Ulug‘ bobomiz Amir Temur nomi bilan bog‘liq har bir osori-atiqa va qadamjolar biz uchun g‘oyat tabarrukdir. Bobokalon buyuk saltanat tug‘i ostida birlashtirgan barcha xalqlar, mamlakatlarni adolat bilan boshqarib, obod etgan.
Chunonchi, u Hirot, Kobul, Tabriz shaharlarida, Eron, Ozarbayjon va Dog‘istonda ko‘plab inshootlar, masjid va madrasalar qurdirgan. Qorabog‘da uzunligi 7 farsah keladigan ariq kavlatib, nomini Barlos deb qo‘ygan. Shuning uchun ham fath etilgan o‘lkalarda va umuman butun olamda buyuk Amir Temurning nomi tarixda o‘tgan boshqa jahongirlardan farqli o‘laroq, hurmat-ehtirom bilan tilga olinadi. Ulug‘ bobomiz Dog‘istondagi kichik bir qishloqda to‘xtab, shu yerda shahar qurishga amr etgan, keyinchalik bu shahar Temurxonshur deb nomlanib, poytaxt mavqeiga ega bo‘lgan ekan. Maxachqal’a yaqinidagi qo‘miq qishloqlaridan biri Temurbos (Temur qudug‘i) deb yuritilgan. Hatto, rus knyazlari ham mo‘g‘ullar istibdodidan xalos etganligi uchun Yelets shahrida bobokalonimizga yodgorlik, Tobolsk yaqinida esa minora qurdirganlar. Faranglar Amir Temurga oltindan haykal qo‘yganliklari haqida esa ko‘pchilik bilsa kerak. 1853 yilda Angliyaning Old Vik teatrida Karl Marloning “Buyuk Temur” fojiasi sahnalashtirilgan va u hozirgacha ijro etilmoqda. G‘arbning mashhur musavviri Rembrandt ham Sohibqiron suratini ishlagan. Bunday misollarni juda ko‘p keltirish mumkin.
Albatta, bularning bari dunyo ahlining buyuk Sohibqironga bo‘lgan ehtiromini ifodalaydi. Bobomiz shu tuproq farzandi sifatida yurtning shahar va qishloqlarini obod etish uchun qaynoq mehrini ayamagan. Bugungi kunda ham Samarqand va Shahrisabzdagi olamshumul tarixiy ahamiyatga ega obidalar buyuk Amir Temurning mangu shuhratidan so‘ylab turibdi.
Sohibqiron Amir Temurga tegishli ko‘plab osori-atiqalar, qimmatbaho buyumlar hozir turli mamlakatlardagi muzeylarda yoki odamlar qo‘lida saqlanmoqda. Masalan, Sohibqironga tegishli “Chirog‘i olam” olmosi Buyuk Britaniyadagi Bukingem saroyining “Hindiston” xonasini bezab turibdi. “Chirog‘i olam” yoqutida arab alifbosida quyidagi yozuvlar bor: “Bu Isfahonga 1153 yil Hindistondan olib kelingan yoqut, shohlar shohi Sulton Sohibqironning yigirma besh ming asl javohirotlaridan biridir”.
Bu qimmatbaho toshlar shodasi juda noyob bo‘lgani uchun hamda qiymatini aniqlash juda mushkulligidan Sharq xalqlari unga “Jahon o‘lponi” nomini berishgan.
Ma’lumotlarga qaraganda hozir Mozori Sharif shahrida yashayotgan, ota-bobolari asli shahrisabzlik bir fuqaroda Oqsaroyning loyihasi saqlanayotgan ekan. U maxsus teriga chizilgan kattagina kitob shaklida bo‘lgan ekan…
Yurtimizda buyuk bobokalonimiz nomi bilan bevosita bog‘liq bir nechta sirli toshlar borki, bularning qiymatini har qancha oltin-kumushlar bilan ham baholab bo‘lmaydi. Ulardan birinchisi — Sohibqiron qabri ustiga o‘rnatilgan nefrit — yashm tosh bo‘lib, uning tarixi juda uzun. Sirli xususiyatga ega deb hisoblanuvchi nefrit — yashm toshi, nihoyatda noyob bo‘lib, faqatgina Xitoyda uchrar ekan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir dunyoning bir nechtagina mamlakatida ushbu navdagi qora-yashil tusli tosh bo‘laklari mavjud. Mirzo Ulug‘bek tomonidan Amir Temur qabri ustiga o‘rnatilgan yashm toshi ularning eng yirigi sanaladi. Aytishlaricha, Rossiya imperatori Aleksandr III vafot etganida uning Petropavlovskdagi qabri ustiga nefrit toshidan yodgorlik o‘rnatmoqchi bo‘lganlar. Shu maqsadda Sibir va Turkistonga ekspeditsiya uyushtirilib, nefrit toshini axtarganlar. Biroq barcha harakatlar behuda ketgan, nefrit topilmagan.
1740 yili Eron shohi Nodirshohning qo‘shini Samarqandga kirganida Amir Temurning qilichi, sovuti, Amir Temur jome’ masjididagi yetti xil ma’dan qotishmasidan yasalgan darvoza va hatto uning qabriga o‘rnatilgan yashm toshi ham to‘p kanorasiga ortilib, Mashhadga olib ketilgan. Ko‘p o‘tmay Nodirshohning tushiga Mir Sayyid Baraka kiradi va bu kufrona ishi uchun qattiq jazolanajagidan ogoh etadi. Shundan so‘ng yashm toshi o‘z joyiga qaytarilgan, ammo darvoza, sovut va qilichning daragi hanuzgacha noma’lum.
Yana bir tabarruk yodgorlik — Sohibqironning taxti bo‘lmish mashhur “ko‘ktosh”dir. O‘tgan asrda yashagan rus tarixshunosi Vladimir Cherevanskiy “Amir Temur” kitobida Temur saroyidagi “ko‘ktosh” haqida shunday yozadi: “Eshikning ro‘parasida, hovlining to‘ridagi devor yonida “ko‘ktosh” deb ataladigan Temur taxti turardi, u hozir ham o‘sha joyda. Qabul kunlari taxt oq namat bilan yopib qo‘yilardi… Xalq esa ko‘ktosh osmondan tushgan, u Payg‘ambarning o‘z sodiq quliga in’omi, deb o‘ylar, ularning bu fikriga hech kim e’tiroz bildirmas edi”.
Abu Tohirxojaning “Samariya” kitobiga Sadriddin Ayniy tomonidan “ko‘ktosh” haqida yozilgan izohda shunday deyiladi: “Ushbu “ko‘ktosh” hozirda Tuproqqo‘rg‘on (bugungi ark) ichida saqlanmoqda. U (uzuncha) shaklida bo‘lib, uzunasi taxminan yarim arshin, eni 2 arshin va yerdan yuksakligi bir arshin keladi”. Ushbu tosh Samarqandga qayerdan olib keltirilganligi haqida ham turli taxminlar bor.
Yakkabog‘ tumanidagi Xo‘jailg‘or qabristonida saqlanayotgan “Polvontosh” ham Sohibqiron nomi bilan bog‘liq osori-atiqalardan biridir. Uzunligi 60-70 santimetr keladigan, maxsus shakl berib taroshlangan ko‘kish tusli bu tosh yuzlab yillar davomida qo‘lga olinib, siypalanaverganidan silliq bo‘lib ketgan. Xo‘jailg‘orlik Bahrom aka Rahmatovning aytishiga qaraganda, “Polvontosh”ning og‘irligi 6 pud, ya’ni 96 kilogramm ekan. Bu toshni Amir Temur bobomiz o‘smirligida bemalol ko‘tarib, Xo‘jailg‘or tepaligiga olib chiqib, olib tushar ekanlar. Hozir ham qishloq yoshlari, ziyoratchilar, ayniqsa sayllar, bayram kunlari kelishib, “Polvontosh”ni ko‘tarib musobaqalashadilar. Qizig‘i shundaki, bunga har kimning ham qurbi yetavermaydi. Unda qandaydir sirli xususiyat bor, deyishadi. Mahalliy aholi o‘rtasida saqlangan aqidaga ko‘ra, “Polvontosh” Amir Temurga tegishlidir. “Polvontosh”ga Sohibqiron bobomizning qo‘llari tekkan!”, deb faxrlanishadi xo‘jailg‘orliklar. Demak, bu toshda ham qanchadan-qancha tarixiy ma’lumotlar mavjud.
Xuddi shunday sirli “Polvontosh” tumandagi Tutak qishlog‘ida ham bor. Tutak qishlog‘i Amir Temur nomi bilan bog‘liq tarixiy manzil, unda Sohibqironning pirlaridan biri — Tutak ota (Boboyi Valiy) yashaganlar. Bu joydagi “Polvontosh” haqida esa qishloq keksalaridan Saloy bobo Siddiqov shunday deydi: “O‘zi uncha katta emas bu tosh. Bir qarashda toshni ko‘tarish juda osondek ko‘rinadi. Lekin bepisandlik bilan buni ko‘taraman, deganlarning nechalari belangi bo‘lgan, ammo yerdan uzolmagan. Ixlos bilan, poklanib keluvchi odam bo‘lsa, buni bemalol ko‘taradi. Hatto yosh bolalar ham ko‘tarishi mumkin”.
Ha, qadim va muqaddas yurtimiz tuprog‘i ilohiy sirlarga to‘liq. Bunda tavallud topgan buyuk insonlarning hayoti esa bu sirlarga uyg‘unlashib, bog‘lanib ketgan. Sohibqiron Amir Temur ham ana shunday ulug‘, serxosiyat bobolarimizdan biridir.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 15-son