Muhammad Sharif ibn Muhammad al-Husayniy al-Alaviy al-Buxoriy (vafoti — 1697 yil) al-Mavlaviy laqabi bilan mashhur bo‘lgan olim XVII asrdagi Movarounnahr mutafakkirlarining yorqin namoyandalaridan biridir. U o‘z ijodida yolg‘iz falsafaga oid bilimnigina emas, balki tarix, she’riyat, huquq, tilshunoslik kabi sohalarni ham qamrab olgan. Uning bizgacha yigirmadan ortiq asari yetib kelgan va ulardan “Ar-risola ad-davriyya” (“Davriylik haqidagi risola”) asari Buxoroda yozilgan. Bitilgan yili noma’lum. Qo‘lyozmasining bir nechta nusxalari mavjud. Shulardan biri “Risolatu istilzami davr min tasalsul” (“Davriylikning muttasillikka zaruriy tobe’ligi haqida”) risolasidir.
Risola nihoyalik va benihoyalik masalalariga bag‘ishlangan. Muallif bu masalani yuqoriga yuksaluvchi aylanma harakat ko‘rinishida hal qiladi. Olimning tasavvuricha “yuqorida turuvchi” va “quyida turuvchi” degan bosqichlar mavjuddir.
Izchillik zanjiridagi yuksaluvchi aylanma bosqichlarning uzluksiz qaytarilishi muallifning fikricha, cheksizlikka olib keladi. Shunday qilib, uzluksiz yuksalish zanjirining sharti doiraviy izchillik bilan bog‘langan nihoyalik bosqichlarning cheksiz qatori hisoblanadi. Muallif bu bilan qanoatlanmaydi. U o‘z salaflari bilan yuqorida turuvchi bosqichning quyida turuvchi bosqichdan sifat o‘zgarishlari haqida g‘oyibdan munozara qiladi.
Uning yana bir asari “Takammul at-tatimma” (“Takmilning to‘ldirilishi”). Asar Yusuf Qorabog‘iyning “Tatimmatul havoshi fi izolatil havoshi” (“Noaniqliklarni tuzatishda hoshiyalarning yakunlanishi”) nomli falsafiy asariga to‘ldirish, sharh tarzida yozilgan.
Muhammad Buxoriyning falsafiy asarlari sirasiga Sharqda mashhur bo‘lgan asarlarga bitilgan hoshiyalar ham kiradi. Bulardan biri “Hoshiyatun ala sharhil aqoid al-adudiyya” (“Adudiyya aqidalari sharhiga hoshiya”) asariga yozilgan hoshiyadir. Asl risola muallifi Adudiddin al-Idjiy nomi bilan tanilgan Adud al-millat vad din Abdurrahmon ibn Ahmad ibn Abdulg‘affor as-Siddiqiy al-Mutaraziy ash-Shibankoriydir. Sunniy mazhabdagi diniy aqidalar haqidagi bu risola muallif o‘limidan ikki hafta oldin hijriy 13 ramazon 756 (1355 yil, 21 sentyabr) yilda yozilgan.
Keyingi asrlarda ko‘plab mualliflar unga sharh bitganlar. Bular orasida XV asrning mashhur faylasufi Jaloliddin Davvoniyning sharhi diqqatga sazovordir. Ana shu sharhga Muhammad Buxoriy hoshiya bitgan. Bu asar ikki bobdan iborat: Davvoniy sharhiga eski izoh, yangi izoh. Ikkala bob muallif tomonidan hayotining ikki bosqichida yaratilgan qo‘lyozma nusxadan ko‘chirilgan. Shu nomda ko‘rsatilgandan tashqari yana ikki nusxasi mavjud. Qadimgi nusxalari saqlanmagan. Bizgacha XIX asrning 80-yillarida ko‘chirilgan nusxalari yetib kelgan.
“Hoshiyai Mavlaviy Sharif bar sharhi tahzib” (“Mavlaviy Sharifning tahzib sharhiga hoshiyasi”)ning to‘liq nomi “Mantiq va kalomning tuzatilishi” bo‘lib, qariyb barcha manbalarda u qisqa tarzda “Tuzatilish” (“Tahzib”) deb beriladi.
Risola muallifi o‘rta asr Sharqida mashhur bo‘lgan samarqandlik olim — mantiq ilmining bilimdoni Sa’duddin Taftazoniydir. Bu asar Movarounnahr va boshqa o‘lkalarda ham ma’lum bo‘lgan, unga olimlar XIX asrga qadar qator sharh va izohlar yozganlar. Keyinchalik XX asr avvallarigacha risolaga sharh va izohlar toshbosmada nashr etilgan.
Muallifning ijtimoiy-axloqiy fikrlarga bag‘ishlangan asari “Kitobi favoidi xoqoniyya” (“Xoqonga foydali maslahatlar kitobi”) deb ataladi. Asarda ijtimoiy hayot va axlokiy muammolarga oid aniq ma’lumotlar yoritilgan. Risolaning “Hukmronlik va shariatga binoan u bilan bog‘liq hamma narsalar haqida” degan bobi quldorning fazilatlariga oid so‘zlar bilan boshlanadi: “Xalif musulmon bo‘lmog‘i kerak, oqil, balog‘at yoshiga yetgan, nutq, ko‘rish va eshitish qobiliyati bo‘lmog‘i lozim. U shariat ko‘rsatmalarini bajara bilishi zarur, islom davlati hududlarini g‘ayridin va bosqinchilardan asrashi, mazlumlarni zulm va yovuzliqdan himoya qilishi darkor. Agar Xalif ana shu sifatlarga ega va yana xushfe’l bo‘lsa, u vaqtda hukmronlikka loyiqdir”.
Uchinchi qism Xalifning odilligi haqida bo‘lib, jumladan muallif bunday deb yozadi: “Podshohlik qilishda adolat ezgulik sanaladi”.
To‘rtinchi qism isyonkorlar haqida. Muallif ularni shunday ta’riflaydi: “Qur’on va payg‘ambar hadislari asosida hukmronlik qilayotgan odil musulmon shoh bilan haqiqat talashish isyonkorlik hisoblanadi”.
Oltinchi qism soliq, to‘lovlar solish va ulardan shohning foydalanishi haqidadir. Jamiyatning soliq tuzumi haqida qimmatli ma’lumotlar bergani uchun bu qism g‘oyat ahamiyatlidir. Jazolar haqidagi qismda muallif fahsh ishlar bilan shug‘ullanish, may ichish, haqorat qilish va hokazolarda ayblanganlarga qarshi jazo belgilash to‘g‘risida so‘zlaydi.
Faylasufning she’riy devoni ham mavjud. Unda shoirning adabiy merosi to‘plangan. Devon turli kotiblar tomonidan XX asrga qadar ko‘chirilib kelingan. Bu hol Buxoriy she’riyatiga Movaroun-nahrning yirik shaharlarida katga qiziqish bilan qaralganidan dalolat beradi. Devonni tadqiq etish bir jihatdan olim dunyoqarashini o‘rganishga yordam bersa, ikkinchi tarafdan adabiyotimiz tarixini boyitadi.
Muhammad Buxoriyning arab tilshunosligiga oid asari “Hoshiyai Mavlaviy Sharif bar favoidi Ziyoiyya” (“Mavlaviy Sharifning Ziyoiy foydalarga izohi”) deb ataladi. Izohlar “Al-Kofiya” nomli Ibn al-Hojib qalamiga mansub bo‘lgan grammatika haqidagi asar sharhiga bitilgandir. Sharh muallifi mashhur shoir va olim Abdurahmon Jomiydir. Sharh Jomiyning o‘g‘li Ziyovuddin Yusuf uchun 1491 yilda tuzilgan va o‘sha davr madrasalarida darslik sifatida qo‘llanilgan. Oddiy xalq orasida “Sharhi mullo” nomi bilan ma’lum bo‘lgan. Shunday qilib, Muhammad Sharif Buxoriy o‘tmishda yashab ijod etgan yorqin siymolardan biridir. Olimning asarlarida din, shariat, fiqh, ilohiyot, tasavvufning muhim jihatlari yoritib berilgan. Muhammad Sharif Buxoriy merosini o‘rganish falsafamiz tarixini tadqiq etish sohasidagi ilk qadamdir.
fal. f.d. M. Nuriddinov