Razzoq Hamroyev oramizdan ketganlariga esa 30 yildan oshdi. Hali-hamon yodimda, Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida o‘qib yurgan kezlarimiz, u kishi ko‘rinishlari bilan yo‘l berib, orqalaridan qarab qolardik. Razzoq aka talabami, o‘qituvchimi birday iltifot bilan salomlashib, kimgadir hazil qilib, kimnidir ko‘nglini olib shahdam qadamlar bilan auditoriyaga kirib ketardilar…
Institutda Razzoq Hamroyevga ismi shariflari bilan emas, “domla” deb murojaat qilishardi. U kishiga qarab “domla” so‘zining naqadar ulug‘ martaba ekanligini tasavvur qilardik. Hozir eslasak, talabalik yillarimiz ana shunday tom ma’nodagi, chinakam “DOMLALAR” ardog‘ida o‘tgan ekan… Bir kuni institut o‘quv teatrida Domlaning ijodiy kechasi bo‘lib o‘tdi. Professor-o‘qituvchilar, shogirdlar, kelgan mehmonlar u kishini tabriklashdi, dil so‘zlari, kuy-qo‘shiqlar yangradi. Shu kuni institut juda ko‘p mashhur artistlar bilan yashnab ketdi. “70 yosh – san’atkor uchun avji yetuklik pallasi, xali yana ko‘p yillar o‘zlarining benazir san’atlari bilan xalqimizni bahramand qilishlari” to‘g‘risida ezgu tilaklar bildirildi. Kecha so‘ngida Domla o‘zlari davralarda sevib o‘qiydigan, mashhur “Uchi tuguk dastro‘mol” she’rini o‘qidi.
Qo‘shnim ishga ketayotir saharlab,
Bir qo‘lida uchi tuguk dastro‘mol…
Domla she’r o‘qir ekan, tomosha zaliga sukunat, jimlik cho‘kdi. U kishining butun sahna bo‘ylab tobora balandlab borayotgan shirali ovozi, o‘ychan, ayni paytda, nihoyatda o‘tkir nigohi, go‘yo she’rning mag‘zi, mazmun-mohiyatini tasvirlab berayotganday havoda muallaq suzayotgan qo‘l harakatlari hammani sehrlab, o‘ziga butunlay rom qilgandi. Kichik sahnada o‘qilayotgan mo‘jazgina she’r, go‘yo katta hayot yo‘lini bosib o‘tgan inson umrining rangin manzaralarini chizib berganday, inson qalbining tub-tubida yashirin orzu, armon, quvonch, tashvish, sevgi, muhabbat, iztirob, shukronalik…singari tuyg‘ularni junbushga soluvchi otashin monologdek jarangladi.
Shoshma do‘stim, barcha ishing bitadi,
Bitmas ish yo‘q, oshiqmasin yuraging.
Inson umri axir yeldek o‘tadi,
Bosh ko‘tarib atrofingga qaragin.
She’r tugagach, tomosha zalida gulduros qarsaklar yangradi, sahnada esa qo‘llarida dastro‘mol, sal jilmaygan ko‘yi, tavoze bilan qomatini tik tutgancha mashhur Razzoq Hamroyev turardi. (Bahonada Erkin Vohidovning ushbu she’ri ko‘pchiligimizga yod bo‘lib qoldi). Oradan ko‘p o‘tmay, u kishi bir muddat ko‘rinmay qoldilar. Keyin yana institutda uchratib qoldik, qo‘llarida hassa paydo bo‘libdi. O‘shanda bilmagan ekanmiz, tez orada bizni butunlay tark etishlarini…
1981 yil yil, 5 may. Xayrlashuv marosimida tumonat odam yig‘ildi. Kattayu kichik, yoshu qari, tanish-notanish hammaning yuzida qayg‘u, yuraklar bezovta, og‘riqli urardi. Magnitofondan esa Razzoq Hamroyevning ovozi yangrab turardi.
Hayot asta so‘nar ekan ko‘zingda,
Yurak sendan hisob so‘rar o‘sha kun.
Bo‘lganmi hech ixtiyoring o‘zingda,
Biror soat yashadingmi betugun?
Nazarimda,ushbu daqiqalarda hammaning ko‘z o‘ngidan Razzoq Hamroyev bilan bog‘liq xotiralar o‘tdi, u kishining hayoti, ijodi, o‘ynagan rollari hamkasblari, partnyorlari, shogirdlari xayolida bir zumga jonlandi…
Razzoq Hamroyev 1910 yil Buxoro viloyati Shofirkon tumani Tezguzar qishlog‘ida oddiy dehqon oilasida dunyoga keldi. Tabiatan ilmga, she’riyatga, san’atga moyilligi uni 1925 yillarda Toshkentdagi o‘zbek o‘lka erlar bilim yurtiga yetaklab keldi va o‘sha joyda ochilgan drama to‘garagining faol ishtirokchisiga aylandi. Keyinchalik “Ko‘k ko‘ylakliklar” to‘garagiga qatnasha boshladi. To‘garakka Sotti Husayn rahbarlik qilardi, Mirtemir adabiy emakdosh, yana bir qator ijod ahli birgalikda uyushtirgan badiiy kechalar, intermediyalar va qator spektakllar o‘sha davr teatrchilik harakatlarining ilk namunalari sifatida tarixga muhrlanib qoldi. Yosh Razzoq ham ana shunday qizg‘in va qiziqarli ijodiy muhitda sahnalashtirilgan bir necha havaskorlik spektakllarida rollar ijro etdi, tomoshalarni ko‘rib zavqlangan insonlarning quvonchu olqishlarini his qildi va umrining oxirigacha sahnaga bog‘lanib qoldi.
Bilim yurtini tugatgach, yo‘llanma bilan Namanganga ishga yuborildi va u yerdagi maktablardan birida o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi sifatida o‘z mehnat faoliyatini boshladi. U har safar dars o‘tish jarayonida mumtoz adabiyotimiz namunalaridan, biron bir g‘azal, she’r yoki masal o‘qib berardi. Ayniqsa, Navoiy, Firdavsiy, Muqimiy, Furqat g‘azallarini sevib o‘qir, auditoriyani butunlay o‘ziga rom qilardi. Uning drama to‘garaklarida qatnashib orttirgan ozgina tajriba va ko‘nikmalari ham behuda ketmagandi. San’atga layoqati bor yoshlarni to‘plab drama to‘garagi tashkil qildi. To‘garak a’zolari bilan turli badiiy kechalar, kompozitsiyalar, kichik-kichik lavhalar, intermediyalar tayyorladi, keyinchalik esa spektakllar sahnalashtirishga urinib ko‘rdi. Unga tabiat aktyorlik kasbini egallashi uchun zarur bo‘lgan ichki va tashqi imkoniyatlarni mo‘l qilib bergan edi. Bo‘y-basti kelishgan, hozirjavob, ta’sirchan, keng diapazonli ovoz, ayniqsa katta-katta, nihoyatda serma’no ko‘zlarida butun boshli dramani o‘qish mumkindek tuyulardi. Buning ustiga tobora yetilib borayotgan pedagoglik mahorati ham atrofiga yig‘ilgan yosh iste’dodlarni birlashtirib, kuchli ijodiy jamoa tuza olishiga imkon berdi. Aynan shu jamoa 1931 yili Namangan viloyat teatrining tashkil topishiga bahona bo‘ldi va yangi teatrning o‘zagiga aylanib qoldi. Razzoq Hamroyev o‘zi asoschilaridan biri bo‘lgan ushbu teatr jamoasida 15 yil davomida aktyor, adabiy emakdosh, rejissyor, bosh rejissyor bo‘lib ijod qildi, o‘z ustida tinimsiz izlandi, pesalar yozdi, spektakllar sahnalashtirdi, rol ijro etdi, ko‘plab san’atkorlarni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Moskva Badiiy teatri qoshidagi studiyada, keyinchalik Toshkent teatr va rassomlik san’ati intituti rejissyorlik bo‘limida tahsil olishga ham ulgurdi. E’tibor bersangiz, go‘yo hammamiz yaxshi tanigan va nuroniy qiyofasiga o‘rganib qolgan mashhur xalq artisti Razzoq Hamroyev haqida gapirayapmiz-u, aslida bu hammasi, nafaqat san’at olamiga, balki katta hayot sahnasiga endigina qadam qo‘yib kelayotgan 20-25 yoshli yigitchaning ehtirosi, balki tasavvuridagi shirin orzular sari ilk intilishlari edi xolos. Lekin, barining negizida ulug‘ bir maqsad yotibdiki, u ham bo‘lsa o‘z iqtidori, san’ati va yoshlik shijoati bilan yurt koriga yarash, manzur bo‘lish, nazarga tushish, hayotda yaxshi nom va amallar qoldirish. Shular haqida o‘ylar ekanmiz, beixtiyor yana magnitofondan yangragan ovoz xayolimizni olib ketadi:
Odam yashar zamon yukin orqalab,
Serg‘alvaroq kechasidan buguni.
Orom bermas ko‘kragida betinch qalb,
Bamisoli dastro‘molning tuguni.
1946 yili san’atda anchagina suyagi qotib, ijodiy izlanishlari va yutuqlari bilan tanilib qolgan Razzoq Hamroyevni Toshkentga, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqiy teatriga taklif qilishadi. Bu dargohda umrining oxirigacha aktyor, rejissyor, bosh rejissyor sifatida faoliyat yuritib, turli janr va mavzularda qator spektakllar sahnalashtirdi, o‘zi ham rol o‘ynab, qo‘shiqlar aytdi. Shu bilan birga, Toshkent davlat san’at institutining professori sifatida ko‘plab shogirdlar yetishtirib, iste’dodli san’atkorlar avlodini qoldirib ketdi. U sahnalashtirgan “Farhod va Shirin”, “Tohir va Zuhra”, “Navoiy Astrobodda”, “Ravshan va Zulxumor”, “Toshbolta oshiq”, “Alpomish”, Paranji sirlari”.”Farg‘ona tong otguncha”,“Ajab savdolar”, “Jon qizlar”, “Nurxon” “Yoshlikda bergan ko‘ngil” singari o‘nlab spektakllar Muqimiy teatrining shoh asarlari sifatida tarixga abadiy muhrlanib qoldi. Albatta, Razzoq Hamroyev haqida gapirganda, 1947 yili Komil Yormatov tomonidan suratga olingan “Alisher Navoiy” filmidagi bosh qahramon Navoiy obrazini eslamaslik mumkin emas. Bu rol san’atkor ijodining yana bir muhim qirrasidir. Garchi, shungacha u “Tohir va Zuhra” filmida Nozim (1945 yil), ayniqsa, “Nasriddinning sarguzashtlari” filmida (1947 yil) Nasriddin obazlarini yaratib tanilgan va bir muncha tajriba orttirgan bo‘lsa-da, aktyorga shon-shuhrat aynan shu roli orqali kelgan edi. Navoiy obrazi Razzoq Hamroyevni nafaqat mamlakatimizda, balki jahon bo‘ylab mashhur aktyorlar qatorida tilga olinishiga sabab bo‘ldi. Navoiy obrazidan keyin Razzoq Hamroyev kino san’ati bilan bir umrga mustahkam bog‘lanib qoldi. Uzoq yillar mobaynida aktyor tomonidan yartilgan Beruniy (“Ibn Sino”), Muqimiy (“Furqat”), Usta Sharif (“Mahallada duv-duv gap”), Farmonshoh (“Ulug‘bek yulduzi”), Mirzakarim Qutidor (“O‘tkan kunlar”), Ibn Iroq (“Abu Rayhon Beruniy”), Ota (“To‘ylar muborak”) singari 70 dan ortiq turli xarakterdagi teran obrazlar o‘zbek kino san’atining eng yorqin namunalari sifatida shu kungacha tomoshabinlarni to‘lqinlantirib kelmoqda.
O‘zbek teatri va kino san’atining tarixiy rivojlanish bosqichlarida juda katta mavqe va salohiyatga ega bo‘lgan, ko‘pqirrali aktyor, iste’dodli rejissyor, mohir pedagog, ustoz-murabbiy Razzoq Hamroyevdan avlodlarga boy ma’naviy xazina bilan birga, ajoyib san’atkorlar sulolasi hamda o‘nlab iste’doli shogirdlar ham me’ros qoldi. 2003 yilda san’atkorga “Buyuk xizmatlari uchun” ordenining berilishi ham bejiz emas. Zero, Razzoq Hamroyev butun umri, aql-idroki va iste’dodini milliy san’atimiz yo‘lida baxshida etgan, chinakam fidoyi san’atkorlardandir. Uning 1979 yili nashrdan chiqqan “Hayotim mazmuni” kitobini varaqlar ekansiz, bunga yana bir karra ishonchingiz komil bo‘ladi. O‘z hayot yo‘lini maktab o‘qituvchisi sifatida boshlagan, orzu-umidlari bir dunyo, hayotga, muhabbatga, ijodga, buyuk ishlar qilishga chanqoq yigitchaning, el suygan, nomdor san’atkor bo‘lib yetishgungacha bo‘lgan murakkab, ayni paytda yoshlarimizga katta maktab va saboq bo‘lishga arzigulik hayot yo‘llarini eslar ekanmiz, beixtiyor yana magnitofondagi ovoz yodimizga tushadi:
O‘yla, do‘stim, kelmay turib o‘sha dam,
Isrof qilma yosh yurakning kuchini.
Mana bu gap hech chiqmasin yodingdan,
Tugib qo‘ygin dastro‘molning uchini.
Omonulla Rizayev,
san’atshunoslik fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 11-son