratlari she’rga ko‘p zavq paydo qilib erdilar. O‘zlari ham burundan Feruz taxallusi bila mutaxallis bo‘lub, she’r aytur erdilar…”
Yuqoridagi fikrimizning tasdiqi sifatida Bayoniy tomonidan keltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotga oid bir-ikki misolni qayd etib o‘tdik. Bunday misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin. Bayoniyning bu qimmatli tarixiy asari, olimlarimiz, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining akademiklari Ya. G‘ulomov, M. Yo‘ldoshev kabilar tomonidan o‘rganilgan va bir qismi nashr etilgan.
Bayoniyning ikkinchi tarixiy asari “Xorazm tarixi” nomi bilan ataladi. Bu asarning ilk boblari ma’no jihatidan “Shajarayi Xorazmshohiy” asariga o‘xshab ketadi. Lekin yozilish uslubi bilan undan farq qiladi. Muqaddimada ko‘rsatishicha, Bayoniy o‘z asarini ko‘pchilik bahra olsin uchun sodda til bilan yozgan. Afsuski, 15 bobdan iborat bu asarning faqat 8 bobigina saqlangan. Qolgan boblari yo‘q. Uning yagona nusxasi O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozma asarlar xazinasida saqlanmoqda.
Bayoniy bu asarlarni yozish bilan bir qatorda, ko‘pgina tarixiy asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. U Mavlono Darvesh Ahmad tomonidan arab tilida yozilgan umumiy tarixga oid “Sahoyif ul-axbor” nomli katta asarni o‘zbek tiliga o‘girgan. Bayoniy shuningdek, Binoiyning “Shayboniynoma”[4], Jarir at-Tabariyning “Tarixi Tabariy” nomli asarlarini tarjima qilgan.
Bayoniy boshqa tarjimonlar tomonidan tarjima qilingan asarlarni tahrir ham qilgan. Atoulla ibn Fazlulla Husayniy tomonidan yozilgan “Ravzat ul-ahbob” nomli asarning II qismini o‘zbekchaga o‘girilgan tarjimasini tahrir qilgan.
Bir so‘z bilan ayttanda, Muhammad Yusuf Bayoniy o‘z zamonasining talantli shoiri, atoqli tarixnavis olimi va mohir tarjimonidir. U o‘zbek madaniyati tarixida o‘ziga xos faxrli o‘rinni egalaydi. Olim va shoir tomonidan yaratilgan adabiy va tarixiy asarlar o‘zbek xalki madaniyati tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Quvomiddin Munirov
[1] Ahmadjon Tabibiy, Majuat ush-shuaro, mazkur qo‘lyozma asarlar, fondi, inv № 1152, varaq: 3 b.
[2] Devoni Bayoniy, O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik Instituti qo‘lyozma asarlar fondi, inv № 1120, 7106, 6666/U1.
[3] Shu asar, inv № 9596, varaq: 497.
[4] Binoiy, Shayboniynoma. Mazkur qo‘lyozma asarlar fondi. inv №3422, varaq: 53.
Maqolalar:
Muhammad Yusuf Bayoniy she’rlaridan namunalar
Muxammad Yusuf Bayani (1859-1923) (na russkom yazыke)
Muhammad Yusuf Bayoniy. Shajarai Xorazmshohiy