Aleksandr Pechyonkin. Misr: san’at va madaniyat

JASADNI MO‘MIYoLASh

Eramizgacha taxminan 3400 yildan boshlab mo‘miyolashning yuksak san’ati yordamida marhumning jasadini narigi dunyo safariga va uni abadiy saqlab qo‘yishga tayyorlaganlar. 70 kun jasadlar sodaga to‘yintirilgan eritmada saqlangan, keyin balzamlash davom etgan va juda ko‘plab texnologik bosqichlarni o‘z ichiga olgan. Avvalo balzamchilar jasadni yorganlar va irish jarayonini sekinlashtirish uchun undan ichak-chavoqlarni olib tashlashgan. Miyani ilmoqlar bilan burun orqali chiqarib olishgan. Tozalangan va yaxshilab o‘ralgan ichak-chavoqlar keyinchalik saqlash uchun mo‘miyo kabi o‘sha dahmaning o‘zida to‘rtta idishga solib qo‘yilgan. Badanda faqat yurak qolgan. O‘ralgandan keyin mo‘miyoga soda kukuni sepib chiqilgan. Arzon usulda badan ichkarisiga ichaklar orqali o‘tkir eritma yuborilgan, keyin esa irigan ichak-chavoqlar chayqab chiqarib tashlangan. Soda bilan ishlov berish badanni badburush qilib yuborgan, yuzlar osilib qolgan, mushaklar g‘oyib bo‘lgan. Badanga uning dastlabki holatini qaytarish san’ati uzluksiz rivojlanib borgan. Ozg‘in to‘qimalarni o‘z holiga qaytarish uchun qirindi va yog‘ aralashmasidan foydalanganlar, uning shishidan teri necha ming yillar o‘tishi bilan chatnay boshlagan. Nihoyat xushbo‘y tutatqilar bilan dudlangan badanni moy va mum shimdirilgan bo‘z latta bilan o‘rab chiqqanlar. Mo‘miyolarning timqora tusda bo‘lishi shundan. O‘ram qatlariga marhumni himoya qilish uchun tumorlar qo‘yganlar. Tumorlarda quyidagiga o‘xshash afsungarlik so‘zlari yozilgan bo‘ladi: “Ajal fir’avn halovatini buzgan odamni qanoti bilan mahv etsin”. Shu tariqa fir’avnlarning mo‘miyolari necha ming yillardan beri saqlanib kelayapti. Biroq dahma o‘g‘rilari, shuningdek, ayrim qadimshunoslar ularga zarar yetkazdilar.

 

QADIMGI MISRDA JASADNI MO‘MIYoLASh

Qadimgi Misrda marhumlar jasadini mo‘miyolash hunari keng tarqalgan edi. Uzoq vaqtgacha yuqori darajada mo‘miyolashning ayrim jarayonlarini aniq tiklashning iloji bo‘lmay keldi. Mo‘miyolashning XX asr birinchi o‘ttiz yili oxirlarida o‘tkazilgan chuqur tadqiqot asosida shu narsa aniqlangan ediki, jasad avvalo Misrda uchraydigan quruq tabiiy soda – “natron” yoki “nitron”ga bir necha hafta ko‘mib qo‘yilgan (bunday sodalar tabiiy sodali ko‘llarning qurib qolishidan yuzaga kelardi). Bunda jazirama oftob sharoitida jasad deyarli butunlay qaqragan. So‘ngra (yoki oldin) jasaddan ichak-chavoqlar va miya chiqarib tashlangan, (goho) bosh miya kosasi mum bilan to‘ldirilgan, qorin bo‘shlig‘iga esa xushbo‘y o‘simliklarning shoxlari tiqilgan. Ayrim hollarda ichak-chavoqlar olib tashlanmagan. Shundan keyin jasadni dokaga o‘xshagan mato bilan o‘raganlar, uning uzunligi goho yuz metrdan oshgan, xushbo‘y tutatqilar ishlatilgan. Marhumning yuzi qo‘rg‘oshin, pirolyuzit, mis kukuni, rangli gil va ehtimolki, ayrim o‘simlik bo‘yoqlari bilan pardozlangan. Qadimda oltingugurt surmasi bu maqsadlarda qo‘llanilmagan. Shoh mo‘miyolari yuziga tilla yaproqdan niqob qoplaganlar. Nihoyat jasad tobutga joylashtirilgan. Jasadlarni balzamlashtirish san’ati Qadimgi saltanatdayoq yuzaga kelgan edi.

Afrikadagi eng yirik Qohira shahri turli davrlardagi bir necha shaharni o‘z domiga tortgan, bular — qadimgi Geliopolis va Misr Bobili, o‘rta asr Fostatidir. Bu yirik shahar “ming minora shahri”, “Sharq darvozasi” degan nomlar bilan shuhrat qozongan. U endilikda buyuk G‘azo ehromlariga juda yaqin kelib qolgan. Unda misr tamaddunining barcha olti ming yillik yutuqlari mujassam. Qohiraning o‘zi va Aleksandriyadan keyin aholisining soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadigan G‘azo shahri (960 ming nafar) Qohiraga qo‘shilib ketgan. Mashhur ehromlar va Katta Sfinks aynan shu shaharda joylashgan. Katta Sfinks qiyofasida fir’avnlarning qudrati va hokimiyati, beqaror va muvaqqat narsalarga bemurosaligi, abadiyat g‘oyasi mujassam.

Nil qoq ikkiga bo‘lib oqadigan va qum bilan qurshalgan Qohira Misrning ham eski, ham yangi tarixidir. Qohira — bu baland uylar va villalar, minoralar va qo‘ng‘iroqxonalar, xurmolar va neon chiroqlari, sershovqin bozorlar va sayyohlarbop sovg‘alarga limmo-lim do‘konchalardir. Hayot buloqday jo‘shib-qaynab turadigan ulkan shahar bir vaqtning o‘zida ulug‘vor Nilning tinchoqar suvi kabi shoshmay oqib boradi. Shaharning bepoyon manzarasi jahondagi eng ko‘hna, fotihlar bosqinini asrlar davomida bartaraf etib kelgan Salohiddin qal’asi devorlaridan boshlanadi. Bu yerda ko‘z o‘ngingizda Muhammad Ali hamda Sulton Qalaun masjidlarining jimjimador minoralari namoyon bo‘ladi.

Misr muzeyida sizni dunyodagi eng boy sulola davri misr san’atining kollektsiyasi kutib oladi. Yuzdan ortiq zal va ayvonlarda 150 mingga yaqin ekspozitsiya qo‘yilgan. Barcha to‘plamni tomosha qilib chiqish uchun bir necha kun va hatto hafta kerak bo‘ladi. Shu bois faqat eng muhimlarigagina e’tibor qilamiz. Kiraverishda Amenxotep III va uning xotini Tiyani tasvirlovchi ulkan haykallarni ko‘rasiz. An’anaga qarshi o‘laroq, ayolning gavdasi fir’avnning gavdasi bilan baravar qilib ishlangan. Muzeyning birinchi qavatida amarn davri asarlari qo‘yilgan. Ulargacha va ulardan keyin Misrda nimaiki yaratilgan bo‘lsa, hammasiga qaraganda bular ancha voqelikka yaqin qilib ishlangan. Eng avvalo bu fir’avn Tutanxamon dahmasining ikkinchi qavati to‘ridagi qismga qo‘yilgan osori atiqalardir. Dahma 1922 yilda Luksor shahridan uncha uzoq bo‘lmagan Shohlar Vodiysida topilgan. Topildiq XX asrning qadimshunoslik shov-shuvi bo‘ldi, chunki Tutanxamon dahmasi talon-taroj etilmagan, o‘zining dastlabki ko‘rinishida topilgan shoh dahmalari ichida yakkayu yagonasidir. Undagi qimmatbaho narsalar shu qadar ko‘p ediki, ularni tavsiflab, Misr muzeyiga eltish uchun rosa besh yil ketdi. Dahma xazinasi namoyish qilingan zallarga to‘rt zarhal yog‘och sandiq o‘rnatilgan. Qachonlardir ularda Tutanxamonning hozir ham Shohlar vodiysida turgan tosh tobuti saqlangan.

Muzeyda uchta tobut qo‘yilgan, ulardan birining og‘irligi 110 kilogramm bo‘lib, sof oltindan quyilgan. Yosh Tutanxamonning oltin niqobi endilikda butun dunyoga mashhur. U 18 yoshida vafot etgan bu yosh fir’avnning chehrasini ishonchli tarzda qayta gavdalantiradi. Yana bir bebaho buyum – Tutanxamonning qimmatbaho javohirot bilan bezatilgan oltin taxti. Dastalari ilon shaklida ishlangan, o‘rindiqning har ikki biqinida arslon boshlari o‘rnatilgan. Taxt suyanchig‘ida o‘zining sevimli xotini bilan fir’avnning o‘zi tasvirlangan.

Yaqinda shohona mo‘miyolar zali qayta ochilgan edi. Mo‘miyolar yotgan peshtaxtalarda Shohlar vodiysi dahmalariday iqlim muhiti yaratilgan. Bu yerda Ramses II, Tutmos II va Seti I lar bilan birgalikda 11 fir’avnning mo‘miyosi qo‘yilgan.

Papirus va zargarlik fabrikalariga, shuningdek, anvoyi hidlar ufurib turgan Pardozlik muzeyiga qilgan safaringiz aslo yodingizdan chiqmaydi. Siz Nildan Qal’agacha ulkan akvedukni, Bayt-as-Sennar minorasini va eng qadimiy arab universiteti Al-Azxar binosini ko‘rasiz. Albatta, Xon al-Xaliliy hunarmandlar bozoriga tashrif buyurmay qolmaysiz, u Yaqin Sharqdagi eng katta bozor bo‘lib, XIV asrdan buyon hech ham o‘zgarmagan. U yerda sharqona manzaralar, hayratomuz g‘ala-g‘ovurlar va rangoranglikni ko‘rib, hayratdan og‘zingiz ochilib qoladi.

Qohirada Sharqning olamga mashhur barcha buyumlarini sotib olishingiz mumkin: zirvalar, pardoz-andoz buyumlari, oltin, kumush, gilam, mis va bronza buyumlari, ko‘n, shisha, sopol va hokazo buyumlar to‘lib-toshib yotibdi. Gazmollar, ayniqsa, mashhur misr paxtasidan to‘qilgan gazlamalar Vakaat al-Balax singari eng katta ko‘cha bozorlarida, musiqa asboblari Muhammad Ali ko‘cha bozorida qo‘l-qo‘lga tegmay sotiladi. Garchi sizga tuyaning zarurati bo‘lmasa-da, tuya bozoriga qilgan safaringizni do‘stlaringizga uzoq vaqt so‘zlab berasiz.

Shahar shovqini joningizga tekkandan keyin mashhur ehromlar ko‘rinib turadigan “Mena xaus” mehmonxonasining golf-klubida hordiq chiqarishingiz mumkin. Yoki Xazira klubida ot poygasini tomosha qilishingiz, hayvonot bog‘i yoki botanika bog‘iga tushishingiz mumkin. Tabiat manzarasidan bahra olay desangiz, felyugeda Nil oqimi bo‘ylab suzishingiz yoki G‘azo ehromidan Sakkara ehromigacha otda sayr qilishingiz mumkin. Agar tashvishlarni butunlay unutay desangiz, 187 metrlik Qohira minorasidagi aylanuvchi restoranga borishingiz, u yerdan butun shaharni kaftdagidek tomosha qilishingiz mumkin.

Qorong‘i tushishi bilan katta shahar bundan-da gavjum bo‘lib ketadi. Bu do‘konlarni tomosha qilish yoki sharq taomlari bilan tanishish uchun eng yaxshi vaqtdir. Yo‘l yoqasidagi qahvaxonalarda ham, “suzuvchi” restoranda ham kechlik taomni tanovul etib olishingiz mumkin. Mehmonxonalarda kechqurunlari, odatdagidek, mahalliy raqqos va raqqosalar raqs tushadilar va mijozlar ko‘nglini baravar ovlaydilar. Opera teatri majmui ichida bir qancha tasviriy san’at xonalari, zamonaviy san’at muzeyi, restoranlar va kontsert zallari bor. Oydindagi arabcha musiqa, hech shubhasiz, uzoq vaqtgacha xotirangizda qoladi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, eng zavqli kechki tadbir – ehromlar tagidagi rangorang nurli musiqalar tomoshasini unutmasangiz bo‘lgani – u yerda yakshanba kunlari tomoshalar rus tilida olib boriladi.

XEOPSNING SIRLI AHDI

Qadimgi zamonning eng ulug‘vor va sirli inshootlari misr ehromlari hisoblanadi. Necha ming yillar kelib ketsa hamki ular o‘z sirlarini hamon ochmay kelmoqdalar. Qadimda bo‘lgani kabi hozirda ham ehromlar tomosha qilgan odamning aqlini hayratdan lol qilib qo‘yadi.

Qohira markazidan atigi 12 km narida G‘azodagi mashhur ehromlar purviqor bir xomushlik ila savlat to‘kib turishibdi. Ularni shahar chekkasidan aylanib o‘tganda ham ko‘rish mumkin. Biroq Misrga kelgan har bir odam abadiyatni qo‘li bilan ushlab ko‘rmoq uchun ularga yaqin bormay qo‘ymaydi.

Maktabdalik chog‘imizdanoq mashhur misr ehromlari fir’avnlarning qabrlari ekanligini, ularni egalari tirikligida bunyod etishganini, jismlarini talonchilardan va jonlarini o‘limdan saqlab qolish uchun qurganliklarini bilamiz.

Fir’avnlar, agar tana butun va bezarar saqlangudek bo‘lsa, abadiy yashab qolishlariga ishonganlar. Narigi dunyoda ham shohona umrguzaronlik qilishlari uchun dahmalarning ichi turli buyumlar va tilla taqinchoqlar bilan to‘ldirilgan. Darsliklarda ana shunday deyiladi. Ammo aslida shundaymikan?

Jahonga ehromlar haqida hikoya qilgan birinchi odam “tarixlar otasi” Gerodot edi. U Misrda ehromlarning taxminiy qurilishidan 2 000 yil keyin, miloddan avvalgi V asrda bo‘lgan edi. Unga zamonaviy gidlardan ko‘p farq qilmaydigan gid hamrohlik qiladi va shuning uchun “ko‘zi bilan ko‘rgan odamdek aldagan”. O‘z gidining so‘zlaridan Gerodot barcha oldin o‘tgan zolimlarni ortda qoldirishga jazm qilgan fir’avn Xeops tarixini jahonga hikoya qilib beradi.

Gerodot tarixchi olim bo‘lgani boisidan, o‘z hikoyasiga quyidagi ajoyib tafsilotni kiritadi. Shaxsiy maqbara qurilishi xalqni xonavayron qilib, xazinani quritadi. Pul tamom bo‘lsa-da, maqbarani qurib tugallash fikridan qaytishmaydi. Shunda ota fir’avn qizlarini fohishaxonaga topshiradi-da, bir galgi ishrat uchun ehromga bitta tosh bo‘lagi tayyorlab kelishni baho qilib qo‘yadi. Ehromdagi tosh bo‘laklari miqdorini (26 mln. dona) va ehromning ota Xeops o‘limigacha qurib bitkazilishini hisobga olib, qiz sho‘rliklar kechayu kunduz erkaklarga tanlarini sotishga majbur bo‘lganlar. Biroq bu yerda gap sal boshqacharoq ko‘rinadi. Birinchidan, G‘azodagi uch ehromdan birontasida ham dafn marosimi o‘tkazilganidan biron-bir nishona ham yo‘q, na bir mo‘miyolangan jasad topilgan, na xazina. Ikkinchidan, ehromlarda Yuqori va Quyi Misr buyuk shohlarining so‘nggi maskani uchun qiziq bo‘lib tuyuladigan na bir yozuv topilgan. Uchinchidan, ko‘zga ko‘ringan misrshunoslar milodgacha uchinchi ming yillikda misrliklar bunday miqyosdagi va yuksak aniqlikdagi inshoot barpo etish uchun bilim va vositalarga ega emas edilar. Umuman, bizgacha yetib kelgan bironta misr papirusi, G‘azodagi uch ehrom – Xeops, Xefren va Mikerinni kim qurgani va nimalardan foydalangani haqida bir og‘iz ham so‘z aytilmaydi.

90-yillarning boshida belgiyalik Qadimgi Misr sirlari ishqibozi Robert Bkovel g‘alati kashfiyotlar qildi. Bir kuni Orion burjini kuzatib o‘tirarkan, u birdan Orion mintaqasidagi uch yulduz hamda G‘azodagi uch ehromning joylashuvidagi g‘aroyib o‘xshashlikni payqab qoldi. Biroq yaxshilab tekshirib ko‘rsa, bu o‘xshashlik unchalik to‘g‘ri emas ekan. Byuvel taxminicha, bu o‘xshashlik ehromlar qurilishining taxminiy davriga, ya’ni miloddan ilgarigi 2600-2500 yillarga to‘g‘ri kelar ekan.

Zamonaviy kompyuter dasturlari sharofati bilan yulduzlarning o‘sha davrdagi holatini qayta tiklashga muvaffaq bo‘lindi. Yulduzlar G‘azodagi uch ehrom holatiga deyarli appa-aniq tushdi-qo‘ydi. Shunday bo‘lsa-da, ehromlar va Orion yulduzlari holatining mutlaq aniq o‘xshashligi milodgacha 10500 yilga to‘g‘ri keldi. Darvoqe, Somon yo‘lining o‘sha qadimgi osmondagi yo‘li Nil daryosining o‘zini shaklida bo‘lgan ekan.

Qadimgi misrliklar bu vaqtni o‘z mamlakatlarining odamlar ustidan ma’budlar hukmronlik qilgan Oltin asr –“Dastlabki zamon”ga mansub deganlar. Keyinroq tirishqoq tadqiqotchilar taxmin qilishlaricha, milodgacha 10500 yilda G‘azodagi ehromlar qurilishi endi-endi boshlangan bo‘lib, ayni IV sulola fir’avnlari hukmronligi vaqtida, maktabda o‘qitilganidek, milodgacha taxminan 2500 yilda qurib bitkazilgan. 8000 yil ichida nimalar bo‘lgan? Qurilishning bunday cho‘zilib ketishi sababi nimada? Vaqtning bunday tubsiz chohidan bilimni kim olib o‘tishi mumkin bo‘lgan? Bunday og‘ir vazifani uddalayman degan mardlar bo‘lgan emas. Misr yilnomachilarining hikoya qilishlaricha, bizga ma’lum bo‘lgan fir’avnlargacha ancha uzoq yillar Gorning izdoshlari, Mulavvan, Mutabdil kabi turli nomlar ostida mashhur donishmandlar hukmronlik qilganlar. Yilnomalarda aytilishicha, bu hukmdorlar ilohiy bilimga ega bo‘lganlar va o‘zlari ham ilohlarga o‘xshab ketganlar. “Afsungarlik ilmu amallari” yordamida ular mangulikka erishganlar va samoga parvoz qilib, yulduzlarga aylanganlar.

Shunday faraziya mavjudki, bir-birining o‘rniga kelgan avlodlar ming yillar davomida o‘zlarigagina tegishli bo‘lgan bir alomatga umid bog‘lab, osmonga tikilganlar. Alomat nozil bo‘lgach, misrliklar 8000 yil muqaddamgi rejani ro‘yobga chiqarish uchun yeng shimarib ishga kirishib ketganlar. Misr tamadduni atigi bir necha o‘n yillik muddatda shu tariqa bunyodga kelgan. U yo‘q joydan go‘yo lop etib paydo bo‘lsa-da, alomatlarining barchasi yuksak madaniy namunalar hisoblanadi.

Qadimgi misrliklar dinining negizi astronomiya va astrologiya (falakiyot va ilmi nujum) bo‘lgan: yulduzlar va ularning harakatiga sig‘inganlar. Shu narsa isbot etilganki, Misrda ko‘p ming yillar davomida yulduzlarni kuzatib kelishgan va ta’bir joiz bo‘lsa, aytish mumkinki, misrliklar superastrologlar bo‘lishgan. Ular yerdagi olamni samoviy olamning soyasi, samoga o‘xshashlik qancha ko‘p bo‘lsa, Yerdagi hayot shuncha yaxshi bo‘ladi, deb bilganlar.

Ehromlardagi so‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, ular initsiatsiya o‘tkazganlar, ya’ni sirli olam ishqibozlarini diqqat bilan umumlashtirib chiqqanlar. Ularga shunday bir sir o‘rgatilganki, buning yordamida odam misr ma’budlariga o‘xshab qolgan. Katta ehrom xuddi shunday ma’bud yasaydigan joy bo‘lgan. Ayrim nazariyalarga ko‘ra, Meksikadagi Teotiukanda ham xuddi shunday ish bilan shug‘ullanishgan. Ehromlar siri o‘rta asr tadqiqotchilariga ham tinchlik bermagan.

820 yilda Bag‘dod xalifasi Al-Ma’mun qo‘shini Misrni bosib olgach, ehrom sirlari qa’riga kirib borish uchun birinchi marta muvaffaqiyatli urinish qildi. Al-Ma’mun olim bo‘lib, qadimgi kitoblardan bilar ediki, Xeops ehromi – bu qaysidir qudratli va qadimiy tamaddun xazinasi. Kitoblar, xaritalar va yulduz haqidagi kitoblar bilan bir qatorda u yerda yana “egiladigan, ammo sinmaydigan shisha” va “zanglamaydigan va o‘tmaslanmaydigan sirli qurol” saqlanishi aytilgan. Odamlarini uzoq muddatli og‘ir ishlarga ruhlantirish uchun u qadimgi shoh tomonidan ehrom ichiga yashirib qo‘yilgan bitmas-tuganmas boyliklar haqidagi mish-mishlarni tarqatgan.

Joyini tanlab, arablar ehromning shimoliy biqinini kavlashga tushganlar. O‘sha vaqtlarda uning sirti quyosh nurida turli xilda tovlanuvchi o‘ta qattiq tosh taxtalar bilan qoplab chiqilgan bo‘lgan. Tosh taxtalar qattiqligi shunchalikki, devorteshar asboblar va po‘lat uskunalar zarbasiga bemalol dosh bergan. Shunda arablar toshni qizdirish va ularga sirka va suv sepib ko‘chirish uchun ulkan gulxanlar yoqishgan. G‘ayriinsoniy urinishlar natijasida Al-Ma’mun jangchilari toshda 30 metrli lahm kavlashgan va nihoyat Shoh va Malika lahadiga yetib borganlar. Biroq Malika lahadi bo‘m-bo‘sh bo‘lgan, shoh lahadida esa bor-yo‘g‘i qopqoqsiz to‘rtburchak granit sandiq turgan. Xonalarni sinchiklab birin-ketin o‘rganib chiqish ham hech narsa bermagan. Shunda ayyor Abdulla qo‘zg‘olondan qo‘rqib, ehrom yo‘llaridan birining ichiga Bag‘doddan yashirincha keltirilgan oltinni tashlab qo‘ygan. Aldangan lahmchilar topgan yombi shu bo‘lgan.

Misrga Napoleon qo‘shini bilan qariyb 1000 yil keyin kelgan olimlar tobe mamlakat va uning tarixini xatga tushirayotib, ehromlarga ham qiziqib qolganlar. Ular haddan tashqari aniq o‘lchovlar o‘tkazib va hayratomuz ishlar qilishgan. Ehrom va uning ichki xonalari o‘lchamlariga Yer va Koinotning vaqt, masofa, vazn va hajmga taalluqli deyarli barcha jahoniy konstanta (o‘zgarmas son)larni qo‘yib chiqqanlar. Katta ehrom dunyoni yaralishi haqidagi ma’lumotnoma ekan. Bo‘lajak shahanshoh Napoleonning o‘zi ehrom yuragida bir tunni o‘tkazish niyati borligini bildiradi – Shoh xonasida yolg‘iz o‘zi bo‘lishni istagan (mish-mishlarga qaraganda bir vaqtlar Aleksandr Makedonskiy ham shunday qilgan ekan). Uning ad’yutantining hikoya qilishicha, ertalab Napoleon ehrom ichidan rangi buzday oqarib, biroz hayajonlangan holda chiqib kelgan. Tunni qanday o‘tkazdingiz, degan savolga Bonapart aytganim bilan ishonmaysizlar va tushunmaysizlar ham, deb javob bergan. Avliyo Yelena orolida tutqun bo‘lib turganida, “o‘shanda ehrom ichida nima bo‘lgan edi o‘zi?” deb so‘rashganida, “Endi foydasi yo‘q, bo‘lar ish bo‘ldi,” — deb javob bergan.

Bugungi kunda Katta ehrom “echintirilgan” va boz ustiga o‘z cho‘qqisidan ham mahrum bo‘lgan. Koshinlar Qohira masjidlari bezagiga ishlatilib kelgan va uni qaytadan koshinlashni hech kim o‘ylayotgani ham yo‘q. Yangi oltin cho‘qqini esa uchinchi ming yillikda ko‘rish nasib etsa kerak.

 

“NIL MUHABBATGA TO‘LIB-TOShADI…”

Fir’avn va kohinlarni mana shunday katta qurilishlarga ilhomlantirgan odam alohida nufuz va zakovatga ega bo‘lishi va uning ehromlar yaratish g‘oyasi fir’avnlarning ham manfaatlariga mos kelgan bo‘lishi kerak. Ana shunday shaxslardan biri me’mor Imxotep edi. Rivoyatlarda aytilishicha, Qadimgi saltanat zamonlarida (milodgacha 2800-2600yillar)Joser hukmronligi davrida Misrda yetti yillik qurg‘oqchilik hukm suradi. Fir’avn yordam so‘rab kohinlarga murojaat qiladi, ular esa o‘z navbatida Germapoldagi Tota ehromidagi qadimgi bitiklarga murojaat qiladilar, ularda shunday gaplar yozilgandi: “Nil ayolni homilador qiluvchi yigitdek muhabbatga to‘lib-toshgan. U yosharmoqda, yuragi jo‘shib urmoqda”. Qurg‘oqchilikni yengish uchun Imxotep yerni yangi hosilga “homilador” qildirish niyatida Nilni uyg‘otishga ahd qiladi. Buning uchun bahorgi tengkunlikdan yozning chillasigacha kohin yosh yigit va qizlarni Nil o‘zani bo‘ylab sayr qilishni va daryo bo‘ylarida ishqu muhabbatga berilishlarini amr etadi. Shunda jo‘shqin muhabbatdan junbishga kelgan Nil qirg‘oqlardan toshib chiqadi. Shu tariqa mamlakat ochlik balosidan omon qoladi. Bu mo‘jizadan keyin fir’avn Joser Imxotepga ishonadi-da, uni cheksiz imtiyozlar bilan sarafroz etadi.

 

IMXOTEP

Yillar davomida Imxotepni hunarmandlar homiysi ma’bud Ptax va ma’buda Sekxmetning farzandi sifatida ardoqlab keldilar va Ptolemeylar davrigacha unga sig‘indilar. Ilohiylashtirilgan Imxotep sharafiga Karnak va Sakkarda ehromlar bunyod etildi. Sakkardagi ehrom Asklepeyon, kasalxona deb atalar edi, bu yerda Imxotep bemorlarni davolardi. Aynan Imxotep sharafiga keyinchalik yunonlarda tabiblik ma’budi Asklepiy, rim mifologiyasida esa ma’bud Eskulap paydo bo‘ldi. Yuz yildan ortiq umr ko‘rib, Imxotep yorug‘ olamni tark etadi. Uning shogirdlari o‘z ustozlarini tangri tiriklay osmonga olib chiqib ketganiga ishonar edilar, zero u mo‘jizaviy tarzda g‘oyib bo‘lgan va uning jasadi qayerda ekanini hech kim bilmas edi. Bu rivoyat hali-hamon yashab kelmoqda. Muso o‘zining “Tora” kitobida ruhoniy Yenox haqida shunday deydi: “Enox Xudo huzuriga bordi… Yenoxning yoshi uch yuz oltmish beshda edi. Yenox Xudo huzuriga bordi; u g‘oyib bo‘ldi, chunki Xudo uni o‘ziga chorlab oldi”(Borliq, 5, 22-24). Yenox hayotining bir yili misr taqvimi bo‘yicha 365 kunga teng. Bu bilan Muso kelajak avlodlarga misr taqvimini Yenox yaratgan demoqchi bo‘layapti. Yenox – Imxotep yoki Trismegist bo‘lib, bashariyat tarixida u Tot Germes Trismegist nomi bilan qolgan.

 

TOSh INJIL

Ehromlar qurilishining boshlanishini aniqlashdagi tadqiqotchilar tusmoli yetti ming yilni tashkil etadi. Ko‘plab mutaxassislar Misr tarixining bu boshlang‘ich sanasini eramizgacha 2500 yil deb, boshqa tadqiqotchilar esa milod gacha 11-12 ming yillik deb hisoblaydilar (Atlantida zamonlari). Ehromlarning yulduzli samo bilan o‘zaro bog‘liqligiga asoslanib, A.Pechyonkin bu sanani milod gacha 2800 yil deb chegalaydi. O‘zida yashiringan haddan tashqari ko‘p ma’lumotlar uchun G‘azo ehromlarini “Tosh Injil” deb atashadi. Majmua qurilishini yagona loyiha bo‘yicha bosh me’mor, kohin, tabib Imxotepning o‘zi olib borgan. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu shaxs ilohiylashtirilib, donolik ma’budi, fan va iyeroglif yaratuvchisi deb atalgan. Ehromlarning barpo etilishiga birinchi sabab — marhum fir’avnlarning jonini yulduzlarga, asli kelgan joylariga qaytarish bo‘lgan. Afsonalarga ko‘ra, ma’buda Isida eri ma’bud Osirisning jallodini topish va uni tiriltirish maqsadida butun Misr bo‘ylab yetmish kun qidirgan ekan. Shu bois o‘lgan fir’avnning jasadi shuncha vaqt dafn etilmasligi shart bo‘lgan, toki u kohinlarning gaplarini eshitib olsin: u dunyoda qilko‘prikdan qanday o‘tiladiyu jannatga qanday tushiladi – shuni bilib olishi kerak bo‘lgan. Jasad irimasligi uchun unga xushbo‘y yog‘lar surilgan (mo‘miyolashtirilgan), yog‘ shimdirilgan jasad esa Ra quyoshi mehrobida oson va tez yongan. Fir’avnlarning III-IV dan tortib XII sulolasigacha bo‘lgan dafinalarning topilmagani sababi shunda.

Asrlar o‘taverdi, sirli bilimlar yo‘qolib ketdi. Xususan, Misrning ko‘chmanchi giksos qabilalari tomonidan bosib olinishidan keyin yuz yil davomida (milodgacha 1640-1550 yillar, ba’zi manbalarda milodgacha XIX-XVIII asarlar) bu salbiy jarayon kuchliroq kuzatilgan. Chunki istilodan keyin kohinlarning bir qismi G‘arbga (okean ortiga) ketib qolgan, barcha inshootlarning devorlaridagi ramz – iyerogliflarni o‘qish keyinchalik mushkul bo‘lib qolgan. Shu bois sirli bilimlarni avloddan-avlodga yetkazishda uzilish sodir bo‘lib, fir’avnlarning mo‘miyolangan jasadlarini qabrlarga dafn eta boshlaganlar (Shohlar vodiysi).

Ehromlarda ado etiladigan diniy rasm-rusum va marosimlar qattiq sir tutil­gan, chunki bu ilmu amallarda jinsiy aloqa quvvatlaridan ham foydala­nil­gan.

Kohin va fir’avnlar, so‘ngra kohinlarning o‘zlari o‘rtasidagi nizolar kuchaya borgandan so‘ng ehromlarning haqiqiy vazifasi haqidagi ma’lumotlar uzil-kesil yo‘qotib yuborilgan va ma’ruzalar oddiy ehromlarda o‘qila boshlangan. Shunday qilib, ma’rifiy bilim beradigan maskan sifatida ehrom ming yil davomida yo‘qlik qa’riga mahv bo‘ldi, u haqdagi ma’lumotlar esa faqat og‘izdan-og‘izga o‘tib kelmoqda, xolos.

01.01.2000.

Manba: “Voyaj”.

Misr ehromlari siri. Ehromlar nima uchun qurilgan? Misr ehromlari qurilgan zamonlardan buyon odamlar tinmay savol beradilar: qanday maqsadda va kim tomonidan qurilgan? Nahotki fir’avnlar va ularning nomini abadiylashtirish uchun qabrlar tiklash zarur bo‘lgan? Biroq misrshunoslarning gapiga qaraganda Qohira yaqinidagi G‘azo vohasida joylashgan eng katta ehromlar ichida bo‘m-bo‘sh tobutlar bo‘lgan va fir’avnlarning mo‘miyolangan jasadlari uchramagan. So‘nggi vaqtlarda ehromlarning don saqlash, chet el kemalari uchun mo‘ljal olish va ular uchun quvvat ishlab chiqarish kabi vazifalarga mo‘ljallab qurilgan degan turli faraziyalar izhor etilgan.

Biz misr ehromlari tadqiqotchisi Aleksandr Pechyonkin nuqtai nazari bilan tanishishni tavsiya etamiz. Uning tadqiqoti tarixiy, qadimshunoslik va falakiyot borasidagi dalillarga suyanadi, ular olimning mushohadalarini aniq asoslash va isbot etish imkonini beradi. A.Pechyonkin ehromlar haqida beshta kitob yozgan. Muallif bashariyat necha ming yillardan buyon yechishga urinayotgan turli sirlarni ochib beradi. Bu asarlarda ko‘plab savollarga javob topish mumkin, zero, u bu savollarga yaxlit javob berishga, buning uchun tamaddunimiz to‘plagan bilimlardan foydalanishga harakat qiladi. Muallif insoniyat to‘plagan katta miqdordagi tadqiqiy ashyoni tahlil qiladi va qator muhim masalalar bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini olg‘a suradi. Ko‘p miqdordagi daliliy ma’lumotlar, shaxsiy tadqiqotlar va muallif isbotlari bir-biriga zid kelmaydigina emas, balki bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanib, bir-birini to‘ldirib keladi.

Shunday qilib, muallif shu kungacha G‘azodagi ehromlar haqida to‘plangan ma’lumotlarni umumlashtiradi va o‘z tasavvurlarini bayon etadi. U ehromlarning bunyod etilishini isbotlar ekan, ularning yulduzli osmon bilan o‘zaro bog‘liqligini aytadi va tarixiy va samoviy ma’nodagi kashfiyotlari bilan tanishtiradi. Kitob sahifalarida muallif Byuvel, Xenkok, Jak, Branton singari taniqli misrshunoslar va tadqiqotchilar bilan bahs yuritadi. Nepomnyashiy, Elford, Sitchik, Uvarov, Farlong, Babanin, Chernyayevlarning ehromlar haqidagi kitobxonlarimizga tanish bo‘lib ketgan kitoblari borasidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi, gazeta va jurnal xabarlarini sanab o‘tadi va ehromlar qurilishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatib beradi.

Muallif fikricha, ehromlar majmui Yerdagi hayotga ijobiy ta’sir qiluvchi samoviy quvvatning pastga inishiga yordam bergan va Misrning serhosil yerlariga sahro qumlari bostirib kelishining oldini olgan.

A.Pechyonkin shunday xulosaga keladiki, G‘azoning mashhur ehromlari, Sfinks va ular bilan birga joylashgan ehromlar yagona majmuani — qurbonliqlar shaharchasini tashkil etgan, unda shogirdlarga saboqlar berilgan.

Kitoblarda bu majmua “Tosh injil”ning o‘zi deyilgan, undan insoniyatning butun hikmatini, butun o‘tmishini va kelajagini o‘qish mumkin, bular ehromlarning rejasidagi raqam va ramzlarda chekib qo‘yilgan, shuningdek, Samoviy Yil (26 ming yil) davomida tamaddunlar almashinishi belgilab qo‘yilgan. Bu qurbonliqlar shaharchasi fan markazi bo‘lgan. Majmuada uning me’mori Imxotep tomonidan Olamning yaratilishi haqidagi ma’lumot yozilgan, quyosh tizimi, bashariyat tarixi va payg‘ambarlarning kelishi – barcha ma’lumotlar berilgan. Shunday qilib, Majmuada riyoziyot, falakiyot, geodeziya va boshqa fanlarni tushuntirish orqali Qadimgi Misrning diniy tafakkuri o‘z in’ikosini topgan.

G‘azo ehromlarida marhum fir’avnlarning jonlari u dunyoning chalkash yo‘llaridan olib o‘tilgan, jon ma’budlar olamiga borishi uchun shunday qilingan, shundan keyin uni yashiriqcha kuydirishgan, buyuk ehromlarda bitta ham mo‘miyolangan jasad yo‘qligi shundan.

A.Pechyonkin Qadimgi Misrda foydalanilgan o‘lchovlar — quloch, dyuym, qarich, qadam, chaqirim asosida barcha narsalar o‘lchovi, Makrokosmosdagi mikrokosmos – odam yotishi ixtiro etilgan va isbotlangan. Buyuk ehromlar me’mori Imxotep ana shunday odam bo‘lgan. Muallif hisob yo‘li bilan isbotlaydiki, misr uzunlik o‘lchovi uzunlikni, vaznni, hajmni, zamon va makonni o‘z ichiga oladi.

Ehromlarning harakatlanish usullari va kohinlar ehromlardan shamsiy-qamariy taqvim sifatida foydalanib, quyosh va oy tutilishlarini qanday aytib berishgani haqidagi fikrlar ham qiziqarli, albatta.

Mazkur kitoblarda muallif sanab o‘tgan ehromlar, tobutlar, ichki xonalar va Sfinksning barcha haqiqiy va taxminiy o‘lchamlari Misr o‘lchov birliklarida ham o‘zaro bir-biri bilan bog‘liqligi birinchi marta ko‘rsatib o‘tilgan va bu barcha chizmalar G‘azodagi Ehromlar majmu qurilishining yagona rejasiga kiritiladi. Bu esa yana bir bor shuni tasdiqlab turibdiki, muallif qilgan kashfiyotlar (tarixiy, geodezik, falakiyotga oid, ezoterik, riyoziyotga oid) bir butunlikka ega va bir-birini to‘ldirib keladi.

Rus tilidan Dildora Aliyeva tarjimasi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 11-son