Sohibqiron Amir Temurning jahonshumul obro‘-e’tibor va shon-shuhrat qozonishida bosh omil hisoblangan jihat, ya’ni sarkardalik dahosi, harbiy iste’dodi va mahorati, jahon harb san’atiga qo‘shgan ulkan ulushi borasida ko‘pdan-ko‘p fikr-mulohazalar, ilmiy hamda badiiy asarlar mavjudligiga qaramasdan, bu boradagi izlanishlarni uzluksiz davom ettirish Sohibqironning harbiy ish sohasidagi yangidan-yangi xususiyatlarini kashf etishga xizmat qiladi, degan fikrdaman.
Hazrat Amir Temurning butun jahon ahlini hayratga solgan harbiy zafarlariga, albatta, faqat uning Olloh tomonidan in’om etilgan lashkarboshilik salohiyati mahsuli debgina qaramasdan, balki uning favqulodda zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan ta’minlangan, o‘sha davrning ilg‘or jang olib borish amaliyotlarini mukammal egallagan o‘ta intizomli armiyani tuzishi natijasi tarzida baholamoq ham maqsadga muvofiqdir.
Asosiy karvon yo‘llari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, saltanat qudratini yuqori pog‘onaga olib chiqish, xalq turmush tarzini ko‘tarish kabi oliy maqsadlar yo‘lida Amir Temur XIV — XV asrlarda ham strategik, ham taktik jihatdan tengi yo‘q tezkor harbiy kuchlari bilan sonsiz jangu jadallarda ishtirok etdi, olamshumul g‘alabalarga erishdi. Amir Temur o‘zining 45 yil davomida olib borgan to‘xtovsiz harbiy harakatlarida qo‘shinning turli bo‘linma va qismlarini boshqaruvchi iste’dodli qo‘mondonlarni tanlashga, ularni tarbiyalab, voyaga yetkazishga alohida kuch sarfladi.
Harbiy ishning murakkab sir-asroridan to‘la voqif bo‘lgan, g‘anim kuchlari saflarini sindirish usullarini puxta egallagan, murakkab vaziyatlarda ham esankiramay dadil harakat qiladigan, har qanday to‘siq hamda g‘ovlarni ustalik bilan bosib o‘tadigan, maqsadlarning ro‘yobga chiqishi yo‘lida o‘z jonini ham baxshida etadigan fidokor va sodiq shaxslarni Sohibqiron, birinchi navbatda, qo‘shinda mavjud bo‘lgan turli lashkarboshilik vazifalariga loyiq topar, askarlar taqdirini ularga topshirar edi.
Tarixiy manbalarning shahodat berishlaricha, Amir Temur barpo etgan qudratli armiyaning turli-tuman qism va bo‘linmalariga uch yuz o‘n uch bek sardorlik qilgan. Ularning dastlabki yuztasi o‘nbegilik, ikkinchi yuztasi yuzbegilik, uchinchi yuztasi mingbegilik mansablariga egalik qilgan. Tuman, ya’ni o‘n ming jangchidan iborat diviziyalarga Sohibqironning o‘g‘illari, nabiralari, safdoshlari va ularning farzandlari boshchilik qilgan. Amir Temur armiyasida xizmatda bo‘lgan sarkardalarni shartli uch guruhga bo‘lish mumkin.
Birinchi guruhga Sohibqironning markazlashgan saltanat barpo etish iddaosi bilan siyosat sahnasiga chiqqan vaqtdan umrining so‘nggi onlarigacha unga sadoqat va vafo bilan hamfikr, hamnafas bo‘lgan amir Sulaymon barlos, amir Jaku barlos, amir Hoji Sayfuddin nukuz, amir Abbos bahodir qipchoq, amir Dovud dug‘lat, amir Muayyad arlot, amir Oqbo‘g‘a bahodir nayman, amir Shayx Ali bahodir, amir Elchibo‘g‘a bahodir, amir Eygu Temur bahodir singari urug‘ va qavm sardorlarini kiritish joiz.
Ikkinchi guruhdan Sohibqironning do‘stlari, tengqurlari, sodiq safdoshlari, farzandlari o‘rin oladi. Bular ichida 1383-1384 yili vafot etgan amir Jaku barlosning o‘g‘li amir Jahonshoh, 1391 yili To‘xtamishxon bilan bo‘lgan tengsiz jangda halok bo‘lgan Eygu Temurning qondoshi amir Shohmalik, amir Saribo‘g‘a jaloyirning farzandi amir Shayx Nuruddin, amir Abbos bahodirning o‘g‘illari — amir Usmon, amir Umar, amir Shamsuddin, amir Hoji Sayfuddinning ukasi amir Allohdod, amir Tog‘aybo‘g‘aning o‘g‘li amir Rustam singari ko‘pdan-ko‘p sarkardalar alohida joy egallaydi.
Uchinchi guruhni Sohibqironning xos farzandlari, nabiralari, yaqin tug‘ishganlari tashkil etadi. Bular jumlasidan Jahongir mirzo, Umarshayx mirzo, Amiranshoh mirzo, Shohrux mirzo va ularning pushti kamaridan bo‘lgan farzandlari Muhammad Sulton mirzo va Pir Muhammad mirzo ibn Jahongir mirzo, Pir Muhammad mirzo, Rustam mirzo va Iskandar mirzo ibn Umarshayx mirzo, Abubakr mirzo, Umar mirzo va Xalil Sulton mirzo ibn Amiranshoh mirzo kiradi. Shohrux mirzoning o‘g‘illari hali o‘ta kichik yoshda bo‘lganlari bois ular Amir Temurning hayotlik paytida uning askariy qismlariga, tabiiy, sarkardalik qilolmas edilar.
Mazkur guruhga Sohibqiron qizi Og‘abegining o‘g‘li Sulton Husayn mirzo hamda opasi Qutlug‘ Turkan og‘aning amir Dovud dug‘latdan tug‘ilgan farzandi amir Sulaymonshoh bahodir mirzo ham haqli ravishda taalluqlidir.
Amir Temur qo‘mondonlar tarkibining harbiy ishda talab darajasida mahorat va malakaga ega bo‘lgan iste’dod sohiblaridan shakllanishiga katta e’tibor qaratgan. Harbiy qobiliyati bor muayyan bir shaxs, ijtimoiy holatidan qat’i nazar, lashkarboshilik rutbasini qo‘lga kiritgan.
Sohibqironning xos navkarlaridan bo‘lmish Mubashshirning Amir Temurning shaxsiy rahnamoligida amirlik darajasiga o‘sib borishi zikr etilgan mulohazani tasdiqlashda yaqqol misoldir. Sohibqiron shaxsan o‘zi oliy bosh qo‘mondonlik qilgan barcha yirik muhorabalarda bevosita qatnashgan amir Mubashshir, masalan, Turkiya sultoni Boyazid Yildirim bilan 1402 yili Anqara bo‘sag‘asidagi jangda Amiranshoh mirzo, Muhammad Sulton mirzo, Pir Muhammad mirzo, ulug‘ amirlar — Shayx Nuruddin, Ali Sulton, Ali Qavchin hamda Taxurtan qatori qo‘shinning burangaridan joy olgan.
Bo‘lajak sarkardalar juda yoshlikdan harbiy san’atning nozik jihatlari bilan yaqindan tanishgan, tajribali murabbiylar, ya’ni otabeklardan askariy ish borasida saboq olgan, harbiy harakatlarda faol ishtirok etganlar.
Manbalarga murojaat qilamiz. Jahongir mirzo va Umarshayx mirzo o‘spirinlik chog‘idan siyosiy hamda harbiy hayotda faollik ko‘rsatganlar. Amiranshoh o‘n to‘rt yoshida Xuroson mulki hukmdori etib tayinlangan va shu o‘lkaning qo‘shinlarini boshqargan. 1377 yili tavallud topgan Shohrux mirzo 1390 — 1391 yillari amalga oshirilgan yurishlarda qatnashgan.
1398 yilning 17 dekabrida Dehli hukmdori Sulton Mahmudxon bilan to‘qnashuv vaqtida Amir Temurning e’tiborli beklaridan Xudoydod qo‘lida ta’lim olgan, endigina o‘n besh bahorni qarshilagan Xalil Sulton mirzo hammadan burun dushmanga hamla qiladi va bir jangovar filni o‘lja olib, Sohibqiron huzuriga keladi. Natijada bobosi tomonidan turli-tuman maqtovu navozishlar bilan taqdirlanadi.
Amir Temurning harbiy safarlari sinchiklab tahlil etilsa, ularda navqiron sarkardalarning o‘zlariga ishonib topshirilgan qism, bo‘linmalarga tajribali, adadsiz jangu jadallarning ishtirokchisi bo‘lgan e’tiborli beklarning o‘ziga xos nazorati ostida qo‘mondonlik qilganligini payqash mumkin. Masalan, Sohibqironning Sherozda turganligidan foydalangan To‘xtamishxon 1388 yili Samarqand hududiga bostirib kiradi. Bobosi yo‘qligida Movarounnahr chegaralarini asrash mas’uliyati zimmasiga topshirilgan yigirma yoshli Umarshayx mirzo zudlik bilan cherikka bosh bo‘lib yovga qarshi safarga otlangan. Unga Amir Temurning yaqin safdoshi, hisobsiz savashlarda suyagi qotgan amir Abbos bahodir va boshqa nufuzli beklar hamkorlik qiladi.
1383 yili seistonliklar bilan bo‘lgan to‘qnashuvda o‘n yetti yoshli Amiranshoh mirzo o‘ng qo‘lning manglay (avangard)idan joy egallagan, ulug‘ amirlardan bir guruhi, jumladan, amir Hoji Sayfuddin, amir Oqbo‘g‘a uning xizmatida bo‘lganlar.
Ma’lumki, Sohibqironning sarkardalik salohiyati uning bir necha qatla oz adadli askar bilan ko‘psonli g‘anim lashkariga qarshi jang olib borgan vaziyatlarda ham ro‘y-rost namoyon bo‘lgan. Qur’oni Karimdagi “Qanchadan-qancha kichkina guruhlar Ollohning izni bilan katta guruhlar ustidan g‘alaba qilgan”ligi haqidagi oyatni yaxshi bilan Amir Temur aksar hollarda miqdor jihatidan bir necha bor ziyod bo‘lgan yovga ro‘baru kelib, o‘ziga xos lashkarboshilik zehni ko‘magida zafarlar quchgan. Sohibqironning mana shu jihatini uning lashkarboshilari faoliyatida ham qayta-qayta kuzatish mumkin.
Hindiston yurishi vaqtida, Jaun daryosi bo‘yida Sevinchak bahodir, Sayyidxoja va amir Mubashshirning uch yuz kishilik otliq askarlari bilan Malluxonning to‘rt ming suvoriy, besh ming piyoda, yigirma yetti jangovar filga qarshi mardonavor jangga kirib, hindlarni Dehli tomon chekinishga majbur etganligini yoki Umarshayx mirzoning 1389 yili oltmish navkari bilan sakkiz yuz kishilik g‘anim lashkarlarini tor-mor qilganini shular jumlasidan, deb hisoblasa bo‘ladi.
Sohibqiron lashkarboshilari matonati, jasurligi, dushmandan aslo cho‘chimasligi, o‘ta og‘ir vaziyatlarda ham askarlarni o‘z ketidan ergashtirish, ular qalbida g‘alabaga bo‘lgan ishonchni avj oldirish salohiyatiga ega edi. 1372 yili Xorazmga qilingan dastlabki safarida Kat shahrini ishg‘ol etish chog‘ida amir Shayx Ali bahodirning birinchi bo‘lib qal’a fasliga chiqishi yoxud Muhammad Sulton mirzoning 1393 yili Shushtar qal’asini egallash paytida hammadan avval hisor ustiga chiqib, tug‘ hamda bayroqlarni o‘rnatishi singari hisobsiz harakatlarni misol tariqasida keltirish mumkin.
Sarkardalarning jasorati, qahramonligi, dovyurakligi, harbiy taktik amaliyotlarni mohirona qo‘llashi Amir Temur e’tiboridan chetda qolmas, aksincha, inoyatu marhamatlar ko‘rsatilar, munosib darajayu unvonlar bilan sharaflanar, turfa tortig‘u suyurg‘ollar bilan siylanardi.
1388 yili Ko‘cha Malik Mo‘g‘uliston hukmdorlaridan Inkoto‘ra ortidan quvlab borib, o‘n uch navkari bilan Xo‘jand yaqinidagi Jiyjol mavzeida yovning uch yuz jangchisiga shabixun qilib, Xo‘jand va uning tevarak-atrofidan olingan asirlarni dushman tutqunidan qutqargan, ularga yo‘l ozig‘i berib, yurtlariga jo‘natgani bois Sohibqiron unga suyurg‘ol tayin etadi va tarxonlik mansabini berish haqida farmon chiqaradi. 1391 yili Dashti Qipchoq qo‘shini bilan bo‘lgan dahshatli muhorabada kimda-kim mardlik va qahramonlik ko‘rsatgan bo‘lsa, Amir Temur o‘sha shaxsga tarxonlik nishonini beradi hamda ularni o‘z huzuriga kirishdan hech kim man qilmasin, ularni va farzandlarini to‘qqiz marta gunoh sodir etmaguncha so‘roq qilinmasin, otlaridan ulov uchun olinmasin, barcha favqulodda yig‘inlardan ozod etilsin, deb hukm chiqaradi. Amir Shohmalikning martabasini ulug‘lab, unga parvonachi mansabining xos muhrini topshiradi. Uning yaqinlari va qarindoshlarini ham o‘z inoyat va marhamatiga musharraf etib, sodiq sarkardasiga vazirlik to‘nini kiygizadi.
Amir Temur armiyasida lashkarboshilarning jang chog‘ida bir yoqadan bosh chiqarib hamjihatlik bilan harakat qilishlari, qiyin, xavfli holatlarda zudlikda ko‘makka kelishlari a’lo darajada yo‘lga qo‘yilganini kuzatamiz. 1398 yilning 2 noyabrida Batnayr qal’asi aholasidan soliq molini undirish maqsadida jo‘natilgan amir Shayx Nuruddin va amir Allohdan boshliq jangchilar guruhi gabrlar qurshoviga tushib qoladi. Jangda anchagina kishi yarador bo‘ladi. Amir Shayx Nuruddinni dushman o‘rtaga olib, asirga tushirishiga oz fursat qolganda Feruz Seistoniy va uning navkarlari gabrlar ustiga shiba o‘qi yog‘dirib, amir Shayx Nuruddinni halokatdan qutqarib qoladilar. Sohibqiron Feruz Seistoniyni ushbu jasorati uchun munosib taqdirlaydi.
Amir Temur o‘z sarkardalarini o‘ta qadrlagan va e’zozlagan, hurmatini joyiga qo‘ygan. Ularning hayoti xavf-xatar ostida qolganda bor kuch-quvvatini, qobiliyatini, tajribasini ularni bartaraf etish uchun sarflagan. Misrliklar qo‘lida bandi bo‘lgan amir Otlamishni qutqarish yo‘lida Sohibqiron tomonidan olib borilgan ham diplomatik, ham harbiy sa’y-harakatlar fikrimizni dalillashda yaqqol misol bo‘ladi.
Amir Temurning shaxsiy rahnamoligi ostida voyaga yetgan, o‘rta asrning eng qudratli va intizomli armiyalaridan birini barpo qilishda, jahonshumul nusratlarni qo‘lga kiritishda unga safdosh bo‘lgan sarkardalarning hayot yo‘lini asl manbalar asosida chuqur o‘rganish, temuriy sarkardalar galereyasini yaratish Istiqlol mafkurasi qo‘yayotgan talablarga muayyan darajada javob beradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 14-sonidan olindi.