O‘zbeklarning kelib chiqishi haqida turli fikrlar mavjud. Ba’zi olimlar ko‘chmanchi o‘zbeklarning kelib chiqishini Oltin O‘rda xoni O‘zbekning (1312—1340) nomi bilan bog‘laydilar. N. A. Arictovning fikricha, «O‘zbekxongacha o‘zbek nomi tarixda uchramaydi, shuning uchun ham bu nom podshoning nomidan boshlangan, deyish mumkin». A. Yu. Yakubovskiy «o‘zbek» iborasining paydo bo‘lishini «o‘zbeklar» (ko‘pligi «o‘zbekiyun») so‘zi bilan bog‘laydi, ular o‘z nomlarini shu Oltin O‘rda xoni O‘zbek nomidan olganlar, degan fikrni bildiradi. I. P. Ivanov ham shunday nuqtai nazarni to‘g‘ri, deb biladi. Chet ellik tarixchilardan M. A. Chaplichka va Xilda Xukxem ham o‘zbeklarning kelib chiqishini O‘zbekxon nomi bilan bog‘laydilar. (Sulton Jaloliddin Manguberdi davrida (1220—31) Ozarboyjon viloyati podshosi Otabek O‘zbek deb atalardi — M. M.) O‘z paytida bunday fikrlarga V. V. Grigorev qarshi chiqqan edi. A. A. Semyonov ham bu fikrning asossiz ekanligini ko‘rsatib o‘tgan. Uning aytishicha, «o‘zbek» iborasi Oq O‘rdada paydo bo‘lgan va Eron hamda O‘rta Osiyo tarixchilari XIV—XV asrlarda Oq O‘rdadagi turk-mo‘g‘ul qabilalarining hammasini shunday atashgan. O‘zbekxon esa Ko‘k O‘rda, ya’ni Oltin O‘rdaning podshosi bo‘lib, keyinchalik o‘zbeklar deb atalgan qabilalar unga bo‘ysunmaganlar. Biz A. A. Semyonov haq bo‘lsa kerak deb o‘ylaymiz.
H. Vamberi, X. Xovors va M. P. Pellioning fikricha, Dashti Qipchoqning turk-mo‘g‘ul qabilalari bu nomni o‘zlarining erkinliklari sababli olganlar. H. Vamberida quyidagicha qiziq ma’lumot mavjud: «O‘zbek» so‘zining tub ma’nosi — «o‘zi o‘ziga bek, xo‘jayin, mustaqil». Ajabo, bu so‘z qadimgi majorlarda (vengrlarda) ham martaba, unvon sifatida uchraydi va shu ma’noda 1150 yilga mansub hujjatlarda qayd etilgan».
«O‘zbek» so‘zi XIII—XIV asrlarda, Juvayniy va Rashididdinlarning asarlaridan ham ma’lum edi. Bu so‘z Elxon Oboka (1265—1282) zamonida Eronda yashagan Puri Bahoning (Tojiddin ibn Bahouddin) dostonida ham uchraydi. Ushbu asarning Puri Bahoning o‘g‘li Zayniddin Kazviniy tomonidan yozilgan davomida «o‘zbeki yun», «mamlakati o‘zbek» va «ulusi o‘zbak» so‘zlarini uchratamiz. Bu yerda so‘z Oq O‘rda ko‘chmanchilari emas, Oltin O‘rda xoni O‘zbekxon va uning davlati haqidadir.
Shundan keyin, to XIV asrning 60-yillarigacha «o‘zbek» so‘zi manbalarda uchramaydi. XIV asrda yashab ijod etgan arab mualliflari — Nasiriddin ibn Furat (1361—1404), al-Asadiy (1377—1447), al-Ayniylar (1361—1452) O‘zbekxon va undan keyin Oltin O‘rdada hukmronlik qilgan boshqa xonlarni «shimol dashtlarining podshohlari», «dasht sultonlari», «dasht mamlakatlarining podshohlari» va «qipchoqlarning podshohlari» deb ataganlar. Bu yerda shuni ham aytib o‘tish kerakki, boshqa bir arab tarixchisi al-Kalkashoniy (1418 yilda vafot etgan) To‘xtamishni «O‘zbeklar podshohi» deydi. Nizomiddin Shomiy (XIV — XV asr) o‘z risolasida To‘xtamish o‘g‘lonning Dashti Qipchoqdan Samarqandga kelgani tasvirlangan o‘rinda bunday deb yozadi: «U (Temur) To‘xtamishga O‘tror va Savron viloyatlarini inoyat qildi va uni o‘sha yerlarga yubordi. Bir qancha vaqt o‘ttandan keyin o‘zbekiy podshoh O‘rusxonning o‘g‘li Qutlug‘ Bug‘o qo‘shin bilan kelib, To‘xtamish o‘g‘lon bilan jang qildi».
Ma’lumki, Oq O‘rdaning xoni bo‘lgan To‘xtamish XIV asrning 30-yillari oxirida Temurning faol yordami bilan Movarounnahrning shimoliy tomonlarini tasarruf qilib turardi. 1390 yili Temur unga qarshi qo‘shin surdi. Temur qo‘shini Sarig o‘zan degan yerga yetib kelganlarida «no‘yonlar va amirlar yig‘ilishib, «agar biz avval Anqo To‘ra ustiga yurish qilib, u gazandani yanchib tashlasak, so‘ngra o‘zbeklar diyoriga («diyori o‘zbek») o‘tsak ma’qulroq bo‘lardi», deb (Temurga) arz qildilar». Temur ushbu rejaga rozi bo‘lib, Bo‘riboshi orqali Anqo To‘raga qarshi yurish qildi. Abdurazzoq Samarqandiy Temurning Anqo To‘raga qarshi yurishini batafsil bayon qiladi. Jumladan, asarda bunday deyiladi: «Hijriy 792 yilning (melodiy 1390) o‘zida Temur Mo‘g‘ulistonga qarab yurdi (U vaqtda Mo‘g‘ulistonga Qashg‘ar va Andijon qarar edi) va yo‘lda uchragan asirlar unga Anqo To‘raning Mo‘g‘ulistondan qochib ketib, O‘zbek sahrolarida (dar sahroi o‘zbek) yashiringanligini aytdilar. Temur askarlari qochoqlarni uch kungacha O‘zbek dashtida behuda izlab yurdilar va nihoyat, to‘rtinchi kuni qorovullar (razvedka) yog‘iyning shu yerga yaqin joyda ekanligi xabarini yetkazishdi. O‘tkazilgan qisqa maslahat kengashdan so‘ng Temur qo‘shinlarini uch qismga bo‘lib, Anqo To‘ra va uning qo‘shinini izlab topishga kirishdi. Jamoliddin Hamid va shahzoda Umarshayxning askarlari yovni o‘rab olishga kirishdi. Temur bo‘lsa o‘rtada qolib, dushman ustiga yurdilar. Umarshayx askarlari Sherbat yo‘lidan borib, Qora-Xo‘jarni kesib o‘tdilar-da, mo‘g‘ullarning asosiy chekinish yo‘llarini to‘sib qo‘ydilar. Qiyos mavzeida Anqo To‘rani quvib yetib, mag‘lubiyatga uchratdi. (To‘ra chekindi) Umarshayxning o‘g‘lonlari Anqo To‘rani quvib, Olako‘lgacha bordilar».
Manba’lar Anqo To‘raning To‘xtamish bilan aloqasi to‘g‘risida biron-bir xabar bermaydilar. Ammo, mo‘g‘ullar qudratli Temurga qarshi kurashish niyatida To‘xtamish bilan ittifoq bo‘lishga intilganlar va 1388 yili haqiqatan ham mo‘g‘ul hokimi Qamariddin (1362—63—1388—89 yil) To‘xtamish bilan ittifoq tuzishga erishib, Umarshayxni Julakadagi jangda yengishga muvaffaq bo‘lgan.
Yuqorida keltirilgan dalillar, birinchidan, Dashti Qipchoqning cho‘l qismi O‘zbek dashti, deb atalganidan, ikkinchidan esa, bu paytga kelib, ko‘chmanchi o‘zbeklar Sirdaryoning shimol tomonidagi yerlarning anchagina qismida (hozirgi Qozog‘istonning janubida) hukmron ekanliklaridan dalolat beradilar. To‘xtamish qo‘shinlarining aksariyati ko‘chmanchi o‘zbeklar edilar.
Xondamir ham 1388—89 yillar voqealari haqida so‘z yuritganida To‘xtamish qo‘shinlarini o‘zbek qo‘shinlari (sipohi o‘zbak) deb ataydi. 1391 yili Qunduzchadagi jangda qatnashgan qo‘shinlarni ham Xondamir o‘zbek qo‘shinlari deydi. Mu’iniddin Natanzaniy, Yedigey va Qutlug‘ Temurlar boshchiligida 1399 yili To‘xtamishga qarshi chiqqan askarlarni ham o‘zbeklar deydi. Yedigey, uning ukasi Isobek va Oltin O‘rdaning ko‘zga ko‘ringan boshqa amirlari Shodibek, Fo‘lodxon, Ulug‘ Muhammad (yoki Muhammadxon) yuqoridagi tarixnavislar tomonidan Dashti Qipchoq va O‘zbek viloyatlarining (podshohi Dashti Qipchok va viloyati O‘zbak) hokimlari deb ataganlar. Bu masala bo‘yicha Mirzo Ulug‘bekning (1409—1449) «Tarixi arba’ ulus» («To‘rt ulus tarixi») risolasi diqqatga sazovordir. Bu asardagi ma’lumotlarni qisqacha bayon etsak, quyidagicha: O‘zbekxon O‘zbek ulusiga (dar ulusi o‘zbek) podshoh bo‘ldi. So‘ngra, 720 h. yilda (1320 melodiy) Said otaning sa’y-harakatlari bilan Dashti Qipchoq aholisi musulmon dinini qabul qildilar.. Islomni qabul qilganlarni o‘zbeklar, qabul qilmaganlarni esa (qalmoqlar) deb atay boshladilar.
Keltirilgan ma’lumotlar asosida xulosa qilib aytish mumkinki, «o‘zbek» iborasi, Dashti Qipchoqdagi turk-mo‘g‘ul aholisining umumlashgan nomi sifatida XV asrdagina paydo bo‘ldi.
Ammo, o‘zbeklar Dashti Qipchoqda faqat XIV asr oxirlari — XV asr boshlaridagina paydo bo‘lganlar, deb o‘ylash xato bo‘lur edi. Hozirgi o‘zbeklar, qozoqlar, qoraqalpoqlar va boshqa xalqlarning ajdodlari shu xalqlar hozir yashayotgan yerlarda qadim zamonlarda ham yashaganlar. Lekin o‘zbeklar, qozoqlar, qoraqalpoqlar deb atalmaganlar. Tarixiy, adabiy manbalarda Dashti Qipchoqning sharqiy qismida qadim zamonlardan beri turli turk qabilalari yashaganlari haqida anchagina ma’lumotlar mavjud. Bu yerlarni XIII asrda mo‘g‘ullar zabt etgan bo‘lsa, Dashti Qipchoqning turk qabilalari orasida tez orada singib ketganlar va hatto o‘z millatlarini yo‘qotganlar. Chingizxon qo‘shinlarining asosiy qismini turkiy qabilalar tashkil etganligini ham unutmaslik zarur.
Mas’ud ibn Usmon Ko‘histoniy shahodatlik berishicha, Oq O‘rda, ya’ni ko‘chmanchi o‘zbeklar tarkibiga quyidagi qabilalar kirgan: burkut, qiyot, qo‘shchi, qo‘ng‘irot, ushun (usun), o‘tachi, nayman, jog, chimboy, qorlik, kenagas, do‘rmon, qurlovut, tub, mang‘it, nukuz, tang‘u, uyg‘ur, xitoy, toymas, echki, tuman, ming va boshqalar. Binoiyning «Shayboniynoma» asarida, XV asrning 80-yillarida Shayboniyxonni qo‘llab turuvchi qabilalar orasida yana shodbog‘li va shunqorli qabilalari ham eslab o‘tiladi. Mahmud ibn Valining so‘zlariga qaraganda, Abulxayrxonning qo‘shinlarida uyg‘ur, major va killarning jangovar guruhlari bo‘lgan.
Bu qabilalarning kelib chiqishlari turlicha, Masalan, qo‘ng‘irot, nukuz va qiyotlar — mo‘g‘ulga, tangular bo‘lsa — Tibetga taalluqli.
Xitoylar xususiga kelsak, ularning ajdodlari — X—XI asrlarda Shimoli-Sharqiy Xitoyda yashab hukmronlik qilgan kidonlardir.
Ro‘zbexon Isfahoniy XVI asr boshlarida o‘zbeklar uch toifa («xalq»), ya’ni qabilalar birlashmasiga taalluqli deydi,— bular Shayboniy ulusiga qarashli barcha qabilalar, qozoqlar va nihoyat, mang‘itlardir. Ma’lumki, Dashti Qipchoqdagi ko‘chmanchi o‘zbeklar ittifoqini tashkil etgan ko‘p qabilalar zamon o‘tishi bilan parchalanib ketib, uning qismlari qozoqlar, qoraqalpoqlar, boshqirdlar va boshqalarning tarkibiga kirganlar, ammo o‘zlarining qabila nomlarini saqlab qolganlar.
XV asrning boshlarida yuqorida aytib o‘tilgan qabilalarning bir qismi (o‘zbeklar — «o‘zbakon») Shayboniyxon atrofida birlashib, O‘rta Osiyoda hozirgi O‘zbekiston hududida turg‘un bo‘lib qoldilar. Shu paytdan boshlab «o‘zbek» iborasi etnik ma’no kasb etdi va bu hududdagi turkiy aholi «o‘zbek» nominy qabul qildi. Shu yerda ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, ko‘chmanchilar, avval qaysi qabilaga mansub bo‘lsalar o‘sha nomni saqlab qoldilar va to XX asrgacha ajdodiy-qabilaviy bo‘linishlarni saqlab keldilar. Ammo, o‘zbek xalqining kelib chiqishi XVI asrga to‘g‘ri keladi degan gap to‘g‘ri emas. Bu yerda so‘z, faqat «o‘zbek» iborasining etnonim sifatida paydo bo‘lgan vaqti haqida bormoqda. Ma’lumki, qadimdan O‘rta Osiyoda turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlar yashaganlar, Dashti Qipchoqning ko‘chmanchi o‘zbeklari Movarounnahrning o‘troq turkiy aholisi orasida singib ketib, «oxirgi qo‘shilganlar» sifatida o‘z nomlarini ularga berganlar…
“O‘zbegim” to‘plamidan (1992) olindi.