“San’at asari tabiatiga milliylik qancha singdirilsa, u shuncha umuminsoniy ham bo‘ladi”, degan gapda haqiqat bor. Zamindan uzilmagan, xalq ildizlaridan oziqlangan ijod turi borki, umri asrlarga tenglashadi. Birgina o‘zbek folklori bag‘ridan chiqqan yalla, lapar, aytimlardan payvandlangan ashula, qoyatoshlarga chekilgan suvrat vaqti kelib so‘z, musiqa, tasviriy san’at maqomini oldi, insonning butun umrlik hamrohiga, qismat-taqdiriga aylandi. Bu yo‘lni hayiqmay tanlagan, undan baxtini topgan, hatto quvonch-shodliklarini san’at mehnati, mashaqqatiga almashgan fidoyilar, chin san’at darg‘alari esa har bir millat faxridir.
O‘zbek musiqa san’ati o‘tgan asrda katta iste’dod egalarini kashf etdi. Yunus Rajabiy, To‘xtasin Jalilov, Halima Nosirova, Tamaraxonim, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Muxtor Ashrafiy, Reyngold Glier, Emmanuel Baroyev… bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Sanaganlarimizning bari o‘zbek musiqa san’atida o‘z uslubi, yangi musiqiy yo‘nalishi bilan nom qoldirgan, iqtidor egalarini topishda, qadamlarining tetiklashida ko‘maklashgan bastakor-qo‘shiqchilardir.
Mana shunday ustozlar, san’at fidoyilari kashf etgan iqtidor egalaridan biri Saodat Qobulovadir. U 1925 yil 15 dekabrda Marg‘ilonning san’atga oshufta kishilar xonadonida tug‘ildi. O‘zbek xonandalik san’atida yangi davr yaratib, Yevropa xonandalik xususiyatlarini milliy ashulachilik yo‘li bilan uyg‘unlashtirgan Saodat Qobulova 15 yoshidan to umrining oxirigacha musiqa, ashula olamida yashadi. San’atdagi ilk chiqishlari Marg‘ilon jamoa va davlat xo‘jaliklari teatridan boshlanib, Muqimiy nomidagi o‘zbek musiqali drama va komediya teatrida davom etadi. S.Abdullaning “Tohir va Zuhra” musiqali dramasida Qamar, K.Yashinning “Nurxon”ida Nurxon rollarini kontsert ijrochiligida shu teatr sahnasida kuylaydi. Oradan muayyan vaqt o‘tib, yosh xonanda uchun yaxshi imkoniyat tug‘iladi. 1947–1948 yillari o‘zbekistonlik bir guruh yoshlar bilan Moskvadagi o‘zbek opera studiyasida ijro mahoratining yangi tomonlarini, opera sirlarini o‘rganadi.
O‘zbekistonga qaytgach, Yevropa operasi an’analari bilan milliy musiqa merosini uyg‘unlashtirib, ularni J.Sultonov, T.Jalilov, E.Baroyevlardan o‘rganadi. Go‘zal tembrli, yorqin va shirador, ta’sirchan ovozi Saodat Qobulovani elga tanitdi. Alisher Navoiy opera va balet teatridagi uzoq yillik ijodiy faoliyatida T.Sodiqov, R.Glierning “Layli va Majnun” operasida Layli, Jamila obrazlari, T.Jalilov, B.Brovtsinning “Tohir va Zuhra”sida Zuhra, T.Sodiqov, B.Zeydman, Yu.Rajabiy, D.Zokirovning “Zaynab va Omon”ida Huri, S.Boboyevning “Hamza”sida Sanobar, S.Yudakovning “Maysaraning ishi”da Oyxon kabi partiyalarni ko‘nglini berib ijro etadi, qahramonlarining hayoti bilan yashaydi. Huri, Oyxon partiyalari ham sahnaviy, ham vokal ijrosi jihatidan mukammaligi bilan ajralib turadi. Saodat Qobulova ijodining eng yorqin, baland cho‘qqisi Muxtor Ashrafiyning “Dilorom” operasida ko‘rinadi. “Ko‘p, juda ko‘p milliy qo‘shiqlarni kuyladim. Olqishlarga ko‘mildim. Lekin hech biri Diloromga tenglasha olmaydi. Kunlarning birida Muxtor Ashrafiy ovozimga moslab mana shu operani yozganini aytdi. Tayyorgarlik payti Ashrafiy erkin, qo‘rqmay kuylashga chaqirar, qismlarni aytayotganimda ko‘zlarini yumgancha xonishimni tinglar, so‘ng mayda xatolarimgacha tahlil qilardi. Men uchun Dilorom dilimga yaqin, eng sevimli, biroq eng qiyin partiya bo‘lib qoldi”, degandi san’atkor suhbatlaridan birida.
Saodat Qobulova o‘zbek opera san’atkorlari ichida birinchilardan xorij klassik operalarini mohirona ijro etadi. J.Bizening “Marvarid izlovchilar”idagi Leyla, J.Rossinining “Seviliya sartaroshi”dagi Rozina, Verdining “Rigoletto”sidagi Jilda, P.Chaykovskiyning “Iolanta”sidagi Iolanta, J.Puchchinining “Bogema”sidagi Mimi va boshqa partiyalari o‘zbek opera san’ati tarixida yangi sahifalarni ochgan. Kontsert ijrochiligi repertuarida “Galdir”, “Navro‘z”, “Bayot-1, -2 -3, -4, -5”, “Saraxbori oromijon”, “Talqini bayot”, “Samarqand ushshog‘i”, “Buxoro irog‘i”, “Dugoh” kabi xalq ashula va mumtoz musiqa namunalari, “Dugonalar”, “Davra qo‘shig‘i”, “Bahor”, “Kelsa nogoh”, “Kashmirda” singari o‘zbek bastakorlarining asarlarini maromiga yetkazib kuylagan. Doni Zokirovning “Ko‘rmadim”, “Ey, sabo”, “Bulbul”, Xolxo‘ja To‘xtasinovning “Qora ko‘zlar”, “Aylagach” asarlari Saodat Qobulova uchun maxsus yozilgan.
1972 yildan S.Qobulovaning ijodi pedagoglik ishi bilan ham bog‘lanadi. U O‘zbekiston davlat konservatoriyasida vokal sinfi professori, kafedra mudiri sifatida o‘zbek musiqa san’atining keyinchalik yetuk namoyandalari, iste’dodlariga chinakam san’at asroridan saboq beradi. Muyassar Razzoqova, Nadejda Bandeled, Latifa Asanova, Gulnora Boyjonova, Nodira Qobulova kabi shogirdlar bugun ustoz izini bosmoqda. Oilaning keyingi davomchilari Gulnora, Nodira Qobulovalar O‘zbekiston davlat konservatoriyasida fortepiano, akademik xonandalik bo‘yicha ko‘plab shogird-talabalarga ustoz. Nabiralar ichida Komila Ahmadjonova buvisining yo‘lidan bordi.
Betakror ovoz sohibi, yuksak iqtidor egasi bo‘lgan Saodat Qobulovaning o‘zbek san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi munosib e’tirof etildi. U “Do‘stlik” (1998 yil), “Buyuk xizmatlari uchun” (2001 yil) ordenlari bilan mukofotlandi. Xonanda haqida “O‘zbektelefilm” tomonidan “Saodat”, “Saodat Qobulova kuylaydi” hujjatli filmlari yaratildi.
Ibratli umr kechirgan, havasga loyiq ijod qilgan Saodat Qobulova 2007 yil 12 oktyabrda hayotdan ko‘z yumdi. “Men hayotidan norozi odamlarni tushunmayman. Taqdir sizga nimani ravo ko‘rsa, shukr qiling, qadriga yeting, hayotni seving, degim kelaveradi. Hayotimdagi yaxshi-yomon kunlar, dilxiraliklar, shodlik-quvonchlar, mashaqqatlar uchun, barchasi uchun taqdirimdan minnatdorman!” deya o‘z iqrorini aytgan san’atkorning ijodi milliy san’atimiz xazinasidan munosib o‘rin oldi.
Charos Nizomiddinova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 12-son