Abdurazzoq Samarqandiy hijriy 12-sha’bon, 816 (melodiy — 7 noyabr, 1413) yili Temuriylar davlatining Hirot shahrida tug‘ildi. Uning to‘la ismi Kamoliddin Abdurazzoq, otasining ismi Jaloliddin Ishoq Samarqandiydir. Abdurazzoq Hirotda tug‘ilganligiga qaramay “Samarqandiy” degan nisba bilan shuhrat topganligiga sabab, otasi Jaloliddin Ishoqning asli samarqandlik bo‘lganligi va yana bo‘lajak tarixnavisning o‘zi ham bir necha muddat Samarqandda yashaganligidir.
Abdurazzoq Samarqandiy dastlabki ta’limni Hirotning o‘zida olgan. Keyinchalik Hirotdaga Temuriylar saroyida qozilik va imomlik lavozimida bo‘lgan otasi va o‘z davrining ziyolilaridan bo‘lgan akalari Abulg‘affor, Abdulqahhor, Abdulvahhoblar ko‘magida tafsir, hadis, fiqh, tarix va til-adabiyot fanlari bo‘yicha chuqur ma’lumot egasi bo‘lib yetishgan. Atoqli adib Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida Abdurazzoq Samarqandiyning mazkur ilmlar bo‘yicha yaxshi bilimga ega ekanligini quyidagi so‘zlar bilan tasdiqlaydi: “Mavlono Abdurazzoq… xushmuhovara kishi erdi… zohir ulumin takmil qilib erdi va fazliyoti ham yaxshi erdi…”
Otasining saroydagi tutgan mavqeiga ko‘ra taxmin qilish mumkinki, Abdurazzoq Samarqandiy ham davlat ishlari bilan yaqindan tanish bo‘lgan. Uning yaxshi tahsil ko‘rganligi, bu boradagi iqtidori balandligi tufayli otasi vafotidan so‘ng, 1437/38 yili, 24 yoshida Temuriylar saroyiga xizmatga olinishi bejiz emas. Shundan so‘ng, to 50 yoshiga qadar, avval Shohrux, keyin Hirot taxtini egallagan boshqa Temuriy hukmdorlar mirzo Abulqosim Bobur (1452—1457), Sulton Abu Sa’id (1451—1469) vataxtga o‘tirgan boshqa shahzodalar saroyida davlat ishlari bilan band bo‘ladi. Uning zamondoshi Abdulvose an-Nizomiyning yozishicha, Abdurazzoq “xoqoni sa’id (ya’ni Shohrux)ning davlati zamonida uzoq muddatlar shuhratli ishlarni bajarishni bo‘yniga olgan, ba’zi sohibdavlat shahzodalarning xizmatida sadoratlik oliy mansabiga yetishgan, ba’zi boshqalarning mulozimatida esa noiblik va xoslikka erishgan”.
Biroq Abdurazzoqning o‘zi asarlarida mazkur sadoratlik lavozimlarini eslatmasa-da, tarixiy voqealar sirasidan uning Temuriylar davlati xorijiy diplomatik munosabatlarni olib borishda muhim rol o‘ynaganligi anglashiladi.
XV asrning birinchi yarmida Temuriylar davlati bilan Rum (Kichik Osiyo), Misr, Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlar orasida diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu aloqalarning amalga oshirilishida Abdurazzoq Samarqandiyning ham faol ishtirok etganligiga, uning o‘z elchilik safarlari haqida keltirgan axborotlari yaqqol dalil bo‘la oladi. Chunonchi “Matla’i sa’dayn”ga kiritilgan “Hindiston safari dostoni va u yerning ajoyib-g‘aroyibotlari” deb nomlangan o‘z safar esdaliklarida Abdurazzoq Samarqandiy 1442 yili Shohrux tomonidan janubiy Hindistonga yuborilgan elchilarga boshchilik qilganligini yozadi. Elchilar 1442 yili 13 yanvarda Hirotdan yo‘lga chiqib, sharqi-janubiy Eron, Arabiston, Xurmuz bandargohi, Maskat, Arabiston dengizi orqali 1442 yil 17 oktyabrida Kalkuttaga yetadilar va bu shaharda besh oy, Vijayanagarda esa 1443 yil oxirigacha turib, so‘ng orqaga qaytadilar. Qaytishda yana dengiz yo‘li bilan Xurmuzga, u yerdan 1444 yil dekabr oyida Hirotga yetib keladilar.
Shu kabi “Matla’i sa’dayn”da Abdurazzoq Samarqandiyni Shohrux Gilonga va boshqa yerlarga elchilikka yuborganligi eslatiladi. Abdurazzoq oxirgi marta Misrga elchilikka yuborilayotgan paytida Shohrux vafot etadi va shu bois elchilik amalga oshmaydi. Shu kabi diplomatik aloqalarda Abdurazzoq keyingi Temuriy hukmdorlar Abulqosim Bobur, Sulton Abu Sa’idlar davrida ham faol ishtirok etganligi, uning o‘z so‘zlaridan ma’lum.
1463 yilga kelib esa Abdurazzoq Samarqandiyning o‘z iltimosiga binoan uni davlat ishlaridan ozod etdilar va Hirotdagi Shohruxiya xonaqohiga shayxlik vazifasiga tayinlaydilar. Hijriy 887 yil jumod al-avval (1482 yil, iyul—avgust) oyida shu shaharda olamdan o‘tadi.
Abdurazzoq Samarqandiy she’r, arab tili grammatikasiga oid risola yozganligi ma’lum bo‘lsa-da, lekin uning bizgacha yetib kelgan yagona tarixiy asari — “Matla’i sa’dayn va majma’i bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qo‘shilish joyi”)dir. Asar fors tilida yozilgan bo‘lib, ikki jildni tashkil etadi.
Asarni Abdurazzoq Samarqandiy asosan 1467—1469 yillar orasida yozib tamomlagan va 1470 yili yana davom ettirib, shu yilning safar oyida tugallagan.
“Matla’i sa’dayn”ning birinchi jildida qisqa tarzda Chingizxon avlodidan bo‘lgan Eron hukmdori Abu Sa’id (1316—1335) haqida so‘zlagach, so‘ng sohibqiron Amir Temur tarixi boshlanadi va umuman 1304 yildan 1405 yilgacha Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Eron, Ozarbayjon, qisman Hindiston va boshqa mamlakatlar ta-rixiga oid ma’lumotlar keltiriladi. Tarixiy voqealar bayoni Amir Temurning 17-sha’bon, 807 (18 fevral, 1405) yili O‘trorda vafot etganligi, uning nabirasi Xalil Sultonning Samarqandda taxtga o‘tirganligi bilan tugallanadi.
Ikkinchi jildning so‘z boshisida muallif Amir Temur avlodlari haqida so‘zlamoqchi ekanligini aytib, voqealarni Shohruxning Hirotda taxtga o‘tirgan vaqtidan (mart, 1405) boshlaydi. So‘ng Shohrux vafoti (1447)dan keyin hukmronlik qilgan Temuriylar: Mirzo Abulqosim Bobur, Sulton Abu Sa’id va boshqa shahzodalardan so‘zlab bo‘lgach, Husayn Boyqaroning Hirotda Yodgor Mirzoni qatl etib, ikkinchi marta taxtga o‘tirishi haqidagi ma’lumotlar bilan asarni tugatadi.
Abdurazzoq Samarqandiy “Mutla’i sa’dayn”da tarixiy voqealar bayonini solnoma tarzida joylashtirgan. Asarning muallif o‘zi yashagan davrdan (XV asr o‘rtalari) ilgarigi qismlari solnomasi avval yozilgan asarlar asosida tuzilgan. Bu haqda Abdurazzoqning o‘zi 1427 yil voqealarini yakunlar ekan: “Hofizi Abro‘ning yozgani… “Zubdat ut-tavorixi Boysung‘uriy” shu yerda tugadi”, deydi va o‘zining asosiy manbai ushbu asar ekanligini ta’kidlaydi. Bundan keyingi yillar tarixining yoritilishiga kelsak, aytish mumkinki, ularning aksarini Abdurazzoq Samarqandiy o‘zi ko‘rib bilgan yoki shohidlar so‘zlariga asoslanib yozgan. Qanday bo‘lganidan kat’iy nazar “Matla’i sa’dayn” sahifalarida bayon etilgan tarixiy voqealar, xoh Hofizi Abro‘dan olingan qismlar, xoh undan keyingi qismlar bo‘lsin tadqiqotlar uchun manba sifatida muhim ahamiyatga egadir.
Ma’lumki, “Matla’i sa’dayn”da ko‘proq siyosiy voqealar bayon etilgan. Lekin shu bilan birga Temuriy hukmdorlarning mamlakatni iqtisodiy, ma’naviy va madaniy hayotida o‘ynagan bunyodkorlik roli ham Abdurazzoq Samarqandiyning diqqat markazida bo‘lgan. Shuning uchun ham XV asrning deyarli uch choragida Samarqand va Hirot shaharlaridagi ilm-fan, madaniyatning yuksakligi hamda bu borada Mirzo Ulug‘bek, Mirzo Boysung‘ur va ba’zi boshqa shahzodalarning faoliyatlari ham izchillik bilan yoritib berilgan.
E’tiborga sazovor tomoni shuki, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’i sa’dayn” asari o‘z davrida shuhrat topgan va bir qancha tarixnavislar tomonidan e’tirof etilgan. So‘ngra bu asar Temuriylar davri ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va xalqaro munosabatlari tarixiga oid nodir va ishonchli manba sifatida Ovro‘poda ham tanilib, uning ayrim qismlari XIX asrdan boshlab bir necha marta frantsuz (Langle, Katrme, Bloshe), ingliz (Elliot), rus tillarida chop etilgan.
“Matla’i sa’dayn”ning forscha matni 1936 yili Lohurda (Pokiston) matnshunos olim Muhammad Shafe tomonidan chop etilgan. Abdurazzoq Samarqandiyning 1442—44 yillardagi Hindiston safarnomasi 1960 yili o‘zbek tilida va forsiy tanqidiy matni bilan, asarning 1405—1427 yillar voqealari (I jild, 1-qism) 1969 yili o‘zbek tilida Toshkentda chop etildi. 1992 yili esa “Matla’i sa’dayn”ning shu qismiga kiritilgan G‘iyosiddin Naqqoshning Xitoy safari kundaligi o‘zbek tilida chop etildi. Asarning II jild 2—3-qismlari ham o‘zbek tilidagi tarjimasi amalga oshirilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha chop etilgani yo‘q.
t.f.d. A. O‘rinboyev