Uni tarixga zo‘rlab tiqishtirishgan edi
“Cheksiz minnatdorman, qalbim g‘urur va entikishda, hayajondan lolman”. Shved akademiyasi kotibi Anders Esterling bundan roppa-rosa yarim asr muqaddam 23 oktyabr payshanba kuni shunday mazmundagi telegrammani olgan edi. Uning jo‘natuvchisi adabiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Boris Pasternak edi.
Voqealarning keyingi rivoji na faqat “shoirni tahqirlash”ga qaratildi, balki bundan battarroq kechdi. Voynovichning “Ivankida” nomli asarining qahramonlaridan biri “men Pasternak qatlini” yaxshi eslayman», deydi maroq bilan. Boris Leonidovich hayotining oxirgi yillari, shak-shubhasiz, oson kechmagan edi. Binobarin: “Shoir o‘ldi, nomus qurboni” ohangida aytib yig‘lovchi go‘yandalar to‘dasi Pasternakni “odamxo‘r tuzum”ning mangu qurboniga aylantirdilar. Agar ularning diydiyosidan mijjamiz namlanadigan bo‘lsa, ko‘z oldimizda qandaydir mungli qahramonning qiyofasi gavdalanadi.
RO‘YoBGA ChIQMAGAN ZAFAR
Ehtiroslar junbishi nimadan boshlangan edi o‘zi? Nima sababdan mamnun kayfiyatdagi Pasternakning muxlislari muvaffaqiyatlarga oshna shoir, yozuvchi, mashhur tarjimon hamda sho‘ro adabiyotining namoyandasi Pasternak atrofida unga achinish tuyg‘ulari bilan aylanib-o‘rgilib qoldilar? Holbuki, “tuzum qurboni” 15 yil davomida Sovet Ittifoqi yozuvchilari boshqaruvi majlislarida obro‘-e’tibor bilan ishtirok etib kelardi… Undoq bo‘lsa, gap nimada?
Bunga izoh topiladi, albatta: “Pasternakka uning genial romani “Doktor Jivago” uchun Nobel mukofoti berilganda, uni har tarafdan sovet tuzumiga dushmanlikda va xoinlikda aybladilar, hukumat rahbarlari esa mamlakatdan chiqarib yuborish tahdidi bilan qo‘rqitib, uni mukofotdan voz kechishga majbur qildilar”. Bu yerda haqiqatga eng yaqin gap: “Voz kechishga majbur qildilar”dir.
1958 yili Nobel mukofotiga munosib nomzodlarning oldingi qatorida Mixail Sholoxov turardi. Uning “Tinch Don”i mukofotga beshinchi marta qo‘yilgan edi.
Biroq kutilmaganda “Doktor Jivago” oldinga o‘tib qoladi. Qanday xizmatlari uchun? Bu haqda Vladimir Nabokovning mulohazasi shunday: “Pasternakning ushbu asarini men zaif, talantsiz, soxta deb hisoblayman”. Yoki Grem Grin fikri: “Menga roman qovushmagan, to‘kilib ketayotgan qarta dastasiga o‘xshab ko‘rindi”.
Keyinchalik Pasternakning mukofot olganligini g‘arb gazetalari mana qanday baholashgan edi: “Nobel mukofoti kommunizmga qarshi…”
Ayni mana shu o‘rinda mutlaq detektiv voqea ro‘y beradi. 1956 yil mayida Pasternak romanni xorijga oshiradi. Bir yarim yildan keyin “Jivago” italyan tilida chiqadi. Shu vaqtning o‘zida roman hatto shoshilinch tarzda “adabiyot sohasidagi Nobel” nominatsiyasiga tiqishtiriladi. Buning yo‘lini qilishadi, lekin birdan qarashsa, mukofotni shu holda berib bo‘lmaydi – u rus tilida chiqishi kerak. Nihoyat, 1958 yili 24 avgustda romanning ruscha tarjimasi Nobel qo‘mitasiga topshiriladi va ko‘rib chiqish uchun qabul qilib olinadi. Qabul muddatlari o‘tib ketganligi va SSSRda chop etilmagan roman sovet adabiyoti asari sifatida muhokamaga qo‘yilmasligi haqidagi asosli e’tirozlar inobatga olinmaydi.
Pasternakni sovetlarga dushmanchilikda ayblash qay maqomda bo‘lgan edi? Bu borada turli xil fikr-mulohazalarga borish mumkin. Biroq bunisi (balki buni o‘zi ham bilmagandir) Sholoxovni noqulay ahvolga qo‘yganligi – shak-shubhasiz. “Agar Sholoxovga shu yil Pasternak bilan bir qatorda Nobel mukofoti beriladigan bo‘lsa, norozilik belgisi sifatida o‘rtoq Sholoxovning mukofotni sovetlarga qarshi maqsadda o‘ziga berilayotganligi tufayli matbuotda undan voz kechishi haqida namoyishkorona chiqishi maqsadga muvofiq bo‘lardi…” – KPSS Markaziy Komitetining munosabati shunday edi.
Pasternakning o‘zi qanday munosabatda bo‘lgan? Mana uning tarix qaydi: «… 27 oktyabr: “Meni hech bir narsa Nobel mukofoti sovrindori bo‘lishdek sharafdan qaytara olmaydi”. 28 oktyabr: “B.Pasternakni sovet yozuvchisi degan nomdan mahrum etish, uni SSSR Yozuvchilari uyushmasi a’zoligidan o‘chirish”. 29 oktyabr: “Sizning mukofotingizga men mansub bo‘lgan jamiyatning munosabati tufayli men o‘zimga ko‘rsatilgan nomunosib ehtiromdan voz kechaman…”
ShOIR VA HUKMDOR
Ha, bu juda jiddiy zarba edi. Nima sababdan Pasternak, romanining xorijga oshirilishi qanday oqibatlarga olib kelishini yaxshi bila turib, bunday xatarli qadamga jur’at qilgan? Bu shuhratparastlikmi? Yoki qo‘rquv nimaligini bilmaydigan jo‘mardlikdanmi? Dastlab qaraganda, bu aynan jo‘mardlikka o‘xshab ko‘rinadi. Va bunga dalil-isbotlar ham talaygina. Masalan, shoir va Stalinning afsonaga aylangan telefondagi suhbati – unda Pasternak qamoqqa olingan Mandelshtamni himoya qilarkan, go‘yoki hukmdorga ko‘rishishni va hayot-mamot haqida suhbatlashishni taklif qiladi. Yana uning Axmatova va Zoshenkolarni badnom qilishga bag‘ishlangan majlisda qatnashishdan bosh tortganini ham eslashadi, holbuki, bu Pasternakning sovet yozuvchilari Uyushmasi boshqaruvidagi o‘rnidan mahrum qilib qo‘yishi ham mumkin edi. Uning qamoqqa olingan Yakir va Tuxachevskiylarga qarshi uyushtirilgan xatga qo‘l qo‘ymaganligi, ayniqsa, qatag‘on avj olgan urushdan oldingi bir davrda, turgan gap, fidoyilik edi.
Har qalay Pasternak nega ba’zan o‘zini o‘ta jur’atli tutishi, g‘ashni keltiradigan darajada qiliqlar qilishi borasida shunday bir mulohaza ham mavjud. Jumladan, bu uning o‘zini ilohiy kuchlar asrashiga bo‘lgan haddan ortiq ishonchi bilan izohlanadi. Binobarin, xuddi shunday voqea ham sodir bo‘lgan. Shoirning o‘zi Stalin qamoqqa olinishi kerak bo‘lganlar ro‘yxatini ko‘rayotganda Pasternak familiyasiga ko‘zi tushib, ko‘ngli yumshagan holda: “Bu osmon bandasiga tegmanglar”, deganini ko‘p bor maroq bilan so‘zlagan. Pasternakning sevgan ayoli, ma’lum bir muddatga uning xasmi ham bo‘lgan Olga Ivinskaya shunga amin ediki, Stalin bilan uning eri orasida yakkama-yakka kechgan botiniy olishuv muttasil davom etgan va hamisha ustuvorlik keyingisi tomonida bo‘lgan: “Taxt sohibi chinakam taxt she’riyat ekanligini yaxshi tushungan”.
Mazkur Ivinskayaning xotiralari adib nega o‘zini ba’zan o‘ta kamsuqum, ba’zan quyushqondan chiqib ketar darajada jasoratli tutganligini shundoq izohlaydi: “U hamisha beg‘ubor go‘dak singari sodda va tantiq edi. Eng to‘g‘ri tavsif mana shu: aynan go‘dak va tantiq. Unaqalar odatda o‘yinchoqlar do‘konining poliga yotib olib, jon-jahdi bilan oyog‘ini tapillatgancha: “Xohlayman , dedimmi, xohlayman!” deya uvvos soladilar. Ba’zi hollarda esa hech qanday sababsiz o‘yinchoq “bo‘ji”dan yoki “ayiq”dan qo‘rqib talvasaga tushadilar. O‘z-o‘zidan ravshanki, romanning xorijga oshirilishi va bu boradagi barcha noxush janjalning tarixi aynan mana shu “Xohlayman!”dan boshlangan. Shoirning “otasi” Yaratganning o‘zi ekanligi, bu alohida gap. Faqat bizdagina “vasiy”likni davlat o‘z zimmasiga olgan. Alqissa, Stalin ko‘ngli iyib: “Bolani yupatinglar”, – degan bo‘lsa, Xrushchyov esa oyog‘ining ostiga olib, kamarni ishga solgan…
Xullas, voqealar Pasternak foydasiga yakunlangan. Bu bugungi kunda unga achinish tuyg‘ulari jo‘shganligidan emas. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: Nobel mukofoti sovrindorlari adabiyot sohasida yuzdan ortiq. Undan voz kechganlar esa – uchtagina. Lev Tolstoy, Jan Pol Sartr va Boris Pasternak. Tarixda ular boshqalarga qaraganda yaqqolroq ko‘zga tashlanadi…
“Argumentы i faktы” haftanomasining 2008 yil 44-sonidan olindi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 12-son