O‘zbek teatr san’ati tarixida onalar timsoliga aylangan, minglab, millionlab tomoshabinlarning mehr-muhabbatini qozongan va xalq e’zoziga sazovor bo‘lgan aktrisalar nomini ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz. Zaynab Sadriyeva timsolidagi ona qattiqqo‘l, haqiqatgo‘y, cho‘rtkesari; Maryam Yoqubova timsolidagi ona biroz kibrli, hukmfarmo, maqtanishni yoqtiradigan, o‘ziga oro beradigan; Muhabbat Yo‘ldosheva ijrosidagi ona mag‘rur va jasur; Manzura Hamidova yaratgan ona timsoli esa nihoyatda kamtarin va ko‘ngilchan… Xullas, bularning barida o‘zbek onalariga xos bo‘lgan xarakter, ularning ichki olami, mehribonligi, ruhiyati rang-barang qiyofalarda aks etadi. Biroq Lutfixonim Sarimsoqova timsolidagi ona obrazi boshqa obrazlardan tubdan farq qiladi. U – jaydari, sodda, mehribon va o‘ta g‘amxo‘r. “Sen yetim emassan”, “Mahallada duv-duv gap” filmlaridagi onalarni yodga olaylik. Boshqalarini sanamaganda ham ana shu ikki filmdagi ona obrazlari Lutfixonimni elning “aya”siga aylantirib yuborgan edi. Vaholanki, “aya” faqat ijobiy rollarning emas, salbiy rollarning ham mohir ijrochisi edi. Ba’zi san’atkorlar ijodida shunday hollarni kuzatish mumkinki, ular yo salbiy yo ijobiy rolni mahorat bilan ijro eta oladilar. Lutfixonim har ikkalasida ham o‘z mahoratini namoyon eta oladigan san’atkor edi. Xurshidning “Farhod va Shirin” asarida ijro etgan Yosuman rolini yodga olaylik. Aktrisa Yosuman kampirning ham tashqi ham ichki olamini imo-ishoralar, qiliqlar, hatti-harakatlar orqali ochib berolganining o‘zi uning yorqin iste’dodidan dalolat beradi. Yoxud “Farzandlar” badiiy filmidagi “Menga bir piyola suv beringlar”, deya zorlanadigan telba ona obrazini ko‘z oldimizga keltiraylik. Bir-biridan farq qiluvchi bu rollar Lutfixonim Sarimsoqova talqinida o‘ziga xos uslubda namoyon bo‘ldi. U insonning psixologiyasi, ruhiy olamini ochib bera olardi. Bir holatdan boshqasiga kira oladigan, inson ruhiyatidagi evrilishlarni ma’lum bir daqiqalarda namoyon eta oladigan, qahramonining xarakterini to‘la ochib beradigan aktrisa edi. Iztirobni, qayg‘uni, alamni, kezi kelganda, qahrini ham baralla ifoda etish qudratiga ega edi…
1924 yili Qo‘qondagi “Taroqchilik” mahallasida shahar xotin-qizlar klubi ochiladi. Uning qoshida tashkil etilgan kashtachilik, musiqa, xor, savod chiqarish singari to‘garaklar mahalla ayollarining dunyoqarashini shakllantirishga, tafakkurini kengayishiga imkon yaratadi. Lutfixonim dastlabki saboqni, ya’ni o‘qish va yozishni shu yerda o‘rganadi. 1926 yilning ko‘klami uning xotirasida o‘chmas bo‘lib qoldi. O‘shanda bu ma’rifat maskaniga Hamza tashrif buyurib, Lutfixonimning boshqalardan ajralib turadigan yorqin iste’dodini ko‘rib, unga maslahatlar bergan, yo‘l ko‘rsatgandi.
Shundan keyin L.Sarimsoqova Qo‘qon (1926 – 1928), Andijon (1928 – 1931), Marg‘ilon (1931 – 1934) teatrlarida, O‘zbek davlat musiqiy teatrida (1934 – 1939), Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida (1940 – 1973) ishladi. Shuni ta’kidlash joizki, ayaning 1940 yildan 1973 yilgacha davom etgan 33 yillik ijodiy faoliyatining salmoqli qismi Muqimiy teatri bilan chambarchas bog‘liq. Lutfixonim- ning o‘zbek kino san’atidagi xizmati ham alohida e’tirofga loyiq. U kinodagi ilk qadamlarini 20-30 yillari ovozsiz kinoda boshlagan edi. “Qasam” filmida Ona, “Opa-singil Rahmonovalar” filmida Sharofat va boshqa obrazlarda aktrisa o‘ziga xos qiyofa kasb etdi. Shundan keyingi ijodiy umri teatr kabi kino bilan uzluksiz bog‘liqlikda o‘tdi. Lutfixonim Sarimsoqova ham lirik, ham fojeaviy, ham hajviy aktrisa bo‘lib, xalq qo‘shiqlarining mohir ijrochisi, hozirjavob askiyachi, usta raqqosa va yaxshigina dutorchi sifatida ham tanilgan. U rejissyor Shuhrat Abbosovning “Mahallada duv-duv gap” filmida hokisor Mehriniso ona obrazi tufayli ayol qalbining nozik tebranishlarini, fe’l-atvorini, ruhiyatini tabiiy bo‘yoqlarda aks ettira olgan bo‘lsa, “Sen yetim emassan” asaridagi Fotima opa obrazida o‘zbek ayolining matonatini, sabr-bardoshini, bukilmas irodasini yorqin ranglarda gavdalantirgan. Hamzaning “Maysaraning ishi” komediyasidagi Maysara obrazida o‘z imkoniyatlarini ayol erki va qadr-qimmatini himoya qilishga qaratgan bo‘lsa, “Paranji sirlari”dagi Mastura satang obrazida, aksincha, aql -idrokini ayollarning huquq va tuyg‘ularini poymol qilishga sarflaydi. Lutfixonim Sarimsoqovani “monolog ustasi” ham deyishadi. Muqimiy nomidagi musiqiy drama teatrida sahnalashtirilgan “Nurxon” musiqali dramasidagi (K.Yashin asari, T.Jalilov musiqasi) Kimyo obrazida chuqur dramatizm bilan yo‘g‘rilgan ichki kechinma monolog vositasida o‘ta ta’sirchan ifoda topgan. Asar so‘ngida Mamat singlisi Nurxonning ko‘ksiga pichoq sanchadi. Kimyo asta-sekin gandiraklab sahnaning o‘rtasiga keladi. “Qani sen, ey, zolim bola?! La’nat senga! Men sening onang emasman! Sening onang – shayton! Bo‘z tuproq bo‘l! Yuzing qaro bo‘lsin! Qani, mard bo‘lsang, kel. Onangni ham o‘ldir! Pichog‘ingni senga sut bergan shu ko‘krakka sanch!’’
Aktrisa ushbu monologni boshlashdan avval kuchli ruhiy iztirobga cho‘madi. U bir nafas karaxt bo‘lib, ko‘zlari javdirab, kimnidir izlaydi. So‘ng uning yuragidan otilib chiqqan faryodga tomoshabin chidab turolmaydi, ko‘zlardan yosh sizib chiqadi… Tomoshabinlarning vujudlari quloqqa aylanadi. Aktrisaning buyuk mahorati ham shundaki, u har bir xatti-harakatini irod etayotgan so‘z bilan uyg‘unlashtira oladi. Bu kabi iste’dod esa hamma san’atkorga ham nasib etavermaydi.
Ming afsuski, aktrisa kinoda va sahnada onalar obrazlarini talqin qilish baxtiga muyassar bo‘lgan esa-da, hayot unga farzand ko‘rib, ona bo‘lishdek buyuk baxtni ravo ko‘rmagani uchun o‘g‘il farzand asrab olgan.
Aktrisa 1991 yilning 14 yanvarida 95 yoshida vafot etdi.
Matluba Mahkamova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son