Agar insonlarning hamma istaklari ro‘yobga chiqsa, o‘zlari uchun uncha yaxshi bo‘lmas edi.
Geraklit.
Borliqning hukmdori, jumla forslarning farmonbardori, shahanshoh Kserks ko‘klam mavsumining nishon oyida, Yangi oyning ikkinchi kuni o‘zining mahobatli qo‘shinining ko‘rigini o‘tkazishga shaylandi. Uchqur choparlar bu xabarni mag‘lub bilmas fors lashkari turgan barcha shahar va qal’alarga tarqatdilar: ko‘plar shodlandilar, undan-da ham ko‘plari xavotirlandilar.
Tuman boyliklar, zafarli olqishlardan umidvor bo‘lganlar shodlandilar. Bunday marosimda egarining tortmasi uzilib, nayzani to‘g‘ri ushlay olmay, oti to‘g‘ri yo‘lda qoqilib yiqilganlar jazoga tortilishini tajribada ko‘rganlar qayg‘urib xavotirlandilar. Qayg‘urganlar ham o‘zlarini xursand ko‘rsatishga intilardilar, negaki, har yerda hoziru nozir ayg‘oqchilar, chaqimchilar chaqimidan iztirobga mubtalo bo‘lmaslik uchun ehtiyotini qilardilar.
Ko‘pchilik intiqib kutgan, undan ham ko‘pi cho‘chib kutgan o‘sha kun ham yetib keldi. Podshohning viqorli chodiri o‘rnatilgan tepalik tevaragiga sonsiz lashkar to‘plandi, chodirdan shahanshoh chiqib ko‘ringanida osmonu zaminni larzaga keltirgan suron qopladi. Ushbu suron oldida qora bulutlar momaqaldirog‘iyu, bo‘ronli dengiz shovqini bir “tiq” etganday yoxud salqin shabada esgandek edi. Minglab askarlarning mis qalqonlariga po‘lat qilichlari bilan urishidan hosil bo‘lgan suron edi bu.
Shahanshohning o‘ng tomonida sal orqaroqda turgan lashkarboshi hukmdor yuzida qoniqishlik ifodasini uqdiki, bu shafqat alomati edi. Podshoh qo‘lining ishorati bilan bu son-sanoqsiz lashkar harakatga kelganida, butun yer yuzi – ufqdan ufqqacha qimirlaganday bo‘ldi, chunki qir ustida turganlarga na kamonchilar, na suvorilar, na qalqonchilar bor edi, qurol-yarog‘ini yarqiratib siljiyotgan minglab kishilargina bor edi, xolos. Va bularni to‘xtata oladigan biron-bir purviqor qal’a, bas keladigan biron qo‘shin olamda yo‘q edi. Ushbu zafarli salohiyatga doxillilikdan surur hissi shahanshohning o‘ng qo‘l va chap qo‘l tomonida turganlarning qiyofalarida ham aks etgan edi.
Biroq ular Kserksning yuzini ko‘ra olmas edilar. U yuzini ular tomon burganida, shohlar shohining betidan yosh oqayotganligini ko‘rganlarida dahshatdan qotib qoldilar.
Shunda podshoh shohona amr ohangida emas, balki oddiy bir inson ovozida dedi:
— Inson umrining nihoyatda qisqaligi meni haqiqatan ham larzaga soldi. Atigi yuz yildan keyin ushbu turganlarning loaqal birortasi ham hayot kishilar orasida bo‘lmaydi. Shunday deb, podshoh hech kimga boqmay chodiriga kirib ketdi. Saroy a’yonlari nima deyishini va nima qilishini bilmay lol edilar. Lashkar esa yo‘lida davom etar, ko‘kning u boshidan bu boshigacha tebranar, bu tebranishning so‘nggi yo‘qday edi.
Forslar farmonbardori, shohlar shohi o‘sha kuni chodirdan qaytib chiqmadi. Bu safar ko‘rikdan keyin na mukofotlar berildi, na dorga osishlar bo‘ldi… Xuddi mana shunday, juda bo‘lmaganda, shunga yaqin hikoyani yunon tarixchisi Gerodotda ham ko‘rish mumkin. Bu voqea ko‘klam mavsumining nishon oyida, oyning ikkinchi kunida, ikki yarim ming yil avval sodir bo‘lgan edi.
- YO‘LGA TUShGANLAR
Inson doim o‘z qismatidan noligan; Yaratgan unga juda qisqa umr ato qilibgina qolmay yana uni o‘limga mahkum ham etgan. O‘sha Kserksga qadar ancha zamonlar oldin ham Dajla va Frot daryolarining bo‘ylarida yashagan qadimgi Shumer aholisi bu borada qayg‘urib bosh qotirganlar. Insonga aqlday bir ulug‘ ne’matni ato qilgan Xudolar unga abadiylikni ham taqdir etsalar bo‘lmasmidi? Besh ming yillik tarix qa’ridan mixxat belgilari bilan bezalgan sopol taxtachalar orqali hayronlik va achinish hislari bilan yo‘g‘rilgan misralarga to‘qnash kelamiz:
Sasim chiqmasinmi, yo‘li nechuk taskinning?
Qora yerga qorishib yotibdi do‘stim mening,
Do‘stim—Enkidu tuproqqa aylanmish!
Men ham bo‘ldim seningdek, deya yostanmasmanmi
Qaytib zinhor turmaslik uchun.
Agar odamzot faqat nolishlaru yig‘lab-siqtash bilangina o‘tib ketganida, hech qachon o‘z zuvalasiga loyiq bo‘lolmasdi. Shuning uchun ham dastlabki dostonning qahramoni Gilgamish yashartirib, umrni uzaytiradigan “tog‘olchaga o‘xshash” chechakni izlab topish uchun dengizlar osha xatarli safarga otlanadi. Yillar, hatto minglab yillar o‘taverdi, yaxshilik va yomonlik haqidagi tasavvurlar ham o‘zgaraverdi, eski xudolar o‘lib, yangilari tug‘ilaverdi. Biroq bu umidbaxsh orzu — mangu yashash istagi, uning yo‘lini topish ishtiyoqi hech vaqt armonga aylanmadi. Barcha zamonlarda, insoniyat sharafining himoyasi uchunmi, harholda, ushbu yo‘lni izlovchi devonalar topilib turgan. Gilgamish izidan yurishga tavakkal qilib yo‘lga tushgan, manzilga yetolmay yo‘lni yo‘qotib adashgan, nobud bo‘lgan ismi noma’lum, dong‘i chiqmagan qanchadan-qancha kimsalar bu dunyodan o‘tganligini kim biladi deysiz?
Gilgamish dostonida mangulik baxsh etuvchi gul haqida gap ketadi. Qadimgi Hindistonning “Mohabxorat” dostonida bir daraxtning kishi umrini 10 000 yilga uzaytiradigan seli haqida gapiriladi. Qadimgi yunon tarixchilari Megasfen va Strabonlar ham bu haqda eslatadilar. II-III asrlarda yashagan rumlik Elian qandaydir bir daraxtning mevasi yoshartirish fazilatiga egaligi borasida hikoya qiladi. Moziyning boshqa matnlari ham “mangulik suvi” — “obi hayot” haqida ishonch bilan so‘zlaydilar. “Mangulik suvi” tushunchasi an’ana tarzida afrikalik elatlarda, amerikalik qavmlarda, slavyanlarda mavjud bo‘lgan. Rus dostonlari “mangulik suvi” bulog‘ini ummonlar o‘rtasida joylashgan Buyan oroliga joylashtiradi. Ummon ahli esa, mazkur suv makonini quruqlikda “ko‘p kunlik yo‘l”dan keyin yetib boriladigan manzilda, deb biladilar.
Xuddi shunday, Xitoyga qo‘shni bo‘lgan qavmlar mangulik suvi Chashmasini Xitoyda deb ko‘rsatsalar, xitoyliklar esa aynan mana shu mantiq asosida, boshqa joylarga, imkon qadar o‘z mamlakatidan yiroq o‘lkalarga ishorat qiladilar va obi hayotni izlab yo‘lga tushadilar.
Ana shunday safarlardan birini xitoy imperatori Sin Shixuandi (mil.avv.259-210 y.)nomi bilan bog‘lashadi. Sin Shixuandi mamlakatni birlashtirgan va Buyuk Xitoy devorini qurishni boshlagan imperator edi. Devor mamlakatni ko‘chmanchilardan to‘sib turish bilan birga, imperatorni o‘tmish hukmdorlar qismatidagi doimiy harbiy tahlikadan qutqarishi ham nazarda tutilgan edi. Biroq dunyo tashvishlari tuganmasdir, biridan qutulsang, ikkinchisi paydo bo‘ladi. Shixuandining niyatini boshqa imperatorlar xayoliga ham keltira olmasdi: u abadiy yashab qolmoqchi edi. Ushbu niyatiga erishish yo‘lida hech narsani: vaqtini ham, harakatini ham ayamadi…
Imperator qarorgohi joylashgan Yasoq shahariga biron-bir begona kimsa yo‘lay olmas edi. Hech narsadan hayiqmaydigan qiziquvchilar, agar darvoza yoniga juda yaqin kelib qolsa, shu yerdayoq boshi ketardi. Hatto, qushlar g‘aflat bosib shahar tevaragini o‘rab turgan keng sathli suvoqar handaqdan uchib o‘tsa, ularni kamonchilar qizil uzun o‘qlari bilan otib tushirardilar. Bu tadbir juda ham haddidan oshgan tadbir emasdi, zotan, yomon ruh yalmog‘iz qushga aylanib imperatorga yaqinlashib zarar yetkazishi mumkin edi. Yomon ruh to‘g‘ri yoki to‘g‘ri burchakli harakat qiladi, deb hisoblanardi. Shuning uchun imperatorning Yasoqlangan shahriga kirar hamma o‘taklar, yo‘laklar shunday qilingan ediki, biron-bir to‘g‘ri chiziqlisi yo‘q edi. Hatto qasr tomlarining uchi ham undan yomon ruhlar o‘ta olmasligi uchun bukik shaklda qurilgan edi. Ushbu ehtiyot choralariga qaramay, yana bir dahshatli “tashrifchi” bor ediki, uni hech narsa va hech qachon to‘xtata olmasdi. Imperator har onu har soatda uni esdan chiqarmasligi darkor edi.
Shixuandi davlatining eng dono, bilimdon insonlari bilan qurgan suhbatlari zoye ketdi. Ular hokimiyatni egallash va qo‘lda olib qolish borasida, urushlar va soliqlarni undirish yuzasidan ustasi farang edilar-u, biroq ularning hech biri o‘z hukmroniga tabiatni bo‘ysundirib, o‘limdan saqlanib qolish yo‘lini ayta olmasdilar. Shundan keyin imperator qasrining xilvat joylariga borib, istagiga javobni olamdan allaqachon o‘tib ketganlarning kitoblaridan izlay boshladi.
“Aytishlaricha, Sharqiy dengizning o‘rtalarida uchta g‘alati orol bor emish. Ular rub’i maskundan uncha yiroq bo‘lmasalar ham, u yerga biror qayiq, kema yaqin kelsa, qattiq shamol turib, uni uzoq-uzoqlarga uloqtirib tashlar ekan. Agar rost bo‘lsa, qadimda bu orolchalarga qadami yetgan kishilar ham bo‘lgan emish. Bu orolda o‘lmaslar yashaydi, ularni o‘limdan asraguvchi moddalar bor. Bu yerdagi barcha jonzotlar, hatto qushu hayvonlarning rangi ham oq. Rivoyatga ko‘ra, ushbu orolchalarning birida nefrit rangidagi sharob qaynab turadigan buloq bor. Kimki o‘sha sharobdan ichsa mangulikka doxil bo‘ladi”, — deb yozgan ekan juda qadimgi donishmandlardan biri.
Sin Shixuandi buni o‘qib, uni taqdirning o‘ziga qaratilgan bir ishorati deb bildi. O‘sha kundan e’tiboran, imperator buyrug‘iga binoan katta dengizga chiqa oladigan o‘nlab yirik kemalar qurilishi boshlab yuborildi. Bu ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan flotni nima uchun qurilayotganini hech bir kishi — na oddiy fuqaro va na bir saroy a’yoni bilmas edi. Biroq kemalar qurilishi qanchalik cho‘zilib borsa, imperatorning shubhalari ham shunchalik ortib boraverdi: Yasoq shahrini, undagi qasrini tashlab ketishi saltanatni qo‘ldan chiqishiga olib kelmasmikan? Kemalarning birida imperatorning borligi alomati bo‘lmish sariq ipak yelkanli flotiliya ufqda ko‘zdan g‘oyib bo‘lar-bo‘lmas poytaxtda isyon ko‘tariladi. Yasoq shahridagi bo‘shab qolgan taxtni to‘ldirish uchun uzoq-uzoq viloyatlardan to‘da-to‘da da’vogarlar yopirilardi. Imperator shunday bo‘lishini bilganligi uchun ham kemalar qurilishini turli-tuman bahonalar topib o‘zi orqaga surardi. Unga to‘satdan a’yonlar bo‘lmasi yoqmay qolar va duradgorlar uni qayta qurar, ba’zan esa, kema uchidagi bezak ajdar uning ko‘nglidagidek bo‘lmagani uchun uni yasagan naqqoshning kallasi olinardi. Ammo, baribir, qurilish davom etar, u qachondir tugashi va imperator bir kun oxir bir qarorga kelmay iloji yo‘q edi.
Qurilish nihoyalab qolgan bir pallada bosh nazoratchi Su She ismli imperatorga notanish kimsa uning huzuriga kirishga izn so‘ragani ayni muddao bo‘ldi. Su She imperator hazratlarining muborak oyoqlari ostiga o‘zini tashlab: “Bir to‘da yigit-qizlar zaruriy poklanishlardan so‘ng mangulik orollarini izlashga otlanishi uchun ijozat berishingizni sizdan o‘tinib so‘raymiz” — dedi. Imperator taqdir yana mening ishimni o‘ngladi, degan xayolga keldi. Belgilangan kuni yigirma kemaning bari suvga tushirildi. Yomon ko‘z, yomon fikrlardan saqlovchi surnay navolari ostida eshkakchilar eshkak eshib, uch ming yosh-yalang va undan boshqa turli ishchilar, xizmatkorlar va ustalarni ortib olgan kemalar Sharqiy dengiz tomon suza boshladi.
Kunlar o‘tdi, haftalar o‘tdi, oylar ham o‘tdi. Su Shedan dom-darak yo‘q. Imperator ko‘p vaqtini qirg‘oqda ufqqa termulib o‘tkazdi. Kemalar qaytmadi.
Ushbu sayyohlar guruhi taqdiri haqida bir xitoy tarixchisi shunday, deb yozadi: “Su She dengiz sayohatiga chiqdi. U yangi yerlarni ochdiki, u yerlar serhosil, aholisi yuvosh edi. O‘sha yerda qolib, podshohlik qildi, qaytib kelmadi”.
Su She va uning odamlari qaytmasligi aniq bo‘lgach, imperator o‘lmaslikning boshqa yo‘llarini izlay boshladi. Maxsus kishilar mamlakat bo‘ylab qidirib, izlab qadimgi bilimlarni yaxshi biladigan donolaru sehrgarlarni topishga tushdilar. Bu sohada u daos monaxlarini qadrlardi, chunki, o‘lmaslik sirlarini ulardan ko‘p kim bilishi mumkin, axir!
Imperatorning bunday xulosa chiqarishi uchun asosi bor edi. Qadimgi Xitoyda ko‘plar “mangulik xapdorisi” sirlarini daos monaxlari qattiq yashirib yuradilar, degan mish-mishga ishonar edilar. Bu dori kishi umrini cheksizlikka qadar cho‘zish qudratiga ega, deb hisoblanardi. Bu haqda ishonch bilan yozilgan matnlar hozirgacha saqlangan. Biroq birortasi ham “xapdori” tarkibi haqida yozmaydi. Birgina manbada notayin bir tarzda, uning tarkibida boshqalari qatori “sakkizta qimmatbaho unsur” bor deb ketiladi. “Mangulik xapdorisini” tayyorlash uzoq davom etadigan murakkab jarayon ekan: “Quyosh, Oy va Yulduzlar o‘z doirasida yetti marta aylanishi hamda yilning to‘rt fasli to‘qqiz marta qaytarilishi kerak. Sen qo‘shilmani oqarguncha yuvib turishing hamda qizarguncha tugishing lozim. Ana shundagina o‘ng ming davrga teng umr beradigan obi hayotga ega bo‘lasan”.
Sin Shixuandi farmoniga muvofiq saroyning yerto‘lasi g‘alati, indamas kishilarni joylash apartamentga aylantirilgan edi. Ular imperator uchun siri-asrori faqat o‘zlarigagina ma’lum bo‘lgan dorilar tayyorlashardi. Imperator eng dono kishilarni yig‘ib, o‘zini mangu yashaydigan qilish ilojini topishni buyurganligini mamlakatning yetti yasharidan yetmish yasharigacha bilardi. Imperatorlik hududida hukmdorining istagini muqaddas deb o‘ylamaydigan inson zoti topilmas edi. Oddiy podachidan tortib, vazirgacha barchada bu istakni muqaddasligiga shak-shubha tug‘ilmasligi uchun Sin Shixuandi o‘zining uzoq yillar davom etgan hukmdorligi davrida, kimda bunga shubha hosil bo‘lgan bo‘lsa, uning kallasini sapchaday uzib turdi.
Ana shuning uchun ham ajali yetib imperator o‘lgan vaqtda uning fuqarolari va a’yonlari qiyin bir tanlov oldida qoldilar: abadiy yashamoqchi bo‘lgan imperatorning muqaddas istagi to‘g‘rimi yoki ko‘z oldilarida sodir bo‘lgan arzimas o‘lim voqeasimi. Ikkilanishi uzoq davom etmadi. Imperator istagi yutdi, u tirik deb qabul qilindi. Uning jasadini taxtga mahkamlab o‘tqazib qo‘ydilar, parda ortida o‘tirib ko‘p kunlar mahalliy hokimu siyosatchilar bilan sassiz qabul marosimlari o‘tkazdi.
Taxtda indamay, qimirlamay o‘tirgan holda mamlakat bo‘ylab sayohat qildi. Faqat oyning oxiriga borib yaqinlari va a’yonlari taxtda o‘tirgan va qachonlardir imperator bo‘lgan narsani yerga berishga jur’at etdilar. Tarix asarlarida ana shunday yozilgan.
Sin Shixuandi ham, jo‘natgan sayyoh kemadagilar ham mangulik suvini topa olmadilar. Keyinroq Ko‘k ostidagi imperatorlikdan otlanib mangulik suvi topish uchun intilganlarni ko‘pgina boshqa mamlakatlarda uchratish mumkin edi. Ular bu narsani, ayniqsa, Hindistondan izlashga moyil edilar.
Yuzlab yillar o‘taverdi, endi ular yo‘lida yevropalik iyezuitlar va katolik missionerlarni ham uchratib turadigan bo‘lishdi. Ana shunday missioner-sayohatchilardan biri 1291 yilda Hindistondan jo‘natgan xatida ko‘p yillik mashaqqatlari zoye ketganligidan noliydi. Aytganday, o‘sha zamonlarda ruhoniylarning mangulik suvi qayerdaligi borasidagi fikrlari bir xil emasdi, ba’zilari uni Hindistondan izlashni maslahat bersalar, boshqalari noaniq joylarga havola etardilar. Aniq nomlari atalgan joylar qatorida Seylon va Habashistonlar ham borligini aytib o‘tmoq kerak.
Janobi oliylari, admiral Xristofor Kolumb bahri muhit ortidagi yerlarni kashf etgandan so‘ng, o‘lmaslik uchun intilish savdogarlar va konkistadorlar vositasida G‘arbga tarqaldi.
Buyuk dengiz sayyohining zamondoshi, uni shaxsan tanigan italyan insonparvari Pedro Martir Rim papasi Lev X ga bunday xat yozgan ekan: “Espanoladan shimoldagi orollar orasida, uni izlab topganlarning aytishicha, ushbu orollardan uch yuz yigirma mil uzoqlikda yana bir orol bor ekan. Bu orolda tinimsiz qaynab turadigan bir buloq bo‘lib, suvi ajoyib bir sifatga ega ekan. Agar keksa kishi uning suvidan ichib, muayyan parhezga amal qilsa, bir muddatdan so‘ng yosh bolaga aylanib qolar ekan. Hazrati oliylari, o‘tinaman, o‘ta ahmoqlik qilyapti yoki laqillatyapti deb o‘ylamang, bu mish-mish saroyda aniq bir haqiqat sifatida tan olingan, bunga faqat qora xalq emas, balki aqli idroki va boyligi jihatidan undan yuqori turadiganlarning aksariyati ham ishonadi”.
Mangu yashatuvchi buloq borligiga ishonuvchilar qatorida kastiliyalik taniqli (idalgo) Xuan Ponse de Leon ham borligiga nima deysiz? Ellikdan oshgan bir chog‘ida Puerto-Rikoda yashovchi hindu chollardan shimoldagi qaysidir bir o‘lkada mangu yoshlikka qaytaruvchi buloq borligini bilib oladi. Aytishlaricha, bundan bir qancha yillar oldin Kuba orolidan ko‘plab hindular o‘sha buloqni izlab ketishgani bo‘yicha badar ketibdilar. Ular o‘sha o‘lkani topganliklari haqida boshqa dalilga hojat bormi?!
Hindularning ba’zilari bu fikrga qarshi chiqqanlar. Bagam orollari orasida ham aynan shunday bir buloq bor bo‘la turib, shuncha uzoq safarga chiqishga nima hojat.
Ponse de Leon mazkur mish-mishlarni eshitgan yagona ispan emasdi. Biroq ushbu xatarli va tavakkalli sayohatga otlangan yagona ispan ekanligi aniq. Agar gap oltin haqida bo‘lganida mablag‘ ham, kema ham va ko‘ngillilar ham shu zahoti topilardi. Lekin gap oltin haqida emas, balki arzimas bir mangu hayot haqida ketayotgan edi, axir. To‘g‘ri, Ponse de Leonning yoshi bir yerga borib qolgan va oltin bilan mangu yashashning nisbiy qimmatini his eta olar edi.
Shuning uchun ham, bor puliga uchta kema sotib olib, dengizchilar yollab, 1512 yilning 3 martida to‘plardan o‘q otib, langar ko‘tarishni buyuradi. Quyosh omad va’da qilganday yarqirab nur sochar, yelkanlarga tonggi yellar urilar, kemalar manzil sari yelardi. O‘sha kezlarda ne-ne kemalar yangi yerlaru, oltin izlab yo‘lga chiqmagan deysiz! Lekin bularning yo‘rig‘i boshqa edi. Bularning yo‘lboshchisini shuhrat ham emas, oltin ham emas, saltanat ham emas, balki abadiy hayot – mangu yoshlik chorlardi. Ularning izlagani ana shunday narsa edi! Kemalar ufqda ko‘zga zo‘rg‘a ilg‘anadigan nuqtalarga aylanguncha qirg‘oqda bir to‘da kishilar sukut bilan, termulib kuzatib qoldi.
Omad yurishgan ekan, ob-havo ham suzishga yordam berdi, tez orada Bagam arxipelagining yashil orollari ko‘zga tashlandi. Orollarning har birida kemalar to‘xtashi uchun juda qulay joylar ko‘p edi, buning ustiga har bir orol ular istagan, izlagan orol bo‘lishi ham mumkin edi. Erta tongdan kemalardan tushirilgan shlyupkalar qirg‘oq tomon intilardi. Kemada qolganlar ushbu kun baxti chopib mangulik suviga ketganlarga havas qilishardi. Ammo hech bir kimsa ularning qaytishini kapitanchalik intiqib kutmasdi. Kechqurunlari shlyupkalar kemaga kelib jimgina taqalib turar, qiyshiq Xuan — botsman orolda uchragan barcha chashmalar suvlaridan to‘ldirilgan mis, shisha idishlarni birma-bir qabul qilib olardi.
Komanda orom ola boshlagan, navbatchilar o‘z o‘rnini egallaganiga ham ancha vaqt bo‘lgan bo‘lishiga qaramay, kapitan bo‘lmasi chirog‘i o‘chmas edi. Ponse de Leon idishlar oldiga qator qilib terib qo‘yib, navbat bilan har biridan shoshmasdan ho‘plab ko‘rardi. Emishki, ikki ho‘plamning o‘zi ham kishida keskin o‘zgarish sodir bo‘la boshlashiga yetarkan.
Ertasi tongda boshqa dengizchilar — qur’a tashlanganda omadi yurishganlar — bo‘sh idishlarni olganicha, chayqalib turgan shlyupkalardan o‘rin olardilar. So‘ng esa kapitanning osmonga, quyoshga qarayverib, kech bo‘lishini sabrsizlik bilan kutishi boshlanar ekan, dengizchilar tent ostidagi soyaga yig‘ilib olishib, qirg‘oqqa borib kelganlardan eshitgan gaplarini bir-biriga qayta-qayta so‘zlab berishdan erinmas edilar. Agar yer yuzida jannat bo‘lsa, u albatta, shu yerda, mana shu orollarda. O‘rmon to‘la ovlanadigan hayvonlar, sokin soylar g‘ij-g‘ij baliq, qo‘ling bilan istagancha tutishing mumkin. Eng muhimi, bu yerlar juda unumdor, mevalar tiqilib yotibdi, undan ham muhimi egasi yo‘q. Ispanlar qorasi ko‘rinishi bilan in-iniga qochib kirib ketgan hadikchi hindularni hisobga olmasa ham bo‘ladi. Andalusiyaning toshloq joylaridan Quyosh qovjiratib tashlagan Kastiliya yerlaridan kelganlar uchun bunday yerlar orzudagina bor edi!
Qiyshiq Xuan bunday quruq gaplarga aralashmasdi. Ularning yonginasidan o‘tganida quloq solib ham ko‘rmasdi. Bu Qiyshiq Xuan ular nima haqida gaplashayotgani, ularning barchasini nima kutayotganligini bilmasligidan emasdi, albatta.
Yana kapitan bo‘lmasida tun yarmidan og‘gan bo‘lishiga qaramay, chiroq o‘chmagan. Butun komanda uxlab qolgan bo‘lsa ham, idishning “qult-qulti” to‘xtamagan. Qiyshiq Xuan oyog‘ini qanchalik ehtiyot bo‘lib bosmasin, u yonidan o‘tganida “qult-qult”to‘xtab qoladi. Qorong‘ida Xuan miyig‘ida kulib qo‘yadi. Ertaga ertalab hamma narsani, hammasini bilib oladi. Burnining shundoqqina tagida bo‘layotgan narsani ko‘rolmaydigan bo‘lsa, bekorga o‘n yetti yil dengizma-dengiz suzibdimi, uch marta dorga osilishga oson chap beribdimi, ko‘rgan-kechirganlaridan chiqargan yana bir xulosasi borki, bu boshqa yana o‘nlab umrlarga yetarli edi: hech qachon shoshma-shosharlik qilmaslik — taqdir tarozisi pallasi qaysi tomonga og‘ishini oxirgi, eng so‘nggi daqiqalarigacha xolis turib kutish. Ana shu so‘nggi lahzani, taqdir tanlovi onini Qiyshiq Xuan barchadan oldin payqashi lozim. Xuddi shu soniyada u to‘pponchasini chiqarib, juda ko‘p martalab bo‘lgani kabi — “Yashasin kapitan” yoki “Kapitan shlyupkaga o‘tqazilsin” deydi. Bu g‘olib tomonida bo‘lishning eng muhim sharti.
O‘ziga bino qo‘ygan Qiyshiq Xuan bechora, nodon kapitanning qismati ravshanlashib qolgan bo‘lsa-da, bu gal ham shoshilmadi.
Alqissa, ular oroldan orolga siljiyverdilar, biroq hech kimda nolish eshitilmadi, chunki har bir yangi orol oldingisidan ko‘ra ajoyibroq edi. Xuan his etgan, hamma narsani alg‘ov-dalg‘ov qilib yuboradigan hodisa ham bo‘lay-bo‘lay deb qolgan edi.
Kechqurun kapitan har doimgidek, idishchalarini olib o‘z kayutasiga kirib ketganida, Qiyshiq Xuan bir idish yetmasligini payqab qoldi. Demak, kimdir qaytib kelgach, idishini bermagan. Nega? Kapitan buni sezishi dargumon. Butun kema bo‘yicha faqat Xuangina buni biladi. Bu unga qarta o‘yinidagi bir ortiqcha qarta bergan imkoniyatni beradi.
Idishchasini topshirmagan kishi ko‘p xavotirlanmasa ham bo‘lardi. Biroq, nahotki o‘sha kishi qilgan ishini Qiyshiq Xuan ham payqamaydi, deb o‘ylagan bo‘lsa?
Xuan ertalaboq kim bu ishni qilganini aniq bilib olgan edi. Buni aniqlash qiyin emas edi, qirg‘oqqa ketishdan oldin idishchalar olish uchun kelganlarni birma-bir bilishning o‘zi kifoya edi. Tulkicha laqabli Rodrigo degan kimsaligi ma’lum bo‘ldi. Biroq Xuan ishni shoshirmadi. Faqat ushbu kun Tulkicha boshqalar ko‘zidan nari – orqa bortda bo‘lishga harakat qildi. Arqonlarni o‘rash, ayniqsa, tepangda tik oftob issiq nurini sochib tursa, soya beradigan narsa bo‘lmasa, uncha yengil ishlar sirasiga kirmaydi. Xuan machtaning soyasi tentakning aqli misoli kalta bo‘lgunicha sabr qildi va keyin u tomon yura boshladi. Tulkicha botsmanning yaqin kelib qolganini darrov sezmadi, sezib qolgach, mumlangan arqonni yanada shasht bilan o‘ray boshladi. Xuan unga shu darajada taqalib keldiki, oralarida hech qanday oraliq qolmadi, desa bo‘ladi. Xuan nima qilishni biladiganlardan:
— Issiq ekanmi, kichkintoy?
Shundagina Tulkicha gavdasini rostlashga haddi sig‘di.
— Issiqmi? – Xuan tirjaydi, har qanday ahmoq tushunadigan qilib tirjaydi. — Bir qultum suv qolgandir? — deb Tulkichaning belida osilib turgan idishchaga chap qo‘lini, ha, chap qo‘lini cho‘zdi. U hamon tirjayardi. Zarbga chap berib, butun gavdasi bilan bir tomonga chayqaldi. Shu ondayoq uning o‘ng qo‘li go‘yo o‘z-o‘zidan yuqoriga ko‘tarildi va u urgan pichoq paluba taxtasiga qadaldi. Tulkicha undan ancha yosh edi. Shu kezda u botsmandan chaqqonlik qildi. Bort ortidan “shalop” etgan tovush eshitildi, Tulkicha qo‘llarini katta-katta otib qirg‘oq tomon suzib ketardi. Qirg‘oqqacha ancha olis bo‘lib Tulkicha ayni maromda oxirigacha suza olmasligini Xuan bilardi. Bunday xayol uning miyasidan kechar-kechmas, xayoliga uni ertalabdan rosa ishlatgani esiga tushib quvondi. Yana bir zum o‘tib, Xuan palubada baqirib-chaqira boshladi va bort yonida ichida bir necha dengizchi bilan shlyupka paydo bo‘ldi. Xuan to uni tutmagunlaricha idishcha haqida hech narsa demaslikni ma’qul ko‘rdi.
— Bu ablah meni o‘ldirmoqchi bo‘ldi, — deb izohlashga chog‘landi-yu, biroq kapitan lablarini ochmaguncha, javob bermadi. Xuan yo‘l qo‘ygan xatosini angladi, katta gap boshlamaguncha murojaat qilish shu vaziyatda noo‘rin edi.
Botsmanga qo‘l ko‘tarishning o‘zi Tulkichaning oyog‘iga kishan urib, galerada ishlatishga yetarli edi. Shuni yaxshi bilgani uchun ham jon-jahdi bilan suzardi. Shlyupka bilan suzuvchi qochoq orasi tobora qisqarib borardi. Ayni chog‘da qirg‘oqdan ko‘rinib turgan sariq qum yo‘lkalari bilan suzuvchi qochoq oralig‘i undan ham tezroq qisqarardi. Ponse de Leon kapitan uchburchagini peshonasi tomon surib, ko‘zini quyoshdan panaladi. Ana shunda shlyupka orqada qolayotgani, eshkakchilar eshkak eshmay qo‘ygani ko‘rinib qoldi. Xuan ko‘zini qisib, qoshini chimirib ko‘rdiki, kapitanning ancha jahli chiqqan. To‘g‘ri, u katta, dong chiqargan kishi, biroq o‘zi bilan birga suzayotgan yigitlar nima qilayotganini tushunmayapti. Mutlaqo tushunmayapti. Shuning uchun ham Xuan ehtiromli ohangda:
— Janob kapitan, u qochib ketolmaydi. Yigitlar u bilan o‘ynashyapti. Biroz o‘ynagisi kelib qopti-da yigitlarni, — deyishga o‘zida kuch topdi.
Biroq kapitan qiyo ham boqmadi: u yana qo‘pollikka yo‘l qo‘ygan edi.
Yigitlar rostdan ham qochoq bilan o‘yin qilishayotgan edi. U qirg‘oqqa endi yetdim deganida, eshkaklar shiddatli eshilib, bir lahzada Tulkicha bilan qirg‘oq o‘rtasida paydo bo‘lishdi. Biroz to‘xtab turib, keyin qirg‘oq tomondan yurib, Tulkicha ochiq dengiz tomon suza boshladi. U buni anglagani uchunmi, uning qo‘llari zo‘rg‘a, faqat cho‘kib ketmaslik uchun harakat qilayotganday edi. Biroq shlyupkaning tezligi oshgandan oshaverdi, oraliqni keskin qisqarib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qochoq ham suzishni tezlatishga majbur bo‘lib qoldi.
Keyin shlyupka yana orqada qolganday bo‘lib, Tulkicha ularni yonlab qirg‘oqqa yo‘nalmoqchi bo‘ladi. Bu holat bir necha marta qaytarilib, qochoqning sillasi quriganligini hatto kemadan turib ham payqash mumkin edi. Shlyupka ushbu o‘yinni yana bir takrorlamoqchi bo‘lganida, u cho‘ka boshladi. Eshkakchilar bor kuchi bilan eshib, Tulkicha cho‘kayotgan joyda paydo bo‘lganlarida, Tulkicha suv yuzasida oxirgi marta ko‘rinib, quyosh nurida yarqiragan narsani otib yubordi. Yana bir lahzada qayiq hozirgina Tulkicha suvdan bosh chiqargan joyda paydo bo‘ldi, biroq Tulkicha boshqa ko‘rinmadi.
Kapitan Xuanga savol nazari bilan o‘girilib qaradi. Endi u tushuntirishi yoki yelkasini qisishi kerak edi. Xuan tushuntirishni tanladi va bu uning qismatini belgiladi:
— Janob kapitan, bu dengizchi kecha idishchasini yashirib olib qoldi, men undan talab qilganimda…
Kishini birdaniga bunday bo‘zarib ketishini Xuan umrida hech ko‘rmagan edi.
— Shlyupka keltirilsin, – quruqshab qolgan lablari qimtildi.
Kemada shlyupka qolmagandi. Faqat ikki o‘rinli botik bor edi. Xuan o‘zi eshkakka o‘tirdi.
Ularni kutib turgan shlyupkadagi dengizchilar bular yetib borishi bilan hammasi Tulkicha idishchani otib yuborgan joyni birvarakayiga shovqin bilan ko‘rsatishdi.
— Topgan kishiga ellik real!
Bunday ohangda aytish uchun, boy bo‘lib tug‘ilish kamlik qilardi, yana ota-bobolaridan qolgan boylik qo‘ri ham bo‘lishi kerak edi.
— Ellik real? — qaytardi Xuan. Xuan hozir oddiy dengizchi bo‘lib, boshqalar qatori suvga sho‘ng‘ib keta olmasligiga o‘kindi. Shuncha pulni u qo‘liga ushlagangina emas, ko‘zi bilan ham ko‘rmagandi. Aslida hayotida ko‘p narsa ko‘rgan odam edi.
Idishcha oxiri topildi. Topgan kishi ikki qo‘lida topildiqni kapitan va boshqa dengizchilar aniq ko‘radigan darajada ko‘tarib baqirdi (boshqalar uning qo‘lidan tortib olib qo‘ymasligining oldini oldi).
Xuan idishchani kapitanga berishdan avval bir lahza qo‘lida ushlab turishining o‘ziyoq, uning ichida nima borligini fahmlashiga yetarli bo‘ldi. Fahmlagach esa, kapitan uning bilishini payqab qolishidan xavotir oldi. Bu xavotir uni bir holatga soldiki, qo‘llari o‘ziga bo‘ysunmay qo‘ydi, bazo‘r kemaga yetib oldi. Biroq kapitan o‘z tashvishlari bilan bo‘lib, bunga e’tibor ham bermagandi.
O‘sha kechasi dengizchilarning pichir-pichiri har tungidan uzoq cho‘zildi. Xuan boshqa ikki kemada ham shu holat ekanligini bilardi. Tongda kapitan yelkanlarni va langarni ko‘tarishni buyurganida, uchala kemada ham fitna ko‘tarildi. Dengizchilar suzishni davom etdirishga qarshi edilar. Bu yerlarda qolib toku zaytun, bug‘doy ekib, hosil olib har biri taniqli senyorlardan bo‘lmoq niyatida edilar. Kim istasa, mana bu tentak kapitan bilan suzib ketaversin, lekin biz istamaymiz, derdi ular. Qiyshiq Xuan o‘zi ular bilan qolishini diliga tugib qo‘ygan edi. Lekin u bu yerda ekin ekib hosil yig‘ish yoki qo‘ylar boshini ko‘paytirish uchun qolmaydi. Bu yerda u boshqa narsa bilan mashg‘ul bo‘ladiki, buni qolganlar qancha kech bilsa, shuncha yaxshi. Suv tubidan olingan idishga qo‘li tegishi bilanoq, u unda nima borligini fahmlagan edi, uning qo‘llari adashmaydi! Suvning salmog‘i hech qachon shunchalik bo‘lmaydi, bu oltin!
Xuan boshqalar bilmaydigan, aqli yetmaydigan yana bir narsani fahmlardi, bilardi; agar ular bu yerda muqim qoladigan bo‘lsalar, ularga guvoh bo‘ladigan kishining keragi yo‘q edi. Taqdir tarozusi ishga tushadigan palla yaqinlashib qolgan lahza yetib kelganligini his qildi. Bu kishilarning yo‘l ko‘rsatuvchisi yo‘q.
Bir necha ondan keyin o‘zi shu mavqega ega bo‘ladi. Ana shu lahza kelganida, dengiz bo‘roni paytidagina qattiq baqirib beriladigan buyruq kabi butun shovqin-suronni bosib ketadigan qilib:
— Kapitanni dorga! – dedi.
Oldiniga hamma jimib qoldi, so‘ng bir necha joydan:
— Dorga! Kapitanni dorga! – degan ovozlar paydo bo‘ldi.
Keyin barcha baravariga baqira boshladi:
— Kapitanni dorga!
Hammaga ayon ediki, bu gapdan keyin orqaga qaytib bo‘lmaydi. Demak, turli ikkilanishu shubhalarga o‘rin qolmasdi. Kimdir arqonni shoshilinch olib, yo‘l-yo‘lakay sirtmoq qilar, kimdir yirtiq va g‘ijim kamzuldagi kapitanni bochka ustiga torta boshlagan edi. Endi hamma narsani bir lahza hal etadi. Agar sirtmoq kimdir ikkilanib, biror kishi qarshi un chiqargungacha tortilsa, marra Xuanniki bo‘ladi. Balki arqon ushlagan dengizchi imillamaganida shunday ham bo‘lar edi. Shu asnoda kapitan qo‘lini ko‘tardi. Suv quyganday bo‘ldi. “Sirtmoq bo‘yniga osilganda ham bularga u kapitan bo‘lib qolavergan ekan-da” deb o‘ylagan zahoti unga yana bir fikr keldi: “Uni gapirtirmaslik kerak”.
Biroq kapitan gapni boshlab ulgurgan edi. Uning ovozida osoyishtalik va hukmronlik ohangi borligidan Xuan o‘zi yutqizib qo‘yganligini payqadi.
— Kimki yer chuqilab kun kechirmoqchi bo‘lsa, shu yerda qolaversin, demak u bundan ortig‘iga loyiq emas, – dedi kapitan.
— Dorga – deya Xuan yana bir baqirib ko‘rdi, unga o‘qrayganlarini ko‘rib tilini tishlab qoldi.
— Dengizchilar, Men — Ponse de Leon, shunday qilamanki, sobiq xo‘jayinlaringiz, sizlarga ta’zim qiladigan, oyoq ostingizga yiqiladigan bo‘ladi. Olamda sizlardan boyroq insonlar bo‘lmaydi. Ayting, kayutadagi idishchani olib kelishsin…
— Qarang, yaxshilab qarang, bu oltin, — dedi u idishchani boshi uzra ko‘tarib. — Men uchun arzimas narsalar. Turgan joyidan palubaga oyog‘i ostiga mayda oltinchalarni socha boshladi.
— Vaqti kelib siz ham oltinchalarni keraksiz bir narsa sifatida sochasiz. Yoshlikni tiklaydigan suvning har bir yutumi uchun hamyonlaringizga sig‘maydigan miqdorda oltin berishadi. Dengizchilar…
Qiyshiq Xuan ohistalik bilan trap tomon siljimoqchi bo‘lgandi, bir necha baquvvat qo‘llar uni mahkam ushlab turganini bildi.
— Kapitanga barakalla! — deb baqirdi kimdir. — Barakalla, – dedi bir ovozdan omma.
Bir necha daqiqalar o‘tib, Xuan kishanlangan holda quyidagi nam va biqiq bir zindonda o‘tirardi. Uning uchun tundan farqi yo‘q kunlar ketma-ket o‘taverdi. U barcha umidi uzilgan bir holga kelgan edi. Endi navbatchi dengizchi unga ovqat olib kelganida, jig‘iga tegish uchun uning qo‘li yetmaydigan joyga qo‘ysa ham jig‘ibiyron bo‘lmas ko‘yga tushgan edi. Har zamonda, uni osibmi yoki bo‘ynini uzibmi, qanday qilib o‘ldirishga hukm chiqarishar ekan deb o‘ylab qo‘yardi. Lekin bu o‘y qo‘rquv yoki qayg‘udan emasdi, chunki u bo‘lib o‘tgan voqealar o‘zi bilan emas, qandaydir bir begona qismati unga ulanmagan bir kishi bilan sodir bo‘lganday tutardi o‘zini.
Shuning uchunmi, kunlarning birida (balki tunlarning birida) lyuk ko‘tarilib, uning oldiga kelishganida ham nima uchun kelganliklari uni qiziqtirmadi. U uzoq muddat davom etgan qidiruv ishlari poyoniga yetganligini bilmas edi. Sabrsizlik siquvi bilan kapitanning o‘zi har bir oroldagi buloqlarni tekshirib chiqqanligini, kapitan inonchiga mahliyo bo‘lib qolgan dengizchilar ham har gal omadsizlikdan tushkunlikka tushmadilar, balki omadsizlik ulardagi umidni kuchaytirdi: bugun topilmasa, ertaga, albatta, topiladi, deb o‘yladi ular.
Biroq kapitan endi bu fidoyilik va ishonchning qiymatini anglab yetgan edi. Eng ishonchli yo‘l Puerto-Rikoga qaytguncha fitnachilardan qutulish, deb bildi. Bu kungacha bir necha fitnachini yo‘l-yo‘lakay orollarda qoldirib ham kelgan edi. Kezak Xuanniki edi.
Dengizchilar uni qayiqdan olib, qirg‘oqdagi qumlikka irg‘itdilar. Qayiq qaytib ancha joyga yetgandagina, kapitan amriga muvofiq yashikdagi yemak va ikki pichoqni tashlab kelmaganliklarini eslashdi. Qaytib borishga erinishdi va o‘sha yuklarni dengizga tashlab yuborishdi.
Shunga qaramay, Xuan o‘lib ketmadi. Tirik qoldigina emas, uch kemaning egasi, kapitan Ponse de Leondan keyin ham ancha yashadi.
Kema esa yo‘lida davom etib, bir kuni tongda yashnab turgan bir orolga duch keldiki, avvalgi ko‘rgan orollarining birortasi ham bunga tenglasha olmas edi. Bu kun Iso Masihning Quddusga kirgan kuni (“Paskua florida”) bo‘lganligi uchun bu orolni (yarim orolligini bilmagan holda) Florida, deb atadilar.
Yuzlab soylar, irmoqlar bilan bezalgan bu yerlar qanchalik osoyishta va xushmanzara bo‘lsa, bu yerda istiqomat qiluvchi hindular shunchalik jangovar va bo‘yin egmas bo‘lib chiqishdi. Kelgindilar nima izlab, qanday niyatda kelganlari bilan ularning hech vaqolik ishi yo‘q edi. Oqtanli begonalarni tajribalaridan kelib chiqib, ularning ovloqlari va kapalarini tortib oladigan dushmanlar sifatida qarshi oldi. To‘qnashuvlarning birida kapitan ham jarohat oldi…
O‘sha chog‘lar kemalarida dunyoning turli tomonlariga chiqqan ispanlar juda ko‘p sarguzasht va fojialarga duchor bo‘ldilar. Dushmanlar bilan kurasha-kurasha, oxiri, o‘zlari ko‘p oylar oldin safarga otlangan bandargohiga qaytib kelishdi. Ponse de Leon kemalarni sotib, biroz kirim qilib, Ispaniyaga qaytib keldi.
Madridda uning mangulik suvi yo‘lida mardona izlanishlaridan xabardor edilar. Mehmonxonaga joylashib bo‘lar-bo‘lmas, qirol saroyidan chopar kelib chaqirtirdi. Qirol omadi chopib ketishi ham mumkin bo‘lgan bu insonga qiziqsinib tikildi. Ha, shu kishi qo‘lida mangu hayot suvi quyilgan idishni qiroliga taqdim qilmoq uchun kelgan ham bo‘lishi mumkin edi. Va u, ya’ni Ispaniya qiroli Ferdinand Aragonskiy nosaro qirollari orasida birinchi (balki, yagona) mangu yashovchi bo‘lib qolardi.
Shunday bo‘lsa ham, bu gal ishi yurishmasligida kapitanning aybi yo‘q. Qirol uning sarguzashtini e’tibor bilan tinglab, katta ehtirom ko‘rsatdi. Qabuldan qaytayotgan Ponse de Leon bu hashamatli saroyga ilk qadam qo‘ygan chog‘idagi kishi emasdi. Qirol qo‘li ishorati bilan u “janobi oliylariga”, o‘zi ochgan “Florida oroli” hokimiga aylandi. Mangu yashash istagi borasida Ispaniya qiroli yakka emasdi, juda ko‘p hokimi mutlaqlar pinhona shuni orzu qilganlar. Nahotki, qolgan kishilarga ko‘p jihatlaridan o‘xshamas hukmdor, o‘lim sohasida boshqalar bilan teng bo‘lishi kerak? Hayotning qat’iy bu qonuniga qarshi borishga intilganlardan birinchisi Xitoy imperatori Sin Shixuandi bo‘lsa ajab emas. Tarix abadiy yashash uchun, o‘zini mangu deb e’lon qilish uchun har biri o‘z bilganicha uringan ko‘plab podshohlarni biladi. G‘arbiy Rimning imperatordoshlari Arkadiy va Gonoriy (395-408) qo‘l ostidagilar ularga “ulug‘langaysiz ” deb emas ,“ mangulangaysiz” deb murojaat etishlari haqida farmon chiqarishgan. Bu farmonning asosiy izohi quyidagicha edi: “Kimki bizning shaxsiyatimizning ilohiyligini inkor etishga haddi sig‘sa, amalidan ajraladi, mol-mulki musodara qilinadi”.
Fuqarolar uchun bu izohlar yetarli edi, biroq tabiat buni qabul etmas edi.
O‘z vaqtida imperator Avgustinning qo‘l ostidagilar ham uning manguligiga ishonar edilar. Undan ham ilgari esa, Aleksandr Makedonskiyni u bosib olgan yerlardagi aholi o‘lmas inson deb bilardilar.Taqdir haziliga qarang: jasur kapitan Ponse de Leon mangulik istab otlangan Puerto – Rikoning tub aholisi ularni bosib olgan ispanlarni o‘lmas kishilar deb bilishgan ekan. Shuning uchun ham mag‘rur hindular konkistadorlar sodir etgan tazyiqu jinoyatu xo‘rlashlarga chidab kelganlar. Rostdan ham, o‘lmaslarga qarshi qo‘zg‘alishning o‘zi nodonlik emasmi, bekorchi chiranish emasmi?
Odatdagidek, kashfiyotlar shubhalardan boshlanadi. Shafqatsiz oq tanli xudolar o‘lmasligiga ishonishni istamagan mahalliy yo‘lboshchi topildi. Bu shubhani tekshirib ko‘rish uchun jiddiy bir tajriba o‘tkazishga jazm etildi. O‘sha yo‘lboshchi yerlaridan bir ispan o‘tmoqchi bo‘libdi va unga yo‘lboshchi ma’lum ko‘rsatmalar topshirilgan kuzatuvchilar ajratibdi. Ko‘rsatmani bajarish uchun hindular bir daryodan kecha turib, taxtiravondagi ispanni suvga botirib, to tipirchilashi to‘xtaguncha ushlab turadilar. Suvdan chiqarib olib, qirg‘oqqa sudraydilar va “oq xudolari” oldida har ehtimolga qarshi uzoq vaqt kechirim so‘raydilar, tasodifan yerga tushirib yuborganlari uchun gunohini o‘tishni iltijo qiladilar. U qimir etmas, gunohlaridan o‘tgan-o‘tmaganligini bildirmas edi. Bu bir ayyorlik yoki ularni sinash uchun qilinayotgan usul ekanligidan cho‘chigan hindular bir necha kun jasaddan nazarini uzmaydilar: o‘tlar orasidan, daraxt ustidan, tanaga yaqinlashib, uzoqlashib kuzatadilar.
Ana shundan keyingina hindular ularni bosib olganlar xuddi o‘zlari kabi o‘ladigan mavjudot ekanligiga qanoat hosil qildilar. Ishonch hosil bo‘lgach, bir kunning o‘zida butun orol bo‘ylab qo‘zg‘olon ko‘tarilib, ispanlarning barchasini qirib, quvib soldilar.
To‘g‘ri bu ispanlarning uzil-kesil quvilishi emasdi. O‘lmaslikni axtargan Ponse de Leonga qaytsak, u oxir-oqibatda Floridada hindular yetkazgan jarohatdan vafot etdi.
“Shu tariqa, — deb yozadi qadimiy ispan solnomalarida – taqdir inson rejalarini chil-parchin qiladi: Ponse de Leon umrimni uzaytiradi, deb o‘ylagan kashfiyot, oqibatda, uning umri qisqarishiga sabab bo‘ldi”.
Qiyshiq Xuanni esa, bir necha yildan so‘ng o‘sha orolcha yonidan tasodifan o‘tib ketayotgan kema qutqaradi. Uning sarguzashtlariga hech kim ishonmadi. Ammo o‘sha kezlarda Ponse de Leonning dong‘i taralgan bo‘lib, Xuan u bilan birga suzganligi uchun Xuanga bir qancha keksa (va boy) kishilar qiziqib qolishdi. Ana shu boy qariyalar uyushtirgan ekspeditsiyalarda Xuan yo‘lchi sifatida qatnashganligi ma’lum. Xuanning sho‘ri shunda ediki, unda xayol kuchi (fantaziya) yo‘q bo‘lib, ko‘rganigagina ishonar edi. Shuning uchun ham mangulik suvini qayerdan izlash haqidagi uning hikoyalari, xabarlarining umri qisqa bo‘ldi. O‘zi ham tez orada Yangi Dunyoning qovoqxonalari go‘shalarida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Xuan va uning kapitani kabi nodonlik va mulohazasizlik bilan abadiy yoshlikni izlagan ko‘plarning ismi abadiy yo‘qolib ketdi. Lekin bu izlanishlar shu darajada nodonlikmikan?
- O‘LMASLIK DA’VOSI (OBI HAYoT)
Inson tanasining 70 foizi suvdan iborat. Bir mashhur biolog jonvorlarni “jonli suvlar” deb bejiz aytgan emas. Inson salomatligi, umri uzun bo‘lishi uchun uning vujudi qanday suv bilan ozuqlanayotganining ahamiyati kattaligi aniq. So‘nggi yillardagi tadqiqotlardan ma’lum bo‘ldiki, suvlar kimyoviy aralashmasi bilangina emas, balki izotop tarkibi va boshqa xususiyatlari bilan ham farqlanar ekan. Agar suv ohanrabo (magnit) qutblari orasidan o‘tkazilsa, uning xossalari o‘zgarishi ma’lum. Biologik nuqtai nazardan suv faollashishi mumkin, bu qarish jarayonida yaqqol ko‘rinadi. Suvning — tanamizning asosiy tashkil qiluvchi qismning xossalari haqida hali bilimimiz to‘liq emas.
Hozirgi kunimizda Yer yuzining turli mintaqalari suvi inson umri va salomatligiga ta’siri haqida qadimiy rivoyatlar va afsonalar emas, ilmiy tadqiqotlar so‘zlayapti.
Karib havzasidagi ayrim orollar, jumladan, Gvadelupa oroli aholisi o‘zining ovrupalik tengdoshlariga nisbatan ancha yosh ko‘rinishi ma’lum hodisa. Ulardan yoshlikning umrini qanday uzaytirasiz, deb so‘ralsa, odatda, ular bunday javob beradilar: “Orolimizdagi buloqlardan chiqadigan suvlar kishini yashartiradi…” Seylon (Shri Lanka) oroli markazi kishilari ham sog‘lomlik jihatidan ajralib turadilar. Shri Lanka aholisi bunga sabab deb iqlimni va orol tog‘ buloqlari suvini ko‘rsatadilar. Qadimgilar hayotbaxsh suvni aynan mana shu oroldan ham izlaganliklari bejiz emas, shekilli.
Tog‘liklar hamda Shimolning ba’zi qavmlari uzoq yashashliklari boisi ular iste’mol qiladigan suv bilan bog‘lanadi,deb hisoblaydi olimlar. Buni moddalar almashinuviga yaxshi ta’sir etib, shu bilan tananing “yasharishiga” xizmat qiladigan “oqsuv (qor suv) samarasi” deb atashadi.
Hozirgi kundagi izlanishlar uzoq orollar yoki noma’lum yerlarda olib borilayotgani yo‘q. Izlanishlar yirik ilmiy markazlarning o‘nlab laboratoriyalarida, suvning xossalari va uning inson vujudiga ta’sirini o‘rganish bilan amalga oshirilmoqda.
Insonlar o‘z umrini imkon qadar uzaytirib, badavlat va hukmron hayot kechirish uchun muttasil qayg‘urib keladilar.
Bu borada eng qisqa yo‘lni axtarganlar.Bunday qisqa yo‘l bo‘lgan ham shekilli.Qadimiy rivoyat va afsonalar uni “obi hayot” deb atab, uni ilohiy hisoblaganlar. Turli mamlakat va xalqlarda u turli xil nomlangan. Qadimgi yunon xudolari “ambroziya” ichib, eron xudolari “xaom” ichib abadiy hayotga doxil bo‘lganlar. Faqat Qadimgi Misr xudolarigina kamtarinlik qilib, bu borada oddiy suv bilan qanoat qilganlar. Lekin bu suv ham abadiylik suvi edi.
Oddiy bandalardan aslida oltin hosil qilish uchun zahmat chekkan alkimyochilarday hech kim “obi hayot”ga yaqin kelmagan. Buning ham o‘z mantig‘i bor. O‘lmaslik – o‘zgarmaslik holatiga erishish. Oltin hamma narsalar orasida tashqi ta’sir bilan o‘zgartirib bo‘lmaydigan narsa emasmi, axir? Sirka ham, achchil ham, yemirilish jarayoni ham oltinga hech bir ta’sir eta olmaydi. Hatto vaqt ham unga ta’sir eta olmasday ko‘rinadi. Ushbu ma’danda uni o‘zgarmas qilib ushlab turadigan narsaning borligidan darak emasmikan? Undagi o‘sha moddani ajratib olib yoki oltinning o‘zi bilan o‘sha moddani kishi tanasiga yuborsa bo‘lmasmikan? “Kimki oltin yutsa, oltin kabi uzoq yashaydi”– deyiladi qadimiy Sharq matnlarining birida. Qadimgi dinlar an’anaviy asosiga ko‘ra: lochinning ko‘zini yesang, lochinday o‘tkir nigoh bo‘lasan, arslonning yuragini yesang, arslon quvvatiga ega bo‘lasan…”
Obi hayotning turli ko‘rinishlarining barchasida oltin ishtirok etgan. Rim papasi Bonifatsiy VIII ning shaxsiy tabibi tayyorlagan “obi hayot”ning tarkibi quyidagicha bo‘lgan: oltin, inju, zumrad, ko‘k yoqut, yoqut, sariq olmos (topaz), oq va qizil marjon, fil suyagi, sandal daraxti, bug‘u yuragi, aloe ildizi, mushk va anbarlar maydalanib aralashtiriladi (ushbu tarkibni aziz o‘quvchimiz shoshilib qo‘llashdan o‘zini tiyadi, degan umiddamiz).
Sharqning qadimiy bir kitobida ancha sodda tarkibni ko‘ramiz “10000 yil yashagan baqa, ko‘rshapalaklar olinib soyada quritiladi, tolqon qilinib ichiladi”. Qadimgi fors matniga ham e’tibor bering: “Sariq, sepkilli bola tanlab olinib 30 yil tar meva bilan boqiladi, keyin u ichi asal va boshqa moddalar bilan to‘ldirilgan tosh xumga tushiriladi, xum gardish bilan zichlab yopiladi; 120 yildan keyin uning tanasi mo‘miyoga aylanadi”. Undan so‘ng xum ichidagilarni, ya’ni mo‘miyoga aylangan tanani ham dori, umrni uzaytiradigan dori sifatida iste’mol qilinadi. Inson hayotining barcha sohalaridagi adashishlar o‘z mevasini bergani kabi, mazkur yo‘nalishdagilarining hosili ham kam bo‘lmadi. Shu o‘rinda XU asrda yashagan bir frantsuz olimini eslash o‘rinli. Obi hayot tayyorlash uchun u 2000 tuxumni pishirib oqsil qismini sarig‘idan ajratib olib, suv bilan aralashtirgan, so‘ng uni qayta-qayta haydash bilan hayot gavharini chiqarib olmoqchi bo‘lgan.
Bunday dorilarning bema’niligi izlanishlar bema’niligi degani emas, albatta. Odatda, keraksiz narsalar yuzaga ko‘proq chiqadi. Agar boshqa fanlardagi muvaffaqiyatsiz tajribalar tarixi bilan, amalga oshmagan kashfiyotlar bilan chog‘ishtirilsa, unda biz barcha fanlarda taxminan bir xil manzarani ko‘ramiz.
O‘lmaslik sohasidagi tajribalarni boshqa sohalardagidan ajratib turadigan holat bor — bu natijalarning mutlaqo maxfiy saqlanishidir. Tasavvur qiling, kimdir bu borada muvaffaqiyat qozonib, umrini bir oz bo‘lsa-da, uzaytirishga erishdi, u kishi o‘z muolajasini butunlay sirli qolishiga intilgan, tayyorlagan dorisi uni hayotdan erta ko‘z yumishiga sabab bo‘lsa, u ham sirlarini hech kimga ayta olmagan. Taxminan shunday qismat xitoy imperatori Syuantszun (713-756) boshiga tushgan. Bu zot ajdodlari safiga ajalidan besh kun burun otlanishi, saroy tabibi tayyorlab bergan obi hayotni nafsi yomonlik bilan iste’mol qilishi natijasidir.
“Obi hayot”dan ichishga musharraf bo‘lib, endi mangu yashayman, deb hisoblagan sanoqli bandalar qatorida XIX asrda Moskvada yashagan o‘ta boy, shinavanda inson bo‘lib, uni hamma jo‘ngina qilib Andrey Borisovich deb atagan. Keksaygan chog‘ida mangulik suvi bilan bog‘liq ishlarga berilib ketadi, lekin u bunda faqat o‘zining hissiga suyanadi. Inson har qanday ulug‘lardan ham ko‘proq o‘z-o‘ziga ishonishiga moyilligini hisobga olsak, Andrey Borisovich, nihoyat obi hayot tarkibini topdim, deb ishonganligini tushunish mumkin; Obi hayotni topdim, deb hisoblagan ko‘plar qatori, u ham o‘z topilmasini o‘zgalardan pinhon tutgan. Topgan obi hayot dorisiga shunchalik ishonganki, o‘zini ancha yasharib qoldim deb hisoblab, tansalarga qatnay boshlagan… O‘limiga bir necha soniya qolganida ham u o‘zining mangu yashashiga shubha qilmagan.
Bu voqea ikkinchi bir shunga o‘xshash rus boyining “men abadiy yashayman” degan ishonchini eslatadi, bu zot ham avvalgisi bilan zamondosh bo‘lgan.
Yigitligida Parijda yurgan pallada mashhur bashoratchi Lenorman qabuliga kiradi. Kelajakda uni kutayotgan yaxshiliklar va yomonliklarni aytib berib, Lenorman yana bir qo‘shimcha qiladiki, bu qahramonimizning butun kelgusi hayotida katta iz qoldiradi.
— Men Sizni ogohlantirib qo‘yay, siz o‘rin-to‘shakda yotgan holda jon berasiz.
— Qachon? Qaysi vaqtda? — jon holatida so‘radi bo‘zarib ketgan yigit.
Bashoratchi yelkasini qisdi.
O‘sha ondan boshlab u hayotining asosiy maqsadi qilib, taqdir taqozosidan qochishni, chetlashni tanladi. Moskvaga qaytgach, xonadonidagi karavot, divan, ko‘rpa-yostiqlarni chiqartirib tashladi. Kunduzi uyqusirab qalmoq cho‘risi, ikki xizmatkori va tizzasida o‘tiradigan kuchugi kuzatuvida karetada shahar kezardi. O‘sha kezlardagi ko‘ngilochar marosimlardan unga eng xush yoqadigani ko‘mish marosimida qatnashish edi. Shuning uchun uning aravakashi Moskva bo‘ylab janoza jarayonini izlar, topilgan zahoti xo‘jayini ular safiga qo‘shilib olardi. Qiziq ushbu jarayonlarda u nimani o‘ylar ekan? Balki u to‘shakda yotmaganim uchun, bashorat qilingan narsa sodir bo‘lmaydi, demak men o‘lmayman, tabiiyki, bunday marosimlar menga tegishli emas, deb o‘z-o‘zicha quvonar.
Roppa-rosa ellik yil u ajal bilan bekinmachoq o‘ynadi. Kunlardan bir kuni u cherkovda uyqusirab, kimningdir janozasida turibman degan xayolda ekan, xizmatkor cho‘risi uni o‘zining qari bir tanishi bilan nikohdan o‘tkazib qo‘yishiga sal qoldi. Bu unga shu darajada ta’sir etdiki, asabi mutlaqo ishdan chiqdi.
Shol ro‘molga o‘ralgan kasal kresloda arang o‘tirar, tabibning o‘ringa yotish kerak, degan gapini keskin rad etar edi. U mutlaqo sillasi quriganidan, qarshilik qilishga majoli qolmaganidan so‘ng, xizmatchilari uni majburlab to‘shakka yotqizishadi. O‘zini to‘shakda ko‘rgan zahoti jon taslim qiladi. Bashoratga ishonish kuchini qarang!
Adashishlar, xatoliklar, muvaffaqiyatsizliklar, afsuslar qanchalik bo‘lmasin, mangu yashash, loaqal umrni uzaytirish uchun kurash hech qachon to‘xtab qolmagan. Xatoliklar, johilliklar, omadsizliklar o‘z vaqtida kinoyalarga duchor qilindi. Ayni chog‘da, muvaffaqiyatning kichik bir qadami ham sir bo‘lib qolaverdi.
Ana shuning uchun ham ushbu yo‘ldagi omad va muvaffaqiyat haqidagi daraklar bir-ikkita, ular ham uzuq-yuluq;
Jumladan, tarixan tayinli bir inson bo‘lgan yepiskop Allen de Lisle (1278 yilda o‘lgan). Voqenomalar u tibbiyot bilan shug‘ullanganligini, bilim doirasi keng tabib bo‘lganligini ta’kidlaydi. Aytishlaricha, unga “obi hayot” tarkibi, jilla qurmasa, umrni cho‘zish sirri ayon ekan. U qarib-chirib o‘ladigan bo‘lganida, o‘sha obi hayot yordamida umrini yana 60 yilga uzaytira olgan ekan.
Xitoyda dao falsafasiga asos solgan, tarixiy shaxs Chjan Daolin (34-156) ham o‘z umrini taxminan shuncha cho‘za olgan. Ko‘p yillar qat’iyat bilan o‘tkazgan tajribalari samarasida u obi hayotga o‘xshash afsonaviy xapdori tayyorlagan. Yilnomalarda yozilishicha, 60 yoshida u yoshligiga qaytgan va jam’i 122 yil umr ko‘rgan.
Aristotel va boshqa mualliflar kritlik dongdor shoir, rohib Epimenidni eslab o‘tganlar. Meloddan oldingi 596 yilda u Afinaga poklovchi qurbonliklar qilish jarayoniga taklif etilgan. Rivoyatlarga ko‘ra, Epimenid umrini 300 yilgacha uzaytira olgan ekan. Biroq bu uzun umr ham oxirgi nuqta emas ekan. Portugaliyalik saroy tarixchisi yozishiga ko‘ra, o‘zi ko‘rib gaplashgan bir hindning yoshi 370da emish. Turinda 1613 yilda chiqarilgan kitobning Goada istiqomat qiluvchi salkam 400 yoshli kishi tarjimai holiga oid qismini ham aytilayotgan mavzumizga daxli bor, deyish mumkin. Hindistonda yashagan bir musulmon avliyoning umri davomiyligi ham qayd etilgan raqamlarga yaqindir (1050-1433). Hindistondagi Rajastxan o‘lkasida Munisadxa degan darvesh XVI asrda Dxaspura atrofidagi g‘orga uzlatga ketgani va u hanuz tirikligi haqida mish-mishlar bor.
O‘rta asrlarning yirik olimi, faylasufi Rojer Bekon ham inson umrini uzaytirish bilan qiziqqan. “De sekretis operalus”nomli asarida saratsin (arablar) qo‘l ostida ko‘p yillar tutqunda bo‘lib, qandaydir xapdorini tayyorlash sirini o‘rganib olganligi bois 500 yil yashagan Papalius degan bir kimsa haqida yozadi. Katta Pliniy allaqanday bir illiriyalik ham umrini 500 yilga uzaytira olgani haqida shohidlik beradi.
Zamon jihatidan bizga ancha yaqin bo‘lgan xitoylik Li Sanyun 1936 yilda o‘ladi. Yozma hujjatlar tasdiqlashicha, u o‘lganida 24 nafar xotini beva qolgan. Ta’kidlashlaricha, Li Sanyun 1690 yilda tug‘ilgan, demak, u 246 yil yashagan.
Mana shunga o‘xshash xabarlar sirasida eng g‘ayrioddiy va afsonaviy ma’lumot 186 yil umr (1770-1956) ko‘rgan Topasviji ismli hind bilan bog‘liqdir. Patiala rojasi bo‘lgan bu kishi 50 yoshida, inson tashvishlarining narigi tomonida bo‘lish uchun Himolayga yo‘l oladi. Ko‘p yillik tajribalar, mashqlar natijasida “samadxi” holatiga tusha oladigan bo‘ldi. Bu holatda hayot tanani tark etganday bo‘lib, uzoq muddat yemak-ichmak ehtiyoji qolmaydi. Bunday amaliyotlar haqida Hindistonning mustamlaka ma’muriyatida xizmat qilgan ingliz zobitlari ko‘plab xabar berishgan; Ichak va oshqozonlarni barcha narsalardan forig‘ qilib, quloq va burunlariga mum chaplab, qishda hashoratlar tushadigan holatga kira oladigan yoglar haqida ham ko‘p yozishgan. Mana shu holatda ular bir-ikki kun emas, haftalab, hatto oylab qolganlar, keyin ularni issiq suv va uqalash yordamida hayotga qaytarishgan.
Tapasvijining umri juda ham hayron qolarli emasdir. Zotan, 140-148 yil yashagan umrzoqlar miqdori talaygina. Tapasvijimi yoki boshqa birovmi, parhez va shunga o‘xshash vositalar bilan umrini o‘n, bir necha o‘n yilga cho‘zishi mumkin bo‘lgan hodisa. Gap Topasviji guvohlik bergan narsa haqida.
Kunlardan bir kuni, deydi Tapasviji, Himoloy tog‘i tarmoqlarining birida bir darveshni uchratdim. U faqat mevalar va sut bilan ovqatlanar ekan. Ko‘rinishidan g‘ayrat va tiyraklik ufurib turardi. Qizig‘i shundaki, darvesh hozirgi hind tillarining birontasini bilmas ekan. U faqat sanskrit tilini — Qadimgi Hindistonda tarqalgan adabiy tilni bilar ekan. Demak, u bu yerga kelganiga 5 000 yil bo‘lgan! Umrini bu qadar uzun bo‘lishining siri faqat o‘zi biladigan dori ichib turishida ekan. Tarixiy yilnomalar, rivoyatlar va afsonalarda ham hech kim hali 5 000 yil yashamagan.
Biroq, bu qanchalik afsonaviy bo‘lmasin, ellik asr qancha katta muddat bo‘lmasin, baribir, bu abadiylik emas, balki mangulik tomon bir qadamdir, xolos. Ana shuning uchun ham olimlar va mutaassiblar, faylasuf va devonalar obi hayotni — mangu hayot suvini izlaganlar. Shu yo‘lga umrining bir qismini, ba’zilari barini sarflaganlar.
Tosh yotqizilgan ko‘chalar, an’anaviy qizil sopol yopilgan tomlar va gotik uslubdagi nemis chekka shahri. Ushbu shahar ko‘chalaridagi uylarning birida tevaragida kolba, bo‘yni uzun shisha xumlar to‘lib-toshgan mansardda bir yigit o‘tiribdi. U atrofini o‘rab turgan narsalardan ham afsonaviyroq narsa bilan — obi hayot izlash bilan ovora. Lekin eng ajablanarlisi shuki, bu kishi unaqa yoki bunaqa bir inson emas, balki Gyote — yoshgina Gyotedir. U yoshligida birmuncha vaqt obi hayot izlash bilan band bo‘lgan. O‘tganlar xatolarini takrorlamaslik, ular kirib qolgan o‘ramga kirib, bir doira ichida aylanavermaslik ehtiyotini qilib, alximiklarning unutilib, yashirinib qolgan ishlarini ham topib sinchiklab o‘rganadi..
“Tushunmaslik oqibatida olimlarning bir to‘dasi uning oldida ta’zim qiladigan, bir to‘dasi uning ustidan kuladigan buyuk kitoblardan jichcha bo‘lsa ham ma’lumot olishga pinhona harakatdaman, nozik ta’bli donishmandlar ushbu kitoblar sirlarini anglashdan lazzat oladilar“, deb yozgan edi u o‘sha kezlarda.
Shunday qilib, buyuk shoir mangulik suvini izlovchi, alkimyogar sifatida o‘sha g‘alati kishilar bilan bir safda turadi. Ana shunday g‘alati kishilardan biri buyuk shoirning zamondoshi Aleksandr Kaliostro edi. Insoniyat tarixida o‘tgan eng ulug‘ yolg‘onchi, qallob, deb hisoblaydi uni zamondoshlarining ba’zilari, boshqalari esa cheksiz bilim va salohiyatga ega bo‘lgan shaxs, deb ta’kidlaydilar.
Agar biz bu kimsaning barcha kirdikorlari va qilmishlarini sanasak, siz bilan biz o‘ylagandan ancha ko‘p sahifalarga joy bo‘lardi. Uning nasli noma’lumligi, boyligi qayerdan paydo bo‘lganligi noaniqligi ustiga yana bir siri ham bor edi. O‘sha zamon gazetalaridan birida shunday satrlarni o‘qiymiz: “Aytishlaricha, graf Kaliostro asrorning barchasidan boxabar bo‘lish bilan birga, obi hayot tayyorlash yo‘llarini ham ochgan ekan“. Mana shu mish-mish Kaliostroni qirollar saroylarida juda katta a’yonga aylantirib qo‘ygan bo‘lsa nima deysiz? Uning obro‘si shu darajaga yetgan ediki, frantsuz qiroli Lyudovik XVI, bu kishining sha’niga har qanday hurmatsizlik va haqorat qirolga qilingan haqorat bilan barobar jazolanadi, deb e’lon qilgan edi.
Kaliastro Peterburgga kelganida oliy tabaqa xonimlar uning xotini Lorentsiyaning yoshligi va go‘zalligiga bir hayron qolgan bo‘lsalar, undan yoshi qirqdan oshganligi, to‘ng‘ich o‘g‘li golland lashkarida kapitan lavozimida xizmat qilayotganligini eshitib yana bir hayratga tushdilar. O‘zaro surab-surishtirishlar orasida Lorentsiya erim yoshlikka qaytarish sirlarini biladi, deb gullab ham qo‘ygan ekan.
Kaliastroga xos maftunkorlik, uning ustida yurgan sirli gaplar rus saroyi a’yonlari diqqatini tortmasligi mumkin emasdi. Rus ayol imperatorining shaxsiy tabibi ingliz Robertson unda o‘zining raqibini ko‘rishi bejiz emas edi. U Saroydagi mulozamat doirasidan chiqmay, grafni taxtga yaqin bo‘lgan kishilar nazdida qoralashga intildi. Saroyning anoyi tabibi Kaliastro bilan o‘zi eng yaxshi o‘zlashtirgan qurol – ig‘vo vositasida bellashmoqchi bo‘ldi. Biroq graf ham kurashni o‘zi yaxshi egallagan vosita asosiga ko‘chirishga intildi. U Robertsonni duelga chaqirdi, bu duel g‘ayriodatiy, ya’ni zaharlar vositasida amalga oshirilar edi. Har biri raqibi tayyorlagan zaharni ichishi, keyin esa istagan ziddizaharni ichishi mumkin edi. O‘ziga to‘liq ishongan kishi sifatida Kaliastro ana shunday shartni qattiq turib talab qildi. Undagi ishonchdan qo‘rqqan Robertson chaqiriqni qabul qilishdan bosh tortdi. Duel bo‘lmadi. Raqibida o‘lmaslik xapdorisi — obi hayot borligi haqidagi mish-mishlarga aksariyat zamondoshlari kabi Robertson ham ishongan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Taqdir erkatoyi bo‘lmish Kaliastro, erkalovchisiga juda ko‘p erkaliklar qilib yuborgan edi. Nihoyat, uning ham oshig‘i pukka tushdi va bu uning oxirgi oshiq tashlashi bo‘lib chiqdi. Kaliostroni inkvizatorlar tutuqlab, qamoqqa tashladi, xabarlarga ko‘ra, 1795 yilda o‘sha qamoqdagi chuqur bir quduqning toshiga zanjirband tashlangan holda manguga ko‘z yumdi.
Bunday holatlarda bo‘lgani kabi, Kaliostroga tegishli barcha qog‘ozlar olovga berildi. Uning faqat bir varaqqa bitilgan yozmasining Vatikanda ko‘chirilgan nusxasi saqlanib qolgan. Unda “yoshlikka qaytish — regeneratsiya bayon qilinadi: uni iste’mol qilib (ikki dona turkona dori zarrasini), kishi uch kungacha hushidan ketadi, nutqini yo‘qotadi, o‘sha vaqt davomida tutqanoq tutadi, g‘ujanak bo‘lib qoladi, terlaydi. Ushbu og‘riqsiz muddatdan chiqib, o‘ttiz oltinchi kuni oxirgi — uchinchi zarrani yutadi, so‘ng qattiq va shirin uyquga ketadi. Uyqu asnosida po‘st tashlaydi, tishlari tushadi, sochi to‘kiladi. Bir necha soat davomida ularning barchasi qayta o‘sib chiqadi. Qirqinchi kun tongida mijoz xonadan yangi inson, to‘la yashargan inson bo‘lib chiqib ketadi“.
Yoshlikka qaytarishning ushbu usuli qanchalik xayoliy bo‘lishiga qaramay,, hindlarning “kayya kolpa“ degan yashartirish usulini esga soladi. Tapasvijining o‘zi aytishicha, u o‘zi kayya kolpani ikki marta qo‘llagan: birinchi marta 90 yoshida bu usulni ishlatgan. Qizig‘i shundaki, uning davolanishi qirq kun davom etgan bo‘lib, shu kunlarning ko‘pini uyquda va meditatsiya holatida o‘tkazgan. Qirq kundan keyin undan ham yangi tishlar o‘sib chiqqan emish, oqargan sochlari avvalgi rangiga qaytib, vujudi yoshligidagi kabi kuch-quvvatga to‘lgan emish. Qadimgi matnlar, o‘rta asr va keyingi zamonlarga oid bitiklarda “regeneratsiya“ haqidagi fikrlarni uchratib tursak ham, ularning birortasida ham dorining tarkibi haqida batafsil ma’lumot yo‘q.
Buning ajablanarli tomoni bormikan?
- MANGU YaShOVChILARMI?
Nomi bilan juda ko‘p ajoyib voqealar bog‘liq bo‘lgan graf Sen.Jermen haqida eshitganmisiz?
A.S.Pushkin “Qarg‘axonim“.
O‘lmaslik uchun intilganlar sanog‘i shunchalik ko‘p ediki, ular o‘zlarining afsonalarini yaratmasligi mumkin emas edi. Rivoyatlarga ko‘ra ba’zi birovlar mangulikka eltadigan eshikni topgan ekanlar. Bu degani, o‘sha topganlar hozirgacha o‘z sirlarini mahkam yashirib — bizning oramizda yashamoqdalar deganimikan?
Haqiqat bilan xomxayol aralashib ketgan afsonalar paydo bo‘lishi zaruriy bir narsadir. Inson idroki tarixi jarayonida qanotlar ko‘magida ko‘kka ko‘tarilib parvoz qilgan Dedal va Ikarlar haqidagi afsonalar qanchalik qochinilmas bo‘lsa, bular ham shundaydir. Agar kimdir maqsadga yetib, mangulikka erishibdi, degan ovozalar tarqalmasa, o‘lmaslik suvini izlash ham keng yoyilmas edi. Jumladan, afsonaviy oltinlar mamlakati — Eldorado haqidagi hikoyalar ko‘plab tavakkalchilarning o‘sha mamlakatni izlashga undagan. Kishilar kimdir o‘lmaslikka erishganiga ishonadilar, inonishni xohlaydilar. Mana shu ishonch umid tug‘dirardi, omadni sinashga turtki bo‘lardi.
Mashhur arab (o‘zbek) olimi Beruniy, 1000 yildayoq, qadim zamonlarda Ilyos (Elias) degan kishi abadiylik yo‘lini topganligi va Beruniy zamonida hali tirik ekanligini yozadi. Beruniy uni “Mangu yashovchi“ deb ataydi.
Mavzumiz bilan bog‘liq boshqa kishilar tilga olinganida, birinchi galda Pifagor maktabilik faylasuf Appoloniy Tianskiy (mil.1 asri) esga keladi. Yosh bolalik chog‘idayoq “harom va aqlni xiralashtiradi“ deb go‘shtdan voz kechadi, jun ko‘ylak kiymaydi, oyoqyalang yuradi… Besh yil davomida lom-mim deb og‘iz ochmaydi.
O‘sha zamonlarda darveshlari, olimlari, sirli ilmlari bilan mashhur bo‘lgan Hindistonga Appoloniy Tianskiy oliy ilmlarini egallash uchun yo‘l oladi. Yo‘lda unga allaqanday Damid degan kimsa qo‘shiladi:
— Yo‘ldosh bo‘laylik, Appoloniy. Senga ziyon emas, hayon yetkazishimga o‘zing amin bo‘lasan. Yo‘llar borasida unchalik bilimdon bo‘lmasam-da, Bobil yo‘lini va undagi shaharlarni bilaman. Qancha yovvoyilar bo‘lsa, ularning barchasining tilini bilaman. Ba’zilari arman, boshqalari midyan va fors, yana birlari kaduyan tillarida gaplashadi, men ularning barini bilaman.
— Men ham, azizim, bu tillarning barchasini bilaman, garchi birontasini o‘rganmagan bo‘lsam ham.
Damid ajablanib boqdi.
— Jumla inson shevalari menga tushunarli ekanligidan hayratga tushma, zero, men inson sukutini ham anglay olaman.
— Hindistondan qaytgan Appoloniy o‘z yurtida yurtdoshlari esidan chiqmaydigan ko‘p ajoyibotlar namoyish qildi. Neron zamonasida u Rimda bo‘ldi, Misrga bordi, Sitsiliya va Gibraltarlarni kezdi.
U o‘n nafar imperator hukmdorligini ko‘rdi, o‘n birinchisi davrida — yetmish yoshida Rimga qaytdi. Bu shaharda imperator Domitsian buyrug‘iga muvofiq tutuqlanadi va qamoqqa yotqiziladi. O‘zidan o‘zgacha fikrlovchilarni jazolash, hokimiyatining cheksizligini namoyon qilish uchun imperator faylasufni sud qilishga farmon berdi. Tayinlangan kun, tayinlangan soatda, top-toza qilib yig‘ishtirilgan saroyga shaharning kazo-kazolari yig‘ilishdi. Kuchaytirilgan qo‘riqchilar qurshovida Appoloniyni olib keladilar. Sud jarayoni avjiga chiqqan bir pallada — soxta guvohlar imperatorga hurmatsizlik, diniy kufr kitoblar va sehrgarlikda og‘iz ko‘pirtirib tuhmat yog‘dirayotgan kezda u hammaning ko‘z o‘ngida . . . liq to‘la zal nazaridan g‘oyib bo‘ladi.
O‘sha kuni, taxminan bir necha soatlardan keyin Appolonni uni yaxshi taniydiganlar Rimdan uch kunlik yo‘lda ko‘rganlari haqida gaplar tarqaldi.
Rimdagi mahkama zalidan sirli tarzda g‘oyib bo‘lganidan ko‘p o‘tmay u Yunonistonda paydo bo‘ladi va ibodatxonalarda yashab yuradi. Bizga ushbu faylasufning na o‘lgan yeri, na vaqti ma’lum. Buni uning zamondoshlari ham bilmas edi. Tarixiy voqeanomalarda u “bedarak ketgan“lar sirasida sanaladi. Shuning uchun ham uning ajoyib xislatlari va amallari haqida eslanar ekan, bular yoniga yana bir sifatni — o‘lmaslikni qo‘shib qo‘yadilar.
Ko‘p yuzyilliklar Appoloniyni o‘lim hukmidan qochib qayerlardadir kishilar orasida yashirinib yuribdi, deb hisobladilar. Keyin ming yil ham o‘tdi, birdan o‘sha mish-mish tasdiqlanadi. XII asrda o‘zini Artefius deb atagan faylasuf va alximik yashagan. Uning ko‘p zamondoshlari bu ism bilan Appoloniy Tianskiy yashirinib yuribdi, deb taxmin qilganlar. Artefius imzosi bilan bizgacha ikkita asar yetib kelgan: falsafa toshi haqida hamda umrni uzaytirish usullari haqida. Buyuk Appoloniydan boshqa yana kimning ushbu sohalar haqida yozishga haddi sig‘adi! Bu fikr faqat zamondoshlarigagina kelgan desangiz yanglishasiz. Vaqt o‘tib kitoblar nashr etilishi yo‘lga qo‘yilgach, navbat Artefiusning umr haqidagi asariga ham yetib, bosib chiqariladi. Uning so‘zboshisida nima deb yozilganini bilasizmi, mana o‘qing! “Muallif ushbu kitobni yozishga alohida asosga, haqga egadir. Zotan, bu kitobni yozgani paytida uning yoshi 1025da edi”. Ushbu ish mujmal ishora va g‘aliz ifodalarga to‘la, muallif go‘yo omi xalq orasidagi ayrim uni anglay oladiganlargagina murojaat etayotganday tasavvur tug‘iladi. “Bechora nodon, nahotki, bizning har bir so‘zimizni to‘g‘ri ma’noda deb o‘ylaysan, nahotki, biz senga barcha sirlarning eng azizini oshkor etadi degan xayoldasan?“ — deb yozadi o‘quvchisiga murojaat qismida.
To‘g‘ri, bizning zamonamizdan turib, qachonlardir yashab o‘tgan insonlarni soddalik va go‘llikda ayblash qiyin emas, chog‘i. Bunday qilishga oshiqmaylik. Bizdan keyin yana shuncha yuzyilliklar o‘tib, nasllarimiz ham bizni nimalarda ayblar ekan? O‘sha zamon kishilari uchun hozir bizningcha, ishonilmas narsalar odatiy bo‘lib ko‘rinishi ham mumkin-da! Appoloniy Tianskiy bu borada yagona bir misol emas. Tarix o‘z zamonasida unga ishonishga tayyor bo‘lgan, uning ishlariga o‘ta qiziqqan, ishonilmas narsalariga ishongan juda ko‘p shaxslarni biladi.
…1750 yil mobaynida Parijda, faqat, graf Sen-Jermen haqida gap ketgan, desak lof bo‘lmas. U kishi g‘alati bir shaxs edi. Graf o‘lmaslik sirlarini biladi, degan mish-mishlar ham tarqalgan edi.
Sen-Jermen birdaniga sahnda paydo bo‘ldi: o‘tmishi bilan bog‘liq hech narsa ma’lum emas edi. Go‘yo bir devor yorilganu uning ichidan Sen-Jermen chiqqan — Sen Jermen shundan boshlanadi. Vaqti kelib, yana o‘sha devorga ohista kirib ketish uchun chiqqanday, Xuddi Kaliostro kabi, buning ham bitmas-tuganmas boyligi-yu, o‘zining kelib chiqishi haqida biz ham zamondoshlari kabi juda oz narsa bilamiz.
Graf o‘zi haqida gapirishni istamasdi, lekin ba’zan tasodifan “gapirib yuborganday“ bo‘lardi. Shunda uning gap-so‘zidan Aflotun va Senekalar bilan suhbatlashgani, Ashshurbanipal bazmida ishtirok etgani, payg‘ambarlarni tanigani ma’lum bo‘lardi. Birda graf Drezdendalik chog‘ida, uning aravakashidan bir kimsa, rostdan ham xo‘jayiningning yoshi 400 dami deb so‘raganida, u soddadillik bilan “aniq bilmayman“” deb javob bergan ekan, keyin o‘sha ohangda davom etibdi:
— Biroq janoblariga 130 yillik xizmatim chog‘ida u kishi zarracha ham o‘zgarmadi.
Ushbu g‘alati bayon, undan ham g‘alatiroq tasdig‘ini topganiga nima deysiz?
Eng obro‘li boy xonadonlar mehmoni sifatida graf tevaragidagilarni o‘zining muomalasi, donoligi, o‘tmishni yaxshi bilishi bilan qoyil qoldirardi. Xususan, qari zodagonlar uni ko‘rganlarida o‘zlarini yo‘qotib qo‘yar, hayajonga tushib hayron qolar, to‘satdan bolalik chog‘ida, buvi-buvalari mehmonlari davrasida bu kishini ko‘rgani eslariga tushgandek bo‘laverardi. Qariyalar hayron bo‘lishining yana bir boisi, bu kishining o‘sha chog‘lardan beri tashqi qiyofasining o‘zgarmaganidadir. Bu kishi to‘satdan Parijda Sen-Jermen ismi bilan paydo bo‘lgunga qadar, uni dam Angliyada ko‘rishgan, Gollandiyada bilishgan va dam Italiyada uchratishgan ekan. U har yerda har xil unvon va nomlar bilan yashaganligi ma’lum. Agar uni yaxshi taniydigan insonlar guvohlik berishmasa, markiz Montfera, graf de Bellami va taniqli Sen-Jermenlar boshqa-boshqa insonlar deb o‘ylash mumkin bo‘lardi. Bu kishi turli yerlarda, har xil vaqtda turli laqabu ismlar shodasini hosil qilgan. Genuya va Livornoda Soltikov degan ruschaga uyqash familiya ostida o‘zini rus askariy generali deb tanishtirgan.
Ba’zilar uni ispan desalar, boshqalari frantsuz yo portugal hisoblaydilar, yana birlari hatto rus ham deydilar. Hamma narsa grafning yoshini aniqlashga qarshi xizmat qiladigan. Uning zamonida tarix hali o‘lmaslik xapdorisi – “obi hayot“ izlanishlari bilan aloqador voqealarni unutmagan chog‘ edi. Shuning uchun ham graf o‘lmaslik dorisini tayyorlashni bilar ekan, degan ko‘cha gapi tarqalganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Ushbu sir haqida Ser-Jermenning Londonga tashrifi munosabati bilan “London xronike“ gazetasi 1760 yilning 3 iyunida ehtirom ila yozib chiqargan edi. Takalluf bilan yozilgan maqolada grafning fazilatlari, xislatlari sanaladi, donishmandligi uqtiriladi, donoligi tufayli “obi hayot“ sirlari unga ayon bo‘lganligi gapiriladi. “Frantsiyaning malikasi“ markiza de Pompadur ham, ana shu obi hayotdan qirol hushtoriga ham bir oz ulush berishini o‘tinib so‘ragan edi. Kaliostro bilan Sen-Jermen zamondosh edilar. Inkvizatsiya sudi bayonnomalaridan Kaliastro so‘zi qaydlaridan u Sen-Jermen bilan uchrashganligini bilib olamiz. Kaliastro bir idishda Sen-Jermen “o‘lmaslik suvi“ni saqlaganligini ta’kidlaydi.
Frantsiyadan Sen-Jermen kutilmaganda va nima sababdan ketganligini aniqlab bo‘lmaydi. Markiza de Pompadur qo‘llab turishiga, qirolning o‘zi juda katta ikrom ko‘rsatishiga qaramay, bu g‘alati inson to‘satdan Parijdan chiqib ketadi. Qayerga va nima uchun deng! U bexosdan Golshtiniyada paydo bo‘lib, u yerdagi qasrida tanholikda bir necha yil umr kechiradi. Aytishlaricha, 1784 yilda ana shu qasrda olamdan o‘tadi.
Ammo-lekin bu o‘ta g‘alati o‘lim edi. Grafning tanishlaridan biri bu o‘limni “shamg‘alat o‘lim“ deb atadi. Yana shu atrofdagi biron-bir qabristonda Sen-Jermen ismi qayd qilingan qabrtosh yo‘qligini ham yozgan.
Bir yil o‘tib, Parijda frankmasonlar yig‘ini bo‘ladi. O‘sha yig‘inga qatnashganlar ro‘yxati saqlangan. Unda Mesmera, Lafertlardan keyin Sen-Jermen ismi qayd etilgan.
1788 yilda, ya’ni yana uch yildan keyin, Frantsiyaning Venetsiyadagi vakili graf Shalon Sen-Jermenni Avliyo Mark maydonida uchratib u bilan suhbat quradi.
Frantsuz inqilobi yillarida esa, zodagonlar yotqizilgan qamoqlarning birida Sen-Jermenning ham borligi aniqlanadi. “Graf Sen-Jermen — deb yoziladi 1790 yilgi qamoq bitigida — haliyam bu dunyoda yashayapti, o‘zini yaxshi his etmoqda“.
30 yillar o‘tgach, grafni yoshligidan yaxshi biladigan Janlis ismli aslzoda xonim uni Venada uchratadi. U mutlaqo o‘zgarmagan edi, keksa xonim xursandchilikdan hayajon bilan unga intilganida, u izzatini joyiga qo‘yib muomala qiladi, biroq kutilmagan uchrashuvni cho‘zmaslikka harakat qiladi. Bundan keyin Venada uning qorasi ko‘rinmadi.
Bir iste’fodagi amaldor boshqalardan ziyrakroq chiqib qoldi. Lui Filipp saltanatining so‘nggi yillari bo‘lib, Sen-Jermenni shaxsan tanigan-bilgan kishilardan deyarli hech kim qolmagan zamon. Parij xiyobonlarining birida u o‘zining yoshligini entikib eslatadigan bir kimsani ko‘rib qoladi. Bu Sen-Jermen edi, uning tashqi qiyofasi mazkur amaldor yoshligida ko‘rganiday, oradan bir ko‘p o‘n yillar o‘tganiga qaramay, o‘zgarmagan edi. Ammo chol grafni bag‘rimga bosay, deb unga qarab hayajonlanib yugurmadi. Faytunda uni kutib o‘tirgan xona xizmatchisini chaqirib, o‘sha kishini surunkasiga poylab yurib, kimligini aniqlashni buyurdi. Bir necha kundan keyin cholga ma’lum bo‘ldiki, u kishi o‘z tanishlari orasida mayor Frezer nomi bilan ma’lum ekan, biroq familiyasi inglizcha bo‘lsa-da, o‘zi ingliz emas, yolg‘iz yashaydi, aravakash, ikki nafar uy xizmatchisidan boshqa xizmatchilari yo‘q.
Chol nihoyatda ehtiyotkor bo‘lib, orachi kishi yordamida xususiy izquvar yollaydi. Biroq izquvarning aniqlaganlari “mayor“ning boyligi hisobsiz, boyligi va o‘zining kelib chiqishi haqida hech narsa bilib bo‘lmaydidan nari o‘tmadi.
O‘sha kishining kechqurunlari qay chog‘da xiyobonga chiqishini bilib olgandan so‘ng, chol u bilan tasodifan tanishib qolish chorasini qo‘lladi. Ikki marta kechlik ovqatni ham birga qilishdi. Ko‘pgina qari kishilarda bo‘lgani kabi bu chol ham qaysi mavzuda gap boshlamasin, baribir, beixtiyor oxiri o‘tmishga kelib taqalardi.
— Ha, ukam, bir vaqtlar bu qahvaxona gurkiragan edi. Men yemagini emas, hatto mijozlar miqdorini ham emas, bu yerga keluvchilar haqida aytyapman.
— Konventdan keyin hammasi o‘zgarib ketdi.
— Ha-da, Konventdan keyin boshqacha bo‘lib qoldi. Yakobinchilar bu yerda o‘z klubini qurmoqchi bo‘lganlaridan boshlab devorlar ham o‘zgacha bo‘lib qolganday. Bu yerda bir paytlar markiz de Buafi deganni ko‘rardim. U amakivachchasi bilan birga kelardi.
— Markizning ikki amakivachchasi bor edi. Anrisini aytyapsizmi?
— Yo‘q, kattasini. Haligi, otasimi, bobosimi, ispan vorisligi uchun urushda qatnashganini.
— Uning buvasi edi. Vikont de Puate. Ajoyib chavandoz edi. O‘z vaqtida tengi yo‘q edi. Afsus, oxiri baxayr bo‘lmadi…
Sobiq amaldor qoshini sal chimirdi. O‘sha zamonlarda, o‘sha davralarda bu savolni ifoda etar, biroq bu savolga javob berish ham, bermaslik ham odob doirasida hisoblanardi. Suhbatdoshi javob berishni lozim topdi.
— Gap shundaki, vikontning otasi — u qirol Lyudovik XIV ga xizmat qilardi — axloqan tayinsiz bo‘lib, undan biron yaxshi narsa kutish amrimahol edi. Masalan, sizni u o‘z mulki yerlaridagi ovga chaqirsa, siz ikki-uch kun Parijdan uning qasrigacha yo‘l azobini tortib yetib borsangiz, u o‘zi Nantmi yoki boshqa bir yerga jo‘nab qolgan bo‘lishi mumkin edi…
— Ammo bu hali hammasi emas, — davom etdi cholga o‘zini “mayor Frezer“ deb tanishtirgan kimsa — saroydagi allakim vikontga Saksoniyadan uy xizmatchisi yollashni tavsiya etibdi. Qanaqa uy xizmatkorligini bilasizmi, butun frantsuz qirolligida bundan o‘tgan malla bo‘lmasa kerak. Vikont shu bilan ham mag‘rurlanardi…
Gaplarini tinglab, voqeaga shohid bo‘lmagan kishi bunday bayon qila olmasligiga ishonch hosil qilasiz. Suhbat ham g‘alatiroq bo‘lib, o‘tganlarni eslab gapirishdan chol kishi emas, yosh yigit ko‘proq lazzat olayotgan edi. Gap ancha zamonlar oldin va uzoq mamlakatlar ustida ketganida o‘zi ko‘rib, eshitgan kishigagina xos hissiyotlar bilan bayon etardi. O‘z vaqtida Sen-Jermen bilan suhbat qurganlar undagi bu bayon qilish xususiyatlarini ko‘p bor ta’kidlab o‘tgan edilar. Chol bu g‘alati kimsaning yuzlariga tikilib hikoyasini tinglar ekan, yarim asr orqaga qaytib borganday bo‘ldi. Cholning o‘zini esa vaqt ayab o‘tirmagan, shuning uchun uning bir ustunligi bor ediki, ro‘parasida o‘tirgan bu yosh yigit bir vaqtlar uni yaxshi tanigan bo‘lsa ham, endi taniy olmas darajada o‘zgarib ketgan edi. Har bir narsaning qirrasida yurishning o‘z xatari bo‘ladi. Kunlarning birida uchinchimi, to‘rtinchimi uchrashuvda chol o‘zini ushlab tura olmadi. Zamonasining ulug‘ kishilari sirasidan Sen-Jermenni bilishi va u bilan uchrashganligini aytib qo‘ydi.
Suhbatdoshi yelkasini qisdi va boshqa narsalar haqida gapirib ketdi.
Ushbu uchrashuvdan ular odatdagidan ko‘ra ertaroq tarqalishdi va mayor keyingi uchrashuvlarga kelmadi.
Sobiq mansabdor chol so‘rab, surishtirganida ma’lum bo‘ldiki, xizmatkorlarini olib noma’lum tomonga jo‘nab ketibdi.
Qolgan umri davomida chol o‘sha suhbatdoshi yana qaytib kelgan-kelmaganligini surishtirib yurdi. Biroq u Parijga qaytmadi.
Bundan keyin Sen-Jermen bilan bog‘liq yana ikki darak bor. U 1934 yilda yana Parijda bo‘y ko‘rsatgan emish. So‘nggi bor esa 1939 yil dekabrida paydo bo‘lgan ekan. Biroq bu kezlarga kelib, Sen-Jermenni tanigan insonlar yorug‘ olamda qolmaganligi bois, bu xabarlarni ishonchli tomoni yo‘q. Aytganday, bunday vaj faqat Sen-Jermen uchungina doxil deb o‘ylamaslik kerak.
Keling, bo‘lishi mumkin bo‘lmagan narsa bo‘ldi, deb faraz qilaylik. Obi hayotni izlagan o‘nlab, yuzlab, minglab kishilardan bir nafari umrni uzaytiradigan iloj topdi ham deylik (Umrni uzaytirish mumkinligini hozirgi zamon fani rad etmaydi.) Endi savol tug‘iladi: o‘sha inson o‘zini qanday tutishi mumkin? Uning oldida aniq, lekin qiyin ikki yo‘l bor: o‘ziga ma’lum bu sirni boshqalardan pinhon tutish yoki uni hammaga ma’lum qilish. Bizga ma’lumi shuki, so‘nggi holat ro‘yobga chiqmadi.
To‘g‘ri, biz yana bir holatni e’tiborga olmadik, bu o‘lmaslikdan voz kechish holati. Bir qaraganda bunday bo‘lishi mumkin emasday bo‘lib ko‘rinadi. Lekin rivoyatlar bo‘yicha, Sulaymon podsho ana shu yo‘lni tutgan. Unga mangu hayotni ta’min etuvchi dorini taklif qilganlarida, u yaqinlari, sevganlaridan keyin qolib yashashni istamaganligidan, dorini qabul qilishni rad etadi. Bu rivoyat: o‘lmaslik – ayanchli bir qismat, hatto tavqi la’natdir, degan bir qayg‘uli fikr asosida hosil qilingan, balki Agasfer rivoyatiga zamin ham bo‘lgandir.
Rivoyatga ko‘ra, Isoni azob-qiynoq bilan o‘ldirish uchun eltganlarida, azob berish vositasi bo‘lmish og‘ir taxta xochni ham o‘ziga ko‘tartirishgan ekan. Xochlash manziliga eltuvchi yo‘l yomon va uzoq ekan. Holsizlangan Iso Masih bir devorga suyanib nafas rostlamoqchi bo‘lganlarida, uyning egasi bo‘lmish Agasfer ruxsat bermabdi.
— Yur, yur, — debdi u, munofiqlar olqishi ostida. — Dam olib nima qilasan?!
— Yaxshi, — qaqrab ketgan lablarini ochdi Iso. — Sen ham butun umring davomida yurib o‘tasan. Sen dunyo bo‘ylab sang‘iysan, hech qachon senda orom bo‘lmaydi, istab o‘lim topmaysan…
Ushbu rivoyat balki allaqachon unut bo‘lib ketardi, balki, balki agar asrlar bo‘yi dam u yer, dam bu yerda bir kishi paydo bo‘lmasa va kishilar uni Agasferga o‘xshatmasa…
U haqida Dante o‘zining “Ilohiy komediya“sida do‘zaxga joylashtirgan italiyalik munajjim Gvido Bonatti ham yozgan. Bonatti Agasferni 1223 yilda ispan saroyida uchratgan. Uning gapicha, bu kishi Iso Masihning qarg‘ishiga qolgan, shuning uchun u o‘la olmaydi.
Shundan besh yil o‘tib u haqda Angliyaning Albana abbatligi yilnomasida tilga olinadi. Unda yozilishicha, abbatlikka Armaniston arxiyepiskopi kelgan ekan. Undan, o‘lmas qalandar Agasfer haqida biror narsa eshitdingizmi, deb so‘rashganida: eshitdimgina emas, bir necha bor uchratib so‘zlashdim ham, deb javob bergan. Agasfer, o‘sha armanning gapiga ko‘ra, o‘sha zamonda Armanistonda ekan. U dono, juda ko‘p narsani ko‘rgan bo‘lsa ham, kamgap ekan, biror savol bilan murojaat etilsagina javob qaytaradigan inson ekan. U zot ming yil oldin bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalarni, havoriylar tashqi qiyofasi, hayotining tafsilotlarini hamon juda yaxshi xotirasida saqlagan bo‘lib, bularni hozirgi tiriklardan birontasi bilmaydi, deb sifatlaydi arxiyepiskop.
Navbatdagi darak 1242 yilga, o‘sha kishi Frantsiyada paydo bo‘lgan chog‘iga taalluqli. Keyin esa uzoq muddatli sukunat bo‘lib, ikki yarim asrga cho‘ziladi.
1505 yilda Agasfer Bogem orollarida, bir necha yil o‘tib arab Sharqida, 1547 yilda esa yana Ovro‘poda-Hamburgda paydo bo‘ladi.
U bilan uchrashib gaplashganligi haqida yepiskop Shlezviga Paulfon Eytzen (1522-1598) ham yozib qoldirgan, uning guvohlik berishicha, o‘sha inson barcha tillarda hech qanday gidirsiz gaplasha oladi. Uning turmushi xilvatga moyil, darveshnamo hayot bo‘lib, ustidagi kiyimidan boshqa hech vaqosi yo‘q edi. Kimdir unga pul bersa, u oxirgi tiyinigacha beva-bechoralarga ulashib berarkan. 1575 yilda uni Ispaniyada ko‘rishgan, bu yerda ispan saroyida papa vakillari Kristofor Krauze va Yakob Xolstayn bilan suhbatlashgan. 1599 yilda Venada ko‘rishadi, bu yerdan u Polshaga, undan Moskvaga bormoqchi bo‘lgan ekan. Tez orada, rostdan ham, Moskvada paydo bo‘lib, bu yerda ko‘p kishilar uni ko‘rishgan va suhbatini olishgan.
1603 yili Lyubekda uning hozir bo‘lganligini burgomistr Kolerus, tarixchi va dinshunos Kmover va boshqa rasmiy kishilar tasdiqlaydi (“O‘tgan 1603 yilning 14 yanvarida mashhur o‘lmas yahudiy, ya’ni Iso Masih xochlashga olib ketilayotganida, kafforat o‘tashga mahkum etgan kishi paydo bo‘ldi“).
Bu g‘alati insonni 1604 yilda Parijda, 1633 yilda Hamburgda, 1640 yilda Bryusselda daragi chiqadi. 1642 yilda Layptsigda, 1658 yilda Stamfordda (Buyuk Britaniya) paydo bo‘ladi.
XVII yuzyillik so‘ngida bu mangu daydi yana Angliyada bo‘y ko‘rsatadi. Shubhaga tushgan inglizlar uning chindan ular o‘ylayotgan insonmi yoki yo‘q ekanligini aniqlash uchun sinov uyushtiradilar. Oksford va Kembrijdan kelgan professorlar uni sinchkovlik bilan imtihon qilishadi. Uning o‘zi bo‘lgan yoki bo‘lganman degan Yer yuzidagi joylarning eng qadimgi tarixi va jug‘rofiyasidan bilimi hayratlanarli darajada edi. To‘satdan uni arab tilida so‘roq qilishganida, u hech qanday xatosiz ana shu tilda javob qaytaradi. U Sharqning va G‘arbning deyarli barcha tillarida gaplasha olardi. Undan keyin bu inson izlari Daniya va Shvetsiyada uchraydi, so‘ng bu izlar yo‘qoladi.
Zotan, mazkur g‘alati inson haqida keyingi daraklar ham uchrab turadi. 1818, 1824 va 1830 yillarda Angliyada o‘sha kishi yoki o‘zini o‘sha kishi deb ko‘rsatmoqchi bo‘lgan kimsa yana paydo bo‘lgan.
Agasfer haqidagi rivoyat zaminidagi dastlabki hodisani biz hozir bilolmaymiz, ayta olmaymiz. O‘rta asrlarning taniqli olimi va shifokori Paratsels risolalarining birida bunday deb yozgan edi: “O‘limlik tanani o‘limdan qutqarib qoluvchi narsa bo‘lishi mumkin emas, biroq tana halokatini orqaga suruvchi, yoshlikka qaytaruvchi, insonning qisqagina umrini uzaytiruvchi narsa bo‘lishi mumkin“.
- VAQT TO‘SIQLARI OShA
Inson umrining imkon qadar uzaytirish muammosini hozirgi kunda ko‘proq ilm-fan bilan bog‘laydilar. Ushbu fikrga kelganlarning birinchilaridan biri Rojer Bekon edi. “Inson tanasini, — deb yozadi u, — barcha qusurlardan ozod qilib, uning umrini bir necha yuz yilga cho‘zish mumkin“. R.Bekon inson tanasiga anglangan, yo‘naltirilgan ta’sirni nazarda tutgan edi, albatta.
Vaqti kelib inson badaniga shunday ta’sir o‘tkazish mumkinligiga moziyning ulug‘ olimlaridan biri Benjamen Franklin ham ishonar edi. U kelajakda inson ming yil, hatto undan ham ko‘p yashay oladi, deb aytgandi. Bu gaplar hali kishilar sham yoqib, foytunlarda yurgan bir kezda, zamonaning eng ulug‘ mutafakkirlari hozirgi maktab bolalariga ma’lum narsalar haqida tasavvurlari ham yo‘q bir chog‘da aytilgan edi.
Ilm-fanning imkoniyatlari borasida XVIII yuzyillik frantsuz insonparvar olimi Kondorse yanada nekbinroq bo‘lgan. Uningcha, inson umri asrdan-asrga tobora uzayib borib, cheksizlikkacha, ya’ni o‘lmaslikkacha yetib boradi.
Insonning o‘lmasligi muammosi K.Siolkovskiyni ham qiziqtirgan “Umrning aniq bir o‘lchami yo‘q, u ming yilgacha uzaytirilishi mumkin, — deb yozgan edi. – Fan bunga ertami-kechmi erishadi“. Ingliz olimi J.Bernal ham, vaqti kelib insonlar mangu yashash sirlarini ochishiga umid qilgan.
Ushbu umid zaminida ertami kech mazkur muammoni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan fanni, ilmni jo‘ngina ilohiylashtirish emas, yoki insonning uzoq yashash uchun ko‘r-ko‘rona intilishi emas, balki alohida olingan bir shaxsning umrini cheksiz uzaytira olish imkoniyati haqidagi mushohadalar yotadi.
XIX asr oxiri nemis zoologi Avgust Veysman, yakka shaxsning vafoti uning biologik tabiatidan kelib chiqadigan muqarrar yakun emas, degan xulosaga kelgan edi. Uning fikricha, agar bir hujayralilar amalda o‘lmasligi mumkin ekan, demak, bu aslida inson ham erisha olishi mumkin bo‘lgan bir holatdir. Amerikalik Nobel mukofoti sovrindori, fizik R.Feynmanning qarashicha, agar inson abadiy harakatlanuvchi narsa ixtiro etmoqchi bo‘lsa, fizika qonuni kabi to‘g‘anoqqa duch kelgan bo‘lardi. Biologiyada esa, undan farq qilib, har bir shaxs umrining oxiri bo‘lishi majburiy degan qonun yo‘q. Ana shuning uchun ham, inson tanasi o‘limga mahkumligi masalasi vaqti kelib hal bo‘ladigan hodisa, deb hisoblaydi.
Mashhur sovet olimi V.F.Kuprevich ham insonning o‘lmasligi muammosi hal etiladigan masala deb hisoblardi.
Ba’zilar, hatto bu muammo hal etiladigan vaqtni ham mo‘ljallab aytishga jur’at qiladilar. Ingliz olimi va yozuvchisi A.Klark bu marraga 2090 yilda yetiladi, deb o‘ylaydi. Bu juda jiddiy bir bashorat. Chunki, muammo yechiladi deyish bir boshqa, falonchi vaqtida hal bo‘ladi, deyish bir boshqadir. To‘g‘ri, jur’at hamma narsadan ham fanda zarur. O‘lmaslik muammosi esa, yakka-yakka shaxslarning izlanishlaridan, tobora butun fanning muammosiga aylanib bormoqda. Ana shuning uchun ham hozirning o‘zidayoq bu izlanishlarning asosiy yo‘nalishlarini aytib berish mumkin.
TAShQI OMILLAR
Birmuncha olimlar kishi umrining davomiyligini uning yashash muhiti, kasbi va turmush tarzi kabi omillar bilan bog‘laydilar.
Ularning ba’zilari uzoq umr ko‘rgan insonlar turmush tarzi, moyilligi kabilarni tadqiq etib, muayyan qonuniyatlar kashf etishga intilishyapti. Haqiqatan ham, juda qiziq faktlar namoyon bo‘lganligini ko‘ramiz. Jumladan, 100 yoshdan o‘tganlar orasidagi erkaklarning 98 foizi, ayollarning 99 foizi oila qurgan insonlar ekan, 61 foizi qishloq xo‘jaligida band bo‘lsa, 16 foizi sanoatda ekan. Umruzoqlarning 4 foizigina aqliy mehnat ahli bo‘lib chiqdi. Mana shu raqamlarning o‘ziyoq yer haydab tirikchilik qilish, she’r yozish yoki oliy matematika bilan shug‘ullanishga nisbatan badan uchun foydali ekanligini aniq ko‘rsatib turibdi.
Aslida ham shunaqamikan? Raqamlar rostdan ham belgili qonuniyatlarni aks ettiradi, biroq bu manzara ko‘proq bundan bir asr oldin hozirgi umruzoqlar kasb tanlagan chog‘dagi kasbiy bandlikni namoyon etmayaptimi? Boshqacha aytsak, o‘sha vaqtda 100 kishidan 61 nafari qishloq xo‘jaligida band bo‘lsa, 4 nafari aqliy mehnat bilan mashg‘ul bo‘lsa, bu nisbat umruzoqlarda to‘g‘ri aks etgan bo‘lib chiqadi. Shunday qilib, bu raqamlar umruzoqlikning sababi nima, degan asosiy savolga javob bera olmaydi.
Yuzdan oshib ketgan kezida zamondoshlari Demokritdan qanday qilib umri buncha uzoqqa cho‘zilganligini so‘raganlarida, u doim asal yeb, badaniga muttasil yog‘ surib turganligini aytgan edi. Demokritga uning zamondoshlarining aksariyati shunday parhezga amal qilganiga qaramay, barchasi uzoq umr ko‘ra olmaganligini vaj qilib ko‘rsatib, e’tiroz bildirish ham mumkin edi. Yuqorida keltirilgan misoldan ham bilinib turibdiki, demak, turmush tarzi bilan umruzoqlik o‘rtasidagi bog‘lanishni ilg‘ash ancha mushkul.
Emak iste’moli bilan umruzoqlik orasidagi bog‘lanishni kuzatishga ham urinilgan. I.I.Mechnikov qarishning sababi, ichaklarda yashaydigan mikroorganizm vositasida badan o‘z-o‘zini zaharlashi, deb tushuntirgan. Ana o‘sha og‘u organizmlarning halokatli harakatlarini biroz bostirish uchun muttasil ravishda yotishdan oldin bir piyolacha qatiq (prostokvasha) ichishni tavsiya ham etgan.
Ovqatlanish bilan qarish o‘rtasida muayyan aloqa rostdan ham borga o‘xshaydi. Buni Ukrainaning Fiziologiya institutida o‘tkazilgan tajribalar ham tasdiqlaydi. Muayyan parhez bilan ovqatlantirilgan qari — ikki yoshli kalamushlar muayyan muddatdan so‘ng, o‘zlarini yosh — uch oylik kalamushlardek tuta boshlaganlar. Eng muhimi, ularning organizmida qarish jarayonini namoyon qiluvchi, biron-bir o‘zgarish kuzatilmagan.
“Parhezli ovqatlanish va bir necha xil darmondorilar yordamida qarishni sekinlatish va kishi umrini yigirma yilgacha cho‘zish mumkin” — deb ishontiradi Nobel mukofoti sovrindori Laynus Poling. Jonivorlar bilan o‘tkazilgan tajribalar, bundan ham umidliroq bashoratlar qilinishiga to‘liq imkon beradi.
Kornell universiteti doktori Klin Makley chorak asrdan buyon shunga o‘xshash tajribalar o‘tkazib keladi.
Sichqonlarni haftada ikki kun och qoldirib, ularning umri bir yarim baravar uzayishiga erishdi. Ularning kundalik yemishlarini uchdan birga qisqartirish bilan esa, umri uzunligini ikki barobar uzayganligini ko‘rdi.
Laboratoriyalarning mazkur natijalari umruzoqlarning turmush tarzi bilan aynan uyg‘un keladi. Sovet gerontologlari salomatligi hali ko‘ngildagidek bo‘lgan juda keksa kishilarning 40 000 nafarini so‘roqladilar. Ma’lum bo‘lishicha, ularning hammasi yemak borasida nafsini jilovlab olganlar ekan. Aynan shunday natija And mintaqasidagi janubiy amerikalik umruzoqlarni o‘rgangan amerikalik gerontologlarda ham aks etgan.
Umruzoqlarning yana bir muhim xususiyatini, ya’ni ularda mehribonlik tuyg‘usi va ijobiy hayajon hissi kuchli ekanligini tadqiqotchilar alohida ajratib ta’kidlaydilar. Jahl, alam va nafrat bilan yaqin oshna emaslar. Ularda ichiqoralik, hasad yo‘q. Ularning ko‘ngli o‘tgan kunga shukr bilan, turmushning xursandchilik tomonlari bilan to‘lgan bo‘ladi. Ular o‘zgalarning baxti, omadi, muvaffaqiyatidan o‘ziniki kabi lazzat ola biladi.
Shuning bilan birga, ovqatlanish ham, hayajon ham, mashg‘ulot turi ham umruzoqlik bilan aloqasi yo‘q deb hisoblovchilar ham bor. Har bir inson badanida biologik soat mavjud, biz har qancha harakat qilmaylik, baribir, u soatni na tezlashtira olamiz, na sekinlashtira olamiz. Qo‘ng‘iroq chalinishini ko‘rsatuvchi milning har bir insonda oldindan belgilangan alomati bo‘lib, u birovda oldin, birovda keyin chalinadi. Mana shu “oldin”, “keyin” tug‘ilishdayoq taqdir qilingan bo‘ladi.
Umr uzunligi avvaldan taqdir qilinganligi, ya’ni genetik ekanligi haqidagi mulohaza ayrim kuzatuvchilar tomonidan ham tasdiqlanadi. Ba’zi oilalarning uzoq umr ko‘rishi nasldan naslga o‘tishini kishilar ko‘pdan beri bilishadi. Ushbu mavzu haqida gap ketganda gerontologlar quyidagi hikoyani eslashadi. 1654 yilda d’ Armanyak degan kardinal ko‘chada ketayotib 80 yoshlardagi cholning yig‘lab o‘tirganini ko‘radi. Sababini so‘raganida, otasi urganligini aytadi. Hayron bo‘lgan kardinal uning otasini ko‘rmoqchi bo‘ladi. Unga 113 yoshdagi tetik va bardam bir cholni ro‘para qiladilar. “O‘g‘limni bobosining hurmatini bajo qilmagani uchun urdim. Bobosi yonidan unga ta’zim qilmay o‘tib ketibdi“. Kardinal bu uyda 143 yashar yana bir cholni ham ko‘rgan ekan.
Umrning nasliy taqdir ekanligi ilmiy tajriba orqali ham tasdiq topgan. Kalamushlar orasidan uzoq yashaganlari tanlab olinib, ulardan maksimal uzoq yashaydigan kalamush zoti yetishtirildi. Bu xususiyat nasliy ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi.
Rostdan ham tanamizda biologik soat bo‘lib, bizga ajratilgan vaqtni — kun, oy, yilni sanab borar ekan, aslida buni aniqlashning, uning mohiyatiga yetishning o‘zi qiyin. Yetib borilganda ham uni to‘xtatish yoki sekinlatish amri mahol. Buni aniqlashga harakat qilingan, faqat tajriba inson ustida olib borilgan emas.
Sakkizoyoqning modasi tuxum qo‘ygach, uning sanoqli kunlari qoladi. Tobora ishtahasi yo‘qolib, bo‘shashib qoladi va 42 kun ichida o‘ladi. Buning hammasi o‘zgartirib bo‘lmas bir ketma-ketlik asosida ro‘y beradiki, chindan ham qandaydir bir soat mexanizmi boshqarib turganday bo‘ladi. Ana shu mexanizm aniqlandi. Sakkizoyoqning ko‘z chuqurchasidagi bir bez bo‘lib, uning vazifasi keyingi vaqtlargacha noma’lum bo‘lib kelgan. Ma’lum bo‘ldiki u “o‘lim bezi” ekan. Bir bezi olib tashlangan sakkizoyoqning umri ikki oyga uzaydi. Ikkala bezi ham olib tashlangan sakkizoyoqning umri birato‘la o‘n bir oyga cho‘zildi.
Ushbu kashfiyot, olimlar fikriga ko‘ra, inson umrini uzaytirish uchun ham yo‘l ko‘rsatsa ajab emas, biroq tabiat u qadar jo‘n narsa emaski, uning sirlari osongina qo‘lga kiritilsa. Aslida ham, inson hujayrasi organizmda ham, probirkada yetishtirilgani ham muhlatli umrga — 50 marta bo‘linish umriga ega, undan keyin u o‘ladi. Bo‘linish miqdorini ko‘paytirish uchun ketgan barcha urinishlar chippakka chiqdi. Mana shu tajribalar gerontologlarni, inson umrini sanab turadigan, hech bir ta’sirni tan olmaydigan soat xromosomalarda, har bir hujayraning yadrosida joylashgan, degan to‘xtamga olib keldi.
O‘LMASLIKNING YaNGI BIR OBI HAYoTIMI?
O‘lmaslik muammosi bilan rus olimi V.M.Bexterev ham mashg‘ul bo‘lgan. I.I.Mechnikov hujayralar faoliyatini yaxshilaydigan zardob topib, uning yordamida butun organizmni yashartirish ustida qattiq ish olib borgan. Mohiyatan bu intilish ham o‘sha tutqichbermas “obi hayot”ni izlash edi, faqat endi bu fan doirasidagi harakat edi. Shunga o‘xshash boshqa bir zardobni akademik A.A.Bogomolts tayyorlagan. Bu dori organizmni qarishga qarshilik qilishini kuchaytirib, haqiqatan ham bir oz yashartirish xususiyatlarini namoyon qilgan edi.
Aynan shunday yo‘nalishda shveytsar shifokori P.Nigans ham ish olib bordi. U organizmga yangi tug‘ilgan chaqaloqlar to‘qimalaridan olingan zardobni yuborish bilan yashartirmoqchi bo‘lgan.
Turli unsurlarda yashartirish xossalari har xil bo‘lar ekan. Masalan, Moskva II tibbiyot institutida sichqon tanasiga asalari suti yuborilganda, tajribadagi sichqonlar umri ikki baravar uzaydi!
Sovet olimlari NRV (neftli o‘stiruvchi modda) dorisini ishlab chiqdilar. Bu dorini ichgan kishilarda ishlash qobiliyati kuchaydi, oq sochlar qoraydi, to‘qima almashinuvi yaxshilandi. Biroq bu “yashartirish dorisi” uzoq muddatli sinovdan o‘ta olmadi. (Hozir NRV ga faqat tashqi iste’mol uchun ruxsat etilgan).
Umrni uzaytirish va yasharish borasida eng katta umid va natija gormonlardan kutilgan edi. Keksa kishilar badaniga qalqonsimon bez gormoni yuborilgandagi samara hayron qolarli darajada bo‘lgan: butun organizm yasharishi boshlangan. Biroq bu ajoyib ta’sir uzoqqa cho‘zilmagan.
Mazkur sohada ishlayotgan amerikalik shifokor Robert A.Vilson o‘z oldiga qiyin, lekin olijanob vazifa — ayollarga yoshlikni qaytarish vazifasini qo‘yadi. U davolashning murakkab muayyan parhez, ayollar jinsiy estrogen gormoni in’ektsiyasi, darmondorilar va tuzlar iste’mol qilish yo‘natimini ishlab chiqadi. Ma’lum bo‘lishicha, Vilson qarish jarayonini to‘xtatishgagina emas, balki unga teskari jarayon berishga ham muvaffaq bo‘lgan. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar faqat umumiy holatgagina tegishli bo‘lmay, ayollar jiddiy ahamiyat beradigan tashqi qiyofada ham o‘z aksini topgan.
Bir necha yillardan beri shved klinikalaridan biri timozin gormoni ustida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Sichqonlar ustida olib borilgan tajribalar natijasi kutilganidan ham yaxshi bo‘lib chiqdi. Gormon ularga go‘yo vaqt joyida to‘xtab qolganday ta’sir etdi. Gormonni mijozlarga ham yubordilar. O‘sha klinikada bo‘lgan muxbir ko‘rinishidan 60 yoshlarda bo‘lgan bir ayolni uchratadi. Keyin bilsa, uning yoshi 89 da ekan. Ushbu tajribalarni o‘tkazuvchi shifokorning ishonchiga ko‘ra, gormonni muntazam yuborib turilsa, umr uzunligini 130 yoshga bemalol yetkazish mumkin ekan.
Ushbu ma’lumotlar doirasida, ayrim hashoratlar uchun laboratoriyalarning birida “yashartiruvchi gormon” ishlab chiqarilgani haqidagi xabarda hech qanday lof yo‘q bo‘lib ko‘rinadi. Ana shu gormonni hashorot tanasiga yuborish bilan uni cheksiz muddat “yoshlikda” ushlab turish mumkin. Bu kashfiyot va yuqorida zikr etilgan ma’lumotlar inson uchun ham ertami, kechmi shunday gormon ishlab chiqiladi, degan umid tug‘diradi.
Gormonlarning bu masalada hech qanday ahamiyati yo‘q bo‘lsa-chi, deydi ba’zilari. Biz ildizlariga boqmay, butoqlarini qirqmoqdamiz. Qarishning ildizlari boshqa tomonda: yil o‘tgan sayin organizmimizda “erkin radikal” deb ataladigan katta elektrik imkoniyatga ega bo‘lgan molekulalarning qoldiqlari yig‘ilib qoladi. Ana o‘shalar organizmda yoqimsiz va qaytarilmas o‘zgarishlar keltirib chiqaradi. Ularni ta’sirsizlantirish iloji topilsa edi…
Bu boradagi ilk qadam haqida ham ma’lumot olindi. Juda bir jo‘n vosita — sanoatda yog‘ning buzilmasligi uchun ishlatiladigan konservantlar ishlatib ko‘rildi. Nazorat ostidagi sichqonlardan tajriba uchun olinganlari boshqalaridan bir yarim marta ko‘proq yashadi. Buni insonga tatbiq etsak, insoniyatning o‘rtacha yoshi 105 ga yetishi mumkin. Natija chakki emasmi? Ha. Biroq bu hali boshlanishi. Agar biz “erkin radikallar”ni ta’sirsizlantira olsak, inson umrini bir necha yuzyillikka yetkazish mumkin, deb hisoblaydi ayrim olimlarimiz.
Boshqa yo‘nalishlar ham bor. Ular bundan ham ko‘proq samara va’da qilishi mumkin.
Boshqalardan farq qilmaydigan, hatto mutlaqo farqlanmaydigan bir insonni olaylik. Uning qo‘liga tasodifan tegib ketsangiz, g‘ayriodatiy bir sovuqni sezasiz. Sezasiz, biroq e’tibor bermaysiz. Lekin bu nimani ifoda etishini anglasangiz diqqatingizni tortadi. Agar siz hozirgi kunda inson badanidagi haroratni pasaytirish borasida tajribalar o‘tkazilayotganidan boxabar bo‘lsangiz, albatta e’tibor berasiz.
Tanamiz haroratini boshqarib turadigan gipotalamusga natriy va kaltsiy eritmalari yuborilsa butun vujudimizdagi haroratni muayyan darajada izga solib turish mumkin. Maymunlarda mana shunday sinov o‘tkazish natijasida uning tana haroratini 60 darajagacha pasaytirishga muvaffaq bo‘lindi. Maymunlarda sovqotish, uyqusirash, bo‘shashish kabi asoratlar mutlaqo sezilmadi.
Navbat inson badanida o‘tkaziladigan tajribaga yetdi.
Biroq nega, nima uchun, bundan ne ma’ni bor? Ma’nisi inson umrini uzaytirishdir. Agar inson tanasi harorati bor-yo‘g‘i 2o pasaytirilishga erishilsa, uning o‘rtacha umri 200 yilga yetadi. Mabodo insonning mo‘tadil harorati 33o bo‘lguday bo‘lsa, uning umri 700 yil bo‘lishi kutiladi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra haroratimiz pasaytirilganida ham 37o dagi haroratda o‘zimizni his qilishimiz, tashqi harorat o‘zgarishiga moslashishimiz qanday bo‘lsa shundayligicha qoladi.
Haroratni pasaytiruvchi vosita oddiy xapdori sifatida ishlab chiqarilib, har bir inson sotib olish imkoniga ega bo‘lishi kutiladi. Qachon ekan?
Dori kashf etilishidan to uning ommaviy sotuvga chiqarilishi uchun, odatda, 5-6 yil ketishini hisobga olsak hamda bu kashfiyot ixtiyoriy talabgorlarda sinalib, samara bersa, uning ommaviy chiqarilishiga oz muddat qoldi deb umid qilamiz.
Yangi “obi hayot” izlanishlarining yo‘llari ko‘pligidan ajablanmaslik kerak. Bir yo‘nalishdagi izlanish ikkinchisining yo‘llarini yoritib turishini nazardan qochirmang. Ba’zi futurologlar 2 000 yillar boshlarida amalda 40 tacha umrni uzaytiruvchi dorilar qo‘llanila boshlanishidan bashorat qilmoqdalar.
So‘nggi o‘n yilliklarda o‘tkazilgan tajriba natijalari qadimgi ota-bobolarimizning “obi hayot” va “yashartiruvchi vositalar” haqidagi mujdalari judayam ertak emasligidan dalolat emasmikan? Bizgacha yetib kelgan ovozalar asl haqiqatning aks sadosi ham bo‘lishi mumkin-ku!
BEGONA BADANDA
Chet ellardagi bir ilmiy-tekshirish institutining laboratoriyasida olimlar g‘alati bir baqani namoyish qildilar. G‘alatilik uning tashqi ko‘rinishida, emas, balki xatti-harakatida edi. Boshqa barcha baqalar kabi oldidagi suv havzasiga sakrashdan ko‘ra bu baqa yerdan in izlab unga yashirinishga urinardi. Uning boshqa xatti-harakatlari ham o‘zgacha edi. Mazkur baqaning tushunish qiyin bo‘lgan qiliqlari kutilmagan tarzda izohlandi.
— Biz baqaning miyasini qurbaqaniki bilan almashtirib qo‘ydik. — Natijasini ko‘rib turibsiz, baqa qurbaqa kabi harakatlar qilmoqda. Bu tajriba 1963 yilda o‘tkazilgan. O‘sha kezlar ko‘pchilik quyi jonivorlarda amalga oshirilgan tajribalar yuqori darajada rivojlangan jonivorlarda kerakli samarani bermaydi, degan fikrda edi. Bu yanglish qarash sovet olimi V.N.Demikov bir itning kallasini ikkinchi it gardaniga o‘rnatishga muvaffaq bo‘lganidan keyin rad etildi. Ikki jonivordan tashkil etilgan bu jonzotga odatdagi itlarga xos reflekslar o‘zgarmagan edi. To‘g‘ri, u uzoq yashay olmadi, atigi ikki-uch kun umr ko‘rdi.
Professor Demikovning tajribasi ilm olamida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Amerikalik neyroxirurg R.Uayt: “Hozircha bunday tajribani inson ustida o‘tkazishning imkoni yo‘q, biroq ana shunday imkon borligi tan olinmog‘i, e’tirof etilmog‘i darkor”, deb yozgan edi.
Bu imkoniyat insonning boshqa muhim a’zolari — buyrak, jigar va yurak kabilarni ko‘chirib o‘tkazishning qay darajada muvaffaqiyatli amalga oshirilib borishi bilan chambarchas bog‘liq. Agar to‘qimalar chiqishmasligi muammosi uzil-kesil hal etilsa, bu sohadagi tajribalarga keng yo‘l ochiladi. Hatto hozir mutaxassislar boshni to‘lasicha ko‘chirish afzalmi yoki faqat miyanimi, degan bahsni boshlab yuborishganligi masalaga jiddiy kirishilganining alomatidir. R.Uayt fikricha, miyaning o‘zini ko‘chirib o‘rnatish maqbuldir. “Literaturnaya gazeta”ga bergan muloqotida shunday deydi: “Miya insonning eng nozik a’zosidir, degan qarash mavjud, demak, eng nozik a’zoda o‘zidan itarish jarayoni (begonasirash), boshqa uncha nozik bo‘lmagan a’zolardagiga nisbatan ancha kuchsiz bo‘lishi kerak”. Nazariy jihatdan, kelajakda kishi shaxsiyatini belgilovchi bo‘lmish miya bir tanadan ikkinchisiga, uchinchisiga ko‘p marta o‘tkazilgan bo‘lishini tasavvur etish mumkin.
Fazoviy raketalar makonning imkon qadar uzoq nuqtasiga kichik bir kapsulani yetkazish uchun parvoz paytida birin-ketin o‘z qismlarini ajratib tashlaydi. Insonda ham shunaqa. U ham birin-ketin qarigan, eskirgan, ishdan chiqqan a’zolarini ajratib tashlashi mumkin bo‘ladi. Inson uning har bir bunday harakati uning zamon ummonida asrdan-asrga, ming yildan ikkinchi ming yilga tomon yetaklaydi.
Bir kishining umri va xotirasida insoniyat tarixining bir necha davrlari joy oladi. Bunday insonlarning tafakkuri va tasavvuri hozirgi zamonning atigi bir necha o‘n yil umr ko‘radigan insonlarinikidan ancha farq qiladi.
Avval bo‘lib o‘tgan barcha hodisalar: siyosiy kurashlar, urushlar, diplomatik o‘yinlar, uning nazarida insoniyat tarixidan oldin sodir bo‘lgan voqealarga aylanadi. Ana o‘sha tarixdan oldingi zamonalarning bir burchidan o‘z mehnati va ulushi bilan insoniyat kelajagiga zamin solgan nasllar o‘rin egallaydi. O‘sha kelajakni qanaqa bo‘lishini aniq aytib bera olmasak ham, o‘tmish ajdodlarimiz biz haqimizda bashorat qilganlari darajasida biz ham kelajakni tasavvur qilishimiz mumkin. Bundan ikki ming yil burun “Apokalipsis” muallifi “O‘lim bo‘lmaydigan, yig‘iyu qayg‘u ko‘rilmaydigan, kasalga chalinmaydigan kunlar” haqida yozganida o‘sha biz aytayotgan kelajak haqida yozmaganmikan?
Inson miyasini, ya’ni ongini bir tanadan ikkinchisiga ko‘chirish bilan shaxs umrini cheksizlikka qadar uzaytirish mumkinligi haqida aytdik. Biroq qachonlardir insoniyat tabiat unga in’om etgan tanadan voz kecha olish imkoniga ega ham bo‘lishi mumkin. Yaqin kelajakda inson badanining barcha a’zolarining sun’iy ko‘rinishini yasash mumkinligi va bu o‘pka, yurak kabilar tabiiydan ko‘ra ancha puxta bo‘lishi hamda biotoklar vositasida boshqarilishi haqida ancha dadil fikrlar bildirilmoqda. Moskvadagi ilmiy-tekshirish institutlarining birida biotok yordamida boshqariladigan sun’iy qo‘l va oyoqlar qolipi (modeli) yaratilib bo‘ldi. Agar qo‘lingizni qissangiz yoki qo‘yib yuborsangiz undagi impulslar sun’iy nusxaga yo‘naltiriladi va sizning har bir harakatingiz, ishorangizni qaytarishga majbur etadi. Bir kunlar kelib inson tanasidagi nozik va vaqtinchalik a’zolarini almashtirish imkoni to‘liq tug‘ilgan vaqtda, o‘z vujudiga hayvonlik o‘tmishidan qolgan ortiqcha matoh sifatida qaralsa, ne ajab! Vaqti kelib “men”likning ortiqcha vositasi bo‘lib qolgan badandan, hozirgi kunda ko‘richakdan qutulganday qutulish mumkin bo‘lar. Shaxsiyatning, ongning makoni bo‘lmish miya bora-bora ancha mustahkam va ishonchli qobiqqa ega bo‘ladi. Bunday tana a’zolari sintetik moddalardan tashkil topgan bo‘lib, uning orasida joylashgan inson miyasi buyruqlariga bo‘ysunadi. Bu “tana”ning ayrim qismlari va a’zolari vaqti-vaqti bilan almashtirib turilganligi uchun amalda u abadiylik kashf etadi.
Inson va mashinaning bu chatishmasini ifoda etish uchun amerikalik M.Klaype va N.Klaynilar “kiborg” degan maxsus atama ham o‘ylab topishgan. Ayrimlar esa, idrokli hayot Yerdan olamning turli nuqtalariga aynan shu ko‘rinishda tarqaladi, deb hisoblaydilar.
Haqiqatan ham qusurli tanaga ega bo‘lmish insonlardan kiborglarning ustunligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Birinchidan, eng muhimi umrning cheksizligi. Ikkinchidan, kiborglar uchun atmosferaning keragi yo‘qligi uchun ham, ular havosiz joylarda: oyda, asteroidlarda hamda atmosferasi metan, achchil ko‘mir, gazlar bilan qoplangan sayyoralarda tanasi talabidan kelib chiqib, insonlar bir daqiqa ham yashay olmaydigan yerlarda bemalol hayot kechira oladilar. Uchinchidan, kiborglarga yemakning hojati yo‘q. Ular uchun eng zarur narsa bu miyaning biologik mavjudligini ta’minlash uchun kerak bo‘lgan quvvat bo‘lib, uni tashqi qandaydir bir manba ta’minlashi kifoyadir.
Tanadan tashqarida miyaning mavjud bo‘la olishi hozirgi kunda xayoliy bir narsa emas. Laboratoriyalarda maymun va itlarning ajratib olingan miyalari ustida tajribalar o‘tkazildi. Miyaga hayotiy faoliyatni davom ettira oladigan sharoit yaratildi. Ushbu sharoitdagi miya faoliyati ko‘rsatmalari bilan tabiiy muhitdagi miya faoliyati o‘rtasidagi farq nihoyatda kam bo‘lib chiqdi. Demak, ushbu ajratilgan miyaga axborot yetkazish uddasidan chiqilsa, tananing turli a’zolariga yuboriladigan impulslar sun’iy qolip yo‘li bilan (bu usul mavjud) berilsa, kiborgning dastlabki nusxasi yaratildi deb hisoblayvering.
Tanani bemalol yig‘a olish imkoniyati inson umri va faoliyati borasida cheksiz istiqbol va’da qiladi. Rostdan ham, ikki oyoq yurish uchun eng qulay tuzilishmi? Ikkitagina qo‘l yetarli deb o‘ylaysizmi, butun badanda paypaslagichlar kabi o‘nlab qo‘llar bo‘lishi yomonmi? Inson o‘ta gunafsha va o‘ta qizil ranglarni farqlamasligi, faqat oldini ko‘rib, orqa va tepasini ko‘ra olmasligi tabiatning qusuri emasmikan? Muloqotni olaylik. Radio va telefonni hisobga olmasak, inson ovoz naychalari imkon bergan doiradagina aloqaga kirisha oladi. Bular niyatlar, istaklarning bir qismi, xolos. Kiborglar esa, o‘ta qisqa to‘lqinlar kabi vositalardan foydalanib, juda olis masofalardan turib aloqaga kirisha olsalar kerak. Tabiat evolyutsiya yo‘li bilan yuzlab asrlar davomida erishgan narsaga, laboratoriyada sanoqli yillar, hatto oylarda erishish mumkin.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar ancha shiddatli olib borilayotganiga qaramay, biz chizib bergan manzara qachon aniq hayotiy hodisaga aylanishini aytish mushkul. R.Uaytning fikricha, inson miyasini ko‘chirib o‘rnatish uchun hali bir necha o‘n yil kerak bo‘ladi. Bu juda ehtiyot bo‘lib aytilgan gap. Ajablanarlisi shuki, gap ochilishi kutilayotgan kashfiyot yoki ixtiro vaqti haqida ketganida ko‘pchilik olimlar fikr aytishdan tiyiladilar yoki shubha bildiradilar. Atom yadrosini erkinlashtirishga yaqin yuz yillikda erishish mumkinmi, degan savolga, boshqa bir olim emas, A.Eynshteynday olimning o‘zi:
— Bu mutlaqo mumkin emas! — deb javob bergan edi. Bu gap atom bombasining dastlabki portlatilishidan atigi o‘n yil oldin aytilgan edi.
O‘ZIDAN NUSXA KO‘ChIRUVChILAR
Ataylabmi, yo‘qmi, voqealarning borishiga ko‘ra, insonning mangu yashash orzusi yo‘lidagi intilishlarida an’anaviy yordamchi jonzot maymun va yo dengiz cho‘chqalari emas, balki baqalar muhim o‘rin egallaydi. Miyani ko‘chirib o‘rnatish birinchi marta aynan baqada amalga oshirildi. O‘lmaslik manziliga boshqa bir yo‘lni — o‘zidan nusxa ko‘chirishni ham baqa boshlab berdi.
Jonivorni tashkil etuvchi har bir hujayra o‘z yadrosida yangi organizmni hosil qilish uchun lozim bo‘lgan nasliy xabarni saqlab keladi. Bu xabar go‘yoki mudrab yotadi, ko‘p yillar uni faollashtirish uchun qilingan harakatlar zoye ketgan. Bir necha yil avval olimlar nihoyat bunga erishishdi. Bu Angliyaning Oksford universitetida sodir bo‘ldi. Voyaga yetgan baqaning ichagi hujayrasidan tajriba davomida yangi hujayra yaratildiki, bu birinchisining go‘yo biologik qo‘shog‘i edi. Bu asl nusxasidan faqat yoshi bilangina farq qiladigan nusxa edi.
Tajriba katta shov-shuvlar keltirib chiqardi. Gazetalardan birining yozganiga ko‘ra, “demak, loaqal nazariy jihatdan ana shunday qo‘shoqlarni, jumladan, inson qo‘shoqlarini yaratish mumkin”. Neapoldagi genetika va biofizika bo‘yicha xalqaro laboratoriya direktori A.Buzatti-Traversoning gaplariga qaraganda, “ushbu usulni qo‘llash bilan, ya’ni voyaga yetgan har qanday insondan hujayra yadrosini olib (buning miqdori son-sanoqsizdir), yadrosiz hujayralarda o‘stirib, istagan miqdordagi biz bilan genetik jihatdan aynan bo‘lgan shaxslarni yaratish mumkin. Bu bilan muayyan ma’noda o‘zimizning abadiyligimizni ta’minlagan bo‘lamiz. Binobarin, bunday operatsiyalarni xohlagancha qayta-qayta o‘tkazish imkoni bo‘ladi”.
Bu 80-90 yoshga borgan qari kishi o‘zini yangi tug‘ilgan inson sifatida takrorlashi mumkin demakdir. Biroq, biologik va tashqi qiyofa jihatidan ayni nusxa bo‘lishiga qaramay, qo‘shoqning o‘z ongi mavjud bo‘ladi; ushbu ma’noda bu boshqa bir shaxs bo‘lib, uning xotirasi, quvonch va g‘amlari, sevgisi, nafrati asl nusxanikidan ancha yiroq bo‘ladi.
To‘g‘ri, sovet olimi P.K.Anoxin boshqa bir farazni ilgari surdi. Bunga binoan, inson umri davomida olgan axborotini qo‘shog‘iga o‘tkazish imkoni bor. Bu holda ko‘chirilgan nusxa — qo‘shoq asl nusxa boshidan kechirganlarni xotirasida saqlab qoladi va o‘z umrining tarixi deb hisoblaydi. Shu tarzda ana shu shaxslarning to‘liq aynanligi ta’minlanadi. Shaxs ongining zanjiri badandan badanga o‘tish bilan uzilmaydi. Qarib, chirigan tana borasidagi xotira ham uzluksiz bo‘lib, o‘tgan yil, o‘tgan oy yoki kechagi voqealar xotiramizda qanday bo‘lsa, u ham shunday bo‘ladi.
ABADIYLIKNING AYoZLI YO‘LI
Kolima oltin izlovchi ishchilarining o‘sha kuni topib olgan narsasi yombiga ham uncha o‘xshamasdi. Biroq topilma tevaragida olib borilgan bahs, tarqalgan mish-mishlar oltin xazinasiga uchragandan ham kattaroq bo‘ldi. O‘n bir metr chuqurlikdan chiqarib olingan tiniq muz parchasi ichida qotib qolgan bir narsa oltin izlovchilarga qadalib tikilib turardi. Atigi 10 santimetr bo‘lgan bu narsa xuddi tirikday edi.
Eng kutilmagani esa, muzi eriganida bo‘ldi. Bu maxluq — ularga suvda va quruqlikda yashovchi Sibir arratishi bo‘lib ko‘rindi — qimirladi, munchoqqa o‘xshash ko‘zlarini ochib, uni o‘rab olgan kishilardan qochmoqchi bo‘lib ko‘rdi.
G‘aroyib topilma haqida Ukraina akademiyasining Zoologiya institutiga xabar berildi. Abadiy muzlikdan tashrif buyurgan mehmon tez orada, tirik, sog‘lom holatda Kiyevga keltirildi. Arratishning umri, odatda, 10-15 yilgacha yetadi. Agar ushbu nusxa bu yoshdan ko‘proq yashaganligi aniqlansa, demak, bir necha yil ana shu muz parchasida yer ostida yashagan bo‘lib chiqadi. Yaxshi yo‘lga qo‘yilgan radiouglerod usuli bu so‘roqqa javob topish imkonini berdi. Kolimadan keltirilgan bu arratishning yoshi 100 ga yaqinlashib qolgan ekan. Demak, 85-90 yil muqaddam bu jonzot o‘sha muz parchasi ichida yaxlab qolgan, hamda uning uchun vaqt ham to‘xtab qolgan.
Bunday holda yashab qolish uchun 100 yil chegara emas ekan. Xidorus qisqichbaqachasi 20 000 yil abadiy muzlikda yotganidan so‘ng, uni tiriltirish imkoni bo‘ldi! Yaqin-yaqinlargacha ko‘pchilik bunday holat faqat sovuqqonlilarga xos, sut emizuvchilar, xususan, insonlar bilan bunday hodisa sodir bo‘lishi mutlaqo mumkin emas, deb hisoblardilar. Biroq bunday ishonchga sobit qolish tobora qiyinlashib bormoqda.
“Yaxlab o‘lishdan” keyin tirilish mumkinligini tasdiqlash maqsadida amerikalik tadqiqotchilar itlar ustida tajriba o‘tkazishdi. O‘n ikki it muzlatildi va ikki soat shu holatda ushlab turilgach, ular hayotga qaytarildi. Tirilgandan 30 daqiqa o‘tgach, yura boshlashdi, keyin suv ichdilar, bir necha soatdan so‘ng ovqat ham yedilar.
Bunga o‘xshash tajribalar bizning ixtiyorimizsiz insonlar bilan ham bo‘lib turadi.
…Tun yarmida Vasiliy Sh.degan haydovchi uyiga qaytadi. Kimsasiz ko‘chada ketayotib, mazasi qochadi, hushidan ketib qor ustiga yiqiladi. Harorat esa — 30o edi. Ertalab “shoshilinch yordam” kelganida uning tomiri urishdan to‘xtab qolgan edi. Engagi, barmoqlari, panjalarini muz qoplagan holda ekan. Hatto og‘zining yaxlab qolganligi sezilardi. Shifokorlar “sovuqdan muzlab o‘lgan” debdilar.
Shunga qaramay, uni hayotga qaytarish uchun imkon boricha harakat qilindi.
“Sh.ni eng oldin iliq vannaga solishdi, keyin yurakka malham bo‘ladigan, tinchlantiradigan dorilar yuborildi, keyin esa elektr chiroqlari yo‘naltirilgan karavotga yotqizishdi. Mana shunday shiddatli isitishlardan keyin o‘ziga kela boshladi, “Bemor hozir o‘zi yura boshladi, o‘zini his etishi yaxshi” — deb muxbirlarga hikoya qiladi professor L.F.Volkov.
Bu yagona hodisa emas. Bunday hodisalarning juda oz qismi matbuot yuzini ko‘radi. Undan ham kam qismi kishilar e’tiborini tortadi, eslarida qoladi.
1987 yilning qishida mo‘g‘ul cho‘llarida bir bola yaxlab qoladi. 34o sovuqda 12 soat davomida qor ustida qolib ketadi. Butun badani qotib muz haykalga aylanib qoladi. Tomiri urmas, nafas olmas, hayot nishonasi qolmagan edi.
Voqea jarayonidan bilinadiki, mo‘g‘ul shifokorlari bunday holda nima qilishni yaxshi bilishar ekan. Biroz vaqtdan keyin bolaning tomiri ura boshlaydi; bilasizmi qancha – bir daqiqada ikki marta. Nafas olish tiklanib, bolaning kuchsiz ingranishini reanimatorlar eshitgunga qadar ko‘p soatlar o‘tdi. Bir kecha-kunduzdan so‘ng bola barmoqlarini, keyin qo‘lini qimirlata oldi. Yurak tobora tez va bir maromda ura boshladi. Yana 24 soat o‘tib u ko‘zini ochadi. Idrok qilaboshlaydi. Davolash va kuzatish bir hafta davom etgach, quyidagicha tibbiy xulosa bilan uyiga qaytariladi, “Patologik o‘zgarishlar yo‘q”.
Muzlanish holatida qotib qolgan hujayralar zaminida, qotib qolgan mushaklar qatlami ostida hayotning iliq bir uchquni makon topadi. Asosiy vazifa o‘sha uchqun o‘chmasligiga erishishdan iboratga o‘xshaydi. Agar u o‘chmasa insonni bir necha soat yoki kunlardan keyin emas, balki yil, hatto yuzlab yillardan so‘ng ham hayotga qaytarish mumkin.
Nazariy jihatdan boqilsa, anabioz holatidagi kishi o‘zining uyg‘onishini yigirma to‘rtinchi, yigirma sakkizinchi, o‘ttizinchi asrlarga mo‘ljallashi mumkin. U istasa, ming yilni, o‘n ming yilni ham tanlashi mumkin. Agar o‘sha kimsa hozir tuzalmas xastalikka chalingan bo‘lsa, o‘sha kasallikni davolash usuli ishlab chiqilgan zamonda uni muzdan olishini shart qilib qo‘yishi ham mumkin.
73 yoshli amerikalik psixologiya professori Jeyms Bedford ana shunday qilgan edi. Uning tanasidan qonni chiqarib olishib, o‘rniga maxsus suyuqlik yuborilgan va muntazam ravishda sovutilgan suyuq azot aylanib turadigan muzxona kamerasiga joylashtirib qo‘yishgan. Professorning yaxlangan qiyofada kelajakka otlanish borasidagi qaroriga turlicha yondoshishlar bo‘ldi. Ba’zi jurnalistlar: “Tirilolmay qolsa, Bedford juda afsuslansa kerak” deb hazil ham qilishdi. Shunga qaramay “muzlab kelajakka safar qilish”ga AQSh va Yaponiyada yuzlab kishilar birin-ketin jazm etishdi.
Professor Pol Sigal vaqti-soati tugab qolgan “mijoz”lar klinik o‘lim boshlanguncha muzlatkich kameraga o‘zlarini qamash metodini ishlab chiqdi. “U yerda, — deydi professor, — to fan uning kasalini yengib, unga yangi hayot bag‘ishlaydigan zamongacha turaveradi”.
Bir talay frantsuzlar ushbu yo‘lni tanladilar. Ularning har biri quyidagi matn yozilgan osmani bo‘yniga taqib yuradilar: “Kamina imzo qo‘yib tasdiqlaymanki, men o‘lsam tanam shu zahoti muzlatilib, imkon qadar quyi haroratda saqlansin”.
Muhimi, anabioz holatiga kirish, uzoq zamon masofasini bosib o‘tib, turli asrlar, hatto mingyilliklarda yashash emas, albatta. Ushbu vaqt sayohatiga muzxonalarda otlangan kimsa, inson abadiyligi muammosini hal etgan yoki etayozgan bir zamonga tushib qolish maqsadi ham bor.
Bunday sayohatga barchaning ham qurbi yetmaydi. Jumladan, Frantsiyada yaxlatilishning narxi 128 000 frank. Dastlab bu tavakkalga jazm etgan 40 frantsuzning hammasi millionerlar ekanligi bejiz emas.
Qadimgi insonlar narigi dunyodagi hayot, bu dunyodagi kundalik turmushning davomi va takrori, deb bilganlaridek, muzlatilishga shaylanganlar ham kelajak jamiyatni hozirgi jamiyatning bir nusxasi deb biladilar.
Qadimgilar o‘lganlar bilan birga go‘riga narigi dunyoda kerak bo‘ladi, deb hisoblagan narsalarini qo‘shib ko‘mganlar. Aynan shunday muzxona orqali kelajakka otlanganlar ham bankda katta miqdordagi mablag‘i bo‘lishga intiladilar. Qarang-a, 300 yildan keyin millioner bo‘lib tirilish uchun hozir bankka 1 000 dollar qo‘yish kifoya qilar ekan.
Ammo, lekin, o‘sha uzoq kelajakda yashash uchun g‘amlab mo‘ljallangan pul, qadimgi ajdodlarimiz jasad bilan qo‘shib ko‘mgan tosh, bolta, nayzalar qiymatiga ega bo‘lishi ham mumkin. O‘z qiymatini yo‘qotib bo‘lgan puldan voz kechish qiyin emas. Biroq muzxonalardan uzoq kelajakka kirib kelgan kishining atavistik ruhoniy-axloqiy sarmoyasi masalasi qanday hal bo‘lar ekan?
Kelajak jamiyatini faqat ilmiy-texnik va ijtimoiy jihatdangina emas, balki axloqiy jihatdan ham ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan shiddatli o‘zgarishlar jamiyati deb tasavvur etiladi; Bu jarayon qanchalik shiddat bilan amalga oshsa, har bir avlod oldingisidan shunchalik farq qilishi, tabiiy. Mana shu o‘zgarishlar natijasida insoniyat o‘lmaslik niyatiga erishdi, deb tasavvur qilaylik. Avlodlar almashinishi to‘xtaydi… Bundan yakka shaxsning mangu yashash orzusi va insoniyat evolyutsiyasi bir-biriga zid degan xulosa chiqarsa bo‘ladimi?
O‘z vaqtida Sho‘rolar mamlakatida 1224 kishidan “Siz mangu yashab qolsangiz, lekin natijada Yer yuzida taraqqiyot to‘xtasa, nima deysiz, deb so‘roqlanganda, ularning 90 foizi, bundan ko‘ra o‘limga rozi ekanliklarini bildirganlar.
Bundan kelajakda aynan shunday fikrli kishilar ko‘payib boradi, degan xulosa chiqarmoq kerak. Ular butun insoniyatning aqliy va axloqiy ravnaqi cho‘qqisiga chiqishi uchun shaxsiy umrlari abadiy bo‘lishidan voz kecha oladilar. Zotan, insoniyatning uzluksiz rivojining ma’nisi ham shundadir. V.M.Bexterev “Jamiyat evolyutsiyasidan maqsad oliy axloqli insonni yaratishdan iboratdir”, deb yozgan edi. Balki, umrning necha yilligi, davomiyligi asosiy o‘lchov ham emasdir. Tropik orollarning birida Charli Chaplin qiziq bir suhbatning shohidi bo‘ladi. Bir amerikalik mahalliy choldan uning yoshini so‘rab aniqlamoqchi bo‘ladi.
— Zilzila qachon bo‘lgan edi? — deb so‘radi chol.
— O‘n ikki yil oldin, — javob berdi amerikalik.
— Ha, ana, o‘sha kezda mening uch nafar uylangan o‘g‘lim bor edi.
Suhbatdoshi javobidan qoniqmaganligini payqagan chol davom etdi:
— Men ikki ming dollarlik yashab qo‘ydim, – dedi-da, umri bo‘yi sarflagan puli shuncha ekanligini aytdi.
Bu manzarada hisob mavhum samoviy tushuncha: Yerning Quyosh atrofida qancha aylanganidan emas, balki tayinli bir inson umridagi voqealarga suyanadi. Bunday qarash ovro‘paliklar uchun yot, biroq boshqa madaniyat vakillari uchun ko‘nikimlidir.
Insoniy madaniyatlarning yaqinlashuvi natijasida bunday nazarlar ko‘pchilikka tushunarli bo‘lib qolishi mumkin. O‘shanda kishidan uning yoshi so‘ralganida u o‘zi erishgan yutuqlari, yaxshi amallarini aytadi, biologik mavjud bo‘lish sanasini unutardi. Rostdan ham, insonning ma’naviy kamoloti uning haqiqiy umridir, balki.
O‘sha kezlarda kishilar yuqoridagi savolga:
— Men ming bemorni tuzatdim.
— Ellik bora hosil ko‘tardim.
— Uch bolani o‘stirdim, – degan javoblar berarlar.
Bizdan juda olis kelajakda, inson kamolot cho‘qqisiga erishib, abadiy yashashning ma’naviy haqqiga ega bo‘lsa ajab emas. O‘sha paytda mangu yashash inson aql-zakovatining hiylasi emas, balki axloqiy maqomining biologik cho‘qqisi hisoblanadi.
Masala shunday ekan, ya’ni inson mangu umrga o‘z evolyutsiyasining yuqori cho‘qqisida, ma’naviy haqqa ega bo‘lgan chog‘da musharraf bo‘lar ekan, unda hozir va hozirgacha bo‘lgan izlanishlar, kashfiyotlarga ne hojat? Bularning barchasi bema’nilik emasmi?
Bunday yuzaki savollar tug‘ilishi tabiiydir. Ayni chog‘da barcha yuzaki narsalar kabi bular ham aldovchidir.
Ma’lumki, Spartak qo‘zg‘oloni quldorlikka barham bera olmadi. Vikinglarning Atlantika bo‘ylab suzishlari Amerikani ochmadi.
Shunga qaramay, jug‘rofiy kashfiyotlar tarixi, insoniyatning erk uchun kurashi tarixida nega mazkur hodisalarni eslaymiz, o‘rganamiz? Davom ettirilmagan hodisalargina hech qanday natijaga olib bora olmaydi.
Ularning har biri muayyan samara bilan yakun topmasa ham, insonning ruhoniy va axloqiy takomilida bir bosqich edi. Ana shuning uchun ham Spartakning qoni bejiz to‘kilgan emas, unutilgan yoki inkor etilgan kashfiyotlar beiz yo‘qolmadi.
O‘lmaslik yo‘lidagi izlanishlar ham aslida ana shunday pog‘onalardandir. Mangulikka erishish yoki undan butun insoniyat kamoloti, hayoti uchun voz kechish ham o‘sha pog‘onalardandir. Agar inson evolyutsiya yo‘li bilan tabiiy mangulikka yetishar ekan, bu abadiylik o‘sha chog‘da hozirgiday qiziqish uyg‘otmasligi, unchalik kerakli bo‘lib ko‘rinmasligi ham mumkin. Chunki barkamol insonning baholari va o‘lchovlari bizning hozirgi tasavvurlarimizdan ancha-muncha farq qiladi.
Qadimgi insonlar umrni uzaytirish, hatto ancha muddatga cho‘zish vositalarini bilgan ham deylik. Zamonamiz fani axir bir kun inson umrini bir necha o‘n yilga, hatto asrlarga uzaytirish ilojini topdi ham deylik. Biroq ikkinchi bir haqiqat ham mavjud — bu inson mangu yashash vositalarini izlashiga hojat yo‘q, zotan inson gavhari tabiatan abadiydir degan fikr. Bu fikr majoziy yoki ko‘chma ma’noda emas, balki to‘g‘ri ma’noda ekanligini hisobga oling.
Ohanrabo ko‘zimiz bilan qabul qilinadigan oddiy temir ma’dan parchasidan farqlanadigan, boshqa bir ma’dan bo‘lgani kabi, inson ham biz ko‘zimiz bilan qabul qiladigan vujuddan ko‘ra qiymatliroq bir mavjudotdir. Biologik tuzilmaga ega bo‘lgan tanamizdan tashqari, tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, bizni tanalarimizni o‘rab turadigan, unga kirib uni to‘ldirib turadigan biomaydon (V.M.Inyushin “bioplazma” deb ataydi) tizilmasi ham mavjud.
N.K.Maneevning “Fandagi antinomiyaning falsafiy tahlili” kitobida ushbu masalaga katta bir bob bag‘ishlanadi. Geraklitning “Tafakkurning quvvati tanadan tashqarida bo‘ladi” degan gapini keltirgach, muallif uning fikrlari silsilasi bilan tanish bo‘lmagan o‘quvchini taajjubga soladigan g‘oyalarni o‘rtaga tashlaydi: fikrni hosil qiluvchi tizilma biomaydondir. Demak, insonning barcha hayotiy tajribalari, u tushgan vaziyatlar, og‘zidan chiqqan barcha so‘zlari, hamma eshitgan so‘zlari o‘sha biomaydonda qayd etiladi va o‘ziga xos gologrammlar tarzida saqlanadi.
Boshqacha aytganda, biomaydon tizilmasi bizning xotiramiz qaznog‘i, tafakkurimizni harakatga keltiruvchisi bo‘lib, har birimizning “men”ligimizni ta’minlovchi hamdir. Bulardan juda muhim xulosa chiqarish mumkin.
Nurlangan maydon, o‘z manbaidan mustaqil ravishda mavjud bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi Maneev. Radiongiz o‘chib qolganida, radioto‘lqinlar o‘zlariga yuklangan axborotni olib makon bo‘ylab tarqalishda davom etaveradi yoki allaqachon so‘nib bo‘lgan yulduzdan kelayotgan nur fazolar osha yo‘q bo‘lib ketgan samoviy jism haqida axborot tashib tarqatishda davom etadi va u kuzatuvchi tomonidan mavjud jism sifatida qabul qilinadi. “Xuddi shunday, tana halokati chog‘ida “nurlangan” biomaydon, o‘sha tana haqidagi axborotlarni to‘liq saqlagan holda mavjud bo‘la oladi. Boshqacha qilib aytilsa, biologik tananing halokati, inson xotirasi va shaxsiyatini belgilovchi uning biomaydoni yo‘qolishini anglatmaydi.
Mavzumiz o‘lmaslik, unga yetishishning qadimda va hozirda, hatto kelajakdagi izlangan, izlanayotgan, izlanadigan yo‘llari haqida. Bundan tashqari, insonning abadiyligi bizning intilish, urinishlarimizga bog‘liq bo‘lmagan holda qandaydir bir shaklda mavjudligi borasida ham to‘xtaldik. Keyingi fikr ham to‘g‘riligini tasdiqlovchi yana bir dalilga murojaat etsak.
Ma’lumki, Borliq kengaymoqda. Bu jarayon bundan 15-22 milliard yil avval, hali Borliqning massasi bir nuqtaga yig‘ishtirilgan — “koinotning ilk tomchisi” holida mavjud bo‘lgan kezda boshlangan edi.
Bu holat nima sababdan o‘zgargan-u, hozir “buyuk portlash” deb ataladigan jarayon boshlanganining sababi bizga ayon emas. Har tomonga uchib, kengayib, materiya yo‘qliqni surib borgan hamda makonni, vaqt hisobini boshlab bergan. Hozirgi zamon olamshunosligi Borliqning shakllanishini shu yo‘sinda tushuntiradi.
Lekin Borliqning kengayib borishi cheksiz davom etishi mumkin emas. Bu jarayon qachondir to‘xtab, teskari jarayon boshlanadi: galaktikalar yaqinlasha borib, yana ilk nuqtaga tortila boshlaydi. Makon bir nuqta tomon qisilib kela boradi. Oqibatda, astronomlar “Borliqning yig‘inishi” deb ataydigan hodisa sodir bo‘ladi.
Borliq “ilk gavhar” holiga qaytganidan so‘ng nima bo‘ladi? Bundan keyin yangi davra — navbatdagi “buyuk portlash”bo‘lib: “yangi materiya gavhari” har tomonga sochilib, makon hosil qilib, galaktikalar, yulduzlar turkumi, sayyoralar, hayot paydo bo‘ladi. Amerikalik munajjim J.Uiller olam paydo bo‘lish tarhini yuqoridagicha sharhlaydi. Ushbu tarhni taniqli olim Kurt Gedel matematik jihatdan asoslab bergan.
Bu jarayonlar qanday kechishini Nobel mukofoti sovrindori S.Vaynberg quyidagicha bayon qiladi. Qisilish jarayoni boshlanganidan ming, million yillar o‘tganda ham, bizning uzoq nasllarimizni xavotirga soladigan hech narsa yuz bermaydi. Biroq Borliq hozirgi miqyosining 100 dan biriga qisqarganida, kechalari Yerga hozir kunduzi qancha issiqlik taralsa, shuncha issiqlik yetib keladi. Yana 70 million yil o‘tib, Borliq bir necha o‘n marta qisqargan bo‘ladi va bizning zurriyotlarimiz (agar ular mavjud bo‘lsa) osmonning haddan tashqari yorug‘ ekanligini ko‘rishadi. Yana 700 000 yil o‘tgach, koinot harorati 1 million darajaga yetib, yulduzlar va sayyoralar nurlanish “elektron yadro portlashlari natijasida koinot “sho‘rva”lariga aylanadi.
Bir nuqtaga yig‘inayotgan va yana kengayayotgan Borliq, o‘tilgan davralarni takrorlarmikan? Ayrim olamshunoslar bu shart emas, deb hisoblaydilar. Yangi Borliq shakllanish jarayonida, oldingisidan salgina ham farq qiladigan fizik sharoit bo‘lsa, navbatdagi Borliqda uglerod kabi hayot uchun zarur bo‘lgan modda bo‘lmasligi mumkin. Birin-ketin davralar almashinib, hayotsiz Borliq paydo bo‘lishi va barbod bo‘lishi mumkin. Ko‘plab qarashlarning biri ana shunday.
Yana bir qarash Borliqning davradan davraga evolyutsiya qilib borishini nazarda tutadi. J.Uiller har gal qisqarish chog‘ida Borliqning sifatiy jihatdan sakrashi ro‘y beradi, deb ishontiradi.
Uchinchi bir qarash, har bir davra o‘zidan oldingi davralarni ularda bo‘lgan barcha o‘zgarishlar bilan qo‘shib aynan takrorlaydi, deb ta’kidlaydi.
Avvalgisini qaytarish…
Agar materiya yo‘q bo‘lmasa, unda uni aks ettiruvchi, o‘zida tashuvchi axborot ham yo‘q bo‘lmaydi. Bu xabarlar galaktikalar, yulduzlar va sayyoralar va ularda makon tutganlar haqidadir. Yangi Borliq paydo bo‘lishida, u organizm paydo bo‘lishidagi dastlabki axborot gavhari o‘tagan vazifani o‘tashi kerak bo‘ladi. Boshqacha aytsak, taqdir rolini o‘ynaydi.
Abadiy qaytarilish, insonlarning doim qaytarilishi, voqea va hodisalarning takrorlanishi haqidagi fikr inson ongida doim bo‘lgan. Bunga misol bo‘ladigan ma’lumot Sharqda eraning II asriga oid xitoy matnida uchraydi. Bundan ancha oldin eradan oldingi IV asrda rodoslik faylasuf Yevdem o‘z shogirdlariga: “Agar pifagorchilarga ishonilsa, qachonlardir xuddi hozirgiday qo‘limdagi tayoqcha bilan, aynan atrofimda o‘tirganlar bilan, aynan mana shu suhbatni yana qayta boshdan boshlayman…” degan edi. Boshqa bir faylasuf bunday deb yozgan: “Boshqa bir Afinada boshqa bir Suqrot tug‘iladi va boshqa bir Ksantippaga uylanadi”. Hamma bo‘lib o‘tgan narsa abadiy takrorlanib turadi, hammasi o‘z doirasida aylanadi “yana qaytadan yangi urushlar boshlanadi, yana qudratli Axill Troyaga otlanadi” (Vergiliy).
Biror sodir bo‘layotgan hodisani avval ham ko‘rganday bo‘lish hissi sizga tanishmi? Ba’zan begona bir shaharda, siz hech qachon bo‘lmagan yerda maydonmi, ko‘chami sizga juda tanish ko‘rinadi. Ko‘pgina mamlakatlarda o‘tkazilgan so‘roqlamalar natijasiga ko‘ra, so‘ralganlarning 75 foizi “avval ko‘rish” hissini boshidan kechirishgan ekan.
Ov chog‘ida L.Tolstoy quyon ketidan otliq quvib borayotib otning boshi osha yiqiladi. Chayqalib o‘rnidan turayotib, bunday hodisa uning boshidan qachonlardir kechganday bo‘ladi. Tolstoyning aytishicha, o‘sha vaqtda ham u otliq bo‘lgan, quyon quvgan va otdan yiqilgan.
Strasburgdan Druzengeymga safar chog‘ida Gyote o‘zini samnambulik holatda — to‘satdan tanasini tashqaridan turib ko‘rganday bo‘ladi, lekin o‘zini hech qachon kiymagan ko‘ylakda ko‘radi. Sakkiz yildan so‘ng Gyote yana shu yerdan o‘tar ekan, egnidagi ko‘ylagi o‘sha ko‘ziga ko‘ringan ko‘ylak ekanligiga hayratlanib e’tibor beradi.
Bu va bunga o‘xshash dalillarni ko‘plab keltirish, hamma narsani takrorlanishini isbotlash uchun yetarli emas. Bunday dalillar qo‘proq mulohaza uchun ozuqa bo‘la oladi. Bundan tashqari ushbu dalillar boshqa yondosh hodisalar bilan bir qatorga tizilib zanjir hosil qiladi. Bu zanjirga Iso Masihning xochlanish arafasida “Bularning hammasi bo‘lib o‘tgan” degan gapi ham bir halqa bo‘lib birlashadi.
Rus tilidan Baxtiyor Isabek tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 7-son