Leonid Mlenin. Yuriy Vladimirovich Andropov

2002 yilda Moskva ”Sentrpoligraf” nashriyotida bosilgan “KGB. Davlat Xavfsizligi organlarining raislari” kitobidan bir bob

Bu KGBchilarning jilovini qattiq tut va ularning ishlaringga aralashishiga yo‘l qo‘yma — Yuriy Vladimirovich Andropov ochilib ketgan kamdan-kam hollarda bir narsadan g‘ashi kelsa o‘ziga tobe odamga shunday deb nasihat qilar edi.

Ayni ana shu shovvoz chekistlar o‘zlarining bo‘lg‘uvsi raislarini yurak xastaligiga duchor qilishgan. Bu voqeani uning adashi va KPSS Markazqo‘mida u bilan birga ishlagan Yuriy Vladimirovich Bernov aytib bergan edi: “Men Andropovning qabulxonasiga kirishim bilanoq allanechuk noxush bir holni sezdim. Xonani dori hidi tutib ketgan edi, kabinetdan vrachlar chiqib keldi. Yuriy Vladimirovichning yuragi qattiq xuruj qilayotgan ekan. Unga bir nechta ukol qilishdi. Men Andropovning kabinetiga kirdim. U divanda yotar edi. Ahvoli juda nochor edi”. Ayni o‘sha paytda zo‘r-bazo‘r nafasini rostlab olgan Andropov xodimiga yuqoridagi bama’ni maslahatni bergandi. Boshqa xotirjamroq holatda bo‘lganida u tiliga bunchalik erk bermagan bo‘lishi ham mumkin edi.

Kremldagi oliy rutbalik a’yonlarning hayotini biz ko‘pincha noto‘g‘ri tasavvur qilamiz. KGBning raisi etib tayinlanganiga qadar Yuriy Vladimirovich Andropov KPSS Markazqo‘mining kotibi bo‘lgan va qardosh sotsialistik partiyalar bilan munosabat masalasiga javob bergan. Moskvada Pragadan kelgan oliy maqomli mehmon bor edi. Uni aeroportga kuzatish belgilab qo‘yilgan partiyaviy qoidalarga binoan Siyosiy byuro a’zosi va Markazqo‘m kotibi Andrey Pavlovich Kirilenkoga topshirilgan edi. Biroq bu kishini hech kim xushfe’l va istarasi issiq odam deb ayta olmasdi.

Kimdir nimanidir yaxshi anglamay qolipti – u, hoynahoy, KGBning to‘qqizinchi boshqarmasida xizmat qiluvchi soqchilar zobiti bo‘lsa kerak. U maxsus samolyotning uchib ketadigan vaqtini chalkashtirib yuboribdi. Kirilenko aeroportga yetib borolmayman deb o‘ylabdi va Yuriy Bernovning eslashiga ko‘ra, siyosiy jihatdan juda muhim tadbirni barbod qilgani uchun Andropovga “dag‘al shakl”da dashnom beripti. Eski maydondagi kabinetida o‘tirgan Andropovning o‘zi ham hukumat aeroportidan samolyotning aniq uchib ketish vaqtini bilolmay xunob ekan, darg‘azab Kirilenko esa lahza sayin qo‘ng‘iroq qilib, g‘azablanish darajasini bir baxyadan ko‘taraveripti.

Andropov millionlab sho‘ro odamlari uchun kelgusida mamlakatdagi oliy hokimiyatning rahbari bo‘lib taniladi, unga havas qiladigan, uning izlarini tavof qiladigan bo‘lishadi. Ammo biz hikoya qilayotgan kezlarda esa Andropov Kirilenko uchun shunchaki o‘ziga tobe oddiy bir xodim edi. Xullas, KPSS Markazqo‘mining o‘zidan yuqori turgan kotibi bilan bo‘lgan o‘sha suhbat tufayli Andropov yurak xurujini boshdan kechirishga majbur bo‘ldi.

Gavda tuzilishi Napoleonnikiga o‘xshab ketadigan pakana Andrey Pavlovich naqadar diydasi qattiq, og‘zi shaloq va o‘ziga bino qo‘ygan odam bo‘lganini o‘zingiz tasavvur qilavering. Biroq Brejnevning mehri tushgan Kirilenko jon-jahdi bilan mamlakatda ikkinchi odam o‘rnini egallashga intildi. Biroq miyasidagi og‘ir xastalik uni shaxs sifatida butunlay yemirilishiga olib keldi.

Ammo arzimagan ish bo‘yicha Siyosiy byuro a’zosining o‘shqirgani tom ma’noda uni oyoqdan yiqitgan bo‘lsa, afsonaviy Yuriy Vladimirovich Andropov yurak oldirib qo‘ygan sho‘rpeshona bir odam bo‘lgan ekan-da! Shu odam irodasi temir-metindek mustahkam, atoqli islohotchi hisoblanadimi? Bu epizod Yuriy Andropovni mustaqil bo‘lmagan, boshqalarning fikriga qaram bo‘lgan, o‘ziga unchalik ishonchi komil bo‘lmagan bir odam sifatida ta’riflashga imkon bermaydimi? Bu odam ixtiloflarni chetlab o‘tadigan, amali o‘zidan yuqori bo‘lganlarga gap qaytarishga botina olmaydigan bir odamdek ko‘rinmaydimi?

Yuriy Vladimirovich Andropov 1982 yilning noyabr oyida KPSS Markazqo‘mining Bosh kotibi bo‘lgandan keyin ishdan jo‘natgan birinchi odami Kirilenko bo‘ldi. Kirilenko og‘ir kasal edi va tabiiyki, ishlay olmas edi. Ammo Brejnev o‘z odatiga ko‘ra eski oshnasini xafa qilishni istamay, uni nafaqaga chiqarib yuborishga uncha shoshilgan emasdi. Andropov esa Kirilenkodan ishdan ketish to‘g‘risida ariza yozishni talab qildi. Ammo Kirilenko bunaqa jiddiy hujjatni yozishga qurbi yetmasligidan qo‘rqqani uchun, arizani uning o‘rniga Andropovning o‘zi yozib qo‘yaqoldi. Kirilenko qaltiroq qo‘llari bilan uni ko‘chirib yozdi, xolos.

Botsmanga Qarab tekislan

Yuriy Vladimirovich Andropov 1914 yilning 15 iyunida Stavropol o‘lkasida Nagutskaya bekatida temir yo‘l telegrafchisi oilasida tavallud topgan. Yuriy besh yoshga kirganida otasi vafot etadi. Onasi musiqa muallimasi bo‘lgan. U ham ancha erta – 1927 yilda vafot etgan. Turmush mashaqqatlarini yengib o‘tish yolg‘iz Yuraning zimmasiga tushadi. Andropovning onasi Yevgeniya Karlovnaning familiyasi ruscha emas edi. Uning familiyasi Faynshteyn bo‘lib, bu uning kelib chiqishi jihatidan yahudiy millatiga mansubligi to‘g‘risidagi mish-mishlarga asos bo‘ladi. Yuriy Vladimirovich bilan uchrashganlar hatto uning tashqi qiyofasida ham yahudiylarga xos belgilar bo‘lganini gapirishadi. Ehtimol, ular bu belgilarni ko‘rishni juda-juda istagan bo‘lsalar kerak.

Gorbachyovning yordamchisi Valeriy Ivanovich Boldinning yozishicha, Andropovning odamlar o‘rtasida katta obro‘ga egaligi Mixail Sergeevichning g‘ashini keltirgan. Bir kuni u Boldinga alam bilan degan ekan:

– Andropov mamlakat uchun qanaqa xizmat qilib qo‘ygan ekan? Nima deb o‘ylaysan – dissidentlarni turmalar va jinnixonalarga tashlagan, ko‘pgina odamni mamlakatdan haydagan, KGBning sobiq raisini bizdagi va xorijdagi ommaviy axborot vositalari nima uchun tiriklay yamlamay yutmadi? Sababi shuki, uning yarmi rus, yarmi yahudiy, ular esa o‘z odamlarini birovga xafa qildirib qo‘ymaydi.

Gorbachyovning butun jahon yahudiylarining hamjihatligi haqidagi tasavvuri rus millatchilarining birinchi avlod vakillariga xos bo‘lgan shubha-gumonlarga o‘xshab ketadi. Ular hatto Andropovning urug‘-aymoqlarining ildizlarini sinchiklab o‘rganib kelish uchun uning vataniga maxsus choparlar yuborishgan edi.

Agar Andropov o‘rtoqlarining shubha-gumonlaridan xabardor bo‘lganda o‘zining butun xulq-atvori bilan ularning adashayotganini isbot qilmoq uchun harakat qilar edi. Andropov KGBda “semitizm”ga qarshi faol kurash olib borgan. Bu amalda yahudiylarning xorijga ketishini taqiqlash, yahudiy tili, madaniyati va xalq hayotini o‘rganishga har tomonlama to‘sqinlik qilish, “tub millat”ga mansub bo‘lmagan odamlarning yuqori lavozimlarni ko‘plab egallashi ustidan qattiq nazorat o‘rnatishga olib kelgan. KGBning Beshinchi boshqarmasida dushmanlik ruhidagi sionistik faoliyatga qarshi kurash bo‘yicha bo‘lim tuzilgan.

Yuriy Vladimirovich maktabda Shimoliy Osetiyada – Mozdok shahrida o‘qigan. Bu shahar hozirgi paytda Kavkazdagi voqealar vajidan tez-tez tilga olib turiladi. 1932 yilda Andropov Ribinskdagi suv transporti texnikumiga o‘qishga kiradi. U o‘z arizasida shunday deb yozgan: “Meni yotoq va stipendiya bilan ta’minlashingizni iltimos qilaman, chunki tirikchilik qilishga mablag‘im yo‘q”.

Texnikumda Andropov komsomol faoliga aylanadi – Osoviaxim (Mudofaaga, aviatsion va kimyoviy qurilishga yordam berish jamiyati)ning biletlarini tarqatadi.

Karelo-Fin SSR Kompartiyasi Markazqo‘mining ikkinchi kotibi bo‘lib ishlab yurgan kezlarida – 1950 yilda u sirtdan KPSS Markazqo‘mi qoshidagi Oliy partiya maktabiga imtihon topshiradi. Oliy ma’lumot haqida diplomsiz u o‘zini ancha noqulay his qilgan. Oliy partiya maktabi amaliy faoliyatda ancha katta martabalarga erishgan, lekin durustroq ma’lumoti bo‘lmagan, vaqti g‘oyatda tig‘iz va ochig‘ini aytganda, ba’zan ma’lumot olishga chog‘i ham kelmaydigan xodimlar uchun barpo etilgan edi.

Keyinchalik uning bilimlari juda chuqur va keng ekani to‘g‘risida, ingliz tilini suv qilib ichib yuborgani haqida rivoyatlar to‘qiladi. Ammo bo‘lmagan, yo‘q narsani yo‘q demoq kerak. U KGBning raisi bo‘lganidan keyin ingliz tilini o‘rganishga harchand urinmasin, yoshi o‘tinqirab qolgani uchunmi yoki ish bilan haddan tashqari band ekani vajidanmi, buning iloji bo‘lmagan. Ammo xorijda ishlagani, kitoblar va ma’lumotlarni ko‘p o‘qigani, ziyoli guruhlar bilan tez-tez hamsuhbat bo‘lib turgani qay bir darajada uning muntazam ma’lumotga ega emasligini yashirib kelgan.

Andropov Mozdokda telegrafchi va kinomexanikning yordamchisi bo‘lib ishlagan. Texnikumdan keyin Volga bo‘ylab suzadigan kemalarda xizmat qilish unga nasib etmadi. Lekin keyinchalik u o‘zini volgalik matros deb atashni yoqtirgan, bu bilan u o‘zining kelib chiqishi ishchilar sinfi bilan bog‘liq ekaniga ishora qilmoqchi bo‘lgan. Dengizchi bo‘lish ishtiyoqi unda unchalik ham katta bo‘lmagan ko‘rinadi. Suv transporti texnikumini tugatgach, u o‘sha yerda komsomol qo‘mitasining kotibi bo‘lib qolishni afzal ko‘rgan. O‘zining texnikumdagi o‘qish yillaridan u birgina botsmanni eslashni yoqtirardi. Bu botsman butun komandaning jilovini juda qattiq ushlardi. U o‘ziga xos rahbarning ideali edi.

Beriyadan olingan orden

O‘sha yili, ya’ni 1936 yilda uni V.Volodarskiy zavodiga VLKSM Markazqo‘mi ixtiyoridagi komsomol kotibi qilib o‘tqazishadi. O‘sha kezlarda u yigirma ikki yoshida edi. O‘shandan keyin, agar elchi bo‘lib va KGB raisi bo‘lib ishlaganini hisobga olmasa, umrining oxirigacha komsomol va partiya apparatlarida xizmat qildi. U hech qachon na biron real ishlab chiqarish korxonasiga, na biron mintaqaga rahbarlik qilgan. U sanoatda, qishloq xo‘jaligida va moliya sohasida na bilimga, na tajribaga ega bo‘lgan.

Bu jihatdan uning amal pillapoyalaridan ko‘tarilishi Shelepinning yo‘lini eslatadi – u ham komsomoldan partiyaga, partiyadan KGBga o‘tgan edi. Bunday hayot yo‘lining afzalligi ayon ko‘rinib turipti — bu yo‘lni o‘tgan odam amal sirlarini juda yaxshi biladi. Buning nuqsoni shunda ediki, mamlakat haqidagi hamma bilim ikkinchi manbalardan – kimlarningdir hikoyalaridan, ma’lumotnomalardan, qo‘lida ishlaydigan xodimlarning tahliliy axborotlaridan olinardi. Markazqo‘m kotibi va KGB raisining stoli ustiga har kuni kelib tushadigan minglab sahifa maxfiy hujjatlar bir qaraganda, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar to‘g‘risida tugal ma’lumot beradiganday ko‘rinardi. Lekin, aslida, bunday deb o‘ylash xomxayol edi.

KGBning ichki yozishmalari har qancha oshkora bo‘lmasin, asosiy aqidalar shubha ostiga olinishi mumkin emas edi. Aftidan shuning uchun bo‘lsa kerak, Andropov mamlakat mutlaqo iqtisodiy va siyosiy islohotlarga emas, asosan, tartibni qattiq joriy etishga, intizomni mustahkamlashga, korruptsiyaga qarshi kurashga muhtoj deb astoydil ishonardi.

Tozalash yillarida komsomol yo‘li bilan amal pillapoyalaridan ko‘tarilish ancha tez sodir bo‘lar edi, buning uchun tozalash tegirmonidan omon chiqishning o‘zi kifoya edi. 1957 yilda uni Yaroslavl VLKSM viloyat qo‘mitasining kotibi, yana bir yildan keyin esa birinchi kotibi qilib saylaydilar. 1944 yilning 14 iyulida Beriyaning tavsiyanomasi asosida SSSR Oliy Soveti Prezidiumining “NKVDga qarashli Volgostroyning injener-texnik, ma’muriy-xo‘jalik xodimlari va ishchilarini” “Volga daryosidagi gidrouzellar qurilishida erishgan katta yutuqlari va muvaffaqiyatlari uchun” orden hamda medallar bilan mukofotlash to‘g‘risida farmon chiqadi. GULAG xodimlarining katta guruhiga ordenlar beriladi, ular bilan birga Andropov ham Yaroslavl viloyat komsomol qo‘mitasining sobiq kotibi sifatida orden bilan taqdirlanadi.

1940 yilda uni Petrozavodsk shahriga o‘tkazishadi va Karelo-Fin SSR komsomoli Markazqo‘mining birinchi kotibi qilib saylashadi.

20- va 30-yillarda bu respublika Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiradigan Kareliya avtonom respublikasi edi. Ammo Stalin Finlyandiyaga qarshi urush boshlaganda uning kallasida uzoqqa mo‘ljallangan rejalar paydo bo‘ldi. Agar bu rejalar amalga oshganda va Finlyandiya mag‘lubiyatga uchrab taslim bo‘lganida, uning hududi ancha qisqarib ketardi va aksincha, Kareliyaning hududi ancha kengayardi. Shuning uchun to‘ydan oldin nog‘ora deganlaridek Kareliya ASSRga Karelo-Fin respublikasi deb nom berdilar va uning maqomini avtonom respublikadan ittifoqchi respublika darajasiga ko‘tardilar.

Yangi respublikaga Finlyandiya kompartiyasini barpo etganlardan biri, Kominternning ko‘p yillik xodimi Otto Vilgelmovich Kuusinen rahbar etib tayinlandi. U ko‘p o‘tmay Andropovga homiylik qila boshlaydi. Kuusinen teran ma’lumotli, bosiq va dono odam edi. Va u bilan muloqotda bo‘lish yosh komsomol kotibiga juda ko‘p narsa beradi.

1935 yilda Yuriy Vladimirovich o‘zi o‘qigan texnikumni bitirib chiqqan Nina Ivanovna Yengalichevaga uylanadi. Ular ikki farzand ko‘rishadi, bir qiz (1937 y.) va o‘g‘il (1940 y.).

O‘g‘li tug‘ilgandan keyin ko‘p o‘tmay Andropov yolg‘iz, oilasiz Petrozavodskka ketadi. So‘ng u Nina Ivanovna bilan ajralishadi va ikkinchi marta uylanadi va yangi oilasidan ham ikkita farzand — o‘g‘il va qiz ko‘radi.

Birinchi xotinidan ko‘rgan farzandlarining hayotiga Andropov deyarli qiziqqan emas. O‘tmish haqidagi xotiralarni u uncha xushlamas edi. Uning o‘zi o‘tmish yillarini deyarlik xotirlamas, birorta odam unutib yubormoqchi bo‘lgan narsasini eslatmoqchi bo‘lsa achchig‘i kelardi.

1940 yilda u Petrozavodsk dorilfununiga o‘qishga kiradi, biroq uning o‘qishiga urush xalaqit beradi. Andropovni frontga jo‘natmaydilar – u front orqasida ko‘proq kerak edi – to‘rt yil mobaynida respublika komsomoliga rahbarlik qiladi. Uning rasmiy tarjimai holida “Kareliyada partizan harakatlarida faol ishtirok etdi” deb yozib qo‘yilgan. Bu qatnashish shundan iborat bo‘lganki, u ham xuddi Shelepin kabi boshqalarni partizan otryadlariga jo‘natib turgan.

1944 yilda Andropovni partiya ishiga o‘tkazishadi – u Petrozavodsk shahar qo‘mitasining ikkinchi kotibi bo‘lib ishlay boshlaydi – o‘ttiz yashar inson uchun havas qilsa arzigulik mansab edi bu. Urushdan keyin esa u Karelo-Fin SSR Kompartiyasi Markaziy Komitetining ikkinchi kotibi bo‘lib saylanadi. Bu yerda 1949 yilda boshlangan “Leningrad ishi”ning bir uchi unga ham tegib o‘tadi.

Asosiy arboblar – Markaziy Komitet kotibi Kuznetsov va hukumat boshlig‘ining birinchi muovini Voznesenskiy qamoqqa olingach, davlat xavfsizligi ministrligi leningradlik kadrlarni butun mamlakat bo‘ylab qidira boshladilar. Leningradda xizmat yo‘lini boshlagan partiya xodimlarini dabdabayu as’asa bilan ishdan olishar, partiyadan o‘chirishar va qamashardi. Bo‘ron Petrozavodskni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Lekin Petrozavodskda aynan nimalar ro‘y bergani haqida biladigan odamlar har xil fikrlar aytishadi. Ba’zilarning gapiga qaraganda, tozalashlar vaqtida Andropov o‘zini omon qolishini o‘ylab, partiyadosh o‘rtoqlarini qoralab, balchiqqa bulg‘agan. Boshqalarning gapiga qaraganda, Andropovning o‘zi qattiq ta’qiblar ostida qolgan va uni yana o‘sha Kuusinenning o‘zi qatli omdan olib qolgan.

– Mendagi ma’lumotlarga qaraganda uni “Leningrad ishidan” Kuusinen qutqarib qolgan, — deydi Andropovning sobiq yordamchisi Igor Sinitsin. – Kuusinen uning yuqoriga ko‘tarilishiga ham yordam berib turgan, chunki Yuriy Vladimirovichning istiqbolli odam ekanini ko‘rgan hamda unda o‘sha paytdagi rahbarlarning ko‘pchiligiga xos bo‘lgan kibru havo, manmanlik va dag‘allik yo‘qligini juda qadrlagan.

General-leytenant Vadim Kirpichenkoning yozishicha, Andropov kek saqlamaydigan odam bo‘lgan. Bir kuni Andropov UGBga rais bo‘lib turgan vaqtlarida bir xodimning qanday ishlab yurganini surishtiradi. Bu xodim “Leningrad ishi” avj pallaga ko‘tarilgan paytlarda Andropovning ishi bilan shug‘ullangan va qamash darajasiga yetkazib qo‘ygan ekan. Yuriy Vladimirovich na faqat bu odamni jazolashga harakat qilgan, balki, aksincha, uni nafaqaga jo‘natib, undan qutulish yo‘lini ham tutmagan.

Kek saqlamaslik va bag‘ri kenglik ijobiy sifatlardir. Biroq nima uchun bunaqa qabih ishlarni qilgan, begunoh odamni jinoyatchiga chiqarib qo‘ygan xodimni davlat xavfsizligi apparatida saqlab turmoq kerak edi? Agar chindan-da shu voqea bo‘lgan bo‘lsa, unda bundan chiqadiki, Yuriy Vladimirovich o‘zining Lubyankada o‘tgan salaflarini chin yurakdan qoralamagan ekan-da?

Andropovning Petrozavodskdan Moskvaga — Markazqo‘m apparatiga o‘tishi ham Kuusinenning yordamisiz sodir bo‘lmagan. U bo‘lim qoshidagi bo‘limchada avval inspektor, keyin mudir bo‘ldi. Ammo Stalinning vafoti va Eski maydondagi o‘zgarishlar Andropovning partiyaviy amal pillapoyalaridan ko‘tarilishini to‘xtatdi. Uni tashqi ishlar ministrligiga o‘tqazishadi. Uni Daniyaga elchi qilib jo‘natishni ko‘zlashgan edi, shu vajdan u bir qancha vaqt Tashqi ishlar ministrligining Skandinaviya bo‘limida tajriba orttiradi. Bu ishda unga Andrey Mixaylovich Aleksandrov-Agentov rahbarlik qiladi. Keyinchalik esa bu odam xalqaro ishlar bo‘yicha uning yordamchisi bo‘ldi.

Keyin Andropovni IV Ovro‘pa bo‘limiga o‘tkazishdi – sotsialistik mamlakatlarga tajribali partiya xodimlarini diplomatik ishga yuborishga qaror qilingan edi. Oradan ko‘p o‘tmay u Budapeshtga elchixonaga maslahatchi qilib tayinlanadi. Bir yil o‘tgach esa – 1954 yilda uni Vengriyaga elchi qilib tayinlashadi.

Ruminiyaga Davlat xavfsizligi ministrining kadrlar bo‘yicha sobiq muovini Aleksey Alekseevich Yepishev elchi bo‘lib ketadi. Polshaga Markazqo‘mning sobiq kotibi va Moskva shahar qo‘mitasining sobiq birinchi kotibi Georgiy Mixaylovich Popov jo‘natiladi.

O‘zini tutolmaydigan, o‘zboshimcha Popov Polshada o‘zini anarxistlar to‘dasining komissaridek tutadi, u har qanday arzigan va arzimagan bahona bilan partiya va davlat rahbari Boleslav Berutga dashnomlar beradi. U hatto polyak dehqonlari yerni uning ko‘nglidagidek haydamagani va ekishni ham unga ma’qul tarzda o‘tkazmaganlari uchun ham Berutga qattiq tanbeh beradi, sizdaqa odamni Moskva viloyatida bo‘lsa, loaqal raykom kotibligiga ham olmas edim deb haqorat qiladi.

Bunga chidayolmagan Berut Xrushchevga qo‘ng‘iroq qilib, agar men hatto raykom kotibi bo‘lib ishlashga ham layoqatsiz bo‘lsam, unda meni ishdan ozod qilish masalasini qo‘yishga majburman, deydi. Xrushchev shosha-pisha uni yupatadi va Popov Polshada elchi bo‘lib ishlayotganiga bir yil to‘lmasdanoq chaqirib olinadi. Keyin uni ancha vaqtgacha bir lavozimdan ikkinchi lavozimga o‘tkazib yurishadi va nihoyat, Vladimir shahriga, aviatsion asboblar zavodiga direktor qilib jo‘natishadi.

Andropov elchi sifatida fe’l-atvoriga va qiziqqonligiga ko‘ra o‘zini ancha bama’ni tutadi. Lekin u ham Vengriyada o‘ziga xos bir noib edi, xolos.

Elchixona atrofidagi O‘ttiz tank

“Sovet Ittifoqi va Vengriyadagi 1956 yildagi tanazzul” deb nomlangan kattagina hajmdagi hujjatlar to‘plami olimlar va arxivchilarning jiddiy mehnatining mahsulidir. Bu to‘plam o‘sha kezlardagi Vengriyadagi fojeali voqealarda sovet elchisi qanday rol o‘ynaganini yoritishga yordam beradi.

Uch yil mobaynida elchilik qilish Andropovga o‘z saviyasini oshirish borasida juda ko‘p narsa berdi. U hayotning Yaroslavl va Petrozavodskda bo‘lganiga qaraganda boshqacha bo‘lishi ham mumkinligini ko‘rdi. Budapesht hamisha Ovro‘pa shahri bo‘lib kelgan. O‘z-o‘zicha olganda elchilik hayoti hatto o‘sha yillarda ham bir qadar bo‘lsa-da, huzurbaxsh jihatlarga ega edi. Yana shunisi borki, elchi endigina qirqqa kirgan qirchillama yigit edi.

Ammo Andropov shunday bir fursatda elchi bo‘lib keldiki, Vengriyada sanoatlashtirish jarayoni tezlashtirilgani oqibatida iqtisodiy vaziyat yomonlasha boshlagan edi, dehqonlar ham qishloqni kollektivlashtirish g‘oyasidan qattiq darg‘azab edilar. Vengerlar ularning mamlakatida XX s’ezddan keyin loaqal Sovet Ittifoqida bo‘lganidek tozarish jarayoni yuz bermaganidan norozi edilar, ular mamlakatda rahbariyatning o‘zgarishini, birinchi navbatda, bir o‘zi butun mamlakatning yakka xo‘jayini bo‘lib olgan, hokimi mutlaq Matias Rakoshini olib tashlashni talab qilar edilar, shuningdek, qatag‘on qilinganlarning hammasini oqlashni talab qilardilar. Stalin tomonidan xizmat safariga yuborilgan davlat xavfsizligi ministrligining xodimlari o‘z vaqtida venger do‘stlariga qonli tozalashlarni amalga oshirishda xo‘p yordam bergan edilar.

Elchi Andropov qat’iy ravishda Matias Rakoshini qo‘llab-quvvatladi va avvallari qatli om qilingan Yanosh Kadarning katta siyosatga qaytishini shubha bilan kuzatib bordi. Yanosh Kadarning siyosiy byuro a’zoligiga tiklanishini Andropov “o‘nglarga va safsataboz unsurlarga jiddiy yon berish” deb hisoblagandi.

Kadar urushdan keyin Kompartiya Bosh kotibining muovini va ichki ishlar ministri bo‘lgan edi. Avvaliga u siyosiy sudlov jarayonlarini uyushtirishda ishtirok etdi, biroq keyinchalik soxta ayblov bilan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi. Keyinchalik uni oqlashadi, lekin unda siyosiy ishonchsizlik tamg‘asi saqlanib qoladi. Moskvada qamalgani uchun alamzada Kadarning muxolifat tomoniga o‘tib ketishidan cho‘chir edilar. Hujjatlar tahlil qilinganda ayon ko‘rinadiki, Budapeshtdagi elchixona juda tor doiradagi odamlar bilan muloqotda bo‘lgan. Ular dogmatik liniyaga tarafdor odamlar bo‘lishgan. Ana shu odamlardan olingan ma’lumotlar asosida xulosalar chiqarilgan va ular Moskvaga yetkazib turilgan.

Vengriya rahbarlari siyosiy byuro va hukumat majlislarining mazmunini, mamlakat rahbarlari o‘rtasida bo‘layotgan g‘ayrirasmiy gap-so‘zlar tafsilotini birlari olib, birlari qo‘yib oqizmay-tomizmay Andropovga yetkazib turishgan. Ular imkoniyatdan foydalanib, o‘zlarining siyosiy raqiblari ustidan ayamay mag‘zava ag‘daraverishgan.

Agar Andropov Moskvaga jo‘natib turgan xufiya maktublarni o‘qib ko‘rsangiz, shunday taassurot tug‘iladiki, go‘yo Vengriyaning birdan-bir muammosi bo‘lgan – allaqanday bir hovuch “o‘nglar” mamlakatning tinch hayotiga raxna solmoqda. Ular bir yoqli qilinsa bas, shu bilan siyosiy byuroda yakdillikka erishiladi-qo‘yiladi. Keyin esa qo‘qqisdan xalqning bosh ko‘targani ma’lum bo‘ladi. Xuddi shunga o‘xshash bir narsa ravshan emas – nima uchun xufiya axborotlarda doimiy ravishda Imre Nad degan nom uchrayveradi, nima uchun uning siyosatga qaytishidan hamma xavotirda, u esa baribir, siyosatga qaytmoqda? Elchixona bamisoli Nadning qaytishidan qo‘rqib, taxta bo‘lib qotib qolgan. Faqat ancha o‘tgandan keyin ma’lum bo‘ladiki, u mamlakatdagi eng dongdor siyosatchi ekan va odamlar uni hokimiyat tepasida ko‘rishni istashadi.

Imre Nad o‘rtamiyona siymo emas edi. 1916 yilda — Birinchi jahon urushi vaqtida u ruslarga asir tushadi, inqilobni muborakbod qilib, bolsheviklarga qo‘shilib ketadi. Fuqarolar urushidan keyin uni yashirin ish olib borish uchun Vengriyaga jo‘natishadi. 1930 yilda u Moskvaga qaytadi va bu yerda 15 yil yashaydi. U Kominternning xalqaro agrar institutida va SSSRning Markaziy statistika boshqarmasida ishlaydi. Keyin u 1945 yildan so‘ng Budapeshtga qaytadi, avval ministr bo‘ladi, so‘ng esa hukumatga rahbarlik qiladi. Ammo bir necha muddatdan so‘ng uni “o‘ng og‘machi” sifatida hamma lavozimlardan olib tashlashadi va o‘zini partiyadan o‘chirishadi.

1989 yilning yozida KGB raisi Vladimir Aleksandrovich Kryuchkov Gorbachyovga o‘z idorasining arxividan olingan bir dasta hujjatlarni topshiradi. Ularda aytilishicha, Imre Nad urushdan avvalgi yillarda NKVDning ayg‘oqchisi bo‘lgan ekan. U 1933 yilda yollangan ekan va o‘zining vatandoshlari – Sovet Ittifoqida boshpana topgan mojarlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib turar ekan.

Bu, ehtimol, o‘shanda Nadning o‘zini qutqarib qolgan omil bo‘lgan edi. 1938 yilning martida NKVDning Moskva boshqarmasidagi chekistlar uni ham qamoqqa olishadi. Biroq u qamoqda atigi to‘rt kun o‘tiradi, xolos. Davlat xavfsizligi Bosh boshqarmasining 4-bo‘limi uning yonini oladi va Vengriyaning bo‘lajak bosh ministri qamoqdan ozod qilinadi.

Kryuchkov bu hujjatlarni arxivdan nechuk qidirib topdi ekan? Hujjatlar bilan birga Gorbachyovga qo‘shib yuborilgan maktubda bu to‘g‘rida shunday yozilgan: “Imre Nadni benihoya halol va printsipial, kamtarin va kamsuqum, begunoh qatli om qilingan odam sifatida ko‘tarib, avliyo darajasiga chiqarib qo‘yishmoqda. Nadning nomi tevaragida ko‘tarilayotgan shov-shuvlarda asosiy urg‘u shunga berilyaptiki, go‘yo u “stalinizmga qarshi izchil kurash olib borgan”, “demokratiya va sotsializmni tubdan yangilash tarafdori” bo‘lgan emish. Vengriya matbuotida e’lon qilingan bir qator maqolalarda Sovet Ittifoqi tomonidan ko‘rsatilgan bosim natijasida Nadning aksilinqilobchilik faoliyatda ayblanganiga, o‘limga hukm qilinganiga va qatl etilganiga shama qilinmoqda.

Budapeshtda sovet elchixonasida Andropov bilan birga xizmat qilgan Kryuchkov, aftidan, Imre Nadni jon-jahdi bilan yomon ko‘rgan, undan nafratlangan bo‘lsa kerak. Shuning uchun u maxsus xizmatlarning eng muqaddas qonunini buzib, maxfiy xodimning nomini fosh qilib o‘tiripti. Kryuchkov ko‘p ham hayajonlanaveradigan yoki ehtirosga beriladigan odam bo‘lmagan. Ammo mojarlarga ularning milliy qahramonining avra-astarini ko‘rsatib qo‘yishdan o‘zini tiyib turolgan emas.

Bu hujjatlarni olgan mojar tarixchilari qattiq g‘azablanadilar. Ular buni qalbaki deb, hujjatlar soxtalashtirilgan deb hisoblaydilar. Lekin ularning g‘azabi nojoiz – hujjatlar haqiqiy bo‘lishi kerak. Chunki Kominternning hamma xodimlarini dushman haqida ma’lumot berishga majbur qilishgan. Agar sen xalq dushmanlarini fosh qilishga yordam bermasang qanaqa kommunist bo‘lding? Agar NKVDga yordam bermasang, qanaqa bolsheviksan?

XIV s’ezd minbaridan turib 1926 yildayoq Markaziy nazorat komissiyasi hay’atining a’zosi Sergey Ivanovich Gusev kelgusida o‘zining ham bu qushxonaning qurboni bo‘lajagini xayoliga ham keltirmagan holda shunday degan edi:

– Bir vaqtlar Lenin bizni har bir partiya a’zosi chekaning agenti bo‘lmog‘i kerak, ya’ni hamma narsani kuzatib yurib, ko‘rgan-bilganini yetkazib turmog‘i kerak deb o‘rgatgan edi. Agar biz biror narsadan qisilib, iztirob chekayotgan bo‘lsak, buning boisi chaqimchilikning ko‘payib ketgani emas, aksincha, uning yetishmayotgani, kamyobligidir.

Imre Nadning islohot haqidagi g‘oyalari iqtisodiyotni qayta qurishning butun boshli nazariyasi edi va mojarlar bu nazariyani hayotda amalga oshirishni istardilar. Vengriyada keng ko‘lamli muxolifat shakllandi va bu muxolifat yugoslavlar o‘z iqtisodiyoti va siyosatlarini boshqacha qurishayotganini, polyaklar ham o‘zlarining ichki muammolarini Moskvaning ko‘rsatmasisiz hal qilaboshlaganlarini ko‘rdi.

1956 yilning oktyabrida Imre Nadni partiyaga tikladilar. U endi Polshadagi hodisalardan ilhomlanardi – u yerda 1949 yili o‘ng og‘machilik va millatchilikda ayblanib qamalgan Vladislav Gomulka oqlanib, partiyaga tiklangan edi.

Moskvaning irodasiga xilof o‘laroq Gomulkani Polsha Birlashgan ishchi partiyasi (PORP)ning Markaziy qo‘mitasiga Birinchi kotib qilib saylashadi. Qiziq, Moskvaki Polshadagi bunaqa o‘zgarishlarga rozi bo‘lgan bo‘lsa, ehtimol, Vengriyada ham xuddi shunday ishlarning bo‘lishiga rozilik berar?

Polshadagi voqealar Vengriya voqealariga qaraganda silliqroq va yumshoqroq emas edi. Ishchilar aksilsho‘roviy va aksilsotsialistik shiorlar ko‘tarib, ko‘chalarga chiqishdi. Marshal Konev Moskvadan sho‘ro harbiy qismlarini Varshavaga jo‘natish haqida buyruq oldi. Ammo polyak generallari va, ayniqsa, ichki qo‘shinlar qo‘mondonlari (u yerda sho‘ro odamlari yoxud tarafdorlari kam edi) sovet askarlarini o‘t ochib qarshi olajaklarini aytib, ogohlantirdilar.

Xrushchev aralashmagan ma’qul ekanini ko‘rdi. Stalin qardosh Polshaga xizmat qilib berish uchun 1949 yilda marshal Konstantin Konstantinovich Rokossovskiyni Polshaga jo‘natgan edi. Polyaklar uni PORP Markazqo‘mi Siyosiy byurosidan chiqarishadi va Mudofaa ministri lavozimidan ozod qilishadi. U Moskvaga qaytar ekan, g‘oyatda alamli so‘zlarni aytadi:

– Men hamisha Rossiyada polyak hisoblangandim, Polshada esa hamisha meni rus deb bilishgan.

Polsha voqealarini muhokama qilish uchun Moskvaga vengerlar delegatsiyasini taklif qilishadi, lekin bu yerda birinchi o‘ringa Vengr voqealari chiqib qoladi. Budapeshtda otishmalar boshlanadi, namoyishchilar Stalinning ulkan haykalini ag‘darib tashlashadi.

Elchi Andropov hamma muammolarning bosh sababi – Venger siyosiy byurosining qat’iyatsizligi, uning printsipsizligi, hamma narsada yon beraverishi deb hisoblashda davom etardi. Elchixona mojar xalqi qo‘llab-quvvatlamagan arboblarni qo‘llab-quvvatlardi. Hatto kommunistlar ham sovetcha sotsializm emas, vengercha sotsializm qurishni xohlashlarini baralla ayta boshlagandi.

Elchixona rahbariyat doirasida nimalar bo‘layotganini eng mayda tafsilotlarigacha yaxshi bilardi. Ammo muxolifat rahbarlari nimalar deyayotgani to‘g‘risida elchixona hech qanday axborotga ega emas edi. Shuning uchun ham, mohiyatan olganda, u bir tomonlama axborotlari bilan Moskvani chalg‘itdi.

23 oktyabrdagi avval taqiqlangan, keyin ijozat berilgan studentlar namoyishi hokimiyatga qarshi ommaviy chiqishga aylanib ketdi.

Elchi Andropov Vengriyadagi sovet qo‘shinlarining alohida korpus komandiriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, uni qo‘shinlarni Budapeshtga olib kelishga da’vat etdi. Komandir buning uchun menga mudofaa ministrining buyrug‘i kerak deb javob berdi.

Andropov Moskva bilan bog‘lanadi. Bosh shtabning boshlig‘i marshal Vasiliy Danilovich Sokolovskiy korpus komandiriga xalqaro hukumatlararo aloqa vositasi orqali buyruq beradi. Ular sovet tanklari ko‘rinishi bilanoq hammasi tamom bo‘ladi deb o‘ylashgan edi. Axir, 1953 yilning iyunida Berlinda sovetlarning aralashishi bilan hamma g‘alva barham topgan edi-ku! Nega endi bu gal ham shunday bo‘lmasin?

Lekin vengerlar qarshilik ko‘rsata boshladilar. Ular sovet soldatlariga o‘q uzishdi, tanklar ustiga yonuvchi suyuqliklar solingan shishalar irg‘itishdi.

Sovet qo‘shinlari shaharni tinchita olmadi. Venger armiyasi ularga yordamga kelmadi. Qarshilik ko‘rsatuvchi kurashchilarning soni tobora ko‘payib borardi. qarshilik ko‘rsatuvchi jangchilar soni bir necha ming kishiga yetdi. Qurolsiz namoyishchilarni o‘qqa tutish, ularga qarshi tanklarning to‘plaridan va pulemyotlaridan o‘t ochish, uylarga qarata o‘q otish aksilsho‘roviy kayfiyatlarni yanada kuchaytirdi. Hukumatning boshlig‘i Imre Nad bo‘ldi – bu gal endi xalq talabi bilan shunday bo‘ldi. U poytaxtdan sovet qo‘shinlarini olib chiqib ketishni iltimos qildi.

Moskvada fikrlar bo‘linib ketdi. Xrushchev, biz Komintern zamonida yashayotganimiz yo‘q, qardosh kompartiyalarga qo‘mondonlik qilib bo‘lmaydi, dedi.

Xrushchev Polshada tavakkal qilib Gomulkaga tayanishga ahd qildi. Moskvaga kamroq darajada bo‘ysunsa ham go‘rga, buning o‘rniga mamlakatni qo‘lida ushlab turipti-ku! Vengriyaga nisbatan ham u Imre Nad hukumatini qo‘llab-quvvatlashga va sovet qo‘shinlarini Budapeshtdan olib chiqib ketishga qaror qildi. Tanklar shaharni tark etdi. Xrushchev sotsialistik mamlakatlar bilan munosabatlarda tanazzul boshlanganini tushundi, avvalgi printsiplarni qayta ko‘rib chiqmasa bo‘lmay qoldi.

Ammo qo‘shinlar Budapeshtdan chiqib ketishlari bilanoq olomon poytaxt shahar partiya qo‘mitasining xodimlarini tilka-pora qilib tashladi. Vengriya davlat xavfsizligi xizmati zobitlarini oyoqlaridagi sariq botinkalaridan tanib olishdi – xo‘jalik bo‘limi zobitlarning hammasini bir xil sariq botinkalar bilan ta’minlagan edi. Ularni daraxtlarga boshini pastga qaratib osishdi. Bu Kremldagi kayfiyatni o‘zgartirib yubordi. Ayni shu kunlarda Yaqin Sharqda urush boshlangan edi. Angliya, Frantsiya hamda Isroil yaqindagina Sovet Ittifoqi bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatgan Misrga hujum qilishdi. Misrning mag‘lub bo‘lishi muqarrar edi. Shunday sharoitda Moskva Vengriyada ham yana bir mag‘lubiyatni boshidan kechirishni istamas edi. Buning ustiga AQSh va G‘arb Vengriyani himoya qilmasliklari ma’lum bo‘lib qoldi.

Kremlda Vengriyaga yana qo‘shin kiritishga va bu gal qat’iy harakat qilishga qaror qilindi. Ministrlar Sovetining raisi Nikolay Aleksandrovich Bulganin birinchi bo‘lib, modomiki, hozirgi hukumat o‘zini “noto‘g‘ri” tutayotgan ekan, uning o‘rniga yangi hukumat tuzishni taklif qildi. Rahbar lavozimiga nomzodlar qidira boshladilar. Asosan, ikkita nomzod — Yanosh Kadar va Ichki ishlar ministri Ferents Myunnixlarning nomzodi ko‘rib chiqildi. Ikkovlarini ham sovet qo‘shinlari joylashgan hududga olib kelishdi, so‘ngra samolyotda maxfiy ravishda Moskvaga tanishish uchun olib kelishdi. Kadar ko‘proq ma’qul bo‘ldi va bir necha muddat ikkilanib turgandan so‘ng u hukumatga rahbarlik qilishga rozi bo‘ldi. Budapeshtda esa elchi Andropov g‘azab bilan Imre Nadga Yanosh Kadar hamda Ferents Myunnixlarning g‘oyib bo‘lib qolganiga mutlaqo daxldor emasligini aytdi. Ular sovet qismlari bilan birga qaytib kelishdi va operatsiyaga rahbarlik qilgan marshal Konevning qarorgohida jon saqladilar. Budapeshtga Kadarni sovet bronetransporterida olib borishdi.

Keyinchalik Yugoslaviyaning rahbari Iosip Broz Tito bilan bo‘lgan maxfiy suhbatda Xrushchev shunday dedi:

– Biz Vengriyada kapitalizmning qayta tiklanishiga yo‘l qo‘yib qo‘ya olmaymiz. Negaki, odamlar Stalin davrida bunaqa gaplar yo‘q edi, hozirgilar Stalinni qoralab, hamma narsani boy berib o‘tirishipti, deb gap qilishadi.

O‘zaro oshkora gurunglarda Markazqo‘m hay’atida Xrushchev va boshqalar Vengriya voqealari G‘arbning ishi, G‘arb josuslarining kirdikori deb aytishgan emas. Ular o‘zlariga qarshi xalq isyon ko‘targanini juda yaxshi anglashardi. Endilikda ular suyanishi mumkin bo‘lgan yagona suyanchiq faqat Sovet armiyasiyu, Yanosh Kadar boshchiligidagi bir hovuch mojarlargina edi, xolos. Vengriyaga bostirib kirgan Sovet Armiyasi oltmish ming kishini tashkil qilardi. Vengriya armiyasining ko‘p qismlari qarshilik ko‘rsatishgani yo‘q, ular qarshilik ko‘rsatishning foydasi yo‘qligini bilishardi. Ammo ba’zi bir Vengr qismlari jangga kirishishni ma’qul ko‘rishdi. Minglab isyonchilar ularning safiga qo‘shildi. Ularning bir nechtagina tanklari, arzimagan zambaraklari bo‘lgan. Ular hatto zenit to‘plaridan bitta sovet samolyotini urib ham tushirishgan.

Sovet elchixonasi bino atrofini o‘ttizta tank bilan qurshab olib, o‘zining xavfsizligini ta’minlagan. Budapeshtda boshidan kechingan qo‘rquv tuyg‘usini Andropov va ayniqsa, odamlarning aytishicha, uning xotini uzoq vaqt unutolmay yurishgan.

1 noyabr kuni premer-ministr Imre Nad Varshava shartnomasidan chiqadi va Vengriyaning betarafligini e’lon qiladi. U radio orqali so‘zlab sovet istilosi haqida bayonot beradi.

– Bugun tongda sovet qo‘shinlari bizning poytaxtimizga hujum boshlashdi. Ularning niyatlari ayon ko‘rinib turipti – ular Vengriyaning qonuniy demokratik hukumatini ag‘darib tashlashmoqchi. Bizning qo‘shinlarimiz jang qilyapti, hukumat o‘z postida turipti.

Sovet qo‘shinlari keng ko‘lamda artilleriya va tanklarni ishga solib, qarshilik ko‘rsatayotgan kuchlarni birin-ketin mahv etdilar. Vengriya voqealarida sovet qo‘shinlaridan 60 kishi o‘ldi va 1251 kishi yarador bo‘ldi, Vengrlarning umumiy talafoti esa o‘lganlardan 2652 kishini, yaradorlardan esa 19226 kishini tashkil qildi.

Yanosh Kadarning hukumati namoyish qilib chiqqan shaxtyorlarni o‘qqa tutdi. Ishchi kengashlari faoliyatini taqiqlab qo‘ydi, ularning rahbarlarini hibsga oldi, yozuvchilar va jurnalistlar uyushmasini tarqatib yubordi. Harbiy-dala sudlari tashkil qilindi, ularga sustkashlik qilmay o‘limga hukm qilish huquqi berildi.

Mamlakat ichidan madad topmagan Kadar borgan sari qattiqqo‘lroq bo‘la bordi, bundan Moskva behad xursand edi, holbuki, sho‘roviy o‘rtoqlar dastlab uning qat’iyatini shubha ostiga olishgandi.

Ag‘darilgan Imre Nad, unga sodiq qolgan ministrlar, ularning oila a’zolari Budapeshtdagi Yugoslaviya elchixonasidan boshpana topishdi. Kadar ularning daxlsizligiga kafolat berdi va javobgarlikka tortmaslikka va’da qildi. Shundagina Imre Nad va boshqalar Yugoslaviya elchixonasini tark etishga rozi bo‘lishdi.

Ularning avtobusiga sovet ofitseri chiqdi – u go‘yoki ularning hammasini uy-uylariga olib borib qo‘ymoqchi edi. Avtobusda ikkita yugoslav diplomati ham bor edi. Biroq kutilmaganda avtobus sovet komendaturasi oldida to‘xtadi va ofitser yugoslav diplomatlarini avtobusdan tushib ketishga majbur qildi. Shundan keyin avtobusni sovet bronetransporterlari qurshab oladi. Nadni, uning hamkasabalarini va ularning oila a’zolarini Ruminiyaga jo‘natishadi. U yerda ular avvaliga Ruminiya davlat xavfsizligi xodimlarining nazoratida bo‘ladilar, keyin esa ularni qamoqqa tashlashadi, 1957 yilning 17 aprelida esa ularni Vengriyaga qaytarib yuborishadi. Yanosh Kadar so‘zining ustidan chiqmaydi.

Imre Nad, uning mudofaa ministri Pal Maleter va yana bir necha kishi o‘lim jazosiga hukm qilindilar. Gap-so‘zlarga qaraganda qatl paytida Kadarning o‘zi hozir bo‘lgan emish, keyin u Xrushchevga qo‘ng‘iroq qilib, hukm ijro etilganini ma’lum qilipti. Bu ishda shaxsiy masalalar aralashgan hollar ham bor edi: bir vaqtlar Kadarni turmada juda qattiq qiynashgan. U o‘zi chekkan azob-uqubatlarga Imre Nadni aybdor deb hisoblagan.

Andropovning Vengriyada olgan sabog‘i oddiy edi. U bir narsaga amin bo‘ldi: agar kommunistik partiya mafkuraviy nazoratni bo‘shashtirishga yo‘l qo‘yib bersa, tsenzura zaiflashsa, agar odamlar ko‘nglidagi qo‘rquv yo‘qolsa, partiya juda osonlik bilan mamlakat ustidan hukmronligini yo‘qotib qo‘yadi. Boshqa hech narsa – na iqtisodiy qiyinchiliklar, na turli-tuman qalang‘i-qasang‘ilar, na dushman josuslari partiyaning hukmronligiga putur yetkaza olmaydi. Eng muhimi – erk bermaslik. Sotsialistik tuzumlarning mavjudligini ta’minlab turuvchi mantiq shundaki, qayerdaki jilov jinday bo‘shashtirilsa, o‘sha yerda hokimiyat yemirila boshlaydi.

Saboqning ayovsiz jihati shunda ediki, Andropov hokimiyatni yo‘qotib qo‘yish dardiga chalingan ekan. Jismoniy qiynoqqa olingan olomon davlat xavfsizligi xodimlarini ko‘pincha qanday bartaraf qilganini ko‘rdi. U biron-bir shunga o‘xshagan voqea o‘zining boshiga tushishini istamas edi. Vengriya voqealarini Andropovning xotini juda katta qiyinchiliklar bilan boshidan kechirgan deb hisoblashadi. Uning ayoli tez-tez dardga chalinadigan bo‘lib qoldi va bora-bora Andropov normal oilaviy hayotdan mahrum bo‘ldi. Uning ixtiyorida faqat ishgina ovunchoq bo‘lib qoldi.

Jarroh Proskovya Nikolayevna Moщentsova SSSR sog‘liqni saqlash ministrligi qoshidagi To‘rtinchi Bosh boshqarma tizimida o‘ttiz yildan ortiq xizmat qilgan ekan. U “Kreml xastaxonasining sirlari” degan kitobida tajribalaridan hikoya qilar ekan, Andropovning xotini to‘g‘risida ham yozadi: “U necha martalab asab xastaliklari bo‘limida yotgan va har gal unga ko‘plab ukollar qilishni talab qilardi… U o‘zining har xil betobliklarini o‘ylab topar va narkotikli dorilar berilishini talab qilardi. Tinchlantiruvchi ukollarni pisand qilmasdi, ularga qo‘l siltardi. Aftidan, u yoshlik yillaridan giyohvandlikka o‘rganib qolgandi. Hozir, mening nazarimda, bunga vrachlar aybdor ko‘rinadi. Ular erining nomini eshitishlari bilanoq dag‘-dag‘ qaltirab, xotinning injiqlik bilan qilgan iltimoslarini darrov bajo keltirishga harakat qilishgan. Uni giyohvand moddalarga o‘rgatganlar ham vrachlarning o‘zi bo‘lgan”.

MarkazQO‘m kotibi tungi barlarga Qatnamaydi

1957 yilning bahorida Andropov Moskvaga Vengriyada sotsializmni qutqarib qolgan odamning shuhrati bilan qaytib keldi. Uni Markazqo‘mga ishga olishdi. Markazqo‘mning yaxlit xalqaro bo‘limini ikkiga bo‘lishgan edi.

Kominternning keksa xodimi Boris Nikolayevich Ponomarevga kapitalistik mamlakatlar va rivojlanayotgan mamlakatlardagi kompartiyalarni qoldirishdi. Sotsialistik mamlakatlarning kommunistik va ishchi partiyalari bilan aloqalar bo‘limiga Andropovni boshliq qilib tayinlashdi. Avvaliga hamma ishlar o‘ngidan keldi. Andropovning homiysi Otto Vilgelmovich Kuusinen bu paytga kelib, Moskvaga o‘tgan edi – 1957 yilda Markazqo‘mning Iyun plenumida u Markazqo‘mning kotibi va hay’at a’zosi qilib saylanadi. U Andropovga juda ham mehribonlik bilan qaragan va apparatda mustahkam o‘rnashib olishiga katta yordam bergan. Yangi ishga kelgan odam uchun bunaqa homiylik juda katta ahamiyatga ega edi. Andropovning muammolari keragidan ham ortiqcha edi. Yugoslaviya, Albaniya va ayniqsa, Xitoy bilan munosabatlar tobora yomonlashib borardi. Andropov bu munosabatlarning jinday bo‘lsa-da yaxshilanishiga erisha oldi deb aytish ancha qiyin. Lekin shunisi ham bor ediki, bunaqa hal qiluvchi muhim masalalarda gapning indallosini Nikita Sergeevich Xrushchevning o‘zi aytardi. U esa Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan murosai madora qilsa qilardiki, Xitoy bilan durustroq muomala qilishga bo‘yni yor bermasdi.

Yangi lavozimda Andropov hamkasabalari bilan ixtilofga kirishmaslikka harakat qildi. U juda ko‘p ishlar edi, o‘zining bo‘limi uchun juda bama’ni odamlarni tanladi – ularning ba’zilari keyinchalik akademik bo‘ldi. Georgiy Arkadevich Arbatov va Oleg Timofeevich Bogomolovlar shular jumlasidandir. Uning qo‘lida yuksak mahoratli jurnalist Aleksandr Vitentevich Bovin va atoqli xitoyshunos Lev Petrovich Delyusinlar ishlar edi. Tevaragida bunaqa yuksak intellektual salohiyatga ega bo‘lgan odamlarning mavjudligi beixtiyor Andropovning o‘zining ham o‘z ustida ko‘proq ishlashga undar edi. Ayni shu vajdan Andropov shu kezlarda erkin fikrlaydigan va liberal siyosatchi sifatida shuhrat topdi. O‘sha paytda u bilan birga ishlagan odamlar Andropov ularga tom ma’noda ruhiy erkinlik muhitini yaratib berganini, o‘qtin-o‘qtin ular bilan Markazqo‘m binosida tilga olib bo‘lmaydigan mavzularda gurunglashib turganini mamnuniyat bilan eslashadi. Albatta, ular Yuriy Vladimirovichni baholashda muayyan mubolag‘aga ham yo‘l qo‘yishgan.

Akademik Georgiy Arbatovning hikoya qilishicha, xodimlar Andropovning ish kabinetiga kelib, kostyumlarini yechib qo‘yishar, Yuriy Vladimirovich ruchkani qo‘liga olar va shu tariqa ijodiy ish boshlanib ketar ekan. Andropovga o‘xshash zakiy va qolipga sig‘maydigan vositachi orqali siyosatga aralashish g‘oyatda maroqli edi, deb yozadi Arbatov.

Yuriy Vladimirovich, albatta, Markazqo‘m kotibiyatida ishlaydigan hamkasabalaridan ajralib turardi, ularning ko‘pchiligi dag‘al, qattiqqo‘l va chalasavod partiya kotiblari edi. Ular do‘q-po‘pisalar bilan baqirib-chaqirib ish yuritishga o‘rganib qolgan edilar. Arbatovning fikricha, o‘z maslahatchilari bilan muloqot Andropovga o‘z saviyasini oshirishga, bilimlarini kengaytirishga yordam bergan. Bu muloqotlar, ayni chog‘da, kundalik hayot haqida ma’lumot beruvchi, kutilmagan va ko‘nikilmagan fikrlar hamda baholarga o‘rgatuvchi manba edi. U hatto o‘ziga ma’qul bo‘lishi mumkin bo‘lmagan gaplarni ham sabr-toqat bilan eshitardi. Lekin ko‘pincha u eshitgan gaplarini sharhlamas, indamay qolar, ularga munosabat bildirmas edi. Bu esa ko‘pni ko‘rgan tajribali mansabdorlarga xos xususiyatdir.

Andropov ichmas va chekmasdi, o‘zini bosiq tutardi, baqirib-chaqirmasdi, she’rlar mashq qilib turar, o‘rni kelib qolganda biron behayo so‘zni she’rga qo‘shib yuborishdan ham toymasdi, musiqani yaxshi ko‘rar, durustgina qo‘shiq aytar, xalq qo‘shiqlarini, kazak qo‘shiqlarini ko‘p bilardi. Partiya rahbariyatidagi hamkasabalari bilan yana bir mushtarak jihati bor edi – u ham xokkeyni juda yaxshi ko‘rar, “Dinamo”ning ashaddiy ishqibozi edi.

Uning she’rlari havaskorlik darajasidan ko‘tarilgan emas, lekin bitta she’ri ancha-muncha g‘aroyib. Kunlardan birida Bovin va Arbatov qandaydir munosabat bilan unga tabriknoma yuborishadi. Unda hokimiyat odamni buzishi to‘g‘risida yengil-elpi xavotirlik ham bildirilgan edi. Andropov bunga she’riy javob yozgan.

Bir betamiz deganmiz bir kun

Stol buzar odamni beshak.

Ko‘p laqmalar buni takrorlar.

Ko‘pdan beri sezmaydi mudom –

Asli ahvol buning aksidir:

Stollarni buzar odamlar…

Andropov rahbar bo‘lgan bo‘lim yangi edi, shuning uchun u noyob bir imkoniyatga ega bo‘ldi – o‘z bo‘limiga partiya apparatining maktabini ko‘rmagan odamlarni, ya’ni miyasi aynimagan, masalalarga sog‘lom qaray oladigan yoshlarni tanladi. Odatda Markazqo‘m apparatiga boshqa ishlardan bo‘shagan holda partiya ishida ko‘p yillar ishlagan odamlarni, ya’ni sobiq raykom, gorkom, obkom kotiblarini olishardi. Ulardan intellektual mehnat sohalarida foydalanish ancha qiyin kechardi.

Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi Georgiy Xusroyevich Shaxnazarov ham Andropovning qo‘lida ishlagan edi. Uning yozishicha, Andropov harholda o‘ziga yordamchilarni partiya mansabdorlari safidan tanlab olgan va keyinchalik ular bilan birga KGBga o‘tgan Yuriy Vladimirovich intellektuallar bilan gurunglashib turishni yoqtirardi, ularning bilimlaridan bahramand bo‘lardi, g‘oyalaridan foydalanardi, lekin ular bilan apoq-chapoq bo‘lib ketmasdi, xuddi burjua mutaxassislariday ularni o‘ziga ko‘p ham yaqinlashtiravermasdi. Ishda u partokratlarni afzal ko‘rardi, ularning itlardek vafodorligiga ko‘proq ishonardi. Ma’lum ma’noda Yuriy Vladimirovichning o‘zi quyushqondan chiqib ketavermaydigan bir inson edi. O‘zining vrachi Ivan Sergeevich Klomashovga u shunday degan ekan:

– Ivan Sergeevich, Leninning etagidan mahkam tuting, shunda zamin uzra bemalol odimlaysiz.

Xrushchev davrida, keyin esa, ayniqsa, Brejnev zamonida nutqlar va dokladlar matnlarini yozib beradigan olimlar yuksak qadrlana boshladilar. Bu ishni partiya apparatidagi mansabdorlarga zinhor ishonib bo‘lmas edi, iste’dodli, salohiyatli, qalami o‘tkir odamlarni izlay boshladilar. Andropov, albatta, qo‘lida shunday baquvvat odamlar ishlayotgani bilan ajralib turishini tushunar edi. Unga biror muhim hujjat ustida ishlash topshirilganda, Andropov uning natijasi bilan Xrushchevni ogoh qilib qo‘yardi.

Chindan ham biri biridan go‘zal nutqlar yozib berilardi, lekin afsuslar bo‘lg‘aykim, ularning real hayotga ta’siri deyarli bo‘lmas edi. Nutqlar borgan sari yaxshiroq va go‘zalroq bo‘lib borar, hayotdagi ishlar esa borgan sari yomonroq va bemazaroq bo‘la berardi – o‘sha yillardagi vaziyat ana shunaqa edi. Mehnatlar zoye ketmadi. 1962 yilning noyabrida Xrushchev o‘zi oldinga surgan kadrlarining yana bir guruhini Markazqo‘mning kotibi qilib tayinladi. Ularning orasida Andropov ham bor edi. Apparatda Andropov kutilmagan xavf-xatarlarga chap berishni o‘rgandi va avvalgiga qaraganda yanada ehtiyotkorroq bo‘lib qoldi.

Yuqorida nomi zikr qilingan, Andropovning bo‘limida xizmat qilgan Yuriy Vladimirovich Bernov 1963 yilning avgustida Xrushchev Yugoslaviyaga borganini eslaydi. O‘zi bilan birga u Andropovni, Moskva viloyat partiya qo‘mitasining kotibi Yegorichevni, Leningrad obkomining kotibi Tolstikovni olib ketgan. Kechqurun Xrushchev bilan Tito dam olishga kirib ketishganda, Yugoslaviyada ikkinchi odam hisoblangan Aleksandr Rankovich sovet delegatsiyasini tungi barga taklif qiladi. Andropov qattiq toliqqanini bahona qilib, tungi barga bormaydi. Hoynahoy, u chindan ham toliqqan bo‘lishi mumkin, lekin shu bilan birga, u haddan tashqari ehtiyotkor edi, Markazqo‘m kotibi tungi barlarga bormasligi kerakligini yaxshi bilardi.

Vrachlar Hukmi

Georgiy Shaxnazarov bir qiziq narsani payqagan ekan – Andropov go‘yo o‘zining bo‘ydorligidan xijolat chekayotganday ko‘rinar, hech qachon o‘ziga ishonchi komil odamlar qilgani kabi qaddini g‘oz tutib, ko‘kragini chiqarib yurmas ekan. Biroz yelkasini chiqarib, bukchayibroq yurardi. Lekin bunday qilishiga sabab – tabiatan tortinchoq bo‘lgani emas, balki partiyaviy doiralarda kamtarligini namoyish qilish rasm bo‘lgani uchun shunday qilardi. Bu uning ikkinchi tabiatiga aylanib ketgandi.

Eski maydondagi mansabdor odamlar yurganda qadam tovushlari eshitilmas edi. Ular o‘zlarining butun fe’lu atvorlari va qiyofalari bilan “boshliqlarga ehtiromim cheksiz va ularning har qanday topshiriq va ko‘rsatmalarini sidqidildan bajarishga tayyorman” deb turganday edilar. Aftidan, Andropov ham bundan istisno emas edi. Chunki bunday bo‘lmasa, uning partiyaning amallar silsilasi pillapoyalaridan ko‘tarilishi qiyin bo‘lardi.

Shaxnazarov bir kuni Yuriy Vladimirovich bilan gurunglashib o‘tirishganini eslaydi. To‘satdan Xrushchev bilan bevosita bog‘langan telefon jiringlab qolipti. Shaxnazarov g‘aroyib bir manzaraning guvohi bo‘lipti. Tiyrak, yorqin, suhbati shirin odam birdaniga uning ko‘z o‘ngida komandirning har qanday buyrug‘ini bajarishga tayyor turgan soldatga aylanipti-qolipti. Uning tovushida mutelik va itoatkorlik ohanglari eshitilibdi.

Brejnev Markaziy Komitetga kelgach, ikkinchi kotiblik lavozimi Suslov bilan Kirilenko o‘rtasida talash bo‘lgan. Ular Bosh kotibning yonidan joy olish huquqi uchun kurashganlar va bir-birlaridan vakolatlarni tortib olish bilan shug‘ullanganlar.

Andropov sarosimaga tushib qolgan – bir masalani Suslov bilan muhokama qilib, hal qilib chiqqach, baloga qolmaslik uchun uni Kirilenko bilan ham muhokama qilishga majbur bo‘lgan. Ammo Kirilenko butunlay teskari bir fikrni aytishi ham mumkin edi – unda ularning qay birining buyrug‘ini bajarishni bilmay, Andropov aro yo‘lda qolardi.

GFRdagi sobiq elchi va Markazqo‘mning xalqaro ishlar bo‘yicha sobiq kotibi Valentin Mixaylovich Falin shunday yozadi: “Rahbariyatning boshqa a’zolari o‘rtasida u aql-zakovati jihatidan keskin ajralib turardi, lekin Andropov ikkinchi-uchinchi rollarda yurganida bu narsa unga ko‘p ham yaxshilik keltirmagan”.

Hamkasabalarining andishasiz mulohazalari va surbetlarcha qiliqlari uni hang-mang qilib qo‘yar, u xafa bo‘lar, o‘z qobig‘iga biqinib olishga majbur bo‘lardi. Shu sababdan Siyosiy byuro tarkibiga saylangandan keyin Andropov bilan Siyosiy byuroning boshqa a’zolari o‘rtasidagi munosabat, shuningdek, yetakchi ministrlar bilan munosabat ham juda murakkab tusga ega bo‘lgan edi.

KGBning raisi bo‘lganidan keyin ham u bu dunyoning zo‘rlari o‘rtasida chapdastlik bilan ish yuritishga majbur bo‘ldi. Albatta, KGBning raisi shaxsan Bosh kotibning nomenklaturasida turadigan odam edi, u boshqa hech kimning oldida hisob bermasdi. Ammo ko‘p masalalarni hal qilishda Andropovning Markazqo‘m kotiblariga qaramligi bor edi. U Siyosiy byuroning boshqa a’zolarini ham unutishga o‘ziga izn bermasdi. Uni tezgina yamlamay yutishlari hech gap emas edi.

Hammadan ham mushkuli Suslov va Kirilenko bilan til topishish edi. Ular bir-birlari bilan chiqishmas va ikkovlari ham Andropovni xushlamas edilar. Biri ma’qullagan narsani ikkinchisi ag‘darib tashlashning payidan bo‘lardi. Suslov ta’tilga chiqibmi yoxud betob bo‘libmi kotibiyat majlislarini o‘tkaza olmay qolganida, ularni Kirilenko o‘tkazardi va ba’zan hatto avvallari Suslov ma’qullagan qarorlar yoxud yechimlarni ham bekor qilib yuboraverar edi. Markazqo‘m kotibiyatining majlisida esa hamma asosiy amaliy masalalar, shu jumladan, kadrlar masalasi ham ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan qarorlar qabul qilinardi. Keyinchalik Andropov hamkasabalaridan birortasi bilan munozaraga kirishar ekan, ovozini ko‘tarmasdan, lekin komil ishonch bilan koyishni o‘rganib oldi:

– Men ham davlatning eng keyingi odami emasman.

Xrushchev olib tashlangandan keyin Andropov favqulodda mushkul ahvolga tushib qoldi. Buning ustiga-ustak, o‘sha 1964 yilda uning homiysi Otto Kuusinen vafot etdi. Andropov yakkalanib qoldi. U taqdiri nima bo‘lishini, yangi rahbariyat uni surib qo‘yish-qo‘ymasligini bilmasdi.

Shelepinning baquvvat guruhiga u kirgan emasdi. Hukumatning yangi rahbari Kosigin bilan-ku munosabatlari juda sovuq edi. Mamlakatning bosh mafkurachisi bo‘lib olgan va juda katta salmoqqa ega bo‘lgan Suslov ham Andropovni yoqtirmas edi.

Akademik Aleksandr Nikolayevich Yakovlev shunday hikoya qiladi:

– Men Kanadada elchi bo‘lib turganimda o‘n uch kishini josuslikda ayblab, mamlakatdan chiqarib yuborishdi. O‘shanda Andropov KGBning raisi edi. U Siyosiy byuroda meni ishdan olib tashlashni talab qildi. Mening Markazqo‘mdan ketishimga daxldor bo‘lgan Suslov ancha keskin ohangda dedi: “O‘rtoq Andropov, agar xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, o‘rtoq Yakovlevni Kanadaga elchi qilib KGB tayinlagan emas edi, shekilli”. Andropov taxta bo‘lib qotib qoldi. U Suslovdan qo‘rqar edi. Andropovning muxlislari hisoblaydiki, ularning shefi Brejnev hokimiyat tepasiga kelgandan keyin sodir bo‘layotgan konservativ burilishlardan qattiq xavotirga tushgan. Lekin bunchalik bo‘lmasa kerak. Mabodo u tashvish chekkan bo‘lsa, birinchi navbatda, o‘zini o‘ylab, meni chetga surib qo‘yishmadimikin” deb tashvish chekkan, umuman, uning javobini berib yuborishlaridan qo‘rqqan. U har nima qilib bo‘lsa ham, Brejnevga manzur bo‘lishga harakat qilgan. Georgiy Arbatovning eslashicha, agar boshliqlar tanqid qilsa, Andropovning kayfiyati juda tushib ketar, xatto u o‘zini yo‘qotib ham qo‘yardi. U boshliqlardan qo‘rqar edi. 1965 yilning yanvarida Markazqo‘m hay’atida sovet tashqi siyosati muhokama qilinadi. Sinfiy yondashishning yetishmasligi uchun Andropovning rosa po‘stagini qoqishadi. Uni, ayniqsa, Shelepin bilan Kosigin juda qattiq tanqid qilishadi. Ular tashqi ishlar masalasida juda qattiq pozitsiyada turishardi. Andropov yomonotliqqa chiqib qoldi. Bu kechinmalar unga juda qimmatga tushdi. Uni “gipertonik xastalik, miokard infarkti” degan tashxis bilan Markaziy klinikaga yotqizishadi. Vrachlar Andropovni nogironlikka o‘tkazishni taklif qilishadi, biroq bu siyosiy faoliyatni yig‘ishtirib qo‘yish bilan barobar edi.

Ayni o‘sha kezlarda Andropovni muolaja qilishga yosh vrach Yevgeniy Chazovni olib kelishadi. Keyinchalik u akademik darajasiga ko‘tariladi va SSSR Sog‘liqni saqlash ministrligi qoshidagi To‘rtinchi bosh boshqarmaga, ya’ni Kreml tibbiyotiga rahbarlik qiladi.

Chazov Andropovda na infarkt, na gipertonik xastalik bor, degan to‘xtamga keladi. Og‘ir belgilar – buyrakdagi xastalikning natijasidir. Chazov dorilarni to‘g‘ri tanlay bildi va bir necha kundan keyin kardiogramma joyiga tushib qoldi.

Andropov bir necha oy kasalxonada yotib tuzalib chiqdi va 1967 yilning bahoriga kelib o‘zini butunlay sog‘lom his qildi.

KGBga ishga tayinlanishi uning uchun mutlaqo kutilmagan bir ish bo‘ldi deb yozadi o‘sha paytda Brejnevning yordamchisi bo‘lib ishlagan Aleksandr Agentov. Andropov Brejnevning kabinetidan batamom hang-mang holatda chiqqan. O‘sha chog‘da Aleksandr Agentov Bosh kotibning qabulxonasida ekan. Andropovning ahvolini ko‘rib so‘rapti:

– Xo‘sh, qalay, Yuriy Vladimirovich, tabriklasak bo‘ladimi yoki?..

– Bilmadim, – debdi Andropov. – Faqat shuni bilamanki, meni tarix g‘ildiragi yana bir marta bosib o‘tdi.

Yuriy Vladimirovich chindan ham bu vazifada ishlashni xohlagan bo‘lishi ham mumkin. U yillarda Markazqo‘m kotibligidan KGB raisligiga o‘tish pastroq rutbaga tushish deb hisoblangan. Uning hali xabari yo‘q edi – bu mansab uni mamlakatdagi eng dasti uzun odamlardan biriga aylantiradi va vaqt-soati kelganda uni Bosh kotib o‘rindig‘iga o‘tkazadi. Siyosiy byuro majlisida Brejnev Andropovni KGBning raisi qilib tayinlash to‘g‘risida taklif kiritganda u zo‘r-bazo‘r shunday degan ekan:

– Shu ishni qo‘yaqolsak qanday bo‘larkin? Bu masalalarga mening tishim o‘tmaydi. Bu qiyin ishni o‘zlashtirish men uchun juda og‘ir bo‘ladi.

O‘z-o‘zidan ravshanki, hech kim uning gapini inobatga olmagan. Siyosiy byuroning ko‘pchilik a’zolari bilan Brejnev avvaldan kelishib olgan edi. Qolgan a’zolar “miq” etib gap qaytarishga jur’at qila olmadilar – modomiki, Bosh kotib shunday deb hal qilgandan keyin shunaqa bo‘ladi-da!

Uning sadoqatli yordamchisi Vladimir Aleksandrovich Kryuchkovning so‘zlariga qaraganda, Andropov KGBga rais bo‘lishini unga shu taklifni aytishgan kundagina bilgan. Kryuchkov shunday hisoblaydiki, Brejnev Kosiginning ko‘nglini olish uchun Andropovni Markazqo‘m apparatidan chetlashtirgan.

Hukumat boshlig‘i bilan Andropov o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta murakkab edi. Ular allanechuk bir-birlari bilan shaxsan chiqishmas edi. Ammo eng muhimi shundaki, ular o‘rtasidagi ixtilof aniq sezilib turadigan siyosiy zaminga ega edi. Andropovning yordamchilari Kosigin taklif qilayotgan islohot sur’atlari na faqat og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin, balki ijtimoiy-siyosiy tuzumga ham putur yetkazadi deb uning qulog‘iga quyishdi va u bu gapga ishondi. Boshqacha qilib aytganda, Andropov Kosiginning islohotlaridan cho‘chigan, holbuki, ular juda ham me’yordagi o‘rtamiyona islohotlar edi. Shundoq ekan, qanday qilib, Andropov 1982 yilda Bosh kotib bo‘lgandan keyin jamiyatimizda muhim islohotlar o‘tkazish niyatida edi degan gapga ishonmoq mumkin?

“Bahorning o‘n yetti lahzasi” filmida german razvedkasining boshlig‘i Shellenberg rolini favqulodda zo‘r mahorat bilan ijro etgan Oleg Tabakov keyinchalik gapirib bergan edi. Filmning ko‘rigidan keyin Andropov uni bir chekkaga olib borib shunday depti:

– Oleg, rolni bunaqa ijro etish vijdonsizlikdir.

Biroq Brejnev Andropovni KGB raisligi mansabiga qo‘yar ekan, bu bilan u Kosiginning emas, o‘zining ko‘nglini xush etmoqchi edi. Leonid Ilich odamlarni juda yaxshi tanir edi, u o‘ziga kim sodiq, kim sodiq emasligini yaxshi bilardi.

U eng muhim mansabga o‘ta sadoqatli odamni qo‘ygan edi. Bu tomondan Brejnevga to so‘nggi kunlarigacha hech qanaqa xavf-xatar tahdid solmagan. Lekin shunga qaramay, u har ehtimolga qarshi Andropovning muovinlari qatorida ikkita o‘ziga sodiq va ishonchli odamni saqlab turgan. Bular general Svigun va Sinevlar bo‘lib, Andropovning har bir qadamini Brejnevga yetkazib turishgan. Andropovning Kosiginni yoqtirmasligi esa Brejnevga juda-juda ma’qul edi.

KPSS Markazqo‘mi Siyosiy byurosining sobiq a’zosi Vadim Andreevich Medvedevning yozishicha, Andropov Brejnevga astoydil jonu jahoni bilan xizmat qilgan. U biron odamning, shu jumladan, Kosiginning ham biron mustaqil fikr aytishga urinishlariga mutlaqo yo‘l bergan emas.

KGB raisi

1967 yilning 19 mayida Andropovni Semichastniyning o‘rniga KGBga rais qilib tayinlashadi. Bu lavozimda o‘n besh yil ishladi – to 1982 yilgacha KGB raisi bo‘ldi. Shu tarzda Andropov Lubyanka xo‘jayinlari ichida bu mansabda eng ko‘p ishlagan odam sifatida rekord qo‘ydi. KGBdan ketganda ham ko‘tarilib ketdi, ungacha bu faqat Beriya bilan Shelepingagina nasib etgan edi. Bir oydan keyin Markazqo‘m plenumida uni Siyosiy byuro a’zoligiga nomzod qilib saylashadi. Lavrentiy Pavlovich Beriya va Semen Denisovich Ignatevdan keyin Andropov ana shu yuksak partiyaviy unvonga sazovor bo‘lgan davlat xavfsizligi rahbarlarining birinchisi edi.

Bu Brejnevning tuhfasi edi, Andropov xohlamagan ishga tayinlangani uchun to‘langan badal haqi va ayni chog‘da kelajak uchun avvaldan berilgan avans ham edi. Lubyankada Andropovning o‘zini tutishi benuqson bo‘lgan edi. U Brejnevning sodiq safdoshi edi, biror lahza ham Leonid Ilichning partiya va davlat tuzumiga rahbar bo‘lishi kerakligiga shubha qilishga o‘ziga erk bermagani edi. Xrushchevdan keyin hokimiyatni go‘yo uch kishi bo‘lishib olishganday ko‘rinardi. Brejnev – partiyaning rahbari, Kosigin hukumatning boshlig‘i, Oliy Sovet Podgorniyning qo‘lida. To‘g‘ri, Brejnev mamlakatda juda katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan Kosiginni yo‘qotishga ancha vaqtgacha jur’at qilolmay yurdi, lekin oxir-pirovardida uni ham o‘zining dnepropetrovsklik oshnasi Nikolay Aleksandrovich Tixonov bilan almashtirdi. Brejnev o‘ziga sadoqatli emasday ko‘ringan va davlatga rahbarlik qilishga da’vo qilishi mumkin bo‘lgan hamma odamni asta-sekin bir chekkaga surib qo‘ydi. U Ukraina Kompartiyasi Markazqo‘mining birinchi kotibi Petr Nikolayevich Shelestni, RSFSR hukumatining boshlig‘i Gennadiy Ivanovich Voronovni va Ministrlar Soveti raisining birinchi muovini Dmitriy Stepanovich Polyanskiyni bartaraf qildi. Bahslar, munozaralar vaqtida Andropov hammavaqt Brejnev yoninini olar va boshqalarning ham unga sadoqat bilan ish yuritishlarini qattiq tergab turardi.

O‘sha kezlarda Siyosiy byuro a’zosi bo‘lgan va Moskva viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlagan Viktor Vasilevich Grishin shunday eslaydi:

“Hammasi va hamma narsaga u shubha-gumon bilan ishonqiramay qarar edi. Brejnev yoqtirmagan odamlarga u ham juda salbiy munosabatda bo‘lardi. Yuriy Vladimirovich bu masalada yaqin-yaqinlarda o‘zi ta’zim bajo keltirib yurgan odamlarni ham ayab o‘tirmas, ularni ham bajonu dil cho‘ktirib yuboraverardi. 1970 yil 25 dekabrida u Markazqo‘mga shunday maktub bilan murojaat qilgan:

“So‘nggi paytlarda N.S.Xrushchev nomiga xususiy odamlardan va kapitalistik mamlakatlardan katta miqdorda maktublar va xat-xabarlar kelib turipti. Ularning ko‘p qismini Yangi yil va Rojdestvo bayrami bilan tabriklab yuborilgan otkritkalar tashkil qiladi. Ularning ayrimlarida diniy xarakterga ega bo‘lgan iboralar mavjud, ularda Xrushchev Injil “qahramonlari” bilan qiyoslanadi.

Maktublarning mualliflari N.S.Xrushchevga “tinchlik kurashchisi sifatida va antisemitizm dushmani sifatida” murojaat qilishadi va uning bemorligi munosabati bilan hamdardlik bildirishadi. Bunga o‘xshash xat-xabarlar va maktublar bir tomonlama xarakterga ega ekanini va xorijdagi buzg‘unchi kuchlar tomonidan uyushtirilayotgan bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, N.S.Xrushchev nomiga kelayotgan bunday xat-xabarlar miqdorini cheklash maqsadga muvofiq deb o‘ylayman…”

Bu maktubda allanechuk g‘ayriinsoniy va qabih bir ruh bor. Andropov bu o‘rinda “dushmanlik faoliyati”dan asar ham yo‘qligini juda yaxshi tushunardi. Dunyoning har xil burchaklarida istiqomat qiladigan turli odamlar Xrushchevga maktublar yo‘llashar ekan, nafaqaga jo‘natilgan keksa odamga biron og‘iz iliq gap aytishga, shu bilan uning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilishardi. Bu xat-xabarlar sof insoniy tuyg‘ular ta’sirida yozilgan edi. Ammo Andropov sobiq dohiyga qattiq botadigan biron g‘alamislik qilish imkoniyati paydo bo‘lganidan uni qo‘ldan chiqarmadi. Holbuki, bir vaqtlar Andropov o‘z hamkasabalaridan biri bilan xoli gaplashganida hech kim va hech narsa uni majbur qilmagan bir sharoitda Xrushchev to‘g‘risida zavq-shavq bilan shunday degandi:

– Bu odamni katta harflar bilan yozish kerak bo‘lgan haqiqiy kommunist desa arziydi.

Grishin Andropov to‘g‘risida shunday deb yozadi:

“Andropov garchi pismiq odam bo‘lsa-da, o‘zini kamtar tutar va o‘rtoqlariga diqqat-e’tibor bilan qarardi. Ba’zan haddan ziyod ehtiyotkor bo‘lib ketar edi. Masalan, ishga ketayotgan yoki ishdan qaytayotgan paytlarda har gal har xil yo‘llardan yurgan, mashinalarini tez-tez almashtirib turgan. Unga mutakabbirlik ham begona emas edi – ba’zan manmanlikka berilib ketar, o‘ziga haddan ziyod bino qo‘yib yuborar, dimog‘dorlik holatlari ham sezilardi. L.I.Brejnev bilan juda yaqin edi. Xizmatda ham, uyda ham istagan vaqtda uni huzuriga kira olardi. Hamma masalalar bo‘yicha axborotni va takliflarni unga shaxsan o‘zi aytardi. Ularning ayrimlarigina keyinchalik KPSS Markazqo‘mining Siyosiy byurosida ko‘rilardi”.

Oliy rutbalik amaldorlarning hammasi ish kabinetlarida xufiya ravishda gap-so‘zlarni yozib oladigan apparatlar borligini va telefondagi gap-so‘zlarni nazorat qilinishini bilar edilar va faoliyatlarida buni inobatga olardilar. Shuning uchun ular g‘oyatda ehtiyotkor edilar va kabinetlarida xatarli gaplarni gaplashmas edilar. Eng xavflisi – Bosh kotib haqida biron yomon gap aytish edi. Buning oqibati hamisha ishdan haydalishga olib kelardi.

“Barvixa” sanatoriysida Siyosiy byuro a’zolari uchun maxsus bino qurilgan edi. Bu yerda xizmat qiluvchilar dam olishdagi Siyosiy byuro a’zosi to‘g‘risida bilgan, eshitgan va ko‘rgan narsalarining hammasini, uning o‘zini qanday tutishlari, kimlar bilan uchrashgani, kimga nimalar deganini sanatoriyda ishlaydigan KGB xodimiga oqizmay-tomizmay aytib berishlari kerak edi. Andropov qo‘ltig‘ida semiz papkasi bilan deyarli har kuni Brejnevning huzuriga kelardi. Rasmiy qog‘ozlar Markazqo‘mga umumiy bo‘lim orqali yetib kelardi. Ammo eng muhim materiallar to‘g‘risida Andropov Bosh kotibga shaxsan guvohlarsiz axborot berardi.

Viktor Grishin yozadi:

“O‘ylaymanki, bizning har birimiz to‘g‘rimizda, Siyosiy byuroning har bir a’zosi va a’zolikka nomzod to‘g‘risida, shuningdek, markazda va joylardagi hamma rahbarlar to‘g‘risida KGBda maxsus papkalar bor edi. Taxmin qilish mumkinki, L.I.Brejnevning Siyosiy byuro a’zolari davrasida aytgan bir gapi shu hol bilan bog‘liq edi:

– Sizning har biringiz to‘g‘risida qo‘limda materiallar bor…

Na faqat telefonlargina xufiya tinglanardi. Texnika yordamida KGB partiya va hukumat rahbariyatining hamma a’zolari uylarida va chorbog‘larida nimalar to‘g‘risida gapirishlaridan ogoh bo‘lib turardi. Bir kuni shaxsiy suhbatda Yu.V.Andropov shunday degan edi:

– Telefondagi so‘zlashuvlarni va to‘g‘ri gap-so‘zlarni mening sohamda yosh-yosh qizlar o‘tirib eshitishadi. Ba’zan odamlar gapiradigan gaplarni yoki uylarida ko‘rsatadigan nag‘malarini eshitib, qiz bechoralar qiynalib ketishadi. Axir, bu gap-so‘zlar kechayu kunduz uzluksiz olib boriladi-da.

KGB xodimlarining tasdiqlashiga ko‘ra, partiya apparatida ishlaydigan odamlarning telefondagi gap-so‘zlarini xufiya tinglash va ularning gurunglarini yozib olish KGB xodimlariga man qilingan ekan. Ammo bu taqiqlarga chap berish oson edi – partiya apparati xodimining emas, u gaplashayotgan odamning telefondagi gapi tinglanardi, tamom-vassalom.

Valentin Falin bir kuni unga Andropov qo‘ng‘iroq qilganini va Markaziy Qo‘mitaning xalqaro axborot bo‘limida xizmat qiladigan bir maslahatchini ishdan bo‘shatish kerakligini aytipti. Negaki, KGB uning bir nemis diplomati bilan “shubhali” mazmundagi suhbatini yozib olgan ekan. Bir elchini Andropov xorijga yuborilmaydigan qilib qo‘yipti, chunki u allaqaysi davrada “G‘arbda aqlli odam xor bo‘lmaydi” degan ekan. KGB xodimlari bu gapni yozib olib, Andropovga ko‘rsatishipti va u shu zahotiyoq muayyan qaror qabul qilipti. Hammani qo‘rqitib olgan Andropovning o‘zi ham qo‘rqar edi.

Viktor Grishin yozadi:

“Yuriy Vladimirovichning konservatizmi uning shaxsiy hayotida, fe’l-atvorida ham namoyon bo‘lar edi. U juda pismiq edi, ichimdagini top deb o‘tiraverardi, odamlarga ishonmas edi, har narsadan cho‘chiyverardi. Uning shaxsiy hayoti ham boshqalarning ko‘zidan yashirin kechardi, u xizmatdosh o‘rtoqlari bilan shaxsiy muloqotlarda bo‘lishni istamasdi. Men uni do‘stlar davrasida dasturxon tepasida atigi ikki-uch marta ko‘rganman, xolos. Bu – Yangi yilni kutishda yoki Siyosiy byuro a’zolaridan birortasining tug‘ilgan kunida ro‘y bergan edi. O‘shanda ham bu yig‘inlarga Andropov L.I.Brejnev borsagina borardi”. Yu.V.Andropov bir xil tusda kiyinardi, qishda ham, kuzda ham bir xil uzun qora rangdagi palto ustidan tushmas, tim qora yoxud to‘q havorang kostyum kiyar, to‘q kulrang shlyapani esa hatto issiq yoz kunlari ham yechmasdi. Hokimiyatning uchta yuqori tabaqasida — Siyosiy byuro a’zolari, a’zolikka nomzodlar va Markazqo‘m kotiblari o‘rtasida hech qanaqa shaxsiy munosabatlar yo‘q edi. Partiya rahbarlari o‘rtasida ham amalda hech qanday shaxsiy munosabatlar yo‘q edi. Ular bir-birlarini xushlashmas va o‘z-o‘zidan ayonki, hech kimga ishonishmas edi. Stalin Siyosiy byuro a’zolarining o‘zi ishtirok etmaydigan yig‘ilishlarini yomon ko‘rardi. Bu boradagi hadik – Bosh kotibdan qo‘rqish o‘sha zamonlardan saqlanib qolgan. Agar ish yuzasidan bo‘lmasa, hech kim hech kim bilan uchrashmas edi.

Mixail Sergeevich Gorbachyov Siyosiy byuro a’zosi bo‘lgandan keyin Andropov bilan yonma-yon dala bog‘iga joylashganini yozadi. Bir kuni uni xotini Tatyana Filippovna bilan birga uyiga tushlikka taklif qilipti. Andropov taklifni rad etipti va buni shunday izohlapti:

– Agar men senikiga boradigan bo‘lsam, ertagayoq hammayoqda duv-duv gap bo‘lib ketadi, kim, qachon, kim bilan, nimani muhokama qilishdi? deb rosa chaynashadi. Men senikiga yetib bormasimdanoq Leonid Ilichga yetkazishadi…

General Kirpichenko Andropovning o‘ta ehtiyotkor odam bo‘lganini yozadi. U o‘z vakolati doirasidan chiqib ketyapti degan taassurot tug‘ilmasin uchun Andropov zimmasiga ortiqcha mas’uliyat olmas edi. Sal-pal muhim bo‘lgan har qanday masala bo‘yicha darhol Markazqo‘mga axborot yozardi…

1974 yilda Leningrad viloyat qo‘mitasining birinchi kotibi Grigoriy Vasilevich Romanov ikkinchi qizini uzatadi. To‘y uning dala hovlisida bo‘lib o‘tgan. Lekin oradan ko‘p o‘tmay, butun mamlakat bo‘ylab mish-mishlar tarqadi: to‘y benihoya katta dabdabalar bilan o‘tganmish, hatto bebaho idish-tovoqlar Ermitajdan olingan emish, badmast mehmonlar bebaho servisni chil-chil qilib sindirishganmish… Bu mish-mishlarni ba’zi bir g‘arb radiostantsiyalari yozib olib eshittirishdi. Bularning bari chet elda o‘ziga qarshi uyushtirilgan fitnaning oqibati ekaniga Romanovning ishonchi komil edi.

Partiyaviy-tashkiliy ishlar bo‘limining sobiq xodimi Valeriy Legostayev Romanovning Andropovga yordam so‘rab murojaat qilganini yozadi:

“Radioda amalga oshirilgan bu ish G‘arbdagi maxsus xizmatlarning roziligi va fatvosi bilan qilinganini Andropov tasdiqlagan. Bundan kuzatilgan maqsad SSSRning oliy rutbali rahbariyati tarkibida Leningrad viloyati qo‘mitasining birinchi kotibi egallab turgan mavqega putur yetkazish bo‘lgan.

G.V.Romanov Yu.V.Andropovdan bu to‘g‘rida KGB nomidan rasmiy bayonot berishni iltimos qildi. Bunga Andropov shunday javob berdi:

“Ular bexosdan aksa urib yuborsa ham, biz ularga javob beraveramizmi? Parvo qilma, ishlayver”.

Andropov Romanovni yoqtirar edi. Yuriy Vladimirovich Bosh kotib bo‘lganidan keyin Romanovni Moskvaga o‘tkazadi. Ammo KGBning raisi sifatida u Siyosiy byuro a’zolaridan birining taqdiriga ko‘maklashishni istamadi. Axir, boshqalarda Andropov o‘z guruhini tuzyapti degan taassurot qolishi mumkin edi-da. Agar Brejnevda shunaqa gumon tug‘iladigan bo‘lsa, Andropovga ham Shelepinning ketidan ketishga to‘g‘ri kelardi. U stolidan judo bo‘lardi.

Itni zaHarlamoQ lozim

Andropov KGBga tayinlangandan keyin bir necha kun o‘tgach, Semyon Kuzmich Svigun uning muovini bo‘ldi, Georgiy Karpovich Sinev esa kollegiya a’zosi bo‘ldi. U ayni chog‘da Ikkinchi bosh boshqarmaga rahbarlik ham qilar edi. Bunga qadar esa Sinev Uchinchi boshqarma (harbiy kontrrazvedka)ga rahbarlik qilar edi. Endi unga boshliq etib Vitaliy Vasilevich Fedorchuk tayinlandi. Kadrlar boshqarmasining boshlig‘i etib esa Ukraina Kompartiya Dnepropetrovsk viloyat bo‘limida ikkinchi kotib bo‘lib ishlagan Viktor Mixaylovich Chebrikov tayinlandi. Mohiyatan olganda, Davlat xavfsizligi qo‘mitasining hamma rahbariyatini o‘zgartirishdi. Shu jumladan, To‘qqizinchi boshqarma boshlig‘i (Bosh kotibning shaxsiy soqchilari va Siyosiy byuroning qo‘riqchilari) ham yangilandi.

To‘qqizinchi boshqarmaning boshlig‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bosh kotibga bo‘ysunardi va topshiriqlarni bevosita uning o‘zidan olardi. Agar u o‘zi xohlasa, qilayotgan ishlari to‘g‘risida KGB raisiga axborot berar, xohlamasa – bermasdi.

Andropov boshidanoq komitetda o‘z mavqeini to‘g‘ri qo‘ya oldi. KGBning ellik yilligi munosabati bilan 1967 yilning dekabr oyida ko‘pni ko‘rgan Semyon Kuzmich Svigun yangi raisning uyiga bir yashik konyak jo‘natdi. Uning xotini Tatyana Filippovna konyakni olib kelgan odamga dedi:

– Semyon Kuzmichga aytib qo‘ying, – Yuriy Vladimirovichda bu konyakdan foydalanish imkoniyati yo‘q. Shundoq bo‘lgandan keyin yashikni qaytarib olib ketaverasiz…

Bu gap butun komitetga tarqaladi va raisga boshqa sovg‘a-salom olib kelishmaydi.

Vadim Kirpichenkoning yozishicha, Andropov bilan birga Markaziy Komitetdan uning bir guruh yordamchilari ham komitetga o‘tishadi. Keyinchalik ularga generallik unvonlari beriladi. Bu guruh shaxsan unga juda sadoqatli edi va raisga nisbatan biron g‘alamislik yoki noxayrixohlik pishib kelmayaptimi deb qattiq kuzatardi. U xodimlari bilan gaplashayotganda bexosdan biror boshliqni qattiq koyir edi-da, keyin uning nima deyishini kutib turardi. Hoynahoy, u tevaragida turgan odamlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot olishga ehtiyoj sezgan bo‘lsa kerak.

Yangi rais o‘z tobeinlariga topqirligi bilan ko‘p manzur bo‘ldi. Birinchi bosh boshqarmada xizmat qilgan general Oleg Danilovich Kalugin bitta jiddiy operatsiyani ta’riflab bergan. KGBdagilar amerikaliklarning sovet rezidentining xotinini yollamoqchi bo‘lishayotgani to‘g‘risida xabar olishadi. Bu ayolning jinsiy ishtiyoqlarida odatdagiga xilof g‘aroyib jihatlar bor ekan – u o‘ziga sherik qilib itni tanlagan ekan.

Kengashni Andropovning o‘zi o‘tkazipti. KGB raisi g‘oyatda dadil bir taklifni aytipti – u itni zaharlab o‘ldirishni taklif qilipti. Ammo bizning sovet dorilari itning baquvvat organizmiga ta’sir ko‘rsata olmapti. Dorining kuchi shunga yetiptiki, it falaj bo‘lib qolipti, xolos. Buni ko‘rib, itning egasi – boyagi ayol qattiq qayg‘uripti.

Andropovning KGBga kelib qilgan eng katta ishi shu bo‘ldiki, u bu muassasaning ko‘lamini juda kengaytirdi. Xrushchev zamonida o‘tkazilgan shtatlar qisqartirilishi tufayli yetgan zararlar o‘rnini qopladi, komitetda ishlaydiganlar sonini tikladi va apparatni yanada kengaytirdi. N.S.Xrushchevning chekistlarga va ularning muassasasiga bepisand munosabati tufayli komitetning pinhona hokimiyatidan ancha putur ketgan edi. Andropov Komitetning ana shu hokimiyatini qayta tikladi.

KGB raisining sobiq birinchi muovini Filipp Denisovich Bobkovning kitobidan KGBning mahalliy organlari nima bilan mashg‘ul bo‘lganini bilib olish mumkin. Masalan, biror ayol dam olgani skameykaga o‘tirdi, deylik. U yoniga xorijiy turist kelib o‘tirganidan butunlay bexabar. Uni shu zahotiyoq xorijlik odam bilan muloqotga kirishgan sifatida ro‘yxatga olib qo‘yishadi. Shuning o‘zi bu ayolni ishga olishda cheklovlar qo‘ymoq, uning xorijga chiqishini taqiqlamoq uchun mutlaqo kifoya edi.

Andropovgacha KGB Ministrlar Soveti qoshidagi Davlat qo‘mitasi edi. Andropov kelgandan keyin KGBni hukumatga tobelikdan butunlay xalos etishadi va u jo‘ngina SSSR KGBsi deb atala boshlanadi. Andropov o‘z tobeinlarining moddiy farovonligi to‘g‘risida ham ko‘p g‘amxo‘rlik qilar edi va ular ham buning evaziga bekamu ko‘st sadoqat bilan javob berar edilar. Biroq Komitetning obro‘yi ko‘tarilganidan ular yanada mamnun edilar. Stalin davrida davlat xavfsizligi qilgan yaramas ishlar haqidagi gap-so‘zlar orqada qolib ketdi. Organlar tarixida faqat inqilob shunqori Feliks Edmundovich Dzerjinskiyning yorqin obrazigina qoldi va KGBda xizmat qilish havas qiladigan ishga aylandi. Yuriy Vladimirovich kam nutq so‘zlardi, so‘zlaganda ham bosiqlik bilan shoshmay, sekin gapirardi. Uning tobeinlarining mutlaq ko‘pchiligi o‘z raislarini tirikligida biron marta ham ko‘rishgan emas. Rais ularning tasavvurida osmonning yettinchi qavatida o‘tiradigan buyuklarning buyugi edi.

KGBda xizmat qilish romantik ish bo‘lib ko‘rinardi. Bu yerda ishlaganlar o‘zlarining favqulodda odamlar ekaniga astoydil ishonishar, boshqalarning aqli yetmaydigan yashirin narsalarga, katta sirlarga daxldorliklari vajidan dimog‘lari shishib yurardi. Holbuki, quyi xodimlarga hech qanaqa axborot berilmas, ular hech narsadan voqif qilinmasdi. Boshliqlar qo‘llari ostidagi xodimlarning bevosita bajaradigan ishlaridan tashqari biron narsadan xabardor bo‘lishlarini istamas edilar. Buning evaziga ularga katta maosh to‘lanar, kvartiralar berilar, tansiq oziq-ovqat mahsulotlariga buyurtma olinardi. KGBning poliklinikasi, gospitallari, atelelari, dam olish uylari va sanatoriylari bor edi. Bu sanatoriylarda xodimlar deyarli bepul dam olishardi.

Andropov davrida KGBda generalga xizmat qiladigan lavozimlar juda ham ko‘payib ketdi. Harbiy kontrrazvedkada hamma bo‘lim boshliqlarining lavozimlarini generallar ishlaydigan lavozimga aylantirdilar. Hatto urush yillarida ham bunaqasi bo‘lmagan edi. Andropovning to‘rtta muovini armiya generali bo‘lib qoldi. Bu sarkardalarga beriladigan unvon, urush yillarida ko‘pgina mashhur generallar ham bu unvonga sazovor bo‘lgan emas. Lubyankada esa ardoqli yulduzlarni orqa-oldilariga qaramay ulashaverar edilar.

Andropovning operativ texnika bo‘yicha Nikolay Pavlovich Yemoxonov degan muovini bo‘lar edi. U aloqa qo‘shinlarida xizmat qilgan, 1945 yilda G‘alaba paradida ishtirok etgan, fursati bilan 108 raqamli Ilmiy-tadqiqot institutiga rahbarlik qilgan, texnika fanlari doktori degan ilmiy daraja uchun dissertatsiya yoqlagan, Lenin mukofoti va Davlat mukofotlarining laureati bo‘lgan. Andropov uni 1968 yilda boshqarma boshlig‘i qilib ishga olgan, keyin esa o‘ziga muovin qilib olgan va armiya generali unvonini bergan.

Andropov KGBning mahalliy organlari tarmoqlarini kengaytirdi, mamlakat hayotining hamma tomonlarini qamrab olmoq uchun markaziy apparatda yangi boshqarmalar tashkil qilgan. Lekin u darhol o‘zining nuqtai nazaridan eng muhim bo‘lgan masalani – jamiyatning ma’naviy holati ustidan nazoratni ajratib olgan.

Vengriya tajribasi unga sotsializm uchun xavf mafkuraviy zanglash tufayli yuzaga kelishini doim eslatib turgan.

Andropov yangi lavozimda ishlar ekan, oddiy fuqarolarning nazaridan panada qoladigan ko‘pgina yangi muammolar uning nigohi qarshisida namoyon bo‘ldi. Fuqarolar bu muammolardan faqat Gorbachyov davridagina xabardor bo‘lishadi va ularni, xususan, milliy munosabatlar sohasidagi juda jiddiy problemalarni yaqinda paydo bo‘lgan yangi muammolar deb qabul qiladilar.

GDR razvedkasining o‘sha paytdagi boshlig‘i general-polkovnik Markus Volf Andropov bilan ko‘p martalab uchrashgan edi. Bir gal u Moskvaga yordam so‘rab uchib keldi. U o‘zining agenti Gyunter Giyomni ozod qilish niyatida edi. Shu odam tufayli G‘arbiy Germaniya kantsleri Villi Brandt iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan edi. Buni amalga oshirsa bo‘lardi, lekin buning uchun Moskva Isroilga ketaman deb oyoq tirab turib olgan fizik Sharanskiyning ketishiga ruxsat bermog‘i kerak edi. Ammo buning o‘rniga Sharanskiyni josuslikda ayblab, katta muddatga qamoqqa hukm qilishgan edi. Markus Volf Andropovni bu masalada fikridan qaytarmoqchi bo‘ladi, biroq ko‘radiki, butun Kreml nima uchundir tish-tirnog‘i bilan Sharanskiyga yopishib olgan.

– O‘rtoq Volf, – deydi unga Andropov, – agar biz shundoq bir signal bersak, bu nimalarga olib kelishi mumkinligini nahotki tushunmayotgan bo‘lsangiz? Bu odam josus, lekin bundan ham muhimi shundaki, bu odam – yahudiy. U yahudiylar himoyasi uchun kurash olib bormoqda. Agar biz yahudiylarning haq-huquqlari uchun kurashadigan Sharanskiyni ozod qiladigan bo‘lsak, boshqa xalqlar ham undan ibrat olib, shu yo‘ldan ketishlari mumkin. Navbatdagisi kim bo‘ladi? Nemislarmi? Volga bo‘yimi? Qrim tatarlarimi? Qolmiqlarmi? Chechenlarmi? Agar biz hamma to‘siqlarni olib tashlab, yo‘lni keng ochib qo‘ysak, xalq hamma dardlari va da’volarini dasturxon qilib yoyib tashlaydi. Ular lava kabi ustimizga yopiriladi, unda biz bu lavani to‘xtatib qolishga ojizlik qilib qolamiz.

Beshinchi boshQarma: uning avra-astarini kO‘ring

Andropov Lubyankaga kelgandan keyin bir oy o‘tar-o‘tmas Markazqo‘mga maktub yo‘llaydi. Unda qo‘poruvchi kuchlarning yashirin faoliyati ancha mahobat bilan tasvirlangan. Bu faoliyat yashirin aksilsho‘roviy guruhlar tuzishga millatchilik tamoyillarini alanga oldirishga, cherkov xodimlari va mazhabparastlarning reaktsion faoliyatini jonlantirishga yo‘naltirilgan. Maktubda “bizga yot bo‘lgan mafkuraviy ta’sir ostida sho‘ro fuqarolarining siyosiy jihatdan pishib yetmagan bir qismi o‘rtasida, ayniqsa, ziyolilar bilan yoshlar orasida siyosatga loqaydlik va nigilizm kayfiyatlari shakllanayotgani haqida ogohlantiriladi. Bundan ma’lum va mashhur aksilsho‘roviy unsurlargina foydalanib qo‘ya qolmaydi, balki siyosiy laqmalar va safsatabozlar ham o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanadi. Bu hol bunday odamlarni siyosiy jihatdan zararli xatti-harakatlar qilishga undaydi”. Andropov markazda ham, joylarda ham butun kuchini mafkuraviy buzg‘unchiliklar bilan kurashga safarbar qiladigan bo‘linmalar tuzishda davom etdi.

1967 yilning iyulida KGBning Beshinchi boshqarmasi tuzildi. Boshqarmaning birinchi boshlig‘i KPSS Stavropol o‘lka qo‘mitasining sobiq kotibi tayinlandi, ammo oradan bir yildan oshiqroq vaqt o‘tgach, uning o‘rniga ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan chekist Filipp Denisovich Bobkov keldi.

Georgiy Arbatovning yozishicha, Andropov o‘zining g‘oyasidan juda mamnun bo‘lgan ekan. U shunday depti: endi ziyolilar bilan yangi odamlar shug‘ullanishadi. Ular bama’ni, ishning ko‘zini biladigan odamlar. Shunaqa qilmasak, kontrrazvedka ularga shunchaki josus qilib olsa bo‘ladigan odamlar sifatida qaramoqda. Shunday katta komitetda josuslarni ushlaydigan odamlar baribir, yetishmas edi. Shunga qaramay, ularning ko‘pchiligini bu ishdan xalos etdilar va ular zo‘r ishtiyoq bilan ziyolilarning po‘stagini qoqishga kirishishdi.

Beshinchi boshqarmaning ishi to‘g‘risida menga 1967 yildan Bobkovning qo‘lida ishlagan podpolkovnik Aleksandr Nikolayevich Kichixin batafsil gapirib bergan edi.

– Beshinchi boshqarma qanaqa bo‘limlardan tashkil topgan?

– Ijodkor ziyolilar bilan shug‘ullanadigan bo‘lim bor edi. Men o‘zim millatlararo munosabatlar bo‘limida ishlagan edim. Talabalar va uyushmagan yoshlar bo‘limi. Uyushmagan yoshlarga panklar, xippilar va o‘zimizdan chiqqan dastlabki fashist yoshlar kirardi. Din bo‘limi – eng katta bo‘limlardan biri edi. Shaxsi ma’lum bo‘lmagan odamlar va terroristik niyatlarni o‘ylab yurgan odamlar bilan shug‘ullanuvchi bo‘lim. Bu odamlar, odatda, ishga kirishishdan avval gazetalarning tahririyatlariga do‘q-po‘pisalarga to‘la maktublar yo‘llashadi. Sionizm bilan kurash bo‘limi ham bor edi. Bu bo‘limga boshqarma boshlig‘ining shaxsan o‘zi rahbarlik qilardi. Soljenitsin, Saxarov kabi eng ko‘zga ko‘ringan dissidentlar bilan shug‘ullanadigan bo‘lim ham bor edi. Keyinchalik u mustaqil tizimga aylandi. “Ozodlik” radiostantsiyasiga qarshi, Xalq-Mehnat Ittifoqi (NTS)ga qarshi kurash olib boradigan bo‘lim ham mavjud edi. Yana bir kichkina bo‘limcha bor edi – u sotsialistik mamlakatlardagi hamkasabalarimiz bilan aloqalar masalasiga mas’ul edi.

– Sizning qo‘lingizda qancha odam ishlar edi?

– Men kelganimda ikki yuzga yaqin edi. Bu KGB Markaziy apparatidagi eng kichkina bo‘lim edi. Boshqa bo‘limlarda minglab odamlar ishlar edi. 1980 yildagi Moskva Olimpiadasi arafasida boshqarmada ishlaydiganlarning soni olti yuz kishiga yetib qoldi. Hamma bo‘limlar ham kattalashdi. Agar Olimpiadaga qadar, masalan, sport va sportchilar bilan kichkinagina bo‘limcha shug‘ullangan bo‘lsa, Olimpiada vaqtida bu yo‘nalishga besh yuz kishidan ortiq xodim tashlandi.

KGB va Olimpiada masalasi alohida mavzu. Olimpiadani o‘tkazmoq uchun KGBning Moskva shahar boshqarmasi markaziy apparatdan madad uchun ikki ming odam keldi. Bulardan tashqari yana joylardan to‘qqiz yuz odam, Orlov aloqa bilim yurtidan yana to‘rt yuzdan ortiqroq kursant va o‘qituvchilar yordamga keldi.

Olimpiadadan keyin ko‘pgina zobitlarga ordenlar berildi. Poytaxt boshqarmasining boshlig‘i Alidin Mehnat Qizil Bayroq ordeni va SSSR Davlat mukofoti laureati nishonini oldi.

– Beshinchi boshqarmada kimlar ishlardi? Ular KGBning Markaziy apparatida nimasi bilandir ajralib turarmidi?

– Ha, albatta. Boshqa hamma boshqarmalardan ajralib turardik. Bizda “tilla yoshlar”, har xil aloqalarga ega bo‘lgan kimlarningdir o‘g‘illari yo‘q edi.

— Sizlarning boshqarmangiz unchalik obro‘li emasmidi?

– Orqasida madadkorlari bor yigitlar, asosan, birinchi boshqarmada, razvedkada ko‘p edi, chunki bu ish to‘ppa-to‘g‘ri xorijga olib boradigan eng ishonchli yo‘l edi. Lekin biz o‘z boshqarmamizni boshqalariga qaraganda eng muhimi deb hisoblaymiz.

– Nechuk?

– Beshinchi boshqarma jamiyatda nimalar sodir bo‘layotganini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilar edi. Razvedka xorijiy ishlar bilan shug‘ullanardi. Kontrrazvedkaning ham asosiy e’tibori xorijliklarga, xorijiy josuslarga qaratilgan edi. Faqat bizgina hamma qora ishni bajarar va jamiyatdagi jarayonlarni hamda kayfiyatni o‘rganardik. Biz hayotni personal mashinalarimizning derazasidan qarab yoki xorijiy gazetalar sahifalarini o‘qib o‘rganmas edik. Bizning ishonchimiz komil ediki, jamiyatdagi jarayonlar tahlili mamlakat rahbariyatiga juda-juda zarur, ular shunga qarab to‘g‘ri qarorlar qabul qiladi, mamlakat hayotida nimalarnidir to‘g‘rilashadi.

– Siz bunga chindan ham ishonarmidingiz?

– Har bitta kengashda bizning qulog‘imizga shunday deb quyishar edi. Axir, komitetning ichida uzluksiz ravishda xodimlarni psixiologik jihatdan tarbiyalash ishi davom etardi. Yuqoridan pastgacha va pastdan yuqorigacha. Ya’ni biz bir-birimizning miyalarimizni tozalash bilan ovora edik. Bizning boshqarmamizga Filipp Denisovich Bobkov boshchilik qilardi. U Beshinchi boshqarmaga o‘n besh yil rahbarlik qilgan. Uni KGB raisining muovini etib tayinlashgandan keyin ham, bizning boshqarma ishlariga ko‘z-quloq bo‘lib turishda davom etgan. Ishga qabul qilinadigan har bir yangi odam bilan Bobkovning o‘zi suhbatlashar edi.

– General Bobkov o‘zgacha fikrlaydiganlarga qarshi kurash uchun asosiy mas’ul odam edi.

– Agar Bobkov bo‘lmaganda, bu kurash o‘ttiz yettinchi yillar usulida olib borilgan bo‘lardi. KPSS Markazqo‘midan keladigan va oqizmay-tomizmay bajarilishi kerak bo‘lgan ko‘rsatmalarni u biroz o‘ziga xos tarzda – o‘zgacha fikrlovchilarni mahv etish emas, qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan holda qabul qilardi. Bobkov mening nazarimda o‘z sohasini bekamu ko‘st biladigan yuksak mahoratli mutaxassis. Biroq u tuzum hududlaridan tashqari chiqib ketolmasdi. Bu hudud esa bir tomondan boshliqlarning buyruqlari va ko‘rsatmalari bilan, ikkinchi tomondan, quyidan keladigan axborot bilan belgilanar edi. Men boshqarmada o‘n yil mobaynida qatag‘on qilingan xalqlar bilan shug‘ullanganman. Shuning uchun bir misol keltirmoqchiman. Biz 1969 yildan boshlab KPSS Markazqo‘miga axborotnomalar yozib Volga bo‘yidagi nemislar avtonomiyasini tiklash zarur ekanini uqdirib kelganmiz.

– Bobkovning ketishi bilan nima o‘zgardi?

– Bobkov rais muovini bo‘lib ko‘tarilib ketgandan keyin boshqarmada tanish-bilishchilik orqasida ishga o‘rnashib olgan odamlar ko‘payib ketdi. Ular faqat xorijga ketish bilan aloqador o‘rinlarni egallab olgan edilar. Ijodkor ziyolilar bilan ish olib borish bo‘yicha tuzilgan bo‘lim ham tabiiyki, shunaqa o‘rinlardan biri edi, chunki u yozuvchilar, rassomlar, bastakorlar, artistlar, shuningdek, sportchilar bilan ham birgalikda xorijga borish imkonini berardi. Boshqarmaga uddaburon yigitlar to‘planib qolgandi. Ular biror “gunoh” qilib qo‘ygan rassomning albomini, bukletlarini olib qo‘yib, kerakli odamlarga ulashib chiqardilar. Yoshlar bilan shug‘ullanadigan bo‘lim kerakli bolalarni universitetlarga joylab qo‘yardi. Har yili iyul oyida bo‘limda kerakli odamlar bolalarining ro‘yxati tuzilardi.

– Boshqarma xodimlari mamlakatdagi ahvolni to‘g‘ri tasavvur qilarmidi?

– Bo‘layotgan voqea va hodisalar to‘g‘risida biz haqqoniy axborotga ega edik. Ammo biz Markazqo‘m va Ministrlar Sovetiga ma’lumotnomalar va axborotnomalar jo‘natar ekanmiz, ularni partiya olib borayotgan siyosatga mos shaklga keltirmog‘imiz kerak edi. Masalan, Qrim tatarlari mamlakatning oliy hokimiyati oldiga faollik bilan talablar qo‘yishardi, lekin biz ekstremistik chiqishlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida topshiriq olgandik, ya’ni terroristik aktlarga, transport ishini izdan chiqarishga, iqtisodiyotga zarar yetkazilishiga, ish tashlashlarga yo‘l qo‘ymasligimiz talab qilinardi.

Bu ishlarning hammasini qilganmiz. Ammo biz yaxshi bilar edikki, Qrim tatarlarining masalasi yechilmaguncha ularning harakati barham topmaydi Markazqo‘mga ma’lumotnomalar jo‘natar ekanmiz, biz, albatta, ekstremistlar to‘g‘risida yozar edik, lekin ayni chog‘da masalani hal qilishning siyosiy yo‘llarini ham talab qilar edik. Eski maydonda bizning yozganlarimizni o‘qir edilar, lekin masalani hal qilmasdilar. Biz esa, albatta, og‘zaki shaklda. Qamoqqa olishlar to‘g‘risida ko‘rsatmalar olaverar edik.

– Biroq sizning fikringizcha, o‘z sohasini yaxshi biladigan, hayotdan ham chinakamiga xabardor xodim mamlakatimizdagi ziyolilar yo‘l qo‘ygan nuqson va kamchiliklar bilan qay tarzda kurash olib borardi?

– O‘zingizni komitetning istagan xodimi o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Agar boshliqlar xavfli deb hisoblaydigan narsani siz xavfli deb hisoblamaydigan bo‘lsangiz oddiygina qilib sizni daf qilishadi. Ko‘pgina xodimlar boshliqlarning fikriga moslashib olardi, ular eshitmoqchi bo‘lgan gaplarni aytib ma’lumotnomalar berishardi. Agar general falon yozuvchi yomon deb tursa, men qanday qilib uni yomon demasligim mumkin?

– KGB qayta qurilgandan keyin Beshinchi boshqarmaning faoliyati haqida e’lon qilingan materiallar KGB agentlarining bosh suqmagan joylari qolmaganini ko‘rsatadi. Ular hamma uyushmalar tarkibiga, teatrlarga, kinoga kirib borgan ekanlar. Bu haqiqatan ham shunday edimi?

– Bu muhitdan chiqqan ba’zi bir odamlar biz bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lishardi va komitetdan foydalanib, mamlakat rahbariyatining qulog‘iga juda muhim masalalarni yetkazishga va shu yo‘l bilan hayotimizni bir daraja bo‘lsa-da yaxshilashga harakat qilishardi. Boshqa ba’zi odamlar esa hayotda mavqelarini o‘nglab olishni yoki biron-bir moddiy ne’matlarga erishmoqni ko‘zlardilar. Biz ularning kitoblarini nashr ettirishga, xorijga safar qilishlariga, kvartira olishlariga, telefon qo‘yib berilishiga yordam qilardik.

– Sizlar o‘z agentlaringizga katta haq to‘lardinglarmi?

– Bizning boshqarmamizda pul evaziga ishlaydigan agentlar yo‘q hisobida edi. Biz bilan hamkorlik qiladigan odamlarning pulga muhtojligi yo‘q edi. Ha, endi, yolg‘on bo‘lmasin, ayol agentlarimizga 8-mart kuniga gullar taqdim etardik.

– Haqiqatda Beshinchi boshqarma nima bilan shug‘ullangan? Boshqarma mashhur odamlarning tevaragini o‘zining ayg‘oqchilari bilan qurshab olib, shu tariqa ziyolilarning kayfiyatini kuzatib borardi.

1970 yilning 7 sentyabrida Andropov Markazqo‘mga quyidagi maktubni yo‘llaydi:

“Davlat xavfsizligi Qo‘mitasiga shoir A.Tvardovskiyning kayfiyati to‘g‘risida materiallar kelib tushdi. Bir xususiy suhbatda u shunday degan: “Bugun Stalinni oqlashga harakat qilayotgan har qanday odamga uyat bo‘lishi kerak, chunki bu odamlar nima qilayotganini qalban his qilmaydi. Yo‘q, ular nima qilishayotganini bilishadi, lekin oliymaqom siyosiy mulohazalar bilan o‘zlarini oqlamoqchi bo‘ladilar: siyosiy sharoit shuni talab qilar emish, davlat manfaatlari shuni taqoza etarmish… Bu boradagi g‘ayratlari shu darajada jo‘shib ketadiki, o‘zlari ham o‘zlarining almai-aljai yozganlariga ishona boshlaydi. Mana, ko‘rasiz – yilning oxiriga borib, “Literaturnaya gazeta”da “Novыy mir” jurnali to‘g‘risida sharh bosiladi va unda jurnalning endilikda naqadar mazmundor va qiziqarli bo‘lib qolgani haqida gap sotiladi. Nima, bunaqa gaplarga ishonmaydigan odamlar topiladi deb o‘ylaysizmi? Topiladi. Obuna yanada oshib ketadi. Bizda “oddiy kitobxon” degan iborani qo‘llashni yaxshi ko‘rishadi. Ana shu “oddiy kitobxon” matbuotda bosilgan gapga ishonadi. U o‘nta maqola o‘qib, bizda tsenzura yo‘qligi to‘g‘risida axborot oladi va, o‘n birinchi maqolani o‘qib, bu gapga chippa-chin ishonadi…

Axborot tarzida ma’lum qilinyapti.

Davlat xavfsizligi qo‘mitasining raisi: B.Andropov”.

KGB hujjatlarida varaqalar va aksilsho‘roviy yozuvlar haqidagi ma’lumotlar bilan bir qatorda “hokimiyat obro‘sini to‘kadigan” adabiyot va san’at asarlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chaquvlar ham mavjud. Tagankadagi teatr, Lenkom teatri spektakllari qoralanardi – ularda mazmun tagdor ekani, sovet voqeligini “allegrik” shakllarda masxara qilishga intilish mavjudligi aytilardi. Hatto ayrim odamlarning axloqiy beqarorligi ham kino va teatrlarning ba’zi bir xodimlari uchun juda ardoqli mavzu bo‘lib qolgani KGBning g‘ashini keltirardi.

“Ekranda va sahnada V.I.Lenin obrazining har xil bir-biriga zid tarzda talqin qilinishi ham jiddiy e’tirozlar tug‘dirmay qolmaydi. “Bir sayyorada” degan filmda Lenin rolini artist Smoktunovskiy ijro etadi. Unda Lenin juda g‘aroyib tarzda namoyon bo‘ladi. Bu filmda inqilobchi Lenin yo‘q, aksincha, toliqqan, hayotdan bezgan ziyoli bor”.

“Biz mohiyat e’tibori bilan “Novыy mir” jurnalining siyosiy jihatdan zararli yo‘liga chidab kelmoqdamiz. Buni oqlaydigan hech qanday asos yo‘q. “Yunost” jurnalining tanqid bo‘limi hech kim tomonidan hisobga olinayotgani yo‘q va hech kim bundan zarur xulosalar chiqarayotgani yo‘q. Jurnal sonma-son shubhali mahsulotlarni e’lon qilishda davom etmoqda…”

Bunaqa badiiyatdan mahrum baho berishlar KGBning asosiy vazifasidan naqadar yiroq, to‘g‘rimi? Ammo KGB o‘zining vazifasini ayni shunday deb tushunar edi. Mamlakatda josuslar kam edi, bir hovuch josusni deb shuncha ko‘p odam ishlaydigan ulkan muassasani saqlab turish – bema’nilik edi. Hamma tushunar ediki, partiya apparati va tuzum uchun asosiy xavf so‘z erkinligida.

Andropov Markazqo‘mga “samizdat” (xususiy yo‘l bilan kitob nashr etish) to‘g‘risida axborot beradi: “So‘nggi yillarda yoshlar va ziyolilar o‘rtasida mafkuraviy jihatdan zararli materiallar tarqalmoqda. Ular siyosiy, iqtisodiy, falsafiy asarlardir. Shuningdek, adabiy asarlar, partiya va hukumat idoralariga, sud va prokuratura organlariga ko‘pchilik imzo chekkan maktublar, “shaxsga sig‘inish qurbonlari”ning xotiralaridir.

Shunday bo‘lsa, buning nimasi yomon? Andropov bunday adabiyotning tarqalishi “sovet xalqining tarbiyasiga, ayniqsa, ziyolilar va yoshlarning tarbiyasiga katta zarar yetkazadi” deb isbotlashga urinadi. Xo‘sh, bunga qarshi qanday chora ko‘rmoq kerak? “Samizdat” faoliyatiga daxldor shaxslarning ko‘pchiligi jamoatchilik yordamida profilaktikadan o‘tkazildi, bir qancha ashaddiy mualliflar va sovet davlati hamda ijtimoiy tuzumini qoralovchi hujjatlarni tarqatuvchilar jinoiy javobgarlikka tortildi.

1980 yilning 20 dekabrida Andropov Markazqo‘mga Moskva talabalaridan ba’zi birlari bastakor Jon Lennon xotirasiga bag‘ishlangan miting o‘tkazish niyatida ekani to‘g‘risida axborot beradi. Davlat xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan “bu yig‘inning tashabbuskorlarini topish va voqealar rivoji ustidan nazorat o‘rnatish” bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Beshinchi boshqarmaning ko‘pgina hujjatlari e’lon qilingan. Ularga qarab boshqarma haqiqatda nima bilan shug‘ullangani to‘g‘risida xolisona hukm chiqarish mumkin. Masalan, uning hisobotlaridan birida ma’lum qilinishicha, Beshinchi boshqarma dramaturg Viktor Rozov va faylasuf Yuriy Karyakin ustidan material yiqqan, SSSRning Olimpiya delegatsiyasi tarkibiga 16 ta ayg‘oqchini (e’tibor bering – ayg‘oqchini! Soqchilarni emas, ya’ni sovet sportchilarini xavfsizligini ta’minlaydigan odamlarni emas, ularni xufiyona kuzatib yuradigan odamlarni) qo‘shib qo‘ygan, kompozitor Dmitriy Shostakovich oilasidagi ahvol haqida axborot tayyorlagan va Mixail Jvanetskiy ijodidagi g‘oyaviy jihatdan g‘o‘r holatlar to‘g‘risida materiallar to‘plagan, atoqli olim Sergey Sergeevich Averintsov ustidan ish qo‘zg‘agan, Svyatoslav Nikolayevich Rerix SSSRga kelganida u bilan muloqotda bo‘lgan sovet fuqarolarini tekshiruvdan o‘tkazgan.

Yoshgina sportchi qiz GDR ga musobaqaga borishi kerak ekan, lekin KGB uning xorijga chiqishiga yo‘l qo‘ymapti, chunki bu qiz “biron xorijlik odamga turmushga chiqmoq niyatim bor” degan gapni aytib yuborgan ekan. Beshinchi boshqarma buni ham o‘zining muvaffaqiyatlari qatoriga qo‘shgan ekan.

Boyagi hujjatda bulardan tashqari Gorkiy nomidagi adabiyot institutiga o‘qishga kiradigan abituriyentlar ham tekshirib turilgani aytiladi. Abituriyentni obro‘sizlantiradigan materiallar asosida bir necha kishi kirish imtihonlariga kiritilmagan.

“Nash sovremennik” jurnalida ayg‘oqchilar vositasida muhojir yozuvchi Lev Kopilev to‘g‘risida uning G‘arbdagi aksilsho‘roviy markazlar bilan aloqasini fosh qiluvchi material e’lon qilinganini ham boshqarma o‘zining yutuqlari qatorida sanaydi. Mazkur hisobotdan biz yana shuni bilib olamizki, Beshinchi boshqarmadagi maxsus bo‘lim muhojirotdagi NTS tashkiloti bilan shug‘ullangan.

– Davlat xavfsizligi qo‘mitasi xodimlari o‘rtasida NTS nechog‘lik jiddiy raqib hisoblangan? – Men buni Beshinchi boshqarmaning yana bir sobiq xodimidan so‘radim. U familiyasini oshkor etmasligimni iltimos qildi.

– Ko‘pgina xodimlarimiz boshqarmaning xilvat joylarida ancha-muncha oshkora tarzda “agar KGB NTSni o‘z ayg‘oqchilari bilan to‘ldirib turmaganida, bu tashkilot allaqachon tarqab ketgan bo‘lardi” deb gapirishardi. Holbuki, biror ayg‘oqchini NTSga singdirishdan avval uni kerakli tarzda tayyorlamoq lozim, uni taniqli dissidentga aylantirmoq kerak. Uning biror aksilsho‘roviy hunar ko‘rsatishiga ruxsat bermoq kerak, toki xorijda u chinakam dissident sifatida obro‘ topsin. Bundan tashqari ularning har qaysisi o‘zi bilan xorijga biror arziydigan axborot bilan borishi, xorijliklarni qiziqtira oladigan biron salmoqli g‘oyani o‘rtaga tashlamog‘i talab qilinardi. Bu g‘oya esa, tabiiyki, bizning ijodimizning mahsuli bo‘lardi. Shu tarzda biz o‘zimiz NTSga kadrlar yetishtirib berib turardik va uni intellektual jihatdan oziqlantirardik. Ukrain millatchilari tashkiloti (OUN) masalasida ham ahvol xuddi shunday edi. Agar OUN rahbarlarining ro‘yxati ko‘zdan kechirilsa, ularning salkam yarmi bizning ayg‘oqchilarimiz bo‘lib chiqadi.

– Ammo NTSning men bilan suhbatlashgan rahbarlarining ishonchi komilki, aytaylik, NTSning yashirin qismida KGB ayg‘oqchilari bo‘lgan emas. U yerdagi rahbarlarning hammasi bir-birlarini hatto bolalik chog‘laridan beri tanir ekanlar.

– Rus muhojirlari saflariga bizning ayg‘oqchilar qanaqa murakkab yo‘llar bilan singdirilganini hatto tasavvur ham qila olmaydilar. Odamlar urushdan oldingi yillardayoq jo‘natilgan edi, ular bilan aloqa esa ko‘p yillar o‘tgandan keyingina tiklanardi. Bu paytga kelganda u muhojirlar davrasida allaqachon o‘zlarining odamiga aylanib ketgan bo‘lar va uning muhojirlar ishiga sadoqati hech kimda shubha tug‘dirmasdi.

– Unday bo‘ladigan bo‘lsa, nima uchun KGB uncha xatarli bo‘lmagan bir tashkilotga qarshi kurashda shuncha kuchu shuncha mablag‘ sarfladi?

– NTS yoki OUNga ayg‘oqchilar yuborar ekan, qo‘mita amalda o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatar edi, tegishli bo‘linmalar o‘zlarini o‘zlari ish ko‘lami bilan ta’minlar edilar. Shu tarzda Beshinchi boshqarmaning shtati tobora kengayib borardi. Buning asosiy sababi shunda ediki, biz tomonimizdan yuborilgan ayg‘oqchilar o‘sha NTSga jon ato qilardilar, uni yaqqol sezilib turadigan tashkilotga aylantirar edilar. Binobarin, unga qarshi kurashmoq uchun KGBning ishini kuchaytirish talab qilinardi. To‘g‘risini aytganda, agar qo‘mita mutlaq hokimiyatga ega bo‘lgan yillarda NTSga qarshi kurashga jam bo‘lishib, jiddiy kirishilganda, bir yilning o‘zidayoq NTSni bartaraf qilmoq mumkin edi. Ammo bu tizimni chalajon holda ushlab turish qo‘mita uchun mutlaqo foydasiz edi; bu tashkilotning ikki pullik zarari yo‘q edi, komitet esa borgan sari kengayib, semirib bormoqda edi.

Andropovning fikricha, dushman xorijiy turistlardan josuslik va mafkuraviy qo‘poruvchilik ishlarida foydalanadi. U sovet fuqarolarining xorijga safarini kengaytirishga qarshi edi va muhojirlikka ketishlariga ham e’tiroz bildirardi.

Brejnevning kuyovi Yuriy Mixaylovich Churbanov shunday eslaydi: Odamlarning SSSRdan chiqib ketishi muhokama qilinganda “Leonid Ilich ancha keskin ohangda aytgan ekan: “Kimgaki bizning mamlakatimizda yashash ma’qul emas ekan, mayli, qayerda unga yaxshi bo‘lsa, qo‘yvoring, borib yashayversin”. Leonid Ilich bunaqa odamlarning yo‘liga qandaydir to‘siqlar qo‘yishga qarshi edi. Bu masalada Yuriy Vladimirovich boshqacha fikrda edi, shekilli”.

Lenin komsomoli nomidagi teatrning bosh rejissyori Mark Anatolevich Zaxarov gazetada bosilgan suhbatida teatr bilan Parijga gastrolga borishganini eslaydi. Artistlar Parij ko‘chalarida besh kishidan bo‘lib yurishgan ekan, har qaysi beshlikning o‘z rahbari bo‘lgan ekan. Qaytishlariga taxminan bir haftacha qolganda, Zaxarovning huzuriga artistlarga biriktirilgan KGB xodimi kelipti. U mehmonxonada gaplashishdan bosh tortipti, dushmanlarning maxsus xizmatlari gapimizni eshitib olishlari mumkin deb cho‘chipti. Ular Bulon o‘rmonida ancha vaqt aylanib yurishdi. Chekist bosh rejissyorga Frantsiyada qolishi mumkin bo‘lgan artistlar ro‘yxatini ko‘rsatdi, lekin Zaxarov artistlardan birontasi ham Frantsiyada qolish niyatida emasligini uqdirdi. Oxir-oqibat bosh rejissyor haq bo‘lib chiqdi.

Andropov ham o‘z vaqtida Semichastniy qilganidek, rassom Ivan Sergeevich Glazunovni bee’tibor qoldirmadi. Biroq Glazunov masalasida Andropov qamchi bilan emas, shirin kulcha yordamida harakat qilishni taklif qildi. Bu bilan u Davlat xavfsizlik qo‘mitasining huquqlari doirasidan birmuncha tashqariga chiqqan edi.

Mana uning KPSS Markazqo‘miga yo‘llagan maktubi:

“1957 yildan beri Moskvada I.S.Glazunov degan rassom ijod qiladi. U ijodiy jamoatchilikning har xil tabaqalarida o‘zini har xil tarzda namoyon qildi. Bir tomondan uning tevaragida Glazunovni yuksak iqtidorli deb hisoblovchi shaxslar to‘plangan, ikkinchi tomondan esa uni mutlaqo iste’dodsiz deb hisoblaydigan, tasviriy san’at sohasida meshchanlik didini tiklayotgan odam deb o‘ylaydiganlar yig‘ilgan. Shu bilan birga, G‘arbdagi atoqli jamoat va davlat arboblari uni muntazam ravishda taklif qilib turishadi va unga o‘zlarining portretlarini ishlash bo‘yicha buyurtmalar berib turishadi. Glazunov portretchi rassom sifatida ancha katta shuhratga ega. Finlyandiya prezidenti Kekkonen, Shvetsiya va Laos qirollari, Indira Gandi, Alende, Korvalan va boshqa ko‘pgina odamlarning portretlarini ishlagan. Bir qator davlatlarda uning ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi, bu ko‘rgazmalar to‘g‘risida matbuotda ijobiy fikrlar bildirildi. Sovet muassasalarining topshirig‘i bilan u Vetnam va Chiliga borib kelgan. U yerda ishlangan bir turkum suvratlar maxsus ko‘rgazmalarda namoyish qilinmoqda.

Glazunovning bunday ahvoli, ya’ni xorijda uni bajonu dil qo‘llab-quvvatlashlari, sovet rassomlari muhitida esa cho‘chibroq qabul qilinishi uning san’atkor sifatida shakllanishida va, ayniqsa, uning dunyoqarashini shakllantirishda muayyan qiyinchiliklar tug‘diradi.

Glazunovning siyosiy mavqei unchalik aniq emas. Shubha yo‘qki, uning ijodida ham muayyan kemtikliklar bor. Ko‘pincha u o‘zining chiqishlarida rusparastlik mavqeida turadi, o‘qtin-o‘qtin esa oshkora antisemitlik kayfiyatlariga beriladi. Uning siyosiy qarashlarining aralash-quralashligi nafaqat kishini sergaklantiradi, balki ba’zan undan nafratlantiradi ham. Uning jizzakiligi, hashaki takabburligi ham ijodiy muhitda normal munosabatlar o‘rnatishiga yordam bermaydi.

Ammo shularni bahona qilib, Glazunovni o‘zimizdan uzoqlashtirishimiz ko‘p ham maqsadga muvofiq emas. Uni Rassomlar uyushmasi tomonidan oshkora tan olinmasligi ahvolni yanada murakkablashtirmoqda. Glazunovdagi salbiy sifatlarni chuqurlashtirmoqda va bundan badtarroq tarzda noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yana shuni ham e’tiborga olmoq kerakki, G‘arb vakillari uning ijodini reklama qilish bilan cheklanib qolmay, unga ta’sir qilishga, xususan, Sovet Ittifoqini tark etishga ham undamoqda.

Yuqorida zikr etilgan fikrlar asosida bu rassom tevaragida vujudga kelgan sharoitni diqqat bilan sinchiklab ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq ko‘rinadi. Ehtimol, uni biron-bir salmoqliroq jamoat ishiga jalb qilgan ma’quldir. Xususan, uni Moskvada rus mebeli muzeyini ochish ishiga jalb qilsa ham bo‘ladi. Bunday muzey tashkil qilishni uning o‘zi va tevaragidagi o‘rtoqlari qat’iyat bilan talab qilishmoqda. Masalani ko‘rib chiqishni iltimos qilamiz”.

Juda yaxshi esimda – o‘sha kezlarda RSFSR Yozuvchilar uyushmasining Komsomol prospektidagi hashamatli imoratida Beshinchi boshqarmada xizmat qiladigan polkovnik odamlarni yig‘ib, ziyolilarning ayrim vakillari G‘arbga sotilgani to‘g‘risida gapirib bergan edi. Yozuvchilar polkovnikdan minnatdor bo‘lishdi va uni o‘zaro aloqaga kirishib, hamkorlik qilib turishga chaqirdilar. Ular xato qilmaydigan, to‘g‘ri yozuvchilar edi.

Davlat xavfsizligi qo‘mitasining haddan ziyod semirib ketgan idorasi mamlakatda hammasi bo‘lib nechta dissidentga qarshi kurash olib borgan? Andropovning dissidentlar haqidagi ma’lumotlaridan biri e’lon qilingan. 1976 yilda 851 ta siyosiy mahbus bo‘lgan, ulardan 261 kishi aksilsho‘roviy targ‘ibot uchun o‘tirgan. Mamlakatda 68 ming kishi profilaktoriya qozonidan o‘tkazilgan, ya’ni KGBga chaqirilib, yanagi gal endi tergovchi chaqirajagini aytib ogohlantirilgan. KGB raisining ma’lum qilishicha. 1800 ta aksilsho‘roviy guruh va tashkilotlarning vujudga kelishining oldi olingan. Buni ayg‘oqchilar orqali amalga oshirilgan. Bundan chiqadiki, shaxsan Andropovning o‘zi ham mamlakatda yuz minglab odamlar sovet hokimiyatiga qarshi harakat qilishga tayyor degan fikrdan kelib chiqib ish yuritgan.

Dissidentlarni Jinoiy majmuaning ikki moddasi bo‘yicha qamashgan. 70-modda ancha qattiqroq bo‘lib, u Xrushchev davrida qabul qilingan “aksilsho‘roviy tashviqot va targ‘ibot” deb atalardi. Unda juda shafqatsiz jazolar nazarda tutilgan edi. Bu modda bo‘yicha olti oydan boshlab, yetti yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin edi. Ayblanuvchi bunga qo‘shimcha ravishda yana ikki yildan besh yilgacha surgun jazosini ham olishi mumkin edi. Agar rahmdilroq sudya ro‘para kelib qolsa, u shunchaki jo‘n, oddiy surgun bilan qanoatlanib qo‘yaqolishi ham mumkin edi.

1966 yilda – Brejnev davrida Majmuaga 190-modda qo‘shildi. U biroz yumshoqroq bo‘lib, “Sovet davlat tizimi va ijtimoiy tuzumini atayin qoralovchi yolg‘on-yashiq gaplarni tarqatish” deb ataladi. Unda ko‘zlangan jazo uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 100 so‘mgacha jarimadan iborat edi. Bu modda bo‘yicha istagan odamni jazoga tortish mumkin edi.

70- va 190-moddalar bo‘yicha ayblanuvchilarni chekistlar ekspertizadan o‘tkazishi uchun V.P.Serbskiy nomidagi psixiatriya institutiga jo‘natar edilar. Agar vrachlar KGB vakillarining fikrlariga qo‘shilishsa, ayblanuvchilarni majburiy davolanishga yuborar edilar. KGB uchun biror odamni sovet hokimiyatining dushmani deb e’lon qilish foydaliroq edi. Alohida arxivning sobiq boshlig‘i Anatoliy Prokopenko “Trud” gazetasidagi suhbatida shunday deydi:

“1967 yilda Markazqo‘m nomiga yozilgan maktublarida KGB raisi Andropov, Bosh prokuror Rudenko, ichki ishlar ministri Shchelokov mamlakatda sodir etilgan ijtimoiy xavfli xatti-harakatlarni shunday ta’riflab-tasvirlashganki, buni o‘qib, Siyosiy byuro a’zolari hang-mang bo‘lib qolishgan. Tabiiyki, bu ishlarni qilganlarning hammasi ruhiy xasta odamlar deb ta’riflangan.

Maktub mualliflarining nazarida ular keltirgan bir misol sovet hokimiyatiga qarshi mislsiz dag‘dag‘a bilan chiqishning namunasi bo‘ladi. Bu – Qizil maydonda o‘zini qo‘lbola bomba yordamida portlatib yubormoqchi bo‘lgan Krasenkov degan odam; bu – mavzoleyga kirib olib, Lenin yotgan sarkofagni ikkiga ajratib tashlashiga sal qolgan bir odam; bu – “haqiqat izlash” dardiga chalinib, aqldan ozgan, KGB imorati oldidagi maydonda o‘zini o‘zi yoqib yuborgan. Xullas, jinnixonalar yetishmayapti, jinnixonalar GULAGi oradan ko‘p o‘tmay yana beshta xastaxonaga kengaydi.

1978 yilda oliy partiya rahbariyati Ministrlar Soveti raisi Kosigin boshchiligidagi komissiyaga sovet jamiyatining ruhiy ahvolini o‘rganib chiqish vazifasini topshirdi. Komissiya “so‘nggi yillarda ruhiy xastalarning soni ortib bormoqda” degan xulosaga keladi. Xulosa: odatdagi 80 ta psixiatriya xastaxonalaridan tashqari yana 8 ta maxsus xastaxonalar qurmoq zarur.

Siyosiy jinnishunoslik faqat 1988 yilga kelibgina xotima topdi. Bu paytda Ichki ishlar vazirligi ixtiyoridan Sog‘liqni saqlash ministrligi tasarrufiga turma qabilidagi 16 ta jinnixona o‘tkazildi, 5 tasi bo‘lsa butunlay tugatildi. 800 ming kishiga yaqin bemor zudlik bilan ruhiy xastalar ro‘yxatidan o‘chirildi…

KGBning taklifi bilan Sverdlovsk shahridagi podsho oilasi otib tashlangan uy butunlay buzib tashlandi.

1975 yilning iyulida KGB Markazqo‘mga maxfiy maktub yuboradi: “G‘arbdagi aksilsho‘roviy doiralar tomonidan o‘qtin-o‘qtin podsho Romanovlar oilasi tevaragida turli-tuman targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib turiladi. Shu munosabat bilan Sverdlovsk shahridagi sobiq savdogar Ipatevning xos uyi tez-tez tilga olinadi. Ipatevning uyi hamon shahar markazida turipti… Shaharni rejali qayta qurish tartibida Ipatevning uyini buzib tashlash masalasini ko‘rib chiqish Sverdlovsk viloyat partiya qo‘mitasiga topshirilsa, maqsadga muvofiq ish bo‘lur edi”.

Siyosiy byuro Andropovning taklifiga rozi bo‘ldi va Sverdlovsk obkomining birinchi kotibi Boris Nikolayevich Yeltsin Ipatev uyini buzib tashlash haqida ko‘rsatma oldi.

“Bu sizga pokiza QO‘llar bilan Qilinadigan ish emas”

Shunday mish-mishlar yuradi: agar KGBning rahbari Andropov emas, boshqa odam bo‘lganida mamlakatda yana Stalinnikidan qolishmaydigan darajadagi qatli omlar bo‘lishi muqarrar edi. Bu, albatta, bo‘lmagan gap. Siyosiy byuroning ayrim a’zolari bor ediki, ular biror voqea bo‘lib qolsa, huda-behudaga yanada qattiqroq chora ko‘rishni talab qilaverar edilar. Ammo repressiyalarning ko‘lami va qizg‘inligi bosh kotibning fe’l-atvori bilan belgilanar edi. Brejnev esa ortiqcha qattiqqo‘l bo‘lishni istamaydi. Adib Konstantin Mixaylovich Simonovga Brejnev shunday degan ekan:

– Men hayot ekanman… – Shunday degach, u gapini to‘g‘rilab olipti. – Men shu kabinetning egasi ekanman, qon to‘kilmaydi.

Andropovning o‘rnida unikichalik nozik aql-zakovatga ega bo‘lmagan odam KGBga rais bo‘lib qolganida butun jamiyatni bu qadar keng ko‘lamdagi mafkuraviy nazorat ostiga ola bilmas edi.

Komitetdan o‘lguday qo‘rqishardi. Bu, albatta, bir vaqtlardagidek o‘lim qo‘rquvi emasdi, lekin, baribir, qo‘rquv edi. Hatto partiyaning hukmronligi ham bu qadar qo‘rqinchli emas edi. U komitetga qaraganda ochiqroq edi, partiyaga nimalarnidir tushuntirishga unnab ko‘rsa bo‘lardi. Yashirin hokimiyat bilan esa bahsga kirishish mumkin emas edi. Odamni jinoyatchiga chiqarib qo‘yishardi, biroq buni yashirin hokimiyat qilardi. O‘zingni oqlay desang, e’tiroz bildiray desang, biror narsani aytib o‘zingning haqligingni isbot qilay desang, kimga va qayerga aytishingni bilolmay xunob bo‘larding. KGB hech qachon hech narsani tan olmasdi.

Viktor Grishin o‘z xotiralarida shunday yozadi:

“Davlat xavfsizligi komitetiga kelishi bilan Yu.V.Andropov bu idorada N.S.Xrushchev tomonidan amalga oshirilgan demokratlashtirish va oshkoralik bo‘yicha hamma tadbirlarni bekor qildi. Qo‘mitada Stalin davrida nima mavjud bo‘lgan bo‘lsa. shuning hammasini qayta tikladi (albatta, ommaviy repressiyalardan tashqari). U hamma shaharlar va qishloqlarda davlat xavfsizligi boshqarmalarini qayta tiklashga erishdi. Davlat xavfsizligi xodimlarini ilmiy-tadqiqot institutlariga, mudofaa ahamiyatiga ega bo‘lgan yoxud biron-bir muhimroq qimmatga ega bo‘lgan korxona va muassasalarga joylashtiradigan bo‘ldi. Davlat xavfsizligi organlari temir yo‘l, dengiz va havo transportida yana qayta tiklandi.

Odamlarning yozishmalari, turli idoralarning pochtasi yana tekshiruvdan o‘tkazila boshladi. Korxonalarda, muassasalarda, hatto odamlarning yashash joylarida, “faollar”, “darakchilar” tizimi qayta tiklandi. Oddiy xalq ularni chaqimchilar deb atar edi. Yana telefondagi gap-so‘zlarni xufiya tinglash boshlandi. Ular mahalliy bo‘ladimi, xalqaro bo‘ladimi – buning ahamiyati yo‘q edi.

Andropov bir qarashda o‘z qo‘lida ishlab ketgan Aleksandr Yevgenevich Bobinga yomon munosabatda emas edi. Biroq KGB uning maktubini qo‘lga tushiradi. Bobin unda “butun umrim va iste’dodimni hech narsaga arzimaydigan odamlarga (ya’ni birinchi navbatda bosh kotibga) xizmat qilib o‘tkazishga majbur bo‘lyapman” deb shikoyat qilgan ekan. Yuriy Vladimirovich shosha-pisha maktubni Brejnevga ko‘rsatadi. Bobinni Markazqo‘mdan haydashadi. Andropov esa sobiq xodimiga qasamlar ichib, bu ishga uning daxli yo‘qligini isbot qilmoqchi bo‘lgan.

Bunaqa ishlar faqat bir marta bo‘lgan emas. Men bir odamni bilaman. Uni sababini mutlaqo tushuntirmagan holda Brejnevning huzurida ishdan olishadi va bu bilan ham kifoyalanmay, umuman, sevimli ishi bilan shug‘ullanishni taqiqlab qo‘yishadi. Bu uning uchun dahshatli zarba edi. U bu ishda KGBning qo‘li bor deb gumon qiladi. U Andropovni shaxsan tanir edi, shuning uchun nimaga bunday bo‘lganining sabablarini so‘rab, unga xat yozadi.

Uni kontrrazvedka Bosh boshqarmasining boshlig‘i, rais muovini huzuriga chaqiradi, g‘oyatda xushmuomalalik bilan manzirat qiladi, qo‘llarini qisib ko‘rishadi va tantanavor ohangda shunday deydi:

– Yuriy Vladimirovich sizga aytib qo‘yishimni topshirdi – Komitetning sizga hech qanday da’vosi bo‘lmagan, hozir ham yo‘q va umid qilamizki, bundan keyin ham bo‘lmaydi.

Andropovning vafotidan keyin ma’lum bo‘ladiki, bu ishning sababchisi KGB bo‘lgan: Chernenkoning yordamchisi u odamning delosini topib oladi – KGB tomonidan ochilgan bu delo haddan tashqari semirib, qappayib ketgan ekan. Chekistlar uning odamlarga gapirgan gaplarini yozib olishgan ekan. U chuqur alam bilan “Afg‘onistonga qo‘shin olib kirilishi – jinoyat, Brejnev qarib, miyasi aynib qolipti” degan ekan. Andropov bu gaplarning magnitofondagi yozuvni shaxsan o‘zi eshitib ko‘ripti (u bu ishni tez-tez qilib turar ekan) va uni ishdan haydash to‘g‘risida ko‘rsatma beripti. Keyin esa o‘zlarining bu ishga daxllari yo‘qligini ko‘rsatish uchun rosa o‘yin ko‘rsatishgan ekan”.

Biroq shunaqa ishlarni qila turib Andropov tarixda “erkinlik kushandasi” degan nom bilan qolishni istamagan.

– Bir kuni Markaziy Komitetdan bir guruh artistlar va rejissyorlarni ordenlar bilan mukofotlash to‘g‘risida taqdimnoma keldi. – deb eslaydi uning yordamchisi Igor Sinitsin, – Ro‘yxatda Yuriy Petrovich Lyubimov ham bor edi. Andropov uning familiyasining to‘g‘risiga “yo‘q” deb yozib qo‘yipti. Men hayron bo‘lib dedim: “Yuriy Vladimirovich. Axir, ro‘yxatdan Lyubimovni ayni siz o‘chirib tashlaganingiz darhol ma’lum bo‘ladi-ku?” U shu zahotiyoq “yo‘q” deganni o‘chirib, o‘rniga “roziman” deb yozib qo‘ydi”.

1973 yil aprel plenumida Brejnev ma’ruza matnidan chekinib, shunday degandi:

– KGB Yuriy Vladimirovich rahbarligida Siyosiy byuroga tashqi siyosat borasida juda katta yordam bermoqda. Odatda, KGB to‘g‘risida o‘ylaganlarida, bu tashkilot faqat odamlarni yoqasidan olib qamashni biladi, xolos, deb hisoblashardi. Juda katta xato bu. KGB – bu, birinchi navbatda, juda katta va juda xatarli xorijiy ishdir. Bu ishda qobiliyat kerak, toqat va bardosh talab qilinadi, hamma ham sotmasdan, xiyonat qilmasdan, har xil ne’matlarga uchmasdan ishlay olmaydi. Bu sizga… pokiza qo‘llar bilan qilinadigan ish emas. Bu ishda juda katta matonat va sadoqat kerak.

Shu plenumda Andropovni Brejnev Siyosiy byuro tarkibiga kiritadi. Oltmish yilligida – 1974 yilda uni Sotsialistik Mehnat Qahramonining Oltin medali bilan mukofotlaydi.

Andropov o‘zining boshqa ba’zi bir salaflari kabi bir kun ham armiya xizmatini o‘tamagan edi. 1973 yilning dekabrida unga biryo‘la general-polkovnik unvonini beradilar, uch yildan keyin esa u armiya generali unvonini oladi. Ministrlik lavozimida ishlayotgani uchun u sakkiz yuz so‘m maosh olar edi, unvoni va ko‘p yillik xizmatlari uchun bu maoshiga yana to‘rt yuz so‘m qo‘shib oladigan bo‘lgan. Lekin ochig‘ini aytganda, boshqa Siyosiy byuro a’zolari kabi uning biron narsaga pul xarjlashga ehtiyoji yo‘q edi.

1973 yilda Siyosiy byuro ishlari bo‘yicha uning yangi yordamchisi paydo bo‘ldi. Igor Yeliseevich Sinitsin sobiq razvedka xodimining o‘g‘li edi, lekin o‘zi harbiydan batamom uzoq odam edi.

– Yuriy Vladimirovich o‘sha paytlarda juda baquvvat odamday taassurot qoldirar edi, – deb gapirib bergan edi menga Igor Sinitsin. – U har kuni qirq minut gimnastika bilan shug‘ullanardi. Mashinada yurganida limuzinning bir burchiga kirib, g‘ujanak bo‘lib olmasdi, balki deraza oldidagi o‘rindiqqa o‘tirardi. To‘g‘ri, o‘sha paytdayoq uning yozuv stoli ustida ikki xil sharbat va buyragi xasta odamlar ichadigan Truskovets mineral suvi turardi. Yordamchilari uning buyragi ancha qiynab turishini bilishardi, lekin Andropov dard chekishini sira oshkor qilmasdi.

Uning ish grafigi juda tig‘iz edi. U ertalab soat to‘qqizda ishga kelar va kechqurun to‘qqizda ishdan ketardi. Kunduzi u bir soat dam olardi, keyin tushlik qilardi, so‘ngra ish kabinetiga qaytardi. Ish kabinetini shoshilinch qog‘ozlar haqida Brejnevga ma’lumot berish uchungina, shuningdek, Yasenevodagi razvedka binosiga borib kelmoq yoki kasalxonaga borib muolaja olib kelmoq uchungina tark etar edi. Shanba kunlari soat o‘n birdan kechqurun oltigacha ishlar, hatto yakshanba kunlari ham kunduzi kelib, bir necha soat…

Uning o‘ziga erk berib, mashg‘ul bo‘ladigan birdan-bir narsasi – har kungi kechki piyoda sayrlar edi – uning shaxsiy vrachi har kuni o‘n ming qadam yurib turishni tavsiya etgan edi. Ta’tilga chiqqanida esa ikki haftani Qrimda, ikki haftani Mineralniye Vodida o‘tkazardi.

– Uning ahvoli 1979 yilning oxirlariga borib birdan juda yomonlashib ketdi. Afg‘oniston safaridan keyin shunday bo‘ldi shekilli, – deb davom ettiradi Sinitsin. – Uning tashqi qiyofasida ham jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi – sochi tez to‘kilib ketdi, terisi sap-sariq tus oldi. Qo‘li ham ancha zaiflashib qoldi – uni hatto qattiqroq qisishga ham cho‘chirdi odam. Bundan ikki yilcha muqaddam esa unda allaqanday o‘zgarish sodir bo‘lgan edi. Sinitsinning so‘zlariga qaraganda, dastlabki yillar Yuriy Vladimirovich mamlakatda, iqtisodiyot sohasida, bank tizimida amalga oshirish kerak bo‘lgan o‘zgarishlar to‘g‘risida g‘oyatda qiziqarli g‘oyalarni aytib turardi, keyin birdan bularning bari taqa-taq to‘xtadi. O‘zining g‘oyalarini Andropov 18 sahifali maktubda bayon etdi va uni 1976 yilning 8 yanvar kuni Brejnevga jo‘natdi.

“Qimmatli Leonid Ilich!

Shaxsan men o‘zim tomonimdan tayyorlangan mazkur hujjat faqat sizning o‘qishingiz uchun mo‘ljallangan. Agar Siz unda ish uchun foydali bo‘lgan biror jihat topa olsangiz, boshim osmonga yetardi. Agar bunaqa narsa topilmasa, bu maktubni ham yozilmagan va yuborilmagan deb hisoblay qoling”.

Xo‘sh, Andropov qanday ishlarni amalga oshirishni taklif qilgan edi. Bolshevistik partiyaviylik, qat’iy uyushqoqlik, temir intizomni asosiy qurol qilib olmoq kerak. Partiya ishiga mutaxassislarni emas, balki professional siyosiy rahbarlarni qo‘ymoq lozim. “Tadbirkor odamlar” deb atalmish arboblar esa har qanday gapni qog‘ozga raqamlar chizishdan boshlaydi, deb yozadi Andropov. Tabiiy savol tug‘iladi: agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, bunaqa rahbar amerikalik menejerdan nimasi bilan farq qiladi. Bu menejer ish deganda dastavval hisob-kitobni, pulni tushunadi, odamlar esa uning uchun ikkinchi darajali masala. Bizning sharoitimizda bunaqa “tadbirkor odamlar”ni korchalonlar deyishadi…

Yuriy Vladimirovichning hamma g‘oyalari, sirasini aytganda, shulardan iborat edi.

– Siyosiy byuroning har bir majlisiga men unga muzokaralarda qatnashganda qiynalib qolmasin deb, kun tartibining har bir moddasi uchun material tayyorlab berar edim, – deydi Sinitsin. – Men unga har bir masala bo‘yicha nima o‘ylashimni ixchamgina qilib yozib berardim. Taxminan 1977 yillarga kelganda mening e’tiborimni bir narsa o‘ziga tortdi – nazarimda u mening yozib berganlarimni o‘qimay qo‘yganga o‘xshab ko‘rindi – avvallari mening sahifalarim uning qaydlari va har xil belgilariga to‘lib ketgan bo‘lardi, endi bo‘lsa qanday bergan bo‘lsam, shundayligicha – top-toza holda qaytariladigan bo‘lib qoldi. Men nega bundayligini so‘radim. U javob berdi: “Men hammasini o‘qiyman. Lekin sen bularni nima uchun menga yozib beryapsan? Meni Siyosiy byurodan haydab chiqarishlarini istaysanmi?” U biron-bir yangiroq fikr aytishdan qo‘rqib qolgandi.

Andropov Brejnevdan juda qo‘rqar edi, lekin yuragining tub-tubida hokimiyat boshlig‘i bo‘lish orzusini ardoqlardi, albatta.

Og‘ir xastalik KGB raisini hayotning hamma lazzatlaridan, insoniy quvonchlardan mahrum etgan edi, uning ixtiyorida faqat mehnat qilish-u, hokimiyatdan lazzatlanish tuyg‘usi qolgan edi, xolos.

Uning oltmish yilligiga Lubyankadagi imoratga juda katta miqdorda sovg‘a-salomlar yog‘ilib ketdi. Ularning ichida, jumladan, Chexoslovakiya rahbari Gustav Gusak yuborgan g‘oyatda noyob chex billuri ham bor edi. Hamma sovg‘a-salomlarni KGB kollegiyasining binosiga to‘plashdi. Yuriy Vladimirovich ularni ko‘rib baholadi.

U o‘zining xo‘jalik ishlari bo‘yicha muovini, ilgari KPSS Markazqo‘mida ma’muriy organlar bo‘limida sektor mudiri bo‘lib ishlagan Ardalion Nikolayevich Maliginga o‘girilib shunday dedi:

– Bu sovg‘a-salomlar menga emas, mening amalimga. Bularning hammasini maxsus bufetga jo‘nat. – Ya’ni bularning hammasini dachasiga yoxud kvartirasiga tashib ketgani yo‘q, balki juda oqilona ish qildi. Boshqa xo‘jalik ishlarida, maishiy masalalarda ham u ana shunday kamsuqumlik bilan ish tutar edi.

AfG‘onistonga bostirib kirish

Ko‘p yillar mobaynida KPSS Markazqo‘mining xalqaro bo‘limida xizmat qilgan Anatoliy Sergeevich Chernyayevning yozishicha, 1967 yilning oxirida Brejnev Pragaga boradi-yu, ko‘p o‘tmay qaytadi. Qaytib kelgach, u yordamchilariga shunday degan ekan: “Birinchi kotib Novotniy Prezidium a’zolaridan shikoyat qildi, ular esa meni xilvatga tortib, hatto yarim kechada ham gaplashishga urinishardi va birinchi kotibni qoralab, undan zorlanishdi. Ularning har qaysisi meni o‘z tomoniga tortadi. Meni o‘zining ittifoqchisiga aylantirishga harakat qiladi. Menga nima keragi bor buning? Men “samolyotni tayyorlanglar, ertaga uchib ketamiz. Ularning ichki g‘iybatlariga aralashuv yetmay turgandi menga! G‘alvalarini o‘zlari hal qilishsin”, dedim. To‘qqiz oydan keyin esa Brejnev Chexoslovakiyaga qo‘shin kiritdi. Xo‘sh, nima ro‘y berdi?

Chernyayevning fikriga ko‘ra, bunda Pragadan kelayotgan axborot hal qiluvchi rol o‘ynagan. Ustma-ust kelayotgan materiallar juda keng ko‘lamda shunday taassurot tug‘dirganki, natijada Chexoslovakiyada sotsializmga xiyonat pishib kelayotir deb o‘ylash mumkin edi.

Andropov uchun “Praga bahori”, ya’ni chexlar va slovaklarning “bashariy sotsializm” qurishga intilishi Venger hodisalarining takrori edi. qattiqqo‘llik bilan juda tez harakat qilmoq lozim edi.

Andropov, – deb yozadi Aleksandrov-Agentov, — juda qattiq amallar va jazo tadbirlarining tashabbuskori bo‘lgan edi. Chexoslovakiyada Andropov shiddat bilan harakat qilib, hammani hang-mang qilib qo‘ymoqchi edi. U chexlarni qo‘rqib ketadi deb o‘ylagan edi. Ammo u adashdi: qo‘shin olib kirilishi hech narsani hal qilmadi.

Bir-ikki holni nazardan soqit qilinsa, xalq qurolli qarshilik ko‘rsatmadi, lekin iste’lochi qo‘shinlar bilan hamkorlik qilishni ham istamadi. Aleksandr Dubchek bilan va “Praga bahori” ning boshqa rahbarlari bilan muzokara boshlashga to‘g‘ri keldi.

Damansk orolidagi hodisalar vaqtida 1969 yilning mart oyida Andropovning huzurida kengash bo‘lgan edi. Nima qilmoq kerak? Qanday munosabatda bo‘lmoq lozim? Xitoylarga qaqshatqich zarba berish tarafdorlari qizishib nutqlar so‘zladilar. Andropov bunga qarshi edi. Brejnev uni qo‘llab quvvatladi. Har qalay Xitoy bilan urush bo‘lmadi va ixtilof asta-asta bosilib qoldi. Egallab turgan mansabining o‘zi Andropovga shunqor bo‘lmoqni, atrofini qurshab olgan dunyoga, albatta, yomon niyatli kuch sifatida qarashni taqazo qilardi. KGBning xizmat yuzasidan foydalanadigan hujjatlarida Amerika Qo‘shma Shtatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri “asosiy dushman” deb nomlanardi.

Brejnevning salomatligi joyida bo‘lganida uning vaziyatni yumshatishga, G‘arb bilan munosabatlarni normallashtirishga intilishi tarozining posongisini bir maromda tutib turishga imkon berardi. Brejnev og‘ir dardga chalinib yotib qolganidan keyin boshqaruv jilovi uning qo‘lidan tushib qoldi va tashqi siyosat bilan ichki siyosatni KGB raisi Andropov, harbiy ministr Dmitriy Fedorovich Ustinov va tashqi ishlar ministri Andrey Andreevich Gromiko birgalikda belgilay boshlashdi. Ular hatto siyosiy byuro majlislarida ham yonma-yon o‘tirishardi. Andropov Ustinov bilan Gromikoning o‘rtasidan joy olardi.

Harchand g‘alati ko‘rinmasin, uch kishining boshqaruvi Brejnevning yakka o‘zi boshqarganidan ko‘ra yomonroq edi. O‘ziga ishongan rahbar yon berishlar va muzokaralardan cho‘chimaydi. Bunda esa uch kishining har qaysisi o‘zining matonati va qat’iyatini namoyish qilishga harakat qilardi. Ular mamlakatni tashqi dunyo bilan ancha-muncha keskin ixtilof labiga olib borib qo‘yishdi. Andropov, ayniqsa, Ustinov bilan yaqin bo‘lib qoldi, uni sensiray boshladi, unga “Misha” deb murojaat qiladigan bo‘lib qoldi. KGB raisi imperialistik kuchlarning agressiv niyatlari haqidagi axborotlari bilan byudjetning kattagina qismini harbiy sanoatga olib berishda Ustinovga yordam berardi. Andropov Bosh kotiblik lavozimiga o‘tgandan keyin G‘arb bilan munosabatlarimiz shu qadar yomonlashdiki, yangi urush xavfi to‘g‘risida gap-so‘zlar boshlandi. Andropov, Ustinov va ularga qo‘shilib olgan Gromiko afg‘on mojarolarining boshlanishiga aralashib qolishdi.

1978 yilning aprelida harbiy to‘ntarish yasab, davlat tepasiga kelgan yangi afg‘on rahbarlari sovetlardan nusxa ko‘chirib, mamlakatda sotsializm qurmoqchi edilar. Ammo Kobulga eldan burun yetib borgan maslahatchilarimiz u yerda afg‘onlar hayotining g‘oyatda murakkabligi, muammolar chalkashib ketganini ko‘rdilar. Moskvadagi sovet rahbarlarining bu mamlakat hayotidagi tasavvuri g‘oyatda ibtidoiy va taxminiy ekani ma’lum bo‘lib qoldi. Hukmron partiya ikkita oqimga bo‘linib ketgan edi. Bularning biri “Xalq”, ikkinchisi “Parchom” (“Bayroq”) deb atalardi. Har ikkala oqimlar yoki qanotlarning rahbarlari bir-birlarini o‘lguday yomon ko‘rar va hokimiyatni o‘zaro bo‘lishib ola bilmas edilar. Bu dushmanlik, asosan, ikki rahbar – Nur Muhammad Taraqqiy (“Xalq”) bilan Babrak Karmal (“Parchom”) o‘rtasidagi shaxsiy raqobat natijasida tug‘ilgan edi. Taraqqiy mamlakatning yakkayu yagona xo‘jayini bo‘lmoqni istar edi, Babrak Karmal esa ikkinchi odam rolini o‘ynashga rozi emas edi. Yana shunisi ham borki, amalda ikkinchi odam o‘rnini Hafizulla Amin egallab olgandi. Xafizulla Aminni Muhammad Taraqqiy qo‘llab-quvvatlardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Babrak Karmal Chexoslovakiyaga elchi etib tayinlandi. U bilan birga boshqa mamlakatlarga “Parchom” fraktsiyasining yana beshta vakili elchi sifatida jo‘nab ketdi, shu jumladan, mamlakatning bo‘lg‘uvsi prezidenti Najibulla Tehronga elchi qilib tayinlangan edi. Qobuldan jo‘nab ketish oldidan Babrak o‘z tarafdorlarini yig‘ib, shunday degan ekan:

– Men hali qaytib kelaman. Qaytganda ham qizil bayroq bilan qaytaman.

“Parchom”chilar yana yashirin holatga o‘tishga qaror qildilar. Amalda bu esa tungi kengashda gap “Parchom”ning hokimiyatni bosib olishi to‘g‘risida ketmoqda edi. Xalqchilar tungi kengashdan va unda gapirilgan gaplardan xabar topishadi. Ko‘pgina “Parchom”chilarni yuksak mansablardan olib tashlashadi, qamoqqa olishadi. Armiyadan ham komandirlik qilayotgan “Parchom”chilarning deyarli hammasini quvib yuborishadi. Ammo “Parchom”chilar bilan KGB vakillari ish olib borardi. Afg‘onistondagi maslahatchilar o‘rtasida ham yakdillik yo‘q edi. Partiyaviy va harbiy maslahatchilar amalda hokimiyat tepasida turgan “Xalq” fraktsiyasi bilan ish olib borish kerak deb hisoblar edilar. KGB vakillarining esa “Parchom” vakillaridan umidlari katta edi. Ular KGB vakillari bilan bajonu dil muloqotga kirishar va ularni boshqarish juda osondek ko‘rinar edi.

KGBning tashqi razvedka rezidenturasining vakillari ayni ana shu “Parchom”chilar bilan aloqa o‘rnatishgan edi. “Parchom”ning vakillari esa jon-jahdlari bilan Moskvaning ko‘ziga yaxshi ko‘rinishga urinishardi. KGB xodimlari ikki fraktsiya o‘rtasidagi ixtilof zamirida o‘zlari uchun zo‘r imkon borligini ko‘rdi. Xalqchilarning kuchlari unchalik ko‘p bo‘lmasa ham, o‘zlarini ancha mustaqil tutishardi; “Parchom”chilar esa hamma narsada Moskvaga bo‘ysunishga tayyor edilar. Shunday bo‘lgandan keyin bu siyosiy o‘yinda “Parchom”chilarga va ularning rahbari Babrak Karmalga yon bosgan yaxshi-da. Babrak Karmal Chexoslovakiyaga jo‘nab ketgandan keyin Taraqqiy bilan Amin o‘rtasidagi nizo kuchaya boshladi. Dastlab ular bir yoqadan bosh chiqarar edilar. Amin o‘zini Taraqqiyning sadoqatli yordamchisi va shogirdi qabilida tutar edi. U kengashlar va mashvaratlarda so‘zga chiqqanida hamisha Taraqqiyning nomidan gapirayotgandek ko‘rinardi.

Amaliy ishlarda Taraqqiy juda ham nochor edi. Amin, aksincha, juda zo‘r tashkilotchi chiqib qoldi. Jismonan baquvvat, qat’iyatli, o‘jar va qattiqqo‘l Amin juda ko‘p mehnat qilishga qodir, irodasi mustahkam odam edi. Taraqqiy Aminni “sevimli va dongdor o‘rtoq” deb atar hamda bajonu dil ko‘p ishlarni uning qo‘liga berib qo‘ygan edi. Taraqqiy mehnat qilishni yoqtirmas va xohlamas edi. Taraqqiyni tirik ilohday ko‘klarga ko‘tarib maqtashar va bu unga yoqardi. Taraqqiy podsholik qilar, Amin esa mamlakatni boshqarardi. Va u asta-sekin uni davlatni, armiyani hamda partiyani boshqarish ishidan butunlay surib chetga chiqarib qo‘ydi. Kobuldagi sovet vakillarining ko‘pchiligiga mamlaktda hokimiyat Aminning qo‘liga o‘tib borayotgani mutlaqo tabiiydek ko‘rinardi, negaki, Taraqqiy davlatni boshqarishga qodir emas edi-da!

– Men Qobulda bo‘lgan kezlarimda Taraqqiy bilan Amin juda inoq edilar, ularning orasiga hatto qil sig‘masdi, – deydi Kobulda partiyaviy sho‘ro maslahatchilarning birinchi guruhiga rahbarlik qilgan Valeriy Xarazov. – Ular hokimiyatni qo‘lga olishdi, mamlakatga rahbarlik qilishdi. “Parchom”chilarning esa ustlaridan mag‘zavalar ag‘darishdi. Shu ishlar asnosida Amin aravani yolg‘iz o‘zi tortdi. Yuk juda og‘ir edi. U partiyaviy ishlar bilan shug‘ullandi, armiya bilan, kadrlar bilan shug‘ullandi. Keyin esa g‘alvalar, ixtiloflar boshlandi. Dastavval bu mojarolar bizning Ittifoqimizdagi katta idoralarda boshlandi. Biz Taraqqiy bilan Aminni bir-biriga qayrab soldik.

– Aminning Sovet Ittifoqiga munosabati yomon ekanini, Qo‘shma Shtatlarga ko‘proq moyil ekanini yuragingiz sezganmidi? – deb so‘radim men Xarazovdan. – Negaki, keyinchalik Aminni o‘ldirganlarida va o‘rniga Babrak Karmalni qo‘yganlarida bu vaj eng asosiy sabab sifatida ko‘rsatiladi.

– Amin hamisha Sovet Ittifoqiga nisbatan o‘zining samimiy tuyg‘ulari to‘g‘risida gapirar edi. Amin SRUning ayg‘oqchisi ekani to‘g‘risidagi mish-mishlar biz Qobulda ekanimizda ham yurardi. Bunday mish-mishlarga asos bo‘lgan narsa shu ediki, Amin Qo‘shma Shtatlarda bir necha muddat tahsil olgan edi va u yerdagi afg‘on talabalari uyushmasiga rahbarlik qilgan edi. Biroq na o‘shanda, na hozir – Amin gumdon qilingandan so‘ng yigirma yil o‘tib ketgandan keyin ham uning SRU ayg‘oqchisi bo‘lganini tasdiqlovchi bironta hujjat yoki dalil-isbot topilgani yo‘q.

Aminni va uning ikki o‘g‘lini o‘ldirishgandan keyin uning bevasi qizaloqlari va kenja o‘g‘lini olib Sovet Ittifoqiga ketdi. Holbuki, o‘shanda unga istagan mamlakatiga jo‘nab ketishga imkon berilgan edi. U shunday dedi: “Mening erim Sovet Ittifoqining do‘sti edi, men faqat Sovet Ittifoqiga ketaman”.

Afg‘on rahbarlarining o‘rtasidagi ixtilof siyosiy ixtilof emas edi, ular bor-yo‘g‘i shaxsiy nizolar edi, xolos. Ular “sen emas, men o‘zim zo‘r” ma’nosidagi mutakabbirliklar kurashi edi. Bundan bizning har xil idoralarda xizmat qiladigan maslahatchilarimiz foydalanishdi. Muassasalar ham o‘zaro raqobatlashishar edi.

– O‘sha paytlarda ruslarga munosabat juda yaxshi edi, – deb eslaydi Valeriy Xarazov, – “Sho‘roviy” degani do‘st degani bilan barobar edi. Notanish odamlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chada bizlarni uchratib qolsa, uyiga mehmonga taklif qilar edilar. Ammo bularning hammasi biz Afg‘onistonga qo‘shinlarimizni olib kirgunga qadar bo‘lgan edi. Qo‘shinlar olib kirilgandan keyin afg‘onlarning ruslarga munosabati tubdan o‘zgardi.

– Biroq yangi tartiblardan norozilik ko‘p o‘tmayoq namoyon bo‘la boshlagan edi. Bunga javoban yangi hokimiyatga dushmanlarni yoxud dushman bo‘lishi mumkin bo‘lganlarni ommaviy qamashlar boshlanib ketdi. Juda ko‘p begunoh odamlarni hech qanday asossiz qamayverishdi. Odatda kechqurun qamoqqa olishar, kechasi so‘roq qilishar, ertalab esa otib tashlar edilar. Qatli omlar Hafizulla Amin boshchiligida amalga oshirilgandi. Bunda sho‘ro tajribasidan foydalanish afg‘on an’analariga qo‘shilib ketgandi – o‘z salaflari va raqiblari yo‘q qilinardi. Agar farqi bo‘lsa, shunda bo‘lganki, Afg‘onistonda aytarlik mafkuraviy kurash bo‘lmagan, muxoliflarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahv etaverganlar.

KPSS Markazqo‘mi xalqaro bo‘limining rahbarlaridan biri lol qolgan Xarazovga shunday degan ekan:

– Xo‘sh, nima demoqchi bo‘lasan? Buni Sharq deydilar. Bu yerda an’ana shunaqa. Hokimiyat tepasiga yangi rahbariyat kelganda, dastavval o‘z vatandoshlarini mahv etishdan boshlaydi.

Moskvada bu an’analarga xotirjam munosabatlarda bo‘ldilar. Bu Taraqqiyning halokatiga qadar davom etdi. Taraqqiyni Brejnevning o‘zi oddiy bir insoniy tarzda yaxshi ko‘rardi. Taraqqiy dastlabki vaqtlarda optimistik kayfiyatda edi.

Inqilob osonlik bilan amalga oshirildi. Yosh zobitlar saroyni qo‘lga kiritdilar, hukumat rahbari Dovud va uning yaqinlarini mahv etdilar. Tamom, shu bilan hokimiyat ularning qo‘liga o‘tdi. Bularning barchasi Taraqqiyga ilhom bag‘ishlar edi. Bundan keyin ham ishlarning yaxshi bo‘lishiga, hech qanday mushkulotlar paydo bo‘lmasligiga Taraqqiyning ishonchi komil edi. Axir, Afg‘onistonga Sovet Ittifoqining o‘zi yordam berayotgandan keyin, bunday bo‘lishi tabiiy-da! Ammo oxir-oqibat hammasi butunlay boshqacha bo‘lib chiqdi.

Sotsialistik o‘zgarishlarni joriy qilishga mamlakat qarshilik ko‘rsata boshladi. Afg‘onlar marksist bo‘lishga ko‘p ham oshiqishmadi. Juda tez fursatda qurolli qarshilik ko‘rsatish boshlandi. 1979 yilning martida Afg‘onistonning yirik shaharlaridan biri bo‘lmish Hirotda hokimiyatga qarshi isyon ko‘tarildi. Hirot shahrining harbiy garnizoni isyonchilarga qo‘shilib ketdi, mojarolar ichida bizning harbiy maslahatchilarimizdan biri o‘ldirildi.

Taraqqiy Moskvadan uni qabul qilishlarini iltimos qildi. U Moskvaga uchib kelib, Afg‘onistonga qo‘shin kiritishlarini so‘rab, sovet rahbariyatiga uzoq yalinib-yolbordi. O‘shanda Taraqqiyning iltimosi rad qilingan edi. Buni ko‘rib Amin faolroq harakat qila boshladi. U Taraqqiy hokimiyatni qo‘lida saqlab qolishga qodir emas deb hisoblardi.

Avvaliga Afg‘onistonda mudofaa ministri yo‘q edi, bu sohaga Aminning o‘zi ko‘z-quloq bo‘lib turardi, lekin uning minglab kishilari bor edi. So‘ngra savr inqilobining faol ishtirokchisi Vatanjarni mudofaa ministri qilib tayinlashdi. Afg‘on armiyasi Bosh siyosiy boshqarmasining boshlig‘iga maslahatchilik qilgan general Vasiliy Zaplatin sobiq batalon komandirining bu amalni eplashga chog‘i kelmadi deb hisoblaydi. Lekin Taraqqiy uni juda yaxshi ko‘rardi, Vatanjar Aminga qarshi birlashgan “to‘rtlar guruhi”ga kirar edi.

Vatanjardan tashqari (keyinchalik, u ichki ishlar ministri etib tayinlanadi) bu guruhga davlat xavfsizligi rahbari Sarvariy, aloqa ministri Gulabzoy va chegara ishlari ministri Mazduryor kirgan edi.

General Zaplatin va bizning boshqa maslahatchilarimizning fikricha, “to‘rtlar guruhi”ga kirganlar hali ona suti og‘zidan ketmagan yosh-yosh yigitlar edi. Ular hokimiyatni qo‘llariga olishlari bilan hamma ish bitdi, endi bemalol dam olib maishat qilaversa ham bo‘ladi deb hisoblaganlar.

– Bunday kayfiyat tufayli esa ishga katta zarar yetgan edi, – deydi general Zaplatin. – Ular maishatga beriladi. Taraqqiy ularning o‘ynab-kulishlariga yo‘l qo‘yib beradi, ichkilikbozliklar va kayf-safolarini kechiradi. Amin esa ishlaydi va ularni ham ishlashga majbur qiladi. Ular Aminning ustidan Taraqqiyga shikoyat qilishadi, uning ustiga har xil gunohlarni yuklashadi. Ularning o‘zaro nizolari ana shundan boshlangan edi.

Davlat xavfsizligi ministri Sarvariyning ortida esa KGBning vakolatxonasi turardi. U KGBning odami edi. Polkovnik Aleksandr Kuznetsov ko‘p yillar mobaynida Afg‘onistonda harbiy tarjimon bo‘lib ishlagan. Savr inqilobi chog‘ida ham u Afg‘onistonda bo‘lgan. U shunday eslaydi:

– Amin og‘ziga ichkilik olmaydigan odam bo‘lmagan, albatta. Ammo u harbiy zamonlarda ichish, maishat qilish, xotinbozlik qilish mumkin emas, deb hisoblagan. Bizning organlarimiz-chi? Ular qanday ishlaydi? Kimlar bilandir ichishadi, miriqib ovqatlanadi, keyin ziyofat jarayonida undan biron-bir muhim narsani so‘rab bilib oladi.

Biroq Amin bilan bu tarzda ishlab bo‘lmasdi, lekin “To‘rtlar” bilan shunday ishlasa bo‘lardi. Ular hash-pash deguncha KGB xodimlarining eng yaqin do‘stlariga aylandilar.

“To‘rtlar guruhi”ning axboroti KGB kanallari orqali Moskvaga kelardi. Ularni baholash sovet rahbarlarining Afg‘onistondagi sodir bo‘layotgan voqealarga munosabatini belgilar edi. “To‘rtlar” Taraqqiy bilan Aminning oralarini buzishga, Aminni hokimiyatdan chetlashtirishga intildilar, lekin Amin ancha-muncha mug‘ambirroq chiqdi.

Keyin Amin Taraqqiyni ag‘darib tashlagandan so‘ng, “to‘rtlar”ni ham bartaraf qilish harakatiga tushib qoladi. Ular yordam so‘rab sovet elchixonasiga murojaat qilishadi. O‘sha kezlarda Qobuldagi rezidentura xodimi bo‘lgan tashqi razvedka polkovnigi Aleksandr Morozov menga KGB bu “to‘rtlar”ni qanday mashaqqatlar va sarguzashtlar bilan Sovet Ittifoqiga olib ketganini aytib bergandi. KGB vakolatxonasi bilan Qobuldagi harbiy maslahatchilar o‘rtasidagi ziddiyat avj nuqtasiga ko‘tarildi.

– Siz KGB vakolatxonasi bilan oralaringdagi ixtilofni qay bir darajada bartaraf qilishga urinib ko‘rganmisiz? – deb so‘radim men general Zaplatindan. – Axir, siz printsipial masalalarda nuqtai nazarlaringiz bir-biriga to‘g‘ri kelmasligini ko‘rgansiz-ku?

– Bu to‘g‘rida o‘rtamizda gap-so‘zlar bo‘lgan, – deb javob berdi Zaplatin. – KGB vakolatxonasiga Boris Semenovich Ivanov boshchilik qilganda o‘zaro aloqalarimiz ancha yengil ko‘chgan edi. U sog‘lom fikrlaydigan odam. U bilan gaplashsa bo‘lar edi. Undan oldingi boshliq bilan gaplashish esa juda qiyin edi. Negaki, men uni kamdan-kam hollarda hushyor ko‘rardim.

General Zaplatinning qattiq g‘ashiga tekkan narsa shu ediki, davlat xavfsizligi vakolatxonasining rahbarlari kuppa-kunduz kuni, avji ish vaqtida hammomga kirib yalpayib o‘tirib olishardi-da, burunlaridan chiqquncha ichib, maishat qilishardi.

– KGB vakillarining mantiqini qanday tushunmoq kerak? – deb so‘radim men general Zaplatindan. Ular Aminni gapga kirmaydigan odam deb hisoblab, uning o‘rniga Qobulda o‘zimizning odamimizni o‘tqazib qo‘ysak, olam guliston bo‘ladi, hamma ishlar yurishib ketadi deb o‘ylashganmi? Shundoqmi?

– Ularning ishonganlari Babrak Karmal edi, – deb hisoblaydi general Zaplatin. – Uni hokimiyat tepasiga keltirish zarur ekaniga ularning ishonchi komil edi. Shundoq bo‘lgach, albatta, Aminni daf etmoq kerak bo‘ladi. Babrak, — deb o‘ylardi ular, — Taraqqiy bilan til topisha oladi. Babrak nimasi bilan ularga manzur bo‘lib qolgan edi? U osonlik bilan boshqarish mumkin bo‘lgan odam. Kezi kelganda Amin sovet vakillarining fikriga qo‘shilmasligi ham mumkin, o‘zi bilganicha siyosat yuritavermoqdan ham toymaydi. Lekin u Babrakka o‘xshagan piyonista emas edi. Loaqal birgina shu sabab uchun ham uni hokimiyatga yaqinlashtirib bo‘lmas edi.

Harbiy maslahatchilar bilan KGB vakolatxonasining apparati o‘rtasidagi ziddiyatlar afg‘on mojarolari boshlangandan tamom bo‘lguncha saqlanib qolgan. Qobulda ko‘p yillar xizmat qilgan general Aleksandr Alxovskiy shunday eslaydi.

– Bizning qo‘shinlarimiz olib kirilgandan keyin juda qattiq bir qoidani joriy qilishdi. Afg‘onistondan Moskvaga jo‘natiladigan axborot bir necha tashkilotlar o‘rtasida kelishilgan axborot bo‘lmog‘i kerak edi. Unga elchi, KGB vakili va mudofaa ministrligi operativ guruhining rahbari imzo chekar edi. KGB vakolatxonasi esa keyin, baribir, o‘z telegrammasini jo‘natar va u ko‘pincha kelishilgan axborotga to‘g‘ri kelmas edi. Bizning xizmat safarimiz oxirlab qolganda, xayrlashgani KGB vakolatxonasiga kirdik. “Hamkorlikda ishlaganimiz uchun sizlarga tashakkur” dedik. Shunda ulardan biri “E-e, sizlarning yo‘lingizga qancha g‘ovlar qo‘yganimizdan xabarlaring yo‘q-da!” dedi”.

Bizning harbiy maslahatchilarimiz hikoya qilishicha, yashirin holatga ko‘chgan “to‘rtlar guruhi” hatto sovet chekistlari yordamida Aminga qarshi isyon ko‘tarmoqchi ham bo‘lishgan.

Zaplatinning eslashicha, 1979 yilning 14 oktyabrida 5-piyoda diviziyada to‘satdan isyon boshlangan va Zaplatin bu isyonni bostirmoq uchun tankchilar brigadasini oyoqqa turg‘azgan.

Isyon bostirilgandan keyin Zaplatin amalga oshirilgan operatsiya to‘g‘risida gapirib bermoq uchun elchixonaga borgan. Elchining qabulxonasida elchixona xodimlaridan biri o‘tirar va tom ma’noda yig‘lar edi. Hayron bo‘lib, “Tinchlikmi? Nima bo‘ldi?” deb so‘raganimizda Puzanov “isyon o‘ngidan kelmagani uchun chekist ho‘ng-ho‘ng ko‘z yoshi to‘kib o‘tiripti” degan edi. Afg‘onistondagi maslahatchilar jamoasi ana shunaqa “do‘stona” tarzda hamjihatlik bilan ish yuritgan edi.

Kobuldagi maxsus operatsiya

1979 yilning kuzida Taraqqiy Kubaga borgan edi. Qaytishda u Moskvada to‘xtab o‘tdi. U bilan Leonid Ilich suhbatlashdi, Amin to‘g‘risida yomonlab gapirdi, bu odamdan qutulmoq kerak, dedi. Taraqqiy rozi bo‘ldi. Biroq buni qanday qilib amalga oshirish mumkin?

KGB raisi Andropov Taraqqiyga tasalli berdi: “Xafa bo‘lmang. Siz Kobulga qaytib borganingizda, Amin ortiq u yerda bo‘lmaydi”. Ammo bu reja amalga oshmadi. Umumiy hisobda Aminni o‘ldirishga besh marta urinib ko‘rishgan. Faqat eng so‘nggi urinishgina natija bergan. Ikki marta uni otib o‘ldirmoqchi bo‘lishgan, ikki marta zaharlashga urinib ko‘rishgan.

General Lyaxovskiy bu ishlarning ba’zi tafsilotlarini menga aytib bergan edi. “Zenit” otryadiga mansub ikkita sovet snayperi prezident ishga qatnaydigan yo‘lda pistirma qurib, Aminni poylab turishgan. Ammo ularning ishi o‘ngidan kelmagan, negaki prezident tushgan mashinalar to‘pi juda katta tezlik bilan o‘tib ketgan. Zaharlashga urinishdan ham hech narsa chiqmagan.

Bir stakan zahar solingan koka-kolani Aminning o‘rniga jiyani Asatulla Amin ichib yuborgan va zahar unga qattiq ta’sir qilgan. Uni bag‘oyat og‘ir ahvolda darhol Moskvaga olib ketishgan. Asadulla Amin kontrrazvedkaning boshlig‘i edi. Moskvada uning hayotini saqlab qolishadi, biroq kasalxonadan tuzalib chiqishi bilan uni “Lefortovo”dagi turmaga tashlaydilar, negaki, endi davlat tepasiga Babrak Karmal kelib ulgurgan edi. Uni Aminga qarshi ko‘rsatma berishga majbur qilmoq uchun ancha qiynashgan. U metin irodali odam ekanini namoyish etib, hech narsa demagan. Uni Afg‘onistonga jo‘natishgan, u yerda esa uni qatl etishgan.

Taraqqiy Kobulga qaytib, samolyotdan chiqqanida Aminni ko‘rdi. Avvalgi gaplarga ko‘ra Amin allaqachon gumdon qilinmog‘i kerak edi. Uni sog‘-omon, beshikast yurganini ko‘rib, Taraqqiy hang-mang bo‘lib qoladi. Ammo bir-birini ko‘rishga ko‘zi yo‘q bu ikki dushman bir-birlari bilan go‘yo hech narsa bo‘lmagandek og‘iz-burun o‘pishib ko‘rishadi.

Aminni yana bir marta o‘ldirishga urinib ko‘rishadi – bu gal uni afg‘onlarning qo‘li bilan o‘ldirishga harakat qilishadi.

14 sentyabr kuni sovet elchisi Puzanov Taraqqiyning huzuriga keladi va u yerga Aminni ham taklif qiladi. Uning kelishga oyog‘i tortmaydi. U nimalardandir gumonsiragan va uning gumonlari asossiz emasdi. Biroq shunday bo‘lsa-da, sovet elchisining gapini qaytarishga tili bormadi. Taraqqiyning saroyida uni o‘qqa tutishadi. Lekin u omon qoladi va qochib ketadi.

O‘sha kuni butun oqshom va tun davomida Taraqqiy bilan Amin o‘rtasida kurash ketadi. Taraqqiy Aminni yo‘q qilish to‘g‘risida armiyaga buyruq beradi. Ammo Kobul garnizoni qo‘shinlarining asosiy qismi Amin tomonida qoladi. Bizning maslahatchilarimiz ham harbiy qismlar kazarmalarini tark etmasligi uchun ancha-muncha harakat qilishadi. Ikkita “Mi-24” vertolyoti zarur bo‘lib qolsa mudofaa ministrligini raketalar bilan o‘qqa tutish uchun osmonga ko‘tariladi. Amin mudofaa ministrligi binosiga o‘rnashib olgan edi. Bizning maslahatchilarimiz bir amallab, vertolyotlarni qaytib yerga qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lishadi, chunki bino ichida sovet ofitserlari ham juda ko‘p edi.

Moskvada voqealar bunaqa tus olishini kutishmagan edi va juda imillab, ikkilanib qarorlar qabul qilishardi. Taraqqiyni qo‘riqlash uchun spetsnaz otryadini jo‘natmoqchi bo‘lishadi, lekin oxirgi daqiqada buyruqni bekor qilishadi.

“Zenit” otryadi Amin qarorgohini hujum bilan egallab, unga joylashib olish to‘g‘risida buyruqni kutib shay turardi, biroq buyruqdan hadeganda darak bo‘lavermadi.

Ertasi kuni Taraqqiy qamoqqa olinadi. 16 sentyabr kuni mudofaa ministrligi binosida Inqilobiy Kengashning mashvarati, keyin esa Afg‘oniston Xalq Demokratik partiyasi Markazqo‘mining plenumi bo‘ladi. Taraqqiy Inqilobiy Kengash raisligi va partiyaning Bosh kotibi lavozimidan bo‘shatildi. Ikkala lavozim ham Aminning qo‘liga o‘tdi. Ishni u, birinchi navbatda, o‘z dushmanlarini yo‘qotishdan boshladi – bir necha ming kishini otib tashladi.

Holbuki, KGB vakolatxonasi Moskvaga yuborgan axborotida Taraqqiy juda baquvvat va Aminni mahv etishning hech qanday qiyinchiligi yo‘q deb ma’lumot bergan edi. Hammasi aksincha bo‘lib chiqdi. Endi esa KGB vakolatxonasi har qanday qilib bo‘lsa-da, Aminni mahv etmoqqa majbur edi.

Taraqqiyni bo‘g‘ib o‘ldirishganda Aminning o‘zini ham taqdiri hal bo‘lgan edi. Brejnev buni shaxsiy haqorat sifatida qabul qildi. U Taraqqiyning xavfsizligiga kafolat bergan edi, uni esa o‘ldirib o‘tirishibdi.

– Boshqa mamlakatlarda nima deyishadi? – dedi Brejnev tashvish bilan. – Agar yordam beramiz deb ishontirganlari, himoya qilamiz deb bergan va’dalari quruq so‘z bo‘lib chiqsa, Brejnevga ishonib bo‘lmas ekan-da, deyishmaydimi!?

Leonid Ilich Kobuldagi maxsus operatsiyaga ijozat berdi.

KGBdagilar darhol Amin Amerika razvedkasining odami degan farazni to‘qib chiqarishdi. Andropov Babrak Karmalni Moskvaga yetkazib kelishni buyurdi. Bizning maxsus bo‘linmamizni Afg‘onistonga jo‘natish boshlandi. Maxsus operatsiya bo‘lishidan na harbiy maslahatchilarimiz, na elchi ogoh qilindi.

10 dekabr kuni Zaplatinga Moskvadan qo‘ng‘iroq qilishdi.

“Qizingiz siz bilan vaqtincha uchrashishni iltimos qilyapti, zudlik bilan qayting”. U shu zahotiyoq Moskvaga uchib ketdi. O‘z-o‘zidan ayonki, uning qizi hech kimga hech narsa deb murojaat qilgan emasdi. Zaplatinning Kobuldan chetlashtirilganiga sabab shu bo‘lgan ediki, u Amin bilan hamkorlik qilish kerak deb hisoblar edi. Moskvada esa boshqacha qaror qabul qilingan edi.

– Harbiylar vakolatxonasi bilan KGB vakolatxonasi teng xuquqqa egaday ko‘rinar edi. Ammo biz o‘zimizning haqligimizga Moskvani inontira olmadik, KGB xodimlari esa buning uddasidan chiqishdi. Ularning ta’sir kuchi zo‘rroqmidi?

– Albatta, – deb javob berdi Zaplatin. – Mamlakatdagi siyosiy vaziyatni baholash ularning vazifasiga kiradi. Oxirgi suhbatimizda Mudofaa ministri menga ayni ana shu gapni uqdirishga harakat qildi.

Ertalab Zaplatinni ministrning huzuriga chaqirishdi. Ammo u Kremlga otlanayotgan edi. U shinelini kiyib bo‘lgandi. “Keyinroq keling” dedi u Zaplatinga qarab. Ministrni kutib o‘tirar ekan, u ikki soat mobaynida Bosh shtab boshlig‘i Ogarkov bilan suhbatlashib o‘tirdi. Nikolay Vasilevich mamlakatni qutqarib qolmoq uchun Afg‘onistonga qo‘shin kiritish fursati yetib kelmadimikin, deb so‘radi. Zamyatin qat’iy ravishda bunday qilib bo‘lmaydi, aks holda, biz begona bir fuqarolar urushining qozoniga tushib qolamiz, dedi.

Siyosiy byuroning majlisidan keyin Ustinov qaytib keldi va huzuriga yana Ogarkov, Zaplatin hamda Bosh siyosiy boshqarmaning boshlig‘i general Yepishevni chaqirdi.

Ogarkov ministrga dedi:

– O‘rtoq Zaplatin hamon o‘z fikrida turipti.

– Nechuk? – deb hayron bo‘ldi Ustinov. – Siz bekorga o‘z fikringizni himoya qilmoqdasiz. Siz KGB vakolatxonasi Afg‘onistondagi ahvol haqida yuborgan axborotini o‘qib ko‘ring.

Yashirin axborotda afg‘on armiyasi xarob bo‘lgani, Amin esa halokat yoqasida turgani aytilgan edi. Zaplatin Kobulda bu telegrammaga imzo chekishdan bosh tortgan edi.

Zaplatin uni o‘qib chiqib, yana qat’iy ohangda dedi:

– O‘rtoq ministr, bu gap haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. KGBga bunaqa ma’lumotni kim berganini men yaxshi bilaman.

Ustinov dedi:

– Sen u yerdagi ahvolni bamisoli bir yo‘lovchi yanglig‘ o‘rganasan. Ular esa har bir so‘zlari uchun boshlari bilan javob beradi.

– Bilaman, – deb bosh irg‘adi Zaplatin. – Agar sog‘ kalla bo‘lganida hammasi to‘g‘ri bo‘lardi, lekin fikr mast kalladan chiqsa, unda…

General ministr meni hozir kabinetidan haydab chiqarsa kerak, deb o‘yladi. Ustinov Zaplatinga, Yepishevga, Ogarkovga bir-bir qaradi-da, allanechuk xayolchan ohangda dedi:

– Lekin endi kech bo‘ldi-da…

Ayni o‘sha kuni Siyosiy byuro majlisida Afg‘onistonga qo‘shin kiritish masalasi uzil-kesil hal bo‘lgan edi.

Falinning so‘zlariga qaraganda Ustinov Afg‘oniston masalasini bir necha oyda bartaraf qilishga va’da bergan.

– Afg‘onistonda bizga qarshi tura oladigan harbiy kuch yo‘q.

Armiya generali Maxmut Axmetovich Gareev Siyosiy byuro majlisida Bosh shtab boshlig‘i Ogarkovning sovet qo‘shinlarini Afg‘onistonga kiritishga qarshi gapirganini eslaydi. Ogarkov bu ish Sovet Ittifoqi uchun juda yomon harbiy-siyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytgan.

Andropov marshalning gapini bo‘lgan:

– Bizda siyosat bilan shug‘ullanadigan odamlar bor. Siz ishning harbiy tomonini o‘ylamog‘ingiz kerak. Siz hukumat tomonidan zimmangizga yuklatilayotgan muhim topshiriqni yaxshiroq bajarish ustida bosh qotiring.

Siyosiy byuroning 1979 yil 6 dekabridagi majlisida qabul qilingan qarorda Andropov va Bosh shtab boshlig‘i Ogarkovlarning “Amin qarorgohini himoya qilmoq uchun” Bosh shtab ixtiyoridagi Bosh razvedka boshqarmasining 500 kishilik “maxsus otryadini jo‘natish to‘g‘risidagi taklifiga rozi bo‘linsin. Bu otryad uning qurolli kuchlarga mansubligini oshkor qilmaydigan kiyimlarda bo‘lmog‘i kerak”.

– Bu batalon keyinchalik Aminning saroyini hujum bilan oldi. Aminning o‘zini, uning oila a’zolarini, ularga qo‘shib bir sovet vrachini va saroyda bo‘lgan odamlarning hammasini o‘ldirdi.

Avval rejalashtirilganiga ko‘ra, sovet qo‘shinlarini Afg‘onistonga olib kirishni o‘zi iltimos qilgani to‘g‘risida Hafizulla Amin bayonot bermog‘i darkor edi, shundan keyin uni bartaraf qilishlari kerak edi. Targ‘ibot nuqtai nazaridan shunday qilinsa, yaxshiroq bo‘lar edi. Hatto Amin televideniye orqali chiqish qildi deb e’lon ham qilishdi. Bu vaqtda Babrak Karmal KGBning To‘qqizinchi boshqarmasining ofitserlari himoyasida o‘ziga navbat kelishini kutib turardi.

Ammo KGB shoshqaloqlik qildi. Prezident saroyidagi oshpazlar orqali Aminga zahar solingan ovqat berdilar. Shu vajdan u televideniyedan chiqishga ulgurolmay qoldi. U hushini yo‘qotmasdan avval sovet elchisidan vrachlar jo‘natishni iltimos qildi – Amin o‘zining vrachlariga ishonmas edi. KGB elchiga bildirmay, Kobulda maxsus operatsiya o‘tkazayotganidan xabari ham yo‘q edi. Sovet vrachlari prezidentning hayotini asrab qolishdi, lekin bir necha soatdan keyin bizning spetsnazchilar1 prezidentni baribir, otib tashlashdi. Ular otishmalar ichida sovet vrachlaridan birini ham otib o‘ldirdilar.

KGBning spetsnaz desantchilari bilan birgalikda Aminning saroyini hujum bilan bosib olishadi. Hujum vaqtida afg‘onlardan juda ko‘p odam o‘ldi. Ular jon taslim qilayotgan vaqtlarida o‘zlarini eng yaqin do‘stlari o‘ldirayotganiga sira-sira ishona olmas edilar. Eng so‘nggi daqiqalarga qadar prezident Amin ham bunga ishonmagan edi. Uni ham boshqalar qatori otib tashlashdi. Unga qo‘shib o‘g‘illarini ham o‘ldirishdi. Polkovnik Kuznetsov menga aytib bergandi:

– O‘sha kecha men aloqa bo‘limida edim. KGB vakili general Ivanov ham shu yerda edi. U Aminning olamdan o‘tgani haqida ma’lumot olishi bilan “tamom, g‘alaba – bizniki!” degan ma’noda xursand bo‘lib, meni quchoqlab o‘pdi.

1979 yilning 31 dekabr kuni Kirpichenko va KGBning yashirin razvedkasining boshlig‘i Yuriy Ivanovich Drozdov Andropovga operatsiyaning muvaffaqiyatli yakunlangani to‘g‘risida ma’lumot berdilar. Andropov ularni mukofotlarga taqdim etishga va’da qildi.

Andropov Afg‘onistonda o‘z muassasasining tuzog‘iga o‘zi ilinib qoldi – muammoni hal qilishning g‘oyatda osonligi ularni mahliyo qilgan edi – Aminni yo‘qotasan, Kobulga o‘z odaming Babrak Karmalni yetkazasan, uni hokimiyat tepasiga qo‘yasan. Tamom-vassalom! Maxfiy operatsiyalar o‘zlarining jo‘nligi, arzonligi va xufiyaligi bilan g‘oyatda odamni o‘ziga mahliyo qiladi. To‘g‘ri, keyinchalik hamma narsa mutlaqo boshqacha ekani ayon bo‘ladi, lekin bu … har qalay, keyinchalik bo‘ladi-da!

Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga olib kirilganda Brejnev uzil-kesil betob bo‘lib qolgandi va nomigagina davlat boshlig‘i bo‘lib turardi. Agar Brejnev har jihatdan ishga yaroqli bo‘lib turganida, ehtimol, u Andropov, Ustinov va Gromikolarga mamlakatni afg‘on mojarolari botqog‘iga tushirib qo‘yishlariga yo‘l bermagan bo‘lardi.

Valentin Falinning eslashicha, “hamma ishlar Bosh kotibga bilintirmay, imi-jimida qilingan edi. Boshqacha qilib aytganda, Bosh kotib vaziyatni sog‘lom baholay olish salohiyatidan mahrum bo‘lib qolgandi”. Falinning so‘zlariga qaraganda, Leonid Ilich “tashqi siyosat borasidagi o‘zining sevimli ixtirosi tanazzulga yuz tutganidan qattiq iztirobga tushgan, lekin biror narsani o‘zgartirish ortiq qo‘lidan kelmas edi. Hatto o‘zi xohlaganda ham, bunga ojizlik qilardi”.

Andropov Bosh kotib lavozimiga o‘tgandan so‘ng ateistik ishlarni kengroq avj oldirishga ko‘rsatma berdi, chunki bostirib kirish natijasida islom dini arboblarining roli oshib ketgandi.

1983 yilning yanvarida KPSS Markazqo‘mi “Musulmon ruhoniylarining reaktsion qismini mafkuraviy yakkalab qo‘yish tadbirlari haqida” qaror qabul qiladi. Lekin bu qaror endi yordam berolmas edi. Sovet qo‘shinlarini Afg‘onistonga kiritgan odamlar o‘z qo‘llari bilan musulmon xalqlarini Sovet Ittifoqidan bezdirdilar, diniy tuyg‘ularning qayta tiklanishiga hamda davlat mustaqilligiga intilishlarning kuchayishiga bevosita yordam berdilar.

Suslovning O‘limi

O‘sha davrdagi voqealarning ba’zi bir ishtirokchilari Andropov o‘zining hokimiyat tepasiga kelishini tezlashtirishga uringan deb hisoblashadi. Yuriy Vladimirovichning o‘zi jiddiy kasal edi va Leonid Ilich o‘z o‘rnini unga tabiiy bo‘shatib beradigan kunga yetib bora olmayman deb qo‘rqar edi.

Bu faraz tarafdorlarining fikriga ko‘ra, Andropov Brejnevning o‘zining ham, tevaragidagilarning ham obro‘sini to‘kishga uringan. Shuning uchun Yuriy Vladimirovich davlat boshlig‘ining xonadoni korruptsiyaga o‘ralashib qolgani to‘g‘risidagi mish-mishlarning keng tarqalishiga yo‘l qo‘yib qo‘ygan. Bu mish-mishlar esa Bosh kotibning qizi Galina Leonidovna Brejneva tevaragida ko‘p aylanar edi. Uning ishqiy sarguzashtlari va ba’zi bir shubhali shaxslar bilan yaqin munosabatlari o‘sha paytlarda butun mamlakat bo‘ylab keng muhokama qilinar edi. Endilikda yaxshi ma’lumki, aslida hech qanaqa “Galina Brejneva ishi” degan narsa bo‘lgan emas. Biroq u haqiqatan ham huquqni muhofaza qilish idoralarining nazarlari doirasiga tushib qolgan ba’zi bir odamlar bilan tanish bo‘lgan. Siyosiy byuroning sobiq a’zosi, akademik Aleksandr Yakovlev menga shunday degan edi.

– Brejnev Andropovdan biroz qo‘rqib yurardi. Uning bunday hayiqib turishi jo‘yali ham edi. Andropov unga qarshi ig‘vo to‘rlarini to‘qishdan ham toymasdi. Menga ma’lumki, Brejnev bir necha marta Suslovga uni tiyib qo‘yishni topshirgan.

– Qanaqa ig‘vo to‘rlarini ko‘zda tutyapsiz?

– Andropov qo‘rqoqroq odam edi. U Brejnevni oilasi orqali chaqib olishga harakat qildi. Bosh kotibning oilasini yomonotliq qiladigan mish-mishlarni mamlakat bo‘ylab tarqalishiga yo‘l ochib berdi. Bu – Brejnevning obro‘yiga putur yetkazgan edi.

– Andropov Brejnev oilasining qing‘ir ishlari haqidagi axborotning KGBdan chiqib tarqalib ketishiga ongli ravishda yo‘l qo‘ygan va shu yo‘l bilan Leonid Ilichning obro‘yiga putur yetkazmoqchi bo‘lgan deyish mumkinmi?

– Andropov haddan tashqari ehtiyotkor odam edi, – deb javob beradi RSFSR KGBsining sobiq raisi Viktor Ivanenko. – U oliy rutbali rahbariyatga qarshi bironta ham xatarli ishga hech qachon qo‘l urmas edi. Bu uning tabiatiga to‘g‘ri kelmasdi. U o‘z qo‘li ostidagi ba’zi bir hovliqqan xodimlarni ular partiyadagi ba’zi bir mansabdorlar bilan faolroq shug‘ullanishga da’vat etganlarida popuklarini pasaytirib qo‘yar edi.

Gapning indallosini aytganda, Andropov Brejnevning huzurida qaltirab turar edi. Bir kuni Andropov Brejnev bilan gaplashayotib, Bosh kotibga biriktirib qo‘yilgan hamshiraning eri to‘g‘risida gap ochib qoladi, uning eri ancha-muncha laqma ekanini, bo‘lar-bo‘lmas gaplarni ko‘p gapirishini aytadi, ehtimol, hamshirani almashtirish maqsadga muvofiqdir, deya o‘z mulohazasini bildiradi. Brejnev bilan hamshira o‘rtasida xizmat doirasidan tashqari chiqadigan munosabatlar paydo bo‘lgan edi.

Brejnev Andropovga qahr bilan javob berdi:

– Bilasanmi, Yuriy, bu mening muammom, boshqa hech qachon unga til tegizma.

Bu suhbatning oshkor bo‘lib, odamlar o‘rtasiga tarqalganiga birdan-bir sabab shuki, Andropov u to‘g‘rida SSSR Sog‘liqni saqlash ministrligi qoshidagi To‘rtinchi Bosh boshqarmaning boshlig‘i akademik Chazovga gapirib bergan edi. Bosh kotib bilan nozik masalalar to‘g‘risida nima uchun bemalol gaplasha olmasligini shu bilan izohlagan edi.

Brejnev hokimiyat tepasida turgan so‘nggi yillarda Andropovning Leonid Ilichga munosabati ancha-muncha murakkab bo‘lgan edi.

Bir kuni Siyosiy byuro majlisini olib borayotganda og‘ir bemorlikni boshidan kechirayotgan Brejnev hushi uchib, muhokama tizginini qo‘ldan chiqarib qo‘yadi. Siyosiy byuro majlisidan keyin Andropov bu paytda Moskvaga ishga ko‘chirilgan Gorbachyovga shunday deydi:

– Bilasanmi, Mixail, Leonid Ilichni hatto shu ahvolda ham qo‘llab-quvvatlamoq uchun hamma ishni qilmoq kerak. Bu – mamlakatda, davlatda barqarorlik masalasi, qolaversa, xalqaro barqarorlik masalasi hamdir.

Andropov tugal ravishda Brejnevning qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq edi, — deb yozadi akademik Chazov. U tushunardi – uning asosiy kamchiliklaridan biri Markazqo‘m kotiblaridan ajralib qolgani edi. Bu doirada Kirilenko yoki Chernenkodan farq qilar, uning yetarli suyanchig‘i yo‘q edi. U esa bu odamlarning dasti g‘oyatda uzun ekanini juda yaxshi tushunar edi. U hali o‘zining fursati yetib kelmaganini anglar, shuning uchun ham Bosh kotiblik lavozimida munkillab, to‘kilib qolgan, ammo Andropov uchun qulay bo‘lgan Brejnevni saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan tirishib yotardi.

Andropov yosh partiya kotiblarini o‘z tomoniga og‘dirish uchun jamiki imkoniyatlarni qidirib topishdan erinmasdi. Shuning uchun hamma imkoniyatlarni ishga solib o‘ziga shaxsan tanish bo‘lgan Mixail Sergeevich Gorbachyovni Stavropoldan Moskvaga o‘tkazilishiga va KPSS Markazqo‘mining kotibi etib tayinlanishiga erishdi.

Ayni chog‘da Andropov vaqtning halokatli tarzda tez o‘tayotganini tushunardi – uning kasali juda og‘ir, u uzoq kutib turishga yaramaydi. Yuriy Vladimirovich Brejnevdan keyin bo‘ladigan voqealarga tayyorgarlik ko‘rib borgandi. Xolisanlillo olganda u Brejnev tevaragidagi o‘zi bilan raqobatlashishi mumkin bo‘lgan ayrim da’vogarlarning obro‘siga putur yetishidan manfaatdor edi.

Andropov akademik Chazov bilan yaqin munosabatlar o‘rnatdi. Chazov Brejnevning va qolgan Siyosiy byuro a’zolarining salomatligi qay ahvolda ekanini hammadan ko‘ra yaxshiroq bilar edi.

U o‘qtin-o‘qtin Chazov bilan uchrashib turardi. Bu uchrashuvlar yo Andropovning uyida yoki KGBning xufiya uyiida sodir bo‘lardi. Xufiya manzili Satira teatridan uncha uzoq bo‘lmagan joydagi eski uylardan birida edi. “Gap, asosan, Brejnevning salomatligi to‘g‘risida borgan edi, — deb eslaydi Chazov. – Biz uning xastaligi munosabati bilan muolaja uchun nimalar qilayotganimiz, hokimiyatning oliy tabaqalari o‘rtasidagi ahvol to‘g‘risida gaplashdik. Aqlli va olisni ko‘ra oladigan siyosatchi, tahliliy tafakkurga moyil Andropov xuddi shaxmatchi kabi u yoki bu siyosiy arboblarning xulq-atvori va xatti-harakatlari qanday bo‘lishi mumkinligini avvaldan chamalab ko‘rardi”.

Yuriy Vladimirovich KGBdan imkon qadar tezroq KPSS Markazqo‘miga qaytishni orzu qilardi, chunki bu yerda uning uchun Bosh kotiblik lavozimiga yo‘l ochilardi. Andropovni Chernenko bilan o‘rtalarida alanga olib borayotgan raqobat tashvishga solardi. Brejnev zaiflashib borgani sari Chernenko uning pinjiga suqilibroq kirishga harakat qilardi. Markazqo‘mning umumiy bo‘limiga rahbarlik qilgan Konstantin Ustinovich partiya apparatining hamma ishini nazorat ostida tutardi. U bo‘layotgan ishlardan Brejnevni ogoh qilib turish bilan cheklanmas, balki Bosh kotibning ishlari juda tig‘iz va ko‘p degan taassurot tug‘dirishga ham urinardi. Brejnev so‘nggi yillarda Chernenkoga shu qadar ishonib ketgandiki, u olib kelgan qog‘ozlarning hammasiga ma’nosini durustroq uqmasdan ham imzo chekib yuboraverardi.

To‘g‘ri, o‘ttiz besh yil mobaynida Markazqo‘m kotibi bo‘lib kelgan Mixail Andreevich Suslov 1982 yil 25 yanvarda vafot etgandan keyin vaziyat o‘zgardi.

Suslov Markazqo‘mda kotib bo‘lib o‘tirar ekan, Andropovga yuqoriga yo‘l berk edi. Suslov Andropovni yoqtirmasdi. Chekistlarning kattasini Siyosiy Byuroning boshqa a’zolari ham yoqtirishmasdi. Faqat mudofaa ministri Dmitriy Fedorovich Ustinovgina bundan mustasno edi. KGBning raisi hech kimning amal pillapoyalaridan ko‘tarilishiga yordam bermas, lekin juda osonlik bilan bir zumda bu yo‘lni qirqib qo‘yishga qurbi yetardi.

Endi esa KPSS Markazqo‘mining asosiy binosidagi birinchi yo‘lakning beshinchi qavatidagi ikkinchi raqamli kabinetda o‘rin bo‘shab qoldi. Bu qavatda faqat ikkita kabinet – Bosh kotibning kabineti-yu, partiyadagi ikkinchi odamning kabineti bor edi, xolos. Uni kim egallashini hamma intiqlik bilan kutardi. Turli-tuman nomzodlar ko‘p edi. Brejnev sira kutilmaganda Andropovni tanladi.

Bosh kotibning yordamchisi Andrey Aleksandrov-Agentov shunday eslaydi:

“1982 yilning boshlanishida Suslov qo‘qqisdan betob bo‘lib qolganidan keyin bir-ikki kun o‘tgach, Leonid Ilich meni Markazqo‘m binosidagi qabulxonasining xilvatroq burchagiga tortdi-da, ovozini pasaytirib dedi:

– Menga Chazov qo‘ng‘iroq qildi. Suslovning kuni bitib qolgan ko‘rinadi. Men uning o‘rniga Markazqo‘mga Andropovni o‘tkazishni o‘ylab turibman. Axir, Yurkaning Chernenkodan zo‘rroq ekani haqiqat-ku! Salohiyatli, ijodiy fikrlaydigan odam…”

Qiziq, nima uchun Brejnev yordamchisini xilvatga tortdiykin? Gaplarini begona odamlar eshitishini xohlamadimikin? Uning gaplarini ham maxfiy eshitib oladiganlar bor deb o‘yladimikin? Bunday qilishga kimning haddi sig‘ardi?

1991-yildan keyin Siyosiy byuroning eng maxfiy hujjatlarini ko‘rib chiqishga ijozat olgan general-polkovnik Dmitriy Volkogonov buni Chernenko qilgan deb ta’kidlaydi. Uning kabinetida maxsus apparatlar bor ekan. Ularning yordamida eski maydondagi eng yuqori rutbalik amaldorlarning, shu jumladan, Markazqo‘mning asosiy binosidagi beshinchi qavatdagi kabinetlarda bo‘ladigan gap-so‘zlarni ham eshitish mumkin edi.

Brejnev nima uchundir uzil-kesil qaror qabul qilishni orqaga tashlar, Andropov esa bu ishda Chernenkoning nayrangi bor deb hisoblab, iztirob chekardi.

Hatto Chazov ham Andropovdan ish nimaga cho‘zilayotganini so‘rab-surishtirdi.

– Nima, Markazqo‘mdagilarning menga ko‘zlari uchib turipti deb o‘ylaysizmi? – deb javob berdi Andropov ma’yuslanib. – Kirilenko bir kuni menga shunday degan edi: “Agar sen Markazqo‘mga o‘tadigan bo‘lsang, hoynahoy, hammamizni har tomonga tirqiratib yuborsang kerak-a!”

Kirilenko haq bo‘lib chiqdi. Andropov Bosh kotib bo‘lgandan keyin eski alamlarini unuta olmay, birinchi navbatda, Siyosiy byuro a’zosi Andrey Platonovich Kirilenkoni nafaqaga jo‘natdi. To‘g‘ri, bu vaqtga kelganda Kirilenko ancha og‘ir xasta edi. Bunday desa, Andropovning o‘zining sog‘lig‘i ham Kirilenkonikidan a’lo emas edi.

KGB Moskva boshqarmasining sobiq boshlig‘i general Viktor Alyadin shunday eslaydi: Ular Andropov bilan ba’zan-ba’zan Brejnevning salomatligi yomon ekani to‘g‘risida gaplashib turishar ekan.

– Leonid Ilich qarib qoldi, bor kuchi bilan ishlay olmayapti. Allaqachon o‘zini rahbarlik ishidan ozod qilish masalasini qo‘ygan. Lekin uning o‘rnini bosa oladigan odam topilmayapti, – debdi bir kuni Andropov.

– Bu vazifani o‘zingiz zimmangizga olaqolsangiz bo‘lmaydimi, Yuriy Vladimirovich? Partiya va davlat ishlarida juda katta tajribaga egasiz, — deb javob bergan Alyadin.

– Shunaqa-ya, lekin men sanoat sohasini juda bo‘sh bilaman-da, – depti Yuriy Vladimirovich.

– Menimcha, hozir Markazqo‘mda sanoat ishlari bilan shug‘ullanayotgan odamlar uni sizdan yaxshi bilolmasa kerak, – deya e’tiroz bildirgan Alyadin.

Shunda Andropov generalga Brejnev bilan bolgarlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatni aytib beripti. Todor Jivkov maslahatlashgani kelgan ekan.

– Men Bolgariya kompartiyasi Siyosiy byurosining ikki a’zosini almashtirsam deyman. Ular juda qarib qolishdi, mehnat qilish qobiliyatlari ham susayib qolgan. Bunga siz qanday qaraysiz, Leonid Ilich? — debdi Jivkov.

– Menga qolsa, bunday qilmas edim, – deb javob beripti Brejnev ochiqchasiga. — Ular sizga xalaqit berishyaptimi? Siyosiy byuroga yoshroqlardan a’zo qilsak, ularning turgan-bitgani ortiqcha tashvish. Ular vaziyatni chalkashtirishdan boshqaga yaramaydi. Sizga shu kerakmi?

– O‘zingiz ko‘rib turibsiz, bizning siyosiy byuromizdagi vaziyatni o‘zgartirishga ham xohish yo‘q, – deb suhbatga xotima yasapti Brejnev.

1982 yilning boshida Alyadin Andropovning xastaligini, Markaziy klinika xastaxonasida yotganini eshitipti. Uni ko‘rgani bormoqchi bo‘lgan ekan, soqchilar Andropovning o‘zini yomon his etayotganini aytishipti. Bir necha kundan keyin Andropov ishga chiqqan va Alyadinni huzuriga chaqirgan.

General shunday eslaydi: “Biz uchrashdik, quchoqlashib, o‘pishib ko‘rishdik. U menga Afg‘onistonga borib kelganini, u yerda eng peshqadam rahbarlar bilan uchrashganini aytib berdi. U yerda ham uchrashganda o‘pishib ko‘rishish odati bor ekan. Shu yo‘l bilan Andropov chechak yuqtirib kelipti. Uni Moskvaga juda og‘ir ahvolda olib kelishipti. Bir necha kun u hushsiz yotipti. Andropovning shakl-shamoyilini ko‘rgan odam qo‘rqib ketardi. Uning shashti juda past, yuzi so‘lib bir burda bo‘lib qolgan, avvalgi g‘ayratidan nom-nishon qolmagandi. Markazqo‘mga o‘tish haqdagi taklif Andropovda qarama-qarshi tuyg‘ular uyg‘otdi. KGBga ko‘nikib qolgandi, real hokimiyatdan mahrum bo‘lishdan qo‘rqardi, negaki, partiyada rasman ikkinchi kotib degan lavozim yo‘q edi. Brejnev esa uning vakolatlar doirasi qanaqa bo‘lishini aniqroq aytgani yo‘q, u chindan ham Andropov Suslovning o‘rnini bosadi deb o‘ylaganmidi yoki unga yana bitta shunchaki Markazqo‘m kotibi kerakmidi — buni ham aytgani yo‘q.

Andropov Alyadinni o‘ziga yaqin olib dedi:

– Viktor Ivanovich, menga Markazqo‘m kotibi lavozimiga o‘tishni taklif qilishyapti. U yerning yo‘laklarida u yoqdan-bu yoqqa qog‘oz ko‘tarib, yugurib yurishimdan nima ma’no bor? Bu yerda ko‘proq foyda keltiraman-ku!

“Bu gap men uchun mutlaqo kutilmagan bir gap bo‘ldi, – deb eslaydi general Alyadin. – Vaqt-soati kelib bizda boshqa biron odam rahbar bo‘ladi deb tasavvur ham qila olmas edim. Yuriy Vladimirovichning hasratiga sherik bo‘ldim-u, lekin unga bu taklifni qabul qilmaslikni maslahat berdim.

Meni vahima bosdi. Demak, Brejnev bilan Andropovning orasiga sovuqchilik tushipti-da! Aftidan, Bosh kotib uni o‘zining vorisi deb hisoblamas ekan-da! Markazqo‘mda ikkinchi kotib lavozimi bo‘sh edi, lekin Andropovga bor-yo‘g‘i oddiy kotib vazifasini taklif qilishgan edilar, xolos…”

Brejnev va Shcherbitskiy

Taxminan shu vaqtlarda Brejnev bilan Ukraina kompartiyasi Markazqo‘mining Birinchi kotibi Vladimir Vasilevich Shcherbitskiy o‘rtasida maxfiy suhbat bo‘lib o‘tadi. Shuni ta’kidlamoq kerakki, Brejnev Vladimir Vasilevichni Moskvaga taklif qilgani yo‘q, balki kutilmaganda o‘zi Kiyevga yetib bordi.

General Alyadin eslaydi: “1982 yil may oyining boshida Leonid Ilich g‘oyatda maxfiy ravishda bir necha soatga Kiyevga bordi. Bu voqea kutilmaganda qo‘qqisdan ro‘y berdi. Buni men Vnukovo aeroportida operativ xizmat ko‘rsatuvchi boshqarma bo‘linmasining boshlig‘idan eshitdim. O‘z-o‘zidan ayonki, men bu to‘g‘rida darhol Andropovga xabar qildim”.

Yuriy Vladimirovich bunaqa safarning zamirida nima yotishini tushungani sababli, qattiq tashvishga tushib qoldi.

Vladimir Vasilevich Shcherbitskiy Brejnev yaxshi ko‘radigan kadrlar sirasiga kirardi. Shcherbitskiy Dnepropetrovsk shahrida tug‘ilgan bo‘lib u yerda asta-asta partiyaviy amallar zinasidan ko‘tarila-ko‘tarila ko‘p yillar davomida ishlagan edi. Vladimir Vasilevich 1957 yilda Ukraina Kompartiyasi Markazqo‘mining kotibi bo‘ldi, 1961 yilda esa respublika Ministrlar Sovetining raisi bo‘ldi. Ammo Ukraina Kompartiyasi Markazqo‘mining Birinchi kotibi bo‘lgan Petr Yefimovich Shelest uning tagiga suv quydi. Shelest Xrushchevning arzandalaridan edi. Shcherbitskiyning amalini ancha pasaytirib, tug‘ilib o‘sgan shahri Dnepropetrovskka qaytarib yuborishdi. Brejnev birinchi kotib bo‘lib saylangandan keyin hamma narsa o‘zgarib ketdi. U Shcherbitskiyni badarg‘a joyidan topib qaytarib olib keldi va bir yildan so‘ng – 1965 yilning kuzida u yana Ukraina hukumatining boshlig‘i bo‘ldi. Brejnev dabdurustdanoq uni Prezidium (Siyosiy byuro) a’zosi qildi. Holbuki, ishlab turgan mansabi uni bunaqa unvonlarga ega bo‘lishini taqozo qilmas edi.

1972 yilda Brejnev g‘oyatda ustomonlik bilan Shelestni birinchi kotiblik vazifasidan olib tashladi. Bu operatsiyada Andropov ham ishtirok etgan edi.

Bundan bir yilcha avval, odatda, Moskvani sira tark etmaydigan, kabinetidan chiqmay ishlayveradigan Andropov Ukrainaga borgan edi. Bu safardan ko‘zlangan maqsad – rasman respublika KGBsining kengashida ishtirok etish, aslida esa Shelestning qo‘yniga qo‘l solib ko‘rish edi. Ular shahardan tashqarida uchrashishdi va g‘ayrirasmiy sharoitda uzoq suhbatlashishdi.

“Andropov partiya s’ezdi oldidan mening fikrlarimni bilgani va qanday mavqeda ekanimni aniqlashga kelgani yaqqol sezilib turardi, – deb yozadi kundaligida Shelest.– Men o‘z mulohazalarimni ochiq aytdim. Shu jumladan, markazning rahbarlik uslubidagi kamchiliklar to‘g‘risida ham gapirdim. Brejnev to‘g‘risida shak-shubhasiz uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarur ekanini aytdim. Lekin shu bilan barobar Siyosiy byuroni faqat gap sotadigan “bozor”ga aylantirib yuborish ham mumkin emasligini gapirdim. Boshlangan ishlarni oxiriga yetkazib qo‘yish kerak. Ehtimol, mening gaplarim keskinroq bo‘lgandir, lekin ular haqiqat edi. Andropov bilan suhbat men uchun oqibatsiz o‘tib ketmasligini sezib turardim”.

Shelest adashmadi. Andropov uning zaif joylarini bilib olgan edi. Petr Yefimovich kiyevlik siyosatchilar o‘rtasida Ukrainani, ukrain tilini hammadan ortiqroq yaxshi ko‘rardi, desak xato bo‘lmas. 1965 yilning yozida hamma oliy o‘quv yurtlariga uch oylik muddat ichida ta’limni ukrain tilida olib borishga o‘tish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan edi.

Moskvada bunaqa gaplarni yoqtirmay, g‘ashlik bilan qabul qilishar, uning zamirida millatchilik va separatizm kayfiyatlari bor deb hisoblashar edilar. Shcherbitskiy esa, uning o‘zi aytganidek, “Bogdan Xmelnitskiy mavqei”da turardi, ya’ni hamma ishlarimizni to‘la-to‘kis Moskvaga qarab yuritardi.

Anatoliy Chernyayev Siyosiy byuroda Andropovning maktubi muhokama qilinganini eslaydi. Bu maktubda “ruslashtirishga qarshi turgan va mustaqillik talab qilgan ukrain millatchilari” haqidagi hujjat to‘g‘risida gap borardi.

Brejnev norozi ohangda shunday degan:

– Men Petr Yefimovich bilan telefon orqali deyarli har kuni aloqa qilib turaman. Kolbasa to‘g‘risida, bug‘doy, melioratsiya haqida gaplashamiz. Hozir bizning stolimiz ustida yotgan hujjat esa unga va Ukraina Kompartiyasi Markazqo‘miga olti yildan beri ma’lum ekan. Lekin hech kim Kiyevda menga bu to‘g‘rida gapirgani yo‘q, lom-mim deb og‘iz ochmagan. Bu masalada Petr Yefimovich hech qanaqa ishkallikni ko‘rmagan ekan-da!

Brejnev do‘sti Shcherbitskiyni Ukrainaga rahbar qilib qo‘ydi. Shcherbitskiy ikki marta Sotsialistik Mehnat Qahramonining “O‘roq va Bolg‘a” oltin medalini oldi va harbiy sanoat kompleksida ishlaydiganlar uchun maxsus belgilangan Lenin mukofoti bilan (yashirin ro‘yxat bo‘yicha) taqdirlandi. Bunda mudofaa ministri Ustinov tashabbus ko‘rsatdi. Uning bilan ham Shcherbitskiy o‘rtasida do‘stona aloqalar mavjud edi. Siyosiy byuroning sobiq a’zosi Vadim Medvedevning gaplariga qaraganda Shcherbitskiy bilan Bosh kotib o‘rtasida “bag‘oyat qalin munosabatlar mavjud edi, ular bir-birlariga ishonar edilar. Shcherbitskiyning qo‘llab-quvvatlashi bilan Brejnev ko‘pgina nozik masalalarni hal qilardi”.

Brejnevning vorisi haqidagi gaplar ko‘pdan beri aylanib yurardi. Uning o‘zi ham ba’zan bunga shama qilib qo‘yar, ba’zan esa ochiqchasiga to‘ppa-to‘g‘ri aytaverardi.

Hatto shunday gap ham yuradiki, bir kuni Brejnev ko‘ngli to‘lib ketib, Shcherbitskiyga degan ekan:

– Mendan keyin, Volodya, sen bosh kotib bo‘lasan.

Novcha, qaddi-qomati kelishgan Shcherbitskiy juda yoqimli taassurot qoldirardi. Mamlakat bo‘yicha olganda ham u katta obro‘ga ega edi.

SSSR Ministrlar Sovetining raisi Aleksey Nikolayevich Kosigin og‘ir dardga chalinib, yotib qolganida, Brejnev Shcherbitskiyga hukumatga bosh bo‘lishni taklif qilgan edi.

Brejnev bilan Shcherbitskiy Kishinevga borishgan. Leonid Ilichning kayfiyati juda past bo‘lgan, u Ministrlar Sovetiga kim rais bo‘lishini o‘ylab, o‘yining tagiga yetolmagan. Nihoyat, kechasi vaqt allamahal bo‘lib qolganda u pijamada Shcherbitskiyning xonasiga kirgan.

– Volodya, Kosiginning o‘rniga sen bo‘lishing kerak. Boshqa odam yo‘q…

Shcherbitskiy taklifni rad qilgan. Harholda keyinchalik yordamchilariga shunday deb aytib bergan. Nima uchun u ittifoq hukumatiga bosh bo‘lishni xohlamadi. Aftidan, u Ministrlar Soveti raisining o‘rnini xatarli deb hisoblagan bo‘lsa kerak. Bu mansab har tomondan tanqid uchun ochiq, iqtisodiyotdagi og‘ir ahvol uchun aybni partiya apparati osongina hukumatning ustiga ag‘darib qo‘yaqoladi.

Unday bo‘lsa, Brejnev bilan Shcherbitskiy 1982 yil mayida Kiyevdagi maxfiy uchrashuvlarida nimani muhokama qilishgan?

Ehtimol, Leonid Ilich Andropovni Markazqo‘mning kotibi qilish niyati borligi to‘g‘risida gapirib bergan-u, lekin Andropov uning vorisi bo‘lmasligini aytib, kiyevlik do‘stini xotirjam qilgandir?

Bu suhbat Shcherbitskiy uchun yoqimli, lekin xatarli suhbat edi. Agar u Bosh kotibning vorisi kim bo‘ladi degan masalani muhokama qilishda o‘zining manfaatdorligini jinday namoyish qilib qo‘ysa, shu zahotiyoq Brejnevning undan ko‘ngli qolishi mumkin edi. Xullas, Brejnev uzoq vaqt ikkilanib yurdi. Andropov Markazqo‘mga o‘tish uchun kurash olib bordi va oxir-pirovardida, o‘z maqsadiga erishdi.

Suslov 1982 yilning yanvarida vafot etdi, Andropovni esa Markazqo‘m kotibligiga 24 mayda sayladilar.

Mamlakat va jahon yangi kotib o‘zi bilan nima olib kelarkin, qanaqa yangi g‘oyalarni oldinga surarkin, deya fol boqishga tushdi. Lekin kamdan-kam odam KPSS Markaziy Komitetidagi kabinetni og‘ir dardga chalingan dardman egallaganidan voqif edi. Aslida, Andropov umrini yashab bo‘lgan, fursati o‘tgan edi.

General Vadim Kirpichenko uning chekistlar ko‘z o‘ngida so‘nib borganini eslaydi: U sayr qilishni yoqtirmas, kabinetdan tashqariga chiqmaydigan xonanishin odamga aylanib qolgan edi. So‘nggi paytlarda – hali KGBda ishlab yurgan kezlaridayoq Andropov ishlarni ko‘rar ekan, avvalgi ishtiyoqi sezilmasdi. U o‘qishga ham qiynalib qolgan edi, birov o‘qib berishini iltimos qilardi.

KGBda ishlagan yillari unga foyda keltirmadi. Valentin Falinning yozishicha, “biqiq, salbiy havolarga to‘liq muhitda Andropovning o‘zi ham juda keskin o‘zgarib ketdi”. Uning gaplarida haqqoniylik kamayib ketdi, har narsaga shubha bilan qarash, har narsadan hadiksirash kuchaydi, hamma narsa tegib ketadigan bo‘lib qoldi, kekchiligi zo‘raydi.

Brejnevga shama qilib, Andropovning haddan tashqari xasta ekanini, mamlakatni boshqara oladigan holda emasligini aytishdi.

Leonid Ilich partiya va davlatning oliy rutbali rahbarlarining salomatligi uchun mas’ul bo‘lgan akademik Chazovga telefon qildi.

– Yevgeniy, nima uchun Andropovning salomatligi to‘g‘risida menga hech narsa demading? Menga uning ahvoli nihoyatda og‘irligini va kuni bitib qolganini aytishdi. Men uni uyimga mehmonga kelganda ko‘rgandim – hech narsa ichmaydi, deyarli hech qaysi ovqatga qo‘l ham tegizmadi. “Nega hech narsa yemayapsan?” desam, faqat tuzsiz ovqat yeyman, deydi.

Chazov diplomatlarga xos mug‘ambirlik bilan javob berdi: ha, Andropov haqiqatan ham ancha og‘ir kasal, ammo davolash uning ahvolini barqarorlashtirishga bemalol imkon beradi. Hozir Yuriy Vladimirovich bemalol ishga yaroqli.

– To‘g‘ri, u ko‘p ishlayapti, – deb uning gapini ma’qulladi Brejnev. – Lekin uning betobligi haqidagi gap-so‘zlar juda ko‘payib ketyapti. Biz bu gaplarga indamay qarab turolmaymiz. Andropovning kuni bitganligi haqida mish-mishlar yuripti. Uning imkoniyatlari va kelajagi to‘g‘risida bizga aniq gap aytishing kerak.

Brejnevning so‘zlari yomon bir narsadan darak berardi. Siyosiy byuro a’zolari ichida sog‘lom odam kam edi, ammo ularning salomatliklari qay ahvolda ekani hamma uchun sir edi. Agar biror odamning xastaligi haqida gap-so‘zlar ko‘payib ketsa, u odam xizmatni tark etib, dam olishga o‘tishni o‘ylamog‘i kerak edi.

Oradan ko‘p o‘tmay Andropovning o‘zi ham Chazovga qo‘ng‘iroq qilib qoldi. U ancha tashvishda edi, akademikdan yordam berishini iltimos qildi.

– Men Brejnev bilan uchrashdim. U o‘zimni qanday his qilayotganim to‘g‘risida, salomatligim qay ahvolda, undan nima yordam kerakligi haqida anchagina so‘rab-surishtirdi. Aftidan, kimdir xastaligimni ro‘kach qilib, o‘zini menga g‘amxo‘rday ko‘rsatmoqchi, meni juda og‘ir xasta ko‘rsatib, nogironga chiqarib qo‘ymoqchi shekilli. Men sizdan iltimos qilaman – Brejnevni xotirjam qilib qo‘ysangiz, mening kelajagim masalasidagi shubha-gumonlari va bezovtaligi barham topsa…

Balki Bosh kotib allaqachon o‘zi uchun qandaydir xulosalar chiqarib bo‘lgandir. Markazqo‘mning kadrlar bo‘yicha sobiq kotibi Ivan Vasilevich Kapitonov uni 1982 yil oktyabr oyining o‘rtalarida Leonid Ilich huzuriga chaqirganini hikoya qiladi.

– Manavi o‘rindiqni ko‘ryapsanmi? – deb so‘rapti Brejnev o‘zining o‘rindig‘iga ishora qilib. – Bir oydan keyin bu o‘rindiqda Shcherbitskiy o‘tiradi. Hamma kadrlar masalasini shuni hisobga olib hal qil.

Bu gap-so‘zlar Siyosiy byuroni sergaklantirib qo‘ydi: Moskvalik apparatchilar Ukrainadan chiqqanlardan ancha hadiksirar edi. Aleksey Illarionovich Kirichenko o‘zini ancha bemaza tutgani eslarida edi. Uni Xrushchev Kiyevdan olib kelib, KPSS Markazqo‘mining ikkinchi kotibi qilib qo‘ygandi, ammo ishni eplay olmayotganini ko‘rib, uni tezgina jo‘natib yubora qolgandi. Ukraina Kompartiyasi Markazqo‘mining yana bir sobiq kotibi Nikolay Viktorovich Podgorniy edi. U haddan tashqari o‘ziga bino qo‘ygan va aql bovar qilmaydigan darajada betakalluf, beandisha odam edi. U ham o‘zidan yomon xotira qoldirgan edi, negaki, hatto siyosiy byuro a’zolari bilan ham tahqirli shakllarda gaplashaverar edi.

Shcherbitskiy unga qaraganda beqiyos darajada andishali odam edi, bu kayfiyatlardan voqif edi va ularni hisobga olishga intilar, hamisha yordamchilaridan so‘rab turardi:

– Xo‘sh, bu masalada Moskov boyonlari nima deb o‘ylashmoqda?

Siyosiy byuroning sobiq a’zosi Grishin ham Shcherbitskiyni Brejnevning juda yaqin odami deb hisoblar va Brejnev mish-mishlarga qaraganda Markazqo‘mning yaqinda bo‘ladigan Plenumida Shcherbitskiyni KPSS Markazqo‘mining Bosh kotibligiga tavsiya qilib, o‘zi esa partiya Markazqo‘mining raisi lavozimiga o‘tmoqchi deb o‘ylagan. L.I.Brejnev bu niyatlarini amalga oshirishga ulgurmadi. Belgilangan plenumga chamasi ikki haftalar vaqt qolganida u qo‘qqisdan vafot etdi.

Ehtimol, bularning hammasi shunchaki bir taxmindir, xolos.

Brejnev o‘zining ishdan bo‘shab, dam olishga ketishi to‘g‘risida ancha oldin og‘iz ochgan edi. 1979 yilning aprelida Brejnev xos soqchilarining boshlig‘i Aleksandr Ryabenkoga to‘satdan aytgan ekan:

– Dam olishga ketgim kelyapti…

Ryabenko Bosh kotib ta’tilga chiqishni xohlab qolipti deb o‘ylabdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Brejnev iste’fo haqida gapirgan ekan. Chernenko Siyosiy byuro majlisini chaqirgan, Brejnev nafaqaga chiqish fursati yetib keldi, degan. Hamma bunga qarshi bo‘lgan, yakdillik bilan Bosh kotibga ishlashi uchun sharoit yaratib berish kerakligi, ko‘proq dam olishiga imkon berish to‘g‘risida gapirgan. Brejnev o‘z mansabida qolishga rozi bo‘lgan.

Ammo Leonid Ilichning kayfiyati tez-tez o‘zgarib turgan, shekilli.

KPSS Markazqo‘mining sobiq kotibi Valentin Falinning yozishicha, Chernenko bilan suhbatlaridan birida Brejnev unga shunday degan ekan:

– Kostya, mendan ishlarni qabul qilishga tayyorgarlik ko‘raver.

“Ajab emaski, – deb ilova qiladi Falin, – ayni shu so‘zlarini ayni shu vaqtning o‘zida uning og‘zidan yana boshqa biror odam eshitgan bo‘lishi mumkin. Hamma qasrlarda shunaqa o‘yinlar bo‘lib turadi. Ammo Chernenko Brejnevga o‘ta sadoqati bilan ajralib turardi. Chernenko unda biron g‘arazli niyat bor deb gumon qilish uchun zarracha ham bahonaga yo‘l qo‘ymagandi. Unda quvvati ketib munkillab qolgan Bosh kotib taxtining oyoqlarini arralash xohishi bo‘lgan emas”.

Brejnev Andropovni Markazqo‘mdan olib, ikkinchi kotib qilib qo‘yganida voris bo‘lmoq uchun Yuriy Vladimirovichning imkoniyatlari hammanikidan ortiqroq ekani ayon bo‘ldi. Biroq u bunday shamalar va va’dalar Chernenkoga ham, Shcherbitskiyga ham aytilganidan xabardor edi, bu esa uni yanada ko‘proq asabiylashishga majbur qilar edi.

Aslida esa Leonid Ilichning ketish niyati yo‘q edi. Har qanday normal odam kabi o‘zining o‘limi yaqinligi to‘g‘risida ham o‘ylamas edi. Shuning uchun vorislik haqidagi bu gap-so‘zlarni hech kim jiddiy qabul qilgani yo‘q. Bundan tashqari tevaragidagilar uchun ham Brejnevning o‘z mansabida imkoni boricha uzoqroq qolishi foydali edi.

Brejnev hali hayotligida 1982 yil yanvarida V.I.Leninning tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali majlisda Andropovning so‘zlagan nutqi hammada yaxshi taassurot qoldirdi. Uning nutqida boshqalarnikiga qaraganda balandparvoz gaplar kamroq edi. Ularda bir qancha kutilmagan iboralar bor edi. Masalan, “Biz o‘zimiz yashayotgan jamiyatni keragicha bilmaymiz”. Anatoliy Chernyayev kundaligida shunday yozadi: “Siyqa gaplarni gapirdi, lekin ko‘lam bilan gapirdi. Tanaffus chog‘ida foyeda har xil gap-so‘zlar quloqqa chalindi. “Navbatdagi bosh kotib bo‘lsa, ne ajab?” Andropovga odatdagidan qattiqroq va uzoqroq qarsaklar chalindi. Yuriy Vladimirovich qo‘rqib ketdi”.

Siyosiy byuro majlislarida Chernenko Brejnevning yonida o‘tirardi, Andropov esa bir kishi oralatib, ya’ni Ministrlar Sovetining raisi Tixonov bilan yonma-yon o‘tirar edi. Andropov hatto Brejnevga shikoyat qilib, Chernenko meni siqib qo‘ymoqda, kotibiyat va siyosiy byuro majlislarini olib boradi, – degan emish. Brejnev majlislarni Andropov olib borishi to‘g‘risida ko‘rsatma beripti. Bu o‘rinda o‘ziga xos makkorlik bor edi.

Brejnev hamisha ikkinchi kotibning kuchayib ketishidan xavotir olardi, negaki, kotibiyat majlislarini olib boruvchi va KPSS Markazqo‘mining binafsharang muhriga egalik qiluvchi odam partiyaning ikkinchi odami hisoblanardi. U markaziy apparat xodimlari uchun va mahalliy kotiblar uchun juda muhim siymoga aylanardi. Bu siymo ularni ishga tayinlar va ishdan olar, xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlariga va o‘qishga jo‘natar, ya’ni “mahalliy knyazlarni” “boquv”ga qo‘yardi. Ikkinchi odamning ro‘yxushligiga bog‘liq bo‘lgan partiya qo‘mitalarining kotiblari o‘zlarining unga bo‘lgan sadoqatlarini namoyish qilishga harakat qilishardi.

RaQamli Qulfi bor chamadoncha

Akademik Chazov 1982 yilning 10 noyabrida unga Brejnevning soqchisi qo‘ng‘iroq qilganini eslaydi.

– Yevgeniy Ivanovich, Leonid Ilichni reanimatsiyaga yotqizmasa bo‘lmaydi. Chazov yetib kelib, Brejnev bir necha soat avval uzilib bo‘lganini ko‘rdi. Chazov o‘ylanib qolgan bo‘lsa, tibbiyot masalalarini o‘ylagan emasdi. Uning oldida g‘oyatda murakkab vazifa turardi: Bosh kotibning olamdan o‘tganini birinchi bo‘lib bu dunyo zo‘rlarining qaysi biriga xabar qilmoq kerak?

“Men taxminan bilardim, – deb eslaydi Chazov, – hamma telefonlardagi gap-so‘zlar xufiya eshitiladi va men aytgan har qanday gap bir necha minutdan keyin yo Fedorchuk, yoki Shchelokovning qulog‘iga yetib boradi. Men juda yaxshi bilardim – bunaqa voqealar ro‘y berganida, albatta Andropovni ogoh qilish kerak. U davlat va partiyadagi ikkinchi odam sifatida voqealar oqimini boshqarishni o‘z qo‘liga olishi kerak edi”.

Chazovning qarori siyosiy qaror edi – kimki Brejnevning dala hovlisiga birinchi bo‘lib yetib borsa, o‘sha voris bo‘lardi.

Vaqt ham juda erta edi – Andropov Markazqo‘mga yetib borgani yo‘q edi. Chazov qabulxonadagi navbatchiga qo‘ng‘iroq qilib darhol Andropovni Brejnevning dala hovlisi bilan bog‘lashni buyurdi. Andropov qo‘ng‘iroq qilganida, Chazov hech qanday izoh berib o‘tirmay, darhol yetib kelishni iltimos qildi. Andropov bironta ham savol bermadi, lekin nima voqea ro‘y berganini darrov angladi. Yetib borgandan keyin u sarosimaga tushib dovdirab qoldi. “Nima uchundir xijolat cheka boshladi, – deb eslaydi Chazov, – so‘ngra birdan Chernenkoni dala hovliga taklif qilishimizni iltimos qila boshladi. Bunga Brejnevning xotini “Chernenko erimni qaytarib berarmidi? Bu yerga kelmay qo‘yaqolsin”, dedi. Men bilar edim — Bosh kotibning xotini Chernenkoni erini tinchlantiruvchi dorilar bilan ta’minlab turgan odamlardan biri deb hisoblardi, bunday dorilarni iste’mol qilishni esa vrachlar unga taqiqlab qo‘yishgandi.

Andropov Chazovning hamrohligida Brejnev bilan vidolashish uchun xobxonaga kiradi. “Andropov Brejnevning jasadini ko‘rib seskanib tushdi va rangi oqarib ketdi, – deb yozadi Chazov. – Bu daqiqada u nimani o‘ylayotganini anglab olish men uchun juda qiyin edi. Qanaqa mavqe tutmaylik, hammamiz ham bir kuni o‘lishimizni o‘yladimikin (buning ustiga o‘zi og‘ir xasta bo‘lsa)? Yoki hademay uning doimiy orzusi vojib bo‘lishini — partiya va davlatning boshlig‘i bo‘lib qolishini o‘yladimikin? U birdan otlanib qoldi, Viktoriya Petrovnaning ko‘nglini ko‘taradigan bir-ikki gap aytdi, madad berishlarini, yordamlarini ayamasligini gapirdiyu tezgina xayrlashdi-da, jo‘nab ketdi.

“Glasnost” gazetasining muharriri Izyunov Brejnev oilasiga yaqin bo‘lgan odamlarning gaplariga tayanib, yozadiki, Viktoriya Petrovnaning o‘zi go‘yo Andropovning Brejnev xobxonasida saqlaydigan qora chamadonchani olib ketgan emish. Chamadonchada nima bor edi? Viktoriya Petrovnaning o‘zi u chamadonni olib ko‘rmagan ekan, lekin u bir kuni Brejnevning kulib, “bu chamadonning ichida hamma siyosiy byuro a’zolarining ustidan to‘plangan aybnomalar bor deganini eslagan. Brejnevning kuyovi Yuriy Churbanov ham buni tasdiqlagan. Andropov Brejnevning portfelini ham olib ketgan. Uning raqamli qulfi bo‘lib, portfelni hamisha Brejnevning soqchisi ko‘tarib yurar ekan.

Leonid Ilichning ixtiyoriga haqiqatan ham Andropovning o‘zidan olingan yoki KGB ning yangi raisi Fedorchukdan olingan materiallar mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu materiallar Bosh kotibning tevaragidagi odamlarning obro‘siga putur yetkazmaydigan materiallar ham bo‘lishi mumkin. Lekin ularni o‘zi bilan ko‘tarib, nima uchun dala hovlisiga olib kelishi zarur edi? Bu portfelda u “maxfiy” degan muhr bosilgan qog‘ozlarni kechqurun bir qur varaqlab ko‘rgani shunchaki dala hovlisiga olib kelgan bo‘lishi ham mumkin-ku.

Xuddi shunga o‘xshash materiallarni Siyosiy byuroning boshqa a’zolari ham olishgan, lekin ular bu qog‘ozlarni Markazqo‘mdagi kabinetlaridan tashqariga olib chiqishga jur’at eta olmaganlar.

Andropov bu qog‘ozlarni olib ketgan bo‘lsa, buni Bosh kotibning arxividan bir qismini qo‘lga kiritaman degan umidda qilmagan bo‘lsa kerak, balki KGBda xizmat qilgan o‘n besh yili davomida shakllangan ichki tuyg‘usining da’vati bilan qilgan bo‘lishi ham mumkin. Bu tuyg‘uga ko‘ra maxfiy qog‘ozlar hamisha po‘lat sandiqda saqlanmog‘i darkor. Andropov, Gromiko, Ustinov va Tixonovlar bir xilvat xonada o‘tirishib, Bosh kotib Andropov bo‘lmog‘i kerak degan to‘xtamga kelishdi. U oltmish sakkiz yoshda edi – bizning mamlakatimizda bu yosh ancha jiddiy yosh hisoblanadi. Bu yoshga kirib, g‘ayratini saqlab qolganlar, yangi ish boshlashga imkon beradigan harakatchanlikka ega bo‘lganlar kam topiladi.

Andropovning Bosh kotib etib tayinlanishi xalq o‘rtasida ko‘pgina hazil-mazaxlar tug‘dirdi. KPSS Markaziy Qo‘mitasi nomini KPSS Favqulodda Qo‘mitasi deb o‘zgartirishni, Kremlni Andropol deb atashni taklif qilishdi. Yana bir hangoma: Andropovning agrar programmasiga ko‘ra, hamma narsani bahorni kutmay o‘tqazish, kuzni kutmay, o‘rib olish kerak ekan.

Yozuvchi Yuriy Markovich Nagibin kundaligida Andropovning Bosh kotib etib tayinlanishini shunday qayd qilgan:

“Rossiya adabiyotiga daxldor odamlarning hammasi benihoya mushtoqlik bilan kutgan ulug‘ tadbir, nihoyat, amalga oshdi. Biroq nima uchundir kutib toliqqan qalblarda nurlanish sodir bo‘lmadi. Turmushimizning bu yangi halqasi negadir jozibadan mahrum. U hatto odatdagi ro‘yoga o‘xshagan umidlarni ham baxsh etmadi. Odatda sovet kishilari yangi rahbarlarning kelishiga ishonibroq qaraguvchi edilar. Ammo bu gal shu odatga xilof o‘laroq, biron og‘iz ham yaxshi gaplar quloqqa chalinmadi. Hamma faqat siquvning kuchayishini, narx-navoning oshishini, qashshoqlikni, repressiyalarni kutyapti, xolos. Hech kim qiyalikka tushib ketayotgan poyezdni yana iziga solib yuborish mumkinligiga ishonmaydi. Yangi rahbarning hadiksirab qilgan harakatlari sovuqdan-sovuq, ko‘lami esa katta odam emas ekan. U qadimgi tariqatga amal qilar ekan – faqat zo‘rlikka tayanish kerak deb hisoblar ekan. Bu esa halokatli yo‘ldir”.

Stalincha ma’dan

Agar Andropov uzoqroq umr ko‘rganida nimalarni amalga oshirgan bo‘lardi va mamlakat qay yo‘ldan ketardi, degan bahslar hozirgacha to‘xtamaydi. Andropovning ko‘pgina ixlosmandlari aminki, u davlatni vayron etmagan holda hamma zarur islohotlarni o‘tkazar edi. Ehtimol, ularning ko‘z o‘ngilarida navqiron, kuchga to‘lgan, harakatchan, to‘laqonli mehnat qilishga qodir bo‘lgan Andropov turar. 1982 yilda mamlakatga shunday odam bosh bo‘ldiki, agar u Siyosiy byuroning a’zosi bo‘lmaganda, UNI ALLAQAChON NOGIRONLIKKA ChIQARAR EDILAR. Lekin uning bemorligini hammadan sir tutib, yashirib kelishardi. Bu dardlar uni deyarli hammavaqt kasalxonaga yotishga majbur qilar, u yerda esa uni azobli yo‘llar bilan muolaja qilishardi.

Arxivlardan “Yu.V.Andropovning salomatligi to‘g‘risida SSSR Sog‘liqni saqlash ministrligi qoshidagi 4-Bosh boshqarmaning axboroti” topilgan. U yerda aytilishicha, Andropov 1965-1966 yillarda “mayda uyali” infarkt miokardini o‘tkazgan, buyragining usti surunkasiga xasta bo‘lganidan azob chekadi. O‘qtin-o‘qtin gipertonik xastaliklar, pnevmoniya xuruj qilib turadi, surunkali kolit, artrit bor, bularning ustiga, margipal-aritmiya va belbog‘day o‘rab olgan toshma kasallariga ham chalingan”. Yuriy Vladimirovich allaqachon nafaqaga ketishi kerak edi, biroq sovet jamiyatida hech kim bu ishni qilmasdi, negaki, sen hokimiyat tepasida ekansan – odamsan, hokimiyatdan ketganingdan keyin hech kim emassan.

Jismoniy dardlar uning ruhiga ta’sir qildi. 1982 yilda biz televizor ekranlarida o‘z vazifasini zo‘rg‘a, bir amallab bajarayotgan haddan tashqari toliqqan odamni ko‘rdik.

1983 yilda Siyosiy byuro, “Siyosiy byuro a’zolarining, Siyosiy byuro a’zoligiga nomzodlarning va KPSS Markazqo‘mi kotiblarining ish rejimlari” degan masalani uch marta ko‘rib chiqqan.

Bir majlisda Chernenko shunday degan:

– Ish vaqtini soat 9 dan 17 gacha cheklab qo‘yish, 65 yoshdan oshgan o‘rtoqlarga esa uzoqroq muddatli ta’til berish va haftada bir kun uy sharoitida ishlashlariga imkon berish to‘g‘risida qabul qilgan qarorimiz bajarilmayapti.

Andropov bunday deydi:

– Siyosiy byuro a’zolarining yoshlari masalasiga har xil qarash mumkin. Bunda partiyamiz orttirgan siyosiy tajribaning qaymog‘i yig‘ilgan. Shuning uchun odamlarni hovliqish bilan, tuzukroq o‘ylab ko‘rmay almashtirish hammavaqt ham ishga foyda keltiravermaydi. Agar ish maromi haddan tashqari zo‘rayib ketsa, bunda biz yutishdan ko‘ra ko‘proq yutqazishimiz ham mumkin. Siyosiy byuroning har bir a’zosi haftada bir kun uy sharoitida ishlash imkoniga ega bo‘lishi kerak. Dam olish kunlari dam olmoq kerak.

Partiya nazorati qo‘mitasining raisi Arvid Yanovich Pelshe Bosh kotib haqida qayg‘urishini namoyish qildi.

– Eng muhimi shuki, Yuriy Vladimirovich, sen o‘zing bu tartibga qattiq rioya qilmog‘ing, o‘zingni ehtiyot qilishing, salomatligingga tuzukroq qarashing kerak. – Andropov o‘tirgan o‘rnidan zo‘rg‘a tura olardi, yurganida esa ikkita soqchisi ikki tomondan suyab olib yurishardi. U atigi bir necha oygina ishladi, keyin kasalxonaga tushib qoldi, kasalxonadan esa qaytib chiqmadi.

– Men Markazqo‘mda beshinchi qavatda ketib borayotgan edim, – deb hikoya qiladi Gorbachyovning sobiq yordamchisi, jurnalist Valeriy Boldin. – Qarshimdan Andropov chiqib qoldi. Men salom berdim. U menga o‘girilib qaradi. Uning yuzi mutlaqo tussiz edi. U o‘zini juda ham yomon his qilmoqda edi. Menimcha, u hatto mening nima deganimni ham tushunmadi. Uning uzoqqa bormasligi ayon ko‘rinib turardi.

Moliya ministrligining faxriysi, 90-yillarda Rossiyada moliya ministri bo‘lgan Vladimir Georgiyevich Panskov gazetada bosilgan suhbatida 1982 yilda bo‘lib o‘tgan bir maxfiy voqea haqida hikoya qiladi:

“1982 yilning oktyabrida Brejnev qand, non va non mahsulotlarining narxini oshirish to‘g‘risidagi Markazqo‘m va Ministrlar Sovetining qaroriga imzo chekdi. Qarorni 1-dekabrdan kuchga kiritmoqchi bo‘lishdi. (Bayramlarda, ayniqsa, 7 noyabr arafasida bunaqa ishlarni qilishga yo‘l qo‘yilmasdi.) Qarorda maoshi kam odamlar ko‘radigan zararni to‘la qoplash ham nazarda tutilgan edi. Narx-navoni ko‘tarishdan maqsad – fuqarolarni tejamkorlikka o‘rgatish edi”. Bu tadbirdan hukumat raisi Nikolay Tixonov, moliya ministri Vasiliy Garbuzov, bo‘lg‘uvsi bosh ministr Valentin Pavlov va u paytlarda Moliya ministrligida byudjet boshqarmasining boshlig‘i bo‘lgan Vladimir Panskovlar xabardor edi. Hatto Markazqo‘mning ikkinchi kotibi Andropovning ham bu gapdan xabari yo‘q edi. Brejnev qarorga imzo chekdi-yu, 10 noyabrda vafot etdi. Andropovni Bosh kotib qilib sayladilar. Tabiiyki, unga darhol qaror haqida ma’lumot berildi. U birdan o‘shqirib berdi:

– Nima deyapsizlar? Yangi odam kelib, ishni nonning narxini ko‘tarishdan boshlaydimi?

Allaqachon qabul qilingan qaror bekor qilindi”.

Andropov mamlakat rahbari bo‘lganidan keyin Moskva shahar partiya qo‘mitasining sobiq rahbari, keyin Daniyaga elchi qilib jo‘natilgan Nikolay Grigorevich Yegorichev unga shaxsiy maktub yo‘lladi.

“Yuriy Vladimirovich, G‘arbda Sizning shaxsiyatingizga katta qiziqish bilan qaramoqdalar. Siz mamlakatga qanday rahbarlik qilayotganingizni hamma ko‘rib turipti. Biroq G‘arbda bir odat bor – bu yerda nafaqat siyosatga, balki shaxsiy sifatlarga ham katta e’tibor berishadi. Men yaxshi bir jurnalistni jo‘natishim mumkin. U sotsial-demokrat, imonli-insofli odam. U dala hovlingizdami yoxud uy sharoitidami (faqat xizmatda emas), sizning suvratlaringizni oladi va bu suvratlar butun dunyoda bosiladi. Dunyo sizni inson sifatida tanib oladi”.

Andropov avvallari sira qilmagan ishini qildi – u shifrlangan telegramma bilan javob berdi: “Bu taklifing uchun sendan g‘oyatda minnatdorman, Nikolay. Lekin undan hozir foydalana olmayman. Ehtimol, keyinroq mumkin bo‘lar…”.

Keyinroq mumkin bo‘lishining iloji bo‘lmadi.

Andropov Daniya elchixonasiga Finlandiyadan rezident jo‘natdi. U g‘oyatda ishonchli odam edi. U kelib, o‘zining xizmat yuzasidan kelganini aytdi. Elchixonada bir kun yurdi, ikki kun yurdi, uch kun yurdi. Nihoyat, Yegorichev undan to‘ppa-to‘g‘ri so‘rab qo‘ya qoldi.

– Sen nima maqsadda kelgansan?

U kulib yubordi.

– Agar men biror nojo‘ya narsa yozmoqchi bo‘lsam, sizga nima maqsadda kelganimni aytarmidim.

Yuriy Vladimirovich atrofiga odamlar to‘play boshladi, ishonchli odamlarni yig‘ib olgach, yo‘lini uzil-kesil belgilab olmoqchi edi. Biroq ulguraolmadi.

Jismoniy ojizlik va doimiy ravishda dard chekish islohotchilik faoliyati uchun qulaylik yaratib beradigan narsalar emas. Buning ustiga, Andropovda hayotni qayta qurishning tayyor dasturi, avvaldan o‘ylab yurilgan, ko‘ngilda pishitilgan rejalar yo‘q edi. Yangi dasturni ishlab chiqmoq uchun esa har nima bo‘lganda ham na uning vaqti bor edi, na kuchi yetardi. Va, umuman, Andropov mamlakatga nimani ham taklif qilaolardi? Uning tartib va intizom haqidagi tasavvurlari bekorchi xo‘jalarni va ishdan qochib yuradiganlarni aniqlash uchun ish vaqtida magazinlarda, hammomlarda, kinoteatrlarda o‘tkazilgan tekshiruvlarda ifodalangan edi. Bu esa anoyilikdan o‘zga narsa emas edi.

Gruziya Kompartiyasi Markazqo‘mining birinchi kotibi Eduard Amvrosiyevich Shevardnadzega Andropov tartib o‘rnatish borasida Stalindan o‘rgansa arziydi, degan ekan.

Georgiy Shaxnazarov bir marta Andropovga harbiy xarajatlarning g‘oyatda ko‘pligini, mamlakatga og‘ir kelayotganini aytgan ekan, u shunday deb javob beripti.

– Gaping to‘g‘ri, bizga qiyin.

Ammo sotsialistik tuzumning imkoniyatlari beqiyos darajada ko‘p. Biz hali uning yuzdan birini ham kashf etib ulgurganimiz yo‘q. Bizda hali bemazagarchiliklar, tartibsizliklar, ichkilikbozliklar, o‘g‘irlik ko‘p. Mana shularning hammasini chinakamiga bartaraf qilish kerak. Men seni ishontirib aytmog‘im kerakki, agar bu ishga kirishsak eplaymiz, kuchimiz yetadi.

Holbuki, halokatli ahvol yuzaga kelgandi. Andropov Bosh kotib etib saylangan vaqtda mamlakatda ba’zi viloyatlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga talonlar joriy qilingan edi. Hatto o‘sha paytda RSFSR Ministrlar Sovetiga rahbarlik qilgan Vitaliy Ivanovich Vorotnikovning e’tirof etishicha, mamlakatdagi ulkan xalq xo‘jaligini eski usullar bilan yuritishning mutlaqo imkoni qolmagan edi. Gosplan, Gossnab, Moliya ministrligi iqtisodiyot mexanizmining murvatlarini aylantirishga ojizlik qilib qolishgandi. Islohotlar hayot zaruriyatiga aylanib qolgandi.

Biroq taassuflar bo‘lg‘ay! U o‘zini mutaxassis deb hisoblagan birdan-bir soha iqtisodiyot sohasi edi. Bunga uning bir qadar aloqasi ham bor edi. Shuni ham aytmoq kerakki, buni uning o‘zi ham yashirmas edi, – deb yozadi Kryuchkov Andropov to‘g‘risida.

Mixail Gorbachyovning so‘zlariga qaraganda mamlakatdagi ahvolni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilgan va buning jamiyatga qanday tahdidi borligini aniq tasavvur qilgan. Biroq boshqa ko‘pgina odamlarga o‘xshab, u ham kadrlar malakasi tuzukroq yo‘lga qo‘yilsa, mustahkam intizom o‘rnatilsa. hamma narsa izga tushib ketadi deb o‘ylaydi. U mafkuraviy xarakterdagi hodisalarga juda keskin munosabatni oqlar edi. Ammo iqtisoddagi rivojlanishga xalaqit berayotgan sabablar muhokama qilinsa, nima uchun islohotlar qanot yozmay to‘xtab qolayotgani to‘g‘risida … ketsa, bunaqa masalalarga loqaydlik qilardi. U radikal o‘zgarishlardan va mustaqil qarorlar qabul qilishdan cho‘chir edi, yangi odamlardan hadiksirab turardi. Umuman, uning tevarak-atrofidagi odamlar bilan munosabati ancha og‘ir kechgan bo‘lishi kerak. Aslida u o‘zini psixoanalitikka ko‘rsatib muolaja olsa, yomon bo‘lmas edi, lekin kim unga psixoterapevtning seanslarini oling deb taklif qilishga jur’at etardi? Besh-oltita bosh kotibni ko‘rgan, ularning qo‘lida ishlagan Anatoliy Sergeevich Chernyayev Andropovga baho berishda unchalik ham zavq-shavqqa berilmaydi.

“Hech qachon unga nisbatan zavq-shavq his etmagan, na uning iste’dodiga ishonar, na madaniyatliligi va ziyoliligiga tan berardi. Lekin bilimi zo‘r edi, hamkasabalariga qaraganda ilmi ancha yuqori edi, albatta”. U pinhona ravishda dissidentlar harakatini o‘z nog‘orasiga o‘ynatib kelgan, – deb hisoblaydi Chernyayev. Bundan ko‘zlangan maqsad – “partiya va mafkuraga va, ayniqsa, yuqoriga ko‘tarilishiga yordam berishi mumkin bo‘lgan kimsalarga” sadoqatini namoyish qilish bo‘lgan. Uning muassasasi doimiy ravishda antisovetizm oldiga suyak tashlab turgan. Andropov Saxarovni ezib tashlash kampaniyasiga rahbarlik qilgan, Soljenitsinga va yana boshqa ko‘pgina odamlarga qarshi targ‘ibot va tashviqot ishlariga boshchilik qilgan. Yozuvchilarni ta’qib qilib, poylab, kuzatib yuradigan butun boshli bir tizim barpo etilgan edi. Bu tizimning qo‘li juda uzun edi. Shu bilan birga pul olib ishlaydigan son-sanoqsiz chaqimchilar armiyasi ham mavjud edi. “Seksot” deb atalgan bu chaqimchilar hamma sohalarda ham ko‘p miqdorda topilardi. Afg‘oniston mojarosini boshimizga yog‘dirgan odam ham birinchi navbatda Andropov bo‘lgandi. U imperializmning qora niyatlari haqidagi razvedka ma’lumotlarini muntazam yetkazib turgan va shu bilan mamlakatning tinkani qurituvchi qurollanish poygasi botqog‘iga tobora cho‘kib borishiga sababchi bo‘lgan.

“O‘n besh yillar mobaynida qabih ishlar qilib mamlakatga juda katta zarar yetkazgan odamga men chin qalbimdan ixlos qo‘ya olmas edim, – deb yozadi Chernyayev. – U hatto hokimiyat tepasiga chiqqandan keyin xalqni baxtiyor va farovon qilish niyatini yuragida saqlab yurgan bo‘lsa-da, uni astoydil hurmat qilolmayman. Intizom uchun kurashni va gazetalarda tanqidiy ruhning kuchayganini aytmasa, u pichoqqa ilinadigan biron kattaroq ish qilgani yoki biron salmoqli g‘oyani o‘rtaga tashlagani yo‘q. Andropovni islohotchi deb hisoblashning o‘zi bema’nilik bo‘ladi. U tashkiliy-ma’muriy choralar yordamida tuzumni biroz tuzatmoqchi bo‘lgan, xolos. Bu behuda bir ish edi. Sirasini aytganda, hamma Andropovning Rossiyani qutqaruvchi xaloskor bo‘lishini istar edi”.

Akademik Yakovlev Andropov to‘g‘risida yanada keskinroq yozadi:

“Yuriy Andropov juda ayyor, makkor va tajribasi katta odam bo‘lgan. Biron tayinli joyda o‘qigan emas. Ruhiy-axloqiy repressiyalar tashkilotchisi, surgunlar va mamlakatdan chiqarib yuborish bilan, qamoqlar va jinnixonalar bilan ziyolilarga doimiy bosim ko‘rsatib kelgan. Jamiyat taraqqiyotini u ustqurmani tartibga keltirish, kirlangan qismini tozalab yarqiratib qo‘yishdan iborat deb tasavvur qilgan, chunki jamiyatdagi aksilsanitariya ahvoli har qanday chegaradan chiqib ketgan edi.

Bunday mavqe mamlakat rahbariyatining ko‘pchiligiga ma’qul edi, chunki ularga omon saqlanib qolish uchun imkoniyat berar edi. Bu – amaldorlar tomonidan ezilgan va tahqirlangan, lekin ko‘ngilchanligini yo‘qotmagan mehnatkashlarning qalblarida umidvorlik tuyg‘ularini to‘lqinlantirib yubordi. Umuman, Andropov xalqning hurmat-e’tiborini qozondi. Brejnevdan keyin buning ajablanadigan joyi yo‘q edi…”

Markazqo‘mning kadrlar bo‘yicha sobiq kotibi Ivan Kapitonov nafaqaga chiqqandan so‘ng bor-yo‘g‘i bitta yoki ikkita intervyu bergan, xolos. Shulardan biri “Pravda” gazetasida bosilgan. Unda shunday gaplar bor:

“Stalincha ma’dan jarangini men Andropovning ovozidagina sezganman, xolos. U ichki siyosat bobida gapirganda – ishlab chiqarishda jamoatchilik tartiblarida intizom o‘rnatish uchun keskin kurash boshlanganda shunday bo‘lgandi, shuningdek, tashqi siyosat bobidagi gaplarida ham ma’dan jarangi eshitilgan hollar bo‘lgan. Loaqal Janubiy Koreyaning “Boing”i halokatga uchraganda, dunyoda sovetlarga qarshi qiy-chuv ko‘tarilganda bizning rahbariyatimiz bergan bayonotini bir eslang”.

Andropov doimo AQSh va NATO tomonidan bizga qo‘qqisdan hujum qilib qolinishi mumkinligi haqida gapirar edi.

1981 yilning may oyidayoq KGB qo‘shinlari va organlari xodimlari rahbarlarining Butunittifoq kengashida so‘zlagan nutqida Andropov shunday degan edi: bizning razvedkamizning asosiy vazifasi – dushmanning harbiy tayyorgarliklarini ko‘zdan qochirmaslik, uning yadroviy hujumga tayyorgarligini bee’tibor qoldirmaslikdir. KGBda haddan tashqari katta mablag‘ talab qiladigan bir tizim ishlab chiqildi. Bu tizim dushmanning raketa-yadroviy hujumining oldini olmog‘i kerak edi. Ayni chog‘da, bu bilan cheklanmay, NATO shtablarining faolligini nazorat qilish va hatto ular qancha dori-darmonlar g‘amlab qo‘yayotgani, kasalxonalar va gospitallar uchun qancha qon zahiralari borligini aniqlash vazifasini ham o‘z ichiga olar edi.

Andropov Amerika prezidenti Ronald Reygan siymosida ixtilof darajasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga olib borishga tayyor turgan odamni anglardi va o‘zi, mohiyatan, urushga tayyorgarlik ko‘rardi.

Reygan ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash yo‘llarini muhokama qilmoq uchun Andropov bilan shaxsan uchrashish yo‘llarini izlayotgan bir paytda Andropov Amerika prezidentining samimiyligiga ishonmadi. Bu Andropov uchun xarakterli hamma narsadan gumonsirash, hamma narsani shubha ostiga olish odati bo‘lib, u ko‘p yillik tajriba tufayli shakllangan xislat edi, deb yozadi Aleksandrov-Agentov. Yuriy Vladimirovich Reygan chin dildan, haqiqatan ham allaqanday ijobiy qadamlar qo‘yishga intilishi mumkinligi haqidagi fikrni hatto xayoliga ham keltira olmas edi. Bu bilan u mamlakatimiz bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida jiddiy to‘qnashuvlar boshlanishiga yo‘l qo‘yishiga sal qoldi.

1983 yilning avgustida Andropov Qrimdagi dala hovlisida o‘zining so‘nggi xorijlik mehmonini – Janubiy Yamanning rahbari Ali Nosir Muhammadni qabul qildi.

“Suhbatdan keyin tushlik bo‘ldi. Tushlik tamom bo‘lganida, – deb eslaydi xalqaro bo‘lim mudirining muovini Karen Brutents, – Yuriy Vladimirovich o‘rnidan turib, mehmonlar bilan xayrlashmoq uchun eshik tomon yurdi. Ammo qo‘lini uzatishi bilan to‘satdan rangi dokadek oqarib ketdi. Rangi oppoq bo‘rga o‘xshab qolgan Andropov gandiraklab ketdi. Agar soqchilaridan biri uning qo‘ltig‘idan tutib turmaganda va darhol uni stulga o‘tqazmaganda, Andropovning yiqilib tushishi muqarrar edi. Boshqa soqchi uning boshini silay boshladi. Bularning bari bir daqiqadan ortiq davom etgani yo‘q, keyin Yuriy Vladimirovich o‘rnidan turdi va go‘yo hech narsa bo‘lmagandek, mehmonlar bilan xayrlashdi…”

Qrimda Andropov o‘zini ancha tetik his qildi va toqqa sayr qildi, u yerda shamollab qoldi. Surunkali og‘ir xastalik uning organizmini immunitetdan mahrum qilib qo‘ygan edi. Hatto oddiy tumov ham uning uchun halokatli bo‘lishi mumkin edi-da, abstsess paydo bo‘ldi va kuchayib ketdi. Uni operatsiya qilishdi, lekin yiringli jarayonni to‘xtatishning iloji bo‘lmadi.

Uning xotini ham xasta edi. U har kuni telefonga xotinini ulab berishni iltimos qilar, hatto unga bag‘ishlab she’rlar yozardi.

Noyabr oyiga Markazqo‘mning plenumi belgilangan edi, eng so‘nggi daqiqaga qadar plenumda so‘zga chiqish umidida bo‘ldi. U kasalxonada yotganida huzuriga Markazqo‘m va Ministrlar Sovetining rahbarlarini chaqirib turdi, u ishlashga urinar, lekin hammaning ko‘z o‘ngida so‘nib borardi. Borgan sari kamgap bo‘lib borar, o‘z qobig‘iga biqinib olib, har narsani ko‘ngliga oladigan bo‘lib qoldi. Andropov Markazqo‘mning yangi kotibi Nikolay Ivanovich Rijkovga qo‘qqisdan qo‘ng‘iroq qilib, agar uni nafaqaga jo‘natishsa, moddiy jihatdan qanday ta’minlashlarini so‘ragan. Rijkov hatto nima deyishini bilmay hang-mang bo‘lib qolgan.

Aftidan, – deb yozadi Chazov, – Andropovning miyasiga bir fikr o‘rnashib qolgan bo‘lsa kerak – safdoshlarim meni eldan burun hisobdan chiqarib tashlashmadimikin deya xavotir olgan-u, ularning sadoqatini tekshirib ko‘rmoqchi bo‘lgan. Ammo partiya apparatida Bosh kotibni nafaqaga jo‘natish fikri birorta ham xodimning xayoliga kelishi mumkin emasdi – u daxlsiz shaxs sifatida qolishda davom etmoqda edi. Holbuki, uning salomatligi nochor ekanini inobatga olib, nafaqaga chiqarilsa, bu g‘oyatda tabiiy bir ish bo‘lardi.

Siyosiy byuroning sobiq a’zosi Yegor Kuzmich Ligachev menga shunday degan edi:

– Men u bilan vafoti arafasida uchrashgan edim. O‘shanda meni Markazqo‘m kotibi lavozimiga tayinlash to‘g‘risida gap ketgandi. Yuriy Vladimirovich, umuman, juda ham mardona odam bo‘lgan. Kabinetiga kirishing bilan uni ko‘riboq dard chekayotgan odam ekanini his qilasan. U esa ishdan gapiradi, sen bilan gurunglashadi, muzokaralar olib boradi, majlisga raislik qiladi… O‘shanda u meni o‘z huzuriga – kasalxonaga chaqirtirgan edi. Shu uchrashuvdan keyin men juda qattiq xavotir olib tashvishlanib yurdim, chunki men uni taniyolmay qolgan edim.

– Men palataga kirib qarasam, – deb davom etadi Ligachev, – allaqanday odam o‘tiripti. Ustida pijama, ich ko‘ylak, uyda kiyib yuradigan yana allanima balo. Bu yerda esa tomchi dori, karavot turipti. Men bu odam Yuriy Vladimirovich bo‘lmasa kerak, boshqa biron odam bo‘lsa kerak, Andropovning huzuriga meni endi olib kirishadi deb o‘yladim. Keyin shu odam Andropov ekanini angladim. U esa hoynahoy. mening bunaqa taraddudlanib qolganimni hayajonimga yo‘ygan bo‘lsa kerak. O‘tirdim, u menga gapirdi: “Qani, gapirib ber — qalay yuribsan? Nima ishlar qilyapsan? Qanday muammolar bor?”

Gapni cho‘zib o‘tirish mumkin emasligini men tushunar edim. Negaki, qarshimdagi odam – bemor. Ishim yuzasidan qisqagina axborot berdim. Keyin yana o‘n-o‘n besh daqiqa gaplashib o‘tirdik, choy ichdik. U dedi:

– Yegor Kuzmich, sizni ko‘tarishga qaror qildik.

Men minnatdorchilik bildirib jo‘nab ketdim. Bu voqea dekabrda bo‘lgan edi, fevralda esa u hayotdan ko‘z yumdi.

Yuriy Vladimirovich buyrak o‘rnini bosadigan apparatsiz yasholmay qolgan edi. Dializning, ya’ni qon tozalashning har bir seansi bir necha soat davom etar edi. Bu kishini holdan toydiradigan juda og‘ir jarayon edi. Asta-sekin uning buyragi, jigari va o‘pkasi ishdan chiqdi. Ovqatni ham sun’iy ravishda yedira boshladilar.

Soqchilar uni xuddi yosh boladek parvarish qilishga majbur bo‘lishdi. Uni qo‘lda ko‘tarib yurishardi. Uning faqat bitta ko‘zi ko‘radigan bo‘lib qolgandi. U kitob o‘qiganda yoki ish yuzasidan kelgan qog‘ozlar bilan tanishganda, navbatchilik qilib o‘tirgan soqchi sahifalarni varaqlab, ochib berib turardi.

“Men Andropovga qarab ezilib ketardim, – deb yozadi akademik Chazov, – u maxsus karavotda, qattiq botmaydigan to‘shakda yotardi. Bemor deyarli harakat qilmas. Nigohi so‘nik, yuzi sap-sariq, zahil rangda edi. Uning buyragi ishlamay qo‘ygan edi. U tevaragida bo‘layotgan narsalarni tobora kamroq payqab borar, ko‘pincha hushsiz yotardi”. Uning buyragi yomon ishlardi, keyin ikkala buyragi ham butunlay ishlamay qo‘ydi”.

1984 yilning yanvarida Moskva mehnatkashlari KPSS Markazqo‘mining Bosh kotibi, SSSR Oliy Soveti Prezidiumining Raisi Yuriy Vladimirovich Andropovni Oliy Sovet deputatligiga nomzod qilib ko‘rsatishdi.

9 fevralda u vafot etdi.

14 fevralda uni Qizil Maydonda dafn etdilar. Motam marosimida KPSS Markaziy Komitetining yangi saylangan Bosh kotibi Konstantin Ustinovich Chernenko nutq so‘zladi.

Ozod Sharafiddinov tarjimasi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 12-son