Amir Temur ibn amir Tarag‘ay 1336 yil 8 aprelda Kesh (Shahrisabz) viloyatining Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi amir Muhammad Tarag‘ay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamoyu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi bo‘lgan.
Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini o‘rgangan. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi o‘zlashtirganini ta’kidlaydi.
Amir Temur siyosat maydoniga kirib kelgan paytda, Movarounnahr mo‘g‘ullar istibdodi ostida bo‘lib, Chingizxon va Botuxon bosib o‘tgan shahar va qishloqlar vayronaga aylangan, suv inshootlari buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan, Chingizxon Movarounnahrni o‘zining ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyxonga suyurg‘ol sifatida in’om qilgan edi.
Amir Temurning hayoti va faoliyatida ikki davr yaqqol ko‘zga tashlanadi. Birinchi davri (1360—1385) Movarounnahrni mo‘g‘ul xonligidan ozod qilib, yagona markazlashgan davlat tuzish, o‘zaro urushlarga barham berish. Ikkinchi davri (1386—1405) esa ikki yillik, uch yillik, besh yillik, deb ataluvchi boshqa mamlakatlarga yurishlari bilan xarakterlanadi.
1360 yillardan boshlab Amir Temur Movarounnahrdagi ichki nizo, urushlarda ishtirok eta boshladi va Mo‘g‘uliston hukmdori Tug‘luq Temurxon, uning o‘g‘li Ilyosxo‘jaga qarshi kurashlardan so‘ng, Amir Husayn ustidan g‘alaba qozongach, 1370 yilda Movarounnahr taxtining haqiqiy sohibi bo‘ldi va Samarqandni hokimiyat poytaxti etib belgiladi.
Amir Temur taxtga o‘tirgach, Chig‘atoy ulusining barcha yerlariga o‘zini voris deb bildi va Sirdaryoning quyi havzasidagi yerlarni, Toshkent viloyatini, Farg‘ona vodiysini, Xorazmni o‘z hukmronligi ostiga kiritdi. Natijada, Movarounnahr va Xurosonda yirik markazlashgan davlat vujudga keldi. Sohibqiron so‘nggi yillarda Eron, Iroq, Kavkazorti mamlakatlari, Hindiston, Oltin O‘rda va Turkiya bilan bo‘lgan janglarda g‘olib chiqib, saltanat hududini sharqda Xitoy devoriga qadar, g‘arbda — O‘rta yer dengiziga, janubda esa Hindiston chegaralariga qadar kengaytirdi.
Temur faoliyatida muayyan siyosiy yo‘l — mayda feodal hukmronligini tugatish, muhim xalkaro karvon yo‘llarida ustunlik qilib turgan Oltin O‘rda, Eron va boshqa mamlakatlarning raqobatini yengib, Movarounnahrning siyosiy-iqtisodiy quvvatini ta’minlay oladigan markazlashgan davlat tashkil etish edi. Amir Temur avvalambor mamlakatda davlat tizimini mustahkamlash, boshqarishdagi tartib-intizom, qonunchilikni kuchaytirish, savdo-sotiq, hunarmandchilikni kengaytirishga imkoniyat yaratish, soliqlarni tartibga solish, mamlakat himoyasini ta’minlash yo‘lida qo‘shinning qudratini oshirish kabilarga katta e’tibor berdi.
Amir Temurning har bir harbiy yurishiga turtki bo‘larlik sabab bor edi. Bu sabablar — o‘z davlatining chegaralarini mustahkamlash, tashqi dushmanlardan himoyalanish, karvon yo‘llarini turli yo‘lto‘sarlardan tozalash, xiyonatchi, sotqin, addamchilarni jazolash, bo‘ysunmaganlarni itoat ettirish, o‘zining siyosiy ta’sirini kengaytirish kabilardan iborat bo‘lganligini tarixiy manbalardan bilib olish mumkin. Masalan, Amir Temurning To‘xtamishxonga qarshi yurishini olsak, Temur To‘xtamishxonga ko‘p iltifotlar, yordamlar ko‘rsatib, 1379 yilda O‘rusxonni yengib, Oq O‘rda taxtiga To‘xtamishxonni o‘tqazgan edi. Ammo To‘xtamishxon Amir Temurning umidlarini puchga chiqardi.
U Movarounahrga bir necha bor talonchilik niyatida bostirib kirganidan so‘ng, Temurda ham unga qarshi kurashish majburiyati vujudga keldi va 1395 yil 15 aprelda Qunduzchada Amir Temur bilan To‘xtamishxon o‘rtasida hal qiluvchi hayot-mamot jangi boshlandi. Jang faqat To‘xtamishxonning taqdirini hal qilib qo‘yaqolmay, balki butun Oltin O‘rda taqdirini ham hal qildi.
Tarix Temur zimmasiga Oltin O‘rdadek qudratli mo‘g‘ul imperiyasining asosini yemirishdek ulkan vazifani qo‘ygan ekan, Sohibqiron bu vazifani ham buyuk jasorat bilan ado etib, Rus knyazliklari va Sharqiy Ovro‘po xalqlarini mo‘g‘ullar asoratidan xalos bo‘lishlariga yo‘l ochib berdi. Yirik rus olimi A. Yu. Yakubovskiy: “Temurning To‘xtamish ustidan qozongan bu g‘alabasi nafaqat Markaziy Osiyo va Sharqiy Ovro‘po, balki Rusiya uchun ham katta ahamiyatga molik bo‘ldi”, — deb yozdi.
Temur davlatni boshqarishga katta e’tibor berib, yangi davlat tizimi bo‘yicha Devoni buzrugdan tashqari, har bir viloyatda Devon deb ataluvchi boshqarma tuzib, bu boshqarmalar soliq yig‘ish, tartib saqlash, ijtimoiy binolar — bozorlar, hammomlar, yo‘llar, sug‘arish tarmoqlariga qarab turish va aholining xulqiy-axloqiy harakatlarini nazorat ostiga olish kabi ishlar bilan shug‘ullangan. Har bir Devonda kirim va chiqimlarni hisobga olish, qayd etish turk-o‘zbek va fors-tojik tillarida olib borilgan.
Temur tarixchilar tasviricha, o‘rta asrning atoqli davlat va harbiy arboblaridan bo‘lib, Ovro‘po olimlari o‘z asarlarida uning salbiy tomonlari bilan birga muhim fazilatlarini ham ta’kidlab o‘tganlar. Nemis olimi F.Shlosser o‘zining “Jahon tarixi” (III tom) asarida: “Baxtiyor jangchi, jahongir, uzoq Sharqda qonunshunos bo‘lish bilan birga o‘zida, Osiyoda kam uchraydigan taktik va strategik bilimlarni ifodaladi”, — deb yozsa, atoqli nemis olimi va tarixshunosi M.Veber: “Temur o‘z dushmanlariga nisbatan juda berahm edi, lekin sarkardalik, davlatni boshqarish va qonunchilik sohasida buyuk talantga ega edi”, — deb ta’riflaydi. Shuningdek, “Tuzuki Timur” — “Temur tuzuklari”da ham Temurning jamiyatga, ijtimoiy-siyosiy hayotga qarashi, birlashgan qudratli feodal davlatning siyosiy va axloqiy qoidalari haqida gap boradi.
“Temur tuzuklari”da davlat tizimi, davlatdagi turli lavozimlarning vazifasi, undagi turli toifalar va ularga munosabat, davlatni boshqarishga asos bo‘lgan qoidalar, qo‘shinlarning tuzilishi, tartibi, uni boshqarish, ta’minlash, rag‘batlantirish, qo‘shin turlarining tutgan o‘rni va o‘zaro munosabati kabi masalalar bayon etiladi. Davlat ishlarini har doim islom va shariat hukmlari asosida olib borilganligi bir necha bor ta’kidlanadi. “Saltanatim martabasini, — deb ta’kidlaydi Amir Temur, — qonun-qoidalar asosida shunday saqladimki, saltanatim ishlariga aralashib, ziyon yetkazishga hech bir kimsaning qurbi yetmasdi”. Bundan tashqari, asarda jamiyat ishlaridagi odamlarning 12 toifaga bo‘linishi, saltanatni boshqarishda 12 qoidaga amal qilinganligi, saltanat 4 qat’iy qoidaga asoslanishi kabi masalalar ham tartib bilan bayon etilgan (“Temur tuzuklari”ga karalsin. — M.X.).
Shaharlar va shahar atrofi aholisidan na jon solig‘i va na boj olinardi. Birorta ham askarning doimiy turish uchun shaxsiy kishilar uyini egallashga yoki fuqarolarning molini va boyligini o‘zlashtirib olishga haqqi yo‘q edi. “Barcha ishlarda, — degan edi Amir Temur, — bu ishlar qaysi o‘lka xalqiga taalluqli bo‘lmasin, hokimlarning adolat tomonida qattiq turishlariga buyruq berilgan. Qashshoqlikni tugatish maqsadida boshpanalar tashkil qildimki, kambag‘allar ulardan nafaqa olib turardilar”. Bundan tashqari, Temurning soliqlar haqidagi qoidasi juda muhim ahamiyatga egadir. Temur yozadi: “Soliqlar yig‘ishda xalqni og‘ir ahvolga solishdan yoki o‘lkani kashshoqlikka tushirib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lish zarur. Negaki, xalqni xonavayron qilish davlat xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi, xazinaning bequvvatligi harbiy kuchlarning tarqoqlanishiga, bu esa, o‘z navbatida hokimiyatning kuchsizlanishiga sabab bo‘ladi…”
Amir Temur harbiy salohiyatda jahonga mashhur sarkarda va o‘z zamonasining eng qudratli hukmdori bo‘lishi bilan birga, uning harbiy nazariyasi va amaliy harbiy san’ati, taktika va strategiyasi, armiya tarkibining tuzilishi o‘z davrining nodir mo‘jizasi edi. Uning harbiy mahorati turli yo‘nalishlarda — askariy qismlarni qayta tashkil etishda, dushmanga hujum qilishda turli-tuman usullardan foydalanishda, hujumdan oldin dushman joylashgan yerlarni o‘bdon o‘rganib chiqishda, ham lashkarboshi — qo‘mondonliqda namoyon bo‘ldi.
Adabiyotlarda Temur haqida bir-biriga zid fikrlar mavjud bo‘lib keldi, lekin ularning ko‘plarida Temur faoliyatiga o‘z davri nuqtai nazaridan emas, balki mualliflar yashagan davr nuqtai nazari asosida baho berilgan.
“Temur tuzuklari”ni inglizchadan frantsuz tiliga tarjima qilib, 1787 yilda nashr etgan frantsuz olimi Lyangle Temur haqida shunday yozadi: “Temur xon (Temur) siyosiy va harbiy taktika haqida risola yozgan va o‘z avlodlariga juda dono tizim qoddirgan. Biz buni tasavvur ham qilmagan edik va uning urushlarini bosqinchilik va talon-taroj qilish deb baholab kelgan edik. Deyarli yengib bo‘lmaydigan ikki to‘siq — bizdagi taassub hamda tarixiy nohaqlik Temurni bilishimizga va to‘g‘ri baholashimizga xalaqit berib keldi”.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Amir Temur davlat, jamiyat hayotida bo‘lib o‘tadigan har bir muhim reja oldidan kengash o‘tkazar va bu kengashga nafaqat davlat arboblari, sarkardalar, temurzodalarni, balki sayyidlar, shayxlar, ilm-fan arboblarini ham taklif etgan va o‘zining har bir yurish oldidan bunday kengashlarni o‘tkazib turishni odat tusiga kiritgan.
Amir Temurning obodonchilik ishlari to‘g‘risida taniqli sharqshunos olim, akademik V.V.Bartold: “Temur go‘yo Samarqanddan boshqa hamma yerda vayrongarchilik bilan shug‘ullangan, degan fikr mubolag‘ali: u Kobul vodiysi va Mug‘an cho‘li kabi Samarqanddan uzoq bo‘lgan joylarda ulkan sug‘orish ishlari olib bordi”, — degan tarixiy jihatdan g‘oyat qimmatli fikrni aytib o‘tgan. Bu fikrga muqoyasa qilib, Ali Yazdiyning yozishmasini keltirish maqsadga muvofiqdir. “Bir yil mobaynida, — deb yozadi o‘rta asr tarixchisi Ali Yazdiy, — Bag‘dod shahrini tiklash haqida buyruq berildi, toki shahar yana o‘z qiyofasini olsin, unda hunarmandchilik rivojlansin, tevarak-atrofida dehqonchilik o‘ssin, savdo-sotiq va madaniy hayot keng tarmoq yoysin, islom bilimi ilgarigiday yoyilsin. Bu vazifa amirzoda Abu Bakirga topshirildi”.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Movarounnahrda mo‘g‘ullarning qariyb 140 yillik hukmronlik davrida bironta ham ko‘zga ko‘rinarli qurilish yoki suv inshootlari vujudga kelmagan. Amir Temurning tashabbusi bilan 1365 yilda Qarshi, 1370 yilda Samarqand, 1380 yilda esa Keshning atrofi qaytadan mudofaa devorlari bilan o‘ralgan. Shuningdek, xalq farovonligiyu, mamlakat obodonchiligi yo‘lida suv omborlari, to‘g‘onlar qurishga, ariqlar qazishga, yangi yerlarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor berilgan. Mamlakatning iqtisodiy ahvolini ko‘tarishda savdoning ahamiyati beqiyos ekanligini tushungan hukmdor bozorlar, rastalar va timlar, turli-tuman ustaxonalar barpo etib, xalq hunarmandchilik san’atini taraqqiy ettirgan.
Amir Temur ilm-fan, ma’naviyat ahliga e’tibor, mehribonlik ko‘rsatib, ulardan jamiyat madaniy hayotida foydalanishga intilar ekan, tarixchi Ibn Arabshoh yozganidek, “Temur olimlarga mehribon, sayyidu shariflarni o‘ziga yaqin tutar edi. Ulamo va fuzaloga to‘la izzat-hurmat ko‘rsatib, ularni har qanday odamdan tamom muqaddam ko‘rardi. Ularning har birini o‘z martabasiga qo‘yib, izzatu ikromini unga izhor qilardi”.
Amir Temur saroyida ko‘plab ilm-ma’rifat allomalari Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamsuddin Munshi, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono Nu’moniddin Xorazmiy, Xoja Afzal, Mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiylar Sohibqironning marhamatidan bahramand bo‘lib, uning xizmatida bo‘ldilar. Amir Temur ilm-fanning riyoziyot, handasa, me’morchilik, falakiyot, adabiyot, tarix, musiqa kabi sohalari ravnaqiga katta e’tibor berib, sohibi hunarlar bilan qilgan suhbatlari haqida frantsuz olimi Lyangle shunday yozadi: “Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko‘rgan kishilarga ishonch biddirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda iste’dodli bo‘lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Chunki Temur bu sohalarga g‘amxo‘rlik qilishga asosiy e’tiborini berardi”.
Amir Temur o‘zini mohir diplomat sifatida ham namoyon qilaolgan. Uning Vizantiya, Venetsiya, Genuya, Ispaniya, Frantsiya, Angliya, boshqacha aytganda, o‘sha vaqtda ko‘proq ma’lum va mashhur bo‘lgan Ovro‘po davlatlari bilan iqtisodiy aloqalar o‘rnatish va uni mustahkamlash sohasidagi faoliyatini frantsuz va ingliz qirollarining unga yozgan maktublari bilan dalillash mumkin.
Manbalarda sohibqiron Amir Temur — yorqin xislatlarga ega ekanligi, xotirasi o‘tkir, shijoatli va qat’iyatli, birso‘zli, zo‘r ruhiy qudrat egasi, salobatli inson sifatida ta’riflanadi.
Amir Temurning Osiyo, umuman jahon tarixidagi xizmatlari va tutgan o‘rni haqida xulosa qilib, quyidagilarni ta’kidlab o‘tish joizdir: Amir Temur Markaziy Osiyoni mo‘g‘ullar iskanjasidan ozod etishda barcha yurtparvar kuchlarni uyushtirib, ularni mustaqillik uchun kurashga yo‘naltirgan yetakchi rahbar, yerli xalqning bu sohadagi orzu-umidlarini ro‘yobga chiqishiga ulkan hissa qo‘shgan sarkardadir; Amir Temur ko‘p yillar davomida mustamlaka bo‘lib, chet ellik hukmdorlarga bo‘ysunib kelgan Movarounnahr va Xurosonda o‘z yurti, xalqining kuch-qudratiga tayangan mustaqil va yagona davlat barpo eta oldi; Amir Temur ham o‘z davriga xos bo‘lgan turli sabablarga binoan boshqa mamlakatlarga yurishlar qildi va Ovro‘po mamlakatlarining rivojlanishini tezlashishiga o‘z hissasini qo‘shdi. Rossiyani Oltin O‘rda zulmidan, Ovro‘poni Turkiya tajavvuzidan saqlab qoldi; Amir Temur o‘z siyosatida madaniyat, obodonchilik, hunarmandchilik homiysi bo‘lib tanildi. O‘z siyosati bilan madaniy yuksalishga va turkiy tilning rivojiga keng yo‘l ochib, nafaqat Markaziy Osiyoning madaniy-ma’naviy olamida, balki butun musulmon olami tarixida o‘chmas iz qoldirdi va so‘nggi rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi; Amir Temur qator Sharq mamlakatlari va ayniqsa, Ovro‘po mamlakatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatib, ular bilan turli savdo-sotiq, madaniy aloqalarga yanada keng yo‘l ochib berdi.
Sobiq sovetlar mafkurasi, proletar dunyoqarashi hukmronlik qilgan sharoitda Temur faoliyatiga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lindi, o‘sha davr adabiyotlarida har doim qoralanib kelindi. Lekin mafkuraviy to‘siq, taqiqlashlarga qaramay ayrim ilmiy asarlarda Temur haqida ba’zi to‘g‘ri fikrlar ham bildirildi.
Bu jihatdan O‘zbekistonda 1968 yili akademik I.M.Mo‘minovning “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli” risolasining nashr etilishi muhim voqea bo‘ldi. Risola Temur shaxsiga biryoqlamali qarashlarga qarshi yozilgan ilmiy asar sifatidagi dastlabki urinish edi. Lekin bu qadam Moskvadagi yuqori idoralar va matbuot organlari tomonidan qoralandi va asar muallifi benihoya aziyatlar chekdi.
O‘zbekistonning mustaqillikka erishuvi, eski mafkura siquvidan qutulish, tariximizga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish imkonini yaratdi. So‘nggi yillarda Amir Temur va uning davrini o‘rganishga bag‘ishlangan qator manbalar, kitoblar, jumladan, Bo‘riboy Ahmedovning Amir Temur haqidagi katta roman-xronikasi nashr etildi. O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan 1996 yil — Amir Temur yili deb e’lon etilishi va bu sana jahon miqyosida nishonlanishi Amir Temur nomi oqlanib, o‘zbek xalqiga butunlay qaytganiga yorqin dalildir.