Dunyoni, insoniyatni larzaga solgan Ikkinchi jahon urushining hal qiluvchi, eng hayajonli damlari… Millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan Falokatning yakuni yaqin. Yakun nurli bo‘lishi uchun yana necha millionlab insonning qo‘llari duoda… Bunday vaziyatda Vatan himoyachilari — askarlar irodasiga ta’sir etuvchi har qanday kuch katta ahamiyatga ega. Shunday o‘ta muhim paytda yozuvchimiz Maqsud Shayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi» tarixiy dramasi dunyoga keldi.
O‘tmishda Chingizxonday qudratli kuchga qarshi tura olgan, mardonavor kurashgan Vatan tirgagi — Jaloliddin Manguberdining qahramonliklarini jonlantira olgan drama Ikkinchi jahon urushi yillarining jangovar vazifalariga katta xizmat ko‘rsatdi.
Mazkur asar teatrda sahnalashtirildi. Manbalarda ko‘rsatilishicha, Manguberdining kishida hayajonli faxr tuyg‘usini junbushga keltira oladigan qahramonliklari aks etgan mazkur drama urushga ketayotgan askarlarga maxsus namoyish etilib, frontga jo‘natilgan ekan. Bu esa askarlarda jangovar ruh va shijoat uyg‘otib, dushmanga nafratni kuchaytirgan…
Ana shunday vatanparvarlik tuyg‘usining kuchayuviga sabab bo‘lguvchi buyuk ajdodlarimiz, xususan, Jaloliddin Manguberdining jasoratlari asrlar o‘tsa hamki, o‘z qadr-qimmatini, ahamiyatini yo‘qotmaydi. U kishida Vatanparvarlikdek Oliy Tuyg‘uga xizmat qilish impulsini jo‘sh urdirib turadi…
Jaloliddin Manguberdining yaqin a’yonlaridan biri bo‘lgan, mashhur tarixchi Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy buyuk bobomizni shunday tasvirlagan: «…U bug‘doyrang, o‘rta bo‘yli, turkiy qiyofali va turkiyda gapiradigan odam edi, shu bilan birga, forsiyda ham so‘zlasha olardi. Uning mardligi, jasurligiga kelsak, janglardagi qahramonliklarini eslab o‘tishning o‘zi kifoya qiladi. U sherlar orasida eng zo‘r sher edi, qo‘rqmas chavandoz, lashkarlar orasida eng botir edi. U… jahldor emasdi, haqoratomuz so‘zlarni aytmasdi. U nihoyatda jiddiy edi, kulmasdi, faqat jilmayib qo‘yardi, kam gapirardi…»
Mashhur tarixchi Bartold Manguberdiga baho berar ekan, buni shunday ifoda etadi: «…Xorazmshoh Alouddin Muhammad keyinchalik Jaloliddin ko‘rsatgan va mumkin bo‘lgan qarshilik harakatining uchqunini ham ko‘rsata olmadi». Darvoqe, shu o‘rinda Manguberdining otasi — Xorazmshoh Alouddin Muhammad haqida turk tarixchi olimi Oydin Tonariy yozgan ba’zi bir ma’lumotlarni keltirib o‘tsak.
Tarixda buyuk iz qoldirgan xorazmshohlar sulolasining mashhur siymolaridan biri bo‘lgan Alouddin Muhammad (hukmronlik davri 1200 — 1220 y.) dastavval G‘ur sultonlari Shihobiddin va G‘iyosiddin bilan jang qildi. G‘uriylar Marv, Tus va Xurosonni qo‘lga kiritish niyatida edilar. Alouddin Muhammad Nishopur, Marv, Saraxsni zabt etdi. Undan so‘ng Xorazmshoh ko‘p janglar o‘tkazdi, g‘uriylarni kuchsizlantirib, ularning ko‘p yerlarini tortib oldi. Bora-bora, bir vaqtlar qudratli hisoblangan g‘uriylar davlati Alouddin Muhammadning tazyiqi sabab, parchalanib ketdi…
Alouddin Xorazmshoh bunday natijalarga ko‘p jihatdan qoraxitoylar orqali erishdi. Biroq u keyinchalik, qudrat kasb etib borayotganini his qildi, o‘zi vassal bo‘lgan qoraxitoylarga qarshi yurishlar qilib, ularni yengdi. Undan keyin Xorazmshoh Tabaristonda bovandiylar hukmronligini yo‘q qildi, Samarqand sultoni Usmonni o‘ldirib, qoraxoniylarni tarix sahnasidan butunlay chiqarib yubordi. Dashti Qipchoqdagi ko‘chmanchi qipchoqlarning ustidan ham g‘alaba qozongan Alouddin Muhammad 1215 yilda Sig‘noqni o‘z davlatiga qo‘shib oldi.
Ayni paytda Eron va Afg‘onistonda ham obro‘si oshib borayotgan Xorazmshoh G‘azna va uning atrofini bosib oldi. Bu yerlarni u o‘g‘li Jaloliddin Manguberdiga berdi. Alouddin 1217 yilda Fors otabegi Sa’d ibn Zangi va Ozarboyjon otabegi O‘zbekni yengib, o‘z itoati ostiga oldi.
Shunday qilib, Xorazmshohlar imperiyasi yanada kengayib, Sirdaryodan Iroqi Arabga cho‘zilgan ulkan hududga ega bo‘ldi va o‘sha davr Islom olamining eng qudratli davlatiga aylandi.
Biroq shunday qudratga ega bo‘lgan sulton Alouddin Muhammad o‘z davlat mexanizmiga tamomila hukmron bo‘la olmadi. Mo‘g‘ullar istilosi arafasida xorazmshohlar davlatida o‘ziga xos diarxiya — ikkihokimlik tuzumi vujudga kelgan: mutlaq hukmdor deb sulton Muhammad hisoblanardi, ikkinchi tarafdan u o‘z onasi Turkon xotunning itoatida edi. Turkon xotun esa davlatning ichki va tashqi ishlarida ikkinchi hukmdor, ayrim masalalarda hatto sultonga muxolif ham edi. Xorazmshohning buyruq va farmonlari ko‘pincha qudratli Turkon xotun tomonidan bekor qilinar va hech qanday kuchga ega bo‘lmay qolardi.
Shihobiddin an-Nasaviy shunday yozgan: «…Xorazmshoh onasiga qarshi chiqolmas edi… kichik ishlarda ham, jiddiylarida ham, ahamiyatsizlarida ham. Bu ikki sababga ko‘ra edi: birinchisi — farzandlik burchi bo‘lsa, ikkinchi va eng asosiysi, mamlakatning barcha amirlari onasining urug‘idan ekanligi».
«Jahon hokimi» degan laqabga ega bo‘lgan Turkon xotun faqat sultonga hukmini o‘tkazibgina qolmay, balki moliya ishlarini ham boshqarardi va amirlar, amaldorlarga ham farmon berardi. Bu holat mo‘g‘ullar istilosi arafasida xorazmshohlar davlatidagi ahvolning barqarorligini birmuncha yo‘qotdi.
…1218 yilda Movarounnahrga kelgan Chingizxon elchilari Alouddin tomonidan qabul qilindi. Ikki o‘rtada savdo shartnomasi tuzildi. Biroq Chingizxonning savdogarlar karvoni O‘trorga kelganda shu yerning noibi Inolxon ularni qatl etib, mol-dunyolarini tortib oladi. Aslini olganda, qatl etilganlar savdogarlar niqobidagi josuslar ekani ayon bo‘lsa ham, aniq isbotlar yo‘qligi sabab, bu o‘ta jiddiy siyosiy xatoga aylandi. Bu mudhish voqea oqibatda necha-necha minglab musulmonlarning halok bo‘lishiga olib keldi…
G‘azablangan Chingizxon Inolxonni berishni talab qilib, Muhammad huzuriga ibn Kafraj Bug‘ra ismli mashhur kishi boshchiligidagi elchilarini yuboradi.
Biroq Xorazmshoh Alouddin Muhammad o‘g‘li Jaloliddin Manguberdining so‘ziga kirmay, Inolxonni Chingizxonga bermaydi. Bu ham yetmaganiday, ibn Kafraj Bug‘ra va uning yo‘ldoshlarini qatl qilib yuboradi.
Bug‘raning o‘ldirilishidan nihoyatda tushkunlikka tushgan Chingizxon uch kechayu uch kunduz tanho o‘zi ibodat qilib, Xudoga qarata iltijo qilgan ekan: “Ey Parvardigor, ey tozik va turklarning yaratguvchisi, bu janjalni boshlagan men emasman, qasos olishga quvvat ber!”
Mo‘g‘ullar bosqini arafasida Xorazmshoh harbiy kengash chaqiradi. Unda atoqli davlat arbobi Shahobiddin Abu Sa’d ibn Imron al-Xivaqiy Alouddinga barcha lashkarlar bilan (600 minglik!) Chingizxonga qarshi chiqish kerak, degan taklifni o‘rtaga tashlaydi. (Chingizxonning qo‘shinlari soni Xorazmshohnikidan 3-4 barobar kam edi!) Manguberdi ham foydali maslahat beradi. Uning fikri bo‘yicha, dushmanni Movarounnahrga kiritib, so‘ng mahalliy yerni dushmanga nisbatan yaxshi bilganlikdan foydalanib, uni yakson etish ko‘zda tutilardi. Biroq Alouddin Muhammad bu takliflarni rad etib, barcha qo‘shinini shahar va qal’alarga bo‘lib, parchaladi. (Ba’zi tarixchilar bu oxiri yaxshi o‘ylanmay qilingan ishga Alouddin Muhammadning Chingizxonni mensimagani sabab bo‘lgan,
deyishsa, boshqa tarixchilar bu paytda Xorazmshohning o‘z atrofidagi a’yonlariga ishonchi susaygani vaj bo‘ldi, deb yozishadi.) Oqibatda, Chingizxonda raqib kuchlarini bittama-bitta, osongina qirib tashlash imkoni tug‘ildi va u buni uddaladi ham.
…Birinchi zarbani Chingizxon 1219 yilda O‘trorga berdi. Buning muhim sababi bor edi: Chingizxonnning o‘z hisob-kitobi bo‘lgan Inolxon bu shaharning noibi edi. O‘tror besh oy qamal qilinib, Inolxonning odami Hojib Qoracha xoinligi sabab, ishg‘ol qilinadi. Inolxonni Chingizxon huzuriga olib kelishadi. So‘ng esa, Inolxonning ko‘zlari va quloqlariga kumush erittirib, quyishadi…
Hojib Qorachani esa Chingizxonning o‘g‘illari oldiga olib kelishganda, ular: «Sen o‘z hojangga nisbatan xoinlik qilding. Vaholanki, u senga ko‘p yaxshiliklar qilgan va sendan minnatdorlik kutishga haqli edi. Shuning uchun biz sening sodiqligingga ishonmaymiz», deb qatl etadilar…
Vaziyatning qulayligidan va sarosimaga tushgan, yon-atrofidagi a’yonlariga shubha bilan qaraydigan bo‘lib qolgan Alouddin Muhammadning abgor ahvolidan foydalangan Chingizxon Movarounnahrning dastlab eng yirik shaharlarini bosib ola boshladi, shundan so‘ng, kuchsizroq viloyatlarini osonlik bilan zabt etadi. Tarixda misli ko‘rilmagan qatliomlar ro‘y beradi, musulmonlar qoni daryo bo‘lib oqadi. Tarixchilar aytganidek, “bunda taslim bo‘lganlar ham, qarshilik ko‘rsatganlar ham omon qolmadilar”. Vaziyat shu darajaga yetib keldiki, Balxdan Tusga arang qochgan Alouddin Muhammad Xorazmshoh Davlatobod yaqinida bo‘lib o‘tgan jangda zo‘rg‘a jonini qutqarib qoldi. Izma-iz quvib kelayotgan dahshatli ta’qibdan jonsarak bo‘lib qolgan Muhammad Sulton Hazar(hozirgi Kaspiy) dengizining janubi-sharq qismidagi Abiskin orollaridan biriga yashirindi. U yerda xastalanib, qashshoqlik va xor-zorlikda 1220 yili vafot etdi. Eng fojealisi, bir vaqtlar olamni larzaga keltirgan, qudratli imperiyaning hukmdori, behisob boyliklar egasi Alouddin Muhammadga hatto arzirli bir joy va hatto kafanlik ham topilmadi. Uning mulozimlaridan biri o‘z ko‘ylagini yirtib, kafanlik qilib o‘raydi…
Sulton Alouddin Muhammad o‘limidan bir necha kun oldin o‘g‘illari Jaloliddin, Oqshoh va O‘zloqshohni huzuriga chorlab, “Manguberdidan boshqa o‘chimni oladigan, bu harakatni to‘xtatadigan o‘g‘lim yo‘q. Uni voris etib tayinlayman. Unga itoat etingiz” deydi va qilichini o‘z qo‘li bilan katta o‘g‘lining beliga bog‘laydi. Shu bilan aytish mumkinki, Turkon xotun tomonidan tayinlagan sulton — O‘zloqshoh vorisligi bekor qilindi. Xullas, Jaloliddin Manguberdi eng mushkul, tahlikali vaziyatda o‘zi yo‘g‘-u nomigina bor davlatning sultoniga aylandi.
Tog‘ bag‘rida gurjilar xuddi zulmat singari yoyilib, Xorazmshohni kutib turardilar. Ularning Sultonni ko‘rgan zahoti qilgan birinchi qiliqlari — osmonni teshib yuborguday qichqirishlari bo‘ldi.
Ikki tomon orasida shiddatli jang bo‘lib o‘tdi. Oqibat shu bo‘ldiki, gurjilar mag‘lub bo‘lib, Xorazm qo‘shinidan arang qochib qutuldilar.
Tarixchilarning yozishicha, urush arafasida Shalva (gurjilarning eng qudratli lashkarboshisi) raqib taraf elchisini kutib olganida yiqqan qo‘shinini pesh qilib, shunday degan ekan: “Men ayni shu paytda, davrimda amir al-mo‘minin Ali (ibn Abu Tolib hazrat Ali, to‘rtinchi xalifa) tirik bo‘lishini istardim. Shunda men unga kuch qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yardim, u Badr va Xaybar janglarini esdan chiqarardi”. Shalvaning bu maqtanchoqligi asosida Badr jangi — 624 yilning martida Muhammad (s.a.v.) tarafdorlari tomonidan Islom dini uchun kurash jangi nazarda tutilgan. Bu kurash Arabiston yarim orolida islomning keng tarqalishiga yo‘l ochib bergan. Xaybar — Madina va Damashq oralig‘ida joylashgan voha. 628 yilda Muhammad (s.a.v.) tomonidan zabt etildi. Rivoyat qilishlaricha, hazrat Ali ikkala jangda ham noyob jasorat ko‘rsatgan.
Tarixchilarning ta’kidlashicha, Shalva juda baquvvat, ulkan gavdali kishi bo‘lgan. U asir olingach, Jaloliddin huzuriga olib kelinadi. Shunda Sulton unga shunday deydi: “Qani, sening Zulfiqor qiliching?! (Hazrat Alining shunday mashhur qilichi bo‘lgan.) Qani, bu qilichingning hammani hayratga soluvchi zarblari?” Shu gapdan so‘ng, izza bo‘lgan Shalva islom dinini qabul qilgan ekan…
Xullas, Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjondagi otabeklar davlatini tarix sahnasidan chiqarib yuborgach, Shirvon, qudratli Gurjiston imperiyasini qulatdi.
Mavqeidan mo‘g‘ullar ham hayiqib qolgan Manguberdi 1227 yilning tsentyabrida asosiy dushman bilan to‘qnashdi. Jang ayovsiz kechadi. Unda, ayniqsa, mo‘g‘ullar ko‘p talafot ko‘radilar. Biroq jangning eng qizg‘in pallasida Jaloliddinning ukasi G‘iyosiddin Pirshoh unga xoinlik qilib, qo‘shinlari bilan qochib ketadi. Lekin shunda ham Jaloliddin zafar qozonadi, mo‘g‘ullar talafot ko‘rib, qochishga tushadilar.
Mo‘g‘ul lashkarboshilaridan biri Taynal no‘yon Jaloliddinning bu jangdagi jasoratini ko‘rib, shunday degan ekan: “Haqiqatan ham u o‘z davrining bahodiri va tengqurlarining dohiysidir!”
Jaloliddin Manguberdining Vatani, millati va dinining g‘ururini barcha narsadan ustun qo‘yishini tarixchilarning ushbu qaydlaridan ham bilsa bo‘ladi.
…Hilotni qamal qilish paytida Jaloliddin singlisi Xonsultondan xat oladi, u taqdir taqozosi bilan Chingizxonning o‘g‘li Jo‘chining xotini bo‘lgan edi. Maktubda shunday deyilgandi: “Sening qudrating, kuching va mulklaringning ulkanligi haqidagi xabar Xoqonga yetdi. Shuning uchun u sen bilan qarindosh bo‘lishga qaror qilib, mulklaringiz chegarasini Jayhun daryosi bo‘yicha o‘tkazish haqida kelishib olmoqchi. Senga — daryogacha bo‘lgan, unga — daryodan naridagi yerlar. Shuning uchun agar sen ularga qarshi turishga kuch yig‘olsang, qasos ol, agar yengsang, xohlaganingcha ish tutasan. Agar yengishga ko‘zing yetmasa, fursatdan foydalanib, ularning istagi bo‘yicha sulh tuz!”
Biroq Xorazmshoh xatga javob ham yozmadi, uni xuddi keraksiz matoxday nazarga olmadi, niyatlaridan chalg‘ituvchi undov deb bildi.
Xorazmshohning atrofidagi davlatlar hukmdorlari — Qo‘niyo sultoni Qayqubod I, Damashq hokimi Al-Malik al-Ashraf va yana boshqa hukmdorlar bilan munosabatini ijobiy deb bo‘lmasdi. Bundan bilsa bo‘ladiki, Jaloliddin diplomatiya sohasida birmuncha qiziqqonlikka yo‘l qo‘ygan. Aynan shu omil Manguberdining asosiy dushman — mo‘g‘ullar oldida yakkalanib qolishiga zamin yaratdi.
Xorazmshohning oldindan bilib bo‘lmas, tajovuzkor harakatlari oldidagi qo‘rquv Ko‘niyo sultoni Alouddin Qayqubodni unga qarshi ittifoq tuzishga olib keldi: bu ittifoqqa Damashq hokimi Al-Malik al-Ashraf, Hilot hokimi Ibrohim Shirkuh, Xartabart hokimi Artuhxon, Halab hokimi Savob, Mayofiriqin sultoni Al-Aziz Usmonlar kirdi. Al-Ashrafga yuborgan maktubida Qayqubod I bunday yozadi: “Jaloliddinni qilichsiz to‘xtatib bo‘lmaydi; unga hushomadgo‘ylik qilib ham bir ish chiqazolmayapmiz. Endi so‘zlarimiz va ishlarimizni kelishuvga olib kelsak va mamlakatlarimizni himoya qilsak bas”.
1230 yil 7 avgustda Arzinjon yaqinidagi Yassi Chaman tekisligida Alouddin Qayqubod I va Xorazmshoh o‘rtasida ilk to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. 700 otliq bilan dushmanning 3000 kishilik saralangan suvoriylariga qarshi borgan Jaloliddin g‘olib bo‘ldi, raqibini yakson qildi. Biroq Xorazmshoh g‘alabadan to‘liq foydalana olmadi: mag‘lublarni ta’qib etib o‘tirmadi va uning bu harakati dushmanni tor-mor bo‘lishdan xalos etdi.
Vaziyatdan foydalanib, o‘zini o‘nglab olgan ittifoqdoshlar 1230 yil 10 avgustda jang boshladilar. Oqibatda Manguberdining lashkari mag‘lub bo‘ladi va tarqatib yuboriladi. Jaloliddin askarlaridan ajrab, Hilot tomonga ot soladi.
Xorazmshoh lashkarining yengilganiga qaramay, ittifoqdoshlar harakatlarini uning yerlarigacha davom ettirolmadilar, chunki ular Sultonning chekinishini bir hiyla, deb tushundilar. Ularning qalblarini Manguberdidan qo‘rquv va ehtirom shunchalik qamrab olgan ediki, uni ta’qib etishga jur’at eta olmadilar va ortga qaytdilar.
Jaloliddinning Yassi Chaman yaqinida tor-mor etilganini eshitgan ismoiliylar mo‘g‘ullarga Manguberdining zaiflashganini aytishadi va ularni hujumga undaydilar.
Mo‘g‘ullar bu xabarni eshitib, 1230-31 yillarda Ozarbayjonga bostirib kirdilar va sultoni holdan toygan mamlakatni tezda istilo qiladilar. Mag‘rur, qaysar Jaloliddin Manguberdi nochor ahvolda qolganidan turli mamlakatlar hukmdorlaridan, hattoki, avval raqib bo‘lgan davlat hukmronlaridan ham najot istab, yordamga chaqirishga majbur bo‘ladi. Ammo hech kim Islom dunyosining yagona himoyachisiga yordam qo‘lini cho‘zmaydi. Bu ham yetmaganidek, mo‘g‘ullar Jaloliddinning qishlovlarga yuborilgan lashkarlari to‘planmasidan burun Manguberdiga hujum qiladilar. Xorazmshoh bu ayovsiz va og‘ir jangdan bazo‘r qutulib qoladi.…
1231 yil avgust oyida tushkunlikka tushgan Sulton aysh-ishrat va sarxushlikka beriladi. Shunday kunlardan biridan so‘ng Jaloliddin qattiq mast bo‘lib qoladi va qattiq uyquga ketadi. U hattoki, o‘rdasini mo‘g‘ullar o‘rab olganini sezmay qoladi. Uning sodiq amirlaridan biri O‘rxon askarlari bilan Manguberdini qiyinchilik bilan qutqarib qoladi, uni mastligicha otga o‘tqazib, choptirib ketadi. Yo‘lda Sulton o‘ziga keladi va O‘rxonga dushman chalg‘iydi, degan o‘yda boshqa tarafga ketishni amr qiladi-da, o‘zi boshqa yo‘ldan ot soladi.
…Atrofda yurakni mahzunlashtiradigan, fayzsiz jimlik. Faqat Manguberdi va orqada ta’qib etib kelayotgan mo‘g‘ullar otlari tuyoqlarining shiddatli dupuri. Bu odimlar Vatanparvarning hayotini hal qiladigan darajada tahlikali… Mana, Sultonga ikkita dushman odami yetib oldi. Qilich sermadi, yo‘q, tegmadi. Nayza otildi — Sulton chap berdi. Manguberdi jon holatda bor kuchini to‘pladi va… orqada kelayotgan dushmanlar ikki mo‘g‘ulning otdan qulaganini va Xorazmshohning o‘zlariga qarata qilichini havoda sermab, olg‘a ketayotganini ko‘rdilar……
…Jaloliddin Manguberdi ot choptirib ketdi… Uzoqlarga…
…Uning o‘limidan so‘ng, mo‘g‘ullar bunga ko‘p yillar ishonmay, yurak hovuchlab yurdilar.
Xalq Jaloliddin bu dunyodan ketganiga ishonmadi. Xizrni ko‘rgan Manguberdi darveshlar orasida bir so‘fiy kiyimida Islom mamlakatlarida, xalq ichida kezib yuribdi, degan ishonch bilan uning yana kuch to‘plab bizni himoya qiladi, deb kutdilar. Ular holdan toygan Vatanparvarning bir kurd tomonidan nomardlarcha halok etilib qo‘yilishiga ishongilari kelmadi.
Bunga hatto hukmdorlar ham ishongilari kelmadi. Iroqi Ajam noibi Sharafuddin Ali Manguberdini izlatib ham ko‘rdi. Jaloliddin ular uchun yengilmas, jisman ham o‘lmas qahramon edi……
Uni endi qaddi egik amirlari ham sog‘inch bilan yodga olardilar. O‘lganiga ishongilari kelmasdi. Bir voqeani unutib bo‘lmasdi. …Isfahon yaqinida behisob mo‘g‘ullar lashkari yashirinib kelayotganidan vahimaga tushgan xonlar Uning oyog‘iga bosh urishdi. Jaloliddin avvaliga ularni bir oz kuttirib qo‘yib, so‘ng bamaylixotir huzurlariga chiqadi. Sulton xotirjamlik bilan amirlariga mo‘g‘ullar to‘g‘risida emas, boshqa masalalardan so‘z ochadi. Manguberdi bu bilan dushmanni nazar-pisand qilmasligini bildirmoqchi va amirlarni tinchlantirmoqchi edi. Nihoyat, uzun suhbatdan so‘ng, Sulton hozir bo‘lganlarni o‘tirishga taklif etdi va mo‘g‘ul masalasini muhokama qilishga kirishdi…
Manguberdini sehr-jodu sohibi deb, bunga ishonadiganlar ham uning tirik emasligiga shubhalanib qaradilar. Ular saltanatning so‘nggi davrlarida xalqning issiqdan va suvsizlikdan qiynalayotganini ko‘rib, yada toshi vositasida yomg‘ir yog‘dirishdek mo‘jiza yaratgan Sultonning o‘lganiga ishonmadilar……
…Hattoki, hozir ham Manguberdining tirikligiga ishonuvchilar topiladi. Zero, Jaloliddinning o‘zi shunday degan (M.Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” dramasidagi bobomiz obrazining so‘zlari):
…Mangulikdan joy olgan — yashar abadiy,
Men-ku, Manguberdiman, olam biladi.
Ko‘klardanmi, suvdanmi, yo yer tagidan,
Balki sahro bag‘ridan, tog‘ etagidan,
Bir kun paydo bo‘laman shu yurt, shu yerda,
Yurt shaydosi ko‘milmas g‘urbatda – go‘rda.
Ulug‘vor niyatlarga kor qilmas ajal,
Kim yurtdan yov quvsa –mendurman o‘shal…
Jaloliddin Sa’dinov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.