yoki “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” kompaniyasini kim boshlib, kim tugatgani, bu so‘nggi qatag‘on millat boshiga qanday kulfatlar solgani to‘g‘risida eslov
… Qizil saltanat o‘zining so‘nggi nafaslarida o‘zbek xalqiga qilgan hamlasi millat boshiga o‘ttizinchi yillar qatag‘onidan kam bo‘lmagan jabr-sitamlar keltirdi. Ulug‘ yozuvchimiz aytganidek, moziyga qarab ish tutmoq xayrlidir: bugunning baxti kechaning fojialari bilan taqqoslaganda yorqinroq namoyon bo‘ladi. Bor-yo‘g‘i yigirma yilning narisida bo‘lib o‘tgan bu voqealar bugungi BAXTIYoR zamonda tug‘ilib-o‘sganlar uchun ertakdek tuyulsa, ajabmas.
Paxta ishi
… Saksoninchi yilning o‘rtalari. Xalq orasida, qayerda ochiq-oydin, qayerda shivir-shivir “O‘zbekistonga Gdlyan deganning boshchiligida Moskvadan tergovchilar kelibdi, paxtani qo‘shib yozishni tekshirayotganmish, ko‘plar qamalarmish” degan mish-mish tarqaldi. Tez orada, falonchi kolxoz raisi qamalibdi, falonchi raykom sekretari so‘roq berayotganmish degan faktlar orqali mish-mish haqiqatga aylandi. So‘ng, “lavozim” ko‘tarila bordi: obkom sekretari, Markazkom sekretari… Tergov KPSS Markaziy Komiteti sekretariga yetib borganida… to‘xtadi! Ungacha esa, qancha o‘zbekning sho‘ri quridi: kolxozning (jamoa xo‘jaligining) oddiy tabelchisi va brigadiridan tortib to viloyat, respublika rahbarlarigacha bo‘lgan minglab insonlarning taqdiri sindi, ularning oila a’zolari bo‘lmish o‘nlab ming ota-ona, bola-chaqa — farzandlarning oshiga og‘u tushdi, ko‘z yoshlari daryo bo‘ldi. Nainki ko‘z yosh, qonlar to‘kildi… Nega, nega shunday bo‘ldi, urushsiz, tabiiy ofatlarsiz, tinch-osuda zamonda nega birgina millatga bunchalik jabr-sitam yetkazildi? Uning oldini olsa bo‘lmasmidi?
Bu savollar… juda jo‘n va ayni paytda nihoyatda murakkab savollar!..
Eng quyidan boshlaylik. 1996 yili shu mavzuda tayyorlangan ko‘rsatuvga intervyu bergan Yangiyo‘l tumanidagi jamoa xo‘jaligi paxta topshiruvchisi Jumanazar aka deydi:
— Pripiskada (paxta hosilini qo‘shib yozish) qatnashgansan deb tergovga chaqirishdi. Qatnashmaganman, pripiska nimaligini bilmayman, buning uchun birovdan bir so‘m olmaganman, dedim. Yo‘q, gapim o‘tmadi. Sud qilishdi, 3 yilga qamashdi. Kelsam, uy ship-shiydam: uylanganimda kelin tomon olib kelgan oddiy shifoner-servant bilan ikkita gilamni olib ketib, qo‘shib yozishdan yetkazgan “zarar”ni qoplashga musodara qilishibdi. Uyda eski kigizdan boshqa narsa qolmabdi. Oqlanganimdan keyin o‘sha uy jihozlarini qaytarib oldim…
Shu tumandagi sobiq Kalinin nomli jamoa xo‘jaligining raisi Roza Otaboyevaga mikrofonni tutgancha, peshonasidagi qatag‘on chiziqlariga qarab og‘ir o‘yga tolaman. Opa esa gapiryapti:
— Tergovchilar uyimdan qo‘limga kishan solib olib ketishdi. Xuddi men odam o‘ldirganmi, davlatga qarshi qo‘poruvchilik qilganmi jinoyatchidek. Shu bo‘yi sudgacha olti oy hibsda yotdim. Tergovda aylanib kelib bitta savolni takrorlayverishadi: “Obkomni birinchi sekretariga qancha pora bergansan?” Hay baraka topkur, men porani qayerdan olaman, nega beraman, axir u odamni katta majlislarda gapirganda ko‘rib qolmasak, u odam bilan gaplashishni o‘zi bo‘lmaydi, qabuliga umuman kirmaganman, deyman. Tushunishmaydi meni gapimni. Yoki tushunishni xohlashmaydi. Sud yetti yil berdi, 23 oy o‘tirib chiqdim…
Qo‘shib yozish Markazdan respublika uchun belgilangan noreal reja — 6 million tonna paxta topshirishdan kelib chiqqan. O‘sha miqdor tumanlarga, xo‘jaliklarga taqsimlanib, birgina bizning xo‘jalik 36 ming tonna hosil topshirishi kerak edi. Hozir esa u 14 ming tonna paxta beradi — real reja shu. Oqibatda, odamlar dekabrda ham paxtazordan chiqmay, g‘o‘zapo‘choqqacha paxta o‘rnida topshirilgan…
O‘sha davrda Yangiyo‘l tumaniga bir necha yillar Lola Aliqulova boshchilik qilgan — tuman partiya komitetining birinchi sekretari bo‘lgan. Qorachadan kelgan, tikqomat, yuz-ko‘zidan aql va mehr yog‘ilib turadigan, texnika fanlari nomzodi bu ayol respublikadagi taniqli qishloq xo‘jaligi rahbarlaridan biri edi. Opani intervyu uchun izlab topganimda, Toshkentdagi qaysidir texnikaviy ilmiy-tadqiqot institutida oddiy xodim bo‘lib ishlayotgan ekanlar. Tarixni eslab, yarani yangilashga “majbur” qilganim uchun uzr so‘rab, “Paxta ishi” xotiralarini gapirib berishni iltimos qilaman.
— Ha, haqiqatan ham, qatag‘on bo‘lgan edi, — deya so‘z boshlaydi Lola Shirinovna ma’yus tortib. So‘ng birdan mahzunlik o‘rnini alam aralash yuvosh vajohat egallaydi, ovoziga hayajon qo‘shiladi: — qatag‘ondan ham battar bo‘lgan. Qarang, beshinchi-oltinchi sinf bolalari tergov qilinganini qayerda eshitgansiz!
— Yo‘g‘-e, shunchalik ham bo‘lganmi?
— Xuddi shunaqa bo‘lgan. Kun peshinga yaqinlashib qolgan edi. Kotibam elliginchi maktab direktori telefon qilayotganini aytdi. Trubkani ko‘tardim. Rahbar ayol yig‘layapti: «Lola Shirinovna, tergovchilar bolalarni bitta sinfga qamab, ertalabdan beri tergov qilishyapti. Kun peshin bo‘ldi, qorni och bolalarni bitta-ikkitasi yomon bo‘lib, o‘zini tashavordi, kelmasangiz bo‘lmaydi!»
Titrab ketdim. Hamma ishni yig‘ishtirib, maktabga yetib bordim besh minutda. Tergovchilar qirq-ellikta bolani bitta sinfga qamab, eshikdan chiqarmay, so‘roq qilishayapti. Oldilarida paxta terimidagi bolalarga terim haqi berilgan vedomostlar. Har bir bolani bittadan chaqirib, “Mana bu sening imzoingmi?” deb vedomostni ko‘rsatib so‘rayapti. Bola “ha” desa, oq qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib, so‘ng “Bu sening imzoingga o‘xshamaydi-ku?” deydi. Axir o‘ylang, o‘n ikki-o‘n uch yashar bola bugun dadasining imzosiga o‘xshatib qo‘l qo‘ysa, ertaga oyisining imzosiga taqlid qiladi! Tergovdan maqsad — go‘yoki bolalarning vedomostdagi imzolari qalbaki, qalbaki vedomost tuzib qo‘shib yozilgan paxtaga terim haqi olinganini aniqlash. Maydalik, ahmoqlik shu darajada bo‘ladimi!
Axir ular yurist-ku, voyaga yetmagan bolani ota-onasi ishtirokisiz so‘roq qilib bo‘lmasligini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilishadi-ku! Men bu gapni ularga aytsam, nima deyishdi deng: “Kerak bo‘lsa seni ham qamab qo‘yamiz, poraxo‘rlarni boshida turgan sensan!” Oyoq-qo‘lim titrab ketdi. Bu gapingga hali javob berasanlar, senlar uchun O‘zbekistonda to‘g‘ri odam qolmabdi-da, deb jahl bilan chiqib ketdim. O‘zimni bosolmayman. To‘g‘ri Toshkentga jo‘nadim. Markazkomning a’zosi edimmi, qiyinchiliksiz kirib bordim. Birinchi sekretarning yordamchisiga aytdim hamma gapni, shunaqa bedodlik qilishyapti, yordam bermasanglar bo‘lmaydi, ertaga bu bolalarning ota-onalari to‘palon ko‘tarvorsa nima bo‘ladi, dedim. Bilasizmi, ertasiga kelishdi — Markazkomning, obkomning rahbarlari. Raislar bilan uchrashtirdim. Qirq yil raislik qilayotgan O‘sar Jo‘rayev degan hurmatli odam, tergovchilar choyga bir nima qo‘shib berib so‘roq qilayotganini, hushini yo‘qotib qo‘yayotganini respublika rahbariga aytdi. Boshqalar ham gapirishdi. Rahbar Bosh prokuror Buturlinga buni aytgan ekan, u o‘rinbosari Chitakovni yubordi.
Opa hayajonini bosgan bo‘lib bir zum tin oldi, lekin o‘pkasi to‘la boshlagani sezilib turardi, chalg‘itish uchunmi, qiziqibmi, savol berdim:
— Keyin nima bo‘ldi, nima chora ko‘rishdi?
— Bilasizmi… hech nima! Qaytaga, keyin, “Yangiyo‘lda shunaqa geroy bor ekan” deb mazax qilib, mening ustimdan jinoyat ishi qo‘zg‘atishdi. Yo‘q, oxiriga yetkazisholmadi…
Opa boshidagi o‘ziga yarashib turgan sharfnamo shoyi ro‘molini to‘g‘rilab qo‘yib, biroz tin oladi, o‘yga cho‘mgandek bo‘lib, davom etadi:
— Bilasizmi, biz tariximizni bilmagan ekanmiz, komsomolmiz, kommunistmiz deb, jonimizni jabborga berib ishlab yuraverarkanmiz-u, tariximiz bilan, ota-bobolarimiz kimligi bilan qiziqmagan ekanmiz. Bunga vaqtimiz ham, ehtiyoj ham, sharoit ham bo‘lmagan. Ular bizni kuchli bo‘lmasligimiz, to‘tiqush bo‘lishimiz uchun tariximizdan uzib qo‘yishgan ekan. Buni endi-endi tushunyapman.
Yo‘q, opaning asabi shu yerga kelganda chidash bermadi: ovozidagi hayajon hiqillashga aylanib gapirishdan bir zum to‘xtadi, beixtiyor ro‘molining dam u, dam bu uchini ko‘ziga surtdi… Mening esa boshqa bir narsa yodimga keldi: ommaviy bayramning stsenariysini yozish uchun “tepa”ga chaqirilgan toshkentlik shoir
D. Polunin, Oybekning Moskvada nishonlangan yubiley kechasida ishtirok etib kelgan rahbar opaning unga aytgan gaplarini hayrat bilan shivirlab degan edi: ona skazala, “Okazыvayetsya, Aybek velikiy pisatel!” Ha, butun boshli xalqning mafkurasi tepasida turgan o‘zbek rahbar Oybekning ulug‘ yozuvchi ekanligini Moskvadagi yubileyidagina anglab yetganidan keyin, boshqalardan nimani kutish mumkin edi… O‘zini tanimagan xalqni esa har ko‘yga solish juda oson… Hatto bekorga o‘ldirib yuborish ham.. Xuddi, Pskent rayon partiya komitetining birinchi sekretari Uchqun Bahodirov kabi.
Hozirgi Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilib o‘sgan, shu tumanda kolxoz raisligidan Pskent tumaniga birinchi rahbar lavozimiga tayinlangan, yoshi ellikka bormagan, xipcha, baland bo‘y, jiddiy qiyofali bu odam viloyatda, xalq orasida “to‘g‘riligi” bilan tanilgan edi. Ming afsuski, u esini tanib umr bo‘yi sadoqat bilan xizmat qilgan — bor kuch-g‘ayratini, bilimi va vujudini baxshida etgan kommunistik partiya oxir-oqibat unga xiyonat qildi: bu insonning Gdlyan-Ivanov tergov guruhining qatag‘on mashinasi qiynog‘iga dosh berolmay, ular talab qilgan tuhmat ko‘rgazmani yozib berib, so‘ng vijdon azobi po‘rtanasida o‘z joniga qasd qilishiga tomoshabin bo‘lib qarab turdi. Qarabgina turmay, ana shu qatag‘onga bosh-qosh bo‘ldi. Sodiq kommunist Uchqun Yahyoyevich Bahodirovning 1987 yil 20 oktyabrda KPSS Markaziy Komiteti Bosh sekretari Mixail Gorbachevga, SSSR Bosh prokurori Rekunkovga o‘zining sofligini isbotlab najot istab yozgan xatlari suvga tushgan toshdek izsiz yo‘qoldi. Uchqun Bahodirovning ukasi, tuman elektr tarmoqlari idorasining mexanigi Xamidulla Bahodirov hikoyasi:
— Akam har kuni Toshkentga tergovga borib-kelardi. KGBning podvalida Gdlyan tergovchilari so‘roq qilyapti, derdi. Ezilib, bir holatda qaytib kelardi. Aka, bu kunlar o‘tib ketadi, o‘zingizni qo‘lga oling derdim. Uka, sen bilmaysan, yomon qiynashyapti, elektr stulga o‘tqizishyapti, sen Musaxonovga (Toshkent viloyat partiya komitetining birinchi sekretari) pora berganman deb yozib bermaguningcha qutulmaysan, deyishyapti. Men bu ishni qilmagan bo‘lsam, qanday tuhmat qilaman!? Xotinim og‘ir kasal, bir-ikki kun ruxsat beringlar, tepasida qarab turay desam, o‘lsa-o‘laversin, bitta o‘lgani bilan o‘zbek xotinlari kamayib qolmaydi, deydi…
Hamidulla aka bilan uning uyida, Uchqun Bahodirov yashagan uyda suhbatlashyapmiz. Qulog‘im unda-yu, ko‘zim bilan ko‘rimsiz hovlini, paxsadevor pastqam uy va oshxonalarni kuzataman. Oddiy kolxozchining uyidan xarob bo‘lsa xarobki, ortiq emas. Mana shu uyda yashagan odam, tergovchilarning nazdida, paxtani qo‘shib yozishdan kelgan yuz minglab so‘m porani raislardan, paxta zavodi direktorlaridan olgan va o‘zidan yuqori rahbarlarga bir qismini berib turgan! Bu, ularning miyasida o‘rnashib olgan va o‘rnashib qolgan qat’iy ishonch. Va buni haqiqat hisoblashadi, haqiqat deb bilishadi. Nachora, ruslarda mos maqol bor: har kim o‘zining buzuqlik darajasida fikrlaydi. Beixtiyor savol beraman:
— Uchqun aka o‘sha tergovchilarni biror marta mana shu uyni ko‘rsatishga taklif qilmabdilarmi?
— Taklif qilganlar, so‘raganman buni, kelishmagan, faqat o‘sha podvalda so‘roq qilgan.
… Nihoyat, bir kuni rayon rahbari odatdagidan-da xarob ahvolda uyga kirib keldi. Ular, ikki oila bir hovlidagi mana shu pastqam uylarda yashashardi. Bir og‘iz so‘z aytolmay peshvoz chiqib mo‘ltirab turgan Hamidullaning ko‘zlariga bir qaradi-yu, ho‘ngrab, o‘ksib-o‘ksib yig‘langancha o‘tirdi. Uka qo‘rqib ketdi. “Tinchlikmi aka, turing o‘rningizdan”, deya qo‘ltig‘idan oldi. Uchqun Yahyoyevich alam bilan aytdi: uka, chidayolmadim, og‘riqqa chidayolmadim, tovonimga temir bilan urdi, aytganini yozib berdim. Endi nima qilaman, nima degan odam bo‘ldim men?!
U ikki qo‘li bilan boshini changallab, sarak-sarak qilganicha tuproqli hovli o‘rtasida o‘tirardi…
Shu kuni kech kirgach, necha oy to‘shakda yotgan xotini og‘irlashib qoldi.
Hamma uning tepasida parvona. Ayol jon taslim qilyapti. Birdan uvvos yig‘i-sig‘i ko‘tarildi: uning joni uzilgan edi. O‘g‘il-qizlar, opa-singil, egachilar — kim dodlab, kim alam bilan dodini ichiga yutib, o‘ksib-o‘ksib ko‘z yosh oqizadi… Bir mahal, yig‘i tingach, Hamidulla qarasa, akasi yo‘q, ko‘rinmaydi. Qiziq, u qachondan beri yo‘q? Boya, xotini so‘nggi nafasini olayotganda tepasida go‘dakday mo‘ltirab turgandi-ku! O‘shanda bir ko‘rgani, keyin ko‘rinmadi. Uka, xayoliga kelgan sovuq fikrdan birdan badani junjikib ketdi-yu, hovliga chiqib “aka-aka”lab chaqira boshladi. Javob yo‘q. Ovozini balandroq ko‘tardi. Sado yo‘q. Hovliqib uydagi xonalarni qarab chiqdi. Yo‘q. Yugurib borib hojatxonaning eshigini ochdi. Yo‘q. Qaralmagan bitta og‘ilxona qoldi. Hamidulla, harchand u yerga kirgisi kelmasa-da, kirib xayolidagi sovuq fikrni amalda ko‘rishdan harchand qo‘rqsa-da, “Zora u yerda ham yo‘q bo‘lsa!” degan ilinjda… og‘ilxona eshigini ochdi. Yo‘q, ilinj o‘zini oqlamadi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ro‘parasida akasi shiftdagi to‘singa bog‘langan yo‘g‘on arqonga osig‘liq turardi!!! Uning orqaga silliq taralgan quyuq qora sochli, qalin qora qoshli chiroyli yuzi bilan uzun gavdasini bo‘ynidagi sirtmoq ajratib turibdi. Bu — tuman partiya komitetining birinchi sekretari, Kommunistik partiyaning otashin xizmatkori, Qizil imperiya qatag‘onining yangi qurboni Uchqun Yahyoyevich Bahodirov edi…
Ertasiga Pskent ko‘chalarini lopillatib, Pskent xalqining qalblarini larzaga solib, ikkita tobut baravar yuzlab yelkalarda mozorga eltildi…
«O‘zbeklar ishi»
… O‘z joniga qasd qilgan qatag‘on qurboni, afsuski, yagona emasdi. Balki, barmoq bilan sanarli darajada kam ham emasdir. Lavozimi tuman rahbarligi darajasidan kattaroq yana bir shaxs, viloyat partiya komitetining birinchi sekretari ham o‘z joniga qasd qildi. Boshqacharoq shaklda: aytishlaricha, u vazifasidan bo‘shatilib uyda xonanishin bo‘lib o‘tirgan kunlarning birida gdlyanchilar darvozaga “tashrif buyurishgan”. Chiqsa, o‘shalar. “Yuring biz bilan”. “Xo‘p, hozir men kiyinib chiqay”, degan ota va uyga kirib… qaytib chiqmagan. Kirishsa, o‘zini pichoq bilan chavaqlab tashlabdi…
Bu, o‘ziga xos isyon edi! Adolatsizlikka, haqsizlikka, huquqsizlikka, qonunbuzarlikka qarshi, Qizil imperiyaning badbo‘y siyosatiga qarshi isyon edi! Qolaversa, o‘sha paytda respublikaning tepasida turganlarning bedodliklarga tomoshabingina bo‘lib qolmay, Markazdan kadr so‘rab qatag‘onga tashabbuskorlik ko‘rsatish, so‘ng uni chapak chalib kuzatib o‘tirish kayfiyatiga qarshi qalb g‘alayoni edi!..
Shu tariqa “Paxta ishi” “O‘zbeklar ishi”ga “etilib” bordi. Endi paxta, paxtakor buyoqda qolib, katta-kichik rahbar lavozimdagilarga “hujum” boshlandi. Yo‘qsa, qarang, Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining “paxta ishi”ga qanaqa aloqasi bo‘lishi mumkin? U faqat poytaxt shaharda jamoat tartibini saqlashga, jinoyatchilikka qarshi kurashga javob bersa. Ha, uni, general unvonidagi eliga, yurtiga, Vataniga sodiq, Kommunistik partiyaga sadoqatli kommunistni ham qamadilar! Emishki, u bu lavozimga o‘tirish uchun Ichki ishlar vaziriga pora berganmish. Shuni bo‘yniga olib ko‘rgazma yozib berishi kerakmish! Kichik jussali, harakatchan, muloyim chehrasiga samimiylik va shijoat bag‘ishlab turgan ko‘zlaridagi o‘tkir nigoh uni shaxs sifatida gavdalantirib turadigan bu kishini men tanirdim, xizmat yuzasidan bir necha bor suhbatlashganman. Va, o‘n yillar chamasi poytaxt shahar militsiyasiga boshchilik qilgan davri mobaynida uning haqida birorta nojo‘ya gap eshitilmagan. Dastlab ko‘rganimda, yetmishinchi yillarda, polkovnik pogonli harbiy kiyimda edi. U kishi bunga izoh berganday, “uka, men ham siz bilan hamkasbman, armiyada harbiy muxbir bo‘lib xizmat qilganman”, degan muloyim so‘zlari sira yodimdan chiqmaydi. Saksoninchi yillarning o‘rtasida shu odamni ham qamashdi. General Islom G‘afforovich Sattorovni! Asos yo‘q. Yo‘qligi tayin. Avval qamab qo‘yib, keyin asos topish lozim edi. Ya’ni, “Ha, men falonchiga pora berganman”, deb yozib berishi kerak. Uning qachonlardir, kimgadir pora bergani haqida esa na ariza bor, na “signal” bor, na guvoh bor! U “Falonchiga pora berganman”, deb yozib bersa, o‘sha falonchini ham silliqqina qamoqqa olishadi!
Buyog‘ini gapirish esa… aqlga sig‘maydi. Islom G‘afforovichning turmush o‘rtog‘i, ToshDU o‘qituvchisi, dotsent Zoya Sattorova deydi:
— O‘g‘limni ham chaqirib, qiynab so‘roq qilishdi. Aspiranturani tugatgan, yaqinda uylangan, o‘sib kelayotgan yigit. Otasi kimga pora berganini aytishi kerakmish. Agar aytmasa, turmada otasi bilan yonma-yon kamerada devorni taqillatib gaplasharmish. Bu ham mayli, Islom G‘afforovichning to‘shakda yotgan kasal onasini chaqirib so‘roq qilishganiga nima deysiz? Tergovni tugatib ishni Rossiyaning sudlariga yuborishdi. Bu davrga kelib u ikki yil hibsda yotgan edi. Ayblanuvchini sudgacha ikki yil hibsda saqlash dunyo tajribasida uchramagan qonunbuzarlik, bedodlikdir! Podmoskoveda sud bo‘ldi. Sudda unga qo‘yilgan o‘nlab ayblarning hammasi chok-chokidan so‘kilib ketdi. Asos yo‘q-da. Fakt yo‘q, dalil yo‘q. Baribir, uni oqlab chiqarisharmidi, besh yil ozodlikdan mahrum etish jazosi berildi.
U odam ozodlikka chiqqanidan keyin juda ko‘p jurnalistlar deyarli har kuni — tahririyatlar korpusidagi oshxonaga tushlik qilgani chiqqanda uni ko‘rishardi: Islom Sattorov hayotining oxirgi yillari yana jurnalistikaga sodiq qoldi, “Toshkentdan gapiramiz va ko‘rsatamiz” gazetasida ishladi…
Ular, iblislar o‘zbek tabiatini yaxshi o‘rganishgan edi: farzandiga ozor yetkazib otasidan kerakli ko‘rgazmani olish usulini qo‘llashardi. Toshkent viloyat partiya komitetining birinchi sekretari, yetmish besh yoshli “sof kommunist” Mirzaraxmon Mirzamaxmudovich Musaxonovning qizi, ToshDU dotsenti, ximiya fanlari nomzodi Sojida Musaxonovaning so‘zlariga quloq tuting:
— Otamni, uyda, bizning ko‘zimiz oldida qo‘llariga kishan solib olib chiqib ketishdi. Yetmish yoshli cholga kishan solish shartmi deng, u barzangilar qo‘lidan qochib ketarmidi. Siltashganda ko‘zoynaklari yerga tushib ketdi, hech narsani ko‘rolmaydilar, men ko‘zoynakni ko‘tarib ortlaridan yuguraman… So‘ng, fizika-matematika fanlari doktori bo‘lgan akamni ham hibsga olishdi, o‘g‘lingni qo‘shib qamaymiz deb otamni qo‘rqitishdi. Otamdan bir narsani — “Markazkom sekretariga pora berganman”, deb yozib berishni talab qilishardi…
— Oliy militsiya maktabida auditoriyada lektsiya o‘qib turganimda qo‘limga kishan solib olib ketishdi, — deydi ko‘rsatuvga intervyu olingan to‘qson oltinchi yilda shu Akademiyaning boshlig‘i bo‘lmish general Ubaydulla Tojixonov. — Hibsga olgach, titkilamagan joylari qolmadi. Uyimdagi parket pollarni ko‘chirib ham izlashdi. Bilmadim, ular nima izlashgan. Shu ko‘yi, besh yilga ozodlikdan mahrum etildim, sud Rossiyada bo‘ldi.
— Ubaydulla aka, siz oq-qorani allaqachon ajratib bo‘lgan huquqshunos odamsiz, ayting-chi, xalqning boshida o‘ynagan bu behad jabru zulmga aslida nima sabab?
— O‘sha paytdagi respublika rahbarlarining qat’iyatsizligi, qo‘rqoqligi sabab: biri go‘yo O‘zbekistonda tartib o‘rnatish uchun Rossiyadan kadr so‘radi, ikkinchisi baland minbarda turib O‘zbekistonni boqimandaga chiqardi. O‘zingiz o‘ylang, ajdodlari dunyoning uchdan ikkisini aqli-shijoati bilan zabt etgan Amir Temur, algebrani kashf etgan Xorazmiy, tibbiyotga asos solgan Ibn Sino, hadis ilmining otasi hisoblangan Imom Al-Buxoriy bo‘lgan o‘zbek xalqi yigirmanchi asrga kelib mamlakatida tartib o‘rnatolmaydigan, tashqaridan kadr chaqirishga muxtoj millat bo‘lib qolibdimi?.. Bugungi kunlarning sadag‘asi ketsang, bugungi rahbarning boshidan suv o‘girib ichsang arziydi… Men, oliy ma’lumotli huquqshunos odam, o‘zimning haqligimni isbotlash — o‘zimni oqlash uchun uch yil vaqt kerak bo‘ldi. Siz bo‘lsa, oddiy kolxozchiyu brigadirni gapirasiz. U sho‘rliklar nima qilsin…
Darhaqiqat, og‘ir gap. Lekin, ming afsuski, bor gap. Qizig‘i, chetdan so‘ralgan va respublikaga “tashrif buyurgan” bir necha yuzlab kadrlar qishloq xo‘jaligiga emas, sanoat ishlab chiqarishiga emas, balki faqat huquq-tartibot organlari rahbar lavozimlariga joylashtirildi. Toshkentda ikki xonali kvartirada yashayotgan o‘n-o‘n besh jondan iborat oilalar kattaroq kvartira olish uchun o‘n yildan ortiq navbatda turgan bir sharoitda, ularga kelgan zahoti shahar markazidan shinam kvartiralar ajratildi. Ular esa kimlar? Yo so‘qqabosh bir o‘zi, yoki xotini yo o‘ynashi bilan kelgan. Borida bitta bola bordir. Ana shularga bir yo‘la uch-to‘rt xonali kvartiralar berildi. Ijaraga emas, vaqtincha emas, xususiy qilib. Va oradan besh-olti yil o‘tib, respublikaning yangi Yo‘lboshchisi tashabbusi bilan ularning pattasi qo‘liga berilgach, kelgan bitta chemodanli “tartib o‘rnatuvchilar” topgan-tutganini konteynerlarga joylab, “zakuska”siga “xususiy” kvartiralarni pullab jo‘nadilar. Ular, o‘sha besh-olti yillik katag‘on davrida respublika rahbariyatidan tortib Bosh prokuratura, Oliy sud, viloyat, shahar, tuman rahbarligi va huquq-tartibot idoralariga joylashib olgan edilar. Albatta, tayinli odam o‘z vatanidagi issiq o‘rnini tashlab kelmaydi. O‘sha davrda SSSR Adliya vazirligining foyesida “O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralarida ishlashni xohlovchilar falon xonaga kirib ro‘yxatga yozilsin” degan e’lon osib qo‘yilgani faktining o‘zi ham kelganlar kimlar ekanidan dalolat beradi…
Kichkina bir misol: Chelyabinskda tuman poliklinikasining bosh vrach o‘rinbosari bo‘lgan Volodya Rusinov ikki yarim million aholili Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining boshlig‘i etib tayinlandi. U Toshkent shahar partiya komitetining birinchi sekretari Satinning jiyani ekan. Uning xurmacha qiliqlari, axloqsizligi, zavoddan chiqqaniga bir yil bo‘lgan “Moskvich” xizmat mashinalarini “eskirgan” deb 500-600 so‘mdan rasmiylashtirib sotib yuborgan jinoiy harakatlari haqida faktlarga asoslanib e’lon qilingan tanqidiy maqolaga “Nega javob yubormayapsizlar?” deb Sog‘liqni saqlash vazirligiga qo‘ng‘iroq qilsam, vazirning birinchi o‘rinbosari “Satin komandirovkada ekan, kelishini kutayapmiz”, degani sira esimdan chiqmaydi… Shuningdek, tuman militsiya boshlig‘i, tuman prokurori va boshqa lavozimlarga tayinlanganlarning ham ko‘pi o‘shanaqa qochgan-quvgan qarindosh-urug‘lardan iborat edi.
Ular… bir necha o‘n ming nafar insonni — paxtakorni, rahbarni qamoqqa tiqishdi, 100 mingdan ortiq oila a’zolarini qon qaqshatdilar!
Butun bir millatga nisbatan bu zo‘ravonlik, xunrezlik, terror qachon, qanday bartaraf etildi?
O‘sha vaqtda Toshkent aviatsiya zavodining tokari, SSSR xalq deputati bo‘lgan Vladimir Odilov hikoya qiladi:
— SSSR xalq deputatlari s’ezdida so‘z olish, so‘zga chiqish nihoyatda mushkul masala edi. “Fint” ishlatdik: deputat Akbarov Yo‘ldosh aka so‘zga chiqib, “O‘zbekistonda Gdlyan-Ivanov guruhi o‘sha noqonuniy ishlarni amalga oshiryapti, ko‘plab odamlarni asossiz qamoqqa tiqyapti, nega hech kim indamaydi, inson huquqlari himoyachisi Roy Medvedev-ku Moskvada yashaydi, bexabardir, O‘zbekistonlik deputat Vladimir Odilov nega jim o‘tiribdi, nega mamlakatning oliy organi bo‘lgan s’ezdda bu haqda gapirishmaydi?!” deganidan keyin, menga so‘z berildi. Men hammasini aytdim. SSSR xalq deputati, taniqli tarixchi olim Roy Medvedev boshchilik qiladigan komissiya tuzildi. Ular kelishdi O‘zbekistonga, ko‘zg‘atilgan, suddan o‘tgan jinoyat ishlarini o‘rganishdi, Toshturmaga borib ko‘rishdi. Va xulosa yozishdiki, bunday shart-sharoitda ayblanuvchi hech ikkilanmay hatto onasiga ham tuhmat ko‘rgazma yozib beraveradi. Bu xulosani SSSR degan mamlakat rahbariyatiga yetkazishdi.
— Natija nima bo‘ldi?
— Bilasizmi… hech nima!
… It qutursa egasini qopadi, deyishadi. Itvachchalardan iborat tergov guruhiga O‘zbekistonda nazorat, nazoratchi yo‘q edi. Ko‘ngliga kelgan noma’qulchiliklarni qilishga yashil yo‘l ochiq edi. Va ular, har bir hibsga olingan odamning uyini tintuv qilinganda olingan had-hisobsiz tilla taqinchoqlaru boshqa qimmatbaho boyliklarni hech qanaqa dalolatnomasiz shundoq xaltaga solib olib ketaverardilar. Keyin yoziladigan dalolatnomaga esa olingan boyliklarning necha foizi yoziladi — faqat o‘zlariga ayon. Markazda yuz minglab nusxada chop etiladigan gazetalarda esa bu guruhning pokligiyu komandirovka puliga uchma-uch kun ko‘rayotgani haqida ketma-ket hamdu sano ocherklar… Gdlyan yuqori minbarlarda, intervyularda paxta ishi bo‘yicha davlatga yetkazilgan zararni qoplash uchun 70-80 milliard so‘m undirilganini gapirib yuborsa, respublika prokurori Buturlin 3-4 milliard so‘m raqamni aytardi. Aslida, u bor-yo‘g‘i 40 million so‘m ekani aniqlandi. Bu esa 800-1000 nafar tergovchidan iborat guruhning olti yil davomidagi komandirovka xarajatlarining o‘zini ham qoplamas edi…
E’lon qilinmagan boyliklar esa ularni quturtirgandan quturtiraverdi. Va, ishtaha ovqat payti ochilgandek, Moskvaga… “etib bordilar”: KPSS Markaziy Komitetining o‘sha paytdagi vajohatli-salmoqli sekretari Ligachev O‘zbekiston rahbaridan pora olgan ekan, endi uni qamasharmish, degan shov-shuv tarqaldi. Ana shundan keyingina Markaz sal qimirladi: shoshma, bu itlar egasiga tashlanyapti-ku, degandek. Va shundan keyingina yillar mobaynida o‘zbekning ko‘z yoshlari siyoh qilib yozilgan shikoyat xatlari arxivdan ko‘tarilib, varaqlana boshladi. Lekin bu ham katta ofatga qarshi shunchaki g‘imirlashdan boshqa narsa emasdi. Gdlyan va Ivanovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi oradan bir yil o‘tib silliqqina yopildi. Chunki bu ish, quturgan it egasini qopmasligi uchun shunchaki emlash edi.
… Ofat oloviga suv O‘zbekistonning o‘zida sepildi. 1989 yilning yozida respublika tepasiga yangi rahbar kelgach, u kishi ofatni yo‘qotish ishini bo‘rilar to‘dasini kelgan joylariga qaytib ketishga ruxsat berishdan boshladi. Respublika qishloq xo‘jaligi xodimlarining yig‘ilishida u kishi “Po xlopkovыm delam bыl vulgarnыy podxod”, dedi hammani lol qoldirib. Gazetalar buni “soxta yondashuv” deb tarjima qilishdi. Aslida esa, bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi kengroq — qo‘pol, zo‘ravonlarcha, surbetlarcha tushunchalarining yig‘indisi ma’nosini beradi. Keyinroq, rahbarning tashabbusi bilan respublika Oliy sudi plenumining paxta ishi bo‘yicha qo‘shib yozishlarni, noreal planni to‘ldirish uchun tepadan berilgan buyruqni bajarishga qaratilgan majburiy harakat deb malakalash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Va “paxta ishlari” bo‘yicha qamalgan bir necha o‘n minglab odamlarning jinoyat ishini qaytadan ko‘rib chiqish, moddiy manfaatdorligi tasdiqlanmaydigan insonlarni oqlash, boshqalarga nisbatan “majburiy chora” bandi qo‘llanilib qamoqdan ozod etish masalasi qo‘yildi. Bu vazifani amalga oshirish uchun tuzilgan maxsus komissiya a’zolari Oliy sud binosida ishlarni qayta ko‘rib chiqishni boshladi. Jami 40 mingta jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqilib, bir necha o‘n ming kishi qamoqdan chiqarildi, uch ming kishi batamom oqlandi…
Buni eshitgan Markaz jazavaga tushdi. SSSR Oliy sudi raisi Smolentsev O‘zbekiston Oliy sudi raisiga darhol ushbu plenum qarorini bekor qilishni talab qilib-buyurib xat yubordi. Javob bo‘lmadi. So‘ng SSSR Bosh prokurori Trubin O‘zbekistonning birinchi rahbariga, ushbu plenum qarori noqonuniy — SSSR qonuniga zid bo‘lgani uchun uni bekor qilishni, “paxta ishi”ni qayta ko‘rayotgan komissiyani tezda tarqatib yuborishni, respublika Oliy sudi xodimlarini jazolashni talab qilib dag‘dag‘ali xat jo‘natdi. Uni rahbarga olib kirishdi. U xatni jiddiy qiyofada o‘qib chiqdi-da, o‘sha zahoti burchagiga “Arxivga tashlansin!” deb yozib, imzo chekdi…
Bu odam Islom Karimov edi…
O‘sha davrda hali O‘zbekiston mustaqil deb e’lon qilinmagan, Markazda Qizil imperiya hali qilichini yalang‘ochlab turgan davr edi…
Bu qilichga qarshi borish uchun Insonda katta yurak, Millatga cheksiz muhabbat, yana ko‘p fazilatlar bo‘lishi zarur edi…
Shu tariqa, o‘n minglab taqdirlar noqonuniy tiqilgan qamoqdan ozod qilindi, yuz minglab bola-chaqa, ota-ona, qarindosh-urug‘ning ko‘zlaridagi yosh artildi, qaddi tiklandi.
“Arxivga tashlansin” degan viza bilan Qizil imperiya birinchi bo‘lib O‘zbekistonda arxivga uloqtirildi. Sohibqiron Amir Temur turk sultoni Boyazidni tor-mor etganida Yevropa qanday erkin nafas olgan bo‘lsa, Qizil imperiyaning qulashi bilan SSSR degan qatag‘onchi saltanatning iskanjasida yashayotgan respublikalar xalqlari ham shunday erkin nafas oldilar…
Habibulla Olimjonov, jurnalist-huquqshunos
“Hurriyat” gazetasidan olindi.