Amir Temur asos solgan Temuriylar saltanati davrida Movarounnahr va Xurosonda badiiy adabiyot ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Shu davrda fors-tojik adabiyoti o‘zining yangi rivojlanish pog‘onasiga erishgan bo‘lsa, o‘zbek adabiyoti ham Alisher Navoiy, Mavlono Lutfiy, Durbek, Hofiz Xorazmiy, Atoiy, Sakkokiy, Gadoiy, Sayyid Qosimiy, Yaqiniy ijodlari misolida o‘z taraqqiyotining eng yuksak bosqichiga ko‘tarildi. Abdurahmon Jomiyning “Haft avrang”, Alisher Navoiyning “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy” asarlari shu davr adabiyotining shoh asarlari edi. Jomiy yetti dostondan iborat to‘plamiga “Haft avrang” (“Etti taxt”) deb nom qo‘yar ekan, Temuriylar sulolasidan yetti shoh (Amir Temur, Xalil Sulton, Shohrux, Ulug‘bek, Abulqosim Bobur, Abu Said, Mirzo Husayn Boyqaro)ni ko‘zda tutgan bo‘lsa, Navoiy o‘z “Xamsa”sini yaxlit holda Husayn Boyqaroga bag‘ishlagan va bu bilan har ikki muallif ham shu davr hukmdorlariga o‘zlarining ma’lum ma’noda minnatdorchiliklarini namoyon etgan edilar.
Temuriylar davridagi adabiy hayotning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri adabiy jarayonning yagonaligi, unda turkiy tidda ijod qiluvchilarning ham, forsiy qalam tebratuvchilarning ham barobar va faol qatnasha olgani edi. Buni biz Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasida yaqqol ko‘ramiz. Unda ijodkorlar til xususiyatlariga karab bir-biridan ajratilmagan. Husayn Boyqaro hukmdorligi davridagi adabiy hayotga to‘xtalar ekan, Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da: “Shuarodin bu jam’ning saromad va sardaftari Mavlono Abdurahmon Jomiy edi”, — deb yozadi[1]. Binobarin, faqat forsiy adabiyotning emas, shu davrdagi o‘zbek adabiyotining gullab-yashnashida ham Abdurahmon Jomiyning roli juda katta bo‘lgan.
Abdurahmon Jomiy Shohrux hukmdorligi davrida — 1414 yil 7 noyabrda Nishopur yaqinidagi Jom shahrida, ruhoniy oilasida dunyoga keldi. Jomiyning ota-bobolari asli Dashtdan bo‘lib Jomda turib qolishgan. Bobosi Mavlono Muhammad va otasi Nizomiddin Ahmad singari Abdurahmon ham qo‘liga qalam olib, she’r yoza boshlagan vaqtdan boshlab o‘z tavallud topgan shahri nomini o‘ziga adabiy taxallus qilib olgan (Ba’zi olimlarning fikricha, “Jom” so‘zi “idish” ma’nosida tasavvufiy tushunchani ham bildiradi. Sharqdagi adabiy an’anaga ko‘ra adabiy taxallus ko‘p ma’noli bo‘lishi ma’qul ko‘rilgan). U asosiy umrini Hirotda o‘tkazdi va shu yerda mashhur shoir va mutafakkir bo‘lib yetishdi. Bolalik chog‘idayoq Jomiy zehnining o‘tkirligi bilan ajralib turgan. Boshlang‘ich ma’lumotni u otasidan olgan. Oilaning Hirotga ko‘chishi, otasining bu yerda shayx ul-islom mansabiga tayinlanishi Jomiy hayotida muhim ahamityaga zga bo‘ldi. Hirotda uning o‘qishiga Xoja Alouddin Ali Samarqandiy, Shahobiddin Muhammad Jojarmiy kabi mashhur mualliflar o‘z hissalarini qo‘shdilar. Natijada u arab tili, ilohiyot, tasazvuf, she’r qoidalari, adabiyot tarixi va boshqa fanlarning asoslarini juda erta va o‘zlashtira boshladi.
Jomiy turli fanlar bo‘yicha o‘z tahsilini Samarqandda nihoyasiga yetkazishni ixtiyor qilar ekan, u Ulug‘bek madrasasida Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi allomalarning ma’ruzalarini eshitish sharafiga muyassar bo‘ldi. U fiqhshunos olim, arab tili, “Qur’on”, hadislar bo‘yicha mutaxassis Fazlulloh Abullaysdan ham ko‘p dars oldi. Hirotda Jomiy tasavvuf yo‘liga kirishni, o‘z bilim va faoliyatini shu yo‘lga, qolaversa ijodga, ilm-fanga bag‘ishlashni afzal ko‘radi.
Yosh Jomiy Shayx Sa’diddin Koshg‘ariy bilan yaqinlashib, unga qo‘l beradi va tez orada uning hurmatini qozonadi. Jomiy pirining qiziga uylanadi. Sa’diddin Koshg‘ariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi.
1469 yili Sulton Husayn Boyqaro Hirot taxtiga o‘ltiradi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 1476/77 yillar orasida u o‘z do‘sti va vaziri Alisher Navoiy bilan Jomiyni o‘ziga pir va ustoz deb taniydi. Bu Jomiy hayoti va faoliyatida katta voqea bo‘ldi.
Jomiy kundalik hayotda oddiy, darvishona yashasa ham, biroq shoh va unga aloqador kishilarning, hatto uni asarlari orqali tanigan boshqa mamlakat podshohlarining unga muruvvati katta edi. Shuning uchun u o‘ziga tushgan daromadlar hisobiga bir qancha binoyi xayriyalar, shu jumladan Hirotda ikki madrasa va xonaqoh, tug‘ilgan shahri — Jomda bir masjid qurish imkoniga ega bo‘lgan. Uning Shamsiddin Muhammad ismli ukasi bo‘lib, u katta tabib, olim va sozanda bo‘lib yetishgani ma’lum.
XV asrning ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy va adabiy hayotda yuz bergan ibratli hodisalardan biri Navoiy — Jomiy munosabatlaridir. Bu ikki buyuk zot ijod sohasida xalqparvarlik va insonparvarlik mavqeida turish bilan birga xalq, davlat ishlarida insof va adolatni yoqlar edilar. Jomiyning “Nafahot ul-uns”, Lujjat ul-asror”, Ashiat ul-lamaot”, “Risolai musiqiy”, “Risolai muammo” kabi bir qancha asarlari Navoiyning maslahati va iltimosi bilan yozilgan. Jomiy o‘z lirik she’rlarini yig‘ib, devon tuzmoqchi bo‘lganda, Navoiy maslahati bilan uchta devon tuzadi va devonlarning birinchisiga “Fotihat ush-shabob”, ikkinchisiga “Vositat ul-iqd”, uchinchisiga “Xotimat ul-hayot” deb nom qo‘yadi.
1480 yildan 1485 yilning oxiriga qadar Jomiy o‘zining buyuk “Haft avrang”i tarkibiga kirgan dostonlarini yaratish ustida ish olib bordi. Sharq adabiyotidagi xamsachilik ananalari asosida yozilgan bu dostonlardan “Silsilatuz-zahab”, “Tuhfat ul-ahror”, “Suhbat ul-abror” g‘oyaviy tematik jihatdan falsafiy-axloqiy yo‘nalishda, janr e’tibori bilan pandnoma tipida bo‘lib, o‘z davrining eng dolzarb masalalariga bag‘ishlangan edi. “Yusuf va Zulayho”, “Layli va Majnun”, “Salamon va Absol”, “Xiradnomai Iskandariy” dostonlarida esa shoir an’anaviy syujetlarning yangicha talqinlarini berdi.
Jomiy bir necha marotaba haj qilgan, haj safari davomida Nishopur, Bastom, Domg‘on, Qazvin, Hamadon, Karbalo, Bag‘dod, Damashq, Halab, Tabriz kabi shaharlarni ko‘rgan, bu shaharlarda yuksak izzat-hurmatga sazovor bo‘lgan. Uning shaxsiy maktublaridan ma’lum bo‘lishicha, u yaqin do‘sti Xoja Ahror taklifi bilan Toshkentda ham bo‘lgan va ulug‘ mozoratlarni ziyorat qilgan.
Abdurahmon Jomiy 1492 yili shamollash natijasida xastalanib, 78 yoshida hayot bilan vidolashgan. Uning dafn marosimini Navoiy boshqarib, podshoh Husayn Boyqaro esa mamlakatda bir yil motam e’lon qildi. Unga atab ko‘pgina shoirlar, shu jumladan Navoiy ham, qayg‘uli marsiyalar bitishdi. Navoiy marsiyasida Jomiy vafotining tarixi “Kashfi asrori iloh” (“Ilohiy sirlar kashfi”) degan so‘zlardan (hijriy 898, melodiy 1492 yil) chiqarilgan edi.
Abdurahmon Jomiy g‘oyat sermahsul ijodkor bo‘lib, undan bizga adabiyotning turli janrlariga, fan va san’atning rang-barang sohalariga oid boy meros qolgan. Jomiy asarlari o‘z davridayoq Xuroson va Movarounnahr doirasidagina emas, boshqa mamlakatlarga ham keng tarqalgan edi. Ba’zan qo‘shni mamlakat podshohlari, masalan, Sulton Ya’qub uning asarlarini so‘rab maxsus elchilar yuborgan. Uning asarlari o‘z davrida va undan keyin ham ko‘p qo‘lyozma nusxalarda ko‘chirilgan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Qo‘lyozmalar instituti fondlarida Jomiy asarlarining XV—XVI asrlarda ko‘chirilgan o‘nlab qo‘lyozmalarini uchratish mumkin[2]. Bunday qo‘lyozmalar Rusiya, Afg‘oniston, Eron va Ovro‘po mamlakatlaridagi boshqa qo‘lyozma fondlarida ham uchraydi. Taniqli sharqshunos Ye. E. Bertels “Jomiy” monografiyasida shoir asarlarining Toshkent kulliyoti (O‘zR FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Qo‘lyozma inv. №2122) asosida 52 asarining nomini keltiradi.
Jomiy asarlarining bir qismi diniy va falsafiy mazmunga ega bo‘lib, ularda shoir Islom dini va Sharq falsafasining bir qator masalalarini o‘z qarashicha talqin qiladi, tasavvufning XV asrdagi eng yirik arbobi sifatida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etadi. Bunga uning “Naqshi fusus” (“Ma’nolar naqshi”), “Shavohidi nubuvva” (“Payg‘ambarlikka dalillar”), “Sharhi qasidayi “Toiya” (Radifda “to” harfidan foydalanib yozilgan qasida sharhi”), “Naqdi nusus” (“Matnni tanqid”), “Sharhi qasidayi “Xamriya” (“Xamriya” qasidasi sharhi”), “Naqshbandiy ta’limoti haqida risola”, “Vohid” atamasi haqida risola”, “Zikr” shartlari haqida risola”, “Haj qilish yo‘llari haqida risola”, “Ashiot ul-lamaot” kabi bir qancha asarlarini shu guruhga kiritish mumkin.
Jomiy o‘zining mutasavvuflik faoliyatida Bahovuddin Naqshband g‘oyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi — Xoja Ahror Valiy bilan yaqin munosabatda bo‘lgan holda yanada rivojlantirdi. Rasman u o‘zini kundalik hayotda “Malomatiya” tariqatiga mansub deb hisoblasa-da, asarlarida ulug‘ Naqshbandga ixlosi cheksiz edi. U o‘zining “Lujjat ul-asror” qasidasida so‘fiy xulq-axloqi, inson tarbiyasi haqida gap borganda ta’magirlikni qoralab, qanoatli kishilarning oliyjanobliklarini, ularning ma’naviy jihatdan podshoh va vazirlardan ham ustun ekanliklarini madh etib, quyidagi satrlarni bitgan edi:
Tome’on az bahri tu’ma peshi har xas sar nihad,
Qone’onro xanda bar shohu vaziri kishvar ast.
Mazmuni:
Ta’magirlar bir luqma uchun boshini xasga qo‘yishga tayyor,
Qanoatlilar esa mamlakat shohi va vaziri ustidan ham kula oladi.
Shoir fikricha, inson halol va pok yashashi, buning uchun esa u bir kasbga ega bo‘lishi, o‘z mehnati hisobiga kun ko‘rishi zarur:
Mardi xosib k-az mashaqqat mekunad kafro durusht,
Bahri nohamvoriyi nafsi dag‘al suhongar ast.
Mazmuni:
Kosib odam mehnat tufayli qo‘lini qavartiradi,
Bu qo‘ldagi dag‘al esa nafs g‘adir-budurini tekislovchi randadir.
Jomiyning tasavvufga bo‘lgan e’tiqodi sof va mukammal bo‘lib, u Xudoni yorug‘ nur ko‘rinishida tasavvur etar edi. Shu bilan birga uningcha, dunyodagi hamma narsalarni yaratgan. Xudo o‘zi ham minglarcha ko‘zguda, turli qiyofada va ko‘rinishda namoyondir.
Jomiy “Nafahot ul-uns” asarini yaratish bilan tasavvuf tarixini o‘rganishga katta hissa qo‘shdi. Unda 616 mutasavvuf hayoti va faoliyati haqida ma’lumot berilgan bo‘lib, ulardan 34 tasi ayollardir. Jomiy vafotidan keyin bu asarni Navoiy ma’lum to‘ldirishlar bilan o‘zbek tiliga tarjima qilishi bejiz emas edi.
Jomiyning “Risolayi aruz”, “Risolayi muammoyi kabir”, “Risolayi muammoyi sag‘ir”, Risolayi muammoyi mutavvassit”, “Risolayi muammoyi manzum”, “Sharhi bayti Masnaviy, “Sharhi bayti Xusrav”, “Sharhi rubbiyot”, “Risolayi qofiya” kabi asarlari Sharq adabiyoti tarixini, uning vazn, qofiya va she’r turlari bilan bog‘liq nazariy masalalarini o‘rganishda hozirgi kunga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Olimning faqat muammo haqidagina 4 ta nazariy qo‘llanma yaratgani yoki ulug‘ salaflari asarlarining murakkab bir baytini izohlash, tasavvufning biron atamasini yoritish uchun maxsus risolalar yozgani uning adabiyot tarixini o‘rganishga juda katta ahamiyat berganini, o‘zi bu sohalarning haqiqiy donishmandi bo‘lganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari Jomiy o‘z davrining eng buyuk tilshunosi ham edi. U fors tili grammatikasi bo‘yicha maxsus she’riy va nasriy qo‘llanma yozgan. Arab tilini esa o‘z ona tilidek bilgan edi. U vaqtda arab tili mashhur xorazmlik tilshunos olim Ibn Hojibning (1175— 1249) “Al-Qofiya” kitobi bo‘yicha o‘rganilardi. Shoirning suyukli farzandi Ziyovuddin arab tilini shu darslik bo‘yicha o‘qir ekan, darsni o‘zlashtirishda katta qiyinchilik sezadi. Shunda Jomiy uning ahvolini tushunib, 1492 yili, ya’ni umrining oxirlarida “Al-Qofiya”ga maxsus sharh yozadi. Shundan so‘ng Ibn Hojibning asari maktab va madrasalarda shu sharh yordamida o‘qitiladigan bo‘ladi. Jomiy “Sharhi” esa “Sharhi Mullo” nomi bilan shuhrat qozonadi.
Uning aruz bilan bir qatorda muzika nazariyasi haqida “Risolayi musiqiy” asarini yozishi shu davr madaniy hayotida katta voqea bo‘ldi. Jomiy o‘z risolasida Abu Nasr Forobiyning ko‘p jildlik “Muzika haqida katta kitob” asaridagi g‘oyalarni yanada rivojlantirdi, musiqani tovushlarning o‘zaro ohangdoshlik (ta’lif) va noohangdoshlik (manofarat) nuqtai nazaridan o‘rganuvchi, yangi kuy yaratish uchun ular orasidagi oralik (ozmina)larni tekshiruvchi fan deb xarakterladi. Musiqa, uning fikricha, insonga eng yuqori ma’naviy oziq beradigan mukammal go‘zal tovushlar haqidagi fandir. Bu fan insonlarga xizmat qilishi, ularning hayotini bezashi zarur.
XV asr adabiy hayotida she’riy asarlar bilan bir qatorda nasrni rivojlantirishga ham ahamiyat berilar edi. Shayx Sa’diyning “Guliston” nomli mashhur hikoyalar to‘plamini g‘oyat sevgan va uni “jannatdan nishon, xashak-tikoni ham anbargadir jon” deb ta’riflagan Jomiy 1486—87 yillarda shu asarga javoban “Bahoriston” degan asarini yaratdi. Jamiyatdagi turli tabaqalar hayotidan, tarixdan hikoya qiluvchi bu to‘plamda biz janr e’tibori bilan yengil, yozilish uslubi o‘zgacha, tili xalqchil, syujeti sodda ko‘p hikoyalarni o‘qishimiz mumkin. Har bir hikoya katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Masalan, quyidagi hikoyani Iskandarning murakkab bir savolga g‘oyat oqilona javob berganini va do‘stlik, insoniylik g‘oyalarini ulug‘laganini ko‘ramiz: “Iskandardan:
— Sen shunday yoshlik va navqironlik chog‘ingda qanday qilib bu davlatu saltanatga erisha olding? — deb so‘raganlarida, u shunday javob beribdi:
— Men dushmanlarimga xushmuomala bo‘ldim, toki adovat jilovi yig‘ilib jonlansin; do‘stlarga sadoqatda bo‘ldim, toki do‘stlik mustahkamlansin”.
“Bahoriston”ning 7-ravzasi adabiy tazkira xarakterida bo‘lib, unda Rudakiy, Daqiqiy, Firdavsiy, Nosir Xisrav, Nizomiy, Shayx Sa’diy, Hofiz Sheroziy, Kamol Xo‘jandiy, Xusrav Dehlaviy kabi mashhur fors-tojik shoir va adiblari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar hamda ularning hayotidan olib yozilgan hikoyalar bor.
Lekin Jomiy ijodining eng katta qismini, hech shubhasiz, uning she’riyati tashkil etadi. 1490 yilning boshida u o‘z she’rlaridan 3 ta devon tuzgan bo‘lib, bu devonlar 1805 g‘azal va boshqa she’r turlarini o‘z ichiga olgandir. Bu devonlardaga deyarli barcha she’rlar shoirning lirik she’rlar sohasidagi yuksak iste’dodidan darak beradi. Navoiy: Jomiyning yigitlik davrida ilm olishga qattiq e’tibor bergan bo‘lsa-da, “ammo hech vaqt nazm oyinidin xoli emas ekandurlar”, — deb yozadi “Xamsat ul-mutahayyirin” asarida. U o‘z mulohazalarini davom ettirib, ulug‘ shoir she’rlarining diniy-tasavvufiy mazmuni, Allohni tanish, bilish bilan bog‘liq haqiqatni shoir majoziy yo‘l, uslub bilan, o‘zini majbur qilib emas, balki beixtiyor ifodalagani haqida yozadi.
Jomiy she’rlarida ham, boshqa ko‘p Sharq mumtoz shoirlardagi kabi hayot, inson go‘zalligi va ichki tuyg‘u, ehtiroslari o‘zining tabiiy ifodasini topgan va shoir ularga tasavvufiy ma’no bergan. Jomiy she’riy merosining yirik tadqiqotchisi A. Afsaxzod ham bu to‘g‘rida: “Jomiydagi so‘fiyona kayfiyat uning ijodiy yo‘lini eng ibtidosidan boshlangan edi”[3], — deb yozganda to‘la haq edi.
Jomiy lirik she’riyatida real hayot bilan tasavvufiy xayolot shoirning ijodiy fantaziyasi orqali birlashib ketgan.
Shoir she’riyatidagi pand-nasihat ruhidagi she’rlar kishilarni ezgulikka, halol va pok bo‘lishga, kamtarlikka, Alloh tomonidan berilgan umrni yaxshi ishlari bilan yashab o‘tkazishga da’vat ztadi. U o‘z ruboiylarining birida yozadi:
Bo‘laylik dil xasta ham siynalar chok,
Hayotda doimo pok bo‘laylik, pok.
Xokistar bo‘laylik ishning boshidan,
Chunki oxiri ham xok bo‘lurmiz, xok.
(Sh. Shomuhamedov tarjimasi)
Rang-barang hayotiy mavzularda yaratgan badiiy yuksak va serjilo she’rlar bilan forsiy adabiyotni boyitgan Jomiy, Sa’diy Sheroziy, Amir Xusrav Dehlaviy, Xoja Hofiz Sheroziy kabi so‘z san’atkorlari safidan munosib o‘rin oldi.
Abdurahmon Jomiy ijodining gultoji, shubhasiz, uning “Haft avrang” deb nomlangan dostonlar majmuasidir. Bu dostonlarida Jomiy fors-tojik adabiyotida yaratilgan Nizomiy Ganjaviy (1141—1209) va Amir Xusrav Dehlaviyning (1253—1325) “Xamsa”laridagi eng yaxshi g‘oyaviy va adabiy an’analarni davom ettirib, XV asrning ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotida mavjud muammolarga o‘z munosabatini bildirishga harakat qilganki, masnaviyda, oldingi “Xamsa” dostonlari vaznida yaratilgan bu dostonlar Nizomiy va Dehlaviy asarlaridan qolishmasligini ta’kidlab, Alisher Navoiy quyidagi baytlarni yozgan edi:
G‘azal dardu so‘zini, vah-vah, ne dey!
Desa masnaviy, allah-allah, ne dey!
Agar nazmdin borcha uslub anga,
Bori bir-biridin erur xo‘b anga,
Vale masnaviy o‘zga olam durur,
Ki ta’biga holo musallam durur.
Bo‘lub jilvagar tab’i ko‘zgusida,
Ki sabt ayladi “Xamsa” o‘trusida,
Erur andin ortuqki, o‘ksuk emas,
El andin der ortuqki, o‘ksuk demas![4]
Ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-axloqiy masalalarda Jomiy xalqparvarlik va insonparvarlik, adolat va insof masalalariga, zulmni, zolimlarni qoralashga keng o‘rin berdi. Buni u ayniqsa shohlar haqida gap borganda, qayta-qayta qalamga oldi. Uningcha, shoh odil bo‘lsa, u bexavf-bexatar yashaydi.
Jomiyning “Yusuf va Zulayho”, “Layli va Majnun” dostonlarida ishq va muhabbat, do‘stlik mavzulari yanga ilhom, yangi she’riy harorat bilan yoritilgan bo‘lib, shu an’anaviy syujetga qurilgan dostonlar orasida alohida o‘rin tutadi. “Layli va Majnun”ning kirish qismida do‘stlikni, muhabbatni ulug‘lab shoir yozadi:
Umid xazinasin kaliti yordir,
Hayoting u birla shod, baxtiyordir.
Vujuding maqsudi nedir g‘ayri yor?
Yorsiz bu savdoning ne keragi bor?
Vujuding topguncha butkul inqiroz,
Biror qush etolmas yor kabi parvoz.
(O. Bo‘riyev tarjimasi)
Xuddi shu satrlar davomida Jomiy do‘stlikka misol tarzida bir umrlik qadrdon do‘sti Alisher Navoiyni eslaydi va uni do‘stlik bog‘idagi eng vafodor va mehribon do‘st sifatida shunday ta’rif va tavsif etadi:
Do‘stlik bog‘idagi ma’sus xushkalom,
Vafo shoxidadir Navoiy mudom.
Go‘zal so‘zlar bilan navo aylagay,
Ozurda dillarni davo aylagay.
Bundan boshqa ishning bo‘lmas adosi,
Jahonda do‘stlar bo‘lmas adosi.
O‘z davrida Jomiy faqat Navoiyning emas, balki butun o‘zbek adabiyotini ham eng yaqin do‘sti edi. Navoiy yozishicha, u turkiy tilda she’r yozmasa ham, ammo bu tildagi asarlarni yaxshi tushunar va ular haqida o‘z fikrini ayta olar edi. Mavlono Lutfiy vafoti oldida o‘zining tugallanmay qolgan:
“Gar kori dili oshiq bo kofiri Chin aftad,
Beh z-on ki ba badxo‘yi bemehri chunin aftad”,
— deb ataladigan matla bilan boshlangan g‘azalini Jomiy davom ettirib, tugatib, o‘z devoniga kiritsin, — deya vasiyat qilgan. Ma’lumki, Jomiy bu iltimosni bajargan. U Husayn Boyqaro ijodidan ham to‘la xabardor edi. Ayniqsa uning Navoiy “Xamsa”siga o‘zining “Xiradnomayi Iskandariy” dostonida quyidagi bahoni bergani diqqatga sazovordir:
Ba turki zabon naqshe omad ajab,
Ki jodudamonro buvad mehri lab.
Zi charx ofarinho bar on kilk zod,
Ki in naqshi matbu az on kilk zod.
Mazmuni:
Turkiy tilda shunday bir ajoyib naqsh (asar) paydo bo‘ldiki,
Uning oldida har qanday (so‘z) sehrgari og‘zini ocholmay qoldi.
Falakdan ofarinlar yog‘ilsin (bu naqshni chizgan Navoiy) qalamigaki,
Bu go‘zal naqsh, axir, o‘sha qalamning ishidir.
Abdurahmon Jomiy Temuriylar davri ilm-fani va adabiyotining faxri, Sharq she’riyatini yangi yuksaklikka ko‘targan so‘z san’atkorlaridan biridir. U bir necha asrdirki, Navoiy bilan yonma-yon, o‘zbek shoir va adiblariga ham ustozlik qilib kelmoqda va doim shunday bo‘lib qoladi.
fil. f.d. A. Hayitmetov
[1] “Boburnoma”, Toshkent, 1960, 241-sahifa.
[2] Qarang: “Rukopisi proizvedeniy Abduraxman Djami v Sobranii Instituta vostokovedeniya AN UzSSR, Izd. “Fan”, T., 1965.
[3] A’loxon Afsaxzod. Lirika Abd ar-Raxmana Djami, M:, 1988, str. 184.
[4] Alisher Navoiy. Xamsa. Toshkent, 1960, 636-sahifa.