Bir haqiqat kishini mamnun etadi: bugunga kelib aholining barcha qatlamlarida dovruqli o‘tmishimizga qiziqish har qachongidan kuchaydi. Olimlar va ijodkorlar tarixiy mavzularda samarali qalam tebratayaptilar. Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davri, ayniqsa, keng o‘rganilmoqda. Bu, bir tomondan, yaxshi, albatta. Ikkinchi tomondan, masalaga yuzaki yondashuv ayrim hollarda anglashilmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda.
“Dunyo va davr” degan gazetaning 2012 yil 27 sentyabr sonida muallif Baxtiyor Ishoqovning “Sarbaland Sohibqironning sohir saboqlari” davomli maqolasiga ko‘zim tushib qoldi. Bu o‘rinda, avvalo, sarlavhaning o‘ta g‘aliz ekanini ta’kidlash joiz: undagi “sarbaland”, “sohir” so‘zlari tashigan ma’nolar maqsadga xizmat qilmaydi. Endi esa maqolada keltirilgan mana bu fikrga e’tibor bering: “… u mavjud an’anaga ko‘ra, avval, Suyurg‘atmishni (1370-1388),so‘ngra uning o‘g‘li Sulton Mahmudni (1388-1402) rasmiy xon qilib ko‘tarib, hatto umrining oxirigacha ular nomidan yorliqlar chiqartirgan, pul zarb ettirgan”. Holbuki, tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, 1401 yil yanvar oyida Damashq shahri egallanadi, 17 yanvar kuni shahardagi eng katta jome’ masjididagi namozda Sohibqiron nomi xutbaga qo‘shib o‘qiladi. Va shu yerda birinchi marta Sohibqiron nomiga yuz, ellik va o‘n misqollik tangalar zarb qilinadi, bu haqda fathnomalar bitilib, Eronu Turonga chopar bilan jo‘natiladi. Allaqachon ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan bu dalilni jamoatchilikka endilikda noto‘g‘ri taqdim etish yarashmaydi, albatta.
Har qanday mavzuda qalam tebratganda ham unga doir mavjud (eng kamida eng muhim) ma’lumotlarni bilish talab qilinadi, bil’aks, “kashf qilingan velosipedni qayta kashf qilish”dan naf yo‘q. Holbuki, bugungi kunda mustaqillik yillarida tasdig‘ini topgan to‘g‘ri dalillarni chalkashtirish emas, shungacha xato, ba’zan teskari talqin qilingan tarixiy adolatni tiklash vazifasi kun tartibida turibdi. Bunday o‘rinlar esa talaygina. Olaylik, Temuriy shahzodalar va malikalar tarjimai holi, ularning faoliyati bilan bog‘liq dalillar aralashib ketgan. Buning bir qancha sabablari bor. Ayniqsa, shahzodalar ismining bir xilligi ular faoliyatini yoritishda mualliflar uchun muammolar tug‘dirayotir. Misol uchun Temuriylar xonadonida farzand tug‘ilsa, milliy udumimizga ko‘ra, ularga katta bobolari, momolarining ismi berilavergan. Shu tufayli “Muhammad” nisbati qo‘shilgan o‘ttizga yaqin shahzoda, shuningdek, Muhammad Sulton (6 nafar), Umarshayx, Umar (5 nafar), Muhammad Jahongir, Jahongir (4 nafar), Sulton Muhammad (4 nafar), Ahmad, Ahmadshoh (4 nafar), Abubakr (3 nafar), ikki nafardan ism qo‘yilgan Abdullo, Bekabegim, Boysung‘ur, Boyqaro, Zaynabsultonbegim, Iskandar, Mironshoh, Saydi Ahmad, Xalil Sulton, Shohruh nomlari ularning faoliyatlarini yoritishga jahd qilgan ko‘plab tadqiqotchilarning boshini qotirgani shubhasiz.
Ko‘pchilik Amir Temurning o‘g‘li Umarshayx bilan Bobur Mirzoning otasi, Abusaid Mirzoning o‘g‘li Umarshayxni chalkashtirib yuboradi. “Boburnoma”da muallif Andijonda o‘n yildan ziyod hokimlik qilgan birinchi Umarshayxni hurmat bilan “Ulug‘ Umarshayx” deb ataydi va padari buzrukvori haqida gapirib, “Amir Temurdan keyin Samarqand va Hirot taxtini birlashtira olgan yagona Temuriy hukmdor,” bobosi Abusaidni esa “O‘z harakatlarida bobokaloni Amir Temurga taqlid qilardi va shuning uchun Farg‘ona taxtini Umarshayx ismli o‘g‘liga nisor etdi“, deb yozadi.
Taxt egaligi – hukmdorlikdan tashqari ilm-fan, adabiyot-san’atning turli sohalarida nom taratgan Temuriylar safida shoirlikda davrining yirik vakili darajasiga ko‘tarilgan Saydi Ahmadning nomi alohida qayd etiladi. U ko‘plab g‘azallar, Xorazmiyning dunyoviy adabiyotning go‘zal namunasi hisoblangan “Muhabbatnoma” dostoni ruhida “Taashshuqnoma” asarini yaratgan. Temuriylar safida esa Umarshayx Mirzoning beshinchi o‘g‘li (hayot yillari – 1391 — 1429) va Mironshoh Mirzoning yettinchi o‘g‘li (yashagan yillari haqida ma’lumot saqlanmagan) Saydi Ahmad nomi bilan atalgan. “Taashshuqnoma” dostoni manbalarda 1435-1936 yillarda yaratilgani va u Shohrux Mirzoga bag‘ishlangani aytiladi. Demak, doston ikkinchi Saydi Ahmadga tegishli bo‘lib chiqadi.
Ta’kidlash joizki, “Temur tuzuklari“ning Yurtboshimiz Islom Karimov so‘zboshisi bilan nashr etilgani ma’naviy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi. Ma’lumki, bu asar dastlab turkiycha yozilgan, keyinchalik forschaga tarjima qilingan. Bu haqda arab olimi Mazhar Shihabning xalqaro darajadagi fan doktori ilmiy unvonini olish uchun taqdim etgan, Livandagi Quddiys Yusuf universiteti tomonidan o‘quv qo‘llanmasi sifatida tavsiya qilingan “Temur” fundamental tadqiqotida shunday guvohlik beriladi: “Tuzuklar”ning muqaddimasida “Amir Temurning “Ushbu esdaliklarimni ajdodlarimdan sodir bo‘layotgan amr ila turkiy chig‘atoy tilida kitobat etdim” degan so‘zlari bitilgan”. (Ubaydulla Uvatov. Sohibqiron arab tarixchilari nigohida. 132-bet). Afsuski, bu nusxa topilgani yo‘q, jamoatchilik esa Yaman hokimi Ja’far Posho kutubxonasida qo‘lga kritilgan forscha nusxadan qilingan tarjimalar bilan tanish. Hozircha “Tuzuklar”ning jahon tillaridagi birinchi tarjimalari ingliz (1830), frantsuz (1787), rus (1894), urdu (1855) da turli darajada amalga oshirilgan va bu jarayon davom etmoqda.
U bir necha marta o‘zbek tiliga o‘girildi. Bu yumush dastlab 1858 yilda Xivada, shu yillarda Qo‘qonda amalga oshirilgan. Keyinchalik Alixon to‘ra Sog‘uniy tarjimasi yuzaga keldi va matn sharqshunos Habibullo Karomatov tomonidan mukammallashttirildi va kitob holiga keltirilib, 1991 yilda nashr etildi(1). Bu sa’y-harakatlar davom ettirilib, yana bir necha marta, jumladan, 1996 yilda (2) (inglizcha va frantsuzcha matn bilan) birgalikda (ikkala nashrda ham so‘zboshi va izohlar muallifi akademik Bo‘riboy Ahmedov) hamda 2011 yilda (3) (mas’ul muharrir professor Ashraf Ahmedov) kitobxonlarga taqdim etildi. Ana shu nashrlar qiyoslanganda, jamoatchilik e’tiboriga havola qilishga arziydigan ba’zi mulohazalar paydo bo‘ladiki, ularning ilmiy tahlili keyingi nashrlarda amaliy ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Xususan, uslubiy va izohlardagi xilma-xilliklar hali bu borada izlanishlar izchil davom etishi, “Temur tuzuklari”ning tanqidiy matnini tayyorlash lozimligini ko‘rsatadi. Zero, bu tabiiy holat, negaki, mazkur ulkan merosni chinakamiga o‘rganish endi boshlandi.
Mustaqilligimiz arafasida yorug‘lik yuzini ko‘rgan “Temur tuzuklari”ning birinchi nashri ma’naviy dunyomizda katta voqea bo‘lgandi, chunki bir paytlar undan parchalar e’lon qilishga jahd qilgan “Guliston” jurnali boshiga tushgan sho‘rishlarni ko‘pchilik biladi. O‘sha nashrga yozilgan so‘zboshidan hali shubhalar butunlay tarqamaganini, qolaversa, masalaga munosabat tamoman shakllanib ulgurmaganini sezib olish qiyin emas. Istiqlolning zafarli odimlari xalqimiz a’molini uzil-kesil tasdiqlaganidek, tafakkurdagi g‘uborlar ham tozaranib bordi. Bu holni uchala nashrni chog‘ishtirib, ishonch hosil qilish mumkin. Bu o‘rinda faqat yuzaga kelgan xilma-xillik va qaysi shakl ilmiy-tarixiylikka yaqinligi yuzasidan mulohazalar izhor qilinadi.
Bo‘limlarni “Maqola” o‘rniga “Kitob” deb o‘zgartirilishini asarning mavqeini e’tirof etuvchi adolatli munosabat tarzida baholash mumkin. Shuningdek, “Tadbirlar va kengashlar” sarlavhasini “Kengashlar va tadbirlar” tarzida berilishi ham mantiqan o‘zini oqlaydi: ko‘lam jihatdan kengashlar mamlakat hayotida bir kishi yoki guvohlar tomonidan qo‘llaniluvchi tadbirlardan salmoqli, uning birinchi qayd etilishi butunlay o‘rinli. “Sipohiy ”o‘rniga turkiycha “askar”ning qo‘llanishi ham ma’qul.
Forschadan o‘girilganda ma’lum so‘zning qator muqobillari mavjud bo‘ladi va ularning qaysi biri to‘g‘riligi kontekstda aniqlanadi. Ba’zan “boshbilmoq”, keyingi safar esa “osh balmoq” so‘zlari ishlatilgan va unga “atala” tarzida izoh berilgan. Qaysi biri to‘g‘ri – baribir bir to‘xtamga kelish kerak. Yurtimiz janubiy tumanlarida unni yog‘da qovurib, suv aralashtirib tayyorlanadigan “bulmoq” degan ovqat bor. Balki bu o‘shadir. Shuningdek, “davlatim korxonasining o‘n ikki oyi” deb tarjima qilingan. “Oy” o‘rnida “ustun” so‘zi ishlatilsa, mantiqliroq bo‘larmidi? Yoki “Tajribali bir kishi minglab odamga ish buyuradi” deyiladi. “Ish buyurish”da kishining qobiliyatlari to‘la namoyon bo‘lmaydi, holbuki, bu iborani “safarbar qiladi”, “ta’minlaydi”, “boshqaradi” tarzida ifodalansa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Yoki “Qur’on ustida qasam ichdi”dan “Qur’on tutib qasam ichdi”, deyish to‘g‘riroq.
“Tuzuklar”da Sohibqiron tarjimai holiga doir ko‘plab dalillar keltirilgan va ular manbalar asosida to‘g‘ri izohlangan. Faqat ikki o‘ringa diqqat qaratish lozim bo‘ladi. Asarda “Otlanib, Amir Kulolning huzurlariga bordim”, deyiladi. Bu yerda tilga olingan Amir Kulol tarixiy shaxs bo‘lib, u zotni Shamsiddin Kulol bilan chalkashtirmaslik lozim. Sayyid Amir Kulol (1281-1370) Buxoro yaqinidagi Suxori qishlog‘ida yashagan, qabri ham shu yerda. Ul zot Temuriylar xonadonining piri Shamsiddin Kulolga, shuningdek, mashhur shayx Bahouddin Naqshbandga ham ustozlik qilgan. Ozodlik orzu-umidida charx urib yurgan yosh Temurbek shu zotning huzuriga boradi. Bu dalil nashrlarda turlicha, ba’zan butunlay xato sharhlangan.
Qarshi qal’asini egallash asnosida (1367 yil) amir Husayn va amir Musoni chalg‘itib Xurosonga emas, Movarounnahrga yuriladi. “Tuzuklar”da “Shirkent atalmish yerga yetdim va o‘sha yerda bir kecha-kunduz to‘xtab, yana yo‘lga tushib, Qarshi qal’asidan bir farsang (6-7 kilometr) masofaga kelib tushdim”, deyiladi. E’tiborlisi, ko‘plab nashrlarda, hech ikkilanmay, “Shirkent Qarshi tumanining hozirgi markazi Beshkent” tarzida sharhlanadi. Haqiqatan, tuman markazi Beshkent Qarshiga yaqin yirik aholi manzilgohlaridan biri. Biroq Beshkentning janubiy-g‘arb tomonida aynan Shirkent qishlog‘i ham bor-da. U hozirgi Qovchin qishloq fuqarolar yig‘ini tarkibida bo‘lib, Beshkentdan butunlay farq qiladi. Bizningcha, bu ikki maskanni farqlamaslik ham to‘g‘ri emas.
Albatta, keyingi nashrlarda oldingi xatolar bartaraf etib borilishi tabiiy. Shu jihatdan yana ikki misol keltiramiz. “Sipohiylardan chiqqan bahodirlar, dovyuraklarga maxsus faxrli o‘tog‘a, kamar va tarkash taqdim etib, martabalarini ko‘tardim”, degan gapdagi “tarkash” keyinroq “o‘qdon” tarzida o‘zgartirilgan. “O‘tog‘a”ga “bosh kiyimga taqiladigan, ukpar va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan ziynatli belgi, mansab va martaba ramzi”, degan tushuntirish beriladi. Oxirgi nashrda esa “o‘tog‘a” so‘zi “o‘tog‘” deb o‘zgartiriladi, unga “ya’ni, o‘tov, bu yerda maxsus jihozlangan o‘tov nazarda tutiladi” qabilida sharh beriladi. Agar “o‘tog‘a” (ya’ni, kakarda) bilan “o‘tov” (turar joy) o‘rtasidagi farqni nazarda tutsak va Sohibqiron davlat tutumida har doim qat’iy me’yorlar amal qilganini hisobga olsak, bu ikki xil sharh alohida izohlanishi lozim edi. Chunki o‘tov taqdim etish ham o‘sha davr hayotida uchragan. Masalan, Amir Temur tomonidan Yeldirim Boyazidga sultonlarga xos oq o‘tov taqdim etilgandi.
Vazirlar saltanat saroyining ishonchli va e’tiborli kishilari bo‘lib, ularga jazo belgilashda o‘ta darajada ehtiyot bo‘lish alohida tayinlanadi. Xususan, ularga qarshi xabar beruvchilarning da’volari “rost-yolg‘onligini mahak toshiga urib, tekshirib ko‘rsinlar”, deya ta’kidlanadi. Bir nashrda esa bu gap “da’volarining rost-yolg‘onligini sinchkovlik bilan sinab ko‘rsinlar”, tarzida jo‘ngina ifodalanadi. Sohibqiron mahak toshi (“kumush va oltinning tozaligini aniqlab beradigan qora tusli tosh” deb izohlangan) orqali jazo tayinlashda yana bir bo‘g‘in – qaror chiqaruvchi mahkamani taklif etayapti. Bunday tizim aybsizlik prizumptsiyasini ta’minlashda asqotishini yuristlar yaxshi biladi. Mohiyatni to‘la tushunmasdan qilingan tahrir orqali esa huquq ilmidagi yana bir ehtiyot chorasi olib tashlanayapti.
Xuddi shunday, urushdan yuz o‘girib qochgan sipohiylar haqida aytilgan “dargohimga kiritmasinlar (so‘zma-so‘z – unga “ko‘rinish” bermasinlar)” yoki “iltifotimizdan mahrum etsinlar” kategoriyalarining qay biri o‘sha davr davlat tizimi uchun xosligini ham aniqlash lozim bo‘ladi. Negaki, aynan bir jazo turi tarjimada ikki xil berilgan va ularga yuklangan intizomiy majburiyat ham ikki xil.
Xullas, bu merosning benazirligi shundaki, undagi har bir belgi, ishora teran mazmunga ega va muomala qilganda ana shu yuksak mavqe e’tiborda turmog‘i shart. O‘z sirlarini ochayotgan ulkan boylik – xalqimiz tarixini tadqiq qilganda vatanparvarlik va millatsevarlik tuyg‘usi bilan teran ilmiylik talabi hamohang bo‘lishi lozimga o‘xshaydi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 14-sonidan olindi.