Afsonaviy layner “Titanik” cheksiz okean bo‘ylab suzib bormoqda. Uning bag‘rida esa hayot qaynaydi. Bir manzilga yo‘l olgan turfa taqdirlar orasida ikki qalb bir-birini topadi. Kemada tug‘ilgan bu otashin muhabbat millionlarning qalbini larzaga keltiradi… Leonardo de Kaprio, Keyt Uinslet, Billi Zeynom… Ha, bu yoddan chiqmas sevgi tarixi va aktyorlar nomlarini dunyoga tanitgan film –“Titanik”! Uning “otasi” Jeyms Kemeron esa o‘sha qahramonlari singari shon-shuhratga burkangan, insoniyatni o‘z san’ati bilan lol qoldirgan “tirik afsona”!
1954 yilning 16 avgustida Kanadaning Kapuskasing shahrida yashovchi muhandis Kemeron oilasida bir o‘g‘il dunyoga keladi. Uning ismi Jeyms bo‘lib, dastlab Chippyuda, so‘ngra ota-onasi bilan Kaliforniyaga ko‘chib o‘tib, u yerdagi maktabda savod chiqaradi. Jeyms chapaqay bo‘lsa-da, rasm solish uquvi anchagina yuqori bo‘lib, bu unga onasidan o‘tgan xislat edi. Vaqt o‘tib, Jeyms Kaliforniya universitetining fizika fakulteti talabasi bo‘ladi, biroq o‘qishni o‘z holicha tashlab qo‘yib, kinofilmlarni suratga olish jarayonlariga berilib ketadi. 1978 yilda ikki maktabdosh do‘sti bilan o‘zini bu sohada sinab ko‘rmoqchi bo‘ladi va“New World Pictures” kinostudiyasi rahbari Rojer Korman ko‘magida qisqa metrajli film suratga oladi… Bu davrda kino olamida o‘z o‘rnini topish, obro‘ qozonish uning asosiy maqsadi edi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, oilasiga yetarlicha e’tibor bermagani bois, rafiqasi bilan o‘rtalaridagi nikoh buziladi.
Ittifoqo Kemeron qattiq shamollaydi. Ayni shu betoblik kezlarida uning xayoliga o‘zgacha bir stsenariy g‘oyasi keladi. Bosinqirab, tushida ko‘zlari qizil yonib, o‘z shaklini o‘zgartirib turuvchi ayolni ko‘radi va tezda uni qog‘ozga tushiradi. Bu “Terminator” nomli stsenariy bo‘lib, Kemeron uni ko‘rsatib, juda ko‘p rejissyorlarga, kinokompaniyalarga murojaat qiladi, ammo hech kim u bilan birga ishlashni istamaydi. Biroq, stsenariyni ko‘rib chiqqan prodyuser (keyinchalik rafiqasi) Geyl Enn Xyord uni suratga olish uchun boshqalarga uchrashmasligini so‘raydi va ish oldidan Jeymsga bir dollar beradi. Nihoyat 1884 yilda “Terminator” filmi ekran yuzini ko‘radi. Kemeron o‘zgacha janrdagi filmi bilan hammani lol qoldiradi. Nihoyat, unga omad va shuhrat eshiklari ochiladi. Ilk ijoddagi muvaffaqiyat Jeyms Kemeronga “Begona”, “Jar”, “Chinakam yolg‘on”, “Ajoyib kunlar”, “Terminator 2” singari bir qancha filmlarni tasvirga tushirishga ham ruhan, ham moddiy tomondan imkoniyat yaratadi. Rejissyor bu filmlari bilan o‘z salohiyatini namoyish qilishga ulguradi. Ammo Jeyms Kemeronning chinakam shonu shuhrati 1997 yilda suratga olingan mashhur “Titanik” filmi bilan bog‘liq. Mazkur film ijodkorlari bir necha “Oskar” va turli xalqaro kinofestivallarda xilma-xil nominatsiyalar bo‘yicha takror-takror g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar. Hanuzgacha butun dunyo tomoshabinlariga sevimli bo‘lgan ushbu film haqida yuzlab teleko‘rsatuvlar tayyorlangan, minglab maqolalar yozilgan… Jeyms Kemerondan oldin va keyin ham britaniyaliklarning 1912 yilda yuz bergan “Titanik” kemasi halokati aks ettirilgan 15 dan ortiq turli janrdagi filmlar suratga olingan. Ammo Kemeronning filmida inson qalbida va atrofida kechadigan hamma narsa – xiyonat, diyonat, razolatu soxtalik, nafs, ulkan hadik, qo‘rquv dahshati va albatta bari-baridan g‘olib chiqqan, baridan baland turguvchi abadiy ishq tajassumi bor… Rejissyor hamda stsenariy muallifi Kemeron shu yo‘l bilan insonlar qalbidagi ezgulik darvozasini cherta olgan edi. Shuningdek, ushbu film zamonaviy kino texnologiyalaridan foydalanishning eng yorqin va mukammal namunasi sifatida rejissyorning shuhratiga shuhrat qo‘shdi.
Kanada xalqining iftixori, Gollivudning yorqin yulduziga aylangan Kemeron “Titanik”dan so‘ng ma’lum muddat badiiy filmlar yaratishdan cheklanib, teleseriallar, hujjatli filmlar suratga olish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Dovrug‘i jahon kino ekranlarida shov-shuv bo‘lgan “Titanik” melodramasidan kam bo‘lmagan, tamoman o‘zgacha uslubdagi “Avatar” kartinasiga qadar u yana “Qora farishta”(2000), “Bismark ekspeditsiyasi”(2002), “O‘pqon alomati: Titanik”, “Isoning yo‘qolgan qabri” (2007) yana bir qator filmlar ishladi. 2009 yilda “Avatar”ning taqdim etilishi Kemeronning jahonda yana bir bor kinorekord o‘rnatishiga sabab bo‘ldi. Sarguzasht-fantastika janridagi bu filmning yaratilish tarixi uzoq yillar avval boshlangan edi. Garchi Kemeron “Avatar” stsenariysining asosiy qismini 1990 yilda yozib bo‘lgan va shu yilning o‘zidayoq suratga olish ishlarini boshlagan bo‘lsa-da, uni 2006 yilga kelib tugatdi. Turli sabablarga ko‘ra ko‘p yillik mehnat evaziga dunyoga kelgan filmning dastlabki premerasi 2009 yil dekabr oyida London, Kanada, Rossiya mamlakatlarida bo‘lib o‘tdi va eng ko‘p mablag‘ to‘plagan olamshumul ekshn film sifatida e’tirof etildi. Film 2010 yilda beshta nominatsiya bo‘yicha “Oskar” mukofotiga loyiq topildi. Darhaqiqat, “Avatar” oxirgi yillarda Gollivud kinokompaniyalarida yaratilayotgan jangari-sarguzasht kartinalar orasida eng original va viziul effektlarlarga boy film edi. Rejissyor bu muvaffaqiyatli taqdimotidan keyin bir nechta filmlarga prodyuserlik qilgan bo‘lsa-da, navbatdagi mualliflik asarini olishga shoshilmayapti. Aksincha, “Avatar”ning mantiqiy davomi sifatida ikkinchi va uchinchi filmlarini yaratish ustida ish olib bormoqda.
Rejissyorning shaxsiy hayoti u qadar havas qilarli darajada emasligi ko‘pchilikka ayon. U ko‘p bora uylangan va hatto film yaratish borasida o‘z rafiqasi bilan ham raqobatga kirishgan. U kinoning o‘zidan ham ko‘ra uni suratga olish jarayonini xush ko‘radi. Bu Jeyms Kemeronning chinakam san’at kishilarida uchraydigan biroz g‘alati, ammo o‘ziga xos jihatidir, ehtimol…
Maftuna Muhammadaminova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 7-son