Abdulloh ibn Amajur at-Turkiy va uning o‘g‘li Abu-l-Hasan Ali farg‘onalik falakiyotchi olimlardan bo‘lib, bizning adabiyotlarda ularning hayoti va faoliyati, ilmiy merosi deyarli o‘rganilmagan.
Orta asrlarning mashhur, eng ishonchli deb tan olingan bibliograflaridan Ibn an-Nadim va Ibn al-Qiftiylar o‘zlarining «al-Fixrist» va «Hakimlar tarixi» («Tarix al-hukama») kitoblarida bu olim haqida shunday deb yozadilar:
«Abu al-Qosim Abdulloh ibn Amajur al-Haraviy Farg‘ona xalqining farzandlaridan. U zamonasining fozil va o‘z mavqeiga ega bo‘lgan ulamolaridan bo‘lgan. Olim quyidagi foydali asarlarning muallifidir: «[Xatolardan] xolis zij kitobi» («Kitob az-zij al-ma’ruf bi-l-xalis»), «Bog‘lab turuvchi zij kitobi» («Kitob az-zij al-ma’ruf bi-l-muzannir»), «G‘aroyib zij» («az-Zij al-badi’iy»), «O‘tmishlar ziji» («Zij al-mamarrat»), «Sind-hind ziji» («Zij as-Sind-hind»), «Qulning ziji» («Zij al-qini»), «Musofirga foydali kitob» («Kitab zad al-musafir»), «Fors erasi bo‘yicha Mirrix [Mapc] sayyorasi uchun zij» («Kitab zij al-Mirrix ala at-tarix al-farisi»)»[1].
Manbalardan ma’lumki, bu olimning Abu al-Hasan Ali ibn Abu al-Qosim ismli o‘g‘li bo‘lib, y ham astronomiyaga qiziqqan. Bundan tashqari Ibn al-Qiftiy Amajur oilasiga tegishli uchinchi shaxs, ya’ni Ali ibn Amajurning ham astronomik kuzatish ishlari bilan shug‘ullanganini e’tirof etadi[2].
O‘rta asrlarning yirik astronomlaridan Ibn Yunus as-Sadafiy (950—1009) olimga nisbatan uning turkiy nasabdan bo‘lganligini anglatuvchi «at-Turkiy» so‘zini ham ishlatadi va o‘z risolalarining birida Amajurlar tomonidan amalga oshirilgan Quyosh va Oyning tutilishi hamda ba’zi sayyoralarni kuzatish tajribalarini bayon etadi. U keltirgan ma’lumotlarga qaraganda, olimlar balandlikda joylashgan to‘rt tomonni kuzatish mumkin bo‘lgan maxsus maskanda ish olib borganlar. Unda kuzatish ishlarida muljallangan ma’lum belgilangan yo‘nalishni ko‘rsatuvchi maxsus uzun tuynuk ham mavjud bo‘lib, bu bino rasadxona vazifasini bajaruvchi zaruriy qulayliklarga ega bo‘lgan. Abdulloh ibn Amajur at-Turkiy, uning o‘g‘li va yordamchisi Muflih ibn Yusuflar Quyosh tutilishini kuzatish jarayonida o‘n ikki daraja va bir darajaning to‘qqizdan birini ko‘rsatib bergan jihozdan foydalanganlar. Jihozdan bir darajaning to‘qqizdan bir qismini aniqlash imkoniyati borligi uning mukammal moslama ekanligidan dalolat beradi. Amajurlar Quyosh, Oy, turg‘un yulduzlar va sayyoralarni kuzatish bilan bog‘liq bo‘lgan tajribalarini asosan Bag‘dod va qisman Sheroz shaharlarida olib borganlar (Olimning ismiga qo‘shib aytiladigan «al-Haraviy», ya’ni «hirotlik» so‘zi u Hirot shahrida ham faoliyat ko‘rsatgan, degan taxminni bildiradi). Yuqoridagi tajribalarni bajarish o‘z mohiyatiga qo‘ra uzoq vaqtni talab etganligi uchun ham ba’zi adabiyotlarda mazkur allomalar uz tajribalari ustida ellik yilga yaqin ishlaganlar, deb ko‘rsatiladi . Ular o‘z tajribalarining natijasi sifatida yuqorvda nomlari zikr etilgan qator astronomik risolalar va jadvallarni ta’lif etganlar. Bu asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelmaganiga qaramasdan, Amajurlarning ikki qo‘lyozma asari xorijiy mamlakatlar kutubxonalarida saqlanadi va ular quyidagilardan iborat.
- «Sayyoralarning tutilishi va bog‘lanishi haqida (astrologik) oldindan aytib berishlar majmuasi» («Javami’ ahkam ad-kusufat val-qiran al-kavakib»). Risola Parij va Leydenda saqlanadi.
- «Taylasan ziji» («Zij at-Taylasan»). Bu qo‘lyozma faqat Parijda saqlanib qolgan. Yuqorvdagi «taylasan» so‘zi arab tilida — bo‘yinni Quyosh nuridan himoya qilish maqsadida salla ustidan yelkagacha tashlab yuriladigan ro‘molni anglatadi. Shu sababdan ba’zi adabiyotlarda muallifning bu risolasi «Ro‘mol ziji» deb tarjima etilgan. Bu zij hozirga qadar o‘rganilmaganligi sababli unga nima maqsadda bunday nom berilganligi aniqlanmagan.
Manbalarda Abdulloh ibn Amajur at-Turkiyning tavallud topgan va vafot etgan yili haqida ma’lumotlar saqlanmagan. Shuning uchun ham uning yashagan davrini IX-X asrlar deb taxmin qilish mumkin.
t.f.n. B. Abduhalimov
[1] Ibn an-Nadim. Kitab al-Fixrist. Tadqiqotchi Rada al-Xayriy al-Mozandaroniy, Bayrut, 1988, 388-bet.
[2] Ibn al-Qiftiy. Ixbar al-ulama bi axbar al-hukama. Qohira, 1908, 149-bet.