Habibulla Zayniddin. Ibn Battuta

Atlantika okeani qirg‘oqlariga yastangan, shimoli g‘arb burchagidan Afrika qit’asiga, bandargohning o‘ng tomonidan Gibraltar bo‘g‘oziga tutashgan, qadimda finikiya va karfagenlik jamoalar istiqomat etgan Marokashga qarashli Tanjir shaharlik taqvodor Abdulloh al-Lavattiy xonadonida 1304 yil o‘ninchi iyulida o‘g‘il dunyoga keldi.

Go‘dak tavallud topgan kunning yettinchi kuni tongdan boshlab, al-Lavatiy xonadonida shodiyonalik boshlanib, haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Barcha qarindoshlar, yaqin yor-do‘stlar bu xonadonni samimiy tabriklab, muborakbod etishdi. O‘sha kuni an’anaviy tantanalar ancha vaqtlarga qadar davom etdi. Karnay-surnay va nog‘oralar ovozi yangrab hamma dilxushlik-xursandchilik qildilar. Go‘dakka Muhammad deb ism qo‘yildi. Bu ism ayni bir vaqtda ko‘p ezgu ishlardan darak beradigan hol edi. Bu go‘dak keyinchalik Ibn Battuta (arabcha o‘rdak yoki o‘rdakcha degan ma’noni anglatar ekan — H.Z.) nisbasi bilan ataldi.

Bo‘lajak sayyoh maktab yoshiga yetganda boshlang‘ich savodni mahalla guzaridagi maktabda olgach, shahardagi madrasaga kirib, uni ham a’lo darajada tamomlagan. Shundan so‘ng, u dunyoviy ilmlarni mukammal egallash maqsadida ota-onasidan oq fotiha olib, 1323 yili savdo karvoniga hamroh bo‘lgan holda ilk bor o‘sha vaqtlardagi Sharqning dongdor bilim o‘choqlaridan hisoblangan Makka va Madina shaharlariga ham haj qilish, ham ilm egallash maqsadida yo‘l oladi. Ana shu safar sabab, uning sayohatli faoliyati qariyb boshlangan edi deyish mumkin edi.

Ibn Battuta Makka shahridagi oliy mahadni tugallab ijoza (diplom) olib, Madinaga kelgach, bu o‘lkada ham u obro‘-e’tibor topib, izzat-hurmatga sazovor bo‘ldi. Bu shaharning ko‘pgina ilm ahllarining bahs-munozaralari va ma’ruzalarida ishtirok etib, bilim doirasini boyitishga erishadi.

O‘z vatani Tanjirga qaytgan Ibn Battuta ko‘p turmaydi.

U, Bag‘dod, Quddusi Sharif, Suriya, Liviya, Tunis, Sudan, Yaman, Urdun, Mavritaniya, qator xabash o‘lkalari kabi arab va arab bo‘lmagan o‘lkalarni ziyorat etib, so‘ng o‘sha vaqtlardagi mamlyuklar mamlakati bo‘lmish qadimiy o‘lka Misrga boradi.

Ibn Battuta Misrning Iskandariya shahriga kelgan dastlabki kunlarining birida o‘sha yerlik Halif ismli olim va shayx bilan uchrashgan. U bilan qilgan suhbatda unga o‘zining safar taassurotlarini gapirib bergan.

— Mening bilishimcha sen sayohat qilishni yaxshi ko‘radigan odamga o‘xshaysan, — deydi Ibn Battutaga shayx. — Sen olis Hindistondagi mening Farididdin Sinddagi (hozirgi Pokiston) Rukniddin, Burxoniddin ismli akalarimni borib ko‘rmoqlig‘ing va alarga shaxsan mening salomimni yetkazmoqlig‘ing kerak bo‘ladi, — degan ekan.

Bu yerda shuni tan olib aytish kerak bo‘ladiki, Ibn Battuta to o‘sha yuqorida ismi qayd etilgan kishi bilan uchrashgunga qadar Hindiston haqida va u mamlakatga sayohat qilishni mutlaqo xayoliga ham keltirmaganligini, ammo bu suhbatdan keyin unda o‘sha afsonaviy yurtga safar qilishga kuchli ishtiyoq tug‘ilganini yozadi “Sayohati Ibn Battuta” asarining debochasida.

Iskandariya uchrashuvi yosh sayyohning hayotidagi tub burilishga, voqealarga boy, to‘la sarguzashtli, ammo xatarli yo‘lini uzil-kesil tanlashi uchun asosiy turtki bo‘lgan. Iskandariyaga qarashli Damanxur degan kichik shaharchadagi darveshlar mahallasida yashovchi shayx Murshidiy degan zoti sharif bilan uchrashuv esa bu tanjirlik o‘rtahol ziyoratchi hojining qalb tugunlarini yechib yuborib, uning to Magelanga qadar buyuk tadqiqotchi, haqiqiy sayyohga aylanajakligini ham belgilagan edi.

Ibn Battuta Misrdan Kichik Osiyoga o‘tadi, undan keyin g‘arb o‘lkalari — Angliya, Frantsiya, Ispaniya, Italiya, Avstriya, Olmoniya, Bolgariya, Albaniya, Polsha, Serbiya, Chexoslovakiya, Vengriya, Ruminiya, Moldoviya, Boltiq bo‘yidagi davlatlarda bo‘lib, so‘ngra Qrimga yo‘l oladi. So‘ngra Kavkaz va Kavkaz orti o‘lkalarida bo‘ladi. Ozarboyjon, undan keyin esa Ilxonlar hukmronligidagi Eronda bo‘lib, bu yerdan Oltin O‘rdaga boradi.

Oltin O‘rdada o‘sha zamonning eng qudratli hukmdori sanalgan sulton Muhammad O‘zbekxon (1312-1342) sayyohni izzat-hurmat bilan kutib olgan. Oltin O‘rdada Ibn Battuta tilmoch shayx Abdul Hamid va boshqa bir qancha yuqori martabali ulamolar hamrohligida O‘zbekxon qabuliga taklif etilgan:

“Borgohning ichki qismlari g‘oyatda did bilan shohona ziynatlangan bo‘lib, uning markaziy tomonida yarqirab ko‘zni qamashtiruvchi oltin va boshqa qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan ulkan taxt joylashgan edi. Taxtning to‘rttala oyog‘i sof kumushdan ishlangan edi. Taxtning o‘rtasida xoqoni hoziq sulton Muhammad O‘zbekxon o‘tirardi. Hukmdorning o‘ng tomonida uning bosh xotini malika Tutug‘libeka va Kabek xotun, sultonning chap tomonida Boyolun xotun va Arachi xotunlar dabdaba hamda shukuh bilan savlat to‘kib o‘tirishardi.

Taxtning oldi tomonida qudratli hukmdor sulton O‘zbekxonning farzandlari joy olgan edilar. Podshohning o‘ng tomonida uning suyukli to‘ng‘ich o‘g‘li, valiahd Tanibek, o‘rtada esa Iyd Gujuk ismli qizi, uning chap tomonida esa yuqorida ismi zikr etilgan shahar oqsoqoli shayx Ibn Abdul Hamidning tarbiyalanuvchisi bo‘lmish o‘g‘li Jonibekxon o‘tirishardi.

Taxtning o‘ng va so‘l tomonlariga qo‘yilgan kursilarda nomdor no‘yonlar va ish boshqaruvchilar joy olgan edilar. Borgohning quyiroq qismida ham e’tiborli amiru amaldorlarning farzandlari, ular ortidan unvonlari pastroq qo‘shin boshliqlari joy olgan edilar”, — deb yozadi sayyoh o‘sha qabul haqida.

Ibn Battuta borgohda din peshvolarining nechog‘lik ulkan hurmat va obro‘ga sazovor ekanligini dastlabki qarashlaridayoq payqaganligini uning yozganlaridan bilishimiz mumkin. Borgohda ulamoyu ikrom, mulloyu zabardastlarning barchasiga eng munosib o‘rinlar ajratilganligiga e’tibor bergan. Hatto bu din peshvolari hukmdor O‘zbekxonning so‘rovlariga o‘rinlaridan turmasdan javob berishlariga ham to‘la haqli hisoblanganliklarini alohida qayd etadi. Bundan boshqa Ibn Battuta yana shu tantanalarga shaxsan javobgar bo‘lgan “yurtchi” deb atalmish boshqaruvchi, “bovurchi”, “sharbatchi” deb ataluvchi xizmatkorlarni ham qalamga olarkan, bovurchilar ziravorlar bilan pishirib oltin va kumush barkashlarda keltirilgan ot, mol go‘shtlarini maxsus pichoqlar bilan mehmonlar oldiga mahoratla so‘ngaklarini ajratmagan holda to‘g‘rashganini yozar ekan, mo‘g‘ullar go‘shtni so‘ngaksiz aslo yemasliklari va bunday hol ularning azaliy odatlari ekanligini ham yozadi. Sharbatchilar esa mehmonlar oldidagi qadahlarga o‘tkir ichimliklar quyib chiqishlarini keltiradi.

Albatta bu borada sayyoh yana ulamolar qatori o‘ta xudojo‘y, taqvodor bo‘lgan O‘zbekxon ham Qur’onning oyati karimasida: “Jannatdan ato etilgan kovsar suvi” deb ta’riflangan qimizni hammadan afzal ko‘rganligini ham bayon etgan. Qolaversa shu narsani ham aytib o‘tishga to‘g‘ri keladiki, Ibn Battuta Oltin O‘rdadagi bozorlarda va borgohda ham so‘zsiz rus to‘ralari hamda tijoratchi boyonlarini ham ko‘rgan. Ammo nechundir u asarida yer yuzida go‘yo “rus” degan millatning o‘zi umuman bo‘lmaganday, ular to‘g‘risida lom-mim ham demagan.

Ibn Battuta Oltin O‘rdada ancha vaqt turib qolgan. Uning safarni davom ettirishini O‘zbekxon paysalga solgan. Sayyohning yozishicha, kunlarning birida safarini davom ettirish uchun qulay vaziyat yuzaga kelgan. Ya’ni, hukmdorning kenja xotini — Vizantiya imperatorining qizi bo‘lgan Boyolun xotun og‘ir-oyoqligi bois, ota-onasi huzuriga borib, o‘sha yerda ko‘zi yorishi uchun eridan ruxsat so‘ragan. Bundan xabar topgan Ibn Battuta hukmdordan malikani Rumga kuzatib borishga ijozat etishni istagan. Bunga javoban: “Boyolun otasi, rumlik vasilevlar huzuriga ketayapti. Podshoh qizini shohona qabul etadilar. Senga esa tabiiyki, u yerda g‘ayridin va dushman sifatida qaraydilar. Kim biladi yana, u yerda birontasi ortingdan ahmoqona xanjar urib qo‘ymasin, men seni qadrlaganimdan ehtiyot qilaman, sening behuda halok bo‘lishingni istamayman. Albatta borish-bormaslik bu sening ishing, va lekin mening maslahatimga ko‘nsang shu yerda qol. Yo‘q desang men yo‘lingga nima lozim bo‘lsa barcha narsani beraman”, — degan O‘zbekxon.

Oxiri Ibn Battuta O‘zbekxonning ishonchli elchisi sifatida yorliq bilan Vizantiyaga malikani kuzatib borishga ruxsat olgan va hukmdor xotini Boyolunni karvonga biriktirgan holda o‘zi uch kunlik yo‘lgacha kuzatib qo‘ygan ekan.

Sayyoh Vizantiyaga yetib borib u yerda hammasi bo‘lib, bir oyyu 6 kun turgandan so‘ng yana shunday muvaffaqiyatli tarzda 1334 yilning boshlarida Ashtarxon (Astraxan) orqali Oltin O‘rdaning poytaxti bo‘lmish Saroy Berkaga qaytib kelgan. Oradan biroz vaqt o‘tib, katta karvon bilan O‘rta Osiyoga qarab yo‘lga chiqqan.

“Men Oltin O‘rdadan qavs oyining 1 kuni (10 dekabr) karvon bilan yo‘lga chiqqandan buyon Dalv oyining 10 kuni (1335 yil 1 fevral) Xorazmga yetib kelib, uning poytaxti Urganch shahrining tashqarisida choshgoh mahali to‘xtadim. Hamrohlarimdan biri shahar qozisi Sadr Abu Hafs albakriy degan kishining huzuriga yo‘l oldi. U esa (shahar qozisi demoqchi — H.Z.) menga o‘z noibi Nuril Islom degan kishini yubordi. Nuril Islom kelib men bilan salomlashib, hol-ahvol so‘rashgach, o‘z xo‘jasining oldiga qaytib ketdi. Shundan so‘ng qozining o‘zi o‘z odamlari hamrohligida kelib, men bilan ko‘rishdi. Qozi yosh ersada, xizmatlari ulug‘ bo‘lgan uning ikki noibi bor edi. Bulardan biri hozirgina eslatilgan Nuril Islom bo‘lib, ikkinchisi esa Ollohu taologa e’tiqodi ustivor va faqih, diniy va dunyoviy ilmlarni suv qilib simirgan Nuriddin al-Kermoniydir. Qozi bilan uchrashuv chog‘imizda u menga shunday dedi: “Shahrimizda kunduz kuni azbaroi odamlarning ko‘pligi hamda tirbandligidan yo‘l topib yurishingiz amrimaholdir. Shul bois noibimiz Nuril Islom boshchiligida faqatgina tongga yaqin shaharga kira olursizlar”. Rozi bo‘lmaslikka ilojimiz ham qolmadi. Biroq tan olib aytishim kerakki, qozi va uning noiblari menda juda yaxshi taassurot qoldirgan edi. Biz vaqtincha anchadan beri bo‘sh turgan eski bir madrasaga qo‘ndik. Ertasi kuni bomdod namozidan keyin huzurimizga yuqorida nomi qayd etilgan qozi va u bilan shaharning ko‘zga ko‘ringan boobro‘, nomdor martabali kishilari ham tashrif buyurdilar. Ular orasida mavlono Humomiddin, mavlono Zayniddin al-Maqsadiy, mavlono Rioyiddin al-Ridoviy, mavlono Jaloliddin al-Imodiy va Xorazm amirining imomi bo‘lmish Shamsiddin as-Sinjoriylar ham bo‘lib, ularning hammasi katta hurmatga munosib odamlar edi”, — der ekan, ayni bir vaqtda ulug‘ amir Qutlug‘ Temur haqida ham qalam surib quyida shunday deb yozadi:

“Xorazm amiri darhaqiqatan ham oldinroq uning haqida eshitganimday ismi-jismiga monand kishi edi. U, sulton Muhammad O‘zbekxonning ona tomonidan xolasining o‘g‘li bo‘lib, uning ulug‘ amirlaridan biri edi. Bu shaxs bir paytlar O‘zbekxonning Oltin O‘rda taxtiga o‘tirishida ko‘p sa’yi harakatlar ila kuch chiqargan ham ekan. Hozirda u shuningdek, Xurosonning valiysi hamdir. Uning o‘g‘li Xorunbek sulton Muhammad O‘zbekxonning qiziga uylangan… Qozi men bilan ko‘rishgani kelganda shunday dedi: “Amir seni ko‘rgani kelmoqchi edi, biroq tobi qochib qolgani bois, o‘zining uzurini aytib yubordi”. Keyin men amirdan hol-ahvol so‘ragani o‘shal qozi va uning a’yonlari bilan birga uning borgohiga tomon yo‘l oldim.

Biz qubbasi o‘ymakor naqshlar bilan ziynatlangan kichik uyga kirdik. Uning devorlariga rango-rang palaklar yozilgan, shiplariga go‘zal milliy ipak so‘zanalar, shohi zardo‘zlar ilib qo‘yilgan. Amir shohi ko‘rpachada og‘riq oyog‘ini uzun cho‘zib o‘tirardi, oyog‘ining bodi qo‘zigani uchun ko‘rpachaga o‘rab olgan edi. Bu xastalik ayniqsa turklar orasida keng tarqalgan ekan. Borib amir bilan ko‘rishdim va u meni mamnuniyat bilan o‘z yoniga o‘tqazdi. Shuningdek, qozilar va faqihlar ham o‘zlariga tegishli joylarga o‘tirishdi. Amir fotih sulton Muhammad O‘zbekxon haqida so‘rab-surishtirdi. Boyolun xotun va uning otasi hamda Qustantaniya (Konstantinopol — hozirgi Istanbul — H.Z.) shahri haqida ham so‘radi. Men unga bilganimcha hammasini gapirib berdim. Keyin dasturxonlarga taomlar tortila boshlandi. Qovurilgan tovuqlar, turna va kabutarlar, zira va za’far bilan surlangan kaklik go‘shtlarining dimog‘ni qitiqlovchi, hamda ishtahani ochib yuboruvchi xushbo‘y hidlari anqib turgan dimlamalari, alohida maxsus qizartirib pishirilgan cho‘rtan baliqlar, bo‘rsildoq nonlar, holvalar, bo‘g‘irsoqlar, moyli kulchalar va turli-tuman qandolatlar ham keltirildi. Undan so‘ng barkashlarda oltin va kumush taxsimchalarga solingan ho‘l mevalar ham uzatildi. Davomida qovun-tarvuzlar, po‘stlog‘i tozalangan shirin anorlar oldinma-ketin dasturxonlarga tortildi. Ularning yonida oltin va yog‘och qoshiqlar ham bor edi. Bir qancha iroqi chinni idishlardagi uzum va ajoyib tarvuz sharbatlari kishining ishtahasini yana-da, ochib yuborardi…”

Shubhasiz, Ibn Battuta keltirgan bu jumlalar XIY asrning O‘zbekxon zamonasida, islom dini Oltin O‘rda jamiyati yuqori tabaqasining hukmron ideologiyasi bo‘lib qolgandan keyin ham sud ishlarining bir qismi hamon yorg‘uchilar qo‘lida, ya’ni mo‘g‘ullarning odatdagi o‘zgarmay kelayotgan qonuni bo‘lmish Chingizxon yasog‘i (nizomi) asosida hukm qiluvchi hakamlar qo‘lida bo‘lganligini yaqqol ko‘rsatadi.

Shuningdek, sayyoh Xorazm amiri Qutlug‘ Temurni odil, fuqaroparvar, uning nazm va nasrlarda madh etilgan, aql-zakovat, husn-latofatda yagona, mamlakat va xalq farovonligi yo‘lidagi ulug‘ maqsadlarga qaratilgan ezguliklarga to‘la sifatlari bilan o‘sha davrlarda hali hayot chog‘idayoq el orasida rivoyatli naqllarga sabab ham bo‘lgan taqvodor, tovfiqli mashhur zavjasi, zamonasining Bilqisi, davron Zubaydasiga aylangan To‘rabekxonimga asarida alohida bob ajratib, bularning sa’y-harakatlari bilan Urganch va Xorazmning boshqa talay joylarida olib borilgan yuksak, olamshumul bunyodkorliklar, obodonlashtirish ishlarining adog‘i ko‘rinmasligini, o‘sha davrlarda to mo‘g‘ullar istilosi (1221 yil)ga qadar Xorazmda aholi qanday zich yashagan bo‘lsalar amir Qutlug‘ Temur davrida ham xuddi shunday zich yashaganligini, hatto tongdan to shomgacha ham bozorlar, ko‘chalarda tirband harakat qilganligi tufayli shahar go‘yo chayqalib turgan dengizga o‘xshashligini ham alohida maroq bilan to‘lqinlanib hikoya qiladiki, bu tafsilotlar bizning ko‘z oldimizda madaniyati har tomonlama taraqqiy etib, kamol topgan, savdo ishlari rivojlangan qudratli davlatni bevosita ro‘yi rost gavdalantiradi.

Ibn Battuta Xorazmda qisqa vaqt turgandan keyin o‘sha davrlardagi G‘arbiy Chig‘atoy ulusi bo‘lmish Movarounnahr tomon safarini davom ettiradi. Umuman, u qayerda bo‘lmasin, hamisha hamma yerlarda ham birday katta hurmat, izzat-ikrom bilan kutib olinganligini mamnuniyat bilan bayon qiladi. U dastlab azaldan olamga mashhur shaharlardan biri bo‘lib kelgan Buxoroga borayotib, uning tumanlaridan biri Vobkentda to‘xtaganligini yozib shunday ta’riflaydi:

“Bu tuman Buxoro shahriga bir kunlik manzilda joylashgan, hovuzlari, dilkusho bog‘-rog‘lariga ega fayz-tarovatli, o‘ziga xos go‘zal shaharchadir. Bu yerning aholisi asosan uzum yetishtirib, uni yil davomida saqlaydilar. Ularda yana ayniqsa, bir nav meva bo‘lib, uni al-allu (olxo‘ri) deb ataydilar. Uning yetilib pishgan mevalarini suvga chayib ichadilar. Ular yangi pishgan vaqtda shirin — quritilganda esa nordonroq bo‘lar ekan. Quritilgan bu mevani odamlar Hindiston va Xitoyga eltadilar. Bu meva ko‘p yumshoqki, bundayini men Andaluziyada (Ispaniya) ham, Suriyada ham ko‘rmaganman”.

Shundan keyin u, safarini davom ettirib, kun bo‘yi butkul bog‘lar, hovuzlar, daraxtzorlaru ko‘m-ko‘k ekinzorlar oralab Buxoroga yetib borgan. Shaharni ziyorat qilar ekan, sayyoh bu o‘lkada uncha ko‘p bo‘lmagan va omon qolgan ba’zi bir ayrim inshootlardan boshqa mo‘g‘ullar bosqinchiligi davrida vayron etilgan hamda ko‘pgina aholi zich yashaydigan turar joylar, muassasalar, masjid, madrasa va usti yopiq kompolli bozorlar hanuzgacha xaroba holida yotganligini qattiq achinish bilan gapiradi. Undan so‘ng Buxorodan uncha uzoq bo‘lmagan Fathobod degan mavzega tashrif buyuradi.

Ibn Battuta Buxoroga qilgan tashrifini tugatib, Muhammad Tormashirin hukmronligidagi yangi mo‘g‘uliston — g‘arbiy Chig‘atoy ulusining markazi bo‘lmish Qarshi (avvalgi nomi Nasaf bo‘lgan — H.Z.) tomon yo‘nalgan. U Qarshiga yetib borgach, O‘rdadan uncha olis bo‘lmagan joyda o‘z chodirini tiktirgan. U yerda ham sayyoh shunday yuksak hurmatda kutib olingan. U ko‘p o‘tmay Tormashirinning qabulida bo‘lgan. Mo‘g‘ul hukmdori bilan qilgan diqqatga sazovor hamda qiziqarli muloqotlari va bu hukmdorning eshitishiga ko‘ra, yana avvalgi taxtdoshlarining sifatlari, hamma-hammasi haqida muhim tarixiy ma’lumotlarni ham keltiradi…

Sayyoh Qashqadaryodan keyin yana bir dongdor o‘lka — Samarqandga borgan. Bu ma’lum va mashhur azim shaharda sayyoh ilgari eshitganlaridan ham ko‘proq narsalarni bildi, ko‘p narsalarni esa o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Bu qadimiy o‘lka haqida nafaqat arab jug‘rofiy olimlari o‘zlarining otashin she’riy misrayu, nasrlarini qog‘ozga tushirganlar, balki, butun dunyo musulmonlar olami ana shu talay asrlar bilan bo‘ylashadigan, tarixiy shaxs Afrosiyob (Alp Er Tunga) vatani shahri Samarqand haqida: “Mag‘ribdan Mashriqqacha bo‘lgan butun sarzaminni kezsang-da, undan go‘zalroq o‘lkani topolmaysizlar”, — deb yozganlarini qayd etadi.

Sayyoh Samarqandning barcha yerlarini borib ko‘rgan, shu jumladan, Hartang mavzeiga ham borib, u yerda buyuk muhaddis, islom olamining yorqin yulduzi bo‘lmish Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoyil al-Buxoriy (810-870) qabrini ziyorat etgan ekan.

Ibn Battuta O‘rta Osiyoga qilgan sayohatini shu o‘lkada yakunlab, Afg‘oniston va Hindikush orqali 1335 yil 12 sentyabrda ko‘pdan buyon orzu qilgan yana bir afsonaviy mamlakat — Hindistonga borgan va u yerda turli sabablarga ko‘ra, qariyb sakkiz yilga yaqin turib qolgan. So‘ngra yana bir orzu etgan va endilikda dunyo bo‘ylab qilgan so‘nggi safari Xitoyga borishga ham musharraf bo‘lgan. U butun Xitoy bo‘ylab safarini davom ettirar ekan, bu zaminda ko‘rgan, bilgan, eshitgan har bir diqqatga sazovor masalalarni sinchiklab o‘rgangan holda kundaligiga qayd etib borgan. Masalan, uning Xitoyda ilg‘aganlaridan biri uzunligi bir qarichga yaqin bo‘lgan, eni kaftdek pullar muomilada bo‘lganligi, bu qog‘oz pullar garchi o‘z davlatlarida oltin qimmatiga tenglashtirilgan va qadrli hisoblansa-da, u faqat Xitoyning o‘zidagina ishlatilgan xolos. Xorijda bu pullar mutlaqo tan olinmaganini ham yozadi. Shunga qaramay xorijga chiqqan xitoylik tijoratchi savdogarlar mol ayribosh qilishar, o‘z mollarini o‘sha yerliklarning oltin tanga — dinorlari, dirhamlariga ham sotishar, bu tangalarga yana o‘z yurtlarida zarur hisoblangan mollarni sotib olish bilan tijorat etishlarini va boshqalar haqida Ibn Battutadan bir asrdan ziyodroq oldin o‘tgan va Xitoyda bo‘lgan venetsiyalik sayyoh Marko Polo ma’lumotlariga qaraganda birmuncha to‘liq bilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Ibn Battuta Xitoy bo‘ylab sayohatini davom ettirar ekan, u yerlarda anchagina go‘zal narsalar bo‘lishiga qaramay, bu mamlakat unga yoqmaganligini ham qayd etadi. “Men u yerda o‘zimda to bungacha hech qachon paydo bo‘lmagan kuchli umidsizlikdan g‘amnok edim. U yerda birorta dindoshlarimdan uchratsam xuddi o‘z oila a’zolarimdan birini yoki qarindoshimni uchratganday quvonib ketardim”, — deb bungacha tuymagan musofirchilikni endi qalban his etganini alohida yozadi Ibn Battuta.

Sayyoh, albatta, Xitoyda musulmonlarni ham uchratganini yozadi. Biroq bu musulmonlarning tili xitoycha bo‘lib, u bu tillarni bilmasdi. Bu hol ham uning umidini puchga chiqargan.

Tarixiy manbalarga qaraganda, Ibn Battuta qalamga olgan mazkur musulmonlar VII asrning birinchi choraklarida Muhammad payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamning hali hayot vaqtlarida 628 yili o‘zining yaqin safdoshi va amakisi Vohob ibn Abu Qabshoh boshchiligida besh yarim ming kishidan iborat yaxshi uyushtirilgan safar guruhini Xitoyga yo‘naltirgan. Boshqa ba’zi rivoyatlarga qaraydigan bo‘lsak, payg‘ambarning amakisi o‘sha davrdagi Xitoy poytaxti Chan’anga yetib borgan. Lekin, Xitoy imperatorligi musulmonlarning Xitoyga shaxsan tashrif buyurishlarining sababini so‘rab-surishtirmay, ularni dushman hisoblab kuch ishlatishga qaror qilganlar. Ammo, Ollohning marhamat qilib: “Men mo‘minlarga nusrat ato etdim” degan oyati karimasiga binoan ikki o‘rtada bo‘lib o‘tgan qisqa va shiddatli jangda musulmonlarga nisbatan o‘n barobar ko‘p bo‘lgan Xitoy qo‘shinlarining saralangan otliq va piyoda avangardi tamomila tor-mor keltirilgach, Xitoy imperatorligi tomonidan olib borilgan muzokaradagi kelishuvga ko‘ra, xitoyliklar musulmonlarning talablariga yon bosishga majbur bo‘lganlar va Guanchjou degan shaharda masjid, islom maktabi, madrasa, karvonsaroy hamda yana bir qancha muassasa inshootlarining qurilishiga rozilik berilgan ekan. Shunday qilib birinchi masjid va islom dini aqidalariga mos va xos bo‘lgan qator inshootlar o‘sha davrlardayoq vujudga kelgan emish. U yerda islom dinini qabul qilgan bir qism xitoyliklar o‘zlarini “Tungan” yoki “Dung‘onlar” deb atashgan. Bu so‘z xitoychada “Ollohning mo‘minlari” degan ma’noni anglatar emish.

Umuman, Ibn Battuta dunyoning eng chekka sarhadi bo‘lmish Xitoyda ham bo‘lgach, borib ko‘radigan boshqa shaharlari juda oz qolgan edi. Uning o‘z ona vatani Tanjirga qaytish ishtiyoqi ko‘proq tug‘yon ura boshlagan edi…

U poyqadami yetgan har bir o‘lkalarning, biz sahifamiz davomida qisman ko‘rib o‘tganimizday ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayoti, tarixi, jug‘rofiy sharoiti, madaniyati, xalqlarning urf-odatlari, barchasiga diqqatini jalb etadi. Ko‘rgan-kechirganlaridan tashqari, zarur deb topgan-eshitganlari, afsona, rivoyatlarini ham tabiiy nazar-e’tiboridan qochirmagan holda oqizmay-tomizmay o‘z kundaligida qayd etib borganligini misollarda qisqacha ko‘rib o‘tdik.

Ibn Battuta o‘zining uzluksiz va davomli sayohatlarida shaxsan o‘zining yozganlariga ko‘ra, Ollohning o‘zi mulk egasi bo‘lib, uni istagan kishisiga berganidek, behisob boyliklarga ega bo‘lgan. Uning birinchi bosqichdagi bu boyligini Xitoyga safari davrida qaroqchilarga bor-budini oldirib, yakka o‘zi yashirinishga va shu bilan muqarrar o‘limdan unga ko‘makka yetib kelgan yaxshi odamlar tomonidan omon qolishga muyassar bo‘lgan. Ikkinchi marta ham shunday boylikka ega bo‘lgan, ularni ham yuqoridagiday holda oldirib qo‘ygan. Uchinchi bor boylikka ega bo‘lgandagina eson-omon o‘z vataniga qaytib kelgan. U o‘zining qadrdon yurtiga kirib kelganda falakning kajraftorligini qarangki, padari buzrukvorining rixlat etganiga bir oy, volidai muhtaramasining o‘g‘li bilan ko‘risholmay armon bilan olamdan ko‘z yumganiga o‘n besh kun bo‘lgan ekan. Sayyoh bu shum xabarlarni, har qancha og‘ir bo‘lmasin, mardona turib qarshi olishga majbur bo‘lgan.

Sayohatga otlanganda Ibn Battuta o‘n to‘qqiz-yigirma yoshlardagi navqiron yigit bo‘lgan bo‘lsa, 1354 yil o‘rtalarida ellik yoshlarga borib qolgan salobatli, salohiyatli, g‘oyatda bilimdon, ma’lum-mashhur bir haqiqiy olim sifatida yurtiga — qarindoshlari bag‘riga qaytib kelgan va qolgan umrini o‘z vatanida ilmiy-ijodiy ishlarga baxshida etib yashagan. Uning buyuk sayyoh va olim ekanligi nafaqat bizning davrimizdagina emas, balki sayyohning hali o‘zi hayotlik chog‘larida va undan keyingi qator davrlarda ham e’tirof etilib kelinganligi manbalarda qayd etiladi. U 1377 yili 73 yoshida olamdan ko‘z yumgan.

Mana necha asrlar o‘tsa-da, hanuz uning dunyo miqyosidagi “Sayohati Ibn Battuta” nomli nodir asari o‘zining hech bir qiymatini zarracha yo‘qotmagan holda doimo insonlarni, ilm-fan ahllarini bahramand etib kelmoqda.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 8-son