Sehrli ovoz kamdan-kam insonlarga ato etiladigan ulug‘ ne’matlarning biridir. Mashhur italyan xonandasi Andrea Bochelli shunday sehrli ovozi bilan jahon musiqa san’atida o‘zining beqiyos o‘rniga ega bo‘lgan san’atkordir. U 1958 yil 22 sentyabrda Italiyaning Toskana shahrida dunyoga kelgan. Yoshligidan musiqaga mehr qo‘yib, 6 yoshidayoq fortepianoda kuy ijro etishni o‘rganadi. 7 yoshida fleyta va saksafon cholg‘ularida chalishni o‘rganadi va ushbu cholg‘ularda murakkab musiqiy asarlarni ijro eta boshlaydi. Ammo kichik Andreaning ko‘zlari og‘ir xastalikka chalinadi. Qilingan muolajalar kor qilmay, uning ko‘zlari tobora xiralashib boraveradi. 12 yoshga kirganda Andrea butunlay ko‘rishdan mahrum bo‘ladi. Shunga qaramay, u tushkunlikka tushmaydi, aksincha, bor kuchini san’atga bag‘ishlab, dunyoni musiqa orqali anglashga harakat qiladi. Vujudida katta iste’dod yashiringan bolakay tez orada o‘zi o‘qiydigan maktabdagi xor jamoasining yakkaxon xonandasiga aylanadi va ko‘plab musiqiy tanlovlarda ketma-ket yutuqlarni qo‘lga kirita boshlaydi. 1970 yilda “Margherita d’Oro” konkursida “Osole mio” qo‘shig‘i bilan qatnashadi va g‘olib bo‘ladi. Xor maktabini tamomlagach, Piza universitetining yuridik fakultetida tahsil olib, yurist diplomini qo‘lga kiritadi. Biroq, opera san’atiga bo‘lgan mehri shu qadar baland ediki, oqibatda Bochelli huquqshunoslik martabasidan xonandalikni ustun qo‘yadi. U dunyoga mashhur tenor bo‘lishni, xuddi Del Monako va Franko Korelli singari betakror ijrochilik cho‘qqilariga erishishni orzu qiladi. Orzularini amalga oshirish maqsadida Italiyaning eng nomdor san’atkorlari yetishib chiqqan Turin shahriga kelib, mashhur Franko Korelli bilan uchrashadi. Yosh Bochellining ovozidagi noyoblikni va uning san’atga bo‘lgan qaynoq muhabbatini ko‘rgan Korelli uni o‘ziga shogirdlikka oladi. Shu tariqa Andrea Bochelli klassik ijrochilik yo‘nalishi bilan jiddiy shug‘ullanadi. Turin shahrida hech kimi bo‘lmaganligi uchun, Andrea o‘zini-o‘zi moddiy jihatdan ta’minlashi kerak edi. Shu sababli kunduzi o‘qib, kechalari pul topish maqsadida restoranlarda qo‘shiq kuylaydi. U klassik ashulalardan tashqari, Frenk Sinatra, Sharl Aznavur va Edit Piaf singari mashxur estrada xonandalarining qo‘shiqlarini ham maromiga yetkazib ijro etardi. Ko‘p o‘tmay, klassika va estrada yo‘nalishlarida birdek betakror qo‘shiqlar kuylaydigan yangi yulduzning dovrug‘i Italiya sarhadlari osha butun dunyoga tarqala boshlaydi. 1994 yilda Andrea Bochelli San-Remo shahridagi xalqaro musiqa festivalida qatnashib, ulkan muvaffaqiyatga erishdi. Bochelli ushbu festivalda “Yangi ijrochi” yo‘nalishi bo‘yicha oliy mukofot bilan taqdirlanadi. 1994 yilning sentyabr oyida esa Luchano Pavarotti Andrea Bochellini o‘zining “Pavarotti Internatsional” deb nomlangan katta kontsertiga taklif etadi. Bu Bochelli uchun juda katta sharaf edi. Chunki Moden shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu kontsertda Andrea Bochelliga buyuk Luchano Pavarotti bilan yonma-yon turib kuylash baxti nasib etgandi. 1995 yilning noyabr oyidan boshlab Andrea Bochelli Yevropa bo‘ylab o‘zining yakkaxon kontsertlarini tashkil qiladi. U Niderlandiya, Belgiya, Germaniya, Angliya, Ispaniya va Frantsiya sahnalarida millionlab kishilarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, Andrea Bochelli o‘smirlik chog‘idagi orzulariga erisha boshladi. Uning musiqiy albomlari millionlab nusxalarda Yevropa, Osiyo va Amerika qit’alarida qo‘lma-qo‘l bo‘la boshladi. Bugungi kunda Bochellining dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan kompakt-disklarining soni 65 milliondan oshib ketgan va u hozirda dunyodagi eng ko‘p nusxada musiqiy albomlar chiqaruvchi va eng ko‘p muxlisga ega san’atkorlardan biri sanaladi. Italiya opera sahnalaridagi “Bogema” (Puchchini asari, 1995 yil), “Toska” (Puchchini asari, 2001 yil), “Trubadur” (Verdi asari, 2003 yil), “Verter” (Massne asari, 2004 yil), “Karmen” (Bize asari, 2005 yil), “Masxarabozlar” (Leonkavallo asari, 2006 yil), “Qishloq fidoyisi” (Maskani asari, 2006 yil), “Andre Shene” (Jordano asari, 2010 yil) singari operalarning muvaffaqiyatida Bochelli ijro etgan partiyalarning hissasi katta.
Dunyo musiqachilari Andrea Bochellini Luchano Pavarottidan keyingi eng buyuk tenor sifatida baholashmoqda. Ko‘zi ojizligiga qaramay, Bochelli san’at olamida o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘ldi va hayotligidayoq o‘z nomini abadiyatga muhrlay oldi. Andrea Bochelli 1996 yilda “Italiya Respublikasiga ko‘rsatgan buyuk xizmatlari uchun”, 2009 yilda Dominika Respublikasining “Jahon san’ati va madaniyatiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” ordenlari bilan taqdirlangan. 2010 yilning ikkinchi martida esa Andrea Bochellining nomi Gollivuddagi “Sharaf yo‘lkasi”ga muhrlandi va uning sharafiga oltin yulduz o‘rnatildi. Buyuk san’atkor uchun eng oliy mukofot albatta, dunyo musiqa san’ati ixlosmandlarining muhabbatidir.
Husnida Qodirova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 6-son